toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Oldingi tahrirga qarang.
Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi toʻgʻrisida
(qonunning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun EHM uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalarini yaratish, ularning huquqiy muhofazasi va ulardan foydalanish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
(muqaddimaning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida EHM uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy muhofazasi borasidagi munosabatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
(muqaddimaning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
1-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar:
Oldingi tahrirga qarang.
maʼlumotlar bazasi — obyektiv shaklda ifodalangan hamda elektron hisoblash mashinalari (EHM) yordamida topish va ishlov berish mumkin boʻladigan tarzda bir tizimga solingan maʼlumotlar (masalan: maqolalar, hisob-kitoblar) majmui;
EHM uchun yaratilgan dastur — obyektiv shaklda ifodalangan hamda muayyan natija olish maqsadida EHM, EHM shoxobchalari va boshqa kompyuter vositalarining ishlashi uchun moʻljallangan maʼlumotlar va koʻrsatmalar majmui;
(1-moddaning birinchi qismi ikkinchi va uchinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
boshlangʻich matn — birorta dasturlash tilida yozilgan, biron-bir kompilyator qayta ishlamagan matn;
obyekt kodi — boshlangʻich matnning mashina kodiga aylantirilishi natijasida yuzaga kelgan dastur;
EHM uchun yaratilgan dasturni dekompilyatsiya qilish — EHM uchun yaratilgan dasturning tarkibiy tuzilishi va kodlanishini oʻrganish maqsadida obyekt kodini boshlangʻich matnga aylantirishni oʻz ichiga oladigan texnikaviy usul;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining adaptatsiyasi — yuzaga kelgan muayyan sharoitda EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining ishlashini taʼminlash maqsadidagina amalga oshiriladigan hamda (dekompilyatsiya qilish oqibatida) muallifning boshlangʻich matni oʻzgarishiga olib kelmaydigan qoʻshimchalar kiritish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini modifikatsiyalash (qayta ishlash) — ularni adaptatsiya deb hisoblanmaydigan va boshlangʻich matn oʻzgarishiga olib keladigan har qanday tarzda oʻzgartirish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasidan nusxa olish — EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini har qanday moddiy shaklda bitta yoki koʻproq nusxada tayyorlash hamda ularni EHMning xotirasiga yozish;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini tarqatish — EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining har qanday moddiy shaklda, shu jumladan tarmoqlar vositasida va boshqa usullar yordamida, shuningdek sotish, prokatga berish, ijaraga topshirish, qarzga berib turish, jumladan ushbu maqsadlarning istalgani uchun import qilish yoʻli bilan olingan nusxalaridan foydalanishni taʼminlash;
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini bosib chiqarish (eʼlon qilish) — EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining nusxalarini muallifning roziligi bilan nomuayyan shaxslar doirasiga berish (shu jumladan EHM xotirasiga yozish va bosma matn chiqarish yoʻli bilan berish);
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasidan foydalanish — ularni bosib chiqarish, ulardan nusxa olish, ularni tarqatish hamda xoʻjalik muomalasiga (jumladan, modifikatsiyalashtirilgan shaklda) kiritish yuzasidan boshqa harakatlarni amalga oshirish. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining bosib chiqarilganligi toʻgʻrisidagi xabarlarni ommaviy axborot vositalarining maʼlum qilishi EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasidan foydalanish deb eʼtirof qilinmaydi.
Huquq egalari — muallif, — uning merosxoʻrlari, shuningdek qonun yoki shartnoma asosida mutlaq shaxsiy va mulkiy huquqlarga ega boʻlgan har qanday jismoniy yoki yuridik shaxslar.
2-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar
Basharti, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari yoki bitimlarida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan oʻzgacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qoʻllaniladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3-modda. Huquqiy muhofaza obyekti
(3-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
Ushbu Qonun EHM uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarini mualliflik huquqi obyektlari sirasiga kiritadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazifasi va afzalliklaridan qatʼi nazar, obyektiv shaklda ifodalangan, bosib chiqarilgan hamda bosib chiqarilmagan, muallif (hammualliflar) ijodiy faoliyatining natijasi boʻlgan, EHM uchun yaratilgan har qanday dasturlar va maʼlumotlar bazalariga nisbatan mualliflik huquqi tatbiq etiladi. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga mualliflik huquqi toki aksi isbotlanmagunga qadar saqlanib qolaveradi.
