toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Axborotlashtirish toʻgʻrisida
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi axborotlashtirish, axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Axborotlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik
Axborotlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlarida iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining axborotlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
axborotlashtirish — yuridik va jismoniy shaxslarning axborotga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish uchun axborot resurslari, axborot texnologiyalari hamda axborot tizimlaridan foydalangan holda sharoit yaratishning tashkiliy ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy jarayoni;
Oldingi tahrirga qarang.
axborot resursi — axborot tizimi tarkibidagi elektron shakldagi axborot, maʼlumotlar banki, maʼlumotlar bazasi, shu jumladan axborot tizimlarida ochiq shaklda joylashtiriladigan yoxud eʼlon qilinadigan audio-, video-, grafik va matnli axborot;
(3-moddaning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 30-martdagi OʻRQ-679-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2021-y., 03/21/679/0256-son)
axborot resurslarining yoki axborot tizimlarining mulkdori — axborot resurslariga yoki axborot tizimlariga egalik qiluvchi, ulardan foydalanuvchi va ularni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
axborot resurslarining yoki axborot tizimlarining egasi — qonun bilan yoki axborot resurslarining, axborot tizimlarining mulkdori tomonidan belgilangan huquqlar doirasida axborot resurslariga yoxud axborot tizimlariga egalik qiluvchi, ulardan foydalanuvchi va ularni tasarruf etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
axborot texnologiyasi — axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish va uni tarqatish uchun foydalaniladigan jami uslublar, qurilmalar, usullar va jarayonlar;
axborot tizimi — axborotni toʻplash, saqlash, izlash, unga ishlov berish hamda undan foydalanish imkonini beradigan, tashkiliy jihatdan tartibga solingan jami axborot resurslari, axborot texnologiyalari va aloqa vositalari.
Oldingi tahrirga qarang.
bloger — Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs;
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrdagi OʻRQ-373-sonli Qonuniga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 36-son, 452-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
sunʼiy intellekt — insonning bilim va koʻnikmalariga taqlid qilish, shu jumladan mustaqil ravishda oʻrganish va yechimlarni izlash hamda aniq vazifalarni bajarishda inson aqliy faoliyati natijalari bilan taqqoslanadigan natijalarni olish imkonini beradigan texnologik yechimlar majmui.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-yanvardagi OʻRQ-1115-sonli Qonuniga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2026-y., 03/26/1115/0063-son)
4-modda. Axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosati
Axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosati axborot resurslari, axborot texnologiyalari va axborot tizimlarini rivojlantirish hamda takomillashtirishning zamonaviy jahon tamoyillarini hisobga olgan holda milliy axborot tizimini yaratishga qaratilgan.
Axborotlashtirish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
har kimning axborotni erkin olish va tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish, axborot resurslaridan erkin foydalanilishini taʼminlash;
davlat organlarining axborot tizimlari, tarmoq va hududiy axborot tizimlari, shuningdek yuridik hamda jismoniy shaxslarning axborot tizimlari asosida Oʻzbekiston Respublikasining yagona axborot makonini yaratish;
xalqaro axborot tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmogʻidan erkin foydalanish uchun sharoit yaratish;
davlat axborot resurslarini shakllantirish, axborot tizimlarini yaratish hamda rivojlantirish, ularning bir-biriga mosligini va oʻzaro aloqada ishlashini taʼminlash;
axborot texnologiyalarining zamonaviy vositalari ishlab chiqarilishini tashkil etish;
axborot resurslari, xizmatlari va axborot texnologiyalari bozorini shakllantirishga koʻmaklashish;
Oldingi tahrirga qarang.
sunʼiy intellektni joriy etish va rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek huquqiy, texnologik va iqtisodiy asoslarni belgilash;
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-yanvardagi OʻRQ-1115-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2026-y., 03/26/1115/0063-son)
dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlantirilishini ragʻbatlantirish;
tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoit yaratish;
kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni ragʻbatlantirish.
5-modda. Axborotlashtirish sohasini davlat tomonidan tartibga solish
Axborotlashtirish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va u maxsus vakolat bergan organ amalga oshiradi.
