1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.05.00 Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish (shuningdek, 08.01.06.00ga qarang) / 03.08.05.01 Umumiy qoidalar;
2.14.00.00.00 Sog‘liqni saqlash. Jismoniy tarbiya. Sport. Turizm / 14.01.00.00 Sog‘liqni saqlash / 14.01.04.00 Sog‘liqni saqlash muassasalarini, aholini medikamentlar, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash. Dorixona]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Sog‘liqni saqlash. Sanitariyaga oid qonun hujjatlari;
2.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SOG‘LIQNI SAQLASh VAZIRLIGINING DORIXONA MUASSASALARINI DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 20-maydagi 131-sonli “Dori-darmon” davlat-aksiyadorlik uyushmasini “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirish to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
“Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq bozor munosabatlarini keng joriy etish va chuqurlashtirish, tashabbuskorlik va tadbirkorlikni rivojlantirish, respublika aholisini dori-darmonlar bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasining “Farmatsiya” respublika ishlab chiqarish birlashmasini “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasiga (ochiq turdagi aksionerlik jamiyatiga) aylantirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin. Uyushma tarkibiga quyidagilar kiradi:
respublika dorixona ombori negizida tashkil etiladigan aksionerlik jamiyati;
“Farmatsiya” hududiy ishlab chiqarish birlashmalari negizida tashkil etiladigan hududiy davlat-aksionerlik birlashmalari (ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari);
respublika dorixona muassasalari negizida tashkil etiladigan xususiy, jamoa va aksionerlik dorixonalari 1-ilovaga* muvofiq.
ishlab chiqarish-xo‘jalik va moliyaviy faoliyati masalalarini to‘liq xo‘jalik hisobi qoidalari asosida mustaqil hal qiladi, markazlashtirilgan sug‘urta, zaxira fondlarini va boshqa fondlarni tashkil etadi;
aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish va takomillashtirishni, dorixona muassasalarining farmatsevtika faoliyatini muvofiqlashtirishni va nazorat qilishni ta’minlaydi;
o‘z faoliyatini qatnashchilarning pay va kirish badallari asosida hamda ular tomonidan berilgan vakolatlar va funksiyalar doirasida tashkil etadi;
dori-darmonlarni qabul qilib olish, saqlash, hisobga olish hamda sotish masalalari bo‘yicha uslubiy, yo‘riqnoma va normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, ularning sifatini nazorat qiladi;
dori-darmonlar bilan ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
(2-bandning yettinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-aprel 185-sonli qarori bilan chiqarib tashlangan— O‘R QHT, 2003-y., 7-8-son, 61-modda)
3. Belgilab qo‘yilsinki, bevosita davolash-profilaktika muassasalarini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlaydigan shifoxonalar ichidagi budjet va xo‘jalik hisobidagi dorixonalar xususiylashtirilmaydi, ularda dori-darmonlar bilan davlat tomonidan ta’minlashning mavjud tartibi saqlanib qoladi.
4. “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasi faoliyatiga rahbarlik qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi zimmasida saqlab qolinsin.
Ma’lumot uchun qabul qilinsinki, belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tmagan dori-darmonlarni tayyorlashga, sotib olishga, saqlashga va aholiga sotishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasi tarkibida maxsus nazorat-analitik xizmat tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va vazirlik huzuridagi Farmakologiya qo‘mitasi zimmasiga ekspertizaning belgilangan talablarini so‘zsiz bajarish hamda dori-darmonlar va preparatlardan foydalanishga ruxsatnomalar berish bo‘yicha javobgarlik yuklatilsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar 2 oy muddatda, xususiylashtirish boshlangunga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining dorixona muassasalari egallab turgan binolar, inshootlar va xonalarni ularning balansiga o‘tkazish masalasini hal qilsinlar hamda ularga mulk egasi huquqini bersinlar.
6. Belgilab qo‘yilsinki, hududiy davlat-aksionerlik birlashmalari o‘zining ishlab chiqarish-xo‘jalik va moliyaviy faoliyati istiqbolini O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining davlat buyurtmasini hisobga olgan holda, mustaqil belgilaydi, bozor konyunkturasini tahlil etishni ta’minlaydi, marketing xizmatlari ko‘rsatadi, davlat va boshqa organlarda o‘z ta’sischilarining (xususiy, jamoa va aksionerlik dorixona muassasalarining) manfaatlarini ifodalaydi.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
dorixona muassasalarini qaytadan tuzishda mulkchilikning aksionerlik, jamoa va xususiy shakllari ustuvor hisoblanadi;
shahar va tuman markaziy dorixonalari ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantiriladi, ularning mehnat jamoalari, chakana savdo dorixona muassasalari negizida tashkil etilgan aksionerlik, jamoa va xususiy dorixonalar, shuningdek, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlarining qatnashchilari bo‘lishi mumkin;
xususiy va aksionerlik dorixona muassasalari o‘zining ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyatini mustaqil belgilaydilar. Qayta tuzilgan dorixona muassasalari belgilangan tartibda davlat, kooperativ korxonalar, firmalar hamda respublikaning va o‘zga davlatlarning boshqa yuridik va jismoniy shaxslari bilan dori-darmonlarni va qo‘llanishga ruxsat etilgan boshqa tovarlarni erkin narxlarda yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzadilar. Dori-darmonlarni, tibbiyot buyumlarini sotish va aholiga nazarda tutilgan boshqa xizmatlarni ko‘rsatish ular tomonidan erkin shartnomaviy narxlarda amalga oshiriladi.
8. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish shakllaridan qat’i nazar, dorixona muassasalarini sotib oluvchi davlat yuridik va jismoniy shaxslariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 6-yanvardagi 3-son qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar berilsin.
Obyektlarning sotib olish bahosini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 1-iyundagi 261-son qarorining amal qilishi xususiylashtirilayotgan dorixona muassasalariga tatbiq etilmasin.
