Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 24-yanvar,
719-I-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yildagi faoliyati toʻgʻrisida
HISOBOT
Hisobot yilida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2005-yil 28-yanvarda boʻlib oʻtgan qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tomonidan ilgari surilgan jamiyatni demokratlashtirish va yangilash, mamlakatni modernizatsiya va isloh etish konsepsiyasining amalga oshirilishini qonunchilik orqali taʼminlash borasidagi ishlarni davom ettirdi.
I. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi faoliyati
Deputatlar muayyan tajriba toʻplaganliklari sababli qonun ijodkorligi ishining sifati yaxshilandi. Siyosiy partiyalar fraksiyalari qonun loyihalarini koʻrib chiqishda faol ishtirok etib, palata majlislarida ular yuzasidan amaliy takliflar kiritdilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2007-yilga moʻljallangan faoliyatining asosiy yoʻnalishlariga muvofiq 75 ta qonun loyihasini, shu jumladan Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi 19 ta qonun loyihasini (22 ta qabul qilindi), Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi – 17 ta (17 ta), Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi – 8 ta (2 ta), Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi – 3 ta (5 ta), Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi – 5 ta (8 ta), Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi – 8 ta (6 ta), Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi – 3 ta (2 ta), Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi – 3 ta (2 ta), Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi – 4 ta (4 ta), Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi – 5 ta (bitta) qonun loyihasini koʻrib chiqishi rejalashtirilgan edi.
Umuman olganda, 60 dan ortiq qonun qabul qilinib, maʼqullash uchun Senatga yuborildi.
Bundan tashqari, 2007-yilda 10 dan ziyod qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Palata majlislarida bildirilgan mulohazalar va takliflar hisobga olingan holda mazkur qonun loyihalari ustidagi ishlar tegishli qoʻmitalar tomonidan davom ettirilib, ikkinchi va uchinchi oʻqishda koʻrib chiqishga kiritish uchun tayyorlanmoqda.
2007-yilda Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Qonunchilik palatasiga kiritilgan ikkita qonun loyihasi boʻyicha “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni va “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining moddalariga tuzatishlar kiritish toʻgʻrisidagi (89-moddasiga, 93-moddasining 15-bandiga, 102-moddasining ikkinchi qismiga)” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini, shuningdek “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini qabul qildi. Demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, mamlakatning davlat va ijtimoiy hayotida siyosiy partiyalarning rolini hamda tutgan oʻrnini kuchaytirishga qaratilgan yangi qarorlar qabul qilish zarurati mazkur hujjatlarning qabul qilinishini taqozo etdi.
Bu qonunlar ularning loyihalarini koʻrib chiqishga tayyorlash bosqichidayoq keng umumxalq muhokamasidan oʻtkazildi. Mamlakatimizning turli mintaqalarida oʻnlab konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etildi.
Mazkur qonunlar hokimiyatning vakillik va ijro etuvchi tarmoqlari organlarini shakllantirishda siyosiy partiyalarning amaliy ishtirokini, oʻzaro tiyib turish va muvozanatni saqlash tizimining puxta ishlashini, parlamentning faoliyati yanada demokratlashtirilishini taʼminlaydigan samarali huquqiy mexanizmlarni vujudga keltirdi va ular aholining siyosiy hamda huquqiy madaniyati darajasini oshirishga koʻmaklashadi.
Qabul qilingan qonunlarning qoidalarini rivojlantira borib, palata tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlari baʼzi normalarining amal qilishini vaqtincha toʻxtatib turish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Bu Qonun “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emasligi, oʻz vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyaga aʼzolikni toʻxtatib turishi, fraksiya va deputatlar birlashmasi tarkibiga kirishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi ayrim normalarining amal qilishini vaqtincha toʻxtatib qoʻydi. Pirovard natijada Qonunchilik palatasi “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining siyosiy partiyalar fraksiyalarining rahbarlari Spiker oʻrinbosarlari etib saylanishini nazarda tutuvchi normalarini 2007-yildayoq roʻyobga chiqarish va shu tariqa oʻz ishining samaradorligini oshirish imkoniyatiga ega boʻldi.
Qonunchilik palatasi tomonidan “Oʻlim jazosi bekor qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi sud-huquq tizimini liberallashtirish borasida Prezident I.A. Karimov rahbarligi ostida izchillik bilan oʻtkazilayotgan islohotlarning mantiqiy natijasi boʻldi. Qonunda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslariga oʻlim jazosini jinoiy jazolar tizimidan chiqarib tashlaydigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan. Qonun ana shu jazolarni va ularning ijro etilishi tartibini belgilab berdi.
Oʻlim jazosining bekor qilinishi har bir insonning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarida nazarda tutilgan yashashga boʻlgan daxlsiz huquqini, insonparvarlik prinsipini roʻyobga chiqarishni taʼminlaydi. Bu yechimga fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati darajasi oshganligi, mamlakatda tegishli ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sharoitlar yaratilganligi tufayli erishildi.
Jazolar tizimida jinoyatlarning faqat ikki tarkibi uchun, yaʼni javobgarlikni ogʻirlashtiradigan holatlarda qasddan odam oʻldirganlik hamda terrorizm uchun oʻlim jazosi oʻrniga umrbod va uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilish joriy etildi.
“Qamoqqa olishga sanksiya berish huquqi sudlarga oʻtkazilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllashning sud tartibi belgilanib, bu ehtiyot chorasining qanday favqulodda holatlarda belgilanishi aniqlashtirildi. Qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash toʻgʻrisidagi sud qarorlari ustidan shikoyat berish va protest keltirish tartibi belgilab berildi.
