Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — energetika vazirining funksional vazifalari hamda Yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 8-apreldagi 147-sonli “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangilangan ijro etuvchi tuzilmasi tasdiqlanganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 29-sentabrdagi PQ-384-son qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — energetika vazirining funksional vazifalari toʻgʻrisida nizom 1-ilovaga muvofiq;
Yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisida nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov oʻn kun muddatda Kotibiyat rahbarlari va mutaxassislarining funksional vazifalari taqsimlanishini qayta koʻrib chiqib, tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2022-yil 21-noyabr,
663-son
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-noyabrdagi 663-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — energetika vazirining funksional vazifalari toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining masʼuliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5644-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PQ-4136-son, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-iyundagi PQ-5143-son hamda “Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 29-sentabrdagi PQ-384-son qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — energetika vazirining (keyingi oʻrinlarda — Bosh vazir oʻrinbosari) funksional vazifalarini belgilaydi.
2. Bosh vazir oʻrinbosari Bosh vazirning Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin kiritilgan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh vazir oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hisobot beradi.
3. Bosh vazir oʻrinbosari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi) qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Bosh vazir oʻrinbosarining faoliyati yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanish va energiyaning tiklanadigan manbalaridan respublikada keng foydalanish masalalarini hal etishga yoʻnaltirilgan.
5. Bosh vazir oʻrinbosari maqomiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aʼzosi hisoblanadi va Vazirlar Mahkamasi Rayosati tarkibiga kiradi.
Bosh vazir oʻrinbosari Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida bevosita ishtirok etadi.
6. Bosh vazir oʻrinbosari ushbu Nizomga muvofiq unga yuklangan vazifalar va majburiyatlar doirasida Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va respublikaning boshqa tashkilotlari faoliyatini umumiy muvofiqlashtiradi.
7. Bosh vazir oʻrinbosarining mehnatiga haq toʻlash belgilangan tartibda tasdiqlanadigan shtat jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Bosh vazir oʻrinbosarining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, vazifalari va funksional majburiyatlari
8. Quyidagilar Bosh vazir oʻrinbosari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ijrosi monitoringi olib borilishini tashkil etish, shuningdek, joylarda ishlarning real holatini doimiy ravishda oʻrganish, yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalari muammolarini har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflarni ishlab chiqish;
Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi vazifalari, Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi, 2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi, shuningdek, oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishni rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq dasturlari oʻz vaqtida va samarali amalda bajarilishini taʼminlash;
keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida hisobotlar tayyorlanishini taʼminlash;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlarining ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali va natijali ijro etilishi uchun shaxsiy masʼuliyatini oshirish;
biriktirilgan sohalarda davlat siyosati samarali va sifatli amalga oshirilishi, shu jumladan, moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida idoraviy mansub tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish yoʻli bilan Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning mustaqilligini kuchaytirish;
yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanish va energiyaning tiklanadigan manbalarini respublikada keng joriy etish, shu jumladan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, tadbirkorlik subyektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasining asosiy xalqaro reytinglar va indekslarda pozitsiyasini yaxshilash boʻyicha Hukumatning, Kotibiyatga biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining ish samaradorligini oshirish sohasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish;
“Xalq bilan muloqot” amaliyotini va joylarda shaxsiy uchrashuvlarni takomillashtirish, Kotibiyatga biriktirilgan tarmoqlarda ijtimoiy sohani yanada rivojlantirishni kafolatlaydigan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi monitoringi olib borilishini tashkil etish, shu jumladan, aholi bandligini va real daromadlari oshishini taʼminlash;
Bosh vazir oʻrinbosarining vakolatlariga tegishli boʻlgan yoʻnalishlar va masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga takliflar puxta ishlab chiqilishini, ekspertizadan oʻtkazilishi va tayyorlanishini taʼminlash;
yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishni rivojlantirish konsepsiyalari, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”, yirik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, biriktirilgan sohalar va tarmoqlarda eng muhim ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha kompleks chora-tadbirlar Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda ishlab chiqilishini va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilinishini tashkil etish;
Kotibiyatga biriktirilgan sohalar va tarmoqlarda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilishi samaradorligi har tomonlama va tanqidiy tahlil qilinishini doimiy ravishda va tizimli asosda taʼminlash, aniqlangan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish va kompleks vazifalarni amalga oshirish boʻyicha asoslangan takliflar tayyorlash;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning aniq koʻrsatkichlarga va maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan prinsipial jihatdan yangi tizimi joriy etilishini taʼminlash, yaqin va uzoq muddatli istiqbolda tarmoqlarni strategik rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligini taʼminlash;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini yuzaga kelayotgan muammolarning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, ishni tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga qayta yoʻnaltirish maqsadida davlatning ayrim funksiyalarini xususiy subyektlarga berish orqali ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni pasaytirish;
yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha masalalar tayyorlanishini va Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida koʻrib chiqilishini taʼminlash;
Kotibiyatga biriktirilgan tarmoqlarni yanada rivojlantirish vazifalari, konsepsiyalar, kompleks chora-tadbirlar, yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, xorijiy mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish boʻyicha masalalar tayyorlanishi va koʻrib chiqilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan mustahkam oʻzaro hamkorlikni taʼminlash;
ijro intizomi darajasi oshirilishini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yoʻl xaritalari” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida, Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va barcha darajalardagi tashkilotlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi asosida ijro etilishi tizimli nazorat qilinishini taʼminlash;
Kotibiyatda, shuningdek, Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarda kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirishning samarali shakllari va usullarini joriy etish va kadrlarning amaldagi zaxirasini tayyorlash.
