Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 03.10.2007
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
AVTOMOBIL YO‘LLARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 2-oktabrdagi O‘RQ-117-sonli “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonuni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasida avtomobil yo‘llarini rivojlantirish va ulardan foydalanish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini belgilab beradi.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Avtomobil yo‘llari tushunchasi va tarkibi
Avtomobil yo‘li davlat standartlariga mos keladigan, me’yoriy og‘irlikka va o‘lchamga ega bo‘lgan transport vositalarining xavf-xatarsiz va qulay harakatlanishi uchun mo‘ljallangan muhandislik inshootlari majmuidir.
Avtomobil yo‘llari tarkibiga yo‘l uchun ajratilgan mintaqada joylashgan sun’iy muhandislik inshootlari, yo‘l xizmatining yaxlit texnologik majmuasiga kiruvchi yo‘l idoralari, yordamchi, qo‘shimcha va boshqa ishlab chiqarishga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar kiradi.
Yo‘l uchun ajratilgan mintaqadagi havo bo‘shlig‘i va yer ostki qismi ham avtomobil yo‘li majmuiga kiradi.
Shaharlar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarining ko‘chalari ushbu Qonunning ta’sir doirasida bo‘lgan avtomobil yo‘llari jumlasiga kirmaydi.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunlari
O‘zbekiston Respublikasining avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunlari ushbu Qonundan hamda avtomobil yo‘llariga taalluqli boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida avtomobil yo‘llarini rivojlantirish va ulardan foydalanish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslari Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonunlari bilan belgilanadi.
3-modda. Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunlarning vazifalari
Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunlarning vazifalari avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, qaytadan qurish hamda ulardan foydalanish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni, shuningdek yo‘l idoralari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil inspeksiyasi va yo‘llardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat, jamiyat, aholi manfaatlarini ko‘zlab, yo‘llarni huquqiy jihatdan muhofaza qilishdan iboratdir.
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining barcha avtomobil yo‘llariga nisbatan tatbiq etiladi.
4-modda. Avtomobil yo‘llarini farqlash
O‘zbekiston Respublikasining avtomobil yo‘llari mansubligiga qarab umumiy foydalanishdagi va korxonalarga qarashli yo‘llarga ajratiladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari jumlasiga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati belgilangan tartibda tegishli ro‘yxatlarga kiritib, indeksi va tartib raqami ko‘rsatilgan avtomobil yo‘llari kiradi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari va ular tarkibidagi barcha inshootlar davlat mulki bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda foydalanishga berib qo‘yiladi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari xalq xo‘jaligi va ma’muriy mohiyatiga ko‘ra xalqaro, davlat va mahalliy (viloyat) ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llariga bo‘linadi.
Mustaqil davlatlarning poytaxtlarini birlashtirib turadigan, shuningdek davlatlar o‘rtasidagi bitimlarga muvofiq xalqaro avtomobil yo‘llari tarmog‘iga kiradigan avtomobil yo‘llari xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llari hisoblanadi.
Davlat ahamiyatiga molik yo‘llar jumlasiga respublikaning ma’muriy, madaniyat va sanoat markazlari hamda viloyatlari o‘rtasidagi transport qatnovini ta’minlaydigan, mazkur markazlarni esa temir yo‘l stansiyalari, portlar, kema to‘xtash joylari, shuningdek qo‘shni davlatlar bilan bog‘laydigan yo‘llar kiradi.
Mahalliy ahamiyatga molik yo‘llar jumlasiga respublika hamda viloyatlarning ma’muriy markazlarini nohiyalarning ma’muriy markazlari bilan, qishloq aholi punktlari bilan, shuningdek nohiya markazlarini respublika ahamiyatiga molik yo‘llar, temir yo‘l stansiyalari, portlar, kema to‘xtash joylari bilan birlashtiradigan yo‘llar kiradi.
Xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yo‘llarining ro‘yxati davlatlar o‘rtasidagi bitimlar asosida tasdiqlanadi.
