Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri E. XALILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 26-yanvar,
451-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
HISOBOT
Hisobot yilida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mamlakatimizda siyosiy, demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash va fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirish borasidagi ishlarni davom ettirdi. Palata faoliyati jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan ilgari surilgan konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida deputatlar qabul qilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2006-yilga moʻljallangan faoliyatining asosiy yoʻnalishlari”ga muvofiq olib borildi.
Qonun ijodkorligi faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq amalga oshirildi. Qonun loyihalari uchta oʻqishda qabul qilinganidan keyin Senatga yuborildi. Qonunlar loyihalarini muhokama qilishda Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining faolligi ancha oshganligi koʻzga tashlandi, bu qonun ijodkorligi ishlarining sifatiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Qonun loyihalarining barchasi palata majlislariga kiritilishi oldidan siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokama qilindi. Siyosiy partiyalar fraksiyalarining qonun loyihalari ayrim normalarining mazmuni va tahriri boʻyicha muayyan takliflari qonunlarni qabul qilishda inobatga olindi. Shuningdek majlislar kun tartibiga siyosiy partiyalar fraksiyalarining takliflariga binoan qoʻshimchalar kiritish amaliyoti tatbiq etildi. Bu qoʻshimcha masalalar, qoida tariqasida, mamlakatimiz va jamiyatimiz hayotidagi jarayonlar va voqealarni aks ettirib, ular u yoki bu fraksiyaning fikriga koʻra, qonun chiqaruvchilarning darhol munosabat bildirishlarini talab etadi.
Hisobot davrida deputatlarning omilkorligi oshganligi koʻzga tashlandi, ular oʻzlarining qonunchilik tashabbusi huquqlarini faollik bilan roʻyobga chiqardilar. Bu ham muayyan ish tajribasi paydo boʻlganligining, ham qonun ijodkorligi texnikasiga oʻqitish hamda kompyuter savodxonligini oshirish yuzasidan palatada doimiy asosda oʻtkazilayotgan oʻquv mashgʻulotlari va seminar-treninglar natijasi boʻldi.
Chunonchi, deputatlar A. Saidov, M. Yoʻldoshev, H. Karimov, B. Dadaboyev, Z. Ubaydullayev tomonidan “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tayyorlanib, koʻrib chiqish uchun kiritildi. Qonun qabul qilindi va kuchga kirdi.
Deputatlar M. Mahametova va F. Komilov “Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 49-moddasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga kiritdilar. Qonun palata tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi. Deputatlar O. Axunova, A. Toʻxtashev va A. Shukurov “Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini, deputatlar A. Jumayev, A. Tursunov, A. Toʻxtashev va L. Gʻulomov esa “Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari boshliqlarini tayinlash va chaqirib olish tartibi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini kiritdilar. Ikkala qonun loyihasi palata tomonidan ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqish uchun tayyorlanmoqda.
Deputatlar, siyosiy partiyalar fraksiyalarining qonun ijodkorligi ishidagi qizgʻin faoliyati palata tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar sifatiga va umuman, deputatlar faoliyatining samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Ishchi guruhlari tarkibida vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning rahbarlari, tegishli ixtisoslikdagi mutaxassislar, qonun loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish masalalari boʻyicha jamoatchilik ekspert guruhlari aʼzolarining ishtirok etganligi ham qonun loyihalari ustida olib borilgan ishlarning sifati oshishiga koʻmaklashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2006-yilga moʻljallangan faoliyatining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq 103 ta qonun loyihasini koʻrib chiqish rejalashtirilgan edi, shu jumladan Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi tomonidan 19 ta qonun loyihasi rejalashtirilgan (18 ta qabul qilingan), Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi — 19 ta (16 ta), Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi — 11 ta (4 ta), Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi — 9 ta (2 ta), Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi — 12 ta (18 ta), Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi — 12 ta (9 ta), Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi – 2 ta (qabul qilinmadi), Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi — 4 ta (2 ta), Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi — 5 ta (1 ta), Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi — 10 ta (2 ta). Bundan tashqari, 15 dan ziyod qonun loyihasi ham birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Palata majlislarida bildirilgan mulohazalar va takliflar hisobga olingan holda mazkur qonun loyihalari borasidagi ishlar davom ettirilib, tegishli qoʻmitalar tomonidan ikkinchi va uchinchi oʻqishlarda kiritish uchun tayyorlanmoqda.
