|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 23-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2017-yil 27-mayda maʼqullangan
Senat tomonidan 2017-yil 27-mayda maʼqullangan
Mazkur Konstitutsiyaviy Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2021-yil 27-apreldagi OʻRQ-687-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining faoliyatini tartibga solishdan iborat.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining maqomi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy sud deb yuritiladi) qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatuvchi sud hokimiyati organidir.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
4-modda. Konstitutsiyaviy sudning vakolatlari
Konstitutsiyaviy sud:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi qonunlarining Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi toʻgʻrisida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini koʻrib chiqadi;
konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni koʻrib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritayotganda boshqa sudlarning yoki oʻzga organlarning vakolatlariga kiradigan barcha hollarda haqiqiy holatlarni aniqlash va tekshirishdan oʻzini tiyadi.
5-modda. Konstitutsiyaviy sudni saylash
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasining vakilini qoʻshgan holda saylanadi.
Konstitutsiyaviy sudning har bir sudyasi yakka tartibda saylanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan shaxs saylangan hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sud rais va uning oʻrinbosarini qoʻshgan holda Konstitutsiyaviy sudning yetti nafar sudyasidan iborat boʻladi.
Konstitutsiyaviy sud raisi va uning oʻrinbosari Konstitutsiyaviy sud majlisida uning sudyalari orasidan saylanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 152-II-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xoʻjalik sudi raislari, rais oʻrinbosarlari va sudyalarini saylash yoki ularni lavozimidan ozod qilish masalalarini koʻrib chiqish tartibi”.
6-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolat muddati — besh yil.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshi qoida tariqasida yetmish yoshni tashkil etadi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrdagi OʻRQ-446-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 978-modda)
Ayni bir shaxs ikki martadan ortiq Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin emas.
7-modda. Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy prinsiplari
Konstitutsiyaning ustunligi, mustaqillik, kollegiallik, oshkoralik, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi Konstitutsiyaviy sud faoliyatining asosiy prinsiplaridir.
8-modda. Konstitutsiyaning ustunligi
Konstitutsiyaviy sud oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ustunligini, qonun chiqaruvchi hamda ijro etuvchi hokimiyatning hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligiga doir konstitutsiyaviy prinsipning va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi boshqa normalarining roʻyobga chiqarilishini taʼminlashga daʼvat etilgandir.
Konstitutsiyaviy sud faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga amal qilgan holda ishlarni hal etadi va xulosalar beradi.
9-modda. Konstitutsiyaviy sudning mustaqilligi
Konstitutsiyaviy sud hamda uning sudyalari oʻz faoliyatida mustaqildir va faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga boʻysunadi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari hujjat qabul qilar ekan, amaliy maqsadga muvofiqlik mulohazalari, siyosiy moyilligidan va boshqa tashqi taʼsirlardan xoli boʻlgan oʻz huquqiy nuqtai nazarini ifodalaydi.
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
10-modda. Kollegiallik
Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrib chiqish va hujjat qabul qilish kamida toʻrt nafar sudyadan iborat tarkibda kollegial tarzda amalga oshiriladi.
11-modda. Oshkoralik
Konstitutsiyaviy sudning majlislari, qoida tariqasida, ochiq oʻtkaziladi.
12-modda. Taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi
Konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi asosida amalga oshiriladi.
Taraflar koʻrib chiqilayotgan ish yuzasidan dalillar taqdim etish, iltimosnomalar bayon etish, fikrlar bildirish, oʻz nuqtai nazarini himoya qilish boʻyicha teng huquq va imkoniyatlardan tortishuv asosida foydalanadi.
13-modda. Konstitutsiyaviy sud hujjatlari va talablarining majburiyligi
Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda jamoat birlashmalari, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.
Konstitutsiyaviy sudning normativ-huquqiy hujjatlarni, hujjatlar va ularning nusxalarini taqdim etish toʻgʻrisidagi, koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar va maslahatlar berish haqidagi talablari ular yuborilgan barcha organlar uchun majburiydir.
14-modda. Konstitutsiyaviy sudning qonunchilik tashabbusi
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
15-modda. Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi
Konstitutsiyaviy sudning faoliyat tartibi uning Reglamenti bilan belgilanadi.
