toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 23.06.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT SUV KADASTRINI ISHLAB CHIQISH VA YURITISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 22-iyundagi 317-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kadastrlari yagona tizimining tashkil etilishini va amal qilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari I.H. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 7-yanvar,
11-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Davlat suv kadastri (keyingi oʻrinlarda — Davlat suv kadastri) “Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq suv resurslaridan oqilona foydalanishni tashkil etish, suv xoʻjaligi munosabatlarini tartibga solish, xoʻjalik faoliyatini, ekologik vaziyatni baholash maqsadida ishlab chiqiladi va yuritiladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi.
2. Davlat suv kadastri yagona davlat suv fondini tashkil etuvchi suv obyektlari, suv resurslari, suv rejimi, sifati va undan foydalanish haqidagi, shuningdek, suvdan foydalanuvchilar, suv isteʼmolchilari va suv xoʻjaligi obyektlari, suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonasi, ichimlik va oqova suvlar toʻgʻrisidagi tartibga solingan, doimiy toʻldirib boriladigan va zarurat boʻlganda aniqlashtiriladigan maʼlumotlar toʻplamini ifodalaydi.
3. Yer usti va yer osti suv obyektlari va ularning resurslari Davlat suv kadastrining obyektlari hisoblanadi.
4. Tabiiy suv resurslarini, ulardan miqdor va sifat koʻrsatkichlari boʻyicha foydalanishni har tomonlama oʻrganish va baholash, suvdan foydalanish huquqini va suvdan xoʻjalik maqsadlarida foydalanishni roʻyxatdan oʻtkazish Davlat suv kadastrining predmeti hisoblanadi.
Suv resurslarini baholash deganda ham yil mobaynida, ham koʻp yillar mobaynida standart gidrometrik asboblar bilan oʻlchash orqali ularni miqdor va sifat koʻrsatkichlari boʻyicha muntazam hisobga olish, olingan maʼlumotlarning ishonchliligi tahlili, ularni standart usullar bilan qayta ishlash va turli hududiy va vaqt birliklari boʻyicha umumlashtirish tushuniladi.
5. Davlat suv kadastri davlat hokimiyati organlarini, yuridik va jismoniy shaxslarni suv va suv xoʻjaligi obyektlari, suv resurslari, suv rejimi, sifati va undan foydalanish, shuningdek, suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlar bilan taʼminlash uchun moʻljallangan.
6. Eng kam chiqimlar bilan zamonaviy darajada axborotlarni toʻplash, umumlashtirish, saqlash va taqdim etish texnologiyasini doimiy ravishda takomillashtirib borish yoʻli bilan suv resurslari va suv obyektlari haqida ishonchli axborotni olish va saqlash Davlat suv kadastrining asosiy vazifasi hisoblanadi.
7. Suv obyektlari, suvdan foydalanuvchilar, suv isteʼmolchilari va suv xoʻjaligi obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, suv miqdori va sifatini hisobga olish, suv resurslarini va ulardan foydalanishni baholash Davlat suv kadastrining tarkibiy qismlari hisoblanadi.
8. Quyidagilar Davlat suv kadastrini yuritishning asosiy prinsiplari hisoblanadi:
respublikaning barcha suv obyektlarini qamrab olish;
suv resurslarini va ulardan foydalanishni hisobga olishning yagona tizimini qoʻllash;
boshlangʻich kadastr axborotini qayta ishlash usulining yagonaligi;
Davlat kadastrlari yagona tizimi talablarini hisobga olish;
Davlat suv kadastrini yuritish boʻyicha ishlarga markazlashtirilgan tartibda rahbarlik qilish;
suv-kadastr axborotining ishonchliligi, koʻrgazmaliligi va hujjatlarga asoslanganligi;
Davlat suv kadastrini yuritish boʻyicha ishlarning uzluksizligi;
kadastrni yuritishning avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi faoliyat koʻrsatishi;
suv kadastrini yuritish boʻyicha ishlarning tejamliligi;
foydalanuvchilar doirasi cheklangan maʼlumotlarning maxfiyligi.