Davlat ahamiyatiga va mahalliy (viloyat) ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarining ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tasdiqlaydi.
Idoralarga qarashli avtomobil yo‘llari tegishli korxonalar, kolxozlar va xo‘jalik tashkilotlarining mulkidir.
Korxonalarga qarashli avtomobil yo‘llari o‘z ahamiyatiga ko‘ra shoxobcha yo‘llar, texnologiya, xo‘jalik ichidagi, xizmat, patrul yo‘llari va boshqa yo‘llarga bo‘linadi.
5-modda. Avtomobil yo‘llari qurish va ulardan foydalanish ehtiyojlari uchun yer ajratib berish tartibi
Yo‘llar qurish (yo‘llarni qaytadan qurish) va ulardan foydalanish uchun, shuningdek avtomobil yo‘llariga aloqador maxsus joylar barpo etish uchun yo‘l idoralariga va boshqa yo‘llar quruvchi, ulardan foydalanuvchi tashkilotlarga doimiy yoki vaqtincha foydalanish uchun O‘zbekiston Republikasi qonunlari bilan belgilab qo‘yilgan tartibda yer ajratib beriladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Er kodeksining 8-bobiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 27-maydagi 248-son “O‘zbekiston Respublikasida yer uchastkalarini olib qo‘yish va ularni qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan ehtiyojlar uchun berishga doir materiallarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga qarang.
Erdan foydalanuvchilarga avtomobil yo‘llari qurish (ularni qaytadan qurish) va keyinchalik ulardan foydalanish uchun yo‘lning turiga qarab tegishli loyiha bo‘yicha mintaqa ajratiladi.
6-modda. Avtomobil yo‘llariga ajratilgan mintaqadan foydalanish tartibi
Yo‘l uchun ajratilgan mintaqadan faqat yo‘l idoralarigina foydalanadi. Avtomobil yo‘liga ajratilgan mintaqada tegishli yo‘l idoralarining ruxsatisiz har qanday ishlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Yo‘l idoralari va korxonalarga qarashli yo‘llarning egalari foydalanmayotgan yo‘l uchun ajratilgan mintaqadagi yerlar shartnoma asosida yo‘l servis korxonalarini joylashtirish maqsadida ijaraga berilishi mumkin. Bunda faqat yo‘llarni transport— foydalanish darajasi, qatnov xavf-xatarsiz o‘tib turishi va atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini bajarishga kafolat berishi kerak.
II BO‘LIM. AVTOMOBIL YO‘LLARINI BOShQARISh
7-modda. Avtomobil yo‘llarini boshqaruvchi davlat idoralari
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining Hukumati maxsus vakolat berilgan avtomobil yo‘llarini boshqaradigan davlat idorasi orqali respublika avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish va takomillashtirish ishini nazorat qiladi hamda bu borada yagona texnika siyosati yuritadi, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini foydalanish uchun yaroqli holda saqlashni, ta’mirlashni va bunday yo‘llar qurishni tashkil etadi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 19-avgustdagi PF-3292-son “Umumiy foydalaniladigan avtomobil yo‘llari qurish va ulardan foydalanishni boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq respublikada avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirish hamda takomillashtirishda yagona texnikaviy, investitsiya va tashqi iqtisodiy siyosatni o‘tkazish “O‘zavtoyo‘l” DAK tomonidan amalga oshiriladi.
Idoralarga qarashli yo‘llarni boshqarish qonunlarda belgilangan tartibda ana shu yo‘llarni tasarruf etuvchi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi, bu ishlarni mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari uyg‘unlashtiradilar.
8-modda. Avtomobil yo‘llarini boshqaruvchi idoralar
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari O‘zbekiston Respublikasi xalqining boyligi bo‘lib, davlatning mutlaq mulkidir va u xususiylashtirilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari O‘zbekiston Respublikasi yo‘l xo‘jaligi idoralari (yo‘l idoralari) boshqaruvida bo‘ladi va ularning balansida turadi.
