1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati]
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 24-noyabrda qabul qilingan Senat tomonidan 2020-yil 18-dekabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.02.00 Qonunchilik tashabbusi]
Ushbu Qonunning maqsadi normativ-huquqiy hujjatlar tushunchasini, turlarini, ushbu hujjatlarning o‘zaro yuridik kuchi va nisbatini belgilashdan, shuningdek ularni rejalashtirish, tashabbus qilish, tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish, qabul qilish, e’lon qilish, ularning ijrosini tashkil etishni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
LexUZ sharhi
Normativ-huquqiy hujjatlar - vakolatli davlat organining belgilangan tartibda qabul qilgan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, umummajburiy tusdagi qoidalarni o‘rnatuvchi, o‘zgartiruvchi yoki bekor qiluvchi yuridik hujjati hisoblanadi. Normativ-huquqiy hujjat umummajburiy xulq-atvor qoidalarini o‘z ichiga oladi hamda o‘zining quyidagi uch xususiyati bilan ijtimoiy normalarning boshqa turlaridan ajralib turadi: a) ular vakolatli davlat organlari tomonidan yaratilib, barcha uchun umummajburiy qoidalarni o‘rnatadi, o‘zgartiradi (takomillashtiradi) yoki bekor qiladi; b) ularda huquqiy qoidaning mazmuni, ya’ni huquqiy munosabat ishtirokchilarining huquq va burchlari bayon etiladi; v) normativ-huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan qoidalar bajarilmagan yoki buzilgan taqdirda muayyan huquqiy oqibatlar kelib chiqadi, qoida bo‘yicha, davlatning majburlov kuchi ishga solinadi. Normativ-huquqiy hujjatlar, ularni chiqaradigan davlat organlari va mansabdor shaxslarning mavqeyiga, aktlarning yuridik kuchiga ko‘ra, quyidagi turkumlarga bo‘linadi: 1) qonunlar (Konstitutsiya, konstitutsiyaviy qonunlar va joriy qonunlar); 2) Prezident farmonlari, qaror va farmoyishlari; 3) hukumat qarori va farmoyishlari; 4) vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqaruv organlarining normativ hujjatlari; 5) mahalliy vakillik va ijroiya organlarining qarorlari va farmoyishlari.
2-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunchilik
Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.12.00.00 Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchilik va ijro organlari / 01.12.01.00 Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi]
Qoraqalpog‘iston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlarining turlari va o‘zaro nisbati, normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash tartibiga hamda ularning mazmuniga qo‘yiladigan asosiy talablar va ijrosini tashkil etishni ta’minlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan ham belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda qabul qilinadigan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlarning turlari va ushbu Qonundagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan o‘zaro nisbati, ularni tayyorlash tartibiga hamda ularning mazmuniga nisbatan qo‘yiladigan asosiy talablar va ularning ijrosini tashkil etishni ta’minlashning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan alohida belgilanadi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi O‘RQ-1158-sonli Qonuniga asosan uchinchi qismi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
[OKOZ:
1.19.00.00.00 Xalqaro munosabatlar. Xalqaro huquq / 19.06.00.00 Xalqaro shartnomalar huquqi / 19.06.03.00 Shartnomalarga rioya qilishni qo‘llash va sharhlash]
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, e’lon qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish va saqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonuni bilan belgilanadi.
3-modda. Normativ-huquqiy hujjat tushunchasi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar]
Normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir.
LexUZ sharhi
Ushbu qonunda belgilangan shaklda qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida qonunchilik hujjatlari normalarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjat normativ-huquqiy hujjat deb hisoblanadi.
4-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslar
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar yoki mansabdor shaxslardir (bundan buyon matnda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar deb yuritiladi).
(4-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.07.00.00 Referendum. Saylov. Saylov tizimi / 01.07.01.00 Referendum]
Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan tartibda o‘tkaziladigan referendum yo‘li bilan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin.
5-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari
Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
konstitutsiyaviylik;
qonuniylik;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi;
oshkoralik;
ilmiylik;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va kompleksliligi;
ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning barqarorligi.
LexUZ sharhi
Amaldagi qonunchilikning umumiy prinsiplaridan kelib chiqish — qonunning mazmunini belgilashda muhim mantiqiy usul hisoblanadi. Qonunlar konstitutsiyaga yoki konstitutsiyaviy qonunlarga zid kelmasligi lozim. Har bir normativ hujjat o‘zaro mantiqiy bog‘liqdir, bir-biriga mos keladi va to‘ldirib turadi. Faqat shundan keyin normativ huquqiy hujjatlarning funksional-huquqiy tizimliligini ta’minlash mumkin.
2-bob. O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik tizimi
6-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari
Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlari;
(6-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi O‘RQ-1166-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1166/0842-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;
(6-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar]
Normativ-huquqiy hujjatlar qonunchilik hujjatlari bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari qonunosti hujjatlaridir.
(7-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustuvorligi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.01.00.00 Suverenitet. Konstitutsiya / 01.01.02.00 O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi]
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining so‘zsiz ustuvorligi tan olinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. Alohida hududlarda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan yagona huquqiy makon doirasida maxsus huquqiy rejim o‘rnatilishi mumkin.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi O‘RQ-1158-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va prinsiplariga zid bo‘lishi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 3-bobi (“Konstitutsiya va qonunning ustunligi”).
9-modda. O‘zbekiston Respublikasining qonunlari
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan yoki referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilinadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonuni.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari konstitutsiyaviy qonunlar tarzida qabul qilinishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari konstitutsiyaviy qonunlar tarzida qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari huquqiy prinsiplar va normalarni mustahkamlovchi, birlashtiruvchi, tizimlashtiruvchi, shuningdek ijtimoiy munosabatlar eng muhim sohasining huquqiy jihatdan kompleks tartibga solinishini ta’minlovchi kodekslar tarzida qabul qilinishi mumkin.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 7-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunining 7-moddasi.
11-modda. Qonunosti hujjatlarini tartibga solish doiralari
Qonunosti hujjatlarida qonun hujjatlari darajasida tartibga solinishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha normalar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari asosida hamda ularni ijro etish uchun farmonlar va qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 110-moddasi.
121-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari asosida hamda ularning ijrosini, Administratsiyaning faoliyatini samarali tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan farmoyishlar qabul qiladi.
(121-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi O‘RQ-1166-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1166/0842-son)
13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunining 37-moddasi.
14-modda. Vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari
(14-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralar, agar ularga qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish yoki ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha vakolatlar berilgan bo‘lsa, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishi mumkin.
(14-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralar o‘z vakolatlari doirasida buyruqlar va qarorlar tarzidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Buyruqlar vazirlik va idora nomidan qaror qabul qilish yakka tartibda amalga oshiriladigan vazirlik yoki idoralar rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.
Qarorlar idoralar nomidan qaror qabul qilish kollegial organlari tomonidan amalga oshiriladigan idoralar tomonidan qabul qilinadi.
(14-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari boshqa vazirliklar yoki idoralar bilan kelishilgan holda qabul qilinishi mumkin.
(14-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralar tomonidan qo‘shma qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi mumkin.
(14-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralarning tarkibiy bo‘linmalari hamda hududiy organlari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqli emas.
(14-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
15-modda. Vazirliklar yoki idoralar tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan huquqiy vorislik
(15-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqi berilgan vazirlik yoki idora qayta tashkil etilgan taqdirda, huquqiy vorisga o‘z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqi bilan birga ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish vakolatlari ham o‘tadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
(15-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirlik yoki idora tugatilgan yoxud u tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish huquqini huquqiy vorisiga bermasdan qayta tashkil etilgan taqdirda, ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish vakolatlari yuqori turuvchi organga yoki boshqa vakolatli organga o‘tadi.
(15-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirlik yoki idora qayta nomlangan taqdirda, uning ilgarigi nomi ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning qayta nomlanishiga oid qismiga o‘zgartirish yoki qo‘shimcha kiritilishi lozim. Bunday o‘zgartirishlar yoxud qo‘shimchalar kiritilguniga qadar ilgarigi nomni o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi qayta nomlangan vazirlikka yoki idoraga nisbatan to‘liq hajmda tatbiq etiladi.
(15-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirlik yoki idora maqomining o‘zgarishi ular tomonidan ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi tugatilishiga olib kelmaydi.
(15-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomning 19-bandi.
16-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari o‘z vakolatlari doirasida qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Viloyat, tuman va shahar hokimi o‘z vakolatlari doirasida qarorlar tarzida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari O‘zbekiston RespublikasiningKonstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati yuqori turuvchi organlarining qarorlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.
(16-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi O‘RQ-1166-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1166/0842-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi.
17-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlanadigan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar va boshqa hujjatlar
Normativ-huquqiy hujjatlar bilan ushbu hujjatlarning tarkibiy qismi bo‘lgan nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar, reglamentlar, strategiyalar, konsepsiyalar, doktrinalar, dasturlar (“yo‘l xaritalari”) va boshqa hujjatlar tasdiqlanishi mumkin.
Nizom davlat organlari va tashkilotlarning, ular tarkibiy bo‘linmalarining maqomini, asosiy vazifalarini, funksiyalarini, huquq va majburiyatlarini, faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek u yoki bu sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish tartibini belgilaydi.
Qoidalar biror-bir faoliyatni amalga oshirishga doir talablarni belgilaydi.
Yo‘riqnoma normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashning aniqlashtiruvchi jihatlarini belgilaydi.
Reglament davlat organlari va tashkilotlarning ish tartibini, shuningdek davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Strategiya mamlakat yoki muhim tarmoqlarni o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda rivojlantirishning eng asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Konsepsiya u yoki bu sohadagi davlat siyosatining eng muhim ustuvorliklarini, maqsadlarini, asosiy yo‘nalishlarini, vazifalarini va amalga oshirilish mexanizmlarini belgilaydi.
Doktrina O‘zbekiston Respublikasining u yoki bu sohadagi milliy manfaatlarini ta’minlash maqsadlari, vazifalari, prinsiplari va asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.
Dastur (“Yo‘l xaritasi”) u yoki bu sohadagi davlat siyosatining maqsadlariga erishilishini ta’minlaydigan tadbirlar (vazifalar, amalga oshirish muddatlari, moliyalashtirish manbalari va mas’ul ijrochilar bo‘yicha o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirlar) va mexanizmlar tizimini belgilaydi.
LexUZ sharhi
Ushbu tashkilotlar o‘z funksiyalarini bajara borib, buyruqlar, nizomlar, qoidalar singari normativ-huquqiy hujjatlar turlari (umumiy majlis ishtirokchilari tomonidan tasdiqlanadigan yoxud qabul qilinadigan korxona, ochiq yoki yopiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlari nizomi)ni ishlab chiqadilar, qabul qiladilar. Qonunosti hujjatlari tizimining oxirida turuvchi mazkur hujjatlar aniq bir tashkilot doirasida amal qilib, faqat uning a’zolari uchungina majburiydir.
18-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro nisbati
Turli normativ-huquqiy hujjatlarning yuridik kuchi bo‘yicha o‘zaro nisbati O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilgan organlarning vakolatlariga va maqomiga, ushbu hujjatlarning turlariga, shuningdek normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan sanaga muvofiq belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi.
Teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda, keyinroq qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat qoidalari amal qiladi, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno.
Agar normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan vazirlikning yoki idoraning ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish uchun maxsus vakolati bo‘lsa, ushbu organ qabul qilgan hujjat bir xil maqomdagi boshqa vazirlik yoki idora tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘ladi.
(18-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
(18-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 19-fevraldagi O‘RQ-909-sonli Qonuniga asosan oltinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son)
3-bob. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini rejalashtirish, tashabbus qilish va tayyorlash
19-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni rejalashtirish, qoida tariqasida, huquqiy jihatdan tartibga solish talab qilinadigan muammolarni aniqlash va tahlil qilish yakunlari bo‘yicha tayyorlanadigan norma ijodkorligi ishining rejalari (dasturlari) doirasida amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish yoki qonunchilik normalarini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashning joriy (yarim yillik va yillik) hamda istiqbolga (bir yildan ortiq muddatga) mo‘ljallangan rejalarini (dasturlarini) ishlab chiqishi va tasdiqlashi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash rejalarida (dasturlarida) quyidagilar ko‘rsatiladi:
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining nomi;
ijtimoiy munosabatlarning u yoki bu sohasini huquqiy jihatdan tartibga solish holatining tavsifi;
huquqiy jihatdan tartibga solishni talab qiladigan muammolarning tavsifi, ularning kelib chiqish sabablari va sharoitlarining tahlili;
huquqiy jihatdan tartibga solishni talab qiladigan muammolarning kelib chiqish sabablari va sharoitlarini bartaraf etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini qabul qilish zarurligining asosi;
moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar — moddiy xarajatlar talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari uchun;
normativ-huquqiy hujjatlarning turlari;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash muddatlari;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlar;
normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan taqdirda, kutilayotgan natijalar, shu jumladan tartibga solish ta’sirini baholash o‘tkazilgan hollarda uning natijalari.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni rejalashtirish tartibi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ yoki normativ-huquqiy hujjatning loyihasini tayyorlashni amalga oshiruvchi tashkilot (bundan buyon matnda ishlab chiquvchi deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamenti”ning 2-bobi (“Organlarning qonun loyihalariga doir faoliyatini rejalashtirish”).
