Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 06.08.2026
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
AVTOMOBIL YO‘LLARI TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 29-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 24-avgustda ma’qullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2026-yil 5-avgustdagi O‘RQ-1162-sonli “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi (bundan buyon matnda avtomobil yo‘llari sohasidagi deb yuritiladi) munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchilik
(2-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(2-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Haq to‘lanadigan avtomobil yo‘llari sohasidagi munosabatlar alohida qonun bilan tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
avtomobil yo‘li — transport vositalari harakatlanishi uchun mo‘ljallangan, ularning belgilangan tezlikda, og‘irlikda, o‘lchamlarda muttasil va xavfsiz harakatlanishini ta’minlaydigan muhandislik inshootlari majmuasi, shuningdek ushbu majmuani joylashtirish uchun berilgan yer uchastkalari va majmua ustidagi belgilangan doiradagi bo‘shliq;
avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar — yo‘l harakatining ishtirokchilari bo‘lgan yoki ajratilgan mintaqa hamda yo‘l bo‘yi mintaqasi doiralarida belgilangan tartibda ruxsat etilgan faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
ajratilgan mintaqa — avtomobil yo‘li, uning tegishli konstruktiv elementlari va muhandislik inshootlari, shuningdek avtomobil yo‘lidan foydalanish uchun zarur bo‘lgan binolar, inshootlarni joylashtirish, ihota va manzarali daraxtzorlar barpo etish uchun doimiy foydalanishga qonunchilikda belgilangan tartibda beriladigan yer uchastkasi;
(3-moddaning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
yo‘l bo‘yi mintaqasi — ajratilgan mintaqaga tutashgan, chegaralarida aholi xavfsizligini va transportning harakatlanish xavfsizligini ta’minlash uchun yerdan foydalanishning alohida shartlari belgilanadigan yer uchastkasi;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari — qishloq joylardan o‘tadigan va xo‘jaliklarni o‘zaro bog‘laydigan avtomobil yo‘llari. Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘ladi.
(3-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
2-bob. Avtomobil yo‘llari sohasini boshqarish
4-modda. Avtomobil yo‘llari sohasida davlat boshqaruvi
Avtomobil yo‘llari sohasida davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, avtomobil yo‘llari sohasidagi maxsus vakolatli organ (bundan buyon matnda maxsus vakolatli organ deb yuritiladi), O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(4-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 23-yanvardagi O‘RQ-1021-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2025-y., 03/25/1021/0063-son)
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining avtomobil yo‘llari sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
avtomobil yo‘llari sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi;
davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining avtomobil yo‘llari sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatini tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-iyuldagi 383-sonli “O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(5-moddaning beshinchi va oltinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuni.
6-modda. Maxsus vakolatli organning vakolatlari
Maxsus vakolatli organ:
avtomobil yo‘llari sohasida yagona texnika siyosatini amalga oshiradi;
avtomobil yo‘llari tarmoqlarini rivojlantirish va takomillashtirish istiqbollarini belgilaydi;
avtomobil yo‘llarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
avtomobil yo‘llarini loyihalash sohasidagi normalar va standartlarga rioya etilishini ta’minlaydi;
avtomobil yo‘llarining xalqaro tranzit yo‘laklarini shakllantiradi;
avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish, loyihalash, qurish, ta’mirlash va ulardan foydalanish tartibi masalalari kompleks hal etilishini ta’minlaydi, shuningdek buyurtmachi xizmatining faoliyatini tashkil etadi;
avtomobil yo‘llarining hududiy arxitektura-badiiy tuzilishiga va landshaft dizayniga taalluqli zamonaviy yondashuvlarni shakllantirish hamda amalga oshirish bo‘yicha yagona davlat siyosatini o‘tkazadi;
avtomobil yo‘llariga tutash hududlarni transportning ifloslantirishidan va tashlanmalaridan muhofaza qilishning zamonaviy usullari hamda texnologiyalarini joriy etadi;
avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va saqlash sifati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining davlat kadastrini yuritadi;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining hisobi yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining mavjud tarmog‘i saqlanishini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtiradi, ularning holati tegishli transport-foydalanish darajasida bo‘lishini ta’minlaydi;
avtomobil yo‘llari sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishda innovatsion texnologiyalarni, shuningdek zamonaviy standartlarni joriy etadi;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxati bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
avtomobil yo‘llari sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni, shu jumladan xorijda o‘quv stajirovkasi va seminarlar o‘tkazilishini tashkil etadi.
