1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
DAVLAT UY-JOY SIYOSATINING ASOSLARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik, Uy-joy kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda “Davlat uy-joy siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida”gi 2007-yil 8-yanvardagi O‘RQ-77-sonli Qonuni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
uy-joy sohasi — davlat iqtisodiy qudratining bir qismi bo‘lib, uy-joy va muhandislik inshootlarini qurish, qayta qurish, asrash, saqlash, ta’mirlashni o‘z ichiga oladi;
uy-joy fondi — inson yashashi uchun yaroqli bo‘lgan uy-joy binolaridan, shu jumladan turar joy binolari, kvartiralar, xizmat uy-joylari, maxsus uylar (yotoqxonalar, internat-uylar, yolg‘iz qariyalar uchun uylar va hokazo) hamda boshqa uy-joy binolaridan iborat fond;
kompensatsiya — uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash uchun fuqarolarga yordam tariqasida davlat tomonidan beriladigan pul mablag‘lari;
uy-joy sohasidagi ko‘chmas mulk — egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqlari belgilab qo‘yilgan quyidagi mol-mulk:
— turar joy binolari yashashga mo‘ljallangan hamda mo‘ljallanmagan xonalari bilan birga;
— tomorqa xo‘jalik imoratlari;
— obodonlashtirish unsurlari;
— qurilishi tugallanmagan turar joy binolari;
— uy-joy sohasi muhandislik infrastrukturasining inshootlari va unsurlari;
uy-joy maydonining ijtimoiy normasi — uy-joy maydonining bir kishiga to‘g‘ri keladigan, sanitariya-gigiyena normalari va qoidalari talablariga mos o‘lchamlari bo‘lib, shunga qarab uy-joy xonalari, uy-joy va kommunal xizmatlarga haq to‘lash yuzasidan kompensatsiyalar beriladi.
2-modda. Davlat uy-joy siyosatining asosiy vazifalari
Davlat uy-joy siyosatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
har bir fuqaro o‘z ehtiyojlari va imkoniyatlariga qarab uy-joy qurishi, uni mulk qilib olishi, ijaraga olishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlarni yaratish;
uy-joy fondini rivojlantirish va asrash;
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlar hisobida turuvchi fuqarolarga davlat munitsipal uy-joy fondidan uy-joy berish;
fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta’minlangan toifalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha davlat aniq maqsadli kommunal-uy-joy fondi hisobidan uy-joy bilan ta’minlash, shuningdek ularga kommunal xizmatlarga haq to‘lash va uy-joydan foydalanishda kompensatsiyalar berish;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-son “Davlat uy-joy fondi xususiylashtirilishi munosabati bilan normativ hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 13-apreldagi PF-3596-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan Uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha oylik kompensatsiya pul to‘lovlari eng kam ish haqiga nisbatan tabaqalashtirilgan miqdorlarda beriladigan shaxslar imtiyozli toifalarining yangilangan ro‘yxati va “Uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya pul to‘lovlarining mexanizmi to‘g‘risida”gi nizomining I-bo‘limi (ro‘yxat № 1232, 15.04.2003-y.).