9. Davlat suv kadastri respublika suv obyektlari toʻgʻrisidagi axborotni qayta tiklashning toʻliq turkumini tashkil etuvchi asosiy va joriy turlarni oʻz ichiga oladi.
10. Davlat suv kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimining asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
11. Belgilangan tartibda qabul qilingan suv-kadastr axboroti suv va suv xoʻjaligi munosabatlarini tartibga solishda, suvdan foydalanish va suv isteʼmoli bilan bogʻliq ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik vazifalarni hal etishda majburiy yuridik kuchga egadir.
12. Quyidagilar Davlat suv kadastrini yuritadilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzgidromet) — yer usti suvlari boʻlimi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat geologiya qoʻmitasi) — yer osti suvlari boʻlimi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Suv xoʻjaligi vazirligi) — suvdan foydalanish boʻlimi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi — ichimlik va oqova suvlar boʻyicha.
2-bob. Davlat suv kadastrining mazmuni
13. Respublika hududida suv obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, suv resurslari, ularning rejimi, foydalanish, shuningdek, suvdan foydalanuvchilar, suv isteʼmolchilari va suv xoʻjaligi obyektlari toʻgʻrisidagi miqdor va sifat baho koʻrsatkichlari haqida ishonchli, zamonaviy va tejamli axborotlarni olish, tartibga solish, saqlash va ularni foydalanuvchilarga berishning texnologik jarayoni Davlat suv kadastrining mazmuni hisoblanadi.
14. Davlat suv kadastri maʼlumotlari quyidagilarda foydalanish uchun moʻljallanadi:
suvdan foydalanishni joriy va istiqbolli rejalashtirish hamda suvni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirish;
mamlakat hududida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish;
suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalarini hamda suv xoʻjaligi balanslarini tuzish;
suvdan foydalanish va suv isteʼmoli bilan bogʻliq boʻlgan suv xoʻjaligi, transport, sanoat korxonalari hamda boshqa korxonalar va inshootlarni loyihalashtirish;
davlat suv kadastrini yuritishning avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimida maʼlumotlar bazasini yaratish va yuritish;
suv xoʻjaligi obyektlarining raqamli xaritalar katalogini yaratish;
gidrologik va gidrogeologik sharoitlar, daryolarda suv hajmi va suv sifati oʻzgarishlarini prognozlashtirish;
suv xoʻjaligi tizimlari ishi samaradorligini oshirish tadbirlarini ishlab chiqish;
suvni isteʼmol qilish va chiqarib yuborishni, shuningdek, suv sifati koʻrsatkichlarini normalashtirish;
suvning zararli taʼsirining oldini olish va uni bartaraf etish tadbirlarini ishlab chiqish;
suvdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish tadbirlari oʻtkazilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
suvdan foydalanuvchilar oʻrtasidagi, shuningdek, suvdan foydalanuvchilar bilan boshqa manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solish;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etish.