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash rejalari (dasturlari) majburiy tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan tegishli organlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
20-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashni tashabbus qilish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.02.00 Qonunchilik tashabbusi]
O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini tayyorlashni tashabbus qilishga faqat, basharti davlat organlarida ko‘tarilayotgan masalalarni yoki muammolarni qonunchilikda nazarda tutilgan mexanizmlar va ma’muriy tartib-taomillar orqali hal etish vakolatlari mavjud bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” 2018-yil 18-avgustdagi PF-5505-son Farmoni 3-bandi ikkinchi xatboshisi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tegishli davlat organlariga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash to‘g‘risida takliflar kiritishga haqli.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasi.
21-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.02.00 Qonunchilik tashabbusi]
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash quyidagi bosqichlardan iborat:
normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash to‘g‘risidagi taklifni ko‘rib chiqish va loyihani tayyorlash haqida qaror qabul qilish;
normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashkiliy-texnikaviy va moliyaviy jihatdan ta’minlash;
normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan materiallarni va axborotni to‘plash;
tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish;
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-martdagi PQ-5025-son qarori bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
imtiyozlarni belgilashning hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamg‘armalaridan mablag‘lar ajratishning maqsadga muvofiqligini asoslash;
Eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishdan oldin uning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladi hamda jamoatchilik muhokamalari ishtirokchilaridan kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar inobatga olingan holda normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
(21-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 10-apreldagi O‘RQ-1054-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2025-y., 03/25/1054/0329-son)
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi davlat tilida tayyorlanadi. Zarur bo‘lganda, u boshqa tilga tarjima qilinishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlash hamda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish muddati, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, ikki oydan kam etib belgilanishi mumkin emas.
22-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashkil etish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun ishlab chiquvchi tomonidan ishchi guruh (komissiya) tashkil etilishi mumkin.
Ishchi guruh (komissiya) tarkibiga ishlab chiquvchi bo‘linmalarining, tegishli tarmoqlar holati va rivojlanishi uchun javobgar bo‘lgan vazirliklarning yoki idoralarning, boshqa manfaatdor davlat organlarining, ilmiy va boshqa tashkilotlarning vakillari, shuningdek fuqarolar kiritilishi mumkin. Bunda nodavlat tashkilotlar vakillari, shuningdek fuqarolar o‘z roziligi bilan ishchi guruh (komissiya) tarkibiga kiritiladi.
(22-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Ishchi guruh (komissiya) a’zolari normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan bilim va tajribaga ega bo‘lishi kerak.
Ishlab chiquvchi ishchi guruhning (komissiyaning) faoliyatini ta’minlash uchun davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun zarur bo‘lgan materiallarni, statistika ma’lumotlarini hamda boshqa ma’lumotlarni olishga, normativ-huquqiy hujjatning loyihasi yuzasidan ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalarini, shuningdek ekspertlar xulosalarini olishga haqlidir.
Normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ, zarur bo‘lganda, normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni davlat organlariga, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga belgilangan tartibda, o‘z vakolatlari doirasida topshirishga yoki ularga shartnoma asosida buyurtma berishga haqlidir.
Normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ, zarur bo‘lganda, normativ-huquqiy hujjatlarning muqobil loyihalarini tayyorlashni bir nechta davlat organiga, ilmiy va boshqa tashkilotlarga, ayrim fuqarolarga belgilangan tartibda, o‘z vakolatlari doirasida topshirishga yoki ularga shartnoma asosida buyurtma berishga, shuningdek eng yaxshi normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash uchun tanlovlar o‘tkazishga haqlidir.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamenti”ning 3-bobi (“Qonun loyihalarini tayyorlash, kelishish va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish”), “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalarning (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.) III-bobi (“Loyihalarni tayyorlashni tashkillashtirish”) va “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 3686, 09.10.2025-y.) 2-bobi, (“Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash”).
Vazirliklar va idoralarning, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashga doir ishlarini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(22-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risida”gi nizomning 10-bandi birinchi kichik bandining beshinchi xatboshisi.
23-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda qonunchilikning holatini, qo‘llanilish amaliyotini, jamoatchilik fikrini va xalqaro tajribani o‘rganish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda ishlab chiquvchi:
qonunchilikning holatini, normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmeti bo‘yicha qo‘llanilish amaliyotini o‘rganadi;
ijtimoiy munosabatlarning muayyan sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘shliqlar va ziddiyatlarni, shuningdek huquqiy jihatdan tartibga solishga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojni, qonunchilikning samaradorligiga ta’sir etuvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlaydi;
ijtimoiy munosabatlarning tegishli sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni aniqlash nuqtai nazaridan qonunchilikni xatlovdan o‘tkazadi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shuningdek ayrim fuqarolarning takliflarini, ommaviy axborot vositalarining materiallarini, ilmiy va boshqa tashkilotlarning, olimlar hamda mutaxassislarning maslahatlari va tavsiyalarini, jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalari ma’lumotlarini umumlashtiradi hamda ulardan foydalanadi;
xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalarini hisobga oladi, shuningdek boshqa davlatlardagi huquqiy jihatdan tartibga solish borasidagi tajribani o‘rganadi;
normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy jihatdan tartibga solish predmetiga taalluqli ilmiy tadqiqotlar natijalarini, ommaviy axborot vositalaridagi, Internet jahon axborot tarmog‘idagi maqolalarni, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘rganadi;
normativ-huquqiy hujjatni amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan moliyaviy-iqtisodiy xarajatlarga bo‘lgan ehtiyojni, ularning o‘rnini qoplash miqdorlari va manbalarini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda umumxalq muhokamasiga qo‘yilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasiga olib chiqiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi manfaatdor davlat organlarining, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining, o‘zga tashkilotlarning vakillari, olimlar, mutaxassislar va fuqarolar ishtirokida o‘tkaziladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining mutaxassislar muhokamasi tegishli ilmiy-tadqiqot muassasalarining, tarmoqlarning vakillari ishtirokida o‘tkaziladi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasining jamoatchilik yoki mutaxassislar muhokamasi ishtirokchilari ishlab chiquvchi tomonidan loyihaning matni bilan oldindan tanishtirilishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi jarayonida bildirilgan takliflar va fikr-mulohazalar tavsiya xususiyatiga ega hamda ishlab chiquvchi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining muhokamasi materiallari normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga ko‘rib chiqish uchun normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritish bilan bir vaqtda kiritiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 14, 15 va 16-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 17-oktabrdagi 345-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qonun loyihalariga doir faoliyatining namunaviy reglamenti”ning 4-bobi (“Qonun loyihalarining jamoatchilik va mutaxassislar muhokamasi”).
24-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida (bundan buyon matnda portal deb yuritiladi) jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtiriladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori 4-bandining ikkinchi xatboshisi.
Ishlab chiquvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini portalga uni normativ-huquqiy hujjat qabul qiluvchi organga kiritishdan oldin joylashtiradi.
Ishlab chiquvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasining portaldagi jamoatchilik muhokamasi muddatini tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda belgilaydi hamda bu muddat portalda normativ-huquqiy hujjat loyihasi joylashtirilgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilaridan tushgan fikr-mulohazalarni va (yoki) takliflarni hisobga olishni ishlab chiquvchi qabul qilingan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflarga muvofiq loyihani maromiga yetkazish yo‘li bilan amalga oshiradi.
Kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar rad etilgan taqdirda, ishlab chiquvchi ularni rad etish sababini asoslashi shart.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasi natijalari, qoida tariqasida, kelib tushgan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflarni ko‘rib chiqish natijalari ko‘rsatilgan holda tegishli vazirliklar, idoralar hamda boshqa tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga (ko‘rib chiqish uchun) kiritiladi.
(24-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o‘zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4473-son qarori 1-bandi.
4-bob. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini ekspertizadan o‘tkazish va kelishish
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy va korrupsiyaga qarshi ekspertizalardan o‘tkazilishi shart.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organning qaroriga ko‘ra iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, lingvistik, ekologik ekspertizadan, shuningdek boshqa turdagi ekspertizalardan o‘tkazilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 694-son “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining raqobatga ta’sirini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizomni hamda Insofsiz raqobatni aniqlash metodikasini tasdiqlash haqida”gi qarori.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashda bevosita ishtirok etmagan tashkilotlar va (yoki) shaxslar ekspertlar sifatida jalb qilinadi. Ekspertiza o‘tkazish uchun olimlar va mutaxassislar, shu jumladan boshqa davlatlar hamda xalqaro tashkilotlardan olimlar va mutaxassislar jalb etilishi mumkin. Ekspertlar normativ-huquqiy hujjat loyihasiga baho berishda mustaqildir va ekspertiza o‘tkazish topshirig‘ini bergan organning nuqtai nazari bilan bog‘liq bo‘lmaydi.
Ekspertlarning normativ-huquqiy hujjat loyihasi bo‘yicha xulosalari tavsiya xususiyatiga ega bo‘lib, ular ishlab chiquvchi yoki normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim. Xulosaning inobatga olinmagan bandlari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan holda ma’lumotnoma tayyorlanadi.
26-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasining huquqiy ekspertizasi
Huquqiy ekspertiza jarayonida normativ-huquqiy hujjat loyihasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, unga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning talablariga muvofiqligi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjat loyihasida havola qiluvchi normalar qo‘llanilishining asosliligi hamda maqsadga muvofiqligi tekshiriladi.
[OKOZ:
1.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.05.00.00 Adliya organlari / 18.05.03.00 Adliya organlari faoliyatiga doir boshqa masalalar]
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasi ishlab chiquvchining yoki normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organning yuridik xizmati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan qonunchilikka muvofiq o‘tkaziladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati to‘g‘risida nizom”ning 16-bandi ikkinchi kichik bandi “v” kichik bandi, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalarning (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.) VII-bobi (“Ishlab chiquvchining yuridik xizmati tomonidan loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazish”).
27-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi;
2.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.05.00.00 Adliya organlari / 18.05.03.00 Adliya organlari faoliyatiga doir boshqa masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini ular manfaatdor tashkilotlar bilan kelishilganidan va boshqa turdagi ekspertizalar amalga oshirilganidan so‘ng o‘tkazadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining huquqiy ekspertizasini, shu jumladan ularda korrupsiya ko‘rinishlarini, boshqa huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlarni yuzaga keltiradigan, jismoniy va yuridik shaxslar uchun ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklovlarni joriy etadigan qoidalar va normalar bor-yo‘qligini aniqlash, shuningdek zarur bo‘lgan normalarni bitta normativ-huquqiy hujjatda aks ettirgan hamda tegishli munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa normalarni bekor qilgan holda, qonunchilikni kodifikatsiya qilish imkoniyati mavjudligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizasini o‘tkazadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 30-oktabrdagi 17-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash uslubiyotini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3470, 31.10.2023-y.).
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarining huquqiy ekspertizasini amalga oshirish jarayonida bu loyihalar ularning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va ularda takrorlovchi yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarining normalariga zid bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar mavjudligini keyinchalik ularni bekor qilish uchun aniqlash nuqtai nazaridan baholanishi shart.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi.
Huquqiy ekspertiza yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan xulosa taqdim etiladi.
Vazirliklar va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarining huquqiy ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(27-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalar (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizom, “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalari” (ro‘yxat raqami 3686, 09.10.2025-y.).
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish Qoidalari” (ro‘yxat raqami 3333, 18.11.2021-y.).
28-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan hamda vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlari
(28-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi ular kelib tushgan sanadan e’tiboran o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan o‘tkaziladi.
Vazirliklar va idoralar normativ-huquqiy hujjatlarining huquqiy ekspertizasi hamda vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ular kelib tushgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(28-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Agar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan loyihalar va ikkinchi qismida ko‘rsatilgan normativ-huquqiy hujjatlar qo‘shimcha o‘rganishni talab qilsa, qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini ko‘rib chiqish muddati besh kungacha, vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini ko‘rib chiqish muddati esa o‘n besh kungacha uzaytirilishi mumkin.
(28-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hududiy bo‘linmalari tomonidan:
xalq deputatlari viloyat, tuman, (shahar) Kengashi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi — ikki ish kuni ichida;
viloyat, tuman, (shahar) hokimi qarorlari loyihalarining huquqiy ekspertizasi — besh ish kuni ichida o‘tkaziladi.
Qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishning boshqa muddatlari belgilanishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish Qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 3333, 18.11.2021-y.) V bobi.
29-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda o‘tkaziladi.
(29-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 8-avgustdagi O‘RQ-860-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.08.2023-y., 03/23/860/0571-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 30-oktabrdagi 17-mh-sonli “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash uslubiyotini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3470, 31.10.2023-y.).
30-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga kiritilguniga qadar:
manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa davlat organlari va tashkilotlar bilan majburiy tartibda kelishiladi.
Kelishish uchun yuborilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga manfaatdor davlat organlari va tashkilotlarning birinchi rahbarlari (alohida hollarda — ularning birinchi o‘rinbosarlari) tomonidan:
qonun hujjatlari loyihalariga — yetti ish kuni ichida;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalariga — uch ish kuni ichida;
vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari loyihalariga — besh ish kuni ichida;
(30-modda ikkinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalariga — uch ish kuni ichida viza qo‘yiladi.
Qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishishning boshqa muddatlari hamda muayyan davlat organlari va tashkilotlar bilan majburiy ravishda kelishishga doir talablar belgilanishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishishning maxsus axborot tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
31-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish muddatlari buzilganligi uchun javobgarlik
Kelishish uchun olingan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ko‘rib chiqish muddatlarining buzilishiga yo‘l qo‘ygan manfaatdor davlat organining va tashkilotning rahbari davlat organlaridagi hamda tashkilotlardagi ijro intizomi doirasida shaxsan javobgar bo‘ladi.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi organlarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va kelishishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
5-bob. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga kiritish. Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish
32-modda. Normativ-huquqiy hujjat loyihasini normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga kiritish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.03.00.00 Davlat tili;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga davlat tilida kiritiladi. Zarur bo‘lgan hollarda, uning boshqa tillardagi tarjimasi taqdim etilishi mumkin.
Tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ekspertiza yakunlari bo‘yicha xulosasi va tushuntirish xati bilan kiritiladi.
Normativ-huquqiy hujjat loyihasiga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda tegishli organlarning normativ-huquqiy hujjat loyihasining tartibga solish ta’sirini baholash bo‘yicha xulosasi (hisoboti), shuningdek moliyaviy-iqtisodiy hisob-kitoblar, statistika ma’lumotlari va uni asoslash uchun boshqa ma’lumotlar ilova qilinadi.
Ishlab chiquvchi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini kiritayotganda uni amalga oshirishga, shuningdek uning mohiyati va ahamiyatini tushuntirish hamda targ‘ib qilishga doir tadbirlar rejasini ilova qiladi.
Ishlab chiquvchi O‘zbekiston Respublikasi qonun loyihasini kiritayotganda, bundan O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi mustasno, xalqaro hujjatlarning va xorijiy mamlakatlar qonunchiligining, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining tegishli qoidalarini, tegishli xalqaro tajribani O‘zbekiston Respublikasi sharoitlarida qo‘llash maqbulligi to‘g‘risidagi asosli takliflarni ketma-ketlik tartibida ko‘rsatgan holda tahliliy qiyosiy jadvalni tayyorlashi shart.
Xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonunchiligi prinsiplari, qoidalari hamda ta’riflarining tayyorlangan batafsil tahlilini o‘z ichiga olgan qiyosiy jadvalsiz kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ko‘rib chiqilmaydi, bundan O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi mustasno.
33-modda. Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va ko‘rib chiqish tartibi]
Normativ-huquqiy hujjat ko‘rib chiqilganidan so‘ng normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ tomonidan qabul qilinadi.
Qoidalari qonunda aks etgan qonunosti hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.03.00.00 Davlat tili]
Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ tomonidan normativ-huquqiy hujjat davlat tilida qabul qilinadi. Zarur bo‘lganda u boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin.
Davlat tilidagi normativ-huquqiy hujjat matni bilan uning boshqa tildagi matni o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda, normativ-huquqiy hujjatning davlat tilidagi matni qo‘llaniladi.
Huquqiy eksperiment normativ-huquqiy hujjatning yoki huquqiy normaning samaradorligini amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi bo‘yicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oralig‘ida sinovdan (tajribadan, aprobatsiyadan va shu kabilardan) o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar majmuidir.
Huquqiy eksperimentni tashkil etishga, o‘tkazishga, uning natijalarini baholashga va joriy etishga doir munosabatlar “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi
(34-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1127-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1127/0280-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
35-modda. Tartibga solish ta’sirini baholash
Tartibga solish ta’sirini baholash normativ-huquqiy hujjat loyihasining qabul qilinishi natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy oqibatlarni va uning tartibga solish maqsadlariga erishilishini, shuningdek amaldagi normativ-huquqiy hujjatning ushbu normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga soluvchi munosabatlarga ta’sirining samaradorligi va natijadorligini aniqlash va baholashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidan iboratdir.
Tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalari tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkaziladi.
Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran besh yil o‘tgach, mas’ul davlat organlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qo‘mitalarining tashabbusiga ko‘ra qonunning samaradorligini, unda belgilangan maqsadga va kutilayotgan natijalarga erishilganligini aniqlash uchun qonunning tartibga solish ta’siri baholashdan o‘tkazilishi mumkin. Mazkur jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar ham jalb etilishi mumkin.
(35-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 10-apreldagi O‘RQ-1054-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2025-y., 03/25/1054/0329-son)
Tartibga solish ta’sirini baholash tartibi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-martdagi PQ-5025-son qarori bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 31-martdagi 7-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tartibga solish ta’sirini baholash uslubiyoti (ro‘yxat raqami 3292, 31.03.2021-y.).
6-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi, kuchga kirishi va amal qilishi
36-modda. Normativ-huquqiy hujjatning rasmiy matnini tasdiqlash
Normativ-huquqiy hujjatning rasmiy matnini tasdiqlash:
O‘zbekiston Respublikasining qonuniga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qaroriga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va qaroriga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining farmoyishlariga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari;
(36-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi O‘RQ-1166-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1166/0842-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga nisbatan — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri;
vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlariga nisbatan — normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ rahbari;
(36-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
xalq deputatlari Kengashlarining qarorlariga nisbatan — tegishli xalq deputatlari Kengashi raisi;
viloyat, tuman va shahar hokimining qarorlariga nisbatan — tegishli hokim tomonidan imzolash orqali amalga oshiriladi.
(36-moddaning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 17-oktabrdagi O‘RQ-976-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar bilan almashtirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.10.2024-y., 03/24/976/0833-son)
37-modda. Vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
(37-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralar normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi.
(37-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.
(37-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralarning mansabdor shaxslari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan normativ-huquqiy hujjatlarni amalga kiritganlik uchun qonunda belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
(37-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(37-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
38-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilishga doir talablar
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.05.00 Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilish va kuchga kirishi]
Normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashrlarda e’lon qilinishi kerak. Hech kim rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.
Normativ-huquqiy hujjatning bayon tarzida rasmiy e’lon qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Normativ-huquqiy hujjat rasmiy e’lon qilinganda uning barcha rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllari ularni qabul qilgan organlarning rasmiy veb-saytlarida normativ-huquqiy hujjat rasmiy e’lon qilinganidan keyin bir kun ichida e’lon qilinishi shart. Vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllarini e’lon qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(38-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonuni,Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi 1013-son “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda e’lon qilishga, shuningdek ularni qonunchilikning elektron ma’lumotnoma tizimlari orqali tarqatishga normativ-huquqiy hujjat rasmiy manbalarda ularning barcha rekvizitlari, ular e’lon qilingan rasmiy nashrlar va ularning kuchga kirish sanasi ko‘rsatilgan holda e’lon qilinganidan so‘ng yo‘l qo‘yiladi. Bunda rasmiy nashrlarda e’lon qilingan normativ-huquqiy hujjat matnining aniq takrorlanishi ta’minlanishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir.
39-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manbalar
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.05.00 Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilish va kuchga kirishi]
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”, “O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik to‘plami”, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi” O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.
“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik to‘plami”, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 181-moddasi.
“O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik to‘plami”, “O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi”, shuningdek vazirliklar va idoralarning rasmiy nashrlari vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.
(39-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
“O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi”, Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron tizimi, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy nashrlari mazkur mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.
(39-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 17-oktabrdagi O‘RQ-976-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.10.2024-y., 03/24/976/0833-son)
40-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning kuchga kirishi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.05.00 Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilish va kuchga kirishi]
Normativ-huquqiy hujjatlar, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
[OKOZ:
1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik to‘g‘risidagi qonunchilik / 09.01.01.00 Umumiy masalalar]
Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomili murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oydan keyin kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 181-moddasi.
LexUZ sharhi
Qonun loyihalarini kuchga kirish to‘g‘risidagi moddalarida “kuchga kirish” tushunchasi qo‘llaniladi. Agarda muayyan qonun kuchga kirishining alohida tartibini o‘rnatish zarur bo‘lsa, qonun loyihalariga hujjatning kuchga kirish tartibi to‘g‘risidagi modda kiritiladi.
41-modda. Normativ-huquqiy hujjatning orqaga qaytish kuchi
Normativ-huquqiy hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi qonunining amal qilishi u amalga kiritilguniga qadar yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi. Agar qonunda mazkur qonun qabul qilinguniga qadar javobgarlikka sabab bo‘lmagan yoki yengilroq javobgarlikka sabab bo‘lgan xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini joriy etish yoxud kuchaytirish nazarda tutilsa, shuningdek agar qonunning qo‘llanilishi natijasida yuridik va jismoniy shaxslarga moddiy zarar yetkaziladigan bo‘lsa, qonunga orqaga qaytish kuchini berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
42-modda. Normativ-huquqiy hujjatning makon bo‘yicha amal qilishi
Normativ-huquqiy hujjatning makon bo‘yicha amal qilishi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organning yurisdiksiyasi bilan belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ uning makon bo‘yicha amal qilish doirasini cheklab qo‘yishi mumkin.
43-modda. Normativ-huquqiy hujjatning vaqt bo‘yicha amal qilishi
Normativ-huquqiy hujjat, agar uning matnida boshqacha izoh berilmagan bo‘lsa, muddatsiz amal qiladi.
Normativ-huquqiy hujjatning amal qilish muddati butun hujjat yoki uning bir qismi uchun belgilanishi mumkin. Bunday holda normativ-huquqiy hujjat yoxud uning bir qismi qaysi muddatga yoki qanday hodisa yuz berguniga qadar o‘z kuchini saqlab qolishi ko‘rsatilishi kerak.
Normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ belgilangan muddat tugaguniga qadar yoki hodisa yuz berguniga qadar hujjatning yoki uning bir qismining amal qilishini yangi muddatga, boshqa hodisa yuz berguniga qadar uzaytirish to‘g‘risida yoxud normativ-huquqiy hujjat qonunchilikka, o‘tkazilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga, jamiyatdagi barqaror huquqiy munosabatlarga muvofiq bo‘lgan taqdirda normativ-huquqiy hujjatga (uning qismiga) muddatsiz tus berish haqida qaror qabul qilishi mumkin.
44-modda. Normativ-huquqiy hujjatning shaxslar doirasi bo‘yicha amal qilishi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.05.00.00 Aholi / 01.05.05.00 Chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar]
Normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslariga, shuningdek o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirganda chet el yuridik shaxslariga, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, tatbiq etiladi.
45-modda. Normativ-huquqiy hujjatning amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish
Normativ-huquqiy hujjatning yoki uning bir qismining amal qilishi uni qabul qilgan organ yoxud uning yuqori turuvchi organi tomonidan muayyan muddatga yoki muayyan hodisa yuz berguniga qadar to‘xtatib turilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomning 18-bandiga hamda “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 3686, 09.10.2025-y.) 5-bobi.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi quyidagi hollarda o‘zining amal qilishini tugatadi:
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi qaysi muddat yoki hodisa yuz berishi uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, o‘sha muddat tugaganida yoki hodisa yuz berganida;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi qonunda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq emas yoxud haqiqiy emas deb topilganda;
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganda;
normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi bekor qilinganda.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasiga muvofiq, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid keladigan qarorlari belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan bekor qilinadi. Shuningdek, hokimlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Hukumat hujjatlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining davlat manfaatlariga zid keladigan hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘xtatiladi va bekor qilinadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Respublika davlat boshqaruv organlarining, shuningdek hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini to‘xtatadi, bekor qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunining 36-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasiga asoslangan holda Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqlidir.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunining 43 va 44-moddalariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining hujjatlari amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan hollarda ularni bekor qilish huquqiga ega, shuningdek viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qonun hujjatlariga zid bo‘lgan qarorlari va farmoyishlari ijrosini to‘xtatib qo‘yish hamda ularni bekor qilishga haqlidir.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasiga muvofiq Xalq deputatlari Kengashi hokimning va quyi Kengashning O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga mos kelmaydigan qarorlarini bekor qiladi. Shuningdek, aytib o‘tilgan Qonunning 25-moddasiga asosan, hokim quyi turuvchi hokimlarning qarorlarini, basharti ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlariga, shuningdek yuqori turuvchi xalq deputatlari Kengashi va hokimning qarorlariga zid bo‘lsa, bekor qiladi va xalq deputatlari Kengashiga quyi turuvchi xalq deputatlari Kengashlarining hujjatlarini bekor qilish to‘g‘risida taqdimnoma kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti favqulodda holat joriy etilgan hududda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining, vazirliklar hamda idoralar buyruqlari va qarorlarining, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining amal qilishini ushbu hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmoniga zid bo‘lgan taqdirda, favqulodda holatning amal qilish muddatida to‘xtatib turishga haqli.
(45-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
46-modda. Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan qayta ko‘rib chiqish
Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan zarur o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar kiritiladi hamda ilgari qabul qilingan barcha normativ-huquqiy hujjatlar yoki ularning qismlari, agar ular yangi huquqiy normalarga zid bo‘lsa yoxud yangi normativ-huquqiy hujjat bilan to‘laligicha qamrab olingan yoki amalda o‘z huquqiy ahamiyatini yo‘qotgan bo‘lsa, lekin rasman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilmagan bo‘lsa, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.
Teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgartishlar va (yoki) qo‘shimchalar, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning yoki ular qismlarining ro‘yxati normativ-huquqiy hujjatning o‘zida ko‘rsatilishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi.
Normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligi munosabati bilan o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritilishi yoki o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan, teng yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlarning yoki ular qismlarining soni ancha ko‘p bo‘lgan taqdirda, mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati alohida hujjat sifatida rasmiylashtiriladi. Bunday hujjat loyihasi ishlab chiquvchi tomonidan tayyorlanadi va normativ-huquqiy hujjat loyihasi bilan bir vaqtda taqdim etiladi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 237-II/150-II-sonli qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalari”ning 7-bobi (“Qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish”) va 8-bobi (“O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan qonunlar ro‘yxati”), “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalarning (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.), VI-bobi (“Qonunosti hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi loyihalarni tayyorlashning xususiyatlari”), “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 3686, 09.10.2025-y.) 5-bobi, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish Qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 3333, 18.11.2021-y.) II bobi (“Qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi loyihalarni tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari”).
Normativ-huquqiy hujjatni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilayotganda uning asosida hamda uni ijro etish uchun qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o‘tkaziladi va ularni ham o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqidagi masala ko‘rib chiqiladi.
(46-modda O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 10-apreldagi O‘RQ-1054-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2025-y., 03/25/1054/0329-son)
47-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini tarqatish
Normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini tarqatish normativ-huquqiy hujjat matnidan moneliksiz foydalanish imkoniyatini ta’minlaydigan har qanday shakllarda amalga oshirilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini tarqatish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonuni,Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-dekabrdagi 1013-son “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
7-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini tashkil etish va ta’minlash
48-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini tashkil etuvchi va ta’minlovchi organlar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ijrosini tashkil etadi hamda ta’minlaydi.
Vazirliklar va idoralar, ularning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlariga kiritilgan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini tashkil etadi hamda ta’minlaydi.
(48-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hududda normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini tashkil etadi hamda ta’minlaydi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunining 1-moddasi.
49-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish va ta’minlashga doir vakolatlari
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.11.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 02.01.00.00ga qarang)]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlari doirasida:
normativ-huquqiy hujjatlarning o‘z vaqtida ijro etilishiga qaratilgan zarur tadbirlarni ishlab chiqadi va (yoki) qarorlar qabul qiladi;
vazirliklar va idoralarning ishlarini muvofiqlashtiradi hamda yo‘naltiradi, ularning normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etishga doir vakolatlarini belgilaydi;
(49-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish uchun zimmasiga javobgarlik yuklatiladigan vazirliklarni, idoralarni hamda mansabdor shaxslarni belgilaydi;
(49-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
normativ-huquqiy hujjatlar o‘z vaqtida ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
50-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etishga doir vakolatlari
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar;
2.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.05.00.00 Adliya organlari / 18.05.03.00 Adliya organlari faoliyatiga doir boshqa masalalar]
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida:
normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi masalalari yuzasidan davlat organlari va tashkilotlarga tushuntirishlar beradi hamda zarur yordam ko‘rsatadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning davlat boshqaruvi organlari tomonidan ijro etilishi masalalariga doir uslubiy ko‘rsatmalarni ishlab chiqadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning davlat boshqaruvi organlari tomonidan ijro etilishi monitoringi va tahlilini o‘tkazadi, ushbu sohadagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat boshqaruvi organlarining normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
davlat boshqaruvi organlarida va tashkilotlarda normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi nuqtai nazaridan ijro intizomiga rioya etilishini o‘rganadi, shu asosda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun axborot-tahliliy hujjatlarni tayyorlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
51-modda. Vazirliklar va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish hamda ta’minlashga doir vakolatlari
(51-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Vazirliklar va idoralar o‘z vakolatlari doirasida:
(51-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
normativ-huquqiy hujjatlarning o‘z vaqtida ijro etilishiga qaratilgan zarur tadbirlarni ishlab chiqadi va (yoki) choralar ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijro etilishiga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining tarqatilishini ta’minlaydi, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarning ijrochilarga yetkazilishi hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishiga doir ishlarni boshqa davlat organlari hamda tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etadi;
normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash uchun o‘z xodimlarini tayyorlashni, qayta tayyorlashni hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, tegishli tarmoqda qonunchilikning qo‘llanilish amaliyotini o‘rganadi va, zarur bo‘lganda, qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan tartibda yuritadi.
Vazirliklar va idoralar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(51-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
52-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini tashkil etish va ta’minlashga doir vakolatlari
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.15.00.00 Mahalliy davlat hokimiyati organlari / 01.15.01.00 Mahalliy davlat vakillik organlari (Xalq deputatlari kengashlari) / 01.15.01.01 Umumiy qoidalar. Mahalliy vakillik organlarini saylash tartibi]
Mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hududda:
normativ-huquqiy hujjatlar o‘z vaqtida ijro etilishiga qaratilgan zarur tadbirlarni ishlab chiqadi va (yoki) choralar ko‘radi;
normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining tarqatilishini ta’minlaydi, boshqa tashkilotlar bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan zarur tushuntirish ishlarini tashkil etadi;
tegishli davlat organlari va tashkilotlarning normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etish bo‘yicha ishlarini muvofiqlashtiradi hamda yo‘naltiradi;
normativ-huquqiy hujjatlarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, qonunchilikning qo‘llanilish amaliyotini o‘rganadi va zarur bo‘lganda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan tartibda yuritadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
53-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi va nazorati
Normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining monitoringi va nazorati qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekistan Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini ta’minlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni.
Normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlar va boshqa tashkilotlar tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan nazoratni, shuningdek ularning ijrosi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha huquqni qo‘llash amaliyoti monitoringini hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining tahlilini amalga oshiradi.
Normativ-huquqiy hujjatlarda bo‘shliqlar, yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar bilan ziddiyatlar, shuningdek ichki ziddiyatlar yoxud boshqa xatolar aniqlangan taqdirda, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organ ularni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘radi.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.16.00.00 Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (shuningdek, 02.05.00.00ga qarang);
3.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.18.00.00 Jamoatchilik nazorati]
Fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq jamoatchilik monitoringi va nazoratini amalga oshiradilar.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
54-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘yiladigan asosiy talablar
Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan asosiy talablar ushbu Qonunning ilovasiga muvofiq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qonunlar loyihalarini tayyorlashda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining hamda O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining prinsiplari va normalari hisobga olinadi. Qonunlar loyihalari qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
LexUZ sharhi
Qonunchilik texnikasining eng muhim talablaridan biri bu — har bir yaratilgan qonun, eng avvalo mantiqiy muntazamlikka asoslangan holda, bir-biriga bog‘liq va har biri oldingi normaning mazmunidan kelib chiqadigan normalar tizimidan iborat bo‘lishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, har bir norma yaxlit bir tizimning mustaqil, biroq o‘zigacha va o‘zidan keyingi normalarga mazmunan bog‘liq birligi sifatida joylashtirilishi lozim.
55-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash
Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash normativ-huquqiy hujjatda noaniqliklar topilgan, u amaliyotda noto‘g‘ri yoki ziddiyatli tarzda qo‘llanilgan taqdirda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga rasmiy sharhni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga rasmiy sharhni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli palatalari beradi.
Qonunosti hujjatlari normalariga rasmiy sharhni ularni qabul qilgan organlar beradi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy sharhlash jarayonida ularga normalarni aniqlashtirishga qaratilgan tuzatishlar, o‘zgartishlar, qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
56-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.06.00 Normativ-huquqiy hujjatlarni hisobga olish va turkumlash]
Normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olish normativ-huquqiy hujjatlarni markazlashtirilgan tarzda yig‘ish, hisobga olish, ularning fondlarini yaratish va nazorat holatida saqlab turishni hamda normativ-huquqiy hujjatlar haqidagi markazlashtirilgan axborotni o‘z ichiga oladi. Qonunchilikda normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olishga doir qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin.
[OKOZ:
1.18.00.00.00 Prokuratura. Advokatura. Notariat. Yuridik xizmat. Adliya organlari. FHDY organlari / 18.05.00.00 Adliya organlari / 18.05.03.00 Adliya organlari faoliyatiga doir boshqa masalalar]
Normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olishni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 22-dekabrdagi 1013-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 18-iyundagi 13-mh-son “Normativ-huquqiy hujjatlarning hisobini yuritish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i.
[OKOZ:
1.21.00.00.00 O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasining qonunlari]
57-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi 160-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 8-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 161-II-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 9-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 568-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 1-2, 18-modda) XXVI bo‘limi;
4) O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi 714-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 18-modda) I bo‘limining 46-bandi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 24-dekabrda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-342-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 333-modda);
6) O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-381-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 12, 343-modda) 18-moddasi;
7) O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-389-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 310-modda) 9-moddasi;
8) O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-411-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 276-modda) 12-moddasi;
9) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-446-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 47-moddasi;
10) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-456-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 1, 1-modda) 22-moddasi;
11) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-459-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 1, 4-modda) 11-moddasi;
12) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-476-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 224-modda) 37-moddasi;
13) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 8-yanvarda qabul qilingan “Ayrim davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-512-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 1, 1-modda) 12-moddasi.
58-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
59-modda. Qonunchilik hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.11.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 02.01.00.00ga qarang)]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
60-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.05.00 Normativ-huquqiy hujjatlarni e’lon qilish va kuchga kirishi]
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-aprel,
O‘RQ-682-son
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning
YAGONA USLUBIYOTI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yagona uslubiyot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini (bundan buyon matnda loyiha deb yuritiladi), shuningdek ularga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish tartibini belgilaydi.
2. Loyihani rasmiylashtirishning asosiy prinsiplari:
yuridik shaklning aniqligi va qat’iyligi;
tilning ravon va tushunarli bo‘lishi;
munosabatlarning tegishli sohasini huquqiy jihatdan tartibga solishning to‘liqligi;
huquqiy jihatdan tartibga solishning aniqligi;
sinovdan o‘tgan atamalar, tushunchalar va ifodalardan foydalanish;
normalar ta’rifining mumkin qadar aniqligi va lo‘ndaligi;
huquqiy ko‘rsatmalarni bayon etish shakli, tuzilishi va usullarining bir xilligi, yagonaligi;
qonunchilik texnikasi qoidalariga rioya etilishi.
2-bob. Loyihaning matniga va tuzilishiga doir talablar
1-§. Umumiy qoidalar
3. Loyihaning matni lo‘nda, oddiy va ravon tilda bayon etilgan bo‘lishi kerak. Loyihaning matni turlicha sharhlash va talqin qilinishlarga olib kelmasligi kerak. Loyihaning jumlalari rasmiy til uslubidan va yuridik atamalardan foydalanilgan holda, umumiy qabul qilingan grammatika, imlo va punktuatsiya qoidalariga muvofiq tuziladi.
4. Loyihaning matni quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:
jumlalarning soddaligi va qisqaligi;
ta’rifning aniqligi;
bayon etishning tizimliligi va ketma-ketligi.
5. Loyihada, shuningdek unga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarda quyidagilarning qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
og‘zaki nutq shakllari;
davlat tilida teng ma’noli so‘zlar va tushunchalar mavjud bo‘lgan taqdirda, chet tillari atamalari;
eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar;
abbreviatura va qisqartmalar (bundan umumiy qabul qilingan abbreviatura va qisqartmalar, shuningdek qonunosti hujjatlarining ilovalaridagi tashkilotlarning qisqartirilgan nomlari mustasno).
6. Loyihada qonunchilikda mavjud bo‘lmagan tushuncha va atamalar, shuningdek texnikaviy va boshqa maxsus tushunchalardan foydalanilganda ularning ta’riflari beriladi. Qonunchilik amaliyotiga muvofiq umum qo‘llaniladigan tushunchalarga ta’rif berish talab etilmaydi.
7. Tushunchaning yoki atamaning ta’rifi uning mazmunini to‘liq ochib berishi kerak. Tushunchani yoki atamani aynan shu tushunchaning o‘zi va atama orqali, shuningdek o‘zi ta’riflanishi lozim bo‘lgan boshqa tushuncha va atamalar orqali ta’riflashga yo‘l qo‘yilmaydi.
8. Loyihada ko‘p marotaba qo‘llanilgan uch va undan ortiq tushunchaga ta’rif berish zarurati bo‘lganda, ular alohida band (modda)da ko‘rsatiladi va loyiha matnining boshida keltiriladi.
9. So‘z birikmalari bir necha marta qo‘llanilgan taqdirda, ular birinchi bor qaysi tarkibiy birlikda (moddada, qismda, bandda, kichik bandda, xatboshida) qo‘llanilgan bo‘lsa, o‘sha tarkibiy birlikda to‘liq tahrirda bayon qilinadi va mazkur tushunchaning loyihaning keyingi qoidalarida qo‘llaniladigan qisqartirilgan ta’rifi qavs ichida bosh kelishikda ko‘rsatiladi.
10. Loyihada, qoida tariqasida, xuddi shunday yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatda ko‘rsatilgan huquqiy normalar qayta takrorlanmaydi.
Zarur bo‘lganda, loyihada yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning ayrim qoidalari mazkur normativ-huquqiy hujjatlarga havola qilingan holda aks ettiriladi.
11. Boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga doir havolalar huquqiy normalarning o‘zaro bog‘liqligini ko‘rsatish zarurati bo‘lgan hollardagina yoki takrorlashlarga yo‘l qo‘ymaslik uchungina loyiha matniga kiritilishiga yo‘l qo‘yiladi. Havolalar aniq bo‘lishi va muayyan normativ-huquqiy hujjat yoki uning alohida qoidalarini ko‘rsatishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 19 — 22-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 237-II/150-II-sonli qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritiladigan qonun loyihalarini va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga taqdim etilgan qonunlarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish qoidalari”, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi uslubiy ko‘rsatmalarning (ro‘yxat raqami 2352, 09.04.2012-y.) 18 — 54-bandlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-oktabrdagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar me’yoriy hujjatlarini huquqiy ekspertizadan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi nizomning 8-bandi, “Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 3686, 09.10.2025-y.) 2-bobi, “Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish, huquqiy ekspertizadan o‘tkazish Qoidalari”ning (ro‘yxat raqami 3333, 18.11.2021-y.) II bobi (“Qaror loyihasining matniga va tuzilishiga doir talablar”).
