1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.05.00.00 Suvdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.05.01.00 Asosiy qoidalar;
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.05.00.00 Suvdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.05.02.00 Suvdan foydalanish va muhofaza qilishni boshqarish va nazorat qilish]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Suv va suvdan foydalanish]
Oʻzbekiston Respublikasining Suv kodeksi
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-bob. Asosiy qoidalar
1-modda. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Ushbu Kodeks suv, suv obyektlari, suv xoʻjaligi obyektlari va suv fondi yerlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
2-modda. Ushbu Kodeksning asosiy vazifalari
Ushbu Kodeksning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholini, iqtisodiyot tarmoqlarini va ekologik tizimlarni suv bilan barqaror taʼminlashga erishish hamda uni saqlab turish;
iqlim oʻzgarishini hisobga olgan holda suvlarni oqilona boshqarish va ulardan foydalanish hamda tejash;
suvlarni bulgʻalanish, ifloslanish va kamayib ketishdan muhofaza qilish;
suvlarning zararli taʼsirining oldini olish va uni bartaraf etish;
suv obyektlarining holatini yaxshilash;
suvga doir munosabatlar sohasida iqtisodiy mexanizmlarni, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;
yuridik va jismoniy shaxslarning suvga doir munosabatlar sohasidagi huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
suv masalalari boʻyicha davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish.
3-modda. Suv toʻgʻrisidagi qonunchilik
Suv toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining suv toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
4-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
gidrotexnika inshootlari — suv omborlari toʻgʻonlari, daryolardagi, soylardagi, kanallardagi va kollektorlardagi toʻgʻonlar, daryolar oʻzanlaridagi toʻsuvchi inshootlar, suv olish, suv oʻtkazish, suv tashlash hamda qirgʻoqlarni himoya qilish inshootlari, gidroelektrostansiyalar, nasos stansiyalari;
yer osti suvlari — yer osti suv obyektlarining suvlari;
yer usti suvlari — yer usti suv obyektlarining suvlari;
ichimlik suvi taʼminoti — ichimlik suvini ichimlik suvi taʼminoti tarmoqlari orqali va (yoki) transportda isteʼmolchilarga yetkazib berish;
kanallar — suv bilan manbadan suvdan foydalanuvchilarning chegarasiga qadar taʼminlash uchun moʻljallangan suv xoʻjaligi obyektlari;
kollektor-drenaj suvlari — yer osti sizot suvlari va tashlama suvlar;
kollektor-drenaj tarmogʻi — yer osti sizot suvlarini va tashlama suvlarni toʻplash hamda chiqarib yuborish uchun moʻljallangan suv xoʻjaligi obyekti;
mineral suvlar — tarkibida erigan tuzlar, mikroelementlar, shuningdek davolashda ijobiy taʼsir koʻrsatadigan baʼzi biologik faol komponentlar mavjud boʻlgan suvlar;
oqova suvlar — maishiy, ishlab chiqarish yoki boshqa ehtiyojlar uchun foydalanilgan hamda dastlabki kimyoviy tarkibi va fizik xossalarini oʻzgartirgan qoʻshimcha aralashmalar bilan ifloslangan suvlar, shuningdek atmosfera yogʻinlari yogʻishi natijasida hosil boʻlgan, aholi punktlari va sanoat korxonalari hududidan oqib chiquvchi suvlar;
sanitariya muhofazasi zonasi — ichimlik, maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlari uchun moʻljallangan, foydalanilayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan obyektlarga tutash boʻlgan, ularning sanitariya-epidemiologik ishonchliligini taʼminlash uchun tashkil etiladigan, muhofaza rejimiga ega boʻlgan hududlar;
sohil boʻyi mintaqasi — suvni muhofaza qilish zonasi doirasida tabiiy yer usti suv obyektlari, shuningdek foydalanilayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan suv xoʻjaligi obyektlari suv obyekti boʻylab yoki ular atrofida ushbu suv xoʻjaligi obyektlaridan tegishli tarzda foydalanishni taʼminlash, ularni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash, shuningdek suv resurslarini oqilona boshqarish va ularning hisobini yuritish uchun tashkil etiladigan qatʼiy rejimli hudud;
suv yetkazib beruvchi tashkilot — suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish uchun masʼul boʻlgan, oʻziga shartnoma asosida suvdan foydalanuvchilarga suv olish va yetkazib berish huquqi berilgan suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkiloti va (yoki) boshqa yuridik shaxs;
suvlarning zararli taʼsiri — suvlarning salbiy taʼsiri natijasida sodir boʻlayotgan muayyan obyektlarning yuvilib ketishi, buzilishi, suv bosishi, zax bosishi, loyqa choʻkishi, botqoqlanishi, shoʻrlanishi va boshqa hodisalar;
suvni muhofaza qilish zonasi — suvlarning sanitariya holatini zarur darajada saqlab turish, ularning bulgʻanishi va ifloslanishining, shuningdek suv obyektlarining tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan loyqa choʻkishining oldini olish, shuningdek qulay suv rejimini yaratish va saqlab turish maqsadida maxsus foydalanish va xoʻjalik faoliyati yuritish rejimi belgilanadigan, suv obyektlarining oʻzanlariga yoki akvatoriyalariga tutash boʻlgan tabiiy hudud;
suv obyekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha toʻplanadigan va suv rejimining oʻziga xos shakllari va belgilari mavjud boʻlgan tabiiy (jilgʻalar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sunʼiy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (koʻllar, dengizlar, yer osti suvlari konlari va suvli qatlamlari) va sunʼiy (suv omborlari, sel-suv omborlari, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek buloqlar va boshqa obyektlar;
suv olish kvotasi — suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga va suvdan foydalanuvchilarga bir necha yil uchun ajratiladigan suv hajmi;
suv olish limiti — suv obyektlarining suvlilik darajasiga qarab suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga va suvdan foydalanuvchilarga vegetatsiya va kuz-qish davrlari uchun ajratiladigan suv hajmi (suv olish kvotasidan foiz hisobida);
suv obyektlarini muhofaza qilish — suv obyektlarini saqlash va tiklashga qaratilgan tadbirlar tizimi;
suv rejimi — suv sifati, sathi, oqimi tezligi, sarfi va hajmining vaqt birligida oʻzgarishi;
suv resurslari — suv obyektlarining foydalanilayotgan yoki foydalanilishi mumkin boʻlgan yer osti va yer usti suvlari;
suv servituti — suv obyektidan yoki uning bir qismidan, shu jumladan suvni muhofaza qilish zonalaridan cheklangan tarzda foydalanish huquqi;
sugʻorish tarmogʻi — suvdan foydalanuvchilarning sugʻoriladigan maydonlariga, shuningdek boshqa obyektlarga kanallardan va boshqa suv obyektlaridan suv yetkazib beriladigan, suvdan foydalanuvchilarga maqsadli foydalanish uchun berilgan suv xoʻjaligi obyekti;
suv fondi — suv obyektlarida toʻplangan barcha suvlar majmui;
suv fondi yerlari — yer usti suv obyektlari va suv xoʻjaligi obyektlari egallagan yerlar hamda suv obyektlarining qirgʻoqlari boʻylab ajratilgan mintaqalar;
suvdan foydalanuvchi — suv resurslaridan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadigan yuridik yoki jismoniy shaxs;
suvdan foydalanish — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan oʻz ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun suv resurslaridan foydalanilishi;
suv xoʻjaligi — suv resurslarini va suv obyektlarini oʻrganish, hisobga olish, boshqarish, ulardan foydalanish, ularni muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli taʼsiriga qarshi kurashishni qamrab oladigan iqtisodiyot tarmogʻi;
suv xoʻjaligi obyekti — gidrotexnika inshootlari, shuningdek ular bilan bogʻliq boʻlgan yoʻllar, binolar, elektr uzatish liniyalari hamda suv xoʻjaligi faoliyatini amalga oshirish uchun moʻljallangan boshqa infratuzilma;
suv xoʻjaligi xizmati — suvdan foydalanuvchiga suv xoʻjaligi sohasida shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmat;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkiloti — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tashkiloti boʻlib, uning zimmasiga suv xoʻjaligi obyektlariga texnik xizmat koʻrsatish va ulardan foydalanish vazifalari yuklatilgan;
tashlama suvlar — kanallardan va sugʻorish tarmoqlaridan suv obyektlariga yoki joy relyefiga avariya holatida tashlanadigan suvlar, shuningdek sugʻoriladigan yerlardan nooqilona foydalanilishi natijasida ulardan tashlanadigan suvlar;
transchegaraviy suvlar — ikki va undan ortiq davlatlar chegaralarini kesib oʻtadigan yoki shunday chegaralarda joylashgan har qanday yer usti yoki yer osti suvlari;
transchegaraviy suv obyektlari — ikki va undan ortiq davlatlar chegaralarini kesib oʻtadigan yoki shunday chegaralarda joylashgan suv obyektlari;
transchegaraviy taʼsir — jismiy manbasi toʻliq yoki qisman u yoki bu sohil boʻyi davlat yurisdiksiyasi ostidagi hududda joylashgan, transchegaraviy suvlar holati inson faoliyati taʼsirida oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan, boshqa sohil boʻyi davlat yurisdiksiyasi ostidagi hududdagi atrof-muhitga boʻlgan har qanday jiddiy zararli taʼsir oqibatlari.
5-modda. Suvga doir munosabatlarning obyektlari va subyektlari
Suvga doir munosabatlarning obyektlari quyidagilardan iborat:
suv obyektlari yoki ularning bir qismi yoxud suv resurslari;
suv xoʻjaligi obyektlari;
suv fondi yerlari.
Suvga doir munosabatlarning subyektlari quyidagilardan iborat:
maxsus vakolatli davlat organlari, shu jumladan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari;
suv yetkazib beruvchi tashkilotlar;
suvdan foydalanuvchilar;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa nodavlat tashkilotlari.
6-modda. Suvga doir munosabatlar sohasidagi asosiy prinsiplar
Suvga doir munosabatlar sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
suv resurslaridan maqsadli va kompleks foydalanish hisobidan aholining, iqtisodiyot tarmoqlarining hamda ekotizimlarning suvga boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantirish;
aholini ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlar uchun zarur miqdordagi va sifati kafolatlangan suv bilan birinchi navbatda taʼminlash;
suv obyektlaridan foydalanishda ularni muhofaza qilish ustuvorligi;
suv ekotizimlarining maqbul holati va aholi salomatligini muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash;
suvga doir munosabatlar subyektlarining tengligi;
suvni tejash, undan oqilona foydalanish va uni saqlashni qoʻllab-quvvatlash;
suv resurslarini boshqarishga doir ekotizimli yondashuv;
suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish, yer usti, yer osti suvlarini va qaytarib tashlanadigan suvlarni muvofiqlashtirilgan holda boshqarish;
suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanishning havza hamda maʼmuriy-hududiy prinsiplarini uygʻunlashtirish;
suv xoʻjaligi sohasining iqlim oʻzgarishiga moslashishini taʼminlash;
suv ifloslanishining oldini olish, uni cheklash va kamaytirish;
suv xoʻjaligiga bozor iqtisodiyoti va davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy etish;
suv resurslarini boshqarish jarayonining ochiqligi, shaffofligini taʼminlash va ushbu jarayonga jamoatchilikni jalb etish;
suvga doir munosabatlarda ilmiy va innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirish;
suv toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash;
suvga doir munosabatlar subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish.
7-modda. Suvdan foydalanish turlari
Suv obyektidan suv olish usuliga, suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etishiga qarab, suvdan foydalanish umumiy va maxsus foydalanishga boʻlinadi.
Suv obyektlarining toifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasining yer usti va yer osti suv obyektlari;
Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan va uning hududini kesib oʻtadigan transchegaraviy yer usti va yer osti suv obyektlari.
Yer usti suv obyektlari jumlasiga tabiiy va sunʼiy suv oqimlari hamda hovuzlar, shuningdek buloqlar va boshqa obyektlar, ularning oʻzanlari, tubi va qirgʻoqlari kiradi.
Yer osti suv obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yer osti suvlari konlari va suvli qatlamlari hamda ularning yer qaʼrisiga yoki yer yuzasiga sizib chiqish zonalari;
suv rejimi chegaralari va chiziqlariga ega boʻlgan yer qaʼridagi suvlar toʻplanishining boshqa shakllari.
9-modda. Suv obyektlaridan foydalanish turlari
Suv obyektlari tanho yoki birgalikda foydalanishda boʻlishi mumkin.
Suv obyekti suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlariga va suvdan foydalanuvchilarga nazarda tutilgan talablar va shartlarga rioya etilgan taqdirda bitta yoki bir nechta maqsadda foydalanishga beriladi.
Suv obyekti tegishliligi boʻyicha suv xoʻjaligi organlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, togʻ-kon sanoati va geologiya organlari bilan kelishuvga koʻra qonunchilikda belgilangan tartibda foydalanishga beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Oqova suvlarni oqizish uchun suv obyektidan foydalanishga faqat ekologiya va sanitariya talablari hamda shartlariga rioya etilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
Suv obyektlari bitta yoki ayni bir vaqtda bir nechta maqsadda foydalanishga berilishi mumkin.
Suv obyektlari tanho foydalanish uchun yuridik va jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki boshqa vakolatli davlat organi tomonidan toʻliq yoki qisman beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Tanho foydalanishga berilmagan suv obyekti birgalikda foydalaniladigan suv obyektidir.
Suvdan foydalanuvchilar birgalikda foydalaniladigan suv obyektidan suv olishda oʻzaro manfaatlarni inobatga olishi, suvdan foydalanish huquqi amalga oshirilishini qiyinlashtirmasligi va bir-biriga zarar yetkazmasligi shart.
10-modda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suv obyektlari
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suv obyektlari jumlasiga:
davlat qoʻriqxonalaridagi;
majmua (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalaridagi;
tabiat bogʻlaridagi;
davlat tabiat yodgorliklaridagi;
tabiiy obyektlar va majmualarni saqlab qolish, takror koʻpaytirish va tiklash uchun moʻljallangan hududlardagi;
muhofaza etiladigan landshaftlardagi;
ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun moʻljallangan hududlardagi;
davlat biosfera rezervatlaridagi;
milliy bogʻlardagi;
davlatlararo muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi;
boshqa muhofaza qilinadigan tabiiy hududlardagi suv obyektlari kiradi.
II BOʻLIM. SUVGA, SUV OBYEKTLARIGA VA SUV XOʻJALIGI OBYEKTLARIGA BOʻLGAN HUQUQLAR HAMDA SUV RESURSLARINI DAVLAT TOMONIDAN BOSHQARISH
3-bob. Suvga, suv obyektlariga va suv xoʻjaligi obyektlariga boʻlgan huquq
11-modda. Suvga davlat egaligi
Suv umummilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish lozim va u davlat tomonidan muhofaza qilinadi.
12-modda. Suv obyektlariga boʻlgan huquq
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan suv obyektlari Oʻzbekiston Respublikasining mulkidir, bundan ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda, shuningdek xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Daryolar oʻzanlarining va boshqa suv oqimlarining tabiiy oʻzgarishi Oʻzbekiston Respublikasining ushbu suv obyektlariga boʻlgan mulk huquqi bekor qilinishiga sabab boʻlmaydi.
Davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi nomidan suv obyektlariga boʻlgan mulk huquqini amalga oshiradi.
13-modda. Suv xoʻjaligi obyektlariga boʻlgan mulk huquqi
Suv xoʻjaligi obyektlari davlat mulkida (respublika, munitsipal mulkida) yoki xususiy mulkda (fuqarolar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, shuningdek davlatga qarashli boʻlmagan boshqa yuridik shaxslar mulkida) boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlar hududida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasining suv xoʻjaligi obyektlari Oʻzbekiston Respublikasining mulkidir.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasi.
Suv xoʻjaligi obyektlariga boʻlgan xususiy mulk huquqi bilan bogʻliq munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi bilan tartibga solinadi.
Suv xoʻjaligi obyektlariga boʻlgan mulk huquqi qonunchilikda belgilangan tartibda majburiy davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Suv xoʻjaligi obyektini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida berish davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
14-modda. Suv fondi yerlaridan foydalanish huquqi
Suv fondi yerlari doimiy foydalanish huquqi asosida quyidagilarga beriladi:
sunʼiy suv obyektlari va suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha — tegishliligiga koʻra tegishli tashkilotlarga;
tabiiy suv obyektlari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tegishli tashkilotlariga.
Suv fondi yerlari jamoat ehtiyojlari uchun kompensatsiya evaziga qonunda belgilangan tartibda olib qoʻyilishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Suv fondi yerlarida suv obyektlariga salbiy taʼsir koʻrsatadigan xoʻjalik faoliyatini va qurilish ishlarini olib borish taqiqlanadi.
Suv fondi yerlaridan foydalanish tartibi ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 77-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
4-bob. Suv resurslarini boshqarish
15-modda. Suv resurslarini boshqarish organlari
Suv resurslarini boshqarish havzaviy, gidrografik prinsip boʻyicha yoki ulardan oqilona foydalanishni taʼminlaydigan boshqa shartlarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Suv resurslarini boshqarishda quyidagilar maxsus vakolatli organlardir:
yer usti suvlarini boshqarish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va uning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan organlari;
yer osti suvlarini boshqarish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi.
16-modda. Suv kengashlari
Suv resurslarini boshqarishda shaffoflikni taʼminlash va manfaatdor taraflar vakillarini jalb etgan holda tegishli qarorlar qabul qilish maqsadida respublika va havzalar, zarur hollarda esa hududlar darajasida kollegial-maslahat organi shaklidagi suv kengashlari tashkil etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Respublika suv kengashi tashkil etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son “Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga moʻljallangan dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Respublika suv kengashining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning rahbarlari kiradi. Respublika suv kengashining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Respublika suv kengashi raisidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Respublika suv kengashining ishchi organidir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida havza (yoki hududiy) suv kengashlari tashkil etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Havza (yoki hududiy) suv kengashining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning hududiy tashkilotlari rahbarlari kiradi. Havza (yoki hududiy) suv kengashining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari havza (yoki hududiy) suv kengashlarining raislaridir.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlarining havza boshqarmalari havza (yoki hududiy) suv kengashlarining ishchi organlaridir.
Tumanlar (Quvasoy shahri) hokimliklari huzurida tumanlar suv kengashlari tashkil etiladi.
Tumanlar suv kengashlarining tarkibiga suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi vakolatli vazirliklar va idoralarning tuman tashkilotlari rahbarlari kiradi. Tumanlar suv kengashlarining tarkibiga nodavlat tashkilotlar vakillari, ayrim ekspertlar va olimlar ham kiritilishi mumkin.
Tegishli tuman (Quvasoy shahri) hokimi tuman suv kengashining raisidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tuman tashkiloti yoki tumanning suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarishni amalga oshiruvchi tashkilot tuman suv kengashining ishchi organidir.
Respublika, havza, hududiy suv kengashi toʻgʻrisidagi nizom va ish reglamenti tegishli Kengash yigʻilishida tasdiqlanadi.
17-modda. Suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish
Davlat tashkilotlariga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan suv xoʻjaligi obyektlari davlat suv xoʻjaligi obyektlaridir.
Davlat suv xoʻjaligi obyektlari foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan boshqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan davlat suv xoʻjaligi obyektlari:
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga asosan xususiy sektor boshqaruviga berilishi;
kim oshdi savdosini oʻtkazish orqali vertikal sugʻorish quduqlari va ayrim kichik nasos stansiyalari (suv chiqarish quvvati sekundiga 1 kub metrgacha) xususiy sektorga realizatsiya qilinishi mumkin.
Faqat bitta suvdan foydalanuvchiga (qishloq xoʻjaligi yer uchastkasi ijarachisiga) xizmat koʻrsatadigan suv xoʻjaligi obyektlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining yoki viloyat hokimligining tegishli qarori bilan mazkur suvdan foydalanuvchiga operativ boshqaruv huquqi asosida tanho foydalanishga toʻlovsiz beriladi.
Ikki va undan ortiq suvdan foydalanuvchilarga (qishloq xoʻjaligi yer uchastkalari ijarachilariga) xizmat koʻrsatadigan suv xoʻjaligi obyektlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga operativ boshqaruv huquqi asosida tanho foydalanishga toʻlovsiz beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 79-son qarori bilan tasdiqlangan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari toʻgʻrisidagi nizom.
Foydalanishga berilgan suv xoʻjaligi obyektlarini saqlash tegishligiga koʻra suvdan foydalanuvchilarning va suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan qurilgan suv xoʻjaligi obyektlari xususiy mulk hisoblanadi.
18-modda. Suv resurslarini boshqarishda fuqarolarning va nodavlat birlashmalarining ishtirok etishi
Yuridik shaxslar, nodavlat notijorat tashkilotlari boʻlgan suvdan foydalanuvchilar oʻz taʼsis hujjatlariga muvofiq, shuningdek fuqarolar suv resurslarini boshqarishda, suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etish huquqiga ega.
Suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari va suv yetkazib beruvchi tashkilotlar suv resurslarini boshqarishda, suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda suvdan foydalanuvchilarning, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolarning, shu jumladan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining takliflarini hisobga oladi.
5-bob. Vakolatli davlat organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
suvdan va suv obyektlaridan kompleks hamda oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;
suvni va suv obyektlarini oqilona boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha choralar koʻrish;
suvdan va suv obyektlaridan kompleks hamda oqilona foydalanish, ularni boshqarish va muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli taʼsirining oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida vazirliklarning, idoralarning, boshqa yuridik shaxslarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
Respublika suv kengashining faoliyatini tashkil etish;
suv fondini tashkil etish va undan foydalanish, suvdan foydalanish normalarini, suv olish kvotalarini va suv olish limitlarini tasdiqlash tartibini belgilash;
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 61 – 64, 68, 69-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
suvlarning davlat tomonidan hisobga olib borilishini hamda ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini taʼminlash, davlat suv kadastrini hamda suv monitoringini yuritish;
yirik avariyalarning, falokatlarning, ekologik inqirozlarning va suvlarning zararli taʼsirining oldini olish hamda ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash hamda suv obyektlarini bulgʻatganlik, ifloslantirganlik va quritib qoʻyganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari tartibini belgilash;
suv xoʻjaligi sohasida davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish yoʻnalishlarini belgilash;
suv xoʻjaligi sohasini rivojlantirishga, suvdan va suv obyektlaridan oqilona va samarali foydalanishga, suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan qarorlar va dasturlar qabul qilish, suv va suvdan foydalanishga doir boshqa dasturlarni tasdiqlash;
suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibini tasdiqlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonuni.
20-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
oʻz hududidagi suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishning asosiy yoʻnalishlarini belgilash;
oʻz hududidagi suv resurslaridan foydalanilishini tartibga solish va ularni muhofaza qilishga doir talablarga rioya etilishini taʼminlash;
suvdan va suv resurslaridan kompleks hamda oqilona foydalanish, ularni boshqarish, hisobga olish va muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli taʼsirining oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida vazirliklar, idoralar hududiy organlarining, boshqa yuridik shaxslarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli havza (yoki hududiy) suv kengashlarining yoki tumanlar suv kengashlarining faoliyatini samarali tashkil etish;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha aniq manzilli roʻyxatlarni shakllantirish va tasdiqlashda, shuningdek ularni amalga oshirishda koʻmaklashish;
suvdan foydalanuvchilarning va suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash;
sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini taʼmirlash hamda tiklash va shaxsiy tomorqa yer uchastkalariga suv yetkazib berish tadbirlarini amalga oshirishda koʻmaklashish;
suv obyektlarini saqlash va ularning holatini yaxshilash, suvlarning zararli taʼsirining, shuningdek bulgʻanishining oldini olish hamda uni bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirish, avariyalar, toshqinlar, sellar va tabiiy ofatlar natijasida vayron boʻlgan obyektlarni qayta tiklash;
suv fondi yerlaridan samarali foydalanish masalalarida koʻmaklashish;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlarini saqlash xarajatlarini qonunchilikka binoan moliyalashtirish;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlariga suv resurslarini boshqarishda koʻmaklashish.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
suv resurslarini boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, suvning hisobini va uning hisobotini yuritish;
suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish, shuningdek suvlarning zararli taʼsirining oldini olish hamda uni bartaraf etish sohasida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirishni tashkil etish;
davlat suv kadastrini umumlashtirish va yuritish;
Oʻzbekiston Respublikasining suv toʻgʻrisidagi qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
manfaatdor davlat organlari ishtirokida suv xoʻjaligi sohasida davlat dasturlari, strategiyalar va konsepsiyalar loyihalarini ishlab chiqish;
suv xoʻjaligi balansini yuritish, irrigatsiya tizimlarining havza boshqarmalari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar uchun suv olish kvotalari va limitlarini belgilash;
yerlarning meliorativ holatini, yer usti va yer osti suvlarining minerallashuvini hamda kollektor-drenaj tarmoqlarining texnik holatini monitoring qilish va ularni yaxshilash boʻyicha choralar koʻrish;
suv obyektlaridagi suvlarni va suvdan foydalanishni davlat tomonidan hisobga olish;
transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish boʻyicha davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek xalqaro tashkilotlarning suv xoʻjaligi sohasidagi faoliyatida ishtirok etish;
Respublika suv kengashining ishchi organi funksiyasini bajarish;
tegishliligi boʻyicha suv va suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsizligini va ulardan foydalanishni taʼminlash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
belgilangan suv olish limitlari asosida suvdan foydalanuvchilarga suv yetkazib berilishini taʼminlash;
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 68, 69-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomalarni kelishish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
suv resurslarini hisobga olishning va suv xoʻjaligida elektr energiyasi isteʼmolining shaffofligini va toʻliqligini taʼminlash;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq eroziyasining, shoʻrlanishining va yuvilib ketishining oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrish;
suv xoʻjaligi obyektlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yer osti suvlarining resurslari va zaxiralarini aniqlash uchun geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish, ulardan oqilona foydalanish, ularni ifloslanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
yer osti suvlaridan oqilona foydalanilishi, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer osti suvlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik va normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
yer osti suvlarining davlat zaxiralari balansi va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri, yer osti chuchuk suvlari konlari hosil boʻladigan zonalar toʻgʻrisidagi axborotni tuzish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda yer osti suvlarining davlat monitoringini yuritish;
yer osti suvlaridan oqilona foydalanilishi ustidan oʻz vakolatlari doirasida nazorat va hisobni amalga oshirish;
yer osti suvlarining ifloslanishi manbalari monitoringini yuritish;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yer osti suvlaridan kompleks foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sxemalarini ishlab chiqish;
yer osti suvlarini chiqarish uchun quduqlarni burgʻilash faoliyatiga va suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalar berish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 9-son qarori bilan tasdiqlangan Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish yoki ularni maxsus isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
yer osti suvlarining holati toʻgʻrisida gidrogeologik xulosa berish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-martdagi 169-son qarori bilan tasdiqlangan Jismoniy va yuridik shaxslarga xulosalar berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatishning yagona maʼmuriy reglamenti.
yer osti suvlaridan samarali foydalanish, ularning aniq hisobini yuritish va ularni muhofaza qilish uchun investitsiyalarni jalb qilish;
yer osti suvlarining holatiga taʼsir koʻrsatadigan korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, taʼmirlanishi hamda foydalanishga topshirilishida oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etish va buni kelishish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, yer osti suvlari, ulardan foydalanish holati, mavjud muammolar va ularni hal etish yoʻllari yuzasidan takliflar kiritish.