Korxonalarga qarashli avtomobil yo‘llari qaysi korxona, muassasa va tashkilot balansida tursa va qaysi biri ana shu yo‘llarning saqlanishini taminlasa, shu korxona, muassasa va tashkilot ixtiyorida bo‘ladi.
Shaharlar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlaridagi ko‘chalar tegishli mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari tasarrufida bo‘ladi hamda ularning saqlanishini ta’minlaydigan uy-joy-kommunal xo‘jaligi korxonalari va tashkilotlari balansida turadi.
9-modda. Avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirishni rejalashtirish
Avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirishni rejalashtirish hududiy yo‘l idoralari yoki korxonalarga qarashli yo‘llarning egalari tomonidan respublikaning iqtisodiyotini va ijtimoiy sohasini rivojlantirish manfaatlarini ko‘zlab, barcha yer egalarining foydalarini hisobga olib va tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan qonun talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga qarang.
Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish rejalari mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari bilan kelishib olinadi.
10-modda. Yo‘l ishlarini pul bilan ta’minlash
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida bajariladigan ishlar (loyihalash, qurish, qaytadan qurish, ta’mirlash va saqlash) yo‘l jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan pul bilan ta’minlanadi.
Yo‘l jamg‘armalarini vujudga keltirishning huquqiy negizlari hamda ulardan qay yo‘sinda foydalanish O‘zbekiston Respublikasining qonunlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 19-avgustdagi PF-3292-son Farmoniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-oktabrdagi PQ-499-sonli Qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l fondi daromadlari shakllanishi va mablag‘larini sarflash tartibi to‘g‘risidagi yangilangan Nizomga va “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika Yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar bo‘yicha hisob-kitob shakli va uni to‘ldirish hamda taqdim etish bo‘yicha qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 1676, 02.05.2007-y.) qarang.
Korxonalarga qarashli avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish (qaytadan qurish), ta’mirlash va saqlash ishlarini mazkur korxona, muassasa va tashkilotlar mablag‘ bilan ta’minlaydilar.
Shaharlar, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlarining ko‘chalarini loyihalash, qurish (qaytadan qurish), ta’mirlash va saqlash ishlari mahalliy budjetlar hisobidan mablag‘ bilan ta’minlanadi.
11-modda. Avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va qaytadan qurish
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va qaytadan qurish ixtisoslashtirilgan muassasalar, tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Korxonalarga qarashli yo‘llarni loyihalash, qurish va qaytadan qurish mazkur tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Korxonalarga qarashli yo‘llarni loyihalash uchun beriladigan topshiriq mahalliy yo‘l idoralari bilan kelishiladi. Korxonalarga qarashli yo‘llarni qurish va qayta qurish loyihalari mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari tomonidan tasdiqlanadi.
Tegishli idoralarga ajratilgan hududlardagi umumiy foydalanish uchun mo‘ljallanmagan korxonalarga qarashli yo‘llarni loyihalash va qurish maxsus ruxsatnomalarsiz amalga oshiriladi.
Avtomobil yo‘llaridan foydalanishdan manfaatdor bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek tegishli mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari yo‘llarni qurish va qayta qurish ishlarida ulush qo‘shib ishtirok etishlari mumkin. Bunday hamkorlikning shakllari shartnomalar bilan belgilanadi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llariga kelib qo‘shiladigan (tutashtiriladigan) va ular kesishadigan yo‘llarni qurish uchun ruxsatnomalar tegishli yo‘llarni boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan beriladi. Agar bunday tutashish yoki kesishish joylari tegishli ruxsatnomasiz yoki yo‘l idoralari qo‘ygan shartlarni buzgan holda qurilgan bo‘lsa, yo‘l idoralari ularni qayta qurish haqida yoxud joyni dastlabki holatiga keltirish haqida qaror qabul qilishga haqlidir.