Umuman olganda, 70 dan ziyod qonun qabul qilindi va ular maʼqullash uchun Senatga yuborildi.
Qonun ijodkorligi faoliyatini tahlil etgan holda shuni taʼkidlash kerakki, rejalashtirilgan qonun loyihalarining bir qismi ular qonunchilik tashabbusi subyektlaridan yetib kelmaganligi tufayli koʻrib chiqilmadi. Bu, shuningdek palata qoʻmitalari ishining tegishli idoralar bilan muvofiqlashtirilmaganligi natijasidir. Xususan, Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi tomonidan 2 ta qonun loyihasini (“Davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish toʻgʻrisida”gi va “Tuproq unumdorligi toʻgʻrisida”gi) kiritish rejalashtirilgan edi, lekin ulardan hech biri Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun tayyorlangani yoʻq.
“Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi, “Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga oʻtkazilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi ayrim qonun loyihalarini koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan 2007-yilga koʻchirildi.
Qonunchilik palatasi mamlakatda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator qonunlarni ham qabul qildi. “Avtomatlashtirilgan bank tizimida axborotni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun shular jumlasidan boʻlib, u banklarning axborot xavfsizligini taʼminlash, shuningdek avtomatlashtirilgan bank tizimidagi axborotni ruxsatsiz foydalanishdan, nusxa olishdan va tizimga aralashuvning boshqa shakllaridan muhofaza qilish maqsadlariga qaratilgan.
“Isteʼmol krediti toʻgʻrisida”gi Qonun aholiga salmoqli moliyaviy yordam koʻrsatish uchun huquqiy asos yaratadi va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining oʻzlari ishlab chiqaradigan tovarlarni realizatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.
“Mikromoliyalashtirish toʻgʻrisida”gi va “Mikrokredit tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari tadbirkorlik subyektlari va aholining moliyaviy mablagʻlar hamda xizmatlardan foydalanishini kengaytirishga, ularning ishchanlik faolligini oshirishga, mikromoliyaviy xizmatlar bozorini va tadbirkorlikni rivojlantirishga, mikrokredit tashkilotlari faoliyatini tashkil etishga, shuningdek mazkur masalalarga doir yagona huquqiy bazani shakllantirishga qaratilgan.
“Soliq maslahati toʻgʻrisida”gi Qonun soliq maslahati sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soladi, mustaqil moliya nazorati tizimining amalga oshirilishi va ishlashi bilan bogʻliq munosabatlarni yoʻlga qoʻyadi. Qonun mulkdor va davlatning mulkiy manfaatlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va manfaatlari himoya qilinishiga koʻmaklashadi, bu ularning rivojlanishini ragʻbatlantirish borasidagi qoʻshimcha chora boʻladi.
“Ipoteka toʻgʻrisida”gi Qonun uy-joy qurilishi sohasida, ayniqsa qishloqdagi uy-joy qurilishi sohasida bozor munosabatlarini rivojlantirishning muhim huquqiy mexanizmiga aylanishi kerak. Qonun majburiyatlarni taʼminlash usuli sifatida koʻchmas mulk garovi qoʻllanganda, shu jumladan uy-joy qurilishini ipoteka kreditlashida yuzaga keladigan munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga yoʻnaltirilgan.
“Firma nomlari toʻgʻrisida”gi Qonun firma nomiga boʻlgan huquqlarning sud tomonidan himoya qilinishini kafolatlaydi. U firma nomlarini muhofaza va himoya qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek insofsiz raqobatning oldini olish uchun ishonchli huquqiy baza yaratilishini taʼminlaydi.
“Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonun xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavfsizlikni hamda ulardan foydalanuvchi tashkilotlarning avariyalar oqibatlarini bartaraf etish va tugatishga shayligini taʼminlashga koʻmaklashadi. Qonunda xavfli ishlab chiqarish obyektini tashkil etish va uning faoliyatining barcha bosqichlaridagi, uni loyihalashtirishdan tortib, to obyektni foydalanishdan chiqarishga qadar boʻlgan barcha bosqichlardagi sanoat xavfsizligi talablari belgilab qoʻyilmoqda.
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonun adabiyot va sanʼat asarlari, xalq ijodiyoti asarlari, efir va kabel orqali koʻrsatuv yoki eshittirishlar dasturlari yaratish, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda koʻrsatuv yoki eshittirish beruvchi tashkilotlarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi mualliflik huquqlarini muhofaza qilish samaradorligini jiddiy ravishda oshiradi. Qonunga xalqaro konvensiyalarning yuqorida koʻrsatib oʻtilgan masalalarga doir bir qator qoidalari kiritilganligi mamlakatimizning xalqaro axborot maydoniga keng uygʻunlashuvi uchun shart-sharoit yaratadi. Mazkur Qonun qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy sohalardagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirishni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan ishlar olib borildi. Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirish, intellektual mulkni muhofaza etishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan “Belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Madrid bitimini (Madrid, 1891 yil 14-aprel) denonsatsiya qilish haqida”gi va “Oʻzbekiston Respublikasining Belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Madrid bitimiga doir Bayonnomaga (Madrid, 1989-yil 27-iyun) qoʻshilishi haqida”gi qonunlar ana shu maqsadlarga xizmat qiladi. Ular mamlakatimizning intellektual mulkni muhofaza qilishning xalqaro tizimiga yanada uygʻunlashuviga, milliy qonun hujjatlarimizning hozirgi umum qabul qilingan normalar va standartlarga, shu jumladan Umumjahon intellektual mulk tashkiloti talablariga muvofiqligini taʼminlashga yordamlashadi, bu esa mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish imkonini beradi.
Hisobot davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi boshqa mamlakatlar bilan siyosiy va iqtisodiy sohalardagi oʻzaro foydali munosabatlarni kengaytirish imkoniyatini beradigan jami 6 ta bayonnoma, 4 ta shartnoma, 2 ta bitim, 2 ta konvensiya va 4 ta tuzatuvchi hujjatni ratifikatsiya qildi.
“Hakamlik sudlari toʻgʻrisida”gi Qonun ham doimiy faoliyat koʻrsatuvchi, ham muvaqqat hakamlik sudlari tashkil etilishini nazarda tutadi. Nizolashayotgan taraflarning hakamlik sudyalarini tadbirkorlikning aniq bir sohasiga ixtisoslashgan shaxslar orasidan tanlab olish imkoniyati, nizoni hal qilishning soddalashtirilgan tartib-taomili va tezkorligi, chiqimlarning oz boʻlishi, hakamlik muhokamasiga taalluqli axborotning maxfiyligi va boshqa shu kabi qoidalar qonun yoʻli bilan mustahkamlab qoʻyilayotgan nizolarni hal qilish tizimidagi afzalliklar jumlasiga kiradi. Hakamlik sudlarining tashkil etilishi sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish, davlat va jamiyat qurilishining ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish, “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” degan prinsipni roʻyobga chiqarish yoʻlidagi muhim qadam boʻladi.
Mazkur prinsipning izchil roʻyobga chiqarilishi siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining eng muhim davlat masalalarini hal etishdagi tutgan oʻrni va taʼsirini kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilishni taqozo etdi. Qoʻyilgan maqsad va vazifalarni bajarish uchun “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahriri va “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Qonun ommaviy axborot vositalarini tashkil etish hamda ularning faoliyati sohasida vujudga keladigan munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishni yanada takomillashtirishga, shuningdek jamiyat hayotini demokratlashtirish va erkinlashtirish sharoitida Oʻzbekiston aholisining axborotga boʻlgan ehtiyojlarini yanada toʻlaroq qondirishga qaratilgan. “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlarini belgilaydi, ularning huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi, ijtimoiy sheriklikni kengaytiradi va bu tashkilotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmini takomillashtiradi.
Qonun loyihalarini tayyorlash va Qonunchilik palatasiga kiritish tartib-taomillarini takomillashtirish, qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun loyihalarini tayyorlashga doir faoliyatini, fuqarolar va nodavlat tashkilotlarning davlat organlari bilan qonun loyihalarini tayyorlash chogʻidagi oʻzaro munosabatlarini tartibga solish maqsadida “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi.
Amaldagi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonunlar soni hisobot davrida ancha koʻpaydi, bu mamlakat taraqqiyoti va huquqni qoʻllash amaliyotining ilgari qabul qilingan qonunlarni takomillashtirish zaruriyatini keltirib chiqargan yangi bosqichidan dalolat beradi. Ularning orasida “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun ham bor. U shaharsozlik sohasini, eng avvalo, shaharlar, shaharchalar hamda qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek shaharsozlikka doir hujjatlarni tayyorlash masalalarini huquqiy jihatdan tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan boʻlib, shaharsozlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari roʻyxatini kengaytiradi.
“Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik, Uy-joy kodekslariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish hamda “Davlat uy-joy siyosatining asoslari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish haqida”gi Qonunning qabul qilinishi koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulk tarkibini aniqlashtiradi, uy-joy fondini boshqarish, saqlash va taʼmirlash, ushbu sohadagi huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq qoidalarni qayta koʻrib chiqadi, shuningdek umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish xususiyatlarini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga yangi huquqiy normalar kiritildi. Ular pornografik mahsulotni va milliy, irqiy, diniy adovatni targʻib qiladigan materiallarni tayyorlaganlik, tarqatganlik hamda saqlaganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytiradi, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga ekstremistik diniy adabiyotlar olib kirishning oldini oladi. Qonun mamlakat axborot maydonini, fuqarolarning, ayniqsa, yoshlarning maʼnaviyati, axloqini himoya qilishga koʻmaklashadi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 8, 71-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayoniga katta taʼsir koʻrsatadi. Ushbu Qonunga muvofiq mikrofirmalar va kichik korxonalarga yagona soliq toʻlovi toʻlashni nazarda tutadigan soliq solish tizimiga oʻtish huquqi beriladi.
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga qoʻshimcha kiritish haqida”gi Qonun tijorat banklariga yangitdan tashkil etilgan “Mikrokreditbank”ning ustav kapitalida ishtirok etish uchun sharoit yaratadi, bu esa pirovardida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga yordamlashadi.
Avtomototransport vositalarini olish, roʻyxatdan oʻtkazish, ulardan foydalanish, ularni ijaraga va boshqa shaxslarga berish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarga ega boʻlmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarganlik uchun javobgarligini kuchaytirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga, Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga va “Notariat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.
“Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish kiritish haqida”gi Qonun avtomobil transportida yoʻlovchilar tashish sohasidagi faoliyatni tartibga solish, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash hamda xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirishga qaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kiritilgan transport vositasini boshqarish paytida haydovchilarning telefondan foydalanishini taqiqlashni nazarda tutuvchi qoʻshimchalar ham yoʻllarda avariyalarning kamayishiga olib keladi.
“Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun ish bilan band boʻlmagan aholini ishlab chiqarish faoliyatiga keng jalb etish, kasanachilik mehnatidan foydalanish hisobiga oilalarning daromadlarini koʻpaytirish, fuqarolarning mehnat va bunyodkorlik faolligini oshirish uchun huquqiy sharoitlar yaratadi. Qonun imtiyoz va preferensiyalar berish orqali koʻplab korxonalarni kasanachilardan iborat kooperatsiyalarni rivojlantirishga jalb etish, turar joy binolaridan kasanachilik mehnatini amalga oshirish uchun foydalanish borasidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga koʻmaklashadi.
“Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi va ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun amaldagi oʻnta qonun hujjatiga tegishli tuzatishlar kiritadi. Bu normalar shunday jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirishning huquqiy negizini ancha kengaytiradi.
“Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun mamlakatimizga kirish va undan chiqib ketish tartibi, shuningdek Oʻzbekiston hududida boʻlish qoidalarining Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan soʻzsiz bajarilishini taʼminlashga qaratilgandir.
“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga oʻzgartish kiritish haqida”gi Qonun mavjud amaliyotni garov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan. Ushbu Qonunga muvofiq koʻchmas mulk garovi toʻgʻrisidagi shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish chogʻida davlat boji emas, balki tegishli haq olinadi. Shu munosabat bilan davlat boji toʻlashdan ozod qilishga doir normalar “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonundan chiqarib tashlandi.
“Mudofaa toʻgʻrisida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervidagi xizmat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun mamlakat mudofaa qobiliyatini taʼminlash, harbiy va muqobil xizmatni, shuningdek rezervdagi xizmatni oʻtash masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda hukumatining vakolatlari chegaralarini belgilaydi.
Deputatlar yil davomida Davlat budjeti ijrosini koʻrib bordilar, mamlakatning 2007-yilgi asosiy moliyaviy hujjatini, avval boʻlganidek, uning ijtimoiy yoʻnaltirilganligiga asosiy eʼtiborni qaratgan holda batafsil muhokama qildilar va tasdiqladilar. Buning natijasida iqtisodiy islohotlar va budjet-soliq siyosatining ustuvor yoʻnalishlari hisobga olingan holda tayyorlangan Davlat budjeti ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarni yanada rivojlantirishni taʼminlash imkoniyatini beradi. Unda xususiy sektor va kichik biznesni rivojlantirish, ishlab chiqarishning barqaror oʻsishini taʼminlash, mahsulot eksportini ragʻbatlantirish, investitsiyalardan, xomashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek aholining moddiy farovonligini yuksaltirish uchun moliyalashtirish va tegishli imtiyozlar berish nazarda tutilgan. Davlat budjetida yangi ish oʻrinlari yaratish, aholining aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlash, yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan bir qator soliqlar boʻyicha stavkalarni pasaytirish, taʼlim va sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga yoʻnaltiriladigan davlat xarajatlari ulushining oʻsishi nazarda tutilgan.
Nazorat-tahlil ishlari rejalariga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmitalari qonunlar, konvensiyalar, milliy dasturlar ijrosini nazorat qilish tartibida 40 dan ziyod masalani koʻrib chiqdi. Nazorat-tahlil faoliyati Qoraqalpogʻiston Respublikasi, mamlakatimizning barcha viloyatlari, Toshkent shahri, shuningdek bir qator vazirliklar, idoralar, davlat kompaniyalari va milliy kompaniyalarda amalga oshirildi. Masalan, Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning Buxoro viloyatida, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturining Fargʻona viloyatida, Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonunning Navoiy viloyatida, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida”gi BMT Konvensiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi “Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonunning “Oʻzbekenergo” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan, Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning Surxondaryo viloyatida, Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt 22-moddasi 1-bandining (...assotsiatsiyalar tuzish, jumladan kasaba uyushmalari tashkil etish erkinligi va oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun shunday uyushmalarga kirish huquqi haqidagi) Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi “Aloqa toʻgʻrisida”gi Qonunning “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ijro etilishini oʻrgandilar.
Shuni qayd etish kerakki, qonunlar ijrosi oʻrganilganda manfaatdor vazirliklar, idoralar, hokimliklar qonunlar va normativ hujjatlarni oʻz quyi tuzilmalariga yetkazmaganligi holatlari aniqlandi. Masalan, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning Buxoro viloyatida ijro etilishi oʻrganilganda viloyatda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruxsatnomalar berish hamda ularni roʻyxatdan oʻtkazish muddatlari buzilishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan ortiqcha hujjatlar va yigʻimlar talab qilinishi aniqlandi.
Oʻrganish natijalari qoʻmitalar majlislarida markaziy va mahalliy hokimiyat organlari, tashkilotlar rahbarlari, boshqa manfaatdor shaxslar ishtirokida tahlil etildi hamda muhokama qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tavsiyalar ijrosi nazoratga olindi, muhokama natijalari ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda eʼlon qilib borildi.
Umuman olganda, qoʻmitalarning hisobot davridagi nazorat-tahlil faoliyati yakunlarining tahliliga koʻra shuni taʼkidlash joizki, qonunlarning joylardagi ijrosini tekshirish paytida deputatlar hamda tekshirishlarga jalb etilgan mutaxassislar aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni bartaraf etishda amaliy yordam koʻrsatdilar. Qonunlarning mohiyatini tushuntirish boʻyicha talay ishlar amalga oshirildi. Qonunlarni takomillashtirish hamda ularning ijro mexanizmi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ishchi guruhlari tarkibida tajribali mutaxassislar, ekspertlarning ishtirok etganligi amaldagi qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan asosli takliflar tayyorlash imkoniyatini berdi.
Tekshirishlar yakunlarini tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari ishtirokida qoʻmitalarning sayyor majlislarida, hokimliklardagi kengashlarda koʻrib chiqish amaliyoti tarkib topdi. Bu rahbar xodimlarning amaldagi normativ hujjatlarga ogʻishmay rioya etish borasidagi masʼuliyati yuqori darajada boʻlishini taʼminlash imkoniyatini berdi va aholining huquqiy madaniyati yuksalishiga koʻmaklashdi.
Deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini muhokama qildilar va tasdiqladilar.
Siyosiy partiyalarning 2005-yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlari amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq palata tomonidan koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2005-yil 12-13-may kunlari Andijon shahrida roʻy bergan voqealarni tekshirish boʻyicha mustaqil komissiyasi ishining yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni eshitdi va tasdiqladi. Andijon shahrida amalga oshirilgan, alohida olingan mintaqada hokimiyatni qoʻlga kiritish va mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga, mavjud konstitutsiyaviy tuzumni oʻzgartirish hamda islom davlatini tuzishga qaratilgan terrorchilik harakatlarining rejalashtirilgan va muvofiqlashtirilgan xususiyatga ega boʻlganligini koʻrsatgan holda, Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimovning oʻz vaqtida, vazminlik va izchillik bilan qilgan harakatlari tufayli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan terrorchilarning Konstitutsiyaga zid xatti-harakatlariga barham berish yuzasidan qonuniy choralar koʻrilganligini taʼkidladi.
Palataning majlislarida Tojikiston alyuminiy zavodi salbiy taʼsir koʻrsatayotgan mintaqadagi ekologik vaziyat haqidagi masalani oʻrganish boʻyicha Qonunchilik palatasi komissiyasi ishining borishi toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi. Komissiya faoliyati davom ettirilmoqda.
Hisobot davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalari yanada rivojlandi, parlament delegatsiyalarini almashish kengaydi. Hisobot davri mobaynida palatada 50 dan ziyod delegatsiya, shu jumladan 19 ta parlament delegatsiyasi qabul qilindi:
Finlyandiya Respublikasining Parlament Tashqi ishlar qoʻmitasi raisi Liysa Yakonsaari xonim boshchiligidagi delegatsiyasi;
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat Dumasining Raisi B. Grizlov;
Germaniya-Markaziy Osiyo parlament guruhining raisi Xedi Vegener xonim;
Rossiya Federatsiyasining Davlat Dumasi MDH ishlari va vatandoshlar bilan aloqalar qoʻmitasi raisi A. Kokoshin boshchiligidagi delegatsiyasi;
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining (Parlamentining) Birlashish, tashqi ishlar va savdo qoʻmitasi raisi janob Lim Chyo Jong;
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining moliyaviy va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi janob Pak Jong Kin boshchiligidagi Koreya Respublikasi delegatsiyasi;
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Raisi S. Mironov;
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining qurilish va transport boʻyicha qoʻmitasi raisi janob Xo Vun Li boshchiligidagi Koreya Respublikasi delegatsiyasi;
Malayziya Parlamenti Vakillar Palatasining Spikeri janob Tan Sri Dato Ramli bin Ngax Talib;
Germaniya Federativ Respublikasining Tyuringiya Oʻlkasi parlamenti raisi Dagmar Shipanski xonim boshchiligidagi delegatsiyasi;
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Devoni Bosh kotibining oʻrinbosari janob Chon Xa Son boshchiligidagi Koreya Respublikasi delegatsiyasi;
Germaniya Bundestagining Deportatsiya qilinganlar, qochoqlar va koʻchib kelganlar ishlari boʻyicha XDS/XSS fraksiyasining janob Y.K. Fromme boshchiligidagi delegatsiyasi;
Afgʻoniston Parlamenti Senatining Raisi janob Sebgatullo Mojaddedi;
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Birlashish, tashqi ishlar va savdo qoʻmitasi aʼzosi janob Chin Yong boshchiligidagi delegatsiyasi;
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Milliy siyosat masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi janob Byong Sok Pak;
GFR Bundestagi Raisining oʻrinbosari doktor Xerman Otto Zolms;
Germaniya Federativ Respublikasining Inson huquqlari va gumanitar yordam boʻyicha Bundestag qoʻmitasi Raisi oʻrinbosari janob X.Xaybax boshchiligidagi delegatsiyasi;
Xitoy Xalq Respublikasining Butunxitoy Xalq Vakillari Majlisi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi raisi janob Szyan Enchju boshchiligidagi delegatsiyasi;
Afgʻoniston Parlamenti Quyi palatasining Xalqaro ishlar boʻyicha qoʻmitasi raisining oʻrinbosari janob Shokir Korgar (Afgʻoniston energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya tarkibida) shular jumlasidandir.
Parlamentlararo aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirish, parlament ishi bilan tanishish hamda tajriba almashish maqsadida hisobot davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 15 ta delegatsiyasi chet mamlakatlarga tashrif buyurdi.
Chunonchi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasining Misr Arab Respublikasiga rasmiy tashrifi boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi delegatsiyasi, shuningdek Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo mamlakatlar parlamentlari raislarining Moskva shahridagi birinchi uchrashuvida ishtirok etdi. Uchrashuvda hamkorlikning turli qirralarini huquqiy jihatdan taʼminlash, qonunchilik va yuridik axborot sohasida tajriba almashish, ShHTga aʼzo davlatlarning qonun hujjatlarini uygʻunlashtirishda mazkur davlatlar parlamentlarining roli muhim ekanligi qayd etildi. Kollektiv xavfsizlikni taʼminlash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishi, terrorchilikka qarshi tadbirlar oʻtkazish, gumanitar sohada hamkorlik qilish ShHTga aʼzo mamlakatlar hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari ekanligi taʼkidlandi. Qonun hujjatlarini uygʻunlashtirish va hujjatlarning oʻz vaqtida ratifikatsiya qilinishini taʼminlash uchun maslahat organi tuzish zarurligi aytib oʻtildi.
Oʻzbekiston Respublikasining Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga aʼzo mamlakatlar bilan hamkorligining eng muhim masalalari, shu jumladan Oʻzbekistonning mazkur tashkilotga kirishi bilan bogʻliq (Yevrosiyo Parlamentlararo Assambleyasi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, Assambleya doimiy komissiyalari sonini koʻpaytirish haqidagi va boshqa) masalalar Yevrosiyo Parlamentlararo Assambleyasining Minsk shahrida (Belarus Respublikasi) boʻlib oʻtgan majlisida muhokama qilindi.
Mamlakatimiz parlamentining ShHT va Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatining tegishli tuzilmalari faoliyatida faol ishtirok etishi mamlakatimizning xalqaro maydonda tutgan oʻrni va obroʻsi oshishiga koʻmaklashadi.
Qonunchilik palatasi vakillari “Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish” YevropEyd KES dasturi loyihasini roʻyobga chiqarish doirasida Rossiya, Avstriya va Portugaliya parlamentlari faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Qonunchilik palatasi tomonidan 2006-yilda oʻtkazilgan 180 dan ziyod konferensiya, seminar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarda qonunlar loyihalari konsepsiyalari muhokama qilindi, mamlakatimiz hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy va madaniy sohalaridagi oʻzgarishlarning nazariy hamda amaliy jihatlari koʻrib chiqildi. Ularning bir qismi Homiylar va shifokorlar yiliga bagʻishlandi. Tadbirlar, qoida tariqasida, vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarning, turli nohukumat tashkilotlarning vakillari, mamlakatimiz va xorijdagi yetakchi olimlar, tegishli ixtisoslikdagi ekspertlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida oʻtkazildi. Mazkur tadbirlarda ishlab chiqilgan hamda joylarga yoʻllangan tavsiyalar fuqarolarning huquqiy va siyosiy madaniyati muayyan darajada oʻsishiga koʻmaklashdi.
Masalan, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi huquqshunos olimlar, oliy oʻquv yurtlari va boshqa tashkilotlarning vakillari ishtirokida “Qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirish: tajriba va muammolar” mavzuida konferensiya oʻtkazdi. Homiylar va shifokorlar yili munosabati bilan Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi “Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish: yutuqlar va muammolar” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi “Homiylik faoliyatining huquqiy asoslari” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi, Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi esa “Saxovatlilik oʻzbek xalqining oliyjanoblik va insoniylik fazilatidir” mavzuida davra suhbati oʻtkazdi. Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi “Janubiy Orolboʻyi mintaqasida biologik xilma-xillikni saqlab qolishning dolzarb muammolari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi “Jamiyatni axborotlashtirishning dolzarb muammolari va istiqbollari” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya, Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi “Soliq maslahatini tashkil etish va rivojlantirish masalalari” mavzuida seminar, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi “Terrorizmga qarshi kurashish — hozirgi davrning dolzarb masalasi” mavzuida ilmiy-amaliy seminar, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi “Parlament faoliyatini rivojlantirish va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro seminar, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi “Kommunal sohada bozor munosabatlarini shakllantirishdagi muammolar va bu borada qonunchilikni takomillashtirish yoʻllari” mavzuida davra suhbati oʻtkazdilar va hokazo.
Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish zarurati fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini sezilarli darajada oshirishni, davlat qurilishini demokratlashtirishning va ijtimoiy taraqqiyotning bugungi voqeliklari hamda talablarini hisobga olgan holda siyosiy partiyalarning davlat va jamiyat hayotidagi roli hamda oʻrnini kuchaytirishga qaratilgan yangi qarorlar qabul qilishni, inson manfaatlari, odamlarning xohish-irodasi hamda fikrlarini toʻlaroq inobatga olishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda mamlakatimiz Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonun, “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga) tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida”gi, shuningdek “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalarini kiritdi.