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
23-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
suv resurslarini muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
suv muhitining qulay ekologik holatini taʼminlash;
suv muhiti obyektlarining kamayib ketishi va ifloslanishining oldini olish maqsadida antropogen omilning suv muhitiga taʼsirini tahlil qilish, shuningdek sanitariya va ekologiya maqsadlarida suv omborlaridan suv chiqarib turishga rioya etilishini monitoring qilish;
ekologik ekspertiza oʻtkazish uchun tashkilotlar tomonidan ishlab chiqiladigan yer usti suv obyektlariga va yerning relfiga ifloslantiruvchi moddalarning yoʻl qoʻyiladigan chegaraviy tashlamalarining ekologik normativlari loyihalarini tasdiqlash, yer usti tabiiy suv oqimlaridan suv olish uchun suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalarni belgilangan tartibda berish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
suv muhitini ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlarini undirish va ulardan belgilangan tartibda foydalanish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
tegishli loyihalarni belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazish;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga taʼsirni baholash va strategik ekologik baholash toʻgʻrisida”gi Qonunning 2-bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
yer usti suvlarining ifloslanishi manbalari (emissiyalar) monitoringini yuritish;
vazirliklar, idoralar va boshqa manfaatdor organlar bilan birgalikda atrof-muhitning ifloslanishi darajasi hamda unga boshqa zararli taʼsirlar, shuningdek tabiiy resurslardan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning respublika yagona ekologik axborot bazasini shakllantirish va yuritish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 737-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi toʻgʻrisidagi nizom.
yuridik va jismoniy shaxslardan suv resurslarini yoki suv obyektlarini muhofaza qilishga, ulardan foydalanishga hamda ularni monitoring qilishga taalluqli boʻlgan zarur axborotni bepul olish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, tabiiy yer usti suv resurslaridan foydalanilishi holati, ularning ifloslanishi darajasi va manbalari, mavjud muammolar va ularni hal etish yoʻllari yuzasidan kengashga takliflar kiritish.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining (bundan buyon matnda Gidrometeorologiya xizmati agentligi deb yuritiladi) suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
gidrometeorologik kuzatuvlar davlat tizimini rivojlantirish va takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini gidrometeorologik maʼlumotlar bilan taʼminlash;
tegishliligi boʻyicha gidrologik postlarda yer usti suvlarining monitoringini yuritish;
manfaatdor respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini, tashkilotlar va fuqarolarni haqiqiy hamda kutilayotgan gidrometeorologik sharoitlar, iqlim oʻzgarishlari, suvning va suv obyektlarining, tabiiy muhitning ifloslanishi darajasi haqidagi axborot bilan, shuningdek suv omillari bilan bogʻliq boʻlgan xavfli va (yoki) tabiiy gidrometeorologik hodisalar toʻgʻrisidagi tezkor axborot bilan taʼminlash;
suv muhiti ifloslanishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning davlat fondini shakllantirish va yuritish, davlat suv kadastrining “Yer usti suvlari” boʻlimini yuritish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 343-son “Atrof-muhitning ifloslanish darajasini baholash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
suv omillari va yer usti suvlarining ifloslanishi bilan bogʻliq boʻlgan tabiiy gidrometeorologik hodisalarning yuzaga kelishi hamda rivojlanishi ustidan muntazam kuzatuvlarni amalga oshirish;
iqlim oʻzgarishi sharoitlarida daryolarning suvliligini qisqa muddatli va uzoq muddatli prognoz qilish tizimini yaxshilashga doir ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
gidrometeorologiya sohasida davlatlararo va xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda oʻz vakolatlari doirasida ishtirok etish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, mavjud suv resurslari va ularning prognozlari, suv kadastrini yuritish holati, mavjud muammolar va ularni hal etish yoʻllari toʻgʻrisida kengashga takliflar kiritish.
Gidrometeorologiya xizmati agentligining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining (bundan buyon matnda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi deb yuritiladi) suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi vakolatlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
yer usti va yer osti suvlaridan foydalanishda hamda ularni muhofaza qilishda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan sanitariya-epidemiologiya nazoratini amalga oshirish, shuningdek sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
sanitariya-gigiyena monitoringini yuritish;
ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarini baholash va tanlashda ishtirok etish;
yer osti suvlarining holatiga taʼsir koʻrsatadigan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti hamda oqova suvlarini chiqarib yuborish obyektlarining, korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarning joylashtirilishi, loyihalashtirilishi, qurilishi, rekonstruksiya qilinishi hamda ishga tushirilishini kelishish;
yer usti va yer osti suvlarini inson organizmiga zararli taʼsir koʻrsatishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida davlat tomonidan sanitariya-epidemiologik jihatdan normalashtirish;
Respublika suv kengashining faoliyatida ishtirok etish, yer usti va yer osti suvlaridan foydalanishda sanitariya normalari, qoidalari hamda gigiyena normativlariga rioya etilishi, mavjud muammolar va ularni hal etish yoʻllari masalalari yuzasidan kengashga takliflar kiritish.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining vakolatlari jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
26-modda. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati
Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratining vazifasi barcha vazirliklar, idoralar, muassasalar, tashkilotlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suvdan foydalanishning belgilangan tartibiga rioya etilishini, suvni muhofaza qilish, suvning zararli taʼsirining oldini olish va uni bartaraf etish majburiyatlarining, suv hisobi va hisobotini yuritish qoidalarining, shuningdek suv toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan boshqa qoidalarning bajarilishini taʼminlashdan iborat.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 174-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi oʻz vakolatlari doirasida qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
6-bob. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilishni davlat tomonidan rejalashtirish
27-modda. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilishni rejalashtirish
Suvdan foydalanishni va uni muhofaza qilishni rejalashtirish birinchi navbatda aholining ichimlik hamda maishiy ehtiyojlari qanoatlantirilishini, suvning muhofaza qilinishini va uning zararli taʼsirining oldi olinishini hisobga olgan holda suvning suvdan foydalanuvchilar oʻrtasida ilmiy asoslangan tarzda taqsimlanishini taʼminlashi kerak.
Suvdan foydalanish ishlarini rejalashtirishda davlat suv kadastrining va suv resurslari boʻyicha milliy axborot tizimlarining atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasining maʼlumotlari, suv xoʻjaligi balanslari, suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalari, shuningdek aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash rejalari hisobga olinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 5-sentabrdagi 737-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi toʻgʻrisidagi nizom.
28-modda. Davlat strategik suv xoʻjaligi dasturlari
Davlat strategik suv xoʻjaligi dasturlari (suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyalari va ularni amalga oshirish strategiyalari) Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda iqlim oʻzgarishi sharoitlarida suv xavfsizligini taʼminlash va barqaror rivojlanishiga erishish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini belgilash uchun oʻrta muddatga (10 yilgacha) va uzoq muddatga (50 yilgacha) ishlab chiqiladi.
Davlat strategik suv xoʻjaligi dasturlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-iyuldagi PF-6024-son “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Farmoni.
29-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari suv resurslari havzasining xususiyatlarini hisobga olgan holda quyidagilar asosida tuziladi:
suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalari;
davlat strategik suv xoʻjaligi dasturlari;
suv va suv obyektlari monitoringi maʼlumotlari;
davlat suv kadastri;
suv xoʻjaligi balanslari;
boshqa maʼlumotlar.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalarida quyidagilar aks ettiriladi:
suv resurslari havzasining tavsifi (iqlim oʻzgarishining potensial taʼsiri, suv tanqisligi, qurgʻoqchilik, toshqin va sellar, shuningdek suv resurslari bilan bogʻliq boshqa favqulodda vaziyatlarning boshlanishi, suvning va suv obyektlarining tashqi manbalaridan ifloslanishi, shu jumladan transchegaraviy ifloslanishi xavfini baholash);
suv obyektlarining va ichimlik suvi taʼminotining muhofaza zonalari tavsifi, shuningdek ushbu zonalarda taqiqlanishi yoki cheklanishi lozim boʻlgan xoʻjalik va boshqa faoliyat turlari roʻyxati;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
havza yoki hudud chegarasidagi suv resurslarini manbalar va iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholi tomonidan suvdan foydalanish hajmlari boʻyicha miqdor va sifat jihatidan baholash;
atrof-muhitning ehtiyojlarini hisobga olgan holda suv resurslarining qoʻshimcha zaxiralari;
investitsiyaviy va moliyaviy ehtiyojlarni qoplash mumkin boʻlgan manbalarni aniqlagan holda ularni baholash;
suvdan va suv obyektlaridan foydalanish ustuvorliklari hamda uni normalashtirish, suvdan foydalanish huquqini cheklash doiralari;
suv bilan taʼminlanganlikni va iqlim oʻzgarishiga doir chidamlilikni oshirish, suv resurslari bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, bunday vaziyatlar yuz bergan taqdirda ularning oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish tadbirlari, ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun xarajatlar.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza yoki hududiy rejalari amalga oshirilishi havzani yoki hududni barqaror rivojlantirishga imkon beradigan boshqa qoidalarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
30-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza (yoki hududiy) rejalarini ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza (yoki hududiy) rejalari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tegishli boʻlinmalari tomonidan boshqa manfaatdor taraflar bilan birgalikda ishlab chiqiladi va tegishli havza (yoki hududiy) suv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son “Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga moʻljallangan dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza (yoki hududiy) rejalari har oʻn yillik davr uchun tuziladi va tegishli havza (yoki hududiy) suv kengashlari tomonidan har uch yilda qayta koʻrib chiqiladi (tuzatiladi).
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning havza (yoki hududiy) rejalarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, boshqa vakolatli organlar va suvdan foydalanuvchilar masʼuldir.
31-modda. Qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suvdan foydalanishni rejalashtirish
Qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suvdan foydalanish suv olish kvotasi va kutilayotgan suv taʼminoti prognozidan kelib chiqqan holda ajratilgan suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunning 15-moddasi hamda “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida” Qonunning 11-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-apreldagi 190-son qarori Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni shoʻr yuvishga tayyorlash va shoʻr yuvish ishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Kollektor-drenaj tarmogʻi suvidan foydalanishni rejalashtirish yerlarning meliorativ holatini va kollektor-drenaj suvining sifatini, shuningdek suv taʼminoti darajasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Suvdan foydalanuvchi oʻziga ajratilgan suv olish limiti doirasida suvdan foydalanish jadvalini ishlab chiqadi va uni tegishli suv yetkazib beruvchi tashkilot bilan kelishadi.
32-modda. Suv obyektlaridan suv olish
Suv obyektlaridan suv olish faqat suv yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan kelishilgan, belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan suv olish joyidan suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 67-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning VI-bobi, va Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 79-son qarori bilan tasdiqlangan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari toʻgʻrisidagi nizom.
Suv olish hajmi kamaytirilgan yoki toʻxtatilgan taqdirda suvdan foydalanuvchilar bu haqda tegishli suv yetkazib beruvchi tashkilotga yoki uning vakolatli shaxsiga yozma ravishda (avariya holatlarida — telefon yoki boshqa aloqa vositalari orqali) xabar qilishi shart.
33-modda. Suv obyektlaridan suv olish uchun buyurtmanoma berish
Suv obyektlaridan suv olish faqat suvdan foydalanuvchilarning yozma yoki elektron buyurtmanomalari boʻyicha (bundan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimidan, shuningdek yer osti suv havzalaridan oʻz hisobidan sugʻorish quduqlari orqali suv olish hollari mustasno), ularning suvdan foydalanishga tayyorligiga koʻra, belgilangan mavsumiy suv olish kvotasi va suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi.
Suv olish uchun buyurtmanomalar suvdan foydalanuvchilar tomonidan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga yoki ularning vakolatli shaxslariga moʻljallanilayotgan suv olish boshlanishidan oʻn kun oldin, suv olishning aniq joyi va muddatlari (suv olishning boshlanishi va tugashi), shuningdek suv olish hajmlari hamda belgilangan maqsadi koʻrsatilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shaklda beriladi.
Suv olish uchun buyurtmanomada koʻrsatilgan suv hajmi belgilangan suv olish kvotasidan va suv olish limitidan ortiq boʻlmasligi kerak.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar ikki kunlik muddatda xizmat koʻrsatilayotgan hududdagi barcha suvdan foydalanuvchilarning yozma buyurtmanomalarini umumlashtirib va tahlil qilib, keyinchalik yozma buyurtmanomalarni tumanlararo ahamiyatga molik suv xoʻjaligi obyektlaridan suv olish uchun tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga yuboradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tegishliligi boʻyicha buyurtmanomalarni bir kun ichida umumlashtiradi va tahlil qiladi, tumanlararo va transchegaraviy ahamiyatga molik daryolardan, magistral kanallardan (tizimlardan), xavf darajasi yuqori boʻlgan suv obyektlaridan suv olishga nisbatan esa yozma buyurtmanomalarni Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga ajratilgan suv olish kvotalari va suv olish limitlaridan, shuningdek suv manbasining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda bir kun ichida buyurtmanomalarni umumlashtiradi va tahlil qiladi hamda xabarnoma shaklida suv olishga ruxsat beradi yoki buni rad etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari bir kun ichida suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga ajratilgan suv olish limitlaridan, shuningdek suv manbasining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda xabarnoma shaklida suv olishga ruxsat beradi yoki buni rad etadi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar oʻz navbatida bir kunlik muddatda suvdan foydalanuvchilarga ajratilgan suv olish limitlaridan, shuningdek suv manbasining suvlilik darajasidan kelib chiqqan holda xabarnoma shaklida suv olishga ruxsat beradi yoki buni rad etadi.
7-bob. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilishni davlat tomonidan normalashtirish
34-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni davlat tomonidan normalashtirish
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirishda quyidagilar nazarda tutiladi:
tabiiy aylanmada suvning zarur miqdorini saqlash, uning normativ tozaligini taʼminlash, suv florasi va faunasini saqlash, suv havzalarining ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik, ularda ekologik muvozanatni saqlash va landshaftning tarkibiy qismi sifatida suv havzasiga zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslik shartlarini hisobga olgan holda suv olishning, oqova va kollektor-drenaj suvlarini oqizishning normativ koʻrsatkichlarini belgilash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida standartlashtirish, sertifikatlash hamda normativlarga mos keladigan metrologik jihatdan taʼminlash;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasida boshqa normativlar (ekologik cheklovlar, suv sifati va boshqalar) va qoidalarni belgilash.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 37-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 11-oktabrdagi 820-son “Tabiatni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan Ekologik xavfsizlik toʻgʻrisida umumiy texnik reglament.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirish maxsus vakolatli davlat organi tomonidan suv toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizom.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni normalashtirishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
ekologik xavfsizlikni suvdan va suv obyektlaridan hamda ular bilan bogʻliq suvga doir va boshqa ekotizimlardan foydalanishga oid qismida taʼminlash;
yer usti va yer osti suvlarini qaytarmasdan olishning yoʻl qoʻyiladigan cheklangan hajmi oshirilishiga yoʻl qoʻymaslik;
suvni va suv obyektlarini ekologik normativlarga (atrof-muhit sifati, unga boʻlgan zararli taʼsirning yoʻl qoʻyiladigan chegaralari, suv, muhofaza, sanitariya hamda boshqa zonalaridan foydalanish va boshqalar) muvofiq saqlash.
35-modda. Suvga va suv obyektlariga doir yoʻl qoʻyiladigan cheklangan zararli taʼsirning normativlari
Suvga va suv obyektlariga doir yoʻl qoʻyiladigan cheklangan zararli taʼsirning normativlari yer usti va yer osti suvlarini ekologik, sanitariya, texnik hamda boshqa normalarga javob beradigan holatda saqlash uchun belgilangan talablarga, shuningdek suv va tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining 2024-yil 22-noyabrdagi 26-son “Yer osti va yer usti suv obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (0083-24-son SanQvaN) tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Suvga va suv obyektlariga doir yoʻl qoʻyiladigan cheklangan taʼsirning normativlarini belgilashda quyidagi omillar hisobga olinadi:
antropogen ogʻirlikning yoʻl qoʻyiladigan cheklangan darajasi uzoq vaqt taʼsir etishi suv obyekti ekotizimining oʻzgarishiga olib kelmasligi kerak;
zararli moddalarning suv obyektiga va (yoki) uning suv toʻplanadigan maydoniga tushishi mumkin boʻlgan yoʻl qoʻyiladigan cheklangan massasi suv hamda suv obyekti holatining salbiy oʻzgarishlariga olib kelmasligi kerak;
suv obyektlariga zararli moddalarning yoʻl qoʻyiladigan cheklangan oqizilishining belgilangan normativlarini oshirmaslik;
zararli taʼsirlar oqibatida suvda va suv obyektlarida favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi xavfini kamaytirish boʻyicha oldindan choralar koʻrish;
suvning va suv obyektlarining holatini yomonlashtirishga olib kelishi mumkin boʻlgan boshqa omillar.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt normativlar yoʻqligi yoki ularning oshib ketishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining VIII-bobi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi sanitariya-epidemiologik normalashtirish sanitariya normalari, qoidalari hamda gigiyena normativlari ishlab chiqilishini nazarda tutadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi sanitariya-epidemiologik normalar talablariga rioya etilmasligi aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrish uchun asosdir.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 72-moddasi.
37-modda. Metrologik normalashtirish
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi metrologik normalashtirish metrologik taʼminlash talablarini belgilaydigan normalar hamda qoidalar ishlab chiqilishini nazarda tutadi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida foydalaniladigan oʻlchash vositalari va oʻlchovlarni bajarish uslubiyatlari metrologiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida foydalaniladigan oʻlchash vositalari natijalarni belgilangan aniqlik koʻrsatkichlari bilan taʼminlashi kerak.
Belgilangan metrologiya talablariga muvofiq boʻlmagan hamda belgilangan tartibda oʻlchovlarni bajarish uslubiyatlari bilan attestatsiyadan oʻtkazilmagan oʻlchash vositalaridan foydalangan holda olingan, suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi oʻlchash natijalari ishonchsiz hisoblanadi hamda bekor qilinishi lozim.
8-bob. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni davlat tomonidan hisobga olish
38-modda. Suvni davlat tomonidan hisobga olish
Suvni davlat tomonidan hisobga olish suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilishni joriy va istiqbolda rejalashtirishdan, shuningdek jamoatchilikni xabardor qilish uchun muayyan hududda yer usti va yer osti suvlarining hamda oqova suvlarning miqdori va sifatini aniqlashdan iborat.
Suvni davlat tomonidan hisobga olish va ulardan foydalanish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
davlat suv fondini tashkil etuvchi suvning miqdor va sifat jihatidan tarkibini belgilash;
suv xoʻjaligi balansini tuzish;
aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun suvdan foydalanilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash hamda yangilab borish;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun va koʻrsatilgan suv xoʻjaligi xizmatlari uchun soliq bazasini belgilash.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 63-bobi.
Suv resurslari standart gidrometrik asboblar bilan ularning sifat va miqdor jihatdan tarkibi boʻyicha muntazam hisobga olinishi, standart uslublar bilan qayta ishlanishi hamda havzalar (hududlar) yillik va koʻp yillik hisoblashda baholanishi lozim.
Suv obyektlarining soni va holatini hisobga olish mazkur obyektlarning hajmlari, holati hamda oʻrganilganlik darajasidan kelib chiqib va geoaxborot texnologiyalaridan foydalangan holda kartografiya, gidrogeologiya va geodeziya uslublari bilan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida suvni davlat tomonidan hisobga olish yagona tizim boʻyicha amalga oshiriladi hamda suvdan foydalanuvchilarni xabardor qilish uchun yer usti va yer osti suvlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobga olish maʼlumotlariga hamda suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi maʼlumotlariga asoslanadi. Yer usti va yer osti suvlari maʼmuriy va gidrografik chegaralar doirasida, shuningdek suvdan foydalanuvchilar doirasida hisobga olinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning VII-bobi.
39-modda. Suvdan foydalanishning rasmiy statistikasi
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan quyidagilar boʻyicha rasmiy statistika yuritiladi:
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizom.
suvdan foydalanish;
yalpi ichki mahsulot birligini ishlab chiqarish uchun suvning sarflanishi.
40-modda. Davlat suv kadastri
Davlat suv kadastri Oʻzbekiston Respublikasi Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismidir.
Davlat suv kadastri yagona davlat suv fondini tashkil etuvchi suv obyektlari, suv resurslari, suv rejimi, suvning sifati va undan foydalanish haqidagi, shuningdek suvdan foydalanuvchilar va suv xoʻjaligi obyektlari, suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqasi va sanitariya muhofazasi zonasi, ichimlik, oqova va kollektor-drenaj suvlari toʻgʻrisidagi tizimlashtirilgan, doimiy toʻldirib boriladigan va zarurat boʻlganda aniqlashtiriladigan maʼlumotlar toʻplamini ifodalaydi.
Suv obyektlarini, suvdan foydalanuvchilarni va suv xoʻjaligi obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish, suvning miqdori va sifatini hisobga olish, suv resurslarini va ulardan foydalanishni baholash davlat suv kadastrining tarkibiy qismlaridir.
Davlat suv kadastri mahalliy davlat hokimiyati organlarini, yuridik va jismoniy shaxslarni suv obyektlari hamda suv xoʻjaligi obyektlari, suv resurslari, suv rejimi, suvning sifati va undan foydalanish, shuningdek suvdan foydalanuvchilar toʻgʻrisidagi zarur maʼlumotlar bilan taʼminlash uchun moʻljallangan.
Belgilangan tartibda qabul qilingan davlat suv kadastri suv va suv xoʻjaligi munosabatlarini tartibga solishda, suvdan foydalanish bilan bogʻliq ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik vazifalarni hal etishda majburiy yuridik kuchga ega boʻladi.
41-modda. Davlat suv kadastrining obyektlari va predmeti
Yer usti va yer osti suv obyektlari hamda ularning resurslari Davlat suv kadastrining obyektlaridir.
Suvning miqdor va sifat koʻrsatkichlari boʻyicha foydalanishni har tomonlama oʻrganish va baholash, suvdan foydalanish huquqini va suvdan xoʻjalik maqsadlarida foydalanishni roʻyxatdan oʻtkazish Davlat suv kadastrining predmetidir.
42-modda. Davlat suv kadastrining maʼlumotlaridan foydalanish
Davlat suv kadastrining maʼlumotlari quyidagilar chogʻida foydalanish uchun moʻljallangan:
suvdan foydalanishni joriy va istiqbolli rejalashtirishda hamda suvni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda;
mamlakat hududida ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishda;
suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalarini hamda suv xoʻjaligi balanslarini tuzishda;
suvdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan suv xoʻjaligi, transport, sanoat tuzilmalarini, boshqa korxonalar va inshootlarni loyihalashtirishda;
gidrologik va gidrogeologik sharoitlar, daryolar suvining hajmi va sifati oʻzgarishlarini prognoz qilishda;
suv xoʻjaligi tizimlarining ish samaradorligini oshirish tadbirlarini ishlab chiqishda;
suv olishni va suv chiqarib yuborishni, shuningdek suv sifati koʻrsatkichlarini normalashtirishda;
suvning zararli taʼsirining oldini olish va uni bartaraf etish tadbirlarini ishlab chiqishda;
suvdan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish tadbirlari oʻtkazilishi ustidan davlat nazoratini belgilashda;
suvdan foydalanuvchilar oʻrtasidagi, shuningdek suvdan foydalanuvchilar hamda boshqa manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solishda;
suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal etishda.
43-modda. Davlat suv kadastrining tuzilishi
Davlat suv kadastri quyidagi boʻlimlardan iborat:
yer usti suvlari;
yer osti suvlari;
suvdan foydalanish;
ichimlik suvi va oqova suvlar.
Davlat suv kadastri maʼlumotlari umuman Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududi va viloyatlar, daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari boʻyicha, yer osti suvlari boʻlimi yuzasidan esa gidrogeologiya mintaqalari boʻyicha ham yuritiladi.
Yer usti suvlarining resurslari, ularning sifati va xoʻjalik faoliyati taʼsiridagi oʻzgarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar umuman Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning hamda Oʻzbekiston Respublikasining suv obyektlari va ularning uchastkalari, daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari boʻyicha umumlashtiriladi.
Yer osti suvlarining resurslari, ularning sifati va xoʻjalik faoliyati taʼsiridagi oʻzgarishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Oʻzbekiston Respublikasining suv konlari, daryolar havzalari boʻyicha umumlashtiriladi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar umuman Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Oʻzbekiston Respublikasining daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari, xavf darajasi yuqori boʻlgan suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha, shuningdek suvdan foydalanish turlari va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha umumlashtiriladi.
Davlat suv kadastrining avtomatlashtirilgan axborot tizimi maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi Milliy geoaxborot tizimiga uygʻunlashtirilgan holda shakllantiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
44-modda. Davlat suv kadastrini yurituvchi vakolatli organlar
Davlat suv kadastri:
Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan — yer usti suvlari boʻlimi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan — suvdan foydalanish boʻlimi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan — yer osti suvlari boʻlimi boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan — ichimlik suvi va oqova suvlari boʻlimi boʻyicha yuritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Davlat suv kadastri maʼlumotlarini umumlashtiradi.
Davlat suv kadastrining maʼlumotlari tarkibi va nashrlari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizomi va 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
45-modda. Davlat suv kadastrining maʼlumotlarini taqdim etish
Davlat suv kadastriga doir axborot davlat organlariga bepul, yuridik va jismoniy shaxslarga esa pulli asosda taqdim etiladi.
Soʻrov boʻyicha taqdim etiladigan Davlat suv kadastridagi axborot turlari, uni berish tartibi hamda uning toʻlov miqdorlari Davlat suv kadastrini yuritish boʻyicha vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 7-yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat suv kadastrini ishlab chiqish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
46-modda. Suv xoʻjaligi balanslari
Suvning mavjud hajmini va undan foydalanish darajasini baholash uchun daryolar havzalari, havza irrigatsiya tizimlari hamda iqtisodiy mintaqalar boʻyicha suv xoʻjaligi balanslari tuziladi.
Suv xoʻjaligi balanslari suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ularning vakolatlari doirasida tuziladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan umumlashtiriladi.
Suv xoʻjaligi balansi kalendar yil uchun tuziladi va rejalashtirish davridan oldingi yilning 1-dekabridan kechiktirmay tasdiqlanadi.
47-modda. Suv resurslaridan kompleks foydalanish va ularni muhofaza qilish sxemalari
Suvdan, shu jumladan ekotizim ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan yoki ajratiladigan suvlardan kompleks foydalanish va ularni muhofaza qilishning bosh va havza (yoki hududiy) sxemalari, aholining hamda iqtisodiyot tarmoqlarining suvga boʻlgan istiqboldagi ehtiyojlarini qanoatlantirish, shuningdek suvlarni muhofaza qilish, ularning zararli taʼsirining oldini olish va uni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan asosiy suv xoʻjaligi tadbirlarini hamda boshqa tadbirlarni belgilab beradi.
Suv resurslaridan kompleks foydalanish va ularni muhofaza qilish sxemalari asosida suv resurslarini boshqarishning havza (yoki hududiy) rejalari ishlab chiqiladi.
Suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilishning bosh hamda havza (yoki hududiy) sxemalari davlat ekologik ekspertizasining majburiy obyektlaridir.
48-modda. Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi:
suvning va suv obyektlarining holatini, suvning miqdori va sifatini muntazam ravishda kuzatib borish, maʼlumotlarni toʻplash, saqlash, toʻldirish va ularga ishlov berish, suv va suv obyektlari holatining oʻzgarishlarini baholash hamda prognoz qilish maqsadida amalga oshiriladi;
atrof tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining tarkibiy qismidir;
gidrologik, gidrokimyoviy va gidrobiologik koʻrsatkichlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi, shu jumladan masofadan zondlash sunʼiy yoʻldoshlar, uchuvchisiz uchish apparatlari, samolyotlar, vertolyotlar hamda geoaxborot tizimlari kabi zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Suvning va suv obyektlarining davlat monitoringi natijalari:
atrof tabiiy muhit monitoringi tizimining Yagona geoaxborot maʼlumotlar bazasiga kiritiladi;
tegishli qarorlar qabul qilish uchun suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga bepul taqdim etiladi.