9. Quyidagilar Bosh vazir oʻrinbosarining asosiy vazifalari hisoblanadi:
Kotibiyatga biriktirilgan soha va tarmoqlarda:
yangi “oʻsish nuqta”larini aniqlash va shu asosda qoʻshimcha resurs va zaxiralarni ishga solish hamda mavjudlarini oʻzlashtirish, iqtisodiyot va aholining energiya manbalari va xomashyo resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini yetarlicha taʼminlashga moʻljallangan rivojlantirishning strategiya va tarmoq dasturlarini ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini taʼminlash;
yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xususiy investitsiyalarni, birinchi navbatda, xorijiy investitsiyalarni jalb etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish, ularning har tomonlama baholanishi va ekspertiza qilinishini tashkil etish;
belgilangan loyihalarni amalga oshirishning maqbul shartlarini topish maqsadida xorijiy investorlar bilan muzokaralar tashkil etish va ularda qatnashish hamda ular boʻyicha tegishli takliflar tayyorlash;
shuningdek:
a) Yoqilgʻi-energetika sanoatini rivojlantirish sohasida:
yoqilgʻi-energetika, atom energetikasi va energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanish sohasida strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
neft-gaz tizimini takomillashtirish strategiyasini, zamonaviy texnologiyalar, asbob-uskunalarni hamda neft va gazning resurslari va zaxiralarini prognozlashtirish usullarini joriy etishni, uglevodorod konlarini izlash va qidirish samaradorligini oshirishni tahlil qilish va baholash;
yoqilgʻi-energetika sohasi korxonalarini ilgʻor xalqaro tajriba asosida samarali boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish tannarxini pasaytirish, sohaga toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimini koʻpaytirish hamda hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish;
mineral-xomashyo, jumladan, neft va gaz bazasini rivojlantirish va qayta tiklash boʻyicha faoliyatni bosqichma-bosqich isloh qilish va tijoratlashtirish orqali geologiya-qidiruv ishlarini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish;
mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida ularning tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan turlari eksportini kengaytirish maqsadida yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish vazifalari amalga oshirilishini tahlil qilish;
yoqilgʻi-energetika sohasida boshqaruvning korporativ usullari joriy etilishi holatini, shu jumladan, davlat ulushi professional boshqaruvchi kompaniyalarga ishonchli boshqarishga berilishini tahlil qilish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish va tannarxini pasaytirishni nazarda tutib yoqilgʻi-energetika sohasida zamonaviy energiya jihatidan samarali texnologiyalar va uskunalar joriy etilishini tahlil qilish;
yoqilgʻi-energetika sanoati sohasida, shuningdek, atom energetikasi va energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanish sohasida islohotlar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 1-fevraldagi PF-5646-son Farmoniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-son qaroriga muvofiq amalga oshirilishini kompleks oʻrganishni tashkil etish;
yoqilgʻi-energetika, shuningdek, atom energetikasi va energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanish sohasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ishlarini tashkil etish;
elektroenergetika va neft-gaz tarmoqlarini, shuningdek, atom energetikasi va energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanish sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar puxta ishlab chiqilishini, ekspertizadan oʻtkazilishini va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga tayyorlanishini taʼminlash;
yoqilgʻi-energetika sanoatini modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash davlat dasturlari ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Investitsiya va tashqi savdo sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 28-yanvardagi PF-5643-son Farmoniga muvofiq yoqilgʻi-energetika sanoati, shuningdek, atom energetikasi va energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanish sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirishga investitsiyalarni, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni tahlil qilish;
elektroenergetika va neft-gaz tarmoqlarini, shuningdek, atom energetikasi va energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanish sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish va samaradorligini oshirish boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqish;
elektroenergetika va neft-gaz tarmoqlarini, shuningdek, atom energetikasi va energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanish sohasini rivojlantirish masalalari boʻyicha takliflar va hujjatlar loyihalari kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahsulotlar, xomashyo va materiallar asosiy turlarining yiriklashtirilgan moddiy balanslarini ishlab chiqish toʻgʻrisida” 2019-yil 7-yanvardagi F-5422-son farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan neft, gaz, suyultirilgan gaz, neft mahsulotlari, elektr energiyasi, koʻmir ishlab chiqarish va isteʼmol qilishning moddiy balanslari bajarilishini va isteʼmolchilarni mahsulotlarning koʻrsatib oʻtilgan turlari bilan taʼminlashni tahlil qilish hamda mutasaddi vazirliklar va idoralarning asoslangan taklif va murojaatlari asosida isteʼmolchilarning neft, gaz, suyultirilgan gaz, neft mahsulotlari, elektr energiyasi, mineral oʻgʻitlarga boʻlgan amaldagi ehtiyojlarini taʼminlash yuzasidan tegishli moddiy balanslar koʻrsatkichlariga oʻzgartirishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga takliflar kiritish;
b) kimyo va gaz-kimyo sanoati sohasida:
kimyo va gaz-kimyo sanoati sohasida strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
zamonaviy energiya va resurslarni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hisobiga korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishni va texnologik jihatdan qayta jihozlashni nazarda tutuvchi kimyo va gaz-kimyo sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar puxta ishlab chiqilishini, ekspertizadan oʻtkazilishini va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga tayyorlanishini taʼminlash;
kimyo va gaz-kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha takliflar va hujjatlar loyihalarini kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
kimyo va gaz-kimyo sanoati tizimini takomillashtirish va boshqarish samaradorligini oshirish boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqish;
xususiylashtirish jarayonlariga, shu jumladan, kimyo va gaz-kimyo sanoati tashkilotlarining ustav kapitallaridagi davlat ulushi va aktivlarni xorijiy va mahalliy xususiy investorlarga sotish yoʻli bilan potensial investorlarni jalb etish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish va baholash;
kimyo va gaz-kimyo sanoati tashkilotlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullari joriy etilishi holatini tahlil qilish, ishlab chiqarish, investitsion, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida tarmoqlarda boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
kimyo va gaz-kimyo sanoatida, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sogʻlomlashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 13-fevraldagi PQ-4992-son qaroriga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 10-oktabrdagi PQ-388-son qarorlariga muvofiq islohotlar amalga oshirilishini kompleks oʻrganishni tashkil etish;
“xomashyodan tayyor mahsulotgacha” boʻlgan koʻp pogʻonali qoʻshilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan iqtisodiyotning drayveri sifatida respublikada kimyo va gaz-kimyo mahsuloti va u bilan bogʻliq sohalarda yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
kimyo va gaz-kimyo sanoati uchun kerakli infratuzilma bilan taʼminlash, hamda milliy ekologik talablarni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish tizimini yanada takomillashtirish;
davlatning kimyo va gaz-kimyo sanoati rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan eng maqbul tartibga solish siyosatini shakllantirish, sanoat tarmoqlarida milliy raqobatbardoshlikni oshirish toʻgʻrisida takliflar va hujjatlar loyihalarini kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
10. Bosh vazir oʻrinbosari oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
aniq sohalar va yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar roʻyobga chiqarilishini oʻrganish maqsadida Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari ishtirokida Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tayyorlash va oʻtkazishda ishtirok etadi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri huzurida koʻrib chiqish uchun tegishli rejali masalalar tayyorlanishi va kiritilishini taʼminlaydi;
