O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida” 2024-yil 7-maydagi PF-74-son Farmoniga muvofiq suv xo‘jaligi balansini tuzish ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda Davlat suv kadastrini yuritishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
daryolar havzalari suv xo‘jaligi balanslarini tuzish va ulardan foydalanish tartibi;
irrigatsiya tizimlari havzalari suv xo‘jaligi balanslarini tuzish va ulardan foydalanish tartibi;
iqtisodiy mintaqalar bo‘yicha suv xo‘jaligi balanslarini tuzish va ulardan foydalanish tartibi;
O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini tuzish va undan foydalanish tartibi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar suv xo‘jaligi balanslarini tuzish uchun real vaqt rejimida ma’lumotlar almashish imkonini beruvchi elektron platformaning ishga tushirilishini ta’minlasin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-avgust,
545-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-avgustdagi 545-son qaroriga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llanadi:
daryolar havzalari suv xo‘jaligi balanslari — daryo havzasida kutilayotgan va chiqib ketadigan suv miqdori, suv xo‘jaligining joriy holati hamda havzadagi suvga bo‘lgan umumiy talab;
irrigatsiya tizimlari havzalari suv xo‘jaligi balanslari — irrigatsiya tizimi havzasida kutilayotgan va chiqib ketadigan suv miqdori, suv xo‘jaligining joriy holati hamda havzadagi suvga bo‘lgan umumiy talab;
iqtisodiy mintaqalar bo‘yicha suv xo‘jaligi balanslari — Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududida kutilayotgan va chiqib ketadigan suv miqdori, yerosti suv resurslarining mavjud zaxirasi, suv xo‘jaligining joriy holati hamda hududdagi ishlatilishi rejalashtirilgan suv resurslari miqdori;
suv obyekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha to‘planadigan va suv rejimining o‘ziga xos shakllari hamda belgilari bo‘lgan tabiiy (jilg‘alar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sun’iy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek, kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (ko‘llar, dengizlar, yerosti suvli qatlamlari) va sun’iy (suv omborlari, sel suvlari to‘planadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek, buloqlar va boshqa obyektlar;
suv resurslari — foydalaniladigan yoki foydalanilishi lozim bo‘lgan suv obyektlari suvlari;
suvdan foydalanish — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suv resurslarini suv obyektidan olmagan holda ulardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish;
suvdan foydalanuvchi — suv resurslarini suv obyektidan olmagan holda ulardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
suv xo‘jaligi obyekti — suv resurslarini to‘plash, boshqarish, yetkazib berish, ulardan foydalanish, ularni iste’mol qilish, ajratib berish va muhofaza qilish maqsadida suv xo‘jaligi faoliyati amalga oshiriladigan suv obyekti;
yagona suv xo‘jaligi balansi — mamlakat hududiga yerusti suv obyektlari orqali kirib keladigan va chiqib ketadigan hamda respublika hududida ishlatilishi rejalashtirilgan suv resurslari miqdori, tog‘lardagi muzliklar va qor zaxiralari, shuningdek, suv omborlaridagi, ko‘llardagi, suv havzalaridagi, yerosti suv resurslarining mavjud zaxirasi to‘g‘risida kelgusi gidrologik yil (vegetatsiya va kuzgi-qishki davr) uchun tayyorlangan hamda umumlashtirilgan ma’lumotlar majmui.
3. Suv xo‘jaligi balanslari quyidagi maqsadlarda foydalanish uchun tuziladi:
suv resurslarini samarali boshqarish, suvning tanqis yoki ortiqcha bo‘lish holatlarining oldini olish, suvga bo‘lgan talab va suv ta’minoti o‘rtasidagi muvozanatni saqlash, suv bilan ta’minlanganlik darajasi yuqori bo‘lgan manbalardan suv tanqis bo‘lgan hududlarga yo‘naltirish;
suvdan foydalanishni joriy va istiqbolli rejalashtirish hamda suvni muhofaza qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
