1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.27.00.00 Valyutani tartibga solish va valyutani nazorat qilish / 07.27.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Moliya / Valyutani tartibga solish. Qimmatbaho metallar (toshlar)]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
VALYUTANI TARTIBGA SOLISh TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonunning yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrdagi 556-II-son “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
Ushbu Qonun ichki xo‘jalik oboroti va xalqaro kredit-hisob-kitob munosabatlarida valyuta operatsiyalarini amalga oshirish prinsiplarini, valyutani tartibga solish va valyuta resurslarini boshqarishda davlat idoralarining vakolatlarini, yuridik va jismoniy shaxslar hamda xorijiy davlatlarning valyuta boyliklariga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf etishdagi huquqlari va burchlarini, valyutani nazorat qilish asoslarini va O‘zbekiston Respublikasida valyutani tartibga solishga doir qonunlarni buzganlik uchun javobgarlikni belgilab beradi.
1. O‘zbekiston Respublikasining pul birligi “so‘m”dir.
(1-moddaning 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1994-yil 29-sentabrdagi 2022-XII-sonli Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 11-12-son, 285-modda)
qimmatli qog‘ozlar – chet el valyutasidagi fond boyliklari (aksiyalar, obligatsiyalar va boshqalar);
chet el valyutasidagi to‘lov hujjatlari (cheklar, veksellar, akkreditivlar va boshqalar);
qimmatbaho metallar – har qanday ko‘rinish va holatdagi oltin, kumush, platina hamda platina guruhiga kiruvchi (palladiy, iridiy, rodiy, ruteniy va osmiy), metallar shunday metallardan ishlangan zargarlik buyumlari va boshqa ro‘zg‘or buyumlari hamda ularning parchalari bundan mustasno;
tabiiy qimmatbaho toshlar – sayqal berilgan va sayqal berilmagan shakldagi olmos, la’l, zumrad, yoqut, aleksandrit, shuningdek marvarid, shunday toshlardan ishlangan zargarlik va boshqa ro‘zg‘or buyumlari hamda ularning parchalari bundan mustasno.
3. “Chet el valyutasi” jumlasiga:
tegishli ajnabiy davlatda muomalada bo‘lgan va qonuniy to‘lov vositasi hisoblangan banknot ko‘rinishdagi chet el pul belgilari, shuningdek muomaladan chiqarilgan yoki chiqarilayotgan, ammo O‘zbekiston Respublikasi pul belgilariga almashtirilishi lozim bo‘lgan chet el pul belgilari;
schyotlarda va omonatlarda bo‘lgan xorijiy davlatlarning pul birliklaridagi va xalqaro hisob-kitob birliklaridagi mablag‘lar kiradi.
4. “Rezidentlar” jumlasiga:
O‘zbekiston Respublikasida muqim yashash joyi bo‘lgan, shu jumladan vaqtincha O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida turgan jismoniy shaxslar;
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq tuzilgan va ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar, shu jumladan chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar;
O‘zbekiston Respublikasining immunitetga va diplomatiya imtiyozlariga ega bo‘lgan xorijdagi diplomatiya, savdo va boshqa rasmiy vakolatxonalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi korxona va tashkilotlarining chet eldagi xo‘jalik yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan o‘zga vakolatxonalari kiradi.
5. “Norezidentlar” jumlasiga:
xorijda muqim yashash joyi bo‘lgan, shu jumladan vaqtincha O‘zbekiston Respublikasida turgan jismoniy shaxslar;
O‘zbekiston Respublikasining tashqarisida joylashgan bo‘lib, ajnabiy davlatlarning qonunlariga muvofiq tashkil etilgan va shu qonunlar asosida faoliyat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining korxona va tashkilotlari ishtirokidagi yuridik shaxslar;
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bo‘lib, immunitetga va diplomatiya imtiyozlariga ega bo‘lgan chet el diplomatiya, savdo va boshqa rasmiy vakolatxonalari, xalqaro tashkilotlar va ularning filiallari, shuningdek xo‘jalik yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan o‘zga tashkilot va firmalarning vakolatxonalari kiradi.