yaqin, oʻrta muddatli va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha konsepsiyalar, davlat dasturlari va “yoʻl xaritalari” loyihalari tayyorlanishini va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida himoya qilinishini taʼminlaydi;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlari faoliyatiga aniq koʻrsatkichlarga va maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan tizimli baho beradi;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlarining ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali va natijali ijro etilishi uchun shaxsiy roli va masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlarini koʻradi;
Bosh vazir oʻrinbosari va Kotibiyatning ish yuritishi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini koʻrib chiqishda davlat manfaatlariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlaydi, tayyorlangan hujjatlar loyihalariga viza qoʻyadi. Tegishli hujjatlar qabul qilingandan keyin ularning ijrosini nazorat qiladi;
Kotibiyatga biriktirilgan tarmoqlarda maʼmuriy va iqtisodiy islohotlarning holati va natijadorligining tizimli monitoringi olib borilishini va maʼlumotlar banki shakllantirilishini, shuningdek, muammoli masalalarni hal etish, ushbu tarmoqlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi tashkil etilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlari boʻyicha Kotibiyatga biriktirilgan tarmoqlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari va dasturlari bajarilishini muvofiqlashtiradi;
oʻzining yuritishiga kiradigan masalalar boʻyicha Kotibiyatga biriktirilgan tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishi uchun Vazirlar Mahkamasining ayrim funksiya va vazifalarini ularga berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga takliflar kiritadi;
Bosh vazir oʻrinbosari yuritishi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat va idoralararo komissiyalar va kengashlar majlislarida hamda Kotibiyat yuritadigan sohalarga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi hamda uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda ishtirok etadi;
Vazirlar Mahkamasiga kelgan, ular boʻyicha respublika Hukumati qarorlari talab etilmaydigan hujjatlarni koʻrib chiqish uchun tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga va boshqa tashkilotlarga koʻrib chiqish uchun yuboradi;
Hukumat aʼzolari boʻlgan va Kotibiyatga biriktirilgan vazirlar va davlat qoʻmitalari raislari lavozimlariga nomzodlar boʻyicha takliflarni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishgan holda belgilangan tartibda kiritadi;
biriktirilgan xoʻjalik boshqaruvi organlarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilari nomenklaturasiga kiradigan rahbarlari lavozimlariga nomzodlar boʻyicha takliflarni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan maʼqullanishi uchun belgilangan tartibda kiritadi;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlik lavozimlariga kadrlar zaxirasini ushbu lavozimlarga nomzodlarni tasdiqlash (tayinlash)ning belgilangan tartibiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri bilan kelishgan holda tanlaydi va shakllantiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalari ekspertizadan oʻtkazilishini va sifatli tayyorlanishini tashkil etish masalalarida Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni va “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Hukumat qarorlarining ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisi bilan birgalikda Kotibiyat mudiri, mudir oʻrinbosari, shuʼba mudiri va mutaxassislari lavozimlariga kadrlarni tanlaydi;
Kotibiyat mutaxassislarini qayta tayyorlash, malakasini oshirish, ragʻbatlantirish va intizomiy jazolash choralarini qoʻllash toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
Kotibiyatda kadrlar zaxirasini shakllantirish boʻyicha ishlarni tizimli asosda tashkil etadi;
Kotibiyat mudiri, mudir oʻrinbosari, shuʼba mudiri va mutaxassislari oʻrtasida vazifalarning taqsimlanishini tasdiqlaydi, shuningdek, Kotibiyatning yarim yillik ish rejasi loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga tasdiqlash uchun kiritadi, Kotibiyat mudiri, mudir oʻrinbosari, shuʼba mudiri va mutaxassislarning ish rejalarini tasdiqlaydi;
Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq ish yuritilishini tashkil etadi;
chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
Bosh vazir oʻrinbosarining yuritishiga kiradigan masalalar boʻyicha jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, ularning murojaatlarini koʻrib chiqadi.
3-bob. Bosh vazir oʻrinbosarining huquqlari va javobgarligi
11. Bosh vazir oʻrinbosari unga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
biriktirilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlari boʻyicha esa — boshqa davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan yuritiladigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan majlislari va yigʻilishlarida qatnashish;
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar boʻyicha vaqtincha ishchi guruhlar tashkil etish;
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti va Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablari buzilgan holda tushgan hujjatlarni qaytarish huquqiga ega.
Bosh vazir oʻrinbosarining zarur materiallar, maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalarini, shuningdek, boshqa hujjatlarni puxta ishlash boʻyicha talablari va topshiriqlari ularda belgilangan muddatlarda ijro etilishi kerak.
Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan yuritiladigan masalalar boʻyicha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga beriladigan topshiriqlari belgilangan tartibda ijro etilishi shart.
12. Bosh vazir oʻrinbosari:
uning vakolatiga kiritilgan tegishli yoʻnalishlar va masalalar boʻyicha takliflar puxta ishlab chiqilishi, ekspertizadan oʻtkazilishi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga tayyorlanishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq Bosh vazir oʻrinbosarining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi;
qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining hujjatlari va topshiriqlari sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan bevosita Bosh vazir oʻrinbosarining oldiga qoʻyilgan vazifalarning tegishli ravishda va samarali bajarilishi;
Bosh vazir oʻrinbosari rahbarlik qiladigan sohadagi ishlarning holati, davlat va xoʻjalik boshqaruvining tegishli organlari, boshqa tashkilotlar faoliyatining muvofiqlashtirilishi va nazorat qilinishi, Bosh vazir oʻrinbosari yuritishiga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama koʻrib chiqilishini taʼminlash;
shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosari vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha oliy darajadagi xorijiy tashriflar, respublika hududlariga safarlar yakunlari asosida tasdiqlanadigan “yoʻl xaritalari”ning tegishli ravishda va samarali bajarilishi;
tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari soʻzsiz bajarilishining monitoringi olib borilishi;
joylardagi real ahvolni doimiy oʻrganish, iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik hamda ustuvor vazifalarni amalga oshirishga doir kompleks takliflar ishlab chiqilishi;
Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq taqdim etiladigan Hukumat qarorlari loyihalarining respublika manfaatlari, iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan va ulardagi masalalar barcha manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda puxta ekspertizadan oʻtkazilishi yuzasidan nazoratni taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son, “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 22-iyuldagi PQ-5189-son qarorlariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 28-iyuldagi 467-son va Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qarorlariga muvofiq ijro intizomiga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash uchun javob beradi.
4-bob. Bosh vazir oʻrinbosarining faoliyatini tashkil etish
13. Bosh vazir oʻrinbosarining ishlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, ushbu Nizomga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejalari hamda Kotibiyatning ish rejasi asosida tashkil etiladi.
14. Bosh vazir oʻrinbosarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida amalga oshirilishi tizimli monitoringini taʼminlash boʻyicha faoliyati Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga muvofiq kompleks oʻrganishlarni amalga oshirish orqali, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida hisobotlarni eshitish yoʻli bilan tashkil etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-noyabrdagi 663-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyati (keyingi oʻrinlarda — Kotibiyat) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
2. Kotibiyat faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazirini, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — energetika vazirini, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasini (keyingi oʻrinlarda — Vazirlar Mahkamasi), uning Rayosatini, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi apparatini yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanish va energiyaning tiklanadigan manbalaridan respublikada keng foydalanish masalalari boʻyicha axborot-tahliliy taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
