O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-142-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 21-avgustdagi PF-142-son Farmoni bilan:
O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) tashkil etilgani;
Vazirlar Mahkamasiga Agentlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilish topshirilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Agentlik faoliyatini tashkil etish asoslari va tartibi;
Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari;
Agentlik faoliyati samaradorligini baholash tartibi va mezonlari;
Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi.
Belgilansinki, Agentlikning 31 ta shtat birligi Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi hududiy bo‘linmalaridan 16 ta shtat birligini maqbullashtirish hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida qisqartirilgan 15 ta shtat birligi hisobidan shakllantiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov hamda raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-avgust,
550-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 550-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligining (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) huquqiy maqomi, asosiy vazifa va funksiyalari, huquqlari, javobgarligi va faoliyatini tashkil etish tartibini, shuningdek, Agentlik rahbarlarining funksional vazifalari va mas’uliyatini belgilaydi.
2. Agentlik telekommunikatsiyalar sohasini tartibga soladigan, moliyaviy, tuzilmaviy jihatdan va qaror qabul qilishda mustaqil vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organi bo‘lib, o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga hisobdordir.
3. Agentlik faoliyatini muvofiqlashtirish hamda vazirlik va idoralar bilan hamkorligini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
4. Agentlik o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (keyingi o‘rinlarda — Vazirlar Mahkamasi) qarorlari va farmoyishlari, ushbu Nizom, shuningdek, boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
5. Agentlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
7. Agentlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq — O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi, qisqartirilgan nomi — Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Agentstvo po regulirovaniyu telekommunikatsiy Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agentstvo po regulirovaniyu telekommunikatsiy;
v) ingliz tilida:
to‘liq — Telecommunications Regulatory Agency of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Telecommunications Regulatory Agency;
8. Agentlikning joylashgan joyi (pochta manzili): Toshkent shahri Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasi 114a-uy.
2-bob. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
9. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyat va munosabatlarni tartibga solish;
yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatini litsenziyalash, ruxsat berish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini va telekommunikatsiyalar inshootlarini qurish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazish;
telekommunikatsiyalar xizmatlarining ayrim turlari, shuningdek, tarmoqlararo ulanishlar tariflarini tartibga solish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimini ishlab chiqish va telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash rejasi boshqaruvini amalga oshirish;
Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining manzil maydonidan foydalanish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash, domen nomlari tizimini belgilash;
telekommunikatsiyalar vositalarini majburiy raqamli markirovkalash;
universal xizmatlar ro‘yxatini va ularning sifatiga doir talablarni belgilash;
operatorlar va provayderlarning faoliyat ko‘rsatishi uchun teng hamda adolatli raqobat muhitini ta’minlashga ko‘maklashish;
telekommunikatsiyalar xizmatlari bozorini erkin raqobat asosida shakllantirish va rivojlantirishga ko‘maklashish;
foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etish;
O‘zbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlarining monitoring tizimi orqali operator va provayderlar tomonidan ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiyalar xizmatlari sifatini belgilangan talablarga muvofiqligini monitoring qilish;
tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatda telekommunikatsiyalar infratuzilmalaridan ustuvor foydalanish hamda ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirishga doir ishlarni markazlashtirilgan tarzda boshqarish, shuningdek, ularning ishlashini belgilangan tartibda cheklash yoki to‘xtatib turish;
tarmoqqa ruxsatsiz ulanishda va trafikni o‘tkazishda himoya choralarining chetlab o‘tilishini tegishli organlar bilan birgalikda nazorat qilish.
10. Agentlik o‘ziga yuklangan asosiy vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyat va munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha:
telekommunikatsiyalar tarmoqlarining ishlash samaradorligini oshirish va xususiyatlarini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar va ularni boshqarish usullarini ishlab chiqadi;
umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlarida rejalashtirilgan va rejadan tashqari ta’mirlash-tiklash ishlari bajarilishini muvofiqlashtiradi;
tarmoqlarda profilaktika ishlarini bajarish, qayta qurish yoki yangi aloqa kanallarini tashkil etish natijasida ayrim uchastkalar va yo‘nalishlarda yuzaga keladigan ortiqcha yuklanishlar mumkinligi haqida manfaatdor operator va provayderlarni ogohlantiradi;
b) yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatini litsenziyalash, ruxsat berish bo‘yicha:
telekommunikatsiyalar sohasida yuridik shaxslarning faoliyatini litsenziyalash va litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat qiladi;
litsenziyalash va akkreditatsiya shartlari bajarilishining muntazam monitoringi va nazoratini amalga oshiradi;
v) telekommunikatsiyalar tarmoqlarini va telekommunikatsiyalar inshootlarini qurish uchun loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazadi;
g) telekommunikatsiyalar xizmatlarining ayrim turlari, shuningdek, tarmoqlararo ulanishlar tariflarini tartibga solish bo‘yicha:
telekommunikatsiyalar xizmatlarining ayrim turlari, shuningdek, tarmoqlararo ulanishlar tariflarini tartibga soladi;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini o‘zaro ulash, operatorlar tomonidan o‘zaro xizmat ko‘rsatish hamda ular o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi va shartlarini tasdiqlaydi;
d) telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimini ishlab chiqish va telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash rejasi boshqaruvini amalga oshirish bo‘yicha:
