1.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.01.00.00 Uy-joy fondi / 08.01.01.00 Umumiy masalalar;
2.08.00.00.00 Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xoʻjalik / 08.01.00.00 Uy-joy fondi / 08.01.08.00 Koʻp kvartirali uylarni boshqarish]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Uy-joy qonunchiligi. Kommunal xizmat]
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
XUSUSIY UY-JOY MULKDORLARINING ShIRKATLARI TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2006-yil 22-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 24-fevralda maʼqullangan
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 7-noyabrdagi OʻRQ-581-sonli “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida”gi Qonunigaasosan 2020-yil 1-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi koʻp kvartirali uylarda uy-joy fondini birgalikda boshqarish hamda uni saqlash, asrash va taʼmirlashni taʼminlash uchun ixtiyoriy birlashma sifatida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.10.00 Notijorat tashkilotlari / 03.03.10.08 Boshqa notijorat tashkilotlari]
3-modda. Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati
Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkati (bundan buyon matnda shirkat deb yuritiladi) koʻp kvartirali bitta yoki yaqin, zich joylashgan, obodonlashtirish elementlari boʻlgan umumiy yer uchastkasi bilan qamrab olingan bir nechta uydagi xususiy turar joylar mulkdorlarining birlashmasidir.
Shirkat xususiy turar joylar mulkdorlarining tashabbusi bilan tashkil etiladi, u notijorat tashkiloti boʻlib, oʻz ustaviga muvofiq oʻzini oʻzi boshqarish asosida faoliyat koʻrsatadi.
Shirkat oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli barcha mol-mulk bilan javob beradi va oʻz aʼzolarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Shirkat aʼzosi shirkatning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
4-modda. Shirkat faoliyatining asosiy vazifalari va prinsiplari
Shirkat uy-joy fondini birgalikda boshqarish va uning saqlash, asrash va taʼmirlashni, koʻp kvartirali uydagi turar joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulkidan (bundan buyon matnda umumiy mol-mulk deb yuritiladi) foydalanilishini taʼminlash uchun tashkil etiladi.
Shirkatning faoliyati quyidagi prinsiplarga asoslanadi:
ixtiyoriylik;
tashkiliy va moliyaviy jihatdan mustaqillik;
oʻzini oʻzi boshqarish;
ochiqlik va oshkoralik;
oʻz ishini bozor mexanizmlariga muvofiq shartnoma asosida tashkil etish;
kommunal xizmatlar va taʼmirlash xizmatlari bozoridagi raqobat;
uy-joy mulkdorlari oldida muntazam hisobot berish.
5-modda. Koʻp kvartirali uydagi turar joy mulkdori
Koʻp kvartirali uydagi turar joyga nisbatan mulk huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs koʻp kvartirali uydagi turar joy mulkdoridir (bundan buyon matnda joy mulkdori deb yuritiladi).
Joy mulkdori umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisidir.
6-modda. Koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdori
Koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joyga nisbatan mulk huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdoridir.
Yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdori umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisidir.
Koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdori umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash boʻyicha umumiy xarajatlarni birgalikda zimmasiga olishi shart.
Yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdorining umumiy xarajatlardagi ishtiroki ulushi uyning umumiy maydonidagi mulkdorga qarashli yashash uchun moʻljallanmagan joy maydoniga mutanosib ravishda belgilanadi.
Shirkatning koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdori bilan munosabatlari ular oʻrtasida majburiy tartibda tuziladigan shartnoma bilan tartibga solinadi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 30-maydagi 100-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati bilan koʻp kvartirali uydagi turar joyga moʻljallanmagan bino mulkdori oʻrtasida”gi Naʼmunaviy shartnoma.
Koʻp kvartirali uydagi yashash uchun moʻljallanmagan joy mulkdori shartnoma tuzishdan boʻyin tovlagan taqdirda, shirkat shartnoma tuzishga majburlash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat etishga haqli.
7-modda. Shirkatlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash
Davlat shirkatlarning va shirkat aʼzolarining huquqlari taʼminlanishi hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, shirkatlarning rivojlanishi va mustahkamlanishiga koʻmaklashadi.
Shirkatlar faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiriladi:
uy-joy sohasida normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan standartlar qabul qilish;
kommunal xizmatlarga haq toʻlash tizimini takomillashtirish;
uy-joy-kommunal sohasida xizmatlar koʻrsatishda raqobatni rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;
imtiyozlar va kreditlar berish;
taʼmirlash-tiklash ishlari uchun budjet ssudalari berish;
koʻp kvartirali uylarni saqlash va kommunal xizmatlarga haq toʻlashda kam taʼminlangan oilalarga yordam koʻrsatish;
doimiy foydalanish huquqi asosida yer uchastkalari berish;
alohida dasturlar qabul qilish va qonun hujjatlariga muvofiq boshqa chora-tadbirlar koʻrish.
8-modda. Shirkatlarning mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro munosabatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining shirkatlar bilan oʻzaro munosabatlari shirkatning oʻz faoliyatini mustaqil amalga oshiruvchi, uy-joy mulkdorlari oʻzini oʻzi boshqarishining haqiqiy instituti sifatidagi maqomidan kelib chiqib, ortiqcha yoʻl-yoʻriqlar koʻrsatmagan holda tashkil etiladi.
