O‘zbekiston Respublikasining qonuni
“JASORAT” MEDALINI TA’SIS ETISH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Jasorat” medali ta’sis etilsin.
2. “Jasorat” medali to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Jasorat” medalining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-may,
1044-XII-son
“Jasorat” medali to‘g‘risidagi
NIZOM
Oldingi tahrirga qarang.
1. “Jasorat” medali bilan O‘zbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiyasining va ichki ishlar organlarining xodimlari respublikaning milliy xavfsizligini ta’minlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikka qarshi kurashda, harbiy burchni yoki xizmat burchini ado etish vaqtida ko‘rsatgan mardlik va jasoratlari uchun mukofotlanadilar.
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevraldagi O‘RQ-522-sonli Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda)
“Jasorat” medali bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar tabiiy ofat, yong‘in va boshqa favqulodda holatlar vaqtida jamoat tartibini saqlashda, odamlar hayotini, davlat va jamoat mulkini saqlab qolishda ko‘rsatgan jasoratlari uchun mukofotlanishlari mumkin.
2. “Jasorat” medali bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mukofotlaydi. Medal bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Jasorat” medali bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentabrdagi O‘RQ-564-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Jasorat” medalini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga binoan boshqa shaxslar topshiradi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-sentabrdagi O‘RQ-564-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son)
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Jasorat” medali bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining o‘n karrasi miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar.
(5-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi O‘RQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“Jasorat” medali bilan mukofotlangan shaxslar qonunchilikda belgilab qo‘yiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
6. “Jasorat” medali ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.
7. “Jasorat” medali bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda medal, mukofotlash to‘g‘risidagi tegishli hujjat va bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
“Jasorat” medalining tavsifi
“Jasorat” medali dastlab 0,5 mikron qalinlikda nikel, keyin esa 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘ladi.
Medalning havo rang emal bilan qoplangan old tomonida quyosh va taralayotgan nurlar fonida shon-shuhrat va mardlik ramzini ifodalovchi qalqon va qilich tutgan otliq jangchi tasvirlangan.
Medalning quyi qismida qizil emal fonida qabariq harflarda “JASORAT” degan yozuv berilgan. Harflarning balandligi 2 millimetr. Medalning chetlari ikki tomonidan ham qabariq doira bilan, old tomonidan qo‘shimcha qalinligi 0,8 millimetr qizil yo‘l bilan o‘ralgan.
Medalning orqa tomonida O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan. Pastda medalning raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.
Medalning qalinligi 3 millimetr.
Medal uch rangli yo‘l-yo‘l shoyi mato (lenta) sirilgan besh qirrali qadag‘ich (kolodka)ga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi. Matoning eni 24 millimetr. Matoning o‘rtasidan eni 4 millimetrli yashil rang yo‘l o‘tgan. Uning ikki yonidan eni 1 millimetrli oq yo‘l joy olgan. Oq yo‘llarning yonidan eni 2 millimetrli yashil rang yo‘llar va eni 5 millimetrli qizil yo‘llar o‘tadi. Matoning chekkalaridan eni 2 millimetrli yashil rang yo‘llar o‘tgan.
Qadag‘ichning bo‘yi 48 millimetr, eni esa 45 millimetr.
Medal to‘g‘nog‘ich bilan taqiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 119-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/564/3690-son, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son )