O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Kodeksning maqsadi
Ushbu Kodeksning maqsadi shaharsozlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Kodeksda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
aholi punkti — huquqiy maqom, nom va chegara bilan belgilangan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy-hududiy birligi (shahar, shaharcha, qishloq, ovul);
aholi punktining bosh rejasi — aholi punktini hududiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini hamda fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitini kompleks shakllantirish shart-sharoitlarini belgilaydigan shaharsozlik hujjati;
aholi punktlariaro hududlar — ikki va undan ortiq aholi punkti oralig‘idagi aholi punktlari chegaralaridan tashqaridagi hududlar;
aholi punktining chegara chizig‘i — aholi punkti yerlarining ularni yer fondining boshqa toifalaridan ajratib turadigan, shaharsozlik hujjatlarida belgilangan tashqi chegarasi;
aholini joylashtirish tizimi — mavjud aholi punktlarini rivojlantirish hamda yangi aholi punktlarini barpo etish yo‘li bilan aholini tegishli hududga tartibga solib boriladigan tarzda joylashtirishning shaharsozlik hujjatlari bilan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlari;
bino — funksional maqsadiga qarab odamlar yashashi yoki bo‘lishiga va har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarishga mo‘ljallangan, tayanch, to‘sma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat qurilish tizimi;
buyurtmachi — obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va buzishning amalga oshirilishini ta’minlovchi, shuningdek shu maqsadlarda loyiha-qidiruv, ekspertlik, qurilish-montaj va nazorat ishlarini bajarish uchun tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar tuzuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
zonalashtirish — hududni rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish chog‘ida shaharsozlikning foydalanish turlarini hamda bu turlardan foydalanishga doir cheklovlarni belgilagan holda, hududning funksional maqsadga ko‘ra bo‘linishi;
inshoot — har xil turdagi ishlab chiqarish jarayonlarini bajarish, moddiy qimmatliklarni joylashtirish va saqlash, odamlarning vaqtincha bo‘lishi (harakatlanishi), shuningdek uskunalar yoki kommunikatsiyalarni joylashtirish (o‘tkazish, ulash) uchun mo‘ljallangan, tayanch, to‘sma yoki har ikkala maqsadga xizmat qiluvchi konstruksiyalardan iborat hajmiy, yassi yoki chiziq tarzidagi qurilish tizimi;
ishlab chiqarish obyektlari — odamlar va texnologik asbob-uskunalar ishlashi uchun zarur shart-sharoitlar ta’minlanadigan ishlab chiqarishni joylashtirish uchun mo‘ljallangan binolar hamda inshootlar;
qizil chiziqlar — shaharsozlik hujjatlarida belgilanadigan, mavzelarning, kichik dahalarning va rejalashtirish tuzilmasi boshqa elementlarining hududlarini aholi punktlarining ko‘chalaridan, tor ko‘chalaridan va maydonlaridan ajratib turuvchi chegaralar;
noyob va alohida muhim obyektlar — alohida yoki birgalikda o‘ziga xos, betakror hajmiy-rejaviy, konstruktiv, muhandislik yoki texnologik yechimlari hamda arxitektura g‘oyasi bilan, yuqori texnik darajadagi yutuqlar va me’morchilikni o‘zida mujassam etgan binolar, inshootlar va ularning majmualari;
reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) — tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun maxsus ishlab chiqilgan va qo‘llaniladigan vositalar, shuningdek aholiga axborot yetkazish vazifalarini bajaruvchi texnik vositalar (konstruksiyalar);
turar joy obyektlari — odamlar yashashi uchun mo‘ljallangan binolar, doimiy yashash uchun uy-joylar (xonadonlar), shuningdek vaqtincha yashash uchun yotoqxonalar, mehmonxonalar, maktab-internatlar, qariyalar uylari;
urbanizatsiya — aholining ijtimoiy-kasbiy va demografik tuzilishida ijobiy o‘zgarishlarga, uning turmush tarzi hamda madaniyati sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilishiga ko‘maklashuvchi, jamiyat va iqtisodiyotni rivojlantirishda shaharlarning rolini oshirish, shuningdek shahar infratuzilmasini shakllantirish jarayoni. Urbanizatsiya, qoida tariqasida, shahar atrofini shahar hududiga kiritish, bir nechta aholi punktlarini yagona makonga birlashtirish bilan birga olib boriladi;
fuqaroviy obyektlar — madaniyat, jismoniy tarbiya, sport, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va tashkilotlarini, bank-moliya muassasalarini, qurilish-kommunal tashkilotlarini, aloqa hamda transport korxonalarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan binolar va inshootlar;
shaharsozlik — aholi punktlarini, aholi punktlariaro hududlarni rejalashtirish hamda qurishning ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish-texnika, arxitektura-badiiy yechimlari yig‘indisini sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini hisobga olgan holda ta’minlovchi nazariyasi hamda amaliyoti;
Oldingi tahrirga qarang.
shaharsozlik reglamenti — hududlarni va aholi punktlarini qurishning belgilangan qoidalari, shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida aholi punktlarining hamda aholi punktlariaro hududlarning yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarining, boshqa ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalanish ko‘rsatkichlari hamda turlarining yig‘indisi;
(3-moddaning o‘n to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi O‘RQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Oldingi tahrirga qarang.
shaharsozlik faoliyati — davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini belgilash, qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish, binolarni, inshootlarni hamda ularning majmualarini shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini, shuningdek mazkur hududlar hamda aholi punktlarining milliy, tarixiy-madaniy, ekologik, tabiiy o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish sohasidagi faoliyati;
(3-moddaning yigirmanchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi O‘RQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
shaharsozlik hujjatlari — hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish to‘g‘risidagi hamda ularni qurish haqidagi tasdiqlangan hujjatlar;
yakka tartibdagi uy-joy — yakka tartibda uy-joy qurish va tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun mo‘ljallangan bir yer uchastkasida joylashgan bir yoki bir nechta turar-joy binolari va ularga taalluqli bo‘lgan tomorqa-xo‘jalik imoratlari va hovli inshootlari.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-martdagi 192-sonli “Davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishning yangi mexanizmini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
4-modda. Shaharsozlik faoliyatining asosiy prinsiplari
Shaharsozlik faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
shaharsozlik sohasida fuqarolar, jamiyat va davlat manfaatlarini hisobga olgan holda rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish asosida O‘zbekiston Respublikasi hududini va uning qismlarini barqaror rivojlantirish;
hayotiy faoliyat uchun qulay muhit yaratish, fuqarolar salomatligini muhofaza qilish, atrof-muhitga, tabiiy resurslarga va madaniy merosga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish;
binolar va inshootlar konstruksiyalarining xavfsizligi va ishonchliligi, ularning seysmik chidamliligi, yong‘in xavfsizligi va energiya samaradorligiga qo‘yiladigan talablarga rioya qilgan holda tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish;
shaharsozlik faoliyati va qurilish ishlab chiqarishida eng yaxshi amaliyotlarni joriy etish, qurilish sifatini oshirish;
hududlarni rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish jarayonida jamoatchilikning samarali ishtirokini ta’minlash.
5-modda. Shaharsozlik sohasida raqobat muhitini yaratish
Shaharsozlik faoliyati subyektlari o‘rtasidagi raqobat muhiti:
ishlar (tovarlar, xizmatlar) bozorida monopol faoliyatni, shu jumladan raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan faoliyatni cheklash;
shaharsozlik faoliyati subyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning qulay elektron bazalarini yaratish va yaratilgan asosda ularning faoliyatini baholash reytinglarini joriy etish;
shaharsozlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash yo‘li bilan yaratiladi.
6-modda. Shaharsozlik normalari va qoidalari
Shaharsozlik normalari va qoidalari shaharsozlikning asosi bo‘lib, ular shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
Qarang: mazkur Kodeksning 4-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharsozlik normalari va qoidalari normativ hujjatlar bo‘lib:
(6-modda ikkinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 5-fevraldagi O‘RQ-1117-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2026-y., 03/26/1117/0116-son)
hududlarni rivojlantirishni va qurishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish;
muhandislik qidiruvlari;
loyihalashtirish, shu jumladan texnologik loyihalashtirish;
obyektlarni qurishni, rekonstruksiya qilishni, mukammal va joriy ta’mirlashni, shuningdek buzishni amalga oshirish;
obyektlardan foydalanish, ularni ta’mirlash yoki qayta tiklash (ishlarni tashkil etish, yuritish va qabul qilib olish);
obyektlarning muhandislik tizimlarini o‘rnatish;
obyektlarning qiymatini belgilash;
qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanish chog‘idagi majburiy talablarni belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasining geologik, tabiiy-iqlimiy, seysmologik hamda boshqa o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirilgan shaharsozlik faoliyati sohasidagi xalqaro va xorijiy normativ-texnik hujjatlardan foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.
Shaharsozlik normalari va qoidalari to‘g‘risidagi axborot shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Shaharsozlik normalari va qoidalari chegaradosh yer uchastkalari, reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) hamda boshqa ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining, egalarining va ulardan foydalanuvchilarning, shuningdek shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda qaysi yuridik va jismoniy shaxslarning manfaatlariga daxl qilinishi mumkin bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari masalalari yuzasidan davlat organlari tomonidan qarorlar qabul qilinishi uchun asos bo‘ladi.
7-modda. Idoraviy qurilish normalari
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida idoraviy qurilish normalaridan foydalanilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Vazirliklar va idoralar bir vazirlik va idora doirasida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan idoraviy qurilish normalarini o‘z vakolatlari doirasida ishlab chiqishi, tasdiqlashi, qayta ko‘rib chiqishi yoki bekor qilishi mumkin.
(7-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Idoraviy qurilish normalari shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga zid bo‘lmasligi kerak.
Idoraviy qurilish normalari tasdiqlanishidan oldin shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishib olinadi.
8-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari
Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq manfaatlari ularning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari jumlasiga kiradi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyati, agar bunday faoliyat chegaradosh yer uchastkalari, reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) hamda boshqa ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining, egalarining hamda ulardan foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishiga monelik qilsa, cheklanishi kerak.
Fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitiga bo‘lgan huquqi, xo‘jalik va boshqa faoliyatning atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik, ekologik vaziyatni yaxshilash, aholi punktlarining hamda ularga tutash hududlarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarini rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini saqlash, shuningdek shaharsozlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligi jamiyatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.
Aholi punktlarini va aholi punktlariaro hududlarni barqaror rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar tizimlarining ishlab turishi, tabiiy resurslarni va madaniy meros obyektlarini saqlash, shuningdek manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlaridir.
Yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning shaharsozlik sohasidagi manfaatlari shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik normalari hamda qoidalari, shaharsozlik hujjatlari talablariga rioya etish, shuningdek ularga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali ta’minlanadi.
Agar shaharsozlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar, jamiyat va davlat manfaatlariga zid bo‘lsa, bunday faoliyat tugatilishi kerak.
9-modda. Fuqarolarining qulay hayot faoliyati muhitiga bo‘lgan huquqi
Har bir fuqaro qulay hayot faoliyati muhitiga bo‘lgan huquqqa ega.
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda fuqarolarning qulay hayot faoliyati muhitiga bo‘lgan huquqi:
shaharsozlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish;
Qarang: mazkur Kodeksning 3-bobi.
hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish;
Qarang: mazkur Kodeksning 5-bobi.
fuqarolarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etishi;
Qarang: mazkur Kodeksning 9-moddasi.
qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarini sertifikatlashtirish;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuni.
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan davlat va jamoatchilik nazorati;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilganligi natijasida fuqarolarga yetkazilgan hamda ularning hayot faoliyati muhiti yomonlashishiga sabab bo‘lgan zararlarni kompensatsiya qilish, shuningdek fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash orqali ta’minlanadi.
10-modda. Shaharsozlik faoliyatiga doir asosiy talablar
Shaharsozlik faoliyatiga doir asosiy talablar quyidagilardan iborat:
shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi;
hududlar va aholi punktlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siridan himoya qilish;
atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, yong‘inga qarshi hamda sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga rioya etish;
suvni muhofaza qilish zonalari, muhandislik va transport infratuzilmasi obyektlarining muhofaza zonalari talablariga rioya etish;
madaniy meros obyektlarini va muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni saqlash talablariga rioya etish;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 64-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 132-moddasi.
aholi punktlarini aholi punktlarining tegishli turi uchun shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan aholiga xizmat ko‘rsatish darajasidan kam bo‘lmagan muhandislik, transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilmalar obyektlari, rekreatsiya va sog‘lomlashtirish maqsadlariga mo‘ljallangan obyektlar, shuningdek hududlarni obodonlashtirish obyektlari bilan ta’minlash;
nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy infratuzilma obyektlaridan (turar joylar, jamoat va ishlab chiqarish binolari, imoratlari va inshootlari, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport obyektlari va boshqa obyektlardan) moneliksiz foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi qarorlarning muhokamasi va qabul qilinishida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ishtirok etishi uchun shart-sharoitlarni ta’minlash.
11-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘idagi majburiyatlari
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslar:
aholining qulay hayot faoliyati muhitini asrashi;
shaharsozlik hujjatlariga, aholi punktlarini va hududlarni qurish qoidalariga rioya etilishini ta’minlashi;
atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, yong‘inga qarshi hamda sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga rioya etishi;
atrof-muhitga, madaniy meros obyektlariga, shahar, qishloq landshaftlariga, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlariga, hududlarni obodonlashtirish obyektlariga zararli ta’sir etadigan, uchinchi shaxslarning qonuniy manfaatlariga daxl etadigan hamda chegaradosh yer uchastkalari, reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) hamda boshqa ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarining, egalarining yoki ulardan foydalanuvchilarning huquqlari amalga oshirilishiga monelik qiladigan xatti-harakatlar sodir etmasligi;
yer uchastkalaridan va boshqa ko‘chmas mulk obyektlaridan shaharsozlik reglamentlariga rioya etgan holda foydalanishi;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlarining ko‘rsatmalarini bajarishi;
davlat shaharsozlik kadastri yuritilishini va shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringini amalga oshiruvchi shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organiga hamda obyektlarni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazuvchi tashkilotlarga o‘zlariga tegishli obyektlardagi o‘zgarishlar haqida ishonchli ma’lumotlar taqdim etishi;
shaharsozlik hujjatlari materiallarini, shu jumladan kompleks muhandislik qidiruvlari materiallarini (bundan mavsumiy ishlar uchun vaqtinchalik va xo‘jalik-maishiy imoratlari, uch yuz kub metrdan oshmaydigan alohida turgan obyektlarga doir shaharsozlik hujjatlari mustasno) shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining tegishli hududiy bo‘linmalariga taqdim etishi shart.
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida yuridik va jismoniy shaxslarning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
12-modda. Aholi punktlarining turlari
Aholi punktlari shaharlarga, shaharchalarga, qishloqlar va ovullarga bo‘linadi.