6-modda. Maxsus vakolatli organ
Maxsus vakolatli organ:
davlat axborot resurslarini shakllantirish ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
axborotlashtirish va axborot texnologiyalarini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqadi;
davlat organlarining axborot tizimlari, tarmoq va hududiy axborot tizimlari yaratilishiga koʻmaklashadi;
axborotlashtirish sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarni ishlab chiqadi;
axborot tizimlari va axborot texnologiyalarining texnika vositalari hamda xizmatlarini sertifikatlashtirish ishlarini tashkil etadi;
yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz axborot resurslari hamda axborot tizimlari muhofaza etilishini taʼminlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
axborot resurslari, xizmatlari va axborot texnologiyalari bozorini rivojlantirishga koʻmaklashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
sunʼiy intellekt yoʻnalishiga investitsiyalarni jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
davlat organlarining maʼlumotlarini sunʼiy intellekt asosida qayta ishlash uchun texnik infratuzilmani shakllantiradi;
sunʼiy intellekt yoʻnalishida kadrlar tayyorlashni, ularni qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
(6-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-yanvardagi OʻRQ-1115-sonli Qonuniga asosan toʻqqizinchi, oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2026-y., 03/26/1115/0063-son)
axborotlashtirish sohasida marketing tadqiqotlari va monitoringni tashkil etadi;
axborot resurslaridan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati va xavfsizligi manfaatlarini koʻzlab axborot xavfsizligini hamda axborot tizimlaridan ustuvor foydalanilishini taʼminlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(6-moddaning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisida nizom”.
7-modda. Axborot resurslari va axborot tizimlarining huquqiy rejimi
Axborot resurslari va axborot tizimlarining huquqiy rejimi quyidagilarni belgilovchi normalar bilan aniqlanadi:
axborotni hujjatlashtirish, axborot resurslarini shakllantirish va axborot tizimlarini yaratish tartibini;
axborot resurslariga va axborot tizimlariga boʻlgan mulk huquqini;
axborot resurslarining ulardan erkin foydalanish darajasi boʻyicha toifasini;
axborot resurslari va axborot tizimlarini muhofaza qilish tartibini;
axborot tizimlarining tarmoqlararo ulanishi tartibini.
Oldingi tahrirga qarang.
71-modda. Axborot resurslarini yaratishda xamda axborot tizimlari ishida sunʼiy intellektdan foydalanish
Sunʼiy intellektdan foydalanib yaratilgan axborot resurslari hamda sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari insonga, uning hayotiga, sogʻligiga, erkinligiga, shaʼniga, kadr-qimmatiga putur yetkazmasligi va uning boshqa ajralmas huquqlarini buzmasligi shart.
Insonning huquqi va erkinligiga aloqador boʻlgan yuridik ahamiyatga ega qarorlarni qabul qilish chogida faqat sunʼiy intellektdan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslari va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlarining xulosalariga tayanish mumkin emas.
(71-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-yanvardagi OʻRQ-1115-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2026-y., 03/26/1115/0063-son)
8-modda. Axborotni hujjatlashtirish
Axborotni hujjatlashtirish axborotni axborot resurslariga kiritishning majburiy shartidir. Axborotni hujjatlashtirish tartibi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Axborot resurslarida saqlanadigan va ishlov beriladigan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan axborot elektron hujjat boʻlib, qogʻoz hujjat bilan bir xil yuridik kuchga ega.
Elektron hujjatni va elektron raqamli imzoni shakllantirish hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq munosabatlar qonun bilan tartibga solinadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron raqamli imzo toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarang.
9-modda. Axborot resurslari va axborot tizimlariga boʻlgan mulk huquqi
Oʻzbekiston Respublikasida axborot resurslari va axborot tizimlari ommaviy hamda xususiy mulk boʻlishi mumkin.
Axborot resurslari va axborot tizimlariga boʻlgan mulk huquqining vujudga kelishiga quyidagilar asos boʻladi:
Oldingi tahrirga qarang.
axborot resurslari hamda axborot tizimlarining davlat budjeti mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz mablagʻlari yoki qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yaratilishi;
(9-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
axborot resurslari va axborot tizimlariga boʻlgan mulk huquqining oʻzga shaxsga oʻtishi shartlarini oʻz ichiga olgan oldi-sotdi shartnomasi yoki boshqa bitim;
meros olish.
Qonunda axborot resurslari va axborot tizimlariga boʻlgan mulk huquqi vujudga kelishining boshqa asoslari ham nazarda tutilishi mumkin.
