Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“AKSIYADORLIK JAMIYATLARI VA AKSIYADORLARNING HUQUQLARINI HIMOYA QILISh TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 7-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 30-noyabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2007-yil 30-noyabrda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-aprelda qabul qilingan “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi 223-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 61-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 9-10, 149-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda; 2007-yil, № 7, 325-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 15-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi “faoliyat sohasi” degan soʻzlardan keyin “(asosiy yoʻnalishlari)” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 16-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamiyat ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yoki jamiyat ustavini yangi tahrirda tasdiqlash ushbu Qonunda hamda jamiyat ustavida belgilangan tartibda aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga binoan amalga oshiriladi”;
3) quyidagi mazmundagi 241-modda bilan toʻldirilsin:
“241-modda. Oltin aksiya
“Oltin aksiya” — ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi boʻlib, u strategik ahamiyatga ega boʻlgan davlat korxonalari xususiylashtirilayotganda yoki aksiyadorlik jamiyatlarining davlat aksiya paketlari xususiy mulk etib realizatsiya qilinayotganda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga asosan joriy qilinadi va mamlakatning iqtisodiy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlaydi.
“Oltin aksiya” qiymatga ega emas, boshqa shaxsga berilmaydi hamda garovga qoʻyilmaydi, ustav fondi miqdorini belgilashda va dividendlarni hisoblashda inobatga olinmaydi.
“Oltin aksiya” ustav fondida davlat ulushi boʻlmagan yoki bu ulush yigirma besh foizdan oshmaydigan aksiyadorlik jamiyatlarida joriy etilishi mumkin. Davlatning “oltin aksiya”dan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
“Oltin aksiya” aksiyadorlik jamiyatining kuzatuv kengashi tarkibiga davlat vakilini (bundan buyon matnda davlat vakili deb yuritiladi) tayinlash vositasida realizatsiya qilinadi. Davlat vakili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida va kuzatuv kengashi majlislarida ushbu Qonunning 65-moddasi birinchi qismining ikkinchi — toʻrtinchi, yettinchi, sakkizinchi, oʻn sakkizinchi, oʻn toʻqqizinchi xatboshilarida, shuningdek 82-moddasi birinchi qismining yettinchi, yigirma ikkinchi — yigirma toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha veto qoʻyish huquqi bilan majburiy tartibda ishtirok etadi. Veto qoʻyish ushbu qarorlar qabul qilingan kuni yozma shaklda amalga oshiriladi”;
4) 47-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Aksiyadorlar reyestri roʻyxatga olingan aksiya egalarining ularga tegishli egasi yozilgan qimmatli qogʻozlarning soni, nominal qiymati va toifalari koʻrsatilgan, har qanday belgilangan sanadagi holatga koʻra tuzilgan hamda bu aksiya egalari, ularga tegishli qimmatli qogʻozlarning soni va toifalari aynan toʻgʻriligini aniqlash imkonini beradigan roʻyxatidir. Oʻziga nisbatan “oltin aksiya”ni joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan jamiyat aksiyadorlari reyestriga davlat vakili ham kiritiladi. Emitentlar aksiyadorlar reyestrini davlat tomonidan qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish va muvofiqlashtirish yuzasidan vakolat berilgan organ belgilagan shaklda yuritishi shart. Aksiyalarni joylashtirgan jamiyat yoki ixtisoslashgan roʻyxatchi jamiyat aksiyadorlari reyestrining saqlovchisi boʻlishi mumkin. Oddiy (odatdagi) aksiya egalari boʻlmish aksiyadorlari besh yuz va undan ortiq boʻlgan jamiyat reyestr yuritish hamda saqlashni ixtisoslashgan roʻyxatchiga shartnoma asosida topshirishi shart”;
5) 48-modda quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat vakiliga aksiyadorlar reyestridan koʻchirma berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”;
6) 49-modda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat vakilini jamiyat aksiyadorlari reyestriga kiritish haqidagi yozuv davlat vakilini tayinlash toʻgʻrisidagi tegishli qaror ilova qilingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi tomonidan reyestr saqlovchini xabardor qilish asosida amalga oshiriladi”;
7) 66-modda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Qonun 21-moddasining ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha qaror, agar mazkur qarorni qabul qilish vakolati jamiyat kuzatuv kengashiga berilmagan boʻlsa, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan, jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalari egalari boʻlgan aksiyadorlarning koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi”;
toʻrtinchi—oʻninchi qismlari tegishincha beshinchi—oʻn birinchi qismlar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi oʻn birinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan davlat vakili ishtirokisiz qabul qilingan qarorlar, shuningdek veto qoʻyilgan qarorlar ijro etilmaydi”;
oʻn birinchi qismi oʻn ikkinchi qism deb hisoblansin;
8) 67-modda quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat vakili aksiyadorlar umumiy yigʻilishining sirtdan ovoz berish yoʻli bilan (soʻrov yoʻli bilan) qabul qilingan qaroriga veto qoʻyishga haqli”;
9) 69-moddaning:
ikkinchi qismi “aksiyadorlarni” degan soʻzdan keyin “va davlat vakilini” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
10) 74-moddaning:
nomi “aksiyadorlarning” degan soʻzdan keyin “va davlat vakilining” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishda ishtirok etish huquqi shaxsan aksiyador tomonidan yoki uning vakili orqali amalga oshiriladi. Davlat vakilining aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish huquqi uning shaxsan oʻzi tomonidan amalga oshiriladi”;
11) 82-moddaning:
birinchi qismi quyidagi mazmundagi yigirma toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“aksiyadorlik jamiyatining boshqa xoʻjalik jamiyatlaridagi ishtiroki bilan bogʻliq bitimlar tuzish”;
yigirma toʻrtinchi xatboshisi yigirma beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
12) 83-modda:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“83-modda. Jamiyat kuzatuv kengashi aʼzolarini saylash, tayinlash”;
uchinchi qismi “saylanishlari” degan soʻzdan keyin “tayinlanishlari” degan soʻz bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi oʻninchi qism bilan toʻldirilsin:
“Davlat vakili lavozimiga koʻra jamiyat kuzatuv kengashining aʼzosi boʻlib, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan saylanmaydi (qayta saylanmaydi)”;
13) 85-modda:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi qismlar bilan toʻldirilsin:
“Ushbu Qonun 21-moddasining ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha qaror jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan bir ovozdan qabul qilinadi.
Jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan davlat vakili ishtirokisiz qabul qilingan qarorlar, shuningdek veto qoʻyilgan qarorlar ijro etilmaydi”;
toʻrtinchi—yettinchi qismlari tegishincha oltinchi—toʻqqizinchi qismlar deb hisoblansin;
14) 90-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bitim tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilinayotgan sanada jamiyat aktivlari balans qiymatining ellik foizidan ortiq qiymatni tashkil etuvchi mol-mulk xususida yirik bitim tuzish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 21-dekabr,
OʻRQ-135-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 50-51-son, 514-modda)