1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Qonunchilik tashabbusi. Norma ijodkorligi faoliyati]
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 1-iyulda qabul qilingan Senat tomonidan 2025-yil 18-dekabrda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi huquqiy eksperimentni tashkil etishga, oʻtkazishga, uning natijalarini baholashga va joriy etishga doir munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Huquqiy eksperimentning qoʻllanilish sohasi
Huquqiy eksperiment davlat boshqaruvi sohasida, ijtimoiy, iqtisodiy va ushbu Qonun bilan cheklanmagan boshqa sohalarda qoʻllanilishi mumkin.
Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquqlari hamda erkinliklarini cheklaydigan, bekor qiladigan yoki insonning holatini boshqacha tarzda yomonlashtiradigan hollarda huquqiy eksperiment oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
3-modda. Huquqiy eksperiment toʻgʻrisidagi qonunchilik
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
vakolatli organ — normativ-huquqiy hujjat qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organ yoki mansabdor shaxs (bundan normativ-huquqiy hujjat qabul qilish vakolatiga ega boʻlgan vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari mustasno);
masʼul organ — huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash uchun masʼul etib belgilangan davlat organi yoki tashkiloti;
eksperimental-huquqiy norma — huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat bilan belgilangan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oraligʻida sinovdan oʻtkaziladigan huquqiy norma;
huquqiy eksperiment — normativ-huquqiy hujjatning yoki huquqiy normaning samaradorligini amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oraligʻida sinovdan (tajribadan, aprobatsiyadan va shu kabilardan) oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlar majmui;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat — ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan umummajburiy qoidalarni belgilaydigan, amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oraligʻida sinovdan oʻtkaziladigan normativ-huquqiy hujjat.
5-modda. Huquqiy eksperimentning asosiy prinsiplari
Huquqiy eksperimentning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi;
jamoat xavfsizligini, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligi;
ochiqlik va oshkoralik;
asoslanganlik;
dolzarblik.
6-modda. Qonuniylik prinsipi
Huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi hamda davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek huquqiy eksperimentning boshqa ishtirokchilari ularga ogʻishmay rioya etishi hamda ularni bajarishi shart.
Ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablarini aniq va bir xilda bajarishdan hamda ularga rioya etishdan har qanday chetga chiqish, ularning sabablari qanday boʻlishidan qatʼi nazar, qonuniylikni buzishdir va u belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
7-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish hamda ularning ustuvorligi prinsipi
Huquqiy eksperimentni tashkil etishda, oʻtkazishda, uning natijalarini baholashda va joriy etishda jismoniy va yuridik shaxslarni kamsitishga, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga zarar yetkazgan holda bir jismoniy va yuridik shaxsga imtiyozlar yoki preferensiyalar taqdim etishga, ularning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini, shuningdek jamiyat va davlat manfaatlarini buzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-modda. Jamoat xavfsizligini, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishning ustuvorligi prinsipi
Huquqiy eksperimentni tashkil etishda, oʻtkazishda, uning natijalarini baholashda va joriy etishda jamoat xavfsizligini hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini buzishga, ekologiyaga va atrof-muhitga zarar yetkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9-modda. Ochiqlik va oshkoralik prinsipi
Huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish ochiq hamda oshkora amalga oshiriladi.
10-modda. Asoslanganlik prinsipi
Huquqiy eksperimentni oʻtkazishning maqsadga muvofiqligi va zarurligi tahlil qilinishi hamda huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat yoki eksperimental-huquqiy normalar orqali yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlar asoslangan boʻlishi kerak.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatni tashabbus qilishga, tayyorlashga va qabul qilishga faqat ushbu normativ-huquqiy hujjatning oqibatlarini norma ijodkorligining boshqa usullari bilan aniqlash imkoni mavjud boʻlmaganda yoʻl qoʻyiladi.
