toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 3-martda qabul qilingan
Senat tomonidan 2016-yil 31-martda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustda qabul qilingan “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi 279-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 142-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda, № 12, 350-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 12, 452-modda) oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2016-yil 14-apreldagi 73 (6508)-sonida eʼlon qilingan
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2016-yil 13-aprel,
OʻRQ-404-son
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida
(yangi tahriri)
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi OʻRQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Buxgalteriya hisobining asosiy prinsiplari
Uzluksizlik, ishonchlilik, koʻrsatkichlarning qiyoslanuvchanligi buxgalteriya hisobining asosiy prinsiplaridir.
4-modda. Buxgalteriya hisobi
Buxgalteriya hisobi barcha xoʻjalik operatsiyalarini yaxlit, uzluksiz, hujjatlar asosida hisobga olish yoʻli bilan buxgalteriya axborotini yigʻish, qayd etish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimidan, shuningdek uning asosida moliyaviy va boshqa hisobotni tuzishdan iboratdir.
Buxgalteriya hisobi xoʻjalik operatsiyasini buxgalteriya hisobining kamida ikkita schyotida bir vaqtda va oʻzaro bogʻliq holda pulda baholab aks ettirish yoʻli bilan ikkiyoqlama yozuv usulida yuritiladi.
5-modda. Buxgalteriya axboroti
Buxgalteriya axboroti boshlangʻich hisob hujjatlariga asoslangan, buxgalteriya hisobi registrlarida, moliyaviy hisobotlarda, tushuntirishlarda hamda buxgalteriya hisobini tashkil etish va yuritish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarda aks ettiriladigan buxgalteriya hisobi obyektlari haqidagi qayta ishlangan maʼlumotlardir.
6-modda. Buxgalteriya hisobi subyektlari
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan yuridik shaxslar, ularning Oʻzbekiston Respublikasi hududida hamda undan tashqarida joylashgan shuʼba korxonalari, vakolatxonalari, filiallari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari buxgalteriya hisobi subyektlaridir.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek chet el yuridik shaxslarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonalari, filiallari va boshqa tarkibiy boʻlinmalari qonunchilikda belgilangan tartibda hisob yuritadi hamda hisobot taqdim etadi.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom, Oʻzbekiston Respublikasi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-598-sonli “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 54-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2010-yil 17-dekabrdagi 105-sonli qarori bilan tasdiqlangan Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2169, 22.12.2010-y.).
7-modda. Buxgalteriya hisobi obyektlari
Aktivlar, majburiyatlar, xususiy kapital, zaxiralar, daromadlar, xarajatlar, foyda, zararlar va ularning harakati bilan bogʻliq xoʻjalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining obyektlaridir.
Buxgalteriya hisobi obyektlari sintetik va analitik hisoblarda yuritiladi.
8-modda. Sintetik va analitik hisob
Oldingi tahrirga qarang.
Sintetik hisob qonunchilikda belgilanadigan tartibda buxgalteriya hisobi obyektlari haqidagi maʼlumotlarni muayyan iqtisodiy belgilari boʻyicha umumlashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(8-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Analitik hisob buxgalteriya hisobi obyektlari haqidagi batafsil buxgalteriya axborotini shakllantirish maqsadida buxgalteriya hisobining subyekti tomonidan mustaqil ravishda belgilanadigan tartibda yuritiladi.
9-modda. Buxgalteriya hisobi va hisobotini tartibga solish
Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotni tartibga solish, buxgalteriya hisobi standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining zimmasiga yuklatiladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-martdagi PQ-2847-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi haqida”gi nizom.
Buxgalteriya hisobini yuritish qoidalari buxgalteriya hisobi standartlari, shu jumladan kichik tadbirkorlik subyektlari uchun soddalashtirilgan buxgalteriya hisobini yuritish standarti bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibi” Buxgalteriya hisobining milliy standarti (20-sonli BHMS) (roʻyxat raqami 2501, 14.08.2013-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
Budjet tashkilotlarining hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarining buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotini tartibga solish budjet hisobi standartlari hamda boshqa qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 163-moddasi, “Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2169, 22.12.2010-y.).
