Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Pedagogning maqomi toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 1-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2023-yil 29-sentabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2023-yil 29-sentabrda maʼqullangan
1-modda. Pedagogning maqomi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Pedagogning maqomi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining pedagogning maqomi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
2-modda. Ushbu Qonunning qoʻllanilish sohasi
Ushbu Qonun pedagoglarning huquqlari, majburiyatlari va ular faoliyatining asosiy kafolatlarini belgilaydi.
Ushbu Qonunning amal qilishi oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirayotgan davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarining (bundan buyon matnda taʼlim tashkilotlari deb yuritiladi) pedagoglariga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu Qonun 5-moddasi uchinchi va toʻrtinchi qismlarining, 13-moddasi birinchi qismining, 14-moddasi uchinchi va oʻn birinchi qismlarining amal qilishi asosiy ish faoliyatidan tashqari pedagogik faoliyat bilan shugʻullanuvchi shaxslarga hamda harbiy taʼlim muassasalarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanuvchi harbiy xizmatchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3-modda. Pedagogning maqomi
Taʼlim tashkilotida qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida taʼlim va tarbiya sohasida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi hamda tegishli maʼlumotga, kasbiy tayyorgarlikka va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega boʻlgan jismoniy shaxs pedagogdir.
Oʻzbekiston Respublikasida pedagogning maqomi tan olinadi. Pedagoglarning oʻz kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlanadi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar beriladi.
Pedagogning huquqlari, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsi davlat himoyasi ostida boʻladi.
Pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlar roʻyxati tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Taʼlim tizimida ishlayotgan pedagogning kasbiy darajasiga doir talablar Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatorida hamda pedagogning kasbiy standartlarida belgilanadi.
Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, pedagogik oliy maʼlumotga ega boʻlmagan shaxslarga qayta tayyorlash kurslaridan oʻtganidan keyin taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqi berilishi mumkin.
Zarurat boʻlganda professional taʼlim tashkilotlari ishlab chiqarish taʼlimi ustalarini, shuningdek tegishli bilim hamda amaliy koʻnikmalarga ega boʻlgan, oliy maʼlumoti boʻlmagan boshqa mutaxassislarni amaliy va qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtkazish uchun jalb etishi mumkin.
Ishlab chiqarish taʼlimi ustalari qayta tayyorlash kurslaridan oʻtmasdan professional taʼlim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga haqli.
4-modda. Murabbiylik
Umumiy oʻrta taʼlim tashkilotida ilk bor kasbiy faoliyatini boshlayotgan shaxsga bir oʻquv yili davriga murabbiylikni amalga oshirish uchun tajribali pedagog biriktiriladi.
Murabbiylikni amalga oshirganligi uchun pedagogning bazaviy lavozim maoshiga qoʻshimcha haq toʻlanishi mumkin.
Murabbiylikni amalga oshiruvchi pedagogga qoʻyiladigan talablar va uning faoliyatini tashkil etish tartibi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
5-modda. Pedagogning kasbiy faoliyati amalga oshirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchiligiga asosan ish beruvchi pedagogning oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi.
Quyidagilar taqiqlanadi:
pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uning faoliyatini asossiz ravishda tekshirish, pedagog tomonidan taʼlim oluvchilarning bilimlarini toʻgʻri va xolis baholashga taʼsir koʻrsatish, shuningdek unga oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishga toʻsqinlik qilish;
pedagogni kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga, shu jumladan hududlarni obodonlashtirishga va qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilish;
pedagogdan uning kasbiy majburiyatlariga taalluqli boʻlmagan hisobotlarni va boshqa maʼlumotlarni, shu jumladan aholining soliqlar, kommunal toʻlovlar, kreditlar va boshqa qarzdorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, bitiruvchilarning bandligi taʼminlanganligi haqidagi hisobotlarni shakllantirishini va taqdim etishini talab qilish;
pedagogni ishga joylashtirilmagan, taʼlim bilan qamrab olinmagan va profilaktika hisobida turgan voyaga yetmaganlar hisobini yuritish hamda ularning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashish ishlariga jalb etish;
pedagogning zimmasiga tovar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan ish haqidan uning yozma roziligisiz tovar va xizmatlar uchun mablagʻ ushlab qolish.
Davlat umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar davlat tomonidan oʻquv qoʻllanmalar bilan bepul taʼminlanadi.
Davlat taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar taʼlim jarayonida foydalanadigan birlamchi oʻquv-uslubiy materiallar va oʻquv qurollari bilan davlat tomonidan bepul taʼminlanadi.
