1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.21.00 Bank faoliyatining boshqa masalalari;
2.12.00.00.00 Axborot va axborotlashtirish / 12.03.00.00 Axborot resurslari. Axborot resurslaridan foydalanish / 12.03.03.00 Arxiv fondi. Arxivlar]
[TSZ:
1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BANKLARIDA ELEKTRON ARXIV IShLARINI YuRITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMANI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 2-iyunda 1685-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2020-yil 25-yanvardagi 2/4-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklari avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3224, 10.03.2020-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1. “Oʻzbekiston Respublikasi banklarida elektron arxiv ishlarini yuritish tartibi toʻgʻrisida Yoʻriqnoma” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror kuchga kirgan kundan boshlab Markaziy bank Boshqaruvining 2000-yil 2-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimida elektron arxiv ishlarini yuritish toʻgʻrisida yoʻriqnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 16/4-sonli qarori (2000-yil 15-sentabr, roʻyxat raqami 970) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtgan kundan boshlab 10 kundan keyin kuchga kiritilsin.
Markaziy bank Boshqaruvi raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 14-aprel,
11/3-son
Markaziy bank Boshqaruvining 2007-yil 14-apreldagi 11/3-sonli qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida elektron arxiv ishlarini yuritish tartibi toʻgʻrisida
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 13-noyabrdagi 37/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1685-1, 09.12.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 49-son, 465-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Elektron arxiv deganda bank faoliyatiga tegishli elektron koʻrinishda boʻlgan hujjatlar, shu jumladan elektron toʻlov tizimi maʼlumotlari, elektron maʼlumotlari bazasi, EHM dasturlari va boshqa elektron axborot tashuvchi vositalarga yozib, belgilangan muddatga olib qoʻyish, saqlash va ulardan foydalanish tushuniladi.
2. Tijorat banklari boshqaruvchilari va ABM direktorlari buyrugʻiga asosan elektron arxiv ishlarini yuritish boʻyicha boʻlim tashkil qilinadi yoki elektron arxiv ishlarini yuritish boʻyicha masʼul xodim (keyingi oʻrinlarda — masʼul xodim) tayinlanadi. Masʼul xodim oliy maʼlumotga ega boʻlgan, bank tizimida kamida ikki yil ishlagan boʻlishi va arxivga olish dasturlari va uskunalaridan foydalanishni mukammal bilishi kerak.
3. Tijorat banklari va ABM elektron arxiv ishlarini yuritish uchun maxsus ish joylariga ega boʻlishi va ular texnik qurilma-vositalar hamda dasturlar bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
4. Arxivga olingan elektron maʼlumotlarning roʻyxati qogʻozda chop etiladi. Qogʻozda chop etilgan roʻyxat 1-ilovada koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
Elektron axborot tashuvchi vositalarning ustiga quyidagi yozuvlar yozilishi shart:
a) saqlovchi vositaning shartli raqami;
b) yozuvning boshlangan sanasi;
v) elektron arxivning nomi;
g) saqlovchi vositaga yozuv yozish toʻxtatilgan vaqti;
d) saqlanish muddati.
5. Arxiv ishlarini olib boruvchi boʻlim faoliyat koʻrsatish xususiyatlariga koʻra elektron arxiv ishlarini yuritish tartibini mazkur Yoʻriqnomaga binoan ishlab chiqishlari lozim.
II. Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida elektron arxiv ishlarini yuritish
6. Elektron arxiv ishlarini yuritish boʻyicha tayinlangan masʼul xodim betobligi, mehnat taʼtilida boʻlganligi va boshqa sabablarga koʻra ishda boʻlmagan vaqtlarida elektron arxiv ishlarini yuritish boʻyicha tijorat banki boshqaruvchisining buyrugʻiga asosan vaqtinchalik boshqa masʼul xodim tayinlanadi.