6. “Valyuta operatsiyalari” jumlasiga:
valyuta boyliklariga nisbatan bo‘lgan egalik huquqining o‘tishi bilan bog‘liq operatsiyalar, shu jumladan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda chet el valyutasidan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining pul birligidan to‘lov vositasi sifatida foydalanish bilan bog‘liq operatsiyalar;
valyuta boyliklarini xorijdan O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va jo‘natish hamda O‘zbekiston Respublikasidan xorijga olib chiqish va jo‘natish;
xalqaro ko‘lamda pul o‘tkazish ishlarini amalga oshirish kiradi.
7. Valyuta operatsiyalari joriy operatsiyalarga va kapitalning harakati bilan bog‘liq bo‘lgan operatsiyalarga bo‘linadi.
8. “Joriy valyuta operatsiyalari” jumlasiga:
mollarni eksport va import qilish, valyuta boyliklarining oldi-sotdisi bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish, intellektual mulkka bo‘lgan huquqni ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq, hisob-kitoblari to‘lov muddatini kechiktirmaslik sharti bilan amalga oshiriladigan, zayom mablag‘lari berilishi yoki jalb etilishini nazarda tutmaydigan operatsiyalar;
bank omonatlari, kreditlari, investitsiyalar va boshqa moliya operatsiyalaridan foizlar, dividendlar hamda o‘zga daromadlarni xorijga va xorijdan o‘tkazish;
savdo bilan bog‘liq bo‘lmagan mablag‘larni, shu jumladan ish haqi, pensiya, aliment, meros pullarni o‘tkazish, shuningdek shunga o‘xshash boshqa operatsiyalar kiradi.
9. “Kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalari” jumlasiga:
investitsiyalar, shu jumladan qimmatli qog‘ozlarni sotib olish va sotish;
kreditlar berish va olish;
mablag‘larni jalb etish hamda ularni schyotlarga va omonatlarga qo‘yish;
to‘lovlar amalga oshiriladigan yoki egalik huquqi muayyan muddatdan keyin valyuta boyliklariga o‘tadigan moliyaviy operatsiyalar kiradi.
10. “Vakil qilingan banklar” jumlasiga:
O‘zbekiston Respublikasining Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, aksiyadorlik-tijorat, tijorat, kooperativ va xususiy banklar, shu jumladan chet el kapitali ishtirokidagi banklar, valyuta operatsiyalarini o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining ruxsatnomasini olgan chet el banklari (filiallari, vakolatxonalari) kiradi.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi pul birligi bilan bo‘ladigan operatsiyalar
1. O‘zbekiston Respublikasida yagona qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi pul birligining xarid qobiliyatini mustahkamlashga qaratilgan yagona pul-kredit siyosati o‘tkaziladi.
2. Rezidentlar o‘rtasidagi munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasining pul birligi har qanday talab va majburiyatlarning to‘lovi uchun cheklovsiz qabul qilinadi.
3. O‘zbekiston Respublikasining pul birligi, basharti, uning manbai xorijdan O‘zbekiston Respublikasiga olib kelingan yoki o‘tkazilgan va O‘zbekiston Respublikasining o‘zida qonuniy asosda olingan chet el valyutasidagi mablag‘lardan iborat bo‘lsa, norezidentlarning mulk obyekti bo‘lishi mumkin.
4. Yuridik shaxs bo‘lmish norezidentlar o‘rtasida valyuta operatsiyalarini, shuningdek har qanday bitimlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining pul birligida olib boriladigan hisob-kitoblar tartibini va bu yuridik shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi pul birligida bank muassasalarida schyotlar ochishi tartibini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
Uqtirib o‘tilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi pul birligidan foydalanib bitimlar tuzish va hisob-kitoblarni amalga oshirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan tartib buzilgan bo‘lsa, tuzilgan bitimlar va qilingan hisob-kitoblar haqiqiy hisoblanmaydi.
5. Rezidentlar va norezidentlarning O‘zbekiston Respublikasi pul birligini hamda bu birlikda ifodalangan qimmatli qog‘ozlarni O‘zbekiston Respublikasidan chetga olib chiqishi va jo‘natishi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda belgilab qo‘yadigan tartibda amalga oshiriladi.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi xududida chet el valyutasida amalga oshiriladigan operatsiyalar
1. O‘zbekiston Respublikasida chet el valyutasidagi operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda chet el valyutasidagi to‘lov hujjatlaridan foydalanish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi bilan kelishib olgan holda belgilaydi.
