Nogironlar huquqlari to‘g‘risida
Konvensiya
Muqaddima
Ushbu Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar,
a) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustavida e’lon qilingan insoniyat oilasining barcha a’zolariga xos qadr-qimmat va qadriyatlar hamda ularning teng va ajralmas huquqlari prinsiplari ozodlik, adolat va yalpi tinchlikning asosi deb e’tirof etilishini eslatib,
b) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarda har bir inson ushbu hujjatlarda ko‘zda tutilgan huquqlar va erkinliklarga hech qanday tafovutsiz egalik qilishini e’lon qilganligi va mustahkamlab qo‘yganligini tan olib,
s) insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarining yalpiligi, ajralmasligi, o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro aloqadorligini, shuningdek nogironlarga ulardan kamsitilmasdan to‘la foydalanish kafolatlanishi zarurligini tasdiqlab,
d) Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiya, Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi Konvensiya, Qiynoqqa solish va shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan boshqa muomala va jazolashga qarshi Konvensiya, Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya va Barcha muhojir mehnatkashlar va ular oilalari a’zolarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaga havola qilib,
e) nogironlik — bu tadrijiy rivojlanib boruvchi tushuncha, nogironlik buzilgan salomatlik hamda munosabat va muhit to‘siqlari o‘zaro munosabatlari natijasi bo‘lib, va bu ularning jamiyat hayotida boshqalar bilan teng va samarali ishtirok etishiga xalaqit berishini tan olib,
f) Nogironlarga nisbatan jahon harakat dasturi va Nogironlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash standart qoidalarida qayd etilgan prinsiplar va dasturamal mo‘ljallar nogironlarga yanada teng imkoniyatlarni ta’minlash uchun milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalardagi strategiyalar, rejalar, dasturlar va tadbirlarni rag‘batlantirish, rasmiylashtirish va baholashga ta’siri nuqtai nazaridan muhimligini tan olib,
g) nogironlik muammolarini barqaror rivojlanish strategiyasining tegishli tarkibiy qismlari sifatida dolzarblashtirish muhimligini ta’kidlab,
h) shuningdek, har qanday shaxsni nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish inson shaxsiga xos qadr-qimmatni xo‘rlash ekanligini tan olib,
i) shundan keyin nogironlikning ko‘p turliligini tan olib,
j) barcha nogironlarning, shu jumladan faolroq qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lganlarning huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishning zarurligini tan olib,
k) ushbu turli hujjatlar va tashabbuslarga qaramasdan nogironlar jamiyat hayotida teng huquqli a’zolar sifatida ishtirok etish yo‘lida to‘siqlarga duch kelishi davom etayotganligidan hamda jahonning barcha qismlarida ularning inson huquqlari buzilayotganligidan tashvishlanib,
l) har bir mamlakatda, ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlarda nogironlar turmush sharoitlarini yaxshilash uchun xalqaro hamkorlik muhimligini tan olib,
m) nogironlarning mahalliy hamjamiyatlarning umumiy farovonligi va turfa xilligiga hozirgi va kelajakdagi qimmatli hissasini hamda nogironlar tomonidan o‘zlarining inson huquqlari va asosiy erkinliklarini to‘la amalga oshirishlariga yordam berish, shuningdek nogironlarning to‘laqonli ishtirok etishi ularda daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash va jamiyatning inson taraqqiyoti, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishida salmoqli muvaffaqiyatlarga erishish hamda qashshoqlikka barham berish imkonini berishini tan olib,
n) nogironlar uchun ularning shaxsiy mustaqilligi, shu jumladan o‘z mustaqil tanlovining erkinligi muhimligini tan olib,
o) nogironlar strategiyalar va dasturlar, shu jumladan bevosita ularga taalluqli strategiya va dasturlar bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida faol ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak deb hisoblab,
p) nogironlar irqi, terisining rangi, jinsi, tili, diniy, siyosiy va boshqa e’tiqodi, milliy, etnik, aborigen yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy holati, tug‘ilishi, yoshi yoki boshqa xususiyatlari belgisi bo‘yicha juda ko‘p va keskin shakldagi kamsitishga duch kelishlari bilan bog‘liq og‘ir sharoitlaridan tashvishlanib,
q) nogiron ayollar va nogiron qizlar uylarida ham, uylari tashqarisida ham ko‘pincha zo‘ravonlik, jarohatlanish yoki tajovuz qilish katta xavfiga, hurmatsizlik yoki qo‘pol munosabatga, yomon muomala yoki eksplutatsiyaga duch kelishlarini tan olib,
r) nogiron bolalar insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklaridan boshqa bolalar bilan teng holda to‘la hajmda foydalanishlari kerakligini tan olib va shu munosabat bilan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarni eslatib,
s) nogironlarning inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan to‘la foydalanishlariga yordam berish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarda gender xususiyatlarini hisobga olish zarurligini ta’kidlab,
t) nogironlarning ko‘pchiligi qashshoqlik sharoitida yashashlarini ta’kidlab va shu munosabat bilan nogironlarga qashshoqlikning salbiy ta’siri muammosi bilan shug‘ullanish o‘ta zarurligini tan olib,
u) Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ustavida hamda inson huquqlari sohasida qo‘llanila oladigan shartnomalarda bayon etilgan maqsad va prinsiplarini to‘la hurmat qilishga asoslangan tinchlik va xavfsizlik vaziyati nogironlarni, jumladan qurolli mojarolar va chet el bosqinchiligi davrida to‘la himoya qilishning so‘zsiz sharti ekanligini e’tiborga olib,
v) jismoniy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy muhitdan, sog‘liqni saqlash va ta’limdan, shuningdek axborot va aloqadan foydalanish imkoniyati muhimligini, chunki bu nogironlarga barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan foydalanish imkonini berishini tan olib,
w) har bir alohida insonning boshqa odamlar va o‘zi mansub bo‘lgan jamoa oldida majburiyatlarga ega ekanligini va u Inson huquqlari xalqaro billida tan olingan huquqlarni rag‘batlantirish va ularga rioya etilishiga erishishga intilishi kerakligini e’tiborga olib,
x) oila jamiyatning tabiiy va asosiy hujayrasi ekanligini, u jamiyat va davlat tomonidan muhofaza qilinish huquqiga egaligini hamda nogironlar va ular oilalarining a’zolari oilalarga nogironlar huquqlaridan to‘la va teng foydalanish ishiga hissa qo‘shish imkonini beradigan zarur himoya va yordamga ega bo‘lishlariga komil ishonchda,
y) nogironlarning huquqlari va qadr-qimmatlarini rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi yalpi qamrovli va yaxlit Konvensiya nogironlarning abgor ijtimoiy ahvollariga barham berishga hamda ularning ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlarda fuqarolar, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotda teng imkoniyatlarga ega bo‘lgan holda ishtirok etishlarini kengaytirishga komil ishonchda,
quyidagilarga rozi bo‘lishdi:
1-modda
Maqsad
Maqsad
Ushbu Konvensiyaning maqsadi barcha nogironlarning insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish, himoya qilish hamda to‘la va keng amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek ularga xos qadr-qimmatni hurmat qilishni rag‘batlantirishdir.
Nogironlarga turli to‘siqlar bilan o‘zaro munosabatda ularning boshqalar bilan teng holda jamiyat hayotida to‘la va samarali ishtirok etishiga xalaqit beradigan barqaror jismoniy, psixik, intellektual yoki sensor buzilishlari bo‘lgan shaxslar taalluqlidir.
2-modda
Tushunchalar
Tushunchalar
Ushbu Konvensiya maqsadlari uchun:
“muomala” — tillardan, matnlardan, Brayl alifbosi, taktil muomalasi, yirik shrift, foydalanish imkoniyati bo‘lgan multimedia vositalari, ayni vaqtda bosma materiallar, audiovositalar, suxandonlarning odatiy tili, shuningdek muomalani kuchaytiruvchi va muqobil usullari, vositalari va shakllari, shu jumladan foydalanish imkoniyati bo‘lgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qamrab oladi;
“til” — og‘zaki va ishora tillarini hamda og‘zaki bo‘lmagan tillarning boshqa shakllarini qamrab oladi;
“nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitish” — maqsadi yoki natijasi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqaro yoki har qanday boshqa sohada boshqalar bilan teng holda insonning barcha huquqlari va asosiy erkinliklarining e’tirof etilishi yoki amalga oshirilishini kamsitadigan yoki rad etadigan har qanday tafovut, istisno yoki cheklashni anglatadi. U kamsitishning barcha shakllarini, shu jumladan oqilona moslashtirishdan voz kechishni qamrab oladi;
“oqilona moslashtirish” — nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklarini amalga oshirish maqsadlarida aniq bir holatda zarurat bo‘lganda mos kelmaydigan yoki oqlanmaydigan yuk bo‘lmaydigan zarur va muvofiq modifikatsiyalar va tuzatishlar kiritishni anglatadi;
“universal dizayn” — barcha odamlar uchun moslashtirish yoki maxsus dizaynni talab etmaydigan holda eng yuqori imkoniyat darajasida yaroqli qilishga da’vat etilgan buyumlar, sharoit, dastur va xizmatlar dizaynini anglatadi. “Universal dizayn” zarurat bo‘lganda aniq bir nogironlar uchun assistiv qurilmalarni istisno etmaydi.
3-modda
Umumiy prinsiplar
Umumiy prinsiplar
Ushbu Konvensiyaning prinsiplari quyidagilardan iborat:
a) insonga xos bo‘lgan qadr-qimmatni, uning shaxsiy mustaqilligi, shu jumladan mustaqil tanlovi erkinligini hamda mustaqilligini hurmat qilish;
b) kamsitmaslik;
c) jamiyatga to‘la va samarali jalb etish va qo‘shish;
d) nogironlarning o‘ziga xos xususiyatlarini hurmat qilish va buni insoniy turfa xillikning tarkibi va insoniyatning bir qismi sifatida qabul qilish;
e) imkoniyatlarning tengligi;
f) to‘siqsiz foydalanish;
g) erkaklar va ayollarning tengligi;
h) nogiron bolalarning rivojlanayotgan qobiliyatlarini hurmat qilish va nogiron bolalarning o‘z shaxsiy xususiyatlarini saqlab qolish huquqini hurmat qilish.
