O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi

“ADOLAT” MILLIY HUQUQIY AXBOROT MARKAZI

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi (keyingi oʻrinlarda Markaz) – aholi va ijrochilarga jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targʻibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, shuningdek, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi (keyingi oʻrinlarda Milliy baza)ni yuritish, Milliy bazada normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy nashr etilishini taʼminlash, normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan Roʻyxat boʻyicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazish, jismoniy va yuridik shaxslarning Milliy bazadan belgilangan tartibda foydalanishini taʼminlash, Milliy bazani takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish sohasida respublikaning yetakchi davlat muassasasi hisoblanadi.

Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5415-sonli Farmoni, 2018-yil 13-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3666-sonli qarori asosida Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi va ixtisoslashtirilgan “Adolat” nashriyoti negizida “Adolat” huquqiy axborot markazi davlat unitar korxonasi sifatida tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-sentyabrdagi “Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va yuridik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 741-sonli qarori bilan davlat muassasasi shaklida qayta tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5997-son Farmoniga asosan Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” huquqiy axborot markazi davlat muassasasi, “Inson va qonun” gazetasi tahririyati davlat unitar korxonasi hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyatini birlashtirish yoʻli bilan ularning negizida Vazirlik qoshida davlat muassasasi shaklidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi etib tashkil etilgan.

Markaz “Inson va qonun” gazetasi tahririyati hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyatining muassisi hisoblanadi.

“Inson va qonun” gazetasi tahririyati hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali tahririyati Markazning mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi va oʻz kasb faoliyatida mustaqildir.

Vazifalarimiz:

  • Oʻzbekiston Respublikasi Milliy bazani shakllantirish va yuritish, undan jismoniy va yuridik shaxslarning belgilangan tartibda foydalanishini taʼminlash, shuningdek ushbu milliy bazada normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy nashr etilishini, ularning turkumlashtirilgan hisobini va nazorat nusxalarini elektron shaklda yuritilishini taʼminlash;
  • normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan Roʻyxat boʻyicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazilishini taʼminlash;
  • aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha manzilli va predmetli huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish, shuningdek davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlarning norma va qoidalarini aholiga tushuntirish boʻyicha namunaviy hujjatlar toʻplamini tayyorlash;
  • normativ-huquqiy hujjatlarning mohiyatini hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyatini keng yoritish boʻyicha axborot-tahliliy media materiallarni, shu jumladan, audio- va videoroliklar, ijtimoiy reklamalar, voqea joyidan reportajlarni tayyorlash va tarqatish, shuningdek, bosma va elektron davriy ijtimoiy-huquqiy nashrlarni tayyorlash va chop etish;
  • rasmiy nashrlar — “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”, “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar toʻplami”ning, davriy nashrlar — “Inson va qonun” gazetasi, “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnalining hamda boshqa nashrlar — yuridik adabiyotlar, jumladan yuridik darsliklar, sharhlar va turli qoʻllanmalarni belgilangan tartibda chop etilishini taʼminlash;
  • faoliyat turi boʻyicha tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish, sotish hamda xizmatlar koʻrsatish;
  • davlat organlari va tashkilotlarning buyurtmasiga koʻra shartnoma asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari hamda boshqa huquqiy va boshqaruv hujjatlari namunalarini tayyorlash, shuningdek ijtimoiy-huquqiy axborotlarni keng yoritishga qaratilgan media materiallarni tayyorlash boʻyicha konsalting xizmatlarini koʻrsatish;
  • xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

Markazda 10 ta boʻlim va 1 ta birlashgan tahririyat faoliyat olib bormoqda:

  • Normativ-huquqiy hujjatlarni kiritish va nazorat holatiga keltirish boʻlimi;
  • Yuridik ishlov berilgan va nazorat holatiga keltirilgan hujjatlarni tekshirish boʻlimi;
  • Rasmiy nashrlarni va yuridik adabiyotlarni tayyorlash va tahrir qilish boʻlimi;
  • Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va huquqiy hujjatlar namunalarini tayyorlash boʻlimi;
  • Huquqiy targʻibot ishlarini amalga oshirish boʻlimi;
  • Media materiallarini tayyorlash boʻlimi;
  • Marketing, reklama va obuna boʻlimi;
  • Veb-resurslar bilan ishlash boʻlimi;
  • Moliya-iqtisod boʻlimi;
  • Dasturiy va texnik taʼminot boʻlimi;
  • “Inson va qonun” gazetasi hamda “Huquq va burch” ijtimoiy-huquqiy jurnali birlashgan tahririyati.

Qonunchilik hujjatlarini qayerdan izlaymiz?

Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi (www.lex.uz) mamlakatimizda qabul qilingan barcha qonunchilik hujjatlarini eʼlon qiladigan yagona rasmiy elektron manba hisoblanadi. Siz bu yerda mavjud boʻlgan barcha hujjatlardan hech qanday moneliksiz, bepul foydalanishingiz, istalgan axborotni olishingiz mumkin.

Kitoblarimizni qayerdan sotib olishingiz mumkin?

“Adolat” markazi belgisi ostida chop etilayotgan kitoblarni Toshkent shahri, Bobur koʻchasida joylashgan Markazimizga qarashli “Yuridik adabiyotlar” kitob doʻkonidan, internet doʻkonidan (adolatmarkazi.uz), shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi boshqa kitob doʻkonlaridan xarid qilishingiz mumkin. Aholining huquqiy bilimlarini oshirishga boʻlgan hayotiy ehtiyojni hisobga olgan holda, Markaz xodimlari yil davomida butun respublika boʻylab sayyor kitob savdolarini tashkil etib turadi.

Maqsadimiz:

- qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarini oʻz vaqtida eʼlon qilish, shuningdek, qonunchilik hujjatlarining rasmiy nashr etilishini, ularning turkumlashtirilgan hisobini va nazorat nusxalarini elektron shaklda yuritilishini taʼminlab keng jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish;

- aholi va ijrochilarga jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targʻibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish; 

- normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni Hukumat tomonidan belgilangan roʻyxat boʻyicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga elektron shaklda yetkazish, jismoniy va yuridik shaxslarning Milliy bazadan foydalanishini taʼminlash, bu sohada takliflar ishlab chiqish va amalga oshirish;

- aholining turli qatlamlari, oʻquvchi yoshlar, kichik yoshdagi kitobxonlar, imkoniyati cheklangan shaxslar, talabalar, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar, davlat xizmatchilari uchun huquqiy axborot taqdim etish;

- globallashuv jarayonida yoshlarimizning turli yot gʻoya va madaniyatlar taʼsiriga tushib qolishidan himoyalash, odamlarning odam savdosi, giyohvandlik va boshqa turli illatlar domiga tushib qolishining oldini olishda zarur huquqiy adabiyotlar bilan taʼminlash;

- tezkor, shiddatli davr islohotlari talablari asosida yangi qabul qilinayotgan qonunlar, farmon, qarorlar va boshqa huquqiy hujjatlar mazmuni va ulardagi oʻzgarishlar bilan yurtdoshlarimizni muntazam xabardor etib borish.


Manzil: Toshkent shahar, Mirobod tumani, Amir Temur shohkoʻchasi, 19-uy.

Telefon: (71) 233-26-56.

Elektron pochta: info@adolatmarkazi.uz, info@lex.uz

E-xat: adolat_xam@exat.uz

Bizni kuzating:

Sayt: www.adolatmarkazi.uz

Telegram: https://t.me/lexuzofficial

Facebook: www.facebook.com/adolatmarkazi

Instagram: https://www.instagram.com/adolatmarkazi