2. Jismoniy shaxs bo‘lmish rezidentlarga O‘zbekiston Respublikasida chet el valyutasida ish haqi va boshqa rag‘batlantirish to‘lovlarini amalga oshirish taqiqlanadi. Ushbu Qonunning 1-moddasi 4-bandining to‘rtinchi xatboshisida sanab o‘tilgan rezidentlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan hollar bundan mustasno.
4-modda. Chet el valyutasining O‘zbekiston Respublikasi pul birligiga nisbatan kursi
Chet el valyutasining O‘zbekiston Respublikasi pul birligiga nisbatan kursini aniqlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasining valyuta bozori
1. Chet el valyutasi sotib olish va sotish valyuta bozorida amalga oshiriladi.
Chet el valyutasini sotib olish O‘zbekiston Respublikasi valyuta bozorida ham, boshqa mamlakatlarning valyuta bozorlarida ham amalga oshiriladi.
Valyuta bozoridagi operatsiyalar vakolat berilgan banklar orqali chet el valyutasining O‘zbekiston Respublikasi pul birligiga nisbatan bo‘lgan talab va takliflarning kundalik nisbati asosida qaror topadigan bozor kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
2. Rezidentlar o‘rtasida, shuningdek rezidentlar va norezidentlar o‘rtasida vakolat berilgan banklarni chetlab o‘tib amalga oshiriladigan chet el valyutasini sotib olish va sotishga doir bitimlar haqiqiy hisoblanmaydi.
II BO‘LIM. VALYUTANI TARTIBGA SOLISh HAMDA VALYUTA RESURSLARINI BOShQARIShDA MOLIYA VA BANK TIZIMINING VAZIFALARI
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining valyuta munosabatlari sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi valyuta-moliya siyosatining asosiy prinsiplarini shakllantirishda ishtirok etadi, respublika to‘lov balansini, Respublika valyuta fondi valyuta mablag‘lari kirimi va chiqimining, istiqbolga oid taxminlarini ishlab chiqadi, valyuta boyliklarining oqilona taqsimlanishini ta’minlaydi hamda ulardan samarali va maqsadga muvofiq foydalanilishi ustidan nazorat qiladi, shuningdek Hukumat topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Respublikasining oltin-valyuta zaxiralarini boshqaradi.
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining valyuta munosabatlari sohasidagi vazifalari
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasida valyutani tartibga solib turuvchi idora hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z vakolatlari doirasida:
valyuta resurslarini shakllantiradi va o‘z balansida bo‘lgan valyuta resurslarini, oltin-valyuta zaxiralarini boshqaradi;
O‘zbekiston Respublikasida chet el valyutasi hamda unda ifodalangan qimmatli qog‘ozlar muomala qiladigan sohani va muomala qilish tartibini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasida rezidentlar va norezidentlar bajarishi shart bo‘lgan me’yoriy hujjatlar chiqaradi;
valyuta bozorida chet el valyutasi oldi-sotdisi yuzasidan banklararo operatsiyalarni o‘tkazish tartibini o‘rnatadi;
barcha turdagi valyuta operatsiyalarini bajaradi, shu jumladan o‘z huquqlarining bir qismini vakolat berilgan banklarga o‘tkazadi;
rezidentlar va norezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida chet el valyutasi hamda chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar o‘tkazilishi qoidalarini, shuningdek norezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining pul birligi va unda ifodalangan qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar o‘tkazilishi qoidalarini belgilaydi;
rezidentlarga tegishli chet el valyutasi va unda ifodalangan qimmatli qog‘ozlarni O‘zbekiston Respublikasiga albatta o‘tkazish, olib kirish va jo‘natish tartibini, shuningdek rezidentlarning O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi banklarda chet el valyutasidagi schyotlarni ochishi shartlarini belgilaydi;
O‘zbekiston Respublikasining valyuta bozorini tartibga solib turadi;
banklar va o‘zga kredit muassasalariga valyuta operatsiyalari o‘tkazish uchun ruxsatnomalar berishning umumiy qoidalarini belgilaydi, bunday ruxsatnomalar beradi, shuningdek ularning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
valyuta operatsiyalari bo‘yicha, shu jumladan vakolat berilgan banklarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha hujjatlar yuritishning, hisobga olishning va hisobotlarning yagona shaklini belgilaydi;
qabul qilingan xalqaro qoidalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi valyuta operatsiyalari to‘g‘risida statistika ma’lumotlarini tayyorlaydi va e’lon qilib boradi;
Ushbu Qonunda, shuningdek “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan boshqa vazifalarni bajaradi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki vakolat berilgan banklar ro‘yxatini yuritadi va e’lon qilib turadi. Valyuta operatsiyalari o‘tkazish uchun berilgan ruxsatnomalar “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shuningdek vakolat berilgan banklar ruxsatnomalarning shartlarini, amaldagi qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining me’yoriy hujjatlarini buzgani taqdirda qaytarib olinishi mumkin.