49-modda. Suvdan foydalanishda suvning hisobi va hisobotini yuritish tartibi
Suvdan foydalanuvchilar suvdan maxsus foydalanishda suvdan foydalanishning hisobi va hisobotini belgilangan tartibda yuritadi.
Suv resurslarining hisobi suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylarida yuritiladi.
Suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylari pasportga ega boʻlishi, tegishli suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotida roʻyxatdan oʻtkazilgan, suvni boshqarish (darvoza yoki suv oqimining ochilishi va yopilishini taʼminlovchi boshqa qurilma) va hisobga olish (shu jumladan “onlayn” rejimda ishlaydigan raqamli qurilmalar) vositalari bilan jihozlangan hamda belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Suvdan foydalanuvchilarning suv olish joylarini “onlayn” rejimda ishlaydigan raqamli qurilmalar bilan jihozlash va maʼlumotlarni uzatish boʻyicha dasturiy taʼminot bilan taʼminlash qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 174-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Suvdan foydalanuvchilar tomonidan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun olinadigan suvni hisobga olish suv olish joylari suvni hisobga olish vositalari bilan jihozlanguniga qadar, haqiqiy sugʻoriladigan maydonlarning oʻlchamidan, sugʻorishlar sonidan, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish rejimidan, suv olish davomiyligi va boshqa omillardan kelib chiqqan holda hajmiy, hisoblash va boshqa uslublarda amalga oshirilishi mumkin.
Suvdan foydalanuvchilarning suv olish va suv tashlash joylarining pasportlarini roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek suvni hisobga olish vositalarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan yer usti sunʼiy suv obyektlaridan suv olishda va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishgan holda yer usti tabiiy suv obyektlaridan suv olishda;
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan yer osti suv obyektlaridan suv olishda belgilanadi.
Suvdan foydalanishning hisobi va hisobotini yuritish maqsadida har bir suv olish joyida suv yetkazib beruvchi tashkilot va suvdan foydalanuvchi oʻrtasida belgilangan shakl boʻyicha suvning har kungi hisobga olish elektron jurnali maxsus axborot tizimida yuritiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-apreldagi 174-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan foydalanish va suv isteʼmolida suv resurslarining hisobi va hisobotini hamda monitoringini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Suvning har kungi hisobga olish jurnali Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boʻlinmalari tomonidan maxsus axborot tizimida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-sentabrdagi 500-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizom.
Suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchilar tomonidan har kuni suvdan foydalanilishi toʻgʻrisidagi axborot dasturiy taʼminotga oʻz vaqtida va toʻgʻri kiritilishini kuzatib boradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlar dasturiy taʼminotning doimiy va uzluksiz ishlashini taʼminlaydi.
Har oyning yakunlari boʻyicha suvdan foydalanuvchi va suv yetkazib beruvchi tashkilot oʻrtasida belgilangan shakl boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar maxsus axborot tizimida ikki tomonlama elektron dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Ikki tomonlama dalolatnomada keltirilgan maʼlumotlar suvdan foydalanish boʻyicha rasmiy statistika axborotini tayyorlash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Suvdan foydalanuvchilarning soliq bazasini aniqlash maqsadida hisobot davri mobaynida suvdan foydalanuvchilar tomonidan har bir faoliyat turi boʻyicha foydalanilgan suvning hajmi toʻgʻrisidagi axborot Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan muddatlarda soliq organlarining va suvdan foydalanuvchilarning eʼtiboriga yetkaziladi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotlar vegetatsiya davri (1-aprel — 30-sentabr) tugaganidan keyin 15-oktabrga qadar va kuz-qish davrining (1-oktabr — 31-mart) yakunida 15-aprelga qadar belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga hamda irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi elektron hisobotni taqdim etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari vegetatsiya davri tugaganidan keyin 1-noyabrga qadar hamda kuz-qish davri tugaganidan keyin 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi hisobotni elektron tarzda taqdim etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligiga:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻz tizimidagi sugʻorish va drenaj quduqlaridan foydalanilgan yer osti suvlari toʻgʻrisidagi hisobot vegetatsiya davri tugaganidan keyin 1-noyabrga qadar va kuz-qish davri tugaganidan keyin 1-mayga qadar;
boshqa suvdan foydalanuvchilar, shu jumladan ichimlik suvidan foydalanuvchilar tomonidan yer osti suvlaridan foydalanilganligi toʻgʻrisidagi hisobot belgilangan tartibda hisobot choragidagi oydan keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmay elektron tarzda taqdim etiladi.
Suv resurslari boʻyicha axborot, dalolatnomalar, hisob va hisobotlar tegishli idoraviy statistika hisobotini tayyorlash hamda Davlat suv kadastrini ishlab chiqish, shuningdek suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha soliq bazasini hisoblash uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Hisobga olish jurnalining, yetkazib berilgan suvni rasmiylashtirish dalolatnomasining, joriy axborotni taqdim etish shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining tegishli buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
50-modda. Suv resurslari boʻyicha axborot tizimi
Suv resurslarini kompleks boshqarish hamda ulardan foydalanishni va ularni muhofaza qilishni taʼminlash uchun axborotni toʻplash, saqlash, qayta ishlash va taqdim etish, suv xoʻjaligi sohasidagi davlat siyosatini, rivojlanish dasturlarini, havza rejalarini, loyihalar va tadbirlarni ishlab chiqish, suv bilan taʼminlanganlikni prognoz qilish, istiqbolli va tezkor qarorlar qabul qilish, shuningdek jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida “Raqamli suv xoʻjaligi” yagona axborot tizimi yaratiladi.
Yagona axborot tizimini boshqarish Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Barcha suvdan foydalanuvchilar, aloqador boʻlgan vazirlik va idoralar belgilangan shakllar boʻyicha axborotning toʻplanishini, unga ishlov berilishini hamda uning Suv resurslari boʻyicha milliy axborot tizimiga “Elektron hukumat” tizimi orqali bepul taqdim etilishini taʼminlaydi.
III BOʻLIM. SUVDAN FOYDALANISH, SUV OLISH KVOTALARI VA LIMITLARI, SUVDAN FOYDALANUVCHILARNING NODAVLAT TASHKILOTLARI
9-bob. Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar
51-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish maqsadlari
Yuridik va jismoniy shaxslar suvdan va suv obyektlaridan quyidagi maqsadlarda foydalanishi mumkin:
ichimlik, xoʻjalik-maishiy, rekreatsiya, davolash va boshqa ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun;
qishloq, oʻrmon, va ovchilik xoʻjaliklarining ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun;
sanoat, energetika, transport va boshqa davlat yoki jamoat ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun;
oqova suvlarni oqizish uchun.
Suv va suv obyektlari bir yoki bir necha maqsadlar uchun foydalanishga berilishi mumkin.
52-modda. Suvdan foydalanishning ustuvor yoʻnalishlari
Ushbu Kodeks bilan suvdan foydalanishning quyidagi ustuvor yoʻnalishlari belgilanadi:
ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari, shuningdek aholining davolanish ehtiyojlari;
sanitariya va ekologik maqsadlar;
sanoat, energetika va xizmatlar sohasi;
qishloq xoʻjaligi, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilik, shaxsiy tomorqa yer uchastkalari, bunda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan maydonlarni suv bilan taʼminlash ustuvordir.
Suvdan foydalanishda gidroenergetikaning suv resurslariga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash ustuvorlik boʻyicha qishloq xoʻjaligi ehtiyojlarini suv resurslari bilan taʼminlashga tenglashtiriladi.
53-modda. Suv obyektlaridan va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish muddatlari
Suv obyektlari va suv xoʻjaligi obyektlari doimiy yoki vaqtincha foydalanishga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarga asosan foydalanishga beriladi.
Muddati belgilanmagan holda suvdan foydalanish suv obyektlaridan va suv xoʻjaligi obyektlaridan doimiy foydalanish deb eʼtirof etiladi.
Suv obyektidan va suv xoʻjaligi obyektidan vaqtincha foydalanish muddati uch yildan kam boʻlmasligi va qirq toʻqqiz yildan oshmasligi kerak.
Suv obyektlaridan vaqtincha foydalanish muddatlari manfaatdor boʻlgan suvdan foydalanuvchilarning iltimosnomasiga koʻra suv obyektini tanho foydalanishga berish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan yoki suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma bergan davlat organlari tomonidan uzaytirilishi mumkin.
54-modda. Suvdan umumiy foydalanish
Suvdan umumiy foydalanish jumlasiga quyidagilar kiradi:
oʻzining ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv olish;
choʻmilish;
baydarkada va motorsiz qayiqda suzish;
chorva mollarini sugʻorish;
sport va havaskorlik yoʻli bilan baliq ovlash.
Suvdan umumiy foydalanish ushbu Kodeksda va boshqa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ruxsatsiz va cheklovlarsiz amalga oshiriladi.
Tanho foydalanishga berilgan suv obyektlarida suvdan umumiy foydalanishga va suv isteʼmoliga ushbu suv obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan suv xoʻjaligi organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari bilan kelishilgan holda (ichki sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlariga oid qismida) belgilangan shartlarga koʻra yoʻl qoʻyiladi, zarur boʻlganda esa bunday suvdan foydalanish qonunchilikka muvofiq taqiqlanishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
55-modda. Suvdan maxsus foydalanish
Suvdan maxsus foydalanish jumlasiga quyidagilar kiradi:
toʻsuvchi inshootlardan, nasoslardan, nasos stansiyalaridan, sifonlar va suv koʻtaruvchi boshqa qurilmalardan foydalangan holda suv olish;
suv transportida suzish;
gidroelektrostansiyalar uchun suvdan foydalanish;
oqova suvlarni suv obyektlariga oqizish.
Suvdan maxsus foydalanish ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilangan hollarda ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
56-modda. Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma
Quyidagi hollarda suvdan maxsus foydalanish ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi:
suv olish inshootlaridan foydalangan holda suv obyektlaridan bir sutkada 5 kub metrdan ortiq suv olishda;
oqova va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga hamda joy relyefiga oqizishda.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma:
yer usti tabiiy suv obyektlaridan suv olishda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy organlari tomonidan;
yer osti, mineral va termal suvlarni olishda — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy organlari bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining tegishli organlari tomonidan beriladi.
Sunʼiy suv havzalaridagi suvdan foydalanilganda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
57-modda. Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish shartlari
Yer usti suvlaridan va yer osti suvlaridan foydalanishga loyiq tasdiqlangan zaxiralaridan foydalanishda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma besh yil muddatga beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi 9-son qarori bilan tasdiqlangan Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish yoki ularni maxsus isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma olgan yuridik va jismoniy shaxslar uning amal qilish muddati davrida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha hududiy organlar hamda hududiy gidrogeologik stansiyalar vakillari ishtirokida tegishli hujjatlar bilan rasmiylashtiriladigan foydalaniladigan quduqlarni konservatsiya qilishni va qayta ishga tushirishni amalga oshirish huquqiga ega.
Tasdiqlanmagan zaxiralardagi foydalanishga yaroqli boʻlgan yer osti suvlaridan foydalanishda guruhli suv olish inshootlari uchun suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma ikki yildan koʻp boʻlmagan muddatga beriladi.
Suvdan foydalanuvchi ruxsatnomaning amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin ruxsatnoma beradigan organga avval berilgan ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat qilishga haqli.
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati ruxsatnomani berish kelishilgan organlardan suv taʼminoti manbasida, ruxsatnomada koʻrsatilgan suvdan foydalanish maqsadida va boshqa shartlarida oʻzgarishlar mavjud emasligi haqida xulosa olinganidan keyin ruxsatnomani bergan organ tomonidan besh yilga uzaytiriladi.
Suvdan foydalanuvchi suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilish muddati tugaganidan keyin yoki ruxsatnomada koʻrsatilgan suvdan foydalanish manbalari, maqsadi va boshqa shartlari oʻzgarganda, belgilangan tartibda yangi ruxsatnoma olishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
Obyektlarni qurish yoki rekonstruksiya qilish davrida suvdan maxsus foydalanilganda suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma ushbu ishlarni amalga oshirish davriga rasmiylashtiriladi. Obyekt ishga tushirilgach, suvdan foydalanuvchi belgilangan tartibda yangi ruxsatnoma olishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
58-modda. Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va uni bekor qilish
Suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va uni bekor qilish “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus isteʼmol qilishga ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti.
59-modda. Suv xoʻjaligi tadbirlarini oʻtkazish, suvdan foydalanish shartlarini tugatish yoki oʻzgartirish natijasida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash
Yuridik va jismoniy shaxslarga suv xoʻjaligi tadbirlarini (suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash-tiklash ishlarini va boshqalarni) oʻtkazish, suvlardan nooqilona foydalanish, ularni bulgʻatish, ifloslantirish, kamaytirish, shuningdek suvdan foydalanish shartlarini qonunga xilof ravishda bekor qilish yoki oʻzgartirish natijasida yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan hollarda va tartibda qoplanishi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 72-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 23-noyabrdagi 666-son qarori bilan tasdiqlangan Noruda materiallarni noqonuniy qazib olishda tabiiy obyektlarga yetkazilgan zararni hisoblash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 18 – 20-bandlari.
Suv obyektlarining sohil boʻyi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida qonunga xilof ravishda qurilgan obyektlarda hamda qonunga xilof ravishda oʻzlashtirilgan yer uchastkalarida suv xoʻjaligi tadbirlarini oʻtkazish chogʻida yetkazilgan zararning oʻrni qoplanmaydi.
60-modda. Suv servituti
Suv servituti quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:
suvdan umumiy foydalanish;
fuqarolar va transport vositalarining oʻtishi;
hayvonlarni sugʻorish va chorva mollarini haydab oʻtish;
suv obyektlaridan kichik hajmli kemalar uchun suv yoʻllari sifatida foydalanish;
sohil boʻyi zonalaridan erkin foydalanishni, shu jumladan undan oʻtishni taʼminlash.
Suv servituti qonunchilikka muvofiq boshqa maqsadlarda ham belgilanishi mumkin.
Suv servituti ommaviy suv servituti va xususiy suv servituti shaklida boʻlishi mumkin.
Ommaviy suv servituti suvdan umumiy foydalanish huquqiga tenglashtiriladi hamda davlat va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, mahalliy aholining manfaatlarini taʼminlash uchun jamoat manfaatlari inobatga olingan holda belgilanadi.
Xususiy suv servituti tanho foydalanishga berilgan suv obyektlariga nisbatan belgilanadi.
Ommaviy suv servituti suv obyektlariga yoki ularning qismlariga nisbatan, shu jumladan lotokli va boshqa usti qoplangan sugʻorish tarmogʻiga nisbatan qoʻllaniladi.
Ommaviy suv servituti suv servitutining belgilanishiga ehtiyoji boʻlgan shaxslar hamda suv obyekti yoki uning bir qismi va sohil boʻyi mintaqasi joylashgan yer uchastkasining egasi, undan foydalanuvchi, uning ijarachisi oʻrtasida kelishuv mavjudligi-mavjud emasligidan qatʼi nazar, agar ushbu shaxslar bunday huquqdan yer uchastkasi boshqa shaxsga mulk qilib berilguniga qadar foydalangan boʻlsa, belgilanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ommaviy suv servituti belgilanishini taʼminlashi shart.
Boshqa hollarda, suv servituti kimlarning manfaatlarini koʻzlab suv servituti belgilanayotgan boʻlsa, oʻsha shaxslar hamda suv obyekti yoki uning bir qismi joylashgan yer uchastkasining egasi, undan foydalanuvchi, uning ijarachisi oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha, kelishuvga erishish imkoni boʻlmagan taqdirda esa sudning qaroriga koʻra belgilanadi.
Suv servitutlarining rejimi suv fondi yerlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 77-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Suv servituti suv obyekti yoki uning bir qismi joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan huquq boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda ham saqlab qolinadi.
Suv servitutlarini amalga oshirish uchun suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnomani olish talab etilmaydi.
Suv servitutining belgilanishi tanho foydalanish uchun berilgan suv obyekti egasini ushbu suv obyektiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidan mahrum etmaydi.
Suv servituti belgilangan suv obyektining egasi, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, suv servituti kimning manfaatlarini koʻzlab belgilangan boʻlsa, oʻsha shaxsdan ushbu suv obyektidan yoki uning bir qismidan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqlidir.
Fuqarolik va yer toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan suv servitutlari haqidagi qoidalar suv servitutlariga nisbatan ushbu Kodeks talablariga zid boʻlmagan qismida qoʻllaniladi.
Suv olish kvotalari manbalar, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha quyidagilar tomonidan ajratiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligiga va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari — suvdan foydalanuvchilarga.
Suvdan maxsus foydalanish uchun tabiiy suv havzalaridan suv olish kvotalari ushbu Kodeksning 56-moddasiga muvofiq vakolatli organlar ruxsatnomalarida belgilanadi.
Ajratilgan suv olish kvotasi uning amal qilish muddati davomida qayta koʻrib chiqilmaydi, bundan isteʼmol qilinadigan suvning hajmiga taʼsir koʻrsatadigan sugʻoriladigan uchastka maydoni, ishlab chiqarish quvvatlari oʻzgartirilgan hollar mustasno.
Suv olish kvotalarini ajratishda sanitariya va ekologik maqsadlar uchun suvni chiqarib yuborish talablari hisobga olinadi.
Ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlariga ular tomonidan meʼyoriy ehtiyojlar va kelajakda aholining oʻsishi prognozlaridan kelib chiqqan holda, ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun suv olish kvotasi ajratiladi.
62-modda. Sugʻoriladigan yerlar uchun suv olish kvotasi
Sugʻoriladigan yerlar uchun suv olish kvotasi sugʻoriladigan yer uchastkasi maydonini bir gektar sugʻoriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativlariga koʻpaytirish orqali hisob-kitob qilinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga moʻljallangan dasturi.
Gidrografik zonadagi bir gektar sugʻoriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativlari mazkur gidrografik zonadagi sugʻoriladigan yerlarda keyingi oʻn gidrologik yil uchun amaldagi oʻrtacha suv olish hajmlarini mazkur gidrografik zonadagi sugʻoriladigan yerlarning umumiy maydoniga boʻlish orqali hisob-kitob qilinadi. Bunda tuproqning mexanik tarkibi, joylashgan joyining relyefi, sizot suvlarning sathi, iqlim sharoitlari, koʻp yillik suv taʼminoti va boshqa omillar ham inobatga olinadi.
Bir gektar sugʻoriladigan yer maydoni uchun suv olish kvotasini ajratish normativi suv xoʻjaligi organlari tomonidan hisob-kitob qilinadi va bir yilda koʻpi bilan bir marta qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
63-modda. Sugʻoriladigan yerlar bilan bogʻliq boʻlmagan suvdan foydalanish uchun suv olish kvotasi
Sugʻoriladigan yerlar bilan bogʻliq boʻlmagan suvga boʻlgan ehtiyojlarning texnologik normalaridan kelib chiqqan holda, yer usti suvlariga nisbatan suv xoʻjaligi organlari tomonidan va yer osti suvlariga nisbatan togʻ-kon sanoati va geologiya organlari tomonidan suv olish kvotalari ajratiladi.
64-modda. Suv olish kvotasining amal qilish muddati
Suv olish kvotasining amal qilish muddati:
suvni qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish maqsadida oladigan va yer uchastkasini ijara shartnomasi asosida tasarruf etadigan suvdan foydalanuvchilar uchun — ijara shartnomasi amal qiladigan muddatga, ammo 10 yildan koʻp boʻlmagan muddatga;
suvni qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda oladigan suvdan foydalanuvchilar uchun — 10 yilgacha boʻlgan muddatga;
ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlaridan tashqari, suvni suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnoma asosida oluvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun — maxsus suvdan foydalanish ruxsatnomasining amal qilish muddati tugaguniga qadar belgilanadi.
Ichimlik suvi taʼminoti tashkilotlariga suv olish kvotasining amal qilish muddati cheklanmaydi.
Suv olish kvotalarini ajratishda sanitariya va ekologik maqsadlar uchun suvni chiqarib yuborish boʻyicha talablarga rioya etilishi inobatga olinadi.
65-modda. Faoliyat yuritayotgan suvdan foydalanuvchilarning manfaatlariga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan suv olish kvotalarini ajratish tartibi
Muayyan gidrologik zonada keyingi oʻn gidrologik yil davomida amalda olingan suvning oʻrtacha yillik hajmidan besh va undan ortiq foiz koʻp miqdorda kvota ajratish toʻgʻrisidagi talabnoma faoliyat yuritayotgan suvdan foydalanuvchilarning manfaatlariga jiddiy taʼsir koʻrsatuvchi talabnoma deb eʼtirof etiladi.
Suvdan foydalanuvchilar uchun talab etiladigan qoʻshimcha suv miqdori tegishli suv kengashlarining qaroriga muvofiq ajratiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-avgustdagi PQ-250-son “Oʻzbekiston Respublikasida suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 — 2028-yillarga moʻljallangan dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suv xoʻjaligi balanslarini tuzish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Ichimlik suvi taʼminoti uchun suv olish kvotasi ajratilishini rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Suvdan foydalanuvchilar oʻziga tegishli boʻlgan suv olish kvotasining bir qismini shartnoma asosida ayni shu gidrografik zonadagi boshqa suvdan foydalanuvchiga, ularga xizmat koʻrsatuvchi suv yetkazib beruvchi tashkilot bilan kelishilgan holda sotishi mumkin.
66-modda. Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnoma
Suvdan foydalanish suv yetkazib beruvchi tashkilot va suvdan foydalanuvchi oʻrtasida tuziladigan suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchilardan soʻrovnoma olganda, agar ular xizmat koʻrsatish hududida joylashgan va suv olish kvotasiga ega boʻlsa, ular bilan suvdan foydalanish toʻgʻrisida shartnoma tuzishi shart.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomada suv olish kvotalari, yetkazib beriladigan suv hajmlarini suv olishning har yillik yoki mavsumiy limitlari, suvni yetkazib berganlik uchun toʻlovning miqdorlari va mexanizmlari, suv yetkazib berishning boshqa shartlari, shuningdek taraflarning huquq va majburiyatlariga qarab oʻzgartirish mexanizmlari shartlashib olinadi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomaning namunaviy shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan (bundan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti mustasno) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (suvni tabiiy suv obyektlaridan olishda), Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi (suvni yer osti suvlaridan olishda), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 45-bandi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzishda suv olish kvotasining mavjudligi majburiy talab hisoblanadi.
Taraflarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga binoan suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilanadi.
67-modda. Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomalar maxsus axborot tizimida elektron shaklda:
viloyatlararo va transchegaraviy ahamiyatga ega boʻlgan, shuningdek yirik va alohida muhim suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi ayrim tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar — Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tarkibiga kiradigan foydalanuvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalar — tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan;
suv yetkazib beruvchi tashkilotlar tomonidan fermer va dehqon xoʻjaliklari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xizmat koʻrsatish hududidagi boshqa suvdan foydalanuvchilar bilan tuzilgan shartnomalar — tumanlar qishloq xoʻjaligi boʻlimlari (Quvasoy shahar boʻlimi) tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisida belgilangan tartibda tuzilgan shartnomalar roʻyxatdan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Qarang: Fuqarolik kodeksining 27-bobi, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, tumanlar qishloq xoʻjaligi boʻlimlarida (Quvasoy shahar boʻlimida) roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomalarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 48-bandi.
Suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi shartnomalar reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga va uning hududiy boʻlinmalariga (sunʼiy suv obyektlaridagi suvdan foydalanilganda), shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining tegishli organlariga (tabiiy suv obyektlaridagi suvdan foydalanilganda) belgilangan tartibda nazoratni taʼminlash uchun beriladi.
68-modda. Suv olish limitlarini belgilash
Suv olish limitlari:
suv manbalarining keyingi gidrologik yildagi suvliligi prognozi;
suvdan foydalanish turlarining (iqtisodiyot tarmoqlarining) ustuvorligi;
ajratilayotgan suv olish kvotasining prognoz qilinayotgan hajmi inobatga olingan holda belgilanadi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy, shuningdek davolash ehtiyojlari uchun suv olish limitlari ajratilgan suv olish kvotasidan kam boʻlishi mumkin emas.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi 981-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
Suv olish limitlari tegishli gidrografik zonadagi boshqa suvdan foydalanuvchilar uchun suv olish kvotalariga nisbatan teng foizda belgilanadi.
Suv olish limitlari suv manbalari, hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan — yiliga ikki marta vegetatsiya davri uchun 20-martgacha (1-aprel — 30-sentabr) va kuz-qish davri uchun 20-sentabrgacha (1-oktabr — 30-mart) boʻlgan muddatda — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalariga, viloyatlararo va transchegaraviy ahamiyatga ega boʻlgan magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalariga, energetika, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti obyektlaridan foydalanuvchi alohida korxonalar va tashkilotlarga;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan — yiliga ikki marta vegetatsiya davri uchun 25-martgacha va kuz-qish davri uchun — 25-sentabrgacha boʻlgan muddatda irrigatsiya tizimlari boshqarmalariga, suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga, shuningdek boshqa alohida ahamiyatga ega boʻlgan suvdan foydalanuvchilarga;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan — vegetatsiya davri uchun 28-martgacha va kuz-qish davri uchun 28-sentabrgacha boʻlgan muddatda — suvdan foydalanuvchilarga va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga (shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun), shuningdek boshqa suvdan foydalanuvchilarga belgilanadi.
Yer ostidan suv olish limiti suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalarda koʻrsatiladi hamda rasmiylashtirish chogʻida ruxsatnomaning amal qiladigan muddatiga belgilanadi.
Suv manbalarining suvliligi kamaygan yoki koʻpaygan hollarda suv olish limitlariga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Suvdan foydalanishning belgilangan davri tugaganidan keyin ikki oylik muddatda maxsus vakolatli organlar tomonidan manbalarning amaldagi suvliligi hisobga olingan holda, oʻtgan davr uchun suv olishning uzil-kesil limitlari tasdiqlanadi.
69-modda. Suv olish limitlarini tasdiqlash
Suv olish limitlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining buyrugʻi bilan Gidrometeorologiya xizmati agentligining prognozi asosida;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalarining buyruqlari bilan;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi (Quvasoy shahri boʻlimi) bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun suv olish limitini belgilash uchun suvdan foydalanuvchilar vegetatsiya va kuz-qish davrlari boshlanguniga qadar bir oy oldin, sugʻoriladigan dehqonchilikdan tashqari boshqa ehtiyojlar uchun esa — har yili 1-sentabrga qadar — ularga xizmat koʻrsatadigan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi va quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 79-son qarori bilan tasdiqlangan “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari toʻgʻrisidagi nizom.
suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomalar (tabiiy suv manbalaridan suv olinganda);
belgilangan tartibda tasdiqlangan suv yetkazib berish jadvallari (bundan suv quvurlari — ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimining suvidan foydalanuvchilar mustasno).
Suv olish limitlari suv olishning ruxsat etilgan suv manbalari (daryo, soy, buloq, suv havzasi, irrigatsiya tizimi, magistral kanal (tizim), sugʻorish va kollektor tarmogʻi, yer osti suvlari va boshqa suv manbalari) boʻyicha umumiy hajmini aks ettirishi hamda har oʻn kunda aniq suv olish joylari boʻyicha taqsimlangan boʻlishi kerak.
Suv olish limitlarini belgilashda iqtisodiyot tarmogʻining ustuvorligiga hamda barcha suvdan foydalanuvchilarning alohida suv manbalari va irrigatsiya tizimlari boʻyicha kutilayotgan suvlilik hisobga olingan holda, suv bilan teng barobarda taʼminlanishiga rioya etilishi kerak.
