toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 21-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 7-oktabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va amal qilish sohasi
Ushbu Qonunning maqsadi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi koʻchmas mulkning quyidagi turlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etiladi:
yer uchastkalariga;
binolarga, inshootlarga, shu jumladan qurilishi tugallanmagan obyektlarga;
koʻp yillik dov-daraxtlarga;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-avgustdagi 424-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
mulkiy majmua sifatidagi korxonaga.
Ushbu Qonunning amal qilishi yer osti boyliklariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-apreldagi PQ-4270-sonli “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 84-moddasi, Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-avgustdagi 424-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
identifikatsiya qilishga oid maʼlumotlar — jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan kuni, oyi, yili, shaxsiy identifikatsiya raqami, fuqaroligi, yashash joyi; yuridik shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning toʻliq nomi, davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik raqami va sanasi, yakka tartibdagi tadbirkorning tugʻilgan kuni, oyi, yili, soliq toʻlovchi boʻlgan yuridik shaxsning yoxud yakka tartibdagi tadbirkorning identifikatsiya raqami, yuridik shaxs joylashgan yerining yoki yakka tartibdagi tadbirkor yashash joyining manzili;
kadastr pasporti — koʻchmas mulk obyekti toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlarni va obyektning kadastr raqamini oʻz ichiga olgan elektron hujjat;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni birlamchi davlat roʻyxatidan oʻtkazish — davlat reyestriga koʻchmas mulkning yuzaga kelishi (shakllantirilishi) jarayonida, shuningdek mavjud boʻlgan (shakllantirilgan), oʻziga oid huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi birinchi yozuvni kiritish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish — yuridik va jismoniy shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlari yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga oʻtganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi faktini davlat tomonidan tan olish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning cheklanishi — bitimlarda, qonunchilik hujjatlarida belgilanadigan yoki vakolatli organ tomonidan belgilanadigan, koʻchmas mulkka egalik qilish, undan foydalanish yoki uni tasarruf etish imkonini cheklaydigan shartlar, shuningdek koʻchmas mulkning mulkdori boʻlmagan shaxslarning (garovga oluvchilarning, ijarachilarning, kreditorlarning va boshqalarning) ushbu koʻchmas mulkka boʻlgan mulkiy huquqlari;
koʻchmas mulkni texnik inventarizatsiyadan oʻtkazish — koʻchmas mulkni tekshirish natijalari asosida koʻchmas mulkning mavjudligi, joylashgan yeri, tarkibi, maydoni, holati, qiymati va boshqa tavsiflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, aniqlash hamda ularga ishlov berish;
obyektning kadastr raqami — yer uchastkasining, binoning yoki inshootning Oʻzbekiston Respublikasi hududida takrorlanmaydigan oʻziga xos raqami boʻlib, ushbu raqam koʻchmas mulkni shakllantirish chogʻida beriladi va uning roʻyxatdan oʻtkazilgan huquqning yagona obyekti sifatida mavjud boʻlishi davrida saqlanib turadi;
huquqni belgilovchi hujjatlar — koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning yuzaga kelishini, boshqa shaxsga oʻtishini, cheklanishi va bekor qilinishini belgilovchi hujjatlar;
huquq egasi — koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish asosida ushbu koʻchmas mulkka doir huquqqa ega boʻlgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxs.
4-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning asosiy prinsiplari
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning majburiyligi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning ustuvorligi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligi;
taqqoslanuvchanlik va muvofiqlik.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etgan holda amalga oshirilishi kerak.
6-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishning majburiyligi prinsipi
Koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlar yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga oʻtganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
7-modda. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning ustuvorligi prinsipi
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha organda birinchi boʻlib davlat roʻyxatidan oʻtkazish huquqi ustuvordir.
8-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligi prinsipi
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish natijalari hamma uchun ochiqdir, bundan davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar mustasno.
9-modda. Taqqoslanuvchanlik va muvofiqlik prinsipi
Davlat reyestriga kiritiladigan maʼlumotlar koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlardagi maʼlumotlar bilan taqqoslanuvchan va ularga muvofiq boʻlishi kerak.
10-modda. Davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va cheklovlar
Koʻchmas mulkka boʻlgan quyidagi huquqlar yoki cheklovlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim:
mulk huquqi;
doimiy egalik qilish huquqi;
doimiy foydalanish huquqi;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi;
Oldingi tahrirga qarang.
ijara huquqi, shu jumladan ijaraga olingan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) natijasida yuzaga keladigan ijara huquqi;
(10-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 9-oktabrdagi OʻRQ-973-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/973/0800-son)
ikkilamchi ijara huquqi;
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 10-modda birinchi qismi sakkizinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
operativ boshqarish huquqi;
koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi;
bepul foydalanish huquqi;
renta;
ipoteka;
servitut;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarga nisbatan qonundan kelib chiqadigan yoki vakolatli davlat organlari tomonidan qoʻyilgan (belgilangan) cheklovlar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining II boʻlimi.
11-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ketma-ketligi
Binolarga, inshootlarga, shuningdek qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ushbu koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
Binoning bir qismiga (kvartiralarga, xonalarga) boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ular joylashgan binoga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
Mulkiy majmua sifatida butun korxonaga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bu korxona tarkibiga kiradigan yer uchastkalariga, binolarga va inshootlarga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq boshqa shaxslarga oʻtganligini, cheklanganligini va bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishli huquq yuzaga kelganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaguniga qadar amalga oshirilmaydi.
12-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bekor qilish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish komissiyasi tomonidan (bundan buyon matnda Komissiya deb yuritiladi) yoki sudning qaroriga koʻra bekor qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-avgustdagi 426-sonli qarori bilan tasdiqlangn Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
2-bob. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi davlat boshqaruvi
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun haq miqdorini belgilaydi;
davlat reyestridan koʻchirmalarning shakllarini tasdiqlaydi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi;
kadastr raqamlarini berish tartibini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida koʻchmas mulk manzillarini berishning, oʻzgartirishning, ularning amal qilishini tugatishning yagona tartibini belgilaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va oʻz vakolatlari doirasida ularni tasdiqlaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha organlar faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha organlarning hisobdorligi qoidalarini va tartibini belgilaydi;
koʻchmas mulkni texnik inventarizatsiyadan oʻtkazishni tayinlash asoslarini va koʻchmas mulkni texnik inventarizatsiyadan oʻtkazish tartibini tasdiqlaydi;
monopol boʻlmagan kadastr ishlarining turlariga doir bazaviy tariflarni belgilaydi;
bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi, roʻyxatdan oʻtkazuvchi lavozimlariga tanlov oʻtkazish tartibini belgilaydi;
davlat reyestridagi maʼlumotlarni taqdim etish, davlat reyestriga oʻzgartishlar kiritish va undagi yozuvni bekor qilish tartibini tasdiqlaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini monitoring qilish tartibini belgilaydi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchining kasb odobi qoidalarini tasdiqlaydi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-fevraldagi 66-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi toʻgʻrisidagi nizom.
15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalarining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha organdir (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ deb yuritiladi).
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni tashkil etadi va amalga oshiradi;
davlat reyestrini yuritadi, davlat reyestridagi axborotni ruxsatsiz foydalanilishdan, oʻgʻirlanishdan va yoʻq qilinishdan himoya qiladi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir ishlarning yuritilishi qoidalarini tasdiqlaydi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organlarning bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi, roʻyxatdan oʻtkazuvchi lavozimlarini egallash uchun tanlovlar oʻtkazadi, roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning reyestrini yuritadi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchilar uchun koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish masalalari boʻyicha uslubiy koʻrsatmalar ishlab chiqadi va ularga uslubiy yordam koʻrsatadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi murojaatlarini koʻrib chiqadi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish monitoringini amalga oshiradi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish monitoringi natijasida aniqlangan qonunchilik talablariga rioya etilmagan hollarda Komissiyaga murojaat qiladi, Komissiyaning qaroridan norozi boʻlgan taqdirda esa manfaatdor shaxslarning yoki koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchilarning murojaatlarini koʻrib chiquvchi kollegial organga (bundan buyon matnda Apellyatsiya komissiyasi deb yuritiladi) murojaat qiladi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi axborotni toʻplaydi, tahlil qiladi va umumlashtiradi;
davlat reyestrining jamlanma koʻrsatkichlarini toʻplaydi, tahlil qiladi, umumlashtiradi va har yili ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16-modda. Vositachilar
Vositachilar jismoniy va yuridik shaxslarga koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha xizmatlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ bilan elektron axborot almashish orqali koʻrsatadi.
Vositachilar quyidagilardan iborat:
davlat xizmatlari markazlari;
notarial idoralar, notariuslar;
rieltorlik tashkilotlari;
tijorat banklari;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ham vositachilar sifatida belgilanishi mumkin.
Vositachilar quyidagi xizmatlarni koʻrsatishi mumkin:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, davlat reyestridagi maʼlumotlarni va hujjatlarni berish toʻgʻrisida arizalar tayyorlash;
keyinchalik roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga topshirish uchun jismoniy yoki yuridik shaxslardan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, davlat reyestriga oʻzgartishlar kiritish, davlat reyestridan olinadigan maʼlumotlarni va hujjatlarni taqdim etish uchun hujjatlarni qabul qilish;
vositachilarga taqdim etiladigan qogʻozdagi hujjatlarning elektron koʻchirma nusxalarini tayyorlash;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga elektron hujjatlarni va maʼlumotlarni yuborish.
Vositachilar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yuboriladigan elektron hujjatlarning va maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun javobgar boʻladi.
3-bob. Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildini tayyorlash
17-modda. Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildini shakllantirish uchun asoslar
Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildini shakllantirish uchun quyidagilar asos boʻladi:
yer uchastkalarining berilganligi (realizatsiya qilinganligi);
binoning, inshootning qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi;
belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasida qurilishi tugallanmagan obyektning mavjudligi;
koʻchmas mulkning boʻlinganligi;
koʻchmas mulkning birlashtirilganligi.
Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra ham shakllantirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-avgustdagi 424-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
18-modda. Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildiga va kadastr pasportiga oʻzgartishlar kiritish uchun asoslar
Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildiga va kadastr pasportiga oʻzgartishlar kiritish uchun quyidagilar asos boʻladi:
yer uchastkasining chegarasi oʻzgarganligi (chiziqlarning uzunligi, yer uchastkasining burilish nuqtalari soni yoki uning chegarasining burilish burchaklari oʻzgarganligi, bunda kadastr raqami va yer uchastkasining moʻljallangan maqsadi oʻzgarmaydi);
binoning, inshootning yuqori qavati, uyga tutash qism, alohida joy qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi;
binoning, inshootning qayta qurilganligi va foydalanishga topshirilganligi;
binoning, inshootning, qurilishi tugallanmagan obyektning bir qismi buzilganligi (vayron boʻlganligi) yoki yoʻq qilinganligi;
koʻchmas mulkning moʻljallangan maqsadi oʻzgarganligi;
qurilishi tugallanmagan obyektning qurilishi tugallanganligi va foydalanishga topshirilganligi.
Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildiga va kadastr pasportiga oʻzgartishlar kiritish qonunchilikka muvofiq boshqa asoslarda ham amalga oshirilishi mumkin.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq turi yoki huquq egasi oʻzgarganda kadastr pasporti oʻzgartirilmaydi. Koʻchmas mulkning bir qismi boshqa shaxsga oʻtkazilganda yoki unga oʻzgartishlar kiritilganda (rekonstruksiya qilish, qoʻshimcha imorat qurish va (yoki) alohida imorat qurish), koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi shakllantirilganidan va kadastr pasporti berilganidan keyin amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
19-modda. Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildini tugatish va arxivlashtirish uchun asoslar
Kadastr yigʻmajildini tugatish va arxivlashtirish uchun quyidagilar asos boʻladi:
yer uchastkasining jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilganligi;
koʻchmas mulkning boʻlinganligi;
koʻchmas mulkning birlashtirilganligi.
Koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildini tugatish va arxivlashtirish qonunchilikka muvofiq boshqa asoslar boʻyicha ham amalga oshirilishi mumkin.
4-bob. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid faoliyatni tashkil etish
20-modda. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning faoliyatini moliyalashtirish manbalari
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun qonunchilikda belgilangan miqdorda haq undiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-iyuldagi 186-son “Davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari narxlarini belgilashda tabaqalashtirilgan yondashuv tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning faoliyati koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik, axborot taqdim etganlik va ular bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirganlik uchun toʻlovlar tarzida kelib tushadigan mablagʻlar, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
21-modda. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilar va bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchilar
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish roʻyxatdan oʻtkazuvchi yoki bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan davlat reyestriga yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Qonunda belgilangan tartibda qabul qiladi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ularning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida tahlil qiladi;
hujjatlarni koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildiga kiritadi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan axborotni va hujjatlarni axborot-kommunikatsiya tizimlari vositasida davlat organlaridan, boshqa tashkilotlardan va vositachilardan oladi;
hujjatlarning koʻchirma nusxalarini va ulardan koʻchirmalarni tayyorlaydi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan belgilangan hollarda va tartibda koʻchmas mulkning texnik inventarizatsiyasini hamda tavsiflari tekshirilishini tayinlaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni ushbu Qonun 43-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda toʻxtatib turadi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni ushbu Qonunning 44-moddasida nazarda tutilgan hollarda rad etadi;
davlat reyestriga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritadi;
davlat reyestriga kiritilgan yozuvlarni ushbu Qonunning 27-moddasiga muvofiq bekor qiladi.
Bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab oʻtilgan harakatlardan tashqari quyidagilarni amalga oshiradi:
korxonaga boʻlgan huquqni mulkiy majmua sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazishni;
Oʻzbekiston Respublikasining ikki yoki undan ortiq maʼmuriy-hududiy birligida joylashgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni.
Bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizani va kadastr hujjatlarini koʻrib chiqadi, ularni davlat reyestrida mavjud boʻlgan axborot va maʼlumotlar bilan taqqoslaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asoslar mavjudligini aniqlaydi;
umumiy koʻchmas mulk ishtirokchilarining sonini va ularning ulushlari miqdorini aniqlaydi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga monelik qiluvchi omillarni, bu koʻchmas mulkni garovga berish yoki boshqa shaxsga oʻtkazish uchun cheklovlar mavjudligini davlat reyestridagi maʼlumotlar vositasida aniqlaydi;
ayni bir koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida boshqa shaxslarning arizalari mavjudligini aniqlaydi.
Agar manfaatdor shaxs roʻyxatdan oʻtkazuvchining yoki bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchining harakatlari (harakatsizligi) natijasida oʻzining huquqlari buzilgan deb hisoblasa, u roʻyxatdan oʻtkazuvchining yoki bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchining harakatlari (harakatsizligi) ustidan Komissiyaga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 84-moddasining 5-qismi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi II boʻlimi 2-kichik boʻlimi.
22-modda. Roʻyxatdan oʻtkazuvchilar yoki bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchilar faoliyatining oʻziga xos xususiyatlari
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi yoki bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi:
tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha uchinchi shaxslarning ishonchli vakili boʻlish;
jismoniy va yuridik shaxslarga haq olish evaziga yordam berish yoki vositachilik qilish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni oʻz nomiga, oʻzining yaqin qarindoshlari nomiga, shuningdek davlat roʻyxatidan oʻtkazish natijalaridan shaxsan manfaatdor boʻlgan holatda davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega emas.
5-bob. Davlat reyestrini yuritish
23-modda. Davlat reyestrining mazmuni va uni yuritish
Davlat reyestri koʻchmas mulk, unga boʻlgan huquqlar, shuningdek huquq egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning elektron bazasi tarzidagi tizimlashtirilgan maʼlumotlar toʻplamidan iboratdir.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning yuzaga kelishini, boshqa shaxsga oʻtishini, cheklanishini va bekor qilinishini nazarda tutuvchi hujjatlar ushbu koʻchmas mulk haqidagi maʼlumotlar davlat reyestriga kiritilganidan keyin kuchga kiradi.
Davlat reyestriga quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
davlat reyestridagi yozuvning tartib raqami;
koʻchmas mulkka doir huquqlar tegishli boʻlgan soliq toʻlovchi yuridik shaxsning nomi va identifikatsiya raqami yoki jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda shaxsiy identifikatsiya raqami;
huquq egasining ulushi;
yer uchastkasining kadastr raqami, maydoni, joylashgan yeri, huquq turi, kadastr qiymati;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni belgilovchi hujjatlar;
yer uchastkasining moʻljallangan maqsadi;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning cheklanishi;
servitutlar;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 173-moddasi.
binolarning, inshootlarning, koʻp yillik dov-daraxtlar turlarining va sonining roʻyxati;
binoning, inshootning kadastr raqami, maydoni, huquq turi va kadastr qiymati;
binolarga, inshootlarga va koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan huquqni belgilovchi hujjatlar;
binolarga, inshootlarga va koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan huquqlarning cheklanishi;
ipoteka toʻgʻrisidagi axborot;
mulkiy majmua sifatidagi korxona tarkibidagi uning faoliyati uchun moʻljallangan barcha mol-mulkning turlari, shu jumladan yer uchastkalari, binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, jihozlar, xom ashyo, mahsulot, talab qilish huquqi, qarzlar, shuningdek korxonani, uning mahsulotini, ishlarni va xizmatlarni individuallashtiruvchi oʻziga xos belgilarga (firma nomiga, tovar belgilariga, xizmat koʻrsatish belgilariga) boʻlgan huquqlar va boshqa mutlaq huquqlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga oʻtganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kun, oy, yil.
Davlat reyestri davlat tilida, elektron shaklda yuritiladi.
24-modda. Davlat reyestri maʼlumotlarining but saqlanishini taʼminlash
Davlat reyestriga kiritilgan maʼlumotlar va ularga kiritiladigan oʻzgartishlar davlat reyestrida doimiy ravishda saqlanishi lozim va ularning yoʻq qilinishiga yoki olib qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat reyestri roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning maʼlumotlarga ishlov berish markazida saqlanadi.
25-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir ish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir ish (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish deb yuritiladi) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga oid maʼlumotlarning elektron jamlanmasidan iboratdir.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish elektron axborot tizimida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni birlamchi davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida ochiladi, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganda esa yopiladi.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish oʻz raqamiga ega boʻladi.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish hujjatlarning roʻyxatini oʻz ichiga oladi. Roʻyxat yozuvlar ketma-ketligi tartibida shakllantiriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ishga kiritilgan hujjatlarning olib qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish davlat tilida, elektron shaklda yuritiladi.
26-modda. Davlat reyestriga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish
Davlat reyestriga oʻzgartish va qoʻshimchalar quyidagilar asosida kiritiladi:
davlat reyestridagi tuzatilishi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning yuzaga kelishiga, boshqa shaxsga oʻtishiga, cheklanishiga yoki bekor qilinishiga olib kelmaydigan, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish holatining oʻzgarishiga olib kelmaydigan xatoni (bundan buyon matnda texnik xato deb yuritiladi) tuzatish yuzasidan huquq egasining yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchining tashabbuslari;
davlat reyestridagi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar cheklanishiga, boshqa shaxsga oʻtishiga yoki bekor qilinishiga yoxud manfaatdor shaxslarning huquqlariga zarar yetishiga, koʻchmas mulkka boʻlgan, bartaraf etilishi lozim boʻlgan huquqning yuzaga kelishiga olib kelgan xatoni (bundan buyon matnda texnik tusga ega boʻlmagan xato deb yuritiladi) tuzatish toʻgʻrisida Komissiyaning yoki sudning qarori;
huquq egalarining identifikatsiya maʼlumotlari, shuningdek geografik obyektlarning nomlari, binolarning, inshootlarning tartib raqamlari oʻzgarganligi haqidagi davlat organlari va tashkilotlarning tegishli maʼlumotnomalari hamda ularga ilova qilinadigan hujjatlar;
yuridik shaxs qoʻshib yuborilganligini, qoʻshib olinganligini, boʻlinganligini, ajratib chiqarilganligini, tugatilganligini, uning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgartirilganligini roʻyxatdan oʻtkazgan davlat organining maʼlumotlari (tugatish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga muassislarning tugatish paytidagi ulushlari koʻrsatilgan roʻyxat ilova qilinadi).