suvdan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, transport vositalari, sanoat korxonalari va inshootlari, ishlab chiqarish quvvatlarini to‘g‘ri joylashtirish;
suvdan kompleks foydalanish va uni muhofaza qilish sxemalarini ishlab chiqish;
suv xavfsizligini ta’minlash, suv toshqini, qurg‘oqchilik bilan bog‘liq xavflarning va suvning zararli ta’sirining oldini olish hamda uni bartaraf qilish chora-tadbirlarini ishlab chiqish;
joriy qilinadigan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarining turlari va sug‘orish usullarini belgilash;
suvdan foydalanishni rejalashtirish va suvni muhofaza qilish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etish.
4. Suv xo‘jaligi balanslari quyidagi turlarga ajratiladi:
daryolar havzalarining suv xo‘jaligi balanslari;
irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balanslari;
iqtisodiy mintaqalar (keyingi o‘rinlarda — hududlar) suv xo‘jaligi balanslari;
O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansi.
5. Suv xo‘jaligi balanslarini tuzishda hududlardagi barcha suv resurslari miqdori va suvdan foydalanuvchilarning suvga bo‘lgan talabi to‘liq hisobga olinishi shart.
6. Suv xo‘jaligi balansi ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxemada tuziladi.
2-bob. Suv xo‘jaligi balansini tuzish
1-§. Suv xo‘jaligi balansining mazmuni
7. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar suv xo‘jaligi balanslarini tuzish, uni amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
8. Suv xo‘jaligi balanslari suv resurslarining mavjud miqdori, suvga bo‘lgan talab, suv resurslari taqsimoti, ularning taqchilligi yoki ortiqcha miqdorini ko‘rsatadigan jadvallarda ishlab chiqiladi.
Ishlab chiqilgan jadvallar asosida tuzilgan grafiklar maxsus tushuntirish qismlari bo‘lgan yig‘ma hisobot ko‘rinishida bayon qilinadi hamda tegishli vazirlik va idoralarga elektron shaklda yuboriladi.
9. Suv xo‘jaligi balanslarini tuzish uchun zarur gidrologik (daryolar, ko‘llar, suv omborlari va yerosti suvlari miqdori) va meteorologik (yog‘ingarchilik, havo harorati, bug‘lanish va namlik) ma’lumotlar hamda suvdan foydalanuvchilarning suvga bo‘lgan talabi vakolatli organ bilan kelishilgan shakllardagi jadvallarda ifodalanadi.
10. Quyidagilar suv xo‘jaligi balanslari ma’lumotlarini shakllantiruvchi tashkilotlar hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi — mamlakat hududiga qo‘shni davlatlardan kirib keladigan va mamlakat o‘z hududida shakllanadigan suv resurslari to‘g‘risida ma’lumotlar, shuningdek, kutiladigan yog‘ingarchiliklar miqdori va havo harorati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi — mamlakat bo‘yicha hududlar kesimida yerosti suvlarining mavjud zaxirasi, iqtisodiyot tarmoqlarining yer ostidan olinadigan suvga bo‘lgan talabi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi — suv resurslarini boshqarish, taqsimlash hamda iqtisodiyot tarmoqlari, hududlar va suv obyektlari kesimida ularning suvga bo‘lgan talabi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantiradi.
11. Suv xo‘jaligi balanslarini tuzish bo‘yicha ma’lumotlar shakllari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
Suv xo‘jaligi balanslarini tuzish bo‘yicha ma’lumotlar elektron onlayn shaklda yuritiladi va ularning bazasi shakllantirib boriladi.
12. Suv xo‘jaligi balanslarini ishlab chiqishda:
barcha toifadagi suvdan foydalanuvchilarning yaqin kelajak (1 yillik va/yoki 3 — 5 yillik) uchun suvga bo‘lgan talabi aniqlanadi hamda suvdan foydalanishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi;
daryolar, suv omborlari, yerosti suvlari va boshqa manbalarning joriy hajmi, shuningdek, suv resurslaridan foydalanishda ekologik muvozanatni saqlash uchun maqbul darajani hisobga olgan holda suv resurslarining mavjud miqdori baholanadi;
suv resurslarining mavjudligiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan mavsumiy va suv obyektlarida mavsum davomida kuzatiladigan suv oqimi miqdorining o‘zgarishlarini hisobga olgan holda suv oqimining mavsumiy va hududiy o‘zgarishlari tahlil qilinadi;
