O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘tgan ikki yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor vazifalarini bajarish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tizimini tubdan isloh qilish, islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, asosiy ijtimoiy-iqtisodiy parametrlar va Davlat budjetining ijrosi uchun ularning mas’uliyatini oshirish ta’minlanmoqda.
Iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qisqartirishga, davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini rivojlantirishga, investitsiya siyosatini faollashtirishga, eksport salohiyatini va tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga, erkin tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlashga yo‘naltirilgan bir qator kompleks dasturlar amalga oshirilmoqda.
Ijtimoiy sohadagi qayta o‘zgartirishlar diqqat-e’tibor markazida turibdi. Ayniqsa, qishloq joylarda va chekka hududlarda aholining uy-joy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, kompleks infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning ijrosi ta’minlanmoqda. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar respublika aholisi turli toifalarining moddiy farovonligi, hayot darajasi va sifati oshishiga muayyan darajada ko‘maklashdi.
Shu bilan birga, mamlakatni yanada jadal rivojlantirish O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining amaldagi yondashuvlari va ish usullarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini, uning faoliyatini tashkil etishning sifat jihatidan yangi va innovatsion usullarini joriy etishni, davlat siyosati amalga oshirilishi va biriktirilgan sohalarda aniq natijalarga erishish uchun idoralar rahbarlarining mustaqilligini oshirishni taqozo etadi.
Hukumatning tashkiliy-shtat tuzilmasini tubdan qayta ko‘rib chiqish, hujjatlar ekspertizasi tartibotlarini jiddiy ravishda soddalashtirish, qarorlar qabul qilishning tezkorligini ta’minlash, chet elda keng qo‘llaniladigan aniq ko‘rsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga asoslangan vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar rahbarlari faoliyatini baholash tizimini joriy etish talab etiladi.
Hukumat ishini tashkil etishni tubdan takomillashtirish, ijro etuvchi hokimiyat organlarining zamonaviy talablarga javob beradigan sifat jihatidan yangi tizimini shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida belgilab berilgan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlarining shaxsan e’tibori mavjud kamchiliklarning qat’iyatlik bilan bartaraf etilishi zarurligiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan asosiy prinsip o‘z vaqtida, aniq va to‘liq hajmda amalga oshirilishiga qaratilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
3. 2019-yil 1-apreldan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va vazirlar lavozimlariga nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanishi;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholash;
aniq sohalar va yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarni o‘rganish maqsadida mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat boshqaruvi hududiy organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida hududlarda Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini tizimli asosda o‘tkazish tartibi joriy etilsin.
Belgilansinki, 2019-yil 1-apreldan boshlab:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va vazirlar lavozimlariga nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqish va ma’qullash jarayonida ular Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejalarini taqdim etadilar;
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturining amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadi.
4. O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov quyidagi tartib va mexanizmlarga doir aniq takliflarni puxta ishlab chiqsin va 2019-yil 1-martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etsin:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlarini, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislarini faqat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin tayinlash;
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri tomonidan Hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan tegishli yilga davlat dasturi amalga oshirilishi to‘g‘risida hisobot taqdim etish;
barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishishga va maqsadli indikatorlarga, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholash.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchilari, vazirlar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Vazirlar Mahkamasi Rayosatining a’zolari hisoblanadilar.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoni tahririda)
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish doirasida davlat boshqaruvining 93 ta organi isloh qilinganligi, shu jumladan, 77 ta vazirlik va idora qayta tashkil etilganligi, 7 tasi tugatilganligi, 9 tasi yangidan tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya raisi A.N. Aripov quyidagilarga alohida e’tibor bergan holda, 2019-yil 1-mayga qadar vazirliklar, davlat qo‘mitalari, Hukumat tuzilmasiga kiruvchi idoralar hamda xo‘jalik boshqaruvi organlarini yanada ixchamlashtirish va faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini nazarda tutuvchi takliflarni tayyorlasin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar faoliyatining institutsional va tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, ularning vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini va vakolatli shaxslar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda hokimliklarning javobgarligi sohalarini belgilash va aniq chegaralash, muvofiqlashtirish va o‘zaro hamkorlik jarayonlarini ta’minlash;
davlat boshqaruvi tizimiga strategik rejalashtirish va prognozlashtirishning zamonaviy shakllari, usullari va tamoyillarini, shu jumladan “raqamli iqtisodiyot” tamoyilini, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish;
davlat boshqaruvi organlari, joylarda ijro etuvchi hokimiyat organlari va biznesning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini takomillashtirish, ushbu yo‘nalishda davlat-xususiy sheriklik asoslarini faol joriy etish va ilg‘or xorijiy tajribadan foydalanish;
professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, byurokratiya, qog‘ozbozlik va ko‘p sonli yig‘ilishlarga chek qo‘yishning amaliy mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, suiiste’molchilik faktlariga va boshqa salbiy holatlarga qarshi kurashish.
7. Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan birgalikda uch oy muddatda:
a) yangi tahrirdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini kiritsin, shu jumladan, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
Hukumatning vakolatlarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini aniq tartibga solish va iqtisodiy, moliyaviy, pul-kredit, investitsiya, ijtimoiy, madaniy-gumanitar, ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, ekologiya va boshqa sohalarda hamda joriy vaziyatni kompleks tahlil qilish asosida tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatda chuqur va tarkibiy qayta o‘zgartirishlar amalga oshirilishi va yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda ularni strategik rivojlantirish modellari ishlab chiqilishi uchun uning mas’uliyatini oshirish;
Vazirlar Mahkamasi a’zolarining vakolatlarini va ularning javobgarligini belgilash;
Hukumatning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, sudlar, huquqni muhofaza qilish va harbiylashtirilgan tuzilmalar, nodavlat notijorat tashkilotlar va siyosiy partiyalar bilan o‘zaro hamkorligi masalalari;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini o‘tkazish, ularning yakunlari bo‘yicha qarorlar qabul qilish reglamenti, shuningdek, majlislarni o‘tkazish davomida ko‘rib chiqiladigan aniq masalalar ro‘yxatini belgilash;
Hukumat a’zolarini va Vazirlar Mahkamasi apparati xodimlarini moddiy va ijtimoiy ta’minlash masalalari;
b) “Strategik rejalashtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini kiritsin, shu jumladan, unda quyidagilar nazarda tutilsin:
iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirishni nazarda tutuvchi yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan kompleks dasturlarni (keyingi o‘rinlarda — rivojlantirish kompleks dasturlari) ishlab chiqish mexanizmlari va tartibi;
rivojlantirishning kompleks dasturlarini ishlab chiqishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning ishtiroki va o‘zaro hamkorligi, ularni tahlil qilishni, monitoringini olib borish va pirovard ijrosini tashkil etish;
qabul qilingan rivojlanishning kompleks dasturlarini har yili qayta ko‘rib chiqilishini, keyinchalik ularga global va mintaqaviy ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar o‘zgarishi hisobga olingan holda tuzatishlar kiritilishini nazarda tutuvchi mazkur dasturlarni tahlil qilishning samarali mexanizmini joriy etish;
v) quyidagilarni:
davlat boshqaruvi va ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimini yanada ixchamlashtirishni;
xususiy sektorga berilayotgan davlat organlari funksiyalarining aniq ro‘yxatini tasdiqlash, bunda ushbu sohada ishlarning holatini puxta xatlovdan o‘tkazishgan holda hamda berilayotgan funksiyalarning lozim darajada bajarilishi ustidan davlat nazorati mexanizmlarini joriy etishni;
iqtisodiy jarayonlarda davlatning ishtirokini tubdan qisqartirishni nazarda tutuvchi takliflar kiritsin;
g) vazirliklar, davlat qo‘mitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini xalqaro standartlar va normalarga muvofiq mehnatga haq to‘lash miqdorlarini mehnat natijalari, bajariladigan mehnat funksiyalarining murakkabligi va javobgarligi bilan chambarchas bog‘liq holda takomillashtirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida bayon qilingan topshiriqlarning samarali ijro etilishini ta’minlash yuzasidan yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim va ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha konsepsiyalar, dasturlar va “yo‘l xaritalari” amalga oshirilishini nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini amalga oshirishda quyidagi ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratsinlar:
birinchi, O‘zbekiston Respublikasini 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasini, tegishli tarmoq va hududiy kompleks dasturlarni ishlab chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan tasdiqlangan ustuvor dasturlarni samarali amalga oshirish;
