Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
Hujjat 01.06.2017 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuniga asosan yangi tahrirda qabul qilingan.
MUQADDIMA
Oʻzbekiston xalqi:
inson huquqlariga va davlat suvereniteti gʻoyalariga sodiqligini tantanali ravishda eʼlon qilib,
hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatini anglagan holda,
oʻzbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib,
demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib,
xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda,
respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini taʼminlashga intilib,
insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni koʻzlab,
fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini taʼminlash maqsadida,
oʻzining muxtor vakillari siymosida Oʻzbekiston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi.
BIRINChI BOʻLIM. ASOSIY PRINSIPLAR
I bob. Davlat suvereniteti
1-modda.
Oʻzbekiston — suveren demokratik respublika. Davlatning “Oʻzbekiston Respublikasi” va “Oʻzbekiston” degan nomlari bir maʼnoni anglatadi.
2-modda.
Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar.
3-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining milliy-davlat va maʼmuriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi.
Oʻzbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va boʻlinmasdir.
4-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni (yangi tahriri).
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va anʼanalari hurmat qilinishini taʼminlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari — bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining poytaxti — Toshkent shahri.
II bob. Xalq hokimiyatchiligi
7-modda.
Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir.
Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.
Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini oʻzlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini toʻxtatib qoʻyish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi.
8-modda.
Oʻzbekiston xalqini millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi.
9-modda.
Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qoʻyiladi. Referendum oʻtkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
10-modda.
Oʻzbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin.
Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs Oʻzbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
11-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipiga asoslanadi.
12-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.
Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida oʻrnatilishi mumkin emas.
13-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.
Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
14-modda.
Davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
III bob. Konstitutsiya va qonunning ustunligi
15-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi.
Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradilar.
16-modda.
Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi Oʻzbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.
Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
IV bob. Tashqi siyosat
17-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subyektidir. Uning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning daxlsizligi, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik qoidalariga va xalqaro huquqning umum eʼtirof etilgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi.
Respublika davlatning, xalqning oliy manfaatlari, farovonligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida ittifoqlar tuzishi, hamdoʻstliklarga va boshqa davlatlararo tuzilmalarga kirishi va ulardan ajralib chiqishi mumkin.
IKKINChI BOʻLIM. INSON VA FUQAROLARNING ASOSIY HUQUQLARI, ERKINLIKLARI VA BURChLARI
V bob. Umumiy qoidalar
18-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qoʻyiladi hamda ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi shart.
19-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan boʻlgan huquqlari va burchlari bilan oʻzaro bogʻliqdirlar. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qoʻyilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hech kim haqli emas.
20-modda.
Fuqarolar oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.
VI bob. Fuqarolik
21-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik oʻrnatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega boʻlganlikdan qatʼi nazar, hamma uchun tengdir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining fuqarosi ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.
Fuqarolikka ega boʻlish va uni yoʻqotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi.
22-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi.
23-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq taʼminlanadi. Ular Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar.
VII bob. Shaxsiy huquq va erkinliklar
24-modda.
Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng ogʻir jinoyatdir.
25-modda.
Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.
Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 18, 242—248 va 558-moddalari.
26-modda.
Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora koʻrib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga oʻzini himoya qilish uchun barcha sharoitlar taʼminlab beriladi.
Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar oʻtkazilishi mumkin emas.
27-modda.
Har kim oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv oʻtkazishi yoki uni koʻzdan kechirishi, yozishmalar va telefonda soʻzlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 16, 17, 20 va 21-boblari.
28-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarosi Respublika hududida bir joydan ikkinchi joyga koʻchish, Oʻzbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasnodir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi Qonuni.
29-modda.
Har kim fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.
Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli boʻlgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonuni.
30-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.
31-modda.
Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga eʼtiqod qilish yoki hech qaysi dinga eʼtiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuni (yangi tahriri).
VIII bob. Siyosiy huquqlar
32-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(32-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.