3. Kotibiyat oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
4. Kotibiyat oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri rahbarligida amalga oshiradi.
Kotibiyat oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — energetika vaziriga (keyingi oʻrinlarda — Bosh vazir oʻrinbosari) boʻysunadi, bir vaqtning oʻzida uning faoliyati Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
5. Kotibiyat oʻz faoliyatini yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanish va energiyaning tiklanadigan manbalaridan respublikada keng foydalanish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Kotibiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, vazifalari va funksiyalari
6. Quyidagilar Kotibiyat faoliyatining asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsipni oʻz vaqtida, aniq va toʻliq hajmda amalga oshirish;
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi vazifalari, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi hamda oʻrta muddatli va uzoq istiqbolda rivojlantirishning tasdiqlangan tarmoq va hududiy dasturlari oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari ijrosi monitoringi olib borilishini tashkil etish, olib borish, shuningdek, joylarda ishlarning real holatini doimiy ravishda oʻrganish, sanoat tarmoqlarini rivojlantirishdagi muammolarni har tomonlama tahlil qilish va shu asosda strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflarni ishlab chiqish;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlarining hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishdagi masalalariga mutasaddi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining ularga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali va natijali ijro etilishi uchun shaxsiy masʼuliyatini oshirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
biriktirilgan sohalarda davlat siyosati samarali va sifatli amalga oshirilishi, shu jumladan, idoraviy mansub tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy etish yoʻli bilan moliyaviy resurslarni boshqarish masalalarida Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning mustaqilligini kuchaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali foydalanish va energiyaning tiklanadigan manbalaridan respublikada keng foydalanish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga davlat dasturi amalga oshirilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarida hisobot berishi uchun har choraklik tahliliy materiallarni keyinchalik Bosh vazir oʻrinbosariga taqdim etish uchun tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasining asosiy xalqaro reytinglar va indekslarda pozitsiyasini yaxshilash boʻyicha Hukumatning, Kotibiyatga biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining ish samaradorligini oshirish sohasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etish;
joylarda “xalq bilan muloqot” va shaxsiy uchrashuvlar amaliyotini takomillashtirish, Kotibiyatga biriktirilgan tarmoqlarda ijtimoiy sohani yanada rivojlantirishni kafolatlaydigan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilishini va ular amalga oshirilishi monitoringi olib borilishini tashkil etish, shu jumladan, aholi bandligini va real daromadlari oshishini taʼminlash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
Kotibiyatning vakolatlariga tegishli boʻlgan yoʻnalishlar va masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga va Bosh vazir oʻrinbosariga takliflarni puxta ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va tayyorlash;
yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirish konsepsiyalari, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”, yirik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, biriktirilgan sohalar va tarmoqlarda eng muhim ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda puxta ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berish uchun tayyorlash;
Kotibiyatga biriktirilgan sohalar va tarmoqlarda iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilishi samaradorligi har tomonlama va tanqidiy tahlil qilinishini doimiy ravishda va tizimli asosda olib borish, aniqlangan muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish va kompleks vazifalarni amalga oshirish boʻyicha asoslangan takliflar tayyorlash;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va ularning rahbarlari faoliyatini baholashning aniq koʻrsatkichlarga va maqsadli indikatorlarga erishishga asoslangan prinsipial jihatdan yangi tizimini joriy etish, yaqin va uzoq muddatli istiqbolda tarmoqlarni strategik rivojlantirish dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligini taʼminlash;
yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, shu jumladan, xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, tadbirkorlik subyektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb etish, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish;
yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalariga maʼmuriy taʼsir koʻrsatishni yanada qisqartirish va davlatning iqtisodiy faoliyatda ishtirok etishi tartibi va darajasini aniq tartibga solish orqali boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning faoliyatini mavjud muammolarning sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga, ishni tashkil etishning zamonaviy usullarini joriy etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga qayta yoʻnaltirish maqsadida davlatning ayrim funksiyalarini xususiy subyektlarga berish orqali ortiqcha maʼmuriy tartibga solishni pasaytirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini rivojlantirishning eng muhim ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha masalalarni Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida koʻrib chiqish uchun tayyorlash;
Kotibiyatga biriktirilgan tarmoqlarni yanada rivojlantirish vazifalari, konsepsiyalar, kompleks chora-tadbirlar, yirik investitsiya loyihalari, shuningdek, xorijiy mamlakatlar va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish boʻyicha masalalarni Bosh vazir oʻrinbosarining koʻrib chiqishi uchun tayyorlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli boʻlinmalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qoʻmitalari bilan mustahkam oʻzaro hamkorlikni taʼminlash;
ijro intizomi darajasini oshirish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, bayonnomalari va topshiriqlari, shuningdek, “yoʻl xaritalari” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatida, Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va barcha darajalardagi tashkilotlarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi asosida ijro etilishi tizimli nazorat qilinishini taʼminlash;
Kotibiyatda, shuningdek, Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalarida kadrlarni tanlash tizimini takomillashtirish, xodimlar malakasini oshirishning samarali shakllari va usullarini joriy etish va kadrlarning amaldagi zaxirasini tayyorlash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.
7. Quyidagilar Kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:
a) yoqilgʻi-energetika sanoatini, atom energetikasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini rivojlantirish masalalari boʻyicha:
yoqilgʻi-energetika sanoatini, atom energetikasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va tayyorlash;
yoqilgʻi-energetika tarmogʻining yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga hamda ishlab turganlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga yoʻnaltirilgan barqaror va muvozanatli rivojlantirishning maqsadli dasturlari amalga oshirilishini tahlil qilish;
yuqori qoʻshilgan qiymatli, jahon va mintaqaviy bozorlarda talab barqaror boʻlgan raqobatbardoshli mahsulotlar turlarini kengaytirish maqsadida uglevodorod xomashyoni chuqur qayta ishlash asosida eksportga yoʻnaltirilgan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha vazifalar amalga oshirilishini koʻrib chiqish va tahlil qilish, ushbu maqsadlarda xorijiy investitsiyalarni, birinchi navbatda, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish doirasida ular amalga oshirilishi ustidan monitoring olib borilishini taʼminlash;
uglevodorod xomashyo va yoqilgʻi-energetika resurslari ishlab chiqarish va isteʼmol qilishning muhim balanslari bajarilishi monitoringini olib borish va tahlil qilish;
yoqilgʻi-energetika tarmogʻini, atom energetikasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, generatsiyalovchi quvvatlar va energiya tarmogʻi obyektlarini, shu jumladan, maʼnaviy va fizik eskirgan asbob-uskunalar, texnologiyalarni almashtirish, atom energiyasi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida foydalanish boʻyicha sinovdan oʻtgan texnologiyalarni joriy etish yoʻli bilan modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash yuzasidan takliflarni puxta ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 19-iyuldagi PF-5484-son Farmoniga muvofiq atom energetikasini rivojlantirishning, shu jumladan, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasida normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
atom fanini va yadro texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar, fundamental tadqiqotlar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlar loyihalari amalga oshirilishini, ilgʻor texnologiyalar ishlab chiqarishga joriy etilishini tahlil qilish;
Xalqaro atom energiyasi agentligi, Atom energiyasi boʻyicha Yevropa hamjamiyati, Qayta tiklanadigan energiya manbalari boʻyicha xalqaro agentlik va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlik hamda oʻzaro hamkorlik boʻyicha takliflar tayyorlash;