Aholining soniga qarab shaharlar quyidagilarga bo‘linadi:
eng yirik — aholisining soni bir milliondan ortiq kishidan iborat;
yirik — aholisining soni ikki yuz ellik mingdan bir milliongacha kishidan iborat;
katta — aholisining soni yuz mingdan ikki yuz ellik minggacha kishidan iborat;
o‘rtacha — aholisining soni ellik mingdan yuz minggacha kishidan iborat;
kichik — aholisining soni ellik minggacha kishidan iborat bo‘lgan shaharlar.
Aholining soniga qarab shaharchalar quyidagilarga bo‘linadi:
katta — aholisining soni yigirma mingdan ortiq kishidan iborat;
o‘rtacha — aholisining soni o‘n mingdan yigirma minggacha kishidan iborat;
kichik — aholisining soni o‘n minggacha kishidan iborat bo‘lgan shaharchalar.
Aholining soniga qarab qishloqlar va ovullar quyidagilarga bo‘linadi:
yirik — aholisining soni besh mingdan ortiq kishidan iborat;
katta — aholisining soni uch mingdan besh minggacha kishidan iborat;
o‘rtacha — aholisining soni bir mingdan uch minggacha kishidan iborat;
kichik — aholisining soni bir minggacha kishidan iborat bo‘lgan qishloqlar va ovullar.
Vaqtinchalik ahamiyatga molik va aholi tarkibi doimiy bo‘lmagan hamda iqtisodiyot tegishli tarmog‘ining xizmat maqsadidagi obyektlari bo‘lgan binolar va inshootlarning guruhlari (vaxta usulida ishlovchi neftchilar, gazchilar, izlanuvchilarning shaharchalari hamda uylari), shuningdek yakka uylar (temir yo‘l nazoratchilarining, o‘rmonchilarning uylari, dala shiyponlari va boshqalar) ushbu binolar va inshootlar ma’muriy, ishlab chiqarish yoki hududiy munosabatlarda shaharsozlik faoliyatining qaysi tegishli subyektlari bilan bog‘liq bo‘lsa, o‘sha subyektlar tasarrufida bo‘ladi.
Aholi punktining turiga qarab shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida shaharsozlik hujjatlarining tarkibi, ularni ishlab chiqish va tasdiqlash tartibi belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududlarini va hududlarining qismlarini rivojlantirishni rejalashtirishga doir hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
Yangi aholi punktlarini joylashtirish hamda mavjudlarini rivojlantirish hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiyaviy rivojlantirishning uzoq muddatli prognozlariga, O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhiga, hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish tarhlariga hamda tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalariga, aholi punktlari hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish va qurish to‘g‘risidagi shaharsozlik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(12-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Aholi punktlarini tashkil etish hamda qayta tashkil etish, ularning maqomi va chegaralarini o‘zgartirish tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 4-martdagi 48-son qarori bilan tasdiqlangan Shaharlar, posyolkalar va ovullarning mahallalarini tuzish, birlashtirish, bo‘lish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va o‘zgartirish, ularga nom berish va ularning nomini o‘zgartirish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Oldingi tahrirga qarang.
Aholi punktlari chegaralaridagi yerlar aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalariga, shaharsozlik va yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq ulardan foydalanishning tartibga solinishini amalga oshiruvchi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tasarrufida bo‘ladi.
(12-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Aholi punktlarining yerlaridan foydalanish shartlari va tartibiga doir shaharsozlik talablari shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-oktabrdagi 301-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
2-bob. Shaharsozlik faoliyati obyektlari va subyektlari
13-modda. Shaharsozlik faoliyati obyektlari
O‘zbekiston Respublikasining hududi va hududining qismlari, aholi punktlarining hududlari va hududlarining qismlari, aholini joylashtirishning umumdavlat hamda hududiy tizimlari, yer uchastkalari, binolar va inshootlar, hududiy-ishlab chiqarish, shaharsozlik hamda landshaft majmualari, rekreatsiya va ishlab chiqarish zonalari, madaniy meros obyektlari hamda ularning muhofaza zonalari, aholi punktlari chegaralaridagi va aholi punktlariaro hududlardagi akvatoriyalar, muhandislik va transport kommunikatsiyalari, reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) shaharsozlik faoliyati obyektlaridir.
Shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqiladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududlarini va hududlarining qismlarini rivojlantirishni rejalashtirishga doir hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
14-modda. Shaharsozlik faoliyati subyektlari
Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar shaharsozlik faoliyati subyektlaridir.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari:
shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar;
obyektlarni qurish bo‘yicha pudratchilar;
shaharsozlik faoliyati obyektlaridan foydalanuvchilar sifatida ish yuritishi mumkin.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari tegishli davlat organlaridan aholi punktlarini, ularning tizimlarini va hududlarini kutilayotgan rejalashtirish, qurish hamda rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan, o‘zining shaharsozlik faoliyatiga ta’sir eta oladigan qarorlar tayyorlanishi va qabul qilinishi haqida axborot olish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharsozlik faoliyati subyektlari qonunchilikka muvofiq o‘ziga berilgan yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga muvofiq foydalanishi, shuningdek madaniy meros obyektlariga, tabiiy hamda sun’iy landshaftlarga zarar yetkazmasligi, aholining hayot faoliyati muhiti yomonlashishiga, shaharsozlik faoliyati boshqa subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kamsitilishiga olib keladigan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi shart.
(14-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi O‘RQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
15-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar
Quyidagilar shaharsozlik faoliyati sohasidagi buyurtmachilar bo‘lishi mumkin:
davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar;
davlat-xususiy sheriklik asosida faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar.
Buyurtmachilar:
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchini tanlash hamda u bilan bu hujjatlarni ishlab chiqishga doir shartnomani tuzish;
obyektlarni qurish bo‘yicha pudratchini tanlash va u bilan pudrat shartnomasini tuzish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” 2016-yil 23-dekabrdagi 306-sonli qarori.
Buyurtmachilar:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etishi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish uchun topshiriqlarni tayyorlashi va tasdiqlashi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilarga loyihalashtirishga doir birlamchi-ruxsat beruvchi hujjatlarni, shu jumladan arxitektura-rejalash topshirig‘ini, topografik materiallarni, muhandislik-geologik qidiruvlarning va tayanch qurilish konstruksiyalarining texnik holatini tekshiruvdan o‘tkazish materiallarini, nuqsonlarga oid dalolatnomalarni taqdim etishi;
shaharsozlik hujjatlarining ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlashi;
loyihalashtirish jarayoni ustidan tekshiruvni va qurilish sifati ustidan texnik nazoratni amalga oshirishi, qurilish jarayonida kamchiliklar va nuqsonlar aniqlangan taqdirda, ularni bartaraf etish yuzasidan choralar ko‘rishi;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchi bilan tuzilgan shartnoma asosida shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha mualliflik nazorati amalga oshirilishini ta’minlashi;
hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan obyektni ekspluatatsiya qilish uchun ruxsatnoma berilganidan keyin foydalanishning kafolat muddati davomida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishini tashkil qilishi shart.
Buyurtmachilarga, bundan asosiy faoliyat turi sifatida qurilish-montaj ishlarini olib boruvchi tashkilotlar mustasno, pudratchi bilan qurilish pudrati shartnomasini tuzmasdan mustaqil ravishda (xo‘jalik usulida) balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq, ikki qavatdan yuqori (sokolni hisobga olmagan holda) bo‘lgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash taqiqlanadi.
Buyurtmachilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
16-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar
Tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha faoliyatni boshlash to‘g‘risida vakolatli organni xabardor qilish asosida faoliyat yuritadigan yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiquvchilar (bundan buyon matnda ishlab chiquvchilar deb yuritiladi) bo‘lishi mumkin.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining “Shaharlar va shahar posyolkalari hududlarini rivojlantirish va qurish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2016-yil 5-yanvardagi 3-sonli qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisi.
Ishlab chiquvchilar:
ishlab chiqiladigan shaharsozlik hujjatlarining tarkibi va hajmini qonun hujjatlariga muvofiq belgilash;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga doir tanlovlarda ishtirok etish;
shaharsozlik hujjatlarini amalga oshirish bo‘yicha mualliflik nazoratini olib borish;
qurilish, montaj ishlari va maxsus ishlar tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari hamda normativ talablardan fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan, madaniy meros obyektlarining shikastlanishi hamda yo‘q qilinishi xavfini tug‘diradigan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning manfaatlariga ziyon keltiradigan tarzdagi chetga chiqishlar bilan bajarilgan taqdirda, qurilish, montaj ishlarini va maxsus ishlarni to‘xtatib turish yoki tugatish haqida takliflar kiritish;
zarur hollarda, shaharsozlik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega.
Ishlab chiquvchilar:
shaharsozlik hujjatlarining qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilishini ta’minlashi;
o‘zlari ishlab chiqqan shaharsozlik hujjatlarini barcha manfaatdor organlar va tashkilotlar bilan kelishib olishi shart.
Ishlab chiquvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
17-modda. Obyektlarni qurish bo‘yicha pudratchilar
Tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslar shuningdek jismoniy shaxslar obyektlarni qurish bo‘yicha pudratchilar (bundan buyon matnda pudratchilar deb yuritiladi) bo‘lishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 37-bobining 3-paragrafi (Qurilish pudrati).
Jismoniy shaxslar pudratchilar sifatida:
ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish;
mavsumiy ishlar va yaylov chorvachiligi uchun vaqtinchalik imoratlarni, xo‘jalik-maishiy binolarini qurish;
yakka tartibdagi tomorqa yer uchastkalari hududida, shuningdek jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun ajratilgan yer uchastkalarida xo‘jalik-maishiy imoratlarini qurish;
tomorqa yer uchastkalarida va mavjud muhandislik tarmoqlarini o‘zgartirish talab etilmaydigan jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun ajratilgan yer uchastkalarini obodonlashtirish;
umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan, yig‘ma-qismlarga ajraladigan konstruksiyalardan quriladigan savdo obyektlari, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun bir qavatli bino va inshootlarni qurish;
ikkitadan ko‘p bo‘lmagan avtomashinaga mo‘ljallangan bokslardan iborat garajlarni qurish;
kichik arxitektura shakllarini qurish va hududlarni o‘rash;
ochiq sport maydonchalari, yo‘laklar qurish, bino va inshootlar atrofiga tosh yotqizish;
reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) qurish;
mulkdorlarning shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan texnik jihatdan murakkab bo‘lmagan imoratlarni qurish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishi mumkin.
Pudratchilar:
binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning yangi konstruktiv yechimlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
ishlab chiquvchi, shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining tegishli hududiy bo‘linmasi va buyurtmachi bilan kelishgan holda shaharsozlik hujjatlariga binolarning, inshootlarning va boshqa obyektlarning arxitektura-badiiy qiyofasini hamda konstruktiv yechimini yomonlashtirmagan tarzda texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilaydigan o‘zgartirishlar kiritish;
ishlab chiquvchidan zarur texnik maslahatlar olish huquqiga ega.
Pudratchilar:
qurilishni tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, shaharsozlik hujjatlarida qabul qilingan yechimlarga rioya etishi;
Oldingi tahrirga qarang.
buyurtmachining texnik nazoratiga oid, ishlab chiquvchining mualliflik nazoratiga oid qonuniy talablarini hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi qurilish sohasidagi nazorat bo‘yicha hududiy inspeksiyalarning qonuniy talablarini bajarishi;
(17-modda to‘rtinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etuvchi barcha xodimlarni mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi anjomlari, jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalari bilan ta’minlashi;
buyurtmachiga qurilishi tugallangan obyektda bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari hamda shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi deklaratsiyani (bundan buyon matnda muvofiqlik deklaratsiyasi deb yuritiladi) taqdim etishi shart.
Pudratchilar qurilishning pirovard natijalari va pudrat shartnomasida belgilangan majburiyatlarga muvofiq shartnoma narxiga rioya etilishi uchun javobgar bo‘ladi.
Pudratchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
3-bob. Davlat organlarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
18-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari barcha vazirliklar, idoralar hamda davlat boshqaruvining boshqa organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiydir.
(18-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
19-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
shaharsozlik sohasida kompleks davlat dasturlarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi hamda ularning amalga oshirilishiga ko‘maklashadi;
shaharsozlik faoliyati sohasida o‘z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini, umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini hamda muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalarini tasdiqlaydi;
(19-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 140-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududlarini va hududlarining qismlarini rivojlantirishni rejalashtirishga doir hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Toshkent va Nukus shaharlarining, shuningdek respublika va viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlarning bosh rejalarini tasdiqlaydi;
shaharlar shahar atrofi zonalarining chegaralarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralarini hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish tartibotini belgilaydi;
davlat shaharsozlik kadastrini hamda shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringini yuritish tartibini belgilaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlarning shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishini, shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari ishlab chiqilishini moliyalashtirish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazadigan yuridik shaxslarni akkreditatsiya qilish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasini tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasida davlat xaridlarini tashkil etish hamda o‘tkazish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibini belgilaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlarining tashkiliy tuzilmasini belgilaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini muntazam ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilaydi;
(19-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuniga asosan o‘n oltinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi faoliyatini muvofiqlashtiradi va tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
20-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
(20-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Maxsus vakolatli davlat organi:
shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi ishlab chiqilishini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari va umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ishlab chiqilishi, shuningdek shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlari tashkil etilishini ta’minlaydi;
(20-modda ikkiinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
shaharlarning, shaharchalarning bosh rejalarini, bundan tasdiqlanishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari jumlasiga kiritilgan shaharlarning bosh rejalari mustasno, hamda Toshkent shahrining markaziy qismlarini, viloyatlarning ma’muriy markazlarini, shuningdek madaniy meros obyektlariga ega bo‘lgan shaharlarni batafsil rejalashtirish loyihalarini tasdiqlaydi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari uchun chegaralarni belgilash haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
shaharsozlik sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
vazirliklar va idoralar tomonidan taqdim etilgan idoraviy qurilish normalarini kelishib oladi;
(20-modda ikkinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
shaharsozlik, arxitektura, loyihalashtirish va qurilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashga, ixtisoslashgan davlat ta’lim muassasalarida hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya jarayonining darajasi va sifatini oshirishga, qurilish sohasida, shu jumladan xorijdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarida loyihachilarni hamda mutaxassislarni qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga ko‘maklashadi;
Oldingi tahrirga qarang.
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, milliy standartlarga, qurilish ishlari texnologiyalariga, qurilish materiallari va buyumlari sifatiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
(20-modda ikkinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrdagi O‘RQ-800-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha yagona siyosatni amalga oshiradi va ekspertiza xulosalarining yagona reyestrini yuritadi;
qurilishda standartlashtirish ishlarini amalga oshiradi;
davlat shaharsozlik kadastri va shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringi yuritilishini amalga oshiradi;
aholi punktlarining bosh rejalari ishlab chiqilishini tashkil etadi;
shaharsozlik hujjatlarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish tartibini belgilaydi;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 15-noyabrdagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat shaharsozlik kadastrini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.
shaharsozlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun litsenziyalar beradi;
shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasini amalga oshiruvchi yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazadi;
qonun hujjatlariga muvofiq malakasi bo‘lishi majburiy bo‘lgan, loyihalashtirish va qurilish sohasidagi mutaxassislarni sertifikatlashtiradigan yuridik shaxslarni akkreditatsiyadan o‘tkazadi;
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-maydagi 451-sonli “Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori.
