Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining
buyrugʻi
Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 3-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3807]
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq buyuraman:
1. Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Transport vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Sport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizm qoʻmitasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita hamda Badiiy akademiya bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir K. SHARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 10-mart,
99-son
Kelishildi:
Sport vaziri A. IKRAMOV
2026-yil 5-mart
Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri B. ISLAMOV
2026-yil 12-fevral
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A. ABDUXAKIMOV
2026-yil 10-fevral
Tashqi ishlar vaziri B. SAIDOV
2026-yil 6-fevral
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi S. TOSHBOYEV
2026-yil 28-yanvar
Turizm qoʻmitasi raisi A. AQQULOV
2026-yil 28-yanvar
Badiiy akademiya raisi A. NURIDINOV
2026-yil 27-yanvar
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2026-yil 26-yanvar
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari O. PEKOS
2026-yil 8-yanvar
Transport vaziri I. MAXKAMOV
2025-yil 22-dekabr
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E. KARIMOVA
2025-yil 22-dekabr
Qishloq xoʻjaligi vaziri I. ABDURAXMONOV
2025-yil 19-dekabr
Madaniyat vaziri O. NAZARBEKOV
2025-yil 18-dekabr
Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 10-martdagi 99-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom oliy taʼlim jarayoni va tizimini tashkil etish, uning moliyaviy, mulkiy hamda xalqaro hamkorlik munosabatlarini, Oʻzbekiston Respublikasi milliy malakalar ramkasining 6 va 7-malaka darajalariga muvofiq oliy taʼlim tashkilotlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni, shuningdek oliy taʼlim tashkilotlari talabalari va xodimlarining huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Ushbu Nizom oliy harbiy hamda harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
Mazkur Nizom Oʻzbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari hamda ularning filiallariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq qoʻllaniladi.
Ushbu Nizom qoidalari nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan tavsiyaviy xarakterga ega.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
oliy taʼlim — bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlashni taʼminlovchi taʼlim turi;
bakalavriat — oliy taʼlim yoʻnalishlaridan biri boʻyicha chuqurlashtirilgan bilim, malaka va koʻnikmalar beradigan, oʻqish davomiyligi kamida uch yil boʻlgan tayanch oliy taʼlim bosqichi;
magistratura — tegishli bakalavriat negizidagi aniq mutaxassislik boʻyicha oʻqish davomiyligi kamida bir yil boʻlgan oliy taʼlim bosqichi;
bakalavr — bakalavriatning muayyan taʼlim yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotini muvaffaqiyatli bitirgan shaxsga beriladigan akademik daraja;
magistr — magistraturaning muayyan mutaxassisligi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotini muvaffaqiyatli bitirgan shaxsga beriladigan akademik daraja;
diplomli mutaxassis — oliy taʼlim tashkilotlarida 1997-yilgacha joriy etilgan mutaxassislik dasturlari boʻyicha olingan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomga ega boʻlgan shaxslar;
oliy taʼlim tashkiloti — oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari va taʼlim dasturlariga muvofiq muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq taʼlim beruvchi yuridik shaxs;
oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari — davlat tomonidan oliy taʼlimning mazmuni va sifatiga nisbatan talablarni belgilovchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (bundan buyon matnda vazirlik deb yuritiladi) tomonidan tasdiqlanadigan Oʻz DSt 3556:2021 “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Asosiy qoidalar” (hisob raqami 43, 2021-yil 27-oktabr) va Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatori (roʻyxat raqami 3781, 2026-yil 28-fevral);
oliy maʼlumot haqida davlat namunasidagi hujjat (diplom) — oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida kadrlar tayyorlovchi, davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan (litsenziyaga ega) oliy taʼlim tashkiloti bitiruvchisiga beriladigan, uning bakalavr yoki magistr akademik darajasini tasdiqlovchi, unga uzluksiz taʼlimning keyingi bosqichida oʻqishni davom ettirish yoki olgan akademik darajasiga muvofiq ishlash huquqini beruvchi davlat namunasidagi hujjat;
malaka talablari — oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat yoki magistratura bitiruvchisining kasbiy faoliyat sohasi, obyektlari va turlarini, kasbiy kompetensiyalariga qoʻyiladigan talablarni, ixtisosligini (kvalifikatsiyasini), shuningdek, mazkur kompetensiyalarni shakllanishiga xizmat qiladigan majburiy oʻquv fanlari katalogini belgilaydigan, vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan meʼyoriy-uslubiy hujjat;
oʻquv reja — oliy taʼlimning muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi yoki magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻquv faoliyati turlari, oʻquv fanlari va kurslarining tarkibi, ularni oʻrganishning izchilligi, soatlar va kreditlardagi hajmini taʼlim davrining toʻliq muddati uchun belgilaydigan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tasdiqlanadigan meʼyoriy-uslubiy hujjat;
oʻquv fani — muayyan taʼlim yoʻnalishi va mutaxassislik boʻyicha oʻzlashtirilishi belgilangan oʻquv rejasining tarkibiy qismi va taʼlimning mazmuni boʻlib, talaba egallashi zarur boʻlgan bilim, koʻnikma va kompetensiyalarni oʻzida mujassam etgan tizimlashtirilgan ilmiy-uslubiy majmua;
oʻquv dasturi — taʼlim mazmunini belgilovchi oʻquv fanining asosiy mavzulari, mazmuni, oʻzlashtirilishining eng maqbul usullari, mashgʻulotlar turlari va axborot manbalari koʻrsatilgan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tasdiqlanadigan meʼyoriy-uslubiy hujjat;
oʻquv yuklamasi — oʻquv dasturlarini oʻzlashtirish uchun zarur boʻlgan akademik soatlar (kreditlar) hajmi;
talaba — oliy taʼlim tashkiloti bakalavriati yoki magistraturasiga belgilangan tartibda qabul qilinib, taʼlim olayotgan shaxs.