Shirkatlar hududlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarining tashkil etilishi, koʻp kvartirali uylarda yashovchilarning uy-joy fondida yashash qoidalariga rioya etishi masalalari hamda birgalikda hal etishni talab qiladigan boshqa masalalarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlik qiladi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 4-oktabrdagi 454-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Uy-joylarni xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruviga berish va uy-joy fondini saqlash va tuzatish masalalarida davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisida”gi Namunaviy nizomi va “Aholi tomonidan kommunal xizmatlar haqi oʻz vaqtida va toʻliq toʻlanishini taʼminlagani uchun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va uy-joy mulkdorlari shirkatlarini ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomiga (roʻyxat raqami 1032, 17.05.2001-y.) qarang.
9-modda. Shirkatlar birlashmalari
Shirkatlar oʻz faoliyatini muvofiqlashtirib borish, tajriba almashish, umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish, shirkatlarning davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorligini taʼminlash hamda faoliyatining boshqa umumiy masalalarini hal etish maqsadida uyushmalarga (ittifoqlarga) birlashishga haqlidir.
LexUZ sharhi
Uyushma (ittifoq)ning huquqiy maqomi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasida belgilangan.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish, ularga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar ham shirkatlarning uyushmalariga (ittifoqlariga) kirishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-fevraldagi PQ-3-sonli qarori bilan tasdiqlangan Shahar, tuman Uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasining namunaviy tashkiliy tuzilmasi.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olish]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Yuridik shaxslar. Tijorat tashkilotlari. Notijorat tashkilotlari]
2-bob. Shirkatni tashkil etish. Shirkatning huquq va majburiyatlari
10-modda. Shirkatni tashkil etish tartibi
Shirkatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror koʻp kvartirali bitta yoki yaqin, zich joylashgan bir nechta uydagi joylar mulkdorlarining koʻp kvartirali har bir uydagi barcha joy mulkdorlarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻpi hozir boʻlgan umumiy yigʻilishida qabul qilinadi.
Joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishi istalgan joy mulkdorining tashabbusi bilan chaqiriladi.
Shirkatni tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror, agar barcha joy mulkdorlarining ellik foizidan koʻpi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi. Koʻp kvartirali yaqin, zich joylashgan bir nechta uydagi joy mulkdorlarini birlashtiradigan shirkat tashkil etilayotganda ana shu uylarning har biridagi joy mulkdorlarining ellik foizidan koʻpining roziligi olingan boʻlishi kerak. Joy mulkdorlarining umumiy yigʻilishga yozma shaklda berilgan ovozlari, agar unda shirkatni tashkil etish masalasi boʻyicha mulkdorning qarori va unga qarashli joy manzili koʻrsatilgan boʻlsa, hisobga olinishiga yoʻl qoʻyiladi.
Joy mulkdorlarining tashkiliy umumiy yigʻilishi, qoida tariqasida, quyidagi kun tartibi bilan oʻtkaziladi:
shirkatni tashkil etish toʻgʻrisida;
shirkatning ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida;
shirkat boshqaruvi raisi va aʼzolarini saylash toʻgʻrisida;
Joy mulkdorlarining tashkiliy umumiy yigʻilishida shirkatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa masalalar ham koʻrib chiqilishi mumkin.
Joy mulkdorlari tashkiliy umumiy yigʻilishining ovoz berish natijalari hamda yozma shaklda berilgan ovozlar soni koʻrsatilgan bayonnomasini yigʻilish raisi va kotibi imzolaydi.
11-modda. Shirkat ustavi
Shirkatning ustavida quyidagilar boʻlishi kerak:
shirkatning toʻliq nomi, faoliyatining sohasi va maqsadi, joylashgan yeri (pochta manzili);
joy mulkdorlari shirkatga birlashgan koʻp kvartirali uyning (uylarning) manzili;
shirkatning huquq va majburiyatlari;
shirkat aʼzolarining huquq va majburiyatlari;
majburiy badallarning miqdorlarini belgilash va shirkat aʼzolari tomonidan ularni toʻlash tartibi;
umumiy mol-mulkni, shirkatning yer uchastkasini va mol-mulkini hamda boshqa faoliyatini boshqarish tartibi;
shirkatning boshqarish organlari va taftish komissiyasining miqdor tarkibi hamda saylanish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning vakolatlari, qarorlar qabul qilish tartibi.
Shirkat ustavida shirkat faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan, qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham boʻlishi mumkin.
Shirkatning namunaviy ustavi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
12-modda. Shirkatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Shirkat davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi.
Shirkatni davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlarida amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-fevraldagi PQ-3-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini davlat roʻyxatiga olish tartibi va hisobga qoʻyish toʻgʻrisida”gi Nizom.
13-modda. Shirkatga aʼzolik
Joy mulkdorlari — yuridik va jismoniy shaxslar shirkat aʼzolari boʻladi.
Joy boshqa shaxsga berilgan taqdirda, uning mulkdori — shirkat aʼzosi yangi mulkdorni oʻzining shirkat aʼzosi ekanligi hamda shirkat ustavida belgilangan huquq va majburiyatlarga egaligi, bu huquq va majburiyatlar yangi mulkdorga oʻtishi haqida xabardor qilib qoʻyishi shart.