4-modda
Umumiy majburiyatlar
Umumiy majburiyatlar
1. Ishtirok etuvchi davlatlar barcha nogironlar tomonidan nogironlik belgisi bo‘yicha hech qanday kamsitishsiz insonning barcha huquqlarini amalga oshirish va asosiy erkinliklarini to‘la ta’minlash va rag‘batlantirish majburiyatini oladi. Shu maqsadda ishtirok etuvchi davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladi:
a) ushbu Konvensiyada e’tirof etiladigan huquqlarni amalga oshirish uchun barcha zarur qonunchilik, ma’muriy va boshqa choralarni ko‘rish;
b) nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun barcha zarur choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini ko‘rish;
c) barcha strategiyalar va dasturlarda nogironlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishni hisobga olish;
d) Ushbu Konvensiyaga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish hamda davlat organlari va muassasalari ushbu Konvensiyaga muvofiq ish tutishlarini ta’minlash;
e) har qanday shaxs, tashkilot yoki xususiy korxona tomonidan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rish;
f) nogironlarning aniq ehtiyojlari uchun moslashtirish iloji boricha kam o‘zgartirish va xarajat talab qiladigan tovarlar, xizmatlar, jihozlar va universal dizayn obyektlarining (ushbu Konvensiyaning 2-moddasida belgilab qo‘yiladigan) ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki rag‘batlantirish, ularning mavjud bo‘lishiga va ulardan foydalanishga yordam berish, shuningdek standartlar va ko‘rsatkich mo‘ljallarini ishlab chiqishda universal dizayn g‘oyasini ilgari surish;
g) nogironlar uchun mos tushadigan yangi texnologiyalar, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, harakatchanlik, qurilmalar va assistiv texnologiyalarni yengillashtiradigan vositalarning ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki rag‘batlantirish, bunda arzon texnologiyalarga birinchi darajali e’tibor berish;
h) harakatchanlik, qurilmalar va assistiv texnologiyalarni yengillashtiradigan vositalar, shu jumladan yangi texnologiyalar, shuningdek yordam ko‘rsatish, qo‘shimcha xizmatlar va obyektlar to‘g‘risida foydalanish imkoniyati bo‘lgan axborotlarni nogironlarga taqdim etish;
i) ushbu Konvensiyada e’tirof etilgan huquqlarni mazkur huquqlarda kafolatlangan yordam va xizmatlarni taqdim etishni takomillashtirish uchun mutaxassislar va nogironlar bilan ish olib boradigan personalni o‘qitishni rag‘batlantirish.
2. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga kelganda, har bir ishtirok etuvchi davlat mazkur huquqlarni ushbu Konvensiyada belgilab berilgan majburiyatlarga ziyon yetkazmagan holda bosqichma-bosqich to‘la amalga oshirishga erishish uchun o‘zida mavjud bo‘lgan resurslardan iloji boricha to‘liq foydalanish, zarurat bo‘lganda esa xalqaro hamkorlikdan foydalanish majburiyatini oladi.
3. Ushbu Konvensiyani amalga oshirishga yo‘naltirilgan qonunchilik va strategiyani ishlab chiqish va qo‘llashda hamda nogironlarga taalluqli masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishning boshqa jarayonlari doirasida ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar, shu jumladan nogiron bolalar bilan yaqindan maslahatlashish hamda ularni o‘zlarining vakilliklari orqali bu ishga faol jalb etish choralarini ko‘radi.
4. Ushbu Konvensiyadagi hech bir narsa ishtirok etuvchi davlatlarning qonunlarida yoki mazkur davlatda amal qiladigan xalqaro huquq normalarida mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan nogironlar huquqlarini amalga oshirishga ko‘proq darajada yordam beradigan biror qoidaga daxli yo‘q. Ushbu Konvensiyada ishtirok etuvchi qaysidir bir davlatda e’tirof etiladigan yoki mavjud bo‘lgan insonning qaysidir huquqlari va asosiy erkinliklarini bu huquqlar yoki erkinliklar ushbu Konvensiyada e’tirof etilishi yoki kichikroq hajmda e’tirof etilishi sababi bilan hech qanday cheklash yoki kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi.
5. Ushbu Konvensiyaning qoidalari federal davlatlarning barcha qismlariga biror cheklashlarsiz yoki qisqartirishsiz holda amal etadi.
5-modda
Tenglik va kamsitmaslik
Tenglik va kamsitmaslik
1. Ishtirok etuvchi davlatlar barcha shaxslar qonun oldida teng ekanligini va unga ko‘ra qonun tomonidan biror kamsitishsiz teng himoyalanish hamda undan teng foydalanish huquqiga egaligini tan oladi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlik belgisi bo‘yicha har qanday kamsitishni man etadi hamda nogironlarga har qanday asosda kamsitishdan teng va samarali huquqiy himoyani kafolatlaydi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar tenglikni rag‘batlantirish va kamsitishni bartaraf etishda oqilona moslashishni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
4. Nogironlarning amaldagi tengligini ta’minlashni tezlashtirish yoki bunga erishish uchun zarur bo‘lgan barcha aniq choralar ushbu Konvensiya ma’nosi bo‘yicha kamsitish hisoblanmaydi.
6-modda
Nogiron ayollar
Nogiron ayollar
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron ayollar va nogiron qizlar juda ko‘p kamsitilishini tan oladi va shu munosabat bilan ular tomonidan barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklarini to‘la va teng amalga oshirilishini ta’minlash uchun choralar ko‘radi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar ayollarga ushbu Konvensiyada mustahkamlab qo‘yilgan inson huquqlari va asosiy erkinliklarini amalga oshirishni kafolatlash uchun ayollarning ahvolini yaxshilash, huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, har tomonlama rivojlanishini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
7-modda
Nogiron bolalar
Nogiron bolalar
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron bolalarning barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklarini boshqa bolalar bilan teng ravishda to‘la amalga oshirilishini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
2. Nogiron bolalarga nisbatan barcha sa’y-harakatlarda bolaning oliy manfaatlariga birinchi darajali e’tibor qaratiladi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron bolalar yoshlariga va yetukligiga muvofiq bo‘lgan zarur salmoq oladigan o‘z qarashlarini boshqa bolalar bilan teng ravishda erkin ifoda etish huquqiga ega bo‘lishlarini hamda ushbu huquqlarni amalga oshirish uchun nogironliklari va yoshiga mos bo‘lgan yordamni olishlarini ta’minlaydi.
8-modda
Ma’rifiy-tarbiyaviy ish
Ma’rifiy-tarbiyaviy ish
1. Ishtirok etuvchi davlatlar quyidagilarga erishish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan, samarali va zarur choralarni ko‘rish majburiyatini oladi:
a) butun jamiyatning, shu jumladan oila darajasida nogironlik masalalari bo‘yicha bilimini oshirish hamda nogironlarning huquq va qadr-qimmatini hurmat qilishni mustahkamlash;
b) nogironlarga nisbatan turmushning barcha jabhalarida, shu jumladan jinsi va yoshi asosidagi aqidalar va zararli odatlar bilan kurash olib borish;
c) nogironlarning salohiyati va hissasini targ‘ib etish.
2. Shu maqsadda ko‘rilayotgan choralar quyidagilarni qamrab oladi:
a) quyidagilarga da’vat etilgan samarali ijtimoiy-ma’rifiy kampaniyalarni avj oldirish va olib borish:
i) nogironlar huquqlarini tan olishni o‘rgatish;
ii) nogironlar to‘g‘risidagi ijobiy tasavvurlarni va ularning jamiyat tomonidan chuqurroq anglanishini rag‘batlantirish;
iii) nogironlarning ko‘nikmalari, qadr-qimmati va qobiliyati, shuningdek ularning ish joyi va mehnat bozoridagi hissasi e’tirof etilishiga ko‘maklashish;
b) ta’lim tizimining barcha darajalarida, shu jumladan kichik yoshdan boshlab barcha bolalarni nogironlar huquqiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash;
c) barcha ommaviy axborot vositalarida nogironlarni ushbu Konvensiya maqsadlariga mos tushadigan tarzda tasvirlashga da’vat etish;
d) nogiron va ularning huquqlariga bag‘ishlangan tarbiyaviy-tanishtirish dasturlarini ilgari surish.
9-modda
Foydalanish imkoniyati
Foydalanish imkoniyati
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar mustaqil turmush kechirish va turmushning barcha jabhalarida har taraflama ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda jismoniy muhitdan, transportdan, axborot va aloqadan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimidan hamda shaharlarda ham, qishloq joylarida ham aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan boshqa obyektlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi. Foydalanish imkoniyatiga xalaqit beradigan to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etishni qamrab oladigan ushbu choralar, jumladan, quyidagilardan iborat:
a) binolar, yo‘llar, transport hamda boshqa tashqi va ichki obyektlar, shu jumladan maktablar, turar-joylar, tibbiyot muassasalari va ish joylari;
b) axborot, kommunikatsiya va boshqa xizmatlar, shu jumladan elektron xizmatlar va shoshilinch xizmatlar.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar, shuningdek quyidagi zarur choralarni ko‘radilar:
a) aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan obyektlar va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ko‘zda tutadigan minimal standartlar va ko‘rsatkich mo‘ljallarini ishlab chiqish, amalga kiritish va ularga rioya etilishini nazorat qilish;
b) aholi uchun ochiq yoki taqdim etiladigan obyektlar va xizmatlarni taklif etadigan xususiy korxonalar nogironlar foydalanish imkoniyatlari uchun barcha jihatlarni hisobga olishlarini ta’minlash;
c) nogironlar duch keladigan foydalanish imkoniyati muammolari masalasiga aloqador barcha tomonlar uchun yo‘riqnoma berishni tashkil etish;
d) aholi uchun ochiq binolar va boshqa obyektlarga Brayl alifbosida bajarilgan, oson o‘qiladigan va tushuniladigan shakldagi belgilarni joylashtirish;
e) aholi uchun ochiq binolar va boshqa obyektlardan foydalanish imkoniyatini yengillashtirish uchun yordamchilar va vositachilarning turli xizmatlarini, shu jumladan yo‘l ko‘rsatuvchilar, suxandonlar va professional surdotarjimonlar xizmatlarini taqdim etish;
f) nogironlarning axborotdan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydigan yordam va qo‘llab-quvvatlashning boshqa zarur shakllarini rivojlantirish;
g) nogironlarning yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlaridan, shu jumladan Internetdan foydalanish imkoniyatlarini rag‘batlantirish;
h) avvalboshdan foydalanish imkoniyati bo‘lgan, kam xarajat talab etadigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlarini loyihalash, ishlab chiqish va tarqatishni rag‘batlantirish.
