Xalqaro Konvensiya
Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida
Ushbu Konvensiyaning ishtirokchi davlatlari,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi har bir insonga xos qadr-qimmat va tenglik prinsiplariga asoslangan va Tashkilot aʼzolari boʻlgan barcha davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining hamma uchun irqi, jinsi tili yoki dinini farq qilmay inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya etishdan iborat maqsadlaridan biriga erishish uchun butun xalq hurmat-eʼtiborini ragʻbatlantirish va rivojlantirish hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda, birgalikda va mustaqil harakatlar qilishga axd qilganlar hisoblab,
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamma odamlar ozod va oʻz qadr-qimmatida teng tugʻiladilar va har bir inson irqi, tana rangi yoki milliy kelib chiqishi boʻyicha hech qanday tafovutlarni ajratmay, unda eʼlon qilingan huquqlar va erkinliklarga ega boʻlishi kerak deb eʼlon qilganini hisobga olib,
qonun oldida hamma odamlar teng hamda har qanday kamsitish va har qanaqa kamsitishga gijgishlashdan qonun bilan teng himoya qilinish huquqiga egadirlar, deb hisoblab,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, mustamlakachilik va u bilan bogʻlangan har qanday segregatsiya va diskriminatsiya amaliyotini, u qayerda va qanday shaklda namoyon boʻlmasin, qoralagan va Bosh Assambleyaning 1960-yil 14-dekabrdagi (1514/XU/rezolyutsiyasi) Mustamlaka mamlakatlar va xalqlarga mustaqillik berish toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi bularning hammasiga hech kechiktirmay va soʻzsiz chek qoʻyish lozimligini tasdiqlagan va tantanali eʼlon qilganini hisobga olib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1963-yil 20-noyabrdagi (Bosh Assambleyaning 1904/XVSh/rezolyutsiyasi) Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida Deklaratsiyasi butun dunyoda irqiy kamsitishni uning hamma shakllari va koʻrinishlarini tezlik bilan tugatish va inson shaxsining qadr-qimmati tushunilishi va hurmat qilinishini taʼminlash zarurligini tantanali ravishda tasdiqlashini hisobga olib,
irqiy tafovutga asoslangan har qanday ustunlik nazariyasi ilmiy jihatdan soxtaligiga, maʼnaviy jihatdan nomunosibligiga va ijtimoiy jihatdan adolatsiz va xavfliligiga hamda irqiy kamsitishni qayerda boʻlmasin-xoh nazariyada, xoh amaliyotda-oqlab boʻlmasligiga ishonch hosil qilib,
odamlarni irqi, tana rangi yoki etnik kelib chiqish belgisi boʻyicha kamsitish millatlar oʻrtasida doʻstona va ahil munosabatlarga toʻsiq boʻlishini hamda xalqlar oʻrtasida tinchlik va xavfsizlik, shuningdek ayni bir davlat ichida shaxslarning uygʻun tinch-totuv yashashi buzilishiga olib kelishi mumkinligini tasdiqlab,
irqiy toʻsiqlar mavjudligi har qanday insoniy jamiyat ideallariga zid ekanligiga ishonch hosil qilib,
dunyoning baʼzi hududlarida hamon kuzatilayotgan irqiy kamsitish koʻrinishlaridan, irqiy jihatdan ustunlik yoki irqiy dushmanlik prinsipiga asoslangan davlat siyosatidan, masalan, aparteid, segregatsiya yoki ajratish siyosatidan tashvishlanib,
irqiy kamsitishni uning barcha shakllari va koʻrinishlarida tez orada tugatish hamda irqlar oʻrtasida oʻzaro tushunishga koʻmaklashish va irqiy segregatsiya va irqiy kamsitishning barcha shakllaridan xoli xalqaro hamjamiyat tuzish maqsadida irqiy nazariya bilan uni amalga oshirish amaliyotining oldini olish va tugatish yuzasidan butun zarur choralar koʻrish ahdiga toʻlib-toshib,
Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan 1958-yilda tasdiqlangan Ishga yollash va mehnat toʻgʻrisidagi konvensiyani va Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1960-yilda taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tasdiqlangan Taʼlim sohasida kamsitishga barham berish toʻgʻrisidagi konvensiyani inobatga olib,
Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Deklaratsiyasida bayon etilgan prinsiplarni amalga oshirishni va shu maqsadga erishish uchun tezda amaliy tadbirlar oʻtkazishni taʼminlashni istab,
quyidagilarga kelishib oldi:
I QISM
1-modda
1. Ushbu Konvensiyada “irqiy kamsitish” iborasi irq, tana rangi, urugʻchilik, milliy yoki etnik kelib chiqish belgilariga asoslangan, siyosiy, iqtisodiy, sotsial, madaniy yoki ijtimoiy hayotning istalgan boshqa sohalarida teng asoslarda inson huquqlari hamda asosiy erkinliklarini tan olish, foydalanish yoki amalga oshirishni yoʻqotish yoki kamsitishni maqsad yoki natija biladigan har qanday tafovut, istisno, cheklash yoki ustunlikni anglatadi.