qo‘shni mamlakatlar, viloyatlar yoki boshqa daryo havzalaridan suv olish ehtiyojlari va imkoniyatlari baholanadi;
suv resurslarining miqdori baholanadi hamda suvga bo‘lgan talab va uning mavjud miqdori o‘zaro solishtiriladi, natijalar jadval ko‘rinishida ifodalanadi;
hisob-kitoblar natijasida suv resurslarining yetishmasligi aniqlansa, yetishmayotgan suv miqdorini qoplashning mumkin bo‘lgan variantlari ishlab chiqiladi;
agar ma’lum bir hududlar yoki fasllarda suv resurslarining ortiqcha miqdori aniqlansa, ularni yig‘ib saqlash hamda qayta taqsimlash yoki suv yetishmayotgan boshqa havza va hududlarga yo‘naltirish imkoniyatlari baholanadi.
13. Daryo havzalari yoki ayrim hududlar bo‘yicha tuzilgan suv xo‘jaligi balanslari ma’lumotlari asosida daryo havzasi yoki tegishli hududni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi hamda tegishli tadbirlar rejalashtiriladi. Jumladan:
suv resurslarini boshqarish bo‘yicha tegishli tavsiyalar (suv tanqisligi va ortiqcha suv bo‘lgan holatlarni tahlil qilish asosida undan oqilona foydalanish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, tozalash inshootlari ishini yaxshilash va oqova suvlarni utilizatsiya qilish) ishlab chiqiladi;
suv resurslarini muhofaza qilish tadbirlari (suv sifatini saqlash va yaxshilash, suv obyektlari ifloslanishining oldini olish, tabiiy suv havzalarini tiklash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish) rejalashtiriladi;
suv balansini buzishi mumkin bo‘lgan qurg‘oqchilik, suv toshqini va boshqa tabiiy hodisalarga tayyorgarlikni o‘z ichiga olgan favqulodda harakatlar rejasi ishlab chiqiladi. Bunda suv resurslarini tezkor taqsimlash va suv tanqisligining oldini olish choralari nazarda tutiladi.
2-§. Daryolar va irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balanslarini tuzish
14. Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balanslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari hamda magistral tizimlardan foydalanish boshqarmalari tomonidan o‘z hududlarida joylashgan daryo yoki irrigatsiya tizimlari havzalari bo‘yicha tuziladi.
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari so‘rovlariga asosan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli tashkilotlar daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balanslarini tuzish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni kelishilgan shakllarda taqdim etadi.
16. Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balanslarini tuzishda ushbu obyektlarda kutilayotgan suv miqdori, suvga bo‘lgan talab, suv xo‘jaligining joriy holati hamda suv resurslarining havzadagi suvga bo‘lgan talabini qanoatlantirish uchun yetarliligi baholanadi.
17. Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balanslari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan Havza suv kengashi (keyingi o‘rinlarda — Havza suv kengashi) yig‘ilishida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
Viloyatlararo yirik daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balanslari Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etiladigan Respublika suv kengashida (keyingi o‘rinlarda — Respublika suv kengashi) ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
3-§. Hududlarning suv xo‘jaligi balanslarini tuzish
18. Hududlarning suv xo‘jaligi balanslari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tomonidan o‘zlari xizmat ko‘rsatadigan hududlar (tumanlar va shaharlar) bo‘yicha tuziladi.
19. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari so‘roviga asosan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli tashkilotlar hududlarning suv xo‘jaligi balanslarini tuzish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni kelishilgan shakllar asosida taqdim qilishi lozim.