10-modda. Davlat axborot resurslari
Davlat axborot resurslari quyidagilardan shakllantiriladi:
davlat organlarining axborot resurslaridan;
yuridik va jismoniy shaxslarning davlat budjeti mablagʻlari hisobidan yaratilgan axborot resurslaridan;
yuridik va jismoniy shaxslarning davlat sirlari hamda maxfiy axborotni oʻz ichiga olgan axborot resurslaridan;
yuridik va jismoniy shaxslarning belgilangan tartibda taqdim etiladigan hujjatlashtirilgan axborotidan.
Yuridik va jismoniy shaxslar hujjatlashtirilgan axborotni davlat axborot resurslarini shakllantirish uchun tegishli davlat organlariga belgilangan tartibda taqdim etishi shart.
Yuridik va jismoniy shaxslarning hujjatlashtirilgan axborotni majburiy taqdim etishi tartibi, davlat axborot resurslarini shakllantirish hamda ulardan foydalanish uchun masʼul davlat organlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat sirlari va maxfiy axborot jumlasiga kiritilgan axborotni taqdim etish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(10-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra axborotlarni maxfiylashtirish, ular bilan tanishish uchun ijozat berish tartibini hamda shu bilan bogʻliq cheklovlarni, shuningdek davlat sirlaridan foydalanish tartibini oʻzida mujassam etuvchi davlat sirlarini saqlash tizimini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
11-modda. Axborot resurslaridan erkin foydalanish toifalari
Axborot resurslari ulardan erkin foydalanish toifalari boʻyicha hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot resurslariga va erkin foydalanilishi cheklab qoʻyilgan axborot resurslariga boʻlinadi.
Cheklanmagan doiradagi foydalanuvchilar uchun moʻljallangan axborot resurslari hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot resurslaridir.
Davlat sirlari toʻgʻrisidagi axborotni va maxfiy axborotni yoki erkin foydalanilishi axborot resurslarining mulkdorlari tomonidan cheklab qoʻyilgan axborotni oʻz ichiga olgan axborot resurslari erkin foydalanilishi cheklab qoʻyilgan axborot resurslariga kiradi.
Axborot resurslarining mulkdorlari va egalari hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot resurslaridan yuridik hamda jismoniy shaxslarning teng huquq asosida erkin tarzda foydalanishini taʼminlashi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Axborot resurslarini erkin foydalanish toifalariga kiritish qonunchilikda belgilangan tartibda axborot resurslarining mulkdori tomonidan aniqlanadi.
(11-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 22-noyabrdagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat axborot resurslarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
12-modda. Axborot resurslaridan foydalanish
Axborot resurslaridan foydalanuvchilar axborot resurslaridan erkin foydalanishda teng huquqlarga ega, erkin foydalanilishi cheklab qoʻyilgan axborot resurslari bundan mustasno.
Axborot resurslaridan foydalanganlik uchun belgilangan tartibda haq olinishi mumkin.
Axborot bilan taʼminlashga doir axborot va xizmatlar roʻyxatlarini, axborot resurslaridan erkin foydalanish tartibi hamda shartlari haqidagi maʼlumotlarni axborot resurslarining mulkdorlari va egalari foydalanuvchilarga bepul taqdim etadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar qonuniy asoslarda axborot resurslaridan oʻzlari olgan axborotdan axborot manbaini albatta havola etgan holda hosila axborot yaratish uchun foydalanishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Axborot resurslaridan axborot olish tartibini axborot resurslarining mulkdori yoki egasi qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etgan holda aniqlaydi.
(12-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
121-modda. Hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborotni Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan:
Oʻzbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat etish;
ommaviy tartibsizliklarga, fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilishga, shuningdek belgilangan tartibni buzgan holda oʻtkaziladigan yigʻilishlar, mitinglarda, koʻcha yurishlarida va namoyishlarda ishtirok etishga daʼvat qilish, shuningdek mazkur noqonuniy harakatlarni muvofiqlashtirish;
jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborot tarqatish;
urush, zoʻravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm gʻoyalarini targʻib qilish;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi, shuningdek fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yoʻl qoʻyuvchi axborotni tarqatish;
Oldingi tahrirga qarang.
sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda shaxsga doir maʼlumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berish, ularni ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish;
(121-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 21-yanvardagi OʻRQ-1115-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.01.2026-y., 03/26/1115/0063-son)
jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi, shu jumladan beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni va prekursorlarni targʻib qilish;
pornografiyani, zoʻravonlikni va shafqatsizlikni targʻib qilish, shuningdek oʻz joniga qasd qilishga daʼvat etish;
Oldingi tahrirga qarang.
