1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.05.00.00 Suvdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.05.01.00 Asosiy qoidalar;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.05.00.00 Suvdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.05.02.00 Suvdan foydalanish va muhofaza qilishni boshqarish va nazorat qilish]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Suv va suvdan foydalanish]
O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksi
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-bob. Asosiy qoidalar
1-modda. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ushbu Kodeks suv, suv obyektlari, suv xo‘jaligi obyektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Ushbu Kodeksning asosiy vazifalari
Ushbu Kodeksning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholini, iqtisodiyot tarmoqlarini va ekologik tizimlarni suv bilan barqaror ta’minlashga erishish hamda uni saqlab turish;
iqlim o‘zgarishini hisobga olgan holda suvlarni oqilona boshqarish va ulardan foydalanish hamda tejash;
suvlarni bulg‘alanish, ifloslanish va kamayib ketishdan muhofaza qilish;
suvlarning zararli ta’sirining oldini olish va uni bartaraf etish;
suv obyektlarining holatini yaxshilash;
suvga doir munosabatlar sohasida iqtisodiy mexanizmlarni, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
yuridik va jismoniy shaxslarning suvga doir munosabatlar sohasidagi huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
suv masalalari bo‘yicha davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish.
3-modda. Suv to‘g‘risidagi qonunchilik
Suv to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining suv to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
gidrotexnika inshootlari — suv omborlari to‘g‘onlari, daryolardagi, soylardagi, kanallardagi va kollektorlardagi to‘g‘onlar, daryolar o‘zanlaridagi to‘suvchi inshootlar, suv olish, suv o‘tkazish, suv tashlash hamda qirg‘oqlarni himoya qilish inshootlari, gidroelektrostansiyalar, nasos stansiyalari;
yer osti suvlari — yer osti suv obyektlarining suvlari;
yer usti suvlari — yer usti suv obyektlarining suvlari;
ichimlik suvi ta’minoti — ichimlik suvini ichimlik suvi ta’minoti tarmoqlari orqali va (yoki) transportda iste’molchilarga yetkazib berish;
kanallar — suv bilan manbadan suvdan foydalanuvchilarning chegarasiga qadar ta’minlash uchun mo‘ljallangan suv xo‘jaligi obyektlari;
kollektor-drenaj suvlari — yer osti sizot suvlari va tashlama suvlar;
kollektor-drenaj tarmog‘i — yer osti sizot suvlarini va tashlama suvlarni to‘plash hamda chiqarib yuborish uchun mo‘ljallangan suv xo‘jaligi obyekti;
mineral suvlar — tarkibida erigan tuzlar, mikroelementlar, shuningdek davolashda ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan ba’zi biologik faol komponentlar mavjud bo‘lgan suvlar;
oqova suvlar — maishiy, ishlab chiqarish yoki boshqa ehtiyojlar uchun foydalanilgan hamda dastlabki kimyoviy tarkibi va fizik xossalarini o‘zgartirgan qo‘shimcha aralashmalar bilan ifloslangan suvlar, shuningdek atmosfera yog‘inlari yog‘ishi natijasida hosil bo‘lgan, aholi punktlari va sanoat korxonalari hududidan oqib chiquvchi suvlar;
sanitariya muhofazasi zonasi — ichimlik, maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlari uchun mo‘ljallangan, foydalanilayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarga tutash bo‘lgan, ularning sanitariya-epidemiologik ishonchliligini ta’minlash uchun tashkil etiladigan, muhofaza rejimiga ega bo‘lgan hududlar;
sohil bo‘yi mintaqasi — suvni muhofaza qilish zonasi doirasida tabiiy yer usti suv obyektlari, shuningdek foydalanilayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan suv xo‘jaligi obyektlari suv obyekti bo‘ylab yoki ular atrofida ushbu suv xo‘jaligi obyektlaridan tegishli tarzda foydalanishni ta’minlash, ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash, shuningdek suv resurslarini oqilona boshqarish va ularning hisobini yuritish uchun tashkil etiladigan qat’iy rejimli hudud;
suv yetkazib beruvchi tashkilot — suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish uchun mas’ul bo‘lgan, o‘ziga shartnoma asosida suvdan foydalanuvchilarga suv olish va yetkazib berish huquqi berilgan suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkiloti va (yoki) boshqa yuridik shaxs;
suvlarning zararli ta’siri — suvlarning salbiy ta’siri natijasida sodir bo‘layotgan muayyan obyektlarning yuvilib ketishi, buzilishi, suv bosishi, zax bosishi, loyqa cho‘kishi, botqoqlanishi, sho‘rlanishi va boshqa hodisalar;
suvni muhofaza qilish zonasi — suvlarning sanitariya holatini zarur darajada saqlab turish, ularning bulg‘anishi va ifloslanishining, shuningdek suv obyektlarining tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan loyqa cho‘kishining oldini olish, shuningdek qulay suv rejimini yaratish va saqlab turish maqsadida maxsus foydalanish va xo‘jalik faoliyati yuritish rejimi belgilanadigan, suv obyektlarining o‘zanlariga yoki akvatoriyalariga tutash bo‘lgan tabiiy hudud;
suv obyekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha to‘planadigan va suv rejimining o‘ziga xos shakllari va belgilari mavjud bo‘lgan tabiiy (jilg‘alar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sun’iy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (ko‘llar, dengizlar, yer osti suvlari konlari va suvli qatlamlari) va sun’iy (suv omborlari, sel-suv omborlari, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek buloqlar va boshqa obyektlar;
suv olish kvotasi — suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga va suvdan foydalanuvchilarga bir necha yil uchun ajratiladigan suv hajmi;
suv olish limiti — suv obyektlarining suvlilik darajasiga qarab suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga va suvdan foydalanuvchilarga vegetatsiya va kuz-qish davrlari uchun ajratiladigan suv hajmi (suv olish kvotasidan foiz hisobida);
suv obyektlarini muhofaza qilish — suv obyektlarini saqlash va tiklashga qaratilgan tadbirlar tizimi;
suv rejimi — suv sifati, sathi, oqimi tezligi, sarfi va hajmining vaqt birligida o‘zgarishi;
suv resurslari — suv obyektlarining foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkin bo‘lgan yer osti va yer usti suvlari;
suv servituti — suv obyektidan yoki uning bir qismidan, shu jumladan suvni muhofaza qilish zonalaridan cheklangan tarzda foydalanish huquqi;
sug‘orish tarmog‘i — suvdan foydalanuvchilarning sug‘oriladigan maydonlariga, shuningdek boshqa obyektlarga kanallardan va boshqa suv obyektlaridan suv yetkazib beriladigan, suvdan foydalanuvchilarga maqsadli foydalanish uchun berilgan suv xo‘jaligi obyekti;
suv fondi — suv obyektlarida to‘plangan barcha suvlar majmui;
suv fondi yerlari — yer usti suv obyektlari va suv xo‘jaligi obyektlari egallagan yerlar hamda suv obyektlarining qirg‘oqlari bo‘ylab ajratilgan mintaqalar;
suvdan foydalanuvchi — suv resurslaridan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanadigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
suvdan foydalanish — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun suv resurslaridan foydalanilishi;
suv xo‘jaligi — suv resurslarini va suv obyektlarini o‘rganish, hisobga olish, boshqarish, ulardan foydalanish, ularni muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli ta’siriga qarshi kurashishni qamrab oladigan iqtisodiyot tarmog‘i;
suv xo‘jaligi obyekti — gidrotexnika inshootlari, shuningdek ular bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘llar, binolar, elektr uzatish liniyalari hamda suv xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan boshqa infratuzilma;
suv xo‘jaligi xizmati — suvdan foydalanuvchiga suv xo‘jaligi sohasida shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmat;
suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkiloti — O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tashkiloti bo‘lib, uning zimmasiga suv xo‘jaligi obyektlariga texnik xizmat ko‘rsatish va ulardan foydalanish vazifalari yuklatilgan;
tashlama suvlar — kanallardan va sug‘orish tarmoqlaridan suv obyektlariga yoki joy relyefiga avariya holatida tashlanadigan suvlar, shuningdek sug‘oriladigan yerlardan nooqilona foydalanilishi natijasida ulardan tashlanadigan suvlar;
transchegaraviy suvlar — ikki va undan ortiq davlatlar chegaralarini kesib o‘tadigan yoki shunday chegaralarda joylashgan har qanday yer usti yoki yer osti suvlari;
transchegaraviy suv obyektlari — ikki va undan ortiq davlatlar chegaralarini kesib o‘tadigan yoki shunday chegaralarda joylashgan suv obyektlari;
transchegaraviy ta’sir — jismiy manbasi to‘liq yoki qisman u yoki bu sohil bo‘yi davlat yurisdiksiyasi ostidagi hududda joylashgan, transchegaraviy suvlar holati inson faoliyati ta’sirida o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan, boshqa sohil bo‘yi davlat yurisdiksiyasi ostidagi hududdagi atrof-muhitga bo‘lgan har qanday jiddiy zararli ta’sir oqibatlari.
5-modda. Suvga doir munosabatlarning obyektlari va subyektlari
Suvga doir munosabatlarning obyektlari quyidagilardan iborat:
suv obyektlari yoki ularning bir qismi yoxud suv resurslari;
suv xo‘jaligi obyektlari;
suv fondi yerlari.
Suvga doir munosabatlarning subyektlari quyidagilardan iborat:
maxsus vakolatli davlat organlari, shu jumladan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari;
suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari;
suv yetkazib beruvchi tashkilotlar;
suvdan foydalanuvchilar;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa nodavlat tashkilotlari.
6-modda. Suvga doir munosabatlar sohasidagi asosiy prinsiplar
Suvga doir munosabatlar sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
suv resurslaridan maqsadli va kompleks foydalanish hisobidan aholining, iqtisodiyot tarmoqlarining hamda ekotizimlarning suvga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish;
aholini ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlar uchun zarur miqdordagi va sifati kafolatlangan suv bilan birinchi navbatda ta’minlash;
suv obyektlaridan foydalanishda ularni muhofaza qilish ustuvorligi;
suv ekotizimlarining maqbul holati va aholi salomatligini muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash;
suvga doir munosabatlar subyektlarining tengligi;
suvni tejash, undan oqilona foydalanish va uni saqlashni qo‘llab-quvvatlash;
suv resurslarini boshqarishga doir ekotizimli yondashuv;
suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish, yer usti, yer osti suvlarini va qaytarib tashlanadigan suvlarni muvofiqlashtirilgan holda boshqarish;
suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanishning havza hamda ma’muriy-hududiy prinsiplarini uyg‘unlashtirish;
suv xo‘jaligi sohasining iqlim o‘zgarishiga moslashishini ta’minlash;
suv ifloslanishining oldini olish, uni cheklash va kamaytirish;
suv xo‘jaligiga bozor iqtisodiyoti va davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy etish;
suv resurslarini boshqarish jarayonining ochiqligi, shaffofligini ta’minlash va ushbu jarayonga jamoatchilikni jalb etish;
suvga doir munosabatlarda ilmiy va innovatsion faoliyatni rag‘batlantirish;
suv to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
suvga doir munosabatlar subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish.
7-modda. Suvdan foydalanish turlari
Suv obyektidan suv olish usuliga, suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etishiga qarab, suvdan foydalanish umumiy va maxsus foydalanishga bo‘linadi.
Suv obyektlarining toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
O‘zbekiston Respublikasining yer usti va yer osti suv obyektlari;
O‘zbekiston Respublikasida joylashgan va uning hududini kesib o‘tadigan transchegaraviy yer usti va yer osti suv obyektlari.
Yer usti suv obyektlari jumlasiga tabiiy va sun’iy suv oqimlari hamda hovuzlar, shuningdek buloqlar va boshqa obyektlar, ularning o‘zanlari, tubi va qirg‘oqlari kiradi.
Yer osti suv obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yer osti suvlari konlari va suvli qatlamlari hamda ularning yer qa’risiga yoki yer yuzasiga sizib chiqish zonalari;
suv rejimi chegaralari va chiziqlariga ega bo‘lgan yer qa’ridagi suvlar to‘planishining boshqa shakllari.
9-modda. Suv obyektlaridan foydalanish turlari
Suv obyektlari tanho yoki birgalikda foydalanishda bo‘lishi mumkin.
Suv obyekti suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlariga va suvdan foydalanuvchilarga nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda bitta yoki bir nechta maqsadda foydalanishga beriladi.
Suv obyekti tegishliligi bo‘yicha suv xo‘jaligi organlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, tog‘-kon sanoati va geologiya organlari bilan kelishuvga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishga beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Oqova suvlarni oqizish uchun suv obyektidan foydalanishga faqat ekologiya va sanitariya talablari hamda shartlariga rioya etilgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Suv obyektlari bitta yoki ayni bir vaqtda bir nechta maqsadda foydalanishga berilishi mumkin.
Suv obyektlari tanho foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki boshqa vakolatli davlat organi tomonidan to‘liq yoki qisman beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Tanho foydalanishga berilmagan suv obyekti birgalikda foydalaniladigan suv obyektidir.
Suvdan foydalanuvchilar birgalikda foydalaniladigan suv obyektidan suv olishda o‘zaro manfaatlarni inobatga olishi, suvdan foydalanish huquqi amalga oshirilishini qiyinlashtirmasligi va bir-biriga zarar yetkazmasligi shart.
10-modda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suv obyektlari
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suv obyektlari jumlasiga:
davlat qo‘riqxonalaridagi;
majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalaridagi;
tabiat bog‘laridagi;
davlat tabiat yodgorliklaridagi;
tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan hududlardagi;
muhofaza etiladigan landshaftlardagi;
ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun mo‘ljallangan hududlardagi;
davlat biosfera rezervatlaridagi;
milliy bog‘lardagi;
davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi;
boshqa muhofaza qilinadigan tabiiy hududlardagi suv obyektlari kiradi.
II BO‘LIM. SUVGA, SUV OBYEKTLARIGA VA SUV XO‘JALIGI OBYEKTLARIGA BO‘LGAN HUQUQLAR HAMDA SUV RESURSLARINI DAVLAT TOMONIDAN BOSHQARISH
3-bob. Suvga, suv obyektlariga va suv xo‘jaligi obyektlariga bo‘lgan huquq
11-modda. Suvga davlat egaligi
Suv umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
12-modda. Suv obyektlariga bo‘lgan huquq
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan suv obyektlari O‘zbekiston Respublikasining mulkidir, bundan ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda, shuningdek xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Daryolar o‘zanlarining va boshqa suv oqimlarining tabiiy o‘zgarishi O‘zbekiston Respublikasining ushbu suv obyektlariga bo‘lgan mulk huquqi bekor qilinishiga sabab bo‘lmaydi.
Davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi nomidan suv obyektlariga bo‘lgan mulk huquqini amalga oshiradi.
13-modda. Suv xo‘jaligi obyektlariga bo‘lgan mulk huquqi
Suv xo‘jaligi obyektlari davlat mulkida (respublika, munitsipal mulkida) yoki xususiy mulkda (fuqarolar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, shuningdek davlatga qarashli bo‘lmagan boshqa yuridik shaxslar mulkida) bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlar hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasining suv xo‘jaligi obyektlari O‘zbekiston Respublikasining mulkidir.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi.
Suv xo‘jaligi obyektlariga bo‘lgan xususiy mulk huquqi bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi.
Suv xo‘jaligi obyektlariga bo‘lgan mulk huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Suv xo‘jaligi obyektini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berish davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni.
14-modda. Suv fondi yerlaridan foydalanish huquqi
Suv fondi yerlari doimiy foydalanish huquqi asosida quyidagilarga beriladi:
sun’iy suv obyektlari va suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha — tegishliligiga ko‘ra tegishli tashkilotlarga;
tabiiy suv obyektlari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tegishli tashkilotlariga.
Suv fondi yerlari jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni.
Suv fondi yerlarida suv obyektlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xo‘jalik faoliyatini va qurilish ishlarini olib borish taqiqlanadi.
Suv fondi yerlaridan foydalanish tartibi ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 77-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi to‘g‘risida”gi nizom.
4-bob. Suv resurslarini boshqarish
15-modda. Suv resurslarini boshqarish organlari
Suv resurslarini boshqarish havzaviy, gidrografik prinsip bo‘yicha yoki ulardan oqilona foydalanishni ta’minlaydigan boshqa shartlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Suv resurslarini boshqarishda quyidagilar maxsus vakolatli organlardir:
yer usti suvlarini boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan organlari;
yer osti suvlarini boshqarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi.
16-modda. Suv kengashlari
Suv resurslarini boshqarishda shaffoflikni ta’minlash va manfaatdor taraflar vakillarini jalb etgan holda tegishli qarorlar qabul qilish maqsadida respublika va havzalar, zarur hollarda esa hududlar darajasida kollegial-maslahat organi shaklidagi suv kengashlari tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi tashkil etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Respublika suv kengashining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning rahbarlari kiradi. Respublika suv kengashining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Respublika suv kengashi raisidir.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Respublika suv kengashining ishchi organidir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida havza (yoki hududiy) suv kengashlari tashkil etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Havza (yoki hududiy) suv kengashining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning hududiy tashkilotlari rahbarlari kiradi. Havza (yoki hududiy) suv kengashining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari havza (yoki hududiy) suv kengashlarining raislaridir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlarining havza boshqarmalari havza (yoki hududiy) suv kengashlarining ishchi organlaridir.
Tumanlar (Quvasoy shahri) hokimliklari huzurida tumanlar suv kengashlari tashkil etiladi.
Tumanlar suv kengashlarining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning tuman tashkilotlari rahbarlari kiradi. Tumanlar suv kengashlarining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
Tegishli tuman (Quvasoy shahri) hokimi tuman suv kengashining raisidir.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tuman tashkiloti yoki tumanning suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarishni amalga oshiruvchi tashkilot tuman suv kengashining ishchi organidir.
Respublika, havza, hududiy suv kengashi to‘g‘risidagi nizom va ish reglamenti tegishli Kengash yig‘ilishida tasdiqlanadi.
17-modda. Suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarish
Davlat tashkilotlariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan suv xo‘jaligi obyektlari davlat suv xo‘jaligi obyektlaridir.
Davlat suv xo‘jaligi obyektlari foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan boshqariladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan davlat suv xo‘jaligi obyektlari:
davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimga asosan xususiy sektor boshqaruviga berilishi;
kim oshdi savdosini o‘tkazish orqali vertikal sug‘orish quduqlari va ayrim kichik nasos stansiyalari (suv chiqarish quvvati sekundiga 1 kub metrgacha) xususiy sektorga realizatsiya qilinishi mumkin.
Faqat bitta suvdan foydalanuvchiga (qishloq xo‘jaligi yer uchastkasi ijarachisiga) xizmat ko‘rsatadigan suv xo‘jaligi obyektlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining yoki viloyat hokimligining tegishli qarori bilan mazkur suvdan foydalanuvchiga operativ boshqaruv huquqi asosida tanho foydalanishga to‘lovsiz beriladi.
Ikki va undan ortiq suvdan foydalanuvchilarga (qishloq xo‘jaligi yer uchastkalari ijarachilariga) xizmat ko‘rsatadigan suv xo‘jaligi obyektlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga operativ boshqaruv huquqi asosida tanho foydalanishga to‘lovsiz beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 79-son qarori bilan tasdiqlangan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari to‘g‘risidagi nizom.
Foydalanishga berilgan suv xo‘jaligi obyektlarini saqlash tegishligiga ko‘ra suvdan foydalanuvchilarning va suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanuvchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan qurilgan suv xo‘jaligi obyektlari xususiy mulk hisoblanadi.
18-modda. Suv resurslarini boshqarishda fuqarolarning va nodavlat birlashmalarining ishtirok etishi
Yuridik shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlari bo‘lgan suvdan foydalanuvchilar o‘z ta’sis hujjatlariga muvofiq, shuningdek fuqarolar suv resurslarini boshqarishda, suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etish huquqiga ega.
Suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari va suv yetkazib beruvchi tashkilotlar suv resurslarini boshqarishda, suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda suvdan foydalanuvchilarning, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolarning, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining takliflarini hisobga oladi.
5-bob. Vakolatli davlat organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
19-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
suvdan va suv obyektlaridan kompleks hamda oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
suvni va suv obyektlarini oqilona boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;
suvdan va suv obyektlaridan kompleks hamda oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli ta’sirining oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida vazirliklarning, idoralarning, boshqa yuridik shaxslarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
Respublika suv kengashining faoliyatini tashkil etish;
suv fondini tashkil etish va undan foydalanish, suvdan foydalanish normalarini, suv olish kvotalarini va suv olish limitlarini tasdiqlash tartibini belgilash;
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 61 – 64, 68, 69-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
suvlarning davlat tomonidan hisobga olib borilishini hamda ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini ta’minlash, davlat suv kadastrini hamda suv monitoringini yuritish;
yirik avariyalarning, falokatlarning, ekologik inqirozlarning va suvlarning zararli ta’sirining oldini olish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash hamda suv obyektlarini bulg‘atganlik, ifloslantirganlik va quritib qo‘yganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari tartibini belgilash;
suv xo‘jaligi sohasida davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilash;
suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga, suvdan va suv obyektlaridan oqilona va samarali foydalanishga, suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qarorlar va dasturlar qabul qilish, suv va suvdan foydalanishga doir boshqa dasturlarni tasdiqlash;
suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibini tasdiqlash.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuni.
20-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
o‘z hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
o‘z hududidagi suv resurslaridan foydalanilishini tartibga solish va ularni muhofaza qilishga doir talablarga rioya etilishini ta’minlash;
suvdan va suv resurslaridan kompleks hamda oqilona foydalanish, ularni boshqarish, hisobga olish va muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli ta’sirining oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida vazirliklar, idoralar hududiy organlarining, boshqa yuridik shaxslarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli havza (yoki hududiy) suv kengashlarining yoki tumanlar suv kengashlarining faoliyatini samarali tashkil etish;
suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha aniq manzilli ro‘yxatlarni shakllantirish va tasdiqlashda, shuningdek ularni amalga oshirishda ko‘maklashish;
suvdan foydalanuvchilarning va suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash;
sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini ta’mirlash hamda tiklash va shaxsiy tomorqa yer uchastkalariga suv yetkazib berish tadbirlarini amalga oshirishda ko‘maklashish;
suv obyektlarini saqlash va ularning holatini yaxshilash, suvlarning zararli ta’sirining, shuningdek bulg‘anishining oldini olish hamda uni bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirish, avariyalar, toshqinlar, sellar va tabiiy ofatlar natijasida vayron bo‘lgan obyektlarni qayta tiklash;
suv fondi yerlaridan samarali foydalanish masalalarida ko‘maklashish;
suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlarini saqlash xarajatlarini qonunchilikka binoan moliyalashtirish;
suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlariga suv resurslarini boshqarishda ko‘maklashish.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
21-modda. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
suv resurslarini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, suvning hisobini va uning hisobotini yuritish;
suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli ta’sirining oldini olish hamda uni bartaraf etish sohasida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirishni tashkil etish;
davlat suv kadastrini umumlashtirish va yuritish;
O‘zbekiston Respublikasining suv to‘g‘risidagi qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
manfaatdor davlat organlari ishtirokida suv xo‘jaligi sohasida davlat dasturlari, strategiyalar va konsepsiyalar loyihalarini ishlab chiqish;
suv xo‘jaligi balansini yuritish, irrigatsiya tizimlarining havza boshqarmalari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar uchun suv olish kvotalari va limitlarini belgilash;
yerlarning meliorativ holatini, yer usti va yer osti suvlarining minerallashuvini hamda kollektor-drenaj tarmoqlarining texnik holatini monitoring qilish va ularni yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rish;
suv obyektlaridagi suvlarni va suvdan foydalanishni davlat tomonidan hisobga olish;
transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek xalqaro tashkilotlarning suv xo‘jaligi sohasidagi faoliyatida ishtirok etish;
Respublika suv kengashining ishchi organi funksiyasini bajarish;
tegishliligi bo‘yicha suv va suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsizligini va ulardan foydalanishni ta’minlash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
belgilangan suv olish limitlari asosida suvdan foydalanuvchilarga suv yetkazib berilishini ta’minlash;
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 68, 69-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni kelishish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
suv resurslarini hisobga olishning va suv xo‘jaligida elektr energiyasi iste’molining shaffofligini va to‘liqligini ta’minlash;
sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq eroziyasining, sho‘rlanishining va yuvilib ketishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;
suv xo‘jaligi obyektlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
22-modda. O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yer osti suvlarining resurslari va zaxiralarini aniqlash uchun geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, ulardan oqilona foydalanish, ularni ifloslanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
yer osti suvlaridan oqilona foydalanilishi, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer osti suvlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
yer osti suvlarining davlat zaxiralari balansi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri, yer osti chuchuk suvlari konlari hosil bo‘ladigan zonalar to‘g‘risidagi axborotni tuzish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda yer osti suvlarining davlat monitoringini yuritish;
yer osti suvlaridan oqilona foydalanilishi ustidan o‘z vakolatlari doirasida nazorat va hisobni amalga oshirish;
yer osti suvlarining ifloslanishi manbalari monitoringini yuritish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yer osti suvlaridan kompleks foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sxemalarini ishlab chiqish;
yer osti suvlarini chiqarish uchun quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga va suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalar berish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 9-son qarori bilan tasdiqlangan Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish yoki ularni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
yer osti suvlarining holati to‘g‘risida gidrogeologik xulosa berish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-martdagi 169-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga xulosalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona ma’muriy reglamenti.
yer osti suvlaridan samarali foydalanish, ularning aniq hisobini yuritish va ularni muhofaza qilish uchun investitsiyalarni jalb qilish;
yer osti suvlarining holatiga ta’sir ko‘rsatadigan korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, ta’mirlanishi hamda foydalanishga topshirilishida o‘z vakolatlari doirasida ishtirok etish va buni kelishish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, yer osti suvlari, ulardan foydalanish holati, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari yuzasidan takliflar kiritish.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
23-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
suv resurslarini muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
suv muhitining qulay ekologik holatini ta’minlash;
suv muhiti obyektlarining kamayib ketishi va ifloslanishining oldini olish maqsadida antropogen omilning suv muhitiga ta’sirini tahlil qilish, shuningdek sanitariya va ekologiya maqsadlarida suv omborlaridan suv chiqarib turishga rioya etilishini monitoring qilish;
ekologik ekspertiza o‘tkazish uchun tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladigan yer usti suv obyektlariga va yerning relfiga ifloslantiruvchi moddalarning yo‘l qo‘yiladigan chegaraviy tashlamalarining ekologik normativlari loyihalarini tasdiqlash, yer usti tabiiy suv oqimlaridan suv olish uchun suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalarni belgilangan tartibda berish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
suv muhitini ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarini undirish va ulardan belgilangan tartibda foydalanish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlarini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
tegishli loyihalarni belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazish;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi Qonunning 2-bobi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
yer usti suvlarining ifloslanishi manbalari (emissiyalar) monitoringini yuritish;
vazirliklar, idoralar va boshqa manfaatdor organlar bilan birgalikda atrof-muhitning ifloslanishi darajasi hamda unga boshqa zararli ta’sirlar, shuningdek tabiiy resurslardan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarning respublika yagona ekologik axborot bazasini shakllantirish va yuritish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 737-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi to‘g‘risidagi nizom.
yuridik va jismoniy shaxslardan suv resurslarini yoki suv obyektlarini muhofaza qilishga, ulardan foydalanishga hamda ularni monitoring qilishga taalluqli bo‘lgan zarur axborotni bepul olish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, tabiiy yer usti suv resurslaridan foydalanilishi holati, ularning ifloslanishi darajasi va manbalari, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari yuzasidan kengashga takliflar kiritish.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
24-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining (bundan buyon matnda Gidrometeorologiya xizmati agentligi deb yuritiladi) suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
gidrometeorologik kuzatuvlar davlat tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik ma’lumotlar bilan ta’minlash;
tegishliligi bo‘yicha gidrologik postlarda yer usti suvlarining monitoringini yuritish;
manfaatdor respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini, tashkilotlar va fuqarolarni haqiqiy hamda kutilayotgan gidrometeorologik sharoitlar, iqlim o‘zgarishlari, suvning va suv obyektlarining, tabiiy muhitning ifloslanishi darajasi haqidagi axborot bilan, shuningdek suv omillari bilan bog‘liq bo‘lgan xavfli va (yoki) tabiiy gidrometeorologik hodisalar to‘g‘risidagi tezkor axborot bilan ta’minlash;
suv muhiti ifloslanishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning davlat fondini shakllantirish va yuritish, davlat suv kadastrining “Yer usti suvlari” bo‘limini yuritish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 343-son “Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
suv omillari va yer usti suvlarining ifloslanishi bilan bog‘liq bo‘lgan tabiiy gidrometeorologik hodisalarning yuzaga kelishi hamda rivojlanishi ustidan muntazam kuzatuvlarni amalga oshirish;
iqlim o‘zgarishi sharoitlarida daryolarning suvliligini qisqa muddatli va uzoq muddatli prognoz qilish tizimini yaxshilashga doir ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
gidrometeorologiya sohasida davlatlararo va xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda o‘z vakolatlari doirasida ishtirok etish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, mavjud suv resurslari va ularning prognozlari, suv kadastrini yuritish holati, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari to‘g‘risida kengashga takliflar kiritish.