20. Hududlarning suv xo‘jaligi balanslarini tuzishda kutilayotgan suv miqdori, suv omborlaridagi va yerosti suv resurslarining mavjud suv zaxirasi, suvga bo‘lgan talab va uni qanoatlantirish uchun yetarliligi, shuningdek, yaqin kelajak (1 yillik va/yoki 3 — 5 yillik) uchun suv xo‘jaligi majmuasini rivojlantirish imkoniyatlari baholanadi.
21. Hududlarning suv xo‘jaligi balanslari Havza suv kengashi yig‘ilishida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.
4-§. O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini tuzish
22. O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansi daryo havzalarining (viloyatlararo va yirik irrigatsiya tizimlari, shuningdek, kanallar havzalarining) hamda hududlarning suv xo‘jaligi balanslari asosida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan tuziladi.
O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini tuzishda Orol dengizi havzasidagi davlatlar bilan davlatlararo kelishuvlar asosida belgilangan suv olish limitlari doirasida transchegaraviy suv obyektlarining (Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon daryolari hamda kichik daryo va soylar, ularning irmoqlari va kanallarining) suv resurslari to‘liq hisobga olinishi lozim.
23. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini tuzish uchun zarur bo‘ladigan gidrologik, meteorologik va suvdan foydalanuvchilarning suvga bo‘lgan talabi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har yili 1-oktabrga qadar Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.
24. O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini ishlab chiqishda hududlarning transchegaraviy suv resurslaridan foydalaniladigan qismlarida ushbu hududlarning qo‘shni davlatlardan oladigan va qo‘shni davlatlarga yetkazib beradigan suv miqdori, mamlakat hududida joylashgan suv omborlari yoki sug‘orish tarmoqlariga qo‘shni davlatlardan olinadigan suv miqdori hisobga olinadi va tahlil qilinadi.
25. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini asosiy daryo havzalari (viloyatlararo va yirik irrigatsiya tizimlari, shuningdek, kanallar havzalari) hamda hududlar kesimida umumlashtiradi va har yili 15-noyabrga qadar Respublika suv kengashiga taqdim qiladi.
Respublika suv kengashida O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansi loyihasi muhokama qilinadi va har yili 1-dekabrga qadar tasdiqlanadi.
3-bob. Suv xo‘jaligi balansidan foydalanish
26. Suvdan foydalanuvchilarni suv resurslari va ulardan foydalanishga oid ma’lumotlar bilan ta’minlashda tezkorlikni oshirish, shuningdek, ularning talabini hisobga olgan holda ma’lumotlarni qayta ishlash va umumlashtirish darajasini oshirish uchun suv xo‘jaligi balanslari bo‘yicha axborot tizimlari amaliyotga joriy etiladi hamda mavjud axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.
Bunda, yaratiladigan ma’lumotlar bazalari barcha suv manbalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, yerosti suvlari bo‘yicha ma’lumotlar Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda tabiiy suv havzalari bo‘yicha ma’lumotlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligining tegishli axborot tizimlariga integratsiya qilinadi hamda vazirlik va idoralar o‘rtasida real vaqt rejimida ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.
27. Suv xo‘jaligi balanslariga oid ma’lumotlar vakolatli organ tomonidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining so‘roviga asosan elektron shaklda, bepul taqdim etiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Suvdan foydalanish sharoitlari sezilarli darajada o‘zgarganda (tabiiy ofatlar, yangi sanoat obyektlarini ishga tushirish, favqulodda suv tanqisligi, qurg‘oqchilik va boshqalar) tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda suv xo‘jaligi balanslariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
29. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balansini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balansini tuzish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