Har bir havola loyiha bo‘yicha tayyorlanayotgan tushuntirish xatida normativ-huquqiy hujjatning rekvizitlari, uning havola qilinayotgan tarkibiy birligi ko‘rsatilgan holda asoslantirilishi kerak.
Loyihada pastroq yuridik kuchga ega bo‘lgan aniq normativ-huquqiy hujjatlarga, davlat organlarining bayonnomalariga, topshiriqlariga va xatlariga havola qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Qonun loyihasida (qonunda) qonun hujjatlariga havola qilish zarurati bo‘lganda ketma-ketlik tartibida qonun hujjatining turi va nomi ko‘rsatiladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarori bo‘yicha uni qabul qilish sanasi va raqami ham ko‘rsatiladi.
13. Moddaning (bandning) matnini shu normativ-huquqiy hujjatning boshqa moddalarida (bandlarida) takror bayon qilishga, shuningdek idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga boshqa idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishni nazarda tutuvchi normalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
14. Loyihaning tuzilishi huquqiy tartibga solish predmetining mantiqan rivojlanib borishi va yoritilishini ta’minlashi kerak.
15. Hajmiga ko‘ra qonunosti hujjatining loyihasi pasayib boruvchi quyidagi tarkibiy birliklarga bo‘linadi: bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar, paragraflar, bandlar, kichik bandlar va xatboshilar.
Qonun loyihalarining bo‘linishi mazkur bobning 2-paragrafiga muvofiq amalga oshiriladi.
16. Loyihaning bo‘limlari rim raqamlari, kichik bo‘limlari va boblari esa arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi. Paragraflar “§” belgisi bilan belgilanadi, arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi.
Bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar va paragraflarning belgisi va nomi bosh harf bilan, “yarim qora” shriftda, matn markaziga to‘g‘rilangan holda, qo‘shtirnoqlarsiz, qatorlar o‘rtasidagi birlik intervalda va satr boshisiz, bitta qatorda raqami ko‘rsatilib, ketidan nuqta qo‘yilgan holda yoziladi.
17. Quyidagi tarkibiy birlikning kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
agar loyihada boblar bo‘lmasa, “bo‘lim” birligining;
agar loyihada bo‘limlar bo‘lmasa, “kichik bo‘lim” birligining;
agar loyihada bandlar bo‘lmasa, “kichik band” va “xatboshi” birliklarining.
18. Har bir ishlab chiqiladigan loyiha nomga ega bo‘lishi kerak. Nom qisqa, tushunarli ifodalanishi va uning asosiy huquqiy tartibga solish predmetini aks ettirishi zarur.
19. Loyiha uni qabul qilish sabablari va maqsadlarini tushuntirishdan iborat bo‘lgan, loyihaning boshlanishida joylashtiriladigan muqaddimaga ega bo‘lishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatning muqaddimasi uning mazmunini mantiqiy rivojlantiruvchi bir nechta xatboshilarda bayon etilishi mumkin.
Muqaddima:
mustaqil normativ ko‘rsatmalarni o‘z ichiga olmasligi;
moddalar va bandlarga bo‘linmasligi;
normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi munosabati bilan o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi lozim bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga doir havolalarga ega bo‘lmasligi;
loyihada qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarning ahamiyatini o‘z ichiga olmasligi;
raqamlanmasligi kerak.
20. Loyihaning muqaddimasida (idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar uchun majburiy) loyihaning qabul qilinishi uchun asos bo‘lgan yoki ijrosi ta’minlanayotgan qonunchilik hujjatlari ko‘rsatilishi mumkin.
21. Loyihada huquqiy normalar arab raqamlarida nuqta qo‘yilgan holda raqamlanib, moddalar va bandlar tarzida bayon qilinadi, shuningdek sarlavhalarga ega bo‘lmaydi, bundan moddalar mustasno.
Huquqiy normalarni ikkilangan (qo‘shaloq) tarzda raqamlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
22. Har bir modda va band, qoida tariqasida, bitta huquqiy normani o‘z ichiga olishi hamda to‘liq va tugallangan mazmunga ega bo‘lishi kerak.
Loyihaning qaror qismiga eng muhim bo‘lgan huquqiy normalar kiritiladi, bundan qonun loyihalari mustasno.
23. Bandlar kichik bandlar yoki xatboshilarga bo‘linishi mumkin.
24. Kichik bandlar doirasimon qavs bilan yopiladigan kichik harflar bilan belgilanadi. Harflar alifbo bo‘yicha ketma-ketlikda bayon qilinishi kerak.
25. Kichik bandlar faqat xatboshilarga bo‘linishi mumkin. Xatboshilar boshlanishida defis yoki boshqa belgilarni ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
26. Loyihaga talablar, ro‘yxatlar, jadvallar, grafiklar, tariflar, xaritalar, sxemalar, tuzilmalar, hujjatlarning, blankalarning namunalari, shuningdek tavsiya xususiyatiga ega hujjatlar (namunaviy nizomlar, ustavlar, shartnomalar, uslubiy tavsiyalar va boshqalar) ilova qilinishi mumkin.
27. Agar loyihaning qaror qismidagi bandlari (kichik bandlari, xatboshilari) bilan, qonun loyihalarida esa moddalar (qismlar, bandlar, kichik bandlar, xatboshilar) bilan hujjatlarni tasdiqlash nazarda tutilgan bo‘lsa, normativ-huquqiy hujjatning tegishli tarkibiy birligi va u tomonidan tasdiqlanadigan hujjatning nomi bir-biriga mos ravishda bayon etilishi kerak.
28. Bo‘limlardan iborat bo‘lgan ilovalar izchil ketma-ketlikda raqamlangan bandlarga ega bo‘ladi. Bo‘lim rim raqamlari bilan belgilanadigan tartib raqamiga va nomga ega bo‘ladi.
2-§. Qonun loyihalari (qonun) tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari
29. Qonun loyihasining tuzilishi uning mazmuniga bog‘liq bo‘ladi va quyidagi ketma-ketlikda belgilanadi:
qo‘llanilish yoki amal qilish sohasi;
umumiy qoidalar: huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari, qonunda foydalaniladigan tushunchalar va maxsus atamalarning ta’rifi, subyektlarning huquq va majburiyatlari, shuningdek ishlab chiqilayotgan qonun loyihasi normalarini amalga oshirishning mexanizmlari;
qabul qilinayotgan qonun normalarini buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi norma;
ayrim qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni, shuningdek mazkur qonun qabul qilinishi munosabati bilan qonunlarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutadigan normalar;
qabul qilinayotgan qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash zimmasiga yuklatilayotgan subyekt;
qabul qilinayotgan qonunda nazarda tutilgan havolaki normalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va mas’ul ijrochilari;
(29-band O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 10-apreldagi O‘RQ-1054-sonli Qonuniga asosan yettinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2025-y., 03/25/1054/0329-son)
normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilinayotgan qonunga muvofiqlashtirish to‘g‘risidagi topshiriq;
qonunning kuchga kirish tartibi.
30. Qonun loyihasida (qonunda) pastlab boruvchi quyidagi tarkibiy birliklardan foydalaniladi:
qism;
bo‘lim;
kichik bo‘lim;
bob;
paragraf;
modda.
31. Qonun loyihasi (qonun) moddasida pastlab boruvchi quyidagi tarkibiy birliklardan foydalaniladi:
qism;
band;
kichik band;
xatboshi.
Yirik tizimlashtirilgan qonun loyihalari qismlarga, bo‘limlar kichik bo‘limlarga, boblar paragraflarga bo‘linishi mumkin.
32. Qonun loyihasi (qonun) qismining belgisi va nomi sahifaning o‘rtasiga bosh harflar bilan tagma-tag yoziladi. Qonun loyihasi (qonun) qismining nomi “yarim qora” shriftda yoziladi.
33. Bo‘limlar rim raqamlari, kichik bo‘limlar va boblar esa arab raqamlari bilan raqamlanadi hamda sarlavhalarga ega bo‘ladi. Paragraflar “§” belgisi bilan belgilanadi, arab raqamlari bilan raqamlanadi va sarlavhalarga ega bo‘ladi.
Kichik bo‘limlar, boblar va paragraflarning belgisi va nomi bosh harf bilan, bo‘limlarning belgisi va nomi esa bosh harflar bilan “yarim qora” shriftda, qo‘shtirnoqlarsiz, qatorlararo birlik intervalda, bitta qatorda raqami ko‘rsatilib, ketidan nuqta qo‘yilgan holda yoziladi.
34. Qonun loyihasining (qonunning) moddasi:
uning asosiy tarkibiy birligi hisoblanadi;
arab raqamlari bilan belgilanadigan tartib raqamiga ega bo‘ladi;
nomga ega bo‘ladi, bundan ayrim qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qonun loyihalari mustasno.
Modda belgisi bosh harf bilan va xatboshidan yoziladi.
Moddaning nomi uning raqam belgisi bilan bir qatorga bosh harf bilan “yarim qora” shriftda yozilib, undan keyin nuqta qo‘yiladi. Agar modda nomga ega bo‘lmasa, u holda moddaning raqamidan keyin nuqta qo‘yiladi hamda moddaning belgisi bosh harf bilan va yarim qora shrift bilan xatboshidan yoziladi.
Modda raqamlanmaydigan qismlarga bo‘linadi. Modda qismlarining joylashuv tartibi bosh harf bilan boshlanadigan va nuqta bilan tugaydigan xatboshilarni ketma-ket sanash orqali aniqlanadi.
Moddalarning qismlari bandlarga bo‘linib, bandlar doirasimon qavs bilan yopiladigan arab raqamlari yoki kichik harflar bilan belgilanadi. Moddalarning qismlari xatboshilarga bo‘linishi mumkin.
Bandlar qavs ichida arab raqamlari bilan kichik bandlarga yoki xatboshilarga bo‘linishi mumkin.
35. Qonun loyihasining (qonunning) qismlari, bo‘limlari, kichik bo‘limlari, boblari, paragraflari va moddalari izchil ketma-ketlikda raqamlanishi kerak. Har bir bobning (paragrafning) moddalarini alohida-alohida raqamlashga yoki har bir bo‘limning (kichik bo‘limning) boblarini alohida-alohida raqamlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
36. Qonun loyihasiga (qonunga) qismlar, bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar, paragraflar, moddalar yoki butun qonun loyihasiga (qonunga) doir izohlar kiritilishi mumkin emas.
37. Agar qonun loyihasiga (qonunga) bir nechta ilova mavjud bo‘lsa, ular “№” belgisi ko‘rsatilgan holda arab raqamlari bilan raqamlanadi. Qonun loyihasining (qonunning) matnida ilovaga havola qilinganida “№” belgisi ko‘rsatiladi.
Ilova belgisi 12 o‘lchamli shriftda qonun loyihasi (qonun) matnidan keyingi sahifaning yuqorisidagi o‘ng burchakka, qonunning raqami va imzolangan sanasi ko‘rsatilmagan holda joylashtiriladi.
Ilovaning nomi sahifaning o‘rtasiga joylashtiriladi.
3-§. Qonun loyihasi (qonun) normalarini bayon etishga doir umumiy talablar
38. Qonun quyidagi talablarga javob berishi kerak:
normalarning bir xil talqin qilinishini ta’minlovchi, ularni aniqlashtirish uchun qonunosti hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilishni talab etmaydigan holda batafsil ifoda etilishi;
qonun matnida uni amalga oshirishning aniq mexanizmi mavjudligi;
qonun loyihasida huquqiy munosabatlar subyektlari huquq va majburiyatlarining to‘liq ro‘yxati mavjudligi;
deklarativ va mavhum normalarning yo‘qligi.
39. Qonun normalari boshqa qonunlar normalari bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lishi kerak. Bunda qonun normalarining ta’rifi boshqa qonunlarda qo‘llaniladigan ta’riflar bilan bir xil bayon etilishi kerak.
40. Qonun loyihasining (qonunning) matnini ishlab chiqish jarayonida unda qonunchilik tizimlashtiriladi, qonunosti hujjatlarida mavjud bo‘lgan barcha huquqiy normalar birlashtiriladi, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldiruvchi yangi normalar ishlab chiqiladi, ayrim huquqiy ko‘rsatmalar o‘rtasidagi nomuvofiqliklar, asossiz takrorlanishlar va qarama-qarshiliklar bartaraf etiladi.
Bunda qonun qabul qilingach, normalari qonunda o‘z aksini topgan barcha eski qonunosti hujjatlari o‘z tartibga solish zaruratini yo‘qotadi va kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.
41. Bir hujjatda muayyan huquq tarmog‘ining va ijtimoiy munosabatlar sohasining barcha masalalari imkon qadar to‘liq tartibga solinishi kerak. Qonunning ayrim normalarini o‘zgartirish zarurati bo‘lganda, yangi alohida normativ-huquqiy hujjatni shakllantirmagan holda ularni mazkur qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar sifatida rasmiylashtirish kerak.