Gidrometeorologiya xizmati agentligining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
25-modda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining (bundan buyon matnda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi deb yuritiladi) suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yer usti va yer osti suvlaridan foydalanishda hamda ularni muhofaza qilishda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan sanitariya-epidemiologiya nazoratini amalga oshirish, shuningdek sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
sanitariya-gigiyena monitoringini yuritish;
ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti manbalarini baholash va tanlashda ishtirok etish;
yer osti suvlarining holatiga ta’sir ko‘rsatadigan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti hamda oqova suvlarini chiqarib yuborish obyektlarining, korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiya qilinishi hamda ishga tushirilishini kelishish;
yer usti va yer osti suvlarini inson organizmiga zararli ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida davlat tomonidan sanitariya-epidemiologik jihatdan normalashtirish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, yer usti va yer osti suvlaridan foydalanishda sanitariya normalari, qoidalari hamda gigiyena normativlariga rioya etilishi, mavjud muammolar va ularni hal etish yo‘llari masalalari yuzasidan kengashga takliflar kiritish.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
26-modda. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati
Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratining vazifasi barcha vazirliklar, idoralar, muassasalar, tashkilotlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suvdan foydalanishning belgilangan tartibiga rioya etilishini, suvni muhofaza qilish, suvning zararli ta’sirining oldini olish va uni bartaraf etish majburiyatlarining, suv hisobi va hisobotini yuritish qoidalarining, shuningdek suv to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan boshqa qoidalarning bajarilishini ta’minlashdan iborat.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 174-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi o‘z vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
6-bob. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilishni davlat tomonidan rejalashtirish
27-modda. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilishni rejalashtirish
Suvdan foydalanishni va uni muhofaza qilishni rejalashtirish birinchi navbatda aholining ichimlik hamda maishiy ehtiyojlari qanoatlantirilishini, suvning muhofaza qilinishini va uning zararli ta’sirining oldi olinishini hisobga olgan holda suvning suvdan foydalanuvchilar o‘rtasida ilmiy asoslangan tarzda taqsimlanishini ta’minlashi kerak.
Suvdan foydalanish ishlarini rejalashtirishda davlat suv kadastrining va suv resurslari bo‘yicha milliy axborot tizimlarining atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasining ma’lumotlari, suv xo‘jaligi balanslari, suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalari, shuningdek aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalari hisobga olinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 737-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi to‘g‘risidagi nizom.
28-modda. Davlat strategik suv xo‘jaligi dasturlari
Davlat strategik suv xo‘jaligi dasturlari (suv xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyalari va ularni amalga oshirish strategiyalari) O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda iqlim o‘zgarishi sharoitlarida suv xavfsizligini ta’minlash va barqaror rivojlanishiga erishish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini belgilash uchun o‘rta muddatga (10 yilgacha) va uzoq muddatga (50 yilgacha) ishlab chiqiladi.
Davlat strategik suv xo‘jaligi dasturlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi PF-6024-son “O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni.
29-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari suv resurslari havzasining xususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagilar asosida tuziladi:
suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalari;
davlat strategik suv xo‘jaligi dasturlari;
suv va suv obyektlari monitoringi ma’lumotlari;
davlat suv kadastri;
suv xo‘jaligi balanslari;
boshqa ma’lumotlar.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalarida quyidagilar aks ettiriladi:
suv resurslari havzasining tavsifi (iqlim o‘zgarishining potensial ta’siri, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, toshqin va sellar, shuningdek suv resurslari bilan bog‘liq boshqa favqulodda vaziyatlarning boshlanishi, suvning va suv obyektlarining tashqi manbalaridan ifloslanishi, shu jumladan transchegaraviy ifloslanishi xavfini baholash);
suv obyektlarining va ichimlik suvi ta’minotining muhofaza zonalari tavsifi, shuningdek ushbu zonalarda taqiqlanishi yoki cheklanishi lozim bo‘lgan xo‘jalik va boshqa faoliyat turlari ro‘yxati;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
havza yoki hudud chegarasidagi suv resurslarini manbalar va iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholi tomonidan suvdan foydalanish hajmlari bo‘yicha miqdor va sifat jihatidan baholash;
atrof-muhitning ehtiyojlarini hisobga olgan holda suv resurslarining qo‘shimcha zaxiralari;
investitsiyaviy va moliyaviy ehtiyojlarni qoplash mumkin bo‘lgan manbalarni aniqlagan holda ularni baholash;
suvdan va suv obyektlaridan foydalanish ustuvorliklari hamda uni normalashtirish, suvdan foydalanish huquqini cheklash doiralari;
suv bilan ta’minlanganlikni va iqlim o‘zgarishiga doir chidamlilikni oshirish, suv resurslari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, bunday vaziyatlar yuz bergan taqdirda ularning oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish tadbirlari, ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun xarajatlar.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari amalga oshirilishi havzani yoki hududni barqaror rivojlantirishga imkon beradigan boshqa qoidalarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
30-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza (yoki hududiy) rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza (yoki hududiy) rejalari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tegishli bo‘linmalari tomonidan boshqa manfaatdor taraflar bilan birgalikda ishlab chiqiladi va tegishli havza (yoki hududiy) suv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza (yoki hududiy) rejalari har o‘n yillik davr uchun tuziladi va tegishli havza (yoki hududiy) suv kengashlari tomonidan har uch yilda qayta ko‘rib chiqiladi (tuzatiladi).
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza (yoki hududiy) rejalarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, boshqa vakolatli organlar va suvdan foydalanuvchilar mas’uldir.
31-modda. Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suvdan foydalanishni rejalashtirish
Qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suvdan foydalanish suv olish kvotasi va kutilayotgan suv ta’minoti prognozidan kelib chiqqan holda ajratilgan suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasi hamda “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida” Qonunning 11-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-apreldagi 190-son qarori Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Kollektor-drenaj tarmog‘i suvidan foydalanishni rejalashtirish yerlarning meliorativ holatini va kollektor-drenaj suvining sifatini, shuningdek suv ta’minoti darajasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanuvchi o‘ziga ajratilgan suv olish limiti doirasida suvdan foydalanish jadvalini ishlab chiqadi va uni tegishli suv yetkazib beruvchi tashkilot bilan kelishadi.
32-modda. Suv obyektlaridan suv olish
Suv obyektlaridan suv olish faqat suv yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan kelishilgan, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan suv olish joyidan suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 67-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizomning VI-bobi, va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 79-son qarori bilan tasdiqlangan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari to‘g‘risidagi nizom.
Suv olish hajmi kamaytirilgan yoki to‘xtatilgan taqdirda suvdan foydalanuvchilar bu haqda tegishli suv yetkazib beruvchi tashkilotga yoki uning vakolatli shaxsiga yozma ravishda (avariya holatlarida — telefon yoki boshqa aloqa vositalari orqali) xabar qilishi shart.
33-modda. Suv obyektlaridan suv olish uchun buyurtmanoma berish
Suv obyektlaridan suv olish faqat suvdan foydalanuvchilarning yozma yoki elektron buyurtmanomalari bo‘yicha (bundan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimidan, shuningdek yer osti suv havzalaridan o‘z hisobidan sug‘orish quduqlari orqali suv olish hollari mustasno), ularning suvdan foydalanishga tayyorligiga ko‘ra, belgilangan mavsumiy suv olish kvotasi va suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi.
Suv olish uchun buyurtmanomalar suvdan foydalanuvchilar tomonidan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga yoki ularning vakolatli shaxslariga mo‘ljallanilayotgan suv olish boshlanishidan o‘n kun oldin, suv olishning aniq joyi va muddatlari (suv olishning boshlanishi va tugashi), shuningdek suv olish hajmlari hamda belgilangan maqsadi ko‘rsatilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda beriladi.
Suv olish uchun buyurtmanomada ko‘rsatilgan suv hajmi belgilangan suv olish kvotasidan va suv olish limitidan ortiq bo‘lmasligi kerak.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar ikki kunlik muddatda xizmat ko‘rsatilayotgan hududdagi barcha suvdan foydalanuvchilarning yozma buyurtmanomalarini umumlashtirib va tahlil qilib, keyinchalik yozma buyurtmanomalarni tumanlararo ahamiyatga molik suv xo‘jaligi obyektlaridan suv olish uchun tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga yuboradi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tegishliligi bo‘yicha buyurtmanomalarni bir kun ichida umumlashtiradi va tahlil qiladi, tumanlararo va transchegaraviy ahamiyatga molik daryolardan, magistral kanallardan (tizimlardan), xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv obyektlaridan suv olishga nisbatan esa yozma buyurtmanomalarni O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga ajratilgan suv olish kvotalari va suv olish limitlaridan, shuningdek suv manbasining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda bir kun ichida buyurtmanomalarni umumlashtiradi va tahlil qiladi hamda xabarnoma shaklida suv olishga ruxsat beradi yoki buni rad etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari bir kun ichida suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga ajratilgan suv olish limitlaridan, shuningdek suv manbasining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda xabarnoma shaklida suv olishga ruxsat beradi yoki buni rad etadi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar o‘z navbatida bir kunlik muddatda suvdan foydalanuvchilarga ajratilgan suv olish limitlaridan, shuningdek suv manbasining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda xabarnoma shaklida suv olishga ruxsat beradi yoki buni rad etadi.
7-bob. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilishni davlat tomonidan normalashtirish
34-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni davlat tomonidan normalashtirish
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirishda quyidagilar nazarda tutiladi:
tabiiy aylanmada suvning zarur miqdorini saqlash, uning normativ tozaligini ta’minlash, suv florasi va faunasini saqlash, suv havzalarining ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularda ekologik muvozanatni saqlash va landshaftning tarkibiy qismi sifatida suv havzasiga zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik shartlarini hisobga olgan holda suv olishning, oqova va kollektor-drenaj suvlarini oqizishning normativ ko‘rsatkichlarini belgilash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida standartlashtirish, sertifikatlash hamda normativlarga mos keladigan metrologik jihatdan ta’minlash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida boshqa normativlar (ekologik cheklovlar, suv sifati va boshqalar) va qoidalarni belgilash.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 37-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 11-oktabrdagi 820-son “Tabiatni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Ekologik xavfsizlik to‘g‘risida umumiy texnik reglament.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan suv to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizom.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ekologik xavfsizlikni suvdan va suv obyektlaridan hamda ular bilan bog‘liq suvga doir va boshqa ekotizimlardan foydalanishga oid qismida ta’minlash;
yer usti va yer osti suvlarini qaytarmasdan olishning yo‘l qo‘yiladigan cheklangan hajmi oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
suvni va suv obyektlarini ekologik normativlarga (atrof-muhit sifati, unga bo‘lgan zararli ta’sirning yo‘l qo‘yiladigan chegaralari, suv, muhofaza, sanitariya hamda boshqa zonalaridan foydalanish va boshqalar) muvofiq saqlash.
35-modda. Suvga va suv obyektlariga doir yo‘l qo‘yiladigan cheklangan zararli ta’sirning normativlari
Suvga va suv obyektlariga doir yo‘l qo‘yiladigan cheklangan zararli ta’sirning normativlari yer usti va yer osti suvlarini ekologik, sanitariya, texnik hamda boshqa normalarga javob beradigan holatda saqlash uchun belgilangan talablarga, shuningdek suv va tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining 2024-yil 22-noyabrdagi 26-son “Yer osti va yer usti suv obyektlarini muhofaza qilish bo‘yicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0083-24-son SanQvaN) tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
Suvga va suv obyektlariga doir yo‘l qo‘yiladigan cheklangan ta’sirning normativlarini belgilashda quyidagi omillar hisobga olinadi:
antropogen og‘irlikning yo‘l qo‘yiladigan cheklangan darajasi uzoq vaqt ta’sir etishi suv obyekti ekotizimining o‘zgarishiga olib kelmasligi kerak;
zararli moddalarning suv obyektiga va (yoki) uning suv to‘planadigan maydoniga tushishi mumkin bo‘lgan yo‘l qo‘yiladigan cheklangan massasi suv hamda suv obyekti holatining salbiy o‘zgarishlariga olib kelmasligi kerak;
suv obyektlariga zararli moddalarning yo‘l qo‘yiladigan cheklangan oqizilishining belgilangan normativlarini oshirmaslik;
zararli ta’sirlar oqibatida suvda va suv obyektlarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi xavfini kamaytirish bo‘yicha oldindan choralar ko‘rish;
suvning va suv obyektlarining holatini yomonlashtirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa omillar.
Xo‘jalik yurituvchi subyekt normativlar yo‘qligi yoki ularning oshib ketishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining VIII-bobi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi sanitariya-epidemiologik normalashtirish sanitariya normalari, qoidalari hamda gigiyena normativlari ishlab chiqilishini nazarda tutadi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi sanitariya-epidemiologik normalar talablariga rioya etilmasligi aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun asosdir.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 72-moddasi.
37-modda. Metrologik normalashtirish
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi metrologik normalashtirish metrologik ta’minlash talablarini belgilaydigan normalar hamda qoidalar ishlab chiqilishini nazarda tutadi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida foydalaniladigan o‘lchash vositalari va o‘lchovlarni bajarish uslubiyatlari metrologiya to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida foydalaniladigan o‘lchash vositalari natijalarni belgilangan aniqlik ko‘rsatkichlari bilan ta’minlashi kerak.
Belgilangan metrologiya talablariga muvofiq bo‘lmagan hamda belgilangan tartibda o‘lchovlarni bajarish uslubiyatlari bilan attestatsiyadan o‘tkazilmagan o‘lchash vositalaridan foydalangan holda olingan, suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi o‘lchash natijalari ishonchsiz hisoblanadi hamda bekor qilinishi lozim.
8-bob. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni davlat tomonidan hisobga olish
38-modda. Suvni davlat tomonidan hisobga olish
Suvni davlat tomonidan hisobga olish suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni joriy va istiqbolda rejalashtirishdan, shuningdek jamoatchilikni xabardor qilish uchun muayyan hududda yer usti va yer osti suvlarining hamda oqova suvlarning miqdori va sifatini aniqlashdan iborat.
Suvni davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
davlat suv fondini tashkil etuvchi suvning miqdor va sifat jihatidan tarkibini belgilash;
suv xo‘jaligi balansini tuzish;
aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun suvdan foydalanilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash hamda yangilab borish;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun va ko‘rsatilgan suv xo‘jaligi xizmatlari uchun soliq bazasini belgilash.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 63-bobi.
Suv resurslari standart gidrometrik asboblar bilan ularning sifat va miqdor jihatdan tarkibi bo‘yicha muntazam hisobga olinishi, standart uslublar bilan qayta ishlanishi hamda havzalar (hududlar) yillik va ko‘p yillik hisoblashda baholanishi lozim.
Suv obyektlarining soni va holatini hisobga olish mazkur obyektlarning hajmlari, holati hamda o‘rganilganlik darajasidan kelib chiqib va geoaxborot texnologiyalaridan foydalangan holda kartografiya, gidrogeologiya va geodeziya uslublari bilan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasida suvni davlat tomonidan hisobga olish yagona tizim bo‘yicha amalga oshiriladi hamda suvdan foydalanuvchilarni xabardor qilish uchun yer usti va yer osti suvlaridan foydalanish to‘g‘risidagi hisobga olish ma’lumotlariga hamda suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi ma’lumotlariga asoslanadi. Yer usti va yer osti suvlari ma’muriy va gidrografik chegaralar doirasida, shuningdek suvdan foydalanuvchilar doirasida hisobga olinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizomning VII-bobi.
39-modda. Suvdan foydalanishning rasmiy statistikasi
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan quyidagilar bo‘yicha rasmiy statistika yuritiladi:
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizom.
suvdan foydalanish;
yalpi ichki mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun suvning sarflanishi.
40-modda. Davlat suv kadastri
Davlat suv kadastri O‘zbekiston Respublikasi Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismidir.
Davlat suv kadastri yagona davlat suv fondini tashkil etuvchi suv obyektlari, suv resurslari, suv rejimi, suvning sifati va undan foydalanish haqidagi, shuningdek suvdan foydalanuvchilar va suv xo‘jaligi obyektlari, suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi mintaqasi va sanitariya muhofazasi zonasi, ichimlik, oqova va kollektor-drenaj suvlari to‘g‘risidagi tizimlashtirilgan, doimiy to‘ldirib boriladigan va zarurat bo‘lganda aniqlashtiriladigan ma’lumotlar to‘plamini ifodalaydi.
Suv obyektlarini, suvdan foydalanuvchilarni va suv xo‘jaligi obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, suvning miqdori va sifatini hisobga olish, suv resurslarini va ulardan foydalanishni baholash davlat suv kadastrining tarkibiy qismlaridir.
Davlat suv kadastri mahalliy davlat hokimiyati organlarini, yuridik va jismoniy shaxslarni suv obyektlari hamda suv xo‘jaligi obyektlari, suv resurslari, suv rejimi, suvning sifati va undan foydalanish, shuningdek suvdan foydalanuvchilar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan.
Belgilangan tartibda qabul qilingan davlat suv kadastri suv va suv xo‘jaligi munosabatlarini tartibga solishda, suvdan foydalanish bilan bog‘liq ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik vazifalarni hal etishda majburiy yuridik kuchga ega bo‘ladi.
41-modda. Davlat suv kadastrining obyektlari va predmeti
Yer usti va yer osti suv obyektlari hamda ularning resurslari Davlat suv kadastrining obyektlaridir.
Suvning miqdor va sifat ko‘rsatkichlari bo‘yicha foydalanishni har tomonlama o‘rganish va baholash, suvdan foydalanish huquqini va suvdan xo‘jalik maqsadlarida foydalanishni ro‘yxatdan o‘tkazish Davlat suv kadastrining predmetidir.
42-modda. Davlat suv kadastrining ma’lumotlaridan foydalanish
Davlat suv kadastrining ma’lumotlari quyidagilar chog‘ida foydalanish uchun mo‘ljallangan:
suvdan foydalanishni joriy va istiqbolli rejalashtirishda hamda suvni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda;
mamlakat hududida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishda;
suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalarini hamda suv xo‘jaligi balanslarini tuzishda;
suvdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan suv xo‘jaligi, transport, sanoat tuzilmalarini, boshqa korxonalar va inshootlarni loyihalashtirishda;
gidrologik va gidrogeologik sharoitlar, daryolar suvining hajmi va sifati o‘zgarishlarini prognoz qilishda;
suv xo‘jaligi tizimlarining ish samaradorligini oshirish tadbirlarini ishlab chiqishda;
suv olishni va suv chiqarib yuborishni, shuningdek suv sifati ko‘rsatkichlarini normalashtirishda;
suvning zararli ta’sirining oldini olish va uni bartaraf etish tadbirlarini ishlab chiqishda;
suvdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish tadbirlari o‘tkazilishi ustidan davlat nazoratini belgilashda;
suvdan foydalanuvchilar o‘rtasidagi, shuningdek suvdan foydalanuvchilar hamda boshqa manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga solishda;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etishda.
43-modda. Davlat suv kadastrining tuzilishi
Davlat suv kadastri quyidagi bo‘limlardan iborat:
yer usti suvlari;
yer osti suvlari;
suvdan foydalanish;
ichimlik suvi va oqova suvlar.
Davlat suv kadastri ma’lumotlari umuman O‘zbekiston Respublikasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi va viloyatlar, daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari bo‘yicha, yer osti suvlari bo‘limi yuzasidan esa gidrogeologiya mintaqalari bo‘yicha ham yuritiladi.
Yer usti suvlarining resurslari, ularning sifati va xo‘jalik faoliyati ta’siridagi o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar umuman Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning hamda O‘zbekiston Respublikasining suv obyektlari va ularning uchastkalari, daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari bo‘yicha umumlashtiriladi.
Yer osti suvlarining resurslari, ularning sifati va xo‘jalik faoliyati ta’siridagi o‘zgarishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va O‘zbekiston Respublikasining suv konlari, daryolar havzalari bo‘yicha umumlashtiriladi.
Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi ma’lumotlar umuman Qoraqalpog‘iston Respublikasining, viloyatlarning va O‘zbekiston Respublikasining daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari, xavf darajasi yuqori bo‘lgan suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha, shuningdek suvdan foydalanish turlari va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha umumlashtiriladi.
Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan axborot tizimi ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy geoaxborot tizimiga uyg‘unlashtirilgan holda shakllantiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
44-modda. Davlat suv kadastrini yurituvchi vakolatli organlar
Davlat suv kadastri:
Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan — yer usti suvlari bo‘limi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan — suvdan foydalanish bo‘limi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan — yer osti suvlari bo‘limi bo‘yicha;
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan — ichimlik suvi va oqova suvlari bo‘limi bo‘yicha yuritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Davlat suv kadastri ma’lumotlarini umumlashtiradi.
Davlat suv kadastrining ma’lumotlari tarkibi va nashrlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizomi va 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
45-modda. Davlat suv kadastrining ma’lumotlarini taqdim etish
Davlat suv kadastriga doir axborot davlat organlariga bepul, yuridik va jismoniy shaxslarga esa pulli asosda taqdim etiladi.
So‘rov bo‘yicha taqdim etiladigan Davlat suv kadastridagi axborot turlari, uni berish tartibi hamda uning to‘lov miqdorlari Davlat suv kadastrini yuritish bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
46-modda. Suv xo‘jaligi balanslari
Suvning mavjud hajmini va undan foydalanish darajasini baholash uchun daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari hamda iqtisodiy mintaqalar bo‘yicha suv xo‘jaligi balanslari tuziladi.
Suv xo‘jaligi balanslari suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida tuziladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan umumlashtiriladi.
Suv xo‘jaligi balansi kalendar yil uchun tuziladi va rejalashtirish davridan oldingi yilning 1-dekabridan kechiktirmay tasdiqlanadi.
47-modda. Suv resurslaridan kompleks foydalanish va ularni muhofaza qilish sxemalari
Suvdan, shu jumladan ekotizim ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan yoki ajratiladigan suvlardan kompleks foydalanish va ularni muhofaza qilishning bosh va havza (yoki hududiy) sxemalari, aholining hamda iqtisodiyot tarmoqlarining suvga bo‘lgan istiqboldagi ehtiyojlarini qanoatlantirish, shuningdek suvlarni muhofaza qilish, ularning zararli ta’sirining oldini olish va uni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan asosiy suv xo‘jaligi tadbirlarini hamda boshqa tadbirlarni belgilab beradi.
Suv resurslaridan kompleks foydalanish va ularni muhofaza qilish sxemalari asosida suv resurslarini boshqarishning havza (yoki hududiy) rejalari ishlab chiqiladi.
Suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilishning bosh hamda havza (yoki hududiy) sxemalari davlat ekologik ekspertizasining majburiy obyektlaridir.
48-modda. Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi:
suvning va suv obyektlarining holatini, suvning miqdori va sifatini muntazam ravishda kuzatib borish, ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, to‘ldirish va ularga ishlov berish, suv va suv obyektlari holatining o‘zgarishlarini baholash hamda prognoz qilish maqsadida amalga oshiriladi;
atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining tarkibiy qismidir;
gidrologik, gidrokimyoviy va gidrobiologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi, shu jumladan masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshlar, uchuvchisiz uchish apparatlari, samolyotlar, vertolyotlar hamda geoaxborot tizimlari kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi natijalari:
atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining Yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga kiritiladi;
tegishli qarorlar qabul qilish uchun suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga bepul taqdim etiladi.