raqamlash tizimlari va rejalarini O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan kelishgan holda tasdiqlaydi, raqamlash sig‘imini, signalizatsiya punktlarining kodlarini, ma’lumot-axborot xizmatlari uchun qisqa maxsus raqamlarni (yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar bundan mustasno) pulli asosda ajratadi, shuningdek, ulardan foydalanishning hisobotini yuritadi va nazorat qiladi;
raqamlash sig‘imini va qisqa maxsus raqamlarni ajratganlik uchun bir martalik to‘lov tariflarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
manfaatdor telekommunikatsiyalar operatorlari va provayderlari, xorijiy davlatlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish milliy markazlarini raqamlash rejasidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida xabardor qiladi;
e) Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining manzil maydonidan foydalanish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash, domen nomlari tizimini belgilash bo‘yicha:
Internet jahon axborot tarmog‘i milliy segmentining manzil maydonidan foydalanish tartibini ishlab chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda manfaatdor tashkilotlar bilan kelishgan holda tasdiqlaydi, domen nomlari tizimini belgilaydi;
milliy domen zonasini rivojlantiradi va ommaviylashtirish uchun qulay sharoitlarni yaratadi;
telekommunikatsiyalar vositalarini majburiy raqamli markirovkalaydi;
universal xizmatlar ro‘yxatini va ularning sifatiga doir talablarni belgilaydi hamda ularga tariflarni foydalanuvchilarning manfaatlari hisobga olingan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda tartibga soladi;
j) operatorlar va provayderlarning faoliyat ko‘rsatishi uchun teng hamda adolatli raqobat muhitini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha:
O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmoqlarining markazlashgan holda tezkor ma’muriy boshqaruvini, favqulodda holat va vaziyatlarda ularni qayta qurish va tiklash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarida tiklash ishlarini muvofiqlashtiradi, shuningdek, oldindan kelishilgan rejalar asosida eng muhim yo‘nalishlarda aloqaning uzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarda aloqalarni tiklash va avariya vaziyatlarini bartaraf etish uchun kuch va vositalarni boshqaradi;
yangi aloqa kanallarini tashkil qilishda, profilaktika ishlarini amalga oshirishda maxsus iste’molchilar va umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlari operatorlari va provayderlari hamkorligini muvofiqlashtiradi;
z) telekommunikatsiyalar xizmatlari bozorini erkin raqobat asosida shakllantirish va rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha:
maxsus iste’molchilarga ijaraga berilgan aloqa kanallarining shikastlanishini hisobga oladi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi hamda operatorlar va provayderlarni telekommunikatsiyalar tarmoqlarini qayta qurish to‘g‘risida xabardor qiladi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mudofaa, xavfsizlik, huquq-tartibot va favqulodda vaziyatlardan himoya qilish organlarining umumiy foydalanishdagi tarmoqlar asosida qurilgan tarmoqlari, shuningdek, telekommunikatsiyalar tarmoqlari ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida umumiy foydalanishdagi tarmoqlar va telekommunikatsiyalar operatorlari va provayderlarining boshqaruv tizimlari bo‘yicha ma’lumotlarni to‘playdi, qayta ishlaydi va tahlil qiladi;
i) foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etish bo‘yicha:
foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda, operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalalarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va raqobat sohasidagi vakolatli davlat organi bilan birgalikda telekommunikatsiyalar sohasida raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashadi, insofsiz raqobat va raqobatni cheklash holatlariga barham berish, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish yuzasidan qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘radi;
k) O‘zbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlarining monitoring tizimi orqali operator va provayderlar tomonidan ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiyalar xizmatlari sifatini belgilangan talablarga muvofiqligini tizimli monitoring qilish bo‘yicha:
telekommunikatsiyalar tarmoqlarining holati to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etishning talab qilinadigan rejimi va konfidensialligini ta’minlash choralarini ko‘radi;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarining holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligiga, tegishli operatorlar va provayderlarga, manfaatdor davlat organlariga va maxsus iste’molchilarga yetkazadi;
l) tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda yoki favqulodda holatda telekommunikatsiyalar infratuzilmalaridan ustuvor foydalanish hamda ularning faoliyatini tiklash va rivojlantirishga doir ishlarni markazlashtirilgan tarzda boshqarish, shuningdek, ularning ishlashini belgilangan tartibda cheklash yoki to‘xtatib turish bo‘yicha:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mudofaa, xavfsizlik, huquq-tartibot va favqulodda vaziyatlar organlari manfaatlari yo‘lida ustuvor ravishda aloqani tashkil etish choralarini ko‘radi;
favqulodda holat va vaziyatlarda operatorlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarini tezkor ma’muriy boshqarish rejalarini tayyorlashda qatnashadi;
favqulodda holat va vaziyatlarda operatorlar va provayderlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarini tezkor ma’muriy boshqarish rejalari asosida muvofiq tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazadi;
avariya holatlarida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mudofaa, xavfsizlik, huquq-tartibot va favqulodda vaziyatlar organlari manfaatlari yo‘lida ustuvor ravishda aloqa tashkil etilishini ta’minlaydi;
favqulodda holat va vaziyatlar yuzaga kelishi va ularning oqibatlarini bartaraf etish davri uchun O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, Agentlik, operatorlar tarmoqlarini boshqarish markazlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik shartlari va tartibga soluvchi hujjatlarni ishlab chiqishda qatnashadi;
favqulodda holat va vaziyatlarda telekommunikatsiyalar tarmoqlarining ishlashiga ta’sirni baholaydi va keluvchi ma’lumotlarni tahlil qiladi;
m) tarmoqqa ruxsatsiz ulanishda va trafikni o‘tkazishda himoya choralarining chetlab o‘tilishini tegishli organlar bilan birgalikda nazorat qilish bo‘yicha:
tarmoqqa ruxsatsiz ulanishda va trafikni o‘tkazishda himoya choralarining chetlab o‘tilishini tegishli organlar bilan birgalikda qonun talablari buzilgani holatlari bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlash va olish ishlarini tashkil etadi;
yuridik va jismoniy shaxslarning telekommunikatsiyalar infratuzilmasiga shikast yetkazilishiga, unga ruxsatsiz ulanishga, telekommunikatsiyalar tarmog‘idan xalqaro trafikni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanishni tegishli organlar bilan birgalikda nazorat qiladi.
