O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2018-yil 6-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2018-yil 29-martda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi 176-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 266-modda; 1996-yil, № 5-6, 63-modda, № 9, 120-modda; 1998-yil, № 9, 163-modda; 2000-yil, № 7-8, 202-modda; 2003-yil, № 9-10, 140, 149-moddalar; 2005-yil, № 1, 18-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 6, 250-modda; 2008-yil, № 4, 193-modda; 2012-yil, № 9/1, 241-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda, № 12, 769-modda) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-aprel,
O‘RQ-473-son
Davlat mukofotlari to‘g‘risida
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat mukofotlarini ta’sis etish, ular bilan taqdirlash va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida davlat mukofotlarini ta’sis etish, ular bilan taqdirlash va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlarini to‘lashga mablag‘lar ajratish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
3-modda. Davlat mukofotlari
Davlat mukofotlari fuqarolarni ularning mamlakat mustaqilligini mustahkamlashga, tinchlik va barqarorlikni saqlashga, mamlakatning iqtisodiy, siyosiy, sotsial, ilmiy, intellektual, ma’naviy salohiyatini hamda mudofaa qudratini oshirishga qo‘shgan hissasi, davlat va xalq oldidagi faoliyatning ijtimoiy, xayriya, gumanitar sohalaridagi hamda boshqa sohalardagi xizmatlari uchun rag‘batlantirishning oliy shaklidir.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar taqdirlanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari chet davlatlarning mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkin.
Davlat mukofotlari bilan ayrim hollarda fuqarolar bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari mukofotlanishi mumkin.
4-modda. Davlat mukofotlarini ta’sis etish
Davlat mukofotlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan ta’sis etiladi.
Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi nizomlar va davlat mukofotlarining tavsiflari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining rasmiy nomlari davlat tilida belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: 1994-yil 5-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni to‘g‘risidagi nizom” va “Oltin Yulduz” medalining tavsifi”, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi 1996-yil 26-apreldagi Qonun, mazkur Qonun bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari to‘g‘risidagi nizom” va “O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlarining ko‘krak nishonlari tavsifi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Sog‘lom avlod uchun” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Do‘stlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Mustaqillik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Mehnat shuhrati” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Shon-sharaf” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Amir Temur ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “El-yurt hurmati” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Jaloliddin Manguberdi ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Mardlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Jasorat” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Shuhrat” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Sodiq xizmatlari uchun” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Kelajak bunyodkori” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “O‘zbekiston Respublikasining faxriy yorlig‘i to‘g‘risidagi nizomni va O‘zbekiston Respublikasining faxriy yorlig‘i tavsifini tasdiqlash haqida”gi Qonun.
2-bob. Davlat mukofotlari tizimi
5-modda. Davlat mukofotlarining turlari
Davlat mukofotlari quyidagilardan iborat:
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni;
O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari;
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari;
O‘zbekiston Respublikasining medallari;
O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i.
6-modda. “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni oliy darajadagi mukofotdir va u bir marta beriladi.
“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan shaxslarga oliy mukofot belgisi — “Oltin Yulduz” medali va unga doir guvohnoma topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: 1994-yil 5-mayda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni to‘g‘risidagi nizom” va “Oltin Yulduz” medalining tavsifi”.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari
O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari quyidagilardan iborat:
“O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”;
“O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi”;
“O‘zbekiston iftixori”;
“O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti”;
“O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi”;
“O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi”;
“O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi”;
“O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi”;
“O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri”;
“O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi”;
“O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi”;
“O‘zbekiston Respublikasida kommunal, maishiy va savdo sohasida xizmat ko‘rsatgan xodim”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”;
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog”;
(7-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30-noyabrdagi O‘RQ-650-sonli Qonuniga asosan o‘n oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.12.2020-y., 03/20/650/1576-son)
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan irrigator”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ixtirochi va ratsionalizator”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan me’mor”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan paxtakor”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sanoat xodimi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi”;
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan tadbirkor”;
(7-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 30-avgustdagi O‘RQ-952-sonli Qonuniga asosan o‘ttizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/952/0678-son)
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan transport xodimi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan chorvador”;
Oldingi tahrirga qarang.
