Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining
qarori
Atom elektr stansiyalarida xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 15-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3815]
Oʻzbekiston Respublikasining “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Atom elektr stansiyalarida xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi, Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2026-yil 25-mart,
37-son
Kelishildi:
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. ZAXIDOV
2026-yil 18-mart
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o'rinbosari B. MAXMADALIYEV
2026-yil 10-mart
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 29-dekabr
Energetika vaziri J. MIRZAMAHMUDOV
2025-yil 24-dekabr
Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2025-yil 9-dekabr
Fanlar akademiyasi birinchi vitse-prezidenti SH. SAGDULLAYEV
2025-yil 4-dekabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 27-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2026-yil 25-martdagi 37-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Atom elektr stansiyalarida xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar atom elektr stansiyalarida xavfsizlik boʻyicha talablarni belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
avariya — atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiyasidan ogʻish natijasida yuzaga keladigan va atom elektr stansiyasi xavfsizligiga taʼsir koʻrsatadigan, radioaktiv moddalar hamda ionlashtiruvchi nurlanishning ajralib chiqishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan hodisa;
loyihaviy avariyalar — atom elektr stansiyasi loyihasida koʻzda tutilgan boshlangʻich hodisalar natijasida sodir boʻladigan hamda ularning oqibatlarini cheklash uchun xavfsizlik tizimlari nazarda tutilgan avariyalar;
loyihadan tashqari avariyalar — atom elektr stansiyasi loyihasida koʻzda tutilmagan sabablar yoki hodisalar ketma-ketligi natijasida yuzaga keladigan avariyalar;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun masʼul etib tayinlangan hamda oʻz kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga qodir boʻlgan yuridik shaxs;
atom elektr stansiyasi tizimlari (elementlari) — belgilangan funksiyalarni mustaqil ravishda yoki xavfsizlik tizimlari tarkibida bajarishni taʼminlaydigan, shuningdek atom elektr stansiyasi loyihasida ishonchlilik va xavfsizlik tahlilida tarkibiy qismlar sifatida koʻrib chiqiladigan qurilish inshootlari, asbob-uskunalar, moslamalar, quvurlar, oʻlchov vositalari, nazorat, boshqaruv va avtomatlashtirish vositalari, kabellar hamda boshqa mahsulotlar;
atom elektr stansiyasi — yadro yoqilgʻisidan foydalanib elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun moʻljallangan hamda yadro yoqilgʻisi va radioaktiv chiqindilar saqlash joylarini oʻz ichiga olgan majmua;
atom elektr stansiyasi xavfsizligi — atom elektr stansiyasi xodimlari, aholi hamda atrof-muhitning atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq radiatsiyaviy taʼsirdan ishonchli himoyalash;
atom elektr stansiyasi bloki — yadro reaktori, bugʻ generatorlari, turbina va generatorni oʻz ichiga olgan hamda elektr energiyasi ishlab chiqarishni taʼminlaydigan mustaqil texnologik majmua;
atom elektr stansiyasi holatining ogʻirlik darajasi — radioaktiv moddalar va (yoki) ionlashtiruvchi nurlanishning atrof-muhitga tarqalishiga toʻsqinlik qiluvchi jismoniy toʻsiqlarning shikastlanish darajasi bilan tavsiflanadigan atom elektr stansiyasi holati;
germetik toʻsiq — yadroviy reaktor qurilmasi yoki radioaktiv moddalarni saqlovchi boshqa obyektlar atrofidagi fazoni ajratib turuvchi, atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan chegarani hosil qiluvchi qurilish va boshqa konstruksiya elementlari majmui.
2-bob. Umumiy xavfsizlik talablari
2. Atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiya sharoitida hamda normal ekspluatatsiya buzilganda, shu jumladan loyihaviy avariyalargacha boʻlgan holatlarda, xodimlar, aholi va atrof-muhitga radiatsiyaviy taʼsir darajasi, nurlanish dozalari, gazsimon va suyuq radioaktiv tashlanmalar hajmi SanQvaM 0193-06-son “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN 2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalarida (RXTASQ 2006)” belgilangan normalardan oshmasligi lozim.
3. Atom elektr stansiyasi xavfsizligi atom elektr stansiyasini loyihalashtirish, konstruksiyalash, uskunalarni ishlab chiqarish, joylashtirish, qurish va ekspluatatsiya qilishning barcha bosqichlarida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablariga rioya etish orqali taʼminlanadi.
Bunda xavfsizlik madaniyati shakllantiriladi, ekspluatatsiya qilish tajribasi oʻrganiladi, shuningdek fan va texnikaning zamonaviy rivojlanish darajasi hisobga olinadi.
4. Atom elektr stansiyasi blokining jismoniy toʻsiqlari tizimi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
reaktorning sovutish konturi chegarasini;
reaktor qurilmasining germetik toʻsigʻi va biologik himoyasini;
yadroviy yoqilgʻi asosi (matritsasi) hamda issiqlik ajratuvchi elementning qoplamasini.
5. Texnik va tashkiliy chora-tadbirlar tizimi quyidagi 5 darajali koʻp bosqichli himoyani (chuqur qatlamli himoya) tashkil etadi:
a) 1-daraja. Atom elektr stansiyasini joylashtirish shartlari va normal ekspluatatsiyaning buzilishini oldini olish boʻlib, unga quyidagilar kiradi:
atom elektr stansiyasini joylashtirish uchun mos maydonchani tanlash va oʻrganish;
atom elektr stansiyasi hududida sanitariya-muhofaza zonasi, kuzatuv zonasi, xavfsizlik zonasini tashkil etish;
loyiha hujjatlari chegaraviy taʼsirlarning oldini olish choralarini hamda reaktor qurilmasining ichki oʻzini-oʻzi himoyalash xususiyatlarining rivojlanganlik darajasiga nisbatan konservativ yondashuvni hisobga olgan holda ishlab chiqish;
atom elektr stansiyasi tizimlari (elementlari) va bajariladigan ishlarning sifatini taʼminlash;
atom elektr stansiyasi tizimlaridagi nuqsonlarni oʻz vaqtida aniqlash, profilaktika choralarini koʻrish, ishlash resurslari tugagan uskunalarni almashtirish, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashning tizimini tashkil etish, ish va monitoring natijalarini rasmiylashtirish orqali xavfsizlik uchun muhim tizimlar va elementlarni ishchi holatda saqlash;
atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiya, shu jumladan avariyalar va avariyalardan oldingi holatlarda xodimlarni zarur darajadagi malaka bilan taʼminlash;
b) 2-daraja. Normal ekspluatatsiya tizimlari bilan loyihaviy avariyalarni oldini olish boʻlib, unga quyidagilar kiradi:
normal ekspluatatsiyadan ogʻishlarni (chetga chiqishlar) oʻz vaqtida aniqlash va ularni bartaraf etish;
ogʻishlar (chetga chiqishlar) holatida atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qilishini boshqarish;
v) 3-daraja. Xavfsizlik tizimlari bilan atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilmagan avariyalar boʻlib, unga quyidagilar kiradi:
atom elektr stansiyasidan ajralib chiqayotgan radioaktiv moddalarni lokalizatsiya qilish yoʻli bilan ularning tarqalishini cheklash, bartaraf etish hamda avariya oqibatlarini minimallashtirish;
g) 4-daraja. Atom elektr stansiyasining loyihasida nazarda tutilmagan avariyalarni boshqarish boʻlib, unga quyidagilar kiradi:
atom elektr stansiyasining boshqariladigan holatga qaytarish, bunda parchalanish zanjir reaksiyasining toʻxtashi, yoqilgʻi sovutilishining doimiy va oʻrnatilgan chegaralar ichida radioaktiv moddalarning saqlanishini taʼminlash;
atom elektr stansiyasining loyihasidan tashqari avariyalarning rivojlanishini oldini olish va ularning oqibatlarini yumshatish, shu jumladan, texnik vositalar va mavjud tizimlar (elementlar) hamda normal ekspluatatsiya va xavfsizlik tizimlaridan foydalanish;
atom elektr stansiyasining loyihasida nazarda tutilmagan avariyalarda reaktor qurilmasi germetik toʻsigʻining buzilishini oldini olish va uning ishga yaroqliligini saqlab turish;
d) 5-daraja. Avariyaga qarshi rejalashtirish boʻlib, bunda atom elektr stansiyasi hududida va undan tashqarida xodimlar hamda aholini himoya qilish boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va uni amalga oshirish kiradi.
Koʻp bosqichli himoya (chuqur qatlamli himoya) atom elektr stansiyasining xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq barcha faoliyat bosqichlarida amalga oshiriladi.
6. Koʻp bosqichli himoya (chuqur qatlamli himoya) darajalarining bir-biridan mustaqil boʻlishini taʼminlash uchun barcha mavjud va amalga oshirilishi mumkin boʻlgan choralar koʻriladi, shuningdek ushbu choralar asosida himoya tizimi tashkil etiladi.