atom energetikasi va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish sohasiga xorijiy investitsiyalar hamda ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlik boʻyicha takliflar tayyorlash hamda ularni tahlil qilish;
tiklanmaydigan uglevodorod resurslaridan oqilona va samarali foydalanish boʻyicha rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribasini joriy etish, shu asosda iqtisodiyot tarmoqlari va aholini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
ijtimoiy soha obyektlarini va respublika aholisini elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida past voltli elektr tarmoqlarini yanada modernizatsiya qilish va yangilash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlarning natijadorligini tahlil qilish;
elektr va gaz tarmoqlarini, elektr va gaz taqsimlash uskunalarini, hisobga olish priborlarini modernizatsiyalash, yangilash, kapital va joriy taʼmirlash tadbirlari bajarilishi natijadorligini, shuningdek, respublika isteʼmolchilariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi va tabiiy gaz hajmlarini tahlil qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-44-son qaroriga muvofiq energetika balansi tarkibida gidroenergetika ulushini koʻpaytirish maqsadida respublika gidroenergetika salohiyatini kompleks oʻzlashtirish asosida gidroenergetikani rivojlantirish dasturlari, shuningdek, yirik, oʻrta, kichik va mikro-gidroelektrstansiyalarni loyihalashtirish va qurish sohasida ilgʻor ilmiy-texnik yechimlar asosida yangi gidroelektrstansiyalarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish boʻyicha investitsiya loyihalari amalga oshirilishini tahlil qilish;
yoqilgʻi-energetika kompleksida, atom va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda, jumladan, xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb etgan holda strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar, loyihalar va dasturlar har tomonlama tahlil qilinishi va kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash, koʻrsatib oʻtilgan loyihalar va dasturlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, shuningdek, tasdiqlangan maqsadli parametrlarga soʻzsiz erishish boʻyicha takliflar va tadbirlarni ishlab chiqish;
importning oʻrnini bosishni hamda ichki bozorni isteʼmol tovarlari va butlovchi buyumlar bilan toʻldirishni taʼminlaydigan mahalliy xomashyo resurslari bazasida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni yanada mahalliylashtirish vazifalarini amalga oshirish;
yoqilgʻi-energetika tarmogʻi, atom va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarni vertikal boshqarish tezkorligini va ularning ish samaradorligini oshirishga, shuningdek, qogʻozdagi hujjatlar aylanishini qisqartirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish boʻyicha tadbirlarni tizimli va kompleks amalga oshirishni tashkil etish;
korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini keng joriy etish va neft-gaz, elektroenergetika tarmoqlarida yuqori texnologik ishlab chiqarishlarni tashkil etgan holda aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
b) kimyo, gaz-kimyo sanoati masalalari boʻyicha:
kimyo va gaz-kimyo sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va axborot berish uchun tayyorlash;
kimyo tarmogʻining, birinchi navbatda, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarini tashkil qilish va faoliyat koʻrsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish quvvatlarini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning maqsadli dasturlari amalga oshirilishini tahlil qilish;
jahon bozorlarida va mintaqaviy bozorlarda talab barqaror boʻlgan yuqori qoʻshilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar turlarini kengaytirish maqsadida mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida kimyo tarmogʻining tayyor eksportbop mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirishni tahlil qilish, ushbu maqsadlar uchun xorijiy investitsiyalarni, birinchi navbatda, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish;
manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishning eng muhim balanslarini ishlab chiqish va ularning bajarilishini nazorat qilish;
yagona texnik siyosatni olib borish, kimyo va gaz-kimyo ishlab chiqarishlarini, jumladan, maʼnaviy va fizik eskirgan asbob-uskunalar va texnologiyalarni almashtirish orqali modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashni tahlil qilish va ular yuzasidan takliflar tayyorlash;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni nazarda tutgan holda energiya jihatidan samarali zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni yanada joriy etishni va shu asosda ishlab chiqarish xarajatlari qisqartirilishini va ishlab chiqarilayotgan kimyo mahsulotlari tannarxi pasaytirilishini tahlil qilish;
kimyo va gaz-kimyo sanoatida, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar, birinchi navbatda, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar va kreditlarni jalb etgan holda strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar, loyihalar va dasturlarning har tomonlama tahlil qilinishi va kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash, koʻrsatib oʻtilgan loyihalar va dasturlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo sanoati korxonalarini yanada isloh qilish va moliyaviy sogʻlomlashtirish, yuqori qoʻshilgan qiymatli kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 13-fevraldagi PQ-4992-son va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kimyo va gaz-kimyo sanoatini strategik rivojlantirishning maqsadli dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2022-yil 10-oktabrdagi PQ-388-son qarorlari doirasida belgilangan uzoq muddatli asosiy muhim yoʻnalishlarga soʻzsiz erishish boʻyicha takliflar va tadbirlarni ishlab chiqish;
importning oʻrnini bosishni hamda ichki bozorni isteʼmol tovarlari va butlovchi buyumlar bilan toʻldirishni taʼminlaydigan mahalliy xomashyo resurslari bazasida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni yanada mahalliylashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
kimyo tarmogʻi tashkilotlarini vertikal boshqarish tezkorligini va ish samaradorligini oshirishga, shuningdek, qogʻozdagi hujjatlar aylanishini qisqartirishga yoʻnaltirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada joriy etish boʻyicha tadbirlar tizimli va kompleks amalga oshirilishini tahlil qilish;
korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini keng joriy etish va yuqori texnologik kimyo ishlab chiqarishlarini tashkil etgan holda aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga xorijiy investorlarni jalb etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish;
iqtisodiyot tarmoqlarining kimyo va gaz-kimyo mahsulotlariga boʻlgan joriy va istiqbolli ehtiyojlarini tadqiq etish va aniqlashni tahlil qilish, jahon bozorining chuqur marketing tadqiqotlarini tashkil etish va kimyo mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va eksport qilish geografiyasini kengaytirishni hisobga olgan holda ushbu mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarga kirib borishini tahlil qilish;
v) Koʻmir sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha:
koʻmir sanoatini yanada rivojlantirish va koʻmir qazib chiqarish hajmlarini koʻpaytirish boʻyicha takliflarni puxta ishlab chiqish, ekspertizadan oʻtkazish va axborot berish uchun tayyorlash;
ishlab chiqarishning yangi quvvatlarini tashkil qilish va ishlab turganlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlashga yoʻnaltirilgan koʻmir sanoatini barqaror va muvozanatli rivojlantirishning maqsadli dasturlarini ishlab chiqish;
jahon bozorlarida barqaror talabga ega boʻlgan va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar turlarini kengaytirish maqsadida koʻmir va yoʻl-yoʻlakay qazib chiqariladigan (kaolin, ohak tosh) mahsulotlarni chuqur qayta ishlash asosida eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish va ushbu maqsadlarga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish;
manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda koʻmir qazib chiqarish va taqsimot balansini ishlab chiqish va tahlil qilish;
yagona texnik siyosatni olib borish, koʻmir sanoati korxonalarini, shu jumladan, maʼnaviy va fizik eskirgan asbob-uskunalar va texnologiyalarni almashtirish yoʻli bilan modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashni tahlil qilish va ular boʻyicha takliflar tayyorlash;
koʻmir sanoati uchun zarur boʻlgan togʻ-kon texnikalari, asbob-uskunalar, xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va oʻzlashtirish, mahalliy ixtisoslashgan tashkilotlar bilan kooperatsiya va autsorsing asosida xizmat koʻrsatish turlarini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni nazarda tutgan holda energiya jihatidan zamonaviy samarali texnologiyalar va asbob-uskunalarni yanada joriy etishni va shu asosda ishlab chiqarish xarajatlari qisqartirilishini va qazib chiqarilayotgan koʻmir mahsulotlari tannarxi pasaytirilishini tahlil qilish va baholash;
koʻmir sanoatida, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni, birinchi navbatda, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalarni jalb etgan holda strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar, loyihalar va dasturlarning har tomonlama tahlil qilinishi va kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash, koʻrsatib oʻtilgan loyihalar va dasturlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, shuningdek, tasdiqlangan maqsadli parametrlarga soʻzsiz erishish boʻyicha takliflar va tadbirlarni ishlab chiqish.