10-modda
Yashash huquqi
Yashash huquqi
Ishtirok etuvchi davlatlar har bir insonning yashash ajralmas huquqini yana bir bor tasdiqlaydi va nogironlar boshqalar bilan teng ravishda bu huquqni samarali amalga oshirishlarini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
11-modda
Tahdidli va favqulodda gumanitar vaziyatlar
Tahdidli va favqulodda gumanitar vaziyatlar
Ishtirok etuvchi davlatlar o‘zlarining xalqaro huquq, shu jumladan xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari xalqaro huquqi bo‘yicha majburiyatlariga muvofiq nogironlarni tahdidli vaziyatlarda, shu jumladan qurolli mojarolar, favqulodda gumanitar vaziyatlar va tabiiy ofatlar paytida himoya qilish va xavfsizligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.
12-modda
Qonun oldidagi tenglik
Qonun oldidagi tenglik
1. Ishtirok etuvchi davlatlar har bir nogiron, u qayerda bo‘lmasin, teng huquqiy himoya huquqiga ega ekanligini tasdiqlaydi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar hayotning barcha sohalarida boshqalar bilan teng ravishda huquq layoqatiga ega ekanligini e’tirof etadi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga ular o‘zlarining huquqqa layoqatini amalga oshirishlarida talab etilib qolinishi mumkin bo‘lgan qo‘llab-quvvatlashni taqdim etish uchun zarur choralarni ko‘radi.
4. Ishtirok etuvchi davlatlar huquqqa qodirlikni amalga oshirish bilan bog‘liq barcha choralar inson huquqlari xalqaro huquqiga muvofiq suiiste’molliklarning oldini olishini ko‘zda tutishi uchun zarur va samarali kafolatlarni ta’minlaydi. Bunday kafolatlar huquqqa layoqatni amalga oshirish bilan bog‘liq choralar shaxsning huquqlari, irodasi va moyilliklarini hurmat qilishga yo‘naltirilgan bo‘lishi, manfaatlar nizosi va noo‘rin ta’sirdan xolis bo‘lishi, ushbu shaxs vaziyatiga muvofiq va moslashtirilgan bo‘lishi, iloji boricha qisqa muddatda qo‘llanilishi hamda vakolatli, mustaqil va xolis organ yoki sud idorasi tomonidan muntazam tekshirilishini ta’minlashi kerak. Ushbu kafolatlar mazkur shaxsning huquqlari va manfaatlariga qay darajada ta’sir ko‘rsatsa, shu darajada bo‘lishi kerak.
5. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu modda qoidalarini hisobga olgan holda nogironlarning mulkka egalik qilish va uni meros qilib olish, o‘z moliyaviy ishlarini boshqarish, shuningdek bank ssudalari, ipoteka kreditlari va moliyaviy kreditlashning boshqa shakllaridan foydalanishda teng huquqliklarini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda hamda nogironlar o‘z mulkidan asossiz ravishda mahrum bo‘lmasliklarini ta’minlaydi.
13-modda
Odil sudlov huquqidan foydalanish .
Odil sudlov huquqidan foydalanish .
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar boshqalar bilan teng ravishda odil sudlovdan samarali foydalanishlari imkoniyatini ta’minlamoqda, shu jumladan yuridik jarayonning barcha bosqichlarida, jumladan surishtirish bosqichlari va ish yuritishning boshqa boshlang‘ich bosqichlarida o‘zlarining bevosita va bilvosita ishtirokchilar, shu jumladan guvohlar sifatidagi samarali rolini bajarishlarini yengillashtirishga qaratilgan protsessual va yoshlariga muvofiq tuzatishlar kiritishni nazarda tutadi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatlarini ta’minlashga ko‘maklashish uchun odil sudlovni amalga oshirish sohasida, shu jumladan politsiya va penitensiar tizimida ishlaydigan shaxslarni zarur tarzda o‘qitishga ko‘maklashadi.
14-modda
Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik
Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar boshqalar bilan teng huquqqa ega bo‘lishlari uchun quyidagilarni ta’minlaydi:
a) ozodlik va shaxsiy daxlsizlik huquqidan foydalanish;
b) qonunsiz va asossiz ravishda ozodlikdan mahrum bo‘lmaslik va har qanday ozodlikdan mahrum etish qonunga muvofiq bo‘lishi, nogironlik esa hech bir holatda ozodlikdan mahrum etish uchun asos bo‘lmasligini.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar agar qaysidir bir tartib asosida nogironlar ozodlikdan mahrum etilsa, ular uchun inson huquqlari xalqaro huquqiga muvofiq bo‘lgan kafolatlar berilishini hamda ular bilan muomala ushbu Konvensiyaning maqsad va prinsiplariga, shu jumladan oqilona moslashtirishni ta’minlashga muvofiq bo‘lishini ta’minlaydi.
15-modda
Qiynoq hamda muomala va jazolashning shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlaridan ozod bo‘lish
Qiynoq hamda muomala va jazolashning shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlaridan ozod bo‘lish
1. Hech kim qiynoqqa solinishi yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatini kamsitadigan muomala yoki jazoga duchor bo‘lishi mumkin emas. Jumladan, biror shaxs uning erkin roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribaga duchor qilinmasligi kerak.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar boshqalar bilan teng ravishda qiynoqqa solinish yoki shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan muomala va jazolashga duchor qilinmasligi uchun barcha samarali qonunchilik, ma’muriy, sud yoki boshqa choralarni ko‘radi.
16-modda
Ekspluatatsiya qilinish, zo‘ravonlik va tahqirlashlardan ozod bo‘lish
Ekspluatatsiya qilinish, zo‘ravonlik va tahqirlashlardan ozod bo‘lish
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarni uylarida ham, uning tashqarisida ham ekspluatatsiya, zo‘ravonlik va tajovuz qilishning barcha shakllaridan, shu jumladan gender sababi bilan bog‘liq jihatlardan himoya qilish uchun barcha zarur qonunchilik, ma’muriy, ijtimoiy, ma’rifiy va boshqa choralarni ko‘radi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar ekspluatatsiya, zo‘ravonlik va tajovuzning barcha shakllarining oldini olish uchun zarur choralarni, jumladan nogironlarning yosh-jins xususiyatini hisobga olgan holda ularga, ularning oilalariga va nogironlarni parvarish qilayotgan shaxslarga yordam berish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ekspluatatsiya, zo‘ravonlik va tajovuz ko‘rinishlariga duchor bo‘lmaslik, bunday holatlarni aniqlash va xabar berish yo‘llari bilan tanishtirish, bu masaladagi xabardorliklarini oshirish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Ishtirok etuvchi davlatlar himoya taqdim etish bo‘yicha xizmatlar nogironlikning yosh-jins xususiyatlari va omillarini hisobga olgan holda ko‘rsatilishini ta’minlaydi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar ekspluatatsiya, zo‘ravonlik va tajovuzning barcha shakllarining oldini olishga intilib, nogironlarga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan barcha muassasalar va dasturlar mustaqil organlar tomonidan samarali nazorat qilinishini ta’minlaydi.
4. Ishtirok etuvchi davlatlar ekspluatatsiya, zo‘ravonlik yoki tajovuzning har qanday shaklidan jabr ko‘rgan nogironlarni jismoniy, kognitiv va psixologik tiklash, reabilitatsiya va ijtimoiy qayta integratsiyalashga yordam berish, shu jumladan himoya taqdim etish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish orqali yordam berish uchun zarur choralarni ko‘radi. Bunday tiklash va qayta integratsiyalash tegishli shaxsning salomatligini, holatini, o‘ziga hurmatni, qadr-qimmatini va mustaqilligini mustahkamlashga yordam beradigan vaziyatda amalga oshirilmoqda hamda yosh-jins xususiyatlari bilan bog‘liq ehtiyojlar hisobga olinadi.
5. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga nisbatan ekspluatatsiya, zo‘ravonlik va tajovuz holatlari aniqlanishi, surishtirilishi va zarur holatlarda ta’qib etilishi uchun samarali qonunchilik va strategiyani, shu jumladan ayollar va bolalarga mo‘ljallangan qonunchilik va strategiyani qabul qiladi.
17-modda
Shaxsiy daxlsizlikni himoya qilish
Shaxsiy daxlsizlikni himoya qilish
Har bir nogiron boshqalar bilan teng ravishda o‘zining jismoniy va psixik daxlsizligi hurmat qilinishi huquqiga ega.
18-modda
Ko‘chib yurish va fuqarolik erkinligi
Ko‘chib yurish va fuqarolik erkinligi
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda ko‘chib yurish erkinligi, yashash joyini tanlash erkinligi va fuqarolik huquqini shu jumladan quyidagilar orqali e’tirof etadi:
a) fuqarolikni olish va o‘zgartirish huquqiga ega bo‘lish va fuqarolikdan asossiz yoki nogironlik sababi bilan mahrum etilmaslik;
b) fuqaroligini tasdiqlaydigan yoki shaxsini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlarni olish imkoniyatidan nogironligi sababli mahrum bo‘lmaslik, bunday hujjatlarga ega bo‘lish va ulardan foydalanish yoki tegishli tartibdan, masalan ko‘chib yurish erkinligi huquqini amalga oshirishni yengillashtirish uchun zarur bo‘lgan immigratsiya tartibidan foydalanish;
c) har qanday mamlakatni, shu jumladan o‘z mamlakatini erkin tark etish huquqiga ega bo‘lish;
d) asossiz ravishda yoki nogironlik sababli o‘z mamlakatiga kirish huquqidan mahrum bo‘lmaslik.
2. Nogiron bolalar tug‘ilgan zahotiyoq ro‘yxatga olinadi va tug‘ilgan zahotiyoq ismga ega bo‘lish va fuqarolikni olish, shuningdek iloji boricha yuqori darajada o‘z ota-onasini bilish huquqi va ulardan g‘amxo‘rlik ko‘rish huquqiga ega bo‘ladi.