2-bob. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining maqomi
16-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining malaka darajalari
Siyosat va huquq sohasi mutaxassisi boʻlgan, yuksak maʼnaviy fazilatlarga va zarur malakaga ega boʻlgan, oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylanishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy malaka yoki Birinchi malaka darajalari beriladi.
17-modda. Konstitutsiyaviy sud raisining vakolatlari
Konstitutsiyaviy sud raisi:
Konstitutsiyaviy sudga boshchilik qiladi va uning faoliyatini tashkil etadi;
Konstitutsiyaviy sud tomonidan koʻrib chiqishga qabul qilingan masalalarning tayyorlanishiga rahbarlik qiladi;
Konstitutsiyaviy sud majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
Konstitutsiyaviy sud sudyalari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
har yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborot taqdim etilishini taʼminlaydi;
Konstitutsiyaviy sudning hujjatlarini va majlislari bayonnomalarini imzolaydi;
Konstitutsiyaviy sud devonining ishini tashkil etadi, uning xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi;
Konstitutsiyaviy sudni saqlash va uning faoliyatini taʼminlash uchun budjet mablagʻlarini taqsimlaydi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
Konstitutsiyaviy sud raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Konstitutsiyaviy sudning raisi yoʻqligida uning vakolatlarini rais oʻrinbosari amalga oshiradi.
18-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining qasamyodi
Birinchi bor Konstitutsiyaviy sudning sudyasi etib saylangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qiladi:
“Konstitutsiyaviy sudning sudyasi vazifalarini halol va vijdonan bajarishga, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishga, bunda faqat Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga boʻysunishga tantanali qasamyod qilaman”.
Qasamyod Konstitutsiyaviy sudning sudyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mazkur sudya saylangan majlisida qilinadi.
19-modda. Konstitutsiyaviy sudning sudyasi lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyat
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati boʻlishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari siyosiy partiyalarning aʼzosi boʻlishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa biron-bir faoliyat turi bilan shugʻullanishi mumkin emas.
20-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasini almashtirib boʻlmasligi
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi oʻz vakolatlari davrida almashtirilmaydi. Sudyaning vakolatlari ushbu Qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki toʻxtatilishi mumkin emas.
21-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining daxlsizligi
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi Konstitutsiyaviy sudning roziligisiz jinoiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilishi, shuningdek qamoqqa olinishi mumkin emas.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasiga nisbatan jinoyat ishi faqat Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qoʻzgʻatilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud sudyasini majburiy keltirish, ushlab turish, xuddi shuningdek uning shaxsiy ashyolarini, bagajini, transportini, uy-joyini, xizmat xonasini koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini toʻxtatib turish
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Konstitutsiyaviy sudning qarori bilan toʻxtatib turilishi mumkin:
u jinoiy javobgarlikka tortilganida;
u sudya lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyat bilan shugʻullanganida;
u sudning qarori bilan bedarak yoʻqolgan deb topilganida.
Sudya vakolatlarining toʻxtatib turilishi unga ish haqi toʻlashning toʻxtatib turilishiga olib kelmaydi va sudyani ushbu Qonunda belgilangan daxlsizlik kafolatlaridan mahrum etmaydi, bundan ehtiyot chorasi sifatida sudyaga nisbatan qamoqqa olish tanlangan hollar mustasno.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari ularni toʻxtatib turish asoslari bekor boʻlguniga qadar toʻxtatib turiladi.
23-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish
Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari quyidagi hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qarori bilan muddatidan ilgari tugatiladi:
u sudyalik qasamyodini buzganida;
u yozma ariza berganida;
u sudyalik lavozimida boʻlishning eng yuqori yoshiga yetganida;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganida;
sudya ogohlantirilganidan yoki uning vakolatlari toʻxtatilganidan keyin ham sudyalik lavozimi bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan faoliyatni davom ettirganida;
sogʻligʻining holatiga yoki boshqa uzrli sabablarga koʻra u uzoq vaqt mobaynida sudyalik vazifalarini bajarishga qobiliyatsiz boʻlganida;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganida;
u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganida;
u vafot etganida yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb eʼlon qilinganida.