Maxsus vakolatli organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(6-modda matni O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
61-modda. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining avtomobil yo‘llari sohasidagi vakolatlari
(61-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 23-yanvardagi O‘RQ-1021-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2025-y., 03/25/1021/0063-son)
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi:
(61-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 23-yanvardagi O‘RQ-1021-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2025-y., 03/25/1021/0063-son)
yo‘l qurilishi, yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishini nazorat qiladi;
qurilishi tugallangan yo‘l obyektlarini foydalanishga qabul qilish komissiyalarining ishida ishtirok etadi;
avtomobil yo‘llari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli normativ hujjatlarni takomillashtirishga doir takliflar kiritadi;
yo‘l-qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini standartlashtirish hamda sertifikatlashtirishga doir ishlarni amalga oshiradi;
avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning murojaatlariga ko‘ra yo‘l obyektlarining sifat ko‘rsatkichlarini aniqlaydi;
yo‘l obyektlaridan foydalanishga doir ishlarning sifatli bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(61-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 23-yanvardagi O‘RQ-1021-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2025-y., 03/25/1021/0063-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-apreldagi 337-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi to‘g‘risida nizom.
7-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining avtomobil yo‘llari sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlarning, shahar posyolkalarining, qishloqlarning va ovullarning ko‘chalarini rivojlantirish hududiy dasturlarini maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalari tarmoqlarini rivojlantirish hamda takomillashtirish istiqbollarini maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda belgilaydi;
shaharlarning, shahar posyolkalarining, qishloqlar va ovullarning transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda ishlab chiqadi, tasdiqlaydi hamda amalga oshiradi;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlarning, shahar posyolkalarining, qishloqlarning va ovullarning ko‘chalarini loyihalashtirish sohasidagi normalar hamda standartlarga rioya etilishini ta’minlaydi;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlarning, shahar posyolkalarining, qishloqlarning va ovullarning ko‘chalarini saqlashni ta’minlaydi;
xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarining, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarining hisobini yuritadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(7-modda matni O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
3-bob. Avtomobil yo‘llarini tasniflash va ularning toifalari
8-modda. Avtomobil yo‘llarini tasniflash
O‘zbekiston Respublikasida avtomobil yo‘llari quyidagicha tasniflanadi:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari;
shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari;
xo‘jalik avtomobil yo‘llari.
9-modda. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari davlat mulki bo‘lib, avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar uchun ochiqdir. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari aholi ehtiyojlarini, davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va mudofaa ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun shaharlar hamda boshqa aholi punktlari o‘rtasida yuklar va yo‘lovchilar tashishni ta’minlaydi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llariga bo‘linadi.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq xalqaro avtomobil yo‘llari tarmog‘iga kiradigan yo‘llar xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari jumlasiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari va tumanlarining ma’muriy markazlari, viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlar, madaniyat hamda sanoat markazlari o‘rtasida transport qatnovini ta’minlaydigan, mazkur markazlarni esa, xalqaro ahamiyatga molik yo‘llar bilan, aeroportlar, temir yo‘l stansiyalari, portlar va kema to‘xtash joylari, shuningdek qo‘shni davlatlar bilan bog‘laydigan yo‘llar davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llari jumlasiga kiradi.