2. Oliy taʼlim bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanishini taʼminlaydi.
3. Oliy taʼlimning bakalavriat bosqichi umumiy oʻrta (oʻn bir yillik taʼlim), oʻrta maxsus (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik oʻrta maxsus taʼlim), boshlangʻich kasbiy taʼlim (toʻqqiz yillik tayanch oʻrta va ikki yillik boshlangʻich kasbiy taʼlim) hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kirguniga qadar oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi (toʻqqiz yillik umumiy oʻrta va uch yillik oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi) negizida amalga oshiriladi.
Oliy taʼlimning magistratura bosqichi tegishli bakalavriat negizida amalga oshiriladi.
2-bob. Oliy taʼlimning maqsadi va vazifalari
4. Mamlakatning istiqbolini inobatga olgan holda yuqori malakali, raqobatbardosh, yuksak bilimli, ilm-fan taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshadigan, mustaqil fikrlay oladigan, vatanparvarlik hissiga ega boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash oliy taʼlimning asosiy maqsadi hisoblanadi.
5. Quyidagilar oliy taʼlim sohasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari va xalqaro standartlar asosida yuqori malakali, mustaqil, kreativ va tahliliy fikrlay oladigan kadrlar tayyorlash, ularning intellektual qobiliyatlarini namoyon etishi va maʼnaviy barkamol shaxs sifatida shakllanishi uchun zarur shart-sharoit yaratish;
sohada sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, taʼlim xizmatlari va oliy taʼlim olish imkoniyatlarini, shuningdek oliy taʼlim qamrovini mehnat bozori ehtiyojlari va jamiyat talab-istaklari asosida kengaytirib borish;
oliy taʼlim tashkilotlarining akademik, tashkiliy-boshqaruv va moliyaviy mustaqilligini taʼminlash;
oliy taʼlimning xalqaro raqobatbardoshligini taʼminlash, taʼlim jarayoniga xalqaro standartlar, raqamli va axborot texnologiyalari, ilgʻor zamonaviy usullar va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish orqali taʼlim sifatini oshirish;
oʻzaro foydali xalqaro hamkorlikni amalga oshirish, xalqaro ilmiy va akademik loyihalar, qoʻshma taʼlim dasturlari, professor-oʻqituvchilar va talabalarning almashuvi va tajriba orttirishini joriy etish;
oliy taʼlim davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlariga muvofiq bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura taʼlim jarayonini amalga oshirish, taʼlim sifatini yaxshilab borish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash jarayoniga kadrlar buyurtmachilarini keng jalb qilish;
oliy taʼlim tashkilotlarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini taʼminlash, talabalarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash;
oliy taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash hamda oliy taʼlim tizimining innovatsion va investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
professor-oʻqituvchilar va talabalarning fan, texnika, texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-ijodiy faoliyati va tadqiqotlari uchun sharoit yaratish, ularning ijtimoiy himoyasini taʼminlash hamda ushbu faoliyat jarayonida samarali yutuqlarga erishishini ragʻbatlantirish;
oliy taʼlim tashkilotlarini tizimli rivojlantirish, boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, moddiy-texnik taʼminotini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, shaffoflikni taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish.
3-bob. Oliy taʼlim tizimining tuzilishi
6. Oliy taʼlim tizimi quyidagilardan iborat:
oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, oʻquv rejalari, oʻquv dasturlari va ularni amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkilotlari;
oliy taʼlim tizimining faoliyat koʻrsatishi va rivojlanishini taʼminlash uchun zarur boʻlgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik tashkilotlar;
taʼlim sifatini baholashni amalga oshiruvchi tashkilotlar;
oliy taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi, shuningdek uning tasarrufidagi tashkilotlar.
