toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 22.02.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA ASOSIY FONDLAR (VOSITALAR)NI qayta BAHOLASh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi asosiy fondlarining balans qiymatini hozir amal qiluvchi narxlarga va ularni takror ishlab chiqarish shart-sharoitlariga muvofiqlashtirish, shuningdek, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini amalga oshirish uchun zarur negiz yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining barcha korxonalari, tashkilotlari va muassasalari mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, asosiy fondlar (vositalar)ni buxgalteriya hisobi maʼlumotlarining 1993-yil 1-apreldagi holatiga koʻra qayta baholashga majburdirlar.
Qayta baholash 1993-yil 1-sentabrgacha oʻtkazilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi va Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda:
bir hafta muddatda asosiy fondlar (vositalar)ni qayta baholashni oʻtkazish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
korxonalar va tashkilotlarga asosiy fondlar (vositalar)ni qayta baholashni mazkur qaror bilan belgilangan muddatda oʻtkazishda uslubiy rahbarlikni va amaliy yordam koʻrsatishni hamda qayta baholashning natijalari buxgalteriya va statistika hisobotida aks ettirilishini taʼminlasin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalarning rahbarlari:
birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalarda birinchi rahbarlar boshchiligida asosiy fondlar (vositalar)ni qayta baholashni oʻtkazishni tashkil etish va uning sifatini nazorat qilish uchun tegishli ishchi komissiyalari tuzsinlar;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish moʻljallangan asosiy fondlar (vositalar) birinchi navbatda qayta baholanishini taʼminlasinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi asosiy fondlar (vositalar) qiymatini qayta baholashning birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va boshqa xoʻjalik subyektlaridan olingan natijalarini umumlashtirsin hamda ularni 1993-yilning 1-noyabridan kechiktirmay Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi ustav sarmoyasining miqdorini yoki korxonalar va tashkilotlarni auksionda va tanlov boʻyicha sotishda ularning dastlabki bahosini belgilashni, shuningdek, davlat korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda korxonalar va tashkilotlar xodimlariga beriladigan imtiyozlar miqdorini belgilashni mazkur qarorga muvofiq oʻtkaziladigan qayta baholashni hisobga olgan holda amalga oshirsin.
Ijaraga olingan davlat mol-mulkini keyinchalik sotib olish huquqi bilan mazkur qaror chiqqanga qadar ijara shartnomasi tuzgan korxonalar va tashkilotlar mol-mulkning qolgan qismini sotib olishni qayta baholashni hisobga olgan xolda amalga oshiradilar.
6. Belgilab qoʻyilsinki, mol-mulkka va amortizatsiyaga solinadigan soliq 1993-yil oxirigacha mazkur qarorga binoan oʻtkaziladigan qayta baholashni hisobga olmagan holda asosiy fondlar (vositalar) qiymatidan kelib chiqib hisoblab chiqiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi asosiy fondlar (vositalar)ni qayta baholashni tashkil etish va oʻtkazish uchun Davlat mulki qoʻmitasiga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan 12,65 mln. soʻm ajratsin,
8. “Oʻzshartnomasavdo” shakllarni va asosiy fondlar (vositalar) qiymatini qayta baholash Tartibini koʻpaytirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasiga 0,5 tonna yozuv qogʻozi va 4,5 tonna gazeta qogʻozi ajratsin,
9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi tomonidan asosiy fondlar (vositalar)ni qayta baholash Tartibi va ushbu masala boʻyicha statistika hisoboti shakli taqdim etilgandan keyin 20 kun muddatda buyurtmanomaga muvofiq nusxa koʻpaytirishni va ularni joʻnatishni amalga oshirsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi asosiy fondlar (vositalar)ni qayta baholashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish hamda uning materiallarini ishlab chiqish munosabati bilan pochta-telegraf korrespondensiyalari, banderollar va joʻnatmalarning birinchi navbatda qabul qilinishi va oluvchilarga yetkazib berilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi komplekslarining rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 1-iyun,
261-son