Agar oʻzgartishlar kiritish koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatlarga oʻzgartishlar kiritilishi bilan bogʻliq boʻlsa, bu hujjatning elektron koʻchirma nusxasi roʻyxatdan oʻtkazishga doir ishga qoʻshib qoʻyilishi kerak.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan yoʻl qoʻyilgan xatolarni, texnik xatolarni tuzatish, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan berilgan, bunday xatolar mavjud boʻlgan hujjatlarni almashtirish bepul amalga oshiriladi.
27-modda. Davlat reyestridagi yozuvni bekor qilish
Davlat reyestriga kiritilgan yozuvlar Komissiyaning yoki sudning qaroriga koʻra bekor qilinadi.
Texnik xatoni tuzatish natijasida davlat reyestriga kiritilgan oʻzgartishlar Komissiyaning yoki sudning qaroriga koʻra bekor qilinadi.
Sud tomonidan davlat reyestridagi yozuvning bekor qilinishi va (yoki) koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarning haqiqiy emas deb topilishi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan yuridik oqibatlarni bekor qilish uchun asos boʻladi.
Davlat reyestriga kiritilgan navbatdagi yozuv bekor qilingan taqdirda, oldingi yozuv haqiqiy boʻlib qoladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi davlat reyestridagi tegishli yozuv bekor qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida mazkur yozuv bekor qilinganligi toʻgʻrisida Komissiyani yoki sudni, shuningdek huquq egalarini yoxud ularning vakillarini xabardor qilishi shart.
28-modda. Davlat reyestridagi maʼlumotlarning va hujjatlarning koʻchirma nusxalarini taqdim etish
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ koʻchmas mulkka boʻlgan ayrim huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har qanday shaxsga faqat ushbu shaxs identifikatsiya qilinganidan keyin taqdim etishi shart. Bunday maʼlumotlar davlat reyestridan koʻchirma tarzida taqdim etiladi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻlgan huquqni belgilovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari faqat huquq egasiga va (yoki) uning vakiliga taqdim etilishi mumkin. Bu hujjatlarning boshqa shaxslarga taqdim etilishiga faqat qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan hujjatlarning koʻchirma nusxalari qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga maʼlumotnomalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamenti.
Maʼlumotlar yoki maʼlumotlarni asoslantirilgan holda rad etish toʻgʻrisidagi axborot, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, murojaat qilingan yoki yozma soʻrov olingan va maʼlumotlar uchun haq toʻlangan kundan eʼtiboran ikki ish kuni ichida taqdim etiladi. Maʼlumotlarni berish rad etilgan taqdirda, maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun toʻlangan haq qonunchilikda belgilangan tartibda qaytariladi.
Maʼlumotlar davlat reyestriga masofadan turib kirish imkonini berish orqali ham taqdim etilishi mumkin.
Taqdim etilishi kerak boʻlgan maʼlumotlarni yoki hujjatni taqdim etmaganlik yoxud ishonchsiz axborot taqdim etganlik qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ taqdim etilgan maʼlumotlarning hisobini yuritadi. Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ huquq egasiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk haqidagi maʼlumotlarni olgan shaxslar va organlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uning soʻroviga yoki talabiga koʻra taqdim etishi shart.
29-modda. Davlat reyestridan koʻchirma
Davlat reyestridan koʻchirmada quyidagi axborot koʻrsatiladi:
koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar;
huquq egasi boʻlgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, huquq egasi boʻlgan soliq toʻlovchi yuridik shaxsning nomi va identifikatsiya raqami, har bir huquq egasi ulushining miqdori;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning va cheklovlarning roʻyxati, huquqlarning va cheklovlarning amal qilish muddati, huquq egalari hamda cheklovlar belgilanishidan manfaatdor boʻlgan shaxslar, jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, soliq toʻlovchi yuridik shaxsning nomi va identifikatsiya raqami, ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatlarning qiymati yoki uni aniqlash tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat reyestridan koʻchirmaning tartib raqami, berilgan sanasi va vaqti.
Davlat reyestridan koʻchirmada maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi boshqa maʼlumotlar ham boʻlishi mumkin.
6-bob. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni belgilovchi hujjatlar
30-modda. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish asoslari
Yer uchastkalariga boʻlgan huquq turi yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) haqidagi hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Agar yer uchastkasini ajratish (realizatsiya qilish) toʻgʻrisidagi 2021-yilning 1-avgustiga qadar qabul qilingan hujjatlarda yer uchastkasiga boʻlgan huquq turi koʻrsatilmagan boʻlsa, quyidagi huquqlar tan olinadi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim:
yakka tartibda uy-joy qurish va uni obodonlashtirish, dehqon xoʻjaliklarini hamda jamoa bogʻdorchiligini va uzumchiligini yuritish uchun foydalaniladigan yer uchastkalariga nisbatan jismoniy shaxslarning meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi;
binolar va inshootlar qurilishi uchun berilgan yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqi;
qishloq va oʻrmon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasini ijaraga olish huquqi.
31-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlar
2021-yilning 1-avgustidan eʼtiboran qabul qilingan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:
yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun — viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlarining yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratish haqidagi, koʻp kvartirali uy joylashgan yer uchastkasini, shuningdek koʻp kvartirali uyga tutash boʻlgan yer uchastkasini umumiy foydalanish uchun (notijorat maqsadlarda) koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi qarorlari;
 LexUZ sharhi
yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun — davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan davlat orderi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunining 20-moddasi.
yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun — ijara shartnomasi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 546-moddasining birinchi qismi.
1998-yilning 1-iyulidan 2021-yilning 1-avgustiga qadar qabul qilingan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:
yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun — mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkasini berish haqida oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari, notarial tasdiqlangan meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma, ushbu huquqning auksionda sotib olinganligiga asosan tuman (shahar) hokimi tomonidan berilgan davlat orderi;
yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, undan doimiy va muddatli (vaqtincha) foydalanish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun — mahalliy davlat hokimiyati organlarining muayyan yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalarini berish haqida oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari, elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
yer uchastkasiga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun — davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organlari tomonidan berilgan davlat orderi;
yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun — ijara shartnomasi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 546-moddasining birinchi qismi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining “Yer toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni amal qilgan davrda olingan yer uchastkalariga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat arxivlari tomonidan tasdiqlangan quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
shaharlar (tumanlar) hokimlarining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyga xizmat koʻrsatish uchun shaharlar (tumanlar) yerlaridan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida yer uchastkalari ajratish haqidagi qarorlari;
shaharchalardagi va qishloqlardagi (ovullardagi) fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish hamda uy-joyga xizmat koʻrsatish uchun shaharchalarning va qishloqlarning (ovullarning) sobiq kolxozlar, sovxozlar hamda boshqa qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hududida boʻlmagan yerlaridan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida yer uchastkalari berish toʻgʻrisidagi qarorlari;
qishloqlardagi (ovullardagi) fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga qishloq joylarda shaxsiy yordamchi xoʻjalik yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida yer uchastkalari berish toʻgʻrisidagi qarorlari.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining Oʻzbekiston SSRning Yer kodeksi amal qilgan davrda olingan yer uchastkalariga boʻlgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat arxivlari tomonidan tasdiqlangan quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
tegishli tumanlar, shaharlar va shaharchalar xalq deputatlari Kengashlari ijroiya qoʻmitalarining yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish toʻgʻrisidagi qarorlari;
tegishli qishloqlar (ovullar) xalq deputatlari Kengashlari ijroiya qoʻmitalarining fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish toʻgʻrisida kolxozlar aʼzolari umumiy yigʻilishlarining bayonnomalarini hamda sovxozlar va boshqa qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari direktorlarining buyruqlarini tasdiqlash haqidagi qarorlari.
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) natijasida yuzaga keladigan ijara huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ushbu Qonunning 33-moddasida nazarda tutilgan hujjatlar asos boʻladi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 9-oktabrdagi OʻRQ-973-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/973/0800-son)
32-modda. Yer uchastkasida joylashgan bino, inshoot yoki boshqa koʻchmas mulk boshqa shaxsga oʻtganda yer uchastkasiga boʻlgan huquqning oʻziga xos xususiyatlari
Binolarga, inshootlarga yoki boshqa koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganda bu obyektlar bilan birga mazkur obyektlar egallagan va ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasiga doimiy egalik qilish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish va ijara huquqi ham oʻtadi.
Agar sotuvchi sotilayotgan koʻchmas mulk joylashgan yer uchastkasining mulkdori boʻlsa, sotib oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga boʻlgan mulk huquqi yoki ijara huquqi yoxud koʻchmas mulkning oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq oʻtkaziladi.
 LexUZ sharhi
Oldingi tahrirga qarang.
