toggle_night_mode
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 18-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2025-yil 24-yanvarda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi jismoniy shaxslarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shuningdek yuridik shaxslarning banklardagi omonatlarini kafolatlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik
Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
agent-bank — kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash uchun Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan tanlab olingan bank;
badallar — bir yo‘la to‘lanadigan, kalendar va maxsus badallar tarzida banklar tomonidan Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasiga to‘lanishi lozim bo‘lgan pul mablag‘lari;
kafolatlash obyekti — omonatchining bankdagi ushbu Qonunga muvofiq kafolatlanadigan pul mablag‘lari;
kafolatlangan omonat — kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lanadigan kafolatlash obyekti yoki uning bir qismi;
kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya (bundan buyon matnda kompensatsiya deb yuritiladi) — kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan to‘lanadigan pul mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
kafolatlash hodisasi — bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani chaqirib olish va bankni majburiy tugatish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan qaror qabul qilinishi natijasida yuzaga keladigan holat;
(3-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi (bundan buyon matnda Jamg‘arma deb yuritiladi) — ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan boshqariladigan, alohida ajratilgan mablag‘lar yig‘indisi;
Oldingi tahrirga qarang.
omonatchi — bank bilan bank omonati shartnomasini yoki bank hisobvarag‘i shartnomasini yoxud investitsiyaviy omonat shartnomasini tuzgan jismoniy yoki yuridik shaxs yoxud omonat uning foydasiga qo‘yilgan shaxs.
(3-moddaning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
2-bob. Omonatlarni kafolatlash agentligining huquqiy maqomi, faoliyati va uni boshqarish
4-modda. Omonatlarni kafolatlash agentligining faoliyati to‘g‘risida umumiy qoidalar
Omonatlarni kafolatlash agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) davlat muassasasi bo‘lib, u banklardagi omonatlarning himoya qilinishini kafolatlash sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
Agentlikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Jamg‘armani boshqarish;
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiyalar to‘lash;
bankni sanatsiya qilishda Jamg‘arma va sanatsiya jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish;
kafolatlash obyektlarining egalari bo‘lgan omonatchilarning manfaatlarini himoya qilish;
jamoatchilikning bank tizimiga bo‘lgan ishonchini oshirish va bank tizimi barqarorligini ta’minlash.
Agentlik o‘z vakolatlarini amalga oshirishda mustaqildir.
Agentlik Jamg‘arma mablag‘larini va sanatsiya jamg‘armasi mablag‘larini saqlash uchun Markaziy bankda, shuningdek Agentlikning operatsion faoliyatini amalga oshirish uchun tijorat bankida hisobvaraqlar ochadi.
Agentlik moliyaviy yordam ko‘rsatishi va xayriya faoliyati bilan shug‘ullanishi, shuningdek yuridik shaxslarning muassisi bo‘lishi mumkin emas, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga, shuningdek yuridik shaxslarga, shu jumladan banklarga Agentlikning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Davlat muassasalarining tashkil etilishi (qayta tashkil etilishi), faoliyat yuritishi va tugatilishi tartibini belgilaydigan qonunchilik hujjatlari Agentlikning faoliyatiga nisbatan ushbu Qonunga zid bo‘lmagan qism bo‘yicha tatbiq etiladi.
5-modda. Agentlikning huquqlari
Agentlik:
banklardan ushbu Qonun 17-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan badallarning o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda to‘lanishini talab qilishga;
banklardan istalgan vaqtda kafolatlash obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni egasizlantirilgan tarzda, shu jumladan Agentlik o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun kafolatlash obyektlari va kafolatlangan omonat summalarini aniqlashi uchun zarur bo‘lgan axborotni so‘rab olishga, shuningdek olingan axborot bo‘yicha tushuntirish berilishini talab qilishga;
Markaziy bankdan Agentlik o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar va axborotni so‘rab olishga;
maxsus badallar to‘lanishini belgilashga;
Jamg‘arma mablag‘larini to‘ldirish maqsadida yuridik shaxslardan qarzlar, shuningdek grantlar va ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa qarz mablag‘larini olishga;
ushbu Qonunga muvofiq investitsiya faoliyatini amalga oshirishga;
Oldingi tahrirga qarang.
Jamg‘arma mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, likvidlilikni ta’minlash uchun Markaziy bank tomonidan maqbul deb topilgan ta’minot asosida Markaziy bank bilan kredit va (yoki) islomiy moliya shartnomalarini tuzishga;
(5-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
jamoatchilikni omonatlarni kafolatlash tizimi to‘g‘risida xabardor etishni banklardan talab qilishga;
banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risida banklarga ko‘rsatmalar yuborishga;
Markaziy bank tomonidan banklarda o‘tkaziladigan inspeksiyada (tekshiruvlarda) banklar tomonidan omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga banklar rioya etishga oid qismida ishtirok etishga;
kompensatsiyalar to‘lash jarayonini amalga oshirish chog‘ida agent-bank vazifalarini bajarish uchun bir yoki bir nechta bankni tanlashga;
agar kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan bankning tugatuvchisi (bundan buyon matnda tugatuvchi deb yuritiladi) tomonidan taqdim etilgan axborot va ma’lumotlar kompensatsiyalarni to‘lash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun yetarli bo‘lmasa, tugatuvchidan qo‘shimcha axborot va ma’lumotlarni, shu jumladan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini so‘rab olishga haqli.
Agentlik qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
6-modda. Agentlikning majburiyatlari
Agentlik:
omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan banklarning reyestrini yuritishi;
kalendar badal stavkasini belgilashi;
ushbu Qonunga muvofiq banklar tomonidan Jamg‘armaga to‘lanishi lozim bo‘lgan badallarning to‘g‘ri hisoblab chiqilganligi, o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazilganligi ustidan nazoratni amalga oshirishi;
Jamg‘arma mablag‘laridan va sanatsiya jamg‘armasi mablag‘laridan banklarni sanatsiya qilishda foydalanishi;
muntazam ravishda, biroq uch yilda kamida bir marta kafolatlangan omonat miqdorini va Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli miqdorini baholashi;
kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda kompensatsiyani ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda, shartlarda va miqdorlarda to‘lashi;
kafolatlash obyektlari egalariga kompensatsiyalar to‘lash uchun Agentlikka taqdim etilgan reyestrdagi o‘zlariga taalluqli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatini berishi;
kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda kompensatsiyalar to‘lash jarayoni to‘g‘risidagi dolzarb axborotni o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilishi, shuningdek omonatchilarning so‘rovlariga ko‘ra ularning talablari to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi;
ushbu Qonun talablariga muvofiq jamoatchilikni omonatlarni kafolatlash tizimi to‘g‘risida xabardor qilishi;
ushbu Qonunning 15-moddasida nazarda tutilgan majburiyatlar banklar tomonidan buzilganligi to‘g‘risida Markaziy bankni xabardor qilishi;
o‘z vazifalarini bajarish jarayonida banklar va ularning omonatchilari to‘g‘risida ma’lum bo‘lib qolgan axborotdan faqat Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadlarida foydalanishi;
o‘z vazifalarini bajarish jarayonida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan yoki ushbu Qonunga muvofiq taqdim etilgan ma’lumotlarning, shu jumladan bank yoki tijorat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarning yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning but saqlanishi va maxfiyligini ta’minlashi;
Jamg‘arma mablag‘larining va sanatsiya jamg‘armasi mablag‘larining hisobini alohida-alohida yuritishi shart.
Agentlik zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
7-modda. Agentlikning boshqaruv organlari
Agentlikning kuzatuv kengashi (bundan buyon matnda Kengash deb yuritiladi) va Agentlikning bosh direktori (bundan buyon matnda bosh direktor deb yuritiladi) Agentlikning boshqaruv organlaridir.
8-modda. Kengash
Kengash Agentlikning yuqori boshqaruv organidir.
Kengash besh nafar a’zodan iborat bo‘lib, uning tarkibiga Markaziy bank raisi, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda O‘zbekiston banklar assotsiatsiyasining tegishincha mazkur davlat organi va tashkilot tomonidan tayinlangan bittadan vakili hamda Markaziy bank tomonidan tayinlanadigan mustaqil a’zo kiradi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan davlat organlari va tashkilot Kengash a’zolari tayinlangan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida Agentlikni xabardor qiladi.
Markaziy bank raisi Kengash raisi hisoblanadi. Rais o‘rinbosari Kengash a’zolari orasidan saylanadi.
Kengash a’zolarining vakolatlari muddati ular tayinlangan kundan e’tiboran besh yilni tashkil etadi, bundan Kengash raisi mustasno. Kengash a’zolari takroran tayinlanishi mumkin.
Kengash a’zolariga qonunchilikka muvofiq haq to‘lanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 15-bobi.
Vakolatlari muddati tugagan Kengash a’zosi o‘z vazifalarini Kengashning yangi a’zosi tayinlanguniga qadar bajarib turadi.
Kengash a’zolari ularning nomzodini Kengashda vakil sifatida ko‘rsatgan davlat organlarining yoki tashkilotning manfaatlaridan qat’i nazar, o‘z vazifalarini xolisona bajarishi shart.
9-modda. Kengash a’zolariga qo‘yiladigan talablar
Quyidagi shaxs Kengash a’zosi etib tayinlanishi mumkin:
O‘zbekiston Respublikasida yashayotgan;
ishchanlik obro‘siga doir talablarga mos bo‘lgan;
oliy iqtisodiy yoki yuridik ma’lumotga, moliya-bank yoki huquq sohasida kamida besh yil rahbarlik lavozimlarida ish tajribasiga ega bo‘lgan shaxs.
Ishchanlik obro‘siga doir talablar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
iqtisodiy sohadagi jinoyati yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyati yoxud jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bog‘liq jinoyati uchun tugallanmagan yoxud olib tashlanmagan sudlanganlik holati mavjud emasligini;
moliya (kredit) tashkilotining moliyaviy ahvoli yomonlashishiga yoki bankrot deb topilishiga yoki amalga oshirayotgan faoliyati tugatilishiga olib kelgan harakatlarni va (yoki) harakatsizlikni sodir etishga aloqadorligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligini.