(32-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
33-modda.
Fuqarolar oʻz ijtimoiy faolliklarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yigʻilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar oʻtkazilishini toʻxtatish yoki taqiqlash huquqiga ega.
34-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.
Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.
35-modda.
Har bir shaxs bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqilishi shart.
IX bob. Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar
36-modda.
Har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli.
Bankka qoʻyilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Bank siri toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining V boʻlimi.
37-modda.
Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda koʻrsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.
Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 46, 821, 83-moddalari, 88-moddasi birinchi qismining “b” bandi.
38-modda.
Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq toʻlanadigan mehnat taʼtilining muddati qonun bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining VII (“Ish vaqti”) va VIII boblari (“Dam olish vaqti”).
39-modda.
Har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qoʻyilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz boʻlishi mumkin emas.
40-modda.
Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.
41-modda.
Har kim bilim olish huquqiga ega.
Bepul umumiy taʼlim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Maktab ishlari davlat nazoratidadir.
42-modda.
Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.
Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga gʻamxoʻrlik qiladi.
X bob. Inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari
43-modda.
Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi.
44-modda.
Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 184 — 189-moddalari.
45-modda.
Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolgʻiz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.
46-modda.
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar.
XI bob. Fuqarolarning burchlari
47-modda.
Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan burchlarini bajaradilar.
48-modda.
Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.
49-modda.
Fuqarolar Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar.
Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir.
50-modda.
Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar.
51-modda.
Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yigʻimlarni toʻlashga majburdirlar.
52-modda.
Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni oʻtashga majburdirlar.
UChINChI BOʻLIM. JAMIYAT VA ShAXS
XII bob. Jamiyatning iqtisodiy negizlari
53-modda.
Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat isteʼmolchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.
Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 166, 199, 202 — 204-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
54-modda.
Mulkdor mulkiga oʻz xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar yetkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
55-modda.
Yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.
XIII bob. Jamoat birlashmalari
56-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida eʼtirof etiladi.
57-modda.
Konstitutsiyaviy tuzumni zoʻrlik bilan oʻzgartirishni maqsad qilib qoʻyuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targʻib qiluvchi, xalqning sogʻligʻi va maʼnaviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati taqiqlanadi.
Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish taqiqlanadi.
58-modda.
Davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
59-modda.
Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba tashkilotlariga aʼzo boʻlish ixtiyoriydir.
60-modda.
Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va oʻzlarining demokratik yoʻl bilan saylab qoʻyilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar oʻz faoliyatlarini moliyaviy taʼminlanish manbalari haqida Oliy Majlisga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar.
61-modda.
Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.
62-modda.
Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ular faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qoʻyish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi.
XIV bob. Oila
63-modda.
Oila jamiyatning asosiy boʻgʻinidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida boʻlish huquqiga ega.
Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.
64-modda.
Ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.
Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni boqish, tarbiyalash va oʻqitishni taʼminlaydi, bolalarga bagʻishlangan xayriya faoliyatlarni ragʻbatlantiradi.
65-modda.
Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.
Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
66-modda.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar oʻz ota-onalari haqida gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar.
XV bob. Ommaviy axborot vositalari
67-modda.
Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning toʻgʻriligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.
Senzuraga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri), “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi va “Jurnalistik faoliyatni himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari.
TOʻRTINChI BOʻLIM. MAʼMURIY-HUDUDIY VA DAVLAT TUZILIShI
XVI bob. Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi
68-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasidan iborat.
69-modda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini oʻzgartirish, shuningdek viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
XVII bob. Qoraqalpogʻiston Respublikasi
70-modda.
Suveren Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining suvereniteti Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi.
71-modda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻz Konstitutsiyasiga ega.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid boʻlishi mumkin emas.
72-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida ham majburiydir.
73-modda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining hududi va chegaralari uning roziligisiz oʻzgartirilishi mumkin emas. Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻz maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini mustaqil hal qiladi.
74-modda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega.