33-modda. Xususiylashtirilgan yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqlarning boshqa shaxsga oʻtishini belgilovchi hujjatlar va uning oʻziga xos xususiyatlari
Xususiylashtirilgan yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqlarning boshqa shaxsga oʻtishini belgilovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasining yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqning notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi;
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasini yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni hadya etishga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasini yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni ayirboshlashga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasining yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqning boshqa shaxsga renta haqi toʻlanishi sharti bilan berilishi nazarda tutiladigan, notarial tartibda tasdiqlangan renta shartnomasi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 32-bobi.
xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasini yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi hamda er-xotinning umumiy mulkida boʻlgan xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasining tegishli qismiga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan guvohnoma;
xususiylashtirilgan yer uchastkasini unda joylashgan bino va inshoot bilan birga yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) ulush sifatida berish toʻgʻrisidagi (agar bu turar joy obyekti boʻlsa, notarial tartibda tasdiqlangan) shartnoma;
xususiylashtirilgan yer uchastkasini unda joylashgan bino va inshoot bilan birga yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni muassisga qaytarib berish toʻgʻrisidagi (agar bu turar joy obyekti boʻlsa, notarial tartibda tasdiqlangan) shartnoma;
jismoniy va yuridik shaxslarning mulkida boʻlgan (xususiylashtirilgan), boʻsh turgan yer uchastkalarini yoki ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni realizatsiya qilish boʻyicha sud qarorlarini va boshqa organlarning qarorlarini ijro etish maqsadidagi savdolar yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud xususiylashtirilgan boʻsh turgan yer uchastkasini, ijara huquqi asosida tegishli boʻlgan yer uchastkasiga doir huquqni berish toʻgʻrisida undiruvchi va qarzdor oʻrtasida tuzilgan, davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma.
(33-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 9-oktabrdagi OʻRQ-973-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.10.2024-y., 03/24/973/0800-son)
34-modda. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishini belgilovchi hujjatlar
Yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishini belgilovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:
yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish toʻgʻrisida xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining qarori yoki yer uchastkasini olib qoʻyish toʻgʻrisida viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori;
qurilish amalga oshirilmagan yer uchastkasiga nisbatan yuridik shaxsni roʻyxatdan oʻtkazgan davlat organining ushbu yuridik shaxs tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlari;
uy-joy boshqa shaxsga oʻtkazilganligi munosabati bilan yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning oʻzga shaxsga oʻtishi toʻgʻrisidagi hujjatlar;
qonunchilikda belgilangan boshqa hujjatlar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasi.
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning bekor qilinishi davlat reyestriga huquqni bekor qilish toʻgʻrisidagi hujjatning nomini va uning rekvizitlarini koʻrsatgan holda tegishli yozuv kiritish orqali amalga oshiriladi.
Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar bekor qilinganligi munosabati bilan mazkur yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida ilgari yuridik va jismoniy shaxslarga berilgan hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topiladi.
Ushbu moddaning amal qilishi mulk huquqida boʻlgan yer uchastkalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
35-modda. Binolarga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi yoki ijara huquqi yuzaga kelganligini hamda boshqa shaxslarga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladigan hujjatlar
Binolarga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini hamda ularga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
1) binolarga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqining yuzaga kelganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun:
qurilishi (rekonstruksiya qilinishi) tugallangan binolarni va inshootlarni foydalanish uchun qabul qilish dalolatnomasi yoki ulardan foydalanish uchun ruxsatnoma;
xususiylashtirilgan binoga, inshootga yoki turar joyga boʻlgan mulk huquqini belgilovchi davlat orderi;
binoni va inshootni mulkdorlar oʻrtasida boʻlish toʻgʻrisidagi shartnoma;
koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkning bir qismini boshqa shaxsga berish toʻgʻrisida umumiy ulushli mulk barcha ishtirokchilarining notarial tartibda tasdiqlangan qarori;
sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori;
2) binolarga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun:
turar joyning notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi;
noturar binoning, inshootning notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi;
noturar binoning va inshootning oldi-sotdi shartnomasi hamda qabul qilish-topshirish dalolatnomasi;
korxonaning notarial tartibda tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi (bundan vakolatli davlat organining qaroriga binoan tanlov (tender) asosida tuzilgan korxonaning oldi-sotdi shartnomasi mustasno) va qabul qilish-topshirish dalolatnomasi;
lizing toʻlovlari toʻliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bilan birga lizing shartnomasi (agar bu turar joy obyekti boʻlsa, notarial tartibda tasdiqlangan lizing shartnomasi);
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 26 bobi.
binoni, inshootni, turar joyni hadya etishga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
umrbod saqlash shartlari asosida turar joyni (kvartirani) boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
binolarni, inshootlarni, turar joylarni ayirboshlashga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
turar joyni boshqa shaxsga renta haqini kiritish sharti bilan oʻtkazishni nazarda tutuvchi, notarial tartibda tasdiqlangan renta shartnomasi;
davlatning xususiylashtirilgan binosiga, inshootiga, turar joyiga boʻlgan mulk huquqini beruvchi davlat orderi;
meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi va er xotinning umumiy mulki boʻlgan binoga, inshootga boʻlgan huquqning tegishli ulushiga doir mulk huquqi toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan guvohnoma;
binoni, inshootni yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) ulush sifatida berish toʻgʻrisidagi (agar bu turar joy obyekti boʻlsa, notarial tartibda tasdiqlangan) shartnoma;
muassisga uning ulushini binolar va inshootlar tarzida qaytarib berish toʻgʻrisidagi (agar bu turar joy obyekti boʻlsa, notarial tartibda tasdiqlangan) shartnoma;
sud qarorlarini va boshqa organlarning qarorlarini ijro etish chogʻida koʻchmas mulk obyektini realizatsiya qilish boʻyicha auksion natijalari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan binoni va inshootni qarzdordan undiruvchiga oʻtkazish dalolatnomasi.
Binolar va inshootlarning qayta ixtisoslashtirilishi munosabati bilan davlat reyestriga oʻzgartirish kiritish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
tuman (shahar) qurilish boʻlimining turar joyni noturar joy toifasiga oʻtkazish uchun ruxsatnomasi;
tuman (shahar) qurilish boʻlimining noturar binoni turar joy toifasiga oʻtkazish uchun ruxsatnomasi;
tuman (shahar) qurilish boʻlimining noturar binoni qayta ixtisoslashtirish uchun ruxsatnomasi.
Oʻzbekiston SSRning qonunchiligi amal qilgan davrda qurilgan binolarga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
vakolatli davlat organlarining binolarni va inshootlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi hujjatlari, qarorlari va farmoyishlari;
koʻchmas mulk oldi-sotdisiga, uni ayirboshlashga, hadya qilishga, boʻlishga va turar joyni umrbod saqlash sharti bilan boshqa shaxsga berishga doir, imorat qurish toʻgʻrisidagi, yer uchastkalarini xususiy mulk huquqi asosida uylar qurish uchun berish haqidagi, yakka tartibdagi imorat quruvchilarning uy-joy qurilish jamoalariga uylar qurish uchun yer uchastkalarini berish toʻgʻrisidagi, er-xotin oʻrtasida uyni boʻlish haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnomalar;
xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari ijroiya qoʻmitalarining imoratlarga boʻlgan mulk huquqini tan olish toʻgʻrisidagi (mavjud hujjatlar asosida) qarorlari;
umumiy mulk boʻlgan imoratning tegishli qismiga boʻlgan meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi va mulk huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomalar hamda uy ochiq kim oshdi savdolarida olinganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalar;
binolarga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlovchi qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari va ajrimlari;
koʻchmas mulkning boshqa shaxsga berilishi haqidagi shartnomalarning dublikatlari.
Binolarga va inshootlarga boʻlgan ijara huquqi ijara shartnomasi asosida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
36-modda. Binolar va inshootlarga boʻlgan operativ boshqarish huquqini belgilovchi hujjatlar
(36-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
Binolar va inshootlarga boʻlgan operativ boshqarish huquqini belgilovchi hujjatlar quyidagilardan iborat:
(36-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
Oldingi tahrirga qarang.
davlat organlarining davlat tashkilotlarini tashkil etish hamda ularga binolar va inshootlarni operativ boshqarish huquqi asosida berish toʻgʻrisidagi qarorlari;
(36-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 8-may)
davlat organlarining yoki xoʻjalik boshqaruvi organlarining binolarni va inshootlarni davlat korxonalariga hamda muassasalariga berish haqidagi qarorlari;
muassislarning oʻzi tashkil etgan muassasalarga binolarni va inshootlarni berish toʻgʻrisidagi qarorlari.
37-modda. Qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Ajratilgan yer uchastkasida tasdiqlangan loyiha hujjatlariga muvofiq qurilishi boshlangan, lekin koʻrsatilgan muddatda tugallanmagan yoki qurilishi tugallangan, biroq qurilishni (rekonstruksiya qilinishni) qabul qilib olish dalolatnomasi (foydalanish uchun ruxsatnoma) asosida foydalanish uchun qabul qilib olinmagan binolar va inshootlar qurilishi tugallanmagan obyektlardir.
Qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, agar tegishli loyiha tashkiloti bu obyektlarning qurilishi boshlanganligini tasdiqlasa, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan amalga oshiriladi. Bunda binoning va inshootning poydevorini hamda birinchi qavati devorlarini tiklash yakunlanganligi qurilishni boshlangan deb topish uchun asos boʻladi.
Qurilishi tugallanmagan obyektlarga boʻlgan huquqlar bu obyekt joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin va loyiha tashkilotining mazkur obyektning qurilishi shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tasdiqlangan shaharsozlik loyihasi asosida boshlanganligini tasdiqlovchi maʼlumotnomasi asosida roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Elektron onlayn-auksion orqali investitsiya majburiyatlarini qabul qilish sharti bilan olingan yer uchastkalarida, shuningdek oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida joylashgan qurilishi tugallanmagan obyektlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi.