Quyidagi shaxs Kengash a’zosi bo‘lishi mumkin emas:
bank xodimi;
bankning ustav kapitalida besh foizdan yuqori ulushga bevosita yoki bilvosita ega bo‘lgan shaxs yoki shunday ulushning benefitsiar mulkdori;
bank boshqaruvi a’zosining, muhim ahamiyatga ega xodimning va ushbu qismning uchinchi xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslarning yaqin qarindoshi;
Kengash a’zolarining va bosh direktorning yaqin qarindoshi;
egallab turgan lavozimi Kengash a’zosi sifatidagi vazifalarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxs.
10-modda. Kengashning vakolatlari
Kengash:
Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
Agentlikning ustavini, odob-axloq kodeksini, Agentlikning faoliyatini tartibga soluvchi normativ hujjatlarni, shuningdek ularga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni tasdiqlaydi;
tovarlar va xizmatlarni xarid qilish, favqulodda vaziyatlarda harakatlarni rejalashtirish qoidalarini, shuningdek ularga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni tasdiqlaydi;
Agentlikning strategik va yillik rejalarini tasdiqlaydi hamda ularning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Agentlikning tashkiliy tuzilmasini va shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
Agentlikning yillik budjetini va unga o‘zgartirishlarni, moliyaviy hisobotlarni, yillik hisobotni va boshqa hisobotlarni tasdiqlaydi;
bosh direktorni lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Agentlik xodimlarining, shu jumladan bosh direktorning mehnatiga haq to‘lash tizimini tasdiqlaydi;
kalendar badal stavkasini barcha banklar uchun yagona bo‘lgan stavkani va (yoki) banklarning tavakkalchilik darajasidan kelib chiqqan holda aniqlanadigan stavkalarni tasdiqlash orqali belgilaydi;
maxsus badalni belgilash to‘g‘risida qaror qabul qiladi, shu jumladan maxsus badal miqdorini va uni to‘lash shartlarini belgilaydi;
Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli miqdorining, kafolatlangan omonat miqdorining yetarliligini baholash va bankning depozit bazasini aniqlash uslubiyatini tasdiqlaydi, shuningdek unga muvofiq Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli miqdorini va kafolatlangan omonat miqdorini muntazam ravishda baholaydi;
kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda ushbu Qonunda nazarda tutilgan shartlarda va miqdorlarda kompensatsiyalar to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda ularning to‘lanishini tashkil etadi;
Jamg‘arma mablag‘laridan va sanatsiya jamg‘armasi mablag‘laridan banklarni sanatsiya qilishda foydalanish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Agentlikning ichki nazorat hamda ichki audit xizmati ishini tashkil etadi;
har yilgi majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash mezonlarini tasdiqlaydi va auditorlik tashkilotini belgilash to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Jamg‘arma mablag‘larining haqiqatdagi yoki ehtimoliy taqchilligi mavjudligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
Jamg‘arma mablag‘larini investitsiya qilish siyosatini tasdiqlaydi;
jamoatchilikni omonatlarni kafolatlash tizimi to‘g‘risida xabardor etish strategiyasini tasdiqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
Jamg‘arma mablag‘lari taqchilligi yuzaga kelganda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan budjet ssudasini yoki Markaziy bankdan kredit va (yoki) islomiy moliya vositalarini, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan yuridik shaxslardan qarz mablag‘larini jalb etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
(10-modda birinchi qismining yigirmanchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Agentlikning faoliyati bilan bog‘liq xalqaro tashkilotlarda ishtirok etish va ularga a’zo bo‘lish, ular bilan omonatlarni kafolatlash sohasida axborot almashish bo‘yicha hamkorlik qilish to‘g‘risida bitimlar tuzish haqida qaror qabul qiladi;
Kengash a’zosining vakolatlarini tugatish uchun asoslar yuzaga kelganda Kengash a’zosini tayinlagan davlat organini yoki tashkilotni Kengash a’zosining vakolatlari tugatilganligi to‘g‘risida xabardor etadi.
Kengash qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Kengashning majlislari
Kengashning navbatdagi majlislari yillik jadvalga muvofiq har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi. Yillik jadval Kengash raisi tomonidan har yilning 31-dekabridan kechiktirmay tasdiqlanadi.
Kengashning navbatdagi majlislari Kengash raisi tomonidan chaqiriladi.
Kengashning navbatdan tashqari majlislari Kengash raisi, Kengashning ikki nafar a’zosi yoki bosh direktor tomonidan istalgan vaqtda chaqirilishi mumkin.
Kengash majlisi unda Kengashning kamida uch nafar a’zosi ishtirok etgan taqdirda vakolatli bo‘ladi.
Kengashning qarorlari Kengash majlisida ishtirok etayotgan Kengash a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda, raislik qiluvchining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengash majlislarida Kengash raisi, u yo‘q bo‘lganda esa — Kengash raisining o‘rinbosari raislik qiladi. Kengash raisi va uning o‘rinbosari yo‘q bo‘lgan taqdirda Kengash majlisida ishtirok etayotgan Kengash a’zolari Kengash a’zolaridan birini Kengash majlisida raislik qiluvchi vazifasini bajarish uchun saylaydi.
Kengash majlislari Kengash a’zolarining bevosita ishtirokida, alohida hollarda videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladi.
Kengash majlislarining bayonnomalari Kengash majlisida hozir bo‘lgan barcha a’zolar tomonidan imzolanadi.
Ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi mavjud bo‘lmagan taqdirda, Bosh direktor Kengash majlislarida ovoz berish huquqisiz ishtirok etishi mumkin.
Kengash ko‘rilayotgan masalalar bo‘yicha fikr bildirish uchun Kengash majlislariga uchinchi shaxslarni, shu jumladan banklarning vakillarini ovoz berish huquqisiz va maxfiy axborotni himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish sharti bilan taklif etishi mumkin.
Kengash majlislarini o‘tkazish tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
12-modda. Kengash a’zolarining vakolatlarini tugatish
Kengash a’zolarining vakolatlarini tugatish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
Kengash a’zosining vakolatlari muddati tugaganligi;
Kengash a’zosi uni tayinlagan davlat organi yoki tashkilot tomonidan chaqirib olinganligi;
Kengashning a’zosi o‘n ikki oy davomida kamida uchta majlisda uzrli sabablarsiz yo‘q bo‘lganligi;
sudning Kengash a’zosini jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topish haqidagi qonuniy kuchga kirgan ayblov hukmi mavjudligi;
Kengash a’zosining ushbu Qonunning 9-moddasida belgilangan talablarga javob bermasligini tasdiqlovchi asoslar yuzaga kelganligi;
davlat tibbiy komissiyasining xulosasiga asosan Kengash a’zosi sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra o‘z vazifalarini bajara olmasligi;
odob-axloq kodeksi normalarini jiddiy tarzda buzganligi, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabardor qilmaganligi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni.
Kengash a’zosi vafot etganligi yoki sudning qarori bilan vafot etgan deb e’lon qilinganligi.
Kengash raisi ushbu Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan davlat organlaridan va tashkilotdan Kengash a’zosini tayinlashni, shu jumladan vakolatlari tugatilgan Kengash a’zosining o‘rniga Kengash a’zosini tayinlashni talab qilishga haqli. Bunda Kengash a’zolarini tayinlovchi davlat organlari va tashkilot mazkur talab olingan kundan e’tiboran yetti ish kuni ichida Kengash a’zosini tayinlashi shart.
13-modda. Bosh direktor
Bosh direktor Agentlikning joriy faoliyati uchun javobgar bo‘ladi va uni boshqaradi.
Bosh direktor Kengash tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bosh direktor ushbu Qonunning 9-moddasida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Bosh direktor besh yil muddatga tayinlanadi. Ishining samaradorligi ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, ayni bir shaxs bosh direktor lavozimiga keyingi muddatlarga tayinlanishi mumkin.
Bosh direktor Kengashga hisobdordir.
Bosh direktorning huquq va majburiyatlari Agentlikning ichki hujjatlari hamda mehnat shartnomasi bilan tartibga solinadi.
Bosh direktor:
ushbu Qonun bilan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun javobgar bo‘ladi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida va xorijda Agentlik nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi;
Kengash qarorlarining ijrosini ta’minlaydi;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan badallarning banklar tomonidan o‘z vaqtida va to‘liq o‘tkazilganligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
kompensatsiyalar to‘lanishini tashkil etadi;
Agentlikning mol-mulkini boshqaradi;
Agentlikning yillik hisoboti va boshqa hisobotlari tayyorlanishini ta’minlaydi;
Agentlikning nomidan bitimlar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi;
Agentlikning har yilgi majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
banklar tomonidan banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi hollari to‘g‘risida Markaziy bankni xabardor etadi;
Kengashning vakolatiga kiradigan masalalarni Kengash muhokamasiga kiritadi.
Bosh direktorning zimmasida Kengash qarorlariga va mehnat shartnomasiga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
3-bob. Omonatlarni kafolatlash tizimi. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish
14-modda. Omonatlarni kafolatlash tizimi va uning ishtirokchilari
Omonatlarni kafolatlash tizimi (bundan buyon matnda kafolatlash tizimi deb yuritiladi) kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda Agentlik tomonidan omonatchilarga kompensatsiyalarni to‘lash orqali omonatchilarning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir.
Kafolatlash tizimida Agentlik, banklar va kafolatlash obyektlarining egalari ishtirok etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga va (yoki) islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga (bundan buyon matnda bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) deb yuritiladi) ega bo‘lgan bankning kafolatlash tizimida ishtirok etishi shart.
(14-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Bank, shu jumladan mikromoliya banki va qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan oraliq bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berilgan paytdan e’tiboran kafolatlash tizimining ishtirokchisiga aylanadi.
