Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 11-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 15-avgustda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning maqsadi
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (bundan buyon matnda Vazirlar Mahkamasi deb yuritiladi) faoliyatini tartibga solishdan iborat.
2-modda. Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisidagi qonunchilik Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Vazirlar Mahkamasining maqomi
Vazirlar Mahkamasi — Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ijro etuvchi hokimiyatning oliy organi boʻlib, iqtisodiyotning, ijtimoiy va maʼnaviy sohalarning samarali faoliyat koʻrsatishiga rahbarlik qilishni, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasida ijro etuvchi hokimiyatning yagona tizimiga rahbarlik qiladigan kollegial organdir.
Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatini ijro etuvchi hokimiyat faoliyatining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan asosiy yoʻnalishlari doirasida amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oldida javobgardir.
4-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maqomi
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaxlit tizimiga vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar kiradi.
Vazirlik tegishli sohalarda yagona davlat siyosatini ishlab chiqadigan va amalga oshiradigan, muayyan yoʻnalishda ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradigan, shuningdek tizim ichidagi rahbarlik faoliyatini yakkaboshchilik asosida tashkil etadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organidir.
Qoʻmita tegishli sohada tarmoq ichidagi faoliyatni muvofiqlashtiradigan va tartibga soladigan hamda tizim ichidagi rahbarlik faoliyatini kollegiallik asosida tashkil etadigan, shuningdek vazirlikning tashkiliy boʻysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organidir.
Agentlik tegishli sohada davlat xizmatlari koʻrsatilishini va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqni qoʻllash vazifalarini oʻzining asosiy vazifasi sifatida amalga oshiradigan, shuningdek vazirlikning tashkiliy boʻysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organidir.
Inspeksiya tegishli sohalar hamda tarmoqlarda davlat nazorati va tekshiruvini oʻzining asosiy vazifasi sifatida amalga oshiradigan, shuningdek vazirlikning tashkiliy boʻysunuvida faoliyat yuritadigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organidir.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq alohida maqomga ega boʻlgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va (yoki) Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadigan qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar tashkil etilishi mumkin.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan amalga oshiriladi.
5-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplari
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi, inson hamda fuqaroning huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, kollegiallik, hokimiyat tarmoqlarining boʻlinishi va hamkorligi, shuningdek ochiqlik va shaffoflik Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplaridir.
2-bob. Vazirlar Mahkamasining tarkibi va uni shakllantirish tartibi
6-modda. Vazirlar Mahkamasining tarkibi
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aʼzolari — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri (bundan buyon matnda Bosh vazir deb yuritiladi), uning oʻrinbosarlari va vazirlardan iboratdir. Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumatining boshligʻi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga oʻz lavozimi boʻyicha kiradi.
7-modda. Vazirlar Mahkamasini shakllantirish tartibi
Bosh vazir nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan soʻng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi isteʼfoga chiqqanidan keyin bir oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) koʻrib chiqishi va maʼqullashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng taqdim etiladi.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan Bosh vazir nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida koʻrib chiqadi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod Qonunchilik palatasida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
Bosh vazir nomzodi uning uchun Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda maʼqullangan hisoblanadi va keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni tayinlaydi va Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli.
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari ularning nomzodlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Qonunchilik palatasi tomonidan maʼqullanganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzod masʼul qoʻmita, siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida koʻrib chiqiladi va maʼqullanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirlar Mahkamasi aʼzosining lavozimiga nomzod uning nomzodi Qonunchilik palatasida koʻrib chiqilayotganda va maʼqullanayotganda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan oʻzaro bogʻliq boʻlgan, istiqbolga moʻljallangan maqsadli koʻrsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik choralarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini hamda korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etadi.
(7-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 30-apreldagi OʻRQ-1142-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 03/26/1142/0440-son)
Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzodni rad etgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqish va maʼqullash uchun yangi nomzodni kiritadi.
Vazirlar Mahkamasining aʼzosi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanganidan keyin oʻz vazifalarini bajarishga kirishadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti oʻz tashabbusi bilan Bosh vazirni, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibini yoki aʼzosini isteʼfoga chiqarishga haqli.
Bosh vazir va Qonunchilik palatasi oʻrtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif boʻyicha Qonunchilik palatasining muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi, agar Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bersa, qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga isteʼfoga chiqadi.
Yangi Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish va maʼqullashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
Amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi, biroq Vazirlar Mahkamasining yangi tarkibi shakllantirilguniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
8-modda. Bosh vazirni lavozimidan ozod etish
Bosh vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan quyidagi hollarda lavozimidan ozod etiladi:
Bosh vazirning isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi arizasiga binoan;
Bosh vazir oʻz vakolatlarini bajarishi mumkin boʻlmay qolgan taqdirda;
Vazirlar Mahkamasi tarkibida uning normal faoliyat koʻrsatishiga tahdid soluvchi, bartaraf etib boʻlmaydigan ixtiloflar yuzaga kelganda, shuningdek Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir necha bor Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid qarorlar qabul qilingan taqdirda;
Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqishi uchun taqdim etgan tashabbusiga binoan. Agar zarur asoslarga ega boʻlgan bunday tashabbus Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning yetakchi fraksiyalari tomonidan qoʻllab-quvvatlansa hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasida ovozga qoʻyilganda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozini olsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
Bosh vazirga nisbatan Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan ishonchsizlik votumi bildirilgan taqdirda.
Bosh vazirning lavozimidan ozod etilishi bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining isteʼfoga chiqishiga sabab boʻladi.