8-modda. Valyuta operatsiyalarini amalga oshirishda vakolat berilgan banklarning vazifalari
1. Valyuta operatsiyalari o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan ruxsatnoma olgan tijorat banklari va boshqa banklar vakolat berilgan banklar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki o‘z maqomiga ko‘ra vakolat berilgan bank hisoblanadi.
2. Vakolat berilgan banklar zimmasiga mijozlarning valyuta to‘g‘risidagi qonunlarga rioya etishlari ustidan va o‘tkazgan operatsiyalari to‘g‘risida hisobotlar taqdim etishlari ustidan nazorat qilib borish vazifasi yuklatiladi.
III BO‘LIM. VALYUTA BOYLIKLARIGA EGA BO‘LISh, ULARDAN FOYDALANISh VA ULARNI TASARRUF ETISh TARTIBI
9-modda. Valyuta boyliklariga egalik huquqi
1. O‘zbekiston Respublikasida valyuta boyliklari rezidentlarning ham, norezidentlarning ham mulki bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida valyuta boyliklariga egalik huquqi boshqa mulk obyektlariga egalik huquqi kabi davlat tomonidan kafolatlanadi va himoya qilinadi.
2. O‘zbekiston Respublikasida qimmatbaho metallar va tabiiy qimmatbaho toshlarga, shuningdek marvaridga egalik qilish, ularni tasarruf etish, shuningdek ulardan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
10-modda. Respublika valyuta fondlarini tarkib toptirish va uning mablag‘laridan foydalanish
1. Respublika valyuta fondi respublika iqtisodiyotining ehtiyojlarini qondirish, O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzini uzish majburiyatlarini bajarish, xalqaro to‘lovlarni markazlashgan tarzda amalga oshirish, davlatning ijtimoiy va iqtisodiy dasturlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida valyuta resurslarini chet el valyutasidagi mablag‘lar va boshqa valyuta boyliklari ko‘rinishida jamlaydi.
2. Respublika valyuta fondi:
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorlarda chet el valyutasida olingan daromadga solinadigan soliq hamda chet el valyutasidagi boshqa to‘lovlar;
zarurat taqozosi bilan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan chet el valyutasi sotib olish;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan olingan chet el kreditlari va boshqa manbalar hisobiga tarkib topadi.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining valyuta resurslarini tarkib toptirish va ulardan foydalanish
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi pul birligining xarid qobiliyatini barqaror saqlab turish, respublika iqtisodiyoti tarmoqlarining kredit resurslariga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini qondirish maqsadida chet el valyutasidagi mablag‘lar va boshqa valyuta boyliklari ko‘rinishida valyuta resurslari jamlaydi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining valyuta resurslari:
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartib va miqdorlarda chet el valyutasida olingan daromadning bir qismini sotib olish;
respublika va xorijiy mamlakatlarning valyuta bozorlaridan chet el valyutasi sotib olish, valyuta kreditlari, boshqa manbalar hisobiga tarkib topadi.
12-modda. Korxona va tashkilotlarning valyuta mablag‘larini tarkib toptirish va ulardan foydalanish
1. Korxona va tashkilotlarning valyuta mablag‘lari:
tashqi iqtisodiy faoliyat va boshqa tadbirkorlik faoliyatidan chet el valyutasida olingan daromad;
chet el valyutasini va chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarni sotib olish;
valyuta kreditlari ko‘rinishida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa shakllarda olinadigan mablag‘lar hisobiga tarkib topadi.
2. Korxona va tashkilotlarning valyuta mablag‘lari vakolat berilgan banklarning valyuta schyotlari va omonatlarida saqlanadi hamda ulardan ana shu korxona va tashkilotlar mustaqil ravishda foydalanadilar.