Tumanlarning ma’muriy markazlarini shaharchalar, qishloqlar va ovullar bilan, shuningdek davlat ahamiyatiga molik yo‘llar bilan bog‘laydigan yo‘llar mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari jumlasiga kiradi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari maxsus vakolatli organ ixtiyorida bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxati belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 4-iyuldagi 383-sonli “O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
10-modda. Shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari
Shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar doirasida o‘tadi, mazkur ko‘chalarning O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatiga belgilangan tartibda kiritilgan uchastkalari bundan mustasno.
Shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari davlat mulki bo‘lib, mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘ladi.
11-modda. Xo‘jalik avtomobil yo‘llari
Xo‘jalik avtomobil yo‘llari davlat yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulkidir. Texnologik maqsadlarga xizmat qiladigan yo‘llar, shoxobcha, xizmat, patrul va boshqa shunga o‘xshash avtomobil yo‘llari xo‘jalik avtomobil yo‘llari jumlasiga kiradi.
12-modda. Avtomobil yo‘llarining toifalari
Avtomobil yo‘llari texnik vazifasiga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda toifalarga bo‘linadi.
(12-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-bob. Avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish, qurish va saqlash
13-modda. Avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
(13-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini moliyalashtirishga ajratilgan mablag‘lar belgilangan maqsadga ega bo‘ladi va tegishli avtomobil yo‘llarini ta’mirlash, saqlash hamda rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lmagan ehtiyojlar uchun olib qo‘yilmaydi yoki sarflanmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(13-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, shaharlarning, shahar posyolkalarining, qishloqlarning va ovullarning ko‘chalarini moliyalashtirish mahalliy budjet mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
(13-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xo‘jalik avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish ular qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
14-modda. Avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilish
Avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2776-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari Davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori.
Avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun ishlab chiqilgan shaharsozlik hujjatlari qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishi kerak.
(14-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 579-son qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha shaharsozlik va loyiha hujjatlarining loyihaviy yechimlarini shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Agar umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘li bilan tutashgan yoki kesishgan avtomobil yo‘li shaharsozlik normalari va qoidalari buzilgan holda qurilgan bo‘lsa, maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy bo‘linmasi uni qayta qurish haqida yoxud hududni dastlabki holatiga keltirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
(14-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 11-dekabrdagi O‘RQ-381-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2014-y., 50-son, 588-modda)
Ajratilgan mintaqada muhandislik kommunikatsiyalarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish loyihalari avtomobil yo‘li qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar bilan kelishib olinishi kerak.
Avtomobil yo‘lini qurish yoki rekonstruksiya qilish chog‘ida muhandislik kommunikatsiyalarini ko‘chirish bo‘yicha olib boriladigan ishlar qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(14-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash
Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash mazkur yo‘llar qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ta’minlanadi.
Avtomobil yo‘llarini ta’mirlash va saqlash avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tashkil etadigan yoki jalb qiladigan ixtisoslashtirilgan tashkilotlar (bundan buyon matnda yo‘l tashkilotlari deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Temir yo‘llarni kesib o‘tish joylarini, osma ko‘priklarni, parom kechuvlarini, tramvay yo‘llarini hamda avtomobil yo‘llaridagi boshqa inshootlarni ta’mirlash va saqlash mazkur inshootlar qaysi yuridik shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
16-modda. Yo‘l tashkilotlarining huquq va majburiyatlari
Noqulay ob-havo-iqlim sharoitlarida, tabiiy ofatlar, yong‘inlar yuz berganda, avtomobil yo‘li ko‘tarish qobiliyatini yo‘qotganda va boshqa shunga o‘xshash hollarda, shuningdek ta’mirlash-qurilish ishlari olib borilayotganda yo‘l tashkilotlari mahalliy davlat hokimiyati organlariga bu haqda bildirgan, avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilish bilan xabardor qilgan hamda tegishli belgilar o‘rnatgan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati va O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalari bilan birgalikda transport vositalari harakatini cheklash yoki taqiqlash huquqiga ega.