Banklar va boshqa kredit tashkilotlarining buxgalteriya hisobi hamda hisobotini tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(9-moddaning uchinchi va toʻrtinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri)Qonunining 70-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) Qonunining 61-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2008-yil 3-maydagi 11/5-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida buxgalteriya hisobini yuritish va buxgalteriya ishlarini tashkil qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 1834, 11.07.2008-y.).
10-modda. Buxgalteriya hisobi standartlari
Buxgalteriya hisobi standartlari buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni tuzishga doir minimal talablarni belgilaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 133-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3546, 09.08.2024-y.).
Buxgalteriya hisobining milliy standartlari buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va moliyaviy hisobotni tuzishga doir maxsus talablarni belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Buxgalteriya hisobi subyektlari moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻllashi mumkin.
(10-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 102-moddasining beshinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-sonli “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni 9-bandining uchinchi xatboshisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-fevraldagi PQ-4611-sonli “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
11-modda. Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etish
Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishni buxgalteriya hisobi subyektining rahbari amalga oshiradi.
Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari quyidagi huquqlarga ega:
buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari boshchiligida buxgalteriya hisobi xizmatini tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan buxgalter xizmatidan foydalanish;
buxgalteriya hisobini yuritishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga (auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari va ustavida buxgalteriya hisobini yuritish boʻyicha xizmat koʻrsatish nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar) shartnoma asosida yuklash;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida” va “Soliq maslahatiga oid faoliyat toʻgʻrisida”gi qonunlari.
buxgalteriya hisobini mustaqil yuritish.
Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari:
hisob siyosati, ichki hisob va hisobot tizimi ishlab chiqilishini;
ichki nazorat tartibini;
buxgalteriya hisobi toʻliq va ishonchli yuritilishini;
hisob hujjatlarining but saqlanishini;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikda belgilangan tartibda moliyaviy hisobotning tayyorlanishi va eʼlon qilinishini;
(11-modda uchinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-oktabrdagi OʻRQ-726-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2021-y., 03/21/726/1001-son — 2022-yil 31-yanvardan kuchga kiradi)
 LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Qonunning 26-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 102-moddasining beshinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 72-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Jamoat fondlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 25-moddasining ikkinchi qismi.
soliq hisobotining va boshqa moliyaviy hujjatlarning tayyorlanishini;
hisob-kitoblar oʻz vaqtida amalga oshirilishini;
ushbu Qonun 12-moddasining talablariga rioya etilishini taʼminlashi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 2169, 22.12.2010-y.).
12-modda. Buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari
Bosh buxgalter yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxs buxgalteriya hisobi xizmatining rahbaridir.
Buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari bevosita buxgalteriya hisobi subyektining rahbariga boʻysunadi.
Buxgalteriya hisobi xizmati rahbarining xoʻjalik operatsiyalarini hujjatlar asosida rasmiylashtirish va ularni buxgalteriya hisobi xizmatiga taqdim etish boʻyicha talablari buxgalteriya hisobi subyektining barcha xodimlari uchun majburiydir.
Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari va buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari oʻrtasida ayrim xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishga doir kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ular boʻyicha hujjatlar operatsiyalar amalga oshirilishining oqibatlari uchun shaxsan javobgar boʻlgan buxgalteriya hisobi subyekti rahbarining yozma farmoyishi bilan ijroga qabul qilinishi mumkin.
Majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim boʻlgan buxgalteriya hisobi subyektining (banklar va boshqa kredit tashkilotlari bundan mustasno) buxgalteriya hisobi xizmati rahbari quyidagi talablarga javob berishi kerak:
oliy maʼlumotga ega boʻlish;
oliy iqtisodiy maʼlumotga ega boʻlgan taqdirda, oxirgi besh kalendar yildan kamida uch yili, noiqtisodiy oliy maʼlumotga ega boʻlgan taqdirda esa, oxirgi oʻn kalendar yildan kamida yetti yili buxgalteriya hisobini yuritish yoki moliyaviy hisobotni tuzish yoxud auditorlik faoliyati bilan bogʻliq ish stajiga ega boʻlish.
Majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim boʻlgan buxgalteriya hisobi subyektining rahbari buxgalteriya hisobi xizmati rahbarining har yili malaka oshirishdan oʻtishini taʼminlashi shart.