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog”;
(7-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 19-martdagi O‘RQ-1048-sonli Qonuniga asosan o‘ttiz beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.03.2025-y., 03/25/1048/0255-son)
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi”;
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan quruvchi”.
O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari berilgan shaxslarga belgilangan namunadagi ko‘krak nishoni va unga doir guvohnoma topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi 1996-yil 26-apreldagi Qonun, mazkur Qonun bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari to‘g‘risidagi nizom” va “O‘zbekiston Respublikasi faxriy unvonlarining ko‘krak nishonlari tavsifi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fuqaro aviatsiyasi xodimi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun.
8-modda. O‘zbekiston Respublikasining ordenlari
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari quyidagilardan iborat:
“Mustaqillik” ordeni;
“Amir Temur” ordeni;
“Jaloliddin Manguberdi” ordeni;
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni;
“El-yurt hurmati” ordeni;
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni;
“Mehnat shuhrati” ordeni;
Oldingi tahrirga qarang.
“Faxriy murabbiy” ordeni;
(8-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 9-iyundagi O‘RQ-622-sonli Qonuniga asosan to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.06.2020-y., 03/20/622/0744-son)
I va II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni;
I va II darajali “Shon-sharaf” ordeni;
“Do‘stlik” ordeni;
Oldingi tahrirga qarang.
I va II darajali “Salomatlik” ordeni;
(8-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 26-maydagi O‘RQ-620-sonli Qonuniga asosan o‘n ikkinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.05.2020-y., 03/20/620/0667-son)
“Mardlik” ordeni.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Sog‘lom avlod uchun” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Do‘stlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Mustaqillik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Mehnat shuhrati” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Shon-sharaf” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Amir Temur ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “El-yurt hurmati” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Jaloliddin Manguberdi ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Mardlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari tarkibiga “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni ham kiradi.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-avgustdagi O‘RQ-789-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2022-y., 03/22/789/0742-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: “Oliy darajali do‘stlik” ordenini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasining medallari
O‘zbekiston Respublikasining medallari quyidagilardan iborat:
“Jasorat” medali;
“Sodiq xizmatlari uchun” medali;
Oldingi tahrirga qarang.
“Sog‘lom turmush” medali;
(9-modda O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 26-maydagi O‘RQ-621-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 27.05.2020-y., 03/20/621/0668-son)
“Kelajak bunyodkori” medali;
“Shuhrat” medali.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Jasorat” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Shuhrat” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Sodiq xizmatlari uchun” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun, “Kelajak bunyodkori” medalini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Qonun.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i
O‘zbekiston Respublikasining Faxriy yorlig‘i belgilangan namunadagi Faxriy yorliqning jildga solingan blankasi tarzida bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “O‘zbekiston Respublikasining faxriy yorlig‘i to‘g‘risidagi nizomni va O‘zbekiston Respublikasining faxriy yorlig‘i tavsifini tasdiqlash haqida”gi Qonun.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya
Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida doimiy ishlaydigan maslahat va kengash organi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlash va faxriy unvonlarini berish masalalarini hal etish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolatlari amalga oshirilishini, shuningdek geraldika sohasida yagona davlat siyosati yuritilishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaning tarkibi, vakolatlari hamda faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-iyuldagi PQ-3119-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha Komissiya faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori.
3-bob. Davlat mukofotlariga taqdim etish, ular bilan taqdirlash va ularni topshirish
12-modda. Davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlashga doir taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy banki, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, boshqa respublika muassasalarining, nodavlat notijorat tashkilotlari respublika organlarining rahbarlari tomonidan kiritiladi. Chet el fuqarolarini va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek chet el yuridik shaxslarini taqdirlashga doir taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda kiritiladi.
(12-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentabrdagi O‘RQ-564-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son)
Davlat mukofotlariga taqdim etish tashabbusi bilan chiqish va ularni ko‘rib chiqish tartibi, taqdimnomaga ilova qilinadigan hujjatlarning ro‘yxati, shuningdek davlat mukofotlariga doir guvohnomalarning namunalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat mukofotlari bilan taqdirlash tashabbusi bilan mustaqil ravishda chiqishga haqlidir.