Tegishli prokuror jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga qamoqda saqlash muddatini uzaytirish yuzasidan iltimosnoma bilan murojaat etganda ushbu masalani hal etishning protsessual sud tartibi joriy etildi.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qonunlarga kiritilgan ana shu hamda boshqa oʻzgartish va qoʻshimchalar sud hokimiyati obroʻsini, shuningdek shaxslarni qamoqda saqlash masalasini hal etishda prokuror va tergov organlari masʼuliyatini, shuningdek sud tartibida himoya qilish samaradorligini oshirish imkonini beradi. Qonun normalari umum eʼtirof etilgan demokratik prinsiplar va xalqaro huquq normalari talablariga toʻliq mos keladi.
Bir qator qonunlar mamlakatda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida qabul qilindi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi oʻta muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasining yangi Soliq kodeksi soliq siyosatini shakllantirishning sinovdan oʻtgan prinsiplariga – soliq solishning majburiyligi, adolatliligi, soliq tizimining yagonaligi, soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining oshkoraligi hamda soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlaridagi barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq toʻlovchining foydasiga talqin qilinishini nazarda tutuvchi soliq toʻlovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi. Soliq kodeksi soliq maʼmuriyatchiligi normalarini oʻz ichiga oladi, ayrim soliqlar boʻyicha hisoblab chiqarish qoidalari va ularni toʻlash tartibini imkoni boricha soddalashtirish hamda birxillashtirishni nazarda tutadi, tadbirkorlarga oʻrtacha muddatli davrda biznesning rivojlanishini asosli taxmin qilish imkonini beradi. Mazkur Kodeks mavjud soliq normalarining butun tizimini oʻzida jamlagan.
Budjet mablagʻlari maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirish, barcha darajalardagi budjetlar daromadlari va xarajatlarini boshqarish samaradorligini oshirish, “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi va “Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisida”gi qonunlarning qoidalarini Davlat budjetining gʻazna ijrosi talablariga muvofiqlashtirish maqsadida “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi hamda “Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi.
“Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy sohadagi ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqildi. Ushbu Qonunga muvofiq “Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik shirkatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish uchun sharoit yaratish, uning ochiq-oshkoraligini va barqaror ishlashini taʼminlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan investitsiyalar jalb etilishini kuchaytirish, shuningdek aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish hamda aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
“Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni auditorlik tashkilotlari tomonidan auditorlik tekshiruvlarini oʻtkazish tartibini nazarda tutadi, auditorlarning malaka sertifikati amal qilishini tugatish asoslarini belgilaydi, auditorlik tashkilotiga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlarini hamda auditorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa huquqiy normalarni belgilaydi.
“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni sugʻurta xizmatlari bozorining huquqiy negizini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Mazkur Qonunda sugʻurtalovchining maqomi, huquq va majburiyatlari yanada aniq belgilangan boʻlib, ular jumlasiga sugʻurta faoliyatini amalga oshirish vaqtida olingan axborotning maxfiyligini taʼminlash, sugʻurta zaxiralarini shakllantirish va joylashtirish, har yilgi majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtish kiritilgan. Bundan tashqari, sugʻurta bozori professional ishtirokchilarining turlari, sugʻurta brokeri va sugʻurta agentining faoliyatini amalga oshirish tartibi ham Qonunda belgilab berilgan.
“Energiyadan oqilona foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining maqsadi tarmoq standartlarini Oʻzbekiston Respublikasining faoliyatning ushbu sohasiga taalluqli amaldagi qonunlari, shuningdek xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirishdan iborat. Qonun energetika resurslarini asrash va ulardan oqilona foydalanish borasidagi jiddiy muammolarni hal etishga koʻmaklashadi. Kiritilgan oʻzgartishlar energetika resurslari, ommabop mahsulotlar ishlab chiqarish, ishlar bajarish va xizmatlar koʻrsatish, shuningdek energiya hosil qiluvchi va energiya ishlatuvchi uskunalar hamda energiya mahsuloti energiya jihatidan samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiqlik boʻyicha majburiy sertifikatlanishini aniqlashtiradi. Qonun atrof muhitni, aholi sogʻligʻini muhofaza qilishni taʼminlash maqsadiga ham xizmat qiladi.
Bir qator qonunlar tadbirkorlik faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan. Xususan, bular jumlasiga tadbirkorlik faoliyati subyektini roʻyxatdan oʻtkazishning belgilangan tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik oʻrnatilishini nazarda tutuvchi “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2411-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 44-moddasiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun kiradi. Qonun tadbirkorlik faoliyati subyektlarini huquqiy himoya qilish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratadi. Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga, shuningdek “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi, “Masʼuliyati cheklangan va qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlar toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ayrim moddalariga aniqlashtiruvchi oʻzgartishlar kiritildi, xususan, nafaqat tugatish komissiyasiga, balki jismoniy shaxsga (tugatuvchiga) ham yuridik shaxsni tugatish imkoniyati beriladi.
“Tabiiy monopoliyalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni amaldagi ijtimoiy himoya tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan. Ushbu Qonunning maqsadi aholining turmush taʼminotini kuchaytirish, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish, tovarlar va xizmatlarning raqobatbardoshliligini oshirish uchun yanada qulayroq iqtisodiy sharoitlar yaratish, shuningdek uy-joy-kommunal xizmatlar narxi maqbul boʻlishini kafolatlaydigan, monopoliyaga qarshi qaratilgan choralarni aniqlashtirishdan iboratdir.