7. Normal ekspluatatsiya jarayonida barcha jismoniy toʻsiqlar ishga yaroqli holatda saqlanadi.
Atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan jismoniy toʻsiqlardan kamida bittasining ishga yaroqsizligi aniqlanganda, reaktor qurilmasi toʻxtatiladi va atom elektr stansiyasi energiya blokini xavfsiz holatga keltirish boʻyicha tashkiliy hamda texnik chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
8. Atom elektr stansiyasini loyihalashda boshqa toʻsiqlarning shikastlanishi natijasida jismoniy toʻsiqlarning ketma-ket yoki bir vaqtning oʻzida shikastlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Atom elektr stansiyasi loyihasida xavfsiz ekspluatatsiya chegaralari va shartlari belgilanadi, shuningdek ushbu chegaralar va shartlarning buzilishini oldini olishga qaratilgan texnik vositalar hamda tashkiliy choralar nazarda tutiladi.
10. Atom elektr stansiyasi xavfsizligini taʼminlash uchun amalga oshirilgan texnik va tashkiliy choralar avvalgi tajriba, sinovlar, tadqiqotlar hamda ekspluatatsiya tajribasi asosida sinovdan oʻtkaziladi.
11. Atom elektr stansiyasining xavfsizlikni asoslash hisobotlari atom elektr stansiyasining haqiqiy holatiga mos boʻlishi va ushbu moslik atom elektr stansiyasining butun ishlash muddati (toʻliq hayotiy davri) davomida ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan saqlanishi kerak.
12. Atom elektr stansiyasi loyihasida avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishni taʼminlaydigan texnik vositalar hamda tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutiladi. Bunda:
reaktor qurilmasining ichki oʻzini oʻzi himoyalash xususiyatlari va xavfsizlik tizimlari qoʻllanilishi natijasida loyihaviy avariyalar uchun belgilangan chegaraviy qiymatlardan oshib ketilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
loyihadan tashqari avariyalar oqibatlari maxsus texnik vositalar, mavjud boshqa texnik vositalar va tashkiliy chora-tadbirlar orqali cheklanishi;
loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish hamda xodimlar va aholining himoya qilish rejalari bajarilishi taʼminlanadi.
13. Atom elektr stansiyasini loyihalashda hisobga olingan har qanday boshlangʻich hodisa boʻyicha loyihaviy avariyalar uchun belgilangan chegaralardan oshib ketilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda boshlangʻich hodisadan mustaqil ravishda quyidagilardan bittasining yuz berishi hisobga olinadi:
faol elementning nosozligi;
mexanik harakatlanuvchi qismlarga ega passiv elementning nosozligi;
harakatlanuvchi qismlarsiz passiv elementning nosozligi;
xavfsizlik funksiyasining ishdan chiqish ehtimoli 10-3 yoki undan ortiq boʻlgan holat;
inson xatosi.
Boshlangʻich hodisadan qatʼi nazar, elementlardan birining ushbu yagona ishdan chiqish oqibatida yuzaga keladigan barcha ikkilamchi ishdan chiqishlar, boshlangʻich hodisa natijasida kelib chiqadigan ishdan chiqishlar, shuningdek atom elektr stansiyasi ekspluatatsiyasi jarayonida avariyalarning rivojlanishiga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan aniqlanmaydigan (yashirin) element nosozliklari inobatga olinadi.
Yuqori ishonchlilik darajasiga ega boʻlgan elementlar, shu jumladan ularning tarkibiga kiruvchi tizimlar, shuningdek texnik xizmat koʻrsatish hamda taʼmirlash uchun belgilangan muddatda foydalanishdan chiqarilgan elementlarni (tizimlar) ishdan chiqqan deb topish tartibi atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi.
Elementning (tizim) ishonchlilik koʻrsatkichlari harakatlanuvchi qismlarga ega boʻlmagan xavfsizlik tizimlarining eng ishonchli passiv elementlari koʻrsatkichlaridan past boʻlmaganda, u yuqori ishonchlilik darajasiga ega hisoblanadi.
14. Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarda belgilangan talablariga muvofiq tayyorlangan va ekspluatatsiya qilinadigan uskunalar hamda sigʻimlar korpuslarining yorilishi loyihaviy avariyalarning dastlabki hodisalari qatoriga kiritilmaydi.
15. Atom elektr stansiyasi loyihasida bitta atom elektr stansiyasi bloki reaktori qobigʻining buzilish ehtimoli bir yil hisobida 10-7 dan oshmasligi asoslangan boʻlishi lozim.
16. Har bir turdagi reaktor boʻyicha loyihaviy avariyalarni tahlil qilish uchun boshlangʻich hodisalarning yakuniy roʻyxati atom elektr stansiyasining xavfsizligini asoslovchi hisobotlarda keltiriladi.
17. Atom elektr stansiyasining xavfsizligini asoslovchi hisobotlarda koʻrsatilgan loyihaviy avariyalarni tahlil qilish uchun boshlangʻich hodisalar roʻyxatiga 1 yil davomida yuzaga kelish ehtimoli 10-6 yoki undan kam deb baholangan ichki hodisalarni kiritmaslikka yoʻl qoʻyiladi.
18. Atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilmagan avariyalarning (ogʻir avariyalarning) yakuniy roʻyxati atom elektr stansiyasining xavfsizligini asoslovchi hisobotlarda koʻrsatiladi.
Mazkur hisobotlarda bunday avariyalarni boshqarish boʻyicha choralar ham keltiriladi.
19. Atom elektr stansiyasi holatining ogʻirlik darajasi, shuningdek loyihada nazarda tutilmagan avariyalarni boshqarish uchun moʻljallangan xavfsizlik tizimlari va maxsus texnik vositalarning ishga yaroqlilik yoki yaroqsizlik holatini hisobga olgan holda taʼminlanadi.
20. Atom elektr stansiyasi xavfsizligini asoslovchi hisobotlarda keltirilgan loyihada nazarda tutilmagan avariyalar tahlili avariya holatlarida xodimlar va aholini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda bunday avariyalarni boshqarish boʻyicha koʻrsatmalarni tayyorlash uchun asos hisoblanadi.
21. Atom elektr stansiyasi xavfsizligining maqsadli koʻrsatkichlari quyidagilardan iborat:
har bir atom elektr stansiyasi boʻyicha ogʻir avariyalarning umumiy ehtimoli bir yillik oraliqda 10-5 dan oshmasligi;
har bir atom elektr stansiyasi bloki boʻyicha katta avariyaviy radioaktiv moddalar chiqarilishining umumiy ehtimoli bir yillik oraliqda 10-7 dan oshmasligi;
atom elektr stansiyasi bloki tarkibiga kirmaydigan yadro yoqilgʻisini saqlash joylari mavjud boʻlgan atom elektr stansiyasi boʻyicha ogʻir avariyalarning umumiy ehtimoli bir yillik oraliqda 10-5 dan oshmasligi.
22. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan atom elektr stansiyasining toʻliq “hayotiy” davrining barcha bosqichlarida Atom energiyasidan foydalanish obyektining toʻliq “hayotiy” davri mobaynida sifatni taʼminlashning umumiy dasturiga qoʻyiladigan talablarga (roʻyxat raqami 3770, 2026-yil 9-fevral) muvofiq sifatni taʼminlash boʻyicha dasturlarni (sifatni taʼminlash boʻyicha umumiy dastur) ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi taʼminlanadi.
23. Atom elektr stansiyasini joylashtirish, qurish, ekspluatatsiya qilish, ekspluatatsiyadan chiqarish, shuningdek uning tizimlari va elementlarini loyihalashtirish, konstruksiyalash hamda ishlab chiqarish bilan bogʻliq barcha tashkilotlar va xodimlarda xavfsizlik madaniyati shakllantirilishi lozim.
24. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot quyidagilarni taʼminlaydi:
atom elektr stansiyasining xavfsizligini;
avariyalarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish choralarini;
yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilarni hisobga olish hamda nazorat qilishni;
yadroviy qurilmalar, yadroviy materiallar, radioaktiv moddalar va radioaktiv chiqindilarni jisman himoya qilishni;
sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasida atrof-muhit holatining radiatsiyaviy nazoratini;
atom elektr stansiyasidan faqat u loyihalashtirilgan va qurilgan maqsadlarda foydalanilishini.
25. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi xavfsizligi tahlili natijalari va ekspluatatsiya qilish tajribasini inobatga olgan holda uning xavfsizligini oshirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshiradi.
26. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot xodimlarni tanlash va oʻqitishni hamda atom elektr stansiyasi xavfsizligi ustidan uzluksiz nazoratni amalga oshiradi.
27. Atom elektr stansiyasi xodimlarining malaka darajasiga qoʻyiladigan talablar atom elektr stansiyasi loyihasida asoslantiriladi va xavfsizlikni asoslovchi hisobotlarda koʻrsatiladi.
28. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasining jisman himoyasini, shuningdek yongʻin xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan texnik va tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
29. Atom elektr stansiyasini normal ekspluatatsiya sharoitida, loyihaviy avariyalar hamda loyihada nazarda tutilmagan avariya holatlarida boshqarishni tashkil etish uchun zarur aloqa, ogohlantirish va takrorlovchi vositalar bilan taʼminlanadi.
30. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan yadroviy yoqilgʻilarni Atom energiyasidan foydalanish obyektlarida yadroviy yoqilgʻilarni saqlash va tashishda xavfsizlik qoidalariga (roʻyxat raqami 3769, 2026-yil 4-fevral) muvofiq saqlanishi va tashilishi taʼminlanadi.