13-modda. Davlat mukofotlari bilan taqdirlash tartibi
Davlat mukofotlari bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasining 21-bandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini davlat mukofotlari bilan taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
(13-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining ayni bir ordeni, medali va Faxriy yorlig‘i bilan takroran taqdirlash, shuningdek takroran faxriy unvon berish amalga oshirilmaydi, bundan darajalarga ega bo‘lgan davlat mukofotlari mustasno.
Darajalarga ega bo‘lgan davlat mukofotlari bilan taqdirlash ketma-ketlikda — quyi darajadan yuqori darajagacha amalga oshiriladi.
Fuqarolarni navbatdagi davlat mukofotiga taqdim etish, qoida tariqasida, avvalgi taqdirlangan paytidan e’tiboran kamida uch yil o‘tgach amalga oshiriladi. Alohida hollarda, fuqarolar navbatdagi mukofotga avvalgi taqdirlangan vaqtidan qat’i nazar taqdim etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlash shaxsning vafotidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin.
14-modda. Davlat mukofotlarini topshirish
Davlat mukofotlarini topshirish tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mukofotlarini topshirish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Qonunchilik palatasining Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Markaziy banki, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Hisob palatasi, Markaziy saylov komissiyasi raislari, Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, boshqa respublika muassasalarining rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi diplomatik korpusining vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shunga vakolat bergan boshqa shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentabrdagi O‘RQ-564-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidentiga davlat mukofotlarini topshirish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi va Qonunchilik palatasining Spikeri tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarga bir vaqtning o‘zida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Shaxs vafot etgandan keyin mukofotlangan taqdirda davlat mukofoti mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan biriga uni taqib yurish huquqi berilmagan holda topshiriladi.
Davlat mukofotlari vafot etgan mukofotlangan shaxsning yoki vafotidan keyin mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlaridan birining roziligi bilan davlat muzeylariga topshirilishi mumkin.
Agar mukofotlangan shaxsning yaqin qarindoshlari bo‘lmasa, uning vafotidan keyin davlat mukofoti va unga doir guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga topshiriladi.
4-bob. Davlat mukofotlaridan foydalanish
15-modda. Davlat mukofotlarini taqib yurish
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar umummilliy bayramlar va tantanali tadbirlar vaqtida oliy mukofot belgisi — “Oltin Yulduz” medalini, O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlarini, ordenlarini va medallarini ko‘kragining chap tomoniga taqib yuradi, qadag‘ichsiz ordenlar bundan mustasno. Taqdirlangan shaxslar davlat mukofotlarini boshqa hollarda ham taqib yurishi mumkin.
Oliy mukofot belgisi — “Oltin Yulduz” medali O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlaridan, ordenlaridan va medallaridan yuqoriga taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlari ushbu Qonunning 7-moddasida ko‘rsatilgan ketma-ketlikda O‘zbekiston Respublikasi ordenlari va medallaridan oldin taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi ordenlari ushbu Qonunning 8-moddasida ko‘rsatilgan ketma-ketlikda O‘zbekiston Respublikasi medallaridan oldin taqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi medallari ushbu Qonunning 9-moddasida ko‘rsatilgan ketma-ketlikda taqiladi.
Ko‘krakning o‘ng tomonida O‘zbekiston Respublikasining qadag‘ichsiz ordenlari quyidagi ketma-ketlikda taqiladi:
“Mustaqillik” ordeni;
“Amir Temur” ordeni;
“Jaloliddin Manguberdi” ordeni.
“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bo‘yinga osiladigan muhayyar lentada belgilangan tartibda taqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
“Oliy Darajali Do‘stlik” va “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordenlari ko‘krakning o‘ng tomoniga yoki orden zanjirida taqiladi.
(15-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-avgustdagi O‘RQ-789-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2022-y., 03/22/789/0742-son)
Shaxsda chet davlatlarning mukofotlari bo‘lsa, ular O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlaridan keyin joylashtiriladi.