49-modda. Suvdan foydalanishda suvning hisobi va hisobotini yuritish tartibi
Suvdan foydalanuvchilar suvdan maxsus foydalanishda suvdan foydalanishning hisobi va hisobotini belgilangan tartibda yuritadi.
Suv resurslarining hisobi suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylarida yuritiladi.
Suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylari pasportga ega bo‘lishi, tegishli suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotida ro‘yxatdan o‘tkazilgan, suvni boshqarish (darvoza yoki suv oqimining ochilishi va yopilishini ta’minlovchi boshqa qurilma) va hisobga olish (shu jumladan “onlayn” rejimda ishlaydigan raqamli qurilmalar) vositalari bilan jihozlangan hamda belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylarini “onlayn” rejimda ishlaydigan raqamli qurilmalar bilan jihozlash va ma’lumotlarni uzatish bo‘yicha dasturiy ta’minot bilan ta’minlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 174-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Suvdan foydalanuvchilar tomonidan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun olinadigan suvni hisobga olish suv olish joylari suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanguniga qadar, haqiqiy sug‘oriladigan maydonlarning o‘lchamidan, sug‘orishlar sonidan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish rejimidan, suv olish davomiyligi va boshqa omillardan kelib chiqqan holda hajmiy, hisoblash va boshqa uslublarda amalga oshirilishi mumkin.
Suvdan foydalanuvchilarning suv olish va suv tashlash joylarining pasportlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek suvni hisobga olish vositalarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi:
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan yer usti sun’iy suv obyektlaridan suv olishda va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan kelishgan holda yer usti tabiiy suv obyektlaridan suv olishda;
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan yer osti suv obyektlaridan suv olishda belgilanadi.
Suvdan foydalanishning hisobi va hisobotini yuritish maqsadida har bir suv olish joyida suv yetkazib beruvchi tashkilot va suvdan foydalanuvchi o‘rtasida belgilangan shakl bo‘yicha suvning har kungi hisobga olish elektron jurnali maxsus axborot tizimida yuritiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 174-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Suvning har kungi hisobga olish jurnali O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy bo‘linmalari tomonidan maxsus axborot tizimida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-sentabrdagi 500-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizom.
Suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchilar tomonidan har kuni suvdan foydalanilishi to‘g‘risidagi axborot dasturiy ta’minotga o‘z vaqtida va to‘g‘ri kiritilishini kuzatib boradi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlar dasturiy ta’minotning doimiy va uzluksiz ishlashini ta’minlaydi.
Har oyning yakunlari bo‘yicha suvdan foydalanuvchi va suv yetkazib beruvchi tashkilot o‘rtasida belgilangan shakl bo‘yicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar maxsus axborot tizimida ikki tomonlama elektron dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Ikki tomonlama dalolatnomada keltirilgan ma’lumotlar suvdan foydalanish bo‘yicha rasmiy statistika axborotini tayyorlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Suvdan foydalanuvchilarning soliq bazasini aniqlash maqsadida hisobot davri mobaynida suvdan foydalanuvchilar tomonidan har bir faoliyat turi bo‘yicha foydalanilgan suvning hajmi to‘g‘risidagi axborot O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan muddatlarda soliq organlarining va suvdan foydalanuvchilarning e’tiboriga yetkaziladi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar vegetatsiya davri (1-aprel — 30-sentabr) tugaganidan keyin 15-oktabrga qadar va kuz-qish davrining (1-oktabr — 31-mart) yakunida 15-aprelga qadar belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga suvdan foydalanish to‘g‘risidagi elektron hisobotni taqdim etadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari vegetatsiya davri tugaganidan keyin 1-noyabrga qadar hamda kuz-qish davri tugaganidan keyin 1-mayga qadar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga suvdan foydalanish to‘g‘risidagi hisobotni elektron tarzda taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga:
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘z tizimidagi sug‘orish va drenaj quduqlaridan foydalanilgan yer osti suvlari to‘g‘risidagi hisobot vegetatsiya davri tugaganidan keyin 1-noyabrga qadar va kuz-qish davri tugaganidan keyin 1-mayga qadar;
boshqa suvdan foydalanuvchilar, shu jumladan ichimlik suvidan foydalanuvchilar tomonidan yer osti suvlaridan foydalanilganligi to‘g‘risidagi hisobot belgilangan tartibda hisobot choragidagi oydan keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmay elektron tarzda taqdim etiladi.
Suv resurslari bo‘yicha axborot, dalolatnomalar, hisob va hisobotlar tegishli idoraviy statistika hisobotini tayyorlash hamda Davlat suv kadastrini ishlab chiqish, shuningdek suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha soliq bazasini hisoblash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Hisobga olish jurnalining, yetkazib berilgan suvni rasmiylashtirish dalolatnomasining, joriy axborotni taqdim etish shakllari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.
50-modda. Suv resurslari bo‘yicha axborot tizimi
Suv resurslarini kompleks boshqarish hamda ulardan foydalanishni va ularni muhofaza qilishni ta’minlash uchun axborotni to‘plash, saqlash, qayta ishlash va taqdim etish, suv xo‘jaligi sohasidagi davlat siyosatini, rivojlanish dasturlarini, havza rejalarini, loyihalar va tadbirlarni ishlab chiqish, suv bilan ta’minlanganlikni prognoz qilish, istiqbolli va tezkor qarorlar qabul qilish, shuningdek jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida “Raqamli suv xo‘jaligi” yagona axborot tizimi yaratiladi.
Yagona axborot tizimini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Barcha suvdan foydalanuvchilar, aloqador bo‘lgan vazirlik va idoralar belgilangan shakllar bo‘yicha axborotning to‘planishini, unga ishlov berilishini hamda uning Suv resurslari bo‘yicha milliy axborot tizimiga “Elektron hukumat” tizimi orqali bepul taqdim etilishini ta’minlaydi.
III BO‘LIM. SUVDAN FOYDALANISH, SUV OLISH KVOTALARI VA LIMITLARI, SUVDAN FOYDALANUVCHILARNING NODAVLAT TASHKILOTLARI
9-bob. Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
51-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish maqsadlari
Yuridik va jismoniy shaxslar suvdan va suv obyektlaridan quyidagi maqsadlarda foydalanishi mumkin:
ichimlik, xo‘jalik-maishiy, rekreatsiya, davolash va boshqa ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun;
qishloq, o‘rmon, va ovchilik xo‘jaliklarining ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun;
sanoat, energetika, transport va boshqa davlat yoki jamoat ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun;
oqova suvlarni oqizish uchun.
Suv va suv obyektlari bir yoki bir necha maqsadlar uchun foydalanishga berilishi mumkin.
52-modda. Suvdan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari
Ushbu Kodeks bilan suvdan foydalanishning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi:
ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlari, shuningdek aholining davolanish ehtiyojlari;
sanitariya va ekologik maqsadlar;
sanoat, energetika va xizmatlar sohasi;
qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, shaxsiy tomorqa yer uchastkalari, bunda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan maydonlarni suv bilan ta’minlash ustuvordir.
Suvdan foydalanishda gidroenergetikaning suv resurslariga bo‘lgan ehtiyojlarini ta’minlash ustuvorlik bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ehtiyojlarini suv resurslari bilan ta’minlashga tenglashtiriladi.
53-modda. Suv obyektlaridan va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish muddatlari
Suv obyektlari va suv xo‘jaligi obyektlari doimiy yoki vaqtincha foydalanishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimlarga asosan foydalanishga beriladi.
Muddati belgilanmagan holda suvdan foydalanish suv obyektlaridan va suv xo‘jaligi obyektlaridan doimiy foydalanish deb e’tirof etiladi.
Suv obyektidan va suv xo‘jaligi obyektidan vaqtincha foydalanish muddati uch yildan kam bo‘lmasligi va qirq to‘qqiz yildan oshmasligi kerak.
Suv obyektlaridan vaqtincha foydalanish muddatlari manfaatdor bo‘lgan suvdan foydalanuvchilarning iltimosnomasiga ko‘ra suv obyektini tanho foydalanishga berish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yoki suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma bergan davlat organlari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
54-modda. Suvdan umumiy foydalanish
Suvdan umumiy foydalanish jumlasiga quyidagilar kiradi:
o‘zining ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv olish;
cho‘milish;
baydarkada va motorsiz qayiqda suzish;
chorva mollarini sug‘orish;
sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlash.
Suvdan umumiy foydalanish ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsatsiz va cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Tanho foydalanishga berilgan suv obyektlarida suvdan umumiy foydalanishga va suv iste’moliga ushbu suv obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan suv xo‘jaligi organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari bilan kelishilgan holda (ichki sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlariga oid qismida) belgilangan shartlarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi, zarur bo‘lganda esa bunday suvdan foydalanish qonunchilikka muvofiq taqiqlanishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
55-modda. Suvdan maxsus foydalanish
Suvdan maxsus foydalanish jumlasiga quyidagilar kiradi:
to‘suvchi inshootlardan, nasoslardan, nasos stansiyalaridan, sifonlar va suv ko‘taruvchi boshqa qurilmalardan foydalangan holda suv olish;
suv transportida suzish;
gidroelektrostansiyalar uchun suvdan foydalanish;
oqova suvlarni suv obyektlariga oqizish.
Suvdan maxsus foydalanish ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilangan hollarda ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
56-modda. Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma
Quyidagi hollarda suvdan maxsus foydalanish ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi:
suv olish inshootlaridan foydalangan holda suv obyektlaridan bir sutkada 5 kub metrdan ortiq suv olishda;
oqova va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga hamda joy relyefiga oqizishda.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma:
yer usti tabiiy suv obyektlaridan suv olishda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hududiy organlari tomonidan;
yer osti, mineral va termal suvlarni olishda — O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining hududiy organlari bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining tegishli organlari tomonidan beriladi.
Sun’iy suv havzalaridagi suvdan foydalanilganda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
57-modda. Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlari
Yer usti suvlaridan va yer osti suvlaridan foydalanishga loyiq tasdiqlangan zaxiralaridan foydalanishda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma besh yil muddatga beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 9-son qarori bilan tasdiqlangan Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish yoki ularni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma olgan yuridik va jismoniy shaxslar uning amal qilish muddati davrida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy organlar hamda hududiy gidrogeologik stansiyalar vakillari ishtirokida tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladigan foydalaniladigan quduqlarni konservatsiya qilishni va qayta ishga tushirishni amalga oshirish huquqiga ega.
Tasdiqlanmagan zaxiralardagi foydalanishga yaroqli bo‘lgan yer osti suvlaridan foydalanishda guruhli suv olish inshootlari uchun suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma ikki yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi.
Suvdan foydalanuvchi ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin ruxsatnoma beradigan organga avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimos bilan murojaat qilishga haqli.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati ruxsatnomani berish kelishilgan organlardan suv ta’minoti manbasida, ruxsatnomada ko‘rsatilgan suvdan foydalanish maqsadida va boshqa shartlarida o‘zgarishlar mavjud emasligi haqida xulosa olinganidan keyin ruxsatnomani bergan organ tomonidan besh yilga uzaytiriladi.
Suvdan foydalanuvchi suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganidan keyin yoki ruxsatnomada ko‘rsatilgan suvdan foydalanish manbalari, maqsadi va boshqa shartlari o‘zgarganda, belgilangan tartibda yangi ruxsatnoma olishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
Obyektlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish davrida suvdan maxsus foydalanilganda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma ushbu ishlarni amalga oshirish davriga rasmiylashtiriladi. Obyekt ishga tushirilgach, suvdan foydalanuvchi belgilangan tartibda yangi ruxsatnoma olishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
58-modda. Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va uni bekor qilish
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish va uni bekor qilish “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
59-modda. Suv xo‘jaligi tadbirlarini o‘tkazish, suvdan foydalanish shartlarini tugatish yoki o‘zgartirish natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
Yuridik va jismoniy shaxslarga suv xo‘jaligi tadbirlarini (suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash-tiklash ishlarini va boshqalarni) o‘tkazish, suvlardan nooqilona foydalanish, ularni bulg‘atish, ifloslantirish, kamaytirish, shuningdek suvdan foydalanish shartlarini qonunga xilof ravishda bekor qilish yoki o‘zgartirish natijasida yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda qoplanishi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 72-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qarori bilan tasdiqlangan Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 18 – 20-bandlari.
Suv obyektlarining sohil bo‘yi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida qonunga xilof ravishda qurilgan obyektlarda hamda qonunga xilof ravishda o‘zlashtirilgan yer uchastkalarida suv xo‘jaligi tadbirlarini o‘tkazish chog‘ida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanmaydi.
60-modda. Suv servituti
Suv servituti quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:
suvdan umumiy foydalanish;
fuqarolar va transport vositalarining o‘tishi;
hayvonlarni sug‘orish va chorva mollarini haydab o‘tish;
suv obyektlaridan kichik hajmli kemalar uchun suv yo‘llari sifatida foydalanish;
sohil bo‘yi zonalaridan erkin foydalanishni, shu jumladan undan o‘tishni ta’minlash.
Suv servituti qonunchilikka muvofiq boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin.
Suv servituti ommaviy suv servituti va xususiy suv servituti shaklida bo‘lishi mumkin.
Ommaviy suv servituti suvdan umumiy foydalanish huquqiga tenglashtiriladi hamda davlat va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, mahalliy aholining manfaatlarini ta’minlash uchun jamoat manfaatlari inobatga olingan holda belgilanadi.
Xususiy suv servituti tanho foydalanishga berilgan suv obyektlariga nisbatan belgilanadi.
Ommaviy suv servituti suv obyektlariga yoki ularning qismlariga nisbatan, shu jumladan lotokli va boshqa usti qoplangan sug‘orish tarmog‘iga nisbatan qo‘llaniladi.
Ommaviy suv servituti suv servitutining belgilanishiga ehtiyoji bo‘lgan shaxslar hamda suv obyekti yoki uning bir qismi va sohil bo‘yi mintaqasi joylashgan yer uchastkasining egasi, undan foydalanuvchi, uning ijarachisi o‘rtasida kelishuv mavjudligi-mavjud emasligidan qat’i nazar, agar ushbu shaxslar bunday huquqdan yer uchastkasi boshqa shaxsga mulk qilib berilguniga qadar foydalangan bo‘lsa, belgilanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ommaviy suv servituti belgilanishini ta’minlashi shart.
Boshqa hollarda, suv servituti kimlarning manfaatlarini ko‘zlab suv servituti belgilanayotgan bo‘lsa, o‘sha shaxslar hamda suv obyekti yoki uning bir qismi joylashgan yer uchastkasining egasi, undan foydalanuvchi, uning ijarachisi o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha, kelishuvga erishish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa sudning qaroriga ko‘ra belgilanadi.
Suv servitutlarining rejimi suv fondi yerlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 77-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Suv servituti suv obyekti yoki uning bir qismi joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham saqlab qolinadi.
Suv servitutlarini amalga oshirish uchun suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomani olish talab etilmaydi.
Suv servitutining belgilanishi tanho foydalanish uchun berilgan suv obyekti egasini ushbu suv obyektiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidan mahrum etmaydi.
Suv servituti belgilangan suv obyektining egasi, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, suv servituti kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxsdan ushbu suv obyektidan yoki uning bir qismidan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqlidir.
Fuqarolik va yer to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan suv servitutlari haqidagi qoidalar suv servitutlariga nisbatan ushbu Kodeks talablariga zid bo‘lmagan qismida qo‘llaniladi.
Suv olish kvotalari manbalar, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha quyidagilar tomonidan ajratiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligiga va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari — suvdan foydalanuvchilarga.
Suvdan maxsus foydalanish uchun tabiiy suv havzalaridan suv olish kvotalari ushbu Kodeksning 56-moddasiga muvofiq vakolatli organlar ruxsatnomalarida belgilanadi.
Ajratilgan suv olish kvotasi uning amal qilish muddati davomida qayta ko‘rib chiqilmaydi, bundan iste’mol qilinadigan suvning hajmiga ta’sir ko‘rsatadigan sug‘oriladigan uchastka maydoni, ishlab chiqarish quvvatlari o‘zgartirilgan hollar mustasno.
Suv olish kvotalarini ajratishda sanitariya va ekologik maqsadlar uchun suvni chiqarib yuborish talablari hisobga olinadi.
Ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlariga ular tomonidan me’yoriy ehtiyojlar va kelajakda aholining o‘sishi prognozlaridan kelib chiqqan holda, ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun suv olish kvotasi ajratiladi.
62-modda. Sug‘oriladigan yerlar uchun suv olish kvotasi
Sug‘oriladigan yerlar uchun suv olish kvotasi sug‘oriladigan yer uchastkasi maydonini bir gektar sug‘oriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativlariga ko‘paytirish orqali hisob-kitob qilinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi.
Gidrografik zonadagi bir gektar sug‘oriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativlari mazkur gidrografik zonadagi sug‘oriladigan yerlarda keyingi o‘n gidrologik yil uchun amaldagi o‘rtacha suv olish hajmlarini mazkur gidrografik zonadagi sug‘oriladigan yerlarning umumiy maydoniga bo‘lish orqali hisob-kitob qilinadi. Bunda tuproqning mexanik tarkibi, joylashgan joyining relyefi, sizot suvlarning sathi, iqlim sharoitlari, ko‘p yillik suv ta’minoti va boshqa omillar ham inobatga olinadi.
Bir gektar sug‘oriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativi suv xo‘jaligi organlari tomonidan hisob-kitob qilinadi va bir yilda ko‘pi bilan bir marta qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
63-modda. Sug‘oriladigan yerlar bilan bog‘liq bo‘lmagan suvdan foydalanish uchun suv olish kvotasi
Sug‘oriladigan yerlar bilan bog‘liq bo‘lmagan suvga bo‘lgan ehtiyojlarning texnologik normalaridan kelib chiqqan holda, yer usti suvlariga nisbatan suv xo‘jaligi organlari tomonidan va yer osti suvlariga nisbatan tog‘-kon sanoati va geologiya organlari tomonidan suv olish kvotalari ajratiladi.
64-modda. Suv olish kvotasining amal qilish muddati
Suv olish kvotasining amal qilish muddati:
suvni qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish maqsadida oladigan va yer uchastkasini ijara shartnomasi asosida tasarruf etadigan suvdan foydalanuvchilar uchun — ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga, ammo 10 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
suvni qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda oladigan suvdan foydalanuvchilar uchun — 10 yilgacha bo‘lgan muddatga;
ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlaridan tashqari, suvni suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnoma asosida oluvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun — maxsus suvdan foydalanish ruxsatnomasining amal qilish muddati tugaguniga qadar belgilanadi.
Ichimlik suvi ta’minoti tashkilotlariga suv olish kvotasining amal qilish muddati cheklanmaydi.
Suv olish kvotalarini ajratishda sanitariya va ekologik maqsadlar uchun suvni chiqarib yuborish bo‘yicha talablarga rioya etilishi inobatga olinadi.
65-modda. Faoliyat yuritayotgan suvdan foydalanuvchilarning manfaatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan suv olish kvotalarini ajratish tartibi
Muayyan gidrologik zonada keyingi o‘n gidrologik yil davomida amalda olingan suvning o‘rtacha yillik hajmidan besh va undan ortiq foiz ko‘p miqdorda kvota ajratish to‘g‘risidagi talabnoma faoliyat yuritayotgan suvdan foydalanuvchilarning manfaatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi talabnoma deb e’tirof etiladi.
Suvdan foydalanuvchilar uchun talab etiladigan qo‘shimcha suv miqdori tegishli suv kengashlarining qaroriga muvofiq ajratiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son “O‘zbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga mo‘ljallangan dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Ichimlik suvi ta’minoti uchun suv olish kvotasi ajratilishini rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Suvdan foydalanuvchilar o‘ziga tegishli bo‘lgan suv olish kvotasining bir qismini shartnoma asosida ayni shu gidrografik zonadagi boshqa suvdan foydalanuvchiga, ularga xizmat ko‘rsatuvchi suv yetkazib beruvchi tashkilot bilan kelishilgan holda sotishi mumkin.
66-modda. Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma
Suvdan foydalanish suv yetkazib beruvchi tashkilot va suvdan foydalanuvchi o‘rtasida tuziladigan suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchilardan so‘rovnoma olganda, agar ular xizmat ko‘rsatish hududida joylashgan va suv olish kvotasiga ega bo‘lsa, ular bilan suvdan foydalanish to‘g‘risida shartnoma tuzishi shart.
Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomada suv olish kvotalari, yetkazib beriladigan suv hajmlarini suv olishning har yillik yoki mavsumiy limitlari, suvni yetkazib berganlik uchun to‘lovning miqdorlari va mexanizmlari, suv yetkazib berishning boshqa shartlari, shuningdek taraflarning huquq va majburiyatlariga qarab o‘zgartirish mexanizmlari shartlashib olinadi.
Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaning namunaviy shakllari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan (bundan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti mustasno) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (suvni tabiiy suv obyektlaridan olishda), O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi (suvni yer osti suvlaridan olishda), shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizomning 45-bandi.
Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani tuzishda suv olish kvotasining mavjudligi majburiy talab hisoblanadi.
Taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga binoan suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomada belgilanadi.
67-modda. Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish
Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalar maxsus axborot tizimida elektron shaklda:
viloyatlararo va transchegaraviy ahamiyatga ega bo‘lgan, shuningdek yirik va alohida muhim suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanuvchi ayrim tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar — O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tarkibiga kiradigan foydalanuvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar — tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan;
suv yetkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan fermer va dehqon xo‘jaliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xizmat ko‘rsatish hududidagi boshqa suvdan foydalanuvchilar bilan tuzilgan shartnomalar — tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limlari (Quvasoy shahar bo‘limi) tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Suvdan foydalanish to‘g‘risida belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalar ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: Fuqarolik kodeksining 27-bobi, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limlarida (Quvasoy shahar bo‘limida) ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizomning 48-bandi.
Suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalar reyestri O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga va uning hududiy bo‘linmalariga (sun’iy suv obyektlaridagi suvdan foydalanilganda), shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining tegishli organlariga (tabiiy suv obyektlaridagi suvdan foydalanilganda) belgilangan tartibda nazoratni ta’minlash uchun beriladi.
68-modda. Suv olish limitlarini belgilash
Suv olish limitlari:
suv manbalarining keyingi gidrologik yildagi suvliligi prognozi;
suvdan foydalanish turlarining (iqtisodiyot tarmoqlarining) ustuvorligi;
ajratilayotgan suv olish kvotasining prognoz qilinayotgan hajmi inobatga olingan holda belgilanadi.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy, shuningdek davolash ehtiyojlari uchun suv olish limitlari ajratilgan suv olish kvotasidan kam bo‘lishi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Suv olish limitlari tegishli gidrografik zonadagi boshqa suvdan foydalanuvchilar uchun suv olish kvotalariga nisbatan teng foizda belgilanadi.
Suv olish limitlari suv manbalari, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan — yiliga ikki marta vegetatsiya davri uchun 20-martgacha (1-aprel — 30-sentabr) va kuz-qish davri uchun 20-sentabrgacha (1-oktabr — 30-mart) bo‘lgan muddatda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga, viloyatlararo va transchegaraviy ahamiyatga ega bo‘lgan magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalariga, energetika, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti obyektlaridan foydalanuvchi alohida korxonalar va tashkilotlarga;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan — yiliga ikki marta vegetatsiya davri uchun 25-martgacha va kuz-qish davri uchun — 25-sentabrgacha bo‘lgan muddatda irrigatsiya tizimlari boshqarmalariga, suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga, shuningdek boshqa alohida ahamiyatga ega bo‘lgan suvdan foydalanuvchilarga;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan — vegetatsiya davri uchun 28-martgacha va kuz-qish davri uchun 28-sentabrgacha bo‘lgan muddatda — suvdan foydalanuvchilarga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga (shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sug‘orish uchun), shuningdek boshqa suvdan foydalanuvchilarga belgilanadi.
Yer ostidan suv olish limiti suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalarda ko‘rsatiladi hamda rasmiylashtirish chog‘ida ruxsatnomaning amal qiladigan muddatiga belgilanadi.
Suv manbalarining suvliligi kamaygan yoki ko‘paygan hollarda suv olish limitlariga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Suvdan foydalanishning belgilangan davri tugaganidan keyin ikki oylik muddatda maxsus vakolatli organlar tomonidan manbalarning amaldagi suvliligi hisobga olingan holda, o‘tgan davr uchun suv olishning uzil-kesil limitlari tasdiqlanadi.
69-modda. Suv olish limitlarini tasdiqlash
Suv olish limitlari:
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining buyrug‘i bilan Gidrometeorologiya xizmati agentligining prognozi asosida;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining buyruqlari bilan;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limi (Quvasoy shahri bo‘limi) bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun suv olish limitini belgilash uchun suvdan foydalanuvchilar vegetatsiya va kuz-qish davrlari boshlanguniga qadar bir oy oldin, sug‘oriladigan dehqonchilikdan tashqari boshqa ehtiyojlar uchun esa — har yili 1-sentabrga qadar — ularga xizmat ko‘rsatadigan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi va quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 79-son qarori bilan tasdiqlangan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari to‘g‘risidagi nizom.
suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalar (tabiiy suv manbalaridan suv olinganda);
belgilangan tartibda tasdiqlangan suv yetkazib berish jadvallari (bundan suv quvurlari — ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimining suvidan foydalanuvchilar mustasno).
Suv olish limitlari suv olishning ruxsat etilgan suv manbalari (daryo, soy, buloq, suv havzasi, irrigatsiya tizimi, magistral kanal (tizim), sug‘orish va kollektor tarmog‘i, yer osti suvlari va boshqa suv manbalari) bo‘yicha umumiy hajmini aks ettirishi hamda har o‘n kunda aniq suv olish joylari bo‘yicha taqsimlangan bo‘lishi kerak.
Suv olish limitlarini belgilashda iqtisodiyot tarmog‘ining ustuvorligiga hamda barcha suvdan foydalanuvchilarning alohida suv manbalari va irrigatsiya tizimlari bo‘yicha kutilayotgan suvlilik hisobga olingan holda, suv bilan teng barobarda ta’minlanishiga rioya etilishi kerak.
70-modda. Tejab qolingan suvni boshqa shaxsga berish
Suvdan foydalanuvchi o‘ziga ajratilgan suv olish limiti doirasida tejab qolingan suvni yoki suvga bo‘lgan ehtiyoj qisqarganligi natijasida tejab qolingan suvni ayni shu gidrografik zonadagi boshqa suvdan foydalanuvchiga shartnoma asosida berishi mumkin. Suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchilar o‘ziga ajratilgan suv olish limitlari doirasida iqtisod qilingan suvdan voz kechganligi yoxud suvga bo‘lgan ehtiyoj qisqarganligi munosabati bilan paydo bo‘lgan ortiqcha suvni boshqa talabgor foydalanuvchiga yetkazib berishi mumkin.