11-modda. Dolzarblik prinsipi
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat yoki eksperimental-huquqiy norma jamiyat va davlat uchun dolzarb ahamiyatga ega boʻlgan masalani tartibga solishga qaratilgan boʻlishi kerak.
12-modda. Huquqiy eksperimentning maqsadi
Huquqiy eksperimentning maqsadi eksperimental-huquqiy normalarni muayyan sohaga joriy etishdan, ushbu normalarning samaradorligini tahlil qilishdan hamda ularning natijasida yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni oʻrganish va baholash orqali samarali huquqiy normalarni amaliyotga joriy etishdan iborat.
13-modda. Huquqiy eksperimentning shartlari
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar]
Huquqiy eksperimentni tashkil etishda, oʻtkazishda, uning natijalarini baholashda va joriy etishda quyidagi shartlarga amal qilinadi:
eksperimental-huquqiy normalarni qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarning oldini olish va ularni kamaytirish choralarini koʻrish;
eksperimental-huquqiy normalar huquqiy eksperimentni joriy etish maqsadlari doirasida sinovdan oʻtkazilayotganligini asoslash;
eksperimental-huquqiy normalarni turlicha talqin qilinmaydigan yoki noaniqlikka yoʻl qoʻyilmaydigan darajada tushunarli tarzda bayon etish;
huquqiy eksperimentni oʻtkazishda ishtirokchilarning tengligini taʼminlash, shuningdek yetarlicha asoslanmagan imtiyozlar, davlat yordami berilishiga va cheklovlar belgilanishiga yoʻl qoʻymaslik;
huquqiy eksperimentning oqilonaligi va manfaatdor taraflarda belgilangan talablarni bajarish imkoniyati mavjudligi;
eksperimental-huquqiy normalar bilan belgilanayotgan yangi talablarga moslashish uchun yetarli vaqt berilishi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish shart-sharoitlari va moliyalashtirish manbalari aniq hamda yetarli boʻlishi;
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi]
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini, huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturini va huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobotni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish;
huquqiy eksperiment va uning natijalari haqida Huquqiy eksperimentning yagona reyestri, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan rasmiy manbalar hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikni xabardor qilish;
faqat kuchga kirgan, huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normani huquqiy eksperimentdan oʻtkazish;
huquqiy eksperimentni tegishli munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga soluvchi oʻzaro teng yoki yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat bilan oʻtkazish;
huquqiy eksperiment qaysi darajadagi normativ-huquqiy hujjat bilan oʻtkazilgan boʻlsa, uning natijalarini oʻsha darajadagi yoki undan yuqoriroq yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjat bilan joriy etish.
14-modda. Huquqiy eksperimentning muddatini, hududini va (yoki) shaxslar doirasini belgilash
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar]
Huquqiy eksperimentning muddati huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish uchun oqilona sarflanadigan vaqt hisobga olingan holda olti oydan uch yilgacha boʻlgan muddatga belgilanadi. Huquqiy eksperiment koʻrsatilgan muddat tugaganidan keyin davom ettirilishi mumkin emas.
Huquqiy eksperimentning hududi huquqiy eksperimentning mazmunidan hamda u oʻtkaziladigan maʼmuriy-hududiy birlikning oʻziga xos xususiyatlaridan va tabiatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Huquqiy eksperimentning shaxslar doirasi huquqiy eksperimentning mazmunidan va unda ishtirok etadigan shaxslarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan xolda belgilanadi.
Huquqiy eksperimentning muddatini, hududini va ushbu hududdagi shaxslar doirasini belgilashda tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan maslahatlashuvlar oʻtkaziladi.
Tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari huquqiy eksperimentda ishtirok etishga, shu jumladan hududlarni huquqiy eksperiment oʻtkaziladigan hududlar roʻyxatiga kiritishga yoki undan chiqarish boʻyicha asoslantirilgan takliflar taqdim etishga haqli.