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar to‘g‘risida aholini muntazam ravishda xabardor qiladi;
o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar yuzasidan shaharsozlik faoliyati subyektlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqadi;
shaharsozlik faoliyati obyektlarini ro‘yxatga oladi;
texnik nazoratni amalga oshirish bo‘yicha buyurtmachining va mualliflik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiquvchining ishlarini tekshiradi, shuningdek texnik va mualliflik nazorati sifatsiz amalga oshirilgan taqdirda, ularga nisbatan javobgarlik choralarini qo‘llash to‘g‘risida vakolatli organlarga takliflar kiritadi;
shaharsozlik sohasidagi normativ hujjatlar buzilganligi aniqlangan taqdirda, qurilish materiallari va buyumlarining ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi hamda qo‘llanilishini, shaharsozlik normalari va qoidalari hamda tasdiqlangan loyiha yechimlari talablari chidamlilik va puxtalik xususiyatlari pasayishiga sabab bo‘lgan darajada buzilganda, shuningdek binolar va inshootlarning avariya xavfi bo‘lgan, obyektlar o‘zboshimchalik bilan qurilgan taqdirda qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni to‘xtatib turadi. Qurilish materiallari va buyumlarini ishlab chiqarishni, realizatsiya qilishni hamda qo‘llashni, qurilish-montaj ishlarini davom ettirishni tadbirkorlik subyektining faoliyatini to‘xtatib turishga olib keladigan tarzda to‘xtatib turish sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish hollari mustasno;
shaharsozlik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqadi va jarima tarzidagi ma’muriy jazo beradi;
qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilib olish bo‘yicha komissiyalar ishida ishtirok etadi;
Oldingi tahrirga qarang.
shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishda buyurtmachiga va loyiha tashkilotlariga loyihalashtirish uchun topshiriqlar beradi.
(20-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuniga asosan yigirma beshinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Maxsus vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
21-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z vakolatlari doirasida:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi, shuningdek shaharsozlik faoliyati obyektlarining but saqlanishini ta’minlaydi;
shaharlar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari va istiqboldagi urbanizatsiya jarayonlari asosida aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal qiladi;
mahalliy ahamiyatga molik obyektlarni qurishga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi va bu obyektlarning moliyalashtirilishini ta’minlaydi;
Oldingi tahrirga qarang.
(21-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-890-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2023-y., 03/23/890/0981-son)
o‘z hududidagi shaharsozlik faoliyatini, agar bu faoliyat shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, to‘xtatib turadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish hollari mustasno;
reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish masalalariga doir shaharsozlik faoliyatini nazorat qiladi hamda rejalashtiradi, shu jumladan reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) qurilishi uchun ajratiladigan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantiradi, ularni pasportlashtirishni amalga oshiradi;
aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqishni tashkil etadi va ularning jamoatchilik muhokamasini ta’minlaydi;
qishloq aholi punktlarining bosh rejalarini, aholi punktlari hududlarining qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarini (bundan buyon matnda batafsil rejalashtirish loyihasi deb yuritiladi) hamda mavzelarni, kichik dahalarni va aholi punktlari rejalashtirilgan tuzilmasining elementlarini qurish loyihalarini (bundan buyon matnda qurish loyihasi deb yuritiladi) tasdiqlash uchun tegishli hokimiyat vakillik organlariga kiritadi;
viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlari, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, shuningdek obodonlashtirish tarhlari va loyihalari ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etadi;
tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini tasdiqlash uchun tegishli vakillik organlariga kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
mahalliy ahamiyatga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralarini hamda tegishli obyektlar hududlarida shaharsozlik faoliyatini tartibga solish tartibotini tasdiqlash uchun tegishli mahalliy hokimiyat vakillik organiga kiritadi;
(21-modda birinchi qismining o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
aholi punktlarini qurish qoidalari loyihalarini tasdiqlash uchun tegishli hokimiyat vakillik organlariga kiritadi;
aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarining, shaharsozlik faoliyati sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning ishlab chiqilishi va moliyalashtirilishini, davlat shaharsozlik kadastri, shaharsozlik faoliyati obyektlarining monitoringi yuritilishini, kompleks muhandislik qidiruvlari o‘tkazilishini, aholi punktlarini mikroseysmik hududlashtirish xaritalari tuzilishini, shaharsozlik hujjatlari amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borilishini va bu hujjatlarning ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlaydi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar to‘g‘risida aholini muntazam ravishda xabardor qiladi;
o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda buzib tashlanishini tashkil etadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-martdagi 192-sonli “Davlat arxitektura nazoratini amalga oshirishning yangi mexanizmini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
22-modda. Tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Tumanlar (shaharlar) ijro etuvchi hokimiyat organlari:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek shaharsozlik faoliyati obyektlarining but saqlanishini ta’minlaydi;
shaharlar hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari va istiqboldagi urbanizatsiya jarayonlari asosida aholini oqilona joylashtirish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish masalalarini hal qiladi;
mahalliy ahamiyatga molik obyektlarni qurishga doir shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi vazifalarini bajaradi va bu obyektlarning moliyalashtirilishini ta’minlaydi;
o‘z hududidagi shaharsozlik faoliyatini, agar bu faoliyat shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga mos kelmasa, cheklaydi, to‘xtatib turadi yoki taqiqlaydi. Tadbirkorlik subyektlarining shaharsozlik faoliyatini cheklash, to‘xtatib turish va taqiqlash sud tartibida amalga oshiriladi, bundan favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholining hayoti va sog‘lig‘i uchun boshqa real tahdid yuzaga kelishining oldini olish bilan bog‘liq holda faoliyatni o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklash, to‘xtatib turish hollari mustasno;
o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzib tashlash to‘g‘risida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qiladi;
tumanlarni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarini, aholi punktlarining bosh rejalarini, batafsil rejalashtirish loyihalarini, qurish loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi hamda ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
aholi punktlarini qurish qoidalari loyihalarini tasdiqlash uchun tegishli hokimiyat vakillik organlariga kiritadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(22-modda birinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 27-dekabrdagi O‘RQ-890-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.12.2023-y., 03/23/890/0981-son)
reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) masalalariga doir shaharsozlik faoliyatini nazorat qiladi hamda rejalashtiradi, shu jumladan reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) qurilishi uchun ajratiladigan yer uchastkalari ro‘yxatini shakllantiradi, ularni pasportlashtirishni amalga oshiradi;
shaharsozlik faoliyati obyektlarining texnik holati inventarizatsiyadan o‘tkazilishini tashkil etadi;
shaharsozlik faoliyati sohasida qabul qilinayotgan qarorlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari va Internet tarmog‘idagi o‘zining rasmiy veb-saytlari orqali aholini muntazam ravishda xabardor qiladi.
Ushbu modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi qoidalari shaharlar tarkibiga kiruvchi tumanlarning vakillik hokimiyati organlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tumanlar (shaharlar) vakillik hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
4-bob. Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi
23-modda. Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi maxsus vakolatli davlat organining ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo‘linmalari, bunga vakolatli bo‘lgan vazirliklar va idoralarning ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo‘linmalari, ekspert komissiyalari va ekspert guruhlari, shuningdek akkreditatsiya qilingan yuridik shaxslar (bundan buyon matnda ekspert tashkilotlari deb yuritiladi) tomonidan o‘tkaziladi.
(23-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi maxsus vakolatli davlat organining ixtisoslashtirilgan tarkibiy bo‘linmalari tomonidan o‘tkaziladi.
Shaharsozlik hujjatlari shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga, shu jumladan shaharsozlik, yong‘inga qarshi hamda ekologik normalar va qoidalarga, shuningdek sanitariya qoidalari va normalariga, gigiyena normativlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 579-sonli “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
Shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish uchun shaharsozlik hujjatlari zilzilaga bardoshlilik va yong‘in xavfsizligi yuzasidan majburiy ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, shu jumladan chet el investitsiyalari hisobidan amalga oshiriladigan obyektlar bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarining smeta qismini ekspertizadan o‘tkazish talab etilmaydi.
Quyidagi obyektlarning shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi majburiy emas:
mavsumiy ishlar uchun vaqtinchalik va maishiy binolar;
uch yuz kub metrdan ortiq bo‘lmagan alohida qurilayotgan kichik hajmdagi obyektlar;
ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan (sokolni hisobga olmagan holda), balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylar;
I xavf-xatar toifasiga kiradigan obyektlar;
binolarni, inshootlarni va boshqa obyektlar joriy ta’mirlanganda.
Loyiha yechimlariga o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, shu jumladan qurilayotgan yoki mavjud obyektlarning konstruksiyasi o‘zgarganda (qavatlar soni o‘zgarganda, yonma-yon qurilganda, ustiga qavat qurilganda) shaharsozlik hujjatlari kiritilayotgan o‘zgartirishlar qismida qayta ekspertizadan o‘tkaziladi.
Ilgari ekspertizaning ijobiy xulosalari berilgan yakka tartibdagi va namunaviy loyihalar takroran qo‘llanilganda ekspertiza ushbu loyihalarni aniq bir joyga va shartlarga bog‘lash qismida amalga oshiriladi.
Buyurtmachi zimmasiga shaharsozlik hujjatlarining to‘liq to‘plamini ekspertizadan o‘tkazish uchun taqdim etish va ularning ishonchliligini ta’minlash majburiyati yuklanadi.
Shaharsozlik hujjatlarining ekspertizasi buyurtmachilar va ekspert tashkilotlari tomonidan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi, bunda xarajatlar ko‘rib chiqilayotgan loyihani ishlab chiqish qiymatiga kiritiladi.
Ekspertizaning ijobiy xulosalari (bundan davlat sirlari yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa sirlarni o‘z ichiga olgan shaharsozlik hujjatlariga doir xulosalar mustasno) ular ekspertiza xulosalarining yagona reyestriga kiritilgan taqdirdagina haqiqiy deb tan olinadi.
Ekspertizaning ijobiy xulosalari shaharsozlik hujjatlarini kelishib olish, tasdiqlash va kelgusida amalga oshirish uchun asos bo‘ladi.
Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibi va muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 579-sonli “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
24-modda. Ekspert tashkilotlarining vakolatlari
Ekspert tashkilotlari:
qabul qilingan arxitektura-rejalashtirish va shaharsozlik yechimlarining shaharsozlik normalari hamda qoidalariga muvofiqligini tekshiradi;
shaharsozlik normalari va qoidalarining majburiy talablariga, shu jumladan energiya jihatidan samarador hamda energiyani tejaydigan texnik, texnologik va innovatsion loyiha yechimlarini qo‘llash bo‘yicha majburiy talablariga rioya etilishini tekshiradi;
ekspertiza natijalari yuzasidan xulosalar taqdim etadi;
bajarilgan loyiha-qidiruv ishlarining sifatiga baho beradi.
Ekspert tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
25-modda. Shaharsozlik hujjatlari ekspertlarining huquqlari va majburiyatlari
Shaharsozlik hujjatlari ekspertlari:
hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish loyihalari bo‘yicha kompleks shaharsozlik ekspertizasida ekspert komissiyalari (ekspert guruhlari) tarkibida ishtirok etishga;
buyurtmachilardan va ishlab chiquvchilardan zarur materiallarni hamda axborotni so‘rash va olishga;
shaharsozlik faoliyatining professional ixtisoslashuviga muvofiq loyihalarning alohida bo‘limlari (qismlari) bo‘yicha ekspertizani amalga oshirish, ular bo‘yicha mahalliy ekspertiza xulosalarini tuzishga. Ayrim bo‘limlar (qismlar) bo‘yicha ekspertizaning lokal xulosalari shaharsozlik hujjatlarini yaxlit tarzda tasdiqlash uchun asos hisoblanmaydi va ekspertizaning jamlanma xulosasini tuzishda foydalaniladi;
buyurtmachi ekspertiza xulosasida qayd etilgan shartlarni (talablarni) bajarmagan hollarda ekspert tashkiloti tomonidan ilgari berilgan ekspertiza xulosasini chaqirib olinishini taklif qilishga haqlidir.
Shaharsozlik hujjatlari ekspertlariga quyidagilar taqiqlanadi:
mazkur ekspert tayyorlanishida bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan loyihalar yuzasidan yoxud er (xotin) va (yoki) boshqa yaqin qarindoshlar ishtirokida bajarilgan loyihalar yuzasidan ekspertiza o‘tkazish;
shaharsozlik faoliyatining subyektlari bilan mehnatga oid, moliyaviy jihatdan va (yoki) boshqacha tobelik munosabatlarida bo‘lish.
Shaharsozlik hujjatlari ekspertlari:
shaharsozlik hujjatlarining ko‘rib chiqilayotgan loyihalari bo‘yicha davlat sirlarining va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirning maxfiyligiga rioya etishi hamda saqlanishini ta’minlashi;
o‘z kasbiy malakasini oshirib borishi;
kasbiy odob-axloq qoidalariga rioya etishi shart.
Shaharsozlik hujjatlari ekspertlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlar ham ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
Ekspertiza sifatsiz o‘tkazilganligi hollari aniqlangan taqdirda ekspertlar va ekspert tashkilotlari qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Ekspertlar va ekspert tashkilotlari o‘z faoliyatida shaharsozlik faoliyati subyektlaridan mustaqildir. Shaharsozlik hujjatlarini ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha ekspertiza xulosalarini tayyorlash vaqtida hech kim ekspertlar yoki ekspert tashkilotlari ishiga aralashishga haqli emas.
5-bob. Qurilishni nazorat qilish va amalga oshirish
26-modda. Qurilishni nazorat qilish
Qurilishni nazorat qilish shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan qurilishga tayyorgarlik ko‘rish, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj, ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarish, obyektni foydalanishga qabul qilib olish davrida shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hamda shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.
Shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish chog‘ida quyidagilarning amalga oshirilishi ta’minlanishi kerak:
qurilish ustidan davlat nazorati;
buyurtmachining texnik nazorati;
ishlab chiquvchining mualliflik nazorati;
pudratchining ichki nazorati.
Oldingi tahrirga qarang.