75-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasining oʻzaro munosabatlari Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida tuzilgan shartnomalar hamda bitimlar bilan tartibga solinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi nizolar murosaga keltiruvchi vositalar yordamida hal etiladi.
BEShINChI BOʻLIM. DAVLAT HOKIMIYATINING TAShKIL ETILIShI
Oldingi tahrirga qarang.
XVIII bob. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
76-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi boʻlib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati — besh yil.
77-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunga muvofiq saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat.
(77-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-194-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 510-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati hududiy vakillik palatasi boʻlib, Senat aʼzolaridan (senatorlardan) iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Saylov kuni yigirma besh yoshga toʻlgan hamda kamida besh yil Oʻzbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosi boʻlishi mumkin. Deputatlikka nomzodlarga qoʻyiladigan talablar qonun bilan belgilanadi.
Ayni bir shaxs bir paytning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
78-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat:
1) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
2) Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
3) Oʻzbekiston Respublikasining referendumini oʻtkazish toʻgʻrisida va uni oʻtkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish;
4) Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
5) Oʻzbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash;
6) Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
7) boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʻli bilan tartibga solish;
8) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish;
9) soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni joriy qilish;
10) Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, chegaralarini oʻzgartirish;
11) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini oʻzgartirish;
12) davlat mukofotlari va unvonlarini taʼsis etish;
13) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
14) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
Oldingi tahrirga qarang.
15) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini koʻrib chiqish va tasdiqlash, shuningdek mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining dolzarb masalalari yuzasidan Bosh vazirning hisobotlarini eshitish va muhokama qilish;
(78-modda birinchi qismining 15-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi OʻRQ-284-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
16) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili va uning oʻrinbosarini saylash;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish;
18) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qilish toʻgʻrisidagi farmonini tasdiqlash;
19) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
20) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
21) parlament nazoratini va ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
(78-modda birinchi qismining 21-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, soʻngra Senatida koʻrib chiqiladi.
79-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlariga:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish;
3) oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
4) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
80-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlariga:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning oʻrinbosarlarini, qoʻmitalarning raislari va ularning oʻrinbosarlarini saylash;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini saylash;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudini saylash;
Oldingi tahrirga qarang.
4) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisini tayinlash;
(80-moddaning 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi OʻRQ-426-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(80-moddaning 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi OʻRQ-430-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
(80-moddaning 6-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi OʻRQ-284-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
7) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
Keyingi tahrirga qarang.
8) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish;
9) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish toʻgʻrisidagi masalalarni hal etish;
Oldingi tahrirga qarang.
12) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish;
(80-moddaning 12-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi OʻRQ-430-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
13) oʻz faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib qoidalari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish;
14) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish kiradi.
81-modda.
Vakolat muddati tugagach, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tegishincha yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati ish boshlaguniga qadar oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari tegishincha Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida oʻtkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida yarmi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh prokurori, Markaziy banki Boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin.
(81-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi OʻRQ-426-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati alohida-alohida majlis oʻtkazadilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻshma majlislari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq soʻzlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq soʻzlaganda oʻtkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qoʻshma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham oʻtkazilishi mumkin.
82-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati oʻz vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qarorlari Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi, ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
83-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik tashabbusi huquqiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, oʻz davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Bosh prokurori egadirlar va bu huquq qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.
(83-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi OʻRQ-426-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
84-modda.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan maʼqullanib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy nashrlarda eʼlon qilingach, yuridik kuchga ega boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-bobi (“Normativ-huquqiy hujjatlarning eʼlon qilinishi, kuchga kirishi va amal qilishi”).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati maʼqullagan qonun imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga oʻn kun ichida yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonun oʻttiz kun ichida imzolanadi va eʼlon qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta koʻrib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qonunni yana maʼqullasa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va eʼlon qilinishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda koʻrib chiqilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oʻz eʼtirozlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli.
Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan maʼqullansa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan oʻn toʻrt kun ichida imzolanishi va eʼlon qilinishi kerak.
Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning matbuotda eʼlon qilinishi ular qoʻllanilishining majburiy shartidir.
85-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʻz tarkibidan Qonunchilik palatasining Spikeri va uning oʻrinbosarlarini saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri yashirin ovoz berish orqali Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Qonunchilik palatasi qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri:
1) Qonunchilik palatasining majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Qonunchilik palatasi qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Qonunchilik palatasi guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va oʻzga tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Qonunchilik palatasi nomidan ish koʻradi;
7) Qonunchilik palatasi qarorlarini imzolaydi;
8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri farmoyishlar chiqaradi.
86-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati oʻz tarkibidan Senat Raisi va uning oʻrinbosarlarini saylaydi. Senat Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi oʻrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakili boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi va uning oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Senat vakolati muddatiga saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi yashirin ovoz berish orqali senatorlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozi bilan qabul qilingan Senat qarorlariga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi:
1) Senat majlislarini chaqiradi, ularda raislik qiladi;
2) Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
3) Senat qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Senat qarorlarining ijrosi ustidan nazoratni tashkil etadi;
5) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga hamda xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq Senat guruhlarining faoliyatiga rahbarlik qiladi;
6) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, boshqa davlat organlari, chet davlatlar, xalqaro va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Senat nomidan ish koʻradi;
7) Senat qarorlarini imzolaydi;
8) ushbu Konstitutsiya va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisi farmoyishlar chiqaradi.
87-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonun loyihalarini tayyorlash ishini olib borish, Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun oʻz vakolatlari muddatiga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan qoʻmitalarni saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Senat muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari hamda Senat tomonidan qabul qilinadigan qarorlarning ijrosini nazorat qilish uchun oʻz vakolatlari muddatiga senatorlar orasidan qoʻmitalarni saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, zarurat boʻlgan taqdirda, muayyan vazifalarni bajarish uchun deputatlar, senatorlar orasidan komissiyalar tuzadi.
88-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlariga va Senati aʼzolariga ularning deputatlik yoki senatorlik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi.
Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat aʼzolari oʻz vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati aʼzosi daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. Ular tegishincha Qonunchilik palatasi yoki Senatning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunining 6-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonunining 6-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
(XVIII bob Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y.,3-4-son, 27-modda)
XIX bob. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti
Oldingi tahrirga qarang.
89-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti davlat boshligʻidir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini taʼminlaydi.
(89-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11-apreldagi OʻRQ-89-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 15-son, 152-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
90-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil Oʻzbekiston hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti boʻlishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va toʻgʻridan toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan besh yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi.
(90-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 12-dekabrdagi OʻRQ-305-sonli Qonuni tahririda — Oliy Majlis palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 12/1-son, 343-modda)
91-modda.
Prezident oʻz vazifasini bajarib turgan davrda boshqa haq toʻlanadigan lavozimni egallashi, vakillik organining deputati boʻlishi, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Prezidentning shaxsi daxlsizdir va qonun bilan muhofaza etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 158-moddasi.
92-modda.
Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yigʻilishida quyidagi qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab oʻz lavozimiga kirishgan hisoblanadi:
“Oʻzbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”.
Oldingi tahrirga qarang.