(14-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Bankning kafolatlash tizimidagi ishtiroki bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) Markaziy bank tomonidan chaqirib olingan taqdirda tugatiladi.
(14-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
15-modda. Kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan bankning majburiyatlari
Kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan bank:
ushbu Qonunda nazarda tutilgan badallarni o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda to‘lashi, bundan ushbu Qonun 17-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno;
to‘langan badallar to‘g‘ri hisoblanganligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni Markaziy bank tomonidan belgilangan shaklda Agentlikka taqdim etishi;
omonatchining so‘roviga ko‘ra bankning kafolatlash tizimidagi ishtiroki, qonunchilikka muvofiq to‘lanadigan kompensatsiya miqdorlari va uni to‘lash tartibi to‘g‘risida axborot berishi;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 43-bobi.
omonatchilar va kafolatlash obyektlari to‘g‘risida aniq va to‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lishi;
kafolatlash obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibga muvofiq egasizlantirilgan tarzda, Agentlikning so‘roviga ko‘ra taqdim etishi;
Agentlik o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun unga boshqa axborot resurslaridan, shuningdek bankning boshlang‘ich hisob hujjatlaridan qonunchilikka muvofiq foydalanish imkoniyatini berishi;
kafolatlash tizimi to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor etishi;
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tomonidan bankni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi haqida omonatchilarni xabardor etishi shart.
Bankning zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
16-modda. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish
Jamg‘arma mablag‘larining manbalari quyidagilardan iborat:
banklarning bir yo‘la to‘lanadigan, kalendar va maxsus badallari;
badallar o‘z vaqtida va (yoki) to‘liq to‘lanmaganligi uchun penyalar;
Agentlikning tugatilayotgan bankka nisbatan talab qilish huquqini qanoatlantirishdan olingan mablag‘lar;
Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini investitsiya qilishdan olingan daromadlar;
yuridik shaxslardan, shu jumladan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb etilgan qarzlar, grantlar, xayriya mablag‘lari, shuningdek ushbu Qonunga muvofiq jalb etilgan boshqa qarz mablag‘lari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli miqdori banklardagi kafolatlash obyektlari umumiy summasining besh foizi darajasida belgilanadi. Mazkur miqdor Jamg‘arma mablag‘larining, shu jumladan investitsiya qilingan mablag‘larning har chorakning oxirgi kunidagi holatga ko‘ra barcha banklarning depozit bazasiga bo‘lgan nisbati sifatida hisob-kitob qilinadi. Bunda Agentlik tomonidan jalb etilgan kredit va qarz mablag‘larining summasi Jamg‘armaning mablag‘larida hisobga olinmaydi.
Jamg‘arma mablag‘larining miqdori ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan maqsadli miqdordan oshgan hamda ketma-ket ikki yil davomida Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli miqdoridan yuqori darajada saqlanib turgan taqdirda, Kengash kalendar badalning stavkasini Agentlikning ma’muriy va operatsion xarajatlari o‘rnini to‘liq qoplash uchun yetarli bo‘lgan darajagacha pasaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.
Jamg‘arma mablag‘larining miqdori ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan maqsadli miqdordan kamayib ketgan taqdirda, Kengash kalendar badal stavkasini qayta ko‘rib chiqishi kerak.
Jamg‘armaning mablag‘larini xatlash, undiruvni ushbu mablag‘larga qaratish yoki ularni ushlab qolish mumkin emas.
17-modda. Jamg‘armaga to‘lanadigan badallar
Banklar Jamg‘armaga bir yo‘la to‘lanadigan, kalendar va maxsus badallar to‘laydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oraliq bank bir yo‘la to‘lanadigan badalni, shuningdek unga bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berilgan kundan e’tiboran olti oy davomida kalendar va maxsus badallarni to‘lashdan ozod etiladi. Mazkur badallarni to‘lashdan ozod etilganlik oraliq bankning ushbu Qonunda nazarda tutilgan talablarga rioya etish majburiyatini, shu jumladan Agentlikka ma’lumotlarni taqdim etish majburiyatini, shuningdek kafolatlash hodisasi yuzaga kelganda oraliq bankdagi kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiyalar to‘lash bo‘yicha Agentlikning majburiyatini bekor qilmaydi.
(17-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Jamg‘armaga badallar O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida to‘lanadi. To‘langan badallar summasi banklarning xarajatlari jumlasiga kiritiladi va soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bank tomonidan ushbu Qonunga muvofiq to‘lanadigan badallar va boshqa to‘lovlar bankning bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyasi (litsenziyalari) chaqirib olingan kunga qadar hisoblanadi va mazkur bank omonatlarni kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan banklarning reyestridan chiqarilganligidan qat’i nazar, Agentlikka to‘lanishi kerak.
(17-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
18-modda. Bir yo‘la to‘lanadigan badal
Bir yo‘la to‘lanadigan badal deganda yangidan tashkil etilgan bank tomonidan, bundan oraliq bank va qayta tashkil etish yo‘li bilan tashkil etilgan bank mustasno, Jamg‘armaga dastlabki to‘lanadigan pul mablag‘lari tushuniladi.
Bankning bir yo‘la to‘lanadigan badali miqdori qonunchilikda belgilangan bank ustav kapitali eng kam miqdorining 0,1 foizini tashkil etadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
Bank tomonidan bir yo‘la to‘lanadigan badal bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berilgan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida to‘lanishi kerak.
(18-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
19-modda. Kalendar badal
Kalendar badal deganda bank tomonidan Jamg‘armaga har chorakda to‘lanadigan pul mablag‘lari tushuniladi.
Kalendar badal hisobot choragidan keyingi oyning 15 sanasidan kechiktirmay to‘lanishi kerak.
Kalendar badal summasini hisob-kitob qilish Kengash tomonidan belgilangan kalendar badal stavkasini bankning depozit bazasi summasiga ko‘paytirish orqali amalga oshiriladi.
Kalendar badal stavkasi chorak uchun 0,5 foizdan oshishi mumkin emas. Kalendar badalning stavkasi har yil 30-oktabrdan kechiktirmasdan belgilanadi.
Bankning depozit bazasini aniqlash tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
Agar Kengash kalendar badal stavkasini banklarning tavakkalchiliklari darajasidan kelib chiqib tasdiqlagan bo‘lsa, banklarning tavakkalchiliklari darajasini baholash Kengash tomonidan tasdiqlangan uslubiyat asosida yoki Markaziy bank tomonidan taqdim etilgan tavakkalchiliklar tasnifi asosida amalga oshiriladi. Mazkur qismda nazarda tutilgan banklarning tavakkalchiliklari darajasi bahosi oshkor etilmaydi, bundan tavakkalchiliklar darajasi guruhlari to‘g‘risidagi axborot mustasno. Agentlik bankning tavakkalchiliklari darajasi bahosi haqida mazkur bankka hamda Markaziy bankka xabar beradi.
Kalendar badalning tasdiqlangan stavkasi to‘g‘risidagi axborot Agentlik tomonidan banklarga va Markaziy bankka stavka tasdiqlangan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida taqdim etiladi. Kengash tomonidan kalendar badal stavkasi ushbu moddaning to‘rtinchi qismida belgilangan muddatda tasdiqlanmagan taqdirda, keyingi moliyaviy yil uchun amalda bo‘lgan kalendar badal stavkasi qo‘llaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy bank tomonidan omonatlarga pul mablag‘lari jalb qilinishining to‘xtatib turilishi yoki bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyaning (litsenziyalarning) chaqirib olinishi bankni tegishli chorak uchun kalendar badalni to‘lashdan ozod etmaydi.
(19-moddaning sakkizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) chaqirib olingan taqdirda joriy chorak uchun kalendar badal mazkur chorak boshidan bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) chaqirib olingan sanaga qadar o‘tgan kunlar soniga mutanosib ravishda hisoblanadi.
(19-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Kalendar badal belgilangan muddatlarda to‘lanmagan yoki to‘liq to‘lanmagan taqdirda, Markaziy bank tomonidan qonunchilikka muvofiq qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan boshqa choralar va sanksiyalardan qat’i nazar, to‘lanmagan summaga har bir muddati o‘tgan kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravari miqdorida penya hisoblanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2006-yil 22-dekabrdagi 13/150-son “Kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Hisobot choragi uchun to‘langan kalendar badalning ortiqcha summasi kelgusi kalendar badal hisobida hisobga olinadi. Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) chaqirib olingan taqdirda, ushbu Qonunga muvofiq omonatchilardan Agentlikka o‘tgan tugatilayotgan bankka nisbatan talablar ortiqcha to‘langan badallar summasiga kamayadi.
(19-moddaning o‘n birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
20-modda. Maxsus badal
Maxsus badal deganda kalendar badalga qo‘shimcha ravishda Jamg‘armaga to‘lanadigan pul mablag‘lari tushuniladi.
Maxsus badal Jamg‘arma mablag‘larining haqiqatdagi yoki ehtimoldagi taqchilligini bartaraf etish va (yoki) kompensatsiyalar to‘lash yoki sanatsiya vositalarini qo‘llash uchun jalb etilgan qarz mablag‘larini to‘lash, shuningdek Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanilganidan keyin Jamg‘arma mablag‘larini belgilangan muddatlarda maqsadli miqdorga yetkazish uchun belgilanadi.
Maxsus badallardan Agentlikning ma’muriy xarajatlarini moliyalashtirish uchun foydalanilishi mumkin emas.
Maxsus badallar quyidagi shartlarga rioya etgan holda belgilanishi mumkin:
maxsus badalni belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan avvalgi o‘n ikki oy davomida mazkur badallar undirilmagan bo‘lishi;
Oldingi tahrirga qarang.
faoliyatini bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olingan kundan e’tiboran bir yildan ortiq amalga oshirayotgan bankning maxsus badali miqdori maxsus badalni belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan oldingi chorakning oxirgi kuni holatiga ko‘ra bankning shunday banklarning jami depozit bazasidagi ulushiga mutanosib bo‘lishi hamda maxsus badalni belgilash to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan avvalgi o‘n ikki oy davomida bank to‘lashi lozim bo‘lgan kalendar badallar miqdoridan oshmasligi;
(20-modda to‘rtinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
faoliyatini bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) olingan kundan e’tiboran bir yildan kam amalga oshirayotgan bankning maxsus badali miqdori maxsus badalni belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanaga qadar bank to‘lashi lozim bo‘lgan kalendar badallar miqdoridan oshmasligi.