9. Xususiy dorixonalar; aksionerlik dorixona muassasalari; hududiy davlat-aksionerlik birlashmalari; “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasi to‘g‘risidagi Vaqtinchalik nizomlar hamda dorixona muassasalarining mulkchilik shakli o‘zgargan taqdirda tomonlarning o‘zaro majburiyatlari to‘g‘risidagi bitim-shartnoma shakli 2,3,4, 5, 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda statsionarda va ambulatoriyada kafolatli davolashni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarining asosiy turlari (davlat buyurtmasi) ro‘yxatini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
“Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasi va hududiy birlashmalar dori-darmonlar va tibbiyot buyumlarining ko‘rsatib o‘tilgan turlari bo‘yicha sog‘liqni saqlash organlari davlat buyurtmalarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlasinlar.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.08.00 Narxlar va ularning shakllanishi (shuningdek, 09.14.02.02, 09.17.03.00larga qarang);
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xo‘jalik faoliyati / 09.17.00.00 Savdo / 09.17.10.00 Alohida turdagi mahsulotlar bo‘yicha savdo]
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 8-yanvardagi 15-son qarori 1-ilovasida belgilangan hayotiy muhim dori-darmonlarning chakana narxlarining cheklangan miqdorlari bekor qilinsin, 1994-yilning 1-aprelidan boshlab ularga shartnomaviy (erkin) narxlar joriy qilinsin.
Dori-darmonlar bilan imtiyozli ta’minlashning yangi tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangunga qadar, Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 8-yanvardagi 15-son qarori 2-bandiga muvofiq, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, respublikaning barcha dorixona muassasalarida dori-darmonlarni imtiyozli sotish tartibi hamda dori-darmonlar bilan imtiyozli ta’minlash xarajatlarini qoplash tartibi saqlab qolinsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va tijorat banklari:
xususiy va aksionerlik dorixonalariga umumiy ravishda belgilangan foizli stavkalar bo‘yicha uch yilgacha muddatga kreditlar ajratishni nazarda tutsinlar;
kredit resurslari ajratish uchun uyushma tizimining investitsiya loyihalarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqishni ta’minlasinlar;
dorixona muassasalarining pul mablag‘larini dori-darmonlar yetkazib beruvchi davlatlar valyutasiga konvertatsiyalashda uyushmaga amaliy yordam ko‘rsatsinlar.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari M. Qoraboyev zimmasiga yuklansin. Qarorning qanday bajarilayotgani 1994-yilning iyulida majmua majlisida ko‘rib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 11-mart,
132-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-martdagi 132-son qaroriga 2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasidagi xususiy (xususiylashtirilgan) dorixona muassasalari faoliyati to‘g‘risida
VAQTINChALIK NIZOM
1. Dorixonalarni xususiylashtirish aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarining dori-darmonlar hamda tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish va xususiy shaxslarning investitsiyalarini jalb qilish asosida amalga oshiriladi.
2. Xususiy mulkka aylantirilgan dorixona o‘zining ishlab chiqarish-xo‘jalik va savdo faoliyati sohasini o‘zgartirish huquqiga ega emas. Bunda uning O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid bo‘lmagan faoliyatining boshqa turlari cheklanmaydi.
3. Dorixona unga hokimlikda davlat orderi berilgandan so‘ng yuridik shaxs hisoblanadi va ustav fondini tashkil qiluvchi asosiy hamda aylanma mablag‘lardan iborat alohida mol-mulkka ega bo‘ladi. Dorixona banklarda schyotlarga, o‘z nomi yozilgan muhrga, to‘rt burchak muhrga va boshqa rekvizitlarga ega bo‘ladi.
4. Dorixona o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga, mazkur Vaqtinchalik nizomga va tomonlarning o‘zaro majburiyatlari to‘g‘risidagi Bitim-shartnomaga amal qiladi.
5. Dorixona o‘zining asosiy maqsadini ro‘yobga chiqarish uchun faoliyatning quyidagi turlarini amalga oshiradi; yuqori sifatli dori-darmonlar, tibbiyot buyumlari, zardoblar, vaksinalar, dorivor o‘simliklar, tibbiyot texnikasi va optika buyumlari va gigiyena ashyolari, bolalar oziq-ovqat mahsulotlari va vitaminga boy mahsulotlar bilan ta’minlash hamda ularni ishlab chiqarish, sotish (shu jumladan, imtiyozli retseptlar bo‘yicha).
6. Dorixonalarda zaharli-narkotik preparatlarni ishlab chiqarish, olish, saqlash va sotish taqiqlanadi.
7. Dorixonaga O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq faoliyatning quyidagi turlarini amalga oshirish huquqi beriladi:
vatanimizda va xorijda ishlab chiqarilgan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘llashga ruxsat etgan dori-darmonlarni yetkazib berish borasida korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, xorijiy firmalar va boshqa yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan shartnoma, kontrakt va bitimlar tuzish;
yuridik harakatlarni, kredit va bank operatsiyalarini amalga oshirish, xo‘jalik hamda hakamlik sudida da’vogar va javobgar sifatida qatnashish;
xususiy dorixona egasi aksionerlik dorixona muassasalarining ta’sischisi bo‘lishi mumkin, shuningdek, o‘z filiallarini ta’sis qilish huquqiga egadir.
8. Dorixona dori-darmonlar, tibbiyot buyumlarini yetkazib beruvchining narxlari bo‘yicha xarid qiladi va ustama (qo‘shimcha haq)ni belgilangan tartibda qo‘llab, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, aholiga erkin shartnomaviy narxlarda sotadi va boshqa xizmatlar ko‘rsatadi.
9. Tovarni yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma uni yetkazib berish uchun asos bo‘ladi. Shartnomaga mahsulotni yetkazib beruvchi, tayyorlovchi, tovarlarning sifati, miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar albatta kiritilishi kerak.
10. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Farmakologiya qo‘mitasi ruxsat etgan va ro‘yxatga olgan dori-darmonlar, tibbiyot buyumlari hamda boshqa tovarlar sifatiga muvofiqligi bo‘yicha to‘liq laboratoriya tahlilidan o‘tgach xarid qilinishi va sotilishi kerak.
11. Sotilayotgan dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari sifati uchun javobgarlik dorixona egasi zimmasiga yuklatiladi.
12. Dorixonada tayyorlanadigan va sotiladigan dori-darmonlar sifatini nazorat qilishni “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasining nazorat-analitik xizmati va uning hududiy birlashmalari amalga oshiradi.
13. Dorixonaning daromadi dori-darmonlarni va taqiqlanmagan boshqa tovarlarni sotish, xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar, shuningdek, dori-darmonlar bilan imtiyozli ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun budjet tashkilotlaridan tushgan pullar hisobiga shakllantiriladi.
14. Daromad, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan so‘ng, dorixona ixtiyorida qoladi va dorixona foydani ishlatish yo‘nalishini mustaqil belgilaydi.
15. Dorixona egasining xodimlar bilan o‘zaro mehnat munosabatlari mehnat qonunchiligiga muvofiq shartnoma-bitimga, kontraktlarga asoslanadi.
