O‘zbekiston Respublikasining qonuni
“MUSTAQILLIK” ORDENINI TA’SIS ETISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Mustaqillik” ordeni ta’sis etilsin.
2. “Mustaqillik” ordeni to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Mustaqillik” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-may,
1040-XII-son
1994-yil 5-mayda qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
“Mustaqillik” ordeni to‘g‘risidagi
NIZOM
1. “Mustaqillik” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari mustaqil huquqiy davlat barpo etish va uni mustahkamlashga, respublikada tinchlik va taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissalari uchun mukofotlanadilar.
“Mustaqillik” ordeni bilan ayrim hollarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Mustaqillik” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti mukofotlaydi. Orden bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Z. “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar va idoralar rahbarlarining hamda jamoat birlashmalari respublika organlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Mustaqillik” ordenini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali va keng oshkoralik vaziyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri topshiradi.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yetmish besh karrasi miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar.
(5-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Mustaqillik” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilab qo‘yiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6. “Mustaqillik” ordeni ko‘krakning o‘ng tomoniga taqiladi.
7. “Mustaqillik” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash to‘g‘risidagi hujjat va bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
1994-yil 5-mayda qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
Oldingi tahrirga qarang.
“MUSTAQILLIK” ORDENINING TAVSIFI
“Mustaqillik” ordeni 1 mikron qalinlikda oltin qoplangan 925 darajali (probali) kumushdan tayyorlanadi. Orden ikki yon bag‘ridan zarhal nur taralgan sakkiz qirrali musamman ko‘rinishida bo‘ladi. Ikki yon bag‘ridan taralgan nurlarning yuzasida diametri 2 millimetrli 46 ta fianit bor. Musammanning burchaklari orasida yoqutrang emal qoplangan taram-taram bo‘lib taralayotgan nurlar joylashgan. Musammanning qarama-qarshi uchlari orasidagi masofa — 57 millimetr. Nurlar jo bo‘lgan aylananing diametri — 52 millimetr.
Ordenning markazida mustaqillik ramzi bo‘lmish Humo qushi kumush rangda tasvirlangan. Humo qushi ortidagi, rangli emaldan ishlangan manzara O‘zbekistonning jozibasi va sahovatini aks ettiradi.
Humo qushini o‘rab turgan aylananing yuqori qismida O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining ramzi — yarim oy va yulduzni o‘z ichiga olgan moviy musamman tasvirlangan. Musamman jo bo‘lgan maydonning diametri — 10,5 millimetr, yarim oy hamda besh qirrali yulduz jo bo‘lgan maydonlarining diametrlari tegishlicha — 5 millimetr va 2,6 millimetr. Aylananing tepa qismida o‘n ikki insoniy fazilat ramzi bo‘lgan, diametri 2,5 millimetrli o‘n ikkita yoqut tosh bor. Aylananing chekkalari har ikki tomondan 1 millimetr qalinlikda moviy emaldan ishlangan qabariq hoshiya bilan o‘ralgan. Aylananing diametri 36 millimetr, qalinligi 6 millimetrdir.
Aylananing pastki qismida oq rangli emaldan ishlangan manzarada yoqutrang emal bilan qoplangan “MUSTAQILLIK” degan yozuv bor. Harflarning balandligi — 2,7 millimetr.
Ordenning orqa tomoni botiq bo‘lib, markazida ordenni taqish uchun burama shtift va murvat bor.
Pastki qismida ordenning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Ordenning qalinligi — 8 millimetr.
Ordenning og‘irligi — 60,5 gramm.
(“Mustaqillik” ordenining tavsifi O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 25-aprel, 421-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda)
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 115-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 126-modda; 2003-y., 9-10-son, 149-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)