38-modda. Binolarga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqining va boshqa ashyoviy huquqlarning bekor qilinishini belgilovchi hujjatlar
Binolarga va inshootlarga boʻlgan mulk huquqining va boshqa ashyoviy huquqlarning bekor qilinishini belgilovchi hujjatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazgan davlat organining yuridik shaxs tugatilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi (mazkur maʼlumotnomaga muassislarning yuridik shaxsni tugatish paytidagi ulushlari koʻrsatilgan roʻyxat ilova qilinishi kerak);
xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer uchastkasini yoki uning bir qismini jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish toʻgʻrisidagi qarorlari;
binolarning va inshootlarning, uy-joyning oldi-sotdisiga, uy-joyni hadya qilishga, ayirboshlashga, renta haqini toʻlash shartlari bilan boshqa shaxsga oʻtkazishga doir notarial tartibda tasdiqlangan shartnomalar;
mulkdorning yoki binolarni, inshootlarni boshqarish boʻyicha vakolatli organlarning qarori (mulkdor jismoniy shaxs boʻlgan taqdirda — binolarni, inshootlarni buzish toʻgʻrisida roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning vakili ishtirokida tuzilgan dalolatnoma);
binoning, inshootning tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar natijasida vayron boʻlganligini tasdiqlovchi hujjat;
sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud undiruvchi hamda qarzdor oʻrtasida binoni, inshootni berish toʻgʻrisidagi davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma.
39-modda. Koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlar asos boʻladi:
1) koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqining yuzaga kelishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun:
qishloq xoʻjaligi organlarining koʻp yillik dov-daraxtlarni foydalanish uchun qabul qilish toʻgʻrisidagi dalolatnomasi;
tugatish komissiyasining fuqarolarga fermer xoʻjaliklari tashkil etish uchun qishloq xoʻjaligi kooperativlarining (fermer xoʻjaliklarining) bogʻlarini va tokzorlarini auksionda sotish toʻgʻrisidagi bayonnomasi hamda tuman (shahar) hokimi va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma;
bogʻdorchilikka, uzumchilikka, ipakchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik tashkil etish uchun yer uchastkalarini uzoq muddatli ijaraga berish toʻgʻrisida tuman (shahar) hokimi va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma;
yer uchastkasini koʻp yillik dov-daraxtlar ekish huquqini berish uchun uzoq muddatli ijaraga berish toʻgʻrisidagi shartnomaga doir qoʻshimcha kelishuv;
oʻrmon fondi yerlarini ijaraga berish toʻgʻrisida davlat oʻrmon xoʻjaligini boshqarish organlari va ijarachi oʻrtasidagi shartnoma;
2) koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun:
koʻp yillik dov-daraxtlarning oldi-sotdisiga oid notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
lizing toʻlovlari toʻliq toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bilan notarial tartibda tasdiqlangan lizing shartnomasi;
koʻp yillik dov-daraxtlarni hadya etish toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
koʻchmas mulkni ayirboshlash toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan shartnoma;
meros qilib olish huquqi toʻgʻrisidagi va er-xotinning umumiy mulkida boʻlgan koʻp yillik dov-daraxtlarning tegishli qismiga boʻlgan mulk huquqi toʻgʻrisidagi notarial tartibda tasdiqlangan guvohnoma;
sud qarorlarini va boshqa organlarning qarorlarini ijro etish chogʻida koʻchmas mulkni realizatsiya qilish boʻyicha auksion yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnoma;
sudning qarori yoki davlat ijrochisining qarori yoxud koʻp yillik dov-daraxtlarni berish toʻgʻrisida undiruvchi va qarzdor oʻrtasida tuzilgan, davlat ijrochisi tomonidan tasdiqlangan dalolatnoma.
Quyidagi koʻp yillik dov-daraxtlarga boʻlgan mulk huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi:
yer uchastkasiga boʻlgan huquq rasmiylashtirilmagan yerlarga ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlar, bundan oʻrmon fondining ijaraga olingan yerlariga ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlar mustasno;
koʻchatxonalardagi koʻchatlar;
yuridik shaxslarning balansida boʻlmagan koʻp yillik dov-daraxtlar;
foydalanish uchun qabul qilinmagan koʻp yillik dov-daraxtlar;
koʻp yillik butazorlar va rezavor oʻsimliklar;
oʻrmon xoʻjaliklarining va boshqa oʻrmon xoʻjaligi davlat korxonalarining, muassasalarining hamda tashkilotlarining balansidagi oʻrmonlar va koʻp yillik dov-daraxtlar;
ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining koʻp yillik dov-daraxtlari;
aholi punktlarini koʻkalamzorlashtirish, shu jumladan tashkilotlarning yerlarida koʻkalamzorlashtirish maqsadida ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlar;
uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalarida ijaraga beruvchining ruxsatisiz ekilgan koʻp yillik dov-daraxtlar.
7-bob. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va ularga oid cheklovlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
40-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar quyidagi bosqichlarga muvofiq amalga oshiriladi:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan arizani va huquqni belgilovchi hujjatlarni qabul qilish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarning ushbu Qonun talablariga muvofiqligini aniqlash;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlash.
Chet el yuridik yoki jismoniy shaxslarining mulkida boʻlgan koʻchmas mulk realizatsiya qilingan taqdirda, bu koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish koʻchmas mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlardan foyda soligʻi yuridik shaxs tomonidan yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi jismoniy shaxs tomonidan toʻlanganidan keyin amalga oshiriladi, bundan koʻchmas mulk Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxsga realizatsiya qilingan hollar mustasno.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan soliqlar toʻlanganligi haqidagi maʼlumotlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga davlat soliq xizmati organlari tomonidan axborot-kommunikatsiya tizimi orqali oʻsha kunda taqdim etiladi.
41-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar va ularga doir umumiy talablar
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ariza;
identifikatsiya qilish maʼlumotlarini oʻz ichiga olgan hujjatlar, shuningdek vakolatli vakillarning hamda mansabdor shaxslarning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar va (yoki) bitimning mazmunini ifodalovchi hujjatni imzolagan shaxslarning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladigan hujjatlar.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar qirib oʻchirilgan yozuvlarni, tasdiqlanmagan tuzatishlarni va hujjatlarning mazmunini bir xil talqin etishga imkon bermaydigan jiddiy shikastlanishlarni oʻz ichiga olmasligi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tuzilgan hujjatlar, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, legallashtirilgan yoki apostil qoʻyilgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining davlat tiliga tarjima qilingan boʻlishi (tarjimaning aniqligi yoki tarjimon imzosining haqiqiyligi notarial tartibda tasdiqlangan boʻlishi) kerak.
42-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlarni qabul qilish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga, shu jumladan vositachilar orqali axborot-kommunikatsiya tizimlaridan foydalanilgan holda beriladi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning asl nusxalari roʻyxatdan oʻtkazuvchiga vositachilar ularni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlaganidan keyin yuboriladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilishni quyidagi hollarda rad etadi, agar:
ariza vakolati boʻlmagan shaxs tomonidan imzolangan boʻlsa;
hujjatlar vakolatli shaxs tomonidan yoki belgilangan tartibda taqdim etilmagan boʻlsa;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻlgan huquqni belgilovchi hujjatlar mavjud boʻlmasa;
notoʻgʻri maʼlumotlar yoki davlat reyestridagi maʼlumotlarga muvofiq boʻlmagan maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjatlar taqdim etilgan boʻlsa (bundan texnik xatolar mustasno);
vositachilar tomonidan yuborilgan maʼlumotlar huquqni belgilovchi hujjatlarga muvofiq boʻlmasa;
davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarning mazmuni bir-biriga zid boʻlsa;
arizada koʻrsatilgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonun bilan taqiqlangan boʻlsa.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilishni roʻyxatdan oʻtkazuvchi rad etgan taqdirda, ular rad etish sabablari koʻrsatilgan holda vositachilarga qaytariladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-avgustdagi 424-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan qabul qilingan taqdirda, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir keyingi harakatlar ham ushbu roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan amalga oshiradi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, uni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ rahbarining qaroriga koʻra almashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
43-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlarni amalga oshirish muddatlari
Oldingi tahrirga qarang.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar tegishli hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida amalga oshiriladi.
(43-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-iyundagi OʻRQ-1153-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddatning hisobi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga ariza kelib tushgan kundan eʼtiboran boshlanadi, agar talab etiladigan hujjatlar ariza bilan birga taqdim etilmagan boʻlsa, bu muddat talab etiladigan hujjatlar berilgan kundan eʼtiboran boshlanadi.
Taqdim etilgan hujjatlarda bartaraf etilishi mumkin boʻlgan yoki qoʻshimcha hujjatlarni talab etadigan kamchiliklar mavjud boʻlganda, koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uch ish kuniga toʻxtatib turilishi mumkin. Bunday holda roʻyxatdan oʻtkazuvchi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻxtatib turilganligi toʻgʻrisida vositachini va (yoki) arizachini bir ish kuni ichida xabardor qiladi.