3-bob. Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
9-modda. Vazirlar Mahkamasining asosiy vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va budjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar boʻladi;
barqaror iqtisodiy oʻsishni, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish boʻyicha choralar koʻradi;
aholini, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlaydi;
atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim oʻzgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini taʼminlaydi, oilani qoʻllab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash boʻyicha choralar koʻradi;
fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini taʼminlaydi;
fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini taʼminlaydi;
ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtiradi va yoʻnaltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi;
ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni taʼminlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish boʻyicha choralar koʻradi;
Qonunchilik palatasiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzalarni taqdim etadi;
davlat boshqaruvi tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish, qayta tashkil etish hamda tugatish haqida takliflar ishlab chiqadi;
strategik rejalashtirishning zamonaviy shakllari davlat boshqaruvi tizimiga joriy etilishini taʼminlaydi;
mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning eng muhim hamda ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar hamda “yoʻl xaritalari”ni amalga oshirish yuzasidan choralar koʻradi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini va industrial siyosat olib borilishini taʼminlaydi;
barqaror iqtisodiy oʻsishni, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyotni isloh etish va tarkibiy oʻzgartirish, milliy iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish hamda uning raqobatbardoshligini oshirish boʻyicha choralar koʻradi;
iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlari joriy etilishini va uning asosiy tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalari shakllantirilishini taʼminlaydi;
bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, isteʼmolchilar huquqlarining ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlash boʻyicha choralar koʻradi;
sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni, yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirishni, innovatsion ishlanmalarni va energiya tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etishni, “yashil” iqtisodiyotga oʻtishni, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirishni, shuningdek atom energetikasini rivojlantirishni taʼminlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini strategik jihatdan rivojlantirish davlat dasturlarini, davlat rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
turizm industriyasini rivojlantirish va turizm infratuzilmasini kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
maxsus iqtisodiy zonalar, texnoparklar, kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirishni va monitoring qilishni amalga oshiradi, ularning faoliyati samaradorligini oshirish choralarini koʻradi;
davlat boshqaruvi usullarini takomillashtiradi, shu jumladan elektron hukumat prinsiplari asosida takomillashtiradi, bozor prinsiplariga asoslangan korporativ boshqaruvning zamonaviy prinsiplari va usullari joriy etilishini ragʻbatlantiradi;
qishloq xoʻjaligini boshqarish tizimini takomillashtirish, agrar sektorni modernizatsiya qilish va uni iqlim oʻzgarishini hisobga olgan holda jadal rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, zamonaviy resurslarni tejovchi va intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish, yer resurslari sifatini saqlash va yaxshilash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish choralarini koʻradi;
urbanizatsiya jarayonlarining davlat tomonidan tartibga solinishini va davlat uy-joy siyosati amalga oshirilishini, yer munosabatlarida zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilishini taʼminlaydi;
erkin tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, “xufiyona” iqtisodiyot ulushini qisqartirish, iqtisodiy jarayonlarda davlatning ishtirokini maqbullashtirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, shu jumladan litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish orqali shart-sharoitlar yaratadi;
tadbirkorlar, shu jumladan chet ellik investorlar murojaatlari bilan ishlash, ular bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni taʼminlash boʻyicha samarali tizimni joriy etish choralarini koʻradi.
11-modda. Vazirlar Mahkamasining budjet, moliya va soliq sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
budjet, moliya va soliq sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari, respublikani iqtisodiy hamda ijtimoiy rivojlantirish prognozlarini va eng muhim dasturlarini inobatga olgan holda soliq hamda budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari ishlab chiqilishini va bajarilishini tashkil etadi;
xarajatlarning ijtimoiy yoʻnaltirilganligini saqlab qolgan holda Davlat budjetining barcha darajalarida mutanosiblikni taʼminlash, mahalliy budjetlarning daromad qismini mustahkamlash choralarini amalga oshiradi;
samarali fiskal siyosat olib boradi, soliq solish tizimini soddalashtirish, soliq maʼmuriyatchiligi tizimining sifati va samaradorligini yaxshilash choralarini koʻradi;
davlat qarzini boshqarish boʻyicha choralar koʻradi, xususan, davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish uchun ustuvor yoʻnalishlarni belgilaydi, Oʻzbekiston Respublikasi nomidan davlat qarziga oid shartnomalarni va ularga doir qoʻshimcha kelishuvlarni tuzadi, davlat qarzini boshqarish strategiyasini tasdiqlaydi hamda uning amalga oshirilishini nazorat qiladi, davlat qarzining makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turilishini taʼminlaydi;
bank, sugʻurta, lizing va boshqa moliya institutlarini rivojlantirish boʻyicha choralarni amalga oshiradi.
12-modda. Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy sohadagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
ijtimoiy sohada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
maktabgacha, maktab, oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimi uygʻun holda rivojlantirilishini, uning sifati va samaradorligi oshirilishini, uzluksiz taʼlimdan va inklyuziv taʼlimdan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, taʼlim sifatini oshirish, shuningdek davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida nodavlat taʼlim tashkilotlarini rivojlantirish choralarini koʻradi;
oliy taʼlim tizimi, ilm-fan va innovatsiyalar ilgʻor xalqaro tajriba asosida rivojlantirilishini, isteʼdodli yoshlar nufuzli xorijiy taʼlim tashkilotlarida oʻqishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
oʻqituvchilarning jamiyat va davlatni rivojlantirishdagi rolini oshirish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish hamda ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi hamda kasbiy jihatdan oʻsishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish choralarini koʻradi;
ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
sogʻliqni saqlash tizimini, shu jumladan uning birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish, ushbu sohaga ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etish, tibbiy yordam sifatini, samaradorligi va qulayligini oshirish, tibbiy sugʻurta turlarini rivojlantirish, kafolatlangan tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish hisobidan aholining sogʻligʻini saqlash va mustahkamlash, shuningdek sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha choralarni amalga oshiradi;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda sport infratuzilmasini takomillashtirish boʻyicha choralarni amalga oshiradi;
aholi bandligini taʼminlash, uni ishsizlikdan himoya qilish va kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻradi, shuningdek yangi ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturlarini ishlab chiqadi, mehnat bozori infratuzilmasi rivojlantirilishini, fuqarolarning ijtimoiy himoya qilinishini, ularning ijtimoiy va pensiya taʼminoti tizimlarining ishlashini taʼminlaydi;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek respublikaga qaytib kelgan mehnat migrantlarining bandligini taʼminlash va ularni ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
oila, onalik, otalik va bolalik muhofaza qilinishini taʼminlaydi, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish choralarini koʻradi;
xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek ularning sifatli taʼlim olishini taʼminlash hamda iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi, fuqarolarning haqiqiy daromadlarini oshirish, aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash choralarini koʻradi;
aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini yaxshilash, ularning jamiyat va davlat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish, oʻzining asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda taʼminlash imkoniyatlarini kengaytirish choralarini koʻradi;
keksalarga malakali tibbiy yordam koʻrsatish va ularning sogʻligʻini tiklash boʻyicha maqsadli ijtimoiy dasturlar amalga oshirilishini hamda ular mazmunli dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
nogironligi boʻlgan shaxslar ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanishi, ularning ishga joylashishi va taʼlim olishiga koʻmaklashish, ularga zarur boʻlgan axborotni moneliksiz olishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
13-modda. Vazirlar Mahkamasining madaniy-gumanitar sohadagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
madaniy-gumanitar sohada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi;
madaniyat va sanʼatni rivojlantirishga, madaniy qadriyatlardan keng koʻlamda foydalanishni taʼminlashga, fuqarolarning ijtimoiy va madaniy hayotda toʻla huquqli tarzda ishtirok etishiga koʻmaklashadi;
teatr-tomosha, madaniy-maʼrifiy tashkilotlar hamda muzeylar faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini koʻradi;
madaniyat, sanʼat va adabiyot vakillarining, maʼnaviyat sohasi xodimlarining mehnatini munosib ragʻbatlantirish boʻyicha maqsadli ishlarni amalga oshiradi;
tarixiy va madaniy merosning muhofaza qilinishini, mamlakatning butun hududida ijtimoiy hayotning barcha sohalarida davlat tilining har tomonlama rivojlantirilishi hamda amal qilishini taʼminlaydi;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish hamda rivojlantirish choralarini koʻradi.