Shirkat tashkil etilgan uydan joy olgan shaxslar oʻzlarida shu joyga nisbatan mulk huquqi vujudga kelgan paytdan eʼtiboran shirkat aʼzosi boʻladi.
14-modda. Shirkatga aʼzolikning tugatilishi
Shirkatga aʼzolik quyidagi hollarda tugatiladi:
joyga boʻlgan mulk huquqi bekor qilinganda;
ayrim koʻp kvartirali uydagi joy mulkdorlarining koʻpchiligi tomonidan shirkatdan chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda;
shirkat tugatilganda.
15-modda. Shirkatning huquqlari
Shirkat quyidagi huquqlarga ega:
umumiy mol-mulkni, shirkatning yer uchastkasini va mol-mulkini saqlash usulini belgilash;
shirkatning yillik daromadlar va xarajatlar smetasini belgilash;
shirkat aʼzolarining majburiy badallari miqdorlarini belgilash;
umumiy mol-mulkni va shirkatning mol-mulkini boshqarish, ularga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash, shuningdek kommunal va boshqa xizmatlar koʻrsatish uchun yuridik hamda jismoniy shaxslar bilan tanlov asosida qonun hujjatlariga muvofiq shartnomalar tuzish;
umumiy mol-mulkdan, shirkatning yer uchastkasidan va mol-mulkidan foydalanish qoidalarini ustavda nazarda tutilgan tartibda belgilash;
banklarning kreditlaridan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda foydalanish;
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun “Uy-joy mulkdorlari shirkatlarini milliy valyutada kreditlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga (roʻyxat raqami 1126, 18.04.2002-y.) qarang.
oʻz mol-mulkini, shu jumladan aylanma mablagʻlarini qonun hujjatlariga muvofiq mustaqil tasarruf etish;
yer uchastkalarini doimiy foydalanish uchun belgilangan tartibda olish;
yer uchastkasida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq xoʻjalik binolari va boshqa imoratlar qurish;
mulkdorning joyi ichidagi umumiy mol-mulkning holatini nazorat qilish, unga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash maqsadida mulkdorni oldindan xabardor qilgach, mulkdorning joyiga uning borligida kirish yoki avariya yuz bergan taqdirda belgilangan tartibda darhol kirish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mol-mulk olish, shirkatning mol-mulkini sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, balansdan chegirib tashlash;
LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 15-bobi (Mulk huquqining vujudga kelishi va uning bekor boʻlishi) va “Asosiy vositalarni balansdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (yangi tahrirda) (roʻyxat raqami 1401, 29.08.2004-y.).
shirkat aʼzolariga ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish;
qonun hujjatlariga muvofiq oʻz ustav maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish;
mablagʻlari shirkat ustavida nazarda tutilgan maqsadlarga sarflanadigan maxsus fondlarni tashkil etish.
Shirkat umumiy mol-mulkni asrashni taʼminlash maqsadida mulkdorlarning joylarini belgilangan tartibda qayta qurish, oʻzgartirish, qayta jihozlashni kelishib olishni amalga oshiradi.
Shirkat qonun hujjatlariga va shirkatning ustaviga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16-modda. Shirkatning majburiyatlari
Shirkat:
umumiy mol-mulk, shirkatning yer uchastkasi va mol-mulki belgilangan qoidalar, normalar hamda standartlarga muvofiq asralishi va saqlanishini taʼminlashi;
tegishli hududda jismoniy va yuridik shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli boʻlgan turar joylardan foydalanilishi, shu jumladan pasport rejimiga rioya etilishi, yashayotgan shaxslarning hisobga olinishi va tegishli shartnomalarning mavjudligi yuzasidan nazoratni amalga oshirishda ichki ishlar organlariga yordam koʻrsatishi;
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 25-apreldagi OʻRQ-405-sonli Qonuniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 173-modda)
shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining va joy mulkdorlari yigʻilishlarining qarorlari bajarilishini taʼminlashi;
majburiy badallar va toʻlovlar oʻz vaqtida kelib tushishini taʼminlashi;
har yili umumiy mol-mulkni saqlash ishlari rejasini, shu jumladan koʻp kvartirali har bir uy uchun shunday rejani belgilashi va uning ijrosiga doir hisobot tuzishi;
har yili shirkatning daromadlar va xarajatlar smetasi hamda uning ijrosiga doir hisobot tuzishi, shu jumladan koʻp kvartirali har bir uy boʻyicha shunday smeta va hisobot tuzishi;
umumiy mol-mulkdan foydalanish shartlari va tartibi belgilanayotganda barcha shirkat aʼzolarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlashi;
qonun hujjatlarida va shirkat ustavida nazarda tutilgan hollarda, uchinchi shaxslar bilan umumiy mol-mulkni saqlash, unga egalik qilish hamda undan foydalanish, kommunal xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq munosabatlarda shirkat aʼzolarining manfaatlarini ifodalashi shart.
Shirkatning zimmasida qonun hujjatlariga va shirkat ustaviga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
17-modda. Shirkatni qayta tashkil etish va tugatish
Shirkatni qayta tashkil etish qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish va ajratib chiqarish shaklida amalga oshirilishi mumkin.