7. Tijorat banklari boshqaruvchilari, bosh buxgaltyerlari va masʼul xodim elektron arxiv maʼlumotlarining toʻliqligi, toʻgʻri arxivlashtirilishi hamda ishonchliligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
8. Tijorat banklarida quyidagi elektron maʼlumotlar arxivga olinishi lozim:
Elektron toʻlov maʼlumotlarining bazalari mavjud boʻlgan Bosh banklarda (filiallarda):
a) bank amaliyoti kuni elektron maʼlumotlarining toʻliq bazasi;
b) muddati tugagan shifrlash va elektron raqamli imzo kalitlari;
v) bank amaliyot kuni dasturlari va boshqa alohida foydalanilayotgan dasturlar majmuasi;
g) elektron toʻlov hujjatlarini qabul qilish-uzatish jarayoni boʻyicha elektron jurnal-bayonnomalari;
d) elektron pochta orqali qabul qilingan va uzatilgan barcha hujjatlar;
e) bank filiallari tomonidan shifrlangan va shifrlanmagan koʻrinishdagi barcha kiruvchi va chiquvchi elektron toʻlov hujjatlari;
j) tijorat banklarining kredit va boshqa bank operatsiyalari borasidagi maʼlumotlari.
Tijorat banklarining boshqaruv tizimiga oid maʼlumotlari ham elektron arxivga olinishi shart.
Elektron toʻlov maʼlumotlarining bazalari mavjud boʻlmagan bank filiallarida:
a) muddati tugagan shifrlash va elektron raqamli imzo kalitlari;
b) bank amaliyot kuni dasturlari va boshqa alohida foydalanilayotgan dasturlar majmuasi;
v) elektron toʻlov hujjatlarini qabul qilish-uzatish jarayoni boʻyicha elektron jurnal-bayonnomalari;
g) bank filiallari tomonidan shifrlangan va shifrlanmagan koʻrinishdagi barcha kiruvchi va chiquvchi elektron toʻlov hujjatlari;
d) elektron pochta orqali qabul qilingan va uzatilgan barcha hujjatlar.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 13-noyabrdagi 37/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1685-1, 09.12.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 49-son, 465-modda)
9. Tijorat banklari elektron arxiv maʼlumotlarining nusxalarini saqlanishi uchun kamida ikkita saqlash joylari tashkil etadilar:
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 13-noyabrdagi 37/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1685-1, 09.12.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 49-son, 465-modda)
a) birinchisi — tijorat bank binosida;
b) ikkinchisi — tijorat bank binosidan tashqaridagi binolarda.
10. 8-bandda koʻrsatilgan elektron maʼlumotlar har kuni dasturiy ravishda arxivlanib, ikki nusxada elektron axborot tashuvchi vositalarga yoziladi hamda masʼul xodim 2-ilovada koʻrsatilgan koʻrinishdagi maxsus yuritilgan daftarga qayd qilib boradi. Maxsus daftar sahifalari raqamlangan, ip oʻtkazilib tikilgan, tijorat banki boshqaruvchisi tomonidan imzolangan va muhrlangan boʻlishi lozim.
11. Elektron arxiv yozilgan elektron axborot tashuvchi vositalar yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi shart.
12. Tijorat banklarining ichki audit xizmati xodimi har oyda kamida bir marta elektron arxiv ishlarini toʻgʻri yuritilishini tekshirib turadi va bu haqida 2-ilovada koʻrsatilgan daftarga qayd qilib boradi.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 13-noyabrdagi 37/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1685-1, 09.12.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 49-son, 465-modda)
13. Elektron axborot tashuvchi vositalarning texnik tavsifiga binoan elektron axborot tashuvchi vositalarga yozilgan elektron arxiv maʼlumotlari qayta oʻqib, tekshirilib turiladi. Texnik tavsifda elektron axborot tashuvchi vosita oʻqilishini tekshirish davri koʻrsatilmagan boʻlsa, elektron axborot tashuvchi vosita har olti oyda bir marta tekshirib turiladi va ushbu tekshirish natijalarini qayd etish uchun maxsus daftar yuritiladi. Agar elektron arxiv maʼlumotlari tashqi taʼsirlar natijasida qisman yoki umuman yoʻqolib ketganligi aniqlansa, yoʻqotilgan elektron arxiv maʼlumotlari qayta tiklanishi va bu haqda dalolatnoma tuzilishi zarur.