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlar hisobida turuvchi fuqarolarga uy-joy qurish, uni qayta qurish, ta’mirlash hamda sotib olish uchun kreditlar va ssudalar berish;
uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan yosh oilalarga uy-joy qurish yoki olishda ko‘maklashish;
uy-joy qurish, uni qayta qurish va saqlashni davlat tomonidan iqtisodiy va moliyaviy omillar tizimi orqali rag‘batlantirish;
qulay va shinam uy-joylar, qo‘rg‘oncha shaklidagi kam qavatli turar joy binolari barpo etish ko‘lamini kengaytirish;
aholiga ijtimoiy-maishiy, madaniy va boshqa xizmatlar ko‘rsatadigan zarur infrastrukturasi bo‘lgan qulay hayotiy muhit yaratish.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.11.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 02.01.00.00ga qarang);
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (shuningdek, 01.11.00.00ga qarang) / 02.01.02.00 Vazirlar Mahkamasi vakolatlari]
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining uy-joy siyosati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi:
uy-joy fondidan foydalanish va uning asralishini ta’minlash sohasidagi davlat siyosatini yuritish, uy-joy sohasini rivojlantirishning davlat kompleks dasturlarini qabul qilish;
(3-moddaning ikkinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
uy-joy xo‘jaligi va kommunal xizmat ko‘rsatish davlat boshqaruvi organlari faoliyatiga rahbarlik qilish;
uy-joy sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish hamda tasdiqlash;
fuqarolarga ijara, almashtirish shartnomasi bo‘yicha uy-joy binolarini taqsimlash va berish, shuningdek ularni sotish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash;
uy-joy va kommunal xizmatlar uchun haq to‘lash tizimini tartibga solib turish;
kompensatsiya, kredit hamda ssudalar berish yo‘llari va shartlarini tartibga solish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlar.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.15.00.00 Mahalliy davlat hokimiyati organlari / 01.15.01.00 Mahalliy davlat vakillik organlari (Xalq deputatlari kengashlari) / 01.15.01.02 Mahalliy vakillik organlarining vakolatlari;
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.04.00.00 Mahalliy ijroiya organlari (Hokimliklar) (shuningdek, 01.15.03.00ga qarang) / 02.04.03.00 Mahalliy ijroiya organlarining tuzilmasi va shtatlari]
5-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining uy-joy siyosati sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining uy-joy siyosati sohasidagi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
uy-joy sohasidagi qonun hujjatlarining ijrosini ta’minlash;
uy-joy fondi va boshqa kommunal obyektlarni boshqarish hamda ularga xizmat ko‘rsatish ishini tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda kommunal xizmatlarga bo‘lgan tarif siyosatini o‘z tasarrufidagi hududda shakllantirish;
(5-moddaga O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuniga muvofiq uchinchi va to‘rtinchi xatboshilar kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
uy-joy fondini hisobga olish, fuqarolarga ijara shartnomalari bo‘yicha uy-joy binolarini taqsimlash va berish, shuningdek ularni sotish;
uy-joy binolarini o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanish uchun yuridik shaxslarga ijara (mulk ijarasi) shartnomasi shartlari asosida berish;
uy-joy qurilishida qatnashuvchi fuqarolar va yuridik shaxslar uchun imtiyozlar berish;
mavjud uy-joy fondidan foydalanish va uni asrash, uning xizmat muddatlarini uzaytirish;
aholining ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan qatlamlari uchun uy-joy qurish va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish;
yakka tartibda uy-joy quruvchilarga yer uchastkalari ajratish;
uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatuvchi kommunal, ijtimoiy va transport infrastrukturasi obyektlarini tegishli holda saqlash va rivojlantirish;
davlat uy-joy fondini band qilib qo‘yish;
davlat va boshqa uy-joy fondlarining uy-joylarini almashtirish;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
[OKOZ:
1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.16.00.00 Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (shuningdek, 02.05.00.00ga qarang);
2.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.05.00.00 Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (shuningdek, 01.16.00.00ga qarang) / 02.05.02.00 Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari]
6-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining uy-joy siyosatini amalga oshirishdagi ishtiroki
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:
fuqarolarga uy-joy fondidan foydalanishda hamda uning asralishini ta’minlashda ko‘maklashadi;
uy-joy qurish va uy oldidagi hududlarga qarab turish qoidalariga rioya qilinishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
davlat va jamoat organlariga fuqarolarning uy-joy-maishiy sharoitlarini yaxshilash to‘g‘risida takliflar kiritadi.
7-modda. Fuqarolarning, ijarachilar va mulkdorlar jamoat birlashmalarining uy-joy xo‘jaligini boshqarishdagi huquqlari
Fuqarolar, ijarachilar va uy-joy mulkdorlarining jamoat birlashmalari o‘z istiqomat joylaridagi uy-joy fondini boshqarishda qatnashish, uy-joy qurish, unga xizmat ko‘rsatish uchun ta’mirlash-foydalanish va boshqa tashkilotlarni tanlash, shuningdek uy-joy va kommunal xizmatlar uchun sarflanadigan xarajatlar hamda uy-joy va kommunal xizmatlar narxlarini shakllantirish ustidan nazorat qilish huquqiga ega.