93-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti:
1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir;
2) Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻradi;
3) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻradi;
4) muzokaralar olib boradi hamda Oʻzbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini taʼminlaydi;
5) oʻz huzurida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
7) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega;
(93-modda birinchi qismining 7-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
8) respublika oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini taʼminlaydi; vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan tuzadi va tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdigʻiga kiritadi;
(93-modda birinchi qismining 8-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
9) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
10) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdim etadi hamda uni isteʼfoga chiqqanda, Bosh vazirga nisbatan bildirilgan ishonchsizlik votumi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qabul qilinganda yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda lavozimidan ozod qiladi;
(93-modda birinchi qismining 10-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
11) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
12) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdigʻiga kiritadi;
(93-modda birinchi qismining 12-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi OʻRQ-284-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
13) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkiblariga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi;
(93-moddaning birinchi qismi 13-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi OʻRQ-430-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
14) Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais oʻrinbosarlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini tayinlaydi va lavozimlaridan ozod etadi; Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining aʼzolarini qonunga muvofiq tasdiqlaydi;
(93-moddaning birinchi qismi 14-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi OʻRQ-426-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
15) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini Prezident oʻz qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli;
(93-modda birinchi qismining 15-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi OʻRQ-284-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
16) respublika davlat boshqaruvi organlarining va hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini ular qonun hujjatlari normalariga nomuvofiq boʻlgan hollarda toʻxtatadi, bekor qiladi; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli;
(93-modda birinchi qismining 16-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
17) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini imzolaydi va eʼlon qiladi; qonunga oʻz eʼtirozlarini ilova etib, uni takroran muhokama qilish va ovozga qoʻyish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli;
18) Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qiladi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdigʻiga kiritadi;
19) favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashni koʻzlab, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdigʻiga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunining 24-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 26-moddasi.
20) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qoʻmondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qoʻmondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlar beradi;
21) Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorligʻi bilan mukofotlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi;
22) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi;
23) amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnoma kiritadi va Oʻzbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
24) Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, keyinchalik shu masalalarga doir farmonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdigʻiga kiritadi;
(93-modda birinchi qismining 24-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
25) ushbu Konstitutsiya va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Prezident oʻz vakolatlarini bajarishni davlat idoralariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas.
(93-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
94-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Konstitutsiyaga va qonunlarga asoslanib hamda ularni ijro etish yuzasidan respublikaning butun hududida majburiy kuchga ega boʻlgan farmonlar, qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
95-modda.
Qonunchilik palatasi yoki Senat tarkibida ularning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib boʻlmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoxud ular bir necha marta Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda, shuningdek Qonunchilik palatasi bilan Senat oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib boʻlmaydigan ixtiloflar yuz berganda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilgan taqdirda yangi saylov uch oy mobaynida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati favqulodda holat joriy etilgan davrda tarqatib yuborilishi mumkin emas.
(95-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
96-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti oʻz vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida”gi Qonunga toʻliq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi oʻtkaziladi.
(96-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi OʻRQ-284-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 16-son, 159-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
97-modda.
Vakolati tugashi munosabati bilan isteʼfoga chiqqan Prezident umrbod Senat aʼzosi lavozimini egallaydi.
(97-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
XX bob. Vazirlar Mahkamasi
Oldingi tahrirga qarang.
98-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari, vazirlar, davlat qoʻmitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumatining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi.
Vazirlar Mahkamasi:
1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, moliyaviy, pul-kredit siyosati yuritilishi, fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi uchun javobgar boʻladi;
2) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
3) davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni taʼminlaydi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga har yili mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan maʼruzalar taqdim etadi;
6) ushbu Konstitutsiya va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.
Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar mamlakat Prezidentining qaroriga muvofiq oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri:
1) Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
2) Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
3) xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish koʻradi;
4) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqqanidan keyin oʻn kun muddat ichida uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Bosh vazir taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʻrtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga isteʼfoga chiqadi.
Yangi Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga koʻrib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
Oliy Majlis tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazir vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.
Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.
(98-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
XXI bob. Mahalliy davlat hokimiyati asoslari
99-modda.
Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga boʻysunadigan shaharlardan, shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari boʻlib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab oʻz vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
100-modda.
Mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga quyidagilar kiradi:
qonuniylikni, huquqiy-tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash;
hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yigʻimlarni belgilash, budjetdan tashqari jamgʻarmalarni hosil qilish;
mahalliy kommunal xoʻjalikka rahbarlik qilish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
fuqarolik holati aktlarini qayd etishni taʼminlash;
normativ hujjatlarni qabul qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
101-modda.