7. Oliy maʼlumot haqida davlat namunasidagi hujjat (diplom) beruvchi oliy taʼlim tashkilotlarida bakalavr va magistrlarni tayyorlash oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlari asosida amalga oshiriladi.
8. Oliy taʼlim tashkilotlarining quyidagi turlari mavjud:
universitet;
institut;
akademiya;
konservatoriya;
oliy maktab;
filial;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq maqomi (statusi) ularga tenglashtirilgan boshqa oliy taʼlim tashkilotlari.
9. Oliy taʼlim tashkilotlarining turlari quyidagicha belgilanadi:
universitet — oliy taʼlimning kamida uchta taʼlim sohasida hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan yuqori darajada shugʻullanuvchi yirik oliy taʼlim tashkiloti;
institut — oliy taʼlimning kamida ikkita taʼlim sohasida hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanuvchi oliy taʼlim tashkiloti;
akademiya — oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning muayyan yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda muayyan yoʻnalish boʻyicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;
konservatoriya — musiqa sanʼati sohasi boʻyicha oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni, ushbu soha boʻyicha kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;
oliy maktab — taʼlimning muayyan yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha amaliy mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;
filial — oliy taʼlimning ehtiyoj yuqori boʻlgan yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkilotining hududlarda tashkil etilgan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi.
10. Oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash yoʻnalishlari va taʼlim berish shakllari boʻyicha fakultetlar, registrator ofislari, filiallar, kafedralar, oʻquv, oʻquv va ilmiy laboratoriyalar, ilmiy tashkilotlar, IT-klaster (axborot texnologiyalar parki, texnopark) va boshqa tarkibiy boʻlinmalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
11. Oliy taʼlim tashkilotlarida oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablarining bajarilishi hamda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sifatini nazorat qilish vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Bakalavriat va magistratura
12. Bakalavriat taʼlim bosqichi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqitish kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy, dual va qonunchilikda belgilangan boshqa taʼlim shakllarida amalga oshiriladi.
13. Bakalavriat taʼlim bosqichida oʻqish kamida uch yil davom etadi. Bakalavriatda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqish muddati kunduzgi taʼlim shakliga nisbatan sirtqi taʼlim shaklida kamida bir oʻquv yili, kechki taʼlim shaklida kamida yarim oʻquv yili muddatiga uzaytiriladi.
14. Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat va magistratura bitiruvchilariga davlat attestatsiyasi natijalariga koʻra tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va ixtisoslik (kvalifikatsiya) yoki magistratura mutaxassisligi va ixtisoslik (kvalifikatsiya) boʻyicha oliy maʼlumot haqida davlat namunasidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi beriladi.
15. Bakalavrlar va magistrlarni tayyorlashga qoʻyiladigan talablar oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisligi boʻyicha malaka talablarida belgilanadi.
16. Oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisligining oʻquv reja va oʻquv dasturlari mazmuniga qoʻyiladigan umumiy talablar va ularni ishlab chiqish, malaka talablarining asosiy qoidalari va ularni ishlab chiqish tartibi, oʻquv yuklamasining hajmi, kadrlar tayyorlash sifatini baholash Oʻz DSt 3556:2021 “Oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti. Asosiy qoidalar” (hisob raqami 43, 2021-yil 27-oktabr) asosida belgilanadi.
Oliy taʼlimning bilim sohalari, taʼlim sohalari hamda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari Oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari. Oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorida (roʻyxat raqami 3781, 2026-yil 28-fevral) belgilanadi.
17. Bakalavr va magistrning kasbiy faoliyat sohasi, kasbiy faoliyat sohasining obyektlari va turlari, kasbiy vazifa va kompetensiyalariga qoʻyiladigan talablar, ixtisosligi (kvalifikatsiyasi), shuningdek mazkur kompetensiyalarni shakllanishiga xizmat qiladigan majburiy oʻquv fanlari katalogi har bir bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va magistratura mutaxassisligi boʻyicha ishlab chiqiladigan malaka talablarida belgilanadi.
18. Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassislarining malaka talablari bevosita kadrlar buyurtmachilari va ish beruvchi tashkilotlarning talab va takliflari asosida hamda ular bilan hamkorlikda oliy taʼlim tashkilotlari (oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim sohalari boʻyicha uyushmalari) tomonidan ishlab chiqiladi.
Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassislarining malaka talablari asosida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻquv reja va oʻquv dasturlari (sillabuslari) ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
19. Bakalavr:
oliy maʼlumotli shaxs egallashi lozim boʻlgan lavozimlarda ishlash;
bakalavriatning mos va turdosh taʼlim yoʻnalishi negizidagi tanlagan mutaxassisligi boʻyicha magistraturada oliy taʼlimni davom ettirish;
kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida qoʻshimcha kasbiy bilimlarni olish uchun tayyorlanadi.