16. Dorixona buxgalteriya hisobotini amalga oshiradi va o‘z faoliyati natijalarini hisobga olib boradi, ularni tegishli organlarga qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etadi.
17. Dorixonaning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shartnoma-bitimda belgilangan tartibda to‘xtatiladi.
18. Dorixonani tugatish amaldagi qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-martdagi 132-son qaroriga 3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi aksionerlik dorixona muassasalari faoliyati tartibi to‘g‘risida
1. Aksionerlik dorixona muassasalari o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga hamda ularning faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarga muvofiq amalga oshiradilar.
2. Aksionerlik dorixonalari (jamiyatlari)ning mehnat jamoalari, aksionerlik, jamoa, oilaviy, xususiy dorixonalar aksionerlik dorixonalari (jamiyatlari)ning qatnashchilari bo‘lishi mumkin.
3. Aksionerlik dorixona muassasalari ishlab chiqarish-xo‘jalik va savdo faoliyatini to‘la xo‘jalik hisobi asosida mustaqil amalga oshiradilar.
4. Aholi hamda sog‘liqni saqlash muassasalarining dori-darmonlar va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laroq qondirish aksionerlik dorixona muassasalarining asosiy maqsadi hisoblanadi.
5. Aksionerlik dorixona muassasalari shartnoma amalda bo‘ladigan butun muddatda o‘zlarining ishlab chiqarish-xo‘jalik va savdo faoliyati turini o‘zgartirmasliklari kerak.
6. Tadbirkorlikni rivojlantirish asosida dorixona muassasalarini dori-darmonlar bilan boyitish hamda aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini dori-darmonlar bilan ta’minlash darajasini oshirish aksionerlik dorixonalarining asosiy vazifasi hisoblanadi.
7. Aksionerlik dorixonalari farmatsevtika instituti talabalarining va provizorlar malakasini oshirish fakulteti tinglovchilarining ishlab chiqarish praktikasi va stajirovkasi o‘tkaziladigan negiz bo‘lishi mumkin.
8. Aksionerlik dorixona muassasalari o‘z nomlari yozilgan to‘rt burchakli muhrga, muhrga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlarga hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladilar.
II. Aksionerlik dorixona muassasalarini tashkil etish tartibi
9. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va xorijiy fuqarolar, qo‘shma korxonalar, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar aksionerlik dorixona muassasalarining ta’sischilari bo‘lishlari mumkin.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 30-iyun 272-sonli qarori tahririda)
10. Aksionerlik jamiyatlariga aylantirilgan dorixona muassasalari o‘zlarining ishlab chiqarish-xo‘jalik va savdo faoliyati turini o‘zgartirish huquqiga ega emaslar. Bunda ularning O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid bo‘lmagan boshqa faoliyat turlari cheklanmaydi.
11. Dorixona muassasalari davlat orderini olish uchun uning tashkil etilganligi to‘g‘risidagi qarorni Davlat mulki qo‘mitasining hududiy boshqarmasiga taqdim etadilar.
12. Davlat mulki qo‘mitasining hududiy boshqarmalari dorixona muassasalari arizalarini belgilangan tartibda ko‘rib chiqadilar.
13. Aksionerlik dorixona muassasasi unga davlat orderi berilgan kundan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi va yuridik shaxs huquqini qo‘lga kiritadi, bank muassasalarida hisob-kitob, valyuta va boshqa schyotlarni ochadi.
14. Aksionerlik dorixona muassasasi mulk tarkibiga o‘zgartirishlarni mustaqil kiritish (shu jumladan, aksiyalar chiqarish), uning qiymatini oshiruvchi qayta o‘zgartirish, kengaytirish, texnik qayta jihozlashni o‘tkazish huquqiga ega.
15. Aksiya va obligatsiyalarni chiqarish, harakati va hisobga olish masalalari aksionerlik dorixona muassasalarining boshqaruv organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq hal qilinadi.
Aksiyalarni chiqarish to‘g‘risidagi qaror aksionerlik dorixona muassasalarining ta’sischilari yoki aksionerlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 1993-yil 2-fevralda tasdiqlagan Davlat korxonalarini qayta o‘zgartirish natijasida tashkil etilgan aksionerlik jamiyatlarining qiymatli qog‘ozlarini chiqarish va qayd etish to‘g‘risidagi 11-son yo‘riqnomaga muvofiq qiymatli qog‘ozlarning dastlabki emissiyasi quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ladi:
— qiymatli qog‘ozlarni chiqarish to‘g‘risida emitent tomonidan qaror qabul qilish;
— qiymatli qog‘ozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
— qiymatli qog‘ozlarni tarqatish.
Qiymatli qog‘ozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularni hisobga olish Moliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Aksiyalar:
— imtiyozli (ovoz berish huquqisiz), oddiy (ovoz berish huquqi bilan);
— boshqa aksionerlarning roziligisiz qo‘ldan-qo‘lga o‘tuvchi bo‘lishi mumkin.
Aksiyalarni chiqarish O‘zbekiston Respublikasi moliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgandan keyin aksiyalarni tayyorlash bo‘yicha buyurtma aksiyalarni chiqarish uchun davlat litsenziyasiga ega bo‘lgan muassasalarga beriladi.
Aksiyalarni mehnat jamoalari va boshqa aksionerlarga tarqatish aksiyalarga yozilish asosida amalga oshiriladi.
Aksiya olgan aksionerlar tegishli ravishda rasmiylashtirilgan aksionerlarni ro‘yxatga olish reyestr daftariga yozib qo‘yiladi.
Aksiyalarning sotilmay qolgan qismi qonunda belgilangan tartibda saqlashga qo‘yiladi.
III. Xo‘jalik faoliyati
16. Aksionerlik dorixona muassasasi mulkchilikning aksionerlik shaklidagi faoliyatini to‘liq xo‘jalik hisobi prinsiplarida amalga oshiradi.
17. Aksionerlik jamiyatining mulkini asosiy vositalar va aylanma mablag‘lar, shuningdek, qiymati mustaqil balansda aks ettiriladigan boshqa boyliklar tashkil qiladi.
18. Aksionerlik dorixona muassasasi o‘z ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyatini mustaqil belgilaydi, boshqa davlat, kooperativ, jamoa korxonalari, firmalari, shuningdek, alohida shaxslar bilan dori-darmonlar va qo‘llashga ruxsat etilgan boshqa tovarlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni mehnat va konsignatsion bitim (kontrakt)larga muvofiq belgilangan tartibda tuzadi.