15. Davlat suv kadastri suv va suv xoʻjaligi obyektlarining quyidagi turlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
a) suv obyektlari:
daryolar;
turli suv tizimlarini birlashtiruvchi, oqar suvni hududiy qayta taqsimlashga yoki sugʻorishga xizmat qiluvchi kanallar;
koʻllar va suv omborlari;
muzliklar;
yer osti suvlari (havzalar, suvli gorizontlar, konlar);
b) suv xoʻjaligi obyektlari (inshootlari):
gidrouzellar va suv omborlari;
suv obyektlaridan suv olishga moʻljallangan inshootlar (kanallar, nasos qurilmalari, foydalanish quduqlari va boshqalar);
oqar suvni hududiy qayta taqsimlashga xizmat qiluvchi kanallar;
foydalanilgan va shaxta suvlarini suv obyektlariga tashlash inshootlari (kollektorlar, drenaj va suv toʻplanadigan kanallar, quvursimon suv chiqargichlar va boshqalar);
foydalanilgan suvlarni tozalash inshootlari;
v) ichimlik va oqova suvlar obyektlari:
ichimlik suvni yetkazib berish hamda oqova suvlarni yigʻish va oqova suvlarni tozalash inshootlariga yetkazib berishga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi mavjud va qurilayotgan ichimlik va oqova suv quvurlari va ularga xizmat koʻrsatish obyektlari;
belgilangan zulfin yoki yongʻin oʻchirish moslamasi, havo chiqaruvchi qurilma bilan birgalikda ichimlik suv quvurlari va oqova suv quvurlarining liniyali qismi, elektrokimyoviy himoya vositalari, nasos stansiyalari, suv taqsimlash inshootlari, bosimli suv minoralari, suv taʼminoti tashkilotlari balansida boʻlgan, katta diametrlardagi quvurlar va yuqori xavfsizlikni taʼminlash zarurati bilan qoʻriqlash zonasiga ega boʻlgan boshqa inshootlar.
Ichimlik va oqova suv inshootlari, nasos stansiyalari va suv taqsimlash inshootlari hududi ichidagi texnologik inshoot va jihozlar ichimlik va oqova suvlar obyektlari hisoblanmaydi.
16. Davlat suv kadastri maʼlumotlari quyidagilarga boʻlinadi:
arxiv materiallari (daftarchalar, jadvallar, oʻzi yozadigan texnikaning lentalari va boshqalar);
uzoq muddatli texnik manbalardagi maʼlumotlar;
eʼlon qilinadigan materiallar (suv va suv xoʻjaligi obyektlari kataloglari, har yilgi va koʻp yillik maʼlumotlar va boshqalar).
17. Davlat suv kadastriga doir axborot davlat hokimiyati organlariga bepul, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga esa belgilangan tartibda haq evaziga taqdim etiladi.
18. Suv obyektlari turlariga hamda suvni va undan foydalanishni oʻrganish boʻyicha vazifalar taqsimotiga muvofiq Davlat suv kadastri quyidagi boʻlimlarga boʻlinadi:
yer usti suvlari;
yer osti suvlari;
suvdan foydalanish;
ichimlik va oqova suvlar.
19. Suv obyektlari sonini va holatini hisobga olish obyektlarning hajmi, holati, oʻrganilganlik darajasi va muhimligiga qarab, geoaxborot texnologiyalardan foydalangan holda kartografiya, gidrogeologiya va geodeziya usullari bilan amalga oshiriladi.
20. Suv obyektlari rejimini oʻrganish tegishli idoralar tomonidan tasdiqlangan hamda Oʻzgidromet bilan kelishilgan standart usullar boʻyicha standart asboblar vositasida olib boriladi.
21. Davlat suv kadastriga tegishli tematik qatlamlar davlat kadastrlarining har bir turi boʻyicha bazaviy kartografik asosdan foydalanib, obyekt turlari va axborot turlari (roʻyxatdan oʻtkazishga oid, hisobga olishga oid, baholashga oid) boʻyicha shakllantiriladi.
22. Davlat suv kadastriga tegishli tematik qatlamlar davlat kadastrlarining xususiyatidan va obyektlarning joylashuvini aniqlash usulidan kelib chiqib, 1:5 000, 1:10 000, 1:25 000 masshtablarda shakllantiriladi hamda obyektlarning fazoviy joylashuvidagi xatolik mazkur masshtab talablarida belgilangan meʼyorlardan oshmagan boʻlishi vakolatli organlar tomonidan taʼminlanadi.
23. Davlat suv kadastriga tegishli tematik qatlamlarning matematik asosi bazaviy kartografik asosning matematik asosiga muvofiq boʻlishi lozim hamda taqdim etilayotgan maʼlumotlar 1984-yilgi koordinatalar butunjahon geodeziya tizimida (WGS-84) boʻlishi zarur.