(20-modda to‘rtinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Kengashning maxsus badalni belgilash to‘g‘risidagi qarori Markaziy bank bilan kelishilishi lozim. Mazkur qarorni kelishishda Markaziy bank maxsus badal to‘lanishining O‘zbekiston Respublikasi moliyaviy barqarorligiga va banklarning moliyaviy holatiga ta’sirini hisobga oladi.
Agar Markaziy bank maxsus badalni to‘lash bir bankning yoki bir nechta bankning to‘lov qobiliyatiga tahdid solishi mumkin degan qarorga kelsa, Markaziy bank Agentlikdan mazkur bankka (banklarga) maxsus badalni to‘lashi uchun olti oydan ortiq bo‘lmagan boshqa muddat belgilanishini talab qilishi mumkin. Bunda Markaziy bank Agentlikning maxsus badalni belgilash to‘g‘risidagi qarori kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida Agentlikka qabul qilgan qarori to‘g‘risida xabar berishi kerak.
Agentlik Kengashning maxsus badalni belgilash to‘g‘risidagi qarori Markaziy bank bilan kelishilgan kundan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay banklarni va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha tuziladigan maxsus kengashni quyidagilarni ko‘rsatgan holda xabardor qiladi:
maxsus badalni belgilash asoslarini;
bank tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan summalarni;
bank xabardor qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kam bo‘lmagan to‘lov muddatini (ushbu modda oltinchi qismining talablarini inobatga olgan holda).
Maxsus badalni to‘lash bankni kalendar badalni to‘lash majburiyatidan ozod etmaydi.
21-modda. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish
Jamg‘armaning mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiyalar to‘lash;
banklarning sanatsiya vositalarini qo‘llashni moliyalashtirish;
ushbu qismning ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan tartib-taomillarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan operatsion xarajatlarni, shuningdek Agentlikning budjetida nazarda tutilgan boshqa operatsion xarajatlarni moliyalashtirish;
Agentlik tomonidan ushbu Qonunga muvofiq jalb etilgan kreditlarni va boshqa qarz mablag‘larini to‘lash;
Agentlikning budjetida nazarda tutilgan ma’muriy xarajatlarni moliyalashtirish.
Agentlik banklarning sanatsiya vositalarini qo‘llashni moliyalashtirish uchun Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi eng kam miqdorlarning biridan foydalanishga haqli:
sanatsiya qilinayotgan bankning kafolatlangan omonatlari jami summasidan oshmagan miqdorda;
banklarni sanatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanaga Jamg‘arma mablag‘lari qoldig‘ining qirq foizidan oshmagan miqdorda.
Agentlikning aktivlari hamda kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mulkiy huquqlari (talablari) Jamg‘armaga jalb etiladigan mablag‘lar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilish ta’minoti sifatida garovga kiritilishi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan aktivlardan hamda kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mulkiy huquqlardan (talablardan) Agentlikning kompensatsiyalar to‘lash bilan bog‘liq bo‘lmagan majburiyatlarining, shuningdek uning xodimlari va boshqa shaxslar majburiyatlarining bajarilish ta’minoti sifatida foydalanilishi mumkin emas.
22-modda. Jamg‘arma mablag‘larini investitsiya qilish
Jamg‘armaning mablag‘larini investitsiya qilish investitsiya siyosatiga muvofiq amalga oshiriladi.
Jamg‘arma mablag‘lari ular qiymatining bir qismini biroz yo‘qotish yoki yo‘qotishlarsiz pul mablag‘lari tarzida yetti ish kuni ichida qaytarilishi mumkin bo‘lgan, tavakkalchilik darajasi past bo‘lgan quyidagi aktivlarga investitsiya qilinishi mumkin:
pul mablag‘larga va ularning ekvivalentlariga;
O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan davlat qimmatli qog‘ozlariga, shuningdek Markaziy bankning obligatsiyalariga;
ro‘yxati va baholari Kengash tomonidan aniqlanadigan hamda Markaziy bank bilan kelishiladigan xalqaro reyting kompaniyalarining kredit reytingiga ega bo‘lgan chet davlatlarning yoki markaziy (milliy) banklarning qimmatli qog‘ozlariga;
xalqaro moliya institutlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarga;
Markaziy bankning O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida va chet el valyutalarida ochilgan depozitlariga;
ro‘yxati va baholari Kengash tomonidan aniqlanadigan hamda Markaziy bank bilan kelishiladigan reyting kompaniyalari reytingiga ega bo‘lgan banklarning qisqa muddatli depozitlariga, bunda mazkur investitsiyalarning miqdori jami investitsiya qilingan mablag‘larning yigirma foizidan oshmasligi kerak;
ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qog‘ozlarga;
ushbu qismning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan emitentlar tomonidan to‘liq kafolatlangan boshqa likvidli qimmatli qog‘ozlarga;
banklarning likvidliligini boshqarishga doir talablar doirasida Markaziy bank tomonidan belgilangan boshqa yuqori likvidli aktivlarga.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamg‘arma mablag‘lari ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan aktivlarga islomiy moliya standartlariga muvofiq investitsiya qilinishi mumkin.
(22-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlik ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan aktivlardan Markaziy bankdan jalb etilgan kredit va (yoki) islomiy moliya vositalari bo‘yicha majburiyatlarning bajarilish ta’minoti sifatida foydalanishga haqli.
(22-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Kengash investitsiya siyosatini ishlab chiqishda Agentlikning likvidlilikka bo‘lgan ehtiyojini inobatga olishi, likvidlilikni saqlab turishi, Jamg‘armaning joylashtiriladigan mablag‘lariga investitsiya qilinishi mumkin bo‘lgan aktivlarning xavfsizligini, shuningdek investitsiya faoliyatidan foyda olish Agentlikning birlamchi maqsadi bo‘lmasligini inobatga olishi kerak.
Agentlikning investitsiya siyosatida Jamg‘arma mablag‘larini ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan investitsiya qilinishi mumkin bo‘lgan aktivlarga joylashtirish tartibi, mezonlari, limitlari, konsentratsiyasi va qaytarish muddatlari belgilanadi.
Agentlik chet el shaxslaridan olingan qarz mablag‘larini yoki Agentlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga investitsiya qilishdan olingan chet el valyutasidagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasiga konvertatsiya qilishni ta’minlash uchun Markaziy bankda chet el valyutasida hisobvaraqlar ochishga haqli.
Agentlikning Jamg‘arma mablag‘larini investitsiya qilishdan olingan daromadlari foyda solig‘idan ozod etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Jamg‘arma mablag‘larining taqchilligini budjet ssudasi va (yoki) Markaziy bankning krediti va (yoki) islomiy moliya vositalari hisobidan qoplash
(23-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Jamg‘arma mablag‘larining taqchilligini maxsus badal, shuningdek jalb qilingan mablag‘lar hisobidan qoplash uchun mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda, Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan budjet ssudasini va (yoki) Markaziy bankdan kredit va (yoki) islomiy moliya vositalarini jalb etishi mumkin.
(23-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Markaziy bank likvidlilikni ta’minlash uchun Agentlikka Markaziy bank tomonidan maqbul deb topilgan majburiyatlarning bajarilish ta’minoti sharti bilan kredit va (yoki) islomiy moliya vositalarini berishga haqli.
(23-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan budjet ssudasi shartlari Agentlik hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi (bundan buyon matnda Iqtisodiyot va moliya vazirligi deb yuritiladi) o‘rtasida kelishiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori kuchga kirganidan keyin budjet ssudasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Agentlikning yozma so‘rovi kelib tushgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida Agentlikka ajratilishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamg‘arma mablag‘larining taqchilligini qoplash uchun Agentlikka O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan budjet ssudasi va (yoki) Markaziy bank kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi yoki boshqa daromadlar miqdori O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan va O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lgan, o‘xshash to‘lash muddatiga ega bo‘lgan qarz vositalari bo‘yicha foiz stavkasidan yoki boshqa daromadlardan yuqori bo‘lishi mumkin emas.
(23-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Oldingi tahrirga qarang.
Bozor konyunkturasi yaxshilanishi bilanoq Kengash ushbu Qonunning 19 va 20-moddalari talablariga muvofiq kalendar badal stavkasini oshirish va maxsus badalni belgilash orqali banklardan mablag‘lar yig‘ish hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratilgan budjet ssudasi va (yoki) Markaziy bank kreditini va (yoki) islomiy moliya vositalarini qaytarish bo‘yicha zarur bo‘lgan choralarni ko‘rishi kerak.
(23-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu moddada nazarda tutilgan budjet ssudasini jalb etish tartibi va shartlarini belgilovchi bitim tuzishi kerak.
24-modda. Jamg‘arma mablag‘lari maqsadli miqdorining va kafolatlangan omonat miqdorining yetarliligini baholash
Agentlik Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli miqdori va kafolatlangan omonat miqdori yetarliligini baholashni uch yilda kamida bir marta amalga oshirishi shart.
Agar Agentlik ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan baholash natijalari asosida Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli miqdorini va (yoki) kafolatlangan omonat miqdorini o‘zgartirish zarurligi to‘g‘risida xulosaga kelsa, Kengash ularni o‘zgartirish haqidagi taklifni ko‘rib chiqish uchun Markaziy bankka kiritadi.