3. Korxonalar va tashkilotlar qo‘shma dasturlarni amalga oshirish uchun o‘zlarining valyuta mablag‘larini ixtiyoriy ravishda pay asosida birlashtirishga haqlidirlar.
13-modda. Jismoniy shaxs bo‘lmish rezidentlar va norezidentlarning valyuta mablag‘lari
Jismoniy shaxs bo‘lmish rezidentlar va norezidentlar o‘z mulkida O‘zbekiston Respublikasiga chet ellardan olib kelingan, o‘tkazilgan yoki yuborilgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida olingan yoki sotib olingan valyuta boyliklari bo‘lishiga, bu boyliklarni vakolat berilgan banklardagi schyotlarda yoki omonatlarda saqlash hamda ulardan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida taqiqlanmagan tartibda foydalanishga haqlidir.
IV BO‘LIM. VALYUTA MUNOSABATLARI SUBYEKTLARINING ChET EL VALYUTASIDAGI OPERATSIYALARNI AMALGA OShIRIShI
14-modda. Rezidentlarning valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi
1. Rezidentlar joriy valyuta operatsiyalarini cheklovsiz amalga oshiradilar.
2. Kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalari rezidentlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
3. Rezidentlar bojxona qoidalariga rioya etgan holda O‘zbekiston Respublikasiga valyuta boyliklarini cheklovsiz o‘tkazish, olib kirish va jo‘natish huquqiga egadir.
Rezidentlarga tegishli chet el valyutasini va chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlarni O‘zbekiston Respublikasiga majburiy o‘tkazish, olib kirish va jo‘natish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
Rezidentlarga tegishli qimmatbaho metallar, tabiiy qimmatbaho toshlar, shuningdek marvaridni O‘zbekiston Respublikasiga majburiy olib kirish va jo‘natish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
4. Rezidentlar O‘zbekiston Respublikasi valyuta bozorida chet el valyutasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydigan tartibda O‘zbekiston Respublikasi pul birligida sotish huquqiga egadir.
5. Yuridik shaxs bo‘lmish rezidentlar o‘zlariga tegishli valyuta mablag‘laridan ishlab chiqarish va o‘z mehnat jamoalarini ijtimoiy-madaniy rivojlantirish maqsadlarida hamda qonunlarga zid bo‘lmagan boshqa maqsadlarda mustaqil ravishda foydalanishlari mumkin.
6. Yuridik shaxs bo‘lmish rezidentlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda va miqdorda Respublika valyuta fondiga chet el valyutasida soliq to‘laydilar, shuningdek chet el valyutasida olgan daromadlarining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga majburiy ravishda sotadilar.
7. Yuridik shaxs bo‘lmish rezidentlar olgan chet el valyutasi, basharti, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqa qoida belgilab qo‘ymagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasidagi vakolat berilgan banklarida o‘z schyotlariga majburiy ravishda o‘tkazilishi lozim.
8. Rezidentlar O‘zbekiston Respublikasiga avval o‘tkazilgan, olib kirilgan, jo‘natilgan yoki O‘zbekiston Respublikasida sotib olingan valyuta boyliklarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda belgilagan tartibda O‘zbekiston Respublikasidan chetga o‘tkazish, olib chiqish va jo‘natish huquqiga egadir.
9. Jismoniy shaxs bo‘lmish rezidentlar tomonidan chet elda chet el valyutasida schyotlar va omonatlar ochilishi, ularda valyuta mablag‘lari saqlanishiga rezidentlarning chet elda bo‘lish davri uchun, boshqa hollarda esa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
15-modda. Norezidentlarning valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi
1. Norezidentlar bojxona qoidalariga rioya etgan holda O‘zbekiston Respublikasiga valyuta boyliklarini cheklovsiz olib kirish, o‘tkazish va jo‘natish huquqiga egadir.
2. Norezidentlar chet el valyutasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilagan tartibda O‘zbekiston Respublikasi pul birligida sotish va sotib olish huquqiga egadir.
3. Norezidentlar valyuta boyliklarini, agar bu valyuta boyliklari avval O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazilgan, olib kelingan yoki jo‘natilgan yoxud O‘zbekiston Respublikasida sotib olingan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda belgilagan tartibda bojxona qoidalariga rioya etgan holda hech bir to‘sqinliksiz O‘zbekiston Respublikasidan chetga o‘tkazish, olib chiqish va jo‘natish huquqiga egadir.