8-modda. Uy-joy fondidan foydalanishda fuqarolar va yuridik shaxslarning majburiyatlari
Fuqarolar va yuridik shaxslar quyidagilarni bajarishlari shart:
uy-joy, yordamchi xonalar va uskunalardan, uy oldidagi va qo‘rg‘on oldidagi hududlardan, shuningdek umumiy foydalaniladigan joylardan ularning vazifasiga muvofiq, boshqa fuqarolar va yuridik shaxslarning uy-joyga doir, o‘zga huquq va erkinliklariga zarar yetkazmagan holda foydalanish, tashqi obodonlashtirish obyektlarini asrab-avaylash;
uy-joylarning asralishini ta’minlash;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan sanitariya-gigiyena, ekologiya, arxitektura-shaharsozlik, yong‘inga qarshi va foydalanishga doir talablarni bajarish;
uy-joylarni saqlab turish va ta’mirlash, kommunal xizmatlar haqini, ko‘chmas mulk solig‘i va uy-joy kreditlari bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash.
Sanoat korxonalarini ko‘p kvartirali turar joy binolarida joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mulk egasining o‘ziga qarashli turar joy binosida korxona, muassasa, tashkilotni joylashtirishiga bunday bino qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yashashga mo‘ljallanmagan joyga aylantirilganidan keyingina yo‘l qo‘yiladi.
Uy-joy fondidan foydalanish va uni asrash majburiyatlarini bajarmayotgan shaxslar qonunga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.01.00 Umumiy qoidalar]
II. UY-JOY SOHASIDAGI MULK
9-modda. Uy-joy sohasidagi ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi
Uy-joy sohasidagi ko‘chmas mulk xususiy mulk, davlat mulki, shuningdek jamoat tashkilotlarining mulki bo‘lishi hamda qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda mulkchilikning bir shaklidan boshqa shakliga o‘tishi mumkin.
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat uy-joy mulki huquqining subyektlaridir.
Uy-joy mulki huquqi muddatsiz bo‘lib, shaxsning o‘ziga tegishli uy-joy binosiga o‘z xohishi va manfaatlariga qarab egalik qilish, undan foydalanish va uni boshqarish, shuningdek o‘zining mulk huquqi buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Uy-joy binolarining ko‘rinishini o‘zgartirishga, ularni qayta qurish yoki buzishga boshqaruv organlarining tegishli ruxsatnomasi bo‘lgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.
Uy-joy sohasidagi ko‘chmas mulk yoki uning bir qismining xususiy mulkligi miqdor, o‘lcham va qiymat jihatidan cheklanmaydi va u mahalliy davlat hokimiyati organlarida ro‘yxatga olinishi lozim.
10-modda. Uy-joy fondining turlari
Uy-joy fondi xususiy va davlat uy-joy fondlaridan iboratdir.
Xususiy uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:
fuqarolarning mulki bo‘lgan uy-joy fondi (yakka tartibdagi turar joy binolari, xususiylashtirilgan, qurilgan hamda olingan kvartiralar va uylar, uy-joy hamda uy-joy qurilish kooperativlariga qarashli uylardagi pay badallari to‘liq miqdorda to‘langan kvartiralar, fuqarolar tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda mulk qilib olingan kvartiralar va uylar);
xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, jamoat fondlari hamda boshqa nodavlat yuridik shaxslarning mulki bo‘lgan hamda ularning mablag‘lari hisobidan qurilgan yoki kim oshdi savdosida yoxud qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarda olingan uy-joy fondi.
Davlat uy-joy fondiga quyidagilar kiradi:
mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan, mahalliy budjetga tushgan soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha boshqa tushumlar hisobidan barpo etilgan munitsipal uy-joy fondi;
mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan barpo etilgan, shuningdek xususiy, munitsipal uy-joy fondidan olib ularning balansiga berilgan, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta’minlangan toifalari uchun xususiylashtirish huquqisiz ijara shartlari asosida foydalanilayotgan aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi;
davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining to‘la xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida bo‘lgan idoraga qarashli uy-joy fondi.