(3-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Qonun bilan beriladigan huquqiy muhofaza:
(3-modda uchinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
har qanday dasturlash tilida va har qanday shaklda ifodalanishi mumkin boʻlgan EHM uchun yaratilgan dasturlarning barcha xiliga (shu jumladan, operatsiya tizimlari va dasturiy majmualarga) nisbatan, boshlangʻich matn va obyekt kodiga nisbatan ham, shuningdek maʼlumotlarni tanlash va tashkil etish boʻyicha ijodiy mehnatning natijasi boʻlgan maʼlumotlar bazalariga nisbatan tatbiq etiladi;
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalari yohud ularning biron-bir qismiga asos boʻlgan gʻoyalar va prinsiplarga, shu jumladan interfeys hamda algoritm tashkil qilish gʻoyalari va prinsiplariga, shuningdek dasturlash tillariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4-modda. EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalariga nisbatan mualliflik huquqini eʼtirof etish shartlari
EHM uchun dasturlar yoki maʼlumotlar bazalariga nisbatan mualliflik huquqi ular yaratilgach yuzaga keladi. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mualliflik huquqi eʼtirof etilishi va roʻyobga chiqarilishi uchun roʻyxatdan oʻtkazish yoki oʻzga rasmiyatchiliklarga rioya etish talab qilinmaydi.
Mualliflik huquqi obyekti boʻlmagan materiallardan (asarlardan) tarkib topgan maʼlumotlar bazasiga nisbatan mualliflik huquqi maʼlumotlar bazasini yaratgan shaxslarga tegishli boʻladi.
Boshqa shaxsning mualliflik huquqi obyekti boʻlgan materiallarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mualliflik huquqi bunday materiallarning har biriga nisbatan mualliflik huquqiga rioya qilingan taqdirdagina eʼtirof etiladi.
Maʼlumotlar bazasiga kiritilgan materiallarning har biriga nisbatan mualliflik huquqi saqlanadi. Bu materiallar maʼlumotlar bazasidan qatʼi nazar ishlatilishi mumkin.
Maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mualliflik huquqi boshqa shaxslarning ushbu maʼlumotlar bazasiga kirgan materiallar va asarlarni mustaqil ravishda tanlashi va tashkil etishiga monelik qilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Huquq egasi oʻz huquqlaridan xabardor qilish maqsadida EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining birinchi bor bosib chiqarilishidan eʼtiboran mualliflik huquqining uch qismdan: doira yoki kichik qavs ichiga olingan “S” harfi; huquq egasining nomi (ismi); EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi birinchi bor bosib chiqarilgan yil koʻrsatilgan yozuvdan tarkib topgan muhofaza belgisini qoʻllashi mumkin.
(4-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalariga boʻlgan mualliflik huquqi ularning moddiy ashyosiga nisbatan mulk egaligi huquqi bilan aloqador emas. Moddiy ashyoga nisbatan boʻlgan huquqlarni oʻzgalarga har qanday tarzda berish EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalariga boʻlgan mualliflik huquqlaridan birortasining oʻzgalarga oʻtib qolishiga sabab boʻlmaydi.
5-modda. Mualliflik huquqining amal qilish muddatlari
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalariga boʻlgan mualliflik huquqining amal qilish muddatlari qonunchilikda koʻzda tutilgan mualliflik huquqi normalariga muvofiq belgilanadi.
(5-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 35-moddasi.
6-modda. Mualliflik, shaxsiy va mulkiy huquqlar
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga mualliflik, shuningdek muallifning (mualliflarning) yoki oʻzga huquq egasining shaxsiy va mulkiy huquqlari amaldagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining muallifi (mualliflari) yoxud oʻzga huquq egasi EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini modifikatsiyalashni, shu jumladan dasturni bir dasturlash tilidan boshqa tilga oʻtkazishni amalga oshirish va (yoki) amalga oshirishga ruxsat etish borasida mutlaq huquqqa ham egadir.
(6-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuni.