Taqdirlangan shaxslar kundalik taqib yurish uchun davlat mukofotlari o‘rniga plankalardagi lentalarni taqib yurishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining ordenlari va medallari o‘rniga lentalar taqib yurish uchun plankalar bir oz bo‘rtib chiqqan, orden va medallar qadag‘ichlarining rangiga mos keladigan lentalar bilan qoplangan to‘g‘ri burchakli metall plastinkalardan iborat bo‘ladi. Har bir plankaning bo‘yi 12 mm, eni 24 mm.
Oldingi tahrirga qarang.
Plankalardagi lentalarni taqib yurish qoidalari oliy mukofot belgisi — “Oltin Yulduz” medaliga, “Mustaqillik”, “Amir Temur”, “Oliy Darajali Imom Buxoriy”, “Jaloliddin Manguberdi”, “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenlariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir ko‘krak nishonlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
(15-moddaning o‘n ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 15-avgustdagi O‘RQ-789-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 16.08.2022-y., 03/22/789/0742-son)
Alohida hollar va kundalik taqib yurish uchun ordenlarning belgilangan tartibda tayyorlangan frakbop kichkina ko‘chirma nusxalari nazarda tutiladi.
Ordenlarning frakbop kichkina ko‘chirma nusxalarini taqish chog‘ida davlat mukofotlarini taqib yurishning ushbu Qonunda nazarda tutilgan umumiy qoidalariga rioya etiladi.
Taqdirlangan shaxslarga alohida hollarda davlat mukofotlari yelkaga yoki bo‘yinga osiladigan lentada topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 6-apreldagi PF-1095-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallarini, plankalardagi orden lentalari, medal lentalarini taqib yurish Qoidalari hamda orden va medallar lentalarining tavsifi”.
16-modda. Davlat mukofotlarining tasvirlaridan foydalanish
O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari davlat mukofotlarining qabariqli tasvirini binolarda joylashtirishi, davlat mukofotlarining tasvirini o‘z davriy bosma nashrlarida aks ettirishi mumkin.
17-modda. Davlat mukofotlarini saqlash tartibi
Taqdirlangan shaxslar davlat mukofotlarini va ularga doir guvohnomalarni ehtiyotkorlik bilan saqlashi, ularning but saqlanishini ta’minlashi shart.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari davlat mukofotlarining va ularga doir guvohnomalarning but saqlanishini ta’minlashi lozim.
Davlat mukofoti va unga doir guvohnoma yo‘qolgan taqdirda, ushbu mukofotga bo‘lgan huquq saqlanib qoladi.
Davlat mukofotlari harbiy vaziyatda, tabiiy ofat natijasida yoki davlat mukofoti yo‘qolishining oldini olish imkoniyatini istisno etadigan boshqa sharoitlarda yo‘qolgan taqdirda, ularning dublikatlari berilishi mumkin. Tarkibida qimmatbaho metallar bo‘lgan davlat mukofotlarining dublikatlari berilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra mazkur mukofotlarning mum nusxalari berilishi mumkin.
Davlat mukofoti va unga doir guvohnoma boshqa sharoitlarda yo‘qolgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya taqdirlangan shaxsga davlat mukofoti bilan taqdirlanganlik to‘g‘risida belgilangan tartibda ma’lumotnoma beradi.
Davlat mukofotini va unga doir guvohnomani yo‘qotgan taqdirlangan shaxs vafot etgan taqdirda, ushbu mukofot va guvohnomaning dublikatlari berilmaydi.
18-modda. Davlat mukofotlarini O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish
O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan davlat mukofotlarini hamda ularga doir guvohnomalarni olib chiqish huquqiga ega.
Vafot etgan taqdirlangan shaxsning doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan yaqin qarindoshlari mazkur mukofotlarga bo‘lgan o‘z huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rsatganidan keyin davlat mukofotlarini olib chiqish huquqiga ega.