Shirkatni qayta tashkil etish shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining shirkat aʼzolarining ellik foizidan koʻp ovozi bilan qabul qilgan qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Qayta tashkil etilayotgan shirkatning mol-mulkini ajratib yoki boʻlib berish shirkat aʼzolarining shirkat mol-mulkini shakllantirishdagi ishtirokiga mutanosib tarzda amalga oshiriladi.
Shirkat qayta tashkil etilayotganda umumiy mol-mulkka taalluqli texnik va boshqa hujjatlarni qabul qilib olish-topshirish amalga oshiriladi.
Shirkatni tugatish qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 55-moddasiga qarang.
Shirkat tugatilayotganda shirkatning kreditorlar talablari qanoatlantirilganidan keyin qolgan mol-mulki shirkat aʼzolari oʻrtasida shirkat aʼzolarining shirkat mol-mulkini shakllantirishdagi ishtirokiga mutanosib tarzda taqsimlanadi.
3-bob. Shirkatni boshqarish
18-modda. Shirkatning boshqarish organlari
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi va shirkat boshqaruvi shirkatning boshqarish organlaridir.
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi shirkatning oliy organidir.
Boshqaruv shirkatning ijro etuvchi organi boʻlib, shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishiga hisobdordir.
19-modda. Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlari
Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatlariga quyidagilar kiradi:
shirkat ustavini tasdiqlash hamda unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
shirkatning boshqaruvini, boshqaruv raisini va taftish komissiyasini saylash hamda ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish;
umumiy mol-mulkni va shirkat mol-mulkini boshqarish, ularga xizmat koʻrsatish va ularni taʼmirlash usulini tanlash;
umumiy mol-mulkni, shirkatning yer uchastkasini va mol-mulkini saqlash ishlarining yillik rejasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash;
shirkatning yillik daromadlar va xarajatlar smetasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tasdiqlash;
shirkat aʼzolari majburiy badallarining miqdorini tasdiqlash;
boshqaruvchilikka (ijrochi direktorlikka) nomzodni yoki boshqaruvchi tashkilotni tasdiqlash;
shirkat boshqaruvi raisiga, aʼzolariga va taftish komissiyasi aʼzolariga toʻlanadigan haq miqdorini belgilash;
shirkat xodimlarining, shu jumladan boshqaruvchining (ijrochi direktorning) ish haqi miqdorini va ularni taqdirlash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;
shirkatning maxsus fondlarini tuzish va ulardan mablagʻlar sarflash tartibini belgilash;
umumiy mol-mulkdan, shirkatning yer uchastkasidan va mol-mulkidan foydalanish qoidalarini belgilash;
shirkat aʼzolarining shirkat boshqaruvi raisi, aʼzolari hamda taftish komissiyasi faoliyatiga taalluqli ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish;
koʻp kvartirali uydagi joylarni qayta qurish, oʻzgartirish va qayta jihozlashni kelishib olish tartibini belgilash;
umumiy mol-mulkni ijaraga berish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
xoʻjalik binolari va boshqa binolarni qurish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
qarz mablagʻlari olish, shu jumladan bank kreditlari olish, shuningdek bitta uydagi joy mulkdorlarining mablagʻlarini shirkatdagi boshqa uyning ehtiyojlari uchun olib turish (qayta taqsimlash) toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
shirkatning tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromaddan (foydadan) foydalanish yoʻnalishlarini belgilash;
shirkatlarning uyushmalariga (ittifoqlariga) va boshqa birlashmalarga kirish hamda ulardan chiqish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
shirkatni qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
boshqaruv raisi va boshqaruvchi (ijrochi direktor) shirkat aʼzolarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etmagan taqdirda, mahalliy davlat hokimiyati organining boshqaruv raisini chaqirib olish hamda boshqaruvchini (ijrochi direktori) lavozimidan ozod qilish toʻgʻrisidagi takliflarini, shuningdek ana shu lavozimlarga nomzodlar boʻyicha tavsiyalarini koʻrib chiqish.
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi vakolatiga qonun hujjatlariga va shirkat ustaviga muvofiq boshqa masalalar ham kiritilishi mumkin.
20-modda. Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishini chaqirish va olib borish tartibi
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi yiliga kamida bir marta shirkat ustavida belgilangan tartibda chaqiriladi.
Shirkat aʼzolarining har yilgi umumiy yigʻilishi moliya yili tugaganidan keyin oltmish kundan kechiktirmay chaqiriladi.
Shirkat aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi boshqaruvning, shirkatda kamida oʻn foiz ovozga ega boʻlgan shirkat aʼzolarining tashabbusiga, shuningdek taftish komissiyasining talabiga binoan chaqirilishi mumkin.
Shirkat qonun hujjatlarining buzilishiga yoʻl qoʻygan taqdirda shirkat aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan chaqirilishi mumkin.
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan joy, sana, vaqt, yigʻilish kun tartibi haqida shirkat aʼzolarini xabardor qilish shirkat ustavida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Agar shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi kun tartibiga umumiy mol-mulkni saqlash ishlarining rejalarini, daromadlar va xarajatlar smetalarini, ularning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni, majburiy badallar miqdorlarini koʻrib chiqish hamda tasdiqlash kiritilgan boʻlsa, shirkat boshqaruvi umumiy yigʻilish oʻtkazilguniga qadar shirkat aʼzolariga mazkur hujjatlarning loyihalari bilan tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashi shart. Bunday tanishish tartibi shirkatning ustavida belgilanadi.