Ushbu modda beshinchi va oltinchi qismlarining talablari majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtishi lozim boʻlgan buxgalteriya hisobi subyektining rahbari buxgalteriya hisobini yuritishni shartnoma asosida zimmasiga yuklagan ixtisoslashtirilgan tashkilot xodimiga nisbatan ham tatbiq etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: “Budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaning (roʻyxat raqami 2169, 22.12.2010-y.) 9–20-bandalari.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan, shuningdek qasddan sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxs buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari boʻlishi mumkin emas.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 30 va 31-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 78 va 79-moddalari.
Banklar va boshqa kredit tashkilotlarining buxgalteriya hisobi xizmati rahbarlariga qoʻyiladigan talablar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) Qonuni 61-moddasi ikkinchi qismining oʻn uchinchi xatboshisi.
13-modda. Imzo huquqi
Pul, tovar-moddiy boyliklarni va boshqa boyliklarni qabul qilish hamda berish uchun asos boʻlib xizmat qiladigan hujjatlar, kredit va hisob-kitob majburiyatlari, shuningdek moliyaviy va boshqa hisobotlar buxgalteriya hisobi subyektining rahbari tomonidan yoki u belgilaydigan shaxslar tomonidan imzolanadi.
Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari imzolash huquqiga ega boʻlgan shaxslarning ikkita roʻyxatini tasdiqlaydi. Birinchi roʻyxatga buxgalteriya hisobi subyektida rahbarlik vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar, ikkinchisiga esa, buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar kiradi. Agar buxgalteriya hisobi subyekti rahbari buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini oʻz zimmasiga olgan boʻlsa, u holda har ikkala roʻyxatda ham oʻzini koʻrsatadi.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning imzosi mavjud boʻlmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
14-modda. Boshlangʻich hisob hujjatlari
Operatsiyalar amalga oshirilganligini qayd etuvchi boshlangʻich hisob hujjatlari va ularni oʻtkazishga doir farmoyishlar xoʻjalik operatsiyalarining buxgalteriya hisobi uchun asos boʻladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan savdo va servis sohasida olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqi bank korporativ plastik kartalaridan foydalangan holda toʻlanganida toʻlov terminallarining cheklari ham boshlangʻich hisob hujjatlari deb tan olinadi.
Boshlangʻich hisob hujjatlari xoʻjalik operatsiyalari amalga oshirilayotgan paytda yoki operatsiyalar amalga oshirib boʻlinganidan keyin tuziladi.
Hisobot davriga tegishli boʻlgan xoʻjalik operatsiyalari, agar ular amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar olinmagan boʻlsa, tegishli boshlangʻich hujjat rasmiylashtirilib, buxgalteriya hisobida aks ettiriladi.
Boshlangʻich hisob hujjatlarining majburiy rekvizitlari quyidagilardir:
buxgalteriya hisobi subyektining nomi;
hujjatning nomi va raqami, u tuzilgan sana va joy;
xoʻjalik operatsiyasining nomi, mazmuni va oʻlchov birliklari koʻrsatilgan miqdor oʻlchovi (natura va pulda ifodalangan holda);
xoʻjalik operatsiyasini bajargan shaxslarning (shaxsning) identifikatsiya qilish uchun zarur boʻlgan familiyasi hamda ismi va otasi ismining bosh harflari yoxud boshqa rekvizitlari koʻrsatilgan holda lavozimlari nomi va imzolari.
Boshlangʻich hisob hujjatlarini tuzgan hamda imzolagan shaxslar ularning oʻz vaqtida, toʻgʻri va ishonchli tuzilishi, shuningdek buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun belgilangan muddatlarda topshirilishiga javobgardir.
Boshlangʻich hisob hujjatlari elektron hujjat tarzida tuzilishi va taqdim etilishi mumkin.
Boshlangʻich hisob hujjatlariga xoʻjalik operatsiyasi ishtirokchilari tomonidan tasdiqlanmagan tuzatishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bank va kassa-pul hujjatlarida tuzatishlar hamda oʻchirib yozishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 143-sonli “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3538, 30.07.2024-y.).
15-modda. Buxgalteriya hisobi registrlari
Buxgalteriya hisobi registrlari ikki yoqlama yozuv usuliga muvofiq yuritiladigan jurnallar, qaydnomalar, kitoblar va tasdiqlangan blankalardan (shakllardan) iboratdir.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 143-sonli “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3538, 30.07.2024-y.).