8. Kotibiyat unga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
aniq sohalar va yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni oʻrganish maqsadida Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning rahbarlari ishtirokida Bosh vazir tomonidan mintaqalarda Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallarni tayyorlaydi;
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Bosh vazir oʻrinbosarining huzurida koʻrib chiqish uchun tegishli rejali masalalarni tayyorlaydi va kiritadi;
yaqin, oʻrtacha muddatli va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarini hamda energiyaning tiklanadigan manbalaridan foydalanishning eng muhim va ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha davlat dasturlari va “yoʻl xaritalari” tayyorlanishini va Bosh vazir, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari huzurida himoya qilinishini taʼminlaydi;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali va natijali ijro etilishi uchun ularning rahbarlari shaxsiy roli va masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlarini koʻradi;
aniq holatlar boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrish uchun ommaviy axborot vositalarida va boshqa manbalarda, shu jumladan, joyning oʻziga chiqib jamoatchilik fikrini oʻrganishni taʼminlaydi;
tegishli tarmoqlar va mutasaddilik qilinadigan masalalar boʻyicha turkumlashtirilgan elektron maʼlumotlar bazalari tashkil etilishi va yuritilishini, ularning muntazam ravishda toʻldirilishi va yangilanishini taʼminlaydi;
Kotibiyatning yuritishi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha axborotni umumlashtiradi va tahliliy qayta ishlaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga axborot berish uchun, shuningdek, ularni Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish uchun tegishli maʼlumotnoma, tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi;
Kotibiyatga biriktirilgan tashkilotlarda ishlarning iqtisodiy va ijtimoiy holatini, Kotibiyat yuritishi sohasiga kiradigan masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bajarilishini, shu jumladan, joylarga chiqib oʻrganadi, Vazirlar Mahkamasi rahbariyatiga axborot berish uchun tegishli tahliliy materiallar va takliflar tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va Bosh vazir oʻrinbosarining, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi topshiriqlarining ijrosini nazorat qiladi;
tahliliy, maʼlumotnoma va boshqa materiallarni Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Bosh vazir oʻrinbosarining topshiriqlari loyihalarini tayyorlaydi;
Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda boshqa hujjatlar loyihalari ekspertizasini amalga oshiradi va ularni ishlab chiqadi, ular yuzasidan zarur tahliliy va maʼlumotnoma materiallar sifatli tayyorlanishini taʼminlaydi;
Vazirlar Mahkamasi majlislarini tayyorlash bilan bogʻliq materiallarni tayyorlashda va qarorlarini rasmiylashtirishda ishtirok etadi va koʻrsatib oʻtilgan materiallar haqida Bosh vazir oʻrinbosariga va Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqaruvchisiga axborot beradi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli bayon qarorlari ijrosi nazorat qilinishini taʼminlaydi;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning biriktirilgan sohada davlat siyosatini samarali va sifatli amalga oshirishi uchun Vazirlar Mahkamasining ayrim funksiya va vazifalarini ularga berish boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosariga takliflar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlarga materiallarni tayyorlashda va ularda qabul qilinadigan qarorlarni rasmiylashtirishda qatnashadi;
materiallar, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalari kompleks va sifatli ishlab chiqilishi va tayyorlanishini, manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar, Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan kelishilishini taʼminlaydi;
Kotibiyat vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha qonun loyihalari ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etilishini hamda ularning himoya qilinishini tashkil etadi;
Kotibiyatning yuritishiga kiradigan masalalar boʻyicha sanoat tarmoqlarining Kotibiyatga biriktirilgan tashkilotlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Kotibiyatga biriktirilgan xoʻjalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Maslahatchilarining nomenklaturasiga kiradigan rahbarlar lavozimlariga nomzodlar boʻyicha takliflarni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan maʼqullanishi uchun tayyorlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazir oʻrinbosari rahbarlik qiladigan tegishli Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar, kengashlar va tashkiliy qoʻmitalar ishlari samaradorligini taʼminlaydi, ular tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi va ularda qoʻyilgan masalalarni hal etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi, koʻrib chiqish va chora-tadbirlar koʻrish uchun ushbu murojaatlarni davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlariga, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuboradi, ularning oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qiladi, jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qiladi;
Kotibiyatga yuklangan boshqa funksiyalarni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
3-bob. Kotibiyatning huquqlari va javobgarligi
9. Kotibiyat oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va tayyorlash uchun zarur boʻlgan materiallar va maʼlumotlarni Vazirlar Mahkamasi apparatining boshqa tarkibiy boʻlinmalaridan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, boshqa organlar va tashkilotlardan belgilangan tartibda soʻrash va olish;
yoqilgʻi-energetika va kimyo sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar roʻyobga chiqarilishini oʻrganish maqsadida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvining hududiy organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida mintaqalarda Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tayyorlash va oʻtkazishda ishtirok etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari hamda vakillari ishtirokida yigʻilishlar oʻtkazish;
markaziy iqtisodiyot organlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlarning xodimlarini, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda axborot-tahliliy tadqiqotlar oʻtkazish uchun ekspert guruhlar tashkil etish;
Kotibiyatga biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining kollegial organlari majlislarida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining va Bosh vazir oʻrinbosarining topshirigʻiga binoan esa — davlat boshqa organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlar va boshqa tashkilotlarning Kotibiyat yuritadigan sohaga kiruvchi masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan majlislari va yigʻilishlarida qatnashish;
zarurat boʻlganda, Vazirlar Mahkamasida koʻrib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish, tegishli masalalar boʻyicha vaqtinchalik ishchi guruhlar tashkil etish;
zarurat boʻlganda, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Reglamenti, Vazirlar Mahkamasining Reglamenti va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablari buzilgan holda tushayotgan hujjatlarni qaytarib yuborish.
Kotibiyatning zarur materiallarni, maʼlumotlarni taqdim etish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va boshqa hujjatlar loyihalarini puxta ishlab chiqish boʻyicha talablari, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining, uning oʻrinbosarlarining va maslahatchilarining hamda Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining topshiriqlarida bajarishning boshqa muddatlari belgilanmagan boʻlsa, ularda belgilangan muddatlarda bajarilishi kerak.
10. Kotibiyat:
ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida koʻrsatilgan vazifalar va funksiyalar zarur tarzda va samarali bajarilishi;
Bosh vazir oʻrinbosariga va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga kiritiladigan takliflar va hujjatlar loyihalarining asoslanganligi, ushbu topshiriqlar va qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishi samaradorligi, shuningdek, ishning tegishli uchastkasida erishilgan natijalar;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Kotibiyat vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha boshqa qonun hujjatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi;
Kotibiyat vakolatiga tegishli masalalar boʻyicha qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining hujjatlari va topshiriqlari sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi;
Kotibiyatdagi ishlarning holati, tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar faoliyatining muvofiqlashtirilishi, Kotibiyat vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflar va hujjatlar loyihalarining har tomonlama koʻrib chiqilishi;
oliy darajadagi xorijiy tashriflar, shuningdek, respublika hududlariga safarlar yakunlari boʻyicha Kotibiyat vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha tasdiqlanadigan “yoʻl xaritalari”ning zarur darajada va samarali bajarilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamentiga, Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga muvofiq taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalari davlat manfaatlari taʼminlanishi, iqtisodiy samaradorligi va ulardagi masalalar barcha manfaatdor tuzilmalar bilan oʻzaro bogʻliqlikda kelishilganligi nuqtai nazaridan puxta ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni, “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida” 2017-yil 11-apreldagi PQ-2881-son, “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son, “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 22-iyuldagi PQ-5189-son qarorlariga, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari oʻrinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2021-yil 28-iyuldagi 467-son va “Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qarorlariga muvofiq ijro intizomiga soʻzsiz rioya etilishi uchun javob beradi.