20. Oliy taʼlimning muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi (magistratura mutaxassisligi) boʻyicha malaka talabi, oʻquv rejasi, oʻquv dasturlari (sillabuslari) hamda tegishli uslubiy koʻrsatmalardan iborat meʼyoriy-uslubiy hujjatlar majmuasi ushbu taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi)ning taʼlim dasturi deb yuritiladi.
21. Magistratura va magistrlar tayyorlashning asosiy qoidalari, tartibi va talablari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 2-martdagi 36-son qarori bilan tasdiqlangan Magistratura toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.
5-bob. Taʼlim jarayonini tashkil etish
22. Oliy maʼlumot haqida davlat namunasidagi hujjat (diplom) beruvchi oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim jarayoni oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari, tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari, oʻquv reja va oʻquv dasturlariga muvofiq tashkil etiladi.
23. Oliy taʼlim tashkilotlarida oʻquv mashgʻulotlarining maʼruza, seminar, amaliy mashgʻulot, laboratoriya ishi, kollokvium, kurs ishi (loyihasi), yakka tartibdagi oʻquv mashgʻuloti, maslahat, mustaqil taʼlim, mustaqil ish, oʻquv dala amaliyoti, malakaviy amaliyot, tajriba orttirish (stajirovka), bakalavriat talabalari uchun bitiruv malakaviy ishi, diplom loyihasi, magistrantlar uchun magistrlik dissertatsiyasi va boshqa turlari joriy qilinadi.
24. Oʻquv jarayoni Kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa tizimiga (European Credit Transfer and Accumulation System — ECTS) asoslangan milliy kredit-modul tizimiga muvofiq amalga oshiriladi.
Kredit-modul tizimini taʼlim jarayoniga tatbiq etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi 824-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoniga kredit-modul tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom hamda oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatining qarorlariga muvofiq oliy taʼlim tashkilotlarining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda oʻquv jarayoni kredit-modul tizimidan boshqa tizim asosida amalga oshirilishi mumkin.
25. Oliy taʼlim tashkilotlarida oʻquv yili, odatda, talabalar oʻzlashtirishini nazorat qilish uchun oʻtkaziladigan yakuniy baholash bilan tugaydigan ikki semestrga boʻlinadi.
Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 3069, 2018-yil 26-sentabr) asosida amalga oshiriladi.
26. Malakaviy amaliyotlarning barcha turlari davlat oliy taʼlim tashkilotlarida, oliy taʼlim tashkiloti va amaliyot oʻtilishi moʻljallangan tashkilot oʻrtasidagi ikki tomonlama shartnoma asosida, oʻquv rejalar va qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻtkaziladi.
27. Oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv reja va oʻquv dasturlarini oʻzlashtirish natijalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 13-dekabrdagi 836-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan baholanadi.
28. Jismoniy shaxslar shartnoma asosida ikkinchi va undan keyingi oliy maʼlumotni olish huquqiga ega.
29. Oliy taʼlimning fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi quyidagi usullar orqali amalga oshiriladi:
oʻquv-ilmiy-ishlab chiqarish komplekslarini yaratish;
yetakchi olim va ishlab chiqarish mutaxassislarini oʻquv jarayoni va ilmiy tadqiqotlarga jalb etish;
amaldagi qonunchilikka muvofiq, ilmiy tashkilotlarda, korxona va muassasalarda oliy taʼlim tashkilotlari markazlari, laboratoriyalari va kafedralari filiallarini yaratish.
6-bob. Oliy taʼlim tashkiloti talabalari
30. Talabaga talabalik guvohnomasi (ID kart) berilishi mumkin.
31. Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalarni oʻqitish faoliyati Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi yordamida tartibga solinadi va monitoring qilinadi.
32. Oliy taʼlim tashkilotlarining talabalari quyidagi huquqlarga ega:
oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlariga muvofiq yuqori sifatli oliy taʼlim olish;
fan, texnika va zamonaviy texnologiyalar rivojlanishining ayni vaqtdagi rivojlanish darajasiga muvofiq bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari oʻquv reja va oʻquv dasturlarini yanada takomillashtirish yuzasidan oliy taʼlim tashkiloti rahbariyatiga taklif berish;
oliy taʼlim tashkilotlari faoliyati boʻyicha taʼlim jarayoniga oid muhokamalarda ishtirok etish;
kutubxona, axborot resurslari, oʻquv, ilmiy, davolash va boshqa boʻlinmalar xizmatidan oliy taʼlim tashkiloti nizomida belgilangan tartibda bepul foydalanish;
ilmiy-tadqiqot va ilmiy-ijodiy ishlarda, anjumanlarda, simpoziumlarda, xalqaro va respublika koʻrgazmalarida, festivallarda ishtirok etish;
ilmiy-tadqiqot yoʻnalishlari boʻyicha tayyorlagan ishlarni nashrga taqdim etish;
oliy taʼlim tashkiloti rahbariyati qarorlaridan norozi boʻlgan taqdirda, belgilangan tartibda shikoyat qilish;
Talabalar qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
33. Oliy taʼlim tashkilotining oʻquv boʻlinmalarida harbiy tayyorgarlik taʼlimidan oʻtmagan talabalar taʼlim muassasasini tamomlaganlaridan keyin Oʻzbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun chaqiriladilar.
34. Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalarni taʼlim olish bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.
35. Talabalar taʼlim dasturlarida belgilangan bilimlarni olishlari, oʻquv rejada tavsiya etilgan majburiy hamda tanlov fanlarini oʻzlashtirishi, oʻquv rejasida nazarda tutilgan barcha turdagi mashgʻulotlarda berilgan topshiriqlarni belgilangan muddatda bajarishlari, oliy taʼlim tashkilotining nizomiga, ichki tartib qoidalari va talabalar turar joyi talablariga rioya qilishlari shart.
36. Kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan stipendiya toʻlanadi.
37. Talabalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 13-oktabrdagi 226-son “Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarini olishlari mumkin.
38. Kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalar oʻquv mashgʻulotlaridan boʻsh vaqtlarida, oʻqish jarayoniga zarar yetkazmagan holda, mehnat qonunchiligiga muvofiq va unda belgilangan meʼyorlardan oshmagan hajmda mehnat shartnomasi asosida oliy taʼlim tashkilotining oʻzida yoki boshqa korxona va tashkilotlarda ishlashi mumkin.
39. Taʼlim jarayonida talabalarga akademik taʼtil berilishi mumkin. Akademik taʼtil berish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 344-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari talabalariga akademik taʼtil berish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
40. Taʼlim dasturida belgilangan fanlarni oʻzlashtira olmagan talabalar akademik qarzdor hisoblanadi va akademik qarzlarni bartaraf etish jarayoni bilan bogʻliq masalalar qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
41. Boshqa shaharlardan kelgan va turar joyga muhtoj talabalarga talabalar turar joyidan belgilangan tartibda muayyan muddatga oliy taʼlim tashkiloti imkoniyatlaridan kelib chiqib joy berilishi mumkin.
Talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan va oʻziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli boʻlmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalarining 60 foiziga ular tomonidan toʻlanadigan oylik ijara toʻlovining 50 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan mazkur tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan ijara huquqi asosida yashaydigan boshqa talabalarga ham oylik ijara toʻlovining bir qismi qoplab berilishi mumkin.
Talabalar turar joylaridan qonunchilikda belgilanmagan boshqa maqsadlarda (ijaraga berish, oldi-sotdi, hadya va boshqalar) foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
42. Oliy taʼlim tashkilotlarining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq qoidalariga muvofiq talabalar:
a) 18 soat dars qoldirgan taqdirda (salomatligi sababli belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilgan holat bundan mustasno) oliy taʼlim tashkiloti tomonidan ogohlantiriladi;
b) 30 soat dars qoldirgan taqdirda (salomatligi sababli belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma taqdim etilgan holat bundan mustasno) oliy taʼlim tashkiloti tomonidan qatʼiy ogohlantiriladi va bu haqda ota-onasi (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar) xabardor qilinadi.
43. Oliy taʼlim tashkiloti talabalari safidan chetlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tashkilotlari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
7-bob. Oliy taʼlim tashkiloti xodimlari
44. Oliy taʼlim tashkilotlarida Oliy taʼlim muassasalari boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarining namunaviy shtatlariga muvofiq (roʻyxat raqami 2859, 2017-yil 21-fevral) pedagog xodimlar, boshqaruv, texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlar faoliyat olib boradi.
Pedagog xodimlar tarkibiga kafedra mudiri, professor, dotsent, katta oʻqituvchi, assistent, oʻqituvchi, oʻqituvchi-stajyor lavozimida ishlayotgan shaxslar kiradi.
Pedagog xodimning maqomi va pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga oid cheklovlar Oʻzbekiston Respublikasining “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan belgilanadi.
45. Oliy taʼlim tashkiloti professor-oʻqituvchilari tarkibining soni mos ravishda bakalavriat va magistraturada Oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim sohalari (taʼlim yoʻnalishlari) boʻyicha bir nafar oʻqituvchi hisobiga toʻgʻri keladigan talabalar soni nisbatining normativlariga (roʻyxat raqami 3345, 2022-yil 24-yanvar) muvofiq boʻlishi lozim.
46. Professor-oʻqituvchilarning egallab turgan lavozimiga koʻra oʻquv yuklamasi hajmi fakultet dekanining (kafedra mudirlari) takliflariga muvofiq kelgusi oʻquv yili boshlanguniga qadar oliy taʼlim tashkiloti Kengashi tomonidan koʻrib chiqiladi hamda yagona taqsimot shaklida tasdiqlanadi.