Mahalliy hokimiyat organlari Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshiradilar, respublika va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnashadilar.
Yuqori organlarning oʻzlariga berilgan vakolat doirasida qabul qilgan qarorlari quyi organlar ijro etishi uchun majburiydir.
Xalq deputatlari Kengashlari va hokimlarning vakolat muddati — 5 yil.
(101-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
102-modda.
Vakillik va ijroiya hokimiyatini tegishliligiga qarab viloyat, tuman va shahar hokimlari boshqaradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Viloyat va Toshkent shahar hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunga muvofiq tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
(102-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11-apreldagi OʻRQ-89-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 15-son, 152-modda)
Tuman va shaharlarning hokimlari tegishli viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Shaharlardagi tumanlarning hokimlari tegishli shahar hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari shahar Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tumanlarga boʻysunadigan shaharlarning hokimlari tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi hamda xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
(102-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
103-modda.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari oʻz vakolatlarini yakkaboshchilik asoslarida amalga oshiradilar va oʻzlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Viloyat, tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi, ular boʻyicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
(103-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Hokimlarning va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini tashkil qilish, ularning vakolat doirasini va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini saylash tartibi qonun bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonuni.
104-modda.
Hokim oʻziga berilgan vakolatlar doirasida tegishli hududdagi barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar qabul qiladi.
105-modda.
Shaharcha, qishloq va ovullarda, shuningdek ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yigʻinlari oʻzini oʻzi boshqarish organlari boʻlib, ular ikki yarim yil muddatga raisni (oqsoqolni) va uning maslahatchilarini saylaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzini oʻzi boshqarish organlarini saylash tartibi, faoliyatini tashkil etish hamda vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
XXII bob. Oʻzbekiston Respublikasining sud hokimiyati
106-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
107-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida sud tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sudlari, fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiy va maʼmuriy sudlari, fuqarolik ishlari boʻyicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tuman, shahar maʼmuriy sudlaridan iborat.
(107-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi OʻRQ-426-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Sudlarni tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibi qonun bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi qonunlariga qarang.
Favqulodda sudlar tuzishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(107-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
108-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakilini qoʻshgan holda saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi oʻz tarkibidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning oʻrinbosarini saylaydi.
(108-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi OʻRQ-430-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
109-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
2) Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
3) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini koʻrib chiqadi;
6) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni koʻrib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati qatʼiy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
(109-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 31-maydagi OʻRQ-430-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 406-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
110-modda.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi.
(110-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi OʻRQ-426-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
U tomonidan qabul qilingan hujjatlar qatʼiy va Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida bajarilishi majburiydir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.
(110-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi OʻRQ-426-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
(110-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
111-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi.
(111-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 6-apreldagi OʻRQ-426-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 14-son, 213-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
112-modda.
Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga boʻysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 236-moddasi.
Sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining (yangi tahriri) 67 — 70-moddalari.
Sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emas.
Sudyalar siyosiy partiyalarning aʼzosi boʻlishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa biron-bir faoliyat turlari bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Sudya vakolat muddati tugagunga qadar sudyalik vazifasidan qonunda koʻrsatilgan asoslar boʻlgandagina ozod etilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining (yangi tahriri) 71 va 72-moddalari.
(112-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
113-modda.
Hamma sudlarda ishlar ochiq koʻriladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunining (yangi tahriri) 7-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi, 1481-moddasining ikkinchi qismi, 1661-moddasining ikkinchi qismi, 243-moddasining oltinchi qismi, 247-moddasining toʻrtinchi qismi, 257-moddasining ikkinchi qismi va 560-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 12-moddasi, 208-moddasining ikkinchi qismi, 234-moddasi, 302-moddasining uchinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 11-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining 13-moddasi, 193-moddasining birinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 274-moddasi.
114-modda.
Sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
115-modda.
Oʻzbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish oʻzbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi koʻpchilik aholi soʻzlashadigan tilda olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan toʻla tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida soʻzlash huquqi taʼminlanadi.
116-modda.
Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan taʼminlanadi.
Tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat koʻrsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning ish tartibi qonun bilan belgilanadi.
XXIII bob. Saylov tizimi
Oldingi tahrirga qarang.
117-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va toʻgʻridan toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar saylanganidan soʻng bir oy ichida ular orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadilar.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning oʻzida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati boʻlishi mumkin emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi referendumini tashkil etish va oʻtkazish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi oʻz faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining saylov toʻgʻrisidagi hamda referendum toʻgʻrisidagi qonunlariga va boshqa qonunlarga amal qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya aʼzolari orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimi boʻyicha komissiya majlisida saylanadi.
(117-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-366-sonli Qonuniga asosan oltinchi — toʻqqizinchi qismlar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 176-modda)
Saylov oʻtkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi.
(117-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
XXIV bob. Prokuratura
118-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga boʻysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.
119-modda.
Prokuratura organlarining yagona markazlashtirilgan tizimiga Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori boshchilik qiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Prokurori Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasining oliy vakillik organi tomonidan tayinlanadi.
Viloyatlarning prokurorlari, tuman va shahar prokurorlari Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori tomonidan tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Prokurorining, viloyat, tuman va shahar prokurorlarining vakolat muddati — besh yil.
120-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari oʻz vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga boʻysunib amalga oshiradilar.
Prokurorlar oʻz vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy maqsadlarni koʻzlovchi boshqa jamoat birlashmalariga aʼzolikni toʻxtatib turadilar.
Prokuratura organlarini tashkil etish, ularning vakolatlari va faoliyat koʻrsatish tartibi qonun bilan belgilanadi.
121-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha tezkor-qidiruv, tergov va boshqa maxsus vazifalarni mustaqil ravishda bajaruvchi xususiy kooperativ tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ularning boʻlinmalarini tuzish hamda ularning faoliyat koʻrsatishi taʼqiqlanadi.
Qonuniylik va huquqiy tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tashkilotlari va fuqarolar yordam koʻrsatishlari mumkin.
XXV bob. Moliya va kredit
122-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz moliya va pul-kredit tizimiga ega.
Oʻzbekistonning Davlat budjeti Respublika budjetidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan va mahalliy budjetlardan iborat.
123-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qiladi. Soliqlar joriy qilishga faqat Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi haqli.
124-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini respublika Markaziy banki boshqaradi.
XXVI bob. Mudofaa va xavfsizlik
125-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi.
Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mudofaa toʻgʻrisida”gi Qonuni (yangi tahriri) .
126-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun yetarli darajada qurolli kuchlariga ega.
OLTINChI BOʻLIM. KONSTITUTSIYAGA OʻZGARTIRISh KIRITISh TARTIBI
Oldingi tahrirga qarang.
127-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartirishlar tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchiligi tomonidan qabul qilingan qonun yoki Oʻzbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi.
(127-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 24-apreldagi 470-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda)
128-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin. Agar Oliy Majlis Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi taklifni rad etsa, taklif bir yil oʻtgandan keyingina qayta kiritilishi mumkin.
(“Xalq soʻzi” gazetasi, 1992-yil 15-dekabr, 243 (494)-son; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 1-son, 5-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-y., 3-4-son, 27-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-y., 12/1-son, 343-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 152-modda; 2008-y., 52-son, 510-modda; 2011-y., 16-son, 159-modda; 2014-y., 16-son, 176-modda; 2017-y., 14-son, 213-modda, 22-son, 406-modda, 35-son, 914-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 03/18/498/2051-son; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-y., 2-son, 47-modda, Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi,06.03.2019-y., 03/19/527/2706-son, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; 09.02.2021-y., 03/21/670/0089-son, 09.02.2021-y., 03/21/671/0093-son)