I. Daryolar va irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balanslarini tuzish

1-bosqich

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda tegishli tashkilotlar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari so‘rovlariga asosan zarur ma’lumotlarni taqdim qiladi.

Har yili 1-oktabrga qadar

2-bosqich

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari

Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining kanallarning suv xo‘jaligi balanslarini tuzishda ushbu obyektlarda kutilayotgan suv miqdori, suvga bo‘lgan talab, suv xo‘jaligining joriy holati hamda suv resurslarining havzadagi suvga bo‘lgan talabini qanoatlantirish uchun yetarliligini baholaydi.

Har yili 15-oktabrga qadar

3-bosqich

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari

1. Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balansi loyihasini ishlab chiqadi va Havza suv kengashlariga taqdim qiladi.

2. Viloyatlararo yirik daryolar yoki irrigatsiya tizimlari havzalarining suv xo‘jaligi balansini Respublika suv kengashiga taqdim etadi.

Har yili 15-noyabrga qadar

4-bosqich

Respublika va Havza suv kengashlari

Daryolar yoki irrigatsiya tizimlari (Viloyatlararo yirik daryolar yoki irrigatsiya tizimlari) havzalarining suv xo‘jaligi balanslari loyihasini muhokama qiladi va tasdiqlaydi.

Har yili 1-dekabrga qadar

II. Hududlarning suv xo‘jaligi balanslarini tuzish

1-bosqich

Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, tegishli tashkilotlar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari so‘rovlariga asosan zarur ma’lumotlarni taqdim qiladi.

Har yili 1-oktabrga qadar

2-bosqich

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari

Hududlarning suv xo‘jaligi balanslarini tuzishda kutilayotgan suv miqdori, suv omborlaridagi va yerosti suv resurslarining mavjud suv zaxirasi, suvga bo‘lgan talab va uni qanoatlantirish uchun yetarliligini, shuningdek, yaqin kelajak (1 yillik va/yoki 3 — 5 yillik) uchun suv xo‘jaligi majmuasini rivojlantirish imkoniyatlarini baholaydi.

Har yili 15-oktabrga qadar

3-bosqich

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari

Hududlarning suv xo‘jaligi balansi loyihasini ishlab chiqadi va Havza suv kengashlariga taqdim qiladi.

Har yili 15-noyabrga qadar

4-bosqich

Havza suv kengashlari

Hududlarning suv xo‘jaligi balanslari loyihasini muhokama qiladi va tasdiqlaydi.

Har yili 1-dekabrga qadar

III. O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini tuzish

1-bosqich

Qishloq xo‘jaligi vazirligi,

Energetika vazirligi,

Ekologiya vazirligi,

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi,

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi,

Gidrometeorologiya xizmati agentligi

O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini tuzish uchun zarur bo‘ladigan gidrologik va meteorologik ma’lumotlarni hamda suvdan foydalanuvchilarning suvga bo‘lgan talabini Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etadi.

Har yili 1-oktabrga qadar

2-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi

Hududlarning transchegaraviy suv resurslaridan foydalaniladigan qismlarida ushbu hududlarning qo‘shni davlatlardan oladigan va qo‘shni davlatlarga yetkazib beradigan suv miqdori, mamlakat hududida joylashgan suv omborlari yoki sug‘orish tarmoqlariga qo‘shni davlatlardan olinadigan suv miqdorini hisobga olgan holda tahlil qiladi.

Har yili 15-oktabrga qadar

3-bosqich

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi

O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansini ishlab chiqish uchun asosiy daryo havzalari (viloyatlararo va yirik irrigatsiya tizimlari havzalari) hamda hududlar kesimida olingan ma’lumotlarni umumlashtiradi hamda Respublika suv kengashiga taqdim qiladi.

Har yili 15-noyabrga qadar

4-bosqich

Respublika suv kengashi

O‘zbekiston Respublikasining yagona suv xo‘jaligi balansi loyihasini muhokama qiladi va tasdiqlaydi.

Har yili 1-dekabrga qadar

(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2025-y., 09/25/545/0787-son)