14-modda. Vazirlar Mahkamasining hududlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
hududlarning iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, ularning sanoat hamda eksport salohiyatini oshirish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks va mutanosib ravishda rivojlantirishni taʼminlaydi;
iqtisodiyot tarmoqlarini va ijtimoiy sohani strategik jihatdan rivojlantirish davlat dasturlarini, hududiy rivojlantirish dasturlarini, shuningdek hududlarda iqtisodiy, ijtimoiy va maʼmuriy islohotlarni amalga oshirish choralarini koʻradi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining maqsadli ijrosini taʼminlaydi;
hududlarni, eng avvalo, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda orqada qolayotgan qishloq tumanlarini hamda shaharlarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini samarali hal qilish boʻyicha respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining muvofiqlashtirilgan ishini taʼminlash choralarini koʻradi;
hududlarni kompleks rivojlantirishga, shu jumladan iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida bozor islohotlarini chuqurlashtirishga, hududlarda aholi bandligi va turmush darajasi uzluksiz oshirib borilishini taʼminlashga doir islohotlar amalga oshirilishi jarayonini monitoring qilish asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tamoyillarining kompleks tahlilini oʻtkazadi;
chet el investitsiyalarini jalb qilish va hududlarning eksport salohiyatini oshirish choralarini koʻradi, mamlakatni rivojlantirishning strategik maqsadlaridan va uning iqtisodiy xavfsizligidan kelib chiqqan holda, hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini yanada yaxshilash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari, bayonnoma qarorlari va topshiriqlarining bajarilishi jarayonini maqsadli oʻrganishni amalga oshiradi;
hududlarning iqtisodiy barqarorligini taʼminlovchi eng muhim ustuvorliklar, iqtisodiyotning muayyan tarmoqlari va sohalaridagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
15-modda. Vazirlar Mahkamasining ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik xavfsizlikni taʼminlash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
fuqarolarning qulay atrof-muhitga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish, ekologik osoyishtalikni taʼminlash choralarini koʻradi;
tabiiy resurslarni, shu jumladan yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosini hamda boshqa tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish hamda tabiatdan foydalanishni tartibga solish boʻyicha faoliyatni tashkil etadi;
suv xoʻjaligi tizimini modernizatsiya va isloh qilish, shuningdek sohaga zamonaviy innovatsion va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish boʻyicha zarur choralarni koʻradi;
atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
Orolboʻyi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish boʻyicha choralar koʻradi;
tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini oʻtkazish hamda respublika ahamiyatiga va xalqaro ahamiyatga molik yirik ekologik dasturlarni roʻyobga chiqarishga, shuningdek mazkur yoʻnalishdagi milliy loyihalarni yanada kengaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yirik avariyalar va halokatlarning, shuningdek tabiiy ofatlarning oldini olish hamda ularning oqibatlarini bartaraf etish choralarini koʻradi.
16-modda. Vazirlar Mahkamasining tashqi siyosatni amalga oshirish va xalqaro munosabatlarni rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosati amalga oshirilishini taʼminlash, hukumatlararo aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash choralarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalar boʻyicha majburiyatlari bajarilishini taʼminlaydi, shuningdek ushbu shartnomalarning boshqa ishtirokchilari oʻz majburiyatlarini bajarishini kuzatib boradi;
Oʻzbekistonning xorijdagi jismoniy va yuridik shaxslarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini koʻradi;
Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyalarning faoliyati tashkil etilishini taʼminlaydi.
17-modda. Vazirlar Mahkamasining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
investitsiyalar va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaratish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
samarali bojxona-tarif siyosatini olib boradi, eksport qiluvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi, mahalliy tovarlar va xizmatlarning tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi, zamonaviy logistika infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha choralar koʻradi;
tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida rahbarlikni amalga oshiradi;
Oʻzbekistonning savdo, iqtisodiy, texnologik, transport va boshqa aloqalarini kengaytirish, milliy iqtisodiyotning barqarorligini mustahkamlash va iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash choralarini koʻradi;
oʻz vakolatlari doirasida xalqaro iqtisodiy tashkilotlar, moliya institutlari va boshqa koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy tizimlar doirasida hamkorlikni rivojlantiradi hamda unda Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini ilgari suradi;
oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha investitsiya loyihalari hamda amaliy tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) sifatli amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining toʻlov balansini ishlab chiqadi;
chet eldan olinadigan kreditlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining kafolatlarini beradi;
Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi mulkiga egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
18-modda. Vazirlar Mahkamasining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
axborot jamiyatini shakllantirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimi joriy etilishini taʼminlash, aholi, biznes va davlat oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
davlat funksiyalarini amalga oshirishni raqamlashtirish orqali elektron davlat xizmatlari va telekommunikatsiya xizmatlari spektrini kengaytirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish choralarini amalga oshiradi;
axborot xavfsizligini va axborot muhofazasini taʼminlash, tarmoqlarni, dasturiy mahsulotlarni, axborot tizimlari va resurslarini himoya qilishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish choralarini koʻradi.