15-modda. Huquqiy eksperimentning yagona reyestri
Huquqiy eksperimentning yagona reyestri huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish va uning yakunlari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.01.00 Umumiy qoidalar]
Huquqiy eksperiment oʻtkazilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat va huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturi qabul qilinganidan keyin bir ish kuni ichida vakolatli organ tomonidan quyidagi maʼlumotlar bilan birga Huquqiy eksperimentning yagona reyestriga kiritiladi:
huquqiy eksperimentni oʻtkazishning maqsadi va vazifalari;
huquqiy eksperimentning muddati, hududi va (yoki) shaxslar doirasi;
masʼul organlar va ularning vazifalari;
huquqiy eksperimentning oʻtkazilishini nazorat qiluvchi davlat organlari;
huquqiy eksperimentning samaradorligi va natijadorligini baholashga nisbatan qoʻyiladigan talablar yoki mezonlar, shu jumladan baholashdan oʻtkaziladigan koʻrsatkichlar.
Huquqiy eksperimentning yagona reyestri va undagi maʼlumotlar barcha foydalanishi uchun ochiqdir. Bunda oʻtkazilayotgan huquqiy eksperiment yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan fikr-mulohazalar va (yoki) takliflar bildirish imkoniyati yaratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Huquqiy eksperimentning yagona reyestri operatori hisoblanadi.
2-bob. Huquqiy eksperimentni tartibga solish hamda fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi
16-modda. Vakolatli organning huquqiy eksperimentni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha vakolatlari
Vakolatli organ:
normativ-huquqiy hujjatni huquqiy eksperiment tartibida qabul qilish toʻgʻrisida;
huquqiy eksperimentning koʻlamini kengaytirish, muddatini uzaytirish, uni toʻxtatib turish yoki muddatidan oldin tugatish haqida;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatning yoki tegishli eksperimental-huquqiy normalarning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilish toʻgʻrisida yoki qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi haqida qaror qabul qiladi.
Huquqiy eksperiment Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan oʻtkaziladi.
Vakolatli organ qonunchilikka muvofiq huquqiy eksperimentni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining huquqiy eksperimentni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha vakolatlari
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.02.00 Vazirlar Mahkamasi vakolatlari]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
huquqiy eksperimentni tashkil etish va oʻtkazishda vazirliklar hamda idoralarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
huquqiy eksperimentning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlaydi;
masʼul organni belgilaydi;
huquqiy eksperiment oʻtkazilishiga toʻsqinlik qilayotgan muammolarni hal etish va omillarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli davlat organlarining hamda tashkilotlarining zimmasiga vazifalar yuklatadi, ularga ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga doir koʻrsatmalar beradi;
huquqiy eksperimentni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha vaqtinchalik nizomni qabul qiladi hamda davlat organlari va tashkilotlariga uslubiy jihatdan koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq huquqiy eksperimentni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18-modda. Masʼul organning huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash boʻyicha vakolatlari
Masʼul organ:
huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash boʻyicha zarur choralar koʻradi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash yuzasidan davlat tashkilotlariga, korxonalar va muassasalarga murojaat qiladi, maʼlumotlar oladi hamda takliflar bilan chiqadi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazishga va uning natijalarini baholashga doir yigʻilishlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar va boshqa tadbirlarni tashkil etadi;
manfaatdor taraflar oʻrtasida huquqiy eksperiment bilan bogʻliq masalalar boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazadi, shuningdek huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash yuzasidan statistik maʼlumotlarni yigʻadi hamda maʼlumotlar bazasini shakllantiradi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish boʻyicha ekspertlarni, ilmiy-tahliliy ishlarni amalga oshirish uchun ilmiy va boshqa tashkilotlarni, shuningdek olimlar va mutaxassislarni belgilangan tartibda, shu jumladan shartnoma asosida jalb qiladi;
manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda huquqiy eksperimentga doir standartlarni, qoidalarni qonunchilikda belgilangan tartibda ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash uchun shart-sharoitlar yaratish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
huquqiy eksperiment ishtirokchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini koʻradi;
huquqiy eksperimentni tahlil qiladi, monitoring va oʻrganish ishlarini amalga oshiradi hamda uning natijalarini baholaydi.