3-bob. Agentlikning huquqlari va javobgarligi
11. Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, zarur hollarda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qarorlar va boshqa hujjatlarni qabul qilish;
Vazirlar Mahkamasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlarni belgilangan tartibda kiritish;
telekommunikatsiyalar sohasida chora-tadbirlar va dasturlarni ishlab chiqish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar kiritish;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlardan Agentlik vakolatiga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘ladigan ma’lumotlarni bepul so‘rash va olish;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ilmiy va boshqa tashkilotlar olimlari va mutaxassislarini, shuningdek, mahalliy va xorijiy ekspertlarni konsultant sifatida jalb qilish hamda (yoki) ularning xulosa va tavsiyalarini olish;
belgilangan tartibda axborot-tahliliy va ekspert ishlarini amalga oshirish uchun ilmiy va boshqa tashkilotlarni, shuningdek, olimlar va mutaxassislarni jalb qilish;
amaliyotda qo‘llash tajribasi tahlili, olingan tavsiyalar va xalqaro tajriba asosida normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqish;
telekommunikatsiyalar sohasida bajariladigan davlat va tijorat loyihalari hamda dasturlarida ishtirok etish;
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari bilan belgilangan tartibda muzokaralar o‘tkazish;
favqulodda holat va vaziyatlarda har qanday telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalaridan hamda axborot tizimlaridan foydalanish hamda markazlashgan telekommunikatsiyalar tarmoqlarini cheklash yoki to‘xtatib qo‘yish bo‘yicha ustuvorlikni aniqlash, maxsus iste’molchilarning telekommunikatsiyalar tarmoqlari bundan mustasno;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini va telekommunikatsiyalar inshootlarini qurish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazuvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiya o‘tkazish;
telekommunikatsiyalar operatorlari va provayderlaridan Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha, shu jumladan, telekommunikatsiyalar resurslarining mavjudligi va holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni so‘rash va olish;
davlat organlari, mudofaa va xavfsizlik, huquq-tartibot va favqulodda vaziyatlardan himoya qilish organlari manfaatlari uchun aloqalarni tashkil etish jarayonlarini muvofiqlashtirish;
operatorlar va provayderlarga umumiy foydalanishdagi tarmoqlarda avariya ishlarini o‘tkazish, rejali va rejadan tashqari ta’mirlash-tiklash ishlari o‘tkazilganda davlat organlari, mudofaa va xavfsizlik organlari manfaatlari yo‘lida ishlatilayotgan aloqalarni tiklash bo‘yicha ko‘rsatmalar berish;
operatorlar va provayderlarga telekommunikatsiyalar tarmoqlarini tezkor ma’muriy boshqarish tizimini takomillashtirish, telekommunikatsiyalar tarmoqlari resurslaridan iste’molchilar manfaatlari uchun foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish;
tarmoqlarni qayta qurish va aloqa kanallarini tiklash bo‘yicha operator va provayderlarning boshqarish tizimlari va xorijiy davlatlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarini milliy boshqarish markazlari bilan tezkor hamkorlik qilish;
ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarga erishishga yo‘naltirilgan, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish.
Agentlik qonunchilik hujjatlariga asosan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
12. Agentlik:
telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solish yagona davlat siyosati samarali amalga oshirilishi, shuningdek, yuklangan vazifalarning sifatli bajarilishi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati topshiriqlarini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarish, o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish dasturlari ishlab chiqilishi, ularning ijrosi ta’minlanishi;
Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlar loyihalarining sifati, shuningdek, Agentlik tomonidan qabul qilinadigan qarorlar samaradorligi va natijadorligi ta’minlanishi;
yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilishi va belgilangan muddatlarda ularga javob berilishi;
muntazam ravishda xodimlar qayta tayyorlanishi va ularning malakasi oshirilishi uchun javobgardir.
4-bob. Agentlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari
13. Quyidagilar direktorning asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli hujjatlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan Agentlikka yuklangan vazifa va funksiyalar bajarilishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlarini bajarish;
Agentlik faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari bilan tasdiqlangan konsepsiyalar, kompleks dasturlar va kompleks chora-tadbirlarning bajarilishini tanqidiy va chuqur tahlil qilib borish;
direktor o‘rinbosarlari va tarkibiy tuzilmalar rahbarlarining vakolatlarini belgilash va vazifalarni taqsimlash;
Agentlik faoliyati rejalashtirilishini tashkil etish, Agentlikning davriy ish rejalarini tasdiqlash, ularning bajarilishi yuzasidan nazoratni ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy bo‘linmalari va Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan Agentlik faoliyati sohasiga kiradigan masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarida masalalarning ko‘rib chiqilishida ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari bajarilishini ta’minlash, tarkibiy bo‘linmalarda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son hamda “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2025-yil 25-iyuldagi PF-117-son farmonlariga hamda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 31-maydagi PQ-5132-son qaroriga muvofiq tarkibiy bo‘linma rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rish;
sohaga oid qonunchilik hujjatlari loyihalarining sifatli ishlab chiqilishini, O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi va “Qonun loyihalarini tayyorlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Reglamenti talablariga qat’iy rioya qilgan holda, Vazirlar Mahkamasiga o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash, ularni Vazirlar Mahkamasining rahbariyati huzurida himoya qilish hamda Vazirlar Mahkamasida ishlab chiqilishida va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ko‘rib chiqilishida ishtirok etish;
Agentlikka kiritilgan takliflar va qonunchilik hujjatlari loyihalari to‘liq va batafsil ko‘rib chiqilishini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamentida va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishilishini (viza qo‘yilishini) ta’minlash;
Agentlik rahbarlari va xodimlarining xizmat safarlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mansabdor shaxslarning xorijiy mamlakatlarga chiqish tartibini takomillashtirish choralari to‘g‘risida” 2014-yil 5-martdagi PQ-2142-son va “Xorijiy xizmat safarlarida bo‘lish samaradorligi va xorijiy delegatsiyalarning O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish uchun mansabdor shaxslarning shaxsiy mas’uliyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-avgustdagi PQ-3170-son qarorlari talablariga to‘liq mos ravishda tashkil etish, xizmat safarlarining asoslangan, samarali va natijali bo‘lishini, xizmat safari uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli va oqilona foydalanishni ta’minlash;
Agentlik xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish, Agentlik direktori o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar chiqarish, buyruqlar va normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;
Agentlik xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Agentlik xodimlari odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni talablariga muvofiq Agentlik tizimida korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, huquq amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish yo‘li bilan ularni aniqlash, tahlil qilish, ularni yuzaga keltiruvchi sabablar va shartlarni bartaraf etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish ishlarini O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, shaxsiy qabullar o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga chiqib qabul qilishni tashkil etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda, sudlarda, shuningdek, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakat vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan rasmiy tadbirlarda Agentlik nomidan ishtirok etish;
O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga doir ishlarga rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasidan kelib tushgan murojaatlari o‘z vaqtida va to‘laqonli ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