19-modda. Vazirlar Mahkamasining jamoat tartibini saqlash, davlat xavfsizligini va mudofaa qobiliyatini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi:
davlat xavfsizligini va mudofaa qobiliyatini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qoʻriqlash va himoya qilish, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga koʻmaklashadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishini va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlarning hamkorligini taʼminlaydi;
davlat harbiy tashkilotining mudofaa vazifalarini hal etish uchun zarur moliyaviy, moddiy va boshqa resurslarga boʻlgan ehtiyojlarini har tomonlama taʼminlash, mudofaa manfaatlarini koʻzlab mamlakat hududini tezkorlik bilan jihozlash masalalarini hal etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining qurol-yarogʻ, harbiy texnika va boshqa moddiy-texnika vositalari bilan jihozlanishi hamda taʼminlanishini tashkil etadi;
davlat mudofaa buyurtmalarini shakllantirish va mudofaa ahamiyatiga molik ishlab chiqarishni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
xorijiy davlatlar bilan harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish choralarini koʻradi;
mamlakat iqtisodiyotining safarbarlik tayyorgarligini tashkil etadi, fuqaro muhofazasiga rahbarlikni amalga oshiradi.
20-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga rahbarlik qilish
Vazirlar Mahkamasi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtiradi hamda yoʻnaltiradi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻzlari olib borayotgan davlat siyosatining sifatli va samarali amalga oshirilishi uchun Vazirlar Mahkamasi oldida javobgardir.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari Vazirlar Mahkamasiga kiritilayotgan takliflar, tahliliy hamda boshqa hujjatlarning, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va har tomonlama ishlab chiqilishi, shuningdek ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari uchun shaxsan javobgar boʻladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari toʻgʻrisidagi nizomlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tashkiliy tuzilmasi, shtat birliklari va rahbar oʻrinbosarlarining soni hamda faoliyat yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-sonli “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni.
Vazirlar Mahkamasi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
(20-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi OʻRQ-1166-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1166/0842-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
(20-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 14-avgustdagi OʻRQ-1166-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2026-y., 03/26/1166/0842-son)
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining alohida yoʻnalishlar boʻyicha maslahatchilari ushbu organlar rahbarlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hayʼatlarining aʼzolari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi maqsadli vazifalarning bajarilishini vazirliklarning va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarning bajarilishini baholashning asosiy mezonlarini hisobga olgan holda taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining asosiy mezonlarda koʻrsatilgan maqsadli vazifalarning bajarilishi hamda ularga erishilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini tizimli ravishda eshitadi.
Vazirlar Mahkamasi zarurat boʻlganda davlat boshqaruvining oʻz vakolatiga kiruvchi ayrim masalalarini hal etishni, agar bu masalalarning hal etilishi qonunchilikda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatlariga kiritilmagan boʻlsa, vazirliklarga va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga berishi mumkin.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlari ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
21-modda. Vazirlar Mahkamasining qonunchilik tashabbusi huquqi
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqini qonun loyihalarini Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi oʻzi kiritgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasida koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun oʻz vakillarini tayinlaydi.
4-bob. Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish
22-modda. Bosh vazir
Bosh vazir:
Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javobgar boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oldiga qoʻyilgan maqsadli vazifalarning bajarilishini taʼminlash maqsadida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini umumiy tarzda muvofiqlashtirishni amalga oshiradi, yuzaga kelgan kelishmovchiliklar boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi;
xalqaro munosabatlarda Vazirlar Mahkamasi nomidan ish koʻradi, muzokaralar olib boradi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Bosh vazir oʻrinbosarlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi;
davlat boshqaruvining Vazirlar Mahkamasi majlisida koʻrib chiqish talab etilmaydigan masalalari boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida takliflar kiritadi;
Vazirlar Mahkamasining oʻtgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari va navbatdagi yil uchun asosiy ustuvorliklar toʻgʻrisidagi har yilgi maʼruzasini Qonunchilik palatasiga taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolari bilan birgalikda har yarim yilda Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
Bosh vazir oʻz vakolatlariga kiruvchi masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga muntazam ravishda axborot berib boradi.
Bosh vazir yoʻqligida uning vazifasini Bosh vazir oʻrinbosarlaridan biri bajarib turadi.
23-modda. Bosh vazir oʻrinbosarlari
Bosh vazir oʻrinbosarlari vazifalar taqsimotiga muvofiq:
davlat va jamiyatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishga qaratilgan strategiyalarda va ularni amalga oshirish boʻyicha tegishli yillik dasturlarda belgilangan vazifalarning respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi ustidan nazorat qiladi, masʼul vazirliklar va idoralarning mazkur yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, parlament soʻrovi, Qonunchilik palatasi deputatining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati (bundan buyon matnda Senat deb yuritiladi) aʼzosining soʻrovi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishining borishi monitoringini amalga oshiradi;
iqtisodiyot tarmoqlaridagi va ijtimoiy sohadagi muammolarni har tomonlama tahlil qiladi;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bogʻliq vazifalarning bajarilishini bevosita tumanlar va shaharlarda nazorat va tahlil qiladi, joylardagi mavjud muammolarni hal etish choralarini koʻradi;
aniq sohalarda va yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini oʻrganish, shuningdek hududlarda aholi tomonidan koʻtarilayotgan dolzarb muammolarni tezkor hal etish maqsadida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida hududlarda Hukumatning mavzuli sayyor (ochiq) majlislarini, “hukumat kunlari”ni tashkil etadi;
strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflar ishlab chiqadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi, ularning faoliyatini samaradorlikka yoʻnaltiradi, shu orqali tegishli sohalar va tarmoqlar boʻyicha belgilangan parametrlar va maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini taʼminlaydi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlarining Vazirlar Mahkamasi bilan oʻzaro muvofiqlashtirilgan faoliyatini yoʻlga qoʻyish ishlarini tashkil etadi;
ijtimoiy sohani, iqtisodiyot tarmoqlarini va hududlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha belgilangan parametrlar hamda koʻrsatkichlarga erishishga qaratilgan manzilli choralarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradi;
vazirlarning va boshqa ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining saʼy-harakatlarini birlashtiradi hamda ular bilan yaqindan hamkorlik qiladi;
oʻzi masʼul boʻlgan sohalardagi kamchiliklarni tanqidiy jihatdan tahlil qiladi, ularni bartaraf etish boʻyicha strategik va ustuvor vazifalarni amalga oshirish yuzasidan kompleks takliflarni ishlab chiqadi;
muammoli va istiqbolli masalalar boʻyicha takliflarni umumlashtirish, ularni Vazirlar Mahkamasiga majlisda muhokama qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqish uchun kiritish choralarini koʻradi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqadi;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek Vazirlar Mahkamasi majlislarining kun tartibi boʻyicha takliflar kiritadi;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Bosh vazir oʻrinbosarlari oʻziga ishonib topshirilgan faoliyat sohasida erishilgan natijalar uchun shaxsan javobgar boʻladi.