70-modda. Tejab qolingan suvni boshqa shaxsga berish
Suvdan foydalanuvchi oʻziga ajratilgan suv olish limiti doirasida tejab qolingan suvni yoki suvga boʻlgan ehtiyoj qisqarganligi natijasida tejab qolingan suvni ayni shu gidrografik zonadagi boshqa suvdan foydalanuvchiga shartnoma asosida berishi mumkin. Suv yetkazib beruvchi tashkilot suvdan foydalanuvchilar oʻziga ajratilgan suv olish limitlari doirasida iqtisod qilingan suvdan voz kechganligi yoxud suvga boʻlgan ehtiyoj qisqarganligi munosabati bilan paydo boʻlgan ortiqcha suvni boshqa talabgor foydalanuvchiga yetkazib berishi mumkin.
71-modda. Suv yetkazib berish jadvali
Suvdan foydalanuvchining suv olish limitlari suv yetkazib beruvchi tashkilot hamda suvdan foydalanuvchi tomonidan suvdan foydalanuvchilarning mavsumiy ehtiyojlari va suvni boshqa suvdan foydalanuvchiga yetkazib berish majburiyatlari inobatga olingan holda imzolanadigan, suv yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnomaning ilovasi boʻlgan suv yetkazib berish jadvaliga kiritiladi.
11-bob. Suvdan foydalanuvchilarning hamda suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning huquq va majburiyatlari
72-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari
Suvdan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
suv obyektlaridan ular qanday maqsadda berilgan boʻlsa, oʻsha maqsadlarda foydalanish;
suvdan foydalanishni amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda inshootlarni, qurilmalarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish;
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
berilayotgan suvning miqdori va sifatini tekshirish;
suv resurslarini boshqarishga doir qarorlar qabul qilinishida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etish;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni.
suv manbasining taxmin qilingan va haqiqiy suvliligidan kelib chiqqan holda suv olish limitlarini oʻzgartirish boʻyicha takliflar kiritish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, shu jumladan belgilangan suv olish limitlariga va suv berish rejimiga muvofiq suv olish huquqi buzilganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
suvdan foydalanuvchilar uyushmalarini va boshqa birlashmalarni qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etish.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 39-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Suvdan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
73-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish
Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari qonun bilan himoya qilinadi.
Suvdan foydalanuvchilarning buzilgan huquqlari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tiklanishi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
74-modda. Suvdan foydalanuvchilarning huquqlarini cheklash
Suvdan foydalanuvchilarning huquqlari qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, aholining sogʻligʻini saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, milliy xavfsizlikni taʼminlash maqsadida, shuningdek suv tanqisligida, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarda cheklanishi mumkin. Bunda aholining ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari uchun suv obyektlaridan foydalanish shart-sharoitlari yomonlashmasligi kerak.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Suvdan foydalanuvchilarning suvdan tanho holda foydalanish huquqlari mazkur suv obyektini tanho foydalanishga bergan vakolatli organ tomonidan, suvdan maxsus foydalanish huquqlari esa suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani bergan vakolatli organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda cheklanishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 7-oktabrdagi 645-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizom hamda Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandi.
oʻziga berilgan suv resurslarini oqilona boshqarishi va ulardan foydalanishi, suvdan maqsadsiz foydalanilishiga yoʻl qoʻymasligi, suvni tejab sarflash, uning sifatini tiklash va yaxshilash choralarini koʻrishi;
belgilangan suv olish limitlariga va suvdan foydalanish qoidalariga rioya etishi;
LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur kodeksning 68, 69-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 19-martdagi 82-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida suvdan foydalanish va suv isteʼmoli tartibi toʻgʻrisidagi nizomning IV-bobi.
suv obyektlaridan belgilangan maqsadlarda foydalanishi;
suvdan maxsus foydalanishda suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishi;
suvdan foydalanish toʻgʻrisida shartnoma tuzishi, suv olish uchun oʻz vaqtida talabnoma berishi;
tarkibida ifloslantiruvchi moddalar mavjud boʻlgan suvlarning suv obyektlariga oqizilishini toʻliq toʻxtatish choralarini koʻrishi;
boshqa suvdan foydalanuvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv xoʻjaligi obyektlariga va tabiiy resurslarga (yerlarga, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga, foydali qazilmalarga va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymasligi;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashi, oʻziga tegishli suv xoʻjaligi obyektlari va ulardagi inshootlarni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi;
oqova suvlar suv obyektlariga va joy relyefiga oqiziladigan joylarni avtomatik ravishda monitoring qilish vositalari bilan jihozlashi;
olinadigan suv miqdorining hamda suv obyektlariga va joy relyefiga oqiziladigan oqova suvlar hajmining hisobini yuritishi hamda zarur axborotni suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomani bergan vakolatli organlarga, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlarga taqdim etishi;
suv resurslaridan foydalanganlik, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning xizmatlari va shartnoma asosida koʻrsatilgan boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovlarni, shuningdek suv obyektlariga hamda joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarni oqizganlik uchun kompensatsiya toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashi;
suvni tejash va raqamli texnologiyalarni joriy etish choralarini koʻrishi;
suvlarning ifloslanishi, bulgʻanishi va kamayib ketishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, suv obyektlariga suvlarning zararli taʼsirini bartaraf etish choralarini koʻrishi, shuningdek yer usti va yer osti suvlari toʻplanadigan maydonlarning ifloslanishiga yoʻl qoʻymasligi;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini, sohil boʻyi mintaqalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini saqlashning belgilangan rejimiga rioya qilishi;
oʻzining suv xoʻjaligi obyektlariga suvlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vakillarini belgilangan tartibda kiritishi hamda ularga zarur axborotni taqdim etishi;
suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etadigan avariyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganligi toʻgʻrisida oʻziga xizmat koʻrsatadigan suv yetkazib beruvchi tashkilotlarni, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini oʻz vaqtida xabardor qilishi hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha ishlarni amalga oshirishda, shuningdek suv obyektlaridagi taʼmirlash-tiklash ishlarida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishi;
baliqlarni, boshqa suv florasi va faunasini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishi shart.
Suvdan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Oʻz balansida vertikal sugʻorish qudugʻiga ega boʻlgan suvdan foydalanuvchi tashkilotlar va jismoniy shaxslar mazkur sugʻorish qudugʻiga bevosita tutash boʻlgan yer uchastkasi uchun suv xoʻjaligi xizmatlari toʻlovidan ozod etiladi.
76-modda. Suv resurslaridan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanuvchi suvdan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Suv resurslaridan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanuvchi suvdan foydalanuvchilar ushbu Kodeksning 75-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
qishloq xoʻjaligi ekinlari va dov-daraxtlarini sugʻorish, shuningdek yaylovlarga suv chiqarishning qulay rejimini saqlashi;
suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini va ilgʻor sugʻorish texnikasini joriy etish orqali sugʻorish vositalari va uslublarini takomillashtirishi;
qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suvlarning monitoringi asosida salbiy jarayonlarning sabablari va oqibatlarini bartaraf etishi;
qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishning, shuningdek yaylovlarga suv chiqarishning qulay rejimini saqlab turish;
suvni tejash imkonini beradigan agrotexnika tadbirlarini amalga oshirishi;
tuproq unumdorligini saqlash imkonini beradigan melioratsiya tadbirlarini amalga oshirishi;
agar suvlarning oqizib yuborilishi texnologik jarayonda nazarda tutilmagan boʻlsa, sugʻorish uchun berilgan suvlarning kollektor-drenaj tarmogʻiga, suv obyektlariga va joy relyefiga oqizib yuborilishiga yoʻl qoʻymasligi;
tegishliligi boʻyicha suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash ishlarida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etishi shart.
77-modda. Baliqchilik xoʻjaligi suv havzalaridan yoki baliq ovlash uchastkalaridan foydalanuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning majburiyatlari
Baliqchilik xoʻjaligi suv havzalari yoki baliq ovlash uchastkalari oʻziga foydalanish uchun berilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ushbu Kodeksning 75-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, belgilangan tartibda:
baliq zaxiralarining urchib koʻpayishi uchun shart-sharoitlarni taʼminlashi;
baliqchilik xoʻjaligi suv havzalarida yoki baliq ovlash uchastkalarida irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlarini va boshqa inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, tiklash ishlarini amalga oshirishi, shuningdek ularni texnik jihatdan soz holatda saqlashi;
zarur melioratsiya ishlarini olib borishi hamda ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar joylashgan joylardagi sohil boʻyi uchastkalarini lozim darajada sanitariya holatida saqlashi shart.
78-modda. Suv obyektlaridan foydalanishni, suv berishni oʻzboshimchalik bilan tartibga solishni hamda oʻzboshimchalik bilan suv olishni taqiqlash
Alohida davlat ahamiyatiga yoxud alohida ilmiy yoki madaniy qimmatga ega boʻlgan suv obyektlaridan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda qisman yoki batamom taqiqlanishi mumkin.
Suvdan foydalanuvchilarning suv yetkazib beruvchi tashkilotlar bilan kelishilmagan holda, suv uzatilishini koʻpaytirish yoki kamaytirish maqsadida suv obyektlaridagi gidrotexnika inshootlarini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirishi, shuningdek ularga muvaqqat toʻsiqlarni, nasos stansiyalarini, nasoslarni, suvni koʻtaradigan va suv oladigan boshqa inshootlarni oʻrnatishi taqiqlanadi.
Oʻzboshimchalik bilan suv olish taqiqlanadi.
79-modda. Sunʼiy suv obyektlari va gidrotexnika inshootlari orqali traktorlar, transport vositalarining oʻtishini, chorva mollarining haydab oʻtilishini taqiqlash
Kanallar, boshqa sunʼiy suv obyektlari, gidrotexnika inshootlari va boshqa suv xoʻjaligi obyektlari orqali ushbu maqsadlar uchun moʻljallanmagan joylardan qishloq xoʻjaligi mashinalarining (traktorlar va boshqalarning), avtomobillarning hamda boshqa transport vositalarining oʻtishi, shuningdek chorva mollarining haydab oʻtilishi va sugʻorilishi taqiqlanadi.
Suv obyektlarida chorva mollarini sugʻorishga, shuningdek ularni choʻmiltirishga ushbu maqsadlar uchun maxsus jihozlangan joylarda ruxsat etiladi.
80-modda. Suv yetkazib beruvchi tashkilotning huquqlari
Suv yetkazib beruvchi tashkilot quyidagi huquqlarga ega:
suvdan foydalanishni amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda inshootlar, qurilmalarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilishni amalga oshirish;
berilayotgan suvning miqdori va sifatini tekshirishni amalga oshirish;
koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻz vaqtida haq toʻlanishini talab qilish;
suvdan foydalanuvchilarga suv yetkazib berishni suvdan foydalanish qoidalari buzilganda, suvdan maqsadsiz foydalanilganda, suv olish limitlari oshirib yuborilganda, shuningdek suv yetkazib berganlik uchun va koʻrsatilgan boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun oʻz vaqtida haq toʻlanmagan hollarda, aniqlangan shartnoma shartlarining buzilishlari bartaraf etilguniga qadar toʻxtatib turish;
oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi, shu jumladan belgilangan suv olish limitlariga va suv berish rejimiga muvofiq suv olish huquqining buzilganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanishini talab qilish.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
Suv yetkazib beruvchi tashkilot qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
81-modda. Suv yetkazib beruvchi tashkilotning majburiyatlari
Suv yetkazib beruvchi tashkilot:
suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishi, ulardan maqsadsiz foydalanilishiga yoʻl qoʻymasligi, suvdan tejamkor ravishda foydalanishi, suvning sifatini tiklashi va yaxshilashi;
belgilangan suv olish limitlariga va suvdan foydalanish tartibiga rioya etishi;
suv obyektlari qanday maqsadlar uchun foydalanishga berilgan boʻlsa, ulardan faqat shu maqsadlarda foydalanishi;
tashlama suvlar hajmining koʻpayishi hollarining oldini olishi;
suv yetkazib berish toʻgʻrisida shartnomalar tuzishi va belgilangan sifatdagi suvning belgilangan miqdorda oʻz vaqtida yetkazib berilishini taʼminlashi;
suv yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnoma boʻyicha oxirigacha olinmagan suvning oʻrnini qoplashi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
tarkibida belgilangan normadan ortiq ifloslantiruvchi moddalar mavjud boʻlgan oqova suvlarni suv obyektlariga oqizib yuborishni tugatish choralarini koʻrishi;
suvdan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga, shuningdek suv obyektlariga, xoʻjalik obyektlariga va tabiiy resurslarga (yerlarga, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga, foydali qazilmalarga va boshqalarga) zarar yetkazilishiga yoʻl qoʻymasligi;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlashi, suv xoʻjaligi obyektlarini va ulardagi inshootlarni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, ulardan maqsadli foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etishi;
olinadigan suvning hamda suv obyektlariga va joy relyefiga oqizib yuboriladigan oqova suvlar hajmining hisobini yuritishi hamda vakolatli organlarga va oʻziga xizmat koʻrsatiladigan suvdan foydalanuvchilarga zarur axborotni taqdim etishi;
suvni tejash va suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, suvni yetkazib berishdagi yoʻqotishlarni qisqartirish choralarini koʻrishi, suvni qonunga xilof ravishda olishning nazorat qilinishini taʼminlashi;
suvlarning ifloslanishi, bulgʻanishi va kamayib ketishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishda ishtirok etishi, shuningdek yer usti va yer osti suvlari toʻplanadigan maydonlarning ifloslanishiga yoʻl qoʻymasligi;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalarini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish tartibi va shartlariga rioya etishi;
suvlardan foydalanilishi va ularning muhofaza qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organlarning vakillarini oʻzining suv xoʻjaligi obyektlariga belgilangan tartibda kiritishi hamda ularga zarur axborot taqdim etishi;
suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etadigan avariyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganligi toʻgʻrisida suvdan foydalanuvchilarni, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini oʻz vaqtida xabardor qilishi, shuningdek ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha ishlarni amalga oshirishda ishtirok etishi;
baliqlarni, boshqa suv florasi va faunasini muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishi shart.
Suv yetkazib beruvchi tashkilotning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
12-bob. Suvdan foydalanuvchilarning birlashmalari, nodavlat tashkilotlari, ular aʼzolarining huquq va majburiyatlari
82-modda. Suvdan foydalanish sohasidagi uyushmalar va boshqa nodavlat tashkilotlari
Suvdan foydalanuvchilar suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek oʻz huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida nodavlat tashkilotlari boʻlgan uyushmalar, ittifoqlar va boshqa birlashmalarni tashkil etishi mumkin.
83-modda. Suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining huquq va majburiyatlari
Suvdan foydalanuvchilar uyushmalari quyidagi huquqlarga ega:
uyushma aʼzolarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish;
xizmat koʻrsatuvchi suv yetkazib beruvchi tashkilotdan suvdan foydalanuvchilar oʻrtasida suvning adolatli ravishda taqsimlanishi va berilishini talab qilish;
sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarini hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlarini taʼmirlash va rekonstruksiya qilish rejalarini ishlab chiqishda, bosh suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash tadbirlari rejalarini ishlab chiqishda takliflar bilan ishtirok etish;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga takliflar kiritish, ularning qarorlarini tayyorlashda qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etish;
uyushmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ittifoqlarga aʼzo boʻlib kirish.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmasi qonunchilikka va suvdan foydalanuvchilar uyushmasining ustavlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmasi:
suv toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
suvdan foydalanuvchilar uyushmasining mol-mulkidan va mablagʻlaridan foydalanilishi toʻgʻrisidagi axborotning oʻz aʼzolari uchun ochiqligini va undan foydalanishini taʼminlashi;
roʻyxatga oluvchi organga, soliq organlariga va davlat statistika organlariga belgilangan tartibda oʻz faoliyati toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etishi shart.
Suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining zimmasida qonunchilikka va suvdan foydalanuvchilar uyushmasining ustavlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
IV BOʻLIM. SUV OBYEKTLARIDAN VA SUV XOʻJALIGI OBYEKTLARIDAN FOYDALANISH
13-bob. Suv va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish
84-modda. Suv omborlaridan foydalanish
Suv omborlarini suvga toʻldirish va ulardan suv chiqarish rejimi, suv sathining oʻzgarish rejimi, gidrotexnika inshootlari orqali suvning oʻtish rejimi, kemalarning moneliksiz va xavfsiz oʻtishi, shuningdek baliqlarning urugʻ tashlaydigan joylarga oʻta olishini taʼminlash suv omborlaridan foydalanish qoidalari bilan belgilanadi.
Suv omborlaridagi toʻgʻonlar, dambalardan, suv oʻtkazadigan va suv oladigan inshootlardan, gidroenergetika majmualaridan hamda boshqa inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlar foydalanish qoidalari hamda suv omborlarining taʼsir zonalarida joylashgan suvdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari mulkdorlarining, yer egalarining va yerdan foydalanuvchilarning manfaatlari, shuningdek ekologik maqsadlar hisobga olingan holda belgilangan suv omborlarini suvga toʻldirish va ulardan suv chiqarish rejimiga rioya etishi, shu jumladan suvni ekologik maqsadlarda chiqarib yuborish rejimiga rioya etishi shart.
Suv omborlaridan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda boshqa manfaatdor organlar bilan kelishilgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan har bir suv ombori uchun tasdiqlanadigan qoidalarda belgilanadi.
85-modda. Suv omborlarining texnik holatini va obodonlashtirilishini taʼminlaydigan tadbirlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirish
Suv omborlarining texnik holatini va obodonlashtirilishini taʼminlaydigan tadbirlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirish tegishli suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
86-modda. Koʻllardan va boshqa suv havzalaridan suv omborlari sifatida foydalanish tartibi
Koʻllardan va boshqa suv havzalaridan suv omborlari sifatida foydalanish ushbu Kodeksning 84 va 85-moddalari qoidalari, shuningdek ularning maqomi (rekreatsiya jihatidan ahamiyati, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar) hisobga olingan holda, ushbu Kodeksda va boshqa qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
87-modda. Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish tartibi
Suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari tomonidan foydalaniladigan gidrotexnika inshootlari davlat mulki boʻlib, ulardan belgilangan tartibda foydalaniladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirining 2024-yil 22-oktabrdagi 01/2-80-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan SHNQ 2.06.01-24 “Gidrotexnika inshootlari” shaharsozlik normalari va qoidalari, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirining 2018-yil 7-iyundagi 342-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi qoidalari.
Davlat-xususiy sheriklik prinsiplari asosida xususiy sektorga boshqarishga berilgan gidrotexnika inshootlari davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda foydalaniladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining qarorlariga koʻra qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilariga berilgan gidrotexnika inshootlaridan ular tomonidan belgilangan maqsadga koʻra foydalaniladi.
Suvdan foydalanuvchilarning oʻz mablagʻlari hisobidan qurilgan gidrotexnika inshootlaridan ularning tegishliligi boʻyicha foydalaniladi.
Suv xoʻjaligi organlari suvdan foydalanuvchilar bilan shartnomaviy asosda suv xoʻjaligi obyektidagi gidrotexnika inshootlariga texnik xizmat koʻrsatishni amalga oshirishi mumkin.
14-bob. Suv obyektlaridan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti uchun foydalanish
88-modda. Suv obyektlarini aholining ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari uchun ustuvor ravishda berish
Suv obyektlari birinchi navbatda aholining ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun foydalanishga beriladi.
Aholining ichimlik, xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti va boshqa ehtiyojlari uchun beriladigan suv obyektlari suvining sifati belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, shuningdek milliy standartlarga muvofiq boʻlishi kerak.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti uchun berilgan suv obyektlaridan foydalanish ushbu Kodeksga muvofiq amalga oshiriladi.
89-modda. Yer osti chuchuk suvlaridan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyojlar uchun foydalanishni cheklash
Yer osti chuchuk suvlaridan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti bilan bogʻliq boʻlmagan ehtiyojlar uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Zarur boʻlgan yer usti suv manbalari boʻlmagan hamda yer osti chuchuk suvlarining yetarli zaxiralari boʻlgan hududlarda tasdiqlangan limitlarga muvofiq togʻ-kon sanoati va geologiya organlari ushbu suvlardan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlar uchun foydalanishga ruxsat berishi mumkin.
Yer osti suvlarining davlat monitoringi natijalari boʻyicha yer osti chuchuk suvlari sathining tizimli kamayishi belgilangan hududlarda quduqlarni qazish, gidrogeologik xulosa va suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma berish cheklanishi, toʻxtatib turilishi yoki taqiqlanishi mumkin.
90-modda. Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarining xavfsizligini taʼminlash
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, yuridik shaxslar mulkchilik shaklidan qatʼi nazar va jismoniy shaxslar ichimlik hamda xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti uchun foydalaniladigan suv manbalarida sanitariya qoidalari, normalari, gigiyena normativlari va milliy standartlar talablariga muvofiq suvning sifatini saqlashi shart.
15-bob. Suv obyektlaridan davolash, kurort va sogʻlomlashtirish maqsadlarida foydalanish
91-modda. Shifobaxsh suvlar toifasiga kiritilgan suv obyektlaridan birinchi navbatda davolash va kurort maqsadlarida foydalanish
Belgilangan tartibda shifobaxsh suvlar toifasiga kiritilgan suv obyektlaridan, eng avvalo, davolash va kurort maqsadlarida foydalaniladi.
Suv xoʻjaligi hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, togʻ-kon sanoati va geologiya organlari ayrim hollarda tegishliligiga koʻra shifobaxsh suvlar toifasiga kiritilgan suv obyektlaridan sogʻliqni saqlash organlari va sanatoriya-kurort boshqarmalari bilan kelishuvga koʻra boshqa maqsadlar uchun foydalanishga ruxsat berishi mumkin.
Shifobaxsh suvlar toifasiga kiritilgan suv obyektlariga suv tashlash taqiqlanadi.
92-modda. Suv obyektlaridan dam olish, turizm va sport uchun foydalanish
Suv obyektlaridan dam olish, turizm va sport uchun foydalanish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
16-bob. Suv obyektlaridan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish
93-modda. Suvdan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish
Suvdan qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish suvdan maxsus foydalanish shartlari asosida suv olish kvotalari va suv olish limitlari boʻyicha suvdan foydalanishning belgilangan tartibiga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligi ekinlarini oqova suvlar bilan sugʻorish Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari bilan kelishuvga koʻra ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining ruxsati bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tuproq unumdorligiga va yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga zararli taʼsir koʻrsatadigan suvlarni qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish uchun berish taqiqlanadi.
94-modda. Suv obyektlaridan shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun foydalanish
Fuqarolarning ekinzorlarini va shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun suv obyektlaridan foydalanish fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining suv olish kvotalari va suv olish limitlarida nazarda tutiladi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari fuqarolarning ekinzorlarni va shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini sugʻorish uchun suvga boʻlgan ehtiyojlarini umumlashtiradi, suvdan foydalanish toʻgʻrisida shartnomalar tuzadi va ular oʻrtasida suvdan foydalanish tartibini belgilaydi, shuningdek sugʻorish tarmoqlarida taʼmirlash-tiklash ishlarini tashkil etadi.
95-modda. Suvni tejaydigan sugʻorish uslublari va texnologiyalarini qoʻllashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan sugʻorish uslublari va texnologiyalarini qoʻllash koʻlamini yanada kengaytirish, suv resurslaridan foydalanish unumdorligi va samaradorligini oshirish maqsadida suvdan foydalanishni tartibga solish sohasidagi vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari davlat tomonidan tartibga solishning quyidagi choralarini qoʻllaydi:
suvni tejaydigan sugʻorish uslublari va texnologiyalarini joriy etadigan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada rivojlantirish;
sugʻorish quduqlari va vertikal drenaj quduqlari, shuningdek nasos stansiyalari yoki nasoslar yordamida sugʻoriladigan ekin maydonlarida suvni tejaydigan sugʻorish uslublari va texnologiyalarini keng joriy etish;
suvni tejaydigan sugʻorish uslublari va texnologiyalari boʻyicha tadqiqotlar, ishlanmalarni ragʻbatlantirish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi hududlarining tuproq-iqlim sharoitlari hamda avval oʻtkazilgan sinovlar tajribasi, shuningdek yangi yuqori samarali tizimlarni yaratish ishlari hisobga olingan holda ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish;
suvni tejashning mavjud usullari, shu jumladan yer ustidan sugʻorishning yuqori samarali uslublari va texnologiyalari toʻgʻrisidagi xabardorlikni oshirish;
suvni tejaydigan sugʻorish uslublari va texnologiyalarini loyihalashtirish, joriy etish va qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalarni, shu jumladan sugʻoriladigan maydonlarning, qishloq xoʻjaligi ekinlarining va ular navlarining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, ulardan samarali foydalanishni baholash mezonlarini ishlab chiqish;
suvni tejaydigan sugʻorish uslublari va texnologiyalarini joriy etish hamda ulardan foydalanish boʻyicha mutaxassislar tayyorlanishi, qayta tayyorlanishi va ularning malakasi oshirilishini tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini rejalashtirish texnologiyasi qoʻllanilishini avtomatlashtirilgan lazerli tekislagichlardan, shuningdek zamonaviy egiluvchan quvurlar yordamida sugʻorishning yer osti yopiq tizimidan foydalangan holda kengaytirish;
sanoatda hamda xoʻjalik-maishiy suv taʼminotida suv aylanishining ilmiy asoslangan normalarini ishlab chiqish va joriy etish;
suv resurslarining unumdorligini monitoring qilish va maqsadli yaxshilash uchun masofadan zondlash tizimlaridan foydalanish;
suv aylanishini va boshqa tashkiliy chora-tadbirlarni, shuningdek dalada suvning yoʻqotilishiga yoki undan oqilona foydalanmaslikka qarshi kurashishga qaratilgan texnologiyalarni joriy etish.
17-bob. Suv obyektlaridan sanoat maqsadlari, konchilik ishi va energetika ehtiyojlari uchun foydalanish
96-modda. Suv obyektlaridan sanoat maqsadlari hamda issiqlik va atom energetikasi ehtiyojlari uchun foydalanish
Suv obyektlaridan sanoat maqsadlari hamda issiqlik va atom energetikasi ehtiyojlari uchun foydalanadigan suvdan foydalanuvchilar, ushbu Kodeksning 75-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari, ishlab chiqarish texnologiyasini takomillashtirish, suv taʼminotining aylanma hamda takroriy tizimlarini joriy etish orqali suv sarfini kamaytirish va oqova suvlarning suv obyektlariga oqizib yuborilishini tugatish boʻyicha choralar koʻrishi, shuningdek suvning radioaktiv ifloslanishi belgilangan normalardan oshishiga yoʻl qoʻymasligi shart.
Yangi sanoat obyektlari loyihalashtirilayotganda va amaldagilari rekonstruksiya qilinayotganda aylanma suv taʼminoti nazarda tutilishi kerak, bundan ishlab chiqarish shart-sharoitlariga koʻra aylanma suv taʼminotiga oʻtkazilishi mumkin boʻlmagan korxonalar va boshqa obyektlar mustasno.
Aylanma suv taʼminotiga ega boʻlmagan ishlab turgan korxonalar uchun ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari tomonidan suv xoʻjaligi organlari hamda boshqa vakolatli organlar bilan kelishuvga koʻra qonunchilikka muvofiq ularni aylanma suv taʼminoti tizimiga oʻtkazish muddatlari belgilanadi.
97-modda. Suv obyektlaridan gidroenergetika ehtiyojlari uchun foydalanish
Suv obyektlaridan gidroenergetika ehtiyojlari uchun foydalanish elektr energetikasi tizimining barqarorligini taʼminlash maqsadida iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari va aholining manfaatlari hisobga olinib, suvlardan kompleks va oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish talablariga rioya etilgan holda suv xoʻjaligi organlari bilan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.
Gidroenergetika korxonalari ushbu Kodeksning 96-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlardan tashqari:
suv obyektlarining foydalanish qoidalarida belgilangan ish rejimiga, shu jumladan suv omborlarini toʻldirish va ulardan suv chiqarish hamda suvning yuqori va quyi sathi oʻzgarishining rejimiga rioya etishi;
sanitariya va tabiatni muhofaza qilish maqsadlarida suv chiqarib turilishini taʼminlashi shart.