Agentlik xodimlarini ularning ko‘p yillik va samarali faoliyati, alohida xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlari bilan taqdirlash uchun belgilangan tartibda takliflar kiritishni ta’minlash va tavsiyalar berish;
Agentlik mulkini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tasarruf etish;
Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini belgilangan tartibda imzolash;
Agentlikning ichki tashkiliy masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish;
Agentlik xodimlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish, mehnat shartnomalari (buyruqlari)ni imzolash;
Agentlik xodimlariga vazifalarni yuklash;
Agentlik xodimlarining malakasini oshirish va ularni xorijiy davlatlarga stajirovka va tajriba almashish uchun yuborishni tashkil etish;
Agentlik xodimlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal qilish, direktor o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish va intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini, shu jumladan, kelgusida uning egallab turgan lavozimida qolishining maqsadga muvofiqligi masalalarini ko‘rib chiqish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Agentlikning tashqi va ichki tashkiliy faoliyati ustidan doimiy va qat’iy nazorat o‘rnatish;
Agentlikka kiritilgan takliflar va taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqilishini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentida belgilangan muddatlarda kelishilishini (viza qo‘yilishi) ta’minlash;
davlat siri toifasiga kiritilgan va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilish;
xodimlarning belgilangan cheklangan soni doirasida Agentlik shtatlar jadvalini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan Agentlik xarajatlari smetasini tasdiqlash;
ushbu Nizomda va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
14. Quyidagilar direktor o‘rinbosarlarining asosiy funksional vazifalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish;
Agentlik direktori muayyan sabablarga ko‘ra (xizmat safari, mehnat ta’tili, betobligi davrida) yo‘qligida uning vazifalarini bajarish;
Agentlikning o‘zi nazorat qiladigan tarkibiy tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, nazorat va bevosita rahbarlik qilish, xodimlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlash;
Agentlik faoliyatining o‘zi mutasaddilik qiladigan yo‘nalishlarini yanada takomillashtirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlangan kompleks dastur va kompleks chora-tadbirlar ijrosini tanqidiy va chuqur tahlil qilish;
mutasaddiligidagi tarkibiy tuzilmalar bo‘linma rahbarlarining hisobotlarini muntazam eshitib borish va belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun ularning shaxsiy javobgarligini oshirish;
Agentlik direktorining qonunchilik doirasidagi buyruq hamda topshiriqlari ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta’minlash;
Agentlikka kiritilgan takliflar va taqdim etilgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini to‘liq va har tomonlama ko‘rib chiqish;
kadrlarni belgilangan tartibda tanlash va joy-joyiga qo‘yish bo‘yicha Agentlik direktoriga takliflar taqdim etish, ularning professionalligi, o‘z ishini bilishi, yuksak darajadagi ishchanlik va ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishini ta’minlash, ularning kasbiy malakasini oshirish choralarini ko‘rish, mutasaddilik bo‘yicha tarkibiy tuzilmalarda kadrlar zaxirasini shakllantirish choralarini ko‘rish;
Agentlik xodimlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 595-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari asosida tasdiqlangan Agentlik xodimlarining odob-axloq qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga muvofiq samarali tashkil etish, jamoatchilik bilan bevosita va ochiq muloqot o‘rnatish, shaxsiy qabullar o‘tkazish, shu jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini joylarga borib qabul qilishni tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni va korrupsiyaga qarshi kurashishga doir boshqa qonunchilik hujjatlariga hamda O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya qilish va manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishga doir ishlarni muvofiqlashtirish;
Agentlik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, ushbu sohada qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflarni ishlab chiqib, ko‘rib chiqish uchun Agentlik direktoriga kiritish;
telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solishga oid normativ bazaning tizimli asosda qayta ko‘rib chiqilishini tashkil etish;
telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solishda davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash;
xorijiy davlatlar, xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan telekommunikatsiyalar sohasida tartibga solish bo‘yicha hamkorlik qilish;
davlat siri toifasiga kiritilgan va maxfiy axborot bilan ishlashda qonunchilik talablariga rioya qilish.
5-bob. Agentlik rahbarlarining javobgarligi
15. Agentlik direktori:
Agentlikka yuklangan vazifa va funksiyalarning bajarilishi uchun;
Agentlikning ushbu Nizomda nazarda tutilgan javobgarlik sohalari bo‘yicha hamda mazkur Nizomning 13-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional majburiyatlari sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
16. Agentlik direktori o‘rinbosarlari:
mutasaddilik qilinadigan yo‘nalish va tarkibiy bo‘linmalarda Agentlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun;
ushbu Nizomning 14-bandida ko‘rsatilgan o‘z funksional vazifalarining sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradilar.
6-bob. Agentlik faoliyatini tashkil etish
17. Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
Agentlik direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan ikki nafar o‘rinbosariga ega bo‘ladi.
18. Agentlik direktori:
Agentlik faoliyatiga yakka tartibda rahbarlik qiladi;
kadrlarni tanlaydi va joylashtiradi, shu jumladan, belgilangan tartibda tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
Agentlikning tashkiliy tuzilmasini tasdiqlaydi va unga o‘zgartirish kiritadi, shuningdek, Agentlikning shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
Agentlikning ish rejalarini tasdiqlaydi;
mehnat va xo‘jalik shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tashkilotlar, muassasalar, korxonalar, jamoat birlashmalari, shuningdek, belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Agentlik nomidan ish yuritadi;
Agentlik mablag‘larini mustaqil boshqaradi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida qonun talablarining bajarilishini ta’minlaydi.
Direktor qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
19. Agentlik direktori bo‘lmagan vaqtda, direktor buyrug‘iga asosan uning o‘rinbosaridan biri direktor vazifalarini bajaradi.
20. Agentlik o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
21. Agentlik direktori (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari hamda, shuningdek, Agentlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va Agentlik tarkibiy bo‘linmalar rahbarlaridan iborat tarkibda Agentlik hay’ati tashkil etiladi.
Agentlik hay’ati a’zolari soni va shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
22. Agentlik hay’ati:
ushbu Nizomda nazarda tutilgan Agentlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari amalga oshirilishini ta’minlaydi;
Agentlik tizimidagi xodimlar va rahbarlarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Hukumat qarorlarida belgilangan o‘zlariga yuklangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni ta’minlash uchun shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha choralarni ko‘rgan holda, tizimli asosda tarkibiy hamda hududiy bo‘linmalar va tizim tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini eshitadi;
Agentlik faoliyatini rivojlantirish dasturlarining amalga oshirishi natijadorligini tizimli ko‘rib chiqadi;
joylarda Agentlik faoliyatidagi dolzarb masalalarini muhokama qilishni ta’minlagan holda, Agentlik hay’atining kengaytirilgan majlislarini o‘tkazishni tashkil etadi, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari va topshiriqlari bilan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida hamda sifatli amalga oshirishni ta’minlash uchun ijro intizomini mustahkamlash hamda Agentlikning rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘radi;
Agentlik nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga kadrlarni saralash, joylashtirish, tayyorlash va qayta tayyorlash choralarini belgilaydi.
Agentlik hay’ati Agentlik vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqadi.
23. Agentlik hay’ati majlislariga Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari, boshqa tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.