71-modda. Suv yetkazib berish jadvali
Suvdan foydalanuvchining suv olish limitlari suv yetkazib beruvchi tashkilot hamda suvdan foydalanuvchi tomonidan suvdan foydalanuvchilarning mavsumiy ehtiyojlari va suvni boshqa suvdan foydalanuvchiga yetkazib berish majburiyatlari inobatga olingan holda imzolanadigan, suv yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnomaning ilovasi bo‘lgan suv yetkazib berish jadvaliga kiritiladi.
11-bob. Suvdan foydalanuvchilarning hamda suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning huquq va majburiyatlari
72-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari
Suvdan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
suv obyektlaridan ular qanday maqsadda berilgan bo‘lsa, o‘sha maqsadlarda foydalanish;
suvdan foydalanishni amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda inshootlarni, qurilmalarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizom.
berilayotgan suvning miqdori va sifatini tekshirish;
suv resurslarini boshqarishga doir qarorlar qabul qilinishida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etish;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonuni.
suv manbasining taxmin qilingan va haqiqiy suvliligidan kelib chiqqan holda suv olish limitlarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar kiritish;
o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, shu jumladan belgilangan suv olish limitlariga va suv berish rejimiga muvofiq suv olish huquqi buzilganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
suvdan foydalanuvchilar uyushmalarini va boshqa birlashmalarni qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etish.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi Qonuni.
Suvdan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
73-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish
Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari qonun bilan himoya qilinadi.
Suvdan foydalanuvchilarning buzilgan huquqlari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tiklanishi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
74-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlarini cheklash
Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, aholining sog‘lig‘ini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, milliy xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, shuningdek suv tanqisligida, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda cheklanishi mumkin. Bunda aholining ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanish shart-sharoitlari yomonlashmasligi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni.
Suvdan foydalanuvchilarning suvdan tanho holda foydalanish huquqlari mazkur suv obyektini tanho foydalanishga bergan vakolatli organ tomonidan, suvdan maxsus foydalanish huquqlari esa suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani bergan vakolatli organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda cheklanishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi to‘g‘risidagi nizom hamda Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizomning 15-bandi.
o‘ziga berilgan suv resurslarini oqilona boshqarishi va ulardan foydalanishi, suvdan maqsadsiz foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi, suvni tejab sarflash, uning sifatini tiklash va yaxshilash choralarini ko‘rishi;
belgilangan suv olish limitlariga va suvdan foydalanish qoidalariga rioya etishi;
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 68, 69-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi to‘g‘risidagi nizomning IV-bobi.
suv obyektlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanishi;
suvdan maxsus foydalanishda suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishi;
suvdan foydalanish to‘g‘risida shartnoma tuzishi, suv olish uchun o‘z vaqtida talabnoma berishi;
tarkibida ifloslantiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan suvlarning suv obyektlariga oqizilishini to‘liq to‘xtatish choralarini ko‘rishi;
boshqa suvdan foydalanuvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv xo‘jaligi obyektlariga va tabiiy resurslarga (yerlarga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga, foydali qazilmalarga va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashi, o‘ziga tegishli suv xo‘jaligi obyektlari va ulardagi inshootlarni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi;
oqova suvlar suv obyektlariga va joy relyefiga oqiziladigan joylarni avtomatik ravishda monitoring qilish vositalari bilan jihozlashi;
olinadigan suv miqdorining hamda suv obyektlariga va joy relyefiga oqiziladigan oqova suvlar hajmining hisobini yuritishi hamda zarur axborotni suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani bergan vakolatli organlarga, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga taqdim etishi;
suv resurslaridan foydalanganlik, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning xizmatlari va shartnoma asosida ko‘rsatilgan boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarni, shuningdek suv obyektlariga hamda joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarni oqizganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lashi;
suvni tejash va raqamli texnologiyalarni joriy etish choralarini ko‘rishi;
suvlarning ifloslanishi, bulg‘anishi va kamayib ketishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, suv obyektlariga suvlarning zararli ta’sirini bartaraf etish choralarini ko‘rishi, shuningdek yer usti va yer osti suvlari to‘planadigan maydonlarning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymasligi;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini, sohil bo‘yi mintaqalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini saqlashning belgilangan rejimiga rioya qilishi;
o‘zining suv xo‘jaligi obyektlariga suvlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vakillarini belgilangan tartibda kiritishi hamda ularga zarur axborotni taqdim etishi;
suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etadigan avariyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganligi to‘g‘risida o‘ziga xizmat ko‘rsatadigan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarni, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini o‘z vaqtida xabardor qilishi hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishda, shuningdek suv obyektlaridagi ta’mirlash-tiklash ishlarida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishi;
baliqlarni, boshqa suv florasi va faunasini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishi shart.
Suvdan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
O‘z balansida vertikal sug‘orish qudug‘iga ega bo‘lgan suvdan foydalanuvchi tashkilotlar va jismoniy shaxslar mazkur sug‘orish qudug‘iga bevosita tutash bo‘lgan yer uchastkasi uchun suv xo‘jaligi xizmatlari to‘lovidan ozod etiladi.
76-modda. Suv resurslaridan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanuvchi suvdan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Suv resurslaridan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanuvchi suvdan foydalanuvchilar ushbu Kodeksning 75-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
qishloq xo‘jaligi ekinlari va dov-daraxtlarini sug‘orish, shuningdek yaylovlarga suv chiqarishning qulay rejimini saqlashi;
suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini va ilg‘or sug‘orish texnikasini joriy etish orqali sug‘orish vositalari va uslublarini takomillashtirishi;
qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suvlarning monitoringi asosida salbiy jarayonlarning sabablari va oqibatlarini bartaraf etishi;
qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishning, shuningdek yaylovlarga suv chiqarishning qulay rejimini saqlab turish;
suvni tejash imkonini beradigan agrotexnika tadbirlarini amalga oshirishi;
tuproq unumdorligini saqlash imkonini beradigan melioratsiya tadbirlarini amalga oshirishi;
agar suvlarning oqizib yuborilishi texnologik jarayonda nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘orish uchun berilgan suvlarning kollektor-drenaj tarmog‘iga, suv obyektlariga va joy relyefiga oqizib yuborilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
tegishliligi bo‘yicha suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash ishlarida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishi shart.
77-modda. Baliqchilik xo‘jaligi suv havzalaridan yoki baliq ovlash uchastkalaridan foydalanuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning majburiyatlari
Baliqchilik xo‘jaligi suv havzalari yoki baliq ovlash uchastkalari o‘ziga foydalanish uchun berilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ushbu Kodeksning 75-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, belgilangan tartibda:
baliq zaxiralarining urchib ko‘payishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlashi;
baliqchilik xo‘jaligi suv havzalarida yoki baliq ovlash uchastkalarida irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini va boshqa inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, tiklash ishlarini amalga oshirishi, shuningdek ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi;
zarur melioratsiya ishlarini olib borishi hamda ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar joylashgan joylardagi sohil bo‘yi uchastkalarini lozim darajada sanitariya holatida saqlashi shart.
78-modda. Suv obyektlaridan foydalanishni, suv berishni o‘zboshimchalik bilan tartibga solishni hamda o‘zboshimchalik bilan suv olishni taqiqlash
Alohida davlat ahamiyatiga yoxud alohida ilmiy yoki madaniy qimmatga ega bo‘lgan suv obyektlaridan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda qisman yoki batamom taqiqlanishi mumkin.
Suvdan foydalanuvchilarning suv yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan kelishilmagan holda, suv uzatilishini ko‘paytirish yoki kamaytirish maqsadida suv obyektlaridagi gidrotexnika inshootlarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishi, shuningdek ularga muvaqqat to‘siqlarni, nasos stansiyalarini, nasoslarni, suvni ko‘taradigan va suv oladigan boshqa inshootlarni o‘rnatishi taqiqlanadi.
O‘zboshimchalik bilan suv olish taqiqlanadi.
79-modda. Sun’iy suv obyektlari va gidrotexnika inshootlari orqali traktorlar, transport vositalarining o‘tishini, chorva mollarining haydab o‘tilishini taqiqlash
Kanallar, boshqa sun’iy suv obyektlari, gidrotexnika inshootlari va boshqa suv xo‘jaligi obyektlari orqali ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan joylardan qishloq xo‘jaligi mashinalarining (traktorlar va boshqalarning), avtomobillarning hamda boshqa transport vositalarining o‘tishi, shuningdek chorva mollarining haydab o‘tilishi va sug‘orilishi taqiqlanadi.
Suv obyektlarida chorva mollarini sug‘orishga, shuningdek ularni cho‘miltirishga ushbu maqsadlar uchun maxsus jihozlangan joylarda ruxsat etiladi.
80-modda. Suv yetkazib beruvchi tashkilotning huquqlari
Suv yetkazib beruvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
suvdan foydalanishni amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda inshootlar, qurilmalarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishni amalga oshirish;
berilayotgan suvning miqdori va sifatini tekshirishni amalga oshirish;
ko‘rsatilgan xizmatlar uchun o‘z vaqtida haq to‘lanishini talab qilish;
suvdan foydalanuvchilarga suv yetkazib berishni suvdan foydalanish qoidalari buzilganda, suvdan maqsadsiz foydalanilganda, suv olish limitlari oshirib yuborilganda, shuningdek suv yetkazib berganlik uchun va ko‘rsatilgan boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun o‘z vaqtida haq to‘lanmagan hollarda, aniqlangan shartnoma shartlarining buzilishlari bartaraf etilguniga qadar to‘xtatib turish;
o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, shu jumladan belgilangan suv olish limitlariga va suv berish rejimiga muvofiq suv olish huquqining buzilganligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilot qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
81-modda. Suv yetkazib beruvchi tashkilotning majburiyatlari
Suv yetkazib beruvchi tashkilot:
suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishi, ulardan maqsadsiz foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi, suvdan tejamkor ravishda foydalanishi, suvning sifatini tiklashi va yaxshilashi;
belgilangan suv olish limitlariga va suvdan foydalanish tartibiga rioya etishi;
suv obyektlari qanday maqsadlar uchun foydalanishga berilgan bo‘lsa, ulardan faqat shu maqsadlarda foydalanishi;
tashlama suvlar hajmining ko‘payishi hollarining oldini olishi;
suv yetkazib berish to‘g‘risida shartnomalar tuzishi va belgilangan sifatdagi suvning belgilangan miqdorda o‘z vaqtida yetkazib berilishini ta’minlashi;
suv yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha oxirigacha olinmagan suvning o‘rnini qoplashi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
tarkibida belgilangan normadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar mavjud bo‘lgan oqova suvlarni suv obyektlariga oqizib yuborishni tugatish choralarini ko‘rishi;
suvdan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv obyektlariga, xo‘jalik obyektlariga va tabiiy resurslarga (yerlarga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga, foydali qazilmalarga va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymasligi;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashi, suv xo‘jaligi obyektlarini va ulardagi inshootlarni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan maqsadli foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi;
olinadigan suvning hamda suv obyektlariga va joy relyefiga oqizib yuboriladigan oqova suvlar hajmining hisobini yuritishi hamda vakolatli organlarga va o‘ziga xizmat ko‘rsatiladigan suvdan foydalanuvchilarga zarur axborotni taqdim etishi;
suvni tejash va suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, suvni yetkazib berishdagi yo‘qotishlarni qisqartirish choralarini ko‘rishi, suvni qonunga xilof ravishda olishning nazorat qilinishini ta’minlashi;
suvlarning ifloslanishi, bulg‘anishi va kamayib ketishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etishi, shuningdek yer usti va yer osti suvlari to‘planadigan maydonlarning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymasligi;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish tartibi va shartlariga rioya etishi;
suvlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vakillarini o‘zining suv xo‘jaligi obyektlariga belgilangan tartibda kiritishi hamda ularga zarur axborot taqdim etishi;
suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etadigan avariyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganligi to‘g‘risida suvdan foydalanuvchilarni, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini o‘z vaqtida xabardor qilishi, shuningdek ularning oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishda ishtirok etishi;
baliqlarni, boshqa suv florasi va faunasini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishi shart.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
12-bob. Suvdan foydalanuvchilarning birlashmalari, nodavlat tashkilotlari, ular a’zolarining huquq va majburiyatlari
82-modda. Suvdan foydalanish sohasidagi uyushmalar va boshqa nodavlat tashkilotlari
Suvdan foydalanuvchilar suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida nodavlat tashkilotlari bo‘lgan uyushmalar, ittifoqlar va boshqa birlashmalarni tashkil etishi mumkin.
83-modda. Suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining huquq va majburiyatlari
Suvdan foydalanuvchilar uyushmalari quyidagi huquqlarga ega:
uyushma a’zolarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish;
xizmat ko‘rsatuvchi suv yetkazib beruvchi tashkilotdan suvdan foydalanuvchilar o‘rtasida suvning adolatli ravishda taqsimlanishi va berilishini talab qilish;
sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarini hamda boshqa suv xo‘jaligi obyektlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish rejalarini ishlab chiqishda, bosh suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash tadbirlari rejalarini ishlab chiqishda takliflar bilan ishtirok etish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga takliflar kiritish, ularning qarorlarini tayyorlashda qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etish;
uyushmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ittifoqlarga a’zo bo‘lib kirish.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmasi qonunchilikka va suvdan foydalanuvchilar uyushmasining ustavlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmasi:
suv to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
suvdan foydalanuvchilar uyushmasining mol-mulkidan va mablag‘laridan foydalanilishi to‘g‘risidagi axborotning o‘z a’zolari uchun ochiqligini va undan foydalanishini ta’minlashi;
ro‘yxatga oluvchi organga, soliq organlariga va davlat statistika organlariga belgilangan tartibda o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobotlar taqdim etishi shart.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining zimmasida qonunchilikka va suvdan foydalanuvchilar uyushmasining ustavlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
IV BO‘LIM. SUV OBYEKTLARIDAN VA SUV XO‘JALIGI OBYEKTLARIDAN FOYDALANISH
13-bob. Suv va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish
84-modda. Suv omborlaridan foydalanish
Suv omborlarini suvga to‘ldirish va ulardan suv chiqarish rejimi, suv sathining o‘zgarish rejimi, gidrotexnika inshootlari orqali suvning o‘tish rejimi, kemalarning moneliksiz va xavfsiz o‘tishi, shuningdek baliqlarning urug‘ tashlaydigan joylarga o‘ta olishini ta’minlash suv omborlaridan foydalanish qoidalari bilan belgilanadi.
Suv omborlaridagi to‘g‘onlar, dambalardan, suv o‘tkazadigan va suv oladigan inshootlardan, gidroenergetika majmualaridan hamda boshqa inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlar foydalanish qoidalari hamda suv omborlarining ta’sir zonalarida joylashgan suvdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari mulkdorlarining, yer egalarining va yerdan foydalanuvchilarning manfaatlari, shuningdek ekologik maqsadlar hisobga olingan holda belgilangan suv omborlarini suvga to‘ldirish va ulardan suv chiqarish rejimiga rioya etishi, shu jumladan suvni ekologik maqsadlarda chiqarib yuborish rejimiga rioya etishi shart.
Suv omborlaridan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda boshqa manfaatdor organlar bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan har bir suv ombori uchun tasdiqlanadigan qoidalarda belgilanadi.
85-modda. Suv omborlarining texnik holatini va obodonlashtirilishini ta’minlaydigan tadbirlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirish
Suv omborlarining texnik holatini va obodonlashtirilishini ta’minlaydigan tadbirlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirish tegishli suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
86-modda. Ko‘llardan va boshqa suv havzalaridan suv omborlari sifatida foydalanish tartibi
Ko‘llardan va boshqa suv havzalaridan suv omborlari sifatida foydalanish ushbu Kodeksning 84 va 85-moddalari qoidalari, shuningdek ularning maqomi (rekreatsiya jihatidan ahamiyati, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar) hisobga olingan holda, ushbu Kodeksda va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
87-modda. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish tartibi
Suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan foydalaniladigan gidrotexnika inshootlari davlat mulki bo‘lib, ulardan belgilangan tartibda foydalaniladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining 2024-yil 22-oktabrdagi 01/2-80-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan SHNQ 2.06.01-24 “Gidrotexnika inshootlari” shaharsozlik normalari va qoidalari, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2018-yil 7-iyundagi 342-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi qoidalari.
Davlat-xususiy sheriklik prinsiplari asosida xususiy sektorga boshqarishga berilgan gidrotexnika inshootlari davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda foydalaniladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuni.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining qarorlariga ko‘ra qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga berilgan gidrotexnika inshootlaridan ular tomonidan belgilangan maqsadga ko‘ra foydalaniladi.
Suvdan foydalanuvchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan qurilgan gidrotexnika inshootlaridan ularning tegishliligi bo‘yicha foydalaniladi.
Suv xo‘jaligi organlari suvdan foydalanuvchilar bilan shartnomaviy asosda suv xo‘jaligi obyektidagi gidrotexnika inshootlariga texnik xizmat ko‘rsatishni amalga oshirishi mumkin.
14-bob. Suv obyektlaridan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti uchun foydalanish
88-modda. Suv obyektlarini aholining ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlari uchun ustuvor ravishda berish
Suv obyektlari birinchi navbatda aholining ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun foydalanishga beriladi.
Aholining ichimlik, xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti va boshqa ehtiyojlari uchun beriladigan suv obyektlari suvining sifati belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, shuningdek milliy standartlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti uchun berilgan suv obyektlaridan foydalanish ushbu Kodeksga muvofiq amalga oshiriladi.
89-modda. Yer osti chuchuk suvlaridan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlar uchun foydalanishni cheklash
Yer osti chuchuk suvlaridan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlar uchun foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Zarur bo‘lgan yer usti suv manbalari bo‘lmagan hamda yer osti chuchuk suvlarining yetarli zaxiralari bo‘lgan hududlarda tasdiqlangan limitlarga muvofiq tog‘-kon sanoati va geologiya organlari ushbu suvlardan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar uchun foydalanishga ruxsat berishi mumkin.
Yer osti suvlarining davlat monitoringi natijalari bo‘yicha yer osti chuchuk suvlari sathining tizimli kamayishi belgilangan hududlarda quduqlarni qazish, gidrogeologik xulosa va suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish cheklanishi, to‘xtatib turilishi yoki taqiqlanishi mumkin.
90-modda. Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti manbalarining xavfsizligini ta’minlash
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, yuridik shaxslar mulkchilik shaklidan qat’i nazar va jismoniy shaxslar ichimlik hamda xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti uchun foydalaniladigan suv manbalarida sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlari va milliy standartlar talablariga muvofiq suvning sifatini saqlashi shart.
15-bob. Suv obyektlaridan davolash, kurort va sog‘lomlashtirish maqsadlarida foydalanish
91-modda. Shifobaxsh suvlar toifasiga kiritilgan suv obyektlaridan birinchi navbatda davolash va kurort maqsadlarida foydalanish
Belgilangan tartibda shifobaxsh suvlar toifasiga kiritilgan suv obyektlaridan, eng avvalo, davolash va kurort maqsadlarida foydalaniladi.
Suv xo‘jaligi hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, tog‘-kon sanoati va geologiya organlari ayrim hollarda tegishliligiga ko‘ra shifobaxsh suvlar toifasiga kiritilgan suv obyektlaridan sog‘liqni saqlash organlari va sanatoriya-kurort boshqarmalari bilan kelishuvga ko‘ra boshqa maqsadlar uchun foydalanishga ruxsat berishi mumkin.
Shifobaxsh suvlar toifasiga kiritilgan suv obyektlariga suv tashlash taqiqlanadi.
92-modda. Suv obyektlaridan dam olish, turizm va sport uchun foydalanish
Suv obyektlaridan dam olish, turizm va sport uchun foydalanish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
16-bob. Suv obyektlaridan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish
93-modda. Suvdan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish
Suvdan qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish suvdan maxsus foydalanish shartlari asosida suv olish kvotalari va suv olish limitlari bo‘yicha suvdan foydalanishning belgilangan tartibiga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi ekinlarini oqova suvlar bilan sug‘orish Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari bilan kelishuvga ko‘ra ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarining ruxsati bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tuproq unumdorligiga va yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga zararli ta’sir ko‘rsatadigan suvlarni qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish uchun berish taqiqlanadi.
94-modda. Suv obyektlaridan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sug‘orish uchun foydalanish
Fuqarolarning ekinzorlarini va shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sug‘orish uchun suv obyektlaridan foydalanish fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining suv olish kvotalari va suv olish limitlarida nazarda tutiladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari fuqarolarning ekinzorlarni va shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sug‘orish uchun suvga bo‘lgan ehtiyojlarini umumlashtiradi, suvdan foydalanish to‘g‘risida shartnomalar tuzadi va ular o‘rtasida suvdan foydalanish tartibini belgilaydi, shuningdek sug‘orish tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash ishlarini tashkil etadi.
95-modda. Suvni tejaydigan sug‘orish uslublari va texnologiyalarini qo‘llashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish uslublari va texnologiyalarini qo‘llash ko‘lamini yanada kengaytirish, suv resurslaridan foydalanish unumdorligi va samaradorligini oshirish maqsadida suvdan foydalanishni tartibga solish sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari davlat tomonidan tartibga solishning quyidagi choralarini qo‘llaydi:
suvni tejaydigan sug‘orish uslublari va texnologiyalarini joriy etadigan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish;
sug‘orish quduqlari va vertikal drenaj quduqlari, shuningdek nasos stansiyalari yoki nasoslar yordamida sug‘oriladigan ekin maydonlarida suvni tejaydigan sug‘orish uslublari va texnologiyalarini keng joriy etish;
suvni tejaydigan sug‘orish uslublari va texnologiyalari bo‘yicha tadqiqotlar, ishlanmalarni rag‘batlantirish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi hududlarining tuproq-iqlim sharoitlari hamda avval o‘tkazilgan sinovlar tajribasi, shuningdek yangi yuqori samarali tizimlarni yaratish ishlari hisobga olingan holda rag‘batlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;
suvni tejashning mavjud usullari, shu jumladan yer ustidan sug‘orishning yuqori samarali uslublari va texnologiyalari to‘g‘risidagi xabardorlikni oshirish;
suvni tejaydigan sug‘orish uslublari va texnologiyalarini loyihalashtirish, joriy etish va qo‘llash bo‘yicha uslubiy tavsiyalarni, shu jumladan sug‘oriladigan maydonlarning, qishloq xo‘jaligi ekinlarining va ular navlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ulardan samarali foydalanishni baholash mezonlarini ishlab chiqish;
suvni tejaydigan sug‘orish uslublari va texnologiyalarini joriy etish hamda ulardan foydalanish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi va ularning malakasi oshirilishini tashkil etish;
qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini rejalashtirish texnologiyasi qo‘llanilishini avtomatlashtirilgan lazerli tekislagichlardan, shuningdek zamonaviy egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orishning yer osti yopiq tizimidan foydalangan holda kengaytirish;
sanoatda hamda xo‘jalik-maishiy suv ta’minotida suv aylanishining ilmiy asoslangan normalarini ishlab chiqish va joriy etish;
suv resurslarining unumdorligini monitoring qilish va maqsadli yaxshilash uchun masofadan zondlash tizimlaridan foydalanish;
suv aylanishini va boshqa tashkiliy chora-tadbirlarni, shuningdek dalada suvning yo‘qotilishiga yoki undan oqilona foydalanmaslikka qarshi kurashishga qaratilgan texnologiyalarni joriy etish.
17-bob. Suv obyektlaridan sanoat maqsadlari, konchilik ishi va energetika ehtiyojlari uchun foydalanish
96-modda. Suv obyektlaridan sanoat maqsadlari hamda issiqlik va atom energetikasi ehtiyojlari uchun foydalanish
Suv obyektlaridan sanoat maqsadlari hamda issiqlik va atom energetikasi ehtiyojlari uchun foydalanadigan suvdan foydalanuvchilar, ushbu Kodeksning 75-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish, suv ta’minotining aylanma hamda takroriy tizimlarini joriy etish orqali suv sarfini kamaytirish va oqova suvlarning suv obyektlariga oqizib yuborilishini tugatish bo‘yicha choralar ko‘rishi, shuningdek suvning radioaktiv ifloslanishi belgilangan normalardan oshishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Yangi sanoat obyektlari loyihalashtirilayotganda va amaldagilari rekonstruksiya qilinayotganda aylanma suv ta’minoti nazarda tutilishi kerak, bundan ishlab chiqarish shart-sharoitlariga ko‘ra aylanma suv ta’minotiga o‘tkazilishi mumkin bo‘lmagan korxonalar va boshqa obyektlar mustasno.
Aylanma suv ta’minotiga ega bo‘lmagan ishlab turgan korxonalar uchun ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari tomonidan suv xo‘jaligi organlari hamda boshqa vakolatli organlar bilan kelishuvga ko‘ra qonunchilikka muvofiq ularni aylanma suv ta’minoti tizimiga o‘tkazish muddatlari belgilanadi.
97-modda. Suv obyektlaridan gidroenergetika ehtiyojlari uchun foydalanish
Suv obyektlaridan gidroenergetika ehtiyojlari uchun foydalanish elektr energetikasi tizimining barqarorligini ta’minlash maqsadida iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari va aholining manfaatlari hisobga olinib, suvlardan kompleks va oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish talablariga rioya etilgan holda suv xo‘jaligi organlari bilan kelishuvga ko‘ra amalga oshiriladi.
Gidroenergetika korxonalari ushbu Kodeksning 96-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
suv obyektlarining foydalanish qoidalarida belgilangan ish rejimiga, shu jumladan suv omborlarini to‘ldirish va ulardan suv chiqarish hamda suvning yuqori va quyi sathi o‘zgarishining rejimiga rioya etishi;
sanitariya va tabiatni muhofaza qilish maqsadlarida suv chiqarib turilishini ta’minlashi shart.