24. Davlat suv kadastriga tegishli tematik qatlamlarni shakllantirishda vektorli obyektlarning (nuqtali, chiziqli va maydonli) oʻzaro bogʻliqligi va yondoshligi ularning fazoviy joylashuvini inobatga olgan holda tasvirlanadi.
25. Davlat suv kadastriga tegishli tematik qatlamlarning atributiv maʼlumotlari hamda metamaʼlumotlari davlat tilida lotin alifbosida shakllantiriladi.
26. Davlat suv kadastriga bazaviy kartografik asosining tematik qatlamlari hamda davlat kadastrlarining tegishli geografik axborot tizimlarini yuritish uchun zarur kartografik asoslar davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan shakllantiriladi hamda vakolatli organlarga geoaxborot tizimi orqali integratsiya qilish yoʻli bilan real vaqt rejimida taqdim etiladi.
3-bob. Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritishni tashkil etish
27. Davlat suv kadastri maʼlumotlari respublika, viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlari, daryo havzalari, havza irrigatsiya tizimlari boʻyicha, yer osti suvlari boʻlimi boʻyicha esa gidrogeologiya mintaqalari boʻyicha ham tizimlashtiriladi va davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimiga kiritiladi.
28. Yer usti suv resurslari, ularning sifati va xoʻjalik faoliyati taʼsiridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar suv obyektlari va ularning maydonlari, davlat va davlatlararo ahamiyatga ega boʻlgan daryo havzalari, havza irrigatsiya tizimlari, viloyatlar va umuman respublika boʻyicha davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimida umumlashtiriladi.
29. Yer osti suv resurslari, ularning sifati va xoʻjalik faoliyati taʼsiridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar konlar, daryo havzalari va ularning maydonlari, suvli gorizontlar va yer osti suvlari havzalari, viloyatlar hamda umuman respublika boʻyicha davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimida umumlashtiriladi.
30. Yer osti suvlari resurslarini baholash ularning yer usti suvlari bilan oʻzaro bogʻliqligini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
31. Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar davlat ahamiyatiga ega boʻlgan daryo havzalari, havza irrigatsiya tizimlari, alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlari, viloyatlar va umuman respublika boʻyicha, shuningdek, suvdan foydalanish turlari va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha umumlashtiriladi.
32. Ichimlik va oqova suvlar obyektlar va ularning maydonlari tumanlar (shaharlar), viloyatlar va respublika boʻyicha, shuningdek, foydalanish turlari va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha umumlashtiriladi.
33. Suvdan foydalanuvchilarni suv resurslari va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlar bilan taʼminlashda tezkorlikni oshirish, shuningdek, isteʼmolchilarning talablarini hisobga olgan holda maʼlumotlarni qayta ishlash va umumlashtirish darajasini oshirish uchun Oʻzgidromet, Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi tashkil etiladi.
34. Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan axborot tizimi Oʻzgidromet, Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan yagona texnik topshiriq asosida Oʻzgidromet, Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Suv xoʻjaligi vazirligining tarmoq axborot tizimlari negizida loyihalashtiriladi va tashkil etiladi.
Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi oʻzaro maʼlumotlar almashinuvini taʼminlaydi va Davlat kadastrlari yagona tizimiga maʼlumotlarni taqdim qilib boradi.
35. Davlat suv kadastrini yuritish uchun yer usti suvlari, yer osti suvlari va suvdan foydalanish boʻlimlari boʻyicha Davlat suv kadastrining idoralararo bosh markazi, Davlat suv kadastri idoralarga qarashli bosh markazlari tashkil etiladi.
36. Davlat suv kadastri idoralararo bosh markazi funksiyasini Oʻzgidrometning gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti bajaradi.
37. Davlat suv kadastrining idoralararo bosh markazlarining, Davlat suv kadastrining hududiy markazlari va mahalliy organlarining funksiyasi (“Yer usti suvlari”, “Yer osti suvlari”, “Suvdan foydalanish” va “Ichimlik va oqova suvlar” boʻlimlari boʻyicha) tegishli normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.