Masʼul organ qonunchilikka muvofiq huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash boʻyicha boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
19-modda. Fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.18.00.00 Jamoatchilik nazorati;
2.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.10.00 Notijorat tashkilotlari / 03.03.10.03 Jamoat birlashmalari (shuningdek, 01.17.03.00ga qarang)]
Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari oʻz vakolatlari doirasida:
davlat organlarining yoki ular huzuridagi ishchi guruhlarning, komissiyalarning va jamoatchilik-maslahat organlarining majlislarida koʻrib chiqish uchun huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturlarini va huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, tegishli loyihalarga doir takliflarni kiritishi;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tashabbus qilishda, koʻrib chiqishda va tayyorlashda ishtirok etishi;
huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;
huquqiy eksperiment toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar kiritishi mumkin.
Fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar masʼul organ tomonidan oʻtkaziladigan soʻrovnomalarda, davra suhbatlarida va ekspertlar yigʻilishlarida ishtirok etishi, ushbu institutlar va fuqarolarning takliflari majburiy tartibda koʻrib chiqilishi hamda natijalari huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha tayyorlangan hisobotda aks ettirilishi kerak.
3-bob. Huquqiy eksperimentni tashkil etish, oʻtkazish, uning natijalarini baholash va joriy etish
20-modda. Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi]
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilishga faqat, basharti:
koʻtarilayotgan masalalarni yoki muammolarni tartibga solishda maqbul yechimlarni tanlash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni boshqa usullar yordamida, shu jumladan tartibga solish taʼsirini baholash orqali olish mumkin boʻlmasa;
ushbu Qonun bilan taqiqlanmagan munosabatlarni yaxshilashga, yengillashtirishga, soddalashtirishga va samaradorlikni oshirishga qaratilgan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi]
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlashni tashabbus qilish qonunchilikka muvofiq normativ-huquqiy hujjatlarni tashabbus qilish huquqiga ega organlar (shaxslar) tomonidan amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperiment tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining hamda unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatning loyihasini tayyorlashni tashabbus qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslar tegishli davlat organlariga huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasi toʻgʻrisida takliflar kiritishga haqli.
21-modda. Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash va qabul qilish
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi]
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini tayyorlash jarayonida:
huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturi ishlab chiqiladi;
tartibga solish taʼsiri baholashdan oʻtkaziladi va baholash natijalari toʻgʻrisida hisobot tayyorlanadi;
huquqiy, korrupsiyaga qarshi va boshqa zarur ekspertiza oʻtkaziladi.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi]
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.03.00 Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi]
Huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
huquqiy eksperimentni oʻtkazishning maqsadi va vazifalari;
huquqiy eksperimentning muddati, hududi va (yoki) shaxslar doirasi va ularni tanlash asoslari. Bunda huquqiy eksperiment oʻtkaziladigan hududni tanlashda oʻtkaziladigan huquqiy eksperimentning samaradorligini tahlil qilish hamda natijada yuzaga kelgan yoki kelishi mumkin boʻlgan ehtimoliy oqibatlarni oʻrganish va baholash imkoniyati yuqori ekanligi inobatga olinadi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazishning asosiy bosqichlari va uning muddatlari;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish uchun zarur chora-tadbirlar, zarur boʻlgan hollarda huquqiy eksperimentni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha vaqtinchalik nizomni ishlab chiqish muhimligi;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan resurslar, shu jumladan moliyalashtirish manbalari va ularning miqdori;