27-modda. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hamda uning hududiy inspeksiyalarining vakolatlari
(27-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (bundan buyon matnda Inspeksiya deb yuritiladi) hamda uning hududiy inspeksiyalari (bundan buyon matnda hududiy inspeksiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(27-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar o‘z vakolatlari doirasida:
mahalliy davlat hokimiyati organlariga va maxsus vakolatli davlat organining hududiy bo‘linmalariga shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan holda qabul qilingan qarorlarni bekor qilish haqida taqdimnomalar kiritadi;
binolar va inshootlarning zilzilabardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek fuqaro hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi konstruktiv qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turadi hamda demontaj ishlari amalga oshirilishini talab qiladi;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qurilish sohasida ruxsat berish tartib-taomillariga rioya qilinmagan va aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha kamida ikkita ko‘rsatma bajarilmagan hollarda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turadi va demontaj ishlarini olib borish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qiladi;
yuridik va jismoniy shaxslarga shaharsozlik faoliyati sohasida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni, ularni bajarishning shaharsozlik faoliyati obyektidagi huquqbuzarliklarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan mutanosib muddatlarini, lekin ko‘pi bilan oltmish kunni belgilagan holda, beradi;
shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishga doir litsenziyalarning hamda ruxsat beruvchi hujjatlarning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish yoki ularni bekor qilish to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun tegishli davlat organlari hamda tashkilotlarga taqdimnomalar yuboradi;
shaharsozlik faoliyati obyektlarida binolar hamda inshootlarning zilzilabardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari, konstruksiyalari hamda buyumlari qo‘llanilganligi aniqlangan hollarda, qurilish materiallarini, konstruksiyalarini va buyumlarini ishlab chiqarishni, realizatsiya qilish hamda qo‘llashni to‘xtatib turish haqida tegishli davlat organlari va tashkilotlarga taqdimnomalar yuboradi;
qurilayotgan obyektlarga moneliksiz kiradi va davlat nazorati vazifalarini amalga oshiradi;
yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, shaharsozlik normalari hamda qoidalari talablariga, qurilishda qo‘llaniladigan qurilish materiallari, konstruksiyalari va buyumlarining texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lishiga rioya etilishi ustidan, shuningdek texnik va mualliflik nazorati yuritilishi ustidan tanlab o‘tkaziladigan davlat nazoratini amalga oshiradi;
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtiradi va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqadi;
Oldingi tahrirga qarang.
o‘z vakolatlariga kiradigan masalalarni hal etish uchun zarur bo‘lgan materiallarni, ma’lumotlar va axborotni vazirliklar, idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlaridan so‘raydi va oladi;
(27-modda ikkinchi qismining o‘n birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillarini, ilmiy-texnik va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining ekspertlari hamda mutaxassislarini davlat nazorati tartibida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga jalb etadi;
qurilish obyektlaridagi avariyalar holatlarini tekshirish bo‘yicha idoralararo komissiyalar ishida ishtirok etadi;
qurilish-montaj ishlarini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga konstruksiyalarning ayrim elementlarini, uzellar va detallarni ochish va qayta yopib qo‘yish, poydevorlar ostidagi tuproqni, qo‘llanilgan qurilish materiallarini, konstruksiyalarini, buyumlarini hamda muhandislik kommunikatsiyalarini sinash yuzasidan topshiriqlar beradi, shuningdek tegishli xulosa tayyorlash uchun ekspertlar va mutaxassislarni jalb qiladi.
Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
28-modda. Texnik nazorat
Shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda texnik nazorat buyurtmachi tomonidan texnik nazorat bo‘yicha mutaxassisni biriktirish yoki ushbu faoliyat turini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan yuridik shaxsni shartnoma asosida jalb qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Texnik nazorat bo‘yicha mutaxassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan bo‘lishi kerak.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining 2010-yil 27-iyuldagi 51-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Qurilishda mualliflik va texnik nazorat to‘g‘risidagi nizom.
Texnik nazorat bo‘yicha mutaxassis:
pudratchi tomonidan tashkiliy-texnologik hujjatlar va shaharsozlik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shuningdek qurilish obyektida qurilish-montaj ishlarining sifatining ta’minlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yashirin ishlarni tekshirish va muhim konstruksiyalarni oraliq qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnomalarni rasmiylashtirishda qatnashadi;
texnik nazorat jurnalining to‘g‘ri yuritilishini ta’minlaydi;
qurilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan pudratchilar va mualliflik nazorati bo‘yicha mutaxassislar tomonidan ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi;
konstruksiyalarning ishonchliligiga hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshliligiga ta’sir ko‘rsatuvchi, shuningdek inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi kamchiliklar aniqlanganda, buyurtmachini hamda hududiy inspeksiyani ta’sirchan choralar ko‘rish uchun xabardor qilgan holda, qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turadi;
qurilish obyektidagi qurilish-montaj ishlari sifatini muntazam ravishda nazorat qiladi.
Obyektni qurish (rekonstruksiya qilish) tugallangandan so‘ng texnik nazorat bo‘yicha mutaxassis buyurtmachiga bajarilgan qurilish-montaj ishlarining sifati to‘g‘risida xulosa beradi.
Texnik nazorat bo‘yicha mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
29-modda. Mualliflik nazorati
Mualliflik nazorati ishlab chiquvchi tomonidan shartnoma asosida obyektni qurishning (rekonstruksiya qilishning) butun davri davomida amalga oshiriladi. Ishlab chiquvchi mualliflik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha o‘z vakolatlarini shartnoma asosida boshqa ishlab chiquvchiga, bu haqda buyurtmachini xabardor qilgan holda, topshirish huquqiga ega.
Mualliflik nazorati bo‘yicha mutaxassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan bo‘lishi kerak.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasining 2010-yil 27-iyuldagi 51-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Qurilishda mualliflik va texnik nazorat to‘g‘risidagi nizom.
Mualliflik nazorati bo‘yicha mutaxassis:
qurilish-montaj ishlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarida qabul qilingan loyiha yechimlariga muvofiq bajarilishini nazorat qiladi;
yashirin ishlarni ko‘rikdan o‘tkazish va muhim konstruksiyalarni oraliq qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnomalarni rasmiylashtirishda qatnashadi;
mualliflik nazorati jurnali to‘g‘ri yuritilishini ta’minlaydi va mualliflik nazorati jurnaliga tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlaridan chetga chiqishlar to‘g‘risidagi yozuvlarni kiritadi, ular buyurtmachi va pudratchi tomonidan bajarilishi majburiydir;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlaridan konstruksiyalarning ishonchliligiga hamda binolar va inshootlarning zilzilabardoshliligiga ta’sir ko‘rsatuvchi, shuningdek inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soluvchi chetga chiqishlar aniqlanganda, buyurtmachini hamda hududiy inspeksiyani ta’sirchan choralar ko‘rish uchun xabardor qilgan holda, qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turadi;
qurilish obyektining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi uchun javobgar bo‘ladi.
Obyektni qurish (rekonstruksiya qilish) tugallangandan so‘ng mualliflik nazorati bo‘yicha mutaxassis buyurtmachiga bajarilgan qurilish-montaj ishlarining shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi.
Mualliflik nazorati bo‘yicha mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
30-modda. Ichki nazorat
Ichki nazorat pudratchi tomonidan kamchiliklarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ularni bartaraf etish va ularning oldi olish bo‘yicha choralar ko‘rish maqsadida amalga oshiriladi.
Ichki nazorat bo‘yicha mutaxassis qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sertifikatlashtirilgan bo‘lishi kerak.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-sentabrdagi 460-sonli “Shaharsozlik va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari mutaxassislarini sertifikatlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori.
Ichki nazorat bo‘yicha mutaxassis:
shaharsozlik hujjatlarining shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq butligi yuzasidan kirish nazoratini;
qurilish materiallarini, konstruksiyalarini, buyumlarini va uskunalarini albatta tashqi ko‘zdan kechirishdan o‘tkazgan holda, ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga, ish chizmalariga, pasportlarga, sertifikatlarga va ularning sifatini tasdiqlovchi hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan kirish nazoratini;
texnik va mualliflik nazorati bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida muhim konstruksiyalarni ularning tayyor bo‘lishiga qarab qabul qilib olish yo‘li bilan qurilish jarayonlari texnologiyalariga rioya etilishiga doir operatsiyalar bo‘yicha nazoratni;
tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq qurilish-montaj ishlarini qabul qilib olish nazoratini amalga oshiradi.
Ichki nazorat bo‘yicha mutaxassis qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Qurilish-montaj ishlari sifatini nazorat qilish pudratchining qurilish laboratoriyasi yoki shartnoma asosida jalb etiladigan tashkilot tomonidan ta’minlanadi.
31-modda. Qurilish ishlarini tashkil etish va amalga oshirish
Qurilish ishlarini tashkil etish pirovard natijaga erishish uchun zarur bo‘lgan barcha tashkiliy-texnik va texnologik yechimlar qo‘llanilgan holda shaharsozlik faoliyati subyektlari tomonidan amalga oshiriladi.
Qurilish ishlari:
buyurtmachi tomonidan hududiy inspeksiya obyektda qurilish-montaj ishlari boshlanganligi to‘g‘risida xabardor qilingandan keyin;
pudratchilar tomonidan malakali muhandis-texnik xodimlarni, mutaxassislar va ishchilarni jalb etgan holda, bundan ushbu Kodeks 17-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno;
ekspert tashkilotlarining ijobiy xulosasi asosida tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq;
qurilishni tashkil etish va ishlarni bajarishning tasdiqlangan loyihalari majburiy ravishda mavjud bo‘lganda amalga oshirilishi kerak.
32-modda. Obyektlarni qabul qilish va ularni foydalanishga topshirish
Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga qabul qilish buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiq to‘liq tayyor bo‘lganda va ijro hujjatlari, muvofiqlik deklaratsiyasi, bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi va qurilish-montaj ishlarining sifati to‘g‘risidagi xulosalar mavjud bo‘lganda amalga oshiriladi.
Davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir bilan bog‘liq qurilishi tugallangan obyektlarni, shuningdek davlat ahamiyatiga ega obyektlarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuziladigan davlat qabul komissiyasi (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Bunda komissiya ishida buyurtmachi, ishlab chiquvchi va pudratchining vakillari majburiy tarzda ishtirok etishi kerak.
Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish pudratchi va buyurtmachi o‘rtasida imzolanadigan, qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Komissiya tuzilgan hollarda, qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi komissiya a’zolari, buyurtmachi, ishlab chiquvchi, pudratchi hamda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslar tomonidan imzolanadi.
Qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi shakli maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish ishtirokchilarining vazifalariga quyidagilar kiradi:
qurilishi tugallangan obyektning tayyorligini belgilash va hujjatli tasdiqlash;
bajarilgan qurilish-montaj ishlarining tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga, shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga muvofiqligini baholash;
texnologik, muhandislik yoki boshqa uskunalarni (muhandislik tizimlarini) sinovdan o‘tkazish;
obyektning ishga tushiriladigan quvvatining (sig‘imi, o‘tkazuvchanligining) shaharsozlik hujjatlarida tasdiqlangan ko‘rsatkichlarga muvofiqligini belgilash.
Tasdiqlangan loyiha yechimlari hamda shaharsozlik normalari va qoidalari buzilishlari aniqlangan taqdirda, shuningdek texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarning salbiy xulosalari mavjud bo‘lganda buyurtmachi (komissiya) pudratchi buzilishlarni bartaraf etgandan so‘ng obyektni foydalanishga qabul qiladi.
Qurilishi tugallangan obyektni foydalanishga topshirish hududiy inspeksiya tomonidan qurilishi tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnoma berilishi orqali amalga oshiriladi.
Quyidagilar qurilishi tugallangan obyektdan foydalanishga ruxsatnoma berish uchun asos bo‘ladi:
qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi;
obyektning ijro hujjatlari to‘plami;
pudratchi tomonidan berilgan muvofiqlik deklaratsiyasi;
mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxs tomonidan berilgan bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosa;
texnik nazoratni amalga oshiruvchi shaxs tomonidan berilgan qurilish-montaj ishlarining sifati to‘g‘risidagi xulosa.
Hududiy inspeksiya tomonidan qurilishi tugallangan obyektdan foydalanishga ruxsatnoma berilgan sana obyekt foydalanishga topshirilgan sana hisoblanadi.
Qurilgan obyektdan qurilishi tugallangan obyektni topshirish-qabul qilish to‘g‘risidagi tasdiqlangan dalolatnomasiz va hududiy inspeksiyaning qurilishi tugallangan obyektdan foydalanish uchun ruxsatnomasisiz foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Muvofiqlik deklaratsiyasining, qurilish-montaj ishlarining sifati va bajarilgan ishlarning tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligini to‘g‘risidagi xulosalarning buyurtmachiga taqdim etilishi ishlab chiquvchini, pudratchini, texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarni obyektni loyihalashtirish, qurish, qabul qilish va foydalanishga topshirishda bajarilgan ishlar uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Buyurtmachi qurilishi tugallangan obyektni o‘z vaqtida topshirish-qabul qilish va uni foydalanishga topshirish uchun javobgar bo‘ladi.
Qurilishi tugallangan obyektni qabul qilish va uni foydalanishga topshirish bo‘yicha tartib-taomillarni o‘tkazish tartibi va muddatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-sonli “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
33-modda. Qurilish materiallariga, buyumlariga va konstruksiyalariga qo‘yiladigan talablar, ularni shaharsozlik hujjatlariga kiritish shartlari
Qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob berishi kerak.
Shaharsozlik hujjatlarida qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalarining xavfsizlik ko‘rsatkichlari qayd etiladi.
Shaharsozlik hujjatlarida qurilish materiallari, buyumlari va konstruksiyalari qurilishning texnik-iqtisodiy asoslari hamda loyiha yechimlarining talablaridan kelib chiqqan holda tanlab olinadi.
34-modda. Shaharsozlik faoliyatini sug‘urta qilish
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va hukumat kafolati ostidagi kreditlar hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari bo‘yicha qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish amalga oshiriladi.
Binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, mashinalar, ularning ehtiyot qismlari, materiallar va qurilish maydonidagi hamda sug‘urta shartnomasida belgilangan qurilish va montaj predmetidan iborat bo‘lgan boshqa mol-mulk, shuningdek qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishda uchinchi shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga va mol-mulkiga zarar yetkazilganligi uchun sug‘urta qildiruvchining javobgarligi sug‘urta obyektlaridir.
Obyektlarni davlat kapital qo‘yilmalari hisobiga barpo etishda qurilish tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish qurilish tavakkalchiliklarini majburiy sug‘urta qilish xarajatlari obyekt qurilishining umumiy qiymatiga kiritilgan holda amalga oshiriladi. Boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan qurilish obyektlari bo‘yicha sug‘urta qilish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.
6-bob. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati
35-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazoratining shakllari
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik ekspertizasi shakllarida va qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
Jamoatchilik nazoratining natijalari bo‘yicha axborotga oid va tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan takliflarni o‘z ichiga olgan yakuniy hujjat tayyorlanadi.
Yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiyalar va takliflar shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi hamda ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.
36-modda. Shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati subyektlari va ularning huquqlari
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek fuqarolar shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati subyektlaridir, bundan jamoatchilik nazorati subyektlari buyurtmachi sifatida ishtirok etgan hollar mustasno.
Jamoatchilik nazorati subyektlari aholi punktlarining bosh rejalari to‘g‘risida ishonchli va o‘z vaqtida axborot olish huquqiga ega.
Jamoatchilik nazorati subyektlarining aholi punktlari bosh rejalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlarning jamoatchilik muhokamasida va qabul qilinishida ishtirok etishi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ta’minlanadi.
Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun quyidagilar tashkil etilishi mumkin:
jamoatchilik kuzatuv komissiyalari;
jamoatchilik ekspert komissiyalari;
jamoatchilik nazorati guruhlari;
jamoatchilik nazoratining boshqa tashkiliy tuzilmalari.