31. Atom elektr stansiyalarini ekspluatatsiyadan chiqarish Atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyadan chiqarishda xavfsizlikni taʼminlash qoidalariga (roʻyxat raqami 3771, 2026-yil 9-fevral) asosan amalga oshiriladi.
3-bob. Atom elektr stansiyasining tizimlari va elementlarining tasnifi
32. Atom elektr stansiyasining tizimlari va elementlarining xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlarga quyidagilar kiradi:
xavfsizlik tizimlari (elementlari);
normal ekspluatatsiya tizimlari (elementlari) (agar ularning nosozligi normal ekspluatatsiyaning buzilishiga olib kelsa yoki uni bartaraf etishga toʻsqinlik qilsa hamda bunday nosozlikning ogʻir avariyaga aylanish ehtimoli 10-6 va undan yuqori boʻlsa);
nosozligi radioaktiv moddalarning ruxsat etilgan tashlanmalari, oqovalari yoki ishchi xonalardagi radioaktiv ifloslanish darajalarining oshib ketishiga olib keladigan normal ekspluatatsiya tizimlari (elementlari);
avariyaning boshlangʻich holatidan keyingi kamida 3 sutka davomida avariyalarni boshqarish uchun loyihada nazarda tutilgan elementlar;
radiatsiyaviy nazorat tizimlari.
33. Atom elektr stansiyasi elementlarining xavfsizlikka taʼsiri darajasiga koʻra quyidagi 4 ta xavfsizlik sinfiga boʻlinadi:
a) 1-sinf. Issiqlik ajratuvchi elementlar hamda atom elektr stansiyasining ularning ishdan chiqishi xavfsizlik tizimlarining loyihaviy ishlashi sharoitida issiqlik ajratuvchi elementlar uchun belgilangan maksimal loyihaviy chegaradan oshib ketishga olib keladigan avariyalarning dastlabki sababchisi;
b) 2-sinf. 1-sinfga kiritilmagan quyidagi atom elektr stansiyasi elementlari kiradi:
xavfsizlik tizimlarining loyihaviy ishlashi sharoitida, ushbu tizimlar boʻyicha loyihaviy avariyalar uchun nosozliklar soni hisobga olingan holda, issiqlik ajratuvchi elementlarning maksimal loyihaviy chegaradan oshmagan darajada shikastlanishiga olib keladigan boshlangʻich hodisalarni yuzaga keltiruvchi elementlar;
alohida nosozligi loyihaviy avariya yuz berganda, loyihaviy chegaralarning buzilishiga olib keladigan xavfsizlik tizimlari elementlari;
v) 3-sinf. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan, biroq 1 va 2-sinflarga kiritilmagan atom elektr stansiyasi elementlari;
g) 4-sinf. Xavfsizlikka taʼsir koʻrsatmaydigan hamda 1 — 3-sinflarga kiritilmagan atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiya elementlari.
1 — 3-xavfsizlik sinflariga kiritilmagan, biroq loyihadan tashqari avariyalarni boshqarishda qoʻllaniladigan elementlar 4-xavfsizlik sinfiga kiritiladi.
Agar biror element bir vaqtning oʻzida turli xavfsizlik sinflari belgilariga ega boʻlsa, u yuqoriroq xavfsizlik sinfiga kiritiladi.
34. Turli xavfsizlik sinflariga mansub alohida elementlarni ajratib turuvchi qurilmalar (quvur armaturalari va drossel moslamalari) yuqoriroq xavfsizlik sinfiga kiritiladi.
35. Atom elektr stansiyasi elementlari uchun xavfsizlik sinflari mazkur Qoidalarga muvofiq atom elektr stansiyasi loyihasini ishlab chiquvchilar tomonidan belgilanadi.
36. Elementlarning 1 — 4-sinflarga kiritilishi atom elektr stansiyasi tizimlari va elementlarini loyihalashtirish, qurish va foydalanishga oid hujjatlarda asoslab beriladi hamda atom elektr stansiyasining xavfsizligini asoslovchi hisobotlarda keltiriladi.
Tasniflash belgisi elementning xavfsizlikning 1 — 4-sinfiga mansubligi aniqlanadi hamda uning bajaradigan funksiyasini ifodalovchi belgi bilan koʻrsatiladi.
Bunda quyidagi belgilar qoʻllaniladi:
N — normal ekspluatatsiya boʻlib, normal ishlash sharoitida faoliyat koʻrsatadigan element;
H — himoyalovchi boʻlib, xavfni bartaraf etuvchi yoki himoya vazifasini bajaradigan element;
L — lokalizatsiyalovchi boʻlib, radiatsiya yoki xavfli moddalarning tarqalishini cheklaydigan element;
T — taʼminlovchi boʻlib, boshqa tizimlar yoki funksiyalar ishlashini taʼminlaydigan element;
B — boshqaruv boʻlib, xavfsizlik tizimini bevosita boshqaruvchi element;
T2 — loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish uchun moʻljallangan maxsus texnik vositalar elementi.
Element bir nechta vazifaga ega boʻlsa, unda ularning barchasi belgilanadi (tasniflash belgilari — 2N, 3H, 2NH, 3T).
Element bir nechta funksiyani bajarganda, uning tasniflash belgisida (2N, 3H, 2NH, 3T) ushbu funksiyalarning barchasi koʻrsatiladi.
4-bob. Atom elektr stansiyasi va uning tizimlari loyihasida amalga oshiriladigan xavfsizlik
37. Atom elektr stansiyasi quyidagi xavfsizlik tizimlariga ega boʻladi:
reaktorni avariyaviy toʻxtatish va uni subkritik holatda ushlab turish tizimiga;
avariyaviy holatlarda reaktordan ajralib chiqadigan issiqlikni chiqarib tashlash tizimiga;
radioaktiv moddalarni belgilangan chegaralarda ushlab qolish tizimiga.
Bunda xavfsizlik funksiyalarining lozim darajada bajarilishiga toʻsqinlik qiluvchi xavfsizlik tizimlari oʻrtasidagi oʻzaro taʼsirga yoʻl qoʻyilmaydi.
Xavfsizlik tizimlarining mustaqilligi jismoniy ajratish, funksional mustaqillik va boshqa texnik yechimlar orqali taʼminlanadi.
Xavfsizlikning asosiy funksiyalariga, normal ekspluatatsiya tizimlari tomonidan bajarilishiga yoʻl qoʻyiladigan, yadro yoqilgʻisini saqlash va tashishda subkritiklikni taʼminlash, shuningdek atom elektr stansiyasi maydonchasi doirasida saqlash va tashish vaqtida yadro yoqilgʻisidan ajralib chiqadigan issiqlikni chiqarib yuborish funksiyalari ham kiradi.
38. Atom elektr stansiyasi loyihadan tashqari avariyalarni boshqarishni taʼminlaydigan quyidagi maxsus texnik vositalar bilan jihozlanadi:
reaktor qurilmasi va yadro yoqilgʻisini saqlash omborlaridan ajralib chiqadigan issiqlikni yakuniy yutgichga chiqarib yuborishni taʼminlaydigan normal ekspluatatsiya tizimlari hamda qoʻshimcha passiv xavfsizlik tizimlari;
avariyaviy mustaqil elektr taʼminoti tizimlari.
Bunda atom elektr stansiyasi loyihasida maxsus texnik vositalarni tashqi taʼsirlardan, shuningdek loyihadan tashqari avariyalar oqibatida yuzaga keladigan taʼsirlardan himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar, shu jumladan xavfsiz joylarda saqlanadigan mobil vositalardan foydalaniladi.
39. Atom elektr stansiyasi loyihasida avariya va ogʻir avariya holatlarida reaktor qurilmasi hamda atom elektr stansiyasi holatini nazorat qilish uchun texnik vositalar, shuningdek avariyadan keyingi monitoring vositalari nazarda tutiladi.
40. Atom elektr stansiyasi loyihasida qurilmalar va moslamalarni nazorat qilish boʻyicha quyidagi vazifalar belgilanadi:
tizimlar va elementlarning (reaktor ichidagi qurilmalar) ishga yaroqliligini tekshirish va xizmat muddati tugagan uskunalarni almashtirish;
tizimlarning loyihaviy koʻrsatkichlarga muvofiqligini aniqlash hamda sinovlarni oʻtkazish;
uskunalarning ishga tushirish, ogohlantiruvchi va avariya signalizatsiyasi ketma-ketligini tekshirish;
uskunalar va quvurlar metalli (payvandlangan birikmalar) holatini tekshirish.
41. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasini yongʻindan himoya qilish uchun zarur va yetarli vositalar, shuningdek yongʻin toʻgʻrisida xabar berish, odamlarni ogohlantirish va evakuatsiya qilish, tutunga qarshi shamollatish, avtomatik yongʻin oʻchirish hamda boshqa yongʻinga qarshi himoya tizimlari nazarda tutiladi.
42. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlar atom elektr stansiyasi loyihasida tashqi tabiiy taʼsirlar (zilzilalar, boʻronlar, quyunlar, toshqinlar va boshqa hodisalar), shuningdek avariyalar oqibatida yuzaga keladigan gidravlik, mexanik, issiqlik, kimyoviy taʼsirlarni hisobga olgan holda oʻz vazifalarini belgilangan darajada bajarishni taʼminlashi lozim.