2. Ushbu Konvensiya uning ishtirokchi davlatlari fuqarolar va nofuqarolar oʻrtasida oʻtkazadigan yoki qiladigan tafovutlarga, istisnolarga, cheklashlarga yoki ustunliklarga nisbatan qoʻllanilmaydi.
3. Ushbu Konvensiyada hech narsa ishtirokchi davlatlar qonunchiligining milliy mansublik, fuqarolik yoki naturalizatsiyaga taalluqli qoidalariga qandaydir darajada taʼsir etuvchi sifatida sharhlanmasligi kerak, agar bunday qarorlarda qaysidir muayyan millatga nisbatan kamsitish oʻtkazilmagan boʻlsa.
4. Himoyaga muhtoj ayrim irqiy yoki etnik guruhlarni yoki alohida shaxslarni lozim taraqqiyot bilan taʼminlash maqsadida alohida favqulodda tadbirlar qabul qilish, shunday guruhlar yoki shaxslarning inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan foydalanishlarini taʼminlash uchun zarur himoya tadbirlari sifatida irqiy kamsitish deb koʻrilmaydi, lekin bunda shunday tadbirlar turli irqiy guruhlar uchun alohida huquqlar saqlanishini natija qilib qoʻymasligi va ular nima maqsadda joriy qilingan boʻlsa, shularga erishgandan keyin kuchida qoldirilmaydigan boʻlishi shart.
2-modda
1. Ishtirokchi davlatlar irqiy kamsitishni qoralaydilar va hamma iloji bor usullar bilan shoshilinch ravishda irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish siyosatini oʻtkazish hamda hamma irqlar oʻzaro tushunishiga koʻmaklashish majburiyatini oladilar va shu maqsadda:
a) har bir ishtirokchi davlat shaxslar, guruhlar yoki muassasalarga nisbatan irqiy kamsitish bilan bogʻlangan qandaydir xatti-harakat qilmaslikka hamda umumdavlat va mahalliy pogʻonalarda barcha davlat organlari va davlat muassasalari shu majburiyatga binoan harakat qilishini kafolatlashni zimmasiga oladi;
b) har bir ishtirokchi davlat qaysidir shaxslar yoki tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan irqiy kamsitishni ragʻbatlantirmaslik, himoya qilmaslik va qoʻllab-quvvatlamaslik majburiyatini oladi;
s) har bir ishtirokchi davlat hukumat siyosatini milliy va mahalliy koʻlamda qayta koʻrib chiqish, shuningdek irqiy kamsitish mavjud boʻlgan hamma joyda uning paydo boʻlishiga yoki abadiylashtirilishiga olib keladigan istalgan qonun va qarorlarni tuzatish, toʻxtatish yoki bekor qilish uchun samarali tadbirlar qabul qilishi kerak;
d) har bir ishtirokchi davlat hamma tegishli vositalardan, shu jumladan, qonunchilik tadbirlaridan foydalanib, vaziyatga qarab, har qanday shaxslar, guruhlar yoki tashkilotlar tomonidan olib boriladigan irqiy kamsitishni taqiqlashi va unga chek qoʻyishi kerak;
e) har bir ishtirokchi davlat irqiy toʻsiqlarni yoʻqotishga yoʻnaltirilgan boshqa tadbirlar qatorida, zarur hollarda koʻp irqli tashkilotlar va harakatlarni ragʻbatlantirish, ulardan irqiy jihatdan ajratishni chuqurlashtirishga koʻmaklashadiganini qoʻllab-quvvatlamaslik majburiyatini oladi.
2. Ishtirokchi davlatlar vaziyat talab qilganda ayrim irqiy guruhlar yoki shu guruhlarga mansub shaxslarni lozim darajada rivojlantirish va himoyalash maqsadida ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalarda alohida aniq tadbirlar qabul qilishlari kerak, toki ularning inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan toʻla va teng foydalanishlari kafolatlansin. Bunday tadbirlar hech qaysi holatda oqibatda ular joriy qilinadigan maqsadga erishilgandan keyin turli irqiy guruhlar uchun tengsiz yoki alohida huquqlarning saqlanib qolishiga olib kelmasligi kerak.
3-modda
Ishtirokchi davlatlar irqiy segregatsiya va aparteidni ayniqsa qoralaydilar hamda ularning huquqiy tobeligida boʻlgan hududlarda shunday tusdagi har qanday amaliyotni ogohlantirish, taqiqlash va yoʻqotish majburiyatini oladilar.