huquqiy eksperiment ishtirokchilari va ular bajarishi kerak boʻlgan talablar;
masʼul organlar va ularning vazifalari, shu jumladan moddiy-texnikaviy, moliyaviy hamda boshqa resurslar bilan taʼminlash boʻyicha vazifalari;
shaxsning mol-mulkiga, davlat mudofaasiga va (yoki) xavfsizligiga, qonun bilan himoya qilinadigan boshqa qadriyatlarga zarar yetkazilishi xavfini baholash hamda bunday xavflarni kamaytirish choralari;
huquqiy eksperiment vaqtida berilgan vakolatlar, huquqlar va imkoniyatlardan foydalanish tartibi;
huquqiy eksperimentning nazorat qilinishi, shu jumladan nazorat funksiyalarini amalga oshiruvchi organlar, shuningdek nazorat funksiyalarini amalga oshirish, huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturining qoidalariga rioya etilishini tekshirishni tashkil etish va oʻtkazish tartibi;
huquqiy eksperimentning samaradorligi va natijadorligini baholashga qoʻyiladigan talablar yoki mezonlar, shu jumladan baholashdan oʻtkaziladigan koʻrsatkichlar;
eksperimental-huquqiy normalar hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solish oʻrtasidagi farqlar toʻgʻrisida huquqiy eksperiment ishtirokchilarini xabardor qilish usullari;
huquqiy eksperiment jarayoni va uning natijalari, shu jumladan eksperimental-huquqiy normalar hamda amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solish oʻrtasidagi farqlar toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan rasmiy manbalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali xabardor qilish usullari.
Huquqiy eksperiment oʻtkazish dasturida boshqa zarur maʼlumotlar ham koʻrsatilishi mumkin.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan qonun hujjatlari boʻyicha huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan qonunosti hujjatlari boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish dasturi tegishli vakolatli organning qarori bilan tasdiqlanadi.
23-modda. Huquqiy eksperimentni oʻtkazish
Huquqiy eksperiment muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oraligʻida oʻtkaziladi.
Huquqiy eksperiment eksperimental-huquqiy normalar asosida huquqiy eksperimentning tartib-taomillarini joriy etish va ularning natijalarini baholash orqali amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperiment tartibida qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatda quyidagilar koʻrsatilishi shart:
huquqiy eksperimentni oʻtkazishning maqsadi va vazifalari;
eksperimental-huquqiy normalarning barqaror amalga oshirilishini taʼminlovchi kafolatlar, shu jumladan huquqiy va moliyaviy kafolatlar;
huquqiy eksperimentning shaffofligini va uning natijalarining ishonchliligini taʼminlashga qaratilgan koʻrsatmalar hamda tavsiyalar;
huquqiy eksperimentning muddati, hududi va (yoki) shaxslar doirasi.
Masʼul organ tegishli vakolatli organga huquqiy eksperimentni oʻtkazish va uning natijalarini baholash holati boʻyicha har chorakda hisobotlar taqdim etadi.
24-modda. Huquqiy eksperimentning natijalarini baholash
Masʼul organ huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturida belgilangan muddatlarda va tartibda huquqiy eksperiment jarayonlarini monitoring qilish orqali uning natijalarini baholab boradi.
Huquqiy eksperiment monitoringi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
eksperimental-huquqiy normaning u qoʻllanilgan sohaga nisbatan taʼsirini aniqlashni;
soʻrovlar yuborish, soʻrovnomalar oʻtkazish, fikr-mulohazalarni yigʻish va huquqni qoʻllash amaliyotida sinovdan oʻtgan eksperimental-huquqiy normaning samaradorlilik darajasini boshqa usullar orqali aniqlashni;
eksperimental-huquqiy norma joriy etilganidan keyin qanday ijobiy va salbiy oqibatlarga olib kelishining tahlilini;
jismoniy va yuridik shaxslarning eksperimental-huquqiy norma yuzasidan davlat organlariga hamda tashkilotlariga murojaatlari tahlilini;
eksperimental-huquqiy normani qoʻllash amaliyoti yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yoki nazorat qiluvchi organlarning ushbu sohadagi nazorati tahlilini;
murojaatlar hamda qabul qilingan qarorlar davriyligini hisobga olgan holda sud amaliyoti va statistikasining tahlilini;
ommaviy axborot vositalaridagi va Internet jahon axborot tarmogʻidagi, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarning tahlilini;
eksperimental-huquqiy normaning huquqni qoʻllash amaliyoti boʻyicha statistika maʼlumotlarini toʻplashni va boshqalarni.