18-bob. Suv obyektlaridan baliqchilik va ovchilik xo‘jaligi ehtiyojlari hamda yong‘inga qarshi ehtiyojlar uchun foydalanish
98-modda. Suv obyektlaridan baliqchilik va ovchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish
Baliqchilik (shu jumladan sanoat maqsadida baliq ovlash) va baliq yetishtirish, baliq resurslarini hamda boshqa tegishli resurslarni saqlash va urchitib ko‘paytirish maqsadida suv obyektlari yoki ularning qismlari, shuningdek suvni va suv obyektlarini muhofaza qilish chizig‘i uchastkalari baliqchilik xo‘jaligining ehtiyojlari uchun berilishi mumkin.
Yovvoyi hayvonlar va qushlar yashaydigan joy bo‘lib xizmat qiladigan suv obyektlaridan ovchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun ov qilish joylari sifatida foydalanish mumkin.
Davlat qo‘riqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarining, tabiat bog‘larining, davlat biosfera rezervatlarining va muhofaza qilinadigan boshqa tabiiy hududlarning suv obyektlari ov qilish joylariga kirmaydi.
Ov qilish joylari ovchilik xo‘jaligini yuritish uchun yuridik shaxslarga berilishi mumkin.
Suv obyektlaridan baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Suv obyektlaridan ovchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
99-modda. Baliqchilik xo‘jaligi manfaatlarini ko‘zlab suvdan foydalanishni cheklash
Baliqlarning qimmatli turlarini hamda suv bilan bog‘liq boshqa ov qilish obyektlarini saqlab qolish va urchitib ko‘paytirish uchun alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan baliqchilik xo‘jaligining suv havzalarida yoki ularning ayrim uchastkalarida suvdan foydalanuvchilarning huquqlari baliqchilik xo‘jaligi manfaatlarini ko‘zlab cheklanishi mumkin.
Bunday suv havzalarining yoki ular uchastkalarining ro‘yxati hamda suvdan foydalanishni cheklash turlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari hamda suv xo‘jaligi organlari tomonidan belgilanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
100-modda. Baliq zaxiralarini muhofaza qilish va urchitib ko‘paytirish bo‘yicha tadbirlar
Baliqchilik xo‘jaligining suv havzalaridagi gidrotexnika inshootlarini va boshqa inshootlarni ishlatishda baliq zaxiralari muhofaza qilinishini va ularni urchitib ko‘paytirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlovchi tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi kerak.
Baliqchilik xo‘jaligining suv havzalaridagi baliqlar urug‘ tashlaydigan joylarga va ularning qishlov uyalari joylashgan yerlarga tuproq to‘kishga hamda baliq zaxiralarining holatiga va ularni urchitib ko‘paytirish sharoitlariga salbiy ta’sir etuvchi boshqa ishlarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sanoat maqsadlari, sug‘orish va boshqa ehtiyojlar uchun baliqchilik xo‘jaligining suv havzalaridan suv olish faqat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari bilan kelishuvga ko‘ra suv chiqarish inshootlariga baliq tushib qolishi mumkinligini istisno etadigan maxsus moslamalar o‘rnatilishi sharti bilan amalga oshirilishi mumkin.
101-modda. Suv obyektlaridan sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlash uchun foydalanish
Suv havzalarida sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlashga ovchilar va baliqchilarning jamoat birlashmalariga biriktirilgan joylarda ushbu jamiyatlarning ruxsatnomasi asosida bepul yoki haq evaziga ruxsat etiladi, bundan davlat qo‘riqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarining, tabiat bog‘larining hududidagi suv havzalari va muhofaza qilinadigan boshqa tabiiy hududlar mustasno. Suv obyektlari yoki ularning ayrim uchastkalari ovchilar va baliqchilarning jamoat birlashmalariga vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda biriktirilishi mumkin.
Baliqchilik xo‘jaligi tashkilotlariga biriktirilgan tabiiy suv havzalarida, baliqchilik pitomniklarida hamda hovuz xo‘jaliklarida, shuningdek ovchilar va baliqchilarning jamoat birlashmalariga biriktirilgan joylarda sport va havaskorlik yo‘li bilan baliq ovlash ularning ruxsatnomalariga ko‘ra amalga oshiriladi.
102-modda. Baliq yetishtirish uchun sun’iy suv havzalaridan foydalanish
Baliq yetishtirish uchun sun’iy suv havzalaridan foydalanishga qonunchilik talablariga rioya etilganda yo‘l qo‘yiladi.
Sun’iy suv havzalarida baliq yetishtirish uchun foydalanilgan suvlar oqova suvlar toifasiga tenglashtiriladi va ushbu Kodeksda belgilangan tartibda normalashtiriladi.
103-modda. Ovchilik xo‘jaligini yuritishni amalga oshirayotgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarga suvdan foydalanishning imtiyozli huquqlarini berish
Suvda suzuvchi yovvoyi qushlar va qimmatli mo‘ynali hayvonlar maskani bo‘lgan daryolarda, ko‘llarda va boshqa suv obyektlarida ovchilik xo‘jaligini yuritishni amalga oshirayotgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda suvdan kompleks foydalanish talablarini hisobga olgan holda suvdan foydalanishning imtiyozli huquqlari berilishi mumkin.
Foydalanish rejimi suvda suzuvchi yovvoyi qushlarning va qimmatli mo‘ynali hayvonlarning ommaviy yashash joylariga ta’sir ko‘rsatadigan suv omborlarini, boshqa suv obyektlarini hamda suv xo‘jaligi inshootlarini ishlatishda ovchilik xo‘jaligini yuritish manfaatlari hisobga olinishi kerak.
104-modda. Suv obyektlaridan foydalanishni cheklash
O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan qimmatbaho, kamyob va yo‘qolib ketayotgan yovvoyi hayvonlarning yashash joylarida hamda ularning hayvonot dunyosini ko‘paytirish va muhofaza qilish tadbirlari amalga oshirilayotgan ayrim uchastkalarida suv obyektlarining holatini yomonlashtiradigan havaskorlik yo‘li bilan va sanoat maqsadida ov qilish, jismoniy shaxslarning kelishi, xo‘jalik hamda boshqa faoliyat cheklanishi mumkin.
105-modda. Suv obyektlaridan yong‘inga qarshi ehtiyojlar uchun foydalanish
Yong‘inga qarshi ehtiyojlar uchun har qanday suv obyektlaridan suv olishga yo‘l qo‘yiladi.
19-bob. Suv obyektlaridan o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun, shuningdek kema qatnovi ehtiyojlari uchun foydalanish
106-modda. Suv obyektlaridan o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun foydalanish shartlari
Suv obyektlaridan o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari va ko‘kalamzorlashtirish ishlari uchun foydalanish suvdan umumiy hamda maxsus foydalanish tartibida amalga oshiriladi.
O‘rmon fondini, shuningdek o‘rmon fondiga kirmaydigan ko‘p yillik dov-daraxtlarni muhofaza qilish maqsadida sug‘orish tizimini yaratish hamda uning samarali ishlab turishini ta’minlash nazarda tutiladi.
Suvni va suv obyektlarini muhofaza qilish, ularni saqlash maqsadida daryolar, ko‘llar qirg‘oqlari, suv omborlari va boshqa suv obyektlari, suv ta’minoti manbalarini sanitariya jihatdan muhofaza qilish zonalari hamda uning ayrim uchastkalari bo‘ylab ihota daraxtzorlari tashkil etiladi.
107-modda. Suv obyektlaridan o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi
Suv obyektlaridan o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi ushbu Kodeks, o‘rmon to‘g‘risidagi qonunchilik va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
108-modda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suv obyektlaridan foydalanish tartibi va ularni muhofaza qilish choralari
Davlat qo‘riqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarining, tabiat bog‘larining hamda davlat biosfera rezervatlarining, asosan suvda suzuvchi qushlar yashaydigan joy sifatida xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suvli-botqoq yerlarning va muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlarning suv obyektlaridan ularning rejimiga muvofiq baliq ovlash, ov qilish, suv o‘simliklari va organizmlarini yig‘ish uchun foydalanish, shuningdek ushbu suvlarning tabiiy holatini buzadigan boshqa harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Davlat qo‘riqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalarining, tabiat bog‘larining, davlat biosfera rezervatlarining suv obyektlariga oqova suvlarni oqizish taqiqlanadi.
Muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlarning suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga, shuningdek irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirishga ushbu Kodeksda belgilangan talablarga rioya etilgan holda ularning rejimiga muvofiq yo‘l qo‘yiladi.
Ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlari yoki ularning ayrim uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar deb e’lon qilinadi va xo‘jalik maqsadida foydalanishdan chiqariladi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suvlaridan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish rejimini o‘rnatish qonunchilikda belgilanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suv obyektlarini olib qo‘yishga zarur bo‘lgan alohida hollarda qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va vakolatli organlar tomonidan yo‘l qo‘yiladi.
109-modda. Kema qatnaydigan suv obyektlari
Daryolar, ko‘llar, suv omborlari, kanallar birgalikda foydalanadigan suv obyektlaridir, bundan ulardan ushbu maqsadlarda foydalanish to‘la yoki qisman taqiqlangan yoxud ular tanho foydalanishga berilgan hollar mustasno.
Kema qatnovi uchun suv obyektlaridan foydalanish suv xo‘jaligi organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari hamda transport sohasidagi vakolatli organlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Suv obyektlaridan kichik kemalarda (eshkakli va motorli qayiqlarda, katerlarda, yelkanli yaxtalar va shu kabilarda) suzib yurish uchun foydalanishga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kichik kemalardan foydalanish qoidalariga rioya etilgan holda ruxsat beriladi.
20-bob. Suv obyektlaridan oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini oqizish uchun foydalanish
110-modda. Suv obyektlariga oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari
Oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga oqizish suvdan maxsus foydalanish toifasiga kiradi hamda bunga faqat suv obyektlari tarkibidagi ifloslantiruvchi moddalarning belgilangan normalardan oshib ketishiga olib kelmaydigan hollarda hamda suvdan foydalanuvchi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari tomonidan belgilangan darajalargacha yetkazib tozalab berish sharti bilan yo‘l qo‘yiladi.
Agar mazkur talablar buzilayotgan bo‘lsa, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari tomonidan oqova suvlarni oqizish cheklanishi yoki taqiqlanishi kerak. Aholining sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan hollarda ishlab chiqarish va boshqa obyektlardan foydalanish to‘xtatib turilishi kerak.
Suv obyektlariga oqova suvlar oqizilishini nazarda tutuvchi obyektlarni loyihalashtirishda va qurishda ekologiya hamda sanitariya normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi shart.
111-modda. Oqova suvlardan hududlarni ko‘kalamzorlashtirish uchun takroran foydalanish
Oqova suvlardan hududlarni ko‘kalamzorlashtirish uchun takroran foydalanishga ular tozalanganidan keyin, zarur bo‘lgan taqdirda hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lganda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari bilan kelishuvga ko‘ra belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
21-bob. Suv obyektlarining noruda foydali qazilmalaridan foydalanish
112-modda. Suv obyektlarining tubi va qirg‘oqlari o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni amalga oshirish
Suv obyektlarining tubi va qirg‘oqlari o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zan tubini chuqurlashtirish, suv xo‘jaligi, portlatish, burg‘ilash ishlari va boshqa ishlar ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
113-modda. Daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash hamda ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash
Daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash hamda ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari toshqin suvlarini va sel oqimlarini xavfsiz o‘tkazib yuborish, transport infratuzilmasi obyektlarining hamda suv xo‘jaligi obyektlarining xavfsiz ishlashini ta’minlash, shuningdek suv obyektlarining ekologik holatini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladi.
Daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash hamda ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari, shuningdek toshqin suvlari va sel oqimlari xavfsiz o‘tkazib yuborilishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash hamda ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish uchun loyiha hujjatlari atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha vakolatli organ tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi lozim.
Daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash jarayonida qazib olingan qum-shag‘al materiallaridan, birinchi navbatda, qirg‘oqlarni mustahkamlash uchun foydalaniladi. Daryolar va soylar o‘zanlarini tozalash jarayonida qazib olingan hamda qirg‘oqlarni mustahkamlash uchun foydalanilmagan qum-shag‘al materiallari belgilangan tartibda realizatsiya qilinishi (sotilishi) mumkin.
114-modda. Suv obyektlari tubidagi tuproqdan foydalanish
Suv obyektlari tubidan chiqarilgan tuproqdan suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari bilan kelishuvga ko‘ra foydalanilishi mumkin. Bunda suv tubidagi tuproq tarkibida noruda foydali qazilmalar bo‘lmasligi kerak.
V BO‘LIM. SUVNI VA SUV OBYEKTLARINI MUHOFAZA QILISH, SUVNING ZARARLI TA’SIRINING OLDINI OLISH
22-bob. Suvni va suv obyektlarini muhofaza qilish
115-modda. Suvni va suv obyektlarini muhofaza qilish vazifalari
Suv va suv obyektlari aholining sog‘lig‘iga zarar yetkazishi, suv ta’minoti sharoitlarini yomonlashtirishi, shuningdek baliq zaxiralarining kamayishiga va boshqa ko‘ngilsiz hodisalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan, suvning fizikaviy, kimyoviy va biologik xossalari o‘zgarishining, suvning tabiiy tozalanish xususiyati kamayishining, suvning gidrologik va gidrogeologik rejimi buzilishining oldini olish maqsadida bulg‘atish, ifloslantirish va kamayishdan muhofaza qilinishi lozim.
116-modda. Suvni va suv obyektlarini muhofaza qilishni ta’minlash hamda suv rejimini va suvning holatini yaxshilash tadbirlari
Faoliyati suvlarning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etadigan tashkilotlar hamda muassasalar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, suv xo‘jaligi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi organlari hamda boshqa manfaatdor organlar bilan kelishgan holda, texnologik, o‘rmon-melioratsiya, agrotexnika, irrigatsiya, sanitariya-texnika tadbirlarini o‘tkazishi shart.
117-modda. Suvni va suv obyektlarini bulg‘atish hamda ifloslantirishdan muhofaza qilish
Yuridik va jismoniy shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
suv obyektlariga ishlab chiqarish, maishiy va boshqa turdagi tozalanmagan oqova suvlar, chiqitlar hamda chiqindilarni tashlash;
moylarning, yog‘ochning, kimyoviy, neft mahsulotlarining hamda boshqa mahsulotlarning to‘kilib-sochilishi natijasida suvni va suv obyektlarini bulg‘atish va ifloslantirish;
suv to‘planadigan joylarning, muz qoplamasining, suv havzalarining yuzasini sanoatdagi tashlandiq narsalar, maishiy va boshqa chiqitlar, chiqindi hamda tashlandiq chiqitlar, shuningdek yuvilib ketishi yer usti va yer osti suvlarining sifati yomonlashishiga olib keladigan neft va kimyoviy mahsulotlar bilan bulg‘atish hamda ifloslantirish;
suvlarni o‘g‘itlar, zaharli kimyoviy moddalar va boshqa zararli moddalar bilan bulg‘atish;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalari rejimini buzish.
Oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga oqizishga faqat ushbu Kodeksning 110 va 111-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda yo‘l qo‘yiladi.
118-modda. Yer usti suvlarini va yer osti suvlarini kamayishdan muhofaza qilish
Yer usti suvlarining kamayishi deganda yer usti suvlarining muayyan hudud yoki havza doirasidagi yo‘l qo‘yiladigan eng kam miqdoriga, zaxiralariga nisbatan ularning barqaror kamayishi va (yoki) sifati yomonlashishi tushuniladi.
Yer osti suvlarining kamayishi deganda yer osti suvlari konlarining yoki suvli qatlamning muayyan hududi yoki havzasi doirasida yer osti suvlarining o‘zgaruvchan (tabiiy) zaxiralarining barqaror kamayishi va (yoki) sifati yomonlashishi tushuniladi.
Yer osti suvlarining me’yoridan ortiq olinishi hamda suvli qatlamga suvning yetarlicha oqib kelmasligi yoki uning to‘lmasligi, o‘zi quyiladigan artezian quduqlar nazorat qilinmasligi va boshqa sabablar oqibatida foydalaniladigan suvli qatlamning o‘zgaruvchan darajalarining vaqt o‘tgan sayin barqaror hamda jadal kamayishi, shuningdek suvli qatlamlarning ifloslanishi yer osti suvlari kamayishining belgisidir.
Yuridik va jismoniy shaxslar yer usti suvlarini va yer osti suvlarini muhofaza qilish hamda ularning kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rishi shart.
119-modda. Alohida davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlarini muhofaza qilish
Alohida davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlarini muhofaza qilishning huquqiy rejimi ushbu Kodeksda, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
suv obyektlaridagi barqaror suv oqimi, ekologik tizimlarni saqlash va tiklash uchun ekologiya hamda sanitariya maqsadlarida suv chiqarib turilishi ustuvorligini ta’minlash;
suv obyektining ekologik tizimi uchun texnogen yuklama va suv sifati normativlarini belgilash;
suv obyekti akvatoriyasini suv va shamol eroziyasidan, cho‘llanishdan, botqoqlanishdan, ikkilamchi sho‘rlanishdan, ishlab chiqarish va iste’mol chiqindilari hamda boshqa ifloslantiruvchi moddalar bilan ifloslanishdan himoya qilish;
antropogen aralashuv yoki tabiiy ofatlar natijasida buzilgan suv fondi yerlarini rekultivatsiya qilish;
sanitariya-epidemiologik va ekologik vaziyatni saqlash hamda yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy faoliyatning alohida rejimini o‘rnatish;
tabiiy hududlardagi suv obyektlarini saqlashga qaratilgan boshqa tadbirlar.
Alohida davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlarida va ularga tutash hududlarda quyidagilar taqiqlanadi:
suv obyekti havzasining tabiiy ekotizimlari buzilishiga, aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan atrof-muhitning o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan faoliyat;
zararsizlantirish yoki utilizatsiya qilish imkoni bo‘lmagan radioaktiv chiqindilar va mahsulotlarni suvni muhofaza qilish zonalariga olib kirish, ushbu zonalarda saqlash yoki ko‘mish;
qamishni va boshqa o‘simliklarni o‘rish, ularni yoqish, daraxtlarni tomiri bilan sug‘urib olish, baliqlar uvuldiriq tashlaydigan joy sifatida ahamiyatga ega bo‘lgan daryolar o‘zanlariga ishlov berish;
majburiy davlat ekologiya-sanitariya ekspertizasini o‘tkazmasdan, ishlarni bajarish bo‘yicha xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish va xizmatlar ko‘rsatish;
alohida davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlarining holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan boshqa faoliyat.
Suvdan va suv resurslaridan kompleks foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning bosh hamda havza sxemalarini tuzishda alohida davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlarida xo‘jalik faoliyatini tartibga solish rejimining o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinadi.
Alohida davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlarining ro‘yxati va ularda xo‘jalik faoliyatini tartibga solishga doir huquqiy rejimning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
120-modda. Kichik daryolar va soylarni muhofaza qilish
Kichik daryolar va soylardan foydalanish suvdan umumiy yoki maxsus foydalanish tartibida amalga oshiriladi.
Kichik daryolar va soylar suvlarini muhofaza qilish zonalari va mintaqalari doirasida suvdan umumiy foydalanishni hamda xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish tartibi, shuningdek ularning bulg‘alanishi, ifloslanishi va kamayishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, suv xo‘jaligi organlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Sel kelish xavfi bo‘lgan hududlarda suvdan umumiy foydalanish, xo‘jalik faoliyatini va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan ham kelishiladi.
Xo‘jalik faoliyati kichik daryolar va soylarning holati va rejimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan muassasalar, tashkilotlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar suv xo‘jaligi organlari hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari bilan birgalikda suvlilikni, suvning tozaligi va sifatini saqlash tadbirlarini amalga oshirishi kerak.
Kichik daryolar va soylarning suvliligini saqlash maqsadida ushbu daryolar va soylarda quyidagilar taqiqlanadi:
havzaning relyefini o‘zgartirish, qurib borayotgan daryolarning va ular oqimlarining o‘zanlarini buzish, o‘zgartirish;
o‘zanlarni to‘g‘irlash yoki toraytirish, ularning tubini tabiiy sathidan past qilib chuqurlashtirish yoxud ularni suv o‘tkazish inshootlari bilan jihozlamasdan to‘sib qo‘yish;
havzaning tabiiy o‘simliklar qoplamini va serdaraxtligini kamaytirish, qayir yerlarni shudgorlash va bunday yerlarda kimyoviy o‘g‘itlar vositalarini qo‘llash;
yuqori qismidagi botqoqlashgan uchastkalarda va tabiiy yerlarda quritish melioratsiya ishlarini amalga oshirish;
suvliligiga va ulardagi suvning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa faoliyatni amalga oshirish.
Kichik daryolar va soylarning suvini muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning, shuningdek fuqarolarning ushbu zonalar va hududlardagi xo‘jalik faoliyati rejimi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
121-modda. Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari
Xo‘jalik faoliyati yoki tabiiy jarayonlar natijasida insonlar sog‘lig‘iga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga, atrof tabiiy muhitning holatiga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf soladigan o‘zgarishlar sodir bo‘ladigan suv obyektlari, ularning qismlari hamda ularning suv to‘planadigan maydonlari favqulodda ekologik vaziyat yoxud ekologik ofat zonalari deb e’lon qilinishi mumkin.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat zonalari deb tabiat muvozanatining buzilishi, tabiiy ekologik tizimlarning buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan, tabiiy muhitdagi barqaror yoki qaytarilmaydigan o‘zgarishlar sodir bo‘lgan yoki sodir bo‘layotgan hududlar uchastkalari e’lon qilinadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari ekologik ahvol yomonligining yuqoriroq darajasini aks ettiruvchi bitta yoki bir necha asosiy va qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha belgilanadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorlar qonunchilikda belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat va ekologik ofat zonalarida shu vaziyatni (ofatni) keltirib chiqargan ishlar to‘xtatib turiladi, atrof tabiiy muhitga zararli ta’sir etuvchi faoliyat (aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyatdan tashqari) taqiqlanadi, uni tiklash va sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi.
122-modda. Sanitariya va ekologik maqsadlarda suv chiqarish
Sanitariya va ekologik maqsadlarda suv chiqarish suv sifatining normativlariga rioya etilishini, suvdan foydalanishning qulay sharoitlarini, shuningdek suvdan raqobatli foydalanishda hamda suv oqimini boshqarishda suvli-botqoq yerlarning, ko‘llar va sohil bo‘yi zonalarining ekologik tizimlari saqlanishini ta’minlaydi.
Sanitariya va ekologik maqsadlarda suv chiqarish yilning suvliligiga qarab, suv xo‘jaligi balanslari hamda suvdan foydalanish rejalari doirasida belgilanadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari sanitariya va ekologik maqsadlarda suv chiqarishning ko‘rsatkichlari hamda rejimini belgilash uslubiyatini ishlab chiqadi.
23-bob. Yer osti suvlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish
123-modda. Yer osti suvlaridan foydalanish
Yer osti suvlaridan maqsadli foydalanilishi lozim. Guruhli suv olish orqali (bitta inshootda ikki va undan ortiq bir vaqtning o‘zida foydalaniladigan burg‘i quduqlari mavjud bo‘lganda) yer osti chuchuk va tuzi kamroq suvlardan, shuningdek termal va mineral suvlardan foydalanishga tasdiqlangan ishlatilayotgan zaxiralar mavjud bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Yer osti suvlarining zaxiralari O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Yer osti suvlaridan turli ehtiyojlar uchun foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi organlari tomonidan suv xo‘jaligi organlari bilan birgalikda ularning yer usti suvlari bilan o‘zaro bog‘liqligi hisobga olingan holda tartibga solinadi.
Yer osti suvlaridan foydalanish suvdan maxsus foydalanish tartibi va shartlariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak.
124-modda. Yer osti suvlarini muhofaza qilish
Yer osti suvlarini chiqarish va ulardan foydalanish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar suv chiqarish uchastkasida hamda unga tutash hududda ularning rejimi ustidan kuzatuvlar olib borishi, shuningdek foydalanilayotgan suvning miqdori va sifati hisobini yuritishi shart.
Agar foydali qazilmalar konlarini qidirish, ularni o‘rganish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan burg‘ilash hamda boshqa kon-qidiruv ishlarini bajarish chog‘ida yer osti suvlari bor qatlamlar aniqlangan bo‘lsa, bu haqda tog‘-kon sanoati va geologiya organlariga xabar qilinishi hamda belgilangan tartibda yer osti suvlarini muhofaza qilishga doir choralar ko‘rilishi zarur.
Sanoat va boshqa oqova suvlarini oqizish uchun qaziladigan quduqlar suvli qatlamni ifloslantirish manbaiga aylanishi mumkin bo‘lgan barcha hollarda bunday quduqlarni qazish taqiqlanadi.
Yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasi tomonidan berilgan ruxsatnomaga asosan amalga oshiriladi. Bunda har bir quduqni burg‘ilashga O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qa’ridan foydalanish markazi” davlat muassasasi qonunchilikda belgilangan tartibda gidrogeologik xulosani berganidan keyin yo‘l qo‘yiladi. Gidrogeologik xulosani olmasdan turib, quduq burg‘ilash qonunga xilof deb hisoblanadi.
O‘z-o‘zidan suv chiqaradigan va foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan quduqlarga suvni boshqarish uskunalari o‘rnatilishi, ular konservatsiya qilinishi yoki tugatilishi lozim, foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan boshqa quduqlar esa qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilishi lozim.
Yer osti chuchuk suvlari konlari shakllanadigan zonada qattiq va suyuq chiqindilar to‘plagichlarini, chiqindixonalarni o‘rnatishga, faoliyati yer osti suvlarining ifloslanish manbaiga aylanishi mumkin bo‘lgan sanoat, qishloq xo‘jaligi obyektlari va boshqa obyektlar joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yer osti suvlarini muhofaza qilish, shu jumladan quduqlarni kuzatish tarmog‘ini yaratish va ishlab chiqarish monitoringini yuritish tadbirlari faoliyati yer osti suvlarining holatiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
24-bob. Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida, sohil bo‘yi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida ishlarni amalga oshirish
125-modda. Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi mintaqalari, sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari
Suv obyektlarining tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan bulg‘anishi, ifloslanishi, kamayishi va loyqa cho‘kishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, shuningdek qulay suv rejimini saqlash, foydalanish hamda ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil bo‘yi mintaqalari belgilanadi.
Aholining ichimlik, xo‘jalik-maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suvlarni muhofaza qilish maqsadida suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi.
Suv obyektlarining belgilangan maqsadidan, joylashgan o‘rnidan va texnik ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida, sohil bo‘yi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida xo‘jalik faoliyatining maxsus rejimi belgilanadi.