4-modda
Ishtirokchi davlatlar bir irq yoki muayyan tana rangi yoki etnik nasabdagi shaxslar guruhining ustunligi gʻoyalari yoki nazariyalariga asoslangan yoki qanday shaklda boʻlmasin, irqiy nafrat va kamsitishni oqlash yoki ragʻbatlantirishga urinadigan har qanday targʻibotni va barcha tashkilotlarni qoralaydilar hamda shunday kamsitishni yoki kamsitish harakatlarini har qanaqasiga gijgijlashni tugatishga qaratilgan shoshilinch va ijobiy tadbirlar qabul qilish majburiyatini oladi va shu maqsadda ular Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi prinsiplariga hamda ushbu Konvensiyaning 5-moddasida aniq bayon etilgan qoidalarga binoan, boshqalar qatorida:
a) irqiy ustunlik yoki nafratga asoslangan gʻoyalarni har qanaqasiga yoyishni, irqiy kamsitishni har qanaqasiga gijgijlashni, shuningdek istalgan irq yoki boshqa tana rangi yoki etnik nasabdagi shaxslar guruhiga qarshi qaratilgan hamma zoʻravonlik harakatlari yoki ularni gijgijlashni, shuningdek mablagʻ bilan taʼminlashni qoʻshib irqchilik faoliyatini oʻtkazish uchun har qanday yordam koʻrsatishni qonunga binoan jazolanadigan jinoyat deb eʼlon qiladilar;
b) irqiy kamsitishni ragʻbatlantiradigan va uni gijgijlaydigan tashkilotlarni, shuningdek uyushgan va har qanday boshqa targʻibot faoliyatini qonunga qarshi deb eʼlon qiladilar va taqiqlaydilar hamda shunday faoliyatda qatnashishni qonun bilan jazolanadigan jinoyat deb tan oladilar;
s) davlat hokimiyatining milliy yoki mahalliy organlariga yoki davlat muassasalariga irqiy kamsitishni yoki uni gijigijlashni ragʻbatlantirishga ruxsat etmaydilar.
5-modda
Ushbu Konvensiyaning 2-moddasida bayon etilgan asosiy majburiyatlarga muvofiq, ishtirokchi davlatlar irqiy kamsitishni uning barcha shakllarida taqiqlash va yoʻqotishga hamda har bir odamning irqi, tana rangi, milliy yoki etnik nasabidan qatʼi nazar, ayniqsa quyidagi huquqlarni amalga oshirishga nisbatan qonun oldida teng huquqligini taʼminlash majburiyatini oladilar:
a) sud oldida va odil sudlovni amalga oshiradigan boshqa organlar oldida tenglik huquqlari;
b) hukumat mansabdor shaxslari, xuddi shuningdek qandaydir alohida shaxslar, guruhlar yoki muassasalar tomonidan yetkaziladigan zoʻravonlik yoki jismoniy shikastlanishlardan davlat tomonidan shaxsiy xavfsizlik va himoyani taʼminlash huquqi;
s) siyosiy huquqlar, shu jumladan, umumiy va teng saylov huquqida saylovda qatnashish-ovoz berish va oʻz nomzodini koʻrsatish huquqi, mamlakat boshqaruvida qatnashish huquqi, har qanday darajadagi davlat ishlariga rahbarlikda boʻlganidek, xuddi shuningdek davlat xizmatiga teppa-teng kirish huquqi;
d) boshqa fuqarolik huquqlari, jumladan:
i) davlat chegaralarida koʻchish va yashash erkinligi huquqi;
ii) har qanday mamlakatni, shu jumladan oʻz mamlakatini tashlab ketish va oʻz mamlakatiga qaytish huquqi;
iii) fuqarolik huquqi;
iv) nikohga kirish va juftini tanlash huquqi;
v) ham tanho, ham boshqalar bilan birgalikda mulkka egalik huquqi;
vi) meros olish huquqi;
vii) fikrlash, vijdon va din erkinligi huquqi;
ix) tinch yigʻilishlar va uyushmalar erkinligi huquqi;
e) iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi huquqlar, jumladan:
i) mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli va qulay mehnat sharoitlari, teng mehnat uchun baravar haq olish, adolatli va qoniqarli ragʻbatlantirish huquqi;
ii) kasaba uyushmalari tuzish va ularga kirish huquqi;
iii) uy-joy huquqi;
iv) sogʻliqni saqlash, tibbiy yordam, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy xizmat koʻrsatish huquqi;
v) taʼlim va kasbiy tayyorgarlik huquqi.
vi) madaniy hayotda teng ishtirok etish huquqi;
f) transport, mehmonxona, restoranlar, kafe, teatrlar va oromgohlar singari foydalanishga moʻljallangan istalgan joyga yoki istalgan xizmat koʻrsatish turiga kirish huquqi.