24-modda. Bosh vazir maslahatchisi
Bosh vazir maslahatchisi vazifalar taqsimotiga muvofiq:
oʻz vakolatiga kiritilgan tegishli yoʻnalishlar va masalalar boʻyicha Bosh vazirga takliflar ishlab chiqilishini, ularning ekspertizadan oʻtkazilishini va tayyorlanishini taʼminlaydi, shuningdek buning uchun shaxsan javobgar boʻladi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlarining, Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha oʻz vakolatlari doirasida choralar koʻradi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini umumiy tarzda muvofiqlashtirishni oʻz vakolatlari doirasida amalga oshiradi;
vazirlarning va boshqa ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining saʼy-harakatlarini birlashtiradi hamda ular bilan yaqindan hamkorlik qiladi;
oʻzi masʼul boʻlgan sohalardagi kamchiliklarni tanqidiy jihatdan tahlil qiladi, ularni bartaraf etish boʻyicha kompleks takliflar ishlab chiqadi;
muammoli va istiqbolli masalalar boʻyicha takliflarni umumlashtirish, ularni Vazirlar Mahkamasi majlisida muhokama qilish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqish uchun kiritish choralarini koʻradi;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Bosh vazir maslahatchisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh vazir maslahatchisining funksional vazifalari va uning faoliyatini tashkil etish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
25-modda. Vazirlar
Vazirlar:
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek Vazirlar Mahkamasi majlislarining kun tartibi boʻyicha takliflar kiritadi;
Vazirlar Mahkamasi koʻrib chiqishi uchun masalalar tayyorlashni amalga oshiradi;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni koʻrib chiqish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqadi;
Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kollegial tartibda koʻrib chiqishda ularning himoya qilinishini taʼminlaydi, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuni.
tegishli vazirliklar va ularning tashkiliy boʻysunuvidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan harakatlar rejasini roʻyobga chiqarishga, shuningdek vazirliklar va ularning tashkiliy boʻysunuvidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarning bajarilishini baholashning asosiy mezonlarini hisobga olgan holda, maqsadli vazifalarni bajarishga doir choralarni amalga oshiradi;
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan Vazirlar Mahkamasining komissiyalari va boshqa ishchi organlariga Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra rahbarlikni amalga oshiradi;
oʻzi rahbarlik qilayotgan vazirlikning markaziy apparati va hududiy boʻlinmalari tuzilmasi hamda shtat birliklarini ajratilgan mablagʻlar doirasida hamda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda tasdiqlaydi;
hududdagi ehtiyojlar va sharoitlardan kelib chiqqan holda, viloyat yoxud tuman (shahar) boʻlinmalarini tuzadi yoki ularning tumanlararo (viloyatlararo) shakllarini tashkil etadi;
tizimdagi kadrlar siyosatini davlat xizmati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq mustaqil ravishda amalga oshiradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
vazirlikning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tasarruf etadi.
Vazirlar tegishli sohada yagona davlat siyosatini samarali amalga oshirish, sohani rivojlantirish boʻyicha belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish, qonun hujjatlari va topshiriqlarning ijrosini taʼminlash, ijro intizomini mustahkamlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli va kompleks ravishda ishlab chiqish, ularni amalga oshirishning pirovard natijalari va oqibatlari, shuningdek oʻzlari rahbarlik qilayotgan vazirliklarning faoliyati samaradorligi uchun shaxsan javobgar boʻladi.
26-modda. Vazirlar Mahkamasining kollegial organlari
Vazirlar Mahkamasi doimiy komissiyalar tuzadi va ularning vazifalarini, funksiyalarini hamda faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasining vakolatlari jumlasiga kiradigan ayrim masalalar boʻyicha takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tashkil etilishi mumkin.
27-modda. Vazirlar Mahkamasiga masalalarni kiritish va koʻrib chiqish
Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari loyihalari — qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritish uchun;
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalari — qabul qilish uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilarining Vazirlar Mahkamasi vakolatiga taalluqli qismi boʻyicha nomenklaturasiga hamda Vazirlar Mahkamasining nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga tayinlash, tasdiqlash, taqdim etish, kelishib olish uchun nomzodlar va ularni lavozimidan ozod etish boʻyicha takliflar;
mansabdor shaxslar ayrim toifalarining xorijiy mamlakatlarga xizmat safarlariga chiqishi toʻgʻrisidagi, Vazirlar Mahkamasi bilan belgilangan tartibda maxsus kelishib olish talab qilinadigan takliflar kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasida uning vakolatlariga kiradigan masalalarni koʻrib chiqish Vazirlar Mahkamasi, uning Rayosati majlislarida, Bosh vazir, uning oʻrinbosarlari va maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasi tashkil etadigan komissiyalarning hamda boshqa idoralararo kollegial organlarning majlislarida manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, ushbu Konstitutsiyaviy Qonun bilan uning vakolatiga tegishli boʻlgan, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan boshqa masalalar ham kiritiladi.