43. Atom elektr stansiyasini loyihalashda xavfsizlik tizimlari va elementlarini, shuningdek avariyalarni boshqarish uchun moʻljallangan maxsus texnik vositalar tizimlari va elementlarini zaxiralash hamda mustaqilligini taʼminlash choralari koʻrib chiqiladi.
44. Xavfsizlik tizimlarining ishga tushishi avtomatlashtirilgan boʻlishi zarur.
45. Atom elektr stansiyasi loyihasida xodimlar xatolarining oldini olishga yoki ularning oqibatlarini, shu jumladan texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash jarayonida kamaytirishga imkon beradigan vositalar nazarda tutiladi.
46. Xavfsizlik tizimlari va ularning elementlaridan koʻp maqsadli foydalanish asoslantirilishi, normal ekspluatatsiya funksiyalari hamda xavfsizlik talablarining buzilishiga olib kelmasligi, shuningdek xavfsizlik funksiyalarining talab etiladigan ishonchliligini pasaytirmasligi shart.
47. Koʻp blokli atom elektr stansiyasida har bir blokning xavfsizlik tizimlari boshqa bloklarning xavfsizlik tizimlaridan mustaqil boʻlishi zarur.
48. Koʻp blokli atom elektr stansiyasining barcha bloklarida favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda, loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish uchun maxsus texnik vositalarning yetarli boʻlishi lozim.
49. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan atom elektr stansiyasi tizimlari va elementlari ekspluatatsiyaga kiritishda, shuningdek taʼmirdan keyingi davriy baholash jarayonida loyihaviy tavsiflarga muvofiqligi boʻyicha tekshiruvdan oʻtkaziladi.
50. Atom elektr stansiyasi loyihasida xavfsizlik tizimlarining holatini texnik diagnostika qilish (tekshirish), loyihada nazarda tutilmagan avariyalarni boshqarish uchun moʻljallangan maxsus texnik vositalarni, shuningdek xavfsizlikning 1 va 2-sinflariga kiritilgan, normal ekspluatatsiya xavfsizligi uchun muhim boʻlgan elementlarni sinovdan oʻtkazish tartibi belgilanadi.
51. Xavfsizlik tizimlari oʻz funksiyalarini toʻliq hajmda bajarishi va ishga tushirilganidan soʻng ularning harakati uzluksiz davom etishi lozim.
52. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar dasturlanadigan raqamli qurilmalar asosida amalga oshirilganda, ularning butun hayotiy davri davomida dasturiy taʼminotni ruxsatsiz aralashuvdan himoya qilish vositalari nazarda tutilishi shart.
53. Atom elektr stansiyasining xavfsizligini asoslovchi hisobotlarda xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar tomonidan funksiyalarni bajarish ishonchliligi tahlili, shuningdek xavfsizlik uchun muhim boʻlgan elementlarning ishonchlilik koʻrsatkichlari keltiriladi.
Ishonchlilik tahlili umumiy nosozliklar hamda xodimlarning xatolari oqibatida yuzaga keladigan ishdan chiqishlar hisobga olingan holda amalga oshiriladi.
54. Ekspluatatsiya jarayonida xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlarning ishonchlilik koʻrsatkichlari atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan davriylikka hamda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, shuningdek metallarning va payvandlangan birikmalarning holatini nazorat qilish yoʻli bilan saqlab turilishi shart.
55. Atom elektr stansiyasining barcha ekspluatatsiya holatlari uchun reaktorning quvvat bilan ishlashi, toʻxtatilgan holati va yoqilgʻini yuklash jarayonida amal qilinadigan xavfsiz ekspluatatsiya chegaralari hamda shartlari atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi va asoslantiriladi, shuningdek xavfsizlikni asoslovchi hisobotlarda keltiriladi.
5-bob. Atom elektr stansiyasi faol zonasining konstruksiyasi va tavsiflari
56. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq issiqlik ajratuvchi elementlarning shikastlanish chegaralari, shu jumladan ularning yoʻl qoʻyiladigan shikastlanish darajasi va miqdori, shuningdek mazkur koʻrsatkichlar bilan bogʻliq reaktor sovutish tizimi hamda reper izotoplar boʻyicha birinchi konturning boshqa texnologik muhitidagi radioaktivlik darajalari belgilanadi.
57. Himoya tizimlari taʼsirini hisobga olgan holda quyidagi normal ekspluatatsiya buzilishlari sodir boʻlganda issiqlik ajratuvchi elementlar shikastlanishining xavfsiz ekspluatatsiya chegaralaridan oshishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
reaktor qurilmasini boshqarish tizimlaridagi ishdan chiqishlar;
asosiy sovutish konturi nasoslarining elektr taʼminoti uzilishi;
turbogeneratorlar hamda issiqlikni qabul qiluvchi isteʼmolchilarning uzilishi;
normal ekspluatatsiya uchun moʻljallangan elektr taʼminoti manbalarining yoʻqolishi;
reaktor sovutish konturidagi sizib chiqishlarning normal ekspluatatsiyani taʼminlash tizimlari hisobidan qoplanishi;
bugʻ generatori va turboqurilmaga bugʻ uzatuvchi bugʻ quvurlari tizimidagi klapanlarning yopilmay qolishi.
58. Atom elektr stansiyasi loyihasida faol zonada normal ekspluatatsiya davrida hamda loyihaviy avariyagacha boʻlgan buzilishlar sharoitida reaktor reaktivligini boshqarish va avariyaviy toʻxtatish vositalarining normal ishlashini buzadigan, shuningdek issiqlik ajratuvchi elementlarning sovutilishiga toʻsqinlik qiladigan, ularning belgilangan loyihaviy chegaralardan ortiq shikastlanishiga sabab boʻladigan faol zona komponentlarining deformatsiyasiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
59. Ekspluatatsiya holatlarida tartibga solish organlari hamda reaktivlikka taʼsir etuvchi boshqa omillar tufayli yuzaga keladigan reaktivlik oʻzgarishlari, shuningdek loyihaviy avariyalar sharoitida, faol zonada issiqlik ajratuvchi elementlarning belgilangan loyihaviy chegaralardan ortiq shikastlanishiga olib keladigan energiya ajralishining boshqarib boʻlmaydigan ortishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
60. Faol zonaning tavsifi, reaktor konstruksiyasi hamda birinchi konturning boshqa uskunalari boshqa tizimlarning ishlashi hisobiga ogʻir avariyalar sharoitida, shu jumladan yoqilgʻi erishi holatlarida, ikkilamchi kritik massalarning hosil boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
6-bob. Atom elektr stansiyasi reaktorining issiqlik tashuvchi konturi
61. Reaktorning issiqlik tashuvchi konturi sxemasi tarkibiga kiruvchi uskunalar va quvurlarning uning har qanday qismida yuzaga keladigan statik va dinamik yuklamalar hamda harorat taʼsiriga, himoya xavfsizlik tizimlarining ishlashi va ularning ehtimoliy nosozliklari inobatga olingan holda, loyihaviy avariyagacha boʻlgan normal ekspluatatsiya buzilishlari sharoitida, shu jumladan sovutish suyuqligiga energiyaning bexosdan ajralib chiqishi holatlarida, buzilishsiz bardosh berishi lozim.
Mazkur uskunalar va quvurlar quyidagi hollarda ham mustahkamligi hamda ish qobiliyatini saqlashi shart:
reaktivlikka taʼsir qiluvchi organning maksimal samaradorlik bilan maksimal tezlikda harakatlanishi natijasida, agar bunday taʼsir oqibatlari konstruksiya bilan oldindan bartaraf etilmagan boʻlsa, ijobiy reaktivlikning tasodifiy miqdorda faol zonaga kiritilganda;
faol zonaga “sovuq” issiqlik tashuvchini kiritish oqibatida, issiqlik tashuvchi haroratiga nisbatan reaktivlikning manfiy koeffitsiyenti mavjud boʻlganda, shuningdek issiqlik tashuvchi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday ijobiy reaktivlik miqdori yuzaga kelganda.
62. Reaktorning issiqlik tashuvchi konturini ortiqcha bosimdan himoya qiluvchi bosimni pasaytirish qurilmalarining ishlashi natijasida birinchi kontur issiqlik tashuvchisining reaktor qurilmasining germetik toʻsigʻi chegarasidan tashqariga chiqarilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
63. Atom elektr stansiyasi loyihasida reaktorning issiqlik tashuvchi konturi uchun “buzilishdan oldingi sizib chiqish” konsepsiyasi nazarda tutiladi.
Bunda reaktorning issiqlik tashuvchi konturi quvurlarida yuzaga keladigan yoriqlarni oʻz vaqtida aniqlashni hamda ular kritik oʻlchamlarga yetgunga qadar reaktor qurilmasini xavfsiz holatga oʻtkazishni taʼminlaydigan texnik vositalar va tashkiliy chora-tadbirlar belgilanadi.
64. Uskunalarning joylashuvi va birinchi kontur geometriyasi majburiy sirkulyatsiya yoʻqolganda, loyihaviy avariyalar sharoitida birinchi kontur boʻylab issiqlik tashuvchining tabiiy sirkulyatsiyasi yuzaga kelishi va rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni taʼminlashi zarur.