19. Aksionerlik dorixona muassasasi dori-darmonlar, tibbiyot buyumlarini, shartnomalarga muvofiq mahsulotlarni yetkazib beruvchining narxlarida oladi va ustama (qo‘shimcha haq)ni belgilangan tartibda qo‘llab, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, aholiga erkin shartnomaviy narxlarda sotadi va boshqa xizmatlar ko‘rsatadi.
20. Aholiga dori-darmonlarni, tibbiyot buyumlarini, zardoblarni, vaksinalarni, dorivor o‘simliklarni, tibbiyot texnikasi va optikasi buyumlarini, attorlik-pardoz mollarini, sanitariya va gigiyena predmetlarini, bolalar oziq-ovqatlarini, vitaminlashtirilgan mahsulotlarni sotishdan va xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar, tashkilotlar, muassasalar, xususiy shaxslarning pay badallari, xayriya mablag‘lari, shuningdek, konsignatsion bitimlar, kontraktlar bo‘yicha olingan dori-darmonlarni, tibbiyot buyumlarini sotishdan olingan daromadlar hamda dori-darmonlar bilan imtiyozli ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun budjet tashkilotlaridan tushgan pullar aksionerlik dorixona muassasalari mablag‘larini ko‘paytirish va shakllantirish manbalari hisoblanadi.
21. Aksionerlik dorixona muassasalariga, mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish va mahsulot (ish, xizmat) sifatini yaxshilashga doir majburiyatlarni inobatga olgan holda, bank muassasalari tomonidan kreditlar va avanslar berilishi mumkin.
22. Soliqlar to‘langandan so‘ng aksionerlik dorixona muassasalari ixtiyorida qoladigan daromadlarning olib qo‘yilishi mumkin emas va u aksiya egalari tomonidan tegishli fondlarga mustaqil taqsimlanadi.
23. Aksionerlik dorixona muassasalari dastlabki buxgalteriya hisobini dorixona muassasalari uchun belgilangan shakl bo‘yicha yuritadilar va balansni soliq organlariga belgilangan tartibda taqdim etadilar.
IV. Aksionerlik mulki sharoitlarida boshqarish
24. Aksionerlik dorixona muassasasining yuqori boshqaruv organi aksionerlarning umumiy yig‘ilishi hisoblanadi.
Umumiy majlisning mutlaq vakolatiga quyidagilar kiradi:
aksionerlik dorixona muassasasining Ustavini tasdiqlash va o‘zgartirish;
ustav fondini tasdiqlash va o‘zgartirish;
aksionerlik dorixona muassasasi boshqaruvini saylash va uni tasdiqlash, aksionerlik dorixona muassasasi raisini saylash va lavozimidan ozod qilish;
taftish komissiyasini saylash, uning to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;
dorixona muassasasi faoliyatini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
aksionerlik dorixona muassasasining faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish.
25. Rais aksionerlik dorixona muassasasining joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi.
26. Ta’sis shartnomasi tuzilib, aksionerlik dorixona muassasasining Ustavi tasdiqlangach mazkur Vaqtinchalik nizom o‘z kuchini yo‘qotadi.
V. Dori-darmonlar, tibbiyot buyumlari va boshqa tovarlarni yetkazib berish, xarid qilish hamda sotish tartibi
27. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Farmakologiya qo‘mitasi ruxsat etgan va ro‘yxatga olgan dori-darmonlar, tibbiyot buyumlari hamda boshqa tovarlar sifatiga muvofiqligi bo‘yicha to‘liq laboratoriya tahlilidan o‘tgach xarid qilinishi va sotilishi kerak.
28. Dori-darmonlar, tibbiyot buyumlari va boshqa mollarni xarid qilish, yetkazib berish bevosita tayyorlovchilardan, savdo-vositachilik firmalaridan (shu jumladan, hududiy birlashmalar omborlari tomonidan), kichik, qo‘shma korxonalardan hamda litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy shaxslardan tovar almashish, naqd pulsiz hisob-kitob yo‘li bilan yoki joriy tushumlardan bank muassasalari bilan kelishilgan hajmlarda naqd pulga, konsignatsion bitim (kontrakt)lar bo‘yicha yoki pay badallari, xayriyalar va shu kabilar hisobiga amalga oshirilishi mumkin.
29. Tovarni yetkazib berish to‘g‘risidagi shartnoma uni yetkazib berish uchun asos bo‘ladi. Shartnomaga mahsulotni yetkazib beruvchi, tayyorlovchi, tovarlarning sifati, miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotlar albatta kiritilishi kerak.
30. Shartnomaga kiritilgan ma’lumotlarning to‘liqligi uchun javobgarlik aksionerlik dorixona muassasasining rahbari va mahsulot yetkazib beruvchining zimmasiga yuklatiladi.
31. Tovarga ilova qilingan hujjatlar asosida belgilangan tartibda tuzilgan qabul dalolatnomasi tibbiy va boshqa tovarlarni kirim qilish uchun asos bo‘ladi.
32. Dori-darmonlar, tibbiyot buyumlarining kelib tushishini hisobga olish ularning kelib tushishiga ko‘ra yetkazib beruvchi, shartnoma, tovarlarning sifati, seriyasi, miqdori hamda kelib tushgan sanasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qamrab oluvchi hisob daftarida yuritiladi.
33. Dori-darmonlarni sotish respublikadagi dorixona muassasalari uchun belgilangan amaldagi tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Dori-darmonlarni valyutaga sotish va valyutadagi tushumni hisobga olish belgilangan tartibda yuritiladi.
Dori-darmonni aholiga imtiyozli retseptlar bo‘yicha sotish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
34. Dori-darmonlarni valyutaga sotish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan aksionerlik dorixona muassasalarining rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993-yil 7-maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunining barcha talablariga va valyuta operatsiyalarini tartibga soluvchi tegishli hujjatga rioya qilishlari kerak.
VI. Aksionerlik dorixona muassasalaridagi mehnat va unga haq to‘lash
35. Mehnat jamoasi a’zolarining mehnat munosabatlari mazkur Nizomda belgilangan xususiyatlarni hisobga olgan holda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Mehnat jamoasining imkoniyatlardan to‘liq foydalanishdan iqtisodiy manfaatdorligi xodimlarni moddiy rag‘batlantirishning amaliy tizimiga, mehnat me’yori bilan unga haq to‘lash o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga asoslanadi.