Buxgalteriya hisobi registrlari texnika vositalaridan, axborot tizimlaridan va axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda elektron hujjat tarzida yaratilishi, ishlov berilishi va saqlanishi mumkin.
Buxgalteriya hisobi registrlarida boshlangʻich hisob hujjatlaridagi maʼlumotlar tizimlashtirilishi va toʻplanishi kerak.
Buxgalteriya hisobi registrining majburiy rekvizitlari quyidagilardan iborat:
registrning nomi;
buxgalteriya hisobi subyektining nomi;
registrni yuritish boshlangan hamda tugallangan sana va (yoki) registr tuzilgan davr;
xoʻjalik operatsiyalarining xronologik va (yoki) tizimli guruhlanishi;
xoʻjalik operatsiyalarining oʻlchov birligi koʻrsatilgan holda puldagi oʻlchov miqdori;
registrni yuritish uchun masʼul boʻlgan shaxslarning lavozimlari, familiyalari hamda ismi va otasi ismining bosh harflari koʻrsatilgan holdagi imzolari yoki ushbu shaxslarni identifikatsiya qilish uchun zarur boʻlgan boshqa rekvizitlar.
Buxgalteriya hisobi registrlariga tasdiqlanmagan tuzatishlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 143-sonli “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3538, 30.07.2024-y.).
16-modda. Aktivlar va majburiyatlarni inventarizatsiya qilish
Buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobot maʼlumotlarining toʻgʻriligi hamda ishonchliligi aktivlar va majburiyatlarni majburiy tarzda inventarizatsiyadan oʻtkazish orqali tasdiqlanadi. Inventarizatsiya obyektlari, uni oʻtkazish tartibi va muddatlari inventarizatsiya boʻyicha buxgalteriya hisobi standartida belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 141-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (19-sonli BHMS) “Inventarizatsiyani tashkil etish va oʻtkazish”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3548, 12.08.2024-y.).
17-modda. Aktivlar va majburiyatlarni baholash
Tovar-moddiy zaxiralarni baholash quyidagi ikkita bahoning eng pasti boʻyicha — balans tuzilayotgan sanadagi haqiqiy tannarx (sotib olish narxi yoki ishlab chiqarish tannarxi) boʻyicha yoki bozor bahosi (realizatsiya qilishning sof qiymati) boʻyicha amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning “G” boʻlimi (“Tovar-moddiy zaxiralarni, tugallanmagan ishlab chiqarishlarni, shuningdek kelgusi davrlar xarajatlarini baholash”).
Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar ularning boshlangʻich (qayta tiklanish) qiymati boʻyicha hisobga olinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 133-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-sonli BHMS) “Asosiy vositalar”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3546, 09.08.2024-y.), Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 134-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (7-sonli BHMS) “Nomoddiy aktivlar”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3547, 09.08.2024-y.).
Asosiy vositalar va nomoddiy aktivlar qiymatini hisobdan chiqarish ularning qiymati toʻliq qoplanguniga yoki obyekt hisobdan chiqib ketguniga qadar eskirishni (amortizatsiyani) hisoblash yoʻli bilan amalga oshiriladi. Amortizatsiya ajratmalari obyekt foydalanishga topshirilganidan keyingi oydan boshlab amalga oshiriladi. Yerning qiymati amortizatsiya qilinmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 144-sonli “Nomoddiy aktivlarni balansdan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3543, 05.08.2024-y.).
Moliyaviy qoʻyilmalar buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq hisobga olinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 138-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (12-sonli BHMS) “Moliyaviy investitsiyalarni hisobga olish”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3531, 18.07.2024-y.) va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 135-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (8-sonli BHMS) “Konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobotlar va shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga investitsiyalar hisobi”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3537, 26.07.2024-y.).
Majburiyatlar taraflarning kelishuviga muvofiq pulda ifodalangan holda aks ettiriladi.
Sud qarori boʻyicha yuzaga kelgan majburiyatlar tegishli summada aks ettiriladi.
Shartli aktivlar va majburiyatlar buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq aks ettiriladi.