Pedagogni uning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan, lekin siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan tadbirlarga (saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish jarayonlarida ishtirok etishga, test sinovlarida auditoriya nazoratchisi vazifasini bajarish, aholini roʻyxatga olish ishlarida koʻmaklashishga, taʼlim tashkilotlarini tekshirish hamda attestatsiyadan oʻtkazish jarayonlarida ekspert sifatida ishtirok etishga va boshqalarga) jalb qilish uning roziligiga koʻra, u bilan tuzilgan shartnomaga asosan, qoʻshimcha haq toʻlash evaziga, ishdan boʻsh vaqtida yoki ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlangan holda amalga oshiriladi.
Pedagogni biron-bir shaklda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash, shuningdek pedagogning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
6-modda. Pedagogning huquqlari
Pedagog oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, oʻqitish va tarbiya vositalarini hamda usullarini erkin tanlash va ulardan foydalanish;
belgilangan tartibda mualliflik dasturlarini va oʻqitish uslubiyotini ishlab chiqish va joriy etish, ijodiy faollik koʻrsatish, shuningdek tegishli oʻquv fanlari, kurslari va modullaridan foydalanish;
kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini talab qilish;
oʻquv, ilmiy va uslubiy yoʻnalishlardagi davlat axborot-resurs hamda axborot-kutubxona markazlarining xizmatlaridan bepul foydalanish;
davlat taʼlim standartlarini, davlat taʼlim talablarini, malaka talablarini, oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etish;
ilmiy, ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyatni amalga oshirish, tajriba-sinov faoliyatida ishtirok etish, innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq ijodiy taʼtil olish;
taʼlim tashkilotini boshqarishda, shuningdek taʼlim tashkilotining faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
oʻz kasbiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish uchun pedagoglarning jamoat birlashmalariga birlashish va ularda ishtirok etish;
oʻz kasbiy faoliyatiga gʻayriqonuniy ravishda aralashuvdan himoyalanish;
pedagogik faoliyati davomida oʻziga biriktirilgan sinfdagi (guruhdagi, kursdagi) taʼlim oluvchilarning bilimini mustaqil baholash;
taʼlim oluvchilar va ularning ota-onalari (qonuniy vakillari) tomonidan pedagogning kasbiga hurmat bilan munosabatda boʻlishni talab qilish;
davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy koʻrikdan bepul oʻtish (davlat taʼlim tashkilotlari uchun);
taʼlim oluvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda ishtirok etish.
Pedagog qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Pedagog oʻzining kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida oʻz shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish uchun sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan, shuningdek oʻz huquqlarini buzayotgan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilgan taqdirda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadi.
Taʼlim tashkiloti tomonidan pedagogning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki uning xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilish bilan bogʻliq huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, pedagog maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisida bayonnoma tuzilmagan holda, oʻz arizasida huquqbuzarning shaxsi, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joy, vaqt va uning mohiyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek ishni hal etish uchun zarur boʻlgan boshqa maʼlumotlarni koʻrsatib, sudga bevosita murojaat qilishga haqli.
7-modda. Pedagogning majburiyatlari
Pedagog oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishda:
taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilishi;
oʻquv mashgʻulotlarini oʻquv dasturlari va davlat taʼlim standartlariga muvofiq sifatli oʻtkazishi;
oʻquv mashgʻulotlari davomida taʼlim oluvchilarning bilim darajasini oshirish uchun zarur choralar koʻrishi;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, oʻqitish va tarbiyaning ilgʻor hamda innovatsion shakllari va usullaridan foydalanishi;
taʼlim oluvchilarning psixologik va oʻziga xos xususiyatlarini, jismoniy va ruhiy salomatligini, fiziologik rivojlanishini hisobga olishi, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan shaxslarni oʻqitish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga eʼtibor qaratishi va ularni kamsitmasligi;
voyaga yetmagan taʼlim oluvchilar bilan taʼlim-tarbiya ishlarini ularning ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari bilan hamkorlikda olib borishi;
oʻz malakasini muntazam ravishda oshirib borishi, egallab turgan lavozimiga muvofiqlik jihatidan davriy attestatsiyadan oʻtishi;
taʼlim tashkilotining ustaviga va (yoki) boshqa taʼsis hujjatlariga, ichki mehnat tartibi qoidalariga va pedagogik etika qoidalariga rioya etishi;
majburiy tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtishi shart.
Pedagogning zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
8-modda. Pedagogik etika qoidalari
Pedagogik etika qoidalari pedagog oʻz kasbiy majburiyatlarini bajarishi chogʻida amal qilishi lozim boʻlgan qoidalar majmuidan iboratdir.