36. Aksionerlik dorixona muassasalari xodimlarni yollash va ishdan bo‘shatish tartibini, ish kuni tartibini, ishning smenaliligini mehnat to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikka muvofiq belgilaydilar.
37. Davlat dorixona muassasasi mulkining aksionerlik mulkiga aylantirilishi munosabati bilan ishdan bo‘shatiladigan xodimlarga davlat korxonasi qayta tuzilgan yoki tugatilganda ishdan bo‘shatiladigan xodimlar uchun amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlar kafolatlanadi.
38. Aksionerlik dorixona muassasasi ijtimoiy rivojlantirish fondi mablag‘larini sarflash tartibini mustaqil belgilashga, shu jumladan, mehnat jamoasi a’zolarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlarni va kafolatli eng kam ish haqini (kasaba uyushmasi organlari bilan kelishuvga ko‘ra tarmoqdagi eng kam tarif stavkasi darajasini) joriy qilishga haqlidir.
39. Aksionerlik dorixona muassasasi ijtimoiy sug‘urta, ish bilan ta’minlash fondlariga va boshqa fondlarga to‘lovlarni belgilangan tartibda to‘laydi.
VII. Aksionerlik dorixona muassasalari faoliyatini nazorat qilish
40. Aksionerlik dorixona muassasalari faoliyatini nazorat qilishni muassasalarning taftish komissiyasi va soliq organlari amalga oshiradilar.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-martdagi 132-son qaroriga 4-ILOVA
Hududiy davlat-aksionerlik birlashmasining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
VAQTINChALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Hududiy davlat-aksionerlik birlashmasi (keyingi o‘rinlarda Birlashma deb ataladi) viloyatlar, Toshkent shahar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Farmatsiya” ishlab chiqarish birlashmalarining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Birlashma ochiq turdagi aksionerlik jamiyati tarzida tashkil etiladi, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, aksionerlik shahar va tuman markaziy dorixonalari, dorixona muassasalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlarning jismoniy, yuridik shaxslari uning qatnashchilari hisoblanadilar.
4. Birlashma yuridik shaxs hisoblanadi, moliya-kredit muassasalarida tegishli schyotlar ochadi, o‘z nomi yozilgan muhrga, to‘rt burchak muhrga ega bo‘ladi.
5. Birlashma belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladi.
6. Aksiya va obligatsiyalar chiqarish, ularning harakati hamda ularni hisobga olish masalalari birlashma boshqaruv organlari tomonidan qonunchilikka muvofiq hal etiladi.
Aksiyalar chiqarish to‘g‘risidagi qaror birlashma ta’sischilari yoki aksionerlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan qabul qilinadi.
Qiymatli qog‘ozlarning dastlabki emissiyasi a’mollari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan 1993-yil 2-fevralda tasdiqlangan Davlat korxonalarini qayta o‘zgartirish natijasida tashkil etilgan aksionerlik jamiyatlarining qiymatli qog‘ozlarini chiqarish va qayd etish to‘g‘risidagi 11-son “Yo‘riqnoma”ga muvofiq amalga oshiriladi.
Qiymatli qog‘ozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularni hisobga olish Moliya vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Aksiyalar:
— imtiyozli (ovoz berish huquqisiz), oddiy (ovoz berish huquqi bilan);
— boshqa aksionerlarning roziligisiz qo‘ldan-qo‘lga o‘tuvchi bo‘lishi mumkin.
Aksiyalarni mehnat jamoalarida va boshqa aksionerlarga taqsimlash aksiyalarga yozilish asosida amalga oshiriladi.
Aksiya olgan aksionerlar tegishli ravishda rasmiylashtirilgan aksionerlarni ro‘yxatga olish reyestr daftariga yozib qo‘yiladi.
Aksiyalarning sotilmagan qismi qonunda belgilangan tartibda saqlashga qo‘yiladi.
7. Ustav tasdiqlangunga qadar davlat-aksionerlik birlashmasi o‘z faoliyatida mazkur Vaqtinchalik nizomga amal qiladi.
II. Birlashmaning maqsadi va faoliyat turi
8. Birlashma viloyat aholisini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida tashkil etiladi.
9. Birlashma asosiy maqsadga erishish uchun quyidagilarni amalga oshiradi:
aksionerlik, jamoa dorixona muassasalari huquqlarini himoya qilishni ta’minlash, davlat organlari va boshqa organlarda umumiy manfaatlarni ifodalash;
bozor konyunkturasini tahlil qilish, marketing faoliyatini amalga oshirish;
dori-darmonlar to‘g‘risidagi axborotning hududiy tizimini tashkil etish;
dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
dorixona muassasalari mulkchilikning turli shakllariga aylantirilayotganda ularga va ularning faoliyatiga yordam ko‘rsatish;
aholining dori-darmonlarga va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida pul mablag‘lari (investitsiyalar)ni, shu jumladan, xorijiy yuridik shaxslarning va fuqarolarning pul mablag‘lari (investitsiyalari)ni jalb qilish, dori-darmonlar savdosi va ta’minoti tizimini takomillashtirish;
aholini va davolash-profilaktika muassasalarini dori-darmonlar bilan ta’minlashning tashkil etilishi va tartibini, dori-darmonlar sifatini, aksionerlik dorixona muassasalarida, jamoa va xususiy dorixonalarda dorishunos kadrlarni qayta tayyorlashni nazorat qilish.
III. Birlashmaning mol-mulki
10. Qayta tuzilayotgan “Farmatsiya” ishlab chiqarish birlashmasining asosiy va aylanma mablag‘lari, dorixona muassasalarining aksiyalari, paylari, ulushlari Birlashmaning mol-mulkini tashkil etadi.
35 foiz miqdordagi aksiyalar paketi davlat mulkchiligida saqlanadi va davlat aksionerlik uyushmasiga o‘tkaziladi.
11. Quyidagilar birlashma mol-mulkini shakllantirish manbalari hisoblanadi:
hududiy davlat-aksionerlik birlashmasining ta’sis etilgan vaqtdagi ustav fondi qayta tuzilayotgan “Farmatsiya” ishlab chiqarish birlashmasining va shifoxonalarning xo‘jalik hisobidagi dorixonalarining mol-mulki, shahar, tuman markaziy dorixonalarining va boshqa aksionerlik dorixona muassasalarining davlatga tegishli aksiyalari;
ta’sischilarning pul va moddiy badallari;
mahsulotlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar, dori-darmonlar bilan imtiyozli ta’minlashning o‘rnini qoplash uchun budjet tashkilotlaridan tushgan pullar va shu kabilar;
tashkilotlar va fuqarolarning beg‘araz va hayriya badallari, xayr-ehsonlari.