6-modda
Ishtirokchi davlatlar oʻzining yuridik huquqi tarqaladigan har bir odamga ushbu Konvensiyani buzib inson huquqlari va asosiy erkinliklariga, shuningdek huquqlariga qasd qilinganda irqiy kamsitishning har qanday harakatlari sodir etilgan holda vakolatli milliy sudlar va boshqa davlat institutlari orqali samarali himoyani hamda himoya vositalarini, shuningdek shu sudlarga bunday kamsitish oqibatida yetkazilgan har qanday zarar uchun adolatli va teng undirish yoki qondirish toʻgʻrisida daʼvo qilish huquqlarini taʼminlaydi.
7-modda
Ishtirokchi davlatlar jumladan, oʻqitish, tarbiyalash, madaniyat va axborot sohasida irqiy kamsitishga qarshi kurash, millatlar va irqiy yoki etnik guruhlar oʻrtasida oʻzaro tushunish, sabr-chidamlilik va doʻstlikni ragʻbatlantirish, shuningdek Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi va ushbu Konvensiya maqsadlari va prinsiplarini ommalashtirish maqsadida kechiktirib boʻlmaydigan va samarali tadbirlar qabul qilish majburiyatini oladilar.
II QISM
8-modda
1. Irqiy kamsitishni tugatish qoʻmitasi (bundan keyin “qoʻmita” deb ataladi) tuzilib, u yuksak maʼnaviy fazilatlarga ega va odil deb tan olingan, ishtirokchi davlatlar tomonidan oʻz fuqarolari hisobidan saylanadigan oʻn sakkiz ekspertdan iborat boʻlishi, ular oʻz vazifalarini shaxs sifatida bajarishlari lozim, bunda adolatli joʻgʻrofiy taqsimotga va sivilizatsiyalarning turli shakllaridan, shuningdek asosiy huquqiy tizimlardan vakillar boʻlishiga eʼtibor beriladi.
2. Qoʻmita aʼzolari ishtirokchi davlatlar tomonidan koʻrsatilib, roʻyxatga kiritilgan shaxslar hisobidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Har bir ishtirokchi davlat oʻz fuqarolari hisobidan bir shaxsni koʻrsatishi mumkin.
3. Dastlabki saylov ushbu Konvensiya kuchga kiritilgandan keyin olti oy oʻtgach oʻtkaziladi. Har gal kamida saylov boʻladigan sanadan uch oy avval Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ishtirokchi davlatlarga xat bilan murojaat qilib, ulardan ular koʻrsatadigan shaxslarni ikki oy mobaynida taqdim etishlarini iltimos qiladi. Bosh kotib tayyorlaydigan roʻyxatda alifbo tartibida shunday tarzda koʻrsatilgan shaxslar kiritilgan boʻladi va unda ularni koʻrsatgan ishtirokchi davlatlar qayd etiladi. Bosh kotib bu roʻyxatni Konvensiyaning ishtirokchi davlatlariga beradi.
4. Qoʻmita aʼzolarini saylash Bosh kotib tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy muassasalarida chaqiriladigan Konvensiyaning ishtirokchi davlatlari majlisida oʻtkaziladi. Ishtirokchi davlarning uchdan ikki qismi kvorumni tashkil etadigan shu majlisda eng koʻp ovoz olgan hamda ovoz berishda ishtirok etadigan va qatnashadigan Konvensiya ishtirokchi davlatlari vakillarining mutlaq koʻpchilik ovozini olgan nomzodlar qoʻmita aʼzolari etib saylangan boʻladilar.
5. a) Qoʻmita aʼzolari toʻrt yilga saylanadi. Biroq dastlabki saylovda saylanadigan toʻqqiz aʼzoning vakolat muddati ikki yillik davr oxirida tugaydi; dastlabki saylovdan keyin darhol shu toʻqqiz aʼzoning nomlari qoʻmita raisi tomonidan qurʼa tashlab aniqlanadi.
b) Kutilmagan vakansiyalarni toʻldirish uchun eksperti bundan buyon qoʻmita aʼzosi boʻlmagan Konvensiyaning ishtirokchi davlati qoʻmita maʼqullagan taqdirda oʻz fuqarolari hisobidan boshqa ekspert tayinlaydi.
6. Ishtirokchi davlatlar qoʻmita aʼzolari tomonidan oʻz vazifalarini bajarish davridagi xarajatlarining oʻrnini qoplash uchun javobgardir.
9-modda
1. Ishtirokchi davlatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga qoʻmita tomonidan koʻrib chiqilishi uchun ushbu Konvensiya qoidalari amalga oshirilishiga koʻmaklashish uchun qabul qilingan qonunchilik, sud, maʼmuriy yoki boshqa tadbirlar toʻgʻrisida maʼlumot berish majburiyatini oladilar:
a) shu davlat uchun ushbu Konvensiya kuchga kiritilishidan keyin bir yil mobaynida; va
b) shundan keyin har ikki yilda va har gal, qoʻmita shuni talab qilganda, qoʻmita Konvensiyaning ishtirokchi davlatlaridan qoʻshimcha axborot soʻrab olishi mumkin.
