Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Yakka tartibdagi va kooperativ uy-joy qurilishini kengaytirish hamda yanada rivojlantirish va respublika aholisining muayyan qismini ijtimoiy himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, “Oʻzsanoatqurilishbanki”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”, “Oʻzjagʻarmabank” va boshqa tijorat banklariga 1993-yildan boshlab, kredit resurslarini shakllantirishda yakka tartibda va kooperativ uy-joylar qurish, fuqarolar tomonidan hovli binolari boʻlgan uy-joylarni sotib olish, uy (kvartira)larni asosli tuzatish, gazlashtirish, uy-joylarni suv va kanalizatsiya bilan taʼminlash, bogʻ uylari sotib olish va qurish, bogʻ maydonlarini obodonlashtirishga kreditlardan foydalanganlik uchun toʻlovni 20 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorda belgilash tavsiya etilsin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan aholining kapital mablagʻlarini uzoq muddatli kreditlash va pul bilan taʼminlash toʻgʻrisida Qoidalar ishlab chiqilgan, ularda uy-joy-qurilish kooperativi aʼzolari uchun kvartiralar qiymatining 90 foizi miqdorida (ish haqining 240 ta eng kam okladi), yakka tartibda quruvchilar uchun uy qiymatining 75 foizi miqdorida (ish haqining 200 ta eng kam okladi) kredit berish koʻzda tutilgan.
Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilariga va ularga tenglashtirilgan shaxslarga kreditlardan foydalanganlik uchun foiz toʻlovlarisiz ssudalar berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari bilan uy-joy-qurilish kooperativlari uchun uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolarni hisobga olish uchun uy-joy maydoni va uy-joy maydoni (kvartiralar)ning umumiy kattaligi meʼyorlariga doir belgilangan cheklashlar olib tashlansin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar va tashkilotlar yakka tartibda uy-joy quruvchilarga va uy-joy qurish kooperativlariga yer maydonlari, moddiy resurslar ajratishda, muhandislik kommunikatsiyalari bilan taʼminlashda yordam koʻrsatsinlar.