Davlat mukofotlariga bo‘lgan huquq tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa, ularni olib chiqish taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Qimmatbaho metallardan tayyorlangan davlat mukofotlarini olib chiqish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(18-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
19-modda. Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarga beriladigan imtiyozlar va pul to‘lovlari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar qonunchilikka muvofiq imtiyozlardan foydalanadi, pul to‘lovlari yoki esdalik sovg‘alari oladi.
(19-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-sonli “Faxriy unvonlar uchun to‘lovlar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 3-yanvardagi 2-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Faxriy unvonlar egalariga to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlarini to‘lashga mablag‘lar ajratish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, harbiy bo‘linmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ijodiy jamoalari hamda boshqa yuridik shaxslari, shuningdek chet el yuridik shaxslari taqdirlanganda pul to‘lovlari ajratilmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini (premiyalarini), esdalik va ko‘krak nishonlarini, idoraviy mukofotlarni ta’sis etish
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari (premiyalari), davlat va jamiyat tarixidagi muhim sanalarga va voqealarga atalgan esdalik va ko‘krak nishonlari ta’sis etilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 10-iyundagi PF-2326-son “Zulfiya nomidagi davlat mukofotini ta’sis etish bo‘yicha takliflarni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni, 2006-yil 25-iyuldagi PF-3781-son “O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san’at va me’morchilik sohasidagi davlat mukofotlarini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Farmoni, 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3402-son “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan idoraviy mukofotlar ta’sis etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiya bilan kelishilgan holda, o‘zlarining ichki hujjatlari bilan xodimlarni rag‘batlantirishning har xil turlarini, shu jumladan unvonlarni, esdalik va ko‘krak nishonlarini, idoraviy mukofotlarni belgilashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari (premiyalari), esdalik va ko‘krak nishonlari, idoraviy mukofotlar ular to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.
21-modda. Davlat mukofotlaridan mahrum etish
Davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslar quyidagi hollarda ulardan mahrum etilishi mumkin:
shaxs og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun hukm qilinganda — sudning taqdimnomasiga binoan;
shaxs o‘z sha’ni va qadr-qimmatini badnom etuvchi xatti-harakat sodir etganda — taqdirlash to‘g‘risida taqdimnoma kiritish huquqiga ega bo‘lgan organ yoki tashkilotning taqdimnomasiga binoan.
Davlat mukofotlaridan mahrum etish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat mukofotlaridan mahrum bo‘lganlik belgilangan imtiyozlar bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
Davlat mukofotidan mahrum etilgan shaxsga tegishli davlat mukofoti va unga doir guvohnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga qaytarilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunga zid ravishda hukm qilingan va to‘liq oqlangan shaxslarning davlat mukofotlariga bo‘lgan huquqlari qonunchilikka muvofiq tiklanadi.
(21-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 52-moddasi va Jinoyat-protsessual kodeksining 531-moddasi yettinchi qismi.
Oldingi tahrirga qarang.
22-modda. Davlat mukofotlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
(22-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ordenni, medalni, faxriy unvonga doir ko‘krak nishonini qonunga zid ravishda taqib yurish, sotib olish, sotish, almashish yoki o‘zga tarzda haq evaziga berish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 209-moddasi.
Tashqi ko‘rinishi davlat mukofotlariga o‘xshash bo‘lgan esdalik va ko‘krak nishonlarini, idoraviy yoki boshqa mukofotlarni ta’sis etish hamda tayyorlash taqiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qonunchilikda belgilangan tartibda olib qo‘ygan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari, shuningdek egasi aniqlanmagan davlat mukofotlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat mukofotlari va geraldika bo‘yicha komissiyaga topshiriladi.
(22-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 12.04.2018-y., 03/18/473/1058-son; 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son; 12.03.2020-y., 03/20/609/0287-son, 27.05.2020-y., 03/20/620/0667-son, 27.05.2020-y., 03/20/621/0668-son, 10.06.2020-y., 03/20/622/0744-son, 01.12.2020-y., 03/20/650/1576-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 16.08.2022-y., 03/22/789/0742-son; 30.08.2024-y., 03/24/952/0678-son; 19.03.2025-y., 03/25/1048/0255-son)