Markaziy bank Kengash tomonidan taqdim etilgan baholash natijalariga rozilik bildirgan taqdirda, ushbu Qonunga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
Agentlik tomonidan ishlab chiqilgan va Markaziy bank bilan kelishilgan Jamg‘arma mablag‘lari maqsadli miqdorining, kafolatlangan omonat miqdorining yetarliligini baholash hamda bankning depozit bazasini aniqlash uslubiyati Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
4-bob. Kafolatlash obyektlari, kompensatsiyalar to‘lash tartibi. Omonatchilarning huquqlari
25-modda. Kafolatlash obyektlari
Jismoniy shaxslarning, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarning, shuningdek yuridik shaxslarning banklardagi O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi va chet el valyutasidagi omonatlari kafolatlash obyektlaridir, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan omonatlar mustasno.
Kafolatlash obyektini aniqlashda quyidagilar omonat deb hisoblanadi:
bank omonati shartnomasiga yoki bank hisobvarag‘i shartnomasiga muvofiq bankka qo‘yilgan, shu jumladan shartnomaning tegishli shartlari bajarilguniga qadar alohida hisobvaraqlarda saqlanadigan (“eskrou” xizmati), shuningdek omonat (depozit) sertifikatlari bilan tasdiqlangan pul mablag‘larining qoldig‘i;
bank omonati shartnomasi yoki bank hisobvarag‘i shartnomasi bo‘yicha hisoblangan, biroq kafolatlash hodisasi yuzaga kelguniga qadar to‘lanmagan foizlarning qoldig‘i, agar ularni hisoblash mazkur shartnomalarda nazarda tutilgan bo‘lsa, shuningdek omonat (depozit) sertifikatida belgilangan foizlarning hisoblangan, biroq to‘lanmagan qoldig‘i.
Quyidagilar kafolatlash obyekti bo‘lmaydi:
banklarning, nobank kredit tashkilotlarining, lizing tashkilotlarining, sug‘urta tashkilotlarining, investitsiya va pay fondlarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining yoki chet davlat vakolatli organining tegishli litsenziyasiga yoki ruxsatiga asosan faoliyat yuritayotgan yoxud faoliyatini vakolatli organlarni xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan boshqa moliya tashkilotlarining omonatlari;
davlat tashkilotlari va korxonalarining, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining yoki chet davlatning davlat organlari omonatlari;
bankka aloqador shaxslarning omonatlari, bundan bankning boshqaruv a’zolari va muhim ahamiyatga ega xodimlarining oxirgi uch oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlari miqdoridan oshmaydigan omonatlari mustasno;
chet elda ochilgan shu’ba banklardagi yoki bank filiallaridagi omonatlar;
shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlarida jamg‘arilgan pul mablag‘lari;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bog‘liq faoliyatdan olinganligi sudning qonuniy kuchga kirgan qarori bilan tasdiqlangan pul mablag‘lari;
Oldingi tahrirga qarang.
islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklardagi investitsiyaviy omonatlar.
(25-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Quyidagilar omonat hisoblanmaydi:
aksiyalar hamda banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq bankning regulyativ kapitali tarkibiga kiritilgan boshqa vositalar;
bank tomonidan chiqarilgan qarz qimmatli qog‘ozlari (ta’minlangan va ta’minlanmagan obligatsiyalar, oddiy veksellar);
bankning subordinar qarz majburiyatlari;
bankning seyflarida saqlanayotgan pul mablag‘lari;
hosila moliyaviy vositalar, jumladan bank tomonidan chiqarilgan fyucherslar, forvard kontraktlari, svoplar va opsionlar bo‘yicha yuzaga keladigan talab qilish huquqi;
bankning mol-mulkni ishonchli boshqarish faoliyati bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan talab qilish huquqi.
26-modda. Kompensatsiya miqdori
Bir bankda bir omonatchiga to‘lanadigan kompensatsiya quyidagi miqdorni tashkil etadi:
kafolatlash obyekti qoldig‘ining to‘liq hajmini, agar uning miqdori ikki yuz million so‘m yoki undan kam bo‘lsa;
ikki yuz million so‘mni, agar kafolatlash obyektining qoldig‘i ikki yuz million so‘mdan ko‘p bo‘lsa.
Omonatchi bitta bankda bir nechta kafolatlash obyektlariga ega bo‘lgan taqdirda, mazkur kafolatlash obyektlari bo‘yicha to‘lanadigan kompensatsiyaning umumiy miqdori kafolatlash obyektining miqdori va valyutasidan qat’i nazar, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan miqdordan oshmasligi kerak, bundan ushbu Qonun 28-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
27-modda. Kompensatsiya to‘lashning umumiy prinsiplari
Kafolatlash obyekti egasi bo‘lgan omonatchilarda kafolatlash hodisasi yuz bergan sanadan e’tiboran Agentlikdan kafolatlangan omonat miqdoridan oshmagan summada kompensatsiyalar to‘lashni talab qilish huquqi, Agentlikda esa kafolatlash obyekti egasi bo‘lgan omonatchilar oldida kompensatsiyalarni to‘lash majburiyati yuzaga keladi.
Kompensatsiyaning summasi kafolatlash hodisasi yuz bergan sanaga hisob-kitob qilinadi va tugatuvchi tomonidan ushbu Qonun 29-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq taqdim etiladigan reyestr asosida Agentlik tomonidan to‘lanadi. Bunda, agar omonatchining bank oldida majburiyati mavjud bo‘lsa, kompensatsiya summasi kafolatlangan omonat (kafolatlangan omonatlar) va omonatchining bunday bank oldidagi ijro muddati yetib kelgan majburiyati (majburiyatlari) summasi o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Agar bank omonati shartnomasida yoki bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, kompensatsiya quyidagi shaxslarga to‘lanadi:
omonatchilarga, shu jumladan o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga;
uchinchi shaxslarga, agar omonat uchinchi shaxslar, shu jumladan o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar foydasiga qo‘yilgan bo‘lsa;
qonuniy vakillarga yoki qonuniy vakillarning roziligi bilan voyaga yetmagan shaxslarga, agar omonat o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmagan uchinchi shaxslar foydasiga qo‘yilgan bo‘lsa.
Agar kafolatlash obyekti omonatchining yoki uchinchi shaxsning tugatilayotgan bank yoki uchinchi shaxs oldidagi majburiyatlarining bajarilishi ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan bo‘lsa, kompensatsiya:
kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanada yoki agent-bank tomonidan kompensatsiya to‘lash uchun belgilangan muddat davomida qarzdor tomonidan olingan majburiyat bekor bo‘lgan (bajarilgan) taqdirda, omonatchiga to‘lanadi;
majburiyat bekor bo‘lmagan (bajarilmagan) taqdirda, majburiyatning bajarilish ta’minoti sifatida omonatchining boshqa bankda ochilgan hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Agar kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanada kafolatlash obyekti omonatchining tugatilayotgan bank oldidagi majburiyatining bajarilishi ta’minoti sifatida garovga qo‘yilgan bo‘lsa hamda uning miqdori faqat mazkur majburiyatni bajarish uchun yetarli bo‘lsa, kafolatlash obyekti majburiyatni bajarishga yo‘naltiriladi.
Chet el valyutasidagi kafolatlangan omonat bo‘yicha kompensatsiya Markaziy bankning kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadagi kursi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasida to‘lanadi.
Omonatchiga umumiy summasi ushbu Qonun 26-moddasining birinchi qismida ko‘rsatilgan miqdordan oshadigan bir nechta kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘langan taqdirda, kompensatsiya har bir omonatning tugatilayotgan bankdagi umumiy omonatlar miqdoridagi ulushiga mutanosib ravishda to‘langan deb hisoblanadi.
Qonunchilikka muvofiq meros huquqini yoki huquqiy vorislikni tasdiqlovchi barcha zarur hujjatlar taqdim etilganda kompensatsiya merosxo‘rlar va huquqiy vorislar yoki ularning vakolatli vakillariga to‘lanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 71-bob 7-paragrafi (“Vorislik huquqi”).
Ushbu Qonunga asosan to‘lanadigan kompensatsiyalar tugatish jarayonidagi bankdan bank omonati va (yoki) bank hisobvarag‘i shartnomasi bo‘yicha qaytarilayotgan pul mablag‘lari deb hisoblanadi.
28-modda. Qo‘shimcha kompensatsiya
Ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda, kafolatlash obyekti egasi bo‘lgan omonatchi qo‘shimcha kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
Kafolatlash obyekti merosga bo‘lgan huquq bo‘yicha olinganda yoki bank qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etilgan kundan e’tiboran olti oy davomida kafolatlash hodisasi yuzaga kelsa, kafolatlash obyekti egasi bo‘lgan omonatchiga qo‘shimcha ravishda to‘lanadigan pul mablag‘lari qo‘shimcha kompensatsiyadir.
Bank qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etilgan taqdirda, qo‘shimcha kompensatsiya qayta tashkil etishda ishtirok etgan har bir bankdagi kafolatlash obyektlari bo‘yicha to‘lanadi. Bunda qayta tashkil etishda ishtirok etgan bankda bir nechta kafolatlash obyekti mavjud bo‘lsa, ular bo‘yicha to‘lanadigan qo‘shimcha kompensatsiyaga nisbatan ushbu Qonun 27-moddasining yettinchi qismida nazarda tutilgan usul qo‘llaniladi.
Qo‘shib olish va qo‘shib yuborish shaklida qayta tashkil etish natijasida huquqiy voris bo‘lgan bank qayta tashkil etish jarayoni tugagan kundan e’tiboran besh kun ichida qo‘shimcha kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan omonatchilarni va Agentlikni qo‘shimcha kompensatsiya olish huquqi amal qilish muddati tugashi sanasi to‘g‘risida xabardor etadi.
Qo‘shimcha kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan omonatchilar olti oy muddatda kafolatlash obyektining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismini hamda hisoblangan, lekin to‘lanmagan foizlarni muddatidan oldin olishga haqli. Bunda omonat va foizlarni muddatidan oldin olganlik uchun to‘lov undirilmaydi.