19-modda
Mustaqil turmush tarzi va mahalliy hamjamiyatga jalb qilinish
Mustaqil turmush tarzi va mahalliy hamjamiyatga jalb qilinish
Ushbu Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar barcha nogironlarning odatdagi yashash joylarida yashashdagi teng huquqlilikni, boshqa odamlar bilan teng ravishda tanlash huquqini e’tirof etadi hamda nogironlar tomonidan bu huquqlarini to‘la amalga oshirish, ularning mahalliy hamjamiyatga to‘la kiritilish va jalb etilish huquqini e’tirof etadi, shu jumladan quyidagilarni ta’minlaydi:
a) nogironlar boshqa odamlar bilan teng ravishda o‘z yashash joyini va qayerda kim bilan yashashni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi hamda qandaydir muayyan turar joy sharoitlarida yashashga majbur bo‘lmasligi;
b) nogironlar uyida, yashash joyida va mahalliy hamjamiyat asosida boshqa yordamchi xizmatlardan, shu jumladan mahalliy hamjamiyatda hayotini saqlab turish va hamjamiyatga kirish uchun zarur bo‘lgan shaxsiy yordamdan foydalanishga ega bo‘lishi, shuningdek yakkalab qo‘yishga yoki mahalliy jamiyatdan chiqarib yuborishga yo‘l qo‘yilmasligi;
c) jamoa aholisiga umumiy foydalanishga mo‘ljallangan xizmatlar va obyektlardan nogironlar ham teng darajada foydalanishi hamda bu ularning ehtiyojiga javob berishi.
20-modda
Shaxsiy harakatlanish
Shaxsiy harakatlanish
Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar eng yuqori imkoniyat darajasida shaxsiy harakatlanishlarini ta’minlash uchun samarali choralar ko‘radi, shu jumladan quyidagilar orqali:
a) nogironlar o‘zi tanlaydigan vositada, tanlagan vaqtda va maqbul narxda shaxsiy harakat qilishlariga yordam berish;
b) nogironlarning harakatlanishini yengillashtiradigan sifatli vositalar, qurilmalar, assistiv texnologiyalar hamda yordamchilar va vositachilarning xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini, shu jumladan bu narsalarni maqbul narxlarda taqdim qilish orqali yengillashtirish;
c) nogironlarni va ular bilan ish olib boradigan mutaxassis kadrlarni harakatlanish ko‘nikmalariga o‘qitish;
d) harakatlanishni yengillashtiradigan vositalar, qurilmalar assistiv texnologiyalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan korxonalarni nogironlarning harakatlanishi barcha jihatlarini hisobga olishga da’vat etish.
21-modda
Fikr va e’tiqodni ifoda etish erkinligi va axborotdan foydalanish imkoniyati
Fikr va e’tiqodni ifoda etish erkinligi va axborotdan foydalanish imkoniyati
Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar fikr va e’tiqodlarini erkin ifoda etish huquqini, shu jumladan ushbu Konvensiyaning 2-moddasida belgilab qo‘yilgan muomalaning barcha shakllaridan o‘z tanlovi bo‘yicha foydalangan holda axborot va g‘oyalarni izlash, olish va tarqatish erkinligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi, shu jumladan:
a) nogironlarni foydalanish imkoniyati bo‘lgan shaklda va nogironlik turli shakllarini hisobga olgan texnologiyalardan foydalanib, o‘z vaqtida va qo‘shimcha haq olmasdan keng ommaga mo‘ljallangan axborot bilan ta’minlash;
b) rasmiy muomalada ishora tili, Brayl alifbosi, muomalani kuchaytiradigan va muqobil vositalaridan hamda nogironlarning tanlovi bo‘yicha muomalaning boshqa foydalanish imkoniyati bo‘lgan barcha vositalari, usullari va shakllaridan foydalanishlariga yordam ko‘rsatish;
c) keng ommaga, shu jumladan Internet orqali xizmat ko‘rsatadigan xususiy korxonalarni nogironlar uchun foydalanish imkoniyati bo‘lgan va yaroqli shakllardagi axborot va xizmatlar taqdim etishga da’vat etish;
d) ommaviy axborot vositalarini nogironlar axborotdan, shu jumladan Internet orqali taqdim etadigan xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlashga da’vat etish;
e) ishora tillaridan foydalanishni e’tirof etish va rag‘batlantirish.
22-modda
Shaxsiy hayotning daxlsizligi
Shaxsiy hayotning daxlsizligi
1. Birorta nogiron, yashash joyi yoki turar joy sharoitlaridan qat’i nazar, shaxsiy hayoti, oilasi, turar joyi yoki yozishmalari va boshqa muomala turlarining daxlsizligiga asossiz yoki noqonuniy tajovuz qilinishiga yoki uning sha’ni va obro‘siga noqonuniy xurujlarga duchor bo‘lmasligi kerak. Nogironlar bunday tajovuzlar yoki xurujlardan himoyalanish huquqiga ega.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning shaxsi, salomatligining holati va reabilitatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqalar bilan teng tarzda maxfiyligini muhofaza qiladi.
23-modda
Uy va oilani hurmat qilish
Uy va oilani hurmat qilish
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga nisbatan boshqalar bilan teng tarzda nikoh, oila, otalik, onalik va shaxsiy munosabatlarga taalluqli masalalarda kamsitilishlarini bartaraf etish uchun samarali va zarur choralar ko‘radi. Bunda ular quyidagilarni ta’minlashga intiladi:
a) nikoh yoshiga yetgan barcha nogironlarning nikohdan o‘tayotganlarning erkin va to‘liq roziligi asosida nikohdan o‘tish va oila qurish huquqining e’tirof etilishini;
b) nogironlarning bolalar soni va ular tug‘ilishi orasidagi tanaffus to‘g‘risida erkin va mas’ul qaror qabul qilish hamda reproduktiv va oilani rejalashtirish masalalarida yoshiga mos axborotdan foydalanish imkoniyati hamda bu masalalardan xabardor bo‘lish huquqining e’tirof etilishi, shuningdek ularga bu huquqlarini amalga oshirish imkoniyatlarini beradigan vositalarning taqdim etilishini;
c) nogironlar, shu jumladan bolalar boshqalar bilan teng tarzda o‘z fertilliklarini saqlashlarini.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar milliy qonunchilikda vasiylik, farzandlarni asrab olish yoki shu kabi institutlar to‘g‘risida qoidalar mavjud bo‘lgan taqdirda nogironlarning ushbu masalalar bo‘yicha huquq va majburiyatlarini ta’minlaydi; barcha holatlarda bolaning oliy manfaatlari birinchi darajali ahamiyatga egadir. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga bolalarini tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarini bajarishlarida zarur yordam ko‘rsatadi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron bolalar oilaviy turmushga nisbatan teng huquqlarga ega bo‘lishini ta’minlaydi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqlarni amalga oshirish hamda bolalar nogironligini yashirish, ularni tashlab ketish, parvarish qilishdan bosh tortish va segregatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik uchun avval boshdan nogiron bolalar va ular oilalarini har taraflama axborot, xizmatlar va qo‘llab-quvvatlash bilan ta’minlash majburiyatini oladi.
4. Ishtirok etuvchi davlatlar bola o‘z ota-onasidan uning irodasiga qarshi ajratilmasligini ta’minlaydi, sud tomonidan nazorat qilinadigan vakolatli organlar qo‘llaniladigan qonunlar va tartiblarga muvofiq bunday ajratish bolaning oliy manfaatlari uchun zarur ekanligini belgilagan holatlar bundan mustasnodir. Hech bir vaziyatda bola o‘zining, otasi yoki onasidan birortasining yoki ham otasi, ham onasining nogironligi sababiga ko‘ra ota-onasidan ajratilishi mumkin emas.
5. Ishtirok etuvchi davlatlar nogiron bolaning eng yaqin qarindoshlari uni parvarish qilishga qodir bo‘lmagan holatlarda uzoqroq qarindoshlari hisobiga, bunday imkoniyat bo‘lmaganida esa mahalliy hamjamiyatda bola yashashi uchun oilaviy sharoitlarni yaratish hisobiga muqobil parvarish qilishni tashkil etish uchun barcha sa’y-harakatlarni qilish majburiyatlarini oladi.
24-modda
Ta’lim
Ta’lim
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning ta’lim olish huquqini e’tirof etadi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqni kamsitmasdan va imkoniyatlar tengligi asosida amalga oshirish maqsadlarida barcha darajalarda inklyuziv ta’limni va butun umri davomida o‘qitilishlarini ta’minlaydi, bunda quyidagilarga intiladi:
a) inson salohiyatini, shuningdek qadr-qimmat va o‘zini hurmat qilish hissini to‘la rivojlantirish hamda inson huquqlari, asosiy erkinliklari va insoniy turfa xillikni hurmat qilishni kuchaytirish;
b) nogironlarning shaxsi, iste’dodi va ijodini, shuningdek aqliy va jismoniy qobiliyatlarini to‘la hajmda rivojlantirish;
c) nogironlarga erkin jamiyat hayotida samarali ishtirok etish imkoniyatini yaratish.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquqni amalga oshirishda quyidagilarni ta’minlaydi:
a) nogironlar nogironligi sababiga ko‘ra umumiy ta’lim tizimidan, nogiron bolalar esa bepul va majburiy boshlang‘ich ta’lim yoki o‘rta ta’lim tizimidan chiqarilmasligi;
b) nogironlar boshqalar bilan teng ravishda o‘z yashash joylarida inklyuziv, sifatli va bepul boshlang‘ich ta’lim va o‘rta ta’limni olish imkoniyatiga ega bo‘lishi;
c) shaxsiy ehtiyojlarni hisobga oladigan oqilona moslashtirish ta’minlanishi;
d) nogironlar umumiy ta’lim tizimi doirasida samarali ta’lim olishlarini yengillashtirish uchun talab qilinadigan qo‘llab-quvvatlashga ega bo‘lishi;
e) to‘la qamrab olish maqsadiga muvofiq bilimlarni egallash va ijtimoiy rivojlanishga iloji boricha eng samarali yordam berish vaziyatida shaxsiy qo‘llab-quvvatlashni tashkil etish bo‘yicha samarali choralar ko‘rilishi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar ta’lim jarayonida hamda mahalliy hamjamiyatning a’zolari sifatida to‘la va teng ishtirok etishlarini ta’minlash uchun ularga hayotiy va ijtimoiy ko‘nikmalarni egallash imkoniyatini yaratadi. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu yo‘nalishda tegishli choralarni ko‘radi, shu jumladan:
a) Brayl alifbosi, muqobil shriftlarni, muomalani kuchaytiradigan va muqobil usullar, vositalar va shakllarni, shuningdek mo‘ljal olish va harakatlanish ko‘nikmalarini egallashlariga hamda tengdoshlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishga va murabbiylikka ko‘maklashadi;
b) ishorali tilni egallash va karlarning o‘ziga xos tilini egallashga yordam beradi;
c) shaxslarni o‘qitish, jumladan ko‘zi ojizlar, karlar yoki ko‘zi ojiz va kar bo‘lgan bolalarni o‘qitish ularga eng maqbul bo‘lgan til va usullarda, muomala vositalarida hamda bilimlarni egallash va ijtimoiy rivojlanishga iloji boricha eng ko‘p yordam beradigan vaziyatda amalga oshirilishini ta’minlaydi.
4. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu huquq amalga oshirilishini ta’minlashga ko‘maklashish uchun ishorali tilni va/yoki Brayl alifbosini egallagan o‘qituvchilar, shu jumladan nogiron o‘qituvchilarni ishga jalb etish hamda ta’lim tizimining barcha darajalarida ishlayotgan mutaxassislar va personalni o‘qitish uchun zarur choralarni ko‘radi. Bunday o‘qitish nogironlarni qo‘llab-quvvatlash uchun nogironlik masalalari hamda muomalaning kuchaytiradigan va muqobil usullari, vositalari va shakllarini, o‘quv uslubiyotlari va materiallarini qamrab oladi.
5. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar kamsitilmasdan va boshqalar bilan teng ravishda oliy ta’lim, kasbiy ta’lim, kattalar uchun ta’lim olish va butun hayotlari davomida o‘qitilish imkoniyatlariga ega bo‘lishlarini ta’minlaydi. Ishtirok etuvchi davlatlar shu maqsadlarda nogironlar uchun oqilona moslashtirishni ta’minlaydi.
25-modda
Sog‘liqni saqlash
Sog‘liqni saqlash
Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitilmasdan salomatliklarining erishish mumkin bo‘lgan eng yuqori darajada saqlanishi huquqiga egalar. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar sog‘liqni saqlash sohasida gender xususiyatini hisobga oladigan xizmatlardan, shu jumladan salomatliklarining holati bo‘yicha reabilitatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi. Ishtirok etuvchi davlatlar, shu jumladan quyidagi choralarni ko‘radi:
a) nogironlarga boshqalar bilan bir qatorda salomatlikni saqlash bo‘yicha bepul yoki qimmat bo‘lmagan xizmatlar va dasturlarning turlari, sifati va darajasini, shu jumladan seksual va reproduktiv salomatlik hamda davlat sog‘liqni saqlash dasturlari asosida aholiga taklif etilayotgan turlarni ta’minlaydi;
b) sog‘liqni saqlash sohasida nogironlarga ularning nogironligi sababli bevosita zarur bo‘lgan xizmatlarni, shu jumladan barvaqt diagnostikani, o‘rni bo‘lsa — korreksiya va nogironlikning, shu jumladan bolalar va katta yoshdagilar o‘rtasida nogironlikning bundan buyon paydo bo‘lishiga iloji boricha yo‘l qo‘ymaslik va buning oldini olishiga da’vat etilgan xizmatlarni taqdim etadi;
c) sog‘liqni saqlash sohasidagi ushbu xizmatlarni iloji boricha ushbu odamlar bevosita istiqomat qiladigan joylarga yaqinda, shu jumladan qishloq joylarida tashkil etadi;
d) sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislaridan nogironlarga boshqa shaxslarga bo‘lgani kabi sifatli xizmat ko‘rsatishni, shu jumladan boshqa masalalar qatori ta’lim berish hamda davlat va xususiy sog‘liqni saqlash sohasi uchun axloq standartlarini qabul qilish hisobiga inson huquqlari, qadr-qimmati, mustaqilligi va nogironlarning ehtiyojlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishni talab etadi;
e) nogironlarga tibbiy sug‘urtalash va hayotni sug‘urtalashni (agar bunga milliy qonunchilikda ruxsat berilgan bo‘lsa) taqdim etishda ularni kamsitishni man etadi hamda bu adolatli va oqilona asosda taqdim etilishini ko‘zda tutadi;
f) nogironlik sababi bo‘yicha sog‘liqni saqlashda yoki bu sohada xizmat ko‘rsatilishida yoxud ovqat yoki ichimliklarni olishda kamsituvchi rad etilishlarga yo‘l qo‘ymaydi.
26-modda
Abilitatsiya va reabilitatsiya
Abilitatsiya va reabilitatsiya
1. Ishtirok etuvchi davlatlar, shu jumladan boshqa nogironlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishida, nogironlar iloji boricha mustaqillikka, to‘la jismoniy, aqliy, ijtimoiy va kasb qobiliyatlariga erishishlari va buni saqlab qolishlari hamda turmushning barcha sohalariga to‘la qo‘shilishlari va jalb etilishlari uchun samarali va zarur choralarni ko‘radi. Ishtirok etuvchi davlatlar shu maqsadda kompleks abilitatsiya va reabilitatsiya xizmatlari va dasturlarini, ayniqsa sog‘liqni saqlash, bandlik, ta’lim va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalarida tashkil etadi, mustahkamlaydi va kengaytiradi. Ular ushbu xizmatlar va dasturlar bo‘yicha quyidagi choralarni ko‘radi:
a) ularni iloji boricha erta amalga oshirishga kirishilishi va nogironlarning ehtiyojlari va kuchli jihatlarini ko‘p tomonlama baholashga asoslangan bo‘lishi;
b) mahalliy hamjamiyatga hamda jamiyat hayotining barcha sohalariga jalb etilish va kiritilishiga yordam berishi, ixtiyoriy xususiyatga ega bo‘lishi hamda nogironlar uchun iloji boricha bevosita yashash joylariga yaqinda, shu jumladan qishloq joylarida foydalanish imkoniyati bo‘lishi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar abilitatsiya va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatish sohasida ishlaydigan mutaxassis va personalni boshlang‘ich va keyingi ta’lim olishini rag‘batlantiradi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga mo‘ljalangan abilitatsiya va reabilitatsiyaga taalluqli assistiv qurilmalar va texnologiyalar bo‘lishini, ulardan foydalanishni rag‘batlantiradi.
27-modda
Mehnat va bandlik
Mehnat va bandlik
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish huquqini e’tirof etadi; bu mehnat bozori va ishlab chiqarish muhiti nogironlar uchun ochiq, inklyuziv va ishtirok etish imkoniyati bo‘lgan sharoitda nogiron o‘zi tanlagan va erkin rozi bo‘lgan mehnat faoliyati orqali turmush kechirishiga pul ishlab topish imkoniyatiga ega bo‘lish huquqini qamrab oladi. Ishtirok etuvchi davlatlar mehnat qilish huquqini, shu jumladan mehnat faoliyati davomida nogiron bo‘lgan shaxslarning mehnat qilish huquqini, jumladan qonunchilik yo‘li bilan belgilangan tartibda amalga oshirish huquqini ta’minlaydi va rag‘batlantiradi. Shu jumladan ular quyidagi zarur choralarni ko‘radi:
a) bandlikning barcha shakllarida, shu jumladan ishga qabul qilish, yollash va bandlik, ish joyini saqlab qolish, xizmat lavozimida ko‘tarilish, xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlariga taalluqli masalalarda nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishni man etish;
b) nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda adolatli va qulay ish sharoitlariga ega bo‘lish, shu jumladan teng qimmatga ega bo‘lgan mehnat bilan shug‘ullanish va buning uchun teng rag‘batlantirilish, xavfsiz va sog‘lom mehnat sharoitlariga ega bo‘lish, shu jumladan xurujlardan himoya qilinish va shikoyatlari qondirilishi huquqlarini himoya qilish;
c) nogironlar boshqalar bilan teng ravishda o‘zlarining mehnat va kasaba uyushma huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini ta’minlash;
d) nogironlarga umumiy texnikaviy va kasbiy yo‘naltirish dasturlari, ishga joylashtirish xizmatlari, kasbiy va uzluksiz ta’lim olishdan samarali foydalanish imkoniyatlarini yaratish;
e) mehnat bozorida nogironlarning ishga joylashish va xizmat lavozimida ko‘tarilish, shuningdek ish izlash, ishga ega bo‘lish, ish joyini saqlash va mehnat faoliyatini qaytadan boshlash imkoniyatlarini kengaytirish;
f) shaxsiy mehnat faoliyati, tadbirkorlik, shirkatlarni rivojlantirish va o‘z biznesini tashkil etish imkoniyatlarini kengaytirish;
g) nogironlarni davlat sektoriga ishga yollash;
h) nogironlarni tegishli strategiyalar hamda ijobiy harakatlar, rag‘batlar va boshqa choralarni qamrab olishi mumkin bo‘lgan dasturlar yordamida xususiy sektorda ishga yollashni rag‘batlantirish;
i) nogironlarning ish joylarini oqilona moslashtirishni ta’minlash;
j) ochiq mehnat bozori sharoitlarida nogironlarning ish tajribalarini o‘zlashtirishlarini rag‘batlantirish;
k) nogironlarni kasbiy va malaka reabilitatsiyasini, ish joylarini saqlab qolish va ishga qaytib kelishga qaratilgan dasturlarni rag‘batlantirish.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar qullikka va erksiz holatga tushib qolmasliklarini hamda boshqalar bilan teng ravishda zo‘raki va majburiy mehnatdan himoya qilinishlarini ta’minlaydi.