24-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolatlari tugaganidan keyin ularni ishga joylashtirish boʻyicha kafolatlar
Konstitutsiyaviy sud sudyalarining vakolatlari tugaganidan keyin ularga Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga saylanishiga qadar egallab turgan avvalgi ishi (lavozimi) beriladi, bunday ish (lavozim) mavjud boʻlmaganda esa, avvalgisiga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
3-bob. Konstitutsiyaviy sudda ish yuritish
25-modda. Konstitutsiyaviy sudga masalalarni kiritish huquqi
Quyidagilar Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman);
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori;
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisi.
(25-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 17-martdagi OʻRQ-612-sonli Qonuniga asosan oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2020-y., 03/20/612/0326-son)
Konstitutsiyaviy sudning kamida uch nafar sudyasi tashabbusi bilan ham Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqish uchun masala kiritilishi mumkin.
26-modda. Konstitutsiyaviy sudda masalalarni koʻrib chiqish muddatlari
Agar olingan materiallar qoʻyilayotgan talablarga javob bersa, Konstitutsiyaviy sud ular olingan kundan eʼtiboran yetti kunlik muddatdan kechiktirmay masalani oʻrganib chiqishga kirishadi.
Koʻrib chiqilayotgan masala yuzasidan hujjat tegishli material olingan paytdan eʼtiboran kechi bilan uch oy ichida Konstitutsiyaviy sudda qabul qilinadi.
27-modda. Konstitutsiyaviy sud majlisining ishtirokchilari
Konstitutsiyaviy sud majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisi va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri ishtirok etishi mumkin. Ular koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar yuzasidan oʻz fikrlarini bayon etishga haqlidir.
(27-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 17-martdagi OʻRQ-612-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2020-y., 03/20/612/0326-son)
28-modda. Konstitutsiyaviy sud ishlari yuritiladigan til
Konstitutsiyaviy sud ishlari davlat tilida olib boriladi.
Davlat tilini bilmaydigan majlis ishtirokchilari oʻz ona tilida soʻzga chiqishi va tushuntirishlar berishi hamda tarjimon xizmatidan foydalanishi mumkin.
29-modda. Konstitutsiyaviy sudning majlisiga chaqirish
Konstitutsiyaviy sudning majlisiga zarur maʼlumotlarga yoki materiallarga ega boʻlgan shaxslar, ekspertlar va mutaxassislar chaqirilishi mumkin.
30-modda. Ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarning xarajatlari oʻrnini qoplash
Konstitutsiyaviy sudda ishlarni koʻrish munosabati bilan jalb etilgan ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlarga qonun hujjatlariga muvofiq xarajatlarning oʻrni qoplanadi hamda haq toʻlanadi.
31-modda. Konstitutsiyaviy sudning hujjat qabul qilishi
Konstitutsiyaviy sud Konstitutsiyaga muvofiqligiga shubha tugʻdirgan, koʻrib chiqilayotgan aniq masalalar yuzasidangina hujjat qabul qiladi.
Konstitutsiyaviy sud normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirib, tekshirilgan hujjatga asoslangan yoxud uning qoidalarini takrorlaydigan normativ-huquqiy hujjatlar xususida ham, garchi Konstitutsiyaviy sud koʻrib chiqishi uchun kiritilgan masalada ular toʻgʻrisida soʻz yuritilmagan boʻlsa-da, bir vaqtning oʻzida hujjat qabul qilishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati ochiq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyasi ovoz berishda betaraf qolishga yoki ishtirok etmaslikka haqli emas.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati, agar majlisda hozir boʻlgan sudyalarning koʻpchiligi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar teng boʻlinib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjatiga qoʻshilmagan Konstitutsiyaviy sud sudyasi oʻz fikrini yozma tarzda bayon qilishga va uni Konstitutsiyaviy sud majlisining bayonnomasiga qoʻshib qoʻyishga haqlidir.
32-modda. Konstitutsiyaviy sudning hujjati
Xalqaro shartnomaning va normativ-huquqiy hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida koʻrib chiqilgan ishning mohiyati boʻyicha Konstitutsiyaviy sudning hujjati qaror deb ataladi. Qarorlar Konstitutsiyaviy sud tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqariladi.