Budjet tashkilotlarining aktivlari va majburiyatlarini baholash budjet hisobi standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Buxgalteriya hisobi milliy valyutada — soʻmda yuritiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 20-iyundagi 307-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Milliy valyuta muomalaga kiritilishi munosabati bilan narxlarni qaytadan belgilash va Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan yuridik shaxslarning buxgalteriya hisobi va hisobotiga oʻzgartirishlar kiritish tartibi”ning 1-bandi, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 6-dekabrdagi 201-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3587, 19.12.2024-y.).
18-modda. Daromadlar va xarajatlarni hisobga olish
Daromadlar va xarajatlar toʻlangan vaqti va pul kelib tushgan sanadan qatʼi nazar, qaysi davrga taalluqli boʻlsa, oʻsha hisobot davrida buxgalteriya hisobi standartlariga muvofiq aks ettiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi boʻyicha daromadlar va xarajatlar budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq aks ettiriladi.
(18-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining VIII boʻlimi (“Budjet hisobi va hisoboti”.
 LexUZ sharhi
Shuningdek, qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
19-modda. Xususiy kapitalni hisobga olish
Xususiy kapital ustav fondidan (ustav kapitalidan), qoʻshilgan, zaxira kapitalidan va taqsimlanmagan foydadan tarkib topadi.
Ustav fondi (ustav kapitali) taʼsis hujjatlarida belgilangan hissalarning (pulda ifodalangan holdagi) yigʻindisini aks ettiradi. Ustav fondiga (ustav kapitaliga) hissalar shaklida kiritiladigan moddiy va nomoddiy aktivlar taʼsischilar (ishtirokchilar) oʻrtasidagi kelishuvga koʻra baholanadi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi kerak.
Qoʻshilgan kapital aksiyalarni nominal qiymatidan baland narxlarda dastlabki sotishdan olinadigan emissiya daromadini, shuningdek ekvivalenti chet el valyutasida ifodalangan ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish jarayonida yuzaga keladigan kurs farqini aks ettiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Zaxira kapitali uzoq muddatli aktivlarni qayta baholashda hosil boʻladigan inflyatsiya zaxiralarini, qonunchilikda va taʼsis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorlarda sof foydadan ajratmalarni, shuningdek tekinga olingan mol-mulkning qiymatini aks ettiradi.
(19-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Taqsimlanmagan foyda foydaning jamgʻarilayotganligini ifodalaydi va mulkdorlarning qaroriga binoan ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-noyabrdagi 191-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobi milliy standarti (21-sonli BHMS) “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarda buxgalteriya hisobining hisobvaraqlar rejasi va uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnoma”ni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3593, 27.12.2024-y.), Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.).
20-modda. Garovni hisobga olish
Oʻzining yoki oʻzgalarning majburiyatlarini taʼminlash uchun garovga berilgan mol-mulkning qiymati, shu jumladan pul mablagʻlari buxgalteriya hisobi subyekti tomonidan boshqa aktivlardan alohida hisobga olinadi.
Garovga olingan mol-mulkning qiymati, garov sifatida qabul qilib olingan pul mablagʻlari va valyuta boyliklari alohida balansdan tashqari schyotlarda aks ettiriladi.
21-modda. Ichki nazorat
Ichki nazorat buxgalteriya hisobini yuritishda, moliyaviy va boshqa hisobotlarni tuzishda xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishning qonuniyligini, iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligini, aktivlarning but saqlanishini taʼminlash, talon-toroj qilish hollari va xatoliklarning oldini olish hamda aniqlash maqsadida buxgalteriya hisobi subyektining rahbari tomonidan qabul qilingan hisob siyosati asosida tashkil etilgan chora-tadbirlar tizimidir.
Buxgalteriya hisobi subyekti ichki nazoratni tashkil etadi va amalga oshiradi.
22-modda. Moliyaviy hisobot
Moliyaviy hisobot buxgalteriya hisobi subyektining hisobot sanasidagi moliyaviy holati, hisobot davridagi faoliyatining moliyaviy natijasi va pul mablagʻlarining harakati toʻgʻrisidagi tizimlashtirilgan axborotdan iboratdir.