24. Agentlik hay’ati uning majlisida tarkibining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda, vakolatli bo‘ladi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
25. Agentlik hay’atining qarorlari Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
26. Agentlik hay’ati faoliyati tartibi hay’at tomonidan tasdiqlanadigan reglamentda belgilanadi.
7-bob. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash, uning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish
27. Agentlikning moddiy-texnik ta’minoti, xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
28. Agentlikning direktori va xodimlarining mehnatiga haq to‘lash shartlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlanadi.
29. Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida ro‘yxatga olinadigan xarajatlar smetasi asosida amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘z budjetini mustaqil ravishda tayyorlaydi va mablag‘laridan belgilangan tartibda foydalanadi.
30. Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berilgani uchun davlat bojidan belgilangan ulushi hisobidan Agentlik ixtiyoriga qoldiriladigan mablag‘lar o‘z xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda boshqa maqsadlar uchun yo‘naltiriladi.
31. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshidan, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish to‘lovlaridan iborat bo‘ladi.
Bunda Agentlik xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish to‘g‘risidagi nizomlarda ularning lavozim maoshlariga 200 foiz qo‘shimcha oylik ustama qo‘llanishi nazarda tutiladi.
Agentlik xodimlari mehnatiga haq to‘lashda lavozim maoshlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan ustama haqlar, mukofot, moddiy yordam puli hamda boshqa barcha qo‘shimcha to‘lovlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
26. Agentlikning markaziy apparatiga 6 ta, shu jumladan 3 ta biriktirilgan, 1 ta navbatchi, 2 ta maxsus avtomobildan iborat xizmat avtomobil transporti limiti ko‘zda tutiladi.
8-bob. Agentlikning hisobdorligi
32. Agentlik direktori Vazirlar Mahkamasiga Agentlik faoliyati natijalari to‘g‘risida muntazam hisobot beradi hamda davlat organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida qonun talablarining bajarilishini ta’minlaydi.
33. Faoliyat monitoringi va uni baholash yakunlari bo‘yicha Agentlikning mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan yuklangan vazifalarni vijdonan va o‘z vaqtida bajarganlik uchun rag‘batlantirish yoxud yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan javobgarlik choralari ko‘riladi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
34. Agentlik qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 550-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Chastota spektridan foydalanish, teleradiodasturlarni shakllantirish va tarqatish hamda ma’lumotlar uzatish samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1998-yil 10-iyuldagi 293-son qarorida:
a) 2-bandda:
oltinchi xatboshidagi “radiochastota spektri hamda televideniye va radioeshittirish” so‘zlari “televideniye va radioeshittirish radiochastotalari hamda” so‘zlari bilan almashtirilsin;
to‘qqizinchi xatboshidagi “radiochastotalardan” so‘zi “televideniye va radioeshittirish radiochastotalaridan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
o‘ninchi xatboshidagi “radiochastotalarni taqsimlash va teleradioeshittirishlar sohasida” so‘zlari “teleradioeshittirishlar sohasida radiochastotalarni taqsimlash va” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 5-bandning birinchi xatboshisidagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” so‘zlari “Raqamli texnologiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 6-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi belgilangan tartibda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, shu jumladan, xorijiy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ular tomonidan telekommunikatsiyalarning axborotlarga ishlov berish va ma’lumotlarni uzatish tarmoqlariga oid qismini, shu jumladan, “Internet” tarmoqlarini, loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatish, shuningdek, televideniye va radioeshittirish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyalarni beradi va ularning amal qilishini to‘xtatadi”;
g) 2-ilovada:
1-banddagi “radiochastota spektridan” so‘zlari “televideniye va radioeshittirish radiochastotalaridan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
5-bandning uchinchi xatboshisidagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” so‘zlari “Raqamli texnologiyalar vazirligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
oltinchi xatboshidagi “radiochastota spektri hamda televideniye va radioeshittirish” so‘zlari “televideniye va radioeshittirish radiochastotalari hamda” so‘zlari bilan almashtirilsin;
to‘qqizinchi xatboshidagi “radiochastotalardan” so‘zi “televideniye va radioeshittirish radiochastotalaridan” so‘zlari bilan almashtirilsin;
o‘ninchi xatboshidagi “radiochastotalarni taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida” so‘zlari “teleradioeshittirishlar sohasida radiochastotalarni taqsimlash va” so‘zlari bilan almashtirilsin;
sakkizinchi va to‘qqizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
o‘ninchi — o‘n yettinchi xatboshilar tegishlicha sakkizinchi — o‘n beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
o‘n birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligining telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatishni litsenziyalash masalalari bo‘yicha, shuningdek, radiochastotalari bo‘yicha Radiochastotalar bo‘yicha respublika kengashining teleradioeshittirishlar radiochastotalari spektridan bexatar va oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha hisobotlarini muntazam ravishda eshitib boradi”;
o‘n to‘rtinchi xatboshidagi “radiochastotalarni taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida” so‘zlari “teleradioeshittirish sohasida radiochastotalarni taqsimlash va” so‘zlari bilan almashtirilsin;
9-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi belgilangan tartibda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning, shu jumladan, xorijiy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning ular tomonidan telekommunikatsiyalar, axborotlarga ishlov berish va ma’lumotlarni uzatish tarmoqlariga oid qismini, shuningdek, “Internet” tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatish, televideniye va radioeshittirishlarni tarqatish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyalar beradi”;
10-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi orqali teleradiodasturlarni tarqatish bo‘yicha faoliyatning hamda ma’lumotlarni uzatishning litsenziya talablari va shartlariga, texnik normativlar va standartlarga muvofiq amalga oshirilishini, radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalardan foydalanilishini”;
d) 4-ilovada:
5 va 6-bandlardagi tegishli kelishikdagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” so‘zlari tegishli kelishikdagi “Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
8-bandning birinchi xatboshisidagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki hafta muddatda litsenziya bitimini rasmiylashtiradi va” so‘zlari “O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi maxsus elektron tizim orqali qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda” so‘zlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 20-dekabrdagi 592-son qarori bilan tasdiqlangan Radiochastotalarni tanlov yo‘li bilan taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomda:
a) 4-bandining birinchi xatboshisidagi “Raqamli texnologiyalar vazirligining” so‘zlari “Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 6-bandda:
birinchi xatboshidagi “Raqamli texnologiyalar vazirligining” so‘zlari “Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“d” kichik bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
v) 10-bandda:
“v” va “g” kichik bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
“j” kichik banddagi “sanitariya, yong‘in normalari va obyektni” so‘zlari chiqarib tashlansin;
g) 101-banddagi “Raqamli texnologiyalar vazirligi” so‘zlari “Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
d) 18-bandning birinchi xatboshisidagi “Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risidagi” so‘zlari “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona” so‘zlari bilan almashtirilsin;
e) 20-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
j) 23 va 24-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“23. Litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tomonidan, litsenziyani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirgan holda beriladi.