Pedagogik etika qoidalari taʼlim tashkilotlari uchun tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
Pedagogik etika qoidalarini bilish va ularga amal qilish pedagogning oʻz kasbiy majburiyatlarini bajarishining sifat koʻrsatkichlarini hamda pedagogning mehnat intizomini belgilaydigan mezondir.
Pedagogik etika qoidalarining pedagog tomonidan buzilishi uni mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka asosan intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.
9-modda. Pedagoglarni tayyorlash
Pedagoglarni tayyorlash oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Pedagoglarni tayyorlash qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, professional taʼlim tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Pedagogika taʼlim yoʻnalishi hamda mutaxassisligi boʻyicha oʻquvchi va talabalarni professional va oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish davlat granti va toʻlov-shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Davlat oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasini shakllantirishda oliy maʼlumotli pedagog kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun davlat grantlari asosidagi maqsadli qabul koʻrsatkichlari ajratilishi mumkin.
10-modda. Pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish
Pedagoglarni qayta tayyorlash ularga qoʻshimcha kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarni egallash hamda oʻzining tayanch mutaxassisligi va kasbiga muvofiq mehnat faoliyatini olib borish imkoniyatini berish maqsadida amalga oshiriladi.
Pedagoglar malakasini oshirish ularga oʻz kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarini chuqurlashtirish hamda yangilab borish, shuningdek toifasini (lavozimini) oshirish imkoniyatini berish maqsadida amalga oshiriladi.
Pedagoglarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga doir faoliyat kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha taʼlim tashkilotlari (institut, markaz, fakultet va boshqalar) tomonidan amalga oshiriladi.
Pedagoglarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish shakllari hamda muddatlari tegishli davlat taʼlim talablari bilan belgilanadi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonida pedagog oʻzining kasbiy fanlaridan tashqari qoʻshimcha fanlarni (chet tilini, axborot texnologiyalarini, ijtimoiy-gumanitar fanlarni va boshqalarni) ixtiyoriy ravishda oʻzlashtirishi mumkin.
Oʻquv rejasi va oʻquv dasturi oʻzgarganda (yangi fan kiritilganda yoki mavjud fan chiqarib tashlanganda) davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglarini yangi turdosh fan boʻyicha qayta tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat taʼlim tashkilotlari pedagoglarining malakasini belgilangan muddatlarda va hajmda oshirish xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlari pedagoglarining malakasini oshirish ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11-modda. Pedagoglarning attestatsiyasi va malaka toifalari
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va qoʻshimcha taʼlim tashkilotlarining pedagoglari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtadi hamda uning natijalariga koʻra tegishli malaka toifalarini olishi mumkin.
(11-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-1091-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.10.2025-y., 03/25/1091/0969-son)
Pedagoglarni attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalarini berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
12-modda. Pedagogning mehnatiga haq toʻlash
Pedagogning oylik ish haqi maʼlumoti, malaka toifasi (lavozimi) boʻyicha bazaviy tarif stavkasi, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, davlat mukofotlari hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan ustamalar inobatga olingan holda hisoblanadi.
Davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq budjet va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan ustama hamda kompensatsiyalar toʻlanishi mumkin.
Nodavlat taʼlim tashkilotida kasbiy faoliyatni amalga oshiruvchi pedagogning mehnatiga haq toʻlash tartibi ushbu tashkilotning muassislari yoki vakolatli shaxslari tomonidan belgilanadi.
13-modda. Pedagoglarni ragʻbatlantirish
Kasbiy faoliyatda yuqori natijalarga erishganligi uchun pedagoglar “Davlat mukofotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat mukofotlariga, xususan, “Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi”, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” faxriy unvonlari hamda boshqa davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi mumkin.
Xalqaro va respublika olimpiadalari gʻoliblarini tayyorlagan pedagoglarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda mukofot pullari toʻlanadi.
Davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglariga budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amaldagi qonunchilikka muvofiq moddiy ragʻbatlantirishning boshqa turlari belgilanishi mumkin.
Nodavlat taʼlim tashkilotlarida pedagogning lavozim maoshiga har oyda hisoblanadigan, ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boʻlgan qoʻshimcha haq va ustamalar ushbu tashkilotlarning muassislari yoki vakolatli shaxslari tomonidan belgilanadi.