Aholi punktlarining bosh rejalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlarning jamoatchilik muhokamasi va qabul qilinishi chog‘ida jamoatchilik nazorati subyektlari quyidagi huquqlarga ega:
aholi punktlarining bosh rejalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlarni muhokama qilish, ular yuzasidan takliflar kiritish va ularni tayyorlashda boshqa shaklda ishtirok etish;
zarur hollarda, aholi punktining bosh rejasi tasdiqlanguniga qadar qonun hujjatlarida taqiqlanmagan mablag‘lar hisobiga uni jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazishni tashkil etish.
Jamoatchilik nazorati subyektlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
37-modda. Aholi punktlarining bosh rejalari tasdiqlanganligi to‘g‘risidagi axborot
Aholi punktlarining bosh rejalari tasdiqlanganligi to‘g‘risidagi axborot jumlasiga quyidagilar kiradi:
shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari;
davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining aholi punktlari bosh rejalarini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorlari haqidagi ma’lumotlar;
aholi punktlarining bosh rejalari to‘g‘risidagi hujjatlar va ma’lumotlar.
Davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari jamoatchilik muhokamalarining yakuniy hujjatlarini, jamoatchilik ekspertizalarining xulosalarini ommaviy axborot vositalarida va maxsus vakolatli davlat organining Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida e’lon qilish, dasturlar va shaharsozlik hujjatlarini namoyish qilishga doir tadbirlar orqali jamoatchilik nazorati subyektlarini aholi punktlarining bosh rejalari tasdiqlanganligi haqida tegishli qaror qabul qilingan paytdan e’tiboran besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddat ichida xabardor qilishi shart.
Aholi punktlarining bosh rejalari tasdiqlanganligi to‘g‘risidagi axborot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, shaharsozlik faoliyati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan taqdim etiladi.
38-modda. Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik muhokamasi
Jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan shaharsozlik hujjatlarining yuridik va jismoniy shaxslar, jamiyat va davlat manfaatlariga muvofiqligi yuzasidan muhokama qilinishi aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik muhokamasidir.
Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik muhokamasi quyidagi tartibda o‘tkaziladi:
1) muhokama boshlanishidan o‘n kun avval jamoatchilik nazorati subyektlarini jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish muddatlari va tartibi bilan aholi punktining bosh rejasi to‘g‘risidagi axborotni taqdim etgan holda tanishtirish. Jamoatchilik nazorati subyektlarini tanishtirish:
ommaviy axborot vositalarida va maxsus vakolatli davlat organining Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida tegishli e’lonlar berish;
korxonalarning, muassasalarning va tashkilotlarning binolarida, jamoat joylarida, taxmin qilinayotgan qurilish maydonchasi hududida bannerlar (plakatlar) va tashqi reklama vositalarini o‘rnatish;
ekspozitsiyalar tashkil etish;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllardan foydalanish orqali amalga oshiriladi;
2) jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish, aholi punktining bosh rejasiga oid fikrlarni to‘plash va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllar.
Aholi punkti bosh rejasining jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish davomiyligi kamida o‘n besh kundan iborat bo‘lishi kerak;
3) bildirilgan mulohazalarni qayd etish (so‘rovnomalar, audiovideoyozuv, kelishib olish varaqasi, ishtirokchilarning yozma takliflari, jamoatchilik muhokamasi yig‘ilishining bayonnomasi);
4) jamoatchilik muhokamasi yakunlari bo‘yicha xulosaning muhokama yakunlanganidan keyin o‘n besh kundan kechiktirmay jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan ommaviy axborot vositalarida va maxsus vakolatli davlat organining Internet tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi.
Aholi punktlarining bosh rejalari jamoatchilik muhokamasi natijalari hisobga olingan holda tasdiqlanadi.
Aholi punkti bosh rejasining o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi materiallari bosh reja amal qiladigan butun muddat mobaynida buyurtmachida va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organida saqlanadi.
39-modda. Aholi punkti bosh rejasining jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish tartibining buzilishlari ustidan shikoyat berish
Aholi punkti bosh rejasining jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishning ushbu Kodeksning 38-moddasida belgilangan tartibi buzilishlari aniqlanganda, jamoatchilik nazorati subyektlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq shikoyat berishga haqli.
Jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish tartibi buzilganligi to‘g‘risidagi shikoyat mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan asosli deb topilgan taqdirda takroriy muhokama o‘tkaziladi.
Aholi punktlarining bosh rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish tartibi buzilgan holda qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat berilishi mumkin.
40-modda. Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasi
Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasi ushbu rejalarning yuridik va jismoniy shaxslar huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganilishini hamda baholanishini nazarda tutadi.
Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasi jamoatchilik nazorati subyektlarining tashabbusiga ko‘ra va jamoatchilik muhokamasini o‘tkazuvchi shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlariga jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish zaruratini asoslagan holda bergan arizasi asosida o‘tkaziladi.
Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazishga doir ariza jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilganidan keyin o‘n besh kun ichida shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinadi.
Jamoatchilik ekspertizasi jamoatchilik asosida, jamoatchilik nazorati subyektlarining mablag‘lari, homiylik mablag‘lari yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Aholi punktlari bosh rejalarining jamoatchilik ekspertizasi natijalari bo‘yicha yakuniy hujjat tayyorlanib, u shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organiga va buyurtmachiga taqdim etiladi.
Aholi punktlari bosh rejalarining buyurtmachilari aholi punktlari bosh rejalari jamoatchilik ekspertizasining yakuniy hujjatiga doir javoblarni ushbu hujjatni tasdiqlash to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiluvchi shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organiga taqdim etadi.
Aholi punktlarining bosh rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiluvchi shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organi o‘tkazilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari bilan bir qatorda jamoatchilik ekspertizasining yakuniy hujjatida keltirilgan tavsiyalarni hisobga oladi.
41-modda. Jamoatchilik nazorati subyektlari tomonidan aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflar kiritilishi
Aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida takliflar berish huquqi o‘z qonuniy manfaatlariga daxl qilinayotgan jamoatchilik nazorati subyektlariga taqdim etiladi.
Jamoatchilik nazorati subyektlarining aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflari faqat uni amalga oshirish boshlanguniga qadar qabul qilinadi.
Aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga yozma yoki elektron shaklda beriladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi kelib tushgan taklifni o‘n besh kun ichida ko‘rib chiqadi. Aholi punktining bosh rejasiga oid o‘zgartirishlarning jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish zarurati bo‘lmagan taqdirda, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi arizachilarga jamoatchilik muhokamasini o‘tkazishni rad etishga doir asoslantirilgan javob yuboradi.
42-modda. Aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish
Aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflar ekspert baholash natijalari olinganidan keyin o‘n besh kunlik muddatda buyurtmachilar tomonidan arizachi yoki uning vakolatli vakili ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
Aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni ekspert baholash buyurtmachi mablag‘lari hisobidan tegishli tashkilotlarni jalb etgan holda o‘tkaziladi.
Aholi punktining tasdiqlangan bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritish ishlab chiquvchi tomonidan buyurtmachining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
43-modda. Aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish tartibi
Aholi punktining muqobil bosh rejasi aholi punktining taklif etilgan bosh rejasidan norozi bo‘lgan jamoatchilik nazorati subyektlarining tashabbusiga ko‘ra va ularning mablag‘lari hisobidan bajariladigan loyihaviy, ilmiy ishlanmadan iborat.
Aholi punkti muqobil bosh rejasining tashabbuskori mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organiga o‘z aholi punktining bosh rejasini muqobil bosh reja deb topish to‘g‘risida yozma ariza bilan murojaat qiladi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi yozma arizani olganidan keyin aholi punkti bosh rejasining tayyorlik darajasini hisobga olgan holda, uni muqobil bosh reja deb topish hamda jamoatchilik ekspertizasiga va jamoatchilik muhokamalariga taqdim etish yoki uni asoslangan holda rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Aholi punktining bosh rejasini muqobil bosh reja deb topishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan ushbu Kodeksning 39-moddasida nazarda tutilgan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
Aholi punktining muqobil bosh rejasini ishlab chiqish, ekspertiza qilish, kelishib olish va uning jamoatchilik muhokamasi ushbu Kodeksda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Aholi punktining bosh rejasi muqobil bosh reja deb topilgan taqdirda, tashabbuskorga uni ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni ushbu bosh rejaning buyurtmachisi tomonidan qoplanadi.
7-bob. Shaharsozlik hujjatlari. Davlat shaharsozlik kadastri
44-modda. Shaharsozlik hujjatlarining tarkibi
Shaharsozlik hujjatlari tarkibiga quyidagilar kiradi:
1) O‘zbekiston Respublikasining hududini va hududining qismlarini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlar:
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi;
(44-modda birinchi qismi 1-bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
O‘zbekiston Respublikasi hududining ikki va undan ortiq viloyat hududlarini o‘z ichiga olgan qismlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari (bundan buyon matnda shaharsozlik jihatidan rejalashtirishning biriktirma tarhlari deb yuritiladi);
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhi;
(44-modda birinchi qismi 1-bandining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlari;
2) O‘zbekiston Respublikasining viloyatlari hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlar:
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari;
(44-modda birinchi qismi 2-bandining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihasi;
Oldingi tahrirga qarang.
3) aholi punktlarining hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish to‘g‘risidagi hujjatlar:
(44-modda birinchi qismi 3-bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
aholi punktlarining bosh rejalari;
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-fevraldagi PQ-3502-sonli “2018-2022-yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta’minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
aholi punktlari chegara chiziqlarining loyihalari;
aholi punktlari hududlarini rivojlantirishning tarmoq tarhlari;
aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish tarhlari;
4) aholi punktlarining hududlarini qurish to‘g‘risidagi hujjatlar:
batafsil rejalashtirish loyihasi;
qurish loyihasi;
5) shaharsozlik faoliyati obyektlarining qurilishi uchun loyihaoldi va loyiha hujjatlari:
qurilishning texnik-iqtisodiy asosi;
qurilishning texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari;
loyiha hujjatlari (ishchi loyiha, loyiha-smeta hujjatlari, ishchi hujjatlar).
Qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik hujjatlari tarkibiga shaharsozlik hujjatlarining boshqa turlari ham kirishi mumkin.
45-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, kelishib olish va tasdiqlash
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish ishlab chiquvchilar tomonidan shartnoma, buyurtmachi tomonidan beriladigan loyihalashtirish topshirig‘i, boshlang‘ich-ruxsat beruvchi hujjatlar va muhandislik-texnik qidiruvlar natijalari asosida amalga oshiriladi.
Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishga doir topshiriqlar quyidagilar bilan kelishib olinishi lozim:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari bo‘yicha;
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar ijro etuvchi hokimiyat organlari, tegishli vazirliklar, idoralar bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 va 2-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari bo‘yicha;
(45-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
tumanlar va shaharlar ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari bo‘yicha;
maxsus vakolatli davlat organi bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 — 3-bandlarida, 4-bandida (ularning ishlab chiqilishi budjet tizimining budjetlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilganda), 5-bandida (budjet tizimining budjetlar mablag‘lari hamda hukumat kafolati ostida moliyalashtiriladigan noyob va alohida muhim davlat ahamiyatiga molik obyektlar bo‘yicha) nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari bo‘yicha;
maxsus vakolatli davlat organining hududiy bo‘linmalari bilan — ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 4-5-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari bo‘yicha (ularning ishlab chiqilishi budjet tizimining budjetlar mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilganda).
Shaharsozlik hujjatlari quyidagilar bilan kelishib olinishi lozim:
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 — 3-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari tegishli vazirliklar, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari, shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan;
(45-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Oldingi tahrirga qarang.
ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 2 — 4-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari tegishli vazirliklar, idoralarning hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan.
(45-modda uchinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Shaharsozlik hujjatlarini kelishib olish muddati bir oydan oshmasligi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan shaharsozlik hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishib olinishi lozim.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-apreldagi PF-5392-sonli “Qurilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 4-bandi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 5-bandida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari sanitariya-epidemiologiya xizmatlari va davlat yong‘in nazorati organlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari bilan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa ular huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashlari bilan kelishiladi.
(45-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 579-sonli “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish tartibotlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
Shaharsozlik hujjatlari ushbu Kodeksda belgilangan vakolatlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, maxsus vakolatli davlat organi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, buyurtmachi tomonidan tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga o‘zgartirishlar ushbu hujjatlarni tasdiqlagan organning yoki buyurtmachining qaroriga binoan kiritiladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining “Shaharlar va shahar posyolkalari hududlarini rivojlantirish va qurish bo‘yicha shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2016-yil 5-yanvardagi 3-sonli qarori 1-bandining ikkinchi xatboshisi.
46-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ro‘yobga chiqarish
Ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 — 4-bandlarida ko‘rsatilgan shaharsozlik hujjatlarini ro‘yobga chiqarish mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan ishlab chiqiladigan tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlar asosida amalga oshiriladi.
Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar ijro etuvchi hokimiyat organlarining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlar bajarilishining borishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining majlislarida ko‘rib chiqilishi hamda ommaviy axborot vositalarida yoritilishi lozim.
47-modda. Shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish hamda ro‘yobga chiqarishdagi taqiqlar va cheklovlar
Ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 5-bandida ko‘rsatilgan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirishda quyidagilar taqiqlanadi:
moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, obyektlarni shaharsozlik hujjatlarini bir vaqtning o‘zida (parallel ravishda) ishlab chiqqan holda qurish va rekonstruksiya qilish;
qurilishning borishiga va tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish jarayoniga tegishli vakolatlarga ega bo‘lmagan shaxslarning aralashishi;
Oldingi tahrirga qarang.
sel va ko‘chki xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda binolar va inshootlarni loyihalashtirish hamda qurish;
(47-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-avgustdagi O‘RQ-950-sonli Qonuniga asosan to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/950/0672-son — 2024-yil 1-dekabrdan kuchga kiradi)
shaharlar va shaharchalarda qurilishi tugallangan mavzelar, ko‘p qavatli turar joy kichik dahalarining (dahalarning) hududida aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida nazarda tutilmagan ishlab chiqarish, savdo, umumiy ovqatlanish, servis xizmati ko‘rsatish hamda bozor infratuzilmasining alohida turgan obyektlarini joylashtirish, loyihalashtirish va qurish;
ko‘p qavatli uylarni qurish uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkalarida bunday turdagi qurilishlarni amalga oshirish;
shaharsozlik hujjatlari ekspertizasini o‘tkazmay qurilayotgan va mavjud bino va inshootlarning, shu jumladan ikki qavatdan yuqori bo‘lgan yakka tartibdagi uy-joylarning qavatlari sonini ko‘paytirish (ustki qavat qurish);
umumiy foydalaniladigan ko‘kalamzorlar hududlari va obyektlarida qurilish obyektlarini (shahar o‘rmonlari, o‘rmon-bog‘lar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, bog‘lar, sayilgohlar) joylashtirish, bundan obodonlashtirish, muhandislik infratuzilmasi va metropoliten obyektlari mustasno.
