Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING FAXRIY YORLIGʻI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI VA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING FAXRIY YORLIGʻI TAVSIFINI TASDIQLASh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 12-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2009-yil 4-dekabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2009-yil 18-dekabrdagi 244 (4907)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 17-dekabr,
OʻRQ-235-son
2009-yil 17-dekabrdagi OʻRQ-235-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi toʻgʻrisidagi
nizom
1. Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mehnat va jangovar xizmatlari, samarali davlat, ijtimoiy va ijodiy faoliyatlari uchun mukofotlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan shaxslar mukofotlanishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan fuqarolar bilan bir qatorda ayrim hollarda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, ijodiy jamoalar va harbiy boʻlinmalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari ham mukofotlanishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 2-oktabrdagi PF-2959-sonli ““Ukraina-Oʻzbekiston savdo uyi” aksiyadorlik jamiyatini Oʻzbekiston Respublikasining faxriy yorligʻi bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash, shuningdek uni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 3-bobi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan shaxsga belgilangan namunadagi tegishli hujjat topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida bir marta beriladigan pul mukofoti yoki shu qiymatdagi esdalik sovgʻasi oladilar.
(4-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilab qoʻyiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-sonli “Faxriy unvonlar uchun toʻlovlar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 3-yanvardagi 2-sonli qarori bilan tasdiqlangan Faxriy unvonlar egalariga toʻlovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
5. Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi va bir marta beriladigan pul mukofoti yoki shu qiymatdagi esdalik sovgʻasi mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
2009-yil 17-dekabrdagi OʻRQ-235-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan
TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi tavsifi
Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi belgilangan namunadagi Faxriy yorliqning jildga solingan blankasidan iborat.
Jild yashil marmar rangli “buvinil” materialidan tayyorlangan, qattiq hajmdor muqovali, murakkab kolenkor bilan qoplangan. Jild bichimi 252,5 x 340 millimetr.
Jildning yuz tomoni qalinligi 6 millimetrli, oʻlchami 225 x 310 millimetrli, “quruq blint” usulida bosilgan ramka koʻrinishidagi naqsh bilan bezatilgan. Ich tomoni esa oʻlchami 208 x 292 millimetrli, zarvaraqqa “issiq blint” usulida bosilgan burchakdor naqshli ramkadan iborat.
Sahifaning yuqori chekkasidan 63 millimetr masofada, gorizontal boʻyicha markazda diametri 40 millimetrli, uch xil (oq, moviy, yashil) rangli emal va lok qoplangan, tillahal yugurtirilgan mis qotishmasidan tayyorlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi joylashgan. Gerb atrofiga diametri 53 millimetrli botiq quruq doira tushirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbidan 38 millimetr pastda, markazda, zarvaraqqa botiq qizdirma tamgʻa usulida tushirilgan matn ikki satrda joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasining” (bosh harflarda, “Vivaldi” shrifti, 46-kegl), ikkinchi satrda “Faxriy yorligʻi” (bosh harflarda, “Vivaldi” shrifti, 84-kegl) soʻzlari yozilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi blankasi 250 g/kv. m. qalinlikdagi jilosiz silliq qogʻozdan tayyorlanadi. Blanka bichimi 330 x 496 millimetr, bukilganda esa 330 x 248 millimetr, matn bir tomonga bosiladi. Fon jozibador ochsargʻish, pastel tusda.
Qoʻsh sahifaning ich tarafi bronza pastada bosilgan, burchaklarida bezak elementlari boʻlgan oʻlchami 295 x 470 millimetrli ramka bilan bezatilgan.
Qoʻsh sahifaning ichki chap tarafida, gorizontal boʻyicha markazda, yuqori chekkadan 38 millimetr masofada diametri 40 millimetrli rangli Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Gerbning chap va oʻng tomonlarida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bir xilda hilpirab turgan tarzda aks ettirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining pastki qismidan 18 millimetr masofada, sahifa markazida bronza rang matn ikki satrda joylashgan. Birinchi satrda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING” (katta harflarda, “Academy” shrifti, 27-kegl), ikkinchi satrda “FAXRIY YORLIGʻI” (katta harflarda, “Asademy” shrifti, 45-kegl) soʻzlari yozilgan.
Chap sahifaning pastki chekkasidan 24 millimetr masofada, shohsupada, Humo qushi va quyosh nurlari fonida Mustaqillik maydonida oʻrnatilgan Ezgulik arkasining bir qismi — yer shari uzra parvoz qilayotgan, bunyodkorlik va tinchlik ramzi boʻlgan laylaklar aks ettirilgan.
Oʻng sahifada gorizontal boʻyicha markazda, yuqori chekkadan 31 millimetr masofada 40 x 57 millimetr oʻlchamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shtandarti tasvirlangan. Shtandartning chap va oʻng tomonlarida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi bir xilda hilpirab turgan tarzda aks ettirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti shtandartining pastki chekkasidan 11 millimetr masofada Humo qushi va quyosh nurlari fonida toʻq zangori rangda “Vatanimiz taraqqiyotiga qoʻshgan samarali hissasi hamda ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faol ishtiroki uchun” matni uch satrda joylashgan (“Times TAD” shrifti, 24-kegl). Ushbu Qonun bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy yorligʻi toʻgʻrisidagi nizomning 1-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda har bir alohida holat uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan farmonga muvofiq boʻlgan matndan foydalaniladi.
Matnning pastki satridan 29 millimetr masofada, mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 16 millimetrli ikkita chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 19 millimetr masofada, vertikal boʻyicha markazda matn uch satrda joylashgan. Birinchi satrda toʻq zangori rangda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING” (katta harflarda, “Academy” shrifti, 26-kegl), ikkinchi satrda bronza-pasta rangda “FAXRIY YORLIGʻI” (katta harflarda, “Academy” shrifti, 40-kegl), uchinchi satrda toʻq zangori rangda “BILAN MUKOFOTLANDI” (katta harflarda, “Times TAD” shrifti, 24-kegl) soʻzlari yozilgan.
Sahifaning pastki chekkasidan 55 millimetr masofada, chap tomonda toʻq zangori rangda “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI” matni ikki satrda joylashgan, oʻng tomonda, simmetrik tarzda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ismi birinchi harfi va familiyasi joylashgan (katta harflarda, “Academy” shrifti, 12-kegl).
Sahifaning pastki chekkasidan 40 millimetr masofada mukofotlash sanasini va Oʻzbekiston Respublikasi Faxriy yorligʻining tartib raqamini qayd etish uchun ikkita chiziq tortilgan.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 50-51-son, 534-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )