Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining
qarori
Xalqaro aloqalar va parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritalari”da belgilangan tadbirlarning bajarilish holati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlamentlararo sohada ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorligi tobora rivojlanib bormoqda. Oxirgi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida sifat jihatidan yangi, salmoqli ishlar amalga oshirildi. Etakchi xorijiy davlatlar parlamentlari, avvalo, yaqin qoʻshnilarimiz bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash yuzasidan aniq natijalarga erishildi.
Bu yoʻnalishda Oliy Majlis palatalari tomonidan 2020-yilning oʻtgan davrida 48 ta xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhlar tuzildi. Shuningdek Parlamentlararo Ittifoqdagi, EXHT Parlament Assambleyasidagi hamda “Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qoʻmitasidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining doimiy delegatsiyalari tarkibi tasdiqlandi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Parlamentlararo Ittifoqi, EXHT Parlament Assambleyasi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi-davlatlarining Parlamentlararo Assambleyasi bilan amaliy hamkorligi boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan rejasi qabul qilindi.
Bunda parlamentlararo hamkorlik mexanizmlari parlamentlararo muloqotni yoʻlga qoʻyish, tajriba almashish, jahon jamoatchiligini Oʻzbekistonning ichki hamda tashqi siyosatidan, mamlakatimizning boy maʼnaviy va madaniy merosidan, yurtimizda olib borilayotgan islohotlardan xabardor qilish vazifalari bilan cheklanib qolmaydi.
Ushbu vazifalarni hal qilish mexanizmlaridan biri qator mamlakatlar bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarishdan iboratdir.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi D. Fayziyevaning Oliy va yuqori darajada amalga oshirilgan tashriflar yakuni boʻyicha qabul qilingan “yoʻl xaritalari”dagi Qonunchilik palatasiga tegishli bandlar ijrosi yuzasidan belgilangan tadbirlarning bajarilish holati toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha guruhlari va komissiyalari ishini faollashtirish hamda amaliy hamkorlikni kengaytirishga oid” chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
* Hujjat ilovasi berilmaydi.
3. Chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarni oʻz vaqtida hamda sifatli bajarish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida hamkorlik boʻyicha tuzilgan parlamentlararo guruhlar va komissiyalarga Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan tayinlangan rahbarlar masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo qoʻmitasi hamda Qonunchilik palatasi Devonining Xalqaro aloqalar boʻlimi chora-tadbirlar rejasi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatib, uning ijrosi toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo qoʻmitasi, Qonunchilik palatasi Devonining Xalqaro aloqalar boʻlimi hamda Matbuot xizmati chora-tadbirlar rejasida belgilangan tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilishini taʼminlasin.
6. Chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan vazifalar va tadbirlarning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2020-yil 22-dekabr,
661-IV-son