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi, agar yigʻilishda shirkat aʼzolarining yoki ular vakillarining ellik foizidan koʻprogʻi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Bittadan ortiq uydagi joy mulkdorlarini birlashtirgan shirkatlardagi yigʻilishda koʻp kvartirali har bir uydagi joy mulkdorlarining yoki ular vakillarining kamida ellik foizi hozir boʻlishi kerak.
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishini oddiy koʻpchilik ovoz bilan saylanadigan yigʻilish raisi olib boradi.
Shirkatning har bir aʼzosi umumiy yigʻilishda bir ovozga ega boʻladi.
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnoma yigʻilish raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
21-modda. Shirkat aʼzosining shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishidagi vakili
Joy mulkdorining oddiy yozma shakldagi ishonchnomasiga ega boʻlgan shaxs shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida shirkat aʼzosining vakili boʻlishi mumkin.
Shirkat aʼzosining — jismoniy shaxsning ishonchnomasida uning pasportidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi va shaxsiy imzosi bilan tasdiqlanadi. Shirkat aʼzosining — yuridik shaxsning ishonchnomasi rahbarning imzosi va muhr bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
Ishonchnoma shirkat aʼzosining vakiliga shirkat aʼzolarining bitta umumiy yigʻilishida yoki ishonchnomada koʻrsatilgan vaqt davomida barcha yigʻilishlarida shirkat aʼzosining nomidan va uning manfaatlarini koʻzlab soʻzga chiqish hamda bitta yigʻilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan yoxud barcha hollarda ovoz berish vakolatini berishi mumkin.
Agar bir shaxs joy mulkdorlaridan bir nechtasining vakili boʻlsa, u shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida manfaatlarini ifodalayotgan har bir shirkat aʼzosining nomidan alohida-alohida ovoz beradi.
22-modda. Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan qarorlar qabul qilish
Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining vakolatiga kiritilgan masalalar boʻyicha qaror, agar shirkat aʼzolarining ellik foizidan koʻpi uni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi.
Qaror qabul qilinayotganda yigʻilish kun tartibidagi masalalar boʻyicha shirkat aʼzosining qarori koʻrsatilgan va imzosi qoʻyilgan holda yigʻilishga yozma shaklda berilgan shirkat aʼzolarining ovozlari hisobga olinishi shirkat ustavida belgilab qoʻyilishi mumkin.
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida qabul qilingan qaror shirkatning barcha aʼzolari uchun majburiydir.
23-modda. Shirkatdagi har bir uyning joy mulkdorlari yigʻilishi
Shirkat aʼzolarining har yilgi umumiy yigʻilishi oʻtkazilguniga qadar shirkatdagi har bir uyning joy mulkdorlari yigʻilishlari oʻtkazilishi shart.
Shirkatdagi har bir uyning joy mulkdorlari yigʻilishi quyidagilarni tasdiqlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi:
umumiy mol-mulkni, shirkatning yer uchastkasini va mol-mulkini saqlash ishlari rejasining bir qismi sifatida har bir uydagi umumiy mol-mulkni saqlash ishlari rejasini;
shirkatning daromadlar va xarajatlar smetasining bir qismi sifatida har bir uydagi umumiy mol-mulkni saqlash bilan bogʻliq daromadlar va xarajatlar smetasini;
umumiy mol-mulkni saqlash ishlari rejalarining hamda daromadlar va xarajatlar smetalarining ijrosiga doir hisobotni.
Joy mulkdorlarining yigʻilishi qabul qilgan qaror mazkur uydagi barcha joy mulkdorlari uchun majburiydir.
24-modda. Shirkat boshqaruvi
Shirkat boshqaruvi shirkatning joriy faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi.
Shirkat boshqaruvi shirkat aʼzolari orasidan shirkat ustavida belgilangan tarkibda va muddatga umumiy yigʻilish tomonidan saylanadi.
Shirkat boshqaruvi shirkat boshqaruvi raisi tomonidan shirkat ustavida belgilangan muddatlarda, lekin oyiga kamida bir marta chaqiriladi.
Shirkat boshqaruvining majlisi unda boshqaruv aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb topiladi.
Shirkat boshqaruvining aʼzosi boshqaruv majlisida bir ovozga ega boʻladi.
Shirkat boshqaruvining qarorlari boshqaruv aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Shirkat boshqaruvining majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Shirkat aʼzolari shirkat boshqaruvining majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishlari mumkin.