4-bob. Kotibiyatning tuzilmasi
11. Kotibiyat tuzilmasiga Kotibiyat mudiri, Kotibiyat mudirining oʻrinbosari, shuningdek:
energetika masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
yoqilgʻi-energetika resurslaridan foydalanish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
elektr tarmoqlarini rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
neft-gaz sohasini va kimyo sanoatini rivojlantirish masalalari shuʼbasi mudiri (koʻmir sanoati masalalari boʻyicha);
neft-gaz sohasini rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
gaz tarmoqlarini rivojlantirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassis;
kimyo, gaz-kimyo sanoatini rivojlantirish boʻyicha bosh mutaxassis;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining yordamchisi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining inspektori;
Kotibiyat inspektori kiradi.
Kotibiyat tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12. Kotibiyat ishiga bevosita Kotibiyat mudiri rahbarlik qiladi.
13. Kotibiyat mudiri, Kotibiyat mudirining oʻrinbosari, shuʼba mudiri, mutaxassislari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosarining yordamchisi va inspektorlar belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
5-bob. Kotibiyat faoliyatini tashkil etish
14. Kotibiyat ishlari “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining apparati toʻgʻrisidagi nizomga, ushbu Nizomga, Vazirlar Mahkamasi apparatida ish yuritish boʻyicha yoʻriqnomaga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Bosh vazir oʻrinbosarining topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisining buyruqlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ish rejasi, Kotibiyatning ish rejasi, Kotibiyat mudiri, Kotibiyat mudirining oʻrinbosari, shuʼba mudiri va bosh mutaxassislarining shaxsiy ish rejalari asosida tashkil etiladi.
Kotibiyatning ish rejasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati tomonidan tasdiqlanadigan Vazirlar Mahkamasining ish rejasi asosida shakllantiriladi.
Kotibiyat mudirining shaxsiy ish rejasi Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi bilan kelishiladi va Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.
Kotibiyat mudirining oʻrinbosari, shuʼba mudirlari, mutaxassislari va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari yordamchisining shaxsiy ish rejalari Kotibiyat mudiri tomonidan tasdiqlanadi.
Kotibiyatning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari amalga oshirilishi tizimli monitoringini amalga oshirish boʻyicha faoliyati Kotibiyatga biriktirilgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida, boshqa organlar va tashkilotlarda Vazirlar Mahkamasining ish rejasiga muvofiq kompleks oʻrganishlarni oʻtkazish yoʻli bilan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida hisobotlarni eshitish yoʻli bilan tashkil etiladi.
15. Kotibiyat mudiri:
Kotibiyatga bevosita rahbarlik qiladi, oʻz oʻrinbosari, shuʼba mudiri, mutaxassislar ishlarini tashkil etadi, Kotibiyatga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi hamda ijro intizomining holati uchun shaxsan javob beradi;
Kotibiyatga biriktirilgan masalalar boʻyicha materiallar va hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishini tashkil qiladi, topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlaydi;
Kotibiyatda tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasi yaratilishi va yuritilishi, ularni muntazam yangilab turish yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
materiallar toʻgʻrisida Bosh vazir oʻrinbosariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga va uning oʻrinbosarlariga axborot beradi;
islohotlarni chuqurlashtirish, respublikani, tarmoqlar va hududlarni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, sohalardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va ularni Bosh vazir oʻrinbosariga taqdim etadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari hamda idoralararo komissiyalar va kengashlar majlislarida, oʻzi yuritadigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi hamda uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini tayyorlash maqsadida ularni muhokama qilish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazadi;
Bosh vazir oʻrinbosarining topshirigʻiga binoan chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
Bosh vazir oʻrinbosariga tegishli mutaxassislar oʻrtasida vazifalarni taqsimlash boʻyicha takliflar kiritadi;
Bosh vazir oʻrinbosariga mutaxassislarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, ragʻbatlantirish hamda intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida takliflar taqdim etadi;
Bosh vazir oʻrinbosari vaqtinchalik boʻlmagan taqdirda uning vazifasini bajaradi.
16. Kotibiyat mudirining oʻrinbosari:
shuʼba mudiri va mutaxassislar faoliyatini muvofiqlashtiradi, Kotibiyatga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi hamda ijro intizomining holati uchun shaxsan javob beradi;
Kotibiyatga biriktirilgan masalalar boʻyicha materiallar va hujjatlar loyihalarining sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishini tashkil qiladi, topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlaydi;
Kotibiyatda tizimlashtirilgan maʼlumotlar bazasi yaratilishi va yuritilishi, ularni muntazam yangilab turish yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
materiallar toʻgʻrisida Kotibiyat mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda Bosh vazir oʻrinbosariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
islohotlarni chuqurlashtirish, respublikani, tarmoqlar va hududlarni yanada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, sohalardagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va ularni Kotibiyat mudiriga taqdim etadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari hamda idoralararo komissiyalar va kengashlar majlislarida, oʻzi yuritadigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi hamda uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini tayyorlash maqsadida ularni muhokama qilish uchun davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari, olimlar va mutaxassislar ishtirokida oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazadi;
Kotibiyat mudirining topshirigʻiga binoan chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
Kotibiyat mudiriga tegishli mutaxassislar oʻrtasida vazifalarni taqsimlash boʻyicha takliflar kiritadi;
Kotibiyat mudiriga mutaxassislarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, ragʻbatlantirish hamda intizomiy jazo choralarini qoʻllash toʻgʻrisida takliflar taqdim etadi;
Kotibiyat mudiri vaqtinchalik boʻlmagan taqdirda uning vazifasini bajaradi.