2. Qoʻmita har yil Bosh kotib orqali birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga oʻz faoliyati haqida maʼlumot beradi hamda Konvensiyaning ishtirokchi davlatlaridan olinadigan maʼlumot va axborotlarni oʻrganishga asoslangan takliflar va umumiy tavsiyalar berishi mumkin. Shunday takliflar va umumiy tavsiyalar Assambleyaga Konvensiya ishtirokchi davlatlarining mulohazalari bilan, agar ular boʻlsa, xabar qilinadi.
10-modda
1 Qoʻmita oʻzining tartib qoidalarini belgilaydi.
2 Qoʻmita oʻzining mansabdor shaxslarini ikki yil muddatga saylaydi.
3 Qoʻmita kotibiyati Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan taʼminlanadi.
4 Qoʻmita majlislari odatda Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy muassasalarida oʻtkaziladi.
11-modda
1. Agar qaysidir ishtirokchi davlat boshqa ishtirokchi davlat Konvensiyaning qoidalarini bajarmayapti, deb hisoblasa u bu haqda qoʻmitaga maʼlum qilishi mumkin, qoʻmita keyin bu xabarni manfaatdor ishtirokchi davlatga yetkazadi. Uch oy mobaynida bildirishnoma olgan davlat shu masala hamda shu davlat tomonidan qabul qilinishi mumkin boʻlgan tadbirlarni yorituvchi yozma tushuntirish yoki arizalarni qoʻmitaga beradi.
2. Agar masala shunday davlat tomonidan bildirishnoma olingandan keyin olti oy mobaynida ikki tomonlama muzokaralar yoki qandaydir ularga qulay boshqa yoʻl bilan ikkala tomonni qoniqtirib bartaraf etilmasa, unda ana shu ikki davlatdan istalgani shu masalani qoʻmitani, shuningdek boshqa davlatni tegishlicha xabardor qilish yoʻli bilan koʻrib chiqish uchun qoʻmitaga berish huquqiga ega.
3. Qoʻmita unga berilgan masalani ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq umumiy tan olingan xalqaro huquq prinsiplariga binoan huquqiy himoyaning hamma qulay ichki vositalari sinab koʻrildi va mana shu holda tugadi, deb belgilangandan keyin koʻrib chiqadi. Bu qoida shu vositalarni qoʻllash nihoyatda choʻzilib ketganida harakat qilmaydi.
4. Qoʻmita unga koʻrib chiqish uchun berilgan har qanday masala boʻyicha manfaatdor ishtirokchi davlatlarga ishga taalluqli istalgan axborot taqdim etishlarini taklif qilishi mumkin.
5. Agar ushbu modda qoidalaridan kelib chiqadigan qandaydir masalani qoʻmita koʻrib chiqayotgan boʻlsa, manfaatdor ishtirokchi davlatlar oʻz vakillarini majlislarda ishtirok etish uchun yuborishga huquqlari bor, lekin ushbu masalani muhokama etishda ular ovoz berish huquqiga ega emas.
12-modda
1. a) Qoʻmita u lozim deb hisoblaydigan butun axborotni olib puxta tekshirgandan keyin rais qoʻmita aʼzolari boʻla oladigan yoki boʻla olmaydigan besh kishidan iborat tarkibda maxsus Kelishuv komissiyasini bundan keyin Komissiya deb ataladi tayinlaydi. Komissiya aʼzolari bahsdagi tomonlarning yakdil roziligi bilan tayinlanadi va Komissiya manfaatdor davlatlarga mazkur masalani, Konvensiya qoidalariga rioya etish asosida tinch bartaraf etish maqsadida oʻzining xayrli xizmatlarini tavsiya qiladi.
b) Agar bahsdagi tomonlar boʻlgan davlatlar oʻrtasida uch oy mobaynida Komissiyaning butun tarkibiga yoki tarkibining bir qismiga nisbatan kelishuvga erishilmasa, unda tayinlanishga bahsdagi tomonlar boʻlgan davlatlar oʻrtasida rozilik bildirilmagan Komissiya aʼzolari qoʻmita aʼzolari tarkibidan uchdan ikki koʻpchilik ovoz bilan yashirin ovoz berib saylanadi.
2. Komissiya aʼzolari oʻz majburiyatlarini shaxs sifatida bajaradilar. Ular bahsdagi tomonlar boʻlgan davlatlarning yoki Konvensiyada qatnashmaydigan davlatning fuqarolari boʻlmasligi kerak.
3. Komissiya oʻz raisini saylaydi va oʻzining xususiy tartib qoidalarini belgilaydi.
4. Komissiya majlislari odatda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy muassasalarida yoki Komissiya qarori bilan boshqa istalgan qulay joyda oʻtkaziladi.