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari tegishli loyihalar asosida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarining, tog‘-kon sanoati va geologiya organlarining, shuningdek suv obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning takliflari bo‘yicha belgilanadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash va ulardan sohil bo‘yi mintaqalarini ajratish, shuningdek sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash va ulardan sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish bo‘yicha loyihalar (bundan buyon matnda loyihalar deb yuritiladi):
tabiiy suv obyektlari bo‘yicha — har bir shunday suv obyekti bo‘yicha alohida;
suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha — qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash loyihalari tarkibida yoki alohida;
aholining ichimlik, xo‘jalik-maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish suv manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari bo‘yicha — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari tomonidan ishlab chiqiladi.
Quyidagilar loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachilar hisoblanadi:
tabiiy yer usti suv obyektlari bo‘yicha — tegishliligi bo‘yicha suv xo‘jaligi, shuningdek ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari;
yer osti suv obyektlari bo‘yicha — tog‘-kon sanoati va geologiya organlari;
suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash loyihalari tarkibida ishlab chiqilganda — mazkur loyihalarning ixtisoslashgan buyurtmachi tashkilotlari;
suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha alohida ishlab chiqilganda — ushbu obyektlardan foydalanuvchi tashkilotlar.
Loyihalar yer tuzish ishlarini amalga oshirish vazifalari zimmasiga yuklatilgan tashkilotlar tomonidan, zarur bo‘lgan taqdirda esa boshqa loyiha tashkilotlarini jalb etgan holda ishlab chiqiladi.
Loyihalar dala tadqiqotlari va topografik izlanishlar, gidrologik, gidrogeologik, muhandislik-geologik, sanitariya-epidemiologik, agrotexnik, tuproq va geobotanik ma’lumotlar asosida, murakkab geologik va gidrogeologik sharoitli suv obyektlari bo‘yicha esa qo‘shimcha ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ushbu Kodeksning 25-bobida nazarda tutilgan talablar asosida ishlab chiqilib, keyinchalik belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish ishlari buyurtmachilarning takliflariga ko‘ra ularning loyiha hujjatlari asosida:
tuman va viloyat ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlari bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar hokimliklarining, Toshkent shahar hokimligining;
transchegaraviy, viloyatlararo va respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan suv obyektlari bo‘yicha, shuningdek respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan kurortlar va sanatoriylarning mineral suv manbalari hamda boshqa davolash vositalari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash, shuningdek ulardan sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish ishlari quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
buyurtmachi tashkilot tomonidan dastlabki bosqichda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarining, qishloq xo‘jaligi organlarining, suv xo‘jaligi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi organlarining, tog‘-kon sanoati va geologiya organlarining tegishli taqdimnomalarini (xulosalarini) olish ta’minlanadi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan loyihani yer tuzish ishlarini bajarish vazifasi zimmasiga yuklatilgan tashkilotlarni shartnoma asosida jalb qilgan holda ishlab chiqish tashkil etiladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan loyiha ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarida, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlarida (suvi ichimlik, xo‘jalik-maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlarida ishlatiladigan obyektlar bo‘yicha), tog‘-kon sanoati va geologiya organlarida (tabiiy yer osti suv obyektlari bo‘yicha), suv xo‘jaligi organlarida (yer usti suv obyektlari bo‘yicha), shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlarda belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkaziladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi hamda belgilangan tartibda, tegishliligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish bo‘yicha kiritilgan takliflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
Yerlarni bir toifadan boshqasiga o‘tkazishni nazarda tutuvchi sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Buyurtmachi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda muhandislik, irrigatsiya-melioratsiya, sanitariya-texnika va boshqa suvni muhofaza qilish tadbirlarini rejalashtirish va amalga oshirish ta’minlanadi.
126-modda. Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil bo‘yi mintaqalari, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti inshootlarining sanitariya muhofazasi zonalari
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil bo‘yi mintaqalari, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti inshootlarining sanitariya muhofazasi zonalari quyidagi normalar bo‘yicha belgilanadi:
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari
T/r
Suv obyektining nomi
Kengligi, metr
1.
Suv omborlari va boshqa suv havzalari bo‘yicha
juda kichik suv omborlarida va boshqa suv havzalarida (sig‘imi 0,1 mlrd. kub metrdan kam bo‘lgan)
50 — 100
kichik suv omborlarida va boshqa suv havzalarida (sig‘imi 0,1 mlrd. kub metrdan 0,5 mlrd. kub metrgacha bo‘lgan)
100 — 150
o‘rtacha suv omborlarida va boshqa suv havzalarida (sig‘imi 0,5 mlrd. kub metrdan 1 mlrd. kub metrgacha bo‘lgan)
150 — 200
katta suv omborlarida va boshqa suv havzalarida (sig‘imi 1 mlrd. kub metrdan 10 mlrd. kub metrgacha bo‘lgan)
200 — 250
2.
Daryolar va qurimaydigan soylar bo‘yicha
juda kichik daryolar va qurimaydigan soylarda(suv sarfi sekundiga 2 kub metrgacha bo‘lgan)
35 — 50
kichik daryolarda (suv sarfi sekundiga 2 kub metrdan 5 kub metrgacha bo‘lgan)
50 — 100
o‘rtacha daryolarda (suv sarfi sekundiga 5 kub metrdan 100 kub metrgacha bo‘lgan)
100 — 300
katta daryolarda (suv sarfi sekundiga 100 kub metrdan ortiq)
300 — 500
3.
Suvi ichimlik, xo‘jalik-maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlari uchun ishlatiladigan kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari bo‘yicha:
suv o‘tkazish qobiliyati sekundiga 50 kub metrdan 100 kub metrgacha bo‘lganda
50 — 70
suv o‘tkazish qobiliyati sekundiga 100 kub metrdan 150 kub metrgacha bo‘lganda
70 — 100
suv o‘tkazish qobiliyati sekundiga 150 kub metrdan ortiq bo‘lganda
100 — 150
Suv obyektlarining sohil bo‘yi mintaqalari
T/r
Suv obyektining nomi
Kengligi, metr
1.
Suv omborlari, daryolar, qurimaydigan soylar va boshqa tabiiy suv oqimlari bo‘yicha
haydaladigan yerlar, ko‘p yillik daraxtzorlar, o‘rmon maydonlari va daraxtzor-changalzorlar uchastkalarida qiyaliklarning tikligida:
3 gradusgacha bo‘lganda
35 — 55
3 gradusdan 8 gradusgacha bo‘lganda
55 — 100
yaylovlar, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yonbag‘irlarning tikligida:
3 gradusgacha bo‘lganda
25 — 35
3 gradusdan ortiq bo‘lganda
35 — 50
2.
Suvi sug‘orish ehtiyojlari va texnik ehtiyojlar uchun foydalaniladigan kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari bo‘yicha (eng yuqori suv sathi bo‘ylab)
chuqurligi 0,75 metrdan — 2 metrgacha bo‘lganda
kamida 5
chuqurligi 2 metrdan — 5 metrgacha bo‘lganda
6,5 — 9
chuqurligi 5 metrdan — 10 metrgacha bo‘lganda
9,5 — 12
temir-beton lotokli sug‘orish tarmoqlari va suv o‘tkazish quvurlari uchun:
bir tarafi bo‘ylab
4,5
ikkinchi tarafidan
1,0
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari
T/r
Obyektning nomi
Kengligi, metr
1.
Sanitariya muhofazasi zonalari (suv olish joyidan):
1.1.
Birinchi mintaqa
1.1.1.
Daryolar va kanallar uchun:
oqim bo‘ylab yuqoriga
kamida 200
oqim bo‘ylab quyiga
kamida 100
suv olish joyiga tutashib ketuvchi sohil bo‘ylab yoz-kuz oylaridagi suv sathi chizig‘idan
kamida 100
qarama-qarshi sohil tomon yo‘nalishda ularning o‘zanlari bo‘ylab:
daryolar va kanallarning kengligi 100 metrdan kam bo‘lganda
50
daryolar va kanallarning kengligi 100 metrdan ko‘p bo‘lganda
kamida 100
1.1.2.
Suv omborlari va ko‘llar bo‘ylab:
akvatoriya bo‘yicha barcha yo‘nalishlarda
kamida 100
suv olish joyiga tutashib ketuvchi sohil bo‘ylab — suv omborida normal ko‘tarilgan suv sathi va ko‘llarda yoz-kuz oylaridagi suv sathi chizig‘idan
kamida 100
1.2.
Ikkinchi mintaqa
1.2.1.
Daryolar va kanallar uchun:
oqim bo‘ylab yuqoriga, shu jumladan irmoqlar — daryo va kanalning kengligi va uzunligi bo‘yicha suv oqimi o‘rtacha tezligidan hamda yoz-kuz mavsumida suv sathining o‘rtacha oylik suv sarfi 95 foiz ta’minlanganda suvning mintaqa chegarasidan suv olish joyigacha oqib kelish vaqtidan kelib chiqqan holda kamida 3 sutka
oqim bo‘ylab quyiga (birinchi mintaqa chegarasidan)
kamida 250
yon tomondagi chegaralar yoz-kuz mavsumidagi suv sathi chizig‘ida
tekis relyef sharoitlarida
500
tog‘li joy uchun daryo yoki kanal tomonga qaragan qiyalikning yuqorisigacha qiyalama nishablikda
750 gacha
tik qiyalikda
1000 gacha
1.2.2.
Suv omborlari va ko‘llar uchun:
akvatoriya bo‘ylab o‘zan bo‘yicha:
kamida 100
yon tomondagi chegaralar:
suv omborida normal ko‘tarilgan suv sathi va ko‘lda yoz-kuz mavsumidagi suv sathi chizig‘idan tekis relyef bo‘lganda
500
tog‘lik relyefda suv ombori yoki ko‘lga qaragan birinchi qiyalikning yuqorisigacha:
qiyalama nishablikda
750 gacha
tik qiyalikda
1000 gacha
1.3.
Uchinchi mintaqa
suv omborlari va ko‘llarning akvatoriyasi bo‘ylab barcha tomonlarga (yon tomondagi chegaralar — suv ayirgich bo‘ylab, biroq daryolar va kanallar yoki suv omborlari va ko‘llardan)
3000 — 5000 gacha
2.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minotining yer osti manbasi sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi chegaralari yakka suv olish joyidan (quduqdan, kon qudug‘idan, suv yig‘gichdan) yoki guruhli suv olishda eng chekkadagi suv olish inshootlaridan boshlab:
2.1.
muhofaza qilingan yer osti suvlaridan foydalanilganda
30
2.2.
yetarlicha muhofaza qilinmagan yer osti suvlaridan foydalanilganda
50
2.3.
infiltratsion suv olish joylarida suv manbalarining yuzasidan
kamida 150
2.4.
yer osti suvlarining zaxiralari:
yopiq turdagi infiltratsion inshootlardan sun’iy ravishda to‘ldirilganda
50
ochiq turdagi inshootlardan to‘ldirilganda
100
2.5.
ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari inshootlari hududi sanitariya muhofazasi zonasi birinchi mintaqasining chegarasi maydonning o‘rab olinishiga mos keladi va quyidagi masofada bo‘lishi kerak:
toza suv sig‘imlari devorlaridan, filtrlardan, kontaktli yoritgichlardan
kamida 30
qolgan inshootlar devorlaridan va xo‘jalik-ichimlik suv ta’minoti tizimlarining suv minoralaridan
kamida 15
2.6.
Suv ta’minoti manbasi sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi mintaqasi tashqarisida joylashgan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari inshootlarining to‘siqlari atrofidagi sanitariya-himoya mintaqasi
kamida 100
3.
Suv tarmog‘i qurilishi tugallanmagan hududda quvurlarni o‘rnatishda sanitariya-himoya mintaqasi
nam tuproqda
kamida 50
quruq tuproqda:
diametri 1000 metrgacha bo‘lganda
kamida 10
diametri 1000 metrdan ortiq bo‘lganda
kamida 20
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil bo‘yi mintaqalari, sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari bilan bog‘liq boshqa qo‘shimcha normalar ushbu Kodeksning 127 — 133-moddalarida belgilanadi.
127-modda. Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalari hamda sohil bo‘yi mintaqalari
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalari ularning butun perimetri bo‘yicha belgilanadi va ularning doirasida sohil bo‘yi mintaqalari ajratiladi.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalari tarkibiga quyidagilar kiradi:
sohillarning 50 yil ichida yuvilishi (o‘pirilishi) prognoz qilinadigan zonalari (yangi qurilish cheklangan zona);
pastliklarni, jarliklarni, soyliklarni, sohil bo‘yi qiyaliklarini va qiyaligi 5 gradusdan yuqori bo‘lgan, nuragan yerlarni o‘z ichiga oluvchi eroziya jihatdan faol zonalar, suv omborlariga va boshqa suv havzalariga bevosita tutashadigan siljuvchi yer uchastkalari;
suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suv sathi eng yuqori darajaga ko‘tarilganda vaqtincha suv bosadigan zonalar;
doimiy suv bosadigan zonalar;
suv omborlarining va boshqa suv havzalarining sohillaridagi ihota daraxtzorlari.
Suvni muhofaza qilish zonasining chegaralari joyning o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda belgilanadi hamda tabiiy va sun’iy chegaralar va yuqoridagi hududlardan tartibsiz oqib tushadigan yer usti suvlarini qisman ushlab qoluvchi va qayta taqsimlovchi to‘siqlar, daryo vodiylari chetlari, soyliklar, yo‘l-transport tarmog‘i va boshqa muhandislik inshootlari bilan birlashadi.
Suv omborlari sig‘imlari suvni muhofaza qilish zonasining ichki chegarasi suv normal ko‘tarilganda uning sathi chizig‘idan, boshqa suv havzalariniki esa suvning o‘rtacha ko‘p yillik sathi chizig‘idan belgilanadi. Suv sathining chizig‘i deganda suv yuzasining suv obyekti o‘zani (qirg‘og‘i) bilan tutashgan chiziq tushuniladi.
Suv omborlari to‘g‘onlarining, suv olish va suv chiqarish hamda boshqa inshootlarning suvni muhofaza qilish zonasi hamda sohil bo‘yi mintaqasining ichki chegarasi ularning chekka konturlaridan (chegaralaridan) belgilanadi.
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil bo‘yi mintaqalari kengligi ushbu Kodeksning 126-moddasiga muvofiq belgilanadi.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalarini hamda sohil bo‘yi mintaqalarini belgilashga doir loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar to‘liq o‘rganilganligi hisobga olingan holda suvni muhofaza qilish zonalari hamda sohil bo‘yi mintaqalari kengligining yuqori chegarasi aniqlashtirilishi mumkin. Bunda suvni muhofaza qilish zonalari hamda sohil bo‘yi mintaqalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
128-modda. Daryolar, qurimaydigan soylar va boshqa tabiiy suv oqimlari bo‘ylab suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash
Suvni muhofaza qilish zonalari ushbu hududlar kimning tasarrufida yoki yerdan foydalanishda bo‘lganidan qat’i nazar, doimiy yoki vaqtinchalik oqimga ega bo‘lgan barcha daryolar va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari bo‘ylab belgilanadi.
Suvni muhofaza qilish zonasiga qayirlar, yer osti suvlari sizib chiqadigan yer uchastkalari, toshqin, sel, qor ko‘chkisi va yer ko‘chkisi hodisalari uchraydigan yer uchastkalari, qayir yuqorisidagi birlamchi terrasalar, o‘zak sohillarining chetlari va tik qiyaliklari, daryo vodiysiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushuvchi soyliklar, jarliklar, sohillarning yuviladigan uchastkalari kiradi.
Daryolar suvni muhofaza qilish zonalarining ichki chegaralari o‘rtacha ko‘p yillik suv sathi chizig‘idan boshlab qabul qilinadi.
Daryolarning va boshqa qurimaydigan suv oqimlarining suvni muhofaza qilish zonalari kengligi geomorfologik, gidrogeologik sharoitlarni hisobga olgan holda, tutash yerlardan foydalanish xususiyatidan hamda o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfidan kelib chiqib, ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan o‘lchamlarda belgilanadi.
Daryoning butun uzunligi bo‘yicha suvni muhofaza qilish zonasining kengligi daryo uzunligining har bir bo‘lagida suv sarfiga qarab belgilanadi.
Daryolarning va boshqa qurimaydigan suv oqimlarining suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar to‘liq o‘rganilganligi hisobga olingan holda, suvni muhofaza qilish zonalari kengligining yuqori chegarasi aniqlashtirilishi mumkin. Bunda suvni muhofaza qilish zonalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
129-modda. Daryolar, qurimaydigan soylar va boshqa tabiiy suv oqimlari bo‘ylab sohil bo‘yi mintaqasi
Daryolarning va boshqa qurimaydigan soylarning suvni muhofaza qilish zonasi doirasida sohil bo‘yi mintaqasi ajratiladi.
Mazkur sohil bo‘yi mintaqasida xo‘jalik faoliyatini yuritish va har qanday turdagi binolar va inshootlarni qurish ishlari taqiqlanadi, bundan suv xo‘jaligi obyektlarini qurish mustasno.
Daryolar va boshqa qurimaydigan soylar sohil bo‘yi mintaqasining kengligi o‘rtacha ko‘p yillik suv sathi chizig‘iga ko‘ra aniqlanadi hamda daryolarda ularga tutashgan yerlarga va sohillar qiyaliklari tikligiga qarab ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan o‘lchamlarda belgilanadi.
Sohil bo‘yi mintaqalari o‘lchamlarining eng katta miqdorlari eng yemiriluvchan (yuviluvchan) tuproqlarga tegishli.
Daryolarning va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlarining sohil bo‘yi mintaqalarini belgilash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar to‘liq o‘rganilganligi hisobga olingan holda, sohillar bo‘yi mintaqalari kengligining yuqori chegarasi aniqlashtirilishi mumkin. Bunda sohillar bo‘yi mintaqalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tog‘ daryolari va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari uchun sohil bo‘yi mintaqasining kengligi har bir aniq holda tutashgan yerlardan foydalanish xususiyati va maqsadlaridan, shuningdek ularning suv holatiga ta’siridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Aholi punktlari doirasida daryolar va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari sohil bo‘yi mintaqalarining o‘lchamlari joyning o‘ziga xos xususiyatlari, shaharsozlik bosh rejasi hisobga olingan, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi organlari, favqulodda vaziyatlar organlari, qurilish organlari, suv xo‘jaligi organlari, qishloq xo‘jaligi, kadastr organlari, gidrometeorologiya organlari va tegishliligi bo‘yicha boshqa vakolatli davlat organlari bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
130-modda. Suvi ichimlik, xo‘jalik-maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlari uchun foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash
Suvlarning holatiga ta’sir ko‘rsatilishining oldini olish maqsadida suvi ichimlik, xo‘jalik-maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlari uchun foydalaniladigan kanallar bo‘ylab suvni muhofaza qilish zonalari belgilanadi, ulardan sohil bo‘yi mintaqasi ajratiladi.
Suvi ichimlik, xo‘jalik-maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlari uchun foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalari kengligi geomorfologik, gidrogeologik sharoitlar, ularga tutash yerlardan foydalanish xususiyati hisobga olingan holda belgilanadi hamda ularning normal suv sathi chizig‘idan ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan o‘lchamlarda qabul qilinadi.
Suvi ichimlik, xo‘jalik-maishiy va davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlarida foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar to‘liq o‘rganilganligi hisobga olingan holda, suvni muhofaza qilish zonalari kengligining yuqori chegaralari aniqlashtirilishi mumkin. Bunda suvni muhofaza qilish zonalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
131-modda. Kanallarning, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo‘yi mintaqalarini belgilash
Suvlari sug‘orish va texnik ehtiyojlar uchun foydalaniladigan suv xo‘jaligi obyektlari, shu jumladan kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari bo‘ylab ulardan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash, shuningdek suv resurslarini oqilona boshqarish va suv hisobini yuritish hamda boshqa tadbirlarni o‘tkazish maqsadida faqat sohil bo‘yi mintaqalari belgilanadi.
Mazkur sohil bo‘yi mintaqasida xo‘jalik faoliyatini yuritish va har qanday turdagi binolar va inshootlarni qurish ishlari taqiqlanadi, bundan suv xo‘jaligi obyektlarini qurish mustasno.
Sohil bo‘yi mintaqalarini belgilashda quyidagilarni ta’minlash nazarda tutilishi zarur:
kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining suvlarini yer usti suv oqimlari bilan ifloslanishidan, ularning o‘zanlarini loyqa bosishdan, sohillar va qiyaliklarning yemirilish va o‘pirilish jarayonlaridan hamda suvlarning holatiga ta’sir etuvchi boshqa harakatlardan himoya qilish;
kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash, suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritish, o‘zanlarni tozalashda chiqqan tuproqni joylashtirish, shuningdek shamol eroziyasiga uchraydigan hududlarda ihota o‘rmonlarini barpo etish.
Kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududlaridan o‘tgan hollarda rekonstruksiya qilishda, ta’mirlashda va tiklashda hosil bo‘lgan tuproqlar ushbu hududlardan texnika yordamida chiqarib tashlanishi lozim hamda tuproq uyumlarini sohil bo‘yi mintaqasiga joylashtirish uchun qo‘shimcha yer maydonlari ajratilmaydi.
Kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari sohil bo‘yi mintaqalarining ichki chegarasi normal suv sathi chizig‘idan belgilanadi. Tashqi chegara kanallardan, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash, suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritish, o‘zanlarni tozalash chog‘ida hosil bo‘lgan tuproqlarni joylashtirish, shuningdek tuproqlarning shamol eroziyasiga qarshi ihota daraxtzorlarini barpo etish maqsadida avtotransport, texnika, mashinalar va mexanizmlar harakatlanishi uchun yo‘lning jihozlanishi hisobga olingan holda, begonalashtirilgan yerlar chegarasi bilan mos kelishi kerak.
Sohil bo‘yi mintaqasining hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari, boshqa suv xo‘jaligi obyektlari uchun ajratiladigan yer uchastkalarining kengligi ularning namunaviy kesimlari asosida, shuningdek ularni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash bo‘yicha loyihalar, ularning haqiqiy holati joyida o‘rganilganligi hisobga olingan holda yer ajratishning amaldagi qoidalariga muvofiq belgilanadi.
Kanallarning, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo‘yi mintaqalari kengligi ushbu Kodeksning 126-moddasiga muvofiq belgilanadi.
Kanallarning, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo‘yi mintaqalarining eng kichik kengligi ularning sohillarida mavjud bo‘lgan va yangidan joylashtiriladigan tuproq ko‘tarmalarini, shuningdek tuproqlarning shamol eroziyasiga qarshi barpo etiladigan ihota o‘rmonlarini va boshqa xususiyatlarni inobatga olib sohil bo‘yi mintaqalarini belgilash bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishda ko‘paytirilishi va aniqlashtirilishi mumkin. Bunda sohil bo‘yi mintaqalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Murakkab geologik va gidrogeologik sharoitlardagi yerlardan o‘tuvchi kanallarning, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xo‘jaligi obyektlarining sohil bo‘yi mintaqalari qo‘shimcha ilmiy-tadqiqot ishlari asosida belgilanadi.
Shaharlar, tumanlar va aholi punktlari doirasidagi kanallarning, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xo‘jaligi obyektlarining sohil bo‘yi mintaqalari o‘lchamlari joydagi aniq sharoitlarni, shaharsozlik bosh rejasini hisobga olgan holda, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, favqulodda vaziyatlar organlari, qurilish organlari, suv xo‘jaligi organlari va boshqa tegishli organlar, shuningdek suv xo‘jaligi inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishuvga ko‘ra belgilanadi.
Kanallarning, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xo‘jaligi obyektlarining sohil bo‘yi mintaqalarini belgilash bo‘yicha loyiha hujjatlarida ko‘rsatilgan hududlar tegishincha suv xo‘jaligidan foydalanuvchi tashkilotlarga va boshqa tashkilotlarga o‘rnatilgan tartibda ajratib beriladi.
132-modda. Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari
Barcha ishlatilayotgan, loyihalashtirilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlarining sanitariya-epidemiologik jihatidan ishonchliligini ta’minlash maqsadida sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari belgilanadi.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimi obyektlari atrofida tegishincha sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari, mineral suvlar va boshqa davolash vositalari atrofida esa sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi va ajratiladi.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti yer usti va yer osti manbalarining suv olish joyidagi sanitariya muhofazasi zonasi quyidagi uch mintaqadan iborat bo‘ladi:
birinchi mintaqa — qat’iy rejimli;
ikkinchi va uchinchi mintaqa — xo‘jalik faoliyati cheklangan rejimli.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minotining yer osti manbasi sanitariya muhofazasi zonasi ikkinchi mintaqasining chegarasi iqlimi o‘zgargan hududlarga va yer osti suvlarining muhofaza qilinganligiga qarab, suv olish joyidan suvning bakteriologik ifloslanishi hamda tog‘ jinslarining suvli qatlami xususiyatlari hisobga olingan holda belgilanadi.
Sanitariya muhofazasi zonasi ikkinchi va uchinchi mintaqasining chegaralari suvning kimyoviy va texnogen ifloslanishi hisobga olingan holda aniqlanadi.
Suv saqlaydigan qatlamning infil’tratsion ta’minotida yer osti manbasi sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi va uchinchi mintaqalari suv ta’minoti yer usti manbasi ikkinchi va uchinchi mintaqalarining chegaralariga muvofiq ravishda qabul qilinishi kerak.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimi inshootlarining (nasos stansiyalarining, suvni tayyorlash stansiyalarining, sig‘imlarning) sanitariya muhofazasi zonasi birinchi mintaqa chegaralaridan va uning atrofidagi sanitariya-himoya mintaqasidan (qo‘riqlash zonasidan) iborat bo‘lishi kerak.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonasi kengligi ushbu Kodeksning 126-moddasiga muvofiq belgilanadi.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari bo‘ylab kengligi eng chekka suv quvurlaridan boshlanadigan sanitariya-himoya mintaqalari belgilanadi.
Imoratlar qurilgan hududda sanitariya-epidemiologiya nazorati, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari bilan kelishuvga ko‘ra, mintaqalar kengligining yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan o‘lchamlarini kamaytirishga yo‘l qo‘yiladi.