Muhim davlat, iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy masalalarni hal qilish uchun Vazirlar Mahkamasining kompleks yoki maqsadli dasturlari va tadbirlari ishlab chiqilib, ular Bosh vazir oʻrinbosarlari hamda maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun masalalar Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, vazirliklarning tashkiliy boʻysunuviga kirmaydigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, istisno hollarda esa ularning birinchi oʻrinbosarlari tomonidan kiritiladi.
Davlat ishtirokidagi tashkilotlar va xoʻjalik birlashmalari tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va boshqa masalalar tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirayotgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi rahbari orqali kiritiladi.
28-modda. Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari
Bosh vazir kotibiyati va uning tarkibiy boʻlinmalari, shuningdek Bosh vazir oʻrinbosarlarining kotibiyatlari Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalaridir.
Bosh vazir kotibiyati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan taʼminlashni, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari loyihalarini tayyorlashni, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishga qaratilgan “yoʻl xaritalarini”, jadvallarni, harakatlar dasturlarini, amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqishni amalga oshiradi.
Bosh vazir kotibiyatining va Vazirlar Mahkamasi boshqa tarkibiy boʻlinmalarining ish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tegishli nizomlar bilan belgilanadi.
Bosh vazir kotibiyatining rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, Bosh vazir kotibiyati rahbarining oʻrinbosarlari va Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlarining rahbarlari, Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh vazir kotibiyati tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari va xodimlari, shuningdek Bosh vazir oʻrinbosarlari kotibiyatlarining rahbarlari oʻrinbosarlari va xodimlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy boʻlinmalari va Bosh vazir oʻrinbosarlarining kotibiyatlari ishini muvofiqlashtirish Bosh vazir kotibiyati rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
29-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislari
Davlat boshqaruvi, xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy rivojlantirishning eng muhim masalalari Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini Bosh vazir oʻtkazadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Vazirlar Mahkamasining majlislarida raislik qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasining majlislarida Bosh vazir oʻrinbosarlari va maslahatchisi, vazirlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hukumati boshligʻi, zarurat boʻlganda esa viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbarlari ishtirok etadi.
Vazirlar Mahkamasining majlislariga zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchilari va maslahatchilari, Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, Oliy sudining raisi, Bosh prokurori taklif etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini ommaviy axborot vositalarida yoritish maqsadida ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari ham taklif etilishi mumkin.
30-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar
Quyidagilar faqat Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqiladi:
Davlat budjetini tayyorlash va ijro etish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tasarrufidagi davlat maqsadli jamgʻarmalarini shakllantirish va ulardan foydalanish masalalari;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish masalalari, Oʻzbekiston Respublikasini va uning ayrim hududlarini iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy jihatdan rivojlantirish dasturlari loyihalari;
davlat qimmatli qogʻozlarini chiqarish hajmi hamda Oʻzbekiston Respublikasining davlat ichki va tashqi qarzini oshirish chegaralari toʻgʻrisidagi takliflar;
soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar stavkalarini belgilash hamda oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflar;
qatʼiy belgilangan davlat narxlari qoʻllaniladigan mahsulotlarning, tovarlarning va xizmatlarning nomenklaturasi;
davlatlararo shartnomalarni imzolash toʻgʻrisidagi takliflar.
Vazirlar Mahkamasining majlislarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlariga va Vazirlar Mahkamasi Rayosatining qarorlariga muvofiq boshqa masalalar ham koʻrib chiqiladi.
31-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish
Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqish uchun masalalarni tayyorlashni Bosh vazir kotibiyati respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda amalga oshiradi.
Zarur boʻlgan hollarda masalalarni tayyorlashni Vazirlar Mahkamasi yoki uning Rayosati tomonidan tashkil etiladigan komissiyalar amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga muvofiq tayyorlanadi.
Zarurat boʻlganda aniq sohalar va yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini oʻrganish hamda joylardagi muammolarni hal etish maqsadida hududlarda Bosh vazir tomonidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va ular hududiy boʻlinmalarining rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mavzuli sayyor majlislari, shu jumladan “hukumat kunlari” oʻtkazilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining mavzuli sayyor majlislarini oʻtkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
32-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislarida qarorlar qabul qilish
Vazirlar Mahkamasining majlisida koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha qarorlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining majlisida qabul qilingan qarorlar bayonnoma tarzida rasmiylashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasi majlisining bayonnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan tartibda Bosh vazir kotibiyati tomonidan rasmiylashtiriladi va tarqatiladi.
Hukumatning bayonnoma qarorlari loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish va hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamentiga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Vazirlar Mahkamasining Rayosati
33-modda. Vazirlar Mahkamasining Rayosati va uning tarkibi
Vazirlar Mahkamasining Rayosati Vazirlar Mahkamasining doimiy faoliyat koʻrsatuvchi organidir.
Vazirlar Mahkamasining Rayosati tarkibiga Bosh vazir, Bosh vazirning oʻrinbosarlari va maslahatchisi, vazirlar, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi kiradi.
34-modda. Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar
Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarining ijrosini tashkil etish masalalari;
Qonunchilik palatasiga qonunchilik tashabbusi tartibida kiritiladigan qonunlar loyihalari;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiradigan masalalar koʻrib chiqiladi, bundan ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq faqat Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar mustasno.
35-modda. Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarini tayyorlash va oʻtkazish
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlisini tashkil etishni va tayyorlashni Bosh vazirning kotibiyati amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislari har haftada Bosh vazir tomonidan, u yoʻqligida esa uning oʻrinbosarlaridan biri tomonidan oʻtkaziladi.
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida koʻrib chiqish uchun masalalarni tayyorlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti bilan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining majlislarida qabul qilingan qarorlar bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladi va raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
6-bob. Vazirlar Mahkamasining hujjatlari
36-modda. Vazirlar Mahkamasi hujjatlarining turlari
Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy normalar doirasida va qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining butun hududidagi barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanadi.
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari Bosh vazir tomonidan imzolanguniga qadar belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Vazirlar Mahkamasining qarorlarini, farmoyishlarini va Bosh vazirning farmoyishlarini toʻxtatib turishga, bekor qilishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi oʻzi qabul qilgan hujjatlarning bajarilishi ustidan nazoratni bevosita yoki respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari orqali amalga oshiradi.