4. Norezidentlar vakolat berilgan banklarda chet el valyutasidagi va O‘zbekiston Respublikasi pul birligidagi schyotlarga ega bo‘lishi mumkin.
5. Yuridik shaxs bo‘lmish norezidentlar valyuta operatsiyalarini, shu jumladan valyuta boyliklari oldi-sotdisini faqat vakolat berilgan banklar orqali amalga oshirishlari mumkin.
6. Jismoniy shaxs norezidentlar valyuta operatsiyalarini, shu jumladan valyuta boyliklarining oldi-sotdisini vakolat berilgan banklar orqali ham, naqd pul bilan hisob-kitob qilish usulida sarrofxonalar orqali ham amalga oshirishlari mumkin.
7. Vakolat berilgan banklar tomonidan norezidentlarning chet el valyutasidagi va O‘zbekiston Respublikasi pul birligidagi schyotlarini ochish va yuritish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
V BO‘LIM. VALYUTA NAZORATI
16-modda. Valyuta nazoratining maqsad va yo‘nalishlari
1. Valyuta nazoratining maqsadi valyuta operatsiyalarini amalga oshirish vaqtida valyuta qonunlariga rioya etilishini ta’minlashdan iboratdir.
2. Valyuta nazoratining asosiy yo‘nalishlari:
amalga oshirilayotgan valyuta operatsiyalarining amaldagi valyuta qonunlariga mos bo‘lishini va shu ish uchun kerakli ruxsatnomalar bor-yo‘qligini;
rezidentlar respublika valyuta fondiga chet el valyutasida soliq va boshqa to‘lovlar to‘lash bo‘yicha majburiyatlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga chet el valyutasini sotish bo‘yicha majburiyatlarini qanday bajarayotganini;
Respublika valyuta fondidan ajratiladigan valyuta mablag‘laridan mo‘ljallangan aniq maqsadga muvofiq va qanchalik samarali foydalanilayotganligini;
chet el valyutasidagi to‘lovlarning asosliligini;
valyuta operatsiyalari bo‘yicha hisobga olish va hisobot mukammal hamda xolis bo‘lishini tekshirishdan iboratdir.
17-modda. Valyuta nazorati idoralari va vakillari
1. O‘zbekiston Respublikasida valyutani nazorat qilish valyuta nazorati idoralari hamda ularning vakillari tomonidan amalga oshiriladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasida valyuta nazorati idoralari hisoblanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq valyutani nazorat qilish vazifasini amalga oshirishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar valyuta nazorati vakillari hisoblanadi.
4. Vakolat berilgan banklar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga hisobdor bo‘lgan valyuta nazorati vakillari hisoblanadi.
VI BO‘LIM. VALYUTA OPERATSIYALARI TO‘G‘RISIDAGI HISOBOTLAR VA VALYUTA QONUNLARINI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
18-modda. Valyuta operatsiyalari to‘g‘risidagi hisobotlar
Valyuta operatsiyalari to‘g‘risidagi hisobotlarni taqdim etish tartibini, ularning turlari, shakllari va ularni taqdim etish muddatlarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi bilan birgalikda belgilaydi. Valyuta operatsiyalari to‘g‘risida hisobot taqdim etmaslik valyuta qonunlarini buzish hisoblanadi.
19-modda. “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunni buzganlik uchun javobgarlik
“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunning talablarini buzganlik uchun aybdorlar O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga binoan jinoiy, ma’muriy javobgarlikka va fuqarolik-huquqiy javobgarligiga tortiladilar.
20-modda. Valyuta nazorati idoralari va vakillarining javobgarligi
Valyuta boyliklari egalariga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgan valyuta nazorati idoralari va ularning vakillari hamda mansabdor shaxslari valyuta boyliklari egalari oldida O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga binoan javobgar bo‘ladilar.
21-modda. Ushbu Qonunni qo‘llashga doir yo‘riqnomalar
Ushbu Qonunni qo‘llashga doir yo‘riqnomalar va boshqa me’yoriy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi bilan birgalikda chiqariladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 7-may,
841-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 225-modda; 1994-y., 11-12-son, 285-modda)