24. Agar tanlov g‘olibi protokol imzolangan vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziya olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligiga maxsus elektron tizim orqali murojaat etmasa, Komissiya tanlov natijalarini bekor qilishga haqlidir”;
z) 25-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Litsenziyada faoliyatning aniq turi, teleradioeshittirish qamraydigan hudud, radiochastotasi (radioto‘lqini), shuningdek litsenziyaning amal qilish muddati ko‘rsatiladi”;
i) 26-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
k) 28-banddagi “Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 22-noyabrdagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash to‘g‘risida nizomda” so‘zlari “Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomda” so‘zlari bilan almashtirilsin;
l) 1-ilovada:
7-bosqichning “Tadbirlar” ustunidagi 2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligiga maxsus elektron tizim orqali litsenziya olish uchun ariza beradi. Ushbu shartlar bajarilmagan taqdirda, litsenziya berish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinadi”;
8-bosqichda:
“Subyektlar” ustunidagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” so‘zlari “Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“Tadbirlar” ustunidagi 2 va 3-bandlar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi:
litsenziyani beradi;
litsenziat tomonidan litsenziya talablariga rioya etilishi monitoring yuritadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalari vazirligi radiochastotalardan foydalanish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtiradi”;
“Bajarish muddatlari” ustunining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2) 1 oy mobaynida”.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiya to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2018-yil 1-maydagi 318-son qarorida:
a) nomi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”;
b) 1-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq”;
v) 1-ilovada:
nomidagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish” so‘zlari “Raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
1-banddagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining” so‘zlari “Raqamli texnologiyalar vazirligining” so‘zlari bilan almashtirilsin;
2-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“2. Vazirlik raqamli texnologiyalar sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi”;
“4. Vazirlik:
a) quyidagilar:
axborotlashtirish, elektron hukumat, elektron raqamli imzodan foydalanish, telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi sohasida;
sun’iy intellekt texnologiyalari sohasini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlashning yaxlit ekotizimini shakllantirish hamda huquqiy jihatdan tartibga solish bo‘yicha;
b) Radiochastotalar bo‘yicha Respublika kengashining ishchi organi hisoblanadi hamda uning faoliyatini tashkiliy-texnik, normativ-huquqiy jihatdan ta’minlash, muvofiqlashtirish, materiallarni ishlab chiqish va tayyorlashga doir joriy tezkor ishlarni bajaradi;
v) radiochastota organi hisoblanadi;
g) Xalqaro elektraloqa ittifoqida, Butunjahon pochta ittifoqida hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi boshqa xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi manfaatlarini ifodalash vakolati berilgan organ hisoblanadi.
5. Vazirlikning radiochastota organi sifatidagi vakolatini “Elektromagnit moslashuv markazi” davlat unitar korxonasi bajaradi”;
8-banddagi “Moliya vazirligi G‘aznachiligida” so‘zlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasida” so‘zlari bilan almashtirilsin;
9 — 11-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Vazirlikning rasmiy nomi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, qisqartmasi — Raqamlashtirish vazirligi;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Ministerstvo sifrovix texnologiy Respubliki Uzbekistan, qisqartmasi — Minsifri;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Ministry of digital technologies of the Republic of Uzbekistan, qisqartmasi — MDT.
10. Vazirlikning joylashgan joyi (pochta manzili): 100164, Toshkent shahri Ibrohim Mo‘minov ko‘chasi 4-uy.
11. Vazirlik tuzilmasiga quyidagilar kiradi:
Vazirlikning markaziy apparati;
Vazirlikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari;
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi;
Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi;
“Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” DM;
“Sun’iy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” DM
“Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi” DM;
“Raqamli ta’limni rivojlantirish markazi” DM;
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi;
Davlat feldyegerlik xizmati;
“Elektromagnit moslashuv markazi” DUK;
“O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK;
“Respublika maxsus aloqa bog‘lamasi” DUK;
“O‘zbektelekom” AK;
“O‘zbekiston pochtasi” AJ;
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti;
Toshkent shahridagi Inha universiteti;
Toshkent shahridagi Amiti universiteti;
Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti;
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi AKT yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab;
“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ;
“UZINFOCOM davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” MCHJ;
“UNICON.UZ” Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” MCHJ;
“ALOQALOYINA” MCHJ;
“Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” MCHJ;
“Universal Mobile Systems” MCHJ;
“Xabar” gazetasi tahririyati” MCHJ;
“O‘zimpeksaloqa” MCHJ;
“ALSKOM” SK AJ;
yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan idoraviy mansub tashkilotlar”;
4-kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4) davlat boshqaruviga va iqtisodiyotning real sektoriga innovatsiyalarni joriy qilishga, raqamli iqtisodiyot rivojlantirish rag‘batlantirishni, shu jumladan, ishlab chiqarishda kompleks avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini joriy qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hisobidan ta’minlash”;
5-kichik band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari, telekommunikatsiyalar tarmoqlari va xizmatlarining sifat ko‘rsatkichlari va normativlarini, telekommunikatsiyalar texnologiyalari tizimlari va vositalarini yaratish hamda ta’minlash qoidalari hamda tartiblarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi”;
to‘rtinchi va beshinchi xatboshilardagi “telekommunikatsiya” so‘zi “telekommunikatsiyalar” so‘zi bilan almashtirilsin;
yettinchi va sakkizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
to‘qqizinchi — yigirma beshinchi xatboshilar tegishlicha yettinchi — yigirma uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;
o‘ninchi — o‘n ikkinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
o‘n uchinchi — yigirma uchinchi xatboshilar tegishlicha o‘ninchi — yigirmanchi xatboshilar deb hisoblansin;
birinchi xatboshidagi “, elektron tijoratning rivojlanishi” so‘zlari chiqarib tashlansin;
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
5-kichik band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
6-kichik bandning beshinchi — yettinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, kompyuter va dasturiy injiniring, telekommunikatsiyalar va televizion texnologiyalar, pochta aloqasi texnologiyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi menejment va iqtisodiyot kasblari, yo‘nalishlari va o‘qitish ixtisosliklari bo‘yicha Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining iqtidorli talabalari va o‘quvchilarini aniqlash va ular uchun Vazirlik stipendiyalarini tayinlash”;
9-kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9) ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiyalar va pochta aloqasi xizmatlarining yuqori sifatini ta’minlash maqsadida raqamli texnologiyalar sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishining davlat nazoratini amalga oshirish sohasida:
xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan radiochastotalar spektridan samarali foydalanish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning axborot tizimlarida, shuningdek, respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishda telekommunikatsiyalar tarmoqlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha texnik va texnologik talablar bajarilishining tahlili va nazorati o‘tkazilishini tashkil qilish;
O‘zbekiston Respublikasida radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni sotib olish (berish), loyihalashtirish va qurish (o‘rnatish), olib kirish va ekspluatatsiya qilish talabnomalarini ko‘rib chiqish va ruxsat berish;
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi yordamida pochta aloqasi operatorlari, provayderlari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishning ichki nazorat qoidalariga rioya qilishlarining monitoringini va nazoratini tashkil qilish”;
10-kichik bandning to‘rtinchi xatboshisidagi “respublikada axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari” so‘zlari “respublikada raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
3-kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3) O‘zbekiston Respublikasida raqamli texnologiyalar sohasini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tayyorlash va yuqori tashkilotlarga kiritish”;
4-kichik band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
6 va 7-kichik bandlardagi “boshqarmalari” so‘zi “bo‘linmalari” so‘zi bilan almashtirilsin;
8-kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“8) Vazirlik hududiy bo‘linmalari, tasarrufidagi tashkilotlar va korxonalar, shuningdek, telekommunikatsiyalar tarmoqlari operatorlari va provayderlarining faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish”;
4-kichik banddagi “axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari” so‘zlari “raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
9-kichik banddagi “boshqarmalar” so‘zi “bo‘linmalar” so‘zi bilan almashtirilsin;
27-kichik banddagi “axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini” so‘zlari “raqamli texnologiyalarni” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 29 — 31-kichik bandlar bilan to‘ldirilsin:
“29) O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish tizimini shakllantirish va uning samarali faoliyatini ta’minlash, mobil qurilmalarni ro‘yxatga olishni tartibga solish, telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash rejasi va tizimini boshqarish, mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamlarini ko‘chirish xizmatini tashkil etish hamda telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatish uchun litsenziyalar berish masalalarini Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi bilan muvofiqlashtiradi;
30) davlat boshqaruvi sohasiga zamonaviy telekommunikatsiyalar tarmoqlarini joriy etish, rivojlantirish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqadi;
31) telekommunikatsiyalar sohasidagi atamalar va ta’riflarni ishlab chiqadi, belgilaydi hamda tasdiqlaydi”;
3-paragraf nomi va 17-bandning birinchi xatboshisidagi “boshqarmalarining” so‘zi “bo‘linmalarining” so‘zi bilan almashtirilsin;
1-kichik band “telekommunikatsiyalar” so‘zidan keyin “sun’iy intellekt,” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
birinchi xatboshidagi “boshqarmalari” so‘zi “bo‘linmalari” so‘zi bilan almashtirilsin;
2-kichik banddagi “axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari” so‘zlari “raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
3 va 9-kichik bandlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
4-kichik banddagi “va rivojlantirish, axborot xavfsizligi” so‘zlari “, rivojlantirish va axborot xavfsizligini hamda kiberxavfsizligini ta’minlash” so‘zlari bilan almashtirilsin;
4-bobning nomidagi “boshqarmalarining” so‘zi “bo‘linmalarining” so‘zi bilan almashtirilsin;
21-kichik band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
23-kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“23) Vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida raqamli texnologiyalar sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, tashkilotlar, loyiha tashkilotlari, ilmiy-ta’lim muassasalarining, shuningdek, yetakchi xalqaro va chet el kompaniyalarining mutaxassislarini maslahatchilar sifatida jalb qilish”;
20-bandning 4 va 5-kichik bandlaridagi “axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari” so‘zlari “raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
1-kichik banddagi “boshqarmalaridan va uning tasarrufidagi tashkilotlardan, shuningdek, telekommunikatsiya” so‘zlari “bo‘linmalaridan va uning tasarrufidagi tashkilotlardan, shuningdek, telekommunikatsiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
2 va 4-kichik bandlardagi “boshqarmalari va uning tasarrufidagi tashkilotlar, telekommunikatsiya” so‘zlari “bo‘linmalari va uning tasarrufidagi tashkilotlar, telekommunikatsiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
3 va 5-kichik bandlardagi tegishli kelishikdagi “boshqarmalari” so‘zi “bo‘linmalari” so‘zi bilan almashtirilsin;
6-kichik banddagi “boshqarmalari va tasarrufidagi tashkilotlar, telekommunikatsiya” so‘zlari “bo‘linmalari va tasarrufidagi tashkilotlar, telekommunikatsiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
19-kichik band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
1-kichik banddagi “boshqarmalari” so‘zi “bo‘linmalari” so‘zi bilan almashtirilsin;
4-kichik banddagi “boshqarmalar tomonidan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish, shuningdek, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari” so‘zlari “bo‘linmalar tomonidan raqamli texnologiyalar sohasini rivojlantirish, shuningdek, raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
3-paragraf nomlanishidagi “boshqarmalarining” so‘zi “bo‘linmalarining” so‘zi bilan almashtirilsin;
birinchi va o‘n to‘rtinchi xatboshilardagi tegishli kelishikdagi “boshqarmalari” so‘zi tegishli kelishikdagi “bo‘linmalari” so‘zi bilan almashtirilsin;
4 va 5-kichik bandlardagi “axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari” so‘zlari “raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
birinchi xatboshidagi, 1 va 2-kichik bandlardagi tegishli kelishikdagi “boshqarmalari” so‘zi tegishli kelishikdagi “bo‘linmalari” so‘zi bilan almashtirilsin;
3-kichik banddagi “axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar” so‘zlari “raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
25-bandning 4, 9, 17, 21, 27-kichik bandlaridagi tegishli kelishikdagi “boshqarmalar” so‘zi tegishli kelishikdagi “bo‘linmalar” so‘zi bilan almashtirilsin;
26-bandning 10-kichik bandi hamda 27-bandning 11-kichik bandidagi “Devonining” so‘zi “Administratsiyasining” so‘zi bilan almashtirilsin;
27-bandning 3, 4 va 8-kichik bandlaridagi tegishli kelishikdagi “boshqarmalar” so‘zi tegishli kelishikdagi “bo‘linmalar” so‘zi bilan almashtirilsin;
28-bandning birinchi xatboshisi, 2, 3, 4, 7 — 12 va 14 — 16-kichik bandlari, 32-bandning birinchi xatboshisi, 1 va 2-kichik bandlari, 2-paragraf, 36, 37, 39-bandlar, 40-bandning birinchi xatboshisi, 1 — 7-kichik bandlari, 41-bandning birinchi xatboshisi, 42-band, 44-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari va 64-bandlardagi tegishli kelishikdagi “boshqarmalar” so‘zi tegishli kelishikdagi “bo‘linmalar” so‘zi bilan almashtirilsin;
34-banddagi “o‘rinbosari” so‘zi chiqarib tashlansin;
41-bandning 2-kichik bandidagi “axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari” so‘zlari “raqamli texnologiyalar” so‘zlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi 411 va 412-bandlar bilan to‘ldirilsin:
“411. Vazirlik markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari hamda tasarrufidagi tashkilotlarda manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi.