“Ipoteka toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun Fuqarolik kodeksini undiruvni sudga murojaat qilmasdan garovga qoʻyilgan koʻchmas mulkka qaratish tartibi haqidagi yangi normalar bilan toʻldirdi. “Garov toʻgʻrisida”gi hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunlarga kiritilgan oʻzgartishlar ipoteka kreditlashi sohasidagi huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining manfaatlarini taʼminlashga bagʻishlangan. Ipoteka sohasidagi huquqiy munosabatlarning takomillashtirilishi aholiga uy-joy olish uchun uzoq muddatli maqbul kreditlar berish miqyoslarini kengaytirish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan boʻlib, u bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal etish imkoniyatini beradi va eng avvalo, uy-joy sharoitini yaxshilashning chinakam omillarini taʼminlash orqali fuqarolarning turmush darajasini oshiradi.
Manzil-koloniya hududini oʻzboshimchalik bilan tashlab ketgan mahkumni saqlash rejimini oʻzgartirish tartibini, jinoyat ishlari birlashtirilgan va alohida ish yurituviga ajratilgan taqdirda, dastlabki tergov muddatlarini hisoblash tartibini boshqarish mexanizmini takomillashtirishga hamda qonunda belgilab qoʻyilgan dastlabki tergov muddatlariga rioya etilishi kafolatlarini taʼminlashga taalluqli bir qator qonun loyihalari ham qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash hamda yoʻlovchilarni tashish paytida yoʻl-transport hodisalarining oldini olish, avtomototransport vositalarini boshqarish uchun guvohnomalar berish, haydovchilar tayyorlash va ularni qayta tayyorlash ishlarini takomillashtirish, shuningdek transport vositasini boshqarish paytida transport vositasi salonining old qismiga ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan oʻrnatilgan tele, videomonitordan foydalanganlik hamda bunday monitorlarni transport vositasi salonining old qismiga oʻzboshimchalik bilan oʻrnatib olganlik uchun javobgarlik joriy etish maqsadida “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlar qabul qilindi.
Hisobot davrida palata hozirgi kun voqeliklarini hisobga olgan holda sogʻliqni saqlash sohasidagi amaldagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga hamda mamlakatimiz fuqarolari tibbiyot fanining eng yangi yutuqlari qoʻllanilgan holda oʻz vaqtida va sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishlari uchun shart-sharoit yaratishga ham eʼtibor qaratdi. Shu munosabat bilan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi. Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy sugʻurtaning normativ-huquqiy bazasini, tibbiy yordam sifati va hajmiga oid davlat standartlarini samarali ishlab chiqish, barcha tibbiy muassasalarning, shu jumladan xususiy tibbiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirish masalalaridagi vakolatlari va masʼuliyatini aniqlashtiradi. Unda vazirlikning davlat tomonidan aholiga kafolatlangan hajm doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishini tashkil etish, davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida tibbiy xizmatlar tariflari darajasini tartibga solish yuzasidan vakolatlari va masʼuliyati aniq belgilangan.
Yod yetishmasligi kasalliklari kelib chiqishining oldini olish maqsadida qabul qilingan “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonun ham fuqarolar sogʻligʻini mustahkamlashga qaratilgan. Qonun tuzni, oziq-ovqat mahsulotlarini yodlash, dori vositalaridan va boshqa vositalardan foydalanish orqali yod yetishmasligi kasalliklarining ham ommaviy, ham yakka tartibdagi profilaktikasi amalga oshirilishini nazarda tutadi. Bundan tashqari, Qonun yodlangan tuz va yodlangan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati hamda xavfsizligi ustidan davlat nazorati, kasallanish holati ustidan nazorat va yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasiga doir tadbirlar samaradorligining monitoringi amalga oshirilishini nazarda tutadi.
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni pensionyerlarning moddiy farovonligini yanada oshirishga, ijtimoiy adolat prinsiplarini mustahkamlashga qaratilgan boʻlib, unda 2007-yilning 1-oktabridan eʼtiboran pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan ish haqining maksimal miqdorini eng kam ish haqining yetti baravaridan sakkiz baravarigacha oshirish nazarda tutilgan.
Oʻtgan yili qabul qilingan bir qator qonunlar nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratildi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan “Davlat boji toʻgʻrisida”gi hamda boshqa qonunlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Ular nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan umumiy yurisdiksiya sudiga va xoʻjalik sudiga murojaat qilganda davlat bojini toʻlashdan ozod qilinishi haqidagi qoidalar va boshqa normalar bilan toʻldirildi.
“Homiylik toʻgʻrisida”gi Qonun homiylik faoliyatini huquqiy jihatdan tartibga solish asoslarini belgilashga qaratilgan. Mazkur huquqiy hujjatda homiylikni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan qoʻllab-quvvatlashning mumkin boʻlgan shakllari, mamlakatimiz hududida homiylik faoliyatini keng ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida homiylik tashkilotlari tuzish hamda ular faoliyatini yoʻlga qoʻyishning oʻziga xos xususiyatlari belgilab qoʻyildi. Qonun homiylik faoliyati tizimining rivojlanishini taʼminlovchi zaruriy tashkiliy-huquqiy sharoitlar, iqtisodiy va moliyaviy mexanizmlar yaratadi. Bu esa Oʻzbekiston xalqining tabiatiga xos mehribonlik va rahm-shafqatlilik, muruvvatlilik, muhtojlarga hamisha yordam qoʻlini choʻzish singari milliy fazilatlar keng namoyon boʻlishi yoʻlida yangi imkoniyatlar ochadi.
“Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ham ana shu maqsadga bagʻishlangan. Qonun bola huquqlari sohasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish mexanizmini takomillashtirish orqali bolalarni, shu jumladan yetim bolalarni va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy hamda huquqiy himoya qilishning amaldagi tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan. Mazkur Qonunning oʻziga xos xususiyati shundan iboratki, u BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasida, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlarida nazarda tutilgan bola huquqlarining barcha asosiy va qoʻshimcha kafolatlarini mujassam etgan holda mustahkamlaydi.
“Jamoat fondlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasiga qoʻshimcha kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni “Jamoat fondlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 24-moddasining uchinchi qismini jamoat fondi tomonidan homiylik dasturlari amalga oshirilishida ishtirok etayotgan shaxslarning mehnatiga toʻlanadigan haq miqdorini belgilash masalasi boʻyicha “Homiylik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 9-moddasining uchinchi qismiga muvofiqlashtiradi.
Palata hisobot davrida tashqi siyosat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga eʼtibor qaratdi. Jumladan, “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona toʻgʻrisidagi Shartnomani (Semipalatinsk, 2006-yil 8-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun qabul qilindi. Bu Shartnoma mintaqada xavfsizlik, barqarorlik va tinchlik saqlanishini taʼminlashga qaratilgan muhim xalqaro-huquqiy hujjat boʻlib, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli zona barpo etish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan tashabbusning mantiqiy natijasidir.
“Markaziy Osiyo Hamkorligi” Tashkilotining Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga integratsiyasi toʻgʻrisidagi Bayonnomani (Minsk, 2006-yil 23-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun “Markaziy Osiyo Hamkorligi” Tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari Kengashining Yevrosiyo makonida integratsiya jarayonlarini yanada rivojlantirish haqidagi qarorini (Sankt-Peterburg, 2005-yil 6-oktabr) amalga oshirish bilan bogʻliq. Unda “Markaziy Osiyo Hamkorligi” Tashkilotini Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati bilan birlashtirish haqidagi qoida mustahkamlab qoʻyilgan boʻlib, bu integratsiyalashuv jarayonlari rivojlanishidagi yangi bosqichdan dalolat beradi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida jinoiy ishlar boʻyicha oʻzaro huquqiy yordam toʻgʻrisida Shartnomani (Toshkent, 2007-yil 14-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida transport va tovarlar tranziti sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitimni (Toshkent, 2007-yil 14-mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlarning birinchisi har ikkala tarafning jinoyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, jazoga tortiladigan har qanday huquqbuzarlikka nisbatan jinoyat ishlari boʻyicha tergov olib borish, jinoiy taʼqib qilish yoki sud ishlarini yuritishda bir-biriga yordam berishga yoʻnaltirilgan, ikkinchi Qonun esa har ikkala mamlakat oʻrtasida yuk transporti qatnovini, shuningdek uchinchi mamlakat orqali tranzitni amalga oshirishni osonlashtirish maqsadida transport va tovarlar tranziti sohasida hamkorlik qilish masalalarini tartibga soladi.
“Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani (Parij, 2003-yil 17-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, nomoddiy madaniy meros va uning oʻzaro eʼtirof etilishi, shuningdek nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish masalalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash muhimligiga mahalliy, milliy va xalqaro darajalarda eʼtiborni jalb etish maqsadida qabul qilindi. Hozirgi vaqtda YUNESKO Ogʻzaki va nomoddiy madaniy meros durdonalari roʻyxatini tuzgan boʻlib, bu roʻyxat tashkilotga aʼzo boʻlgan 60 davlatning 90 ta durdonasini oʻz ichiga olgan. Ular orasida Oʻzbekiston nomoddiy madaniy merosining ikkita namunasi — Boysun tumanining madaniy merosi (2001-yil) va Shashmaqom musiqa anʼanalari (2003-yil) bor.
“Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstona munosabatlarni va har tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash toʻgʻrisida Shartnomani (Ashxobod, 2007-yil 18-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni har ikkala mamlakat oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga, barcha yoʻnalishlar boʻyicha har tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga koʻmaklashadi.
Hisobot davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan boshqa mamlakatlar bilan siyosiy va iqtisodiy sohalarda oʻzaro foydali munosabatlar imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan jami bitta bayonnoma, 3 ta shartnoma, 2 ta bitim va bitta konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida qonunlar qabul qilindi.
Qonun ijodkorligi faoliyati tahlil etilar ekan, shuni taʼkidlash kerakki, rejalashtirilgan qonun loyihalarining bir qismi qonunchilik tashabbusi subyektlaridan kelib tushmaganligi sababli palata tomonidan koʻrib chiqilmadi. Bu palata ayrim qoʻmitalarining ishi tegishli idoralar bilan muvofiqlashtirilmaganligi oqibatidir.
“Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi va boshqa bir qator qonun loyihalarini koʻrib chiqish 2008-yilga koʻchirildi.
II. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2006 — 2007-yillardagi ijrosining borishi haqidagi hisobotlarni koʻrib chiqish va 2008-yil uchun Davlat budjetini qabul qilish
Qonunchilik palatasi Davlat budjetining 2006-yilgi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni, shuningdek Davlat budjetining 2007-yilgi ijrosining borishi haqidagi yilning har choragidagi hisobotlarni yil davomida koʻrib bordi.