ikkinchi, asosiy xalqaro reytinglar va indekslarda O‘zbekiston Respublikasi mavqeyini yaxshilash bo‘yicha Hukumat, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari ishi samaradorligini oshirish sohasida kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
uchinchi, har tomonlama asoslangan o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi investitsiya siyosati strategiyasini puxta tayyorlash, xorijiy investitsiyalarni, eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish mexanizmlari va kafolatlarini yanada takomillashtirish, xorijiy va mahalliy investorlarga taqdim etish uchun “investitsiya portfeli”ni ishlab chiqish, respublikada “investitsiyaviy xablar”ni tashkil etish va erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyat ko‘rsatishi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish;
to‘rtinchi, “xalq bilan muloqot” amaliyotini takomillashtirish va Vazirlar Mahkamasi rahbariyati hamda Hukumat a’zolarining joylardagi shaxsiy uchrashuvlari asosida quyidagilarni kafolatlaydigan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish:
ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, shu jumladan, bandlikni ta’minlash va aholining real daromadlarini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish, ilg‘or innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar asosida ta’lim va ilm-fan tizimini yanada rivojlantirish;
madaniyat, sport va turizm sohalarida aniq chora-tadbirlarni faollashtirish, yoshlar bilan ishlash bo‘yicha davlat dasturining amalga oshirilishiga tuzatishlar kiritish;
aholini, shu jumladan, renovatsiya asosida zamonaviy va arzon uy-joy, shuningdek, ishonchli transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma bilan ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish strategiyasini ishlab chiqish;
beshinchi, xorijiy mamlakatlarga yuqori va oliy darajalardagi tashriflar yakunlari hamda xalqaro iqtisodiy va moliyaviy institutlarda erishilgan ahdlashuvlar bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritalari”ning amalga oshirilishini nazorat qilish tizimini takomillashtirish.
9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlarining e’tibori tegishli vazirliklar, idoralar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining birinchi rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga munosib, o‘z ishini puxta biladigan va zamonaviy fikrlaydigan nomzodlarni tanlashga doir kadrlar bilan ishlashning susaytirilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga qaratilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan birgalikda 2019-yil 1-martga qadar:
tegishli davlat boshqaruvi organlari rahbarlarining bo‘sh lavozimlariga, ushbu lavozimlarga xotin-qizlarni tavsiya etishga alohida e’tibor bergan holda, tayinlash uchun nomzodlar zaxirasini puxta ishlab chiqsin, asoslasin va ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etsin;
mas’ul lavozimlarga xorijda yashayotgan vatandoshlar va xorijiy mutaxassislar orasidan tajribali menejerlarni tayinlash amaliyotini keng joriy etsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishiga doir ishlarni samarali muvofiqlashtirsin, shuningdek, ular amalga oshirilishi to‘g‘risida muntazam ravishda axborot kiritsin.
11. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, shu jumladan, Hukumat faoliyatini tashkil etishni, uning tashkiliy-shtat tuzilmasini tasdiqlashni, Vazirlar Mahkamasi apparati ishi samaradorligi va natijadorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilashni nazarda tutuvchi qarori loyihasini kiritsin.
Adliya vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-yanvar,
PF-5644-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2019-y., 06/19/5644/2546-son)