Huquqiy eksperimentning monitoringi va uning natijalarini baholash huquqiy eksperimentni oʻtkazish dasturida belgilangan nazorat qilish hamda natijalarni baholash boʻyicha uslubiy vositalar orqali amalga oshiriladi.
Huquqiy eksperimentning monitoringi va uning natijalarini baholash huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobotda toʻliq koʻrsatilishi shart.
25-modda. Huquqiy eksperimentning natijalarini joriy etish
Huquqiy eksperimentning natijalarini joriy etish huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki tegishli eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilish toʻgʻrisida ijobiy xulosaga kelinganda amalga oshiriladi.
Vakolatli organ huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot asosida huquqiy eksperiment natijalarini joriy etish haqida qaror qabul qiladi.
26-modda. Huquqiy eksperimentni oʻtkazishni toʻxtatib turish va tugatish
Huquqiy eksperiment quyidagi hollarda vakolatli organ tomonidan toʻxtatib turiladi:
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat doirasida ish olib borilmaganda;
huquqiy eksperimentni oʻtkazishda moliyaviy mablagʻlarning maqsadsiz va samarasiz sarflanishi, shuningdek turli xil suiisteʼmolchilik hollari yuzaga kelganda.
Huquqiy eksperiment quyidagi hollarda vakolatli organ tomonidan tugatiladi:
huquqiy eksperiment boʻyicha muddatidan oldin ijobiy natijaga erishilgan, degan xulosaga kelinganda;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida yoki qonunlarida belgilangan tartibda bekor qilinganda;
eksperimental-huquqiy normalarni qoʻllash oqibatida yuzaga kelgan xavf-xatarlarning oldini olish va ularni kamaytirish imkoni boʻlmaganda.
4-bob. Huquqiy eksperiment yakunlarini rasmiylashtirish
27-modda. Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot
Huquqiy eksperiment yakunlanganidan keyin masʼul organ tomonidan huquqiy eksperiment natijalari boʻyicha huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilish toʻgʻrisida yoki qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi haqida oʻttiz ish kuni ichida huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot tayyorlanadi.
Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobotda quyidagilar koʻrsatiladi:
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni qoʻllash amaliyoti, huquqiy eksperimentning ijobiy va salbiy oqibatlari, bunday hujjatning yoki eksperimental-huquqiy normalarning qoʻllanilishiga taʼsir oʻtkazgan ijtimoiy hamda boshqa omillar, huquqiy eksperiment oʻtkazilishi munosabati bilan qilingan xarajatlarning va olingan daromadlarning tahlili;
oʻtkazilgan huquqiy eksperimentning samaradorligi, foydaliligi va tejamkorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilish maqsadga muvofiqligining yoki qabul qilish maqsadga muvofiq emasligining asoslari;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjat yoki eksperimental-huquqiy normalar ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilinganidan keyin yuzaga keladigan ijobiy va salbiy oqibatlarning, xarajatlar va daromadlarning huquqiy eksperiment jarayonida erishilgan natijalar haqidagi maʼlumotlar bilan asoslantirilgan prognozi.
Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan kelishiladi.
Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot Huquqiy eksperimentning yagona reyestri, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi, shu jumladan masʼul organning rasmiy nashrlari va rasmiy veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka yetkazilishi shart.
Huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot tegishliligiga qarab vakolatli organga kiritiladi.