5. Kotibiyat Konvensiya 10-moddasining 3-bandiga muvofiq taʼminlanib, agar Konvensiyaning ishtirokchi davlatlari oʻrtasidagi bahs Komissiya tuzishga olib kelsa, shu Komissiyaga ham xizmat qiladi.
6. Bahsdagi tomonlar boʻlgan davlatlar Komissiya aʼzolarining hamma xarajatlarini Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan taqdim kilingan smetaga asosan teng darajada qoplaydilar.
7. Bosh kotib Komissiya aʼzolarining xarajatlarini agar bu lozim boʻlsa, ular bahsdagi tomonlar boʻlgan davlatlar tomonidan ushbu moddaning 6-bandiga muvofiq qaytarilmaguncha toʻlash huquqiga ega.
8. Qoʻmita tomonidan olingan va oʻrganilgan axborot Komissiya ixtiyoriga beriladi va Komissiya manfaatdor davlatlarga ishga aloqador istalgan axborotni berishni taklif qilishi mumkin.
13-modda
1. Komissiya masalani toʻla koʻrib chiqqanda u qoʻmita raisiga maʼruza tayyorlashi va berishi lozim, ushbu maʼruzada tomonlar oʻrtasidagi bahsga taaluqli haqiqiy faktlarga tegishli barcha masalalar boʻyicha Komissiyaning xulosalari va bahsni tinch hal qilish uchun zarur deb topadigan tavsiyalari boʻlishi kerak.
2. Qoʻmita raisi bahsda qatnashayotgan davlatlardan har biriga maʼlumot joʻnatishi kerak. Uch oy mobaynida bu davlatlar qoʻmita raisiga Komissiya maʼlumotida boʻlgan tavsiyalarga rozimi-yoʻqmiligi toʻgʻrisida xabar qilishlari kerak.
3. Ushbu moddaning 2-bandida koʻzda tutilgan davr oʻtishi bilan qoʻmita raisi Komissiya maʼlumotini hamda manfaatdor ishtirokchi davlatlarning arizalarini Konvensiyaning boshqa ishtirokchi davlatlariga joʻnatishi kerak.
14-modda
1. Ishtirokchi davlat istalgan vaqtda qoʻmita vakolatini qoʻmitaning huquqiy tobeligi chegarasida oʻzlarini ishtirokchi davlat ushbu Konvensiyada bayon etilgan qandaydir huquqlarni buzish qurbonlari deb tasdiqlaydigan ayrim shaxslar yoki shaxslar guruhlarining axborotlarini qabul qilish va koʻrib chiqish vakolatini tan olishini arz qilmogʻi mumkin. qoʻmita hech qaysi axborotlarni, agar ular shunday ariza bermagan Konvensiyaning ishtirokchi davlatiga taalluqli boʻlsa, qabul qilmasligi kerak.
2.Ushbu moddaning 1-bandida koʻzda tutilgan arizani bergan har qanday ishtirokchi davlat oʻzining milliy huquqiy tizimi doirasida oʻzlarini ushbu Konvensiyada bayon etilgan huquqlardan biri buzilishining qurboni deb va huquqiy himoyaning boshqa mavjud mahalliy vositalaridan foydalanib boʻlgan ayrim shaxslar va shaxslar guruhlarining arizalarini oʻz huquqiy darajasida qabul qilish va koʻrib chiqish vakolati boʻlgan organni taʼsis etishi yoki koʻrsatishi mumkin.
3. Ushbu moddaning 1-bandiga binoan berilgan ariza shuningdek ushbu moddaning 2-bandiga binoan taʼsis etilgan yoki koʻrsatilgan har qanday organning nomi tegishli ishtirokchi davlat tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlanish uchun topshirilmogʻi kerak, Bosh kotib ularning nusxalarini qolgan ishtirokchi davlatlarga joʻnatmogʻi lozim. Ariza istalgan vaqtda bu haqda Bosh kotibga bildirish yoʻli bilan qaytarib olinishi mumkin, lekin bu qoʻmita koʻrib chiqayotgan axborotlarga aslo taʼsir etmasligi kerak.
4. Petitsiyalarning roʻyxati ushbu moddaning 2-bandiga binoan taʼsis etilgan yoki koʻrsatilgan organ tomonidan tuzilib, bu roʻyxatning tasdiqlangan nusxalari har yili tegishli yoʻllar orqali Bosh kotibga topshiriladi, bunda ularning mazmuni oshkor qilinmasligi kerak.
5. Agar petitsiyachi ushbu moddaning 2-bandiga binoan taʼsis etilgan yoki koʻrsatilgan organ harakatlaridan qoniqmasa, u olti oy mobaynida mazkur masalani qoʻmitaga oʻtkazish huquqiga ega.