65. Reaktorning issiqlik tashuvchi tizimini radioaktiv iflosliklardan tozalash qurilmasi atom elektr stansiyasining reaktor issiqlik tashuvchi konturi aktivligining past darajasida ekspluatatsiya qilinishini taʼminlash maqsadida issiqlik ajratuvchi elementlarning shikastlanishi boʻyicha belgilangan xavfsiz ekspluatatsiya chegarasiga erishilgunga qadar ishlashi lozim.
66. Atom elektr stansiyasi loyihasida quyidagilar nazarda tutiladi:
birinchi kontur uskunalari va quvurlarida gazlarning portlovchi konsentratsiyalarda toʻplanishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar;
birinchi konturga begona jismlarning tushishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar;
birinchi kontur issiqlik tashuvchisidagi neytron yutgichlar tarkibidagi, shuningdek birinchi konturga yuboriladigan muhitlardagi nuklidlarning tarkibi va miqdorini nazorat qilishga moʻljallangan texnik vositalar;
birinchi kontur issiqlik tashuvchisi hamda birinchi konturning boshqa texnologik muhitlari aktivligini nazorat qilishga moʻljallangan texnik vositalar;
reaktordagi issiqlik tashuvchi sathini nazorat qilishga moʻljallangan texnik vositalar;
birinchi konturning issiqlik tashuvchisidagi sizib chiqishlar sarfini cheklashga moʻljallangan texnik vositalar;
harorat oʻzgarishi taʼsirida birinchi kontur uskunalari va quvurlarining siljishini nazorat qilishga moʻljallangan texnik vositalar;
birinchi kontur issiqlik izolyatsiyasining xavfsizlik tizimlari ishiga salbiy taʼsirini bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar.
7-bob. Atom elektr stansiyasida texnologik jarayonlarni boshqarish
67. Atom elektr stansiyasi blokida quyidagi texnologik jarayonlarni boshqarish uchun normal ekspluatatsiya va xavfsizlik tizimlari nazarda tutiladi:
boshqaruv punkti;
zaxira boshqaruv punkti;
normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlari;
xavfsizlikni boshqarish tizimlari;
tezkor aloqa va axborot bilan taʼminlash tizimlari;
maʼlumotlarni qayd etish va saqlashning mustaqil vositalari.
68. Atom elektr stansiyasi va reaktor qurilmasi loyihalari, shuningdek atom elektr stansiyasining xavfsizligini asoslovchi hisobotlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
boshqaruv tizimlarida yuz berishi mumkin boʻlgan nosozliklarga ushbu tizimlarning reaksiyasi tahlilini;
boshqaruv tizimlari ishlashining ishonchlilik tahlilini;
avtomatik boshqarish konturlarining barqarorlik tahlilini.
8-bob. Atom elektr stansiyasining blokli va zaxira boshqaruv punktlari
69. Boshqaruv punkti atom elektr stansiyasining xodimlariga normal ekspluatatsiya tizimlari va elementlarini ekspluatatsiya chegaralari hamda shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qilgan holda toʻliq hajmda boshqarish, shuningdek normal ekspluatatsiya buzilishlari, ekspluatatsiya chegaralaridan chetga chiqish holatlari, loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida xavfsizlik tizimlari va elementlarini hamda maxsus texnik vositalarni boshqarishni taʼminlaydigan vositalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
70. Atom elektr stansiyasi loyihasida barcha normal ekspluatatsiya rejimlarida, shuningdek normal ekspluatatsiya buzilishlari, loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida boshqaruv punktining ishlashga layoqatliligi, moslashuvchanligi hamda normal ekspluatatsiyani taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarning yetarliligi asoslab beriladi.
71. Boshqaruv punktida nazorat qilinadigan atom elektr stansiyasi parametrlarining koʻrsatilishi xodimlarni atom elektr stansiyasining xavfsiz ekspluatatsiyasi uchun belgilangan cheklovlar va shartlarga rioya etilishi toʻgʻrisidagi aniq axborot bilan, shuningdek xavfsizlik tizimlarining avtomatik ishga tushirilishi va ularning ishlashi haqidagi maʼlumotlar bilan taʼminlashi lozim.
72. Boshqaruv punktiga uzatiladigan signallar xavfsizlik darajasi boʻyicha tartibga solingan boʻlishi shart.
73. Atom elektr stansiyasi loyihasida boshqaruv punkti quyidagi vositalar bilan taʼminlanadi:
normal ekspluatatsiya rejimlarida, normal ekspluatatsiya buzilishlarida, favqulodda holatlarda, shuningdek faol zonaning barcha rejim va holatlarida, shu jumladan reaktor subkritik holatda boʻlganda yoqilgʻini yuklash jarayonida zanjirli reaksiyani nazorat qilish va boshqarish vositalari;
reaktivlikka taʼsir etuvchi vositalarning holatini koʻrsatish, issiq neytronlarni yutuvchi modda konsentratsiyasini avtomatik nazorat qilish, shuningdek reaktivlikka taʼsir etuvchi boshqa vositalarning holatini koʻrsatish uchun moʻljallangan uskunalar.
74. Boshqaruv punkti va zaxira boshqaruv punkti panellaridan avtomatik boshqarish tizimi yoki masofadan boshqarish tugmalari yoxud boshqa vositalar orqali shakllantirilgan boshqaruv buyruqlari avtomatik ravishda qayd etilishi lozim.
75. Boshqaruv punkti va zaxira boshqaruv punkti quyidagi funksiyalarni bajarishni taʼminlaydi:
xavfsizlik tizimlarini boshqarishni;
reaktor faol zonasini subkritik holatga oʻtkazish hamda uni subkritik holatda saqlab turilishini nazorat qilishni;
reaktordan va ishlatilgan yadroviy yoqilgʻini saqlash baklaridan issiqlikni olib chiqishni boshqarishni;
reaktor qurilmasi hamda ishlatilgan yadroviy yoqilgʻini saqlash baklarining holatini nazorat qilishni.
76. Zaxira boshqaruv punktining boshqaruv punktidan mustaqilligi taʼminlanishi, shuningdek zaxira boshqaruv punktining ishonchliligi va ishlashga yaroqliligi asoslantirilgan boʻlishi lozim.
77. Boshqaruv punkti va zaxira boshqaruv punktining umumiy sabablarga koʻra bir vaqtda ishdan chiqish ehtimoli atom elektr stansiyasi loyihasida asoslantiriladi, atom elektr stansiyasi xavfsizligini asoslovchi hisobotlarda esa bunday holatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
78. Texnik hamda tashkiliy chora-tadbirlar boshqaruv punkti va zaxira boshqaruv punktidan bir vaqtning oʻzida boshqaruv buyruqlari berilishiga yoʻl qoʻymaslikni taʼminlashi lozim.
79. Boshqaruv punkti va zaxira boshqaruv punkti favqulodda vaziyatlarga qarshi harakatlarni boshqarish boʻyicha muhofaza qilingan punkt bilan aloqa vositalari bilan taʼminlanadi.
9-bob. Atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiyasi va xavfsizlikni boshqarish tizimlari
80. Atom elektr stansiyasi blokining normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlari barcha ish rejimlarida texnologik jarayonlarni boshqarishni taʼminlashi, shuningdek atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan sifat koʻrsatkichlari, ishonchlilik va metrologik xususiyatlar boʻyicha nazoratni amalga oshirishi lozim.
81. Normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlari quyidagilar bilan taʼminlanadi:
boshqaruv punktidan tashqarida ishlarni amalga oshirayotgan xodimlar bilan boshqaruv punkti va zaxira boshqaruv punkti oʻrtasida aloqa oʻrnatishni taʼminlovchi vositalar;
normal ekspluatatsiya buzilishlari, avariyalar va ularning rivojlanishi, xavfsizlik tizimlari hamda xavfsizlik uchun muhim boʻlgan elementlarning ishlashining haqiqiy algoritmini belgilash, shuningdek boshqaruv va boshqarish tizimlari faoliyatining belgilangan algoritmlardan ogʻishini, xodimlar harakatlarini oʻz vaqtida aniqlash uchun yetarli boʻlgan maʼlumotlarni yigʻish, tahlil qilish, hujjatlashtirish va saqlash vositalari;
birinchi kontur sovutish suvi sizib chiqishining atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan qiymatdan oshganini, shuningdek sizib chiqish joyini aniqlashga moʻljallangan vositalar;
birinchi kontur sovutish suvi va uning radioaktivligini avtomatik nazorat qilish vositalari.
82. Normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlari atom elektr stansiyasi blokining holati hamda ekspluatatsiya rejimlarini avtomatik diagnostika qilishni, shuningdek mazkur tizimlar tarkibiga kiradigan texnik vositalar, shu jumladan dasturiy taʼminot asosida ishlovchi texnik vositalarning texnik holatini avtomatik diagnostika qilishni taʼminlaydi.
83. Atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan shartlar yuzaga kelganda xavfsizlikni boshqarish tizimlari oʻziga yuklatilgan funksiyalarni avtomatik ravishda bajarishni taʼminlashi lozim.
84. Xavfsizlikni boshqarish tizimlari avtomatik ishga tushirilganidan keyin 10 — 30 daqiqa davomida ekspluatatsiya xodimlar tomonidan oʻchirib qoʻyilishining oldini oladigan tarzda loyihalashtirilishi lozim.
