Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“FIDOKORONA XIZMATLARI UChUN” ORDENINI TAʼSIS ETISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni taʼsis etilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasi.
2. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
4. 1995-yil 22-dekabrda qabul qilingan “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 266-modda; 1996-yil, № 5-6, 63-modda, № 9, 120-modda; 1998-yil, № 9, 163-modda; 2000-yil, № 7-8, 202-modda) 11-moddasi “El-yurt hurmati” ordeni” degan soʻzlardan keyin “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 29-avgust,
526-II-son
ILOVA
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni toʻgʻrisidagi
NIZOM
1. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mamlakatning iqtisodiy va madaniy yuksalishiga, mudofaa qudratini kuchaytirish va milliy xavfsizligini taʼminlashga, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo hamjihatlikni mustahkamlashga, xalq farovonligini oshirishga katta hissa qoʻshgan, oʻzining isteʼdodi, bilim va tajribasini Vatanimiz ravnaqiga baxsh etib, fidoiylik namunasini koʻrsatib kelayotgan fuqarolar va harbiy xizmatchilar mukofotlanadi.
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasi.
2. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlashga taqdim etish, mukofotlash va ordenni topshirish “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 8-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining qirq besh karrasi miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti oladilar va qonunchilikda belgilab qoʻyilgan imtiyozlardan foydalanadilar.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasi.
4. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
5. “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlarini toʻlashga mablagʻlar ajratish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
ILOVA
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordenining
TAVSIFI
“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni 1 mikron qalinlikdagi oltin qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi hamda sakkiz qirrali yoqut rangli yulduz shaklida boʻladi. Yulduz burchaklari orasida oq emal qoplamasi uzra taralayotgan nurlar aks etgan. Yulduzning qarama-qarshi qirralari oraligʻi — 52 millimetr.
Ordenning markazidagi doirada tilla rangdagi Humo qushi tasvirlangan. Uning ortida — markazdan yuqoriroqdagi moviy manzara bagʻrida Oʻzbekiston Respublikasining oltinrang xaritasi joylashgan.
Tasvir atrofidagi oq emalli hoshiya uzra oltin rangdagi harflar bilan “FIDOKORONA XIZMATLARI UCHUN” soʻzlari yozilgan.
Ordenning quyi qismida oq rangli paxta chanoqlari va tilla rangli bugʻdoy boshoqlari tasvirlangan.
Orqa tomonining pastki qismida Ordenning tartib raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozigʻliq.
Orden Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta sirilgan qadagʻichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.
“FIDOKORONA XIZMATLARI UChUN” ORDENI
Muallif Karimov I.A.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 9-10-son, 140-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)