29-modda. Kompensatsiyalar to‘lash tartibi
Tugatuvchi Agentlikka kompensatsiya to‘lash jarayoniga tayyorgarlik ko‘rishga ko‘maklashishi, Agentlik o‘z vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan va so‘ralgan axborot va ma’lumotlarni unga taqdim etishi shart.
Tugatuvchi kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran o‘n ish kuni ichida Agentlikka:
omonatchilarning va kafolatlash obyektlarining reyestrini hamda tugatilayotgan bankning omonatchilarga bo‘lgan talablari to‘g‘risidagi axborotni;
kafolatlash obyektlari egalariga to‘lanishi lozim bo‘lgan summalar haqidagi, shu jumladan ta’minot sifatida berilgan, xatlangan, sud nizosi predmeti bo‘lgan yoki uchinchi shaxslar foydasiga qo‘yilgan kafolatlash obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
tugatilayotgan bankning filial tarmog‘i to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishi shart. Ushbu qismga muvofiq taqdim etiladigan reyestrning, ma’lumotlarning va axborotning shakli Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan reyestr, ma’lumotlar yoki axborot o‘zgargan taqdirda, tugatuvchi o‘zgarishlarni inobatga olgan holda uni (ularni) qaytadan taqdim etadi.
Agentlik tugatuvchidan ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan reyestr, ma’lumotlar va axborot olingan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida:
1) ommaviy axborot vositalarida va o‘z rasmiy veb-saytida kafolatlash hodisasi yuz berganligi to‘g‘risidagi axborotni e’lon qiladi, axborot quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
kompensatsiyalarni to‘lash muddatini, joyini va usulini;
kompensatsiyalarni olish uchun omonatchilar tomonidan bajarilishi kerak bo‘lgan shartlarni;
2) omonatchilarga kompensatsiyalarni to‘lash uchun Agentlikka taqdim etilgan reyestrdagi o‘zlariga taalluqli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyatini beradi.
Agentlik tugatilayotgan bank omonatchilarining kamida to‘rtdan uch qismiga kompensatsiyalarni olish imkoniyatini:
2025-yil 1-yanvardan boshlab — kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran yigirma ish kuni ichida;
2026-yil 1-yanvardan boshlab — kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran o‘n besh ish kuni ichida;
2027-yil 1-yanvardan boshlab — kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran yetti ish kunida ta’minlashi shart.
Ushbu modda beshinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda tugatuvchi Agentlikka ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan reyestrni, ma’lumotlarni va axborotni sakkiz ish kuni ichida taqdim etadi, Agentlik esa ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tadbirlarni ikki ish kuni ichida amalga oshiradi.
Ushbu modda beshinchi qismining to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda tugatuvchi Agentlikka ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan reyestrni, ma’lumotlarni va axborotni uch ish kuni ichida taqdim etadi, Agentlik esa ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tadbirlarni bir ish kuni ichida amalga oshiradi.
Kompensatsiyalar agent-bank orqali to‘lanishi, omonatchining (oluvchining) boshqa bankda ochilgan hisobvarag‘iga o‘tkazilishi yoki Kengash tomonidan belgilangan boshqa usullarda to‘lanishi mumkin.
Agent-bank vazifalarini bajarish uchun Agentlik Markaziy bank bilan kelishilgan holda Kengash tomonidan tasdiqlangan mezonlarga muvofiq bo‘lgan bitta yoki bir nechta bankni tanlashi mumkin.
Agent-bank Agentlik bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq Agentlik nomidan ish yuritadi va kompensatsiyalarni to‘lash jarayonini amalga oshiradi, omonatchilarni identifikatsiyalaydi. Agent-bank kompensatsiyalarni to‘lash tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat asosida zarur hujjatlarni talab qilishga ham haqli. Agent-bank tomonidan kompensatsiyalarni to‘lash uchun belgilanadigan muddat bir yildan oshmasligi kerak.
Agentlik tomonidan omonatchiga to‘lanishi zarur bo‘lganidan ortiq miqdorda kompensatsiya to‘langan taqdirda, omonatchi ortiqcha to‘langan summani Agentlikning talabi bo‘yicha talab bildirilgan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida qaytarishi shart. Bunda ortiqcha to‘langan summa qaytarilmagan taqdirda, Agentlik mazkur summani undirish uchun sudga murojaat qilishga haqli.
Kompensatsiyani to‘lash yengib bo‘lmas kuch (fors-major) tufayli kechiktirilganligi uchun Agentlik javobgar bo‘lmaydi.
Agentlik kompensatsiyalarni to‘lash jarayoni haqidagi, shu jumladan omonatchilarga to‘langan summalar to‘g‘risidagi axborotni Markaziy bank tomonidan belgilangan davriy oraliqda o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
Kompensatsiyalarni to‘lash tartibi va shartlari, shu jumladan kompensatsiyalarni olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxati hamda ularni rasmiylashtirishga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Ushbu Qonunga muvofiq Agentlikka va agent-bankka ma’lumotlarni taqdim etish tijorat yoki bank sirining yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning oshkor qilinishi deb hisoblanmaydi.
30-modda. Kompensatsiya to‘lashni to‘xtatib turish yoki rad etish
Agentlik tomonidan kompensatsiya to‘lashni to‘xtatib turish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
kompensatsiya olish uchun taqdim etilgan hujjatlardagi ma’lumotlarning ishonchliligiga va (yoki) haqiqiyligiga Agentlikda yoki agent-bankda shubha paydo bo‘lganligi;
omonatchining talablari va tugatuvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar o‘rtasida nomuvofiqlik mavjudligi;
kafolatlash obyektiga nisbatan cheklov choralari mavjudligi, shu jumladan hisobvaraqdagi pul mablag‘lari xatlanganligi yoki to‘xtatib qo‘yilganligi, hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatib turilganligi;
kafolatlash obyekti sud nizosi predmeti bo‘lgan hollar to‘g‘risida Agentlik kompensatsiyalar to‘languniga qadar xabardor etilganligi.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda kompensatsiyalar to‘lashni to‘xtatib turish muddati shubha paydo bo‘lgan yoki nomuvofiqliklar aniqlangan kundan e’tiboran to‘qson kundan ko‘p bo‘lishi mumkin emas, ushbu modda birinchi qismining to‘rtinchi va beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan hollarda esa to‘xtatib turish tegishli qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organning qarori qabul qilinguniga qadar amalga oshiriladi.
Agentlik omonatchini va tugatuvchini kompensatsiya to‘lashni to‘xtatib turish sabablari to‘g‘risida to‘lovni to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni ilova qilgan holda xabardor etadi.
Omonatchi va tugatuvchi kompensatsiyalar to‘lashni to‘xtatib turish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rishi, shu jumladan kompensatsiyalar to‘lanishi uchun taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarning haqiqiyligini va (yoki) ishonchliligi faktini aniqlash uchun sudga murojaat etishi shart.
Kompensatsiya to‘lashni rad etish yoki to‘langan kompensatsiyani qaytarishni talab qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
kompensatsiya to‘lanishi uchun soxta hujjatlar taqdim etilganligi fakti aniqlanganligi;
omonatga qo‘yilgan pul mablag‘larning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bog‘liq faoliyatdan olinganligini tasdiqlovchi qonuniy kuchga kirgan sud qarorining mavjudligi.
31-modda. Talab qilish huquqining Agentlikka o‘tishi
Kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan sanada Agentlik kompensatsiyalarni haqiqatda to‘laganligidan qat’i nazar, kafolatlash obyektlarining egalari bo‘lgan omonatchilarning tugatilayotgan bankka bo‘lgan talablari kafolatlangan omonatlar summasiga teng miqdorda Agentlikka o‘tadi. Agentlikning tugatilayotgan bankka bo‘lgan talablari qonunchilikda belgilangan navbatga muvofiq qanoatlantiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
Omonatchilar talablarining Agentlikka o‘tishi omonatchilarning tugatilayotgan bankka bo‘lgan kafolatlash obyektining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismidagi huquqlarini bekor qilmaydi.
Omonatchilar kafolatlash obyektining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismini bevosita tugatilayotgan bankdan talab qilishga haqli va Agentlik ushbu summalarning to‘lanishiga javobgar bo‘lmaydi.
Agar tugatuvchining harakatlari (harakatsizligi) Agentlikning kompensatsiyalar to‘lash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qilayotgan bo‘lsa, Agentlik tugatuvchining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilishga haqli.
32-modda. To‘lanmagan kompensatsiyalar summalari
To‘lanmagan kafolatlangan omonatlar tegishli omonatchilarning egaligida qoladi va istalgan vaqtda Agentlikdan talab qilib olinishi mumkin.
Agent-bank tomonidan to‘lanmagan, shu jumladan ushbu Qonunning 29-moddasi o‘ninchi qismida belgilangan muddatda talab qilib olinmagan kompensatsiyalar summalari agent-bank bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq Agentlikka o‘tkazib berilishi kerak.
33-modda. Omonatchining huquqlari
Kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan taqdirda omonatchilar:
Agentlikdan kompensatsiya to‘lash tartibi to‘g‘risida axborot so‘rab olishga;
ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiya to‘lanishini talab qilishga;
kompensatsiyalar to‘lanishi uchun Agentlikka taqdim etilgan reyestrda o‘zlari to‘g‘risidagi ma’lumot mavjud bo‘lmagan taqdirda yoki o‘z talablarini tasdiqlovchi ma’lumotlar va hujjatlarni olish uchun tugatuvchiga murojaat etishga;
agent-bank tomonidan kompensatsiyalarni to‘lash asossiz kechiktirilganligi faktlari to‘g‘risida Agentlikka xabar berishga;
kafolatlash obyektining kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismini qonunchilikda belgilangan tartibda bankdan talab qilishga;
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 43-bobi.
omonatchilarning ushbu Qonunda belgilangan huquqlari buzilishi, shu jumladan bank siriga oid ma’lumotlarning oshkor etilishi oqibatida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini aybdor shaxslardan talab qilishga;
Agentlikning va (yoki) tugatuvchining harakatlari ustidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilishga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasi, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni.