Boshqa hollarda Konstitutsiyaviy sudning hujjati xulosa deb ataladi yoki boshqacha shaklga ega boʻlishi mumkin.
33-modda. Konstitutsiyaviy sud hujjatlarini eʼlon qilish va ularning kuchga kirishi
Konstitutsiyaviy sudning qarorlari, xulosalari va boshqa hujjatlari ommaviy axborot vositalarida hamda Konstitutsiyaviy sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Axborotnomasi”, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati qatʼiy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
34-modda. Konstitutsiyaviy sudning hujjatini qayta koʻrib chiqish
Konstitutsiyaviy sudning hujjati uning oʻz tashabbusi bilan quyidagi hollarda qayta koʻrib chiqilishi mumkin:
hujjat chiqarilgan paytda Konstitutsiyaviy sudga nomaʼlum boʻlgan yangi ochilgan holatlar munosabati bilan;
hujjat qabul qilinishiga asos boʻlgan konstitutsiyaviy norma oʻzgargan taqdirda;
Konstitutsiyaviy sud mazkur hujjatni belgilangan ish yuritish tartibi buzilgan holda qabul qilingan deb topgan taqdirda.
4-bob. Konstitutsiyaviy sudni tashkil etishning va uning faoliyatining boshqa masalalari
35-modda. Konstitutsiyaviy sud devoni
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini tashkiliy jihatdan, ilmiy-ekspertizaga, axborot-maʼlumotga oid va boshqacha tarzda taʼminlash Konstitutsiyaviy sud devoni tomonidan amalga oshiriladi.
Devonning tuzilmasi va shtatlari ajratilgan mablagʻlar doirasida Konstitutsiyaviy sudning raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Konstitutsiyaviy sud devoni xodimlariga mansab darajalarini belgilash va berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
36-modda. Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi
Konstitutsiyaviy sud huzurida maslahat organi boʻlgan va jamoatchilik asosida faoliyat koʻrsatadigan ilmiy-maslahat kengashi tuziladi. Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga oid masalalar boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish ushbu kengashning vazifasiga kiradi.
37-modda. Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish
Konstitutsiyaviy sudning faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi va unda alohida satrda nazarda tutiladi.
38-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining moddiy va ijtimoiy taʼminoti
Konstitutsiyaviy sud sudyalarining mehnatiga haq toʻlash, ularga har yilgi mehnat taʼtili berish, sudyalarni va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy muhofaza qilish chora-tadbirlari, sudyalarning hayoti va sogʻligʻini davlat tomonidan majburiy tartibda sugʻurta qilish bilan bogʻliq moddiy va ijtimoiy taʼminoti “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilanadi.
Konstitutsiyaviy sud sudyasining ish haqi lavozim maoshidan, malaka darajasi, koʻp yillik xizmati uchun toʻlanadigan ustama haqlardan iborat boʻladi.
Konstitutsiyaviy sudning sudyalari oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan daromadlari boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod etiladi.
39-modda. Konstitutsiyaviy sudning sud hokimiyati ramzlari
Konstitutsiyaviy sudning majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining nashri boʻladi.
40-modda. Sudyalarning maxsus kiyim-boshi
Konstitutsiyaviy sud sudyalari sudlov ishini maxsus kiyim-boshda olib boradi, ushbu kiyim-boshning tavsifi va namunasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan tasdiqlanadi.
41-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyasining guvohnomasi
Konstitutsiyaviy sud sudyasiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi tomonidan imzolanadigan guvohnoma beriladi.
42-modda.Konstitutsiyaviy sudning muhri
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
43-modda. Ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi 103-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 178-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunni amalga kiritish haqida”gi 104-I-sonli Qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 179-modda) 1-bandi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 13-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 447-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 1, 8-modda) VII boʻlimi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 535-II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9–10, 149-modda) XII boʻlimi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvarda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-365-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 1, 2-modda) 8-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-372-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 130-modda) 9-moddasi.
44-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
45-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2017-yil 1-iyundagi 108 (6802)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 31-may,
OʻRQ-431-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 22-son, 407-modda, 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2020-y., 03/20/612/0326-son)