28-modda. Huquqiy eksperiment natijasi yuzasidan qaror qabul qilish
Huquqiy eksperiment natijasi yuzasidan vakolatli organ huquqiy eksperiment yakunlari boʻyicha hisobot asosida quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida;
huquqiy eksperiment tartibida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatni yoki eksperimental-huquqiy normalarni ularning amal qilishini vaqt boʻyicha, muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklanmagan holda qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida;
huquqiy eksperimentni oʻtkazish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida, bunda mazkur muddat ushbu Qonun 14-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan muddat doirasida uzaytirilishi mumkin;
huquqiy eksperiment natijalarini inobatga olgan holda qonunchilikni takomillashtirish haqida;
huquqiy eksperiment natijalarini inobatga olgan holda normativ-huquqiy hujjatni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida.
29-modda. Huquqiy eksperiment doirasida berilgan imtiyozlarning va qabul qilingan maʼmuriy hujjatlarning eksperiment yakunlariga koʻra amal qilishi
Huquqiy eksperiment doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan imtiyozlar hamda qabul qilingan maʼmuriy hujjatlar, agar qonunchilik hujjatlarida ushbu imtiyozlar va maʼmuriy hujjatlar oʻz kuchini yoʻqotishi nazarda tutilmagan boʻlsa, huquqiy eksperimentning amal qilishi muddatida saqlanib qoladi.
Huquqiy eksperiment yakunlanganidan keyin huquqiy eksperiment doirasida berilgan imtiyozlarning va qabul qilingan maʼmuriy hujjatlarning amal qilishi muddatini uzaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
30-modda. Huquqiy eksperiment natijalarini eʼlon qilish
Huquqiy eksperiment natijalari Huquqiy eksperimentning yagona reyestrida, ommaviy axborot vositalarida, Internet jahon axborot tarmogʻida, shu jumladan masʼul organning rasmiy nashrlarida va rasmiy veb-saytlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinishi kerak.
31-modda. Huquqiy eksperimentni moliyalashtirish manbalari
Huquqiy eksperimentni oʻtkazishni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
32-modda. Huquqiy eksperimentga doir qonunga xilof harakatlar va qarorlar ustidan shikoyat qilish
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.01 Umumiy qoidalar]
Jismoniy va yuridik shaxslar huquqiy eksperiment davomida oʻz huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilganligi ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda masʼul organga yoki vakolatli organga yoxud bevosita sudga shikoyat qilishi mumkin.
Yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi bunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi.
33-modda. Huquqiy eksperiment toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
[OKOZ:
1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.09.00.00 Maʼmuriy javobgarlik / 16.09.14.00 Odil sudlovga, jamoat tartibiga va boshqaruvning oʻrnatilgan tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik]
Huquqiy eksperiment toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
34-modda. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-682-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 4, 288-modda; 2022-yil, № 3, 213-modda, № 8, 788-modda, № 10, 983-modda; 2023-yil, № 8, 629-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 109-modda, № 9, 955-modda, № 10, 1075, 1076-moddalar; 2025-yil, № 4, 516-modda) 34-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Huquqiy eksperiment normativ-huquqiy hujjatning yoki huquqiy normaning samaradorligini amalda muayyan hududda va (yoki) shaxslar doirasi boʻyicha cheklangan holda, belgilangan vaqt oraligʻida sinovdan (tajribadan, aprobatsiyadan va shu kabilardan) oʻtkazish bilan bogʻliq chora-tadbirlar majmuidir.
Huquqiy eksperimentni tashkil etishga, oʻtkazishga, uning natijalarini baholashga va joriy etishga doir munosabatlar “Huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi”.
35-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
36-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
37-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.14.00.00 Davlat organlarining huquq ijodkorligi faoliyati / 01.14.05.00 Normativ-huquqiy hujjatlarni eʼlon qilish va kuchga kirishi]
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 27-mart,
OʻRQ-1127-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1127/0280-son)