47. Oliy taʼlim tashkiloti professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamasi hamda oʻquv, oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, “ustoz-shogird” va boshqa ish turlarini belgilash Oliy taʼlim muassasasi professor-oʻqituvchilar tarkibining oʻquv yuklamasi hamda oʻquv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va “ustoz-shogird” ishlarini belgilash qoidalariga (roʻyxat raqami 3076, 2018-yil 8-oktabr) muvofiq belgilanadi.
Professor-oʻqituvchilarning oʻquv yuklamasi hajmini belgilashda, shuningdek, ularning ilmiy darajasi va ilmiy unvoni ham inobatga olinishi mumkin.
48. Oliy taʼlim tashkilotlariga pedagog xodimlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevraldagi 20-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan ishga qabul qilinadi.
49. Oliy taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining lavozimlariga qoʻyiladigan malaka ramkalari va kasbiy standartlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PQ-345-son “Oʻzbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan belgilanadi.
50. Oliy taʼlim tashkilotlarining pedagog xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va miqdorlarda mehnat haqi, ustama va moddiy ragʻbatlantirish toʻlovlarini olish;
zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, oʻqitish va tarbiya vositalarini hamda usullarini erkin tanlash va ulardan foydalanish;
belgilangan tartibda mualliflik dasturlarini va oʻqitish uslubiyotini ishlab chiqish va joriy etish, ijodiy faollik koʻrsatish, shuningdek tegishli oʻquv fanlari, kurslari va modullaridan foydalanish;
kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;
oʻquv, ilmiy va uslubiy yoʻnalishlardagi davlat axborot-resurs hamda axborot-kutubxona markazlarining xizmatlaridan bepul foydalanish;
oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlarini, malaka talablarini, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etish;
ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyatni amalga oshirish, tajriba-sinov faoliyatida ishtirok etish, innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy va mehnat taʼtili olish;
taʼlim tashkilotini boshqarishda, shuningdek taʼlim tashkilotining faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
oʻz kasbiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish uchun pedagoglarning jamoat birlashmalariga birlashish va ularda ishtirok etish;
oʻz kasbiy faoliyatiga gʻayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish;
pedagogik faoliyati davomida oʻziga biriktirilgan kursdagi (guruhdagi) taʼlim oluvchilarning bilimini mustaqil baholash;
talabalar va ularning ota-onalari (ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar, qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy koʻrikdan bepul oʻtish (davlat taʼlim tashkilotlari uchun);
oliy taʼlim oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etish;
oliy taʼlim tashkiloti rahbariyatining buyruqlari va qarorlaridan norozi boʻlganda qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat qilish.
Pedagog xodimlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
51. Oliy taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi;
oʻquv mashgʻulotlarini oʻquv dasturlari va davlat taʼlim standartlariga muvofiq sifatli oʻtkazishi;
oʻquv mashgʻulotlari davomida taʼlim oluvchilarning bilim darajasini oshirish uchun zarur choralar koʻrishi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, oʻqitish va tarbiyaning ilgʻor hamda innovatsion shakllari va usullaridan foydalanishi;
dars berayotgan fanlari orqali talabalarda tanlagan yoʻnalish (mutaxassisligi) boʻyicha tegishli kompetensiyalarni shakllantirishi;
taʼlim oluvchilarning psixologik va oʻziga xos xususiyatlarini, jismoniy va ruhiy salomatligini, fiziologik rivojlanishini hisobga olishi, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan shaxslarni oʻqitish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga eʼtibor qaratishi va ularni kamsitmasligi;
oʻz malakasini muntazam ravishda oshirib borishi, egallab turgan lavozimiga muvofiqlik jihatidan davriy attestatsiyadan oʻtishi;
oliy taʼlim tashkilotining ustaviga va (yoki) boshqa taʼsis hujjatlariga, ichki mehnat tartibi qoidalariga va pedagogik etika qoidalariga rioya etishi;
oʻquv va ilmiy-tadqiqot jarayonlarining yuqori samaradorligini taʼminlashi;
talabalarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlikni va ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirishi;
majburiy tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtishi shart.
Pedagog xodimlarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham berilishi mumkin.
52. Oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-sentabrdagi 797-son “Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
53. Oliy taʼlim tashkilotlari pedagog xodimlari oliy taʼlimdan keyingi taʼlim faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin.
Oliy taʼlim tashkilotlarida oliy taʼlimdan keyingi taʼlim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-maydagi 304-son “Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshiriladi.
Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutiga kirish, ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish sohasida diplomli mutaxassis diplomi magistr diplomi bilan teng huquqli hisoblanadi.