Kafolatlash hodisasi yuzaga kelgan taqdirda omonatchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 43-bobi.
34-modda. Bankka aloqador shaxslar
Ushbu Qonun maqsadlarida quyidagilar bankka aloqador shaxslar hisoblanadi:
bank kuzatuv kengashining a’zolari;
bank boshqaruvining a’zolari, shuningdek bankning muhim ahamiyatga ega xodimlari;
bankning hal qiluvchi egalikka ega bo‘lgan aksiyadorlari;
Oldingi tahrirga qarang.
islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi bankning islomiy moliya masalalarini muvofiqlashtiruvchi islomiy moliya kengashi a’zolari;
(34-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuniga asosan beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
bankning oxirgi benefitsiar mulkdorlari;
ushbu qismning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan jismoniy shaxslarning yaqin qarindoshlari.
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan shaxslar oxirgi benefitsiar mulkdor hamda ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan jismoniy shaxslarning yaqin qarindoshlaridir.
5-bob. Banklardagi omonatlarni kafolatlash sohasidagi hamkorlik va jamoatchilikni xabardor etish
35-modda. Agentlikning Markaziy bank bilan hamkorligi
Kafolatlash tizimining ishlashi bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan Agentlik va Markaziy bank:
banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi qismida birgalikdagi inspeksiyani (tekshiruvlarni) amalga oshirish;
bankni sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirish;
kafolatlash tizimi to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish;
maxsus badal miqdorining, Jamg‘arma mablag‘lari maqsadli miqdorining, kafolatlangan omonat miqdorining yetarliligini baholash va bankning depozit bazasini aniqlash uslubiyatini, shuningdek agent-bankni tanlash mezonlarini kelishish doirasida hamkorlik qiladi.
Markaziy bank tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay Agentlikka:
Oldingi tahrirga qarang.
bankka bank faoliyatiga doir tegishli litsenziya (litsenziyalar) berish yoki uni chaqirib olish;
(35-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
bankni qayta tashkil etish uchun ruxsat berish;
vaqtinchalik boshqaruvchini (vaqtinchalik boshqaruvchilarni) tayinlash;
bankni sanatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorlardan ko‘chirmalar beradi.
Agentlik ushbu Qonunda nazarda tutilgan badallarni to‘lamagan banklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ikki ish kunidan kechiktirmay Markaziy bankka taqdim etadi.
Agentlik va Markaziy bank ushbu Qonunda nazarda tutilgan hamkorlikni amalga oshirishni, shuningdek axborot almashishni, shu jumladan egasizlantirilgan tarzda bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni, kafolatlash hodisasi yuzaga kelishi ehtimoli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashishni tartibga soluvchi anglashuv memorandumini tuzadi.
36-modda. Agentlikning Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorligi
Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorlik shartlarini tartibga soluvchi, shuningdek Agentlikni shoshilinch vaziyatlarda moliyalashtirish tartibi to‘g‘risida bitim tuzadi hamda kafolatlash tizimi lozim darajada ishlashi maqsadida mazkur bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi.
37-modda. Agentlikning boshqa tashkilotlar va muassasalar bilan hamkorligi
Agentlik ushbu Qonunda nazarda tutilgan vazifalarni bajarish uchun boshqa tashkilotlar va muassasalar bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Jinoiy faoliyat bilan bog‘liq bitimlarni amalga oshirish uchun kafolatlash obyektidan foydalanish hollari aniqlangan taqdirda, Agentlik va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikda nazarda tutilgan tegishli choralarni ko‘rish uchun bir-birini xabardor qiladi. Agentlik va maxsus vakolatli davlat organi zarur hollarda o‘zaro anglashuv memorandumini tuzadi.
Agentlik chet davlatlarning moliya sohasini tartibga soluvchi (nazorat qiluvchi) organlari va omonatlarni (depozitlarni) kafolatlovchi (sug‘urtalovchi) tashkilotlari bilan axborot almashishi, basharti bunday axborot almashish omonatchilarning qonun bilan qo‘riqlanadigan sirlarini, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik normalariga muvofiq bo‘lsa, ular bilan hamkorlik to‘g‘risida bitimlar tuzishi mumkin.
Agentlik hamkorlik qilish va omonatlarni (depozitlarni) kafolatlash (sug‘urtalash) tizimini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishi mumkin.
38-modda. Agentlik tomonidan kompensatsiyalarni to‘lash tizimini stress-testdan o‘tkazish va ssenariy bo‘yicha modellashtirish tadbirlari
Agentlik zaruratga qarab, lekin ikki yilda kamida bir marta:
o‘z tizimlarini stress-testdan o‘tkazishi;
Agentlikning moliyaviy imkoniyatlarini baholashdan o‘tkazishi, shuningdek Markaziy bank va kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan banklar bilan birgalikda kafolatlash tizimining amaliy jihatdan shayligini ta’minlash maqsadida kompensatsiyalar to‘lash jarayonini ssenariy bo‘yicha modellashtirish tadbirlarini o‘tkazishi kerak.
Banklar kompensatsiya to‘lash jarayonini ssenariy bo‘yicha modellashtirish tadbirlarida ishtirok etishi shart.
Birinchi stress-testni o‘tkazish va ssenariy bo‘yicha modellashtirish tadbirlari ushbu Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida amalga oshirilishi kerak.
39-modda. Jamoatchilikni xabardor qilish
Agentlik ommaviy axborot vositalari va (yoki) o‘z rasmiy veb-sayti orqali jamoatchilikni kafolatlash tizimi faoliyati to‘g‘risida, shu jumladan:
kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan banklar haqida;
kafolatlash obyektlari, kafolatlangan omonatlar hamda kafolatlanmaydigan mablag‘lar haqida;
kompensatsiyalar to‘lash tartibi, shu jumladan qonunchilikka muvofiq ularni to‘lash usullari va muddatlari haqida muntazam ravishda xabardor qilib borishi shart.
Banklar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan axborotni xizmat ko‘rsatish joylarida hamda banklar tomonidan o‘z mijozlariga yuboriladigan xabarlarda, mazkur talab ular uchun ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqarmasligi sharti bilan tarqatish choralarini ko‘rishi shart.
Jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va shartlari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
6-bob. Agentlikning budjeti, buxgalteriya va moliyaviy hisoboti
40-modda. Agentlikning budjeti
Agentlikning faoliyatini va uning ushbu Qonunda belgilangan vazifalarining bajarilishini ta’minlash maqsadida, Agentlik joriy moliyaviy yilning 30-noyabridan kechiktirmay keyingi moliyaviy yil uchun operatsion va ma’muriy xarajatlar, shuningdek kapital qo‘yilmalar to‘g‘risidagi axborotni o‘z ichiga oluvchi Agentlik budjetini tasdiqlaydi hamda e’lon qiladi.
Agentlikning operatsion xarajatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
kompensatsiyalarni to‘lash va banklarning sanatsiya vositalarini qo‘llash bilan bog‘liq xarajatlarni;
qarz mablag‘lari bo‘yicha hisoblangan foizlarni;
aktivlarni boshqarish va kompensatsiyalar to‘lashni tashkil etish uchun Agentlik tomonidan to‘lanadigan vositachilik haqini;
aktivlarni qayta baholash va aktivlarni balans qiymatidan past narxda realizatsiya qilishdan ko‘rilgan zararni;
auditorlik va konsalting xizmatlari uchun to‘lovni;
kafolatlash tizimi haqida jamoatchilikni xabardor qilish bilan bog‘liq xarajatlarni.
Agentlikning ma’muriy xarajatlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Agentlik xodimlarining ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, shuningdek Agentlik xodimlariga to‘lanadigan boshqa to‘lovlar bo‘yicha xarajatlarni;
xizmat aloqa vositalarini o‘rnatish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlarni;
axborot nashrlarini va kasbiy adabiyotlarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarni;
past baholi va tez eskiruvchi buyumlarga oid xarajatlarni;
asosiy vositalar (mulk) va binolarning amortizatsiyasi xarajatlarini, ularni ta’mirlash, saqlash va sug‘urtalash yoki ularning ijarasiga doir xarajatlarni;
soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar, ijara (lizing) to‘lovlari, bank xizmatlari uchun to‘lovlar, kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlarni.
Agentlikning yillik ma’muriy xarajatlari miqdori kafolatlash tizimida ishtirok etayotgan barcha banklar depozit bazasining budjetni tasdiqlashdan avvalgi hisobot choragining oxirgi kunidagi qoldig‘ining 0,03 foizidan oshmasligi kerak.
Agentlikning operatsion xarajatlari oshishiga olib keladigan kutilmagan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, Kengash tegishli moliyaviy yil uchun tasdiqlangan budjetni qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
41-modda. Agentlikning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisoboti
Agentlikda buxgalteriya hisobi buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq yuritiladi va u Agentlikning haqiqiy moliyaviy ahvolini aks ettiruvchi ishonchli hisobotlar shakllantirilishini ta’minlashi kerak. Agentlik qonunchilikda belgilangan tartibda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini qo‘llashi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuni.
Agentlikning yillik hisoboti Kengash tomonidan tasdiqlanadi va yillik moliyaviy hisobotni hamda Agentlikning hisobot yilidagi faoliyati tahlilini o‘z ichiga oladi.
Agentlikning yillik moliyaviy hisoboti majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkaziladi va moliyaviy yil tugaganidan keyin to‘rt oy ichida Agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Agentlikning yillik hisoboti Markaziy bankning yillik hisoboti tarkibiga kiritiladi.
42-modda. Ichki audit
Bosh direktorning qonunchilikka, ta’sis hujjatlariga va boshqa hujjatlarga, faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha belgilangan qoidalarga hamda tartib-taomillarga rioya etishini, buxgalteriya hisobida hamda hisobotlarda aks ettirilgan ma’lumotlarning to‘liqligi va ishonchliligini hamda aktivlarning but saqlanishini tekshirish va monitoring qilish orqali uning faoliyatini nazorat qilish hamda baholash maqsadida Agentlikda ichki audit xizmati tashkil etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni.