44-modda. Roʻyxatdan oʻtkazuvchining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishi
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni quyidagi hollarda rad etadi:
hujjatlarni qabul qilishni rad etish uchun asoslar mavjud boʻlganda;
koʻchmas mulkning tavsiflarini tekshirish natijalari koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildidagi mavjud maʼlumotlarga muvofiq emasligi aniqlanganda;
kadastr pasportida koʻrsatilgan koʻchmas mulkning maydoni (hajmi) huquqni belgilovchi hujjatda koʻrsatilgan maydondan (hajmdan) ortiq boʻlsa;
agar koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi davlat reyestriga kiritilgan boshqa shaxslarning qonuniy huquqlarini buzsa;
agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, qaysi koʻchmas mulkka nisbatan bitimni yoki huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza berilgan boʻlsa, oʻsha koʻchmas mulkni tasarruf etishga doir taqiq yoki cheklov davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida yozuv mavjud boʻlsa;
agar turli ariza beruvchilardan bir vaqtning oʻzida ayni bir koʻchmas mulkni, bitimni, huquqni, huquq cheklanganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida arizalar kelib tushgan boʻlsa hamda ularni bir vaqtning oʻzida davlat roʻyxatidan oʻtkazish mumkin boʻlmasa. Bunday asoslarga koʻra rad etishga faqat rad etish uchun boshqa asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda yoʻl qoʻyiladi;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organda mazkur koʻchmas mulkka boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi nizolar mavjudligini tasdiqlovchi sud hujjatlari yoki sudning soʻrovi mavjud boʻlsa;
koʻchmas mulk sud yoxud boshqa vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan musodara qilingan boʻlsa;
taqdim etilgan hujjatlarda qarama-qarshi yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar aniqlanganda;
koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi tuzilmagan boʻlsa yoki kadastr pasporti mavjud boʻlmasa;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi organda koʻchmas mulk qonunchilikda belgilangan tartibda xatlovga olinganligi toʻgʻrisida hujjatlar mavjud boʻlganda;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda bekor qilingan boʻlsa;
huquqlarning yuzaga kelishini belgilamaydigan hujjatlar taqdim etilganda;
chet el yuridik yoki jismoniy shaxsiga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk realizatsiya qilinganda koʻchmas mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar boʻyicha foyda soligʻi yuridik shaxs tomonidan yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi jismoniy shaxs tomonidan toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, bundan koʻchmas mulk Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxsga realizatsiya qilingan hollar mustasno;
ushbu Qonunning 11-moddasida belgilangan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish ketma-ketligiga rioya etilmagan boʻlsa;
qurilishi tugallanmagan obyektga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida qurilish organi tomonidan tasdiqlangan loyiha hamda loyiha tashkilotining qurilish loyihaga muvofiq boshlanganligi toʻgʻrisidagi xulosasi taqdim etilmagan boʻlsa;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan toʻxtatib turilgan hollarda, agar taqdim etilgan hujjatlardagi kamchiliklar uch ish kuni ichida bartaraf etilmagan boʻlsa;
agar koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun haq toʻlanmagan boʻlsa.
Tuzatilgan hujjatlarni koʻrib chiqish chogʻida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etilganligi toʻgʻrisidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan vakolatli organ tomonidan koʻchmas mulkka taqiq qoʻyilgan yoki koʻchmas mulk xatlovga olingan hollar mustasno.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni ushbu moddada nazarda tutilganidan boshqa asoslar boʻyicha rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlarni amalga oshirish rad etilgan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida vositachini rad etish sabablarini hamda ushbu rad etish ustidan shikoyat qilish tartibini koʻrsatgan holda xabardor qilishi shart.
45-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlash
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqning yuzaga kelganligi, boshqa shaxsga oʻtganligi, cheklanganligi va bekor qilinganligi davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligini tasdiqlash davlat reyestridan koʻchirma berish orqali amalga oshiriladi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar sudlarning yoki vakolatli davlat organlarining ijro etilishi majburiy boʻlgan hamda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga kelib tushgan qarorlari asosida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan taqdirda, manfaatdor shaxslarga xabarnoma va davlat reyestridan koʻchirma yuboriladi.
46-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan payt
Davlat reyestriga yozuv kiritilgan sana va vaqt koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdir.
47-modda. Ikki va undan ortiq roʻyxatdan oʻtkazish hududlarida joylashgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ va uning hududiy boshqarmalari koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiradigan Oʻzbekiston Respublikasining muayyan maʼmuriy-hududiy birligi roʻyxatdan oʻtkazish hududidir.
Ikki va undan ortiq roʻyxatdan oʻtkazish hududida joylashgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan qabul qilinadi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha kelgusidagi harakatlar roʻyxatdan oʻtkazuvchilar tomonidan bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchining yozma koʻrsatmasi asosida amalga oshiriladi.
48-modda. Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari hal qilinishi munosabati bilan davlat reyestriga oʻzgartishlar kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklarini tuzish, tugatish, ularning chegaralarini oʻzgartirish, shuningdek maʼmuriy-hududiy birliklarning maʼmuriy markazlarini belgilash, koʻchirish, ularning boʻysunuvini oʻzgartirish natijasida koʻchmas mulkning joylashgan yeri oʻzgargan taqdirda, tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining qarorlari yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi yoxud xalq deputatlari viloyat Kengashi qarorlari asosida davlat reyestriga roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan tegishli oʻzgartishlar kiritiladi hamda bu haqda huquq egalari xabardor qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-bobi.
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalari hal qilinishi munosabati bilan davlat reyestriga oʻzgartishlar huquq egasining arizasisiz bepul asosda kiritiladi.
49-modda. Mulkiy majmua sifatida korxonaga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar
Mulkiy majmua sifatida korxonaga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchi amalga oshiradi.
Mulkiy majmua sifatida korxonaga boʻlgan huquqlarning boshqa shaxsga oʻtganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish yer uchastkalariga, binolarga, inshootlarga, qurilishi tugallanmagan obyektlarga, alohida joylarga, binoning yoki inshootning, shu jumladan transport vositasi toʻxtab turishi uchun moʻljallangan (bundan buyon matnda avtomobil joyi deb yuritiladi) binoning yoki inshootning bir qismiga boʻlgan huquqlarni, agar mazkur koʻchmas mulk obyektlari yoki ularga boʻlgan mulkiy huquqlar mulkiy majmua sifatida korxona tarkibiga kirsa, davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Koʻchmas mulkka yoki mulkiy majmua sifatida korxona tarkibiga kirgan obyektlarga boʻlgan mulkiy huquqlarga oid bitimlar amalga oshirilguniga qadar korxona tegishli koʻchmas mulk yoki mulkiy huquqlar korxonadan mulkiy majmua sifatida olib qoʻyilishi munosabati bilan texnik inventarizatsiyadan oʻtishi kerak. Texnik inventarizatsiya natijalariga koʻra koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi tuziladi.
Mulkiy majmua sifatidagi korxonaga nisbatan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishga doir harakatlar natijasida yuzaga keladigan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni roʻyxatdan oʻtkazuvchilar bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchining yozma koʻrsatmasi boʻyicha amalga oshiradi.
Bosh roʻyxatdan oʻtkazuvchidan davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar kelib tushgan sana va vaqt ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq amalga oshiriladigan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish paytidir.
50-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar yuzaga kelganligini, boshqa shaxsga oʻtganligini, cheklanganligini va bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar yuzaga kelganligini, boshqa shaxsga oʻtkazilganligini, cheklanganligini va bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
qonunchilikda nazarda tutilgan bitimlar (shartnomalar);
qonunchilikda nazarda tutilmagan, lekin unga zid boʻlmagan bitimlar (shartnomalar);
davlat organlarining koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar yuzaga kelganligini, boshqa shaxsga oʻtganligini, ularga oid cheklovlarni va bu huquqlar bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos sifatida qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari;
davlatga topshirilgan va ochiq kim oshdi savdolarida (auksionlarda) realizatsiya qilingan koʻchmas mulk boʻyicha kim oshdi savdolarining (auksionlarning) yakunlari toʻgʻrisidagi bayonnomalar;
qonunchilikka muvofiq fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va yuridik shaxslarning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarining yuzaga kelishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishi va bekor qilinishi bilan bogʻliq boʻlgan boshqa harakatlari.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarga oid cheklovni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
sudning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarga oid cheklovni belgilaydigan yoki bekor qiladigan qonuniy kuchga kirgan qarorlari;
sudning koʻchmas mulkni boshqa shaxsga berish toʻgʻrisidagi qarorlari, davlat ijrochisining hujjati;
koʻchmas mulk musodara qilinganligi toʻgʻrisidagi xabarnoma;
koʻchmas mulkning boshqa shaxsga berilishini taqiqlash toʻgʻrisidagi xabarnoma;
koʻchmas mulk ipotekasi toʻgʻrisidagi shartnoma;
tasarruf etish huquqisiz berilgan davlat orderi;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarga oid cheklov bilan bogʻliq hodisalar.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarga oid cheklov davlat roʻyxatidan oʻtkazilayotganda huquq egalari bu haqda roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan xabardor qilinadi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarning bekor qilinishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
sudning koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni bekor qiluvchi qonuniy kuchga kirgan qarorlari (hujjatlari);
sudning koʻchmas mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorlari, davlat ijrochisining hujjati;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni chaqirib olish bilan bogʻliq hodisalar.
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga yoki huquqni belgilovchi hujjatlarsiz foydalanilayotgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar, shuningdek oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolarga va inshootlarga boʻlgan huquqlar, shu jumladan qurilish chogʻida foydalanish uchun quriladigan vaqtinchalik imoratlarga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi.
51-modda. Servitut yuzaga kelganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladigan hujjatlar
Yer uchastkasiga nisbatan servitut belgilanishini nazarda tutuvchi shartnoma yoki sudning qarori servitut yuzaga kelganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Servitut yuzaga kelganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjatda yer uchastkasi koʻrsatiladi, chegaralar belgilanadi, shuningdek, agar ular belgilangan boʻlsa, amal qilish muddati va toʻlov miqdori koʻrsatiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Fuqarolik kodeksining 173-moddasi, Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-avgustdagi 424-son qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
52-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan umumiy mulk huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkka boʻlgan umumiy birgalikdagi mulk huquqining yuzaga kelishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchilaridan birining arizasi asosida mulkdorlar nomiga huquqni belgilovchi hujjatlarda koʻrsatilgan ulushlarda amalga oshiriladi.