7-modda. Mulkiy huquqlarni oʻzgalarga oʻtkazish
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mulkiy huquqlar shartnoma boʻyicha oʻzga jismoniy yoki yuridik shaxslarga toʻliq yoki qisman oʻtkazilishi mumkin. Shartnoma yozma shaklda tuziladi va unda albatta quyidagilar belgilab qoʻyiladi: EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasidan foydalanish hajmi va usullari, haq toʻlash tartibi va mukofot puli miqdori, shartnomaning amal qilish muddati.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mulkiy huquqlar qonunda belgilangan tartibda meros boʻlib oʻtadi.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarorlik kodeksining V boʻlimiga qarang.
8-modda. Xizmat vazifalarini bajarish tartibida yaratilgan EHM uchun dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mulkiy huquqlar
Xizmat vazifalarini bajarish tartibida yoki ish beruvchining topshirigʻiga binoan yaratilgan EHM uchun dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mulkiy huquqlar ish beruvchiga, basharti u bilan muallif oʻrtasidagi shartnomada oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, tegishli boʻladi.
Haq toʻlash tartibi va mukofot puli miqdori muallif bilan ish beruvchi oʻrtasidagi shartnomada belgilab qoʻyiladi.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga nisbatan mulkiy huquqlarga ega boʻlgan tashkilot yoki korxona (mulkchilik shaklidan qatʼi nazar) qayta tashkil qilinsa, tarqatib yuborilsa yoki tugatilsa, barcha mulkiy huquqlar tegishli ravishda sudning yoki tugatish komissiyasining qaroriga koʻra muallifga (mualliflarga), davlatga yoki boshqa huquqiy vorisga oʻtkazilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
9-modda. EHM uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazish huquqi hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazish
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalariga nisbatan barcha shaxsiy va mulkiy yoki shartnomaga koʻra faqat mulkiy huquqlarga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasining, boshqa davlatlarning jismoniy yoki yuridik shaxslari dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazish huquqiga egadirlar. Huquq egasi EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini bevosita yoxud oʻz vakili orqali Dasturiy mahsulotlar davlat reyestrida yoki Maʼlumotlar bazalari davlat reyestrida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga (bundan buyon matnda Vazirlik deb yuritiladi) talabnoma berish orqali roʻyxatdan oʻtkazishi mumkin.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish soʻralgan talabnoma (bundan buyon matnda roʻyxatdan oʻtkazish talabnomasi deb yuritiladi) EHM uchun yaratilgan bitta dastur yoki bitta maʼlumotlar bazasiga taalluqli boʻlishi kerak.
Oldingi tahrirga qarang.
Roʻyxatdan oʻtkazish talabnomasi kelib tushgan sanadan eʼtiboran oʻn kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi (bundan buyon matnda Davlat muassasasi deb yuritiladi) kerakli hujjatlarning bor-yoʻqligini va qoidalarning talablariga qanchalik muvofiqligini tekshirib chiqadi. Tekshirish natijasi ijobiy boʻlsa, Vazirlik EHM uchun yaratilgan dasturni yoki maʼlumotlar bazasini tegishli Reyestrga kiritadi, talabnoma beruvchiga rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida yagona QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda elektron shaklda rasmiylashtirilgan guvohnoma yuboradi hamda roʻyxatdan oʻtkazilgan EHM uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalariga doir maʼlumotlarni Vazirlikning rasmiy axborotnomasida eʼlon qiladi.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Talabnoma beruvchi Davlat muassasasining soʻroviga koʻra yoki oʻz tashabbusi bilan maʼlumotlar rasmiy axborotnomada eʼlon qilinguniga qadar talabnoma materiallarini toʻldirishga, ularga aniqlik kiritishga va ularni tuzatishga haqlidir. Tekshirish natijasi salbiy boʻlsa, Davlat muassasasi talabnoma beruvchiga rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish rad etilganligini bildiruvchi hujjat yuboradi.
(9-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ-1080-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarini rasmiy roʻyxatdan oʻtkazish tartibi, shu jumladan roʻyxatdan oʻtkazish talabnomasini rasmiylashtirish qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan maʼmuriy reglament bilan belgilanadi.
Rasmiy roʻyxatdan oʻtkazilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma shakllarini va ularda koʻrsatiladigan maʼlumotlar tarkibini Vazirlik belgilaydi. Rasmiy axborotnomada eʼlon qilinadigan maʼlumotlar roʻyxati ham Vazirlik tomonidan belgilanadi.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasiga boʻlgan mulkiy huquqlarning oʻzgalarga oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi shartnomalar tomonlarning kelishuviga binoan Vazirlikda roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin.