25-modda. Shirkat boshqaruvining vakolatlari
Shirkat boshqaruvi shirkat faoliyatining barcha masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilishga haqli, shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi vakolatiga kiritilgan masalalar bundan mustasno.
shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishini hamda joy mulkdorlari yigʻilishini chaqirish va ularning oʻtkazilishini tashkil etish;
umumiy mol-mulkni, shirkatning yer uchastkasini va mol-mulkini saqlash ishlari rejasining loyihasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish;
shirkatning yillik daromadlar va xarajatlar smetasi loyihasini hamda uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish;
shirkat ustavi talablarining va shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishi qarorlarining bajarilishini taʼminlash;
boshqaruvchilikka (ijrochi direktorlikka) nomzodlarning yoki boshqaruvchi tashkilotning tanlov asosida tanlab olinishini tashkil etish;
pudratchilarni tanlov asosida tanlagan holda umumiy mol-mulkka, shirkatning mol-mulkiga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash uchun buyurtmachi vazifalarini bajarish;
tanlov gʻolibi bilan umumiy mol-mulkni va shirkat mol-mulkini boshqarish, ularga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash uchun shartnomalar tuzish;
umumiy mol-mulk, shirkatning yer uchastkasi va mol-mulki asralishi va saqlanishi ustidan nazorat qilish;
uskunalar, asbob-anjomlar va boshqa moddiy boyliklarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olish, ularni sotish, topshirish, ayirboshlash, ijaraga berish, shuningdek ularni shirkatning balansidan chegirib tashlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
ichki mehnat tartibi qoidalarini tasdiqlash;
shirkat aʼzolarining ariza va shikoyatlarini koʻrib chiqish;
ish yuritish, buxgalteriya hisobi va hisobotini, mablagʻlar tushumi hamda ularni sarflash hisobini shirkatdagi koʻp kvartirali har bir uy boʻyicha alohida-alohida yuritish;
shirkat aʼzolari belgilangan majburiy badallar va toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashlari ustidan nazorat qilish hamda qarzdorlikni tugatish choralarini koʻrish;
shirkatning mablagʻlarini shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi tasdiqlagan shirkat daromadlari va xarajatlari smetasiga muvofiq tasarruf etish.
Shirkat boshqaruvi qonun hujjatlariga va shirkat ustaviga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra shirkat boshqaruvining ayrim vakolatlari shartnomaga binoan boshqaruvchiga (ijrochi direktorga) yoki boshqaruvchi tashkilotga oʻtkazilishi mumkin. Ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi, oltinchi, sakkizinchi, toʻqqizinchi, oʻninchi va oʻn beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan vakolatlar boshqa shaxsga oʻtkazilishi mumkin emas.
Shirkat boshqaruvi:
uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash ishlari tanlov asosida tuzilgan shartnomalarga muvofiq tashkil etilishi;
muhandislik tarmoqlari va boshqa umumiy mol-mulkka talab darajasida xizmat koʻrsatilishi taʼminlanishi;
taʼmirlash ishlarining belgilangan normalar va talablarga muvofiq sifatli boʻlishi hamda oʻz vaqtida bajarilishi;
shirkatning mablagʻlaridan uy-joy fondini saqlash va taʼmirlash uchun maqsadli foydalanilishi;
yer uchastkasining sanitariya holati talab darajasida boʻlishi, obodonlashtirilishi va sugʻorish tarmogʻining saqlanishi uchun shirkat aʼzolari oldida javobgardir.
Shirkat boshqaruvi umumiy mol-mulkni saqlash ishlari rejalarining bajarilishi, amalga oshirilgan hamda rejalashtirilayotgan xarajatlar, majburiy badallar va toʻlovlarning yigʻimi, tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar (foyda) haqida shirkat aʼzolari oldida muntazam ravishda, uch oyda kamida bir marta hisobot beradi. Hisobot taqdim etish shakli shirkatning barcha aʼzolari uchun hisobotdan foydalanish erkinligini taʼminlashi kerak va u shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilanadi.
26-modda. Shirkat boshqaruvi raisi
Shirkat boshqaruvi raisi umumiy yigʻilish tomonidan shirkat aʼzolari orasidan shirkat ustavida belgilangan muddatga saylanadi.
Shirkat boshqaruvi raisi:
shirkat boshqaruvi faoliyatiga rahbarlik qiladi;
shirkatning manfaatlarini ifodalaydi;
shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining va shirkat boshqaruvining qarorlari bajarilishini taʼminlaydi;
shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining yoki shirkat boshqaruvining qarorlariga muvofiq moliyaviy hujjatlarni, shartnomalarni imzolaydi;
umumiy mol-mulkni va shirkatning mol-mulkini boshqarish, ularga xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash usullari boʻyicha, boshqaruvchilikka (ijrochi direktorlikka) nomzod yoki boshqaruvchi tashkilot boʻyicha boshqaruv tomonidan tayyorlangan takliflarni shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi muhokamasiga kiritadi;
shirkat xodimlarining ish haqi miqdori va ularni taqdirlash toʻgʻrisidagi nizom, shirkatning boshqa nizomlari va qoidalari yuzasidan takliflarni shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi muhokamasiga kiritadi;
qonun hujjatlariga va ichki mehnat tartibi qoidalariga muvofiq shirkat xodimlari bilan mehnat shartnomalari tuzadi hamda ularni bekor qiladi.
Shirkat boshqaruvi raisining ushbu modda ikkinchi qismining toʻrtinchi, yettinchi va sakkizinchi xatboshilarida nazarda tutilgan vakolatlari boshqaruvchiga (ijrochi direktorga) yoki boshqaruvchi tashkilotga shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi qaroriga binoan shartnoma boʻyicha oʻtkazilishi mumkin.