oʻzga shaxslarga tegishli boʻlgan intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish;
(121-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi OʻRQ-959-sonli Qonuniga asosan oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/959/0698-son — 2024-yil 12-dekabrdan kuchga kiradi)
fuqarolarni, shu jumladan voyaga yetmagan shaxslarni ularning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga yoxud oʻzga shaxslarning hayotiga va (yoki) sogʻligʻiga tahdid soluvchi gʻayrihuquqiy harakatlarni sodir etishga undashga yoki boshqa tarzda jalb qilishga qaratilgan axborotni tarqatish;
qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan oʻzga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yoʻl qoʻymasligi shart.
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger:
hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga yoxud boshqa axborot resursiga hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtirilguniga qadar uning toʻgʻriligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning notoʻgʻriligi aniqlangan taqdirda, uni darhol oʻchirib tashlashi;
hamma erkin foydalanishi mumkin boʻlgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmogʻidagi oʻz veb-sayti va (yoki) veb-sayt sahifalari yoxud boshqa axborot resursining, shu jumladan tezkor xabarlar almashish tizimlarining monitoringini ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan axborot va materiallarni aniqlash maqsadida amalga oshirishi;
ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan axborot aniqlangan taqdirda, darhol mazkur axborotni oʻchirib tashlash choralarini koʻrishi shart.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan majburiyatlar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmagan taqdirda, mazkur veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan talablarni buzganlik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmaganligi natijasida huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan shaxslar oʻz huquqlarini, shaʼni, qadr-qimmatini va ishchanlik obroʻsini himoya qilish uchun, shu jumladan zararning oʻrnini qoplash, maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish toʻgʻrisidagi daʼvolar bilan belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga haqli.
(121-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 30-martdagi OʻRQ-679-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2021-y., 03/21/679/0256-son)
13-modda. Jismoniy shaxslarning shaxsiga taalluqli maʼlumotlar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan axborot resurslari
Oldingi tahrirga qarang.
Jismoniy shaxslarning shaxsiga taalluqli maʼlumotlar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan axborot resurslarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
(13-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-martdagi 137-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi axborot resurslarini tayyorlash va ularni maʼlumotlarni uzatish tarmoqlarida, shu jumladan, Internetda tarqatish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 8-bandining ikkinchi xatboshisi.
Jismoniy shaxslarning shaxsiga taalluqli maʼlumotlar toʻgʻrisidagi axborot maxfiy axborot toifasiga kiradi.
14-modda. Oʻzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ichiga olgan axborot resurslaridan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalanishi
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ichiga olgan axborot resurslaridan erkin foydalanish, mazkur maʼlumotlarning toʻliqligi hamda toʻgʻriligini taʼminlash maqsadida ularga aniqliklar kiritish huquqiga ega.
Oʻzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ichiga olgan axborot resurslaridan yuridik va jismoniy shaxslarning erkin foydalanishi qonun bilan cheklanishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasiga koʻra axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq va erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning maʼnaviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish, xavfsizligini taʼminlash maqsadida cheklanishi mumkin.
Yuridik va jismoniy shaxslarga oʻzlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ichiga olgan axborot resurslaridan erkin foydalanishni axborot resurslarining mulkdori yoki egasi rad etganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
15-modda. Milliy axborot tizimi
Milliy axborot tizimiga davlat organlarining axborot tizimlari, tarmoq va hududiy axborot tizimlari, shuningdek yuridik hamda jismoniy shaxslarning axborot tizimlari kiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy axborot tizimi davlat budjeti mablagʻlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning oʻz mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan yaratiladi.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Milliy axborot tizimi uning tarkibiga kiruvchi axborot tizimlarining xalqaro axborot tizimlari bilan bir-biriga mosligini hisobga olgan holda yaratiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy axborot tizimidan foydalangan holda axborot almashish shartnoma asosida amalga oshiriladi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(15-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Axborot tizimlaridan bitimlar tuzishda foydalanish
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasida bitimlar tuzishda axborot tizimlaridan foydalanish qonunchilik bilan tartibga solinadi.
(16-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarang.
17-modda. Axborot tizimlarining texnika vositalarini sertifikatlashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
Axborot tizimlarini tashkil qiluvchi texnika vositalari qonunchilikda belgilangan tartibda sertifikatlashtirilishi kerak.