Obyektlarni bir vaqtning o‘zida (parallel ravishda) loyihalashtirgan holda qurish mudofaa qobiliyati va davlat xavfsizligini, aholining hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar, tabiiy va ekologik ofatlarning oqibatlarini bartaraf etish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq istisno hollarda, moliyalashtirish manbalari mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga binoan amalga oshirilishi mumkin.
48-modda. Davlat shaharsozlik kadastri
Davlat shaharsozlik kadastri Davlat kadastrlarining yagona tizimiga kiradi.
Davlat shaharsozlik kadastri:
muhandislik-texnik qidiruvlarning elektron geofondini;
hududlarning, ko‘chmas mulk obyektlarining, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmaning manzilli reyestrlarini;
hududlarni rivojlantirish va qurishni rejalashtirish to‘g‘risidagi tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari haqidagi ma’lumotlarni;
hududlarni hamda shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha shaharsozlik reglamentlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni;
loyihalar, shaharsozlik faoliyati obyektlari va subyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Davlat shaharsozlik kadastrini yuritish maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.
8-bob. Hududlarni rivojlantirishni shaharsozlik jihatidan rejalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
49-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhida quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilanadi:
aholini joylashtirish tizimlarini, tabiatdan foydalanishni va ishlab chiqarish kuchlarini O‘zbekiston Respublikasi hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish prognozlariga muvofiq rivojlantirishning asosiy qoidalari;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarida ekologik vaziyatni yaxshilash, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, madaniy meros obyektlari hududlarini saqlash, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari;
aholini joylashtirish tizimlarini rivojlantirish uchun qulay hududlar;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar;
qishloq xo‘jaligiga va o‘rmon xo‘jaligiga mo‘ljallangan hududlar;
ekstremal tabiiy-iqlim sharoitlariga ega bo‘lgan hududlar;
tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siriga duchor bo‘lgan hududlar;
foydali qazilmalar joylashgan hududlar;
o‘ziga nisbatan shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish rejimlari va shaharsozlik jihatidan foydalanishning boshqa turlari hamda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun mazkur hududlardan foydalanishga doir cheklovlar belgilangan hududlar;
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishga doir boshqa loyiha yechimlari.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhidagi loyiha yechimlari O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyot strategiyasi, shuningdek xalqaro va mintaqaviy integratsiya jarayonlari, qo‘shni davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha hududiy dasturlari hamda jahon tamoyillari hisobga olingan holda uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallab ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhi O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha umumdavlat ahamiyatiga molik ko‘p maqsadli strategik hujjatdir:
aholini va ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish tizimi davlat tomonidan tartibga solinishini ta’minlash;
hududlarning joriy holatini, salohiyatini aniqlash, o‘zaro bog‘liqlik maqsadlarini va o‘ziga xos xususiyatlarini belgilash;
arxitektura, shaharsozlik va qurilish faoliyatini amalga oshirish orqali ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida hududlararo va tarmoqlararo davlat manfaatlarini muvofiqlashtirish;
loyihalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqishda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini asos sifatida belgilash.
(49-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
50-modda. Shaharsozlik jihatidan rejalashtirishning biriktirma tarhlari
Shaharsozlik jihatidan rejalashtirishning biriktirma tarhlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilanadi:
hududning zonalashtirilishi;
aholini joylashtirishning hududiy tizimlarini rivojlantirish chora-tadbirlari;
viloyatlararo ahamiyatga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari;
tabiatdan oqilona foydalanish chora-tadbirlari;
hududni kompleks rivojlantirish maqsadida resurslar bilan ta’minlash chora-tadbirlari;
hududni rivojlantirishga doir boshqa loyiha yechimlari.
Oldingi tahrirga qarang.
51-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlari
(51-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilanadi:
(51-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
hududlarning zonalashtirilishi;
aholini joylashtirish tizimlarini takomillashtirishning, aholi punktlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari;
sanoatni, qishloq xo‘jaligini, viloyatlararo hamda aholi punktlariaro ahamiyatga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari;
aholi punktlarining va shaharlar shahar atrofi zonalarining chegaralari;
Oldingi tahrirga qarang.
shaharsozlik vositalari orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash, madaniy meros obyektlari hududlarini saqlash chora-tadbirlari;
(51-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishga doir boshqa loyiha yechimlari.
(51-modda birinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlaridagi loyiha yechimlari O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyot strategiyasi, shuningdek xalqaro va mintaqaviy integratsiya jarayonlari, qo‘shni davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha hududiy dasturlari hamda jahon tamoyillari hisobga olingan holda uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallab ishlab chiqiladi.
(51-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
52-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlari
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarida:
Oldingi tahrirga qarang.
energiya ta’minotini, gaz ta’minotini, aloqani, irrigatsiyani, suv ta’minotini va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlarini rivojlantirish;
(52-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-avgustdagi O‘RQ-951-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son)
havo, temir yo‘l, avtomobil, daryo transportini, quvur orqali yetkazib berish transportini va boshqa transport turlarini rivojlantirish;
hududlarni xavfli geologik va gidrogeologik jarayonlardan himoya qilish;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
iqtisodiyot tarmoqlarining ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish;
O‘zbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning boshqa masalalari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar va rejalashtirish yechimlari belgilanadi.
53-modda. Tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari
Tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarida quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha yechimlar belgilanadi:
tuman (tumanlar guruhlari) hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda aholi soni prognozini inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari;
hududning zonalashtirilishi va rejali tuzilishi;
tuman (tumanlar guruhlari) hududini tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilish chora-tadbirlari;
aholi punktlariaro ahamiyatga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish yo‘nalishlari;
aholi punktlarini rivojlantirish uchun zaxira hududlar;
yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini joylashtirish uchun hududlar, jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun yer uchastkalari;
aholining dam olish joylarini tashkil etish uchun hududlar;
aholi punktlarining va shaharlar shahar atrofi zonalarining chegaralari;
tuman (tumanlar guruhlari) hududini rivojlantirishga doir boshqa loyiha yechimlari.
54-modda. Aholi punktining bosh rejasi
Aholi punktining bosh rejasida quyidagilarni nazarda tutuvchi loyiha yechimlari belgilanadi:
aholi punkti hududini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlarini, tabiiy-iqlim sharoitlarini hamda aholi soni prognozini inobatga olgan holda rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari;
hududlarning zonalashtirilishi va ularni qurish navbati;
aholi punkti hududini tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilish, muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlari;
aholi punktining qurilgan va qurilmagan hududi nisbati;
aholi punktini rivojlantirish uchun zaxira hududlar;
aholi punktining chegaralari;
aholi punkti hududini rivojlantirishga doir boshqa loyiha yechimlari.
Shaharning bosh rejasi va shahar atrofi zonasini rejalashtirish loyihasi chegaradosh hududlarning ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘rtasidagi kelishuv asosida yagona hujjat sifatida ishlab chiqilishi mumkin.
O‘rtacha va kichik shaharchalarning, shuningdek qishloqlar va ovullarning bosh rejalarini ishlab chiqish batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish bilan birga yagona hujjat sifatida qo‘shib bajarilishi mumkin.
Hududida madaniy meros obyektlari bo‘lgan aholi punktining bosh rejasi ishlab chiqilayotganda aholi punktining tarixiy-arxitektura rejasi va madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalari inobatga olinadi.
Aholi punktining bosh rejasi yigirma — yigirma besh yillik hisob-kitob muddatiga mo‘ljallanib ishlab chiqiladi. Aholi punktining bosh rejasi u to‘liq amalga oshirilguniga qadar yoki yangi bosh reja tasdiqlanguniga qadar amal qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Aholi punktining bosh rejasi mavjud bo‘lmaganda yoki uning yangi bosh rejasi ishlab chiqilayotgan davrda aholi punkti hududida joriy qurilish uchun yer uchastkasi ajratish bilan bog‘liq masalalar tuman (shahar) qurilish bo‘limining taqdimnomasiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlari bilan kelishib olinadi.
(54-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Aholi punktining yangi bosh rejasi ishlab chiqilayotgan davrda davlat ahamiyatiga molik obyektlarni qurish uchun yer uchastkalarini ajratishga doir materiallar ishlab chiquvchilar bilan qo‘shimcha ravishda kelishib olinishi lozim.
Aholi punktlari hududida obyektlarni bosh rejasiz va boshqa zarur shaharsozlik hujjatlarisiz loyihalashtirish hamda qurish taqiqlanadi.
55-modda. Aholi punktlarining chegara chiziqlari loyihalari
Aholi punktlarining chegara chiziqlari loyihalari hududlarni rejalashtirish tarhlari, tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari va aholi punktlarining bosh rejalari asosida ishlab chiqiladi.
Kichik shaharlarning, shuningdek shaharchalar, qishloqlar va ovullarning chegara chiziqlari loyihalari mazkur aholi punktlarining bosh rejalari tarkibida ishlab chiqilishi mumkin.
56-modda. Aholi punktlari hududlarini rivojlantirishning tarmoq tarhlari
Aholi punktlari hududlarini rivojlantirishning tarmoq tarhlarida:
Oldingi tahrirga qarang.
energiya ta’minotini, gaz ta’minotini, aloqani, irrigatsiyani, suv ta’minotini va oqova suvlarni chiqarib yuborish tarmoqlarini rivojlantirish;
(56-moddaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-avgustdagi O‘RQ-951-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son)
transport turlarini rivojlantirish;
iqtisodiyot tarmoqlarining obyektlarini joylashtirish;
hududlarni xavfli geologik va gidrogeologik jarayonlardan himoya qilish;
aholining fuqaro muhofazasi;
atrof-muhitni muhofaza qilish;
madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish;
hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish;
hududlarni rivojlantirishning boshqa masalalari bo‘yicha asosiy ko‘rsatkichlar hamda rejalashtirish yechimlari belgilanadi.
57-modda. Batafsil rejalashtirish loyihalari
Batafsil rejalashtirish loyihalari aholi punktining bosh rejasi asosida aholi punktlari hududlarining qismlari uchun ishlab chiqiladi va bu loyihalar:
qizil chiziqlarni;
yer uchastkalarini qurish va ulardan foydalanishni tartibga solish chiziqlarini;
yerga egalik qilish, yerdan foydalanish va mulkdorlarning yer uchastkalari chegaralarini;
hududlarning zonalashtirilishini va ularni qurish navbatini;
muhofaza zonalaridan foydalanish rejimini;
ko‘chalar, tor ko‘chalar, piyodalarga ajratilgan zonalarning, shuningdek transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarining, muhandislik uskunalarining hamda hududni obodonlashtirishning ko‘rsatkichlarini;
ijtimoiy va madaniy-maishiy obyektlarning tarkibi hamda joylashuvini;
qurishning hajmiy-hududiy va arxitektura-rejalashtirish yechimini, qurish zichligi va ko‘rsatkichlarini, binolar va inshootlarning necha qavatliligini, turlarini belgilaydi.
Batafsil rejalashtirish loyihasi hududlarni qurish loyihalarini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi.
58-modda. Hududlarni qurish loyihalari
Hududlarni qurish loyihalari belgilangan qizil chiziqlar chegaralarida yoki yer uchastkalari chegaralarida batafsil rejalashtirishning tasdiqlangan loyihasi asosida ishlab chiqiladi.
Hududlarni qurish loyihalarida:
qurishni tartibga solish chiziqlari;
binolar va inshootlarning joylashuvi, qavatlari soni, turi hamda boshqa tavsiflari;
qurishning arxitektura yechimi;
muhandislik uskunalari, aloqa va obodonlashtirish tizimlari, shuningdek mazkur tizimlarni yer uchastkalari, massivlar, mavzelar, kichik dahalar va aholi punktlarini rejalashtirish tuzilmasining boshqa elementlari doirasidan tashqaridagi muhandislik uskunalari, aloqa hamda obodonlashtirish tizimlarining inshootlari va kommunikatsiyalariga ulash shartlari;
transport vositalari va piyodalar harakatining tashkil etilishi;
umumiy foydalanishdagi hududlar belgilanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hududlarni qurish loyihalariga ushbu Kodeksga, shaharsozlik normalari va qoidalariga zid bo‘lmagan, mahalliy sharoitlarga muvofiq qo‘shimcha talablarni, shu jumladan madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish zonalarida loyihalashtirish va qurilishga, hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga, kichik shakldagi arxitektura obyektlarini, reklamalarni, peshlavhalarni va boshqa axborotni joylashtirishga doir talablarni kiritishga haqli.
59-modda. Loyihaoldi hujjatlari
Loyihaoldi hujjatlari quyidagilardan iborat:
texnik-iqtisodiy asos;
texnik-iqtisodiy hisob-kitob.
Texnik-iqtisodiy asos yoki texnik-iqtisodiy hisob-kitob loyihaning umuman eng yuqori qiymatini va moliyalashtirish ehtiyoji hajmini loyihalarni moliyalashtirishning ishlab chiqilgan dastlabki shartlarini hisobga olgan holda belgilaydigan variantlarni ko‘rib chiqish asosida loyihani amalga oshirishning eng samarali texnik-texnologik va tashkiliy yechimini tanlashni asoslab beruvchi hujjatdir.
60-modda. Loyiha hujjatlari
Loyiha hujjatlari quyidagilardan iborat:
ishchi loyiha;
loyiha-smeta hujjatlari;
ishchi hujjatlar.
Loyiha hujjatlari hajmiy-rejali, amaliy va texnikaviy yechimlarni, binolarni, inshootlarni va ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal ta’mirlashning, shuningdek obodonlashtirish ishlarining qiymatini belgilaydi.
Loyiha hujjatlari shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq ishlab chiqiladi, maxsus vakolatli davlat organining tegishli hududiy bo‘linmalari, sanitariya-epidemiologiya xizmatlari, davlat yong‘in nazorati organlari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari va boshqa xizmatlar bilan kelishiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi.
Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, moliyalashtirish, tasdiqlash va ulardan foydalanish tartibini belgilash, shuningdek ularga o‘zgartirishlar kiritish buyurtmachining tashabbusiga ko‘ra hamda uning hisobidan amalga oshiriladi.
Obyektlar qurilishi tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” 2016-yil 23-dekabrdagi 306-sonli qarorining 6-bandi.
9-bob. Aholi punktlari va shahar atrofi zonalari hududlaridan foydalanish
61-modda. Qurish qoidalari
Qurish qoidalari tegishli hududlarda va aholi punktlarida shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Qurish qoidalari energiyani tejovchi, ekologik xavfsiz, ijtimoiy foydali texnologiyalarni qo‘llash va rivojlantirishni rag‘batlantirishi va buning uchun imkoniyat yaratishi kerak.
Qurish qoidalari hududni rejalashtirish tarhi va tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalari, aholi punktining bosh rejasi hamda har bir hududning shaharsozlik reglamentlari asosida ishlab chiqiladi.
Qurish qoidalari joriy etilgunga qadar berilgan obyektlarni qurish uchun ruxsat beruvchi hujjatlar haqiqiy hisoblanadi, bundan aholi xavfsizligi talablari ta’minlanmayotgan hollar mustasno.