12. Birlashma o‘zining mulki hisoblangan ishlab chiqarish vositalari va boshqa moddiy boyliklarni ta’sischilar bilan kelishgan holda sotishga, ijaraga berishga haqlidir.
IV. Birlashmaning huquq va vazifalari
13. Birlashma o‘z maqsadlariga erishish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
ham respublikada, ham chet elda yuridik shaxslar va fuqarolar bilan o‘z nomidan shartnomalar, kontraktlar tuzish;
moliya-kredit muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlar ochish hamda ular orqali milliy va chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
milliy va chet el valyutasidagi kreditlardan foydalanish;
uyushmalar, konsernlar va boshqa birlashmalarga kirish, xorijiy sheriklar bilan birgalikda qo‘shma korxonalar tashkil etish;
o‘zining savdo korxonalari, shu’ba korxonalari, firmalarini (shu jumladan, chet elda) tashkil etish va ta’sis qilish;
Birlashma foydasini tasarruf etish;
har xil, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar va fuqarolarning pul mablag‘lari (investitsiyalari)ni jalb qilish;
belgilangan tartibda tashqi bozorda eksport va import operatsiyalarini mustaqil amalga oshirish;
ham ichki, ham tashqi bozorda barter, kliring bitishuvlari shaklida ta’minot-sotish operatsiyalarini amalga oshirish:
binolar, inshootlar, transport vositalari va boshqa ko‘char va ko‘chmas mol-mulkni sotib olish, hisobdan chiqarish, ijaraga olish va berish;
dorixona muassasalari aksiyalarini chiqarish va ta’sischilar, O‘zbekiston Respublikasi hamda boshqa davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari o‘rtasida tarqatish.
14. Birlashma:
o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilikka, mazkur Vaqtinchalik nizomga va ta’sis shartnomalariga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirishi;
davlat-aksionerlik uyushmasi qabul qilgan qarorlarni bajarishi shart.
V. Birlashmaning moliya-xo‘jalik faoliyati
15. Birlashma o‘z xo‘jalik faoliyatini mustaqil belgilaydi.
16. Foyda Birlashma moliyaviy faoliyatining asosiy umumlashtirilgan ko‘rsatkichi hisoblanadi.
17. Birlashma belgilangan tartibda jamg‘armalar tashkil etadi.
VI. Istiqbolni belgilash va hisobot
18. Birlashma, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi muassasalarining davlat buyurtmasini hisobga olgan holda, o‘z faoliyatining istiqbolini mustaqil belgilaydi.
19. Birlashma o‘z faoliyati natijalarini hisobga olishni amalga oshiradi, buxgalteriya va statistika hisobotini yuritadi hamda uning ishonchliligi uchun javob beradi.
20. Birlashma faoliyatining yillik hisoboti ta’sischilarning umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) hisobot yili tamom bo‘lgandan keyin bir oydan kechikmay tasdiqlanishi kerak.
21. Yillik hisobot Birlashma boshqaruvining qarori bilan auditorlik tashkiloti tomonidan tekshirilishi va tasdiqlanishi mumkin.
22. Birlashmaning choraklik va yillik hisobotlari belgilangan muddatlarda tegishli organlarga va ta’sischilarga taqdim etiladi.
VII. Birlashmaning boshqaruv organlari
23. Birlashmani boshqarishning yuqori organi aksionerlar va ta’sischilarning umumiy yig‘ilishi hisoblanadi.
Quyidagilar umumiy yig‘ilishning mutlaq vakolatiga kiradi:
Birlashma ustavini tasdiqlash va o‘zgartirish;
Ustav fondini tasdiqlash va o‘zgartirish;
Birlashma boshqaruvini saylash, uning raisini tasdiqlash va lavozimidan ozod qilish;
taftish komissiyasini saylash, uning to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash;
Birlashma faoliyatini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
kuzatuvchi kengashni saylash va uning Nizomini tasdiqlash.
24. Birlashmada rais va bosh (ijro etuvchi) direktor lavozimlari birga qo‘shib olib boriladi.
25. Rais mustaqil ravishda boshqaruv smetasini, tuzilmasini, ishga yollash, xodimlarni ishdan bo‘shatish tartibini belgilaydi hamda Birlashmaning joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi va davlat muassasalari va boshqa muassasalar bilan o‘zaro munosabatlarda ishonchnomasiz vakillik qiladi, shartnomalar, kontraktlar va boshqa hujjatlarni imzolaydi.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
26. Davlat-aksionerlik birlashmasining Ustavi tasdiqlangandan keyin mazkur Vaqtinchalik nizom o‘z kuchini yo‘qotadi.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-martdagi 132-son qaroriga 5-ILOVA
“Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
VAQTINChALIK NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. “Dori-darmon” davlat-aksionerlik uyushmasi (keyingi o‘rinlarda Uyushma deb ataladi) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsiya” Respublika ishlab chiqarish birlashmasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy davlat-aksionerlik birlashmalari, mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, dorixona muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi, o‘zga davlatlarning boshqa yuridik shaxslari Uyushmaning ta’sischilari hisoblanadilar.
4. Uyushma yuridik shaxs hisoblanadi, moliya-kredit muassasalarida tegishli schyotlar ochadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi yozilgan muhrga, to‘rt burchak muhrga ega bo‘ladi.
5. Uyushma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladi.
6. Ustav tasdiqlangunga qadar o‘z faoliyatida mazkur Vaqtinchalik nizomga amal qiladi.
7. Uyushmaning to‘liq nomi: “Dori-darmon” davlat-aksioner”lik uyushmasi, manzili: O‘zbekiston Respublikasi, 700069, Toshkent shahri, Mirzamavlon Mirpo‘latov ko‘chasi, 1-a uy.