6. a) Qoʻmita oʻzi olgan har qanday axborotni maxfiy tarzda Konvensiya qoidalarini buzishda ayblanayotgan ishtirokchi davlatga yetkazadi, lekin tegishli shaxs yoki shaxslar guruhi nomi uning yoki ularning aniq ifodalangan roziligisiz aytilmaydi. qoʻmita anonim xabarlarni qabul qilmasligi kerak.
b) uch oy mobaynida bildirishnoma olgan davlat qoʻmitaga shu masalani hamda mazkur davlat tomonidan qabul qilinishi mumkin boʻlgan tadbirlarni yorituvchi yozma tushuntirish yoki arizalar taqdim qiladi.
7. a) Qoʻmita axborotlarni uning ixtiyoriga manfaatdor ishtirokchi davlat yoki petitsiyachi tomonidan berilgan hamma maʼlumotlarni hisobga olgan holda koʻrib chiqadi, qoʻmita agar petitsiyachi huquqiy himoyaning hamma mavjud ichki vositalaridan foydalanib boʻlganligini aniqlamasa, qaysidir petitsiyachidan olingan hech qaysi axborotlarni koʻrib chiqmasligi kerak. Ammo ushbu vositalarning qoʻllanilishi haddan tashqari choʻzilib ketgan hollarda bu qoida ishlamaydi.
b) Qoʻmita oʻzining taklif va tavsiyalarini, agar ular boʻlsa, manfaatdor ishtirokchi davlatga va petitsiyachiga joʻnatadi.
8. Qoʻmita oʻzining har yillik maʼruzasiga shunday axborotlar xulosasini va zaruratga qarab manfaatdor ishtirokchi davlatlarning tushuntirish va arizalari qisqacha bayonini, shuningdek oʻzining taklif va tavsiyalarini qoʻshadi.
9. Qoʻmita shu moddada koʻzda tutilgan vazifalarini Konvensiyaning ishtirokchi davlatlaridan kamida oʻntasi shu moddaning 1-bandiga muvofiq ariza berganidagina bajarishga vakolatlidir.
15-modda
1. Bosh Assambleyaning 1960-yil 14-dekabrdagi 1514 (XV) rezolyutsiyasida bayon qilingan Mustamlaka mamlakatlar va xalqlarga mustaqillik berish toʻgʻrisidagi deklaratsiya maqsadlariga erishilgunga qadar ushbu Konvensiyaning qoidalari shu xalqlarga boshqa xalqaro hujjatlar yoki Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalari tomonidan taʼminlangan petitsiyalar berish huquqini cheklamaydi.
2. a) Ushbu Konvensiya 8-moddasining 1-bandiga binoan taʼsis etilgan qoʻmita petitsiyalarning nusxalarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining shu Konvensiyaning prinsiplari hamda maqsadlariga bevosita taalluqli boʻlgan masalalar bilan shugʻullanadigan organlaridan oladi va ularda qaralayotgan petitsiyalar (agar ular vasiylikdagi va oʻzini oʻzi boshqarmaydigan hududlarda yashaydigan shaxslardan kelsa, ularga nisbatan 1514 (XV)-rezolyutsiya qoʻllaniladigan boʻlsa va bu petitsiyalar ushbu Konvensiyada nazarda tutilgan masalalarga tegishli boʻlsa) boʻyicha ularga fikr va tavsiyalar beradi.
b) Qoʻmita Birlashgan Millatlar Tashkilotining vakolatli organlaridan ushbu Konvensiyaning prinsiplari va maqsadlariga bevosita aloqador hamda ushbu bandning “a” kichik bandida eslatib oʻtilgan hududlarda idora etuvchi Davlatlar tomonidan oʻtkazilayotgan qonunchilik, sud, maʼmuriy va boshqa tadbirlarga tegishli maʼruzalarning nusxalarini oladi, shuningdek bu xususda oʻz fikrini bildiradi va shu organlarga tavsiyalar beradi.
3. Qoʻmita Bosh Assambleyaga beradigan oʻzining maʼruzasiga uning tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlaridan olingan petitsiya va maʼruzalarning qisqa xulosalari shuningdek ana shu petitsiya va maʼruzalarga nisbatan qoʻmitaning fikr va tavsiyalarini ham qoʻshadi.
4. Qoʻmita Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibidan ushbu Konvensiya maqsadlariga taalluqli hamda ushbu moddaning 2-bandi “a” kichik bandida eslatilgan hududlarga oid uning ixtiyoridagi butun axborotni soʻrab oladi.
16-modda
Bahslarni bartaraf etishga yoki shikoyatlarni koʻrib chiqishga oid ushbu Konvensiya qoidalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashtirilgan muassasalarining asosiy hujjatlarida yoki ular tomonidan maʼqullangan konvensiyalarda bayon etilgan kamsitish sohasidagi bahslar yoki shikoyatlarni hal etishning boshqa usullari uchun zararsiz qoʻllaniladi hamda ishtirokchi davlatlarga ularga nisbatan harakatda boʻlgan umumiy yoki maxsus xalqaro bitimlarga muvofiq bahslarni hal etish uchun boshqa usullardan foydalanishda xalaqit bermaydi.