14. Tijorat bank filiallari elektron arxiv maʼlumotlarini har chorakda kamida bir marta oʻz tijorat banklari viloyat filiallarining arxiviga topshiradilar. Joriy yil tamom boʻlganidan soʻng, tijorat bankning viloyat filiali elektron arxiv maʼlumotlarini Bosh bank idoraviy arxiv boʻlimiga belgilangan tartibda topshiradi.
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 13-noyabrdagi 37/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1685-1, 09.12.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 49-son, 465-modda)
15. Elektron toʻlov maʼlumotlari bazalari joylashgan Bosh banklar elektron axborot tashuvchi vositaga yozilgan elektron arxiv maʼlumotlarining bir nusxasini idoraviy arxiv boʻlimiga saqlashga topshiradi va ikkinchi nusxasini pul-hisob-kitob hujjatlarini saqlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan muddatda bank binosidan tashqaridagi binolarda saqlaydi.
16. Zarur hollarda (Markaziy bank rahbariyatining koʻrsatmasiga asosan) komissiya tuziladi va tijorat banklari tomonidan elektron arxiv hujjatlari batafsil tekshirib chiqiladi.
Komissiya tarkibiga Markaziy bankning vakolatli xodimlari, tijorat banki bosh buxgalteri va boshqa masʼul xodimlari kiritilishi shart.
17. Bosh bank saqlanish muddati doimiy boʻlgan elektron arxivni oʻn besh yil mobaynida idoraviy arxivda saqlaydi. Idoraviy saqlash muddati tugagan arxivlar oʻrnatilgan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
Idoraviy saqlovni shartnoma asosida davlat arxivlarida amalga oshirish mumkin.
18. Tijorat banklarining filiallari faoliyati tugatilganda elektron arxiv maʼlumotlari tijorat bankining viloyat filiallariga, viloyat filiallari mavjud boʻlmagan banklar Bosh bankka belgilangan tartibda topshiradilar. Tijorat bank faoliyati tugatilib boshqa tijorat bankka qoʻshib yuborilganida, elektron arxiv maʼlumotlari oʻsha bank arxiviga belgilangan tartibda topshiriladi. Agar ikkita tijorat bank faoliyati tugatilib yangi tijorat bank tashkil etilsa, elektron arxiv maʼlumotlari yangi tashkil etilgan tijorat bankda saqlanadi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2010-yil 13-noyabrdagi 37/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1685-1, 09.12.2010-y.) tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 49-son, 465-modda)
19. Tijorat banki faoliyati tugatilganda elektron arxiv maʼlumotlari belgilangan tartibda Davlat arxiviga topshiriladi.
III. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining axborotlashtirish bosh markazida elektron arxiv ishlarini yuritish
20. ABM direktori va masʼul xodim elektron arxiv maʼlumotlarining toʻliqligi, toʻgʻri arxivlashtirilishi hamda ishonchliligi uchun shaxsan javobgardir.
21. ABMda elektron toʻlov maʼlumotlarini qabul qiluvchi-uzatuvchi va qayta ishlovchi boʻlinmalar oʻrnatilgan tartibda arxiv ishlarini yuritadilar. Ular ABM tarkibidagi arxiv ishlarini yurituvchi tegishli boʻlimga kunlik arxiv maʼlumotlarini taqdim etadilar. Markaziy bankning integrallashgan Axborot tahliliy tizimi elektron arxivlarini yuritish mazkur tizim hujjatlari orqali tartibga solinadi.