Yo‘l tashkilotlari avtomobil yo‘llarining soz holatda bo‘lishini, ulardan transport vositalari muttasil va xavfsiz o‘tishini ta’minlashi shart.
5-bob. Avtomobil yo‘llaridan foydalanish
17-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning huquqlari
Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalaridan, shuningdek boshqa shaxslar foydalanishi uchun ochiq bo‘lgan xo‘jalik avtomobil yo‘llaridan o‘tish;
muttasil, yil davomida, xavfsiz va qulay sharoitlarda harakatlanish;
harakatlanishning yo‘l sharoitlari to‘g‘risida tezkor axborot olish;
avtomobil yo‘lidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararni belgilangan tartibda undirib olish.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar:
harakat xavfsizligini va avtomobil yo‘llarini saqlashni ta’minlay oladigan holatdagi transport vositalaridan foydalanishlari;
ajratilgan mintaqani ifloslantirmasliklari;
avtomobil yo‘llarining shikastlanish hollariga yo‘l qo‘ymasliklari shart.
Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(18-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
19-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning javobgarligi
Avtomobil yo‘lining elementlari shikastlanishiga yo‘l qo‘ygan avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi hamda ko‘rsatilgan elementlarning va ularni tiklash ishlari qiymatining o‘rnini qoplaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 147, 148-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 269-moddasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi (Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar).
20-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibi
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llaridan, shaharlarning, shahar posyolkalarining, qishloqlarning va ovullarning ko‘chalaridan foydalanish tartibi maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan belgilanadi.
(20-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyuldagi O‘RQ-486-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son)
Xo‘jalik avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibi mazkur avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan belgilanadi.
Avtomobil yo‘llaridan o‘qiga tushadigan yuk va og‘irligi belgilangan normalardan ortiq bo‘lmagan transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar hamda mexanizmlarning o‘tishiga ruxsat beriladi.
O‘qiga tushadigan yuk va o‘lchamlari muayyan avtomobil yo‘li uchun belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarining o‘tishi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda haq undiriladi. Avtomobil yo‘li elementlari shikastlangan taqdirda, avtomobil yo‘lidan foydalanish uchun ruxsat berilganligi bunday transport vositalari egalarini javobgarlikdan ozod etmaydi.
Chet davlatlar transport vositalarining avtomobil yo‘llaridan o‘tishi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(20-moddaning beshinchi va oltinchi qismlari O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 3-bobi (“Tovarlarni va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o‘tish”), O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 11-yanvardagi 11-sonli “Avtomobilda xorijiy yuk tashuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, bo‘lishlari, yuk olib o‘tishlari va undan chiqib ketishlari tartibi to‘g‘risida” qarori.
21-modda. Avtomobil yo‘llaridan ularning asosiy vazifasi bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda foydalanish
Avtomobil yo‘llaridan ularning asosiy vazifasi bilan bog‘liq bo‘lmagan hollarda foydalanish avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(21-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Agar qonunda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar bilan kelishmasdan turib:
ajratilgan mintaqada yo‘l axborotiga aloqasi bo‘lmagan reklama peshtaxtalari, peshlavhalar, e’lonlar o‘rnatish va joylashtirishga;
sport musobaqalari va jamoatchilik tadbirlari o‘tkazishga;
ajratilgan mintaqa doirasida ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borishga;
kanallar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, quvurlar, temir yo‘llar hamda boshqa kommunikatsiyalarning avtomobil yo‘llarini kesib o‘tishiga;
tutashadigan va ajralib chiqadigan yo‘llar qurishga;
ko‘priklar va suv quvurlari yaqinida melioratsiya hamda boshqa maqsadlar uchun daryolar va zovurlarning o‘zanlarini chuqurlashtirishga;
avtomobil yo‘liga qo‘shilib ketgan shlyuzlar, to‘g‘onlar va boshqa melioratsiya hamda gidrotexnika inshootlarini ta’mirlashga;
avtomobil yo‘llari chetlarida hamda yo‘l ko‘tarmalari yoki o‘yimlarining qiyaliklarida joylashgan, foydalanilayotgan aloqa va elektr uzatish liniyalarini rekonstruksiya qilish ishlarini bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
22-modda. Ajratilgan mintaqadan foydalanish tartibi
Agar qonunda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, ajratilgan mintaqadan unda ishlar bajarish uchun avtomobil yo‘li qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, faqat o‘sha yuridik va jismoniy shaxslarning ruxsati bilan foydalanilishi mumkin.