38. Oʻzgidromet:
a) Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Davlat suv kadastrining umumiy prinsiplarini va ilmiy-metodik asoslarini, Davlat suv kadastrini yuritish, Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimini loyihalash va tashkil etish tartibini ishlab chiqadi;
b) Davlat suv kadastrini tashkil etish va yuritishga oid barcha ishlarni muvofiqlashtiradi, yoʻnaltiradi va birlashtiradi;
v) Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Davlat suv kadastrining idoralararo normativ-texnik hujjatlarini (shu jumladan, Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi uchun idoralararo loyiha hujjatlarini) ishlab chiqadi;
g) Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan Suv kadastrini yuritishga oid metodik koʻrsatmalarni, DSK avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali maʼlumot va xizmatlarni taqdim etish va DSKga oid boshqa normativ-texnik hujjatlarni, shuningdek, DSKning avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi uchun loyiha hujjatlarini kelishib oladi;
d) Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi mutaxassislarini jalb qilgan holda yer usti suvlari va yer osti suvlari hamda ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻma tahlil qilishni, bogʻlashni va avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali umumlashtirishni bajaradi hamda maʼlumot va xizmatlarni taqdim qiladi;
e) Davlat geologiya qoʻmitasi hamda Suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Davlat suv kadastri axborotnomasini nashr etishga tayyorlaydi;
j) “Yer usti suvlari” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrini ishlab chiqadi va yuritadi, shu jumladan:
boʻlim boʻyicha Davlat suv kadastrini (jumladan, Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimini) yuritish tizimini ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
yer usti suvlarining klassifikatorlarini ishlab chiqadi;
yer usti suvlari toʻgʻrisidagi axborotlarni toʻplash, nazorat qilish, qayta ishlash va umumlashtirishga oid usullarni, algoritmlarni va mashinalashtirilgan dasturlarni ishlab chiqishni taʼminlaydi;
axborotlarni kodlashtirish va saqlash usullarini ishlab chiqadi;
boʻlim boʻyicha Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi funksional va idoraviy kichik tizimlarni loyihalash, sinash, joriy etish va takomillashtirishni taʼminlaydi;
Suv kadastri hududiy markazlari va mahalliy organlari uchun Davlat suv kadastrini yuritishga oid metodik koʻrsatmalarni, boʻlim boʻyicha avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali maʼlumot va xizmatlarni taqdim etadi va boshqa normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqadi;
yer usti suvlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, nazorat qilish, qayta ishlash, saqlash va ularni foydalanuvchilar soʻroviga koʻra berishni tashkil etadi;
yer usti suvlari resurslarini joriy va istiqbol uchun hamda ularning xoʻjalik faoliyati taʼsiridagi oʻzgarishlarini baholaydi;
Davlat suv kadastri avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali maʼlumot va xizmatlarni taqdim etadi;
oʻziga qarashli muassasalar hamda tashkilotlar tomonidan bajariladigan Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritishga oid ishlarga rahbarlik qilish, rejalashtirish va ularning bajarilishini nazorat qilishni amalga oshiradi.
39. “Yer osti suvlari” va “Suvdan foydalanish” boʻlimlari boʻyicha Davlat suv kadastrini yuritish uchun zarur boʻlgan yer usti suvlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Davlat geologiya qoʻmitasiga hamda Suv xoʻjaligi vazirligiga davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali taqdim qilinishini taʼminlaydi.