14-modda. Pedagoglarni ijtimoiy himoya qilish
Taʼlim tashkilotlarining pedagoglarini ijtimoiy himoya qilish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Taʼlim tashkilotlarining pedagoglari uchun qisqartirilgan ish vaqti belgilanadi.
Davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglariga davomiyligi koʻpi bilan ellik olti kalendar kundan iborat boʻlgan haq toʻlanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtili kafolatlanadi.
Pedagoglarning toifalariga (lavozimlariga) mutanosib boʻlgan, qisqartirilgan ish vaqtining va har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat taʼtilining aniq davomiyligi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Respublikaning olis hududlarida joylashgan taʼlim tashkilotlariga boshqa hududlardan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilingan oliy maʼlumotli pedagoglarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq bir martalik boshlangʻich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi toʻlanadi.
Respublikaning olis hududlarida hamda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida ishlaydigan pedagoglarga imtiyozlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Qoʻshimcha ijtimoiy himoya choralari va kafolatlari mazkur Qonundan tashqari boshqa qonun hujjatlarida, mehnat haqidagi huquqiy hujjatlarda, shuningdek xodim va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomalarida belgilanishi mumkin.
Pedagoglarning farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli tarzda qabul qilinadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari pedagoglarni mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish choralarini koʻrishi mumkin.
Pedagoglarning sogʻliqni saqlashga doir huquqlari davlat tomonidan kafolatlanadi.
Pedagogning kasbiy faoliyati davomida roʻyxati qonunchilik hujjatlarida belgilangan yuqumli kasalliklarga qarshi bepul profilaktik emlash davlat tomonidan taʼminlanadi.
Davlat maktabgacha, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining hamda boshqa tashkilotlarning bevosita bolalarga taʼlim va tarbiya berish bilan band boʻlgan pedagoglari davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida majburiy tibbiy koʻrikdan bepul oʻtkaziladi.
Davlat sogʻliqni saqlash muassasalarida davlat taʼlim tashkilotlarining pedagoglarini majburiy bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Pedagogni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish ish beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
Majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtish vaqtida pedagog oʻz ish joyi (lavozimi) va oʻrtacha ish haqi saqlangan holda ishdan ozod qilinadi.
Taʼlim tashkilotlarining pedagoglarini majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nodavlat taʼlim tashkilotlarida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi mazkur tashkilotlarning mehnat haqidagi huquqiy hujjatlari, shuningdek xodim va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomalari bilan, xodimlarning undan oʻtishda chiqimdor boʻlmasligi hisobga olingan holda belgilanadi.
15-modda. Pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishga oid cheklovlar
Quyidagi shaxslarning pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi:
qonuniy kuchga kirgan sud hukmiga muvofiq pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqidan mahrum etilgan shaxslar;
qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar;
pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklari boʻlgan shaxslar;
psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxslar.
Qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslarni pedagogik faoliyat bilan bogʻliq lavozimlarga qabul qilish man etiladi.
Pedagogik faoliyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan kasalliklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Maktabgacha taʼlim va tarbiya tizimida mehnat faoliyatini amalga oshirishga doir cheklovlar “Maktabgacha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
16-modda. Nizolarni hal etish
Pedagogning maqomi va uning kasbiy faoliyati bilan bogʻliq nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
17-modda. Pedagogning maqomi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Pedagogning maqomi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
18-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi OʻRQ-600-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 76-modda, № 3, 214, 216-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 463, 464, 467-moddalar, № 12, 1186-modda; 2023-yil, № 2, 103-modda, № 3, 186-modda, № 4, 265, 269-moddalar, № 6, 444, 445-moddalar) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 8-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 52-band bilan toʻldirilsin:
“52) pedagog xodimlar — kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida oʻz shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini himoya qilish bilan bogʻliq ishlar yuzasidan”;
2) 10-moddaning birinchi qismi quyidagi mazmundagi 19-band bilan toʻldirilsin:
“19) pedagog xodimlar — kasbiy faoliyatini amalga oshirish davomida pedagog xodimlarning huquqlarini buzayotgan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda”.
2. Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi OʻRQ-637-sonli Qonunga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 9, 538-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda) quyidagi qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritilsin:
1) 26-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslar taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarining hamda ular hududiy boʻlinmalarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas”;
2) 28-modda quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Qasddan sodir etilgan jinoyat uchun ilgari sudlangan shaxslar taʼlim tashkilotlarining rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin emas”;
3) 5-bob chiqarib tashlansin.
19-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
20-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
21-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 1-fevral,
OʻRQ-901-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2024-y., 03/24/901/0082-son; 24.10.2025-y., 03/25/1091/0969-son)