11-modda. Umumiy mulkdagi uy-joy binolariga egalik qilish
Uy-joy mulkdorlardan har birining ulushi aniqlab qo‘yilgan (ulushli mulk) yoki ulushlar aniqlab qo‘yilmagan (birgalikdagi mulk) holda umumiy mulk bo‘lishi mumkin.
Umumiy ulushli mulkda mustaqil ravishda boshqa shaxsga berish mumkin bo‘lmagan obyektlarga quyidagilar kiradi: uylarning umumiy joylari, ustun va to‘sinlar, kvartira tashqarisidagi yoki ichkarisidagi, bittadan ortiq kvartiraga xizmat qiluvchi mexanik, elektr, sanitariya-texnika va boshqa qurilmalari.
Uyning umumiy mol-mulkidagi, kvartiralar mulkdorlari ulushining miqdori hamda mazkur mol-mulkni saqlash va asrash xarajatlarini mulkdorlar o‘rtasida taqsimlash tartibi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang:O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 125 va 126-moddalari va O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 4-bobiga qarang.
Kvartira mulkdori turar joy binosining umumiy mol-mulkidagi o‘z ulushini boshqa shaxsga berishga, shuningdek bu ulushning kvartiraga bo‘lgan mulk huquqidan alohida tarzda boshqa shaxsga o‘tishiga olib keluvchi o‘zga harakatlarni amalga oshirishga haqli emas.
12-modda. Mulkchilik munosabatlarining o‘zgarishi
Davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarini mulkchilikning boshqa shakliga o‘tkazish yoki tugatish chog‘ida ularning to‘la xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida bo‘lgan uy-joy fondi ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar huquqiy vorislarining (agar ular aniqlangan bo‘lsa), boshqa yuridik shaxslarning to‘la xo‘jalik yuritishiga yoki operativ boshqaruviga yoxud belgilangan tartibda fuqarolarning barcha uy-joy huquqlarini, shu jumladan uy-joyni xususiylashtirish huquqini saqlagan holda mahalliy davlat hokimiyati organlarining yuritishiga o‘tkazilishi lozim. Bunda uy-joyning yangi egasi ilgari tuzilgan ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchiga aylanadi.
13-modda. Uy-joy sohasida ko‘chmas mulkni majburiy ravishda olib qo‘yishning cheklanishi
Uy-joy sohasida ko‘chmas mulkning majburiy ravishda olib qo‘yilishiga faqatgina sudning qarori asosida, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 199-moddasi.
III. UY-JOY FONDIDAN FOYDALANISh. FUQAROLARNI UY-JOY BILAN TA’MINLASh
[OKOZ:
1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08.02.00.00 Fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash. Uy-joy fondidan foydalanish / 08.02.02.00 Uy-joy binosini jismoniy shaxslar tomonidan ijaraga olish (yollash)]
14-modda. Uy-joy binosini ijara shartnomasi bo‘yicha berish
Davlat uy-joy fondiga qarashli uylardagi uy-joy binolari uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarga ijara shartnomasi bo‘yicha uy-joy sharoitlarini yaxshilash uchun tuzilgan mavjud navbatga muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qaroriga binoan beriladi. Uy-joy berish tartibi va imtiyozlar ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti va O‘zbekiston kasaba uyushmalari respublika kengashining 1984-yil 26-sentabrdagi 494-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston SSRda uy-joy sharoitini yaxshilash muhtoj bo‘lgan fuqarolarni ro‘yxatga olish va uy-joy binolarini taqsimlash qoidalari”, Jon boshiga o‘rtacha oylik daromadi eng kam ish haqidan past bo‘lgan taqdirda ijaraga olish shartnomasi bo‘yicha kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladigan fuqarolar toifalarining ro‘yxati (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risidagi nizomga 1-ilova).
LexUZ sharhi
Shuningdek, qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksining 38 — 47-moddalari.