28-modda
Etarli turmush darajasi va ijtimoiy himoya
Etarli turmush darajasi va ijtimoiy himoya
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning o‘zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga, shu jumladan yetarlicha ovqatlanish, kiyim-kechakka va turar joyga ega bo‘lish hamda turmush sharoitlari uzluksiz yaxshilanib borishi huquqlarini e’tirof etadi, shuningdek ushbu huquqlarni nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitmasdan amalga oshirishni ta’minlash va rag‘batlantirishning zarur choralarini ko‘radi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning ijtimoiy himoyaga bo‘lgan huquqlarini va bu huquqlardan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitilmasdan foydalanishlari huquqini e’tirof etadi hamda ushbu huquqni amalga oshirishni ta’minlash va rag‘batlantirish uchun zarur choralarni ko‘radi. Shu jumladan quyidagi choralarni ko‘radi:
a) nogironlarning toza suvga teng ega bo‘lishlarini hamda nogironlik bilan bog‘liq tegishli va qimmat bo‘lmagan xizmatlar, qurilmalar va boshqa yordamdan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash;
b) nogironlarning, shu jumladan nogiron ayollar, qizlar va keksa kishilarning ijtimoiy himoya qilish va qashshoqlik ko‘lamlarini qisqartirish dasturlaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash;
c) qashshoqlik sharoitida turmush kechirayotgan nogironlar va ular oilalarini nogironlik bilan bog‘liq xarajatlarini, shu jumladan tegishlicha ta’lim olish, maslahat, moliyaviy yordam va vaqtincha patronaj parvarishini olish bo‘yicha xarajatlarni qoplash maqsadidagi davlat yordamini olishlarini ta’minlash;
d) nogironlarning davlat turar joy dasturlaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlash;
e) nogironlarning pensiya nafaqalari va dasturlaridan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash.
29-modda
Siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish
Siyosiy va ijtimoiy hayotda ishtirok etish
Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning siyosiy huquqlarini va ulardan boshqalar bilan teng ravishda foydalanish imkoniyatlarini kafolatlaydi hamda quyidagi majburiyatlarni oladi:
a) nogironlar boshqalar bilan teng ravishda siyosiy va ijtimoiy hayotda bevosita yoki erkin saylangan vakillari orqali samarali va har taraflama ishtirok etishlari, shu jumladan saylash va saylanish huquqlari va imkoniyatlariga ega bo‘lishlarini, jumladan, quyidagilar orqali ta’minlash:
i) ovoz berish tartiblari, binolari va materiallari anglash va foydalanish uchun mos va oson bo‘lishini ta’minlash;
ii) nogironlarning saylovlarda va davlat referendumlarida yopiq ovoz berishda qo‘rqitilmasdan ishtirok etish hamda o‘z nomzodlarini saylovlarda, davlat hokimiyatining barcha darajalarida davlat lavozimlarini amalda egallashiga va davlat funksiyalarini bajarishlariga ko‘rsatish huquqlarini — bunda qo‘llash maqbul bo‘lganda assistiv va yangi texnologiyalardan foydalanishlariga yordam bergan holda himoya qilish;
iii) nogironlarning saylovchilar sifatida o‘z irodalarini erkin bildirishlarini kafolatlash va shu maqsadda, zarurat bo‘lganda, ularning o‘z tanlovi bo‘yicha birorta shaxs tomonidan ovoz berishda yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimoslarini qondirish;
b) nogironlar boshqalar bilan teng ravishda va kamsitilmasdan davlatni boshqarishda samarali va har taraflama ishtirok etishlari uchun zarur sharoitni yaratishga faol ko‘maklashish hamda ularning davlat ishlarida ishtirok etishlarini, shu jumladan quyidagilar orqali rag‘batlantirish:
i) faoliyati mamlakatning davlat va siyosiy hayoti bilan bog‘liq bo‘lgan nohukumat tashkilotlari va birlashmalarida, shu jumladan siyosiy partiyalar faoliyatida va ularga rahbarlik qilishda ishtirok etish;
ii) nogironlarga nogironlar tashkilotlarini tuzish hamda ularga xalqaro, milliy, mintaqaviy va mahalliy darajada vakillik qilish uchun a’zo bo‘lish.
30-modda
Madaniy hayotda, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanishda ishtirok etish
Madaniy hayotda, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanishda ishtirok etish
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarning boshqalar bilan teng ravishda madaniy hayotda ishtirok etish huquqini e’tirof etadi va nogironlarga quyidagilarni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi:
a) madaniyat asarlaridan foydalanish imkoniyati bo‘lgan shakllarda foydalanishlarga imkoniyat yaratish;
b) televideniye dasturlari, filmlar, teatr va boshqa madaniy tadbirlardan foydalanish imkoniyati bo‘lgan shakllarda foydalanish imkoniyatini yaratish;
c) teatrlar, muzeylar, kinoteatrlar, kutubxonalar va turizm xizmatlari kabi madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan va xizmatlar ko‘rsatiladigan joylardan foydalanish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari, shuningdek milliy madaniy ahamiyatga ega yodgorlik va obyektlardan eng ko‘p imkoniyat darajasida foydalanish imkoniyatlariga ega bo‘lishlari.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar ijodiy, badiiy va intellektual salohiyatlarini faqat o‘zlari uchungina emas, balki butun jamiyatni boyitish uchun rivojlantirish va bu salohiyatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlariga barcha zarur choralarni ko‘radi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar xalqaro huquqqa muvofiq intellektual mulkka egalik huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar nogironlarning madaniyat asarlaridan foydalanishlari uchun asossiz yoki kamsituvchi to‘siq bo‘lib qolmasligini ta’minlash uchun zarur choralarni ko‘radi.
4. Nogironlar boshqalar bilan teng ravishda ularning alohida madaniy va tili o‘ziga xosligi, shu jumladan ishora tillari va karlar madaniyati e’tirof etilishi va qo‘llab-quvvatlanishi huquqiga ega.
5. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlar boshqalar bilan teng ravishda bo‘sh vaqtlarini o‘tkazish, dam olish va sport tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun quyidagi zarur choralarni ko‘radi:
a) nogironlarning barcha darajadagi umumiy yo‘nalishdagi sport tadbirlarida iloji boricha to‘liq ishtirok etishlarini rag‘batlantirish va targ‘ib etish;
b) nogironlarning nogironlar uchun maxsus sport va bo‘sh vaqtni o‘tkazish tadbirlarini tashkil etish, bu tadbirlarni rivojlantirish va ularda ishtirok etish imkoniyatlarini ta’minlash hamda shu munosabat bilan ularga boshqalar bilan teng ravishda zarur darajada ta’lim berilishi, o‘rgatilishi va resurslar taqdim etilishiga ko‘maklashish;
c) nogironlar sport, rekreatsiya va turizm obyektlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash;
d) nogiron bolalar boshqa bolalar bilan teng ravishda o‘yinlarda, bo‘sh vaqtlarini o‘tkazish, dam olish va sport dasturlarida, shu jumladan maktab tizimi doirasidagi tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash;
e) nogironlar bo‘sh vaqtni o‘tkazish, turizm, dam olish va sport tadbirlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadiganlar xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishlarini ta’minlash.
31-modda
Statistika va ma’lumotlarni to‘plash
Statistika va ma’lumotlarni to‘plash
1. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu Konvensiya ijrosini ta’minlash maqsadida strategiyalar ishlab chiqish va amalga oshirish imkonini beradigan zarur axborotlarni, shu jumladan statistika va tadqiqot ma’lumotlarini to‘plash majburiyatini oladi. Ushbu axborotni to‘plash va saqlash jarayonida quyidagilarga amal etiladi:
a) nogironlar shaxsiy hayoti maxfiyligi va daxlsizligini ta’minlash uchun belgilab qo‘yilgan huquqiy kafolatlarga, shu jumladan ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etish;
b) statistika ma’lumotlarini to‘plash va ulardan foydalanishda inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilishga taalluqli xalqaro e’tirof etilgan normalarga, shuningdek axloq prinsiplariga rioya etish;
2. Ushbu moddaga muvofiq to‘plangan axborot tegishli tarzda ro‘yxatga olinadi hamda ishtirok etuvchi davlatlar ushbu Konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini qanday bajarayotganliklarini baholash, shuningdek nogironlar o‘z huquqlarini amalga oshirishda duch kelayotgan to‘siqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish uchun foydalaniladi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu statistika ma’lumotlarini tarqatish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oladi va nogironlar hamda boshqa shaxslar ulardan foydalana olishlarini ta’minlaydi.
32-modda
Xalqaro hamkorlik
Xalqaro hamkorlik
1. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu Konvensiya maqsad va vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha milliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamkorlik va uni rag‘batlantirish muhimligini e’tirof etadi hamda shu munosabat bilan, maqbul bo‘lganda, tegishli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati, jumladan nogironlar tashkilotlari bilan sheriklikda davlatlararo aloqalar bo‘yicha zarur va samarali choralarni ko‘radi. Ushbu choralar, jumladan, quyidagilarni qamrab olishi mumkin:
a) xalqaro hamkorlik, shu jumladan xalqaro rivojlanish dasturlari nogironlarni qamrab olishini hamda ular bundan foydalana olishlarini ta’minlash;
b) mavjud imkoniyatlarni yengillashtirish va ularni mustahkamlashni, shu jumladan axborot, tajriba, dasturlar va ilg‘or ishlanmalar bilan o‘zaro almashish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash;
c) tadqiqotlar sohasida hamkorlik hamda ilmiy-texnikaviy bilimlardan foydalanishga ko‘maklashish;
d) maqbul bo‘lganda, texnikaviy-iqtisodiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan foydalanish imkoniyati bo‘lgan assistiv texnologiyalar bilan o‘zaro almashish, shuningdek texnologiyalarni taqdim etish orqali yordam ko‘rsatish.
2. Ushbu moddaning qoidalari har bir ishtirok etuvchi davlatning ushbu Konvensiyaga muvofiq o‘z majburiyatlarini bajarish bo‘yicha majburiyatlariga taalluqli emas.
33-modda
Milliy amalga oshirish va monitoring
Milliy amalga oshirish va monitoring
1. Ishtirok etuvchi davlatlar o‘zlarining tashkiliy tuzilishiga muvofiq ushbu Konvensiyani amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarga mutasaddilik qiladigan bitta yoki bir nechta organni tayinlaydi hamda turli sektorlar va turli darajalarda tegishli ishlarni amalga oshirishda yordam ko‘rsatish uchun hukumatda muvofiqlashtiruvchi mexanizmni ta’sis etish yoki belgilash imkoniyatini zarur darajada o‘rganib chiqadi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar o‘zlarining huquqiy va ma’muriy tuzilishiga muvofiq ushbu Konvensiyani amalga oshirishni rag‘batlantirish, himoya qilish va monitoringi uchun, maqbul bo‘lganda, bitta yoki bir nechta mustaqil mexanizmni qamrab oladigan tuzilmani tayinlaydi yoki ta’sis etadi, uni qo‘llab-quvvatlaydi va mustahkamlaydi. Ishtirok etuvchi davlatlar bunday mexanizmni tayinlash yoki ta’sis etishda inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bilan shug‘ullanadigan milliy muassasalarning maqomi va amal etishiga taalluqli prinsiplarni e’tiborga oladi.