133-modda. Davolash-sog‘lomlashtirish maqsadlari uchun foydalaniladigan mineral suvlar manbalarining sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash
Aholining davolash va madaniy-sog‘lomlashtirish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan mineral suvlar manbalari, shifobaxsh balchiqlar konlari, mineral ko‘llar atrofida davolash manbalarining tabiiy fizik va kimyoviy xususiyatlarini saqlash, shuningdek ularni buzilishdan, ifloslanishdan hamda kamayib ketishidan saqlash maqsadida sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi.
Bir yoki bir-biriga bog‘liq bo‘lgan bir necha mineral suvlar konlaridan, aralash cho‘milish joylaridan va boshqa tabiiy davolash vositalardan foydalanilganda ular uchun yagona sanitariya muhofazasi zonasi belgilanishi mumkin.
Sanitariya muhofazasi zonasi uch zonaga bo‘linadi: birinchisi — qat’iy rejimli zona, ikkinchisi — cheklangan rejimli zona va uchinchisi — kuzatuv zonasi.
Birinchi zona mineral suvlar yuzaga chiqadigan va shifobaxsh balchiqlar konlari, mineral ko‘llar, suvidan davolash maqsadlari uchun foydalaniladigan ko‘rfazlar, plyajlar joylashgan joylarni, shuningdek dengizning sohil bo‘yi mintaqasini va plyajlarga tutashuvchi, kengligi kamida 100 metr bo‘lgan hududni qamrab oladi.
Ikkinchi zona quyidagilarni qamrab oladi:
yer usti suvlarining mineral suvlar yuzaga chiqadigan joyga, shifobaxsh balchiqlar konlariga, mineral ko‘llar va ko‘rfazlarga, mineral manbalar hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi mineral va chuchuk suvlar aylanadigan yer yuzasidan uncha chuqur bo‘lmagan joylarga oqishi yuz beradigan hududni;
mineral suvlar va shifobaxsh balchiqlar tabiiy hamda sun’iy ravishda saqlanadigan joylarni;
sanatoriy-kurort tashkilotlari joylashgan hududni, shuningdek loyiha hujjatlariga ko‘ra istirohat bog‘lari, o‘rmon-bog‘lar va boshqa dov-daraxtlar kabi muassasalar barpo etish uchun mo‘ljallangan hududni qamrab oladi.
Uchinchi zona (uning tashqi chegaralari sanitariya muhofazasi zonasining chegaralariga mos keladi) hududning tevaragida joylashgan gidromineral resurslar to‘yinadigan va shakllanadigan barcha joylarni, dov-daraxtlarni, shuningdek sanitariya muhofazasi zonasi uchun belgilangan qoidalarga rioya etmasdan xo‘jalik maqsadlarida foydalanilishi mineral suvlar va shifobaxsh balchiqlar konlarining gidrogeologik rejimiga, sanitariya va landshaft-iqlim sharoitlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga oladi.
134-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarida, sanitariya muhofazasi zonalarida va sohil bo‘yi mintaqalarida xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish rejimi
Suvni muhofaza qilish zonalariga va sanitariya muhofazasi zonalariga kiritilgan yerlar, yerlardan foydalanuvchilardan va ijarachilardan olib qo‘yilmaydi hamda ular tomonidan ushbu Kodeksning 24-bobida belgilangan talablarga rioya etgan holda foydalaniladi, bundan sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalarining yerlari mustasno.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari bilan:
daryolarning va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlarining sohil bo‘yi mintaqalari ekologik, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarga;
suv xo‘jaligi obyektlarining sohil bo‘yi mintaqalari ushbu obyektlardan foydalanishni, ularni rekonstruksiya qilishni, ta’mirlashni va tiklashni, suv resurslarining oqilona boshqarilishini va hisobi yuritilishini ta’minlash, ekologik, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini va boshqa tadbirlarni o‘tkazish, shuningdek yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun ushbu obyektlardan foydalanuvchi tashkilotlarga beriladi.
Kanallarning, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil bo‘yi mintaqalaridagi tuproq uyumlari uchun maydonlar foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishuvga ko‘ra, tuproq uyumlarini olib tashlash va rejalashtirish ishlarini bajarish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek tuproq uyumlaridan qurilish materiallari sifatida foydalanish uchun fermer va dehqon xo‘jaliklariga hamda boshqa tashkilotlarga muddatli (vaqtincha) foydalanishga yoki shartnoma asosida ijaraga berilishi mumkin.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti va mineral suvlar manbalari sanitariya muhofazasi zonalarining birinchi mintaqalari yer uchastkalari bilan birgalikda suv olish inshootlari va boshqa inshootlar qurish uchun ushbu inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlarga belgilangan tartibda foydalanishga beriladi.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining, daryolarning va boshqa tabiiy suv oqimlarining, shuningdek suvi ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti ehtiyojlari uchun foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklariga, begona o‘tlarga qarshi ishlatiladigan zaharli kimyoviy vositalarning har qanday turlarini qo‘llash va ko‘mish;
zaharli kimyoviy vositalar, pestitsidlar, gerbitsidlar va mineral o‘g‘itlar saqlanadigan omborlarni, zaharli kimyoviy vositalar apparatlari to‘ldiriladigan maydonchalarni, aviatsiya-kimyo ishlarini olib borish uchun uchish-qo‘nish polosalarini qurish;
markazlashgan oqova suvlarini chiqarib yuborish tarmoqlari bo‘lmagan yangi turar joy va turizm majmualarini qurish;
oqova suvlarini tozalash inshootlarini va oqova suvlarning turli xil sig‘imlarini (to‘plagichlarini) barpo etish;
yangi dafn etish joylarini joylashtirish, shuningdek mavjud dafn etish joylariga ko‘mish;
chorvachilik va parrandachilik fermalarini qurish, hayvonlar ko‘miladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni ko‘mish joylarini) tashkil etish;
axlatlarni, shu jumladan kimyoviy va radioaktiv moddalarni ishlab chiqarish chiqindilarini joylashtirish, shuningdek sug‘orish uchun suyuq go‘ng ishlatish;
to‘xtash joylarini, yonilg‘i-moylash materiallarini quyish shoxobchalarini, transport vositalariga va boshqa texnikaga texnik xizmat ko‘rsatish, ularni ta’mirlash va yuvish joylarini barpo etish;
qor qoplami ustidan o‘g‘it solish, tarkibida go‘ng bo‘lgan, zararsizlantirilmagan oqova suvlardan o‘g‘itlar sifatida foydalanish, shuningdek tozalanmagan sanoat va xo‘jalik-maishiy oqova suvlarni oqizib yuborish;
chorva mollarini tartibsiz o‘tlatish, ayniqsa jarlik-botqoq tarmog‘ining tarkibiy qismlarida o‘tlatish, yaylovlarni payhon qilish;
daraxtzor va butazorlarni kesish, bundan o‘rmonni parvarishlash uchun kesish va sanitariya jihatidan kesish mustasno.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining, daryolarning va boshqa suv oqimlarining, shuningdek yer osti chuchuk suvlari shakllanadigan hududlarning suvni muhofaza qilish zonalarida suvlarning holatiga ta’sir etuvchi, qurilish, o‘zan tubini chuqurlashtirish, sohillarni himoya qilish va portlatish ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish va suv o‘simliklarini olish, ularni qayta ishlash, quvurlar tarmoqlari, kabellar va boshqa kommunikatsiyalar o‘tkazish, burg‘ilash, qishloq xo‘jaligi ishlari va boshqa ishlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi organlari va yer tuzish organlari, shuningdek tog‘-kon sanoati va geologiya organlari, favqulodda vaziyatlar organlari va suv xo‘jaligi organlari bilan kelishuvga ko‘ra, faqat mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarori bilan amalga oshirilishi kerak.
Suv omborlari va boshqa suv havzalarining tegishli suv sathlari chizig‘idan 2 kilometr masofagacha bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlariga va o‘rmonzorlarga zaharli kimyoviy vositalarni aviatsiya yordamida sepish taqiqlanadi.
Sohil bo‘yi mintaqalari doirasida ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan cheklovlarga qo‘shimcha ravishda quyidagilar taqiqlanadi:
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, suv xo‘jaligi organlari, shuningdek suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishilmagan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish (bundan yosh ko‘chatlar orasiga ekilgan vaqtinchalik ekinlar mustasno);
organik va mineral o‘g‘itlarni saqlash va qo‘llash;
chorva mollarini saqlash va boqish joylarini tashkil etish;
har qanday turdagi doimiy va vaqtinchalik binolar va inshootlarni qurish (bundan suv xo‘jaligi obyektlarini qurish mustasno);
ushbu maqsadlar uchun maxsus ajratilgan joylardan tashqari chodirlar shaharchalarini, qayiqlar prichallarini barpo etish;
mineral o‘g‘itlardan bo‘shagan idishlarni saqlash va yo‘q qilish;
mineral o‘g‘itlarni transportda tashish va sepish uchun foydalanilgan idishlarni, mashinalarni va jihozlarni tozalash va yuvish;
junni, kanop va terini yuvish.
Ushbu moddaning sakkizinchi qismida ko‘rsatilgan qoidalar oqova suvlarini chiqarib yuborish tizimiga yoki filtrlash o‘ralariga ulangan, ilgaridan mavjud bo‘lgan turar joy obyektlariga, ommaviy dam olish hududlariga va turistik majmualarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Daryolar o‘zanlarini o‘zgartirishga, ulardan foydali qazilmalarni qazib olishga va suv obyektlarining holatiga ta’sir qiladigan boshqa ishlarni olib borishga, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarining, suv xo‘jaligi organlarining, tog‘-kon sanoati va geologiya organlarining ruxsatnomasi belgilangan tartibda olinganidan keyin yo‘l qo‘yiladi.
135-modda. Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti yer usti va yer osti manbalarining, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari inshootlarining sanitariya muhofazasi zonasida xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish rejimi
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari inshootlari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
qurilish, bundan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimi inshootlarini qurish mustasno;
turar joy va jamoat binolarini joylashtirish, odamlarning, shu jumladan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimida ishlovchilarning yashashi;
turli maqsadlar uchun mo‘ljallangan quvurlar o‘tkazish, bundan ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimi inshootlariga xizmat ko‘rsatuvchi quvurlar mustasno;
oqova suvlarni yer usti suv manbalariga oqizish, cho‘milish, chorva mollarini sug‘orish va boqish, baliq ovlash, zaharli kimyoviy vositalarni, pestitsidlarni, gerbitsidlarni, mineral va organik o‘g‘itlarni qo‘llash, saqlash va ko‘mish, transport vositalarini yuvish.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari inshootlari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida:
oqova suvlarni tozalash inshootlari birinchi mintaqadan tashqarida joylashtirilgan holda, barcha binolar suvni chiqarib tashlashning eng yaqin tizimiga ulangan bo‘lishi kerak, oqova suvlarini chiqarib yuborish mavjud bo‘lmagan taqdirda, axlatlarni chiqarib tashlashga doir sanitariya talablari hisobga olingan holda suv o‘tmaydigan, axlat tushadigan o‘ralar barpo etilishi kerak;
yer usti suv oqimining birinchi mintaqadan tashqariga chiqarilishi ta’minlanishi kerak;
o‘rmonni sanitariya jihatidan kesishga va uni parvarish qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari inshootlarining sanitariya-himoya mintaqasi doirasida quyidagilar taqiqlanadi:
hududni maishiy chiqindilar, go‘ng, sanoat va qurilish chiqindilari, maishiy oqovalar va boshqalar bilan ifloslantirish;
zaharli kimyoviy moddalarning va mineral o‘g‘itlarning, yonilg‘i-moylash materiallarining omborlarini, to‘plagichlarni, shlam saqlanadigan joylarni hamda ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti manbalarining kimyoviy ifloslanishini yuzaga keltiruvchi boshqa obyektlarni joylashtirish;
hayvonlar, parrandalar va baliqlar ko‘miladigan joylarni, dafn etish joylarini, assenizatsiya va filtrlash dalalarini, sug‘oriladigan yer uchastkalarini, go‘ngxonalarni, silos saqlanadigan chuqurlarni, chorvachilik va parrandachilik tashkilotlarini, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti manbalarining mikroblar bilan ifloslanishini yuzaga keltiruvchi boshqa obyektlarni tashkil etish;
bevosita toshqin xavfi bo‘lgan davrda muzlagan yoki qor bilan qoplangan tuproqqa o‘g‘itlar solish va o‘g‘itlarni aviatsiya yordamida tuproqqa sepishda ularning sochilib ketishiga yo‘l qo‘yish;
qum va shag‘al qazib olish, shuningdek o‘zan tubini chuqurlashtirish ishlarini olib borish;
sanitariya muhofazasi zonalari birinchi mintaqasining tashqi chegarasidan 500 metrgacha bo‘lgan masofada chorva mollarini boqish, shuningdek parrandalar va baliqlarni saqlash.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining uchinchi mintaqasi hududida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari bilan kelishuvga ko‘ra, amaldagi sanitariya normalariga va tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya etilgan holda, xo‘jalik faoliyatining va boshqa faoliyatning yuritilishiga ruxsat beriladi.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlarining sanitariya-himoya mintaqalari zonalarida hojatxonalar, yuvundi o‘ralar, go‘ngxonalar, axlatxonalar hamda tuproqning va yer osti sizot suvlarining ifloslanishiga sharoitlar yaratadigan boshqa inshootlar bo‘lmasligi kerak.
Chiqindixonalar, assenizatsiya va filtrlash dalalari, dafn etish joylari hududida ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlarini qurish, hayvonlar ko‘miladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni ko‘mish joylarini) tashkil etish taqiqlanadi.
Mineral suvlar manbalarining, shifobaxsh balchiqlar konlarining, mineral ko‘llarning sanitariya-muhofaza zonalari doirasida tuproq, suv, havoni ifloslantiruvchi, o‘rmonlarga va boshqa dov-daraxtlarga zarar yetkazuvchi, eroziya jarayonlarining rivojlanishiga olib keluvchi hamda suvning tabiiy davolash xususiyatlariga va hududning sanitariya holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday ishlarni olib borish taqiqlanadi.
Sanitariya muhofazasi zonalarida tabiiy davolash vositalarining zarur darajadagi sanitariya holatini ta’minlovchi, shuningdek davolanish va dam olish uchun qulay sharoitlar yaratuvchi sanitariya-sog‘lomlashtirish tadbirlari hamda boshqa tadbirlar o‘tkaziladi.
Qat’iy rejimli sanitariya muhofazasi zonasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
fuqarolarning tabiiy davolash vositalaridan foydalanish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan holda doimiy yoki vaqtincha yashashi;
binolar va inshootlar qurish, konchilik va tuproq ishlarini amalga oshirish;
manbaning tabiiy davolash xususiyatlariga va hududning sanitariya holatiga zararli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlar.
Cheklangan rejimli sanitariya muhofazasi zonasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
aholining davolanishi va dam olishi bilan bog‘liq bo‘lmagan binolar va inshootlar qurish;
kurortning rivojlanishi va obodonlashtirilishi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan konchilik va boshqa ishlarni bajarish;
shimuvchi quduqlar qurish;
sug‘oriladigan dalalarni va yer osti filtratsiya dalalarini, dafn etish joylarini joylashtirish, hayvonlar ko‘miladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni ko‘mish joylarini) tashkil etish;
o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish uchun zaharli kimyoviy moddalarni qo‘llash;
dov-daraxtlarni kesish (bundan o‘rmonni parvarish qilish uchun kesish va sanitariya maqsadida kesish mustasno) hamda yer uchastkalaridan, o‘rmonzorlardan va suv havzalaridan ularning sifati yomonlashuviga yoki tabiiy davolash vositalarining kamayishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday boshqacha tarzda foydalanish.
Kuzatuv zonasi hududida ekologiya, atrof-muhit muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, shuningdek Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari bilan kelishuvga ko‘ra, tabiiy davolash vositalariga va hududning sanitariya holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan barcha turdagi ishlarga yo‘l qo‘yiladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi organlarining iltimosnomasiga binoan, mahalliy sanitariya-gigiyena sharoitlarini hisobga olgan holda, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari obyektlarining suvni muhofaza qilish zonasida xo‘jalik faoliyatini yuritishga doir qismida qo‘shimcha cheklovlar belgilashi mumkin.
136-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda kelishish tartibi
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Buyurtmachi (ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, tog‘-kon sanoati va geologiya organlari, suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va qayta tiklash loyihalari bo‘yicha ixtisoslashgan buyurtmachi tashkilotlar, suv xo‘jaligi inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar):
loyihani ishlab chiqish uchun topshiriqni rasmiylashtiradi, uni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari (sanitariya muhofazasi zonalari bo‘yicha), qurilish organlari va kadastr organlari (obyekt shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududidan o‘tgan hollarda) bilan kelishadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
zimmasiga yer tuzish ishlarini o‘tkazish vazifalari yuklatilgan tashkilotlar bilan loyihani ishlab chiqishga doir shartnomani belgilangan tartibda rasmiylashtiradi.
Zimmasiga yer tuzish ishlarini o‘tkazish vazifalari yuklatilgan tashkilot:
suv xo‘jaligi obyektlarini, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlarini rivojlantirishni hisobga olgan holda, ulardan foydalanish bo‘yicha amaldagi normativlarga, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yer tuzishning hududiy sxemalari va kompleks dasturlariga, tegishli hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni rejalashtirish bo‘yicha tasdiqlangan hujjatlarning shaharsozlik faoliyatiga hamda mazkur hududlarni va aholi punktlarini qurishga doir qismiga, shuningdek ushbu Kodeks 24-bobining qoidalarga amal qiladi;
suv obyektlari joylashgan yerlarning hamda ularga tutash bo‘lgan, yer osti sizot suvlari sathining pasayishi va ko‘tarilishi zonasi doirasidagi hududlarning zoogeografik, ovchilik xo‘jaligi, geobotanik, tuproq, o‘rmon xo‘jaligi, gidrogeologik xususiyatlarini o‘rganadi;
ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti manbasi akvatoriyasining (suv olish inshooti darvozasidan 2 kilometr yuqori va 2 kilometr quyi o‘lchamda bo‘lgan zonalarning) ixtiologik, baliqchilik xo‘jaligi, gidrogeologik, gidrobiologik, gidrokimyoviy xususiyatlarini o‘rganadi;
sanitariya-epidemiologik vaziyat to‘g‘risidagi, shuningdek flora va faunaning alohida muhofaza etiladigan turlari, suv obyektlari ta’siri zonasida joylashgan tabiat yodgorliklari, qo‘riqxonalar haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi va o‘rganadi;
suv ifloslanishining va bulg‘alanishining oldini olish, qimmatli unumdor yer maydonlarini va hududning mavjud tuzilishini to‘liq saqlab qolish, eroziya jarayonlarini, yerlarning botqoqlanishini va boshqa zararli ta’sirni to‘xtatish hisobga olingan holda, suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda amaldagi normalar va qoidalarni qo‘llash imkoniyatini o‘rganadi va tekshiradi;
suvlarning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi obyektlar ro‘yxatini aniqlaydi;
suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining, shuningdek sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalarining chegaralarini rejali-kartografiya asosiga tushiradi hamda yer uchastkalarining maydonini va yer maydonlarining tarkibini hisobga olgan holda umumiy maydonni aniqlaydi. Rejali-kartografiya asoslarida suvni muhofaza qilish zonasi va unga tutash uchastkalar chegaralarida ilgari turli ehtiyojlar uchun ajratilgan barcha uchastkalar chegaralari ko‘rsatiladi;
suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining o‘lchamlarini asoslovchi, obyektning atrof-muhitga bo‘lgan ta’sir darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni va boshqa texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni tayyorlaydi;
inshootlarni qurish, suvlarning holatiga, hududni obodonlashtirishga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalarni, binolar va inshootlarni yopish yoki buzib tashlash bo‘yicha tadbirlarni va boshqa tadbirlarni ishlab chiqadi.
Buyurtmachi:
ishlab chiqilgan loyihani loyiha tashkiloti bilan birgalikda belgilangan tartibda tegishli tashkilotlarda ekspertizadan o‘tkazadi;
suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash bo‘yicha tegishli takliflarni ishlab chiqadi, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tegishli qarori loyihasini ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, favqulodda vaziyatlar organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining organlari (sanitariya muhofazasi zonalari bo‘yicha), suv xo‘jaligi organlari (yer usti suvlari bo‘yicha), tog‘-kon sanoati va geologiya organlari (yer osti va mineral suvlar bo‘yicha), qurilish organlari va kadastr organlari (obyektlar shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududlaridan o‘tgan taqdirda), shuningdek suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishadi;
kelishilgan taklifni va qaror loyihasini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining ma’qullangan chegaralari (hududlari):
tuman ahamiyatiga ega bo‘lgan kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xo‘jaligi obyektlari, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari bo‘yicha — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi organlarining, suv xo‘jaligi organlarining, shuningdek kadastr organlarining tuman bo‘linmalari bilan;
viloyat (tumanlararo) ahamiyatiga ega bo‘lgan kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xo‘jaligi obyektlari, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari, mineral suvlar manbalari va boshqa suv obyektlari bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi organlarining, suv xo‘jaligi organlarining, shuningdek kadastr organlarining bo‘linmalari bilan;
transchegaraviy, viloyatlararo va alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan suv obyektlari, shuningdek mineral suvlar manbalari va respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylari bo‘yicha — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, sog‘liqni saqlash organlari, suv xo‘jaligi organlari, qurilish organlari, tog‘-kon sanoati va geologiya organlari, yer tuzish organlari, gidrometeorologiya organlari va kadastr organlari bilan kelishiladi.
Baliq ovlash ahamiyatiga ega bo‘lgan obyektlarning suvni muhofaza qilish zonalari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, suv xo‘jaligi organlari hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish organlari bilan kelishiladi.
Daryolar va boshqa qurimaydigan suv oqimlari, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xo‘jaligi obyektlari, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududidan o‘tgan taqdirda, suvni muhofaza qilish zonalarining va sohil bo‘yi mintaqalarining chegaralari qurilish va kadastr organlari bilan kelishiladi.
Mineral suvlar manbalarining hamda mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylarining sanitariya muhofazasi zonalari sog‘liqni saqlash va kasaba uyushmalari organlarining viloyat bo‘linmalari bilan, respublika ahamiyatiga ega bo‘lganlari esa O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining organlari va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining organlari bilan kelishiladi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash bo‘yicha tasdiqlash uchun kiritiladigan materiallar quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari kelishilganligi to‘g‘risida davlat organlarining va boshqa organlarning xulosalarini;
rejali-kartografiya materiallarini.
Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash bo‘yicha materiallar tasdiqlash uchun taqdim etiladigan tegishli davlat organlari hamda tashkilotlari ularni 3 kun ichida ko‘rib chiqadi va ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra o‘zining asosli xulosalarini beradi.
137-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini tasdiqlash tartibi
Suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari:
tuman ahamiyatga ega bo‘lgan kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xo‘jaligi obyektlari, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari bo‘yicha — tuman hokimining qarorlari bilan;
viloyat (tumanlararo) ahamiyatiga ega bo‘lgan daryolar, qurimaydigan soylar, suv omborlari va boshqa suv havzalari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari, ichimlik va xo‘jalik-maishiy suv ta’minoti tizimlari hamda boshqa suv xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan;
transchegaraviy, viloyatlararo va alohida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan suv obyektlari, shuningdek mineral suvlar manbalari hamda respublika ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylari bo‘yicha — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Tarkibiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan toifadagi yerlardan tashkil topgan sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalari kiradigan suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan, tarkibiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan toifadagi yerlardan tashkil topgan sohil bo‘yi va sanitariya-himoya mintaqalari kiradiganlari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining belgilangan tartibda tasdiqlangan chegaralari (hududlari) joyida (naturada) ogohlantiruvchi belgilar bilan belgilanadi.
Loyiha tashkiloti tomonidan har bir suv obyektining suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari hududining pasporti qonunchilikda belgilangan shaklda tayyorlanadi.
Suvni muhofaza qilish zonasi yoki sanitariya muhofazasi zonasi hududining pasportida suv obyektining nomi, belgilangan zonalar (mintaqalar) va ushbu zonalardagi yerlardan foydalanish rejimi ko‘rsatiladi. Pasportga belgilangan zonalar (mintaqalar) chegaralari (hududlari) tasvirlangan kartografik material ilova qilinadi.
Pasport mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari tomonidan imzolanadi hamda xo‘jalik faoliyati rejimiga rioya etilishini nazorat qilish uchun davlat nazorati organlariga va boshqa manfaatdor organlarga yuboriladi.
Yerlardan foydalanish rejimiga, xo‘jalik faoliyatini yuritishga va ushbu Kodeksning 24-bobida nazarda tutilgan boshqa xatti-harakatlarga rioya etish majburiyati suvni muhofaza qilish zonalaridagi yerlardan foydalanuvchi yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning hamda yer ijarachilarining zimmasiga yuklatiladi.
Belgilangan rejimga rioya etilishi ustidan davlat nazorati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Suv xo‘jaligi obyektlari va ularning inshootlari ustidan nazorat, shuningdek ularni muhofaza qilish bo‘yicha bevosita obyektlarning o‘zida zarur chora-tadbirlarni ko‘rish ushbu obyektlar tasarrufida bo‘lgan tashkilotlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
138-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarida suvni va suv obyektlarini ifloslanishdan, bulg‘alanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilishni ta’minlash
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida va ularga tutash hududlarda suvni va suv obyektlarini ifloslanishdan, bulg‘alanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilishni, shuningdek suvlarning holatini va ulardan foydalanish rejimini yaxshilashni ta’minlovchi quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi, jumladan:
sanoat suv ta’minotining suv aylanish tizimlarini, oqova suvlarni tozalash va zararsizlantirish inshootlarini qurishga qaratilgan texnologik chora-tadbirlar;
iqtisodiyot tarmoqlarida oqova suvlar cho‘kindilaridan foydalangan holda utilizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar;
sanoat va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish obyektlarida tozalash hamda zararsizlantirish inshootlarining barqaror ishlashini ta’minlovchi texnologik jarayonlarni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar;
ifloslangan oqova suvlar hosil bo‘lishini istisno etuvchi texnologik jarayonlarni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar;
suv obyektlari sohillarini mustahkamlash, ularni yuvilib ketishdan, botqoqlanishdan muhofaza qilish, shuningdek suv obyektlari suv oqimining tabiiy rejimini barqarorlashtirish va yaxshilashni ta’minlovchi o‘rmon-melioratsiya hamda agrotexnik chora-tadbirlar;
suvdan foydalanish uchun qulay sharoitlar mavjud bo‘lishini ta’minlaydigan suv xo‘jaligi inshootlari qurilishini, shuningdek zarur hollarda daryolar, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari o‘zanlarini, hovuzlar, ko‘llar va suv omborlari tublarini balchiq va cho‘kindilardan tozalashni nazarda tutuvchi irrigatsiya-melioratsiya chora-tadbirlari;
suv obyektlariga oqiziladigan oqova suvlarni yuqumsizlantirishni va zararsizlantirishni, shuningdek xo‘jalik faoliyati uchun egallangan hududlarning sanitariya muhofazasini va obodonlashtirilishini ta’minlovchi sanitariya-texnik chora-tadbirlar;
suvlarning holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan korxonalarni, binolar va inshootlarni suvni muhofaza qilish zonalaridan tashqariga ko‘chirishni yoki ularni yopishni nazarda tutuvchi tashkiliy chora-tadbirlar;
atrof-muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatish uchun ifloslantiruvchi vositalardan foydalanmagan holda ko‘kalamzorlashtirish uchun ko‘chatlar va dov-daraxtlar ekishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar.