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga qarang.
Davlat organlari axborot tizimlarining, tarmoq va hududiy axborot tizimlarining, yuridik hamda jismoniy shaxslar axborot tizimlarining davlat sirlari yoki maxfiy axborotni oʻz ichiga olgan axborotni ishlovdan oʻtkazish uchun moʻljallangan texnika vositalari, shuningdek mazkur tizimlarni muhofaza qilish vositalari majburiy sertifikatlashtirilishi lozim.
18-modda. Axborot tizimlarining tarmoqlararo bogʻlanishi
Axborot tizimlarining tarmoqlararo bogʻlanishi turli axborot tizimlari oʻrtasida axborot almashish uchun amalga oshiriladi.
Belgilangan normalar va qoidalarga muvofiq oʻzaro tarmoqlararo bogʻlanish imkoniyatini axborot tizimlarining mulkdorlari, egalari taʼminlaydi.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunining 22-moddasiga qarang.
Turli axborot tizimlarining tarmoqlararo bogʻlanishi axborot tizimlarining mulkdorlari, egalari oʻrtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Tarmoqlararo bogʻlanishni amalga oshirish hamda turli axborot tizimlarining oʻzaro aloqada boʻlish tartibi va shartlari maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
19-modda. Axborot resurslari va axborot tizimlarini muhofaza qilish
Axborot resurslari va axborot tizimlarini muhofaza qilish quyidagi maqsadlarda amalga oshiriladi:
shaxs, jamiyat va davlatning axborot xavfsizligini taʼminlash;
axborot resurslarining tarqalib ketishi, oʻgʻirlanishi, yoʻqotilishi, buzib talqin etilishi, toʻsib qoʻyilishi, qalbakilashtirilishi va ulardan boshqacha tarzda ruxsatsiz erkin foydalanilishining oldini olish;
axborotni yoʻq qilish, toʻsib qoʻyish, undan nusxa olish, uni buzib talqin etishga doir ruxsatsiz harakatlarning hamda axborot resurslari va axborot tizimlariga boshqa shakldagi aralashishlarning oldini olish;
axborot resurslaridagi mavjud davlat sirlari va maxfiy axborotni saqlash.
20-modda. Axborot resurslari va axborot tizimlari muhofaza qilinishini tashkil etish
Axborot resurslari va axborot tizimlari, agar ular bilan gʻayriqonuniy munosabatda boʻlish natijasida axborot resurslarining yoki axborot tizimlarining mulkdorlariga, egalariga yoxud boshqa yuridik hamda jismoniy shaxslarga zarar yetkazilishi mumkin boʻlsa, muhofaza qilinishi kerak.
Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar davlat sirlari hamda maxfiy sirlar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan axborot resurslari va axborot tizimlarining muhofaza qilinishini taʼminlashi shart.
Axborot resurslari va axborot tizimlari muhofaza qilinishini tashkil etish tartibi ularning mulkdorlari, egalari tomonidan mustaqil belgilanadi.
Davlat sirlari hamda maxfiy sirlar toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga olgan axborot resurslari va axborot tizimlarining muhofaza qilinishini tashkil etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
21-modda. Xalqaro axborot tarmoqlariga ulanish
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar oʻz axborot tizimlarini xalqaro axborot tarmoqlariga hamda Internet jahon axborot tarmogʻiga qonunchilikda belgilangan tartibda ulashi mumkin.
(21-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining 2008-yil 26-maydagi 155-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “UZ” domenidagi domen nomlarini roʻyxatdan oʻtkazish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 1830, 23.06.2008-y.).
Erkin foydalanilishi cheklab qoʻyilgan axborot resurslarini oʻz ichiga olgan axborot tizimlarining xalqaro axborot tarmoqlariga hamda Internet jahon axborot tarmogʻiga ulanishi faqat zarur muhofaza choralari koʻrilganidan keyin amalga oshiriladi.
22-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Axborotlashtirish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(22-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
23-modda. Axborotlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Axborotlashtirish toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 46, 155, 1551, 189, 1891-moddalari va Jinoyat kodeksining 150, 156, 191, 2781-moddalari.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2003-yil 11-dekabr,
560-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 10-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 36-son, 452-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.03.2021-y., 03/21/679/0256-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 11.09.2024-y., 03/24/959/0698-son; 21.01.2026-y., 03/26/1115/0063-son)