Yo‘lga ajratilgan mintaqada inshootlar (truboprovodlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari va hokazolar) qurish hamda ularni qaytadan qurish loyihalari yo‘l egalari bilan hamda yo‘l harakatining xavfsizligini nazorat qilib turuvchi idoralar bilan kelishib olishlari shart.
Avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va boshqa yo‘l inshootlarini barpo etish yoki qayta qurish chog‘ida aloqa tarmoqlarini ko‘chirish yuzasidan amalga oshiriladigan ishlarni qurilish buyurtmachilari o‘z hisoblaridan, aloqa kommunikatsiyalarining egalari beradigan texnikaviy shartlarga muvofiq bajaradilar.
12-modda. Avtomobil yo‘llarini saqlash va ta’mirlash
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini yo‘l idoralari saqlab turadilar va ta’mirlaydilar.
Sanoat, qurilish va boshqa korxonalar hamda xo‘jalik tashkilotlari o‘zlariga qarashli kirib keluvchi avtomobil yo‘llarini o‘z mablag‘lari hisobiga saqlab turadilar hamda ta’mirlaydilar.
Korxonalarga qarashli bo‘lib, umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan avtomobil yo‘llarini saqlash xarajatlarini shu yo‘llardan doimiy foydalanuvchi yuridik shaxslar ulush qo‘shish asosida amalga oshiradilar.
Yo‘l-transport inshootlarini (temir yo‘llarni kesib o‘tish joylarini, osma ko‘priklarni, parom kechuvlarini, tramvay yo‘llarini va hokazolarni) ana shu inshootlar egalari bo‘lgan tashkilotlar saqlab turadilar va ta’mirlaydilar. Bunday inshootlarni saqlab turish va ta’mirlash tartibi tegishli yo‘l idoralari bilan kelishib olinadi.
Avtomobil yo‘llarini qurish, saqlash, ta’mirlash va qaytadan qurish ishlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilangan ekologiya me’yorlarini albatta hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuni 15-moddasiga qarang.
13-modda. Yo‘l idoralari xodimlarining huquqlari
Yo‘l idoralarining xodimlari xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan holda quyidagi huquqlarga ega:
yo‘l qismlarini buzayotgan yoki ifloslantirayotgan, yo bo‘lmasa o‘qiga tushadigan og‘irligi, yoxud o‘lchamlari ushbu avtomobil yo‘li uchun belgilab qo‘yilgandan ortiqcha bo‘lgan transport vositalarini to‘xtatish va avtomobil yo‘lining qatnov qismidan chetga chiqarib qo‘yishni talab qilish, shuningdek aniqlangan qoidabuzarliklar haqida protokollar rasmiylashtirish (mazkur protokollar zarur choralar ko‘rish uchun Davlat avtomobil inspeksiyasi idoralariga va transport vositalarining egalariga, transport vositalari yo‘lni yoki yo‘l inshootlarini shikastlantirgan taqdirda esa — keltirilgan zararning o‘rnini qoplash uchun sudlarga yoki hakamlik sudi idoralariga yuboriladi);
o‘zlari xizmat qilayotgan yo‘l bo‘limlari chegarasida umumiy foydalanishdagi reysli (marshrutli) avtobuslarda ular ketayotgan yo‘nalishda bepul yurish.
Bepul qatnashga ruxsat beriladigan yo‘l idoralari xodimlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi yo‘l idoralari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.
Yuk avtomobillarining haydovchilari (harbiy yuklar, pochta tashuvchi, inkassator avtomobillari va boshqa maxsus avtomobillardan tashqari) yo‘l-yo‘lakay yo‘l idoralarining xodimlarini, agar xizmat guvohnomasini ko‘rsatgan taqdirda va o‘zlari xizmat ko‘rsatadigan yo‘l bo‘limida xizmat burchlarini bajarish uchun ketayotgan bo‘lsalar, bepul olib borib qo‘yishlari, shuningdek ularning talabi bilan yo‘lning qatnov qismidan chetga chiqarib qo‘yish kerak bo‘lgan buzilgan transport vositalarini shatakka olishlari shart.