27-modda. Shirkat taftish komissiyasi
Shirkat taftish komissiyasi shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi tomonidan shirkat aʼzolari orasidan kamida uch kishidan iborat tarkibda koʻpi bilan ikki yil muddatga saylanadi.
Shirkat taftish komissiyasi aʼzolari bir vaqtning oʻzida shirkat boshqaruvining aʼzolari boʻlishi mumkin emas.
Shirkat taftish komissiyasi shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishiga hisobdordir.
Shirkat taftish komissiyasi shirkatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshiradi.
Shirkat taftish komissiyasi shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishiga shirkatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish natijalari toʻgʻrisida har yili hisobot taqdim etishi shart.
Shirkat taftish komissiyasining shirkatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi hisoboti shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida koʻrib chiqilguniga qadar uchinchi shaxslarga berilishi mumkin emas.
Shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi shirkatning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish uchun belgilangan tartibda auditorlik tashkilotini jalb etishga haqlidir.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.08.00.00 Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar / 03.08.01.00 Umumiy qoidalar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar]
4-bob. Shirkatda mulk huquqi va mol-mulk
28-modda. Umumiy mol-mulk
Koʻp kvartirali uyning umumiy joylari, tayanch va toʻsiq konstruksiyalar, kvartiralar oraligʻidagi ihotalangan (oʻralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yertoʻlalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat koʻrsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalar umumiy mol-mulk hisoblanadi.
29-modda. Umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqi
Umumiy mol-mulk joy mulkdorlariga umumiy ulushli mulk huquqi asosida tegishli boʻladi.
Umumiy mol-mulkdan foydalanish huquqi joy mulkdorining umumiy mol-mulkka boʻlgan mulk huquqidagi ulushiga bogʻliq emas.
Umumiy mol-mulkning ayrim qismlari shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi belgilagan tartibda shirkat aʼzolariga yoki boshqa shaxslarga foydalanishga berilishi mumkin.
Umumiy mol-mulkning ayrim qismlaridan faqat oʻz manfaatlari uchun foydalanuvchi shirkat aʼzosi shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi belgilagan miqdorda shirkatga haq toʻlashi shart.
Joy mulkdorining umumiy mol-mulkdagi ulushi asl holida ajratib berilishi mumkin emas.
30-modda. Shirkat aʼzolarining umumiy xarajatlari va majburiy badallari
Joy mulkdorlari umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni birgalikda zimmalariga olishlari shart.
Umumiy xarajatlar shirkat aʼzolarining umumiy mol-mulkni, shirkatning yer uchastkasini va mol-mulkini saqlash bilan bogʻliq xarajatlaridir.
Joy mulkdorining umumiy xarajatlardagi ishtiroki ulushi uyning umumiy maydonidagi mulkdorga qarashli joy maydoniga mutanosib ravishda belgilanadi.
Shirkat aʼzolari umumiy xarajatlarni qoplash uchun har oyda, qoida tariqasida, pul shaklida majburiy badallar toʻlaydilar.
Shirkat aʼzolarining majburiy badallari miqdori shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi qarori bilan belgilanadi.
Ayrim hollarda shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishi joy mulkdori tomonidan majburiy badallarning bir qismini toʻlashning pul shaklini uning umumiy xarajatlardagi ishtirokining boshqa turlariga almashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
Mulkdorning oʻziga qarashli joydan foydalanmasligi yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi uni umumiy xarajatlarda toʻliq yoki qisman ishtirok etishdan ozod qilmaydi.
Joy mulkdori oʻzining umumiy xarajatlardagi ishtiroki boʻyicha majburiyatini ijara (arenda) shartnomasi asosida joyni ijaraga (arendaga) oluvchiga oʻtkazishi mumkin. Joy mulkdori majburiy badallar va toʻlovlarni toʻlash boʻyicha majburiyatlar ijaraga (arendaga) oluvchiga oʻtkazilganligi toʻgʻrisida shirkatni xabardor qilishi shart.
Shirkat va uning aʼzolari oʻrtasidagi umumiy mol-mulkni saqlash bilan bogʻliq oʻzaro munosabatlar ushbu Qonun hamda shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining qarorlari bilan tartibga solinadi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun “Umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining mol-mulkini saqlash boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarini shakllantirishda xarajatlar tarkibini aniqlash hamda uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlarining xizmatlari uchun rentabellikning cheklangan darajasini joriy etish boʻyicha” Nizomga (roʻyxat raqami 1672, 10.04.2007-y.) qarang.
31-modda. Shirkat aʼzolarining majburiy toʻlovlari
Shirkat aʼzolari oʻzlariga koʻrsatilayotgan kommunal xizmatlar uchun toʻlaydigan har oylik toʻlovlar majburiy toʻlovlar hisoblanadi.
Majburiy toʻlovlarni toʻlash muddati va ularning miqdori qonun hujjatlarida hamda kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar (ijrochilar) bilan tuzilgan shartnomalar asosida belgilanadi.
LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 134-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-iyuldagi 271-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kommunal xizmatlardan foydalanish normativlarini aniqlash Metodika”si va “Umumiy mol-mulkni, yer uchastkasini va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining mol-mulkini saqlash boʻyicha joy mulkdorlarining majburiy badallarini shakllantirishda xarajatlar tarkibini aniqlash hamda uy-joy fondiga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash boʻyicha pudrat tashkilotlarining xizmatlari uchun rentabellikning cheklangan darajasini joriy etish boʻyicha Nizomga (roʻyxat raqami 1672, 10.04.2007-y.) qarang.
32-modda. Umumiy mol-mulkni saqlash
Umumiy mol-mulkni saqlash umumiy mol-mulkning lozim darajadagi texnik va sanitariya holatini taʼminlashga qaratilgandir.
Umumiy mol-mulkni saqlash uni boshqarishni, texnik va sanitariya holatini saqlab turishni (xizmat koʻrsatishni), taʼmirlashni hamda bu mol-mulkni asrashga va undan foydalanish boʻyicha zarur sharoitlar yaratishga qaratilgan boshqa faoliyatni qamrab oladi.
33-modda. Umumiy mol-mulkni boshqarish
Umumiy mol-mulkni boshqarish:
shirkatning boshqarish organlari;
boshqaruvchi (ijrochi direktor) — jismoniy shaxs, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkor;
boshqaruvchi tashkilot — har qanday tashkiliy-huquqiy shakldagi yuridik shaxs tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot umumiy mol-mulkni shirkat bilan tuzilgan shartnoma asosida berilgan vakolatlar doirasida boshqaradi.
34-modda. Umumiy mol-mulkka xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash
Umumiy mol-mulkka xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash boʻyicha faoliyat:
shirkat;
joy mulkdorlari;
pudratchilar (yuridik yoki jismoniy shaxslar) tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Pudratchilar umumiy mol-mulkka xizmat koʻrsatishni va uni taʼmirlashni shirkat, boshqaruvchi (ijrochi direktor) yoki boshqaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiradi.
[OKOZ:
1.11.00.00.00 Atrof tabiiy muhit va tabiiy resurslar / 11.03.00.00 Yerdan foydalanish va muhofaza qilish / 11.03.08.00 Yerga nisbatan mulk va boshqa huquqlar / 11.03.08.03 Yerga doimiy egalik qilish huquqi (shuningdek, 03.08.07.04 ga qarang)]
[TSZ:
1.Tabiiy resurslar / Er]
35-modda. Shirkatning yer uchastkalari
Yer uchastkalari shirkatga belgilangan tartibda doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.
Shirkatlar qayta tashkil etilganda, shuningdek joy mulkdorlari shirkat aʼzoligidan chiqqanda (shirkatga aʼzo boʻlib kirganda), shirkatlarning yer uchastkalari chegaralari (oʻlchamlari) belgilangan tartibda oʻzgaradi.
Shirkat tarkibidan uning aʼzolari — joy mulkdorlarining bir qismi chiqishi bilan bogʻliq boʻlmagan holda yer uchastkasining bir qismi olib qoʻyilishi shirkatga yetkazilgan zararning oʻrni tegishli ravishda qoplangan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shirkatning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Shirkatga taalluqli boʻlmagan obyektlarni shirkatning yer uchastkasida joylashtirish shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishining roziligi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Shirkatning yangi quriladigan obyektlari uchun ajratiladigan yer uchastkalarining oʻlchamlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiq belgilanadi.
36-modda. Shirkatning shirkat yer uchastkalarida joylashgan obyektlar mulkdorlari bilan munosabatlari
Shirkatning shirkat yer uchastkalarida joylashgan, alohida turgan obyektlar mulkdorlari bilan munosabatlari qonun hujjatlari asosida va mazkur mulkdorlar oʻrtasidagi kelishuv bilan tartibga solinadi.
37-modda. Shirkatning mol-mulki
Shirkatning mol-mulki pul mablagʻlari, binolar, inshootlar, uskunalar, asbob-anjomlar, transport vositalari hamda shirkat mablagʻlari hisobiga va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa usullarda olingan oʻzga mol-mulkdan, shuningdek shirkatning yer uchastkasidagi koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish elementlaridan iborat boʻladi.
Shirkatning pul mablagʻlari quyidagilardan tarkib topadi:
shirkat aʼzolarining majburiy badallari;
shirkat aʼzolarining ixtiyoriy badallari;
yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy hayriyalari;
tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar (foyda);
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar va tushumlar.
Alohida koʻp kvartirali uydagi joy mulkdorlari shirkat aʼzoligidan chiqqan taqdirda, bu koʻp kvartirali uyni kapital taʼmirlash uchun joy mulkdorlari tomonidan mablagʻlarni maqsadli jamgʻarish hisobiga toʻplangan shirkat pul mablagʻlarining bir qismi yangi tuzilayotgan shirkatga belgilangan tartibda oʻtkazilishi kerak.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
38-modda. Nizolarni hal etish
Shirkatlarning tashkil etilishi va faoliyati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
39-modda. Shirkatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Shirkatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
40-modda. Ayrim qonunlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagi qonunlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi 761–I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 113-modda);
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 762–I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 5, 114-modda).
41-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin, davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
42-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2006-yil 13-apreldagi 70 (3869)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 12-aprel,
OʻRQ–32-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 4-son, 158-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 33-son, 439-modda; 2016-y., 17-son, 173-modda)