18-bob. Suv obyektlaridan baliqchilik va ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari hamda yongʻinga qarshi ehtiyojlar uchun foydalanish
98-modda. Suv obyektlaridan baliqchilik va ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish
Baliqchilik (shu jumladan sanoat maqsadida baliq ovlash) va baliq yetishtirish, baliq resurslarini hamda boshqa tegishli resurslarni saqlash va urchitib koʻpaytirish maqsadida suv obyektlari yoki ularning qismlari, shuningdek suvni va suv obyektlarini muhofaza qilish chizigʻi uchastkalari baliqchilik xoʻjaligining ehtiyojlari uchun berilishi mumkin.
Yovvoyi hayvonlar va qushlar yashaydigan joy boʻlib xizmat qiladigan suv obyektlaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun ov qilish joylari sifatida foydalanish mumkin.
Davlat qoʻriqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, davlat biosfera rezervatlarining va muhofaza qilinadigan boshqa tabiiy hududlarning suv obyektlari ov qilish joylariga kirmaydi.
Ov qilish joylari ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun yuridik shaxslarga berilishi mumkin.
Suv obyektlaridan baliqchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Suv obyektlaridan ovchilik xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
99-modda. Baliqchilik xoʻjaligi manfaatlarini koʻzlab suvdan foydalanishni cheklash
Baliqlarning qimmatli turlarini hamda suv bilan bogʻliq boshqa ov qilish obyektlarini saqlab qolish va urchitib koʻpaytirish uchun alohida muhim ahamiyatga ega boʻlgan baliqchilik xoʻjaligining suv havzalarida yoki ularning ayrim uchastkalarida suvdan foydalanuvchilarning huquqlari baliqchilik xoʻjaligi manfaatlarini koʻzlab cheklanishi mumkin.
Bunday suv havzalarining yoki ular uchastkalarining roʻyxati hamda suvdan foydalanishni cheklash turlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari hamda suv xoʻjaligi organlari tomonidan belgilanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
100-modda. Baliq zaxiralarini muhofaza qilish va urchitib koʻpaytirish boʻyicha tadbirlar
Baliqchilik xoʻjaligining suv havzalaridagi gidrotexnika inshootlarini va boshqa inshootlarni ishlatishda baliq zaxiralari muhofaza qilinishini va ularni urchitib koʻpaytirish uchun shart-sharoitlarni taʼminlovchi tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirilishi kerak.
Baliqchilik xoʻjaligining suv havzalaridagi baliqlar urugʻ tashlaydigan joylarga va ularning qishlov uyalari joylashgan yerlarga tuproq toʻkishga hamda baliq zaxiralarining holatiga va ularni urchitib koʻpaytirish sharoitlariga salbiy taʼsir etuvchi boshqa ishlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sanoat maqsadlari, sugʻorish va boshqa ehtiyojlar uchun baliqchilik xoʻjaligining suv havzalaridan suv olish faqat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari bilan kelishuvga koʻra suv chiqarish inshootlariga baliq tushib qolishi mumkinligini istisno etadigan maxsus moslamalar oʻrnatilishi sharti bilan amalga oshirilishi mumkin.
101-modda. Suv obyektlaridan sport va havaskorlik yoʻli bilan baliq ovlash uchun foydalanish
Suv havzalarida sport va havaskorlik yoʻli bilan baliq ovlashga ovchilar va baliqchilarning jamoat birlashmalariga biriktirilgan joylarda ushbu jamiyatlarning ruxsatnomasi asosida bepul yoki haq evaziga ruxsat etiladi, bundan davlat qoʻriqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining hududidagi suv havzalari va muhofaza qilinadigan boshqa tabiiy hududlar mustasno. Suv obyektlari yoki ularning ayrim uchastkalari ovchilar va baliqchilarning jamoat birlashmalariga vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda biriktirilishi mumkin.
Baliqchilik xoʻjaligi tashkilotlariga biriktirilgan tabiiy suv havzalarida, baliqchilik pitomniklarida hamda hovuz xoʻjaliklarida, shuningdek ovchilar va baliqchilarning jamoat birlashmalariga biriktirilgan joylarda sport va havaskorlik yoʻli bilan baliq ovlash ularning ruxsatnomalariga koʻra amalga oshiriladi.
102-modda. Baliq yetishtirish uchun sunʼiy suv havzalaridan foydalanish
Baliq yetishtirish uchun sunʼiy suv havzalaridan foydalanishga qonunchilik talablariga rioya etilganda yoʻl qoʻyiladi.
Sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtirish uchun foydalanilgan suvlar oqova suvlar toifasiga tenglashtiriladi va ushbu Kodeksda belgilangan tartibda normalashtiriladi.
103-modda. Ovchilik xoʻjaligini yuritishni amalga oshirayotgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarga suvdan foydalanishning imtiyozli huquqlarini berish
Suvda suzuvchi yovvoyi qushlar va qimmatli moʻynali hayvonlar maskani boʻlgan daryolarda, koʻllarda va boshqa suv obyektlarida ovchilik xoʻjaligini yuritishni amalga oshirayotgan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda suvdan kompleks foydalanish talablarini hisobga olgan holda suvdan foydalanishning imtiyozli huquqlari berilishi mumkin.
Foydalanish rejimi suvda suzuvchi yovvoyi qushlarning va qimmatli moʻynali hayvonlarning ommaviy yashash joylariga taʼsir koʻrsatadigan suv omborlarini, boshqa suv obyektlarini hamda suv xoʻjaligi inshootlarini ishlatishda ovchilik xoʻjaligini yuritish manfaatlari hisobga olinishi kerak.
104-modda. Suv obyektlaridan foydalanishni cheklash
Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan qimmatbaho, kamyob va yoʻqolib ketayotgan yovvoyi hayvonlarning yashash joylarida hamda ularning hayvonot dunyosini koʻpaytirish va muhofaza qilish tadbirlari amalga oshirilayotgan ayrim uchastkalarida suv obyektlarining holatini yomonlashtiradigan havaskorlik yoʻli bilan va sanoat maqsadida ov qilish, jismoniy shaxslarning kelishi, xoʻjalik hamda boshqa faoliyat cheklanishi mumkin.
105-modda. Suv obyektlaridan yongʻinga qarshi ehtiyojlar uchun foydalanish
Yongʻinga qarshi ehtiyojlar uchun har qanday suv obyektlaridan suv olishga yoʻl qoʻyiladi.
19-bob. Suv obyektlaridan oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari va koʻkalamzorlashtirish ishlari uchun, shuningdek kema qatnovi ehtiyojlari uchun foydalanish
106-modda. Suv obyektlaridan oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari va koʻkalamzorlashtirish ishlari uchun foydalanish shartlari
Suv obyektlaridan oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari va koʻkalamzorlashtirish ishlari uchun foydalanish suvdan umumiy hamda maxsus foydalanish tartibida amalga oshiriladi.
Oʻrmon fondini, shuningdek oʻrmon fondiga kirmaydigan koʻp yillik dov-daraxtlarni muhofaza qilish maqsadida sugʻorish tizimini yaratish hamda uning samarali ishlab turishini taʼminlash nazarda tutiladi.
Suvni va suv obyektlarini muhofaza qilish, ularni saqlash maqsadida daryolar, koʻllar qirgʻoqlari, suv omborlari va boshqa suv obyektlari, suv taʼminoti manbalarini sanitariya jihatdan muhofaza qilish zonalari hamda uning ayrim uchastkalari boʻylab ihota daraxtzorlari tashkil etiladi.
107-modda. Suv obyektlaridan oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi
Suv obyektlaridan oʻrmon xoʻjaligi ehtiyojlari uchun foydalanish tartibi ushbu Kodeks, oʻrmon toʻgʻrisidagi qonunchilik va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
108-modda. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suv obyektlaridan foydalanish tartibi va ularni muhofaza qilish choralari
Davlat qoʻriqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining hamda davlat biosfera rezervatlarining, asosan suvda suzuvchi qushlar yashaydigan joy sifatida xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan suvli-botqoq yerlarning va muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlarning suv obyektlaridan ularning rejimiga muvofiq baliq ovlash, ov qilish, suv oʻsimliklari va organizmlarini yigʻish uchun foydalanish, shuningdek ushbu suvlarning tabiiy holatini buzadigan boshqa harakatlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Davlat qoʻriqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, davlat biosfera rezervatlarining suv obyektlariga oqova suvlarni oqizish taqiqlanadi.
Muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlarning suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga, shuningdek irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini amalga oshirishga ushbu Kodeksda belgilangan talablarga rioya etilgan holda ularning rejimiga muvofiq yoʻl qoʻyiladi.
Ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va sanitariya-sogʻlomlashtirish ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlari yoki ularning ayrim uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar deb eʼlon qilinadi va xoʻjalik maqsadida foydalanishdan chiqariladi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suvlaridan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish rejimini oʻrnatish qonunchilikda belgilanadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning suv obyektlarini olib qoʻyishga zarur boʻlgan alohida hollarda qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va vakolatli organlar tomonidan yoʻl qoʻyiladi.
109-modda. Kema qatnaydigan suv obyektlari
Daryolar, koʻllar, suv omborlari, kanallar birgalikda foydalanadigan suv obyektlaridir, bundan ulardan ushbu maqsadlarda foydalanish toʻla yoki qisman taqiqlangan yoxud ular tanho foydalanishga berilgan hollar mustasno.
Kema qatnovi uchun suv obyektlaridan foydalanish suv xoʻjaligi organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari hamda transport sohasidagi vakolatli organlar bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Suv obyektlaridan kichik kemalarda (eshkakli va motorli qayiqlarda, katerlarda, yelkanli yaxtalar va shu kabilarda) suzib yurish uchun foydalanishga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kichik kemalardan foydalanish qoidalariga rioya etilgan holda ruxsat beriladi.
20-bob. Suv obyektlaridan oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini oqizish uchun foydalanish
110-modda. Suv obyektlariga oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini oqizishga yoʻl qoʻyish shartlari
Oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga oqizish suvdan maxsus foydalanish toifasiga kiradi hamda bunga faqat suv obyektlari tarkibidagi ifloslantiruvchi moddalarning belgilangan normalardan oshib ketishiga olib kelmaydigan hollarda hamda suvdan foydalanuvchi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari tomonidan belgilangan darajalargacha yetkazib tozalab berish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi.
Agar mazkur talablar buzilayotgan boʻlsa, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari tomonidan oqova suvlarni oqizish cheklanishi yoki taqiqlanishi kerak. Aholining sogʻligʻiga xavf tugʻdiradigan hollarda ishlab chiqarish va boshqa obyektlardan foydalanish toʻxtatib turilishi kerak.
Suv obyektlariga oqova suvlar oqizilishini nazarda tutuvchi obyektlarni loyihalashtirishda va qurishda ekologiya hamda sanitariya normalari va qoidalari talablariga rioya etilishi shart.
111-modda. Oqova suvlardan hududlarni koʻkalamzorlashtirish uchun takroran foydalanish
Oqova suvlardan hududlarni koʻkalamzorlashtirish uchun takroran foydalanishga ular tozalanganidan keyin, zarur boʻlgan taqdirda hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining ijobiy xulosasi mavjud boʻlganda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari bilan kelishuvga koʻra belgilangan tartibda yoʻl qoʻyiladi.
21-bob. Suv obyektlarining noruda foydali qazilmalaridan foydalanish
112-modda. Suv obyektlarining tubi va qirgʻoqlari oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshirish
Suv obyektlarining tubi va qirgʻoqlari oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻzan tubini chuqurlashtirish, suv xoʻjaligi, portlatish, burgʻilash ishlari va boshqa ishlar ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
113-modda. Daryolar va soylar oʻzanlarini tozalash hamda ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash
Daryolar va soylar oʻzanlarini tozalash hamda ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlari toshqin suvlarini va sel oqimlarini xavfsiz oʻtkazib yuborish, transport infratuzilmasi obyektlarining hamda suv xoʻjaligi obyektlarining xavfsiz ishlashini taʼminlash, shuningdek suv obyektlarining ekologik holatini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladi.
Daryolar va soylar oʻzanlarini tozalash hamda ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlari, shuningdek toshqin suvlari va sel oqimlari xavfsiz oʻtkazib yuborilishini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Daryolar va soylar oʻzanlarini tozalash hamda ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish uchun loyiha hujjatlari atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha vakolatli organ tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishi lozim.
Daryolar va soylar oʻzanlarini tozalash jarayonida qazib olingan qum-shagʻal materiallaridan, birinchi navbatda, qirgʻoqlarni mustahkamlash uchun foydalaniladi. Daryolar va soylar oʻzanlarini tozalash jarayonida qazib olingan hamda qirgʻoqlarni mustahkamlash uchun foydalanilmagan qum-shagʻal materiallari belgilangan tartibda realizatsiya qilinishi (sotilishi) mumkin.
114-modda. Suv obyektlari tubidagi tuproqdan foydalanish
Suv obyektlari tubidan chiqarilgan tuproqdan suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari bilan kelishuvga koʻra foydalanilishi mumkin. Bunda suv tubidagi tuproq tarkibida noruda foydali qazilmalar boʻlmasligi kerak.
V BOʻLIM. SUVNI VA SUV OBYEKTLARINI MUHOFAZA QILISH, SUVNING ZARARLI TAʼSIRINING OLDINI OLISH
22-bob. Suvni va suv obyektlarini muhofaza qilish
115-modda. Suvni va suv obyektlarini muhofaza qilish vazifalari
Suv va suv obyektlari aholining sogʻligʻiga zarar yetkazishi, suv taʼminoti sharoitlarini yomonlashtirishi, shuningdek baliq zaxiralarining kamayishiga va boshqa koʻngilsiz hodisalarga olib kelishi mumkin boʻlgan, suvning fizikaviy, kimyoviy va biologik xossalari oʻzgarishining, suvning tabiiy tozalanish xususiyati kamayishining, suvning gidrologik va gidrogeologik rejimi buzilishining oldini olish maqsadida bulgʻatish, ifloslantirish va kamayishdan muhofaza qilinishi lozim.
116-modda. Suvni va suv obyektlarini muhofaza qilishni taʼminlash hamda suv rejimini va suvning holatini yaxshilash tadbirlari
Faoliyati suvlarning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etadigan tashkilotlar hamda muassasalar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, suv xoʻjaligi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi organlari hamda boshqa manfaatdor organlar bilan kelishgan holda, texnologik, oʻrmon-melioratsiya, agrotexnika, irrigatsiya, sanitariya-texnika tadbirlarini oʻtkazishi shart.
117-modda. Suvni va suv obyektlarini bulgʻatish hamda ifloslantirishdan muhofaza qilish
Yuridik va jismoniy shaxslarga quyidagilar taqiqlanadi:
suv obyektlariga ishlab chiqarish, maishiy va boshqa turdagi tozalanmagan oqova suvlar, chiqitlar hamda chiqindilarni tashlash;
moylarning, yogʻochning, kimyoviy, neft mahsulotlarining hamda boshqa mahsulotlarning toʻkilib-sochilishi natijasida suvni va suv obyektlarini bulgʻatish va ifloslantirish;
suv toʻplanadigan joylarning, muz qoplamasining, suv havzalarining yuzasini sanoatdagi tashlandiq narsalar, maishiy va boshqa chiqitlar, chiqindi hamda tashlandiq chiqitlar, shuningdek yuvilib ketishi yer usti va yer osti suvlarining sifati yomonlashishiga olib keladigan neft va kimyoviy mahsulotlar bilan bulgʻatish hamda ifloslantirish;
suvlarni oʻgʻitlar, zaharli kimyoviy moddalar va boshqa zararli moddalar bilan bulgʻatish;
suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya-muhofaza zonalari rejimini buzish.
Oqova suvlarni va kollektor-drenaj suvlarini suv obyektlariga oqizishga faqat ushbu Kodeksning 110 va 111-moddalarida nazarda tutilgan talablarga rioya etilgan holda yoʻl qoʻyiladi.
118-modda. Yer usti suvlarini va yer osti suvlarini kamayishdan muhofaza qilish
Yer usti suvlarining kamayishi deganda yer usti suvlarining muayyan hudud yoki havza doirasidagi yoʻl qoʻyiladigan eng kam miqdoriga, zaxiralariga nisbatan ularning barqaror kamayishi va (yoki) sifati yomonlashishi tushuniladi.
Yer osti suvlarining kamayishi deganda yer osti suvlari konlarining yoki suvli qatlamning muayyan hududi yoki havzasi doirasida yer osti suvlarining oʻzgaruvchan (tabiiy) zaxiralarining barqaror kamayishi va (yoki) sifati yomonlashishi tushuniladi.
Yer osti suvlarining meʼyoridan ortiq olinishi hamda suvli qatlamga suvning yetarlicha oqib kelmasligi yoki uning toʻlmasligi, oʻzi quyiladigan artezian quduqlar nazorat qilinmasligi va boshqa sabablar oqibatida foydalaniladigan suvli qatlamning oʻzgaruvchan darajalarining vaqt oʻtgan sayin barqaror hamda jadal kamayishi, shuningdek suvli qatlamlarning ifloslanishi yer osti suvlari kamayishining belgisidir.
Yuridik va jismoniy shaxslar yer usti suvlarini va yer osti suvlarini muhofaza qilish hamda ularning kamayishiga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʻrishi shart.
119-modda. Alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarini muhofaza qilish
Alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarini muhofaza qilishning huquqiy rejimi ushbu Kodeksda, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilanadi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
suv obyektlaridagi barqaror suv oqimi, ekologik tizimlarni saqlash va tiklash uchun ekologiya hamda sanitariya maqsadlarida suv chiqarib turilishi ustuvorligini taʼminlash;
suv obyektining ekologik tizimi uchun texnogen yuklama va suv sifati normativlarini belgilash;
suv obyekti akvatoriyasini suv va shamol eroziyasidan, choʻllanishdan, botqoqlanishdan, ikkilamchi shoʻrlanishdan, ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilari hamda boshqa ifloslantiruvchi moddalar bilan ifloslanishdan himoya qilish;
antropogen aralashuv yoki tabiiy ofatlar natijasida buzilgan suv fondi yerlarini rekultivatsiya qilish;
sanitariya-epidemiologik va ekologik vaziyatni saqlash hamda yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy faoliyatning alohida rejimini oʻrnatish;
tabiiy hududlardagi suv obyektlarini saqlashga qaratilgan boshqa tadbirlar.
Alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarida va ularga tutash hududlarda quyidagilar taqiqlanadi:
suv obyekti havzasining tabiiy ekotizimlari buzilishiga, aholining hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan atrof-muhitning oʻzgarishiga sabab boʻladigan faoliyat;
zararsizlantirish yoki utilizatsiya qilish imkoni boʻlmagan radioaktiv chiqindilar va mahsulotlarni suvni muhofaza qilish zonalariga olib kirish, ushbu zonalarda saqlash yoki koʻmish;
qamishni va boshqa oʻsimliklarni oʻrish, ularni yoqish, daraxtlarni tomiri bilan sugʻurib olish, baliqlar uvuldiriq tashlaydigan joy sifatida ahamiyatga ega boʻlgan daryolar oʻzanlariga ishlov berish;
majburiy davlat ekologiya-sanitariya ekspertizasini oʻtkazmasdan, ishlarni bajarish boʻyicha xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish va xizmatlar koʻrsatish;
alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarining holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan boshqa faoliyat.
Suvdan va suv resurslaridan kompleks foydalanish hamda ularni muhofaza qilishning bosh hamda havza sxemalarini tuzishda alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarida xoʻjalik faoliyatini tartibga solish rejimining oʻziga xos xususiyatlari hisobga olinadi.
Alohida davlat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlarining roʻyxati va ularda xoʻjalik faoliyatini tartibga solishga doir huquqiy rejimning oʻziga xos xususiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
120-modda. Kichik daryolar va soylarni muhofaza qilish
Kichik daryolar va soylardan foydalanish suvdan umumiy yoki maxsus foydalanish tartibida amalga oshiriladi.
Kichik daryolar va soylar suvlarini muhofaza qilish zonalari va mintaqalari doirasida suvdan umumiy foydalanishni hamda xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish tartibi, shuningdek ularning bulgʻalanishi, ifloslanishi va kamayishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, suv xoʻjaligi organlari hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari bilan kelishuvga koʻra belgilanadi.
Sel kelish xavfi boʻlgan hududlarda suvdan umumiy foydalanish, xoʻjalik faoliyatini va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi maxsus vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan ham kelishiladi.
Xoʻjalik faoliyati kichik daryolar va soylarning holati va rejimiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan muassasalar, tashkilotlar, fermer va dehqon xoʻjaliklari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar suv xoʻjaligi organlari hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari bilan birgalikda suvlilikni, suvning tozaligi va sifatini saqlash tadbirlarini amalga oshirishi kerak.
Kichik daryolar va soylarning suvliligini saqlash maqsadida ushbu daryolar va soylarda quyidagilar taqiqlanadi:
havzaning relyefini oʻzgartirish, qurib borayotgan daryolarning va ular oqimlarining oʻzanlarini buzish, oʻzgartirish;
oʻzanlarni toʻgʻirlash yoki toraytirish, ularning tubini tabiiy sathidan past qilib chuqurlashtirish yoxud ularni suv oʻtkazish inshootlari bilan jihozlamasdan toʻsib qoʻyish;
havzaning tabiiy oʻsimliklar qoplamini va serdaraxtligini kamaytirish, qayir yerlarni shudgorlash va bunday yerlarda kimyoviy oʻgʻitlar vositalarini qoʻllash;
yuqori qismidagi botqoqlashgan uchastkalarda va tabiiy yerlarda quritish melioratsiya ishlarini amalga oshirish;
suvliligiga va ulardagi suvning sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa faoliyatni amalga oshirish.
Kichik daryolar va soylarning suvini muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning, shuningdek fuqarolarning ushbu zonalar va hududlardagi xoʻjalik faoliyati rejimi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
121-modda. Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari
Xoʻjalik faoliyati yoki tabiiy jarayonlar natijasida insonlar sogʻligʻiga, hayvonot va oʻsimlik dunyosiga, atrof tabiiy muhitning holatiga hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf soladigan oʻzgarishlar sodir boʻladigan suv obyektlari, ularning qismlari hamda ularning suv toʻplanadigan maydonlari favqulodda ekologik vaziyat yoxud ekologik ofat zonalari deb eʼlon qilinishi mumkin.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat zonalari deb tabiat muvozanatining buzilishi, tabiiy ekologik tizimlarning buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan, tabiiy muhitdagi barqaror yoki qaytarilmaydigan oʻzgarishlar sodir boʻlgan yoki sodir boʻlayotgan hududlar uchastkalari eʼlon qilinadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari ekologik ahvol yomonligining yuqoriroq darajasini aks ettiruvchi bitta yoki bir necha asosiy va qoʻshimcha koʻrsatkichlar boʻyicha belgilanadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat yoki ekologik ofat zonalari deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi qarorlar qonunchilikda belgilangan tartibda qabul qilinadi.
Suv obyektlaridagi favqulodda ekologik vaziyat va ekologik ofat zonalarida shu vaziyatni (ofatni) keltirib chiqargan ishlar toʻxtatib turiladi, atrof tabiiy muhitga zararli taʼsir etuvchi faoliyat (aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyatdan tashqari) taqiqlanadi, uni tiklash va sogʻlomlashtirish choralari koʻriladi.
122-modda. Sanitariya va ekologik maqsadlarda suv chiqarish
Sanitariya va ekologik maqsadlarda suv chiqarish suv sifatining normativlariga rioya etilishini, suvdan foydalanishning qulay sharoitlarini, shuningdek suvdan raqobatli foydalanishda hamda suv oqimini boshqarishda suvli-botqoq yerlarning, koʻllar va sohil boʻyi zonalarining ekologik tizimlari saqlanishini taʼminlaydi.
Sanitariya va ekologik maqsadlarda suv chiqarish yilning suvliligiga qarab, suv xoʻjaligi balanslari hamda suvdan foydalanish rejalari doirasida belgilanadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari sanitariya va ekologik maqsadlarda suv chiqarishning koʻrsatkichlari hamda rejimini belgilash uslubiyatini ishlab chiqadi.
23-bob. Yer osti suvlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish
123-modda. Yer osti suvlaridan foydalanish
Yer osti suvlaridan maqsadli foydalanilishi lozim. Guruhli suv olish orqali (bitta inshootda ikki va undan ortiq bir vaqtning oʻzida foydalaniladigan burgʻi quduqlari mavjud boʻlganda) yer osti chuchuk va tuzi kamroq suvlardan, shuningdek termal va mineral suvlardan foydalanishga tasdiqlangan ishlatilayotgan zaxiralar mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi. Yer osti suvlarining zaxiralari Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Foydali qazilmalar zaxiralari boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Yer osti suvlaridan turli ehtiyojlar uchun foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi organlari tomonidan suv xoʻjaligi organlari bilan birgalikda ularning yer usti suvlari bilan oʻzaro bogʻliqligi hisobga olingan holda tartibga solinadi.
Yer osti suvlaridan foydalanish suvdan maxsus foydalanish tartibi va shartlariga rioya etilgan holda amalga oshirilishi kerak.
124-modda. Yer osti suvlarini muhofaza qilish
Yer osti suvlarini chiqarish va ulardan foydalanish bilan shugʻullanuvchi shaxslar suv chiqarish uchastkasida hamda unga tutash hududda ularning rejimi ustidan kuzatuvlar olib borishi, shuningdek foydalanilayotgan suvning miqdori va sifati hisobini yuritishi shart.
Agar foydali qazilmalar konlarini qidirish, ularni oʻrganish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan burgʻilash hamda boshqa kon-qidiruv ishlarini bajarish chogʻida yer osti suvlari bor qatlamlar aniqlangan boʻlsa, bu haqda togʻ-kon sanoati va geologiya organlariga xabar qilinishi hamda belgilangan tartibda yer osti suvlarini muhofaza qilishga doir choralar koʻrilishi zarur.
Sanoat va boshqa oqova suvlarini oqizish uchun qaziladigan quduqlar suvli qatlamni ifloslantirish manbaiga aylanishi mumkin boʻlgan barcha hollarda bunday quduqlarni qazish taqiqlanadi.
Yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi tomonidan berilgan ruxsatnomaga asosan amalga oshiriladi. Bunda har bir quduqni burgʻilashga Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi “Yer qaʼridan foydalanish markazi” davlat muassasasi qonunchilikda belgilangan tartibda gidrogeologik xulosani berganidan keyin yoʻl qoʻyiladi. Gidrogeologik xulosani olmasdan turib, quduq burgʻilash qonunga xilof deb hisoblanadi.
Oʻz-oʻzidan suv chiqaradigan va foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan quduqlarga suvni boshqarish uskunalari oʻrnatilishi, ular konservatsiya qilinishi yoki tugatilishi lozim, foydalanish uchun yaroqsiz boʻlgan boshqa quduqlar esa qonunchilikda belgilangan tartibda tugatilishi lozim.
Yer osti chuchuk suvlari konlari shakllanadigan zonada qattiq va suyuq chiqindilar toʻplagichlarini, chiqindixonalarni oʻrnatishga, faoliyati yer osti suvlarining ifloslanish manbaiga aylanishi mumkin boʻlgan sanoat, qishloq xoʻjaligi obyektlari va boshqa obyektlar joylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yer osti suvlarini muhofaza qilish, shu jumladan quduqlarni kuzatish tarmogʻini yaratish va ishlab chiqarish monitoringini yuritish tadbirlari faoliyati yer osti suvlarining holatiga taʼsir koʻrsatadigan yoki taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
24-bob. Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida, sohil boʻyi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida ishlarni amalga oshirish
125-modda. Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari, sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari
Suv obyektlarining tuproq eroziyasi mahsulotlari bilan bulgʻanishi, ifloslanishi, kamayishi va loyqa choʻkishining oldini olish hamda ularni bartaraf etish, shuningdek qulay suv rejimini saqlash, foydalanish hamda taʼmirlash-tiklash ishlarini olib borish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil boʻyi mintaqalari belgilanadi.