II. Uyushmaning maqsadi va turi
8. Uyushma O‘zbekiston Respublikasi aholisini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida tashkil etiladi.
9. Uyushma asosiy maqsadga erishish uchun quyidagilarni amalga oshiradi:
bozor konyunkturasini tahlil qilish, marketing faoliyatini amalga oshirish;
dori-darmonlar to‘g‘risidagi axborotning respublika tizimini tashkil etish;
dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
dorixona muassasalariga ularni mulkchilikning turli shakllariga aylantirishda tashkiliy jihatdan yordam ko‘rsatish;
aholining dori-darmonlar va tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida pul mablag‘larini (investitsiyalarni), shu jumladan, xorijiy yuridik shaxslarning va fuqarolarning pul mablag‘larini (investitsiyalarini) jalb qilish;
dori-darmonlar savdosi va ta’minoti tizimini takomillashtirish;
yangi dori-darmonlarni va tibbiyot buyumlarini yaratish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini joriy etishni jadallashtirish;
aholini va sog‘liqni saqlash muassasalarini dori-darmonlar bilan ta’minlashning tashkil etilishini va tartibini, dori-darmonlar sifatini, dorishunos kadrlarni qayta tayyorlashni nazorat qilish;
aksionerlik, jamoa va xususiy dorixonalarda buxgalteriya hisobi usullarini takomillashtirish.
III. Uyushmaning mulki
10. Ta’sischilar tomonidan badal sifatida berilgan asosiy va aylanma mablag‘lar Uyushmaning mol-mulkini tashkil etadi.
Hududiy davlat-aksionerlik birlashmalarining 26 foiz miqdordagi aksiyalar paketi va mavjud respublika dorixona ombori negizida tashkil etilgan aksionerlik jamiyati aksiyalarining 100 foizi davlat mulkchiligida saqlanadi.
(10-bandning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-aprel 185-son qarori tahririda — O‘R QHT, 2003-y., 7-8-son, 61-modda)
11. Quyidagilar mol-mulkni shakllantirish manbalari hisoblanadi:
ta’sischilarning pul va moddiy badallari;
mahsulotlarni sotishdan, ishlarni bajarishdan va xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar va boshqalar;
tashkilotlar va fuqarolarning beg‘araz va xayriya badallari, xayr-ehsonlari;
uyushma xodimlarining shaxsiy mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
IV. Uyushmaning huquq va vazifalari
12. Uyushma o‘z maqsadlariga erishish uchun quyidagi huquqlarga egadir:
o‘z nomidan ham Respublikada, ham chet ellarda yuridik shaxslar va fuqarolar bilan shartnomalar, kontraktlar tuzish;
moliya-kredit muassasalarida hisob-kitob va boshqa schyotlar ochish hamda ular orqali milliy va chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish;
belgilangan tartibda tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;
milliy va chet el valyutasidagi kreditlardan foydalanish;
xorijiy sheriklar bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish;
o‘zining korxonalarini va shu’ba korxonalarini, firmalarni, shu jumladan, chet ellarda tashkil qilish va ta’sis etish;
mustaqil ravishda ma’muriy taqsimot faoliyatini belgilash;
Uyushma foydasini tasarruf etish;
turli tashkilotlarning va fuqarolarning, shu jumladan, chet el fuqarolarining pul mablag‘larini (investitsiyalarini) jalb etish;
belgilangan tartibda tashqi bozorda eksport va import operatsiyalarini amalga oshirish;
ichki va tashqi bozorda ta’minot-sotish operatsiyalarini, shu jumladan, barter, kliring va konsignatsiya bitishuvlarini amalga oshirish;
binolarni, inshootlarni, transport vositalarini va boshqa ko‘char va ko‘chmas mulklarni sotib olish, hisobdan chiqarish, olish, ijaraga berish.
13. Uyushmaga quyidagilar yuklatiladi;
davlatga tegishli aksiyalarni boshqarish vazifasini amalga oshirish, va shunga muvofiq aksionerlarning umumiy yig‘ilishida davlatning hamda uning boshqaruv organlari manfaatlarini ifodalash;
dori-darmonlar sifatini va aksionerlik dorixona muassasalarining farmatsevtika faoliyatini nazorat qilishni amalga oshirish.
14. Uyushma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga va mazkur Vaqtinchalik nizomga qat’iy muvofiq ravishda amalga oshirishi shart.
V. Uyushmaning moliya-xo‘jalik faoliyati
15. Uyushma o‘z moliya-xo‘jalik faoliyatini mustaqil belgilaydi.
16. Foyda Uyushma moliya-xo‘jalik faoliyatining asosiy umumlashtirilgan ko‘rsatkichi hisoblanadi.
17. Uyushma belgilangan tartibda jamg‘armalar tashkil etadi.
VI. Istiqbolni belgilash va hisobot
18. Uyushma O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining davlat buyurtmasini hisobga olgan holda o‘z faoliyat istiqbolini mustaqil ravishda belgilaydi.
19. Uyushma o‘z faoliyat natijalarini hisobga olishni amalga oshiradi, buxgalteriya va statistik hisobot ishlarini olib boradi hamda ularning ishonchliligi uchun javob beradi.
20. Uyushma faoliyati haqidagi yillik hisobot hisobot yili tugagandan keyin, belgilangan tartibda, ta’sischilarning umumiy yig‘ilishida (konferensiyasida) tasdiqlanishi kerak.
21. Uyushma boshqaruvining qarori bo‘yicha yillik hisobot auditorlik tashkiloti tomonidan tekshirilishi va tasdiqdan o‘tkazilishi mumkin.
VII. Uyushmaning boshqaruv organlari
22. Uyushma boshqaruvining yuqori organi ta’sischilarning umumiy yig‘ilishi hisoblanadi.
Umumiy yig‘ilishning mutlaq huquq doirasiga quyidagilar kiradi:
Uyushma Ustavini tasdiqlash va o‘zgartirish;
ustav fondini tasdiqlash va o‘zgartirish;
Uyushma boshqaruvini saylash va uni tasdiqlash, Uyushma boshqaruvi raisini tasdiqlash va lavozimidan ozod qilish;
taftish komissiyasini saylash, uning to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash;
Uyushma faoliyatini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
kuzatish kengashini saylash, uning nizomini tasdiqlash;
ta’sis etish tusidagi qarorlarni qabul qilish hamda Uyushma faoliyatini tugatish (qayta tashkil etish).
23. Uyushma boshqaruvi raisi smetani, boshqaruv tuzilmasini, xodimlarni ishga yollash, ishdan bo‘shatish tartibini mustaqil ravishda belgilaydi hamda Uyushmaning kundalik faoliyatiga rahbarlik qiladi.