40. Davlat geologiya qoʻmitasi “Yer osti suvlari” boʻlimi boʻyicha Davlat kadastrini ishlab chiqadi va uni yuritadi, shu jumladan:
boʻlim boʻyicha Davlat suv kadastrini (jumladan, Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimini) yuritish tizimini ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
yer osti suvlarining klassifikatorlarini ishlab chiqadi;
yer osti suvlari toʻgʻrisidagi axborotlarni toʻplash, nazorat qilish, qayta ishlash va umumlashtirishga oid usullarni, algoritmlarni va avtomatlashtirilgan dasturlarni ishlab chiqadi;
axborotlarni kodlashtirish va saqlash usullarini ishlab chiqadi;
boʻlim boʻyicha Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi funksional kichik tizimlarini loyihalash, sinash, joriy etish va takomillashtirishni taʼminlaydi;
Suv kadastri hududiy markazlari va mahalliy organlari uchun Davlat suv kadastrini yuritishga oid metodik koʻrsatmalarni, boʻlim boʻyicha Suv kadastri avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali maʼlumot va xizmatlarni taqdim etadi va boshqa normativ-texnik hujjatlarni ishlab chiqadi;
yer osti suvlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, nazorat qilish, qayta ishlash, saqlash va ularni foydalanuvchilar soʻroviga koʻra berishni amalga oshiradi;
yer osti suvlari resurslarini joriy va istiqbol uchun hamda ularning xoʻjalik faoliyati taʼsiridagi oʻzgarishlarini baholaydi;
“Yer osti suvlari” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastri avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali maʼlumot va xizmatlarni taqdim etadi;
“Suvdan foydalanish” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrini yuritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni Suv xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi;
oʻziga qarashli muassasalar hamda tashkilotlar tomonidan bajariladigan Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritishga oid ishlarga rahbarlik qilish, rejalashtirish va ularning bajarilishini nazorat qilishni amalga oshiradi;
doimiy ravishda suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar va hisobotlar asosida kadastr maʼlumotlarini yillik umumlashtirish, shuningdek, ekspluatatsion quduqlar va buloqlarni kamida uch yilda bir marta gidrogeologik tadqiqotlar natijalari, monitoring tadqiqotlari natijalari bilan yangilab boradi.
41. Davlat suv kadastrini yuritish boʻyicha metodik koʻrsatmalar loyihalarini, Davlat suv kadastri nashrlari maketlarini va Davlat suv kadastrining boshqa normativ-texnik hujjatlarini, shuningdek, “Yer osti suvlari” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimiga loyiha hujjatlarini kelishib olish uchun Oʻzgidrometga taqdim etadi.
42. “Yer usti suvlari” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrining idoralararo qoʻshma maʼlumotlarni taqdim qilish va Davlat suv kadastrini yuritish uchun zarur boʻlgan yer osti suvlariga oid materiallarning Oʻzgidrometga berilishini taʼminlaydi.
43. “Suvdan foydalanish” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrini yuritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning Suv xoʻjaligi vazirligiga berilishini taʼminlaydi.
44. Suv xoʻjaligi vazirligi “Suvdan foydalanish” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrini ishlab chiqadi va uni yuritadi, shu jumladan:
Davlat suv kadastrini (jumladan, Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimini) yuritish tizimini ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi axborotlarni nazorat qilish, qayta ishlash va umumlashtirishga oid usullar, algoritmlarni hamda avtomatlashtirilgan dasturlarni ishlab chiqishni taʼminlaydi;
axborotlarni kodlashtirish va saqlash usullarini ishlab chiqadi;
Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimining funksional kichik tizimlarini loyihalashni, sinashni, joriy etishni va takomillashtirishni taʼminlaydi;
irrigatsiya tizimlarining havza boshqarmalari, magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalari va irrigatsiya tizimlari boshqarmalari uchun Davlat suv kadastrini yuritish boʻyicha metodik koʻrsatmalarni, Davlat suv kadastri avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali maʼlumot va xizmatlarni taqdim etish va Davlat suv kadastrining boshqa normativ-texnik hujjatlarini ishlab chiqadi;
suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari, yer usti va yer osti suvlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, nazorat qilish, qayta ishlash, saqlash va berishni tashkil etadi;
suvdan foydalanishni joriy va istiqbol uchun baholaydi hamda suv xoʻjaligi hisobot balanslarini tuzadi;
“Suvdan foydalanish” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastri nashrlarini chiqarishga va eʼlon qilishga tayyorlaydi;
oʻziga qarashli muassasa hamda tashkilotlar tomonidan bajariladigan Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritishga oid ishlarga rahbarlik qiladi, rejalashtiradi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Suvdan foydalanish boʻyicha suv xoʻjaligi obyektlarini geoaxborot tizimi bazasida kadastr maʼlumotlarini yaratish va atribut maʼlumotlarini yangilash, umumlashtirish va tahlil qilishni amalga oshiradi.