Agar ulushli mulk huquqi ishtirokchilari oʻzaro kelishuv boʻyicha umumiy binoning va inshootning alohida qismlaridan oʻz ulushlariga muvofiq foydalanish tartibini belgilagan boʻlsa, bunday kelishuv ularning murojaatiga koʻra roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
53-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan oʻzaro bogʻliq huquqlarni, bu huquqlarga oid cheklovni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Agar qonunchilikka muvofiq huquqlar va ularga oid cheklov oʻzaro bogʻliq boʻlsa (binoga yoki inshootga boʻlgan mulk huquqining boshqa shaxsga oʻtishi hamda yer uchastkasiga boʻlgan huquqning yuzaga kelishi, boshqa shaxsga oʻtishi, cheklanishi va bekor qilinishi, mulk huquqi hamda boshqaruv yoki operativ boshqaruv huquqi, yer uchastkasi mavjud boʻlgan korxonaning yoki mulkiy majmua sifatidagi korxonaning ijara huquqi hamda ikkilamchi ijara huquqi bekor qilinishi, koʻchmas mulkni toʻlovni va ipotekani kechiktirish shartlari asosidagi oldi-sotdi shartnomasi boʻyicha mulkiy huquqlarning boshqa shaxsga oʻtishi, oʻzaro bogʻliq boʻlgan boshqa huquqlar va ularga oid cheklov), ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bir vaqtning oʻzida amalga oshiriladi.
54-modda. Rentani davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Rentani davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida davlat reyestriga rentani oluvchi, rentani toʻlovchi hamda rentaning miqdori yoki uni aniqlash tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 32-bobi.
55-modda. Koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish huquqini davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida davlat reyestriga ishonchli boshqarishga berilgan koʻchmas mulk, ishonchli boshqaruv muddati, mulkdorning, ishonchli boshqaruvchining nomi va boshqa shartlar, ishonchli boshqaruvchining koʻchmas mulkni boshqarishga doir vakolatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Koʻchmas mulkni ishonchli boshqaruvchiga topshirish koʻchmas mulkka boʻlgan mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga oʻtishiga olib kelmaydi.
56-modda. Koʻchmas mulkka qoʻyilgan taqiqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Qonunga binoan koʻchmas mulkka taqiq qoʻyish yoki taqiqni olib tashlash vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar tomonidan yuborilayotgan koʻchmas mulkka taqiq qoʻyish yoki taqiqni olib tashlash toʻgʻrisidagi hujjat roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Koʻchmas mulkka qoʻyilgan taqiq uni qoʻygan vakolatli mansabdor shaxsning yoki sudning qaroriga binoan olib tashlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hollardan tashqari, koʻchmas mulkka qoʻyilgan taqiq davlat ijrochisining realizatsiya qilinmagan mol-mulkni undiruvchiga topshirish toʻgʻrisidagi dalolatnomasi asosida qabul qilingan qaroriga muvofiq olib tashlanadi.
(56-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 4-martdagi OʻRQ-1119-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2026-y., 03/26/1119/0199-son)
57-modda. Koʻchmas mulkni boʻlish va boʻlinayotgan koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkni boʻlish uning mulkdorining arizasiga yoki sudning qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Umumiy mulk boʻlgan koʻchmas mulk uning mulkdorlarining (ishtirokchilarining) oʻzaro kelishuviga koʻra boʻlinadi.
Boʻlish natijasida koʻchmas mulkka boʻlgan huquqning yuzaga kelganligi yoki bekor qilinganligi shartnoma yoki sud qarori bilan tasdiqlanadi. Koʻchmas mulkni boʻlish uchun boʻlinayotgan koʻchmas mulkka koʻchmas mulkning kadastr yigʻmajildi va kadastr pasporti shakllantiriladi.
Koʻchmas mulkni boʻlish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Koʻchmas mulkning muayyan turdagi obyektini boʻlish xuddi shu turdagi ikki yoki undan ortiq obyektning tashkil etilishiga olib keladi.
Koʻchmas mulk boʻlinganidan keyin mazkur koʻchmas mulkni roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish yopiladi, yangidan tashkil etilgan koʻchmas mulkka esa yangi roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish ochiladi.
Koʻchmas mulkni boʻlish chogʻida bu koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlar va ularga oid cheklov yangidan tashkil etilgan koʻchmas mulkka oʻtadi.
Koʻchmas mulkni boʻlish chogʻida huquqlarning va ularga oid cheklovlarning boshqa shaxsga oʻtishi boʻlinayotgan koʻchmas mulkka nisbatan ushbu huquqlar va cheklovlarning bekor boʻlishini hamda ularning yangidan vujudga kelgan koʻchmas mulkka nisbatan yuzaga kelishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Umumiy birgalikdagi mulkni boʻlish ushbu umumiy mulk ishtirokchilari oʻrtasidagi kelishuvga yoki sud qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar va qurilishi tugallanmagan obyektlar boʻlinmaydi.
58-modda. Koʻchmas mulkni birlashtirish va ushbu koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulkni birlashtirish koʻchmas mulk mulkdorining qaroriga, mulkdorlar oʻrtasida tuzilgan shartnomaga, davlat ijrochisining yoki sudning qaroriga asosan amalga oshiriladi.
Koʻchmas mulkni birlashtirish uchun asos boʻlgan hujjatlar birlashtirilayotgan koʻchmas mulkning mavjudligini tugatish va yangi koʻchmas mulkni tashkil etish uchun asos boʻladi.
Koʻchmas mulkni birlashtirish faqat bir turdagi hamda bir-biri bilan bevosita bogʻliq boʻlgan, shuningdek bir xil huquqqa ega koʻchmas mulkka nisbatan amalga oshirilishi mumkin. Agar binolar va inshootlardan qurilish ishlari natijasida bitta bino, inshoot qurilsa, ushbu binolar va inshootlar ham birlashtirilishi mumkin.
Koʻchmas mulkning ikki yoki undan ortiq obyektlarini birlashtirish koʻchmas mulkning bir turdagi bitta obyekti yuzaga kelishiga olib keladi.
Koʻchmas mulk birlashtirilgan taqdirda, birlashtirilayotgan koʻchmas mulklarning mavjudligi bekor qilinadi.
Koʻchmas mulkni birlashtirish chogʻida koʻchmas mulkning ushbu obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazishga doir ishlar yopiladi, yangidan tashkil etilgan koʻchmas mulkka esa yangi roʻyxatdan oʻtkazishga doir ish ochiladi.
Koʻchmas mulkni birlashtirish chogʻida birlashtirilayotgan koʻchmas mulkka boʻlgan dolzarb huquqlar va ularga oid cheklovlar birlashtirilayotgan koʻchmas mulkka oʻtadi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan amaldagi huquqlarning va ularga oid cheklovlarning boshqa shaxsga oʻtishi ularning birlashtirilayotgan koʻchmas mulkka nisbatan bekor qilinishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda ularning yangidan tashkil etilgan koʻchmas mulkka nisbatan yuzaga kelganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Yuzaga kelgan birgalikdagi mulkka binolarni, inshootlarni, binolarning alohida joylarini, avtomobil joylarini qoʻshib yuborish barcha mulkdorlar oʻrtasidagi shartnoma boʻyicha amalga oshiriladi.
Koʻp kvartirali uylardagi kvartiralar va qurilishi tugallanmagan obyektlar birlashtirilmaydi.
59-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan vaqtinchalik huquqlarni va koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarga oid cheklovlar bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Vaqtinchalik huquqlarning va cheklovlarning amal qilish muddati oʻtganidan keyin mazkur huquqlar bekor qilinganligini davlat roʻyxatidan oʻtkazish amalga oshirilmaydi, bundan koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollar mustasno.
Agar koʻchmas mulkni ishonchli boshqarishga doir shartnomada koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish huquqining amal qilish muddati tugashi nazarda tutilmagan boʻlsa, koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish huquqi koʻchmas mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugagan paytdan eʼtiboran bekor qilinadi.
8-bob. Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish
60-modda. Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish asoslari
Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi kerak (bundan koʻchmas mulkni birlamchi bozordan olish chogʻidagi ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma mustasno) va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Ipoteka toʻgʻrisidagi shartnoma ipotekani shartnoma asosida davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Kredit shartnomasi yoki qarz shartnomasi qonun asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish davlat reyestriga tegishli yozuvni kiritish orqali amalga oshiriladi.
61-modda. Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi
Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida notarius yoki bank roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaning, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomaning, kredit shartnomasining yoki qarz shartnomasining elektron koʻchirma nusxasini taqdim etadi.
Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida, agar “Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat reyestriga ipoteka bilan taʼminlangan majburiyat qiymati yoki uni aniqlash tartibi, shartlari va muddati haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan hujjatlar olingan kundan eʼtiboran bir ish kuni ichida ipoteka roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida davlat reyestriga tegishli yozuvlar kiritiladi.
Ipotekaga oluvchi bilan ipotekaga qoʻyuvchi oʻrtasida garovga qoʻyilgan yoki shikastlangan mol-mulkni tiklash yoki almashtirish toʻgʻrisida kelishuv mavjud boʻlganda davlat reyestriga oʻzgartishlar kiritish ushbu kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Qonun asosidagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, ipoteka oʻz zimmasiga yuklatilayotgan shaxsning mulkiy huquqlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Qonun asosidagi ipoteka alohida arizasiz va davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun haq toʻlanmagan holda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
62-modda. Navbatdagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulk obyektiga nisbatan navbatdagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi yozuvda ayni bir koʻchmas mulk obyektining oldingi ipotekalari toʻgʻrisidagi barcha yozuvlar haqida belgi qoʻyiladi.