Bunda mazkur tizimlar texnologik reglamentlarda nazarda tutilgan avariya yuzaga kelganda, avariyalarni bartaraf etish boʻyicha yoʻriqnomalarda va loyihadan tashqari avariyalarni boshqarish boʻyicha koʻrsatmalarda xodimning toʻgʻri harakatlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilmasligi shart.
85. Atom elektr stansiyasida xavfsizlik tizimlarini masofadan boshqarish, shuningdek armatura oʻrnatilgan joyda qoʻlda boshqarish imkoniyati nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
86. Avtomatik ishga tushirish zanjiridagi nosozlik masofadan turib boshqarish imkoniyatiga hamda xavfsizlik funksiyalarining bajarilishiga toʻsqinlik qilmasligi zarur.
87. Xavfsizlikni boshqarish tizimlari normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlaridan ajratilgan boʻlishi shart.
Xavfsizlikni boshqarish tizimlarining biron-bir elementi yoki kanalidagi buzilish normal ekspluatatsiyani boshqarish tizimlarining oʻz funksiyalarini bajarish qobiliyatiga taʼsir koʻrsatmasligi lozim.
88. Xavfsizlikni boshqarish tizimlari quyidagi xavfsizlik talablariga javob berishi shart:
zaxiralash;
mustaqillik;
xilma-xillik.
89. Xavfsizlikni boshqarish tizimlarida quyidagilar taʼminlanadi:
boshqaruv tizimlari ishlashining doimiy avtomatik nazorati va tahlilini;
boshqaruv punkti hamda zaxira boshqaruv punktidan xavfsizlikni boshqarish tizimlari kanallarining ishga yaroqliligini davriy texnik tekshirish, shuningdek texnologik uskunalarning holatini tahlil qilish imkoniyatini.
90. Xavfsizlikni boshqarish tizimlarining texnik va dasturiy taʼminot vositalarida ishdan chiqish yoki nosozlik holatlari yuzaga kelganda, bu haqda boshqaruv punkti hamda zaxira boshqaruv punktiga signal uzatilishi, shuningdek atom elektr stansiyasi xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan zarur chora-tadbirlar koʻrilishi kerak.
10-bob. Atom elektr stansiyasi xavfsizligini himoya tizimlari
91. Atom elektr stansiyasi loyihasida reaktorning avariya holatida ishonchli oʻchirilishini, buzilishlar yuzaga kelganda uning subkritik holatda ushlab turilishini, shuningdek loyihaviy avariyagacha boʻlgan sharoitlarda xavfsizlikni taʼminlovchi himoya tizimlari nazarda tutilishi lozim.
92. Reaktorning avariyaviy oʻchirish tizimlarining samaradorligi va tezkorligi energiya ajralishini issiqlik ajratuvchi elementlarning shikastlanishi boʻyicha belgilangan loyihaviy chegaralar buzilmaydigan darajada cheklash, shuningdek normal ekspluatatsiya va loyihaviy avariyalar sharoitida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday ijobiy reaktivlikni bostirish uchun yetarli boʻlishi lozim.
93. Reaktorning avariyaviy oʻchirilishi elektr taʼminoti manbalarining mavjudligi va holatidan qatʼi nazar taʼminlanishi shart.
94. Xavfsizlikni himoya qilish tizimlari tarkibida bir nechta mustaqil kanallardan tashkil topgan, reaktordan yakuniy issiqlikni qabul qilish va chiqarib yuborishni taʼminlovchi tizimlar nazarda tutiladi.
95. Normal ekspluatatsiya uchun moʻljallangan sovutish tizimlaridan reaktordagi avariyaviy issiqlikni olib ketish tizimlari sifatida foydalanishga ruxsat etiladi.
96. Reaktorning avariyaviy issiqlikni olib ketish tizimi ishga tushirilganda va uning ishlashi davomida reaktorning kritik holatga oʻtishiga hamda reaktor issiqlik tashuvchi konturi tizimlarida ruxsat etilgan bosim qiymatlarining oshib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
97. Xavfsizlikni himoya qilish tizimlarining ishga tushishi normal ekspluatatsiya tizimlari uskunalarining ishdan chiqishiga olib kelmasligi lozim.
Loyihalashda atom elektr stansiyasi blokining ekspluatatsiya muddati davomida xavfsizlik tizimlari uchun yoʻl qoʻyiladigan ishga tushishlar, shu jumladan yolgʻon ishga tushishlar soni uskunaning xizmat muddati va unga koʻrsatiladigan taʼsir inobatga olingan holda asoslantiriladi.
11-bob. Atom elektr stansiyasi xavfsizligni lokalizatsiyalovchi tizimlar
98. Xavfsizlikni lokallashtiruvchi tizimlar avariya sharoitida radioaktiv moddalar hamda ionlashtiruvchi nurlanishning atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan chegaralarda ushlab turilishini va ularning belgilangan chegaralardan tashqariga tarqalmasligini taʼminlashi zarur.
99. Reaktor hamda tarkibida radioaktiv moddalar mavjud boʻlgan tizimlar va reaktor qurilmasi elementlari loyihaviy avariyalar paytida ajralib chiqadigan radioaktiv moddalarni lokallashtirish maqsadida reaktor qurilmasining toʻliq germetik yopiq hajmida joylashtiriladi.
Ogʻir avariyalar sharoitida ajralib chiqadigan radioaktiv moddalarni lokallashtirish filtrlash tizimi orqali taʼminlanadi.
100. Har bir atom elektr stansiyasida xavfsizlikni lokallashtiruvchi tizimlar nazarda tutilgan boʻlishi hamda mazkur tizimlar loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida ular uchun belgilangan vazifalarni bajarishni taʼminlashi kerak.
101. Germetik oʻralgan toʻsiq ichida bosimning oshib ketishining oldini olish uchun faol elementlar va issiqlikni olib ketish tizimlari nazarda tutilgan boʻlsa, mazkur tizimlar tarkibida oʻzaro mustaqil bir nechta kanallar boʻlishi lozim.
102. Avariya sodir boʻlganda ajralib chiqadigan radioaktiv moddalar taʼsiri inobatga olingan holda, germetik oʻralgan toʻsiq chegarasini kesib oʻtuvchi barcha kommunikatsiyalar atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq izolyatsiyalovchi elementlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
103. Atom elektr stansiyasi loyihasida germetik oʻralgan toʻsiqning yoʻl qoʻyiladigan nogermetiklik darajasi asoslantirilgan boʻlishi kerak.
Reaktor birinchi marotaba yadroviy yoqilgʻi bilan yuklanishidan oldin germetik yopiq toʻsiqning amaldagi germetikligi loyiha talablariga muvofiqligi boʻyicha tasdiqlanadi, shuningdek ekspluatatsiya jarayonida atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan muddatlarda takroran tekshirib boriladi.
104. Atom elektr stansiyasini ekspluatatsiyaga topshirish jarayonida germetik oʻralgan toʻsiq loyihaviy bosim ostida sinovdan oʻtkaziladi.
Keyingi sinovlar atom elektr stansiyasi loyihasida asoslantirilgan bosim qiymatlarida oʻtkaziladi.
Germetik oʻralgan toʻsiq ichida joylashgan uskunalarni bosim ostida sinash ularning ishga yaroqliligiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi kerak.
105. Germetik oʻralgan toʻsiqning loyiha parametrlariga muvofiqligini sinash usullari va texnik vositalari atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi.
106. Vodorod portlashidan himoyalanish boʻyicha chora-tadbirlar atom elektr stansiyasi loyihasida asoslantirilgan boʻlishi lozim.
Germetik oʻralgan toʻsiq ichida vodorod mavjud boʻlgan aralashma muhitining fizik-kimyoviy parametrlarini nazorat qilishga moʻljallangan vositalar nazarda tutilishi zarur.
12-bob. Atom elektr stansiyasi xavfsizligini taʼminlash tizimlari
107. Atom elektr stansiyasi loyihasida xavfsizlik tizimlarining ishchi muhit, energiya taʼminoti va ularning ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlanishini, shu jumladan issiqlikni oxirgi yutgichga uzatish funksiyasini bajarishni kafolatlaydigan yordamchi xavfsizlik tizimlari belgilanishi lozim.
Xavfsizlikni taʼminlovchi tizimlar tarkibiga yongʻin yuzaga kelganda xavfsizlik tizimlarining ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlaydigan yoki yongʻinning xavfsizlik tizimlariga tarqalishining oldini oladigan yongʻinga qarshi himoya tizimlari ham kiritilishi mumkin.
108. Xavfsizlikni taʼminlovchi tizimlar oʻziga yuklatilgan funksiyalarni bajarish boʻyicha zarur ishonchlilik koʻrsatkichlariga ega boʻlishi zarur.
Mazkur koʻrsatkichlar ular taʼminlaydigan xavfsizlik tizimlarining ishonchlilik koʻrsatkichlari bilan birgalikda atom elektr stansiyasi loyihasida belgilangan xavfsizlik tizimlari ishlashining talab etiladigan ishonchlilik darajasiga erishish uchun yetarli boʻlishi lozim.