8-bob. Oliy taʼlim tizimini boshqarish
54. Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim tashkilotining boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirlik, tasarrufida oliy taʼlim tashkilotlari boʻlgan vazirliklar va idoralar tomonidan qonunchilik hujjatlari asosida ularga berilgan vakolatlar doirasida amalga oshiriladi.
55. Davlat oliy taʼlim tashkiloti Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampiga, blankalariga va qonunchilik hujjatlariga muvofiq oʻzining faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa xizmat belgilari va rekvizitlarga ega boʻladi.
56. Oliy taʼlim tashkilotlarining bevosita boshqaruvi uning rektori (direktori) tomonidan amalga oshiriladi.
57. Davlat va davlat ulushi mavjud boʻlgan oliy taʼlim tashkilotining rektori (xorijiy oliy taʼlim tashkiloti filialining mahalliy rektori yoki direktori, ijrochi direktori) boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idora rahbarining tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
58. Oliy taʼlim tashkilotining faoliyati uchun rektor (direktor) masʼul hisoblanadi.
59. Rektor (direktor) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari va oliy taʼlim tashkilotining ustaviga muvofiq oliy taʼlim tashkiloti nomidan faoliyat yuritadi, belgilangan tartibda mol-mulkka egalik qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalarni taqdim etadi.
60. Oliy taʼlim tashkiloti vakolatlari doirasida rektor (direktor):
prorektorlar (direktor oʻrinbosarlari), dekanlar va boshqa tarkibiy boʻlinmalarning aniq vazifalari, majburiyatlari va masʼuliyatini belgilab beradi;
oliy taʼlim tashkiloti xodim, professor-oʻqituvchilar va talabalar bajarishi majburiy boʻlgan buyruq va topshiriqlar chiqaradi;
ishchi va xizmatchilar hamda pedagogik xodimlarni Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi;
oliy taʼlim tashkiloti tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot, tajribaviy-eksperimental va boshqa tashkilotlar hamda boʻlimlarning vakolatlarini aniqlab beradi va ular toʻgʻrisidagi nizom (yoʻriqnoma)larni tasdiqlaydi;
oliy taʼlim tashkiloti xodimlari lavozim maoshlariga ustama va boshqa qoʻshimcha toʻlovlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda belgilab beradi;
kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki boshqa davlat vakolatli organi bilan kelishilgan holda ichki tartib-qoidalarini tasdiqlaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni bajaradi.
61. Rektor (direktor) oliy taʼlimni boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda, oliy taʼlim tashkiloti Kengashining tavsiyasiga koʻra fakultetlar, kafedralar va boshqa tarkibiy boʻlinmalarni tashkil etish va tugatish huquqiga ega (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim tashkilotlari bundan mustasno).
62. Oliy taʼlim tashkiloti faoliyatining asosiy masalalarini koʻrib chiqish uchun oliy taʼlim tashkiloti Kengashi tashkil qilinadi.
Oliy taʼlim tashkiloti Kengashning tarkibi, vakolatlari, shakllantirish tartibi va faoliyati oliy taʼlim tashkiloti rektori tomonidan belgilanadi.
63. Davlat va davlat ulushi mavjud boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlarining prorektorlari (mahalliy oliy taʼlim tashkilotlarining filiali direktori, uning oʻrinbosarlari, xorijiy oliy taʼlim tashkiloti direktori oʻrinbosarlari) oliy taʼlim tashkiloti rektorining tavsiyasiga asosan boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idora rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, bunda kelishuv masalalari qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
64. Davlat oliy taʼlim tashkilotlarining fakultet dekanlari hamda boʻlim boshliqlari oliy taʼlim tashkilotining rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
65. Oliy taʼlim tashkilotida jamoatchilik boshqaruv organi sifatida Vasiylik (Kuzatuv) kengashi tashkil qilinishi mumkin. Qoida tariqasida, uning tarkibiga taʼsischi(lar), mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, vazirlik va idoralar, muassasa va tashkilotlar, ish beruvchilar, sanoat hamkorlari, boshqa taʼlim tashkilotlari, jamoat tashkilotlari, jamgʻarmalar va homiylarning vakillari kiradi.
(65-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2026-yil 4-avgustdagi 25-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3916, 04.08.2026-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
66. Oliy taʼlim tashkiloti oʻz huzuridagi akademik litseylar hamda ixtisoslashgan maktablarning faoliyatiga oʻquv-uslubiy koʻmak koʻrsatadi.
67. Amaldagi qonunchilik va oliy taʼlim tashkiloti ustaviga muvofiq unda jamoat tashkilotlari, ilmiy va koʻngilli jamiyatlar, ilmiy darajalar beruvchi ilmiy, ilmiy-uslubiy, ilmiy-texnik kengashlar tashkil qilinishi mumkin.