62-modda. Hududlarning zonalashtirilishi
Hududlarning zonalashtirilishi qulay hayot faoliyati muhitini ta’minlashga, hududlarni tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siridan muhofaza qilishga, aholi hamda ishlab chiqarish haddan tashqari zich joylashishining, atrof-muhit ifloslanishining oldini olishga va muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanishga, shuningdek madaniy meros obyektlarini, qishloq xo‘jaligi yerlari va o‘rmonzorlarni muhofaza qilishga qaratilgan.
Hududlardan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishga doir cheklovlar:
madaniy meros obyektlarining muhofaza zonalarida, qo‘riqxona zonalarida;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar zonalarida;
sanitariya zonalarida;
muhofaza zonalarida;
sanitariya-muhofaza zonalarida;
foydali qazilmalar joylashgan zonalarda;
tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning ta’siriga duchor bo‘lgan zonalarda;
favqulodda ekologik vaziyatlar va ekologik falokat zonalarida;
alohida (ekstremal) tabiiy-iqlim sharoitli zonalarda belgilanadi.
Hududlardan shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalanishga doir cheklovlar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa zonalarda ham belgilanishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining 2009-yil 23-dekabrdagi 2.07.01-03-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Shaharsozlik. Shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish” shaharsozlik normalari va qoidalarining 3.3, 66, 73, 266-bandlari.
Hududlarning funksional maqsadi va ulardan foydalanish jadalligi hududlardan foydalanishga doir cheklovlar hisobga olingan holda belgilanadi.
Aholi punkti hududining funksional zonalashtirilishini belgilovchi shaharsozlik hujjatlari yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning manfaatlaridan, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, investitsiyalar jalb qilish, rekreatsiya va madaniy zonalarni shakllantirish zaruratidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
63-modda. Aholi punktlarining hududiy zonalari
Aholi punktlarining hududlarida quyidagi hududiy zonalar belgilanishi mumkin:
turar joy zonalari;
ijtimoiy-amaliy zonalar;
ishlab chiqarish zonalari;
muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari;
rekreatsiya zonalari;
qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar;
maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalar;
harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlar zonalari;
shahar atrofi zonalari.
Oldingi tahrirga qarang.
Mahalliy sharoitlarga muvofiq xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari boshqa hududiy zonalarni belgilashi, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalarini hisobga olgan holda ularga yer uchastkalarini hamda boshqa obyektlarni kiritishi mumkin.
(63-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Aholi punktlari hududiy zonalarining chegaralari qizil chiziqlar, tabiiy obyektlarning tabiiy chegaralari, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalari chegaralari inobatga olingan holda belgilanadi.
Har bir hududiy zona uchun shaharsozlik reglamenti bilan belgilangan huquqiy rejim unda joylashgan barcha yer uchastkalariga, binolarga, inshootlarga va ularning majmualariga nisbatan bir xil qo‘llaniladi.
Chegaralarida shaharsozlik faoliyati alohida tartibga solinishi lozim bo‘lgan hududiy zonalarda ayrim binolarni, inshootlarni hamda ularning majmualarini loyihalashtirish va qurishga nisbatan qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin.
64-modda. Turar joy zonalari
Turar joy zonalari ko‘p qavatli uylar, o‘rtacha va kam qavatli uylar, yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun mo‘ljallangan.
Turar joy zonalari jumlasiga jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun ajratilgan, aholi punktlarining chegaralari doirasida joylashgan hududlar ham kiradi.
Turar joy zonalarida sanitariya-himoya zonalarini belgilash talab etilmaydigan hamda faoliyati atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatmaydigan (shovqin, tebranish, magnit maydonlari, radiatsiya ta’siri, tuproq, havo, suvning ifloslanishi va boshqa zararli ta’sirlar), alohida turgan, birgalikda qurilgan, birgalikda-qo‘shimcha qilib qurilgan yoki qo‘shimcha qilib qurilgan ijtimoiy va madaniy-maishiy obyektlarni, ibodatxonalarni, avtomobil transporti turargohlarini, sanoat, kommunal va omborxona obyektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
Turar joy zonalarida yuzdan ortiq o‘tirish joyi bo‘lgan umumiy ovqatlanish korxonalarini, kino-videofilmlar namoyish qilinadigan statsionar va vaqtinchalik pavilyonlarni, ochiq turdagi yozgi sahnalarni, kinoteatrlarni va raqs maydonchalarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
65-modda. Ijtimoiy-amaliy zonalar
Ijtimoiy-amaliy zonalar amaliy, moliyaviy, ijtimoiy faollik markazlarini, sog‘liqni saqlash, madaniyat, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarini, davlat ta’lim muassasalarini va nodavlat ta’lim tashkilotlarini, ma’muriy, ilmiy-tadqiqot muassasalarini, ibodatxonalar va inshootlarni, ijtimoiy soha obyektlarini, shuningdek avtomobil transporti turargohlarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan.
Ijtimoiy-amaliy zonalarga joylashtirish uchun ruxsat etilgan obyektlar ro‘yxatiga uylar, mehmonxonalar, yer osti garajlari yoki ko‘p qavatli garajlar kiritilishi mumkin.
66-modda. Ishlab chiqarish zonalari
Ishlab chiqarish zonalarida ularning ish olib borishini ta’minlaydigan sanoat, kommunal, omborxona obyektlari, muhandislik va transportga oid infratuzilmalar obyektlari joylashtiriladi, shuningdek bunday obyektlarning sanitariya-muhofaza zonalari belgilanadi.
Sanoat, kommunal va omborxona obyektlarining sanitariya-muhofaza zonasida uylar, davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari, sog‘liqni saqlash, dam olish obyektlari, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish, sport inshootlari, jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun yer uchastkalari joylashtirilishiga, shuningdek qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ishlab chiqarish zonalarining hududlarini obodonlashtirish shu zonalarda joylashgan obyektlarning mulkdorlari tomonidan amalga oshiriladi.
67-modda. Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari
Muhandislik va transportga oid infratuzilmalar zonalari havo, temir yo‘l, avtomobil, daryo transporti va quvur orqali yetkazib berish transporti, aloqa inshootlari hamda kommunikatsiyalarini va muhandislik uskunalarini joylashtirish hamda ularning ishlab turishi uchun mo‘ljallangan.
Qulay hayot faoliyati muhitiga transport, aloqa inshootlari, kommunikatsiyalari hamda muhandislik uskunalari zararli ta’sir ko‘rsatishining oldini olish bunday obyektlardan to turar joylar, ijtimoiy-amaliy, rekreatsiya zonalari hududlariga qadar zarur masofa bo‘lishiga, shuningdek shaharsozlik normalari va qoidalari, qurishning maxsus normativlari hamda qoidalari talablariga rioya etilishi orqali ta’minlanadi.
Transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarining, muhandislik uskunalarining yer uchastkalari, shuningdek ularning sanitariya-muhofaza zonalari chegaralaridagi hududlar ushbu yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va ulardan foydalanuvchilar tomonidan obodonlashtirilishi lozim.
Foydalanilishi fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zararli ta’sir ko‘rsatadigan transport, aloqa inshootlari va kommunikatsiyalarini hamda muhandislik uskunalarini aholi punktlari doirasida joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
68-modda. Rekreatsiya zonalari
Rekreatsiya zonalari turizmni va aholining ommaviy dam olishini tashkil etish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ko‘kalamzorlar hududlari va obyektlari (shahar o‘rmonlari, o‘rmon-bog‘lar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, bog‘lar, sayilgohlar), hayvonot bog‘lari, hovuzlar, plyajlar, sohilbo‘yi obyektlari va boshqa obyektlarni o‘z ichiga oladi.
Rekreatsiya zonalarining hududlarida rekreatsiya-sog‘lomlashtirish maqsadlariga mo‘ljallangan obyektlardan foydalanish bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan mavjud sanoat, kommunal, omborxona obyektlari qurilishiga va kengaytirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
69-modda. Qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar
Aholi punktlarining chegaralari chizig‘i doirasida haydaladigan yerlar, bog‘lar, tokzorlar, polizlar, pichanzorlar, yaylovlar va boshqa yer maydonlari, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan binolar va inshootlar egallab turgan, qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalaniladigan zonalar ajratiladi. Mazkur zonalarning hududlaridan foydalanish turi aholi punktining bosh rejasiga va qurish qoidalariga muvofiq o‘zgartirilguniga qadar bu hududlardan qishloq xo‘jaligini yuritish maqsadida foydalanilishi mumkin.
70-modda. Maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalar
Maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalar foydalanilishi aholi punktlari hududiy zonalarining boshqa turlaridan foydalanishga to‘g‘ri kelmaydigan dafn qilish joylari, chorva mollari ko‘miladigan joylarni, maishiy chiqindilar tashlanadigan axlatxonalarni va boshqa obyektlarni joylashtirish uchun ajratiladi.
Maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalar uchun sanitariya-himoya zonalari o‘rnatiladi.
Maxsus maqsadlarga mo‘ljallangan zonalarning hududlaridan foydalanish tartibi shaharsozlik normalari va qoidalarining, maxsus normativlarning va qurish qoidalarining talablari inobatga olingan holda belgilanadi.
71-modda. Harbiy obyektlarning va boshqa rejimli hududlarning zonalari
Harbiy obyektlarning va boshqa rejimli hududlarning zonalari o‘ziga nisbatan alohida rejim belgilanadigan obyektlarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan. Mazkur zonalarning hududlaridan aholi punktlari chegaralari doirasida foydalanish tartibi shaharsozlik normalari va qoidalarining, maxsus normativlarning va qurish qoidalarining talablari inobatga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
72-modda. Shahar atrofi zonalari
Shahar atrofi zonasi shahar chegarasidan tashqaridagi, shahar bilan yagona ijtimoiy, tabiiy, xo‘jalik hududini tashkil etuvchi, ushbu shahar hududini, shahar atrofi zonasiga kiruvchi aholi punktlari hududlarini, aholi punktlariaro hududlarni (shaharni rivojlantirish uchun zaxira hududni) rivojlantirish uchun hamda sanoat, kommunal, omborxona obyektlarini, muhandislik, transportga oid infratuzilmalar obyektlarini, jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligini yuritish uchun yer uchastkalarini, aholi dam olish joylarini joylashtirish uchun, shuningdek qishloq xo‘jaligini yuritish hamda muhofaza va sanitariya-gigiyena vazifalarini bajarish uchun mo‘ljallangan yerlarni o‘z ichiga oladi.
Shahar atrofi zonalari chegaralarini belgilash ushbu Kodeksga hamda yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq shaharsozlik va yer tuzish hujjatlari asosida amalga oshiriladi.
Qarang: Yer Kodeksi 60-moddasining uchinchi qismi.
73-modda. Shahar atrofi zonasi hududidan foydalanish
Shahar atrofi zonasi hududidan foydalanish hamda uning chegaralaridagi shaharsozlik faoliyati yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning, shahar atrofi zonasiga kiruvchi aholi punktlariaro hududlarning manfaatlari inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Shahar atrofi zonalari hududlarining zonalashtirilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rejalashtirish tarhlarida, tumanni (tumanlar guruhlarini) rejalashtirish loyihalarida, shuningdek shaharlarning o‘z shahar atrofi zonalari bilan birgalikda ishlab chiqiladigan bosh rejalarida belgilanadi.
Shahar atrofi zonalarida sanitariya-himoya va rekreatsiya vazifalarini bajaradigan hududlar ajratiladi. Ushbu hududlarda atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatadigan xo‘jalik faoliyati va boshqa xildagi faoliyat taqiqlanadi.
Shahar atrofi zonasi chegaralari doirasida binolarni, inshootlarni hamda ularning majmualarini qurish, rekonstruksiya qilish va kengaytirish shaharning ijro etuvchi hokimiyat organi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.
10-bob. Shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish
74-modda. Shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish
Agar hududdan foydalanishning maxsus qoidalarini joriy etmay turib, shaharsozlik sohasida yuridik va jismoniy shaxslarning, jamiyat va davlatning manfaatlarini ta’minlash mumkin bo‘lmasa yoki qiyin bo‘lsa, shaharsozlik faoliyati alohida tartibga solinishi lozim.
Shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish:
hududlardan foydalanishning maxsus qoidalarini joriy etish;
maxsus shaharsozlik normalari va qoidalarini joriy etish;
shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishning, tasdiqlashning va amalga oshirishning alohida tartibini joriy etish;
hududlarni va aholi punktlarini zararli ta’sirlardan himoya qilish bo‘yicha maxsus tarhlar hamda loyihalarni ishlab chiqish;
shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnomalar berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
75-modda. Alohida tartibga solinishi lozim bo‘lgan shaharsozlik faoliyati obyektlari
Alohida tartibga solinishi lozim bo‘lgan shaharsozlik faoliyati obyektlari umumdavlat yoki mahalliy ahamiyatga molik bo‘lishi mumkin.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Shaharsozlik faoliyati quyidagi hollarda alohida tartibga solinishi lozim, agar:
hududlar hamda aholi punktlari tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siriga duchor bo‘lgan bo‘lsa;
hududlar yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar, yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha miqdorlarda radioaktiv moddalar bilan ifloslangan bo‘lsa;
shaharsozlik faoliyati muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda amalga oshirilayotgan bo‘lsa.
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlari jumlasiga quyidagilar ham kiritilishi mumkin:
muhofaza etiladigan noyob landshaftlarga ega hududlar;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar;
kurort uchun mo‘ljallangan hududlar;
rekreatsiya uchun mo‘ljallangan hududlar;
maxsus iqtisodiy zonalarning hududlari;
kichik sanoat zonalarining hududlari;
suv resurslarining muhofaza zonalari;
Toshkent shahri hududi;
Nukus shahri hududi;
viloyatlarning ma’muriy markazlari bo‘lgan shaharlar hududlari;
Toshkent va Nukus shaharlariga, viloyatlar va tumanlarning ma’muriy markazlariga tutash zonalar;
madaniy meros obyektlari mavjud bo‘lgan aholi punktlari;
kurort aholi punktlari;
qo‘riqxona aholi punktlari;
turistik salohiyatiga ega bo‘lgan aholi punktlari;
alohida (ekstremal) tabiiy-iqlim sharoitlariga ega bo‘lgan aholi punktlari;
hayot faoliyatining alohida rejimi belgilangan aholi punktlari (harbiy obyektlar va boshqa rejimli hududlar, davlat qo‘riqxonalarining hududida hamda boshqa qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarda joylashgan aholi punktlari).
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining 17-moddasi.
76-modda. Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini umumdavlat va mahalliy ahamiyatga molik obyektlar jumlasiga kiritish hamda ularning chegaralarini belgilash
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlar jumlasiga kiritish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan:
Oldingi tahrirga qarang.
tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siriga duchor bo‘lgan hududlarda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining manfaatdor vazirliklar va idoralar ma’lumotlari asosidagi taqdimnomalariga ko‘ra;
(76-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va (yoki) biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar bilan, yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha radioaktiv moddalar bilan ifloslangan hududlarda — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining hamda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining taqdimnomalariga ko‘ra;
Oldingi tahrirga qarang.