42. Qonun loyihasi bilan bir vaqtda quyidagilar ishlab chiqiladi:
qonun qabul qilinishi munosabati bilan o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan qonunosti hujjatlar ro‘yxati;
qonun loyihasiga kirgan qonunosti hujjatlari normalarini o‘z ichiga olgan qiyosiy jadval va bunday birlashtirishning asosi;
qonun qabul qilinganligi munosabati bilan amaldagi qonunosti hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoki ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi qaror loyihalari.
3-bob. Loyihalarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va rasmiy e’lon qilish manbalarini ko‘rsatish tartibi
1-§. Umumiy qoidalar
43. Loyihaning matni A4 formatdagi qog‘oz varag‘ining bir tomonida uning masshtabi kichraytirilmagan holda joylashtirilishi kerak.
44. Agar loyiha ikki yoki undan ortiq sahifada bayon etilgan bo‘lsa, uning har bir sahifasi va ilovalari alohida raqamlanishi kerak. Sahifaning tartib raqami sahifaning yuqorisida o‘rtada 2 raqamidan boshlab yoziladi. Birinchi sahifada 1 raqami qo‘yilmaydi.
45. Loyihalar, qoida tariqasida, Misrosoft Word redaktoridan va quyidagi parametrlardan foydalangan holda tayyorlanadi:
sahifaning chap hoshiyasi 3 sm, o‘ng hoshiyasi 2 sm, past va yuqori hoshiyalari 2 sm;
idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari uchun 12 o‘lchamli shrift, boshqa loyihalar uchun 14 o‘lchamli shrift;
birinchi qatorning satr boshisi 1,27 sm (qonun loyihalari uchun 1,25);
qatorlar o‘rtasidagi interval (mnojitel) 1.
46. Loyihaning (bundan idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi mustasno) birinchi sahifa yuqori qismining o‘ng burchagida “Loyiha” so‘zi qo‘yiladi, uning o‘lchami matn shrifti o‘lchami bilan aynan bir xil bo‘lishi lozim.
47. Loyiha turining matni bosh harflar bilan, matnni markazga to‘g‘rilagan holda, “yarim qora” shriftda, qatorlar o‘rtasidagi birlik intervalda va satr boshisiz rasmiylashtiriladi. Qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni va qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari loyihalarining turi ikki qatorda ifodalanadi.
48. Loyihaning nomi kichik harflarda, “yarim qora” shriftda, matn markazga to‘g‘rilangan holda, qo‘shtirnoqlarsiz, qatorlararo birlik intervalda va satr boshisiz yoziladi.
49. Matnning har bir qatorida so‘zlar ko‘chirilmasdan tugallangan bo‘lishi lozim. Har bir qator oxirida bog‘lovchilar, “№” belgisi, sonlar qismi, abbreviaturalar va boshqa shu kabilar, qoida tariqasida, qoldirilmaydi.
50. Ilova belgisi 12 o‘lchamli shriftda sahifaning yuqori o‘ng burchagida, ilovaning raqami (agar ilovalar bir nechta bo‘lsa), ilova qilinayotgan normativ-huquqiy hujjat turi ko‘rsatilgan hamda hujjat raqami va sanasi uchun joy qoldirilgan holda joylashtiriladi.
51. Ilovaning nomi kichik harflarda, “yarim qora” shriftda, matn markazga to‘g‘rilangan holda, qo‘shtirnoqlarsiz, qatorlar o‘rtasidagi birlik intervalda va satrboshisiz yoziladi.
2-§. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini (qonunlarni) yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari
52. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi (qonun) bir nechta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilishni o‘z ichiga olsa, bunday qonun loyihasi (qonun) moddalari nomga ega bo‘lmagan qonun loyihalariga (qonunlarga) nisbatan qo‘llaniladigan umumiy qoidalarga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasidagi (qonundagi) O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining nomi ushbu xalqaro shartnoma imzolangan asl nusxadagi nom bilan aynan bir xil bo‘lishi kerak.
3-§. Idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasini yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning o‘ziga xos xususiyatlari
53. Vazirliklar yoki idoralarning buyruqlari va qarorlari matnlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan tegishli blankalarda yozilishi va ularni qabul qilgan organning (organlarning) nomini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
(53-band O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
54. Bitta buyruq yoki qaror bilan bir nechta nizom, qoida yoki yo‘riqnoma tasdiqlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
4-§. Rasmiy e’lon qilish manbalarini ko‘rsatish tartibi
55. Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganida quyidagilar ko‘rsatiladi:
qonun e’lon qilingan rasmiy manba yoki yangi tahrirdagi (agar u bo‘lsa) qonun e’lon qilingan rasmiy manba;
qonun hujjatiga kiritilgan barcha keyingi o‘zgartish va qo‘shimchalar e’lon qilingan rasmiy manbalar.
56. Qonun o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganda qonun e’lon qilingan rasmiy manba yoki yangi tahrirdagi (agar u bo‘lsa) qonun e’lon qilingan rasmiy manba ko‘rsatiladi. Shuningdek, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan asosiy qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar qaysi qonunlar bilan kiritilgan bo‘lsa, o‘sha qonunlar ham ularning rasmiy e’lon qilingan manbai ko‘rsatilib, alohida tarzda o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.
4-bob. Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi loyihalarni tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari
1-§. Umumiy qoidalar
57. Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi loyiha, qoida tariqasida, quyidagi hollarda tayyorlanadi:
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlarining va Vazirlar Mahkamasi qarorlarining qonunchilikni yangidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiqlashtirishga doir talablarini bajarish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlarini bajarish uchun;
agar ishlab chiqilayotgan loyiha boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zaruriyatini keltirib chiqarsa;
loyihani tayyorlash jarayonida xuddi shunday munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat mavjudligi ma’lum bo‘lib qolganda hamda yangi normativ-huquqiy hujjatni qabul qilmasdan mazkur normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yo‘li bilan huquqiy jihatdan tartibga solish imkoniyati aniqlanganda;
ayni bir masala bo‘yicha bir talay normativ-huquqiy hujjatlar mavjud bo‘lishini va huquqiy normalarda aniqlangan ziddiyatlarni bartaraf etish uchun.
58. Quyidagilar normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartishlar kiritish deb e’tirof etiladi:
raqamlar, so‘zlar, jumlalar, grafalar, bloklar va pozitsiyalarni almashtirish;
xatboshilar, kichik bandlar, bandlar, moddalar (moddalarning qismlari), paragraflar, boblar, kichik bo‘limlar, bo‘limlar, qismlar, ilovalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish yoki raqamlar, so‘zlar, jumlalar, grafalar, bloklar, pozitsiyalar va xatboshilarni chiqarib tashlash;
xatboshilar, kichik bandlar, bandlar, moddalar (moddalarning qismlari), paragraflar, boblar, kichik bo‘limlar, bo‘limlar, qismlar, ilovalarni, shuningdek paragraflar, boblar, kichik bo‘limlar, bo‘limlar, qismlar, ilovalarning nomlarini yangi tahrirda bayon qilish.
Grafa — ikki vertikal chiziq bilan chegaralangan jadval shaklida ifodalangan matnning, hujjatning bo‘limi yoki bandi.
Blok — turli shakllarda (to‘rtburchak, to‘g‘ri burchak, silindr, oval va h.k.) funksional jihatdan birlashtirilgan jadvallarning bir qismi;
Pozitsiya — ikki gorizontal chiziq bilan chegaralangan jadval shaklida grafada ifodalangan matnning, hujjatning bo‘limi, kichik bo‘limi, bobi, bandi, kichik bandi.
59. Quyidagilar normativ-huquqiy hujjatga qo‘shimchalar kiritish deb e’tirof etiladi:
normativ-huquqiy hujjatning tarkibiy birligini yangi so‘zlar, raqamlar yoki jumlalar bilan to‘ldirish;
normativ-huquqiy hujjatlarni tarkibiy birliklar (qism, bo‘lim, kichik bo‘lim, bob, paragraf, ilova, grafa, blok, pozitsiya, modda (moddaning qismi), band, kichik band va xatboshi) bilan to‘ldirish.
591. Qonunosti hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi qonunosti hujjati loyihasining nomida mazkur loyiha bilan kiritilayotgan asosiy o‘zgartish va qo‘shimchalarning mohiyati ko‘rsatilishi kerak.
592. Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi loyiha, qoida tariqasida, uni qabul qilish zaruriyati, sabablari va maqsadlariga oid tushuntirishni qamrab olgan, shuningdek normativ-huquqiy hujjatning mohiyatini va ahamiyatini ochib beradigan muqaddimaga ega bo‘ladi. Zarur bo‘lgan taqdirda, qonunosti hujjati loyihasining muqaddimasida u qaysi qonunchilik hujjatlarini ijro etish uchun yoki qaysi qonunchilik hujjatlariga asosan qabul qilinayotgan bo‘lsa, o‘sha qonunchilik hujjatlari ko‘rsatiladi.
(591 va 592-bandlar O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 26-oktabrdagi O‘RQ-796-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 03/22/796/0966-son)
60. Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi matn quyidagilarga bo‘linadi:
arabcha raqamlar bilan nuqta qo‘yib raqamlanadigan bandlar;
kichik harflarda qavs bilan raqamlanadigan kichik bandlar;
xatboshilar.
61. Agar modda yoki band bilan tegishli normativ-huquqiy hujjatga faqat bitta o‘zgartish yoki qo‘shimcha kiritish nazarda tutilgan bo‘lsa, kichik bandlar qo‘llanilmaydi.
62. Normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishda uning bo‘limlari, kichik bo‘limlari, boblari, paragraflari, moddalari, bandlari raqamlar bilan raqamlanishi hamda kichik bandlarining raqamlar bilan raqamlanishi yoki harflar bilan raqamlanishi o‘zgarmaydi.
63. Agar normativ-huquqiy hujjat yangi tarkibiy birliklar bilan to‘ldirilayotgan bo‘lsa, ularni asosiy raqam yoki harf belgilari tepasiga qo‘yiladigan qo‘shimcha raqamlar bilan belgilash zarur.
64. Asosiy raqam yoki harf belgilari tepasiga qo‘yiladigan raqamlarni qo‘shishga faqat keyingi o‘zgartishlar va qo‘shimchalarni kiritishda yo‘l qo‘yiladi. Tarkibiy birliklarning barcha raqamlanishi o‘zgarishining oldini olish uchun bunday belgilardan faqat keyingi qo‘shimchalarda foydalaniladi.
65. Agar tegishli qo‘shimchalar normativ-huquqiy hujjatning tarkibiy birligi (qism, bo‘lim, kichik bo‘lim, bob, paragraf, modda (moddaning qismi), band, kichik band va xatboshi) oxiriga kiritilayotgan bo‘lsa, mavjud raqamlanish davom etadi.
66. Modda, band yoki kichik band yangi xatboshi bilan to‘ldirilganda mazkur moddaning, bandning yoki kichik bandning keyingi xatboshilari raqamlanishi tegishli tartibda o‘zgaradi.
67. Agar loyiha bir vaqtning o‘zida bir nechta normativ-huquqiy hujjatga yoki ularning tarkibiy birliklariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutayotgan bo‘lsa, mazkur hujjatlar (ularning yuridik kuchi va qabul qilingan sanasi bo‘yicha) xronologik tartibda joylashtiriladi. Aynan bitta sanada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ularning raqamlariga muvofiq ortib borish tartibida joylashtiriladi.
68. Agar qonunosti hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi normalarni o‘z ichiga olgan loyihada ushbu normalar ikki yoki undan ortiq bandni tashkil etsa va katta hajmga ega bo‘lsa, ular loyihaga ilova (ilovalar) tarzida tayyorlanadi.
Bu holda, qonunosti hujjati loyihasining ilovani tasdiqlash nazarda tutilayotgan tarkibiy birligida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan normalarning mohiyati qisqacha bayon etiladi.
(68-band O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 26-oktabrdagi O‘RQ-796-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 03/22/796/0966-son)
69. Normativ-huquqiy hujjatga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilganda mazkur hujjatning turi, qabul qilish sanasi, raqami va nomi ko‘rsatiladi.
70. Agar tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar normativ-huquqiy hujjatning ilovasiga kiritilayotgan bo‘lsa, loyihada tegishli normativ-huquqiy hujjatning nomi keltirilmaydi, balki u bilan tasdiqlangan ilovaning nomi ko‘rsatiladi.
71. O‘zgartirilayotgan, qo‘shilayotgan va chiqarib tashlanayotgan so‘zlar hamda raqamlar qo‘shtirnoq ichiga olinadi.
72. Agar ilovaning, qismning, bo‘limning, kichik bo‘limning, bobning, paragrafning, moddaning, bandning, kichik bandning, xatboshining va jumlaning matnini sezilarli o‘zgartirish talab etilsa, ularni yangi tahrirda bayon etish zarur.
73. Agar normativ-huquqiy hujjatning qismi, bandi yoki kichik bandi kirish xatboshisining davomi bo‘lgan xatboshilardan iborat bo‘lsa, xatboshilarni hisoblash kirish xatboshisidan boshlanadi.
74. Qonunosti hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi loyihaning ilovasi faqat bandlardan iborat bo‘ladi. Bu holda bandlardan iborat o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning ro‘yxati keltiriladi.
75. Butun normativ-huquqiy hujjatni yoki uning kichik bandiga qadar bo‘lgan, shu jumladan kichik bandni ham qo‘shgan holda, tarkibiy birligini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zarur bo‘lgan hollarda, ushbu hujjat umuman yoki uning kichik bandiga qadar bo‘lgan, shu jumladan kichik bandni ham qo‘shgan holda, tarkibiy birligi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.