Deputatlar mamlakatimizning 2008-yil uchun moʻljallangan asosiy moliyaviy hujjatini batafsil muhokama qildilar va tasdiqladilar, bunda odatdagidek, uning ijtimoiy yoʻnaltirilganligiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi Davlat budjetining loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolari ishtirokida muhokama qilish chogʻida kelgusi yil uchun asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar Vazirlar Mahkamasining mamlakatni 2006-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2007-yilda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning eng muhim ustuvorliklariga bagʻishlangan majlisida Respublikamiz Prezidentining maʼruzasida belgilab berilgan iqtisodiy dasturning ustuvorliklariga asoslanilgan holda ishlab chiqilganligi taʼkidlandi. Asosiy moliyaviy hujjat barqaror va bir maromdagi oʻsish surʼatlari taʼminlanishini, iqtisodiyot strukturizatsiya va modernizatsiya qilinishini, uning eng muhim tarmoqlari texnik va texnologik jihatdan yangilanishini, soliq siyosati yanada liberallashtirilishini nazarda tutadi. Unda xususiy biznes uchun imkon qadar qulay sharoit yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish, chet el investitsiyalarini jalb etish boʻyicha ishlarni har tomonlama kuchaytirish, mehnatga toʻlanadigan haq miqdorlari va aholi turmushining sifati bosqichma-bosqich oshirib borilishini taʼminlash, tadbirkorlik jadal rivojlantirilishini bundan buyon ham har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shu asosda aholini ish bilan taʼminlash va odamlar turmushi farovonligini oshirish muammolarini hal etish, bank-moliya va kommunal sohalarda islohotlar miqyosini yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.
Davlat budjeti iqtisodiy islohotlarning ustuvorliklari hisobga olingan holda qabul qilindi va u makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga, ijtimoiy hamda iqtisodiy sohalarni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan.
Mamlakat asosiy moliyaviy hujjatining xarajatlar qismida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarini bundan buyon ham oshirib borish ijtimoiy siyosat sohasidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Qabul qilingan Davlat budjetida nazarda tutilgan mablagʻlarning asosiy qismi 2008-yilga moʻljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida umumtaʼlim maktablarini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash, aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish darajasini oshirish, qishloq aholisini ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan taʼminlanishini yaxshilash boʻyicha davlat maqsadli dasturlarini roʻyobga chiqarishga yoʻnaltiriladi.
Qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarga alohida eʼtibor berildi. Qishloq xoʻjaligi yerlarining meliorativ holatini yaxshilash uchun ajratiladigan mablagʻlar ancha koʻpaytirildi, hosildorligi past yerlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash uchun aniq maqsadli mablagʻlar nazarda tutildi.
III. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining nazorat-tahlil faoliyati
Nazorat-tahlil ishlari rejalariga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan qonunlar, konvensiyalar, milliy dasturlar ijrosini nazorat qilish tartibida 40 dan ziyod masala koʻrib chiqildi. Nazorat-tahlil faoliyati doirasida mamlakatimizning barcha maʼmuriy-hududiy birliklaridagi bir qator vazirliklar, idoralar, davlat kompaniyalari va milliy kompaniyalardagi ishlar ahvoli oʻrganib chiqildi. Masalan, Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi Qonunning Moliya vazirligi tomonidan va Surxondaryo viloyatida ijro etilishini, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning Andijon va Navoiy viloyatlarida, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi “Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonunning Qashqadaryo viloyatida, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Konvensiyaning Buxoro viloyatida, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning Namangan va Xorazm viloyatlarida, Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunning Samarqand viloyatida, Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunning Surxondaryo viloyatida, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyaning Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi “Noshirlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Movarounnahr”, “Adolat” nashriyotlari va boshqalar tomonidan ijro etilishini oʻrganib chiqdi.
Oʻrganish jarayonida deputatlar joylarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan qonunbuzarliklarni aniqladilar. Masalan, “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi Qonunning Surxondaryo viloyati va Toshkent shahrida ijro etilishi oʻrganilganda viloyat va shahar vakillik organlari tomonidan budjetlar parametrlarini belgilash boʻyicha tegishli qarorlarni qabul qilish kechiktirib yuborilganligi aniqlandi. Aybdor shaxslar mol-mulkini sudning hal qiluv qaroriga (hukmiga) binoan realizatsiya qilishdan olinadigan mablagʻlar mahalliy budjetlarni toʻldirish manbalaridan biridir. Surxondaryo viloyatida sudning hal qiluv qarorlari ikki oylik muddatda emas, balki 7-8 oy mobaynida ijro etilgan, shunda ham toʻliq hajmda bajarilmagan, xatlangan mol-mulk oʻz vaqtida baholanmagan va uni sotishda sansalorlikka yoʻl qoʻyilgan. Natijada anchagina mablagʻ mahalliy budjetga tushmay qolgan. Yana shuningdek, Surxondaryo viloyati va Toshkent shahri hokimliklari mahalliy soliqlar va yigʻimlar hisobiga budjetga tushumlarni koʻpaytirish boʻyicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa imkoniyatlardan ham toʻliq darajada foydalanmayotganlari qayd etildi.
Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ijro etilishi haqidagi masalani oʻrgandi. Bunda deputatlar aholi manfaatlariga bevosita daxldor boʻlgan mazkur Qonunning mazmuni va ahamiyati, uning ijrosi masalalari mahalliy ommaviy axborot vositalarida yetarlicha yoritilmayotganligini qayd etdilar. Fuqarolar huquqlari va erkinliklarini himoya qilish instituti samaradorligining ilmiy-nazariy jihatlarini tadqiq etish hozirgi kun talablariga mos emas.
Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning Xorazm viloyatida ijro etilishi haqidagi masala oʻrganilishi chogʻida bir qator fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarida, tashkilotlar hamda muassasalarda harbiy xizmatga majburlarning umumiy va maxsus hisobini yuritish ishlari qoʻyilgan talablarga mos emasligi aniqlandi. Fuqarolar yigʻinlarining koʻpida harbiy xizmatga majburlar hisobini yuritish xizmati boshliqlari ish xonasiga ega emas, ayrim fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlari bu masalalarga yetarlicha eʼtibor qaratmayaptilar. Natijada mazkur Qonunning ayrim moddalari toʻliq hajmda bajarilmayapti.
Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Qonunning “Oʻzbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ijro etilishini oʻrganganida jamiyat tizimida oʻndan ziyod operatorlar mavjud boʻla turib, hanuzgacha pochta aloqasi sohasini litsenziyalash amalga oshirilmayotganligi, Andijon, Jizzax, Navoiy va boshqa qator viloyatlar filiallarida pochta joʻnatmalarining belgilangan tariflari notoʻgʻri qoʻllanilayotganligi faktlari va boshqalar aniqlandi.
Qoʻmitalarning majlislarida oʻrganilgan masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlar bevosita ijrochilarga hamda boshqa manfaatdor shaxslarga va tashkilotlarga yetkazildi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq tavsiyalar berildi. Qaror ijrosi nazoratga olindi, muhokama yakunlari ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borildi.
Ishchi guruhlarining aʼzolari joylarda qonunlar ijrosini tekshirish jarayonida aniqlangan kamchiliklar va nuqsonlarni bartaraf etishda amaliy yordam koʻrsatdilar, qonunlarning mohiyatini tushuntirdilar.
Palata qoʻmitalari mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan oʻzaro hamkorlik doirasida sayyor majlislar oʻtkazdilar. 2007-yilda 10 taga yaqin sayyor majlis uyushtirildi. Jumladan, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasining Qarshi shahrida oʻtkazilgan majlisida Ish bilan taʼminlash sohasidagi siyosat toʻgʻrisidagi Konvensiyaning Qashqadaryo viloyatida ijro etilishi, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan esa, Urganch shahrida tashkil etilgan majlisda “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonunning Xorazm viloyatida ijro etilishi koʻrib chiqildi va hokazo.
Natijada amaldagi qonunlarga ogʻishmay rioya etilishi uchun joylarda xodimlar masʼuliyatining ancha yuqoriroq darajada boʻlishi taʼminlanmoqda va aholining huquqiy madaniyati oshmoqda.
Ayni vaqtda Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan palataning yalpi majlisida koʻrib chiqish uchun birorta ham masala kiritilmaganligini taʼkidlash lozim.
IV. Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning), Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va siyosiy partiyalarning hisobotlarini koʻrib chiqish
Qonunchilik palatasi 13-fevral kuni Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) 2006-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni eshitdi va tasdiqladi.
Inson huquqlari boʻyicha vakil tomonidan 2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi taqdim etgan bir qator qonun loyihalarini inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish nuqtai nazaridan huquqiy ekspertizadan oʻtkazish amalga oshirildi.
Fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish, ularning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklashga koʻmaklashish Ombudsmanning Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklariga toʻliq, samarali rioya etilishi hamda ularning himoya qilinishi maqsadida Inson huquqlari boʻyicha vakilning davlat organlari, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz faoliyatini amalga oshirishidagi ustuvor vazifalaridan biridir.
Hisobot yilida Ombudsman institutiga 7 mingdan ortiq murojaat, xususan, uning markaziy idorasiga 6 mingga yaqin, mintaqaviy vakillariga 1,5 mingdan ziyod murojaat, shu jumladan bir mingga yaqin takroriy murojaat tushdi. “Ishonch telefoni” boʻyicha bir mingga yaqin yuridik maslahat va tushuntirishlar berildi. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida Inson huquqlari boʻyicha vakil nomiga tushgan murojaatlardan 2 mingga yaqin shikoyat nazoratga olindi. Hisobot davrida har toʻrt murojaatning bittasi ijobiy hal etildi.
2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsmanning) xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasidagi faoliyati xorijiy ombudsmanlar, inson huquqlari boʻyicha xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni chuqurlashtirish, shuningdek chet el delegatsiyalarini qabul qilish hamda ular bilan uchrashuvlar uyushtirish, Ombudsmanning inson huquqlari masalalari boʻyicha xalqaro anjumanlarda ishtirok etishi, inson huquqlarini himoya qilish masalalari boʻyicha huquqni muhofaza qiluvchi xalqaro tashkilotlar, chet mamlakatlar ombudsmanlari, chet ellik fuqarolar murojaatlarini koʻrib chiqish orqali amalga oshirildi.
Hisobot yilida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili 30 dan ortiq chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini, 10 ta rasmiy delegatsiyani qabul qildi.