109. Xavfsizlikni taʼminlovchi tizimlar elementlariga tatbiq etiladigan oʻchirib boʻlmaydigan ichki himoya vositalari roʻyxati atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi.
110. Atom elektr stansiyasi loyihasida xavfsizlikni taʼminlovchi tizimlarning oʻchirib boʻlmaydigan ichki himoya elementlari roʻyxati keltiriladi.
13-bob. Ekspluatatsiyani tashkil qilish va ekspluatatsiya hujjatlari
111. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi xavfsizligiga taʼsir koʻrsatuvchi barcha faoliyat ustidan, shu jumladan oʻz faoliyatini oʻzini oʻzi baholash asosida doimiy nazoratni taʼminlaydi.
112. Atom elektr stansiyasi blokining xavfsiz ishlashini belgilovchi asosiy hujjat atom elektr stansiyasi bloki ishlashining texnologik reglamenti hisoblanadi.
Mazkur reglamentda ekspluatatsiya qoidalari va asosiy texnik talablar, xavfsizlik bilan bogʻliq jarayonlarni bajarishning umumiy tartibi, shuningdek xavfsiz ekspluatatsiya chegaralari hamda shartlari belgilanadi.
113. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi hamda reaktor qurilmasi loyihasini ishlab chiquvchilar ishtirokida, atom elektr stansiyasi loyihasi va uning xavfsizligini asoslash hisobotiga muvofiq atom elektr stansiyasi bloki ishlashining texnologik reglamentini ishlab chiqishni taʼminlaydi.
114. Atom elektr stansiyasi blokini uning ishlashi boʻyicha texnologik reglament talablari buzilgan holda ekspluatatsiya qilish taqiqlanadi.
115. Reaktor ishlashi davomida belgilangan chegaralar va (yoki) xavfsiz ekspluatatsiya shartlari bajarilmaganda, atom elektr stansiyasi bloki toʻxtatiladi hamda atom elektr stansiyasi loyihasida nazarda tutilgan xavfsiz holatga oʻtkaziladi.
116. Atom elektr stansiyasi tizimlari va elementlarining ekspluatatsiyasi jarayonida atom elektr stansiyasida belgilangan fizik-kimyoviy koʻrsatkichlarga rioya etilishini taʼminlash maqsadida atom elektr stansiyasi bloki ishlashining texnologik reglamentida tizimlar va elementlarda qoʻllaniladigan ishchi muhitlarning kimyoviy rejimini boshqarishga oid talablar, chegaralar hamda shartlar belgilanadi.
117. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi bloki ishlashi uchun tasdiqlangan texnologik reglament, uskunalarni ishlab chiquvchilarning hujjatlari, shuningdek atom elektr stansiyasi va reaktor qurilmasi loyihalarini ishlab chiquvchilarning ishga tushirishdan oldingi hamda ishga tushirishga oid hujjatlari asosida tizimlar va uskunalarni ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqilishini taʼminlaydi.
Tizimlar va uskunalarni ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnomalar xodimlar uchun normal ish rejimlarida, ogʻishlar yuzaga kelganda hamda avariyadan oldingi vaziyatlarda harakat qilish tartibiga oid aniq koʻrsatmalarni oʻz ichiga oladi.
118. Yoʻriqnoma va koʻrsatmalarda belgilangan xodimlar harakatlari sodir boʻlayotgan hodisalar, shuningdek reaktor qurilmasi va atom elektr stansiyasining umumiy holatini ifodalovchi belgilar hamda avariyaning kutilayotgan rivojlanish prognoziga asoslangan boʻlishi zarur.
119. Xavfsizlik tizimlarining ishlashga yaroqliligini taʼminlash hamda xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlarning ishdan chiqishining oldini olish maqsadida ularga texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, sinovdan oʻtkazish amalga oshiriladi.
Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi loyihasi va uning xavfsizligini asoslash hisoboti asosida, atom elektr stansiyasi hamda reaktor qurilmasi loyihasini ishlab chiquvchilar ishtirokida texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, sinovdan oʻtkazish qoidalari ishlab chiqilishini taʼminlaydi.
120. Xavfsizlik tizimlarini texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, shuningdek sinov oʻtkazish uchun vaqtincha ekspluatatsiyadan chiqarishda atom elektr stansiyasi bloki ishlashining texnologik reglamentida belgilangan xavfsiz ekspluatatsiya shartlariga rioya etilishi shart.
121. Har bir atom elektr stansiyasi bloki, shuningdek atom elektr stansiyasi maydonchasida joylashgan atom energiyasidan foydalaniladigan boshqa obyektlar uchun ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan yadroviy xavfli ishlar roʻyxati ishlab chiqilishi zarur.
Yadroviy xavfli ishlar maxsus ish dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
122. Texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlari yakunlangandan soʻng xavfsizlik uchun muhim boʻlgan elementlar va tizimlar ularning ishga yaroqliligi hamda loyiha xususiyatlariga muvofiqligi boʻyicha tekshiriladi hamda uning natijalari rasmiylashtiriladi.
123. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ekspluatatsiya hujjatlarini yuritish, saqlash va qayta koʻrib chiqish tartibini belgilashi hamda uning ijrosini taʼminlashi shart.
124. Atom elektr stansiyasi loyihasi, atom elektr stansiyasini jihozlashga oid ijro hujjatlari, sinov hujjatlari, shuningdek xavfsizlik tizimlari (elementlari) hamda xavfsizlik uchun muhim boʻlgan 1 va 2-sinflarga mansub elementlarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha ijro hujjatlari atom elektr stansiyasida uning butun hayotiy davri davomida saqlanadi.
125. Tashqi nazorat natijalari hamda xavfsiz foydalanish shartlariga oid maʼlumotlar atom elektr stansiyasida yadroviy yoqilgʻini faol zonaga qayta yuklashni oʻz ichiga olgan ikki yuklash oraligʻidagi davr mobaynida, biroq kamida 2 yil davomida saqlanadi.
Mazkur yozuvlar yoʻq qilinishidan oldin ularning natijalari ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan tayyorlanadigan atom elektr stansiyasi xavfsizligi holati toʻgʻrisidagi davriy hisobotlarga kiritiladi.
126. Atom elektr stansiyasi bloki ishlashining texnologik reglamentida va ekspluatatsiya qilish boʻyicha yoʻriqnomalarda nazarda tutilmagan atom elektr stansiyasi sinovlari yadroviy xavfli ishlar toifasiga kiritiladi hamda ushbu sinovlarning xavfsizligini taʼminlashga doir choralarni oʻz ichiga olgan bajarilgan xavfsizlik tahliliga asoslangan dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.
127. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi faoliyatida ilgari buzilishlarga sabab boʻlgan omillar tufayli bunday buzilishlarning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
128. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi faoliyatidagi buzilishlarni tekshirish materiallari atom elektr stansiyasining butun ekspluatatsiya muddati davomida saqlaydi.
129. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot ogʻir avariyaga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan ogʻish yoki hodisani aniqlaganda, agar bunday ogʻish yoki hodisaning ogʻir avariyaga oʻtishining shartli ehtimoli 10⁻³ yoki undan yuqori boʻlsa, shunga oʻxshash ogʻishlar va hodisalarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi. Bunda ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi blokini mazkur chora-tadbirlar amalga oshirilgunga qadar quvvat rejimida ekspluatatsiya qilish imkoniyatini asoslab beradi.
130. 10 yildan ortiq muddatga foydalanish uchun litsenziyaga ega boʻlgan atom elektr stansiyalari boʻyicha har 10 yilda atom elektr stansiyasi bloki xavfsizligining davriy baholanishi amalga oshirilishi shart.
Mazkur baholash atom elektr stansiyasi joylashgan hudud xususiyatlaridagi oʻzgarishlar, atom elektr stansiyasi elementlarining, shu jumladan uskunalar va qurilish inshootlarining eskirish jarayonlari, modernizatsiya ishlari, ekspluatatsiya tajribasi, fan va texnologiyalar, ishlab chiqarish sohasidagi zamonaviy rivojlanish darajasi, shuningdek atom elektr stansiyasining xavfsiz ekspluatatsiyasini davom ettirish imkoniyatini tasdiqlash uchun zarur boʻlgan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar talablaridagi oʻzgarishlar hisobga olingan holda oʻtkaziladi.
131. Xavfsizlik uchun muhim boʻlgan atom elektr stansiyasi elementlari resurslarini boshqarish hamda ularning atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiqligini tahlil qilish boʻyicha faoliyat natijalariga koʻra, ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi bloki ishlash muddatini loyiha hujjatlarida belgilangan muddatdan ortiq muddatga uzaytirish masalasini koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqishi mumkin.
14-bob. Atom elektr stansiya blokini ekspluatatsiyaga tushirish
132. Atom elektr stansiyasi xavfsizligini asoslovchi hisobotlarda dastlabki ishga tushirishdan oldingi sozlash ishlari, fizik ishga tushirish, energiyaviy ishga tushirish hamda sanoat-sinov ekspluatatsiyasi bosqichlarida bajariladigan ishlarning ketma-ketligi va hajmi, ularning loyiha koʻrsatkichlari hamda ishga qabul qilish mezonlariga muvofiqligi, shuningdek xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlarni tekshirish tartibi va ularga qoʻyiladigan talablar atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi.
133. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasining xavfsizligini asoslovchi hisobotlar asosida atom elektr stansiyasi blokini ishga tushirish dasturini ishlab chiqadi hamda uning amalga oshirilishini taʼminlaydi.
134. Jismoniy ishga tushirishdan oldin xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlar va elementlar, asbob-uskunalar hamda qurilmalar, shuningdek quyidagi dasturlar va qoʻllanmalar tayyorlangan va tekshirilgan boʻlishi shart:
tizimlar va elementlarning, shuningdek reaktor ichki qurilmalarining ishlashini tekshirish hamda xizmat muddati tugagan uskunalarni almashtirish;
tizimlarning loyiha koʻrsatkichlariga muvofiqligini tekshirish;
uskunalarning ishga tushishi va signallar uzatilishi ketma-ketligini (avariyaviy elektr taʼminoti manbalariga oʻtish jarayonini) tekshirish;
metallning, uskunalar va quvurlarning payvandlangan choklari holatini nazorat qilish;
oʻlchov vositalari hamda oʻlchash tizimlari oʻlchov kanallarini loyiha talablariga muvofiq tekshiruvdan oʻtkazish.
135. Dastlabki sozlash ishlari, jismoniy ishga tushirish, energiyaviy ishga tushirish hamda sanoat-sinov ekspluatatsiyasi bosqichlarini tartibga soluvchi hujjatlarda yadroviy xavfli ishlar roʻyxati, shuningdek yadroviy avariyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar roʻyxati belgilanadi.
136. Atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyaga topshirishda xavfsizlik uchun muhim boʻlgan tizimlarning amaldagi holatdagi tavsiflari aniqlanadi va ular rasmiylashtiriladi, shuningdek uskuna va tizimlarning tavsiflari hamda boshqaruv tizimlarining ishga tushirish va sozlash parametrlari aniqlanadi.
Bunda loyihaviy chegaralar va shartlar, ekspluatatsiya hujjatlari qayta koʻrib chiqiladi hamda ularda tizimlar va uskunalarning amaldagi holatdagi tavsiflari keltiriladi.
Rasmiylashtirilishi lozim boʻlgan tavsiflar roʻyxati sinov dasturlari bilan belgilanadi.
137. Atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyaga topshirish jarayonida ushbu blokning amaldagi atom elektr stansiyasi bloklaridan va qurilish ishlari olib borilayotgan maydonlardan tashkiliy hamda texnik jihatdan ajratiladi.
138. Qurilish ishlari davom etayotgan maydonchada yuzaga normal ekspluatatsiya buzilishlari, shuningdek loyihaviy avariyalar ishga tushirilayotgan atom elektr stansiyasi blokining xavfsizligiga taʼsir koʻrsatmasligi kerak.
15-bob. Atom elektr stansiyasi xodimlarini tanlash va tayyorlash talablari
139. Atom elektr stansiyasiga yadroviy yoqilgʻini olib kelishdan avval atom elektr stansiyasi zarur malakaga ega va ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan mustaqil ishlashga ruxsat etilgan xodimlar bilan toʻliq komplektlangan boʻlishi lozim.
140. Atom elektr stansiyasini ekspluatatsiya qilish jarayonida mustaqil ishlash huquqiga ega boʻlgan xodimlar jalb etiladi.
Bunda xodimlarning soni va tarkibiga qoʻyiladigan minimal talablar atom elektr stansiyasi loyihasida belgilanadi hamda xavfsizlikni asoslash boʻyicha hisobotda va atom elektr stansiyasi bloki ekspluatatsiyasining texnologik reglamentida keltiriladi.
141. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-yanvardagi 13-son qarori bilan tasdiqlangan Atom energiyasidan foydalanish sohasida faoliyat olib boradigan ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar va boshqa yuridik shaxslar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish hamda ularni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga koʻra atom elektr stansiyasi blokini ekspluatatsiyadan chiqarish boʻyicha ishlarni bajarishda, bajaruvchi va xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlar xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda malakasi oshirilishini taʼminlashi kerak.
142. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot atom elektr stansiyasi xodimlarining kasbiy tayyorgarligi va amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida texnik vositalar hamda turli xil simulyatorlardan foydalanishi mumkin.
143. Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq xodimlar tibbiy koʻrikdan oʻtishlari zarur.
144. Atom elektr stansiyasi xodimlari loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida bajarilishi lozim boʻlgan harakatlarni amalga oshirishga tayyorlangan boʻlishi zarur.
145. Loyihadan tashqari avariyalar yuzaga kelganda atom elektr stansiyasi xodimlarining harakatlari loyihaviy hamda loyihadan tashqari avariyalar tahlili natijalari inobatga olingan holda ishlab chiqiladi va maxsus koʻrsatmalar bilan tartibga solinadi.
146. Loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar yuzaga kelganda xodimlarning harakatlarga tayyorgarligini oshirish maqsadida avariya oʻquv mashqlari usullari hamda dasturlari ishlab chiqiladi, shuningdek avariya va yongʻinga qarshi oʻquv mashgʻulotlari xodimlarning amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash uchun doimiy ravishda oʻtkaziladi.
16-bob. Ekspluatatsiya vaqtida radiatsiyaviy xavfsizlik
147. Atom elektr stansiyasi loyihasida radiatsiya nazorati tizimlari nazarda tutiladi.
Mazkur tizimlar atom elektr stansiyasining binolari va hududida, shuningdek sanitariya-muhofaza zonasi hamda kuzatuv zonasida radiatsiyaviy holatni tavsiflovchi nazorat qilinadigan parametrlarning belgilangan qiymatlarini aniqlashni va nazorat qilishni taʼminlashi lozim.
Ushbu tizimlar atom elektr stansiyasining barcha ekspluatatsiya rejimlarida, loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida, shuningdek atom elektr stansiyasini ekspluatatsiyadan chiqarish jarayonida radiatsiyaviy holat ustidan nazoratni taʼminlashi shart.
148. Atom elektr stansiyasi loyihasida atom elektr stansiyasining normal ekspluatatsiyasi davrida, normal ekspluatatsiya buzilishlarida, loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar sharoitida sanitariya-muhofaza zonasi va kuzatuv zonasida ionlashtiruvchi nurlanish darajasi, shamol tezligi hamda boshqa meteorologik parametrlar doimiy oʻlchanishi, shuningdek atrofdagi radiatsiyaviy vaziyatni baholash va prognoz qilish maqsadida radioaktiv tushum zichligining davriy oʻlchanishi taʼminlanishi nazarda tutilishi lozim.
Mazkur baholash va prognozlarni amalga oshirish uchun zarur texnik vositalar belgilanadi.
149. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot radioaktiv chiqindilarni Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishning xavfsizlik talablariga (roʻyxat raqami 3694, 2025-yil 28-oktabr) muvofiq saqlashni taʼminlaydi.
17-bob. Avariyalar yuzaga kelganda va ularni boshqarish jarayonida xodimlar hamda aholini himoya qilish boʻyicha harakatlar rejalari
150. Atom elektr stansiyasiga yadroviy yoqilgʻi olib kelinishidan oldin, atom elektr stansiyasida avariya yuz berganda, xodimlar va aholini himoya qilish boʻyicha ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq harakatlar rejalari, loyihaviy avariyalarning radiatsiyaviy oqibatlari inobatga olingan holda ishlab chiqadi.
Harakat rejalarida loyihaviy va loyihadan tashqari avariyalar natijasida atom elektr stansiyasi maydonidan tashqaridagi infratuzilma obyektlari shikastlanganda yoki ishdan chiqqanda, shu jumladan kirish yoʻllari toʻsilib qolganda, atom elektr stansiyasining elektr taʼminoti buzilganda yoki aloqa uzilganda koʻriladigan chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
151. Atom elektr stansiyasida avariya holatida xodimlar va aholini himoya qilish boʻyicha harakatlar rejalarida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik koʻrish va javob choralari darajasi, shuningdek harakatlar rejalarini amalga oshirish boshlanganligi toʻgʻrisida xabar berish tartibi ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan belgilanadi.
Atom elektr stansiyasiga yadroviy yoqilgʻi olib kelinishidan oldin himoyalangan avariyalarni boshqarish punktlari tashkil etilishi, ularning doimiy tayyor holatda saqlanishi, zarur uskuna-asboblar va aloqa vositalari bilan jihozlanishi, shuningdek avariya yuzaga kelganda harakatlar rejalarini amalga oshirishni boshqarish ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan taʼminlanishi zarur.
152. Loyihadan tashqari avariyalarni boshqarishda atom elektr stansiyasi blokini boshqariladigan va nazorat ostidagi holatga qaytarish, zanjirli parchalanish reaksiyasini toʻxtatish, yoqilgʻining uzluksiz sovutilishini taʼminlash hamda radioaktiv moddalarning belgilangan chegaralarda ushlab turilishini taʼminlash lozim.
153. Loyihadan tashqari avariyalarning oldini olish, ularning oqibatlarini yumshatish, shuningdek reaktorning germetik toʻsiq bilan oʻralgan hajmini buzilishdan himoya qilish hamda uning ishga yaroqliligini saqlab qolish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak.
18-bob. Yakuniy qoida
154. Mazkur Qoidalarning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.04.2026-y., 10/26/3815/0361-son)