3. Fuqarolik jamiyati, jumladan nogironlar va ularning vakolatli tashkilotlari kuzatish jarayoniga to‘la jalb etiladi va unda ishtirok etadi.
34-modda
Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mita
Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mita
1. Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mita (bundan buyon “Qo‘mita” deb ataladi) ta’sis etiladi, u quyida ko‘zda tutilgan funksiyalarni bajaradi.
2. Ushbu Konvensiya kuchga kirgan paytda Qo‘mita tarkibi o‘n ikki ekspertdan iborat bo‘ladi, shundan so‘ng Konvensiyani yana 60 ta davlat ratifikatsiya qilgandan keyin yoki unga qo‘shilgach, Qo‘mita a’zolarining soni oltitaga ko‘payib, eng ko‘p miqdor — o‘n sakkiz a’zoga yetadi.
3. Qo‘mita a’zolari shaxsan o‘z nomidan ish ko‘radi hamda yuksak axloqiy fazilatlarga, ushbu Konvensiya qamrab olgan sohalarda e’tirof etilgan bilim va tajribaga ega bo‘ladi. Ishtirok etuvchi davlatlarga o‘z nomzodlarini ko‘rsatish paytida ushbu Konvensiya 4-moddasi 3-bandida belgilab qo‘yilgan qoidalarni zarur darajada hisobga olish taklif etiladi.
4. Qo‘mita a’zolari ishtirok etuvchi davlatlar tomonidan saylanadi, bunda adolatli jug‘rofiy taqsimotga, sivilizatsiyalarning va asosiy huquqiy tizimlarning turli shakllari vakolatligiga, jinslarning mutanosibligi va nogiron ekspertlarning ishtirok etishiga e’tibor qaratiladi.
5. Qo‘mita a’zolari ishtirok etuvchi davlatlar ko‘rsatgan nomzodlar ro‘yxati bo‘yicha ishtirok etuvchi davlatlarning Konferensiyasi majlisida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Ishtirok etuvchi davlatlarning uchdan ikki qismi majlisda kvorumni tashkil etganida hozir bo‘lgan va ovoz berishda ishtirok etayotgan ishtirok etuvchi davlatlar vakillarining eng ko‘p va mutlaq ko‘p ovozini olgan nomzodlar Qo‘mita tarkibiga saylangan hisoblanadi.
6. Dastlabki saylovlar ushbu Konvensiya kuchga kirgan kundan kechi bilan olti oy o‘tgandan so‘ng o‘tkaziladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi har bir saylov muddatidan kamida to‘rt oy oldin ishtirok etuvchi davlatlarga maktub bilan murojaat qilib, ularga ikki oy mobaynida nomzodlarini ko‘rsatishni taklif etadi. Shundan so‘ng Bosh kotib ana shu tarzda ko‘rsatilgan barcha nomzodlarning ro‘yxatini, ularni ko‘rsatgan ishtirok etuvchi davlatlarni qayd etgan holda, alfavit tartibida tuzadi va ushbu Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlarga yuboradi.
7. Qo‘mita a’zolari to‘rt yil muddatga saylanadi. Ular yana faqat bir marta qayta saylanish huquqiga ega. Biroq birinchi saylovlarda saylanadigan a’zolar olti nafari vakolatining muddati ikki yilda tugaydi; birinchi saylovlardan keyin darhol ushbu olti nafar a’zoning ismlari, mazkur moddaning 5-bandida qayd qilinganidek, majlisda raislik qiluvchi tomonidan qur’a tashlash bo‘yicha aniqlanadi.
8. Qo‘mitaning olti nafar qo‘shimcha a’zosini saylash mazkur moddaning tegishli qoidalari bilan tartibga solinadigan odatdagi saylovlar paytida o‘tkaziladi.
9. Qo‘mitaning qaysidir bir a’zosi vafot etsa, iste’foga chiqsa yoki qaysidir boshqa sababga ko‘ra o‘z majburiyatlarini bundan buyon bajarishga qodir emasligini e’lon qilsa, ushbu a’zo nomzodini ko‘rsatgan ishtirok etuvchi davlat vakolatning qolgan muddatiga malakaga ega bo‘lgan hamda ushbu moddaning tegishli qoidalarida ko‘zda tutilgan talablarga javob beradigan boshqa ekspertni tayinlaydi.
10. Qo‘mita o‘zining tartib qoidalarini o‘rnatadi.
11. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Qo‘mita o‘zining funksiyalarini ushbu Konvensiyaga muvofiq samarali amalga oshirishi uchun zarur personal va moddiy vositalarni taqdim etadi hamda uning birinchi kengashini chaqiradi.
12. Qo‘mitaning ushbu Konvensiyaga muvofiq saylangan a’zolari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi tomonidan tasdiqlangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining mablag‘laridan Qo‘mitadagi majburiyatlarining muhimligi hisobga olingan holda Assambleya tomonidan o‘rnatiladigan tartib va shartlarda rag‘batlantiriladi.
13. Qo‘mita a’zolari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Imtiyozlar va immunitetlar to‘g‘risidagi Konvensiyasining tegishli bo‘limlarida belgilab qo‘yilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining ishlari bo‘yicha xizmat safarlaridagi ekspertlarning imtiyozlari va immunitetlari huquqiga ega.
35-modda
Ishtirok etuvchi davlatlarning ma’ruzalari
Ishtirok etuvchi davlatlarning ma’ruzalari
1. Har bir ishtirok etuvchi davlat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi orqali Qo‘mitaga ushbu Konvensiya bo‘yicha o‘z majburiyatlarini amalga oshirish uchun ko‘rilgan choralar hamda ushbu masalada erishilgan taraqqiyot to‘g‘risida tegishli ishtirok etuvchi davlat uchun ushbu Konvensiya kuchga kirganidan so‘ng ikki yil mobaynida keng qamrovli ma’ruzani taqdim etadi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar shundan so‘ng navbatdagi ma’ruzalarni to‘rt yilda kamida bir marta, shuningdek Qo‘mita bu haqda ulardan so‘raganda taqdim etadi.
3. Qo‘mita ma’ruzalar mazmunini ifodalovchi dasturamal prinsiplarini belgilaydi.
4. Qo‘mitaga dastavvalgi keng qamrovli ma’ruzani taqdim etgan ishtirok etuvchi davlatlarga navbatdagi ma’ruzalarida avval taqdim etgan axborotni takrorlashlarining zarurati yo‘q. Ishtirok etuvchi davlatlarga Qo‘mitaga ma’ruzani ochiq va oshkor jarayonga aylantirish hamda ushbu Konvensiyaning 4-moddasi 3-bandida belgilab qo‘yilgan qoidalarni zarur darajada hisobga olish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish taklif etiladi.
5. Ma’ruzalarda ushbu Konvensiya bo‘yicha majburiyatlarni bajarish darajasiga ta’sir ko‘rsatadigan omillar va qiyinchiliklar ko‘rsatilishi mumkin.
36-modda
Ma’ruzalarni ko‘rib chiqish
Ma’ruzalarni ko‘rib chiqish
1. Har bir ma’ruza u bo‘yicha o‘rinli deb hisoblaydigan takliflar va umumiy tavsiyalarni ko‘rsatadigan Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda bu takliflar va umumiy tavsiyalar tegishli ishtirok etuvchi davlatga yuboriladi. Ishtirok etuvchi davlat Qo‘mitaga javob tariqasida o‘z tanlovi bo‘yicha xohlagan axborotini yuborishi mumkin. Qo‘mita ishtirok etuvchi davlatlardan ushbu Konvensiyani amalga oshirishga taalluqli bo‘lgan qo‘shimcha axborot taqdim etilishini so‘rashi mumkin.
2. Ishtirok etuvchi davlat ma’ruzani taqdim etishni jiddiy ravishda kechiktirayotgan bo‘lsa, Qo‘mita tegishli ishtirok etuvchi davlatga bildirgi yuborib, unda ushbu bildirgidan so‘ng uch oy mobaynida tegishli ma’ruza taqdim etilmasa, mazkur ishtirok etuvchi davlatda ushbu Konvensiyani amalga oshirish to‘g‘risidagi masala Qo‘mita ixtiyorida bo‘lgan ishonarli axborot asosida ko‘rib chiqishni talab etishini bildirishi mumkin. Qo‘mita tegishli ishtirok etuvchi davlatga ana shunday ko‘rib chiqishda ishtirok etishni taklif etadi. Agar ishtirok etuvchi davlat javob tariqasida tegishli ma’ruzani taqdim etsa, ushbu modda 1-bandida belgilangan qoidalar qo‘llaniladi.
3. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ma’ruzalarni barcha ishtirok etuvchi davlatlar ixtiyoriga taqdim etadi.
4. Ishtirok etuvchi davlatlar o‘z ma’ruzalari mamlakatlarida jamoatchilik ular bilan keng tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishini ta’minlaydi hamda ushbu ma’ruzalarga taalluqli qoidalar va umumiy tavsiyalar bilan tanishishni yengillashtiradi.
5. Qo‘mita maqbul deb topgan holatlarda, u ishtirok etuvchi davlatlarning ma’ruzalarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan muassasalari, fondlari va dasturlariga, shuningdek boshqa vakolatli organlarga ular ushbu ma’ruzalarda texnikaviy maslahatga yoki yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi iltimoslariga yoxud bunday yordam ko‘rsatish zarur degan ko‘rsatmaga e’tibor qaratishlari uchun Qo‘mitaning ushbu iltimoslar yoki ko‘rsatmalar bo‘yicha takliflari va tavsiyalari (agar ular mavjud bo‘lsa) bilan birga yuboradi.
37-modda
Ishtirok etuvchi davlatlar va Qo‘mita o‘rtasidagi hamkorlik
Ishtirok etuvchi davlatlar va Qo‘mita o‘rtasidagi hamkorlik
1. Har bir ishtirok etuvchi davlat Qo‘mita bilan hamkorlik qiladi va Qo‘mita a’zolariga o‘z mandatlarini bajarishda yordam ko‘rsatadi.