III QISM
17-modda
1. Ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining aʼzosi yoki uning ixtisoslashtirilgan muassasalaridan istalganining aʼzosi boʻlgan har qanday davlat, xalqaro sud statusining istalgan aʼzosi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga ushbu Konvensiyada qatnashish uchun taklif etilgan har qanday boshqa davlat tomonidan imzolanish uchun ochiqdir.
2. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinishi kerak. Ratifikatsiya yorliqlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibida saqlanadi.
18-modda
1. Ushbu Konvensiya Konvensiya 17-moddasining 1-bandida koʻrsatilgan har qanday davlatning qoʻshilishi uchun ochiqdir.
2. Qoʻshilish bu toʻgʻridagi hujjatni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlashga topshirish yoʻli bilan sodir etiladi.
19-modda
1. Ushbu Konvensiya yigirma yettinchi ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisida hujjat Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun berilganidan keyin oʻttizinchi kun amalga kiritiladi.
2. Ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qiladigan yoki unga saqlash uchun yigirma yettinchi yorliq yoki qoʻshilish toʻgʻrisida hujjat topshirilgandan keyin qoʻshiladigan har bir davlat uchun ushbu Konvensiya saqlash uchun uning oʻzining ratifikatsiya yorligʻi yoki qoʻshilish toʻgʻrisidagi hujjati topshirilgandan keyin oʻttizinchi kun amalga kiritiladi.
20-modda
1. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish paytida davlatlar tomonidan qilingan qoʻshimcha shartlar matnini oladi va ushbu Konvensiyaning ishtirokchilari boʻlgan yoki boʻlishlari mumkin boʻlgan barcha davlatlarga joʻnatadi. Shartga eʼtiroz qiladigan har qanday davlat yuqorida koʻrsatilgan xabar olingan kundan boshlab toʻqson kun mobaynida Bosh kotibga u mazkur shartni qabul qilmasligi toʻgʻrisida bildirishi lozim.
2. Xuddi ushbu Konvensiya asosida tuzilgan qaysidir organlar ishiga halaqit berishi mumkin boʻlgan shartlar singari, ushbu Konvensiyaning maqsad hamda vazifalariga mos kelmagan shartlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar Konvensiya ishtirokchi davlatlarining kamida uchdan ikki qismi shartga eʼtiroz bildirsa, unda bu shart nomuvofiq yoki ishga xalaqit beradigan shart deb hisoblanadi.
3. Shartlar istalgan vaqtda Bosh kotib nomiga tegishli bildirishnoma joʻnatish yoʻli bilan olib tashlanishi mumkin. Bunday bildirish u olingan kundan kuchga kiradi.
21-modda
Har bir ishtirokchi davlat ushbu Konvensiyani bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga yozma ravishda xabar qilish yoʻli bilan denonsatsiya qilishi mumkin. Bekor qilish bu haqda Bosh kotib tomonidan xabar olingan kundan bir yil oʻtgach kuchga kiradi.
22-modda
Ikki yoki bir necha ishtirokchi davlat oʻrtasida ushbu Konvensiyani izohlash yoki qoʻllanishga doir har kanday bahs ushbu Konvensiyada alohida koʻzda tutilgan muzokaralar yoki tartiblar yoʻli bilan hal etilsa, shu bahsda tomonlardan istalganining talabi boʻyicha, agar tomonlar bahsda bartaraf etishning boshqacha usulini kelishib olmagan boʻlsa, Xalqaro sudda koʻrish uchun beriladi.
23-modda
1. Ushbu Konvensiyani qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida talab istalgan vaqtda har qaysi ishtirokchi davlat tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi nomiga yozma bildirish joʻnatish yoʻli bilan ilgari surilishi mumkin.
2. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi shunday talab munosabati bilan agar lozim boʻlsa, qanday tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
24-modda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi, ushbu Konvensiyaning 17-modda 1-bandida eslatib oʻtilgan barcha davlatlarga quyidagi maʼlumotlarni xabar beradi:
a) 17 va 18-moddalarga muvofiq imzolash, ratifikatsiya qilish va qoʻshilish toʻgʻrisida;
b) 19-moddaga muvofiq ushbu Konvensiyani amalga kiritish sanasi toʻgʻrisida;
d) 21-moddaga muvofiq bekor qilishlar toʻgʻrisida.
25-modda
1. Inglizcha, ispancha, xitoycha, ruscha va fransuzcha matnlari ayni bir xil autentik boʻlgan ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining arxivida saqlanadi.
2. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ushbu Konvensiyaning tasdiqlangan nusxalarini Konvensiya 17-moddasining 1-bandida eslatib oʻtilgan toifalardan istalganiga tegishli barcha davlatlarga joʻnatadi.
(imzolar)