III BO‘LIM. AVTOMOBIL YO‘LLARIDAN FOYDALANISh
14-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilar, ularning huquqlari va burchlari
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa yuridik shaxslar, shuningdek boshqa harakat qatnashchilari avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilardir.
Chet davlatlarning yuridik shaxslari va fuqarolari respublika hududida avtomobil yo‘llaridan O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari va fuqarolari bilan baravar foydalanadilar.
Yo‘l harakatining qatnashchilari umumiy foydalanishdagi barcha avtomobil yo‘llaridan, shuningdek umumiy foydalanish uchun ochiq bo‘lgan korxonalarga qarashli avtomobil yo‘llaridan o‘tish huquqiga egadirlar.
Transport vositalaridan foydalanadigan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar ulardan faqat harakat xavfsizligiga javob beradigan hamda avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlariga putur yetkazmaydigan holatdagina foydalanishlari kerak.
Transport vositalarining haydovchilari va harakatning boshqa qatnashchilari avtomobil yo‘lida yoki uning sun’iy inshootlarida buzuq joylarni ko‘rib qolsalar, bu haqda yo‘l va militsiya idoralarini xabardor qilib qo‘yishlari shart.
15-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibi
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llaridan ushbu Qonunda va O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida belgilab qo‘yilgan tartibda foydalaniladi. Korxonalarga qarashli avtomobil yo‘llaridan foydalanish tartibini tegishli korxonalar hamda mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari belgilaydi.
Transport vositalari avtomobil yo‘llarida amaldagi yo‘l harakati qoidalariga muvofiq yurmog‘i kerak.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 11-dekabrdagi 472-son qarori bilan tasdiqlangan Yo‘l harakati qoidalariga qarang.
Avtomobil yo‘llaridan o‘qiga tushadigan yuk va og‘irligi belgilangan me’yorlardan ortiq bo‘lmagan transport vositalari, o‘ziyurar mashinalar hamda mexanizmlarning yurishiga ruxsat etiladi.
Avtomobil yo‘llaridan o‘qiga tushadigan yuk va og‘irligi belgilangan me’yordan (shu jumladan mavsumlar bo‘yicha) ortiq bo‘lgan transport vositalarining o‘tishi uchun ularning egalaridan maxsus haq undiriladi. Yo‘ldan foydalanishga ruxsat berilishi foydalanuvchilarni yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun ulardan undirilgan maxsus haqdan ortiq bo‘lgan qismini to‘lashdan ozod qilmaydi.
Avtomobil yo‘llari chekkalarida ish olib borayotgan tashkilotlar ishlarni amalga oshirishning tartibi, muddatlari, sifatiga rioya qilinishi uchun, shuningdek transport vositalarining avtomobil yo‘llarida va aylanib o‘tish joylarida harakat xavfsizligini ta’minlash uchun to‘la javobgardirlar.
Mazkur tashkilotlar ish boshlashdan oldin tegishli yo‘l idoralaridan mas’ul shaxslar, ishlarni bajarish texnologiyasi va muddatlari ko‘rsatilgan order olishlari shart.
16-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanish hamda ularda yurish sharoitini yomonlashishga olib keladigan ishlarni amalga oshirish huquqini cheklash
O‘zbekiston Respublikasining yo‘l idoralari bilan kelishmasdan turib:
yo‘l chekkalarida va yo‘l uchun ajratilgan mintaqada yo‘l axborotiga aloqasi bo‘lmagan reklama-shiorlar, lavhalar, e’lonlar o‘rnatish;
sport musobaqalari (krosslar, avtomobil, mototsikl, velosiped poygalari va boshqa tadbirlar) o‘tkazish;
yo‘lga ajratilgan mintaqada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish;
avtomobil yo‘llarini kanallar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, neft quvurlari, gaz quvurlari, suv quvurlari, temir yo‘llar va boshqa kommunikatsiyalar kesib o‘tishi, tutashadigan va ajralib chiqadigan yo‘llarni qurish;
ko‘priklar va quvurlar yaqinida melioratsiya hamda boshqa maqsadlar uchun daryolarning va zovurlarning o‘zanlarini chuqurlashtirish;
umumiy foydalanishdagi yo‘llar bilan birlashtirilgan shlyuzlarni, to‘g‘onlarni va boshqa melioratsiya hamda gidrotexnika inshootlarini ta’mirlash;
yo‘l chetlarida hamda yo‘l ko‘tarmalari va o‘yimlarining qiyaliklarida joylashgan aloqa va elektr uzatish liniyalarini qaytadan qurish taqiqlanadi.