Shaxsga xususiy mulk sifatida qarashli bo‘lgan uy, kvartirani ijaraga olish shartnomasining shartlari taraflarning kelishuviga muvofiq belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 600 — 616-moddalari.
[OKOZ:
1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08.02.00.00 Fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash. Uy-joy fondidan foydalanish / 08.02.02.00 Uy-joy binosini jismoniy shaxslar tomonidan ijaraga olish (yollash)]
15-modda. Uy-joy binosini ijaraga olish huquqi
Uy-joy binosini ijaraga olish huquqi davlat uy-joy fondiga qarashli uylardan qonun hujjatlarida belgilangan uy-joy maydonining ijtimoiy normasi doirasida uy-joy binolarini oluvchi fuqarolarga beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 42-moddasi.
Davlat uy-joy fondiga qarashli uylarda ijara shartnomasi bo‘yicha yashovchi fuqarolarning bu uylarda yashaydigan boshqa fuqarolar ko‘chib ketgan taqdirda uy-joy binosini egallab turgan maydonidan qat’i nazar ijaraga olish huquqi saqlanadi.
Fuqarolar uy-joyni bergan davlat hokimiyati organlariga yoki korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga ijtimoiy normadan ortiqcha maydonga ega bo‘lgan uy-joy binolarini ijtimoiy norma doirasidagi uy-joy binolariga almashtirib berish to‘g‘risida iltimos bilan murojaat qilishga haqlidir.
Uy-joy binolarini ijaraga olish shartnomasi mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari, tashkilotlari tomonidan uy-joy maydoni oluvchi fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 600-616-moddalari, O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1987-yil 22-iyuldagi 309-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat uy-joy fondidan turar joylarni ijaraga berish qoidalari”, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 27-yanvardagi 24-sonli “Xizmat turar joylari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risidagi Nizomning IV-bo‘limi.
16-modda. Ijara shartnomasi bo‘yicha uy-joy va kommunal xizmatlarga haq to‘lash
Uy-joyga haq to‘lash, kommunal xizmatlardan foydalanish normativlari, ularning tariflari va narxlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan tartibda belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-iyuldagi 271-sonli “Uy-joy-kommunal xizmatlarning o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashiga bosqichma-bosqich o‘tish munosabati bilan normativ hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
Uy-joy maydoni ijtimoiy normadan ortiq bo‘lgan taqdirda mahalliy davlat hokimiyati organlari fuqarolarga ijara shartnomasi bo‘yicha uy-joy-kommunal xizmatlar haqini to‘lashda belgilangan imtiyozlardan tashqari qo‘shimcha imtiyozlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berishga haqlidir.
Uy-joy binolarini ikkilamchi ijaraga topshiruvchi ijarachilar kompensatsiya olish huquqini yo‘qotadilar.
Agar uy-joy-kommunal xizmatlari haqi qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan muddatda to‘lanmasa, uy-joy binosini ijaraga olish shartnomasi sud tartibida bekor qilinishi mumkin.
[OKOZ:
1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08.02.00.00 Fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash. Uy-joy fondidan foydalanish / 08.02.03.00 Uy-joy binosini ijaraga olish]
17-modda. Uy-joy binolarini ijaraga berish
Uy-joy fondi mulkdorlari har qanday maydonga ega bo‘lgan kvartiralar va uylarni ulardan bevosita vazifasiga muvofiq foydalanish uchun ijara shartnomasiga asosan yuridik shaxslarga berish huquqiga ega.
Ijara tartibi, muddatlari va shartlari ijaraga oluvchi bilan mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs (organ) o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi.
Davlat uy-joy fondiga qarashli uylar ularda yashovchi voyaga yetgan barcha fuqarolarning roziligisiz boshqa shaxslarga ijaraga berilishi, shuningdek maxsus uylar hamda ulardagi uy-joy binolari ijaraga berilishi mumkin emas.
[OKOZ:
1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08.02.00.00 Fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash. Uy-joy fondidan foydalanish / 08.02.03.00 Uy-joy binosini ijaraga olish]
18-modda. Ijara bo‘yicha uy-joylar va kommunal xizmatlar haqini to‘lash
Ijara bo‘yicha uy-joylar va kommunal xizmatlar haqini to‘lash ijaraga oluvchi bilan mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs (organ) o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi.