24. Uyushma boshqaruvi raisi davlat hamda boshqa muassasalar va tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda Uyushma nomidan ishonchnomasiz vakillik qiladi, shartnomalar, kontraktlar va boshqa hujjatlarni imzolaydi.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
25. Uyushma Ustavi tasdiqlangandan keyin mazkur Vaqtinchalik nizom o‘z kuchini yo‘qotadi.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 11-martdagi 132-son qaroriga 6-ILOVA
Davlat tasarrufidan chiqarilayotgan va xususiylashtirilayotgan davlat mulki obyektida tomonlarning o‘zaro majburiyatlari va faoliyat shart-sharoitlari to‘g‘risida
Bitim-shartnoma
Mazkur bitim-shartnoma O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi (O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasining hududiy boshqarmasi)
keyingi o‘rinlarda “Sotuvchi” deb ataladigan qo‘mita nomidan ish yurituvchi rais ______________________________________________________ bir tomondan,
________________________________ o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida tuzildi
Shartnomaning maqsadi
Mazkur bitim davlat mulkini sotish shart-sharoitlari va tartibini hamda tomonlarning moliya-xo‘jalik masalalariga oid o‘zaro majburiyatlarini nazarda tutadi.
davlat mulkini boshqarish vakolatiga ega bo‘lgan organ tomonidan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish komissiyasining qarori asosida qabul qilgan qaroriga muvofiq Xaridorga mulk qilib beradi.
(kimoshdi talovi natijalari to‘g‘risida bayonnoma, obyektni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish komissiyasining qarori)
1.2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 6-yanvardagi 3-son qarori asosida Xaridorga ___________________________ hajmida imtiyoz berilsin.
1.3. Jamiyat ustav fondida davlatning ulushi aksionerlik jamoa dorixona muassasalari uchun 35% hajmida saqlab qolinadi.
2. Xaridorniig majburiyatlari
2.1. Xaridor mulkni qabul qilib olish va uning uchun _____________________ to‘lashni zimmasiga oladi
2.2. Xaridor ________________ mln so‘m miqdoridagi dastlabki xarid to‘lovlarini tegishli buyruq chiqarilgan vaqtdan boshlab 30 kun mobaynida quyidagi tartibda to‘laydi:
a) Davlat mulki qo‘mitasining hisob-kitob schyotiga _______________________
(dastlabki xarid to‘lovlari jami summasining 80 foizini):
6) qayta tashkil etilayotgan dorixona muassasalarining hisob-kitob schyotiga (Davlat mulki qo‘mitasiga to‘langan to‘lov chegirilgan dastlabki badallarning 20 foizini);
v) tegishli budjetga xarid qiymatiga qo‘shimcha ravishda 1% davlat poshlinasi.
2.3. Xaridor (mulkning yangi subyekti) dorixona muassasasi huquq va majburiyatlarining huquqiy vorisi hisoblanadi, dorixona muassasasining mulki, uning kontraktlari, shartlari, majburiyatlari ham bu munosabatda xoh hozir amalda bo‘lgan, xoh keyinchalik chiqariladigan qonun-qoidalarga rioya qilgan holda qonuniy asosda to‘liq uning ixtiyoriga o‘tadi.
2.4. Xaridor dorixona muassasasi, ishlab chiqarish obyektlari mavjud bo‘lgan barcha davrda faoliyat sohasini saqlab qolishni, mazkur shartnoma ilovasiga ko‘ra bo‘lishi shart hisoblangan dori-darmonlar (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan), tovarlarning ayrim turlariga ega bo‘lishni va ularni yetkazib berishni o‘z zimmasiga oladi.
2.5. Dorixona muassasalari davlat mulki shaklidan aksionerlik, jamoa va xususiy mulk shakliga aylantirilganda Xaridor mehnat to‘g‘risidagi qonunda belgilangan barcha talablarni bajarishni o‘z zimmasiga oladi.
2.6. Xaridor obyektning to‘liq qiymatini to‘laguniga qadar “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 16-moddasining 2-bandiga muvofiq obyektlarni sotish, berish shartlariga rioya qilishi kerak.
2.7. Xaridor mazkur bitim-shartnoma imzolangan vaqtdan boshlab berilayotgan mulkka nisbatan operativ xo‘jalik yuritish huquqiga ega bo‘ladi.
quyidagi majburiyatlarni bajarishni o‘z zimmasiga oladi:
3.1. Xaridorga xo‘jalik shartnomasi asosida:
— moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlashda;
— kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashda, xo‘jalik va hakamlik sudlarida ularning huquqiy, moliyaviy hamda xo‘jalik manfaatlarini himoya qilishda;
— ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini, tashqi iqtisodiy aloqalarning kengayishini hisobga olib, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini yanada rivojlantirish istiqbollarini ishlab chiqishda yordam beradi.
3.2. Barter operatsiyalari, reklama va bozor konyunkturasi hamda dori-darmonlar ishlab chiqarishni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida reklama va axborot faoliyatini amalga oshirish.
4. Tomonlarning majburiyatlari
Obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish Xaridor tomonidan belgilangan muddatlarda to‘lanmagan summasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi yoki uning hududiy organlari tomonidan muddati o‘tkazib yuborilgan har bir kun uchun 0,5% hajmida penya hisoblab so‘zsiz undirib oladi.
Agar mulk Xaridorning ixtiyorida bo‘lgan vaqtda uning xatti-harakatlari bilan mulkka shikast yetkazilgan bo‘lsa, yetkazilgan shikast summasi undan xo‘jalik sudi orqali undirib olinadi.
5. Bitim-shartnomaning �malda bo‘lish muddati va uni bekor qilish tartibi
5.1. Mazkur bitim-shartnoma 199 yil “____ ” __________________dan boshlab kuchga kiradi va tomonlar zimmalariga olgan majburiyatlarini to‘liq bajargunlariga qadar amalda bo‘ladi.
5.2. Shartnomani bekor qilish tomonlarning kelishuviga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunida belgilangan tartibda hamda asoslarda amalga oshiriladi.
5.3. Xaridor mazkur bitimning 2, 4-bandlariga rioya qilmagan taqdirda “Dori-darmon” uyushmasi (birlashmasi) litsenziya va davlat orderini bekor qilish to‘g‘risida taklif kiritadi.
6. Bitim-shartnomaning alohida shartlari
Mazkur bitim-shartnoma 3 nusxada tuzilgan bo‘lib, ulardan bittasi “Xaridor”ga, ikkinchisi “Sotuvchi”ga yoki uning hududiy boshqarmasiga beriladi, uchinchisi “Dori-darmon” uyushmasida yoki uning hududiy birlashmalarida saqlanadi.
Tomonlarning yuridik manzillari:
“Sotuvchi”: O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasi (O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi yoki uning hududiy boshqarmasining to‘liq nomi).