412. Vazirlik markaziy apparati, hududiy bo‘linmalari hamda tasarrufidagi tashkilotlarda manfaatlar to‘qnashuvi hamda korrupsiya holatlari aniqlanganda tegishli o‘rganishlar va xizmat tekshiruvlari o‘tkaziladi, zarur hollarda vakolatlariga kirmaydigan qoidabuzarliklar bo‘yicha materiallarni belgilangan tartibda tegishli vakolatli organlarga beradi”;
45-banddagi “IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamentiga” so‘zlari “Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari departamentiga” so‘zlari bilan almashtirilsin;
51-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“51. Hay’at raisi va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Vazir yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham Vazirlar Mahkamasiga yozma ravishda o‘z fikrini xabar qilishi mumkin”;
53 va 54-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“53. Vazirlik aloqa, raqamli texnologiyalar, telekommunikatsiyalar, pochta aloqasi, axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik, radiochastota spektridan foydalanish, “Elektron hukumat” tizimini joriy etish va rivojlantirish, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va Vazir tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar sohasida, Vazirlik faoliyati sohasiga kiradigan boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ekspert kengashlar va boshqa maslahat beruvchi organlarni tashkil qilish huquqiga ega.
54. Vazirlik huzurida tuziladigan kengash, maslahat va ekspert organlari tarkibi va ular to‘g‘risidagi nizomlar Vazir tomonidan tasdiqlanadi, ularning tarkibi va nizomlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tasdiqlanadigan hollar bundan mustasno”;
59-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“59. Vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari faoliyati, mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi va moddiy-texnik ta’minotni moliyalashtirish Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi, budjetdan tashqari fondlarning mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan smeta doirasida qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi”;
61-banddagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini” so‘zlari “Raqamli texnologiyalarni” so‘zlari bilan almashtirilsin;
62-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“62. Vazirlik markaziy apparati, hududiy bo‘linmalar va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlarini ijtimoiy himoyalash maqsadida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga”;
63-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“63. Vazirlikning idoraviy mansub xo‘jalik hisobidagi tashkilotlarining moddiy-texnik ta’minoti, shuningdek, ular xodimlarining mehnatiga haq to‘lash Vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari, Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari, mazkur tashkilotlarning o‘z mablag‘lari, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
“UNICON.UZ” — Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” MCHJ qoshida faoliyat yuritadigan Aloqa obyektlarining davlat kadastri xizmati, Standartlashtirish tayanch tashkiloti, Tayanch metrologiya xizmati, Atamashunoslik va lug‘atlar xizmati, Elektron raqamli imzo kalitlarini ro‘yxatdan o‘tkazish markazlarini rivojlantirishga ko‘maklashish xizmati, “UZINFOCOM” davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Yagona integrator” MCHJ qoshida faoliyat yuritadigan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portalini axborot bilan ta’minlash va rivojlantirish guruhlari, ZiyoNet tarmog‘ining resurs markazi hamda “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi huzuridagi “loyiha ofislari” Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi”;
66-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“66. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Vazirlik rahbariyatiga yuklangan vazifalar samarali bajarilishi bo‘yicha ular faoliyati ustidan muntazam monitoring yuritadi, Vazirlik faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi”.
4. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 22-oktabrdagi 847-son qarorining 2-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi — mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish va qo‘llash, ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish bo‘yicha vakolatli organ;
“O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi — Tizim operatori (keyingi o‘rinlarda Tizim operatori deb ataladi) etib;
Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasining mablag‘lari — Tizimni yaratish va joriy etish ishlarini moliyalashtirish manbai etib belgilansin”.
5. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga 15-ilovada:
a) 4-pozitsiyaning uchinchi ustuni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi.
Ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini hamda teleradioeshittirishlarni tarqatish tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatish faoliyatiga litsenziya olish, muddatini uzaytirish va litsenziyaga o‘zgartirish kiritish Vazirlar Mahkamasining Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasining qarori asosida litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi”;
b) 7-pozitsiyaning yigirma to‘rtinchi va yigirma beshinchi xatboshilari quyidagi mazmundagi yigirma to‘rtinchi — yigirma sakkizinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va barcha turdagi to‘lovlarning 11,25 foizi — Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘larning:
50 foizi — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga;
47,5 foizi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasiga;
2,5 foizi O‘zbekiston Respublikasi Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligining g‘aznachilik shaxsiy hisobraqamiga yo‘naltiriladi”;
v) 10-pozitsiyaning 3-ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ma’lumotlar uzatish tarmoqlarini va teleradioeshittirish tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularning xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatga litsenziyalar berish (amal qilish muddatini uzaytirish va litsenziyaga o‘zgartirish kiritish) Axborot faoliyati va ma’lumotlar uzatishni takomillashtirish va samaradorligini oshirish bo‘yicha idoralararo muvofiqlashtirish komissiyasi qarori asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi.
Zaruratga ko‘ra teleradiodasturlarni tayyorlashda va shakllantirishda O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarga mosligi yuzasidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi”.
6. Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-dekabrdagi 722-son qarori bilan tasdiqlangan Narxlari (tariflari) davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatli tovarlar (xizmatlar) va ularning strategik turlari ro‘yxatining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. O‘zbekiston Respublikasi televizion va radioeshittirish dasturlarini efir orqali uzatish xizmatlari, yo‘ldosh aloqa orqali qabul qilib efir orqali qayta uzatish xizmatlari, radioaloqa xizmatlari”.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.08.2025-y., 09/25/550/0790-son; 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)