17. Kotibiyatning shuʼba mudiri:
shuʼba mutaxassislari ishlarini muvofiqlashtiradi va shuʼbaga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
shuʼbaga biriktirilgan masalalar boʻyicha maʼlumotnoma, tahliliy, statistik va boshqa materiallar, shuningdek, qonun hujjatlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining mutaxassislar tomonidan sifatli va oʻz vaqtida tayyorlanishini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasining qabul qilingan qonunlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarini, Hukumat qarorlarini amalga oshirish boʻyicha mutaxassislar tomonidan tashkiliy chora-tadbirlar yoki nazorat rejalari tayyorlanishini, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri yoki uning oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanishini muvofiqlashtiradi, erishilgan natijalarning monitoringini doimiy ravishda taʼminlaydi;
masalalarni oʻrganib chiqishni muvofiqlashtirishni va tegishli davr uchun mutaxassislar, Kotibiyat va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tasdiqlangan ish rejalaridagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi, tanqidiy tahlil asosida tegishli takliflarni koʻrib chiqish uchun Kotibiyat mudiri va Bosh vazir oʻrinbosariga kiritadi;
iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari, sohalari va sektorlari, shuningdek, respublika hududlari boʻyicha turkumlangan maʼlumotlar bazasining mutaxassislar tomonidan yaratilishi va yuritilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
maʼlumotnoma materiallari va hujjatlar loyihalari toʻgʻrisida Kotibiyat mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga, uning oʻrinbosarlariga, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga va uning oʻrinbosarlariga axborot beradi;
islohotlarni chuqurlashtirish, shuningdek, Kotibiyat vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqilishini tashkil qiladi va ularni Kotibiyat mudiriga va Bosh vazir oʻrinbosariga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, uning oʻrinbosarlari va maslahatchilari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari hamda idoralararo komissiyalar va kengashlar majlislarida, shuʼba yuritadigan sohaga kiradigan masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda qatnashadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlar, boshqa organlar va tashkilotlar rahbarlari va vakillari, olimlar va mutaxassislar bilan Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash uchun oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazadi, shuningdek, ijrodagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari loyihalarini ularni tayyorlash maqsadida muhokama qiladi;
Kotibiyat mudiri va Bosh vazir oʻrinbosarining topshirigʻiga binoan chiquvchi xat-xabarlarni imzolaydi;
Kotibiyat mudiri va Bosh vazir oʻrinbosariga tegishli mutaxassislar oʻrtasida vazifalarni taqsimlash boʻyicha takliflar kiritadi;
Kotibiyat mudiri va Bosh vazir oʻrinbosariga oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha mutaxassislarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish, ularning malakasini oshirish, ragʻbatlantirish hamda jazolash toʻgʻrisida takliflar taqdim etadi;
vazifalar taqsimlanishiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
18. Kotibiyatning bosh mutaxassisi:
oʻz funksional vazifalariga muvofiq takliflarning va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifati, ishonchliligi va oʻz vaqtida tayyorlanishi, topshiriqlar va qabul qilingan hujjatlarning bajarilishi yuzasidan nazoratning taʼminlanishi uchun shaxsan javob beradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyatning tegishli organlari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular yuzasidan zarur tahliliy materiallarni va ekspert xulosalarni tayyorlaydi, shuningdek, ular boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga muvofiq zarur kelishuvlarni taʼminlaydi;
materiallar va hujjatlarning loyihalari toʻgʻrisida Kotibiyat mudiri, uning oʻrinbosari, shuʼba mudiriga, shuningdek, belgilangan tartibda Bosh vazir oʻrinbosariga va Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisiga axborot beradi;
qabul qilingan hujjatlar boʻyicha nazorat rejasini yoki tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlash uchun kiritadi, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshiriqlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni amalga oshiradi;
tegishli funksional masalalar va hujjatlar boʻyicha maʼlumotlarning turkumlangan bazasini shakllantirishni va yuritishni, uning muntazam ravishda toʻldirib va yangilab borilishini tashkil qiladi;
tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli vazifalari samarali hal etilishi boʻyicha Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar va idoralarning hamda Kotibiyatga yuklatilgan vazifalar doirasida mahalliy hokimiyat ijro organlarining muvofiqlashtirilgan ishini taʼminlaydi;
idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishning aniq tizimini joriy qilish yoʻli bilan biriktirilgan sohada davlat siyosati samarali va sifatli amalga oshirilishida Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar va idoralarning mustaqilligini kuchaytirishda ishtirok etadi;
aniq koʻrsatkichlarga va maqsadli indikatorlarga erishishga, yaqin, oʻrtacha muddatli va uzoq muddatli istiqbolga iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani strategik rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish sifati va samaradorligini taʼminlashga asoslangan idoraviy mansub tashkilotlar va ular rahbarlarining faoliyatini baholash tizimini ishlab chiqish va joriy etishda ishtirok etadi;
Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalarining kollegial organlari majlislarida ishtirok etadi, ular faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritadi;
oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha oʻtkaziladigan Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda, Hukumat komissiyalari va idoralararo komissiyalar hamda kengashlar majlislarida, Vazirlar Mahkamasi apparati boshqaruvchisi oʻtkazadigan yigʻilishlarda belgilangan tartibda qatnashadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning oʻrinbosarlari oʻtkazadigan yigʻilishlarda koʻrib chiqishga materiallar tayyorlash uchun, shuningdek, ijrodagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalarini ularni tayyorlash maqsadida muhokama qilish uchun oʻziga biriktirilgan masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar vakillari, olimlar va mutaxassislar bilan yigʻilishlar oʻtkazadi;
funksional vazifalar taqsimlanishiga muvofiq boshqa funksiyalarni amalga oshiradi.
19. Bosh vazir oʻrinbosarining yordamchisi:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli topshiriqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bajarilishining nazoratini hamda tahlil etilishini taʼminlaydi, ularni bajarish natijalari haqida Bosh vazir oʻrinbosariga axborot beradi;
Hukumatning muayyan sohalar va yoʻnalishlarda islohotlarning amalga oshirilishini oʻrganish maqsadida Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari ishtirokida mavzuga oid sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda oʻtkazish uchun tegishli tahliliy materiallar tayyorlashda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining hujjatlari, parlament, deputat va Senat aʼzosi soʻrovlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari va topshiriqlari samarali bajarilishini tashkil etadi, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qiladi;
Vazirlar Mahkamasi, Kotibiyatning ish rejalarida, shuningdek, tegishli davr uchun shaxsiy ish rejalarida nazarda tutilgan masalalarni oʻrganish va chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirishni taʼminlaydi, tanqidiy tahlil asosida Kotibiyat mudirining oʻrinbosarlari, Kotibiyat mudiri, Bosh vazir oʻrinbosariga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritadi;
Bosh vazir oʻrinbosarining ish rejalarini shakllantirishda ishtirok etadi va ularning bajarilishini tashkil qiladi;
Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda Bosh vazir oʻrinbosari koʻrib chiqishi uchun axborot-maʼlumotnoma va boshqa materiallar, shuningdek, Bosh vazir oʻrinbosarining maʼruzalari va nutqlarini tayyorlaydi;
Bosh vazir oʻrinbosari tomonidan oʻtkaziladigan yigʻilishlar va majlislarga, shu jumladan Hukumat komissiyalarining yigʻilish va majlislariga tayyorgarlik koʻrish hamda ularni oʻtkazishni tashkil qiladi, topshiriqlarni umumlashtiradi, ularning ijrosini nazorat qiladi, Kotibiyat mudiri va Bosh vazir oʻrinbosariga topshiriqlarning bajarilishi haqida belgilangan tartibda axborot beradi;
Bosh vazir oʻrinbosariga keladigan xat-xabarlarni tahlil qiladi, tegishli materiallar boʻyicha axborot beradi va xat-xabarlar yuzasidan topshiriqlarni ijrochilarga belgilangan tartibda yuboradi;
Bosh vazir oʻrinbosarining Kotibiyatga biriktirilgan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va davlat boshqaruvining boshqa organlari rahbarlarini qabul qilishini tashkil etadi;
Vazirlar Mahkamasi apparatining tegishli tarkibiy boʻlinmalari bilan birgalikda fuqarolarni Bosh vazir oʻrinbosari qabul qilishini tashkil etadi, Bosh vazir oʻrinbosari va Kotibiyat mudirining topshirigʻiga binoan fuqarolarni shaxsan qabul qiladi.
20. Inspektor Kotibiyatda ish yuritilishini taʼminlaydi, hujjatlarning oʻtishini nazorat qiladi, hujjatlar yigʻmajildlarining tayyorlanishini va arxivda saqlashga oʻz vaqtida berilishini taʼminlaydi, oʻziga yuklangan boshqa funksiyalarni bajaradi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2022-y., 09/22/663/1030-son)