22. ABMda quyidagi maʼlumotlar elektron arxivga olinishi shart:
a) bank amaliyoti kuni elektron maʼlumotlarining toʻliq bazasi;
b) elektron toʻlov hujjatlarining kiruvchi va chiquvchi maʼlumotlari;
v) elektron toʻlov hujjatlarining kiruvchi va chiquvchi maʼlumotlarini qabul qilish-uzatish telekommunikatsion jurnal bayonnomalari;
g) bank amaliyoti kuni elektron toʻlov hujjatlarni qayta ishlash boʻyicha elektron maʼlumotlari;
d) bank amaliyoti kuni dasturi va boshqa alohida qoʻllaniladigan dasturlar majmualari;
e) elektron tarzdagi meʼyoriy-soʻrov maʼlumotlar bazasi;
j) elektron toʻlov hujjatlarini qabul qilish-uzatish jarayoni boʻyicha elektron jurnal — bayonnomalari;
z) integrallashgan axborot-tahliliy tizimi maʼlumotlari.
23. ABM elektron axborot tashuvchi vositalarda jamlangan elektron arxiv maʼlumotlari nusxalarini saqlash uchun kamida ikkita elektron arxiv saqlash joylarini tashkil etadi:
a) birinchisi — ABM binosida;
b) ikkinchisi — ABM binosidan tashqaridagi binoda.
24. Har kuni masʼul xodim 22-bandda koʻrsatilgan maʼlumotlarni dasturiy ravishda elektron arxivlab, ikki nusxada elektron axborot tashuvchi vositalarga yozadi va maxsus daftarlarda qayd etadi. Maxsus daftarlarning sahifalari raqamlangan, ip oʻtkazilib tikilgan va muhrlangan boʻlishi lozim.
25. Elektron arxiv maʼlumotlari yozilgan elektron axborot tashuvchi vositalar yonmaydigan va muhrlanadigan seyfda saqlanishi shart.
26. ABMda elektron arxiv maʼlumotlarining xavfsizligi, daxlsizligi, toʻliqliligi, ishonchliligi va haqiqiyligi masʼul xodimlar tomonidan taʼminlanadi.
27. Elektron axborot tashuvchi vositalarning texnik tavsifiga binoan elektron axborot tashuvchi vositalarga yozilgan elektron arxiv maʼlumotlari qayta oʻqib, tekshirilib turiladi. Texnik tavsifda elektron axborot tashuvchi vosita oʻqilishini tekshirish davri koʻrsatilmagan boʻlsa, elektron axborot tashuvchi vosita har olti oyda bir marta tekshirib turiladi va ushbu tekshirish natijalarini qayd etish uchun maxsus daftar yuritiladi. Agar elektron arxiv maʼlumotlari tashqi taʼsirlar natijasida qisman yoki umuman yoʻqolib ketganligi aniqlansa, yoʻqotilgan elektron arxiv maʼlumotlari qayta tiklanishi va bu haqda dalolatnoma tuzilishi zarur.
28. Masʼul xodimlar elektron axborot tashuvchi vositaga yozilgan elektron arxiv maʼlumotlarining toʻliqligini tekshirib koʻrib, idoraviy arxiv boʻlimiga saqlashga topshiradi va pul-hisob-kitob hujjatlarini saqlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan muddatda oʻz binosidan tashqaridagi binoda saqlaydi.
29. ABM saqlanish muddati doimiy boʻlgan elektron arxiv maʼlumotlarini oʻn besh yil mobaynida idoraviy arxivda saqlaydi. Idoraviy saqlash muddati tugagan arxivlar oʻrnatilgan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
Idoraviy saqlovni shartnoma asosida davlat arxivlarida amalga oshirish mumkin.
VI. Yakuniy qoidalar
30. Tijorat banklari va ABMning bank sirini tashkil etuvchi elektron arxiv maʼlumotlaridan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasining “Bank siri toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
31. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” Agentligi bilan kelishilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” Agentligi Bosh direktori A. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2007-yil
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida elektron arxiv ishlarini yuritish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga 1-ILOVA