Agentlikning ichki audit xizmati Kengashga hisobdordir. Ichki auditni o‘tkazish tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
7-bob. Manfaatlar to‘qnashuvi hamda Agentlikning mansabdor shaxslarini va xodimlarini o‘z vazifalarini bajarishi chog‘ida huquqiy jihatdan himoya qilish
(7-bobning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
43-modda. Manfaatlar to‘qnashuvi
Kengashi a’zolari, bosh direktor va Agentlikning xodimlari Agentlik manfaatlarini ko‘zlab harakat qilishi hamda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan kelib chiqqan holda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishi shart.
44-modda. Mansabdor shaxslarni va xodimlarni o‘z vazifalarini bajarishi chog‘ida huquqiy jihatdan himoya qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Kengash a’zolari, bosh direktor, Agentlik xodimlari, shuningdek ushbu Qonunga yoki Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga muvofiq o‘z vakolatlarini amalga oshirish uchun Agentlik tomonidan jalb etilgan boshqa shaxslar, shu jumladan ularning vakolatlari tugatilganidan keyin yoki ular Agentlikda ishlashini yakunlaganidan keyin faqat o‘z vazifalarini bajarishi chog‘ida insofsizlik bilan sodir etilgan harakatlari (harakatsizligi) uchun javobgar bo‘ladi.
(44-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi O‘RQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Agentlik ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning manfaatlarini ular ushbu Qonunga muvofiq o‘z vazifalarini bajarganligi munosabati bilan qo‘zg‘atilgan sud ishi va ma’muriy ish yuritilishi doirasida, shu jumladan mazkur shaxslarning vakolatlari tugatilgan yoki Agentlikda ishlashi yakunlangan hollarda ifodalashga doir xarajatlarni to‘laydi.
8-bob. Yakunlovchi qoidalar
45-modda. Nizolarni hal etish
Omonatchi kompensatsiyalar to‘lanishi jarayonida sudga Agentlikning va (yoki) tugatuvchining xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilishga haqli.
Agentlik omonatchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomilini belgilovchi tartibga ega bo‘lishi shart.
Agar omonatchi tugatuvchi tomonidan taqdim etilgan omonatchilar va kafolatlash obyektlari reyestriga kiritilmagan bo‘lsa yoki u o‘ziga to‘langan kompensatsiya miqdoridan rozi bo‘lmasa, u tugatuvchiga o‘z talablarining asosliligini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etgan holda, murojaat etishga haqli.
Tugatuvchi omonatchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar olingan kundan e’tiboran uch ish kunida ularni ko‘rib chiqishi shart. Uning talablari asosli bo‘lgan taqdirda, tugatuvchi omonatchilar va kafolatlangan obyektlar reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi, mazkur reyestrni Agentlikka taqdim etishi, shuningdek omonatchining talablarini ko‘rib chiqish natijalari haqida Agentlikni, Markaziy bankni va omonatchini xabardor qilishi shart. Omonatchining talablari asossiz bo‘lgan taqdirda, uning talablarini qanoatlantirish rad etiladi.
Omonatchining talablarini qanoatlantirish rad etilgan taqdirda, u Kengashga yoki sudga murojaat qilishga haqli.
46-modda. Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 766-moddasi.
47-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish
1. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 217, 218-moddalar, № 4, 340-modda, № 5, 464-modda, № 6, 570, 577-moddalar, № 11, 1061, 1062-moddalar; 2023-yil, № 10, 795-modda, № 11, 921-modda; 2024-yil, № 2, 111, 114-moddalar, № 6, 530-modda, № 9, 960-modda) 163-moddasining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“omonatchilarning o‘z omonatlarini berish to‘g‘risida bankka qo‘yadigan talablariga, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligiga kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiyalar to‘lanishiga doir talablariga”.
2. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi 154-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 11-noyabrda qabul qilingan O‘RQ-582-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 11, 790-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2022-yil, № 3, 217-modda, № 4, 340-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 9, 965-modda) quyidagi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilsin:
1) 25-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklar va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kuzatuv kengashlari tarkibiga kirish, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno”;
2) 61-modda ikkinchi qismining oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasiga banklar tomonidan har chorakda to‘lanadigan kalendar badalga qo‘shimcha ajratmalar miqdorini belgilashga”;
3) quyidagi mazmundagi 672-modda bilan to‘ldirilsin:
“672-modda. Banklardagi omonatlarni kafolatlash tizimining ishlashiga doir Markaziy bankning vazifalari va vakolatlari
Markaziy bank banklardagi omonatlarni kafolatlash tizimi ishlashi yuzasidan quyidagilarni belgilaydi:
banklar tomonidan Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasiga badallar to‘lash tartibini;
Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiyalar to‘lash tartibi va shartlarini, shu jumladan kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatini, shuningdek ularni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablarni;
omonatlarni kafolatlash tizimi to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va shartlarini.
Omonatlarni kafolatlash jamg‘armasi mablag‘larining taqchilligi yuzaga kelganda Markaziy bank likvidlilikni ta’minlash uchun Omonatlarni kafolatlash agentligiga uch oygacha bo‘lgan muddatga kredit berishi mumkin”.
3. O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 25-aprelda qabul qilingan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi 216-I-sonli Qonunning (O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 5-noyabrda qabul qilingan O‘RQ-580-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 11, 788-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda; 2023-yil, № 4, 267-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 105, 111-moddalar, № 9, 965-modda) 55-moddasi quyidagi mazmundagi o‘ninchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi”;
o‘ninchi xatboshi o‘n birinchi xatboshi deb hisoblansin.
4. O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 30-avgustda qabul qilingan “Bank siri to‘g‘risida”gi 530-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 144-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 6, 524-modda; 2022-yil, № 4, 337-modda; 2024-yil, № 9, 965-modda) 14-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar Omonatlarni kafolatlash agentligiga, shuningdek kafolatlangan omonatlar bo‘yicha kompensatsiya to‘lash uchun agent-banklarga taqdim etiladi”.
5. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 30-dekabrda qabul qilingan O‘RQ-599-sonli Qonuni bilan yangi tahrirda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, 12-songa 1-ilova; 2020-yil, № 3, 198-modda, № 10, 593-modda, № 11, 652-modda, № 12, 690, 691-moddalar; 2021-yil, № 1, 6-modda, № 4, 294-modda, 4-songa ilova, № 8, 800-modda, № 9, 901-modda, № 10, 968, 969, 972, 973-moddalar, № 12, 1199-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 3, 215, 216-moddalar, № 5, 461, 464, 467-moddalar, № 6, 570-modda, № 7, 664, 666-moddalar, № 12, 1190-modda; 2023-yil, № 6, 444, 446-moddalar, № 7, 540-modda, № 12, 1011-modda; 2024-yil, № 2, 106, 110, 111-moddalar, № 4, 346-modda, № 5, 458, 459-moddalar, № 8, 822, 831-moddalar, № 9, 958-modda) 75-moddasining to‘qqizinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi bosh boshqarmalari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining muassasalari, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi, bundan ijtimoiy soliq va O‘zbekiston Respublikasining hududiga tovarlarni olib kirishda (importida) to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i mustasno”.
6. O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 12-aprelda qabul qilingan “To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘RQ-763-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, № 4, 338-modda; 2023-yil, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 1, 5-modda, № 8, 823-modda) 181-moddasining uchinchi qismidagi “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi” degan so‘zlar “Omonatlarni kafolatlash agentligi” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
48-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 5-aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi 360-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 4-5, 70-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 5-aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 361-II-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 4-5, 71-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 6-aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi O‘RQ-203-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 4, 130-modda);
4) O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 9-noyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-646-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 11, 652-modda) 5-moddasi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 138-moddasi.
49-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Markaziy bank va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati, shu jumladan omonatlarning kafolatlangan omonat miqdoridan oshadigan qismini boshqa banklarga joylashtirishning afzalliklari aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
Markaziy bank:
ushbu Qonun 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan reyestr, ma’lumotlar va axborot shaklini belgilasin;
ushbu Qonun 29-moddasining o‘n to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan kompensatsiyalarni to‘lash tartibi va shartlarini, shu jumladan kompensatsiyalarni olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatini belgilasin;
ushbu Qonun 39-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan jamoatchilikni xabardor qilish tartibi va shartlarini belgilasin.
50-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
51-modda. O‘tish qoidalari
Agentlik Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining huquqiy vorisidir. Agentlikni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davlat xizmatlari markazi tomonidan amalga oshiriladi.
Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondining ishtirokchi-banklari, shuningdek omonatlari davlat tomonidan kafolatlangan banklar kafolatlash tizimida ishtirok etadigan banklarga aylanadi.
Ushbu Qonunga muvofiq kalendar badallarning stavkalarini belgilashda Kengash ushbu Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran besh yil ichida ularning ushbu Qonun 16-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan Jamg‘arma mablag‘larining maqsadli miqdoriga erishish imkoniga ta’sirini hisobga olishi kerak.
Ushbu Qonunda belgilangan kompensatsiya miqdori fuqarolarning ushbu Qonun kuchga kirgan sanadan oldin qo‘yilgan omonatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, bundan quyidagilar mustasno:
ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin summalari kompensatsiya miqdoridan ortiq miqdorda oshirilgan va qaytarish muddati uzaytirilgan omonatlar;
qaytarilishi birinchi talab bo‘yicha amalga oshiriladigan omonatlar va boshqa talablar.
Ushbu Qonun kuchga kirgan sanada litsenziyasi chaqirib olingan banklarda kafolatlash obyektlari bo‘yicha haq to‘lash litsenziya chaqirib olingan paytda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
52-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonunning 20-moddasi ushbu Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-fevral,
O‘RQ-1031-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 19.02.2025-y., 03/25/1031/0160-son; 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son)