Reyestrga kiritilgan maʼlumotlar toki aksi isbotlanmaguniga qadar toʻgʻri deb hisoblanadi. Koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun talabnoma beruvchi javobgar boʻladi.
EHM uchun yaratilgan dasturlarni yoki maʼlumotlar bazalarini roʻyxatdan oʻtkazish hamda EHM uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalaridan foydalanishga boʻlgan mulkiy huquqlarni boshqa shaxsga oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq yuridik ahamiyatga ega harakatlarni bajarganlik uchun davlat boji undiriladi. Roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat bojining miqdorlari va uni toʻlash muddatlari, davlat bojini toʻlashdan ozod qilish, uning miqdorlarini kamaytirish yoki uni qaytarib berish uchun asoslar, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazish uchun davlat boji summasidan foydalanish tartibi qonunda belgilanadi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 16-yanvardagi OʻRQ-896-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining miqdorlarining 15-bandi.
10-modda. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini boshqa davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarini boshqa davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazishga yoki ularni xalqaro miqyosda roʻyxatdan oʻtkazishga haqlidirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(10-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-312-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 555-modda)
11-modda. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasidan huquq egasi bilan tuzilgan shartnoma asosida foydalanish
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasidan boshqa shaxslarning (foydalanuvchilarning) foydalanishi huquq egasi bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi, ushbu Qonunning 13-moddasida koʻrsatilgan hollar bundan mustasno.
EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalari sotilganda yohud ommaviy foydalanuvchilar uchun berib qoʻyilganda shartnomalar tuzishning alohida tartibi qoʻllanishi, xususan EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarining berilayotgan nusxalarida shartnomaning tipik talablari bayon etib qoʻyilishi mumkin.
12-modda. EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalaridan erkin nusxa olish va ularning adaptatsiyasi
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining nusxasiga qonunan ega boʻlgan shaxs huquq egasidan qoʻshimcha ravishda ruxsat olmagan holda EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi oʻz vazifasiga monand ishlashi bilan bogʻliq har qanday harakatlarni amalga oshirishga, shu jumladan EHMga yozib qoʻyish va uning xotirasida saqlashga, shuningdek aniq koʻrinib turgan xatolarni tuzatishga haqlidir. EHMga yozib qoʻyish va uning xotirasida saqlashga, basharti, huquq egasi bilan tuzilgan shartnomada oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bitta EHM yoki shoxobchadagi bitta foydalanuvchiga nisbatan yoʻl qoʻyiladi.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining nusxasiga qonunan ega boʻlgan shaxs huquq egasining roziligini olmay va unga qoʻshimcha haq toʻlamay turib (basharti, shartnomada oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa), quyidagi harakatlarni amalga oshirishga haqlidir: EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini adaptatsiyalashga; EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi nusxasini, ushbu koʻchirma nusxa arxiv maqsadlarigagina moʻljallangan taqdirda va qonuniy tarzda olingan nusxani almashtirish uchun kerak boʻlib qolgan (EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining asl nusxasi yoʻqolib qolgan, yoʻq qilingan yoki yaroqsiz holga kelgan) taqdirda oʻzlari tayyorlashga yoki tayyorlash uchun topshiriq berishga. Bunda EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining koʻchirma nusxasidan yuqorida aytib oʻtilgan maqsadlardan boʻlak maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas va EHM uchun yaratilgan ushbu dasturdan yoki maʼlumotlar bazasidan bundan buyon foydalanish qonuniy boʻlmay qolsa, ular yoʻq qilinishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dastur nusxasiga haqli ravishda egalik qilayotgan shaxs mazkur dasturning kodlanishi va tuzilishini oʻrganish maqsadlarida uni muallifning yoki oʻzga huquq egasining yozma roziligi boʻlgan taqdirda yoki quyidagi hollarda bunday rozilik boʻlmasa ham dekompilyatsiya qilishi mumkin, agar:
dekompilyatsiya qilish natijasida olingan hamda mazkur shaxs tomonidan ishlab chiqilgan dasturning EHM uchun yaratilgan boshqa dasturlar bilan oʻzaro hamkor ishlashi uchun zarur axborotni boshqa manbalardan olish mumkin boʻlmasa;
EHM uchun yaratilgan dasturning faqat bunday hamkor ishlashini yoʻlga qoʻyish uchun zarur boʻlgan qismlarining oʻzi dekompilyatsiya qilinayotgan boʻlsa;
dekompilyatsiya natijasida olingan axborotdan ifodasiga koʻra EHM uchun yaratilgan, dekompilyatsiya qilinayotgan dasturga juda oʻxshash boʻlgan EHM dasturi ishlab chiqish, ishlab chiqarish yoki tarqatish uchun foydalanilmasa yoxud bunday axborot mualliflik huquqini buzadigan boshqa har qanday harakatni amalga oshirish uchun ishlatilmasa.
