O‘zbekiston Respublikasining qonuni
“MEHNAT ShUHRATI” ORDENINI TA’SIS ETISh TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “Mehnat shuhrati” ordeni ta’sis etilsin.
2. “Mehnat shuhrati” ordeni to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).
3. “Mehnat shuhrati” ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 30-avgust,
115-I-son
“Mehnat shuhrati” ordeni to‘g‘risidagi
NIZOM
1. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonda iqtisodiyot va madaniyat yuksalishiga, xalq farovonligi oshishiga, tinchlik va barqarorlik saqlanishiga xizmat qiladigan ulkan ishlari uchun mukofotlanadilar.
Mustasno hollarda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.
2. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti mukofotlaydi. Orden bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Farmon matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar va idoralar rahbarlarining, jamoat birlashmalari respublika organlarining taqdimnomasiga binoan amalga oshiriladi.
(3-modda O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 3 va 9 moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
4. “Mehnat shuhrati” ordenini va bu mukofotga oid tegishli hujjatni tantanali va keng oshkoralik vaziyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki uning nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, shunga vakil qilingan boshqa shaxslar topshiradi.
(4-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
5. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining qirq karrasi miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar va qonunchilikda belgilab qo‘yiladigan imtiyozlardan foydalanadilar.
(5-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasi.
6. “Mehnat shuhrati” ordeni ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.
7. “Mehnat shuhrati” ordeni bilan vafotidan keyin mukofotlangan taqdirda orden, mukofotlash to‘g‘risidagi hujjat va bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti mukofotlanganning oilasiga topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PF-3942-sonli “Faxriy unvonlar uchun to‘lovlar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 3-yanvardagi 2-sonli qarori bilan tasdiqlangan Faxriy unvonlar egalariga to‘lovlarni tayinlash va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-martdagi 120-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari berilgan shaxslarga bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlarini to‘lashga mablag‘lar ajratish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
“Mehnat shuhrati” ordenining
tavsifi
“Mehnat shuhrati” ordeni 0,25 mikron qalinlikda tilla qoplangan kumushdan tayyorlanadi.
Orden markaz qismidan nurlar taralib turgan yashil dafna novdalari bilan o‘ralgan bo‘rtma noto‘g‘ri ellips shaklidadir.
Ordenning yuqori qismida hilpirab turgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan. Ordenning bo‘yi 46 millimetr, eni — 41 millimetr.
Ordenning markazida, diametri 16 millimetrli kumush rang doira ichida, quyosh fonida kumush rangda Toshkent shahridagi Xalqlar do‘stligi saroyi tasvirlangan. Doira oq emal bilan qoplangan paxta chanoqlari va diametri 29 millimetrli tishli g‘ildirakcha bilan hoshiyalangan. Pastda kumush rang hoshiyali qizil yoqut rangdagi fonda “MEHNAT SNUHRATI” degan kumush rang yozuv bor. Harflarning bo‘yi 2 millimetr.
Ordenning orqa tomoni botiq shaklda. Pastda 1 millimetr kattalikdagi shriftda ordenning tartib raqami yozilgan.
Orden eni 24 millimetrli rangdor yo‘l-yo‘l shoyi mato (lenta) sirilgan besh qirrali qadag‘ich (kolodka)ga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi. Sariq yo‘lning eni 3 millimetr, qizil yo‘lning eni 8,8 millimetr, havo rang yo‘lning eni 4,8 millimetr, yashil yo‘lning eni 4 millimetr, chetdagi sariq yo‘lning eni 3,2 millimetr. Havo rang va yashil yo‘llar biri-biridan eni 0,2 millimetrli oq yo‘l bilan ajratilgan.
Qadag‘ichning bo‘yi 48 millimetr, eni 46 millimetr.
Orden to‘g‘nog‘ich bilan taqiladi.
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 190-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)