Yillik moliyaviy hisobot quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
buxgalteriya balansi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 8-oktabrdagi 181-sonli “Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3567, 04.11.2024-y.), Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.).
moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobot;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 8-oktabrdagi 181-sonli “Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3567, 04.11.2024-y.), Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.).
pul oqimlari haqidagi hisobot;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 8-oktabrdagi 181-sonli “Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3567, 04.11.2024-y.), Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.), Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 5-dekabrdagi 199-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (9-son BHMS) “Pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobot”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3592, 27.12.2024-y.).
xususiy kapital toʻgʻrisidagi hisobot;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 8-oktabrdagi 181-sonli “Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3567, 04.11.2024-y.), Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.).
izohlar, hisob-kitoblar va tushuntirishlar.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.).
Xalqaro standartlar boʻyicha tuziladigan moliyaviy hisobotga doir talablar moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarida belgilanadi.
Buxgalteriya hisobi subyekti moliyaviy hisobotni tuzishda mustaqil balansga ajratilgan oʻz vakolatxonalarining, filiallarining va boshqa tarkibiy boʻlinmalarining buxgalteriya balanslarini hamda boshqa hisobot shakllarini kiritishi kerak.
Moliyaviy hisobot hisobot yili boshidan ortib boruvchi yakun bilan tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Budjet tashkilotlarining, budjet mablagʻlarini oluvchilarning hamda davlat maqsadli jamgʻarmalarining moliyaviy hisoboti budjet toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tuziladi va taqdim etiladi.
(22-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Budjet kodeksining 163-moddasi.
Moliyaviy hisobotning tarkibi va mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 8-oktabrdagi 181-sonli “Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3567, 04.11.2024-y.).
Banklar va boshqa kredit tashkilotlari moliyaviy hisobotining tarkibi hamda mazmuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) Qonunining 70-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasining markaziy banki toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) Qonunining 61-moddasi.
 LexUZ sharhi
Shuningdek, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 131-sonli “Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish uchun konseptual asosni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3530, 12.07.2024-y.).
23-modda. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot
Asosiy xoʻjalik jamiyati boʻlgan va shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga, oʻz nazorati ostidagi tashkilotlarga ega buxgalteriya hisobi subyekti konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzadi.
Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotni tuzish tartibi, shuningdek asosiy xoʻjalik jamiyatining nazorati ostidagi tashkilotlarga qoʻyiladigan talablar buxgalteriya hisobi standartlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 135-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (8-sonli BHMS) “Konsolidasiyalashgan moliyaviy hisobotlar va shuʼba xoʻjalik jamiyatlariga investitsiyalar hisobi”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3537, 26.07.2024-y.).
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu modda talablari vazirliklar, idoralar va budjet tashkilotlarining jamlanma moliyaviy hisobotiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(23-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi OʻRQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
24-modda. Moliyaviy hisobotning hisobot davri
1-yanvar — 31-dekabr kalendar yili yillik moliyaviy hisobotning hisobot davridir.
1-yanvardan boshlab davriy moliyaviy hisobot tuzilayotgan davrning hisobot sanasini ham qamrab olgan davr kalendar yil mobaynida tuziladigan davriy moliyaviy hisobot uchun hisobot davridir.
Yangidan tashkil etilgan yuridik shaxslar uchun yuridik shaxs huquqi qoʻlga kiritilgan sanadan boshlab oʻsha yilning 31-dekabriga qadar boʻlgan davr, yuridik shaxs boʻlmaganlar uchun esa, ular davlat organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab oʻsha yilning 31-dekabriga qadar boʻlgan davr birinchi hisobot yili deb hisoblanadi.
Agar yuridik shaxs (budjet tashkilotlaridan tashqari) 1-oktabrdan keyin roʻyxatga olingan boʻlsa, birinchi hisobot yili keyingi yilning 31-dekabrida tugaydi.
Roʻyxatdan oʻtilguniga yoki yuridik shaxs huquqi olinguniga qadar amalga oshirilgan xoʻjalik operatsiyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar birinchi hisobot yilining moliyaviy hisobotiga kiritiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.).
25-modda. Moliyaviy hisobotni taqdim etish
Moliyaviy hisobot quyidagilarga taqdim etiladi:
davlat soliq xizmati organlariga;
taʼsis hujjatlariga muvofiq mulkdorlarga;
davlat statistika organlariga;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq boshqa organlarga.
(25-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Moliyaviy hisobot elektron hujjat tarzida taqdim etilishi mumkin.