Qonunchilik palatasi mazkur qonunlar loyihalarini siyosiy partiyalarning deputatlar fraksiyalari va palata qoʻmitalari tomonidan muhokama qilish hamda tushuntirish ishlari olib borishga doir tadbirlar rejasini tasdiqladi. Rejaga muvofiq saylovchilar bilan uchrashuvlar, konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, fraksiyalar va qoʻmitalar majlislari oʻtkazildi, shuningdek ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish ishlari olib borildi. Bu yoʻnalishdagi ishlar davom ettirilmoqda.
Hisobot yilida “Parlamentning qonunchilik va institutsional salohiyatini takomillashtirish” loyihasi xodimlari deputatlarga ishda muayyan yordam va koʻmak berdilar. Jumladan, ular tomonidan deputatlar uchun alohida kompyuterlar oʻrnatilib, kompyuter tarmogʻi texnik jihatdan modernizatsiya qilindi, deputatlar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha oʻqitildi. Deputatlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida hisobot davrida loyiha tomonidan chet ellik ekspertlar ishtirokida konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari oʻtkazildi. Chunonchi, loyiha tomonidan 2006-yil avgust oyida Qonunchilik palatasi deputatlari va Devoni xodimlarining kasbiy malakalarini takomillashtirish boʻyicha toʻrt kunlik seminar-trening tashkil etildi.
Oʻtgan yili fuqarolarning xatlari, arizalari va murojaatlari bilan ishlashga katta eʼtibor qaratilib, bu ish “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshirildi. 2006-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga 3557 ta yozma murojaat, shu jumladan salkam 600 ta takroriy murojaat tushdi. Yozma murojaatlar soni 2005-yildagiga nisbatan koʻpaydi.
Koʻpgina shikoyatlar va arizalarda fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kommunal xizmatlar koʻrsatish korxonalari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan (joriy va kapital taʼmirlash oʻtkazilmasligi, kvartiralarda issiq va sovuq suvning yoʻqligi, gaz va elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar mavjudligi va boshqa shu kabilar haqidagi) noroziligi ifoda etilgan. Turli darajadagi sudlarning hukmlari va hal qiluv qarorlaridan norozilik bayon etilgan xatlar kelishi davom etmoqda. Xatlarning aksariyati Toshkent shahri, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridan tushdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatiga taalluqli murojaatlar palata rahbariyati tomonidan va qoʻmitalarda koʻrib borildi. Deputatlar fuqarolarni Qonunchilik palatasida ham, saylov okruglarida ham qabul qildilar. Fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati tegishli hokimliklar, sudlar, prokuratura organlari, vazirliklar, idoralar, boshqa mutasaddi organlarga koʻrib chiqish uchun yuborildi. Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash Qonunchilik palatasi rahbariyati, deputatlari va Devonining doimiy nazorati ostida boʻldi.
Hisobot yilida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Kengashi 24 ta majlis oʻtkazdi. Ularda palata faoliyatini samarali tashkil etish, qoʻmitalar ishini muvofiqlashtirish masalalari koʻrildi, Qonunchilik palatasining ish rejalari va majlislarining kun tartiblari shakllantirildi, qonun loyihalari muhokama qilindi va hokazo. Kengash qoʻmitalarning puxta hamkorlik qilishini, qonun loyihalari va palata vakolatiga taalluqli boshqa masalalar Qonunchilik palatasi muhokamasiga oʻz vaqtida kiritilishini taʼminladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining oʻzaro hamkorlik harakatlarini tashkil etish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash toʻgʻrisidagi nizom asosida Senat bilan amalga oshirilayotgan puxta oʻzaro hamkorlikni taʼminlashga doir ishlar hisobot davrida davom ettirildi.
Qonunchilik palatasining hisobot yilidagi faoliyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi. Bunda siyosiy partiyalar fraksiyalari, palata qoʻmitalari va Devonining qizgʻin faoliyati katta yordam berdi. Qonunchilik palatasining 2006-yildagi ishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalari orqali berib borilgan maqolalar, chiqishlar va intervyularning umumiy soni 2100 dan ziyodni tashkil etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari, maqsadli vazifalari hisobga olingan holda 2005-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan qonunchilik faoliyati dasturini bajarishga doir ishlar mamlakat va jamiyat oldida turgan yangi vazifalardan kelib chiqib, 2007-yilda davom ettiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 1-son, 16-modda)