Qonunchilik palatasining 25-aprelda oʻtkazilgan majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining raisi Hisob palatasining 2006-yildagi ishi toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etdi, hisobot yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq palata tomonidan siyosiy partiyalarning 2006-yildagi oʻz faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlari koʻrib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
V. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining xalqaro hamkorligi
Hisobot davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining xalqaro aloqalari rivojlandi, parlament delegatsiyalarini almashish davom ettirildi. Hisobot davrida palatada 40 dan ziyod delegatsiya, shu jumladan 10 ta parlament delegatsiyasi qabul qilindi. Jumladan:
Yosu shahrida EKSPO-2012 xalqaro koʻrgazmasini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Maxsus Qoʻmitasining mazkur Qoʻmita aʼzosi Ju Sing Yong boshchiligidagi delegatsiyasi;
Pokiston Islom Respublikasi Milliy Assambleyasining (Quyi palatasining) Tashqi ishlar qoʻmitasi aʼzosi Mir Hazar Xon Bijaraniy boshchiligidagi delegatsiyasi;
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining “Koreya — Oʻzbekiston” parlament aʼzolarining doʻstlik assotsiatsiyasi raisi Li Kang Du boshchiligidagi delegatsiyasi (Oʻzbekistonga ikki marta tashrif buyurdi);
Isroil Davlatining Knesset (Parlament) Spikerining oʻrinbosari Amnon Koen boshchiligidagi delegatsiyasi;
Xitoy Xalq Respublikasining Butunxitoy Xalq Vakillari Majlisi (Parlamenti) Raisining oʻrinbosari Xe Lulu boshchiligidagi delegatsiyasi;
Indoneziya Respublikasining Xalq Vakillari Majlisining Spikeri Agung Laksano boshchiligidagi delegatsiyasi;
Germaniya Bundestagi Tashqi ishlar qoʻmitasining aʼzosi Mariluize Bek;
Italiya Parlamenti Deputatlar palatasi Tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, “Italiya — Oʻzbekiston” doʻstlik va hamkorlik assotsiatsiyasining raisi F. Evanjelisti;
Fransiya Parlamenti Milliy Assambleyasining aʼzosi, Versal shahri meri E. Pinte;
Ukraina Oliy Radasining aʼzosi D. Vidrin qabul qilindi.
2007-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga quyidagilar ham tashrif buyurdilar:
Germaniyaning “Friedland Industrial Minerals Gmdh” sanoat tashkiloti rahbari Dalvig Rayner boshchiligidagi Germaniya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi;
Slovakiya Respublikasining tashqi ishlar vaziri Yan Kubish boshchiligidagi delegatsiyasi;
EXHT Raisi, Ispaniya tashqi ishlar vaziri Migel Anxel Moratinos boshchiligidagi delegatsiya;
Litva Respublikasining tashqi ishlar vaziri Pyatras Vaytekunas boshchiligidagi delegatsiyasi;
Xalqaro saylov tizimlari ekspert markazining direktori, Isroilning Sharqiy Yevropa va Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlari instituti direktori A. Sinker boshchiligidagi delegatsiya;
EXHT Parlament Assambleyasi Prezidenti Goran Lennmarker;
Malayziya Markaziy saylov komissiyasining raisi Tan Sri Dato Seri Hoji Abdul Rashid bin Abdul Rahmon;
Jahon Taekvondo federatsiyasining prezidenti Cho Jong Von;
Quvayt Davlatining Bosh vazir oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad Saboh As-Salim As-Saboh boshchiligidagi delegatsiyasi;
Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralarining “Xunday Sekyuritiz” kompaniyasining Bosh direktori Kim Ji Van boshchiligidagi delegatsiyasi;
Eron Islom Respublikasining Prezident oʻrinbosari Parviz Dovudiy boshchiligidagi delegatsiyasi;
Xitoy Xalq Respublikasining XXR Davlat kengashining Bosh vaziri Ven Szyabao boshchiligidagi delegatsiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi kuchaydi — “Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi” Parlament hamkorligi qoʻmitasining Yevropa tarafi tashabbusiga koʻra ikki marta keyinga qoldirilgan oltinchi majlisi boʻlib oʻtdi; Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi javob tashrifi bilan Finlyandiya Respublikasida boʻlib qaytdi.
Hisobot davrida parlamentlararo aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirish, parlamentlar ishi bilan tanishish va tajriba almashish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23 ta delegatsiyasi chet mamlakatlarga safar qildi.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri boshchiligidagi Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi Koreya Respublikasida, shuningdek Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari A. Shodmonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib qaytdi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston parlamenti aʼzolari prezident va parlament saylovlari paytida xalqaro kuzatuvchilar sifatida Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasida boʻldilar.
VI. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalari tomonidan oʻtkazilgan tadbirlar
Hisobot davrida palata qoʻmitalari tomonidan qonunchilik yoʻli bilan tartibga solish talab qilinadigan masalalarni yanada chuqurroq oʻrganish maqsadida faoliyatning konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari oʻtkazish kabi shakllaridan keng foydalanildi. Bunday tadbirlarning bir qismi Ijtimoiy himoya yiliga bagʻishlandi.
2007-yilda jami 160 taga yaqin tadbir oʻtkazildi. Ularda davlat hokimiyati organlarining, turli nohukumat tashkilotlarining vakillari, olimlar, ekspertlar ishtirok etganligi tegishli tavsiyalar ishlab chiqish imkoniyatini berdi, bu tavsiyalar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga yuborildi. Ular fuqarolarning huquqiy va siyosiy madaniyati yanada oʻsishiga koʻmaklashdi.