2. Qo‘mita ishtirok etuvchi davlatlar bilan o‘z munosabatlarida ushbu Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha milliy imkoniyatlarni, shu jumladan xalqaro hamkorlik yordamida kuchaytirish yo‘llari va vositalarini zarur tarzda hisobga oladi.
38-modda
Qo‘mitaning boshqa organlar bilan munosabatlari
Qo‘mitaning boshqa organlar bilan munosabatlari
Ushbu Konvensiyani samarali amalga oshirish va Konvensiya tomonidan qamrab olinadigan sohalarda xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirish uchun:
a) Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan muassasalari va boshqa organlari ushbu Konvensiyadagi o‘z mandatlariga taalluqli bo‘lgan qoidalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilayotganda ularda ishtirok etish huquqiga ega. Qo‘mita maqbul deb hisoblagan holatlarda, ixtisoslashtirilgan muassasalar va boshqa vakolatlarga tegishli mandatlarga taalluqli bo‘lgan sohalarda Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha ekspert xulosasini berishi mumkin. Qo‘mita Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashtirilgan muassasalari va boshqa organlariga ular faoliyatiga taalluqli sohalarda Konvensiyani amalga oshirish to‘g‘risidagi ma’ruzalarni taqdim etishini taklif qilishi mumkin;
b) Qo‘mita o‘z mandatini amalga oshirishda, maqbul bo‘lgan holatlarda, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarga ko‘ra ta’sis etilgan boshqa tegishli organlar bilan ma’ruzalarni taqdim etishning tegishli dasturamal prinsiplarini, shuningdek ular tomonidan kiritilgan takliflar va umumiy tavsiyalarni muvofiqlashtirishni ta’minlash hamda o‘z funksiyalarini amalga oshirishda bir-birini qaytarish va parallelizmga yo‘l qo‘ymaslik masalasida maslahatlashadi.
39-modda
Qo‘mita ma’ruzasi
Qo‘mita ma’ruzasi
Qo‘mita ikki yilda bir marta Bosh Assambleya hamda Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashga o‘zining faoliyati to‘g‘risida ma’ruza taqdim etadi hamda ishtirok etuvchi davlatlardan olingan ma’ruzalar va axborotlarni ko‘rib chiqishga asoslangan takliflar va umumiy tavsiyalarni chiqarishi mumkin. Bunday takliflar va umumiy tavsiyalar ishtirok etuvchi davlatlarning izohlari (agar ular mavjud bo‘lsa) bilan birga Qo‘mitaning ma’ruzasiga qo‘shiladi.
40-modda
Ishtirok etuvchi davlatlarning Konferensiyasi
Ishtirok etuvchi davlatlarning Konferensiyasi
1. Ishtirok etuvchi davlatlar ushbu Konvensiyani amalga oshirishga taalluqli har qanday masalani ko‘rib chiqish uchun muntazam ravishda ishtirok etuvchi davlatlarning Konferensiyasiga to‘planadi.
2. Ushbu Konvensiya kuchga kirgandan so‘ng olti oydan kechikmasdan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi ishtirok etuvchi davlatlarning Konferensiyasini chaqiradi. Shundan keyingi yig‘ilishlar Bosh kotib tomonidan ikki yilda bir marta yoki ishtirok etuvchi davlatlarning Konferensiyasi qarori bilan chaqiriladi.
41-modda
Depozitariy
Depozitariy
Ushbu Konvensiyaning depozitariyi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Kotibi hisoblanadi.
42-modda
Imzolash
Imzolash
Ushbu Konvensiya barcha davlatlar va mintaqaviy integratsiya tashkilotlari tomonidan imzolash uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi Markaziy muassasalarida 2007-yil 30-martdan ochiq.
43-modda
Majburiyatga rozilik
Majburiyatga rozilik
Ushbu Konvensiya uni imzolagan davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinadi hamda uni imzolagan mintaqaviy integratsiya tashkilotlari tomonidan rasman tasdiqlanishi kerak. U Ushbu Konvensiyani imzolamagan har qanday davlat yoki mintaqaviy integratsiya tashkilotlari uchun ochiq.
44-modda
Mintaqaviy integratsiya tashkilotlari
Mintaqaviy integratsiya tashkilotlari
1. “Mintaqaviy integratsiya tashkiloti” muayyan mintaqaning suveren davlatlari tomonidan tashkil etilgan, unga a’zo davlatlar ushbu Konvensiya tartibga soladigan masalalar bo‘yicha vakolat bergan tashkilotni anglatadi. Bunday tashkilotlar o‘zlarining hujjatlarida ushbu Konvensiya tartibga soladigan masalalarga nisbatan o‘z vakolatlari hajmini rasmiy tasdiqlashlarini yoki bunga qo‘shilishlarini ko‘rsatadi. Keyinchalik ular depozitariyni o‘z vakolatlari hajmidagi har qanday jiddiy o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qiladi.
2. Ushbu Konvensiyadagi “ishtirok etuvchi davlatlar” qaydlari bunday tashkilotlarga ularning vakolati doirasida taalluqlidir.
3. Ushbu Konvensiyaning 45-moddasi 1-bandi hamda 47-moddasi 2- va 3-bandlari maqsadlari uchun mintaqaviy integratsiya tashkilotlari tomonidan saqlash uchun topshirgan birorta hujjat hisobga olinmaydi.
4. Mintaqaviy integratsiya tashkilotlari o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarda ishtirok etuvchi tashkilotlarning Konferensiyasida ushbu Konvensiya ishtirokchilari bo‘lgan ishtirok etuvchi davlatlarning soniga teng bo‘lgan ovozlar soni bo‘yicha ovoz berish yuzasidan o‘z huquqini amalga oshirishlari mumkin. Bunday tashkilot agar unga a’zo bo‘lgan qaysidir bir davlat o‘z ovoz berish huquqini amalga oshirayotgan bo‘lsa, o‘zining ovoz berish huquqini amalga oshirmaydi va aksincha.
45-modda
Kuchga kiritish
Kuchga kiritish
1. Ushbu Konvensiya saqlash uchun yigirmanchi ratifikatsiya yorlig‘i yoki qo‘shilish to‘g‘risidagi hujjat topshirilgandan keyingi o‘ttizinchi kun kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiya uni ratifikatsiya qilgan har bir davlat yoki mintaqaviy integratsiya tashkiloti uchun ular buni rasman tasdiqlaganliklari yoki unga qo‘shilganliklari to‘g‘risida ana shunday yigirmanchi hujjatni saqlashga topshirganlaridan keyingi o‘ttizinchi kun kuchga kiradi.
46-modda
Izohlar
Izohlar
1. Ushbu Konvensiyaning obyekti va maqsadiga mos bo‘lmagan qo‘shimchalarga yo‘l qo‘yilmaydi.
2. Qo‘shimchalar xohlagan vaqtda olib tashlanishi mumkin.
47-modda
Tuzatishlar
Tuzatishlar
1. Har qanday ishtirok etuvchi davlat ushbu Konvensiyaga tuzatish kiritishni taklif etishi va uni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga taqdim etishi mumkin. Bosh kotib taklif etilgan har qanday tuzatishni ishtirok etuvchi davlatlarga ma’lum qiladi hamda ulardan ushbu taklifni ko‘rib chiqish va bu to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun Konferensiya o‘tkazish tarafdori ekanliklari to‘g‘risida xabardor qilishlarini so‘raydi. Bu haqda ma’lum qilingan sanadan keyin to‘rt oy mobaynida ishtirok etuvchi davlatlarning kamida uchdan bir qismi bunday Konferensiya o‘tkazishni yoqlab chiqsa, Bosh kotib Konferensiyani Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida chaqiradi. Konferensiyada hozir bo‘lgan va ovoz berishda ishtirok etayotgan ishtirok etuvchi davlatlarning uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik tomonidan ma’qullangan har qanday tuzatish Bosh kotib tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasiga tasdiqlash uchun, so‘ng barcha ishtirok etuvchi davlatlarga qabul qilish uchun yuboriladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq ma’qullangan va tasdiqlangan tuzatish uni qabul qilish to‘g‘risidagi saqlash uchun topshirilgan hujjatlarning soni ishtirok etuvchi davlatlar uchdan ikki qismiga yetganidan keyin ushbu tuzatish ma’qullangan sanadan keyingi o‘ttizinchi kun kuchga kiradi. Shundan keyin tuzatish har bir ishtirok etuvchi davlat uchun u tomonidan tuzatishni qabul qilganligi to‘g‘risidagi hujjatini saqlashga topshirganidan keyingi o‘ttizinchi kun kuchga kiradi. Tuzatish faqat uni qabul qilgan ishtirok etuvchi davlatlar uchun majburiydir.
3. Agar ishtirok etuvchi davlatlarning Konferensiyasi ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq ma’qullangan va tasdiqlangan kelishilgan tegishli qaror qabul qilsa, mutlaq 34-, 38-, 39- va 40-moddalarga taalluqli bo‘lgan tuzatish barcha ishtirok etuvchi davlatlar uchun ushbu tuzatish ma’qullangandan keyin uning qabul qilinganligi to‘g‘risidagi hujjatlarni saqlashga topshirgan ishtirok etuvchi davlatlar sonining uchdan ikki qismga yetganidan keyin kuchga kiradi.
48-modda
Denonsatsiya
Denonsatsiya
Ishtirok etuvchi davlat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibini yozma ravishda xabardor qilish orqali ushbu Konvensiyani denonsatsiya qilishi mumkin. Denonsatsiya Bosh kotib tomonidan ana shunday bildirgi olingan sanadan bir yil o‘tgach kuchga kiradi.
49-modda
Foydalanish imkoniyati bo‘lgan shakl
Foydalanish imkoniyati bo‘lgan shakl
Ushbu Konvensiya matni foydalanish imkoniyati bo‘lgan shaklda bo‘lishi ta’minlanishi kerak.
50-modda
Autent matnlar
Autent matnlar
Ushbu Konvensiyaning ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillaridagi matnlari teng autentdir.
Ushbuni tasdiqlash maqsadida o‘zlarining tegishli hukumatlari tomonidan zarur darajada vakolatga ega bo‘lgan quyida imzo chekkan to‘la vakolatli vakillar ushbu Konvensiyani imzoladi.
(imzo)