toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
ELEKTRON HUJJAT AYLANISHI TOʻGʻRISIDA
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi elektron hujjat aylanishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilik
Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda elektron hujjat aylanishi sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi OʻRQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Elektron hujjat aylanishi sohasidagi davlat siyosati
Elektron hujjat aylanishi sohasidagi davlat siyosati elektron hujjat aylanishi keng qoʻllanilishini taʼminlashga, elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, elektron hujjatdan foydalanish standartlari, normalari va qoidalarini ishlab chiqishga qaratilgan.
4-modda. Elektron hujjat aylanishi
Elektron hujjat aylanishi elektron hujjatlarni axborot tizimi orqali joʻnatish va qabul qilib olish jarayonlari yigʻindisidan iborat boʻladi.
Elektron hujjat aylanishidan bitimlar tuzish (shu jumladan shartnomalar tuzish), hisob-kitoblarni, rasmiy va norasmiy yozishmalarni amalga oshirish hamda boshqa axborotni uzatishda foydalanish mumkin.
5-modda. Elektron hujjat
Elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan axborot elektron hujjatdir.
Elektron hujjat texnika vositalaridan va axborot tizimlari xizmatlaridan hamda axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda yaratiladi, ishlov beriladi va saqlanadi.
Elektron hujjat elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining mazkur hujjatni idrok etish imkoniyatini inobatga olgan holda yaratilishi kerak.
6-modda. Elektron hujjatning rekvizitlari
Elektron hujjatning majburiy rekvizitlari quyidagilardan iborat:
elektron raqamli imzo;
elektron hujjatni joʻnatuvchi yuridik shaxsning nomi yoki elektron hujjatni joʻnatuvchi jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
elektron hujjatni joʻnatuvchining pochta va elektron manzili;
hujjat yaratilgan sana.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilikda yoki elektron hujjat aylanishi ishtirokchilarining kelishuvi bilan elektron hujjatning boshqa rekvizitlari ham belgilanishi mumkin.
(6-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
7-modda. Elektron hujjatning yuridik kuchi
Elektron hujjat qogʻoz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega boʻladi.
8-modda. Elektron hujjatning asl nusxasi
Elektron hujjatning bir xil har qaysi aynan nusxasi, basharti u belgilangan tartibda haqiqiy deb tasdiqlangan boʻlsa, asl nusxadir.
9-modda. Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi
Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi boʻlishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hujjatning qogʻoz nusxasi qonunchilikda belgilangan tartibda tasdiqlanadi va saqlanadi.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 16-iyundagi 9-mb-son qarori bilan tasdiqlangan Statistika hisobotini elektron shaklda taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4 va 5-bandlari. (roʻyxat raqami 3312, 16.07.2021-y.)
10-modda. Elektron hujjat aylanishining ishtirokchilari
Elektron hujjatni joʻnatuvchi va elektron hujjatni qabul qilib oluvchi elektron hujjat aylanishining ishtirokchilaridir.
Elektron hujjat aylanishida axborot vositachilari ham ishtirok etishlari mumkin.
11-modda. Elektron hujjatni joʻnatuvchi
Elektron hujjat rekvizitlarida nomi koʻrsatilgan hamda elektron hujjatni qabul qilib oluvchiga elektron hujjatni joʻnatayotgan yuridik yoki jismoniy shaxs elektron hujjatni joʻnatuvchidir.
12-modda. Elektron hujjatni qabul qilib oluvchi
Elektron hujjatni joʻnatuvchi tomonidan elektron hujjat qaysi yuridik yoki jismoniy shaxsga yoʻllangan boʻlsa, shu shaxs elektron hujjatni qabul qilib oluvchidir.
13-modda. Axborot vositachisi
Elektron hujjat aylanishi bilan bogʻliq xizmatlarni shartnoma asosida koʻrsatuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs axborot vositachisidir.
Axborot vositachisi, agar elektron hujjat aylanishining ishtirokchilari bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron hujjatlar mazmunini yoki ulardan foydalanish tartibini oʻzgartirishga haqli emas.
14-modda. Elektron hujjatni joʻnatish
Elektron hujjat, agar u bevosita elektron hujjatni joʻnatuvchi yoki uning axborot vositachisi tomonidan joʻnatilgan boʻlsa, joʻnatilgan deb hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, elektron hujjatni joʻnatuvchi tomonidan uning bekor qilinishi mumkin boʻlmagan joʻnatilish vaqti elektron hujjatni joʻnatish vaqti deb hisoblanadi.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
15-modda. Elektron hujjatni qabul qilib olish
Oldingi tahrirga qarang.
Agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa:
(15-moddaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
elektron hujjatni qabul qilib oluvchi tomonidan koʻrsatilgan axborot tizimi orqali elektron manzil boʻyicha elektron hujjat kelib tushgan vaqt elektron hujjat qabul qilib olingan vaqt deb hisoblanadi;
elektron hujjat, agar elektron hujjatning qabul qilib olinishini taʼminlagan axborot tizimi hatto boshqa yerda joylashgan boʻlsa ham, elektron hujjatni qabul qilib oluvchi turgan joyda qabul qilib olingan deb hisoblanadi.
16-modda. Elektron hujjatlarni saqlash
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hujjatlar elektron hujjat aylanishi ishtirokchilari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda saqlanishi kerak.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2016-yil 10-iyundagi 2016-21-son qarori bilan tasdiqlangan Moliyaviy va soliq hisobotlarini aloqaning telekommunikatsiya kanallari vositasida davlat soliq xizmati organlariga taqdim etishning tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4, 9 — 11-bandlari. (roʻyxat raqami 2808, 12.07.2016-y.)
Elektron hujjatlarni saqlash chogʻida ulardan erkin foydalanish va ularning qogʻoz nusxalarini taqdim etish imkoniyati taʼminlanishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hujjatni saqlash muddati, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, shunga oʻxshash maqsadga moʻljallangan qogʻoz hujjat uchun belgilangan muddatdan kam boʻlmasligi kerak.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Elektron hujjat aylanishida elektron hujjatlarni muhofaza qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hujjat aylanishida elektron hujjatlarni muhofaza qilish elektron hujjat aylanishining ishtirokchilariga yoki boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(17-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunning 19-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Bosh direktorining 2008-yil 1-avgustdagi 2008-13-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan Fond bozorida axborot-kommunikatsiya texnologiyalardan foydalanishga oʻrnatilgan talablar toʻgʻrisidagi nizomning III-bobi. (roʻyxat raqami 1855, 09.09.2008-y.), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 4-maydagi 126-son “Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi apparatida, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida yagona himoyalangan elektron pochtani va elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etish hamda ulardan foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
18-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hujjat aylanishi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(18-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(19-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining XX1 bobi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 29-aprel,
611-II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 20-son, 230-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)