Uy-joy binolari uchun ijara haqi shartnomada belgilangan muddatda to‘lanmagan taqdirda ijara shartnomasi sud tartibida bekor qilinishi mumkin.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.02.00 Mulk huquqining vujudga kelishi va uning bekor bo‘lishi]
19-modda. Fuqarolarning uy-joylarni xususiy mulk qilib olishi
Fuqarolar uy-joylarni ularning soni, katta-kichikligi cheklanmagan holda quyidagi yo‘llar bilan xususiy mulk qilib olish huquqiga ega:
yakka tartibda uy-joy qurish;
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1988-yil 28-iyuldagi 263-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston SSRda yakka tartibda uy-joy qurish to‘g‘risida”gi nizom.
yakka tartibda imorat quruvchilarning shirkatlari tomonidan uy-joy qurish;
uy-joy va uy-joy qurilish kooperativlarida qatnashish;
uy-joylarni sotib olish-sotish va almashtirish;
meros qilib olish, hadya qilish;
aniq maqsadda foydalaniladigan kommunal uy-joy fondidan tashqari davlat uy-joy fondiga qarashli uylardagi egallab turilgan uy-joy binolarini qonunda belgilangan tartibda xususiylashtirib olish.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Davlat uy-joy fondini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-noyabrdagi 551-sonli “Toshkent shahrida davlat uy-joy fondini xususiylashtirishni jadallashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 1993-yil 1-martdagi 114-sonli “O‘zbekiston Respublikasida davlat uy-joy fondini xususiylashtirishni davom ettirish to‘g‘risida”gi qarorlari.
Fuqarolar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra ham uy-joylarni xususiy mulk qilib olishlari mumkin.
Davlat uy-joy fondining sotishga mo‘ljallangan ulushi tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.
Davlat uy-joy fondiga qarashli kvartiralar va uylarni ularda yashayotgan voyaga yetgan fuqarolarning hamda uy-joy maydonini olish huquqiga ega bo‘lgan boshqa shaxslarning roziligisiz xususiy mulk qilib sotishga yo‘l qo‘yilmaydi.
20-modda. Mulk huquqi asosida fuqarolarga qarashli bo‘lgan uylardan foydalanish, ularni ta’mirlash va saqlab turish bo‘yicha kommunal hamda boshqa xizmatlar haqini to‘lash
Uyga xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash bilan bog‘liq xarajatlar uy-joy mulkdorlari tomonidan to‘lanadi.
Ko‘p kvartirali uylardagi xususiylashtirilgan uy-joy binolarining mulkdorlari uyning muhandislik uskunalariga, umumiy foydalaniladigan joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash hamda uy oldidagi hududni saqlab turish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lashda ushbu uyda o‘zlari egallab turgan umumiy maydonga mutanosib ravishda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xususiylashtirilgan kvartiraga texnik xizmat ko‘rsatish uchun tuzilgan shartnomaga binoan qatnashadilar.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-sonli qarori bilan tasdiqlangan Turar joylarni va uy atrofidagi yerlarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 4-oktabrdagi 454-sonli qarori bilan tasdiqlangan Uy-joylarni uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruviga berish va uy-joy fondini saqlash va tuzatish masalalarida davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi Namunaviy nizom, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 18-apreldagi 178-son qarori bilan tasdiqlangan Uy-joyning umumiy foydalaniladigan joylariga texnik xizmat ko‘rsatish va kommunal xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha namunaviy shartnoma (kontrakt) va O‘zbekiston Respublikasi shaharlari va aholi yashaydigan punktlarida uy-joy fondini saqlash va ta’mirlash, va kommunal xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni to‘lash to‘g‘risidagi nizom (ro‘yxat № 1173, 13.09.2002-y.).