17-modda. Avtomobil yo‘llarida harakatni cheklash va taqiqlab qo‘yish
Tabiiy ofat yuz bergan hollarda, ta’mirlash — qurilish ishlarini amalga oshirish chog‘ida yoki boshqa hollarda mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari qarorlariga muvofiq avtomobil yo‘llarida harakat vaqtincha to‘xtatib yoki cheklab qo‘yilishi mumkin.
Avtomobil yo‘llarini saqlash uchun javobgar idoralar yo‘l uchun ajratilgan mintaqada ish olib borayotgan davrda bu ishlar transport hamda piyodalar to‘xtovsiz va xavfsiz harakatiga tahlika solsa, yo‘llardagi yoki ularning ma’lum bo‘laklaridagi qatnovni yopib qo‘yish yoxud cheklashga haqlidirlar.
Avtomobil yo‘llarida yo‘l ishlarini amalga oshirish uchun qatnovni yopib qo‘yish yoki cheklash mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari beradigan order asosida amalga oshiriladi.
Berilgan ko‘rsatmalarni yoki ishlarni amalga oshirish uchun orderda ko‘rsatilgan muddatlarni buzish, ishlarni amalga oshirayotgan idoralarning qonunda belgilanadigan miqdorda va tartibda moddiy javobgarligiga sabab bo‘ladi.
Shoshilinch, kechiktirish mumkin bo‘lmagan hollarda ishlarni amalga oshirish uchun oldindan order olmasdan turib ham qatnovni cheklash yoki taqiqlash mumkin, biroq bu haqda yo‘llarni saqlash uchun mas’uliyatli bo‘lgan idoralarga va Davlat avtomobil nazorati idoralariga habar berish shart.
18-modda. Avtomobil yo‘llariga tutash yer egalarining va yerdan foydalanuvchilarning burchlari
Hududlaridan avtomobil yo‘llari o‘tadigan yer egalari va yerdan foydalanuvchilar:
umumiy foydalanishdagi yo‘llarga qo‘shiladigan va ularga olib boradigan yo‘llarni texnikaviy jihatdan soz holda saqlashlari;
yo‘lkalarni, piyodalar yo‘llarini axlatdan, loydan va qordan tozalab turishlari;
dov-daraxtlarni asrash va yaxshi saqlab turishga yordam berishlari;
yo‘lga tutash butalar va binolarni parvarishlagan hamda bo‘yalgan holatda saqlashlari;
yo‘l o‘rtasidan 50 metrdan kam bo‘lgan masofada tosh, shox-shabba, konstruksiyalar va boshqa materiallar to‘planishiga yo‘l qo‘ymasliklari shart.
 LexUZ sharhi
Er egalari yoki yerdan foydalanuvchilarning avtomobil yo‘llarini va yo‘l inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini buzishi uchun javobgarlik O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 149-moddasida belgilangan.
19-modda. Yo‘llarda transport vositalariga texnikaviy yordam ko‘rsatish
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida avtomobillarga texnika xizmati ko‘rsatish stansiyalari, avtomobil transporti korxonalari va tashkilotlari (ushbu korxonalar joylashgan binolarda), kooperativlar transport vositalariga texnikaviy yordam ko‘rsatadilar.
Texnikaviy yordam ko‘rsatish tashkil etiladigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan avtomotohavaskorlar respublika ko‘ngilli jamiyati bilan kelishgan holda tasdiqlanadi va matbuotda e’lon qilinadi.