Aholining ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suvlarni muhofaza qilish maqsadida suv obyektlarining sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi.
Suv obyektlarining belgilangan maqsadidan, joylashgan oʻrnidan va texnik koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida, sohil boʻyi mintaqalarida va sanitariya muhofazasi zonalarida xoʻjalik faoliyatining maxsus rejimi belgilanadi.
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari tegishli loyihalar asosida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining, togʻ-kon sanoati va geologiya organlarining, shuningdek suv obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning takliflari boʻyicha belgilanadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash va ulardan sohil boʻyi mintaqalarini ajratish, shuningdek sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash va ulardan sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish boʻyicha loyihalar (bundan buyon matnda loyihalar deb yuritiladi):
tabiiy suv obyektlari boʻyicha — har bir shunday suv obyekti boʻyicha alohida;
suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha — qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash loyihalari tarkibida yoki alohida;
aholining ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish suv manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari boʻyicha — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari tomonidan ishlab chiqiladi.
Quyidagilar loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilar hisoblanadi:
tabiiy yer usti suv obyektlari boʻyicha — tegishliligi boʻyicha suv xoʻjaligi, shuningdek ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari;
yer osti suv obyektlari boʻyicha — togʻ-kon sanoati va geologiya organlari;
suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash loyihalari tarkibida ishlab chiqilganda — mazkur loyihalarning ixtisoslashgan buyurtmachi tashkilotlari;
suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha alohida ishlab chiqilganda — ushbu obyektlardan foydalanuvchi tashkilotlar.
Loyihalar yer tuzish ishlarini amalga oshirish vazifalari zimmasiga yuklatilgan tashkilotlar tomonidan, zarur boʻlgan taqdirda esa boshqa loyiha tashkilotlarini jalb etgan holda ishlab chiqiladi.
Loyihalar dala tadqiqotlari va topografik izlanishlar, gidrologik, gidrogeologik, muhandislik-geologik, sanitariya-epidemiologik, agrotexnik, tuproq va geobotanik maʼlumotlar asosida, murakkab geologik va gidrogeologik sharoitli suv obyektlari boʻyicha esa qoʻshimcha ilmiy-tadqiqot ishlari hamda ushbu Kodeksning 25-bobida nazarda tutilgan talablar asosida ishlab chiqilib, keyinchalik belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish ishlari buyurtmachilarning takliflariga koʻra ularning loyiha hujjatlari asosida:
tuman va viloyat ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlari boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar hokimliklarining, Toshkent shahar hokimligining;
transchegaraviy, viloyatlararo va respublika ahamiyatiga ega boʻlgan suv obyektlari boʻyicha, shuningdek respublika ahamiyatiga ega boʻlgan kurortlar va sanatoriylarning mineral suv manbalari hamda boshqa davolash vositalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tashkil etiladi.
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash, shuningdek ulardan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish ishlari quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
buyurtmachi tashkilot tomonidan dastlabki bosqichda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining, qishloq xoʻjaligi organlarining, suv xoʻjaligi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi organlarining, togʻ-kon sanoati va geologiya organlarining tegishli taqdimnomalarini (xulosalarini) olish taʼminlanadi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan loyihani yer tuzish ishlarini bajarish vazifasi zimmasiga yuklatilgan tashkilotlarni shartnoma asosida jalb qilgan holda ishlab chiqish tashkil etiladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan loyiha ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarida, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlarida (suvi ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlarida ishlatiladigan obyektlar boʻyicha), togʻ-kon sanoati va geologiya organlarida (tabiiy yer osti suv obyektlari boʻyicha), suv xoʻjaligi organlarida (yer usti suv obyektlari boʻyicha), shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlarda belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish boʻyicha takliflar tayyorlanadi hamda belgilangan tartibda, tegishliligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
buyurtmachi tashkilot tomonidan suvni muhofaza qilish zonalarini, sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda ulardan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish boʻyicha kiritilgan takliflar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilinadi.
Yerlarni bir toifadan boshqasiga oʻtkazishni nazarda tutuvchi sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalarini ajratish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Buyurtmachi tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda muhandislik, irrigatsiya-melioratsiya, sanitariya-texnika va boshqa suvni muhofaza qilish tadbirlarini rejalashtirish va amalga oshirish taʼminlanadi.
126-modda. Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil boʻyi mintaqalari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti inshootlarining sanitariya muhofazasi zonalari
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil boʻyi mintaqalari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti inshootlarining sanitariya muhofazasi zonalari quyidagi normalar boʻyicha belgilanadi:
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari
T/r
Suv obyektining nomi
Kengligi, metr
1.
Suv omborlari va boshqa suv havzalari boʻyicha
juda kichik suv omborlarida va boshqa suv havzalarida (sigʻimi 0,1 mlrd. kub metrdan kam boʻlgan)
50 — 100
kichik suv omborlarida va boshqa suv havzalarida (sigʻimi 0,1 mlrd. kub metrdan 0,5 mlrd. kub metrgacha boʻlgan)
100 — 150
oʻrtacha suv omborlarida va boshqa suv havzalarida (sigʻimi 0,5 mlrd. kub metrdan 1 mlrd. kub metrgacha boʻlgan)
150 — 200
katta suv omborlarida va boshqa suv havzalarida (sigʻimi 1 mlrd. kub metrdan 10 mlrd. kub metrgacha boʻlgan)
200 — 250
2.
Daryolar va qurimaydigan soylar boʻyicha
juda kichik daryolar va qurimaydigan soylarda(suv sarfi sekundiga 2 kub metrgacha boʻlgan)
35 — 50
kichik daryolarda (suv sarfi sekundiga 2 kub metrdan 5 kub metrgacha boʻlgan)
50 — 100
oʻrtacha daryolarda (suv sarfi sekundiga 5 kub metrdan 100 kub metrgacha boʻlgan)
100 — 300
katta daryolarda (suv sarfi sekundiga 100 kub metrdan ortiq)
300 — 500
3.
Suvi ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlari uchun ishlatiladigan kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari boʻyicha:
suv oʻtkazish qobiliyati sekundiga 50 kub metrdan 100 kub metrgacha boʻlganda
50 — 70
suv oʻtkazish qobiliyati sekundiga 100 kub metrdan 150 kub metrgacha boʻlganda
70 — 100
suv oʻtkazish qobiliyati sekundiga 150 kub metrdan ortiq boʻlganda
100 — 150
Suv obyektlarining sohil boʻyi mintaqalari
T/r
Suv obyektining nomi
Kengligi, metr
1.
Suv omborlari, daryolar, qurimaydigan soylar va boshqa tabiiy suv oqimlari boʻyicha
haydaladigan yerlar, koʻp yillik daraxtzorlar, oʻrmon maydonlari va daraxtzor-changalzorlar uchastkalarida qiyaliklarning tikligida:
3 gradusgacha boʻlganda
35 — 55
3 gradusdan 8 gradusgacha boʻlganda
55 — 100
yaylovlar, togʻ oldi va togʻli hududlarda yonbagʻirlarning tikligida:
3 gradusgacha boʻlganda
25 — 35
3 gradusdan ortiq boʻlganda
35 — 50
2.
Suvi sugʻorish ehtiyojlari va texnik ehtiyojlar uchun foydalaniladigan kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari boʻyicha (eng yuqori suv sathi boʻylab)
chuqurligi 0,75 metrdan — 2 metrgacha boʻlganda
kamida 5
chuqurligi 2 metrdan — 5 metrgacha boʻlganda
6,5 — 9
chuqurligi 5 metrdan — 10 metrgacha boʻlganda
9,5 — 12
temir-beton lotokli sugʻorish tarmoqlari va suv oʻtkazish quvurlari uchun:
bir tarafi boʻylab
4,5
ikkinchi tarafidan
1,0
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari
T/r
Obyektning nomi
Kengligi, metr
1.
Sanitariya muhofazasi zonalari (suv olish joyidan):
1.1.
Birinchi mintaqa
1.1.1.
Daryolar va kanallar uchun:
oqim boʻylab yuqoriga
kamida 200
oqim boʻylab quyiga
kamida 100
suv olish joyiga tutashib ketuvchi sohil boʻylab yoz-kuz oylaridagi suv sathi chizigʻidan
kamida 100
qarama-qarshi sohil tomon yoʻnalishda ularning oʻzanlari boʻylab:
daryolar va kanallarning kengligi 100 metrdan kam boʻlganda
50
daryolar va kanallarning kengligi 100 metrdan koʻp boʻlganda
kamida 100
1.1.2.
Suv omborlari va koʻllar boʻylab:
akvatoriya boʻyicha barcha yoʻnalishlarda
kamida 100
suv olish joyiga tutashib ketuvchi sohil boʻylab — suv omborida normal koʻtarilgan suv sathi va koʻllarda yoz-kuz oylaridagi suv sathi chizigʻidan
kamida 100
1.2.
Ikkinchi mintaqa
1.2.1.
Daryolar va kanallar uchun:
oqim boʻylab yuqoriga, shu jumladan irmoqlar — daryo va kanalning kengligi va uzunligi boʻyicha suv oqimi oʻrtacha tezligidan hamda yoz-kuz mavsumida suv sathining oʻrtacha oylik suv sarfi 95 foiz taʼminlanganda suvning mintaqa chegarasidan suv olish joyigacha oqib kelish vaqtidan kelib chiqqan holda kamida 3 sutka
oqim boʻylab quyiga (birinchi mintaqa chegarasidan)
kamida 250
yon tomondagi chegaralar yoz-kuz mavsumidagi suv sathi chizigʻida
tekis relyef sharoitlarida
500
togʻli joy uchun daryo yoki kanal tomonga qaragan qiyalikning yuqorisigacha qiyalama nishablikda
750 gacha
tik qiyalikda
1000 gacha
1.2.2.
Suv omborlari va koʻllar uchun:
akvatoriya boʻylab oʻzan boʻyicha:
kamida 100
yon tomondagi chegaralar:
suv omborida normal koʻtarilgan suv sathi va koʻlda yoz-kuz mavsumidagi suv sathi chizigʻidan tekis relyef boʻlganda
500
togʻlik relyefda suv ombori yoki koʻlga qaragan birinchi qiyalikning yuqorisigacha:
qiyalama nishablikda
750 gacha
tik qiyalikda
1000 gacha
1.3.
Uchinchi mintaqa
suv omborlari va koʻllarning akvatoriyasi boʻylab barcha tomonlarga (yon tomondagi chegaralar — suv ayirgich boʻylab, biroq daryolar va kanallar yoki suv omborlari va koʻllardan)
3000 — 5000 gacha
2.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminotining yer osti manbasi sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi chegaralari yakka suv olish joyidan (quduqdan, kon qudugʻidan, suv yigʻgichdan) yoki guruhli suv olishda eng chekkadagi suv olish inshootlaridan boshlab:
2.1.
muhofaza qilingan yer osti suvlaridan foydalanilganda
30
2.2.
yetarlicha muhofaza qilinmagan yer osti suvlaridan foydalanilganda
50
2.3.
infiltratsion suv olish joylarida suv manbalarining yuzasidan
kamida 150
2.4.
yer osti suvlarining zaxiralari:
yopiq turdagi infiltratsion inshootlardan sunʼiy ravishda toʻldirilganda
50
ochiq turdagi inshootlardan toʻldirilganda
100
2.5.
ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlari hududi sanitariya muhofazasi zonasi birinchi mintaqasining chegarasi maydonning oʻrab olinishiga mos keladi va quyidagi masofada boʻlishi kerak:
toza suv sigʻimlari devorlaridan, filtrlardan, kontaktli yoritgichlardan
kamida 30
qolgan inshootlar devorlaridan va xoʻjalik-ichimlik suv taʼminoti tizimlarining suv minoralaridan
kamida 15
2.6.
Suv taʼminoti manbasi sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi mintaqasi tashqarisida joylashgan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlarining toʻsiqlari atrofidagi sanitariya-himoya mintaqasi
kamida 100
3.
Suv tarmogʻi qurilishi tugallanmagan hududda quvurlarni oʻrnatishda sanitariya-himoya mintaqasi
nam tuproqda
kamida 50
quruq tuproqda:
diametri 1000 metrgacha boʻlganda
kamida 10
diametri 1000 metrdan ortiq boʻlganda
kamida 20
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari, sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari bilan bogʻliq boshqa qoʻshimcha normalar ushbu Kodeksning 127 — 133-moddalarida belgilanadi.
127-modda. Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalari hamda sohil boʻyi mintaqalari
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalari ularning butun perimetri boʻyicha belgilanadi va ularning doirasida sohil boʻyi mintaqalari ajratiladi.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalari tarkibiga quyidagilar kiradi:
sohillarning 50 yil ichida yuvilishi (oʻpirilishi) prognoz qilinadigan zonalari (yangi qurilish cheklangan zona);
pastliklarni, jarliklarni, soyliklarni, sohil boʻyi qiyaliklarini va qiyaligi 5 gradusdan yuqori boʻlgan, nuragan yerlarni oʻz ichiga oluvchi eroziya jihatdan faol zonalar, suv omborlariga va boshqa suv havzalariga bevosita tutashadigan siljuvchi yer uchastkalari;
suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suv sathi eng yuqori darajaga koʻtarilganda vaqtincha suv bosadigan zonalar;
doimiy suv bosadigan zonalar;
suv omborlarining va boshqa suv havzalarining sohillaridagi ihota daraxtzorlari.
Suvni muhofaza qilish zonasining chegaralari joyning oʻziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda belgilanadi hamda tabiiy va sunʼiy chegaralar va yuqoridagi hududlardan tartibsiz oqib tushadigan yer usti suvlarini qisman ushlab qoluvchi va qayta taqsimlovchi toʻsiqlar, daryo vodiylari chetlari, soyliklar, yoʻl-transport tarmogʻi va boshqa muhandislik inshootlari bilan birlashadi.
Suv omborlari sigʻimlari suvni muhofaza qilish zonasining ichki chegarasi suv normal koʻtarilganda uning sathi chizigʻidan, boshqa suv havzalariniki esa suvning oʻrtacha koʻp yillik sathi chizigʻidan belgilanadi. Suv sathining chizigʻi deganda suv yuzasining suv obyekti oʻzani (qirgʻogʻi) bilan tutashgan chiziq tushuniladi.
Suv omborlari toʻgʻonlarining, suv olish va suv chiqarish hamda boshqa inshootlarning suvni muhofaza qilish zonasi hamda sohil boʻyi mintaqasining ichki chegarasi ularning chekka konturlaridan (chegaralaridan) belgilanadi.
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari va sohil boʻyi mintaqalari kengligi ushbu Kodeksning 126-moddasiga muvofiq belgilanadi.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining suvni muhofaza qilish zonalarini hamda sohil boʻyi mintaqalarini belgilashga doir loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar toʻliq oʻrganilganligi hisobga olingan holda suvni muhofaza qilish zonalari hamda sohil boʻyi mintaqalari kengligining yuqori chegarasi aniqlashtirilishi mumkin. Bunda suvni muhofaza qilish zonalari hamda sohil boʻyi mintaqalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
128-modda. Daryolar, qurimaydigan soylar va boshqa tabiiy suv oqimlari boʻylab suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash
Suvni muhofaza qilish zonalari ushbu hududlar kimning tasarrufida yoki yerdan foydalanishda boʻlganidan qatʼi nazar, doimiy yoki vaqtinchalik oqimga ega boʻlgan barcha daryolar va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari boʻylab belgilanadi.
Suvni muhofaza qilish zonasiga qayirlar, yer osti suvlari sizib chiqadigan yer uchastkalari, toshqin, sel, qor koʻchkisi va yer koʻchkisi hodisalari uchraydigan yer uchastkalari, qayir yuqorisidagi birlamchi terrasalar, oʻzak sohillarining chetlari va tik qiyaliklari, daryo vodiysiga toʻgʻridan-toʻgʻri tushuvchi soyliklar, jarliklar, sohillarning yuviladigan uchastkalari kiradi.
Daryolar suvni muhofaza qilish zonalarining ichki chegaralari oʻrtacha koʻp yillik suv sathi chizigʻidan boshlab qabul qilinadi.
Daryolarning va boshqa qurimaydigan suv oqimlarining suvni muhofaza qilish zonalari kengligi geomorfologik, gidrogeologik sharoitlarni hisobga olgan holda, tutash yerlardan foydalanish xususiyatidan hamda oʻrtacha koʻp yillik suv sarfidan kelib chiqib, ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan oʻlchamlarda belgilanadi.
Daryoning butun uzunligi boʻyicha suvni muhofaza qilish zonasining kengligi daryo uzunligining har bir boʻlagida suv sarfiga qarab belgilanadi.
Daryolarning va boshqa qurimaydigan suv oqimlarining suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash boʻyicha loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar toʻliq oʻrganilganligi hisobga olingan holda, suvni muhofaza qilish zonalari kengligining yuqori chegarasi aniqlashtirilishi mumkin. Bunda suvni muhofaza qilish zonalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
129-modda. Daryolar, qurimaydigan soylar va boshqa tabiiy suv oqimlari boʻylab sohil boʻyi mintaqasi
Daryolarning va boshqa qurimaydigan soylarning suvni muhofaza qilish zonasi doirasida sohil boʻyi mintaqasi ajratiladi.
Mazkur sohil boʻyi mintaqasida xoʻjalik faoliyatini yuritish va har qanday turdagi binolar va inshootlarni qurish ishlari taqiqlanadi, bundan suv xoʻjaligi obyektlarini qurish mustasno.
Daryolar va boshqa qurimaydigan soylar sohil boʻyi mintaqasining kengligi oʻrtacha koʻp yillik suv sathi chizigʻiga koʻra aniqlanadi hamda daryolarda ularga tutashgan yerlarga va sohillar qiyaliklari tikligiga qarab ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan oʻlchamlarda belgilanadi.
Sohil boʻyi mintaqalari oʻlchamlarining eng katta miqdorlari eng yemiriluvchan (yuviluvchan) tuproqlarga tegishli.
Daryolarning va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlarining sohil boʻyi mintaqalarini belgilash boʻyicha loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar toʻliq oʻrganilganligi hisobga olingan holda, sohillar boʻyi mintaqalari kengligining yuqori chegarasi aniqlashtirilishi mumkin. Bunda sohillar boʻyi mintaqalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Togʻ daryolari va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari uchun sohil boʻyi mintaqasining kengligi har bir aniq holda tutashgan yerlardan foydalanish xususiyati va maqsadlaridan, shuningdek ularning suv holatiga taʼsiridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Aholi punktlari doirasida daryolar va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlari sohil boʻyi mintaqalarining oʻlchamlari joyning oʻziga xos xususiyatlari, shaharsozlik bosh rejasi hisobga olingan, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi organlari, favqulodda vaziyatlar organlari, qurilish organlari, suv xoʻjaligi organlari, qishloq xoʻjaligi, kadastr organlari, gidrometeorologiya organlari va tegishliligi boʻyicha boshqa vakolatli davlat organlari bilan kelishuvga koʻra belgilanadi.
130-modda. Suvi ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlari uchun foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash
Suvlarning holatiga taʼsir koʻrsatilishining oldini olish maqsadida suvi ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlari uchun foydalaniladigan kanallar boʻylab suvni muhofaza qilish zonalari belgilanadi, ulardan sohil boʻyi mintaqasi ajratiladi.
Suvi ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlari uchun foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalari kengligi geomorfologik, gidrogeologik sharoitlar, ularga tutash yerlardan foydalanish xususiyati hisobga olingan holda belgilanadi hamda ularning normal suv sathi chizigʻidan ushbu Kodeksning 126-moddasida nazarda tutilgan oʻlchamlarda qabul qilinadi.
Suvi ichimlik, xoʻjalik-maishiy va davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlarida foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash boʻyicha loyihalarni ishlab chiqishda joylardagi haqiqiy sharoitlar toʻliq oʻrganilganligi hisobga olingan holda, suvni muhofaza qilish zonalari kengligining yuqori chegaralari aniqlashtirilishi mumkin. Bunda suvni muhofaza qilish zonalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
131-modda. Kanallarning, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil boʻyi mintaqalarini belgilash
Suvlari sugʻorish va texnik ehtiyojlar uchun foydalaniladigan suv xoʻjaligi obyektlari, shu jumladan kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari boʻylab ulardan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash, shuningdek suv resurslarini oqilona boshqarish va suv hisobini yuritish hamda boshqa tadbirlarni oʻtkazish maqsadida faqat sohil boʻyi mintaqalari belgilanadi.
Mazkur sohil boʻyi mintaqasida xoʻjalik faoliyatini yuritish va har qanday turdagi binolar va inshootlarni qurish ishlari taqiqlanadi, bundan suv xoʻjaligi obyektlarini qurish mustasno.
Sohil boʻyi mintaqalarini belgilashda quyidagilarni taʼminlash nazarda tutilishi zarur:
kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining suvlarini yer usti suv oqimlari bilan ifloslanishidan, ularning oʻzanlarini loyqa bosishdan, sohillar va qiyaliklarning yemirilish va oʻpirilish jarayonlaridan hamda suvlarning holatiga taʼsir etuvchi boshqa harakatlardan himoya qilish;
kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash, suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritish, oʻzanlarni tozalashda chiqqan tuproqni joylashtirish, shuningdek shamol eroziyasiga uchraydigan hududlarda ihota oʻrmonlarini barpo etish.
Kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududlaridan oʻtgan hollarda rekonstruksiya qilishda, taʼmirlashda va tiklashda hosil boʻlgan tuproqlar ushbu hududlardan texnika yordamida chiqarib tashlanishi lozim hamda tuproq uyumlarini sohil boʻyi mintaqasiga joylashtirish uchun qoʻshimcha yer maydonlari ajratilmaydi.
Kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari sohil boʻyi mintaqalarining ichki chegarasi normal suv sathi chizigʻidan belgilanadi. Tashqi chegara kanallardan, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlaridan foydalanish, ularni rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash, suv resurslarini oqilona boshqarish va hisobini yuritish, oʻzanlarni tozalash chogʻida hosil boʻlgan tuproqlarni joylashtirish, shuningdek tuproqlarning shamol eroziyasiga qarshi ihota daraxtzorlarini barpo etish maqsadida avtotransport, texnika, mashinalar va mexanizmlar harakatlanishi uchun yoʻlning jihozlanishi hisobga olingan holda, begonalashtirilgan yerlar chegarasi bilan mos kelishi kerak.
Sohil boʻyi mintaqasining hamda kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari, boshqa suv xoʻjaligi obyektlari uchun ajratiladigan yer uchastkalarining kengligi ularning namunaviy kesimlari asosida, shuningdek ularni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash boʻyicha loyihalar, ularning haqiqiy holati joyida oʻrganilganligi hisobga olingan holda yer ajratishning amaldagi qoidalariga muvofiq belgilanadi.
Kanallarning, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil boʻyi mintaqalari kengligi ushbu Kodeksning 126-moddasiga muvofiq belgilanadi.
Kanallarning, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil boʻyi mintaqalarining eng kichik kengligi ularning sohillarida mavjud boʻlgan va yangidan joylashtiriladigan tuproq koʻtarmalarini, shuningdek tuproqlarning shamol eroziyasiga qarshi barpo etiladigan ihota oʻrmonlarini va boshqa xususiyatlarni inobatga olib sohil boʻyi mintaqalarini belgilash boʻyicha loyihalarni ishlab chiqishda koʻpaytirilishi va aniqlashtirilishi mumkin. Bunda sohil boʻyi mintaqalari kengligining pastki chegarasini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Murakkab geologik va gidrogeologik sharoitlardagi yerlardan oʻtuvchi kanallarning, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xoʻjaligi obyektlarining sohil boʻyi mintaqalari qoʻshimcha ilmiy-tadqiqot ishlari asosida belgilanadi.
Shaharlar, tumanlar va aholi punktlari doirasidagi kanallarning, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xoʻjaligi obyektlarining sohil boʻyi mintaqalari oʻlchamlari joydagi aniq sharoitlarni, shaharsozlik bosh rejasini hisobga olgan holda, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, favqulodda vaziyatlar organlari, qurilish organlari, suv xoʻjaligi organlari va boshqa tegishli organlar, shuningdek suv xoʻjaligi inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishuvga koʻra belgilanadi.
Kanallarning, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining, shuningdek boshqa suv xoʻjaligi obyektlarining sohil boʻyi mintaqalarini belgilash boʻyicha loyiha hujjatlarida koʻrsatilgan hududlar tegishincha suv xoʻjaligidan foydalanuvchi tashkilotlarga va boshqa tashkilotlarga oʻrnatilgan tartibda ajratib beriladi.
132-modda. Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonalari
Barcha ishlatilayotgan, loyihalashtirilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlarining sanitariya-epidemiologik jihatidan ishonchliligini taʼminlash maqsadida sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari belgilanadi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimi obyektlari atrofida tegishincha sanitariya muhofazasi zonalari va sanitariya-himoya mintaqalari, mineral suvlar va boshqa davolash vositalari atrofida esa sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi va ajratiladi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalarining suv olish joyidagi sanitariya muhofazasi zonasi quyidagi uch mintaqadan iborat boʻladi:
birinchi mintaqa — qatʼiy rejimli;
ikkinchi va uchinchi mintaqa — xoʻjalik faoliyati cheklangan rejimli.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminotining yer osti manbasi sanitariya muhofazasi zonasi ikkinchi mintaqasining chegarasi iqlimi oʻzgargan hududlarga va yer osti suvlarining muhofaza qilinganligiga qarab, suv olish joyidan suvning bakteriologik ifloslanishi hamda togʻ jinslarining suvli qatlami xususiyatlari hisobga olingan holda belgilanadi.
Sanitariya muhofazasi zonasi ikkinchi va uchinchi mintaqasining chegaralari suvning kimyoviy va texnogen ifloslanishi hisobga olingan holda aniqlanadi.
Suv saqlaydigan qatlamning infilʼtratsion taʼminotida yer osti manbasi sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi va uchinchi mintaqalari suv taʼminoti yer usti manbasi ikkinchi va uchinchi mintaqalarining chegaralariga muvofiq ravishda qabul qilinishi kerak.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimi inshootlarining (nasos stansiyalarining, suvni tayyorlash stansiyalarining, sigʻimlarning) sanitariya muhofazasi zonasi birinchi mintaqa chegaralaridan va uning atrofidagi sanitariya-himoya mintaqasidan (qoʻriqlash zonasidan) iborat boʻlishi kerak.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarining sanitariya muhofazasi zonasi kengligi ushbu Kodeksning 126-moddasiga muvofiq belgilanadi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari boʻylab kengligi eng chekka suv quvurlaridan boshlanadigan sanitariya-himoya mintaqalari belgilanadi.
Imoratlar qurilgan hududda sanitariya-epidemiologiya nazorati, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari bilan kelishuvga koʻra, mintaqalar kengligining yuqorida koʻrsatib oʻtilgan oʻlchamlarini kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi.
133-modda. Davolash-sogʻlomlashtirish maqsadlari uchun foydalaniladigan mineral suvlar manbalarining sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash
Aholining davolash va madaniy-sogʻlomlashtirish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan mineral suvlar manbalari, shifobaxsh balchiqlar konlari, mineral koʻllar atrofida davolash manbalarining tabiiy fizik va kimyoviy xususiyatlarini saqlash, shuningdek ularni buzilishdan, ifloslanishdan hamda kamayib ketishidan saqlash maqsadida sanitariya muhofazasi zonalari belgilanadi.
Bir yoki bir-biriga bogʻliq boʻlgan bir necha mineral suvlar konlaridan, aralash choʻmilish joylaridan va boshqa tabiiy davolash vositalardan foydalanilganda ular uchun yagona sanitariya muhofazasi zonasi belgilanishi mumkin.