Uy-joy egalari kommunal xizmatlar haqini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aniqlaydigan tartibda belgilab qo‘yiladigan tariflar bo‘yicha to‘laydilar.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-iyuldagi 271-sonli “Uy-joy-kommunal xizmatlarning o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashiga bosqichma-bosqich o‘tishi munosabati bilan normativ hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
Mulkida uy-joy binolari bo‘lgan fuqarolarga uy-joy maydonining ijtimoiy normasi va kommunal xizmatlardan foydalanish normativlari doirasida uy-joydan foydalanish xarajatlari va kommunal xizmatlar haqini to‘lashni ta’minlaydigan kompensatsiyalar berilishi mumkin.
[OKOZ:
1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08.02.00.00 Fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlash. Uy-joy fondidan foydalanish / 08.02.06.00 Uy-joy binolarini almashtirish]
21-modda. Uy-joy binolarini almashtirish
Aniq maqsadda foydalaniladigan kommunal uy-joy fondidan tashqari davlat uy-joy fondiga qarashli uylardagi uy-joy binosini ijaraga oluvchi o‘zi bilan birga yashaydigan voyaga yetgan oila a’zolarining roziligi bilan o‘zi egallab turgan uy-joy binosini boshqa bir ijaraga oluvchi bilan, shu jumladan boshqa aholi punktida yashovchi bilan almashtirish huquqiga ega.
Davlat uy-joy fondiga qarashli uylardagi uy-joy binosini ijaraga oluvchi uy-joy fondi mulkdorining yoki u vakil qilgan shaxs (organ)ning hamda o‘zi bilan birga yashovchi voyaga yetgan oila a’zolarining roziligi bilan ushbu binoni ijara shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarini uy (uy-joy binosi)ga bo‘lgan mulk huquqini olish evaziga xususiy uy-joy fondi mulkdoriga topshirish huquqiga ega.
Uy-joy binolarini almashtirish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1985-yil 29-dekabrdagi 650-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston SSRda turar joylarni almashtirish qoidalari”, O‘zbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1990-yil 4-apreldagi 162-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Grajdaninga shaxsiy mulk huquqida tegishli bo‘lgan uy-joy (kvartirani) xalq deputatlari mahalliy Sovetlari, davlat, kooperativ va jamoat tashkilotlariga qarashli uylardagi boshqa turar joyga almashtirish tartibi haqida”gi qo‘llanma va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risida”gi nizomning VII-bo‘limi.
22-modda. Uy-joy fondiga ko‘chib kirish
Uy-joy binosiga berilgan order ijara shartnomasi bo‘yicha uy-joy binosiga ko‘chib kirish uchun asos bo‘ladi, ijara shartnomasi bo‘yicha uy-joy binosiga ko‘chib kirish uchun — ijara shartnomasi hamda ko‘chib kirish uchun ijaraga oluvchi tomonidan berilgan hujjat, mulkdor uchun — mulk huquqini tasdiqlaydigan hujjat, xususiylashtirilgan kvartiraning mulkdori uchun esa — mulk huquqi haqidagi davlat orderi asos bo‘ladi. Fuqarolarning ijaraga olinayotgan, yoki mulk qilib olingan uy-joy binosiga ko‘chib kirishini cheklashga faqat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 45 — 47-moddalari.
23-modda. Davlat tomonidan bepul uy-joy berilishi
Fuqarolarga ularning uy-joylari buzilganida, avariya holatlari va tabiiy ofatlar ro‘y berganida davlat tomonidan uy-joy bepul beriladi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.01.00 Asosiy qoidalar]
IV. YERGA DOIR MUNOSABATLARNI, UY-JOY QURISh, UNI SAQLASh VA TA’MIRLAShNI TARTIBGA SOLISh
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.09.00 Yer uchastkasiga nisbatan huquqlarning vujudga kelishi / 11.03.09.01 Davlat organlari hujjatlariga asosan yerga bo‘lgan huquqning vujudga kelishi (yer berish);
2.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.09.00 Yer uchastkasiga nisbatan huquqlarning vujudga kelishi / 11.03.09.03 Auksion va shartnomalar va boshqa bitimlarga asosan yerga bo‘lgan huquqlarning paydo bo‘lishi;
3.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.11.00 Yerga bo‘lgan huquqlarning bekor bo‘lishi;
4.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.12.00 Yerni olib qo‘yish natijasida yetkazilgan zarar va ziyonlarni qoplash]
24-modda. Uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini olish, sotib olish
Fuqarolar uy-joy qurish uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari olish huquqiga ega. Uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkasidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan muddatlarda belgilangan maqsadda foydalanish lozim.