Navbatdagi ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazish ipoteka bilan taʼminlangan majburiyatning mazmuni navbatdagi ipoteka bilan almashtirilganda, shuningdek ipoteka predmetiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa mulkiy huquqlar garovga qoʻyuvchidan boshqa shaxsga universal huquqiy vorislik tartibida yoki ushbu mol-mulk haq evaziga yoxud bepul tasarrufdan chiqarilganligi natijasida oʻtgan taqdirda amalga oshiriladi. Bu talabga rioya etilmagan taqdirda, ipotekaga oid majburiyatga kiritilgan oʻzgartishlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazishdan tashqari quyidagilarni amalga oshiradi:
davlat reyestriga ipoteka toʻgʻrisida, ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomaning davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanasi va tartib raqami haqidagi yozuvlarni, koʻchmas mulk obyektining yangi mulkdori huquqlarini tasdiqlovchi hujjatning (oldi-sotdi, hadya shartnomalari, meros toʻgʻrisidagi guvohnoma va boshqalar) rekvizitlarini kiritadi;
davlat reyestrining tegishli bandlaridagi dastlabki ipotekaga qoʻyuvchining huquqlarini cheklash (ularga shartlar belgilash) toʻgʻrisidagi avvalgi yozuvlarni belgilangan tartibda, ipoteka toʻgʻrisidagi yangi yozuvni hisobga olgan holda almashtiradi.
63-modda. Ipotekani garov xati bilan tasdiqlash
Agar ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomada ipotekaga oluvchining huquqlarini garov xati bilan tasdiqlash nazarda tutilgan boʻlsa, bu davlat reyestrida koʻrsatiladi. Bunda garov xati berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan garov xati dastlabki ipotekaga oluvchiga beriladigan sana davlat reyestriga kiritiladi.
64-modda. Garov xatiga oʻzgartishlar kiritish
Garov xatining mazmuni oʻzgargan taqdirda, uning egasi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga yangi garov xatini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun murojaat qilishi kerak.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ garov xatining mazmunini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi bitim davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi yozuvni davlat reyestriga kiritadi.
Garov xatining ajralmas qismi boʻlgan, uning mazmunini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi bitimning asl nusxasi garov xatiga ilova qilinadi va unga tikib qoʻyiladi.
Garov xatining qonuniy egasi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organdan oʻzining ipotekaga oluvchi sifatida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini talab qilishga haqli.
Garov xatining huquq egasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish quyidagilar asosida bir ish kuni ichida amalga oshiriladi:
garov xati boʻyicha huquqning belgilangan tartibda boshqa shaxsga oʻtishi va garov xatiga belgi qoʻyish, agar bunday yozuvni kiritgan shaxs garov xatining qonuniy egasi yoki ipotekaga oluvchi boʻlsa, agar uning nomiga huquqning oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi maxsus yozuv kiritilgan va garov xati belgilangan tartibda sotilgan boʻlsa;
garov xati boʻyicha huquqlar yuridik shaxs qayta tashkil etilganligi natijasida yoki meros tartibida boshqa shaxslarga oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar;
garov xatiga boʻlgan huquqlar ariza beruvchiga taalluqli deb topilganligi toʻgʻrisidagi sud qarorlari.
Garov xatining huquq egasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish davlat reyestriga garov xatining yangi huquq egasi toʻgʻrisidagi yozuvni kiritish orqali amalga oshiriladi. Davlat reyestridagi ilgarigi yozuv belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Garov xati davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi tegishli yozuv davlat reyestriga kiritilganligini tasdiqlash maqsadida arizaga asosan garov xatining egasiga davlat reyestridan koʻchirma belgilangan tartibda berilishi mumkin. Bunda mazkur koʻchirmada roʻyxatdan oʻtkazilgan huquqlarning cheklovlarini (shartlarini) aks ettirish chogʻida ipoteka koʻrsatilganidan keyin “Garov xatining qonuniy egasi” degan yozuv qayd etiladi va yangi ipotekaga oluvchi (garov xatining yangi qonuniy egasi) toʻgʻrisidagi toʻliq maʼlumotlar kiritiladi.
9-bob. Nizolarni sudgacha hal etish
65-modda. Komissiyani shakllantirish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan nizolarni sudgacha hal etish uchun roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ rahbarining buyrugʻiga muvofiq besh kishidan kam boʻlmagan tarkibda Komissiya tuziladi. Komissiya aʼzolarining soni toq boʻlishi kerak.
Komissiya tarkibi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ hududiy boshqarmasining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligining, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalarining hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalarining masʼul xodimlari orasidan ularning roziligi asosida shakllantiriladi.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiluvchi shaxs yoxud davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etgan shaxs Komissiya aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning yoki uning hududiy boshqarmasining rahbari Komissiya raisi boʻladi.
Komissiya oʻz faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshiradi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-avgustdagi 426-sonli qarori bilan tasdiqlangan Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Komissiya raisi:
Komissiyaning faoliyatini va uning reglamentga rioya etishini tashkil qiladi;
manfaatdor shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish joyini, sanasini va vaqtini belgilaydi;
Komissiya majlislarini oʻtkazadi va ularda raislik qiladi.
Komissiya raisi Komissiya tomonidan ishning oʻz vaqtida, toʻgʻri va vijdonan bajarilishini tashkil etish uchun javobgar boʻladi.
Komissiya kotibi manfaatdor shaxslar murojaatlarining va Komissiya ishi bilan bogʻliq boʻlgan hujjatlarning saqlanishi uchun javobgar boʻladi.
66-modda. Komissiyaga murojaat qilish
Manfaatdor shaxs koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish chogʻida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal etish uchun Komissiyaga ariza bilan murojaat qilishi mumkin.
Jismoniy shaxsning arizasida uning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, yuridik shaxsning arizasida esa yuridik shaxsning toʻliq nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Arizada manfaatdor shaxsning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari, shuningdek koʻchmas mulk joylashgan yer (pochta manzili) toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatilishi kerak.
Manfaatdor shaxs arizaga koʻchmas mulk bilan bogʻliq boʻlgan boshqa maʼlumotlar va hujjatlarni ham ilova qilishga haqli.
67-modda. Murojaatlarni koʻrib chiqish
Komissiya manfaatdor shaxsning murojaatini u kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqishi shart.
Komissiya kotibi kelib tushgan murojaatlarni shu kunning oʻzida roʻyxatga oladi.
Komissiya kotibi kelib tushgan murojaatlarning toʻgʻriligini hamda undagi mavjud maʼlumotlarning toʻliqligini tekshiradi.
Jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi hamda joylashgan yeri (pochta manzili) koʻrsatilmagan yoxud ular haqida notoʻgʻri maʼlumotlar taqdim etilgan murojaat, shuningdek shaxsni identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan elektron murojaat yoki imzolanmagan va anonim yozma murojaat Komissiya tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
Murojaat rad etilgan taqdirda, tegishli xulosa tuziladi va u Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiya kotibi Komissiya majlisi oʻtkaziladigan sanadan kamida uch kun oldin Komissiya aʼzolarini xabardor qiladi.
Manfaatdor shaxs Komissiya majlisida hozir boʻlishi mumkin.
Komissiya aʼzolari Komissiya majlisida murojaatni koʻrib chiqish natijalariga koʻra, koʻrib chiqilayotgan murojaatdagi masalaga doir barcha holatlarni eʼtiborga olgan holda quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni bekor qilish haqida;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishni bekor qilish va koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqida;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish oʻz kuchida qoldirilishi haqida;
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish oʻz kuchida qoldirilishi haqida.
68-modda. Komissiyaning qarorini rasmiylashtirish
Komissiyaning qarori Komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Komissiya raisining ovozi hal qiluvchi boʻladi.
Komissiyaning qarori Komissiya kotibi tomonidan bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi.
Bayonnomada manfaatdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar va Komissiya tomonidan murojaat boʻyicha qabul qilingan qaror koʻrsatiladi.
Bayonnoma Komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan imzolanadi va tasdiqlash uchun Komissiya raisiga taqdim etiladi.
Komissiya kotibi Komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnomadan koʻchirmaning nusxalari roʻyxatdan oʻtkazuvchiga va manfaatdor shaxsga shu kunning oʻzida berilishini taʼminlaydi.
Bayonnoma Komissiya kotibi tomonidan Komissiyaning hujjatlariga qoʻshib qoʻyiladi.
Komissiya qarori koʻchmas mulkka boʻlgan huquqqa nisbatan yangidan ochilgan holatlar asosida qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
69-modda. Komissiyaning qarori ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqish
Apellyatsiya komissiyasi maxsus vakolatli davlat organining qaroriga koʻra shakllantiriladi. Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga Apellyatsiya komissiyasi raisi va maxsus vakolatli davlat organining, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining mansabdor shaxslari orasidan Komissiya faoliyatida ishtirok etmagan kamida toʻrt nafar aʼzo kiradi.
Komissiyaning yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchining xulosasidan norozi boʻlgan manfaatdor shaxs Komissiyaning xulosasi olingan kundan eʼtiboran ikki oy muddatda Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishga haqli.
Manfaatdor shaxs, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan berilgan shikoyat Apellyatsiya komissiyasi tomonidan oʻn ish kuni ichida koʻrib chiqiladi.
Apellyatsiya komissiyasi manfaatdor shaxsning, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchining shikoyatini koʻrib chiqish natijalariga koʻra Komissiya xulosasini bekor qilish yoki uni oʻz kuchida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tegishli qaror manfaatdor shaxsning, roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning va roʻyxatdan oʻtkazuvchining eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlaydi.
Ariza beruvchi Komissiyaning va Apellyatsiya komissiyasining qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, nizolar sudda koʻrib chiqiladi.
Sudlarda koʻrib chiqilgan yoki koʻrib chiqilayotgan nizolar Komissiya tomonidan takroran koʻrib chiqilmaydi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
70-modda. Nizolarni hal etish
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-avgustdagi 426-sonli qarori bilan tasdiqlangn Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish vaqtida yuzaga keladigan nizolarni sudga qadar hal qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
71-modda. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 681-moddasi
72-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
73-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
74-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 28-noyabr,
OʻRQ-803-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2022-y., 03/22/803/1046-son; 10.10.2024-y., 03/24/973/0800-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 05.03.2026-y., 03/26/1119/0199-son; 15.06.2026-y., 03/26/1153/0603-son)