Masalan, Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi huquqshunos olimlar, oliy oʻquv yurtlari va boshqa tashkilotlarning vakillari ishtirokida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining yangi tahriri — sud-huquq islohotlaridagi muhim bosqich” mavzuida konferensiya oʻtkazdi. Ijtimoiy himoya yili munosabati bilan Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi “Kuchli ijtimoiy himoya — demokratik jamiyatning asosiy tamoyili” mavzuida konferensiya, Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi esa “Aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash masalalarida mahallaning rolini oshirish” mavzuida seminar oʻtkazdi. Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi “Jamiyatni yangilash va mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonida mudofaa hamda xavfsizlik tizimidagi islohotlarning mohiyati va ahamiyati” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya, Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qoʻmitasi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1979-yil 18-dekabrda qabul qilingan Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiyaning xalqaro standartlarini Oʻzbekiston Respublikasining milliy qonun hujjatlariga singdirishning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro konferensiya, Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi “Shreder nomli ilmiy-tadqiqot instituti hamda “Botanika” ilmiy-ishlab chiqarish markazining qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdagi roli” mavzuida konferensiya, Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qoʻmitasi “Davlat va jamiyat boshqaruvida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish muammolari” mavzuida konferensiya, Budjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksini amalga kiritish toʻgʻrisida” mavzuida seminar, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi “Eksportni ragʻbatlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarining raqobatbardoshliligini oshirishning qonunchilik asoslari” mavzuida davra suhbati, Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi “Madaniy merosimiz qonun himoyasida” mavzuida davra suhbati oʻtkazdi va boshqa shu kabi koʻplab tadbirlar tashkil etildi.
Hisobot yilida BMT Taraqqiyot dasturining “Parlamentning qonunchilik va institutsional salohiyatini takomillashtirish” loyihasi xodimlari tomonidan deputatlar ishiga muayyan yordam va koʻmak koʻrsatildi. Chunonchi, deputatlar faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida chet ellik ekspertlar ishtirokida konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari oʻtkazildi. Masalan, 2007-yilning mart va avgust oylarida loyiha tomonidan Qonunchilik palatasi deputatlari va Devoni xodimlarining kasbiy koʻnikmalarini takomillashtirish boʻyicha seminar-trening tashkil etildi.
VII. Fuqarolarning xatlari, arizalari, murojaatlari bilan ishlash va aholi bilan uchrashuvlar oʻtkazish
Fuqarolarning xatlari, arizalari va murojaatlari bilan ishlashga avvalgidek katta eʼtibor qaratilib, bu ish “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshirildi. 2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga 3450 ta yozma murojaat, shu jumladan salkam 500 ta takroriy murojaat tushdi. Yozma murojaatlar soni 2006-yilga nisbatan kamaydi.
Koʻpgina shikoyatlar va arizalarda fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar, kommunal xizmatlar koʻrsatish korxonalari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari xodimlarining xatti-harakatlari ustidan (joriy va kapital taʼmirlash oʻtkazilmasligi, kvartiralarda issiq va sovuq suvning yoʻqligi, gaz va elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar mavjudligi va boshqa shu kabilar haqidagi) noroziligi ifoda etilgan. Turli darajadagi sudlarning hukmlari va hal qiluv qarorlaridan norozilik bayon etilgan xatlar kelishi davom etmoqda. Xatlarning aksariyati Toshkent shahri, Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridan yoʻllangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatiga taalluqli murojaatlar palata rahbariyati tomonidan va qoʻmitalarda koʻrib borildi. Deputatlar fuqarolarni Qonunchilik palatasida ham, saylov okruglarida ham qabul qildilar. Fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati tegishli hokimliklar, sudlar, prokuratura organlari, vazirliklar, idoralar, boshqa mutasaddi organlarga koʻrib chiqish uchun yuborildi. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash Qonunchilik palatasi rahbariyati, deputatlari va Devonining doimiy nazorati ostida boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq deputatlar oʻz saylov okruglariga borib, fuqarolar bilan uchrashuvlar va suhbatlar oʻtkazdilar, ularning arzlari va murojaatlarini eshitdilar, ular yuzasidan tegishli choralar koʻrdilar. Bildirilgan fikrlarning bir qismi deputatlar tomonidan qonun ijodkorligi faoliyatida foydalanildi.
2007-yilda Qonunchilik palatasida jamiyatimiz turli ijtimoiy qatlamlarini ifodalovchi salkam ikki ming kishi ekskursiyalar, uchrashuvlar va suhbatlarda boʻldi. Ular orasida maktablar, kollejlar va litseylar oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari talabalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati faollari, mahallalar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, akademiyalar tinglovchilari va boshqalar bor edi.
Hisobot yilida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Kengashi 22 ta majlis oʻtkazdi. Majlislarda Qonunchilik palatasining ish rejalari va majlislarining kun tartibi loyihalari muhokama qilindi, palata faoliyatini tashkil etishga doir boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Qonunchilik palatasining hisobot yilidagi faoliyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borildi. Bunda siyosiy partiyalar fraksiyalari, palata qoʻmitalari va Devonining qizgʻin ishi yordam berdi. Qonunchilik palatasining 2007-yildagi ishi toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida berib borilgan maqolalar, chiqishlar va intervyularning umumiy soni 2150 dan ziyodni tashkil etdi.
“Parlament soati” va “Parlament vaqti” teledasturlarida Qonunchilik palatasining kundalik va koʻp qirrali faoliyati muntazam yoritib borilganligi qabul qilinayotgan qonunlar mohiyati hamda mazmunining mamlakatimiz aholisiga yetkazilishiga koʻmaklashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining mamlakatni isloh etish va modernizatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari, maqsadli vazifalari hisobga olingan holda 2005-yilga va kelgusi yillarga moʻljallangan qonunchilik faoliyati dasturini, mamlakatimiz va jamiyatimiz oldida turgan yangi vazifalarni bajarishga doir ishlar 2008-yilda davom ettiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 1-son, 35-modda)