Korxonalarga qarashli avtomobil yo‘llarida avtomobillarga texnikaviy yordamni shu yo‘llarning egalari ko‘rsatadilar.
20-modda. Avtomobil yo‘llarida tibbiy yordam ko‘rsatish
Avtomobil yo‘llarida yo‘l-transport hodisalarida jarohatlanganlarga tibbiy yordam ana shu yo‘llarga yaqin bo‘lgan tibbiyot muassasalari tomonidan ko‘rsatiladi.
Xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llaridagi ana shunday tibbiyot muassasalarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining yo‘l idoralari hamda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat avtomobil nazorati bilan kelishgan holda belgilanadi.
21-modda. Avtomobil yo‘llarining davlat tomonidan nazorat qilinishi
Avtomobil yo‘llarining holati uzluksiz va xavf-xatarsiz qatnov talablariga muvofiq bo‘lishini hokimiyat va boshqaruv idoralari nazorat qiladilar.
22-modda. Yo‘l idoralarining avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarligi
Yo‘l idoralari o‘zlari xizmat ko‘rsatayotgan avtomobil yo‘llari va yo‘l inshootlari transport vositalarini uzluksiz va xavf-xatarsiz o‘tkazib turishni ta’minlaydigan soz holatda saqlanishi uchun javobgardirlar.
Avtomobil yo‘llarini boshqaruvchi idoralar o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganligi oqibatida yo‘l sharoitlari yomonlashuvi tufayli yuz bergan yo‘l-transport hodisalari natijasida yetkazilgan zararni avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarga to‘lashlari shart va ular yuz bergan hodisa oqibatlarining og‘irlik darajasiga qarab intizomiy, mulkiy, ma’muriy yoki jinoiy javobgar bo‘ladilar.
Yo‘l sharoitlari bilan bog‘liq holda yuz bergan yo‘l-transport hodisalari to‘g‘risidagi hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining idoralari tomonidan avtomobil yo‘lining tegishli bo‘lagini boshqaruvchi yo‘l idorasi vakillari ishtirokida rasmiylashtiriladi.
23-modda. Avtomobil yo‘llaridan foydalanuvchilarning javobgarligi
Avtomobil yo‘llari bo‘laklarining buzilib, yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar va fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 147, 148-moddalariga va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 269-moddasiga qarang.
Yo‘l belgilari, ko‘rsatkichlar, avtopavilonlar, yo‘l yoqasidagi dov-daraxtlar, qor va qum ko‘chishlaridan himoya qiluvchi inshootlarning hamda avtomobil yo‘llarini obodonlashtirishning boshqa jihozlari shikastlanishiga yo‘l qo‘ygan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar mazkur elementlarning va ularni qayta tiklash ishlarining qiymatini to‘laydilar.
Yo‘l qoplamasini, yo‘l chetidagi ixotalar, tuproq ko‘tarmasi, to‘siq qurilmalari, ko‘priklar, ko‘tarma, osma yo‘llar, suvni oqizib yuboradigan va boshqa inshootlar shikastlanishida aybdor bo‘lgan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolar ularni yo‘l idoralari belgilagan muddatlarda o‘z kuchlari bilan va o‘z hisoblaridan ta’mirlashlari (qayta tiklashlari) yoki keltirilgan zararning o‘rnini qoplashlari shart.
Aybdorlardan yo‘l xo‘jaligiga yetkazilgan moddiy zarar, shuningdek ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan jarimalar O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda undirib olinadi.
 LexUZ sharhi
Aybdorlardan yo‘l xo‘jaligiga yetkazilgan moddiy zarar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobiga muvofiq undirib olinadi.
24-modda. Xalqaro shartnomalar
Agar O‘zbekiston Respublikasi ishtirok etayotgan xalqaro shartnomada O‘zbekiston Respublikasining Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunlaridagidan boshqacha qoidalar belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 3-iyul,
№ 653-XII
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 9-son, 353-modda)