Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) taʼkidlaydiki, Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi ishi parlament faoliyatini tartibga soluvchi Konstitutsiyaviy qonunlar, mamlakatimiz Prezidentining qator dasturiy maʼruzalari, farmonlari va qarorlari, “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi asosida tashkil etildi.
Hisobot davrida Qonunchilik palatasining faoliyati mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy jihatdan yanada rivojlantirish, huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga qaratildi.
Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi, parlament nazoratini amalga oshirish, deputatlarning saylov okruglaridagi ishlarini tashkil etish, murojaatlar bilan ishlash, xalqaro parlamentlararo aloqalarini rivojlantirish yoʻnalishlaridagi ishlari yangicha mazmun-mohiyat kasb etib, palata faoliyatiga sifat jihatidan yangi shakl va usullar joriy qilindi.
Jumladan, qonun loyihalarini qoʻmitalar va siyosiy partiyalar fraksiyalarida vazirliklar va idoralar vakillari ishtirokida muhokama qilishga ustuvor ahamiyat qaratildi. Fraksiyalarning qonun loyihalari boʻyicha fikrlari va takliflarini deputatlarga yetkazish, har tomonlama muhokama qilish tartibi qatʼiy belgilab qoʻyildi.
Oʻtgan davrda mamlakatimizni taraqqiy ettirishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan 96 ta qonun qabul qilinib, maʼqullash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborildi. Xususan, mehnat va shaharsozlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat va Shaharsozlik kodekslari, erdan samarali foydalanish boʻyicha “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, xavfsizlik sohasida “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi, “Transport toʻgʻrisida”gi, sud-huquq sohasidagi islohotlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan “Sudlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida qator qonunlar qabul qilindi.
Saylovchilar tomonidan koʻtarilgan masalalar hamda fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqib, deputatlar tashabbusi bilan 12 ta qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi.
Keyingi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan parlamentga qator yangi vakolatlar berildi. Bu vakolatlar ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirishda, davlat va jamiyatni rivojlantirishning strategik yoʻnalishlarini belgilashda deputatlar korpusining ishtirokini sezilarli darajada oshirdi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat dasturi bajarilishining borishi toʻgʻrisidagi hisobotlari har chorakda atroflicha koʻrib chiqildi. Bu Hukumatning xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini yanada oshirish, davlat dasturida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirish bilan birga deputatlarning islohotlar jarayonidagi faol ishtirokini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Oʻtgan davrda Oʻzbekistonning xalqaro shartnomalarda belgilangan majburiyatlari bajarilishi hamda xalqaro yoʻnalishda qabul qilingan “Yoʻl xaritalari” ijrosi ustidan parlament nazorati kuchaytirildi.
BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, aholi salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hukumat aʼzolari va tarmoq rahbarlarining hisobotlari qoʻmitalarda 24 marotaba eshitildi.
Joylarda aholi tomonidan koʻtarilgan dolzarb masalalar, fuqarolar murojaatlaridagi muammolarni hal etish, mansabdor shaxslarning qonunchilik hujjatlarining ijrosini taʼminlash borasidagi faoliyati ustidan parlament nazoratining taʼsirchanligi oshirildi.
Shundan kelib chiqib, hisobot davrida Qonunchilik palatasi majlislarida hukumat aʼzolari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyatiga doir masalalar yuzasidan 23 marotaba axboroti eshitildi, 7 marotaba “hukumat soati” oʻtkazildi hamda 16 ta parlament soʻrovi va 462 ta deputat soʻrovi yuborildi.
Deputatlarning har oy oxirgi haftasida bevosita saylov okruglariga chiqishi natijasida xalq vakillari oʻz saylovchilarining ehtiyojlari, muammolari va u erdagi vaziyat toʻgʻrisida axborot olishini taʼminlovchi barqaror mexanizm shakllandi.
Oʻtgan davrda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimi yangicha tashkil etildi. Murojaatlar bilan ishlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida murojaatlar bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi qoidalar tubdan qayta koʻrib chiqildi va takomillashtirildi. Qonunchilik palatasi Devoni tarkibida alohida boʻlinma — Murojaatlar bilan ishlash va fuqarolarning qabulini tashkil qilish sektori faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Sektorning kadrlar tarkibi son va sifat jihatdan kuchaytirildi.
Xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatida Oliy Majlisning faol ishtirokini taʼminlash hamda ularda Oʻzbekistonning tashabbuslarini ilgari surish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Qonunchilik palatasining 7 nafar deputati Parlamentlararo Ittifoq va MDH Parlamentlararo Assambleyasining tegishli qoʻmitalari hamda doimiy komissiyalari aʼzoligiga saylandi.
Oʻtgan davrda 2 ta xorijiy davlat parlamenti bilan parlamentlararo guruhlar tashkil etilib, hozirda Oliy Majlisda jami 52 ta xorijiy davlat parlamenti hamda Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan parlamentlararo guruhlar faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga hamohang tarzda Qonunchilik palatasi oʻz faoliyatini har qachongidan ochiq va oshkora olib borishga alohida eʼtibor qaratdi. Qonunchilik palatasi majlislarini ommaviy axborot vositalarida jonli efirga uzatish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi faoliyati tahlili bu borada hali oʻz yechimini kutayotgan qator masalalar mavjudligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqi subyekti sifatidagi oʻz vakolatidan foydalanishi yetarli darajada sezilmayapti. Elektorat manfaatlaridan kelib chiqib fraksiyalar aʼzolari tomonidan alohida qonun loyihalarini kiritish tashabbusi bilan chiqish kuzatilmadi.