Ajratilgan mintaqaning uchastkalari atrof muhitni muhofaza qilish va harakat xavfsizligi qoidalari talablarini ta’minlash sharti bilan servis obyektlarini joylashtirish uchun ijaraga belgilangan tartibda berilishi mumkin.
(22-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-son qaroriga bilan tasdiqlangan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
23-modda. Avtomobil yo‘llarida harakatlanishni cheklash yoki taqiqlash
Ushbu Qonun 16-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda avtomobil yo‘llarida harakatlanish cheklanishi yoki taqiqlanishi mumkin.
(23-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar ajratilgan mintaqada ish olib borilayotganda ham, agar bunday ishlar transport vositalari hamda piyodalarning harakat xavfsizligiga tahdid qilsa, avtomobil yo‘llaridagi yoki ularning ayrim uchastkalaridagi harakatlanishni cheklash yoxud taqiqlashga haqli.
Ishlar olib borish uchun avtomobil yo‘llaridagi yoki ularning ayrim uchastkalaridagi harakatlanishni cheklash yoki taqiqlash avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan berilgan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
Shoshilinch, kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda avtomobil yo‘llarida harakatlanishni cheklash yoki taqiqlash ishlar olib borish uchun oldindan ruxsatnoma olmagan holda joriy etilishi mumkin, biroq bunda avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalari bu haqda xabardor qilinishi shart.
24-modda. Avtomobil yo‘liga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilarning majburiyatlari
Avtomobil yo‘liga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar:
avtomobil yo‘liga qo‘shiladigan va shoxobcha yo‘llarni texnikaviy jihatdan soz holatda saqlashlari;
ajratilgan mintaqadagi dov-daraxtlarni asrash va saqlashga ko‘maklashishlari;
avtomobil yo‘liga tutash butalarni parvarish qilishlari va imoratlarni soz holatda saqlashlari shart.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘liga tutash yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar avtomobil yo‘li o‘qidan ellik metrdan kam bo‘lgan masofada toshlar, shox-shabba, konstruksiyalar va boshqa materiallar to‘planishiga yo‘l qo‘ymasliklari shart.
25-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibiga rioya qilmaganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligi
Avtomobil yo‘llari qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarga avtomobil yo‘lidagi nosozliklar tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini belgilangan tartibda qoplashi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi.
Avtomobil yo‘lidan o‘tish sharoitlarining yomonlashishiga sabab bo‘ladigan ishlarni bajarayotgan yuridik va jismoniy shaxslar avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibiga rioya etmaganlik, shuningdek avtomobil yo‘lining tegishli uchastkalarida va aylanib o‘tish joylarida transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlamaganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(25-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 148-149-moddalari.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
26-modda. Nizolarni hal etish
Avtomobil yo‘llari sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(26-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(27-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 148-149-moddalari, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-maydagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi to‘g‘risidagi nizomning 3-bobi.
28-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(28-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
29-modda. Qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
O‘zbekiston Respublikasining 1992-yil 3-iyulda qabul qilingan “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi 653-XII-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 9, 353-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
30-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq so‘zi” gazetasining 2007-yil 3-oktabrdagi 195 (4348)-sonida e’lon qilingan.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 2-oktabr,
O‘RQ-117-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 40-son, 410-modda; 2014-y., 50-son, 588-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.07.2018-y., 03/18/486/1559-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son; 23.01.2025-y., 03/25/1021/0063-son)