Sanitariya muhofazasi zonasi uch zonaga boʻlinadi: birinchisi — qatʼiy rejimli zona, ikkinchisi — cheklangan rejimli zona va uchinchisi — kuzatuv zonasi.
Birinchi zona mineral suvlar yuzaga chiqadigan va shifobaxsh balchiqlar konlari, mineral koʻllar, suvidan davolash maqsadlari uchun foydalaniladigan koʻrfazlar, plyajlar joylashgan joylarni, shuningdek dengizning sohil boʻyi mintaqasini va plyajlarga tutashuvchi, kengligi kamida 100 metr boʻlgan hududni qamrab oladi.
Ikkinchi zona quyidagilarni qamrab oladi:
yer usti suvlarining mineral suvlar yuzaga chiqadigan joyga, shifobaxsh balchiqlar konlariga, mineral koʻllar va koʻrfazlarga, mineral manbalar hosil boʻlishida ishtirok etuvchi mineral va chuchuk suvlar aylanadigan yer yuzasidan uncha chuqur boʻlmagan joylarga oqishi yuz beradigan hududni;
mineral suvlar va shifobaxsh balchiqlar tabiiy hamda sunʼiy ravishda saqlanadigan joylarni;
sanatoriy-kurort tashkilotlari joylashgan hududni, shuningdek loyiha hujjatlariga koʻra istirohat bogʻlari, oʻrmon-bogʻlar va boshqa dov-daraxtlar kabi muassasalar barpo etish uchun moʻljallangan hududni qamrab oladi.
Uchinchi zona (uning tashqi chegaralari sanitariya muhofazasi zonasining chegaralariga mos keladi) hududning tevaragida joylashgan gidromineral resurslar toʻyinadigan va shakllanadigan barcha joylarni, dov-daraxtlarni, shuningdek sanitariya muhofazasi zonasi uchun belgilangan qoidalarga rioya etmasdan xoʻjalik maqsadlarida foydalanilishi mineral suvlar va shifobaxsh balchiqlar konlarining gidrogeologik rejimiga, sanitariya va landshaft-iqlim sharoitlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hududlarni oʻz ichiga oladi.
134-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarida, sanitariya muhofazasi zonalarida va sohil boʻyi mintaqalarida xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish rejimi
Suvni muhofaza qilish zonalariga va sanitariya muhofazasi zonalariga kiritilgan yerlar, yerlardan foydalanuvchilardan va ijarachilardan olib qoʻyilmaydi hamda ular tomonidan ushbu Kodeksning 24-bobida belgilangan talablarga rioya etgan holda foydalaniladi, bundan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalarining yerlari mustasno.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarorlari bilan:
daryolarning va boshqa qurimaydigan tabiiy suv oqimlarining sohil boʻyi mintaqalari ekologik, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini va boshqa tadbirlarni oʻtkazish, shuningdek yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun yerdan foydalanuvchilar va ijarachilarga;
suv xoʻjaligi obyektlarining sohil boʻyi mintaqalari ushbu obyektlardan foydalanishni, ularni rekonstruksiya qilishni, taʼmirlashni va tiklashni, suv resurslarining oqilona boshqarilishini va hisobi yuritilishini taʼminlash, ekologik, tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini va boshqa tadbirlarni oʻtkazish, shuningdek yer uchastkalaridan samarali foydalanish uchun ushbu obyektlardan foydalanuvchi tashkilotlarga beriladi.
Kanallarning, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlarining sohil boʻyi mintaqalaridagi tuproq uyumlari uchun maydonlar foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishuvga koʻra, tuproq uyumlarini olib tashlash va rejalashtirish ishlarini bajarish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek tuproq uyumlaridan qurilish materiallari sifatida foydalanish uchun fermer va dehqon xoʻjaliklariga hamda boshqa tashkilotlarga muddatli (vaqtincha) foydalanishga yoki shartnoma asosida ijaraga berilishi mumkin.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti va mineral suvlar manbalari sanitariya muhofazasi zonalarining birinchi mintaqalari yer uchastkalari bilan birgalikda suv olish inshootlari va boshqa inshootlar qurish uchun ushbu inshootlardan foydalanuvchi tashkilotlarga belgilangan tartibda foydalanishga beriladi.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining, daryolarning va boshqa tabiiy suv oqimlarining, shuningdek suvi ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti ehtiyojlari uchun foydalaniladigan kanallarning suvni muhofaza qilish zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
oʻsimliklar zararkunandalari va kasalliklariga, begona oʻtlarga qarshi ishlatiladigan zaharli kimyoviy vositalarning har qanday turlarini qoʻllash va koʻmish;
zaharli kimyoviy vositalar, pestitsidlar, gerbitsidlar va mineral oʻgʻitlar saqlanadigan omborlarni, zaharli kimyoviy vositalar apparatlari toʻldiriladigan maydonchalarni, aviatsiya-kimyo ishlarini olib borish uchun uchish-qoʻnish polosalarini qurish;
markazlashgan oqova suvlarini chiqarib yuborish tarmoqlari boʻlmagan yangi turar joy va turizm majmualarini qurish;
oqova suvlarini tozalash inshootlarini va oqova suvlarning turli xil sigʻimlarini (toʻplagichlarini) barpo etish;
yangi dafn etish joylarini joylashtirish, shuningdek mavjud dafn etish joylariga koʻmish;
chorvachilik va parrandachilik fermalarini qurish, hayvonlar koʻmiladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni koʻmish joylarini) tashkil etish;
axlatlarni, shu jumladan kimyoviy va radioaktiv moddalarni ishlab chiqarish chiqindilarini joylashtirish, shuningdek sugʻorish uchun suyuq goʻng ishlatish;
toʻxtash joylarini, yonilgʻi-moylash materiallarini quyish shoxobchalarini, transport vositalariga va boshqa texnikaga texnik xizmat koʻrsatish, ularni taʼmirlash va yuvish joylarini barpo etish;
qor qoplami ustidan oʻgʻit solish, tarkibida goʻng boʻlgan, zararsizlantirilmagan oqova suvlardan oʻgʻitlar sifatida foydalanish, shuningdek tozalanmagan sanoat va xoʻjalik-maishiy oqova suvlarni oqizib yuborish;
chorva mollarini tartibsiz oʻtlatish, ayniqsa jarlik-botqoq tarmogʻining tarkibiy qismlarida oʻtlatish, yaylovlarni payhon qilish;
daraxtzor va butazorlarni kesish, bundan oʻrmonni parvarishlash uchun kesish va sanitariya jihatidan kesish mustasno.
Suv omborlarining va boshqa suv havzalarining, daryolarning va boshqa suv oqimlarining, shuningdek yer osti chuchuk suvlari shakllanadigan hududlarning suvni muhofaza qilish zonalarida suvlarning holatiga taʼsir etuvchi, qurilish, oʻzan tubini chuqurlashtirish, sohillarni himoya qilish va portlatish ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish va suv oʻsimliklarini olish, ularni qayta ishlash, quvurlar tarmoqlari, kabellar va boshqa kommunikatsiyalar oʻtkazish, burgʻilash, qishloq xoʻjaligi ishlari va boshqa ishlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi organlari va yer tuzish organlari, shuningdek togʻ-kon sanoati va geologiya organlari, favqulodda vaziyatlar organlari va suv xoʻjaligi organlari bilan kelishuvga koʻra, faqat mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qarori bilan amalga oshirilishi kerak.
Suv omborlari va boshqa suv havzalarining tegishli suv sathlari chizigʻidan 2 kilometr masofagacha boʻlgan qishloq xoʻjaligi yerlariga va oʻrmonzorlarga zaharli kimyoviy vositalarni aviatsiya yordamida sepish taqiqlanadi.
Sohil boʻyi mintaqalari doirasida ushbu moddaning beshinchi qismida koʻrsatilgan cheklovlarga qoʻshimcha ravishda quyidagilar taqiqlanadi:
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, suv xoʻjaligi organlari, shuningdek suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishilmagan holda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish (bundan yosh koʻchatlar orasiga ekilgan vaqtinchalik ekinlar mustasno);
organik va mineral oʻgʻitlarni saqlash va qoʻllash;
chorva mollarini saqlash va boqish joylarini tashkil etish;
har qanday turdagi doimiy va vaqtinchalik binolar va inshootlarni qurish (bundan suv xoʻjaligi obyektlarini qurish mustasno);
ushbu maqsadlar uchun maxsus ajratilgan joylardan tashqari chodirlar shaharchalarini, qayiqlar prichallarini barpo etish;
mineral oʻgʻitlardan boʻshagan idishlarni saqlash va yoʻq qilish;
mineral oʻgʻitlarni transportda tashish va sepish uchun foydalanilgan idishlarni, mashinalarni va jihozlarni tozalash va yuvish;
junni, kanop va terini yuvish.
Ushbu moddaning sakkizinchi qismida koʻrsatilgan qoidalar oqova suvlarini chiqarib yuborish tizimiga yoki filtrlash oʻralariga ulangan, ilgaridan mavjud boʻlgan turar joy obyektlariga, ommaviy dam olish hududlariga va turistik majmualarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Daryolar oʻzanlarini oʻzgartirishga, ulardan foydali qazilmalarni qazib olishga va suv obyektlarining holatiga taʼsir qiladigan boshqa ishlarni olib borishga, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining, suv xoʻjaligi organlarining, togʻ-kon sanoati va geologiya organlarining ruxsatnomasi belgilangan tartibda olinganidan keyin yoʻl qoʻyiladi.
135-modda. Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalarining, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlarining sanitariya muhofazasi zonasida xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish rejimi
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
qurilish, bundan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimi inshootlarini qurish mustasno;
turar joy va jamoat binolarini joylashtirish, odamlarning, shu jumladan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimida ishlovchilarning yashashi;
turli maqsadlar uchun moʻljallangan quvurlar oʻtkazish, bundan ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimi inshootlariga xizmat koʻrsatuvchi quvurlar mustasno;
oqova suvlarni yer usti suv manbalariga oqizish, choʻmilish, chorva mollarini sugʻorish va boqish, baliq ovlash, zaharli kimyoviy vositalarni, pestitsidlarni, gerbitsidlarni, mineral va organik oʻgʻitlarni qoʻllash, saqlash va koʻmish, transport vositalarini yuvish.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlari sanitariya muhofazasi zonasining birinchi mintaqasi hududida:
oqova suvlarni tozalash inshootlari birinchi mintaqadan tashqarida joylashtirilgan holda, barcha binolar suvni chiqarib tashlashning eng yaqin tizimiga ulangan boʻlishi kerak, oqova suvlarini chiqarib yuborish mavjud boʻlmagan taqdirda, axlatlarni chiqarib tashlashga doir sanitariya talablari hisobga olingan holda suv oʻtmaydigan, axlat tushadigan oʻralar barpo etilishi kerak;
yer usti suv oqimining birinchi mintaqadan tashqariga chiqarilishi taʼminlanishi kerak;
oʻrmonni sanitariya jihatidan kesishga va uni parvarish qilishga yoʻl qoʻyiladi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining ikkinchi mintaqasi hududida, shuningdek ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari inshootlarining sanitariya-himoya mintaqasi doirasida quyidagilar taqiqlanadi:
hududni maishiy chiqindilar, goʻng, sanoat va qurilish chiqindilari, maishiy oqovalar va boshqalar bilan ifloslantirish;
zaharli kimyoviy moddalarning va mineral oʻgʻitlarning, yonilgʻi-moylash materiallarining omborlarini, toʻplagichlarni, shlam saqlanadigan joylarni hamda ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarining kimyoviy ifloslanishini yuzaga keltiruvchi boshqa obyektlarni joylashtirish;
hayvonlar, parrandalar va baliqlar koʻmiladigan joylarni, dafn etish joylarini, assenizatsiya va filtrlash dalalarini, sugʻoriladigan yer uchastkalarini, goʻngxonalarni, silos saqlanadigan chuqurlarni, chorvachilik va parrandachilik tashkilotlarini, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbalarining mikroblar bilan ifloslanishini yuzaga keltiruvchi boshqa obyektlarni tashkil etish;
bevosita toshqin xavfi boʻlgan davrda muzlagan yoki qor bilan qoplangan tuproqqa oʻgʻitlar solish va oʻgʻitlarni aviatsiya yordamida tuproqqa sepishda ularning sochilib ketishiga yoʻl qoʻyish;
qum va shagʻal qazib olish, shuningdek oʻzan tubini chuqurlashtirish ishlarini olib borish;
sanitariya muhofazasi zonalari birinchi mintaqasining tashqi chegarasidan 500 metrgacha boʻlgan masofada chorva mollarini boqish, shuningdek parrandalar va baliqlarni saqlash.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti yer usti va yer osti manbalari sanitariya muhofazasi zonasining uchinchi mintaqasi hududida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari bilan kelishuvga koʻra, amaldagi sanitariya normalariga va tabiatni muhofaza qilish talablariga rioya etilgan holda, xoʻjalik faoliyatining va boshqa faoliyatning yuritilishiga ruxsat beriladi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlarining sanitariya-himoya mintaqalari zonalarida hojatxonalar, yuvundi oʻralar, goʻngxonalar, axlatxonalar hamda tuproqning va yer osti sizot suvlarining ifloslanishiga sharoitlar yaratadigan boshqa inshootlar boʻlmasligi kerak.
Chiqindixonalar, assenizatsiya va filtrlash dalalari, dafn etish joylari hududida ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlarini qurish, hayvonlar koʻmiladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni koʻmish joylarini) tashkil etish taqiqlanadi.
Mineral suvlar manbalarining, shifobaxsh balchiqlar konlarining, mineral koʻllarning sanitariya-muhofaza zonalari doirasida tuproq, suv, havoni ifloslantiruvchi, oʻrmonlarga va boshqa dov-daraxtlarga zarar yetkazuvchi, eroziya jarayonlarining rivojlanishiga olib keluvchi hamda suvning tabiiy davolash xususiyatlariga va hududning sanitariya holatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi har qanday ishlarni olib borish taqiqlanadi.
Sanitariya muhofazasi zonalarida tabiiy davolash vositalarining zarur darajadagi sanitariya holatini taʼminlovchi, shuningdek davolanish va dam olish uchun qulay sharoitlar yaratuvchi sanitariya-sogʻlomlashtirish tadbirlari hamda boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.
Qatʼiy rejimli sanitariya muhofazasi zonasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
fuqarolarning tabiiy davolash vositalaridan foydalanish bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan holda doimiy yoki vaqtincha yashashi;
binolar va inshootlar qurish, konchilik va tuproq ishlarini amalga oshirish;
manbaning tabiiy davolash xususiyatlariga va hududning sanitariya holatiga zararli taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa harakatlar.
Cheklangan rejimli sanitariya muhofazasi zonasi hududida quyidagilar taqiqlanadi:
aholining davolanishi va dam olishi bilan bogʻliq boʻlmagan binolar va inshootlar qurish;
kurortning rivojlanishi va obodonlashtirilishi bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan konchilik va boshqa ishlarni bajarish;
shimuvchi quduqlar qurish;
sugʻoriladigan dalalarni va yer osti filtratsiya dalalarini, dafn etish joylarini joylashtirish, hayvonlar koʻmiladigan joylarni (hayvonlar, parrandalar va baliqlarni koʻmish joylarini) tashkil etish;
oʻsimliklar zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish uchun zaharli kimyoviy moddalarni qoʻllash;
dov-daraxtlarni kesish (bundan oʻrmonni parvarish qilish uchun kesish va sanitariya maqsadida kesish mustasno) hamda yer uchastkalaridan, oʻrmonzorlardan va suv havzalaridan ularning sifati yomonlashuviga yoki tabiiy davolash vositalarining kamayishiga olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday boshqacha tarzda foydalanish.
Kuzatuv zonasi hududida ekologiya, atrof-muhit muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, shuningdek Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari bilan kelishuvga koʻra, tabiiy davolash vositalariga va hududning sanitariya holatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan barcha turdagi ishlarga yoʻl qoʻyiladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi organlarining iltimosnomasiga binoan, mahalliy sanitariya-gigiyena sharoitlarini hisobga olgan holda, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari obyektlarining suvni muhofaza qilish zonasida xoʻjalik faoliyatini yuritishga doir qismida qoʻshimcha cheklovlar belgilashi mumkin.
136-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda kelishish tartibi
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Buyurtmachi (ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, togʻ-kon sanoati va geologiya organlari, suv xoʻjaligi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va qayta tiklash loyihalari boʻyicha ixtisoslashgan buyurtmachi tashkilotlar, suv xoʻjaligi inshootlaridan foydalanuvchi tashkilotlar):
loyihani ishlab chiqish uchun topshiriqni rasmiylashtiradi, uni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari (sanitariya muhofazasi zonalari boʻyicha), qurilish organlari va kadastr organlari (obyekt shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududidan oʻtgan hollarda) bilan kelishadi hamda belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
zimmasiga yer tuzish ishlarini oʻtkazish vazifalari yuklatilgan tashkilotlar bilan loyihani ishlab chiqishga doir shartnomani belgilangan tartibda rasmiylashtiradi.
Zimmasiga yer tuzish ishlarini oʻtkazish vazifalari yuklatilgan tashkilot:
suv xoʻjaligi obyektlarini, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlarini rivojlantirishni hisobga olgan holda, ulardan foydalanish boʻyicha amaldagi normativlarga, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda yer tuzishning hududiy sxemalari va kompleks dasturlariga, tegishli hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni rejalashtirish boʻyicha tasdiqlangan hujjatlarning shaharsozlik faoliyatiga hamda mazkur hududlarni va aholi punktlarini qurishga doir qismiga, shuningdek ushbu Kodeks 24-bobining qoidalarga amal qiladi;
suv obyektlari joylashgan yerlarning hamda ularga tutash boʻlgan, yer osti sizot suvlari sathining pasayishi va koʻtarilishi zonasi doirasidagi hududlarning zoogeografik, ovchilik xoʻjaligi, geobotanik, tuproq, oʻrmon xoʻjaligi, gidrogeologik xususiyatlarini oʻrganadi;
ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti manbasi akvatoriyasining (suv olish inshooti darvozasidan 2 kilometr yuqori va 2 kilometr quyi oʻlchamda boʻlgan zonalarning) ixtiologik, baliqchilik xoʻjaligi, gidrogeologik, gidrobiologik, gidrokimyoviy xususiyatlarini oʻrganadi;
sanitariya-epidemiologik vaziyat toʻgʻrisidagi, shuningdek flora va faunaning alohida muhofaza etiladigan turlari, suv obyektlari taʼsiri zonasida joylashgan tabiat yodgorliklari, qoʻriqxonalar haqidagi maʼlumotlarni toʻplaydi va oʻrganadi;
suv ifloslanishining va bulgʻalanishining oldini olish, qimmatli unumdor yer maydonlarini va hududning mavjud tuzilishini toʻliq saqlab qolish, eroziya jarayonlarini, yerlarning botqoqlanishini va boshqa zararli taʼsirni toʻxtatish hisobga olingan holda, suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash hamda amaldagi normalar va qoidalarni qoʻllash imkoniyatini oʻrganadi va tekshiradi;
suvlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi obyektlar roʻyxatini aniqlaydi;
suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining, shuningdek sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalarining chegaralarini rejali-kartografiya asosiga tushiradi hamda yer uchastkalarining maydonini va yer maydonlarining tarkibini hisobga olgan holda umumiy maydonni aniqlaydi. Rejali-kartografiya asoslarida suvni muhofaza qilish zonasi va unga tutash uchastkalar chegaralarida ilgari turli ehtiyojlar uchun ajratilgan barcha uchastkalar chegaralari koʻrsatiladi;
suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining oʻlchamlarini asoslovchi, obyektning atrof-muhitga boʻlgan taʼsir darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va boshqa texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlarni tayyorlaydi;
inshootlarni qurish, suvlarning holatiga, hududni obodonlashtirishga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi korxonalarni, binolar va inshootlarni yopish yoki buzib tashlash boʻyicha tadbirlarni va boshqa tadbirlarni ishlab chiqadi.
Buyurtmachi:
ishlab chiqilgan loyihani loyiha tashkiloti bilan birgalikda belgilangan tartibda tegishli tashkilotlarda ekspertizadan oʻtkazadi;
suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash boʻyicha tegishli takliflarni ishlab chiqadi, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tegishli qarori loyihasini ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, favqulodda vaziyatlar organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining organlari (sanitariya muhofazasi zonalari boʻyicha), suv xoʻjaligi organlari (yer usti suvlari boʻyicha), togʻ-kon sanoati va geologiya organlari (yer osti va mineral suvlar boʻyicha), qurilish organlari va kadastr organlari (obyektlar shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududlaridan oʻtgan taqdirda), shuningdek suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar bilan kelishadi;
kelishilgan taklifni va qaror loyihasini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kiritadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining maʼqullangan chegaralari (hududlari):
tuman ahamiyatiga ega boʻlgan kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari boʻyicha — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi organlarining, suv xoʻjaligi organlarining, shuningdek kadastr organlarining tuman boʻlinmalari bilan;
viloyat (tumanlararo) ahamiyatiga ega boʻlgan kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari, mineral suvlar manbalari va boshqa suv obyektlari boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlarining, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi organlarining, suv xoʻjaligi organlarining, shuningdek kadastr organlarining boʻlinmalari bilan;
transchegaraviy, viloyatlararo va alohida muhim ahamiyatga ega boʻlgan suv obyektlari, shuningdek mineral suvlar manbalari va respublika ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylari boʻyicha — ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, sogʻliqni saqlash organlari, suv xoʻjaligi organlari, qurilish organlari, togʻ-kon sanoati va geologiya organlari, yer tuzish organlari, gidrometeorologiya organlari va kadastr organlari bilan kelishiladi.
Baliq ovlash ahamiyatiga ega boʻlgan obyektlarning suvni muhofaza qilish zonalari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, suv xoʻjaligi organlari hamda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish organlari bilan kelishiladi.
Daryolar va boshqa qurimaydigan suv oqimlari, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari shaharlar, tumanlar markazlari va qishloq aholi punktlari hududidan oʻtgan taqdirda, suvni muhofaza qilish zonalarining va sohil boʻyi mintaqalarining chegaralari qurilish va kadastr organlari bilan kelishiladi.
Mineral suvlar manbalarining hamda mahalliy ahamiyatga ega boʻlgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylarining sanitariya muhofazasi zonalari sogʻliqni saqlash va kasaba uyushmalari organlarining viloyat boʻlinmalari bilan, respublika ahamiyatiga ega boʻlganlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining organlari va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining organlari bilan kelishiladi.
Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash boʻyicha tasdiqlash uchun kiritiladigan materiallar quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari kelishilganligi toʻgʻrisida davlat organlarining va boshqa organlarning xulosalarini;
rejali-kartografiya materiallarini.
Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini belgilash boʻyicha materiallar tasdiqlash uchun taqdim etiladigan tegishli davlat organlari hamda tashkilotlari ularni 3 kun ichida koʻrib chiqadi va koʻrib chiqish natijalariga koʻra oʻzining asosli xulosalarini beradi.
137-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarini va sanitariya muhofazasi zonalarini tasdiqlash tartibi
Suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari:
tuman ahamiyatga ega boʻlgan kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari boʻyicha — tuman hokimining qarorlari bilan;
viloyat (tumanlararo) ahamiyatiga ega boʻlgan daryolar, qurimaydigan soylar, suv omborlari va boshqa suv havzalari, kanallar, sugʻorish va kollektor-drenaj tarmoqlari, ichimlik va xoʻjalik-maishiy suv taʼminoti tizimlari hamda boshqa suv xoʻjaligi obyektlari boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan;
transchegaraviy, viloyatlararo va alohida muhim ahamiyatga ega boʻlgan suv obyektlari, shuningdek mineral suvlar manbalari hamda respublika ahamiyatiga ega boʻlgan boshqa davolash kurortlari va sanatoriylari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Tarkibiga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻorilmaydigan toifadagi yerlardan tashkil topgan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalari kiradigan suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan, tarkibiga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan toifadagi yerlardan tashkil topgan sohil boʻyi va sanitariya-himoya mintaqalari kiradiganlari esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tasdiqlanadi.
Suvni muhofaza qilish zonalarining va sanitariya muhofazasi zonalarining belgilangan tartibda tasdiqlangan chegaralari (hududlari) joyida (naturada) ogohlantiruvchi belgilar bilan belgilanadi.
Loyiha tashkiloti tomonidan har bir suv obyektining suvni muhofaza qilish zonalari va sanitariya muhofazasi zonalari hududining pasporti qonunchilikda belgilangan shaklda tayyorlanadi.
Suvni muhofaza qilish zonasi yoki sanitariya muhofazasi zonasi hududining pasportida suv obyektining nomi, belgilangan zonalar (mintaqalar) va ushbu zonalardagi yerlardan foydalanish rejimi koʻrsatiladi. Pasportga belgilangan zonalar (mintaqalar) chegaralari (hududlari) tasvirlangan kartografik material ilova qilinadi.
Pasport mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari tomonidan imzolanadi hamda xoʻjalik faoliyati rejimiga rioya etilishini nazorat qilish uchun davlat nazorati organlariga va boshqa manfaatdor organlarga yuboriladi.
Yerlardan foydalanish rejimiga, xoʻjalik faoliyatini yuritishga va ushbu Kodeksning 24-bobida nazarda tutilgan boshqa xatti-harakatlarga rioya etish majburiyati suvni muhofaza qilish zonalaridagi yerlardan foydalanuvchi yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning hamda yer ijarachilarining zimmasiga yuklatiladi.
Belgilangan rejimga rioya etilishi ustidan davlat nazorati mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Suv xoʻjaligi obyektlari va ularning inshootlari ustidan nazorat, shuningdek ularni muhofaza qilish boʻyicha bevosita obyektlarning oʻzida zarur chora-tadbirlarni koʻrish ushbu obyektlar tasarrufida boʻlgan tashkilotlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
138-modda. Suvni muhofaza qilish zonalarida suvni va suv obyektlarini ifloslanishdan, bulgʻalanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilishni taʼminlash
Suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida va ularga tutash hududlarda suvni va suv obyektlarini ifloslanishdan, bulgʻalanishdan va kamayib ketishdan muhofaza qilishni, shuningdek suvlarning holatini va ulardan foydalanish rejimini yaxshilashni taʼminlovchi quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi, jumladan:
sanoat suv taʼminotining suv aylanish tizimlarini, oqova suvlarni tozalash va zararsizlantirish inshootlarini qurishga qaratilgan texnologik chora-tadbirlar;
iqtisodiyot tarmoqlarida oqova suvlar choʻkindilaridan foydalangan holda utilizatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar;
sanoat va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish obyektlarida tozalash hamda zararsizlantirish inshootlarining barqaror ishlashini taʼminlovchi texnologik jarayonlarni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar;
ifloslangan oqova suvlar hosil boʻlishini istisno etuvchi texnologik jarayonlarni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar;
suv obyektlari sohillarini mustahkamlash, ularni yuvilib ketishdan, botqoqlanishdan muhofaza qilish, shuningdek suv obyektlari suv oqimining tabiiy rejimini barqarorlashtirish va yaxshilashni taʼminlovchi oʻrmon-melioratsiya hamda agrotexnik chora-tadbirlar;
suvdan foydalanish uchun qulay sharoitlar mavjud boʻlishini taʼminlaydigan suv xoʻjaligi inshootlari qurilishini, shuningdek zarur hollarda daryolar, kanallar, kollektor-drenaj tarmoqlari oʻzanlarini, hovuzlar, koʻllar va suv omborlari tublarini balchiq va choʻkindilardan tozalashni nazarda tutuvchi irrigatsiya-melioratsiya chora-tadbirlari;
suv obyektlariga oqiziladigan oqova suvlarni yuqumsizlantirishni va zararsizlantirishni, shuningdek xoʻjalik faoliyati uchun egallangan hududlarning sanitariya muhofazasini va obodonlashtirilishini taʼminlovchi sanitariya-texnik chora-tadbirlar;
suvlarning holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan korxonalarni, binolar va inshootlarni suvni muhofaza qilish zonalaridan tashqariga koʻchirishni yoki ularni yopishni nazarda tutuvchi tashkiliy chora-tadbirlar;
atrof-muhitga ijobiy taʼsir koʻrsatish uchun ifloslantiruvchi vositalardan foydalanmagan holda koʻkalamzorlashtirish uchun koʻchatlar va dov-daraxtlar ekishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar.