Qonunchilik palatasi majlisi kun tartibiga kiritilgan aksariyat masalalar yuzasidan fraksiyalar hanuzgacha oʻzlarining qatʼiy fikrlarini bildira olmayapti.
Fraksiyalar va qoʻmitalar parlament nazorati shakllaridan hamma vaqt ham birdek samarali foydalanilmayapti. Shuningdek qoʻmitalar va deputatlar parlament nazorati natijalari boʻyicha “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasida berilgan vakolatlardan toʻliq foydalanmayapti.
Bugungi kunda parlament va deputat soʻrovi institutlaridan foydalanishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish talab etilmoqda. Ushbu soʻrovlarning soni koʻp boʻlsa-da, biroq ularda koʻtarilgan masalalarning hal etilish samaradorligi pastligicha qolmoqda.
Qoʻmitalar tomonidan qonun loyihalarini ishlab chiqish va nazorat-tahlil tadbirlarini oʻtkazish chogʻida, aksariyat hollarda, mazkur tadbirlarga ekspertlar guruhlari yetarli darajada jalb qilinmayapti, bu jarayonlarda ekspertlar guruhlarining oʻrni sezilmayapti.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bogʻliq qator masalalarni, joylarda fuqarolar tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni birgalikda koʻrib chiqish borasida qoʻmitalarning xalq deputatlari Kengashlari bilan hamkorligi lozim darajada yoʻlga qoʻyilmagan.
Fuqarolar qabulini tashkil etish, murojaatlar bilan ishlashning zamonaviy shakllaridan foydalanish koʻrsatkichi pastligicha qolmoqda. Murojaatchilarning masalalarini joylarga chiqib oʻrganish amaliyotidan yetarlicha foydalanilmayapti.
Qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan murojaatchilar tomonidan berilgan takliflarni qoʻmitalar majlislarida muhokama qilish yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, biroq ushbu amaliyot tizimli ravishda amalga oshirilmayapti.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi axborot maʼlumot uchun qabul qilinsin (ilova qilinadi).
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2021-yildagi faoliyati “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni, Qonunchilik palatasi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qator dasturiy maʼruzalari, farmonlari va qarorlari hamda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturidan kelib chiqib, tashkil etilganligi qayd etib oʻtilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilarni bezovta qilayotgan dolzarb masalalar boʻyicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskori boʻlganligi, axborot maydonida deputatlar faoliyati sezilarli darajada faollashganligi, aholini mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati toʻgʻrisida xabardor etishda ularning roli oshganligi qayd etib oʻtilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga:
keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida fraksiyaning 2021-yilgi faoliyati yakunlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etish;
deputatlarning qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish;
partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqib fraksiyalar aʼzolari tomonidan alohida qonun loyihalarini kiritish tashabbusi bilan chiqish;
saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan masalalar, joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda parlament nazorati shakllaridan samarali foydalanish;
Qonunchilik palatasi majlisiga kiritilgan masalalar yuzasidan fraksiyalarning qatʼiy fikrini bayon etishga ustuvor ahamiyat qaratish;
parlament nazorati yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlar ijrosi ustidan deputatlar nazoratining taʼsirchanligini yanada oshirish;
parlament nazorati subyektlari sifatida parlament nazorati natijalari boʻyicha qonunchilikda belgilangan vakolatlardan toʻliq foydalanish;
parlament va deputat soʻrovi institutlaridan foydalanishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid masalalarni, saylovchilar muammolarini birgalikda koʻrib chiqish borasida xalq deputatlari Kengashlari bilan hamkorlikni yanada jonlantirish;
fraksiyaning 2022-yildagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqish tavsiya etilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari:
keng jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida qoʻmitaning 2021-yilgi faoliyati yakunlari yuzasidan matbuot anjumani tashkil etish;
qonun loyihalarini ishlab chiqishning barcha bosqichida, shuningdek jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan har bir nazorat-tahlil tadbirini oʻtkazish chogʻida mazkur tadbirlarga ekspert guruhlarini faol jalb etsin va ularning imkoniyatlaridan keng foydalanish;
parlament nazorati tadbirlari yakunlari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning ijrosini tizimli ravishda monitoring qilish;
nazorat-tahlil tadbirlari yakunlariga bagʻishlangan qoʻmita majlislarini hududlarda ham oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
xalq deputatlari Kengashlardagi doimiy komissiyalar bilan hamkorlikni tizimli yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrish;
qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan murojaatchilar tomonidan berilgan takliflarni qoʻmita majlislarida muhokama qilish amaliyotidan samarali foydalanish;
muhim ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy ahamiyatga ega qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida uni jamoatchilik muhokamasiga, shu jumladan joylarda fuqarolar ishtirokidagi keng muhokamaga chiqarish;
oʻz faoliyat yoʻnalishlaridan kelib chiqib, qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil tadbirlarining natijadorligini oshirish yuzasidan jamoatchilik fikrini bilish maqsadida ijtimoiy tadqiqotlarga buyurtma berish hamda tadqiqotlar natijalaridan foydalanish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarni joylarga chiqib, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillarini jalb etgan holda oʻrganish amaliyotini tizimli yoʻlga qoʻyish;
Qonunchilik palatasining 2022-yil I yarim yilligidagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash choralarini koʻrsin.
6. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2022-yil 18-yanvar,
1751-IV-son