(12-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
13-modda. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi nusxasini erkin olib sotish
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi nusxasiga boʻlgan egalik huquqi yoki oʻzga mulkiy huquqlar ushbu nusxaga egalik huquqi birinchi marotaba sotilganidan keyin yoki boshqacha tarzda oʻzgaga oʻtkazilganidan keyin, huquq egasining roziligini olmay va unga qoʻshimcha haq toʻlamagan holda olib sotilishiga yoki boshqacha usulda oʻzgalarga oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
14-modda. Mualliflik huquqini muhofaza qilish
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasining muallifi va oʻzga huquq egalari:
huquqlari tan olinishini;
huquq buzilishiga qadar mavjud boʻlgan holat tiklanishini va huquqni buzayotgan yoki uning buzilishi xavfini tugʻdirayotgan xatti-harakatlar toʻxtatilishini;
yetkazilgan zarar uning miqdoriga huquqbuzar tomonidan gʻayriqonuniy olingan daromad summasini qoʻshgan holda qoplanishini;
Oldingi tahrirga qarang.
foyda koʻrgan huquqbuzardan yetkazilgan zarar qoplanishi oʻrniga bazaviy hisoblash miqdorining tegishli sud qarori bilan belgilanadigan yigirma barobaridan ming barobarigacha boʻlgan miqdorida tovon toʻlanishini;
(14-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ularning huquqlari muhofaza qilinishi bilan bogʻliq qonun hujjatlarida nazarda tutilgan oʻzga choralar koʻrilishini talab qilishga haqlidir.
(14-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasi muallifi va oʻzga huquq egalari oʻz huquqlari muhofaza qilinishini soʻrab tegishli sudga murojaat etishlari mumkin.
Sud EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarining mualliflik huquqi buzilgan holda tayyorlangan nusxalarini musodara etish va ularni yoʻq qilib yuborish toʻgʻrisida qaror chiqarishi mumkin. EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasidan bunday nusxalar olishda foydalaniladigan materiallar va uskunalar sudning qarori bilan budjet daromadiga oʻtkazilishi yohud daʼvogarning iltimosiga binoan zararlarni qoplash hisobiga berilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Uzbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuni.
15-modda. Mualliflik huquqining buzilishi
Huquq egalarining mutlaq huquqlariga taalluqli ushbu Qonun talablarining jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan bajarilmasligi mualliflik huquqining buzilishi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
EHM uchun yaratilgan dastur yoki maʼlumotlar bazasini oʻzganing nomi bilan chiqarish yohud undan gʻayriqonuniy ravishda nusxa olish yoki bunday asarlarni tarqatish qonunchilikda belgilangan tartibda maʼmuriy yohud jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 149-moddasiga.
Tayyorlanishi yoki ulardan foydalanilishi mualliflik huquqi buzilishiga olib keladigan EHM uchun yaratilgan dasturlar yoki maʼlumotlar bazalarining nusxalari qonunchilikda belgilangan tartibda olib qoʻyilishi lozim.
(15-moddaning ikkinchi va uchinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 157-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 26, 27, 290-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari
Chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar ushbu Qonunda nazarda tutilgan huquqlardan Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari bilan teng ravishda yoki oʻzarolik prinsipi asosida foydalanadilar.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 364-II-son Qonuniga muvofiq kiritilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 6-may,
1060-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 136-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 74-modda, 9-son, 165-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 555-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son; 07.01.2020-y., 03/20/600/0023-son, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 16.01.2024-y., 03/24/896/0037-son; 09.08.2025-y., 03/25/1080/0710-son)