Toshkent shahri hududida — O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining taqdimnomalariga ko‘ra;
(76-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
moddiy madaniy meros obyektlari mavjud bo‘lgan shaharlar hududlarida — O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining taqdimnomalariga ko‘ra;
(76-moddasi birinchi qismining beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi O‘RQ-1160-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)
Oldingi tahrirga qarang.
kurort shaharlar hududlarida — O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashining hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining taqdimnomalariga ko‘ra;
(76-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Oldingi tahrirga qarang.
qo‘riqxona shaharlar hududlarida — O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining taqdimnomalariga ko‘ra;
(76-moddasi birinchi qismining yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 23-iyuldagi O‘RQ-1160-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)
Oldingi tahrirga qarang.
hayot faoliyatining alohida rejimiga ega bo‘lgan aholi punktlari (harbiy obyektlar, boshqa rejimli hududlar, davlat qo‘riqxonalaridagi va boshqa qo‘riqlanadigan tabiiy hududlardagi aholi punktlari) hududlarida — manfaatdor vazirliklarning, idoralarning taqdimnomalariga ko‘ra;
(76-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Oldingi tahrirga qarang.
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda — manfaatdor vazirliklarning va idoralarning taqdimnomasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
(76-modda birinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini mahalliy ahamiyatga molik (umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlar jumlasiga kiritilmagan) obyektlar jumlasiga kiritish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan:
Oldingi tahrirga qarang.
tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siriga duchor bo‘lgan hududlarda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan kelishilgan holda;
(76-modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va (yoki) biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar bilan, yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha radioaktiv moddalar bilan ifloslangan hududlarda — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomalariga ko‘ra hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
(76-modda ikkinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini mahalliy ahamiyatga molik (umumdavlat ahamiyatiga molik obyektlar jumlasiga kiritilmagan) obyektlar jumlasiga kiritish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan:
(76-modda uchinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-1109-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son)
Oldingi tahrirga qarang.
muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda — O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda;
(76-modda uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonliQonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Oldingi tahrirga qarang.
hayot faoliyatining alohida rejimiga ega bo‘lgan aholi punktlari (harbiy obyektlar, boshqa rejimli hududlar, davlat qo‘riqxonalari hududlarida va qo‘riqlanadigan boshqa tabiiy hududlarda joylashgan aholi punktlari) hududlarida — manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda;
(76-modda uchinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Nukus shahri hamda viloyatlarning ma’muriy markazlari bo‘lgan shaharlar hududlarida, shuningdek madaniy meros obyektlari mavjud bo‘lgan shaharlar hududlarida — tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining taqdimnomasiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarining chegaralari aholi punktlarining hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish va qurish to‘g‘risidagi tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida belgilanadi hamda ma’muriy-hududiy birliklar chegaralari bilan mos kelmasligi mumkin.
77-modda. Tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlar ta’siriga duchor bo‘lgan hududlarda shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solish
Yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori konsentratsiyalardan ortiqcha kimyoviy va (yoki) biologik moddalar, zararli mikroorganizmlar bilan, yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori darajalardan ortiqcha radioaktiv moddalar bilan ifloslangan hududlar, agar bunday hududlarda aholining yashashi va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish inson hayoti hamda sog‘lig‘iga tahdid tug‘dirayotgan bo‘lsa, konservatsiya qilinishi va ularga maxsus ishlov berilishi lozim. Mazkur hududlarning ifloslanish darajasiga hamda ularni sog‘lomlashtirish usuliga qarab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ulardan foydalanishning alohida rejimi joriy etilishi yoki boshqa funksional maqsadi belgilanishi mumkin.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Aholi punktlari hududlarining xavfsizligi konsepsiyasini amalga oshirish maqsadida fuqaro muhofazasi talablariga, tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek terrorchilik harakatlariga qarshi kurashish talablariga rioya etilgan holda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘riladi.
Shaharsozlik faoliyati obyektlarida alohida tartibga solishni joriy etish muddatlari shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi. Alohida tartibga solish rejimi amalda bo‘lgan davrda shaharsozlik faoliyati ushbu Kodeksning 74-moddasida nazarda tutilgan tadbirlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
78-modda. Obyektlarni qurish uchun maxsus ruxsatnomalar
Obyektlar to‘g‘risidagi axborot davlat sirlariga yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirga taalluqli bo‘lgan obyektlar, shuningdek alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish uchun maxsus ruxsatnomalar qonun hujjatlariga muvofiq beriladi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 20-apreldagi 200-son qarori bilan tasdiqlangan Bino va inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
11-bob. Shaharsozlik faoliyatida yer munosabatlari
79-modda. Aholi punktlarida yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari
Yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari aholi punktlarining bosh rejalari, batafsil rejalashtirish loyihalari, qurish loyihalari va qoidalari bilan belgilanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yer uchastkalari berilayotganda yuridik va jismoniy shaxslarni yer uchastkalaridan foydalanishga doir shaharsozlik talablari to‘g‘risidagi axborot bilan ta’minlaydi.
Yuridik va jismoniy shaxslarga qurish uchun yer uchastkalari berilayotganda (realizatsiya qilinayotganda) mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga nisbatan quyidagi shaharsozlik talablari va yer uchastkasini saqlash vazifalari belgilanishi mumkin:
maxsus vakolatli davlat organining hududiy bo‘linmalari tomonidan berilgan arxitektura-rejalashtirish topshirig‘iga binoan hududni qurish loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha;
qurilishga tutash bo‘lgan umumiy foydalanishdagi hududni obodonlashtirish bo‘yicha;
obyektlar qurilishini boshlash va tamomlash muddatlariga rioya etish bo‘yicha.
Obyekt qurilishi qurilish boshlangan sanadan e’tiboran ikki yil ichida yoki shaharsozlik hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan taqdirda, obyekt tugallanmagan deb hisoblanadi.
Yangi qurilish mazkur qurilish hududi aholisining tegishli xizmatlar bilan ta’minlanishi shaharsozlik normalari va qoidalarida nazarda tutilgan normalardan pasayishiga olib keladigan bo‘lsa, yuridik va jismoniy shaxslarga yer uchastkalari ular muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarning qo‘shimcha obyektlarini qurishda ulushli ishtirok etganda berilishi (realizatsiya qilinishi) mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan talablar va yer uchastkasini saqlash vazifalari yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda saqlanib qoladi.
Ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlari yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkalarida amalga oshiriladigan qurilishga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-fevraldagi 71-sonli qarori bilan tasdiqlangan Yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun yer uchastkalarini mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida nizom.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlarda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
hududiy zonaning qurish qoidalarida belgilangan kodi;
doirasida yer uchastkasi joylashgan hududiy zonaning funksional maqsadi;
yer uchastkasi yoki uning qismi madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish zonalarining, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning va suvni muhofaza qilish zonalarining chegaralarida, shuningdek tabiiy hamda texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning ta’siriga duchor bo‘lgan hududlar va aholi punktlarining hamda foydalanilishiga qonunda cheklovlar belgilanadigan boshqa hududlarning chegaralarida joylashganligi;
yer uchastkasi chegaralarida muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalar obyektlarining mavjudligi ushbu obyektlarning ko‘rsatkichlari va ulardan foydalanishga doir cheklovlar ko‘rsatilgan holda;
yer uchastkasi chegaralarida yer uchastkasining mulkdoriga, egasiga yoki bu uchastkadan foydalanuvchiga tegishli bo‘lmagan binolar va inshootlarning mavjudligi ushbu yer uchastkasida ko‘rsatib o‘tilgan obyektlar joylashganligi munosabati bilan undan foydalanishga doir cheklovlar ko‘rsatilgan holda.
Yer uchastkalari bo‘lib berilayotganda yoki ularning chegaralari va ko‘rsatkichlari o‘zgarganda qizil chiziqlarga, qurishni tartibga solish chiziqlariga hamda shaharsozlik reglamentlarining eng kichik o‘lchamdagi yer uchastkalariga doir talablariga rioya etiladi.
Yer uchastkalari hamda ularda joylashgan binolar, inshootlar va boshqa obyektlar bo‘lingan taqdirda ularning qismlari mustaqil obyektlar sifatida ishlab turishi uchun shart-sharoitlar ta’minlanishi kerak.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 26-moddasi.
80-modda. Obyektlarni rekonstruksiya qilish jarayonida yer uchastkalariga, bino va inshootlarga qo‘yiladigan talablar
Binolardan foydalanish sharoitlarini o‘zgartirish, ularning jismoniy eskirishi tufayli yuzaga kelgan yo‘qotishlar o‘rnini imkoni boricha to‘ldirish, binolardan foydalanishning yangi maqsadlariga erishish uchun asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni (yuklamalarni, xonalarning rejalashtirilishini, binoning qurilish hajmini va umumiy maydonini, muhandislik jihatdan jihozlanishini) o‘zgartirish bilan bog‘liq qurilish ishlari va tashkiliy-texnik tadbirlar majmui obyektlarni rekonstruksiya qilishdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Obyektlarni rekonstruksiya qilish, shu jumladan buzilgan binolar va inshootlar o‘rnida yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini o‘zgartirgan holda yangi obyektlar qurish uchun ruxsatnomalar aholi punktlarining rivojlanishini rejalashtirish va hududlarini qurish to‘g‘risidagi shaharsozlik hujjatlari asosida sanitariya-epidemiologiya xizmatlari, davlat yong‘in nazorati organlari bilan kelishuvga ko‘ra maxsus vakolatli davlat organining hududiy bo‘linmalari tomonidan beriladi.
(80-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi O‘RQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Aholi punktlarining rivojlanishini rejalashtirish va hududlarini qurish to‘g‘risidagi shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda ruxsatnomalar berish masalalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmalari huzuridagi arxitektura-shaharsozlik kengashlari bilan kelishiladi.
(80-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 10-sentabrdagi O‘RQ-960-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Obyektlarni rekonstruksiya qilishda, shu jumladan buzilgan binolar va inshootlar o‘rnida yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turini o‘zgartirgan holda yangi obyektlar qurishda buyurtmachilar zimmasiga ushbu Kodeksda nazarda tutilgan majburiyatlar yuklanadi.
(80-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 5-maydagi O‘RQ-1061-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son)
81-modda. Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer uchastkalariga doir servitutlar va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni saqlash vazifalari
Oldingi tahrirga qarang.
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda servitutlar binolar va inshootlar mulkdorlarining manfaatlarini quyidagi maqsadlarda o‘zga shaxsning yer uchastkasidan foydalanish huquqini cheklamasdan ta’minlash mumkin bo‘lmagan hollarda belgilanadi:
binolar va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash;
muhandislik infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va foydalanishga topshirish;
hududlarda suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlarning oldini olishga qaratilgan ishlarni olib borish;
o‘zganing yer uchastkasi orqali kesib o‘tish;
binolar va inshootlar egalarining boshqa ehtiyojlari.
(81-modda O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi O‘RQ-871-sonli Qonuniga asosan birinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda servitutlar shaharsozlik faoliyati subyektlarining manfaatlari shaharsozlik faoliyati obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va ularning but saqlanishini ta’minlash bo‘yicha boshqa ehtiyojlar uchun o‘zga yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqisiz ta’minlanishi mumkin bo‘lmagan taqdirda belgilanadi.
Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer uchastkalariga doir servitutlar va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni saqlash vazifalari yer uchastkalarining mulkdorlari, egalari va bunday uchastkalardan foydalanuvchilarning majburiyatlarini hamda ularning huquqlari cheklanishini o‘z ichiga oladi va shaharsozlik hujjatlari hamda qurish qoidalari asosida belgilanadi.
Yer uchastkalariga doir servitutlarni va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni saqlash vazifalarini belgilash hamda bekor qilish tartibi yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 173-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksining 30-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonuni.
Oldingi tahrirga qarang.
82-modda. Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish
Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishincha meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy egalik qilish, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish yoki ijara huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish qonunda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
(82-modda O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 29-iyundagi O‘RQ-782-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son — 2022-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 173-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksining 30-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qonuni.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
83-modda. Shaharsozlik faoliyatini moliyalashtirish
Shaharsozlik faoliyatini moliyalashtirish budjet tizimi budjetlarining mablag‘lari, buyurtmachilarning o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lari hisobidan, yuridik va jismoniy shaxslarning muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishda ulushli ishtirok etishi, shuningdek qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Shaharsozlik faoliyatini moliyalashtirish quyidagi hollarda budjet tizimi budjetlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi:
ushbu Kodeks 44-moddasi birinchi qismining 1 — 4-bandlarida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqishda, kompleks muhandislik qidiruvlarini o‘tkazishda, mikroseysmik hududlashtirish xaritalarini tuzishda va shaharsozlik hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazishda;
shaharsozlik faoliyatiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda, shaharsozlik normalari va qoidalarini ishlab chiqishda;
favqulodda ekologik vaziyatlar va ekologik falokat zonalarini, tarixiy manzilgohlarni, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid hamda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirishning belgilangan maqsadli umumdavlat dasturlarini, boshqa maqsadli umumdavlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda, shuningdek davlat shaharsozlik kadastrini yuritishda.
Oldingi tahrirga qarang.
(O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi O‘RQ-1025-sonli Qonuniga asosan 83-moddaning uchinchi qismining chiqarilish sanasi 2025-yil 8-may — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
Agar hududni shaharsozlik jihatidan o‘zlashtirish davlat manfaatlariga, ikki va undan ortiq viloyatning manfaatlariga yoki aholi punktlari guruhlarining manfaatlariga daxldor bo‘lsa, budjet mablag‘laridan boshqa shaharsozlik faoliyatini moliyalashtirish uchun foydalaniladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari har yilgi qurilishlarning manzilli ro‘yxatlarini shakllantirishda aholi punktlari bosh rejalarining ishlab chiqilishini, kompleks muhandislik qidiruvlari o‘tkazilishini, aholi punktlarini mikroseysmik hududlashtirish xaritalarini, tabiatni muhofaza qilishning hududiy kompleks tarhlarini tuzishni, joriy qurish ustidan mualliflik nazorati hamda aholi punktlari bosh rejalarining amalga oshirilishi monitoringi ishlab chiquvchilar tomonidan o‘tkazilishini, shaharsozlik hujjatlari kelishib olinishi va ekspertizadan o‘tkazilishini mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishni nazarda tutishi kerak.
84-modda. Nizolarni hal etish
Shaharsozlik faoliyati sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan qurilish pudrati shartnomasidan kelib chiqadigan nizolarni hal etishda qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” 2016-yil 23-dekabrdagi 306-sonli qarori.
85-modda. Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Qarang: mazkur Kodeksning 11-moddasi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.02.2021-y., 03/21/676/0142-son, Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son; 30.06.2022-y., 03/22/782/0576-son, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son; 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 28.12.2023-y., 03/23/890/0981-son; 30.08.2024-y., 03/24/950/0672-son; 30.08.2024-y., 03/24/951/0673-son; 11.09.2024-y., 03/24/960/0699-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 05.05.2025-y., 03/25/1061/0409-son; 30.12.2025-y., 03/25/1109/1241-son; 07.02.2026-y., 03/26/1117/0116-son; 27.07.2026-y., 03/26/1160/0786-son)