68. Oliy taʼlim tashkilotlarining tuzilmalari tegishli oliy taʼlim tashkilotlarining rektorlari (mahalliy oliy taʼlim tashkilotlari filiallarining direktorlari) tomonidan oliy taʼlim tashkilotlari uchun belgilangan normativlarga muvofiq boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy taʼlim tashkilotlari bundan mustasno).
9-bob. Oliy taʼlim tashkilotining mulki
69. Oliy taʼlim tashkiloti jamgʻarmalar va aylanma mablagʻlar, shuningdek uning ustavida belgilangan faoliyatni taʼminlash uchun zarur boʻlgan boshqa moddiy resurslarga ega boʻlishi mumkin.
70. Oliy taʼlim tashkiloti homiylik, begʻaraz yordam shaklida unga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan oʻtkazilgan pul mablagʻlari va mulkni, shuningdek qonunchilik hujjatlariga muvofiq, xalqaro va moliyaviy tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakolatxonalari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar doirasida begʻaraz berilgan mol-mulk hamda tadbirkorlik faoliyatidan olingan foyda va xoʻjalik hisobidagi mulkdan foydalanishdan tushgan daromadlarni olish va mustaqil tasarruf qilish huquqiga ega.
71. Oliy taʼlim tashkilotining mulklaridan foydalanish tartibi, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotining daromadlarini olish va undan foydalanish tartibi uning ustavida belgilanadi.
72. Oliy taʼlim tashkiloti uning faoliyati natijasi hisoblanuvchi intellektual va ijodiy mehnat mahsuliga egalik qilish huquqiga ega.
73. Davlat oliy taʼlim tashkilotiga belgilangan tartibda ajratilgan yer maydonlari doimiy bepul foydalanish uchun unga biriktirib qoʻyiladi.
10-bob. Mablagʻ ajratish, hisob-kitob va hisobot berish
74. Oliy taʼlim tashkilotlariga mablagʻ ajratish mutaxassislar tayyorlashga ajratiladigan davlat grantlariga muvofiq respublika budjeti mablagʻlari, shuningdek amaldagi qonunchilik hujjatlari va mazkur Nizomga muvofiq jalb qilingan budjetdan tashqari manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Korxona, tashkilot va fuqarolardan shartnoma asosida olingan mablagʻlardan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga va shartnoma shartlarida nazarda tutilgan maqsadlarga muvofiq foydalaniladi.
75. Oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻtkazilayotgan ilmiy tadqiqotlar mazkur maqsadlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarori bilan tasdiqlangan Ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi toʻgʻrisidagi nizomga asosan ajratilgan Oʻzbekiston Respublikasi budjeti mablagʻlari, buyurtmachilar mablagʻlari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
76. Oliy taʼlim tashkiloti qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda budjet hisobini yuritadi va moliyaviy hisobotlarini tuzadi, statistik va buxgalteriya hisobini olib boradi.
77. Oliy taʼlim tashkilotida budjet va moliyaviy intizom ustidan nazorat budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11-bob. Xalqaro hamkorlik va qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash
78. Oliy taʼlim tashkiloti oliy taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikni xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tuzgan ikki va koʻp tomonlama shartnomalar doirasida quyidagi yoʻllar orqali amalga oshiradi:
talabalar, tayanch doktorantlar, doktorantlar, pedagogik va ilmiy xodimlarni ikki va koʻp tomonlama almashuv dasturlarida ishtirok etish;
qoʻshma fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar, tajriba-konstruktorlik ishlar olib borish, kongresslar, anjumanlar, simpoziumlar va boshqa tadbirlar oʻtkazish;
oliy taʼlimni takomillashtirish boʻyicha xalqaro dasturlarda ishtirok etish;
xalqaro reytingi yuqori boʻlgan, nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlari asosida integratsiyalashtirilgan taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash jarayonini yoʻlga qoʻyish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq qoʻshma oliy taʼlim tashkilotlarini yaratish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-iyuldagi 421-son “Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy hamkor oliy taʼlim tashkilotlarining qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan qoʻshma taʼlim dasturlari asosida taʼlim jarayonini amalga oshirish;
xorijiy tashkilot va korxonalar, oliy taʼlim tashkilotlari bilan ilmiy-ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish.
79. Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasida oʻqitish, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy mamlakatlarda pedagogik va ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishi davlatlararo, idoralararo, shuningdek xorijiy yuridik shaxslar bilan oliy taʼlim tashkiloti tomonidan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
12-bob. Yakuniy qoidalar
80. Oliy taʼlim tashkiloti qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tugatiladi va qayta tashkil etiladi.
81. Oliy taʼlim tashkiloti faoliyatidan norozi boʻlgan shaxslar belgilangan tartibda oliy taʼlim tashkilotlari tasarrufida boʻlgan vazirliklar va idoralarga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
82. Ushbu Nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2026-y., 10/26/3807/0315-son; 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)