Yangi qurilayotgan suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish xarajatlari mazkur suv obyektlarini qurish qiymatiga kiritiladi.
Mavjud suv obyektlarida suvni muhofaza qilish zonalari belgilanishi munosabati bilan hududning ifloslanishini bartaraf etish bo‘yicha ishlab chiqiladigan texnologik va sanitariya-texnik chora-tadbirlar ushbu ifloslanishlarga aybdor bo‘lgan tashkilotlarning, shuningdek fuqarolarning mablag‘lari hisobidan bajariladi.
Irrigatsiya-melioratsiya, agrotexnik va tashkiliy chora-tadbirlar tasarrufida suv obyektlari bo‘lgan tegishli vazirliklar, va idoralarning, shuningdek boshqa tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan bajariladi.
25-bob. Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, tiklash va ishga tushirish
139-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, tiklash va ishga tushirish shartlari
Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, tiklash va ishga tushirishda, yangi texnologik jarayonlarni joriy etishda aholining sog‘lig‘ini saqlash hamda ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlarini birinchi navbatda qanoatlantirish talablariga rioya etgan holda suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish, shuningdek kollektor-drenaj suvlarini va oqova suvlarni chiqarib yuborishning qulay rejimi ta’minlanishi kerak. Bunda suv obyektlaridan olinadigan va ularga qaytariladigan suvni hisobga olishni, suvlarni ifloslanish, bulg‘anish va kamayib ketishdan saqlashni, suvlarning zararli ta’sirining oldini olishni, yerlarning suv bosishini imkon qadar kamaytirishni, yerlarni sho‘rlanishdan, zax bosishdan yoki qaqrab qolishdan muhofaza qilishni, shuningdek qulay tabiiy sharoitlar va landshaftlarni saqlab qolishni ta’minlovchi tadbirlar nazarda tutiladi.
Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari suv obyektlaridan dam olish va sport uchun foydalanish imkoniyatlari hisobga olingan holda tuzilishi kerak.
140-modda. Baliqchilik xo‘jaligi suv havzalarida korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ishga tushirish shartlari
Baliqchilik xo‘jaligi suv havzalarida yangi va rekonstruksiya qilingan korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ishga tushirishda ushbu Kodeks 143-moddasining talablariga rioya etish bilan bir qatorda, baliqlar zaxiralariga, boshqa suv hayvonlariga va o‘simliklarga hamda ularni saqlab qolish, qayta tiklash va ko‘paytirish shartlariga yetkazilayotgan zararning o‘rni qoplanishini ta’minlaydigan tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi kerak.
141-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlar quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, ta’mirlanadigan va tiklanadigan joylarni belgilash
Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlar quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, ta’mirlanadigan va tiklanadigan joylarni belgilash ushbu suv obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar, shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan qonunchilikka muvofiq kelishiladi.
142-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash loyihalarini kelishish hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazish
Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, tog‘-kon sanoati va geologiya organlari hamda boshqa vakolatli organlar bilan kelishib olinishi lozim, shuningdek qonunchilikka muvofiq davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi.
Melioratsiya obyektlarini ta’mirlash va tiklash loyihalari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkaziladi.
Ishlab chiqarish sharoitlariga ko‘ra aylanma suv ta’minotiga va chiqitsiz texnologiyaga o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan sanoat korxonalarining suv bilan to‘xtovsiz ta’minlash tizimlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
143-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni ishga tushirishni taqiqlash
Quyidagilarni ishga tushirish taqiqlanadi:
suvning ifloslanishi va bulg‘anishining oldini oluvchi qurilmalar bilan ta’minlanmagan, shuningdek suvning va suv obyektlarining holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan yangi hamda rekonstruksiya qilingan korxonalar, sexlar, agregatlarni, kommunal obyektlarini va boshqa obyektlarni;
yerlarning suv bosishi, zax bosishi, botqoqlanishi, sho‘rlanishining hamda tuproq eroziyasining oldini oluvchi loyihalarda nazarda tutilgan tadbirlar o‘tkazilguniga qadar sug‘orish va suv bilan ta’minlash tizimlarini, suv omborlari va kanallarni;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq suv qabul qiladigan va boshqa inshootlarni qurib bitkazmay turib, zax qochirish tizimlarini;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq baliqlarni saqlab qolish qurilmalari bo‘lmagan suv olish inshootlarini;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq toshqin suvlarni va baliqlarni o‘tkazib yuboradigan qurilmalari tayyor bo‘lmagan gidrotexnika inshootlarini;
yer osti suv zaxiralari tasdiqlanmagan guruhli suv olish inshootlarini, shuningdek mineral va termal suv quduqlarini;
suvni tartibga solish va hisobga olish vositalari bilan jihozlamay va tegishli hollarda sanitariya muhofazasi zonalarini belgilamay turib, suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduqlarni.
O‘zanni tayyorlashga, shuningdek favqulodda vaziyatlarning oldini olishga va ularning oqibatlarini kamaytirishga doir loyihalarda nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilmaguniga qadar suv omborlarini suv bilan to‘ldirish taqiqlanadi.
144-modda. Suv obyektlaridan o‘tadigan ko‘priklarni, o‘tish yo‘llarini hamda boshqa transport kommunikatsiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va tiklash loyihalarini kelishish
Suv obyektlaridan o‘tadigan ko‘priklarni, o‘tish yo‘llarini va boshqa transport kommunikatsiyalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihalari suv xo‘jaligi, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlari, favqulodda vaziyatlar organlari bilan hamda zarur bo‘lgan hollarda, energetika organlari, arxitektura va qurilish organlari, transport organlari (daryo transportiga oid qismida) bilan kelishib olinishi lozim, shuningdek toshqin suvlarini o‘tkazib yuborishni, suv obyektlaridan foydalanish rejimini, suvlarning ifloslanishi, bulg‘anishi va kamayib ketishi bartaraf etilishini, ularning zararli ta’sirining oldini olishni ta’minlovchi tadbirlar o‘tkazilishini nazarda tutishi kerak.
Suvning va suv obyektlarining holatiga ta’sir etuvchi suv obyektlaridan o‘tadigan ko‘priklarni, o‘tish yo‘llarini hamda boshqa transport kommunikatsiyalarini ta’mirlash va tiklash loyihalari suv xo‘jaligi organlari bilan, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatli organlar bilan kelishib olinishi lozim hamda toshqin suvlarni o‘tkazib yuborishni, suv obyektlaridan foydalanish rejimini, suvlarning bulg‘anishi va ifloslanishi bartaraf etilishini ta’minlovchi tadbirlar o‘tkazilishini nazarda tutishi kerak.
26-bob. Suvning zararli ta’sirining oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish
145-modda. Ekstremal suv tanqisligi va qurg‘oqchilik
Ekstremal suv tanqisligi suv manbasining suvlilik darajasi ko‘p yillik (kamida 30 yil) normaning 50 foizini va undan kam foizni tashkil etadigan davrdir.
Yog‘ingarchilik miqdori normal ravishda qayd etilgan darajalardan kam bo‘lganda yuzaga kelib, yer resurslarining mahsuldorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan gidrologik muvozanatning jiddiy buzilishini keltirib chiqaruvchi tabiiy hodisa qurg‘oqchilikdir.
Ekstremal suv tanqisligining va qurg‘oqchilik xavfining oldini olish maqsadida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli organi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa manfaatdor taraflar bilan birgalikda ularni monitoring qilish va erta ogohlantirish tizimining samarali ishlashini, iqtisodiyot tarmoqlari, aholi guruhlari hamda hududlar bo‘yicha zaiflik va ta’sir ko‘rsatish baholanishini hamda ularga tayyorgarlik ko‘rish va ularning oqibatlarini yumshatish choralari ko‘rilishini nazarda tutuvchi aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Ekstremal suv tanqisligi yuzaga kelgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ekstremal suv tanqisligiga uchragan hududlarda suvdan foydalanishda yangi ustuvorliklarni vaqtincha joriy etish to‘g‘risida maxsus qaror qabul qilishga;
suv resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatning ayrim yoki barcha turlariga nisbatan cheklovlar joriy etishga haqli.
146-modda. Tashkilotlar va muassasalarning suvlarning zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olish hamda uni bartaraf etish bo‘yicha majburiyatlari
Tashkilotlar va muassasalar favqulodda vaziyatlar organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi organlari, suv xo‘jaligi organlari, tog‘-kon sanoati va geologiya organlari hamda boshqa manfaatdor organlar bilan kelishuvga ko‘ra yoki shunga vakolatli bo‘lgan davlat organlarining ko‘rsatmalari bo‘yicha:
suv toshqinlarining, suv bosishi va zax bosishining;
sohillar, himoya dambalari va boshqa inshootlar buzilib ketishining;
yerlarning botqoqlanishi va sho‘rlanishining;
tuproqlar eroziyasining, jarliklar, o‘pirilishlar yuzaga kelishining, sel oqimlarining va suvlarning boshqa zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga doir tadbirlarni o‘tkazishi shart.
147-modda. Suvning zararli ta’sir ko‘rsatishi natijasida yuz beradigan tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga doir chora-tadbirlar
Hududlarda toshqinlar va sel bo‘lganda avariya holatlarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish ishlarini bajarish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashkil etiladi.
Suvning zararli ta’sir ko‘rsatishi natijasida yuz beradigan tabiiy ofatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish ishlariga tezkor rahbarlik qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan zarur hollarda ma’muriy-hududiy birliklarda viloyat va tuman shtablari tashkil etiladi hamda toshqinlarga va sellarga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyalar tuzilib, ularning tarkibiga tegishli tashkilotlar va muassasalarning vakillari kiradi.
148-modda. Suvning zararli ta’sir ko‘rsatishidan muhofaza qilishga, uning zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga va uni bartaraf etishga doir tadbirlarni moliyalashtirish
Suvning zararli ta’sir ko‘rsatishidan muhofaza qilishga, uning zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olish va uni bartaraf etishga doir tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning balansidagi obyektlarda tegishli budjet mablag‘lari hisobidan, suvdan foydalanuvchilarning balansidagi obyektlarda esa ularning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
VI BO‘LIM. SUVDAN VA SUV OBYEKTLARIDAN OQILONA FOYDALANISHNI, ULARNI MUHOFAZA QILISHNI IQTISODIY JIHATDAN RAG‘BATLANTIRISH, SUVGA DOIR DAVLATLARARO MUNOSABATLAR, SUV TO‘G‘RISIDAGI QONUNCHILIKNI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK VA SUVGA DOIR NIZOLARNI HAL ETISH
27-bob. Suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanishni va ularni muhofaza qilishni iqtisodiy jihatdan rag‘batlantirish
149-modda. Suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanishning hamda ularni muhofaza qilishning iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlari
Suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanishning hamda ularni muhofaza qilishni ta’minlashning iqtisodiy chora-tadbirlarida quyidagilar nazarda tutiladi:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq undirish, suv yetkazib berish va ko‘rsatilgan boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lov, suv obyektlarini ifloslantirganlik va ularga zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari;
suvdan foydalanuvchilarga suvni tejashda, suvning hisobini yuritishda, suvni tejaydigan sug‘orish va suvni tozalash texnologiyalarini joriy etishda, suvni muhofaza qilish va tejashda samara beradigan boshqa faoliyatni amalga oshirishda qonunchilikka muvofiq beriladigan soliq, kredit imtiyozlari va boshqa imtiyozlar;
suv yetkazib beruvchi tashkilotlar orasida raqobatni rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish va suvdan foydalanuvchilarga suv yetkazib berish jarayonlariga davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy etish.
Nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z ta’sis hujjatlariga muvofiq suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilishga doir samarali chora-tadbirlar tatbiq etilishini qonunchilikda belgilangan tartibda rag‘batlantirishi mumkin.
150-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar quyidagilardan iborat:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan;
suv yetkazib berish va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovdan;
suv olish kvotalarini boshqa suvdan foydalanuvchilardan sotib olish uchun to‘lovdan (kvotaning bir qismini boshqalarga berishga doir shartnomaga muvofiq);
suvdan limitdan ortiqcha foydalanganlik uchun to‘lovdan (suvdan limitdan ortiqcha foydalanganlik yoki suv yetkazish bo‘yicha majburiyatning bir qismini boshqalarga berishga doir shartnomaga muvofiq);
atrof-muhitni (suvlar va joy relyefini) ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovidan.
Atrof-muhitni ifloslantirganlik, shuningdek suvdan va suv obyektlaridan limitdan ortiqcha (normativdan ortiq) va boshqacha tarzda nooqilona ravishda foydalanganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari yuridik shaxs daromadidan (foydasidan) undiriladi, qolgan barcha to‘lovlar esa yuridik shaxs bo‘lgan suvdan foydalanuvchilar mahsulotining (ishlarining, xizmatlarining) tannarxiga kiritiladi.
Suvdan foydalanganlik uchun to‘lovlar va atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qonunchilikda belgilanadi.
Ichimlik va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlari uchun ichimlik suv ta’minoti korxonalariga suv yetkazib berganlik hamda boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lov undirilmaydi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanganlik uchun to‘lovlarning, suvni va suv obyektlarini ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarining to‘lanishi yuridik hamda jismoniy shaxslarni suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishdan va yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
Yong‘inni o‘chirish ehtiyojlari va favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun foydalanilgan suv hajmi uchun to‘lov undirilmaydi.
151-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni belgilashga, joriy etishga va bekor qilishga, hisoblab chiqarishga hamda to‘lashga doir munosabatlar, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tushumlarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti va foydalanuvchi tashkilotlar (suv yetkazib beruvchi tashkilotlar) budjetlari o‘rtasida taqsimlash har yili qabul qilinadigan navbatdagi yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi Qonunda belgilanadi.
152-modda. Suv yetkazib berganlik va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lov
Suv yetkazib berish xizmatlari va suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari pulli asosda ko‘rsatiladi.
Suv yetkazib berganlik uchun to‘lov suv yetkazib beruvchi tashkilotning xarajatlarini, shu jumladan foydalanishga doir va ma’muriy xarajatlarni, kelajakda suv yetkazib berish infratuzilmasini modernizatsiya qilish xarajatlarini qoplashga, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotning rentabelligini ta’minlashga qaratilgan.
Suv yetkazib berish uchun to‘lovlar Davlat budjeti hisobidan, shuningdek o‘zaro subsidiyalash mexanizmi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Bunda suv yetkazib berish xarajatlari bitta gidrografik zonada barcha suvdan foydalanuvchilar uchun bir xil bo‘lishi kerak.
Suv yetkazib berish xizmatlari va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlarning bazaviy stavkalari quyidagilar hisobga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi:
suv tejashni rag‘batlantirish va tariflarni yetkazib berilgan suv hajmlariga bog‘lash zaruriyati;
mazkur gidrografik zonadagi suvlilik darajasi;
turli hududlardagi suvdan foydalanuvchilar uchun suv yetkazib berish xarajatlaridagi tafovutlar va bitta hudud doirasidagi suvdan foydalanuvchilar uchun tariflarni tenglashtirish;
davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlari.
Suv yetkazib berish xizmatlari va boshqa suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lov undirish tartibi hamda shartlari suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar o‘rtasidagi shartnomalarda belgilanadi.
Suv yetkazib berganlik uchun to‘lov suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tarkibiga qisman yoki to‘liq kiritilishi mumkin.
Suv yetkazib berganlik uchun to‘lovning suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tarkibiga kiritilgan qismida suv yetkazib beruvchi tashkilot yoki soliq organlari tomonidan undiriladi.
153-modda. Suvlarni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari
Suvlarni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari “ifloslantiruvchi to‘laydi” prinsipiga asoslanib, unga muvofiq ifloslantirishni bartaraf etish, cheklash va kamaytirish chora-tadbirlari bilan bog‘liq sarf-xarajatlar kompensatsiya to‘lovlari subyekti tomonidan qoplanadi.
Suv obyektlariga va joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarni normativ va normativdan ortiqcha, avariyali va bir yo‘la chiqarish massasi kompensatsiya to‘lovlari obyektidir.
Suv obyektlariga va joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar kompensatsiya to‘lovlari subyektlaridir.
Kompensatsiya to‘lovlarini hisob-kitob qilish, to‘lovlarni amalga oshirish va tushgan mablag‘lardan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
154-modda. Suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik va autsorsing
Suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat-xususiy sheriklik prinsiplari suv xo‘jaligi tizimining davlat tashkilotlari va xususiy sektor o‘rtasida davlat sektori tomonidan boshqariladigan hamda Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan suv xo‘jaligi infratuzilmasi loyihalarini ishlab chiqishga, realizatsiya qilishga hamda moliyalashtirishga qaratilgan uzoq muddatli shartnomaviy sheriklik munosabatlarini nazarda tutadi.
Quyidagilar (xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning mol-mulkini vaqtincha, doimiy boshqaruvga va boshqa shakllardagi boshqaruvga berish imkoniyati bilan) autsorsingga o‘tkazilishi mumkin:
suv xo‘jaligi obyektlaridan foydalanish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish;
suv xo‘jaligi obyektlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha boshqa xizmatlar.
Suv xo‘jaligi obyektlarini va xizmatlarini autsorsingga o‘tkazish hamda davlat-xususiy sheriklik faqat tanlov (tender) asosida shaffof tartib-taomillarga ko‘ra amalga oshiriladi.
Suv xo‘jaligi obyektlari davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim asosida berilganda, ushbu suv obyektlarini boshqaruvga qabul qilgan xususiy sheriklar o‘zining xizmat ko‘rsatish zonasida:
faoliyat ko‘rsatayotgan barcha suv xo‘jaligi obyektlarini mustaqil boshqaradi;
suv olish limiti va suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning suvdan foydalanuvchilar oldidagi shartnomaviy majburiyatlari doirasida suvdan foydalanuvchilarni belgilangan tartibda suv bilan ta’minlaydi;
suv bo‘yicha to‘liq hisobot va hisobdorlik yuritilishini ta’minlaydi, ushbu jarayonlarga avtomatlashtirilgan tizimni joriy etadi;
o‘zining xizmat ko‘rsatish zonasidagi barcha suv xo‘jaligi obyektlari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishini ta’minlaydi.
155-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sug‘urta qilish
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sug‘urta qilish suv muhitining ifloslanishi, suvlar sifatining yomonlashish hamda suvdan va suv obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa zararli ta’sirlar oqibatida zarar yetkazilgan hollarda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mol-mulki hamda daromadlarini, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini himoya qilish faoliyatidan iborat.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sug‘urta qilishda yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulkiy manfaatlarini himoya qilish ular tomonidan to‘lanadigan sug‘urta mukofotlaridan, shuningdek boshqa mablag‘lardan shakllanadigan pul fondlari hisobidan, sug‘urta shartnomasiga muvofiq va muayyan hodisa (sug‘urta hodisasi) yuz berganda ularga sug‘urta tovonini (sug‘urta to‘lovini) to‘lash orqali amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sug‘urta qilish, qoida tariqasida, ekologiya sug‘urtasi tartibida amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sug‘urta qilish fuqarolik qonunchiligida, tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda, sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikda, ushbu Kodeksda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sug‘urtalashning asosiy maqsadi suvning va suv obyektlarining ifloslanishi, avariyalar, boshqa sug‘urta hodisasi yuzaga kelishi oqibatida uchinchi shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga, mol-mulkiga va (yoki) atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplashdan iboratdir.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sug‘urta qilishning asosiy prinsiplari, obyektlari, subyektlari va tartibi “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilanadi.
156-modda. Suv xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
Suv xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:
suv xo‘jaligi tizimining davlat tashkilotlarini moliyalashtirish;
yangi suv xo‘jaligi inshootlari va tizimlarini qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish uchun moliyaviy resurslarni, shu jumladan davlat kafolati ostidagi qarzlar va investitsiyalarni jalb qilish;
transchegaraviy, respublika, viloyatlararo, tumanlararo va xo‘jaliklararo ahamiyatga ega bo‘lgan suv obyektlaridan, suv xo‘jaligi inshootlaridan va tizimlaridan foydalanish bo‘yicha tadbirlarni O‘zbekiston Respublikasining budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish;
suvdan foydalanuvchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli va uzoq muddatli kreditlar hamda boshqa preferensiyalar berish;
suv xo‘jaligi tizimini qo‘llab-quvvatlashga doir boshqa chora-tadbirlarni qonunchilikka muvofiq amalga oshirish.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi investitsiya siyosati qaytarib berish sharti bilan markazlashgan kreditlar hisobiga suv xo‘jaligini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga, suv xo‘jaligi organlarining shaxsiy mablag‘lari tarmoqni rivojlantirish uchun joylashtirilishini rag‘batlantirishga hamda investitsiyalarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning sarflanishini nazorat qilishga asoslanadi.
28-bob. Suvga doir davlatlararo munosabatlar
157-modda. Suvga doir munosabatlar sohasidagi xalqaro hamkorlikning asosiy prinsiplari va yo‘nalishlari
O‘zbekiston Respublikasi suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiradi.
Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorligining asosiy yo‘nalishlaridir:
O‘zbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro shartnomalarini bajarish;
transchegaraviy suvlardan va suv obyektlaridan, shuningdek atrof-muhitdan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini himoya qilish;
O‘zbekiston Respublikasining suv xavfsizligini ta’minlash hamda mintaqaning suv resurslaridan va davlatlararo suv xo‘jaligi obyektlaridan birgalikda foydalanish masalalari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish;
Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarining balansini ta’minlaydigan, mintaqaning transchegaraviy suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha o‘zaro maqbul mexanizmlarni amalga oshirish.
158-modda. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik mexanizmlari
O‘zbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorligi mexanizmlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
transchegaraviy ta’sir ko‘rsatadigan yoki ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan faoliyatni amalga oshirishda o‘z hududidagi transchegaraviy suvlardan va suv obyektlaridan oqilona hamda adolatli foydalanishni ta’minlash;
transchegaraviy suvlarning ifloslanishi boshqa davlatlarning transchegaraviy suv obyektlariga o‘tishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ifloslanishga yo‘l qo‘ymaslik, uning oldini olish, uni cheklash choralarini ko‘rish;
transchegaraviy ta’sirning oldini olish, uni cheklash va kamaytirish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, iqtisodiy, moliyaviy va texnik chora-tadbirlarni ishlab chiqish, tasdiqlash, birgalikda amalga oshirish;
transchegaraviy ta’sirning oldini olish, uni cheklash va kamaytirish sohasida birgalikda ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa hamkorlik mexanizmlari.
159-modda. Transchegaraviy suv obyektlaridan foydalanishni tartibga solish
O‘zbekiston Respublikasining va Orol dengizi havzasidagi boshqa davlatlarning hududida joylashgan transchegaraviy suv obyektlaridan, shuningdek asosan suvda suzuvchi qushlar yashaydigan suvli-botqoq yerlardan foydalanish, suv xo‘jaligi va suvni muhofaza qilish tadbirlarini o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi transchegaraviy suv obyektlarining O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida tartibga solinmagan qismida suvdan foydalanish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
160-modda. Suvga doir davlatlararo nizolar
O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar o‘rtasidagi suvga doir davlatlararo nizolar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Suvga doir davlatlararo nizolar va kelishmovchiliklar diplomatik kanallar, muzokaralar, o‘zaro maslahatlashuvlar orqali va suvga doir nizoning taraflari uchun maqbul bo‘lgan har qanday boshqa usullarda tezkor ravishda hal etiladi.
29-bob. Suv to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining huquqiy oqibatlari
161-modda. Suv to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Suv to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
162-modda. Davlatning suvga bo‘lgan egalik huquqini buzadigan bitimlarning haqiqiy emasligi
Davlatning suvga bo‘lgan egalik huquqini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki yashirin shaklda buzadigan bitimlar haqiqiy emasdir.
163-modda. O‘zboshimchalik bilan egallab olingan suv obyektlarini qaytarish
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan suv obyektlari egalik qiluvchiga ulardan qonunga xilof ravishda foydalanish vaqtida amalga oshirilgan xarajatlarning o‘rni qoplanmagan holda qaytariladi.
Qonunga xilof ravishda foydalanish davrida suv obyektlariga zarar yetkazilgan taqdirda, suv obyektini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxs yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shart.
164-modda. Suv olish tartibini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar
Qishloq xo‘jaligi, baliq xo‘jaligi, sanoat, energetika va xo‘jalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olish tartibi yuridik shaxslar tomonidan buzilgan taqdirda, ularga nisbatan quyidagi miqdorlarda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi:
suvdan foydalanuvchilar belgilangan limitdan ortiq olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida;
suvdan foydalanuvchilar suv olish shartnomalari tuzilmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida;
suvdan foydalanuvchilar suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida;
suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomasiz olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 40 foizi miqdorida;
suv xo‘jaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar o‘zboshimchalik bilan olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida.
Suv olish tartibining buzilishi moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilganda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar besh baravar miqdorda qo‘llaniladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qo‘llaniladi, bundan yuridik shaxslar tomonidan moliyaviy sanksiyalar summasi bir oylik muddatda ixtiyoriy ravishda to‘langan hollar mustasno.
165-modda. Nizolarni hal etish
Suvdan va suv obyektlaridan, suv xo‘jaligi obyektlaridan, shuningdek suv fondi yerlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 03/25/1076/0672-son)