Fuqarolar boshqa uy-joy binolari (uy-joy sohasida ko‘chmas mulklari), shu jumladan boshqa aholi punktlarida ham, bor-yo‘qligidan qat’i nazar uy-joy qurish uchun belgilangan tartibda yer uchastkalari sotib olish huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 27-moddasi.
Fuqarolarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joy binolarini buzish mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarori asosida ularga boshqa qulay va shinam uy-joy binosi mulk qilib berilganidan yoki ularning xohishiga ko‘ra uy-joy qurish yoxud eski uyni ko‘chirish uchun avvalgisiga teng qiymatdagi yer uchastkasi ajratilib, ko‘rgan zararlari to‘la qoplanganidan, shuningdek yer uchastkasini o‘zlashtirish davri uchun ijara shartnomasi shartlari asosida ikki yilgacha muddatga vaqtinchalik uy-joy berilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
25-modda. Uy-joy fondini qurish, qayta qurish va ta’mirlash huquqi
Uy-joy fondini qurish, qayta qurish va ta’mirlash huquqi yakka tartibda imorat quruvchiga yoxud ushbu uy-joy fondi foydalanish uchun yoki ijaraga berib qo‘yilgan jismoniy yoki yuridik shaxsga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, shuningdek bunday huquqni mulkdor shartnoma asosida bergan yakka tartibda imorat quruvchiga beriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 138-moddasi.
Uy-joy qurish, qayta qurish va ta’mirlash ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda beriladigan ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risida”gi nizomning VIII-bo‘limi.
[OKOZ:
1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xo‘jalik / 08.03.00.00 Kommunal xo‘jalik / 08.03.10.00 Injenerlik xizmati. Uy-joy fondini texnik ekspluatatsiya qilish va saqlash. Uy-joy fondini saqlab turish va ta’mirlash]
26-modda. Joriy va tubdan ta’mirlash
Davlatga qarashli va xususiy uy-joy fondlarini joriy va tubdan ta’mirlash, shuningdek ulardan foydalanish uy-joy fondidan foydalanish, uni ta’mirlashning yagona qoidalari va normalariga so‘zsiz rioya qilgan holda amalga oshiriladi.
Davlatga qarashli uy-joy fondidan foydalanish va uni ta’mirlash tasarrufida va balansida ushbu uy-joy fondi bo‘lgan korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning mablag‘lari hisobidan yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari va uy-joylardan foydalanish tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi uy-joy binolaridan foydalanish va ularni ta’mirlash uy egalarining o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Xususiylashtirilgan kvartiralar va uylardan, uy-joy va uy-joy-qurilish kooperativlariga qarashli uylardagi kvartiralardan foydalanish va ularni ta’mirlash, shu jumladan tubdan ta’mirlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: “Uy-joy fondidan foydalanishning texnik norma va qoidalari (ro‘yxat. № 616, 01.02.1999-y.).
27-modda. Uy-joy fondini qurish, qayta qurish, saqlash va ta’mirlashda raqobatni rivojlantirish
Uy-joy fondini loyihalash, qurish, qayta qurish mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qoida tariqasida tanlov asosida amalga oshiriladi.
Davlatga qarashli uy-joy fondini saqlash va ta’mirlash xizmatlarini ko‘rsatishga doir shartnomalar mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tomonidan, qoida tariqasida tanlov asosida tuziladi.
28-modda. Uy-joy qurish yoki sotib olish chog‘ida fuqarolarga kredit va ssudalar berish
Fuqarolar uy-joy qurish yoki sotib olish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda kredit va ssudalar olish huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 8-iyuldagi 339-son “Yakka tartibda uy-joy quruvchilarni va uy-joy qurilish kooperativlari a’zolarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 27-dekabr,
351-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 50-modda; 2001-y., 5-son, 89-modda)