37-modda. Vazirlar Mahkamasining qarorlari
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusdagi hujjatlari qarorlar shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari asosida hamda ularni ijro etish uchun qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusga ega qarorlari, agar ularning oʻzida kechroq muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ-huquqiy tusga ega qarorlari “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami”da, “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”da, “Xalq soʻzi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida va Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinadi, zarur boʻlgan taqdirda esa boshqa ommaviy axborot vositalari orqali keng omma eʼtiboriga yetkaziladi.
38-modda. Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari
Vazirlar Mahkamasining tezkor va boshqa joriy masalalar boʻyicha hujjatlari Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari, agar ushbu hujjatlarda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ular imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7-bob. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi, sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar, boshqa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi
39-modda. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini, Davlat budjetining asosiy parametrlarini va unga oʻzgartirishlarni ishlab chiqadi hamda ularni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi loyihasini Qonunchilik palatasiga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
(39-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1107-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2025-y., 03/25/1107/1216-son)
Vazirlar Mahkamasi Qonunchilik palatasiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi maʼruzalarni taqdim etadi.
Bosh vazir hukumat aʼzolari bilan birgalikda har yarim yilda Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobot taqdim etadi.
Qonunchilik palatasi zarur boʻlgan hollarda oʻz majlislarida Bosh vazirning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ayrim dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini qonunga muvofiq parlament soʻrovi tartibida eshitishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasi aʼzosining oʻz faoliyatiga oid masalalar yuzasidan hisobotini eshitishi mumkin hamda Vazirlar Mahkamasi aʼzosining hisobotini eshitish yakunlariga koʻra Qonunchilik palatasi uni isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga koʻrib chiqishi uchun taklif kiritishga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati aʼzolari Qonunchilik palatasining majlisida Qonunchilik palatasi deputatlarining savollariga javoblarni taqdim etadi (“Hukumat soati”).
Vazirlar Mahkamasining aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, ularning qoʻmitalari hamda komissiyalari majlislarida ishtirok etishi mumkin.
Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari tomonidan Vazirlar Mahkamasi yoki uning ayrim aʼzolari faoliyatiga taalluqli masalalar qoʻyilgan taqdirda, Bosh vazir shu masalalar yuzasidan zarur tushuntirishlar olish va tushuntirishlar berishga haqli.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalari va komissiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati masalalariga doir tavsiyalari va takliflarini koʻrib chiqadi hamda ular yuzasidan chora-tadbirlar koʻradi. Tavsiyalar va takliflarni koʻrib chiqish natijalari haqida hamda koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tegishli qoʻmitalarini va komissiyalarini kelishilgan muddatda xabardor qiladi.
Qonunchilik palatasining, Senatning Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati yoki unga boʻysunuvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatiga taalluqli boʻlgan parlament soʻrovi, Qonunchilik palatasi deputatining, Senat aʼzosining shunday soʻrovi yuborilgan Vazirlar Mahkamasi yoki uning aʼzosi qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda javob taqdim etishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida koʻrib chiqiladigan qonun loyihalarini, boshqa hujjatlarni tayyorlash borasida Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining yaqin hamkorligini taʼminlash, Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari bilan qonun ijodkorligi faoliyatidagi hamkorligini tashkil etish, shuningdek qonunlarning ijro etilishi ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan parlament nazoratini amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasining ishtirok etishiga koʻmaklashish uchun Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi Vakolatli vakili faoliyat koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi Vakolatli vakilining huquq va majburiyatlari qonunchilikda belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-sentabrdagi PQ-3294-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi vakolatli vakili lavozimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori.
40-modda. Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda uning Administratsiyasi hujjatlari va topshiriqlari ijrosini taʼminlaydi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga Murojaatnomasida bayon etilgan topshiriqlarning samarali ijro etilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi.
Bosh vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida takliflar kiritadi.
Vazirlar Mahkamasining ayrim masalalarga doir hujjatlari majburiy tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan majburiy tartibda kelishib olinadigan masalalar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va uning Administratsiyasi bilan hamkorligi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa masalalar boʻyicha ham amalga oshiriladi.
41-modda. Vazirlar Mahkamasining sud hokimiyati organlari bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi sudlar faoliyatini moddiy-texnika va boshqa jihatdan taʼminlashga koʻmaklashadi.
Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga uning vakolatiga taalluqli masalalarni koʻrib chiqish uchun kiritishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisida Bosh vazir va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri ishtirok etishi mumkin.
42-modda. Vazirlar Mahkamasining huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlarini samarali amalga oshirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar bilan hamkorlik qiladi.
Vazirlar Mahkamasi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy hamda moddiy-texnik jihatdan taʼminlaydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch ishlatishga vakolatli boʻlgan tuzilmalar rahbarlari mazkur organlar hamda tuzilmalarning faoliyatiga taalluqli masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasining va uning Rayosatining majlislarida ishtirok etishi mumkin.
43-modda. Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlik qiladi, uning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, shuningdek iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirish masalalariga doir boshqa hujjatlar bajarilishi haqidagi maʼlumotlarini eshitadi;
Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini koʻrib chiqadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan eng muhim tarmoqlararo hamda hududiy kompleks dasturlarni amalga oshirishda Qoraqalpogʻiston Respublikasining huquqlariga rioya etilishini taʼminlaydi, bunda yuzaga keladigan nizoli masalalarni hal etadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlariga zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlarining ijrosini oʻz vakolatlari doirasida toʻxtatib turishga haqli.
Qoraqalpogʻiston Respublikasini iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy rivojlantirishga, uning tabiiy resurslaridan oqilona foydalanishga va ularni muhofaza qilishga taalluqli masalalar Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilayotganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining fikri hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Doimiy vakolatxonasi boʻladi.
44-modda. Vazirlar Mahkamasining mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida:
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirishni taʼminlash bilan bogʻliq masalalarda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilishi talab qilinadigan masalalarga doir takliflarini koʻrib chiqadi, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari bajarilishining borishini nazorat qiladi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarini taklif qilishga hamda ushbu qarorlar va farmoyishlar amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitishga haqli;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan hamkorligini taʼminlaydi, bunda yuzaga keladigan nizoli masalalarni hal etadi;
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat devonlari xodimlarining cheklangan sonini va ushbu devonlarning namunaviy tuzilmasini belgilaydi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qonunchilikka zid boʻlgan qarorlari va farmoyishlari ijrosini toʻxtatib turishga hamda ularni bekor qilishga haqli, bundan xususiy mulk huquqining, shuningdek yer uchastkasiga boʻlgan huquqning vujudga kelishi uchun asos boʻlgan qarorlar va farmoyishlar mustasno.
