Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda isteʼmol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 30-oktabr,
301-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 30-oktabrdagi 301-son qaroriga
ILOVA
Qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga muvofiq qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qishloq aholi punktlari yerlari — aholisining asosiy faoliyati turi qishloq va oʻrmon xoʻjaligini yuritish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa qishloq joylarga xos boʻlgan faoliyatni yuritish hisoblanadigan qishloq joylarda aholi punktlarini barpo etish, obodonlashtirish va rivojlantirish uchun foydalaniladigan yerlar;
aholi punkti yerlari — shaharlar va shahar posyolkalari chegaralari doirasidagi, shuningdek qishloq aholi punktlari yerlari;
qishloq aholi punktining chegarasi (chizigʻi) — shaharsozlik hamda yer tuzish hujjatlariga muvofiq qishloq aholi punktining belgilangan tartibda tasdiqlanadigan, ushbu yerlarni yer fondining boshqa toifalaridan ajratadigan tashqi chegarasi;
aholi punktining bosh rejasi — hayot faoliyati muhitining kompleks shakllantirish sharoitlarini, aholi punktini hududiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilovchi shaharsozlik hujjati;
posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududini arxitektura-rejaviy jihatdan tashkil etish loyihasi — asosiy shaharsozlik vazifalarini — aholi yashash sharoitlarining yaxshilanishini, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yanada rivojlantirishni, atrof muhitni himoya qilishni, tabiiy, mehnat va material resurslaridan samarali foydalanishni taʼminlovchi qishloq aholi punktlarining plan tuzilmasini, posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududining kompleks tarzda rivojlanishini va uni zonalashtirishni hamda uning toʻliq arxitekturaviy shakli yaratilishini hal etishni nazarda tutuvchi kompleks shaharsozlik hujjati.
3. Qishloq aholi punktlari chegarasi (chizigʻi) doirasida joylashgan barcha yerlar qishloq aholi punktlari yerlari hisoblanadi.
4. Qishloq aholi punktlarining hududiy va yer resurslari asosini qishloq aholi punktlarining belgilangan chegarasi (chizigʻi) doirasidagi hududlar, shuningdek ushbu hududlar yerlari yuzasidagi va ostidagi barcha boyliklar tashkil etadi.
5. Qishloq aholi punktlari aholisi soniga koʻra quyidagilarga boʻlinadi:
yirik aholi punktlari — aholisi soni besh ming kishidan koʻp;
katta aholi punktlari — aholisi soni uch ming kishidan besh ming kishigacha;
oʻrta aholi punktlari — aholisi soni ming kishidan uch ming kishigacha;
kichik aholi punktlari — aholisi soni bir ming kishigacha.
6. Qishloq aholi punkti chegarasi (chizigʻi) loyihasi posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududini arxitektura-reja jihatidan tashkil qilish loyihasi tuzilgandan keyin, alohida mustaqil hujjat sifatida ishlab chiqiladi.
7. Qishloq aholi punkti chegarasi (chizigʻi)ni belgilash va oʻzgartirish tuman davlat hokimiyati organlari tomonidan, ularning planlashtirilishi, qurilishi hamda xoʻjalik ichidagi yer tuzilishi loyihalariga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Qishloq aholi punktining Bosh plani aholi va davlat manfaatlarini koʻzlab hayot faoliyati muhitini, aholi punktlari chegarasining rivojlanish chegarasini, hududlarning zonalashtirilishini, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalar, tarixiy-madaniy meros obyektlarini hamda alohida qoʻriqlanadigan tabiiy hududlarni asrash, ekologiya va sanitariya boʻyicha shaharsozlik talablarini belgilovchi asosiy shaharsozlik hujjati hisoblanadi.
9. Qishloq aholi punktlari yerlariga quyidagilar kiradi:
qishloqlar va ovullar hududida joylashgan yerlar;
qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hududida joylashgan yerlar.
10. Qishloq aholi punktlarining yerlari quyidagi turlarga boʻlinadi:
posyolkaning qurilish yerlari;
umumiy foydalaniladigan yerlar;
qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlar va boshqa yer turlari;
oʻrmon ekinlari bilan band boʻlgan yerlar;
sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga moʻljallangan, mazkur maqsadlarda foydalanish uchun yuridik shaxslarga berilgan yerlar.
11. Yer uchastkalarining qishloq xoʻjaligi punktlari chizigʻiga kiritilishi ushbu uchastkalarga boʻlgan mulk huquqi, bu yerlarga nisbatan egalik, foydalanish hamda ijara huquqining tugatilishiga olib kelmaydi.
12. Qishloq aholi punkti yerlari tarkibiga kiritilgan qishloq va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tomonidan foydalaniladigan qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi yerlari, zarur hollarda, qishloq aholi punktlarining ehtiyojlari uchun posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududini arxitektura-rejaviy jihatdan tashkil qiluvchi loyiha, bosh plan yoki aholi punktini qurish loyihasiga muvofiq ulardan olib qoʻyilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
13. Yerlarni olib qoʻyish va berish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 4-bobi.
14. Qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanish ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
II. Qishloq aholi punktlarida posyolka qurilishi uchun berilgan yerlardan foydalanish tartibi
15. Qishloq aholi punktlarida posyolka qurilishi uchun berilgan yerlardan (keyingi oʻrinlarda posyolka qurilishi uchun berilgan yerlar deb ataladi) turar joy, kommunal-maishiy, madaniy-maʼrifiy, sanoat, ishlab chiqarish, savdo, maʼmuriy, diniy inshootlar, omborlar va boshqa bino hamda imoratlar qurish uchun foydalaniladi.