Normativ-huquqiy hujjatning xatboshi tarzidagi tarkibiy birligini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zarur bo‘lgan hollarda, mazkur xatboshi chiqarib tashlanadi.
76. Normativ-huquqiy hujjatning tegishli tarkibiy birliklari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan taqdirda, keyingi tarkibiy birliklarning raqamlanishi o‘zgarmaydi.
Xatboshi chiqarib tashlanganda keyingi xatboshilarning ketma-ketligi qayta ko‘rib chiqiladi.
(76-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 26-oktabrdagi O‘RQ-796-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.10.2022-y., 03/22/796/0966-son)
77. Agar normativ-huquqiy hujjatda faqat bitta amaldagi tarkibiy birlik mavjud bo‘lib, qolganlari esa o‘z kuchini yo‘qotgan bo‘lsa, ushbu tarkibiy birlikni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zarur bo‘lgan taqdirda, butun normativ-huquqiy hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi shart.
78. O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning ro‘yxatlariga amal qilish muddati tugagan vaqtinchalik tusdagi hujjatlar yoki normalar kiritilmaydi.
79. Amal qilish muddati tugagan normativ-huquqiy hujjat alohida normasining yoki butun normativ-huquqiy hujjatning amal qilish muddati uzaytirilmaydi. Bu holda yangi norma kiritilishini nazarda tutuvchi loyiha tayyorlanadi.
80. Agar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan moddada (moddaning qismida, bandida, kichik bandida va xatboshisida), bandda, kichik bandda yoki xatboshida tegishli ravishda o‘z kuchini yo‘qotishi kerak bo‘lgan ilovaga ko‘rsatma mavjud bo‘lsa, mazkur tarkibiy birlik va unda nazarda tutilgan ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.
Agar ilova to‘liq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi mumkin bo‘lmasa, uning faqat tegishli tarkibiy birliklari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi (chiqarib tashlanishi) lozim.
81. Normativ-huquqiy hujjat to‘liq yoki qisman o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan taqdirda, o‘z kuchini to‘liq yoki qisman yo‘qotgan deb topilayotgan normativ-huquqiy hujjatga qaysi normativ-huquqiy hujjatning qoidalariga ko‘ra o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan bo‘lsa, o‘sha normativ-huquqiy hujjatning tegishli qoidalari ham o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim.
Ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan taqdirda, ilgari qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning amal qilishi tiklanmaydi. Mazkur qoida normativ-huquqiy hujjatning tarkibiy birligini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishga (chiqarib tashlashga) nisbatan ham tatbiq etiladi.
2-§. Qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihalari (qonunlar), shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladigan qonunlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan qonun loyihalari (qonunlar) tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlari
82. O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi (qonun) nomlanishga ega bo‘lmagan moddalardan iborat bo‘ladi. Moddalar bandlarga yoki xatboshilarga bo‘linadi. Moddalardagi bandlar xatboshilarga bo‘linadi.
Qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish va qonunlarni yoki ularning tarkibiy birliklarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi normalar qonunlarda arab raqamlari bilan raqamlanib, kichik qavslar bilan yopiladigan bandlardan iborat alohida moddalar tarzida bayon etilishi mumkin.
5-bob. Loyihaga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallarga qo‘yiladigan asosiy talablar
83. Loyihaga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallar, qoida tariqasida, axborot-tahliliy materialning hajmiga qarab Misrosoft Word redaktoridan va quyidagi parametrlardan foydalangan holda tayyorlanadi:
sahifaning chap hoshiyasi 1 — 3 sm, o‘ng hoshiyasi 1-2 sm, pastki va yuqori hoshiyasi 1-2 sm;
axborot-tahliliy materialning hajmiga qarab 11 — 14 o‘lchamli shrift;
birinchi qator xatboshisi 0,50 — 1,27 sm;
qatorlar o‘rtasidagi interval (mnojitel) 1 — 1.2.
84. Loyihaning tushuntirish xatida quyidagilar bo‘lishi kerak:
normativ-huquqiy hujjatni tayyorlash uchun asos va uni qabul qilish zarurligini asoslantirish, shu jumladan loyiha tayyorlash topshirilgan normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek yuqori turuvchi organning topshiriqlari (topshiriq mavjud bo‘lganda) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
loyihani ishlab chiquvchining to‘liq nomi;
maqsadlar va vazifalar, shuningdek loyiha bilan belgilanadigan asosiy qoidalar, ularning qisqacha asosi. Bunda loyihaning erishishga yo‘naltirilgan asosiy maqsadlari belgilanadi, loyihaning aniq maqsadlarga erishishga vosita bo‘lishi mumkin bo‘lgan alohida qoidalari qisqacha ko‘rsatiladi;
qonun loyihasini tayyorlashda tegishli sohada qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadigan munosabatlarni qonun darajasida tartibga solish imkoniyati ko‘rib chiqilganligi to‘g‘risidagi axborot;
(84-band O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 10-apreldagi O‘RQ-1054-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 10.04.2025-y., 03/25/1054/0329-son)
normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishdan kutilayotgan natijalar. Bunda normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi munosabati bilan huquqiy jihatdan tartibga solish natijasida yuz berishi mumkin bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlar keltiriladi. Kutilayotgan natijalar, miqdoriy ko‘rsatkichlar ko‘rsatilgan holda bayon qilinishi ham mumkin;
loyiha predmetiga taalluqli bo‘lgan xalqaro hujjatlar va xorijiy mamlakatlar qonunchiligining prinsiplari, qoidalari va ifoda shakllari to‘g‘risidagi axborot (qonunosti hujjatlari uchun — zarur bo‘lgan taqdirda). Tegishli sohada ijobiy xorijiy tajriba mavjud bo‘lgan taqdirda, tushuntirish xatida loyihani tayyorlashda hisobga olingan norma nazarda tutilgan davlat, hujjatning turi, nomi va qisqacha mazmuni ko‘rsatilishi mumkin;
loyiha mazmunining tavsifi, unda loyihaning tuzilishi bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar, paragraflar va moddalarning mazmuni bilan birga qisqacha bayon etiladi (qonunosti hujjatlari uchun — zarur bo‘lgan taqdirda). Zarur bo‘lganda normativ-huquqiy hujjatning eng muhim qismini tashkil etuvchi qoidalarning asosiy mohiyati ochib beriladi;
normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi munosabati bilan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish yoxud ularni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish zaruriyati mavjudligi yoki mavjud emasligi to‘g‘risidagi axborot;
loyihada foydalaniladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga havolaning har birini asoslash. Bunda unga havola qilinadigan loyiha normasining mazmuni qisqacha ochib beriladi;
agar normativ-huquqiy hujjatning qoidalarini amalga oshirish qo‘shimcha moliyaviy xarajatlarni talab etsa yoki O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetida yo‘qotishlarga olib kelsa, qisqacha moliyaviy-iqtisodiy asos. Agar normativ-huquqiy hujjatning qoidalarini amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan xarajatlarni talab etmasa yoki yo‘qotishlarga olib kelmasa, u holda bu haqda tushuntirish xatida tegishli axborot keltiriladi;
loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan jamoatchilik va (yoki) mutaxassislar muhokamasi hamda uning natijalari to‘g‘risidagi axborot, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida o‘tkazilgan muhokama natijalari yuzasidan axborot;
loyihani manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishib olish to‘g‘risidagi axborot. Bunda loyiha kelishilgan (viza qo‘yilgan) manfaatdor vazirliklar va idoralar sanab o‘tiladi;
loyiha bo‘yicha kelishmovchiliklar mazmunining qisqacha bayoni va ular to‘g‘risidagi asoslantirilgan fikr (kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda);
loyihani asoslash uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
85. Taqqoslash jadvali quyidagi uchta grafadan iborat bo‘ladi:
o‘zgartish yoki qo‘shimcha kiritish taklif etilayotgan normativ-huquqiy hujjat tegishli tarkibiy birligining amaldagi tahriri;
loyihada taklif etilayotgan tahrir;
kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning asosi.
Taqqoslash jadvalida tegishli tarkibiy birlikning amaldagi va taklif etilayotgan tahriri grafalari quyidagi tarzda bayon etiladi:
amaldagi tahrir grafalarida o‘zgartirilayotgan so‘zlar (raqamlar) kursiv bilan tagiga chizib ko‘rsatiladi, taklif etilayotgan tahrir grafalarida esa “yarim qora” shrift bilan ajratib ko‘rsatiladi;
taklif etilayotgan tahrir grafasida qo‘shilayotgan so‘zlar (raqamlar) “yarim qora” shrift bilan ajratib ko‘rsatiladi;
amaldagi tahrir grafasida chiqarib tashlanayotgan so‘zlar (raqamlar) va xatboshilar, shuningdek o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan boshqa tarkibiy birliklar “yarim qora kursiv” shrift bilan ajratib ko‘rsatiladi.
Agar loyihada tegishli tarkibiy birlikning yangi tahriri bayon etilsa, faqat o‘zgartirilayotgan, qo‘shilayotgan, chiqarib tashlanayotgan so‘zlar (raqamlar) ajratib ko‘rsatiladi.
Amaldagi va taklif etilayotgan tahrirlarning grafalarida tarkibiy birlikning o‘zgartish kiritilayotgan tarkibiy birlik bilan bog‘liq bo‘lgan va kiritilayotgan tuzatishlarning ko‘rinarli bo‘lishini ta’minlaydigan tegishli qismlari oddiy shriftda keltiriladi.
Qism yoki xatboshi belgisidan ham foydalaniladi, “to‘ldirilmoqda”, “chiqarib tashlanmoqda”, “ko‘chirilmoqda” degan so‘zlar qo‘llaniladi.
86. Kelishmovchiliklar jadvali (normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan loyiha bo‘yicha tayyorlangan kelishmovchiliklar jadvalidan tashqari) quyidagi uchta grafadan iborat bo‘ladi:
normativ-huquqiy hujjat tegishli tarkibiy birligining taklif etilayotgan tahriri;
manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali orqali kelib tushgan fikr-mulohazalar va takliflar;
ko‘rib chiqish natijalari.
Kelishmovchiliklar jadvalining “Taklif etilayotgan tahrir” grafasida fikr-mulohazalar va takliflar taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatning tegishli tarkibiy birligi aks ettiriladi.
Kelishmovchiliklar jadvalining “Manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari” grafasida loyiha bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini taqdim etgan organ hamda tashkilotning taklif va mulohazalari yoki ular asosida bayon etilgan tahrir keltiriladi.
Kelishmovchiliklar jadvalining “Ko‘rib chiqish natijalari” grafasida taqdim etilgan fikr-mulohazalar va takliflarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiquvchi tomonidan ko‘rsatiladi. Agar fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinsa, fikr-mulohazalar va takliflar berilgan tarkibiy birlikning yangi tahriri keltiriladi. Agar fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinmasa, qaysi asoslovchi ma’lumotlar sababli mazkur fikr-mulohazalar va takliflar inobatga olinmagan bo‘lsa, o‘sha ma’lumotlar tegishli tartibda ko‘rsatiladi.
87. Normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi loyiha bo‘yicha tayyorlangan kelishmovchiliklar jadvali quyidagi to‘rt grafadan iborat bo‘ladi:
o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilayotgan normativ-huquqiy hujjat tegishli tarkibiy birligining amaldagi tahriri;
loyihada taklif etilayotgan tahrir;
manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari;
ko‘rib chiqish natijalari.
Birinchi ikkita grafa qiyosiy jadval bo‘yicha bayon etiladi.
“Manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari” hamda “Ko‘rib chiqish natijalari” grafalarida loyihani kiritayotgan organ tomonidan ushbu Yagona uslubiyot 86-bandining oltinchi va yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
88. Normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish va kelishib olish xronologiyasi haqidagi ma’lumotnomada quyidagilar ko‘rsatiladi:
normativ-huquqiy hujjatning turi;
normativ-huquqiy hujjatning nomi;
normativ-huquqiy hujjatni kiritish uchun asos;
loyihani ishlab chiquvchining nomi;
normativ-huquqiy hujjat kelishib olingan sana, vazirlik va idoraning nomi, uning rahbarining F.I.O. va lavozimi, kelishib olish natijalari to‘g‘risidagi axborotni, normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan organlarga kiritilgan sanani o‘z ichiga olgan jadval.
89. Konsepsiyada quyidagilar belgilanishi kerak:
huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy g‘oyasi, maqsadi va predmeti;
tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning umumiy tavsifi va uning holatiga berilgan baho mazkur sohada amalda bo‘lgan qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tahlili ilova qilingan holda;
qonun loyihalarini ishlab chiqish zaruriyatining asosi;
qonun loyihalarining asosiy qoidalari;
bo‘lajak qonunning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa oqibatlari prognozi.
90. Huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy g‘oyasi, maqsadi va predmetini aniqlashda konsepsiyada qonun loyihasining mazmuni, u erishishga yo‘naltirilgan asosiy vazifalar va maqsadlar, loyiha tartibga solishi kerak bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar ochib beriladi, shuningdek uning amal qilishi tatbiq etiladigan qo‘llanilish sohasi, huquqiy munosabatlar subyektlarining vakolatlari (huquqlari va majburiyatlari) bayon etiladi.
91. Tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning umumiy tavsifida va uning holatiga berilgan bahoda ushbu sohada amal qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning holati aks ettiriladi, xususan:
tegishli sohada huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari;
qonunchilikdagi bo‘shliqlar va ziddiyatlar, eskirgan, amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, samarasiz yoxud amalga oshirish mexanizmiga ega bo‘lmagan qoidalarning mavjudligi;
huquqiy jihatdan tartibga solishning mavjud kamchiliklarini bartaraf etishning oqilona va samaraliroq usullari;
xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek xorijiy mamlakatlardagi huquqiy jihatdan tartibga solish tajribasi;
statistika, jamiyatshunoslik, siyosatshunoslikka oid tadqiqotlarni, shuningdek boshqa ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish natijalari;
bo‘lajak qonunni amalga oshirish uchun qabul qilinishi zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlari ro‘yxati ko‘rsatiladi.
Qonun loyihalarini ishlab chiqish zaruriyati asosida qonunni qabul qilish zarurligidan dalolat beruvchi dalillar bayon qilinadi.
92. Bayon qilinadigan dalillar aniq, asoslangan bo‘lishi va muammoning amaldagi qonunchilik mukammal emasligi bilan sabab-oqibat aloqasini belgilashi kerak. Qonun loyihasi tegishli bo‘lgan qonunchilik tarmog‘i, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining hujjat orqali amalga oshirishga qaratilgan qoidalari, shuningdek uning huquqiy tizim uchun ahamiyati ham ko‘rsatiladi.
93. Qonun loyihalarining asosiy qoidalarida bo‘lajak qonunda belgilanadigan qoidalar, imkoniyat bo‘lganda bo‘limlar, kichik bo‘limlar, boblar, paragraflar va moddalarning qisqa mazmuni bayon etilgan namunaviy tuzilmasi bayon qilinadi.
94. Bo‘lajak qonunning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va boshqa oqibatlari prognozi taxmin qilinayotgan oqibatlar va uni amalga oshirishdan kutilayotgan pirovard natijalari tavsifini o‘z ichiga oladi. Bunda bo‘lajak qonun amalga oshirilishining nafaqat ijobiy, balki ehtimoldagi salbiy oqibatlari ham hisobga olinishi kerak. Bo‘lajak qonunning huquqiy oqibatlarini prognoz qilishda, zarur bo‘lganda, uning ijro etilishini ta’minlaydigan ma’muriy-huquqiy, sud-huquq mexanizmlari ham hisobga olinadi.
95. Ishlab chiquvchi konsepsiyada boshqa zarur axborotni ham ko‘rsatishi mumkin.
Tayyorlangan konsepsiya, agar qonun loyihasini tayyorlash to‘g‘risidagi topshiriqda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ishlab chiquvchining rahbari tomonidan tasdiqlanadi, shundan keyin qonun loyihasining bevosita matni tayyorlanadi.
Zarur bo‘lganda, konsepsiya yuqori turuvchi organlar bilan oldindan kelishib olinishi mumkin.
96. Tayyorlangan qonun loyihasiga quyidagilar ham ilova qilinadi:
xalqaro hujjatlarning va xorijiy mamlakatlar qonunchiligining, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining tegishli qoidalari, tegishli xalqaro tajribani O‘zbekiston Respublikasi sharoitida qo‘llashning maqbulligi to‘g‘risidagi asoslantirilgan takliflar ketma-ketlik tartibida ko‘rsatilgan holdagi tahliliy-qiyosiy jadval;
qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan qabul qilinishi, o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritilishi, o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan qonunosti hujjatlarining ro‘yxati. Bunda qonunosti hujjatini qabul qilish, unga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritish uchun asoslar va ularning qabul qilinishi, ularga o‘zgartish yoki qo‘shimchalar kiritilishi uchun mas’ul bo‘lgan organlar qisqacha ko‘rsatiladi.
Qonun loyihasiga boshqa tahliliy va axborot materiallari ham ilova qilinishi mumkin.
6-bob. Ishlab chiquvchining yuridik xizmati tomonidan loyihaning huquqiy ekspertizasini o‘tkazish
97. Loyihada ishlab chiquvchining birinchi rahbari tomonidan viza qo‘yilishidan oldin uning yuridik xizmati loyihani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, shuningdek havola qiluvchi normalarni qo‘llashning asosliligi va maqsadga muvofiqligi nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi.
Loyihalarning huquqiy ekspertizasi jarayonida yuridik xizmat ularda korrupsiya uchun, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida boshqa huquqbuzarliklarni sodir etish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi, shuningdek tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha ma’muriy hamda o‘zga cheklovlarni joriy etuvchi, tadbirkorlik subyektlarining asossiz xarajatlari yuzaga kelishiga olib keluvchi qoidalar va normalar bor-yo‘qligini aniqlash nuqtai nazaridan tahlilni ham amalga oshiradi.
98. Loyiha qonunchilikka, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiq bo‘lgan, shuningdek havola qiluvchi normalarning qo‘llanilishi asosli va maqsadga muvofiq bo‘lgan taqdirda, yuridik xizmat uning yuzasidan huquqiy xulosa tayyorlaydi, xulosa yuridik xizmat rahbari (yuridik xizmat rahbari lavozimi mavjud bo‘lmagan taqdirda yuriskonsult) tomonidan imzolanadi.
99. Yuridik xizmatning huquqiy xulosasida quyidagilar aks ettiriladi:
normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish qaysi normativ-huquqiy hujjatlarga binoan topshirilgan bo‘lsa, o‘sha normativ-huquqiy hujjatlar (nomi, qabul qilingan sanasi, raqami, e’lon qilingan rasmiy manbai, topshiriq bayon etilgan tegishli moddasi yoki bandi (kichik bandi, xatboshisi) to‘g‘risidagi, shuningdek yuqori organning topshiriqlari (organning nomi, topshiriqning raqami va sanasi, zarur bo‘lgan taqdirda, topshiriq bergan mansabdor shaxs) to‘g‘risidagi ma’lumotlar (topshiriq mavjud bo‘lganda);
loyiha asosiy qoidalarining huquqiy tabiati tushuntirilgan holda, bu qoidalar mohiyati va ahamiyatining qisqacha bayoni;
loyihaning qonunchilikka, qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiqligi, shuningdek loyihadagi har bir havola qiluvchi norma qo‘llanilishining asosliligi va maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosa;
loyihaning korrupsiyaga qarshi va boshqa turdagi ekspertizalardan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
100. Loyiha qonunchilikka va qonunchilik texnikasi qoidalariga muvofiq bo‘lmaganda, shuningdek havola qiluvchi normalar asossiz va maqsadga nomuvofiq bo‘lganda, yuridik xizmat ishlab chiquvchining loyihani tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasiga uni tegishli fikr-mulohazalar bilan maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
7-bob. Loyihani manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishib olish
101. Loyiha yuzasidan yuridik xizmat tomonidan xulosa taqdim qilinganidan keyin ishlab chiquvchi unga birinchi rahbar darajasida viza qo‘yadi hamda uni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishib olish yagona elektron tizimi orqali uzil-kesil kelishib olish (viza qo‘yish) uchun manfaatdor organlar va tashkilotlarga (bundan buyon matnda manfaatdor organlar deb yuritiladi) yuboradi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
102. Quyidagilar bilan majburiy tartibda kelishib olinadi:
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan — barcha loyihalar, shu jumladan davlat rivojlanish dasturlari va investitsiya dasturlari loyihalari;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan — O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlaridan mablag‘lar ajratish, shuningdek davlat xaridlarini amalga oshirish masalalariga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan — investitsiyalar, savdo va iqtisodiy jihatdan tartibga solish masalalariga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan — davlat fuqaroviy xizmatini tartibga solish, shu jumladan davlat organlari va tashkilotlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish, shuningdek ularning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tashkiliy-shtat tuzilmasini o‘zgartirish masalalariga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan — aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish masalalariga doir loyihalar;
(102-band O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 18-oktabrdagi O‘RQ-977-sonli Qonuniga asosan oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.10.2024-y., 03/24/977/0831-son)
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan — davlat-xususiy sheriklik masalalariga doir loyihalar;
O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining kengashi bilan — fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan — tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi masalalarga doir loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan — tovar va moliya bozorlaridagi raqobat masalalariga doir, shuningdek davlat yordami berilishini nazarda tutuvchi loyihalar;
(102-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-954-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2024-y., 03/24/954/0682-son)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan — hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahalliy davlat dasturlariga oid loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan — yer qa’rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va uni muhofaza qilish, shuningdek konchilik sohasidagi munosabatlarni boshqarishga oid loyihalar;
O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi bilan — advokatlik faoliyati va sud ishlarini yuritish bilan bog‘liq masalalarga doir loyihalar.
O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasi bilan — soliq maslahatiga oid faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalariga doir loyihalar;
(102-band O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 4-avgustdagi O‘RQ-787-sonli Qonuniga asosan o‘n uchinchi xatboshisi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.08.2022-y., 03/22/787/0708-son — 2022-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
Loyihalar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda boshqa davlat organlari hamda tashkilotlar bilan ham majburiy tartibda kelishib olinadi.
Hukumatning faoliyati bilan bog‘liq loyihalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xulosasi olinadi.
103. Agar manfaatdor organning rahbarida loyiha yuzasidan fikr-mulohazalar va takliflar bo‘lsa, u o‘z fikr-mulohazalari hamda takliflarini Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishib olish yagona elektron tizimida asoslagan holda ko‘rsatadi hamda loyihani fikr-mulohazalar va takliflar bilan imzolaydi.
104. Xatda asoslanmagan fikr-mulohazalar va takliflar ishlab chiquvchi tomonidan qabul qilinmasligi mumkin. Bunda asoslanmagan fikr-mulohazalar va takliflar qabul qilinmaganligining oqibatlari uchun javobgarlik manfaatdor organning o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini asoslab bermagan birinchi rahbari zimmasiga yuklatiladi.
105. Qabul qilinishi loyihaning mazmuni va tuzilishini jiddiy ravishda o‘zgartiradigan, loyihaga doir bo‘lgan fikr-mulohazalar hamda takliflar mavjud bo‘lgan taqdirda manfaatdor organ o‘zining loyiha variantini Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni kelishib olish yagona elektron tizimi orqali ishlab chiquvchiga taklif etishi mumkin.
106. Ishlab chiquvchi manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflarini ko‘rib chiqadi, zarur hollarda, loyihaga tegishli tuzatishlar kiritadi.
107. Manfaatdor organlarning fikr-mulohazalari va takliflari bo‘yicha kelishmovchiliklar jadvali tuzilib, u birinchi rahbar (alohida hollarda — uning birinchi o‘rinbosari) tomonidan imzolanadi.
Ko‘rib chiqish natijalari jadvalda “qabul qilindi”, “qabul qilinmadi” tarzida aks ettiriladi. Qabul qilinmagan fikr-mulohazalar va takliflar yuzasidan ularning qabul qilinmaganligi asosi ko‘rsatiladi.
108. Kelishmovchiliklar jadvali loyiha bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga belgilangan tartibda kiritiladi.
8-bob. Loyihaning O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidagi huquqiy ekspertizasi
109. Barcha manfaatdor organlar bilan kelishib olinganidan keyin ishlab chiquvchi loyihani normativ-huquqiy hujjatni qabul qiluvchi organga kiritishdan oldin uni huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun quyidagilarni ilova qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboradi:
takliflarni ko‘rib chiqish natijalariga doir jadval;
ishlab chiquvchining yuridik xizmati rahbari (yuridik xizmat rahbari lavozimi mavjud bo‘lmagan taqdirda — yuriskonsult) tomonidan imzolangan huquqiy xulosa, unda uni imzolagan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi, aloqa bog‘lanadigan telefonlari ko‘rsatilishi kerak;
agar loyihaga ko‘ra boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilayotgan bo‘lsa, taqqoslash jadvali;
loyihani ishlab chiqish reja-jadvali — qonun loyihalari uchun;
xalqaro hujjatlarning va xorijiy mamlakatlar qonunchiligining, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining tegishli qoidalari, tegishli xalqaro tajribani O‘zbekiston Respublikasi sharoitlarida qo‘llash maqbulligi to‘g‘risidagi asosli takliflar izchil ketma-ketlikda ko‘rsatilgan holdagi tahliliy qiyosiy jadval (qonunosti hujjatlari uchun — zarur bo‘lgan taqdirda);
kelishmovchiliklar jadvali, agar loyiha manfaatdor organlar tomonidan fikr-mulohazalar va takliflar bilan kelishilgan (viza qo‘yilgan) bo‘lsa hamda mazkur organlarning ushbu fikr-mulohazalari va takliflari bayon etilgan xatlarning ko‘chirma nusxalari;
tartibga solish ta’sirini baholash to‘g‘risida axborot va xulosa (qonunchilikda belgilangan hollarda);
loyihani ishlab chiqish va kelishib olish xronologiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar.
110. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiquvchiga quyidagi hollarda huquqiy ekspertiza o‘tkazilmasdan qaytariladi:
loyiha barcha manfaatdor organlar bilan ularning birinchi rahbarlari (alohida hollarda — ularning birinchi o‘rinbosarlari) darajasida kelishib olinmaganda;
Ushbu Yagona uslubiyotning 109-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar loyihaga ilova qilinmaganda.
111. Loyihaning huquqiy ekspertizasi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri (alohida hollarda — vazirning birinchi o‘rinbosari) loyihaga viza qo‘yadi.
Fikr-mulohazalar va takliflar mavjud bo‘lgan taqdirda loyihaga fikr-mulohazalar va takliflar bilan viza qo‘yiladi.