Moliyaviy hisobot yilning har choragida taqdim etiladi. Kichik korxonalar va mikrofirmalar buxgalteriya balansidan hamda moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotdan iborat faqat yillik moliyaviy hisobotni taqdim etadi.
Moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.), Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 8-oktabrdagi 181-sonli “Moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari hamda ularning tarkibi va mazmuni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3567, 04.11.2024-y.).
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan buxgalteriya hisobining ayrim subyektlari uchun moliyaviy hisobotni taqdim etishning boshqa muddatlari belgilanishi mumkin.
26-modda. Moliyaviy hisobotni eʼlon qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning yillik moliyaviy hisoboti manfaatdor banklar, birjalar, investorlar, kreditorlar, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa shaxslar uchun ochiqdir.
Aksiyadorlik jamiyatlari, shuningdek sugʻurta tashkilotlari, banklar, jamoat fondlari va qonunchilikka muvofiq boshqa tashkilotlar har yilgi moliyaviy hisobotni aksiyadorlarning yoki buxgalteriya hisobi subyekti boshqa yuqori boshqaruv organining yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin auditorlik xulosasi bilan birga eʼlon qilishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni 102-moddasining beshinchi qismi, Oʻzbekiston Respublikasi “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) Qonunining 72-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Jamoat fondlari toʻgʻrisida”gi Qonuni 25-moddasining ikkinchi qismi.
Ushbu modda oʻziga nisbatan qonunchilikning boshqa talablari belgilangan buxgalteriya hisobi subyektlarining moliyaviy hisobotiga tatbiq etilmaydi.
(26-moddaning birinchi, ikkinchi, va uchinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
27-modda. Tugatish chogʻidagi moliyaviy hisobot
Xoʻjalik yurituvchi subyektni tugatish chogʻida yakuniy moliyaviy hisobot tuziladi.
Tugatish boʻyicha operatsiyalarni hisobga olish, tugatish balansini va hisobotni tuzish, aktivlar qiymatini aniqlash yuzasidan javobgarlik tugatish komissiyasining (tugatuvchining) zimmasiga yuklatiladi.
Umidsiz qarzlar va zararlar tugatish balansiga kiritilmaydi.
Tugatish balansida majburiyatlar uni tuzish sanasida hisoblangan foizlari bilan aks ettiriladi.
28-modda. Buxgalteriya axborotining maxfiyligi
Oldingi tahrirga qarang.
Buxgalteriya hisobini yuritishda maxfiylikka rioya qilinadi. Buxgalteriya hisobi registrlarining mazmuni bilan tanishishga buxgalteriya hisobi subyekti rahbarining ruxsatiga koʻra yoki qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
(28-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Buxgalteriya hisobi registrlari bilan tanishishga ruxsat olgan shaxslar maxfiylikni saqlashi shart. Maxfiylikni buzganlik qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 191-moddasi.
29-modda. Buxgalteriya hujjatlarini saqlash
Oldingi tahrirga qarang.
Boshlangʻich hisob hujjatlari, buxgalteriya hisobi registrlari, moliyaviy hisobot va boshqa hisobotlar, shuningdek buxgalteriya hisobini tashkil etish hamda yuritish bilan bogʻliq boshqa hujjatlar qonunchilikda belgilangan muddatlar mobaynida, biroq hisobot yilidan keyin kamida besh yil buxgalteriya hisobi subyekti tomonidan saqlanadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 143-sonli “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3538, 30.07.2024-y.).
Buxgalteriya hujjatlarini olib qoʻyish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(29-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 157–168-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 143-sonli “Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanishi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3538, 30.07.2024-y.).
30-modda. Buxgalterlarning jamoat birlashmalari
Oldingi tahrirga qarang.
Buxgalterlar umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalterlarning jamoat birlashmalarini tuzish huquqiga ega.
(30-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 42–46-moddalari, 74-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari toʻgʻrisida”gi Qonunining 2-bobi (“Jamoat birlashmalarining tuzilishi va ular faoliyatining toʻxtatilishi”) va Oʻzbekiston Respublikasi “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonunining III boʻlimi (“Nodavlat notijorat tashkilotini tuzish tartibi”).
31-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(31-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
32-modda. Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(32-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining (yangi tahriri) 220-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1751-moddasi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2016-y., 15-son, 142-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/660/1682-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 30.10.2021-y., 03/21/726/1001-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)