16. Posyolka qurish tartibi posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududlarini meʼmoriy-rejaviy tashkil etish loyihalarida, bosh rejada, batafsil rejalashtirish loyihasida va aholi punktini qurish loyihalarida belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Qurilish yerlari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga — turar joy, madaniy-maishiy, sanoat va boshqa kapital qurilish turlari uchun, fuqarolarga esa — yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat koʻrsatishga qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
Oldingi tahrirga qarang.
18. Qurilish uchun vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarda yengil turdagi obyektlar (savdo chodirlari, doʻkonchalar, reklama konstruksiyalari va shu kabilar) qurish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda berilishi mumkin, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hududlarida joylashgan qishloq aholi punktlarida esa — qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari roziligi bilan beriladi.
(18-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
19. Yer uchastkasining u yoki bu qismida yoki qurilishlar joylashgan yer maydonida, agar kommunal xizmat koʻrsatish (yoritish, kanalizatsiya, quvurlar oʻtkazish, sugʻorish qurilmalari va boshqalar), ularning egalari yoki foydalanuvchilarga esa — mustaqil ravishda oʻtishdan mahrum qilinsa, bu holda mazkur yer uchastkasini boʻlishga yoʻl qoʻyilmaydi.
20. Agar yer uchastkasida qoʻshimcha binolarni (garaj, otxona, molxona, omborxonalar, yertoʻlalar va boshqalar) qurish ushbu yer uchastkasida joylashgan yuridik shaxslar yoki yonidagi turar joylarda istiqomat qiladigan jismoniy shaxslar manfaatlarini cheklasa, bunga ruxsat berilmaydi.
21. Tabiiy ofatlar yoki boshqa sabablar natijasida binolar vayron boʻlgan hollarda, agar buzilgan imoratlarning mulkdorlari buzilgan kundan boshlab ikki yildan kam boʻlmagan muddat ichida ushbu yer maydonida imoratni tiklash yoki yangi imorat barpo etishni boshlasa, agar posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududidagi meʼmoriy-rejalashtirish tashkilotlarining loyihalari, bosh reja, batafsil rejalashtirish loyihalari va aholi punktlarini qurish loyihalarida ushbu yer uchastkasidan boshqa maqsadlarda foydalanish koʻzda tutilmagan boʻlsa, yer uchastkasidan foydalanish va unga egalik qilish huquqi oʻsha imoratlarning mulkdorlarida saqlanib qoladi. Bunday holatlarda vayron boʻlgan binolar mulkdorlariga belgilangan tartibda ushbu posyolka chegarasida joylashgan boshqa yer uchastkasi yoki boshqa shinam uy-joy imorati beriladi.
III. Qishloq aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlaridan foydalanish tartibi
22. Umumiy foydalanishdagi yerlardan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
aloqa yoʻllarini (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, sugʻorish tarmoqlari, qirgʻoqlarni) joylashtirish uchun;
madaniy-maishiy ehtiyojlar va aholi dam olishi (oʻrmonzor bogʻ, istirohat bogʻlari, xiyobonlar, havzalar, choʻmilish joylari hamda ariqlar tarmogʻi) uchun;
kommunal-maishiy ehtiyojlar (qabristonlar, chiqindilarni zararsizlantirish va yoʻqotish joylari, axlatxonalar va qishloq aholi punktlari ehtiyojlari uchun xizmat qiladigan boshqa yerlar) uchun.
23. Umumiy foydalanishdagi yerlarda turar joylarni qurish tartibi posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududidagi meʼmoriy-rejalashtirish tashkilotlarining loyihalarida, bosh rejasida, batafsil rejalashtirish loyihalarida va aholi punktlarini qurish loyihalarida belgilanadi.
24. Umumiy foydalanishdagi yerlar muayyan yuridik shaxslarga va jismoniy shaxslarga biriktirilmaydi, ular tuman davlat hokimiyati organlarining bevosita tasarrufida boʻladi, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hududlarida joylashgan qishloq aholi punktlarida esa — qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tasarrufida boʻladi.
25. Qishloq aholi punktlaridagi suv havzalari boʻyidagi yerlardan, birinchi navbatda, belgilangan tartibda dam olish va sport uchun foydalaniladi.
26. Umumiy foydalanishdagi yerlarda kapital qurilish inshootlarini barpo etishga faqat belgilangan maqsadlarda ruxsat beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Umumiy foydalanish yerlaridagi yoʻllar va ariqlar tarmogʻidan tashqari yer uchastkalari yengil turdagi obyektlar (savdo chodirlari, doʻkonchalar, reklama konstruksiyalari va shu