45. Davlat suv kadastrini yuritish boʻyicha metodik koʻrsatmalar loyihalarini, Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali maʼlumot va xizmatlarni taqdim etish va Davlat suv kadastrining boshqa normativ-texnik hujjatlarini, shuningdek, “Suvdan foydalanish” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimiga oid loyiha hujjatlarini kelishib olish uchun Oʻzgidrometga taqdim etadi.
46. “Yer usti suvlari” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali Davlat suv kadastrini yuritish uchun zarur boʻlgan suvdan foydalanishga oid materiallarning Oʻzgidrometga berilishini taʼminlaydi.
47. “Yer osti suvlari” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrini yuritish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali Davlat geologiya qoʻmitasiga berilishini taʼminlaydi.
48. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi “Ichimlik va oqova suvlar” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrini ishlab chiqadi va uni yuritadi, shu jumladan:
Davlat suv kadastrini (jumladan, Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimini) yuritish tizimini ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
ichimlik va oqova suvlar toʻgʻrisidagi axborotlarni nazorat qilish, qayta ishlash va umumlashtirishga oid usullar, algoritmlarni hamda avtomatlashtirilgan dasturlarni ishlab chiqishni taʼminlaydi;
axborotlarni kodlashtirish va saqlash usullarini ishlab chiqadi;
Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimining funksional kichik tizimlarini loyihalashni, sinashni, joriy etishni va takomillashtirishni taʼminlaydi;
tizim tashkilotlari uchun Davlat suv kadastrini yuritish boʻyicha metodik koʻrsatmalarni va Davlat suv kadastrining boshqa normativ-texnik hujjatlarini ishlab chiqadi;
Davlat suv kadastrini yuritishda “Ichimlik va oqova suvlar” boʻlimi maʼlumotlari yagona metodika asosida yaratilishi va yuritilishini taʼminlaydi;
“Ichimlik va oqova suvlari” boʻlimi maʼlumotlarini yigʻish, nazorat qilish, qayta ishlash, saqlash va berishni tashkil etadi;
oʻziga qarashli muassasa hamda tashkilotlar tomonidan bajariladigan Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritishga oid ishlarga rahbarlik qilish, rejalashtirish va ularning bajarilishini nazorat qilishni amalga oshiradi.
49. Davlat suv kadastrini yuritish boʻyicha metodik koʻrsatmalar loyihalarini, Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimi orqali maʼlumot va xizmatlarni taqdim etish va Davlat suv kadastrining boshqa normativ-texnik hujjatlarini, shuningdek, “Ichimlik va oqova suvlar” boʻlimi boʻyicha Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan geoaxborot tizimiga oid loyiha hujjatlarini kelishib olish uchun Oʻzgidrometga taqdim etadi.
50. Davlat suv kadastri yaxlitligini taʼminlash boʻyicha Davlat suv kadastrini yurituvchi vakolatli organlar bilan oʻzaro hamkorlikni taʼminlaydi.
Davlat suv kadastrini umumlashtiruvchi vakolatli organga “Ichimlik va oqova suvlar” boʻlimi maʼlumotlarini taqdim qiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
51. Davlat suv kadastrining DKYATga taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun vakolatli organlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
52. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-oktabrdagi 610-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.10.2022-y., 09/22/610/0938-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 75-moddasi.