Yangi qurilayotgan suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish xarajatlari mazkur suv obyektlarini qurish qiymatiga kiritiladi.
Mavjud suv obyektlarida suvni muhofaza qilish zonalari belgilanishi munosabati bilan hududning ifloslanishini bartaraf etish boʻyicha ishlab chiqiladigan texnologik va sanitariya-texnik chora-tadbirlar ushbu ifloslanishlarga aybdor boʻlgan tashkilotlarning, shuningdek fuqarolarning mablagʻlari hisobidan bajariladi.
Irrigatsiya-melioratsiya, agrotexnik va tashkiliy chora-tadbirlar tasarrufida suv obyektlari boʻlgan tegishli vazirliklar, va idoralarning, shuningdek boshqa tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan bajariladi.
25-bob. Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, tiklash va ishga tushirish
139-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, tiklash va ishga tushirish shartlari
Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, tiklash va ishga tushirishda, yangi texnologik jarayonlarni joriy etishda aholining sogʻligʻini saqlash hamda ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlarini birinchi navbatda qanoatlantirish talablariga rioya etgan holda suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish, shuningdek kollektor-drenaj suvlarini va oqova suvlarni chiqarib yuborishning qulay rejimi taʼminlanishi kerak. Bunda suv obyektlaridan olinadigan va ularga qaytariladigan suvni hisobga olishni, suvlarni ifloslanish, bulgʻanish va kamayib ketishdan saqlashni, suvlarning zararli taʼsirining oldini olishni, yerlarning suv bosishini imkon qadar kamaytirishni, yerlarni shoʻrlanishdan, zax bosishdan yoki qaqrab qolishdan muhofaza qilishni, shuningdek qulay tabiiy sharoitlar va landshaftlarni saqlab qolishni taʼminlovchi tadbirlar nazarda tutiladi.
Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalarni, inshootlarni hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari suv obyektlaridan dam olish va sport uchun foydalanish imkoniyatlari hisobga olingan holda tuzilishi kerak.
140-modda. Baliqchilik xoʻjaligi suv havzalarida korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ishga tushirish shartlari
Baliqchilik xoʻjaligi suv havzalarida yangi va rekonstruksiya qilingan korxonalar, inshootlar va boshqa obyektlarni joylashtirish, loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va ishga tushirishda ushbu Kodeks 143-moddasining talablariga rioya etish bilan bir qatorda, baliqlar zaxiralariga, boshqa suv hayvonlariga va oʻsimliklarga hamda ularni saqlab qolish, qayta tiklash va koʻpaytirish shartlariga yetkazilayotgan zararning oʻrni qoplanishini taʼminlaydigan tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirilishi kerak.
141-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlar quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, taʼmirlanadigan va tiklanadigan joylarni belgilash
Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlar quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan, taʼmirlanadigan va tiklanadigan joylarni belgilash ushbu suv obyektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar, shuningdek boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan qonunchilikka muvofiq kelishiladi.
142-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash loyihalarini kelishish hamda davlat ekspertizasidan oʻtkazish
Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish loyihalari ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, togʻ-kon sanoati va geologiya organlari hamda boshqa vakolatli organlar bilan kelishib olinishi lozim, shuningdek qonunchilikka muvofiq davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi.
Melioratsiya obyektlarini taʼmirlash va tiklash loyihalari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkaziladi.
Ishlab chiqarish sharoitlariga koʻra aylanma suv taʼminotiga va chiqitsiz texnologiyaga oʻtkazilishi mumkin boʻlgan sanoat korxonalarining suv bilan toʻxtovsiz taʼminlash tizimlarini loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
143-modda. Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi korxonalar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni ishga tushirishni taqiqlash
Quyidagilarni ishga tushirish taqiqlanadi:
suvning ifloslanishi va bulgʻanishining oldini oluvchi qurilmalar bilan taʼminlanmagan, shuningdek suvning va suv obyektlarining holatiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan yangi hamda rekonstruksiya qilingan korxonalar, sexlar, agregatlarni, kommunal obyektlarini va boshqa obyektlarni;
yerlarning suv bosishi, zax bosishi, botqoqlanishi, shoʻrlanishining hamda tuproq eroziyasining oldini oluvchi loyihalarda nazarda tutilgan tadbirlar oʻtkazilguniga qadar sugʻorish va suv bilan taʼminlash tizimlarini, suv omborlari va kanallarni;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq suv qabul qiladigan va boshqa inshootlarni qurib bitkazmay turib, zax qochirish tizimlarini;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq baliqlarni saqlab qolish qurilmalari boʻlmagan suv olish inshootlarini;
tasdiqlangan loyihalarga muvofiq toshqin suvlarni va baliqlarni oʻtkazib yuboradigan qurilmalari tayyor boʻlmagan gidrotexnika inshootlarini;
yer osti suv zaxiralari tasdiqlanmagan guruhli suv olish inshootlarini, shuningdek mineral va termal suv quduqlarini;
suvni tartibga solish va hisobga olish vositalari bilan jihozlamay va tegishli hollarda sanitariya muhofazasi zonalarini belgilamay turib, suv chiqarish uchun burgʻilangan quduqlarni.
Oʻzanni tayyorlashga, shuningdek favqulodda vaziyatlarning oldini olishga va ularning oqibatlarini kamaytirishga doir loyihalarda nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilmaguniga qadar suv omborlarini suv bilan toʻldirish taqiqlanadi.
144-modda. Suv obyektlaridan oʻtadigan koʻpriklarni, oʻtish yoʻllarini hamda boshqa transport kommunikatsiyalarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tiklash loyihalarini kelishish
Suv obyektlaridan oʻtadigan koʻpriklarni, oʻtish yoʻllarini va boshqa transport kommunikatsiyalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish loyihalari suv xoʻjaligi, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv xoʻjaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi organlari, favqulodda vaziyatlar organlari bilan hamda zarur boʻlgan hollarda, energetika organlari, arxitektura va qurilish organlari, transport organlari (daryo transportiga oid qismida) bilan kelishib olinishi lozim, shuningdek toshqin suvlarini oʻtkazib yuborishni, suv obyektlaridan foydalanish rejimini, suvlarning ifloslanishi, bulgʻanishi va kamayib ketishi bartaraf etilishini, ularning zararli taʼsirining oldini olishni taʼminlovchi tadbirlar oʻtkazilishini nazarda tutishi kerak.
Suvning va suv obyektlarining holatiga taʼsir etuvchi suv obyektlaridan oʻtadigan koʻpriklarni, oʻtish yoʻllarini hamda boshqa transport kommunikatsiyalarini taʼmirlash va tiklash loyihalari suv xoʻjaligi organlari bilan, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatli organlar bilan kelishib olinishi lozim hamda toshqin suvlarni oʻtkazib yuborishni, suv obyektlaridan foydalanish rejimini, suvlarning bulgʻanishi va ifloslanishi bartaraf etilishini taʼminlovchi tadbirlar oʻtkazilishini nazarda tutishi kerak.
26-bob. Suvning zararli taʼsirining oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish
145-modda. Ekstremal suv tanqisligi va qurgʻoqchilik
Ekstremal suv tanqisligi suv manbasining suvlilik darajasi koʻp yillik (kamida 30 yil) normaning 50 foizini va undan kam foizni tashkil etadigan davrdir.
Yogʻingarchilik miqdori normal ravishda qayd etilgan darajalardan kam boʻlganda yuzaga kelib, yer resurslarining mahsuldorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan gidrologik muvozanatning jiddiy buzilishini keltirib chiqaruvchi tabiiy hodisa qurgʻoqchilikdir.
Ekstremal suv tanqisligining va qurgʻoqchilik xavfining oldini olish maqsadida suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasidagi maxsus vakolatli organi tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa manfaatdor taraflar bilan birgalikda ularni monitoring qilish va erta ogohlantirish tizimining samarali ishlashini, iqtisodiyot tarmoqlari, aholi guruhlari hamda hududlar boʻyicha zaiflik va taʼsir koʻrsatish baholanishini hamda ularga tayyorgarlik koʻrish va ularning oqibatlarini yumshatish choralari koʻrilishini nazarda tutuvchi aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.
Ekstremal suv tanqisligi yuzaga kelgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
ekstremal suv tanqisligiga uchragan hududlarda suvdan foydalanishda yangi ustuvorliklarni vaqtincha joriy etish toʻgʻrisida maxsus qaror qabul qilishga;
suv resurslaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyatning ayrim yoki barcha turlariga nisbatan cheklovlar joriy etishga haqli.
146-modda. Tashkilotlar va muassasalarning suvlarning zararli taʼsir koʻrsatishining oldini olish hamda uni bartaraf etish boʻyicha majburiyatlari
Tashkilotlar va muassasalar favqulodda vaziyatlar organlari, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari, suv xoʻjaligi organlari, togʻ-kon sanoati va geologiya organlari hamda boshqa manfaatdor organlar bilan kelishuvga koʻra yoki shunga vakolatli boʻlgan davlat organlarining koʻrsatmalari boʻyicha:
suv toshqinlarining, suv bosishi va zax bosishining;
sohillar, himoya dambalari va boshqa inshootlar buzilib ketishining;
yerlarning botqoqlanishi va shoʻrlanishining;
tuproqlar eroziyasining, jarliklar, oʻpirilishlar yuzaga kelishining, sel oqimlarining va suvlarning boshqa zararli taʼsir koʻrsatishining oldini olishga hamda ularni bartaraf etishga doir tadbirlarni oʻtkazishi shart.
147-modda. Suvning zararli taʼsir koʻrsatishi natijasida yuz beradigan tabiiy ofatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishga doir chora-tadbirlar
Hududlarda toshqinlar va sel boʻlganda avariya holatlarining oldini olish hamda ularni bartaraf etish ishlarini bajarish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashkil etiladi.
Suvning zararli taʼsir koʻrsatishi natijasida yuz beradigan tabiiy ofatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish ishlariga tezkor rahbarlik qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan zarur hollarda maʼmuriy-hududiy birliklarda viloyat va tuman shtablari tashkil etiladi hamda toshqinlarga va sellarga qarshi kurashish boʻyicha hududiy komissiyalar tuzilib, ularning tarkibiga tegishli tashkilotlar va muassasalarning vakillari kiradi.
148-modda. Suvning zararli taʼsir koʻrsatishidan muhofaza qilishga, uning zararli taʼsir koʻrsatishining oldini olishga va uni bartaraf etishga doir tadbirlarni moliyalashtirish
Suvning zararli taʼsir koʻrsatishidan muhofaza qilishga, uning zararli taʼsir koʻrsatishining oldini olish va uni bartaraf etishga doir tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlarning balansidagi obyektlarda tegishli budjet mablagʻlari hisobidan, suvdan foydalanuvchilarning balansidagi obyektlarda esa ularning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
VI BOʻLIM. SUVDAN VA SUV OBYEKTLARIDAN OQILONA FOYDALANISHNI, ULARNI MUHOFAZA QILISHNI IQTISODIY JIHATDAN RAGʻBATLANTIRISH, SUVGA DOIR DAVLATLARARO MUNOSABATLAR, SUV TOʻGʻRISIDAGI QONUNCHILIKNI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK VA SUVGA DOIR NIZOLARNI HAL ETISH
27-bob. Suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanishni va ularni muhofaza qilishni iqtisodiy jihatdan ragʻbatlantirish
149-modda. Suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanishning hamda ularni muhofaza qilishning iqtisodiy va boshqa chora-tadbirlari
Suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanishning hamda ularni muhofaza qilishni taʼminlashning iqtisodiy chora-tadbirlarida quyidagilar nazarda tutiladi:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq undirish, suv yetkazib berish va koʻrsatilgan boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlov, suv obyektlarini ifloslantirganlik va ularga zararli taʼsir koʻrsatganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari;
suvdan foydalanuvchilarga suvni tejashda, suvning hisobini yuritishda, suvni tejaydigan sugʻorish va suvni tozalash texnologiyalarini joriy etishda, suvni muhofaza qilish va tejashda samara beradigan boshqa faoliyatni amalga oshirishda qonunchilikka muvofiq beriladigan soliq, kredit imtiyozlari va boshqa imtiyozlar;
suv yetkazib beruvchi tashkilotlar orasida raqobatni rivojlantirish, suv resurslarini boshqarish va suvdan foydalanuvchilarga suv yetkazib berish jarayonlariga davlat-xususiy sheriklik prinsiplarini joriy etish.
Nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz taʼsis hujjatlariga muvofiq suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilishga doir samarali chora-tadbirlar tatbiq etilishini qonunchilikda belgilangan tartibda ragʻbatlantirishi mumkin.
150-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun toʻlovlar quyidagilardan iborat:
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan;
suv yetkazib berish va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovdan;
suv olish kvotalarini boshqa suvdan foydalanuvchilardan sotib olish uchun toʻlovdan (kvotaning bir qismini boshqalarga berishga doir shartnomaga muvofiq);
suvdan limitdan ortiqcha foydalanganlik uchun toʻlovdan (suvdan limitdan ortiqcha foydalanganlik yoki suv yetkazish boʻyicha majburiyatning bir qismini boshqalarga berishga doir shartnomaga muvofiq);
atrof-muhitni (suvlar va joy relyefini) ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovidan.
Atrof-muhitni ifloslantirganlik, shuningdek suvdan va suv obyektlaridan limitdan ortiqcha (normativdan ortiq) va boshqacha tarzda nooqilona ravishda foydalanganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari yuridik shaxs daromadidan (foydasidan) undiriladi, qolgan barcha toʻlovlar esa yuridik shaxs boʻlgan suvdan foydalanuvchilar mahsulotining (ishlarining, xizmatlarining) tannarxiga kiritiladi.
Suvdan foydalanganlik uchun toʻlovlar va atrof-muhitni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar qonunchilikda belgilanadi.
Ichimlik va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlari uchun ichimlik suv taʼminoti korxonalariga suv yetkazib berganlik hamda boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlov undirilmaydi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanganlik uchun toʻlovlarning, suvni va suv obyektlarini ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlarining toʻlanishi yuridik hamda jismoniy shaxslarni suvdan va suv obyektlaridan oqilona foydalanish hamda ularni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishdan va yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
Yongʻinni oʻchirish ehtiyojlari va favqulodda vaziyatlarning oldini olish uchun foydalanilgan suv hajmi uchun toʻlov undirilmaydi.
151-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni belgilashga, joriy etishga va bekor qilishga, hisoblab chiqarishga hamda toʻlashga doir munosabatlar, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi.
Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tushumlarni Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti va foydalanuvchi tashkilotlar (suv yetkazib beruvchi tashkilotlar) budjetlari oʻrtasida taqsimlash har yili qabul qilinadigan navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Qonunda belgilanadi.
152-modda. Suv yetkazib berganlik va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlov
Suv yetkazib berish xizmatlari va suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari pulli asosda koʻrsatiladi.
Suv yetkazib berganlik uchun toʻlov suv yetkazib beruvchi tashkilotning xarajatlarini, shu jumladan foydalanishga doir va maʼmuriy xarajatlarni, kelajakda suv yetkazib berish infratuzilmasini modernizatsiya qilish xarajatlarini qoplashga, shuningdek suv yetkazib beruvchi tashkilotning rentabelligini taʼminlashga qaratilgan.
Suv yetkazib berish uchun toʻlovlar Davlat budjeti hisobidan, shuningdek oʻzaro subsidiyalash mexanizmi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Bunda suv yetkazib berish xarajatlari bitta gidrografik zonada barcha suvdan foydalanuvchilar uchun bir xil boʻlishi kerak.
Suv yetkazib berish xizmatlari va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlovlarning bazaviy stavkalari quyidagilar hisobga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi:
suv tejashni ragʻbatlantirish va tariflarni yetkazib berilgan suv hajmlariga bogʻlash zaruriyati;
mazkur gidrografik zonadagi suvlilik darajasi;
turli hududlardagi suvdan foydalanuvchilar uchun suv yetkazib berish xarajatlaridagi tafovutlar va bitta hudud doirasidagi suvdan foydalanuvchilar uchun tariflarni tenglashtirish;
davlatning ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlari.
Suv yetkazib berish xizmatlari va boshqa suv xoʻjaligi xizmatlari uchun toʻlov undirish tartibi hamda shartlari suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar oʻrtasidagi shartnomalarda belgilanadi.
Suv yetkazib berganlik uchun toʻlov suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tarkibiga qisman yoki toʻliq kiritilishi mumkin.
Suv yetkazib berganlik uchun toʻlovning suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq tarkibiga kiritilgan qismida suv yetkazib beruvchi tashkilot yoki soliq organlari tomonidan undiriladi.
153-modda. Suvlarni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari
Suvlarni ifloslantirganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari “ifloslantiruvchi toʻlaydi” prinsipiga asoslanib, unga muvofiq ifloslantirishni bartaraf etish, cheklash va kamaytirish chora-tadbirlari bilan bogʻliq sarf-xarajatlar kompensatsiya toʻlovlari subyekti tomonidan qoplanadi.
Suv obyektlariga va joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarni normativ va normativdan ortiqcha, avariyali va bir yoʻla chiqarish massasi kompensatsiya toʻlovlari obyektidir.
Suv obyektlariga va joy relyefiga ifloslantiruvchi moddalarning chiqarilishini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar kompensatsiya toʻlovlari subyektlaridir.
Kompensatsiya toʻlovlarini hisob-kitob qilish, toʻlovlarni amalga oshirish va tushgan mablagʻlardan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
154-modda. Suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik va autsorsing
Suv xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklik “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat-xususiy sheriklik prinsiplari suv xoʻjaligi tizimining davlat tashkilotlari va xususiy sektor oʻrtasida davlat sektori tomonidan boshqariladigan hamda Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladigan suv xoʻjaligi infratuzilmasi loyihalarini ishlab chiqishga, realizatsiya qilishga hamda moliyalashtirishga qaratilgan uzoq muddatli shartnomaviy sheriklik munosabatlarini nazarda tutadi.
Quyidagilar (xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlarning mol-mulkini vaqtincha, doimiy boshqaruvga va boshqa shakllardagi boshqaruvga berish imkoniyati bilan) autsorsingga oʻtkazilishi mumkin:
suv xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish;
suv xoʻjaligi obyektlariga xizmat koʻrsatish boʻyicha boshqa xizmatlar.
Suv xoʻjaligi obyektlarini va xizmatlarini autsorsingga oʻtkazish hamda davlat-xususiy sheriklik faqat tanlov (tender) asosida shaffof tartib-taomillarga koʻra amalga oshiriladi.
Suv xoʻjaligi obyektlari davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim asosida berilganda, ushbu suv obyektlarini boshqaruvga qabul qilgan xususiy sheriklar oʻzining xizmat koʻrsatish zonasida:
faoliyat koʻrsatayotgan barcha suv xoʻjaligi obyektlarini mustaqil boshqaradi;
suv olish limiti va suv yetkazib beruvchi tashkilotlarning suvdan foydalanuvchilar oldidagi shartnomaviy majburiyatlari doirasida suvdan foydalanuvchilarni belgilangan tartibda suv bilan taʼminlaydi;
suv boʻyicha toʻliq hisobot va hisobdorlik yuritilishini taʼminlaydi, ushbu jarayonlarga avtomatlashtirilgan tizimni joriy etadi;
oʻzining xizmat koʻrsatish zonasidagi barcha suv xoʻjaligi obyektlari bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishini taʼminlaydi.
155-modda. Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilish
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilish suv muhitining ifloslanishi, suvlar sifatining yomonlashish hamda suvdan va suv obyektlaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa zararli taʼsirlar oqibatida zarar yetkazilgan hollarda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mol-mulki hamda daromadlarini, fuqarolarning hayoti, sogʻligʻi va mol-mulkini himoya qilish faoliyatidan iborat.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilishda yuridik yoki jismoniy shaxslarning mulkiy manfaatlarini himoya qilish ular tomonidan toʻlanadigan sugʻurta mukofotlaridan, shuningdek boshqa mablagʻlardan shakllanadigan pul fondlari hisobidan, sugʻurta shartnomasiga muvofiq va muayyan hodisa (sugʻurta hodisasi) yuz berganda ularga sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) toʻlash orqali amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilish, qoida tariqasida, ekologiya sugʻurtasi tartibida amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilish fuqarolik qonunchiligida, tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilikda, sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikda, ushbu Kodeksda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurtalashning asosiy maqsadi suvning va suv obyektlarining ifloslanishi, avariyalar, boshqa sugʻurta hodisasi yuzaga kelishi oqibatida uchinchi shaxslarning hayotiga, sogʻligʻiga, mol-mulkiga va (yoki) atrof-muhitga yetkazilgan zararni qoplashdan iboratdir.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi xavflarni sugʻurta qilishning asosiy prinsiplari, obyektlari, subyektlari va tartibi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilanadi.
156-modda. Suv xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Suv xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagilarni oʻz ichiga olishi mumkin:
suv xoʻjaligi tizimining davlat tashkilotlarini moliyalashtirish;
yangi suv xoʻjaligi inshootlari va tizimlarini qurish hamda mavjudlarini rekonstruksiya qilish uchun moliyaviy resurslarni, shu jumladan davlat kafolati ostidagi qarzlar va investitsiyalarni jalb qilish;
transchegaraviy, respublika, viloyatlararo, tumanlararo va xoʻjaliklararo ahamiyatga ega boʻlgan suv obyektlaridan, suv xoʻjaligi inshootlaridan va tizimlaridan foydalanish boʻyicha tadbirlarni Oʻzbekiston Respublikasining budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirish;
suvdan foydalanuvchilarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli va uzoq muddatli kreditlar hamda boshqa preferensiyalar berish;
suv xoʻjaligi tizimini qoʻllab-quvvatlashga doir boshqa chora-tadbirlarni qonunchilikka muvofiq amalga oshirish.
Suvdan va suv obyektlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasidagi investitsiya siyosati qaytarib berish sharti bilan markazlashgan kreditlar hisobiga suv xoʻjaligini rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga, suv xoʻjaligi organlarining shaxsiy mablagʻlari tarmoqni rivojlantirish uchun joylashtirilishini ragʻbatlantirishga hamda investitsiyalarga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarning sarflanishini nazorat qilishga asoslanadi.
28-bob. Suvga doir davlatlararo munosabatlar
157-modda. Suvga doir munosabatlar sohasidagi xalqaro hamkorlikning asosiy prinsiplari va yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasi suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida amalga oshiradi.
Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorligining asosiy yoʻnalishlaridir:
Oʻzbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro shartnomalarini bajarish;
transchegaraviy suvlardan va suv obyektlaridan, shuningdek atrof-muhitdan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini himoya qilish;
Oʻzbekiston Respublikasining suv xavfsizligini taʼminlash hamda mintaqaning suv resurslaridan va davlatlararo suv xoʻjaligi obyektlaridan birgalikda foydalanish masalalari boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish;
Markaziy Osiyo mamlakatlari manfaatlarining balansini taʼminlaydigan, mintaqaning transchegaraviy suv resurslarini birgalikda boshqarish boʻyicha oʻzaro maqbul mexanizmlarni amalga oshirish.
158-modda. Suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik mexanizmlari
Oʻzbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro hamkorligi mexanizmlari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
transchegaraviy taʼsir koʻrsatadigan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan faoliyatni amalga oshirishda oʻz hududidagi transchegaraviy suvlardan va suv obyektlaridan oqilona hamda adolatli foydalanishni taʼminlash;
transchegaraviy suvlarning ifloslanishi boshqa davlatlarning transchegaraviy suv obyektlariga oʻtishiga olib kelishi mumkin boʻlgan ifloslanishga yoʻl qoʻymaslik, uning oldini olish, uni cheklash choralarini koʻrish;
transchegaraviy taʼsirning oldini olish, uni cheklash va kamaytirish uchun tegishli huquqiy, maʼmuriy, iqtisodiy, moliyaviy va texnik chora-tadbirlarni ishlab chiqish, tasdiqlash, birgalikda amalga oshirish;
transchegaraviy taʼsirning oldini olish, uni cheklash va kamaytirish sohasida birgalikda ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasining suvdan foydalanish va uni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan boshqa hamkorlik mexanizmlari.
159-modda. Transchegaraviy suv obyektlaridan foydalanishni tartibga solish
Oʻzbekiston Respublikasining va Orol dengizi havzasidagi boshqa davlatlarning hududida joylashgan transchegaraviy suv obyektlaridan, shuningdek asosan suvda suzuvchi qushlar yashaydigan suvli-botqoq yerlardan foydalanish, suv xoʻjaligi va suvni muhofaza qilish tadbirlarini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi transchegaraviy suv obyektlarining Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida tartibga solinmagan qismida suvdan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
160-modda. Suvga doir davlatlararo nizolar
Oʻzbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar oʻrtasidagi suvga doir davlatlararo nizolar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Suvga doir davlatlararo nizolar va kelishmovchiliklar diplomatik kanallar, muzokaralar, oʻzaro maslahatlashuvlar orqali va suvga doir nizoning taraflari uchun maqbul boʻlgan har qanday boshqa usullarda tezkor ravishda hal etiladi.
29-bob. Suv toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishining huquqiy oqibatlari
161-modda. Suv toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Suv toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
162-modda. Davlatning suvga boʻlgan egalik huquqini buzadigan bitimlarning haqiqiy emasligi
Davlatning suvga boʻlgan egalik huquqini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki yashirin shaklda buzadigan bitimlar haqiqiy emasdir.
163-modda. Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan suv obyektlarini qaytarish
Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan suv obyektlari egalik qiluvchiga ulardan qonunga xilof ravishda foydalanish vaqtida amalga oshirilgan xarajatlarning oʻrni qoplanmagan holda qaytariladi.
Qonunga xilof ravishda foydalanish davrida suv obyektlariga zarar yetkazilgan taqdirda, suv obyektini oʻzboshimchalik bilan egallab olgan shaxs yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi shart.
164-modda. Suv olish tartibini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar
Qishloq xoʻjaligi, baliq xoʻjaligi, sanoat, energetika va xoʻjalik-maishiy ehtiyojlar uchun suv olish tartibi yuridik shaxslar tomonidan buzilgan taqdirda, ularga nisbatan quyidagi miqdorlarda jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar qoʻllaniladi:
suvdan foydalanuvchilar belgilangan limitdan ortiq olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi miqdorida;
suvdan foydalanuvchilar suv olish shartnomalari tuzilmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida;
suvdan foydalanuvchilar suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlanmagan holda olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar suvdan maxsus foydalanishga doir ruxsatnomasiz olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 40 foizi miqdorida;
suv xoʻjaligining foydalanuvchi tashkilotlari, suv yetkazib beruvchi tashkilotlar va suvdan foydalanuvchilar oʻzboshimchalik bilan olgan har ming kub metr suv uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida.
Suv olish tartibining buzilishi moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilganda, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar besh baravar miqdorda qoʻllaniladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan jarima tarzidagi moliyaviy sanksiyalar sud tartibida qoʻllaniladi, bundan yuridik shaxslar tomonidan moliyaviy sanksiyalar summasi bir oylik muddatda ixtiyoriy ravishda toʻlangan hollar mustasno.
165-modda. Nizolarni hal etish
Suvdan va suv obyektlaridan, suv xoʻjaligi obyektlaridan, shuningdek suv fondi yerlaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2025-y., 03/25/1076/0672-son)