45-modda. Vazirlar Mahkamasining nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligi
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi, qonunchilikka muvofiq ularga zarur yordam koʻrsatadi.
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan nodavlat notijorat tashkilotlarining, siyosiy partiyalarning va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining takliflarini koʻrib chiqadi.
8-bob. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligi
46-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining ochiqligini taʼminlash
Vazirlar Mahkamasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq xalq bilan ochiq muloqotni taʼminlaydi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqadi hamda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etadi.
Bosh vazirning kotibiyati va Bosh vazir oʻrinbosarlarining kotibiyatlari jismoniy va yuridik shaxslarning Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalariga, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kelib tushgan murojaatlari bilan ishlash monitoringini va tahlilini amalga oshiradi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish holatini oʻrganish yakunlari Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida yoki selektor yigʻilishlarida har chorakda, shu jumladan tegishli mansabdor shaxslarga nisbatan javobgarlik choralarini koʻrish toʻgʻrisida takliflar kiritgan holda koʻrib chiqiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning samarali tizimi faoliyat koʻrsatishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi bilan hamkorlik qiladi.
47-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish
Jismoniy va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan foydalanishi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34-moddasiga hamda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq taʼminlanadi.
Vazirlar Mahkamasi oʻz vakolatlari doirasida quyidagilar orqali oʻz faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish chora-tadbirlarini koʻradi:
oʻz rasmiy veb-saytida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish va yangilab turish;
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini yoritish.
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini ommaviy axborot vositalarida yoritish, shuningdek koʻrib chiqiladigan masalalar muhokamasiga jamoatchilikni jalb etish tartibi Bosh vazir tomonidan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining rasmiy veb-saytiga axborotni joylashtirish va yangilab turish Bosh vazirning matbuot xizmati tomonidan amalga oshiriladi.
9-bob. Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini, Bosh vazir maslahatchisini, Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish hamda ijtimoiy taʼminlash
48-modda. Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini, Bosh vazir maslahatchisini, Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish
Vazirlar Mahkamasi aʼzolarining, Bosh vazir maslahatchisi, Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarining ish haqi lavozim maoshidan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini, Bosh vazir maslahatchisini, Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
49-modda. Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini, Bosh vazir maslahatchisini, Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlarini ijtimoiy taʼminlash
Vazirlar Mahkamasi aʼzolariga, Bosh vazir maslahatchisiga va Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlariga haq toʻlanadigan yillik taʼtillar beriladi.
Ishlash uchun boshqa hududlardan taklif qilingan hamda Toshkent shahrida uy-joyga ega boʻlmagan Vazirlar Mahkamasi aʼzolariga, Bosh vazir maslahatchisiga, Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari rahbarlariga va xodimlariga zaruratga koʻra ularning arizasiga binoan lavozimda boʻlish vaqtida xizmat uy-joyi beriladi.
Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, Bosh vazir maslahatchisi va Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari va xodimlari kafolatlangan tibbiy yordamdan hamda sanatoriy-sogʻlomlashtirish xizmatlaridan foydalanadi.
Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalarining xodimlari uchun avvalgi ish joyida harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka toifalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun berilgan ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar saqlab qolinadi.
Bosh vazir va uning oʻrinbosarlarining, Bosh vazir maslahatchisining, shuningdek Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari xodimlarining Vazirlar Mahkamasidagi uzoq muddatli xizmatlari uchun qoʻshimcha ustamalar belgilashda ularning boshqa tashkilotlardagi ish staji (xizmat davri) inobatga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalarining xodimlari avvalgi ish joyi boʻyicha xodimlar uchun belgilangan barcha imtiyozlar, moddiy va ijtimoiy himoya choralaridan Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalarida amalda boʻlgan mehnat sharoitlari hisobga olingan holda hamda lavozim maoshi va boshqa toʻlovlar miqdorlari saqlangan holda foydalanadi.
Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalarida ishlangan davr harbiy va maxsus unvonlarni (martaba darajalarini, malaka toifalarini, diplomatik darajalarni va boshqalarni) olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
50-modda. Vazirlar Mahkamasining faoliyatini moliyalashtirish
Vazirlar Mahkamasining faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
51-modda. Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, Vazirlar Mahkamasi mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
52-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 6-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi 818-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 5, 202-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 6-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 819-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 5, 203-modda);
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 524-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 138-modda);
4) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 525-XII-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 139-modda);
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 11-aprelda qabul qilingan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-90-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 163-modda) 1-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-194-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 12, 637-modda) 10-moddasi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 16-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi OʻRQ-233-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 12, 465-modda);
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 18-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (78, 80, 93, 96 va 98-moddalariga)”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-285-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 4, 101-modda) 2-moddasi;
9) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-367-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 4, 86-modda) 1-moddasi;
10) Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-372-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 5, 130-modda) 3-moddasi;
11) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 10-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-389-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 310-modda) 3-moddasi;
12) Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-396-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 12, 452-modda) 2-moddasi;
13) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-411-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 276-modda) 3-moddasi;
14) Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 23-iyulda qabul qilingan “Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-486-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 7, 431-modda) 6-moddasi;
15) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-martda qabul qilingan “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirilishi va uning masʼuliyati kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-527-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 3, 162-modda) 2-moddasi;
16) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi OʻRQ-591-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 885-modda);
17) Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-653-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 12, 691-modda) 3-moddasi;
18) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 23-moddasi;
19) Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 29-aprelda qabul qilingan “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-836-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2023-yil, № 4, 272-modda) 56-moddasining 1-bandi.
53-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
54-modda. Qonunchilikni ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
55-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-oktabr,
OʻRQ-982-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2024-y., 03/24/982/0854-son; 26.12.2025-y., 03/25/1107/1216-son; 01.05.2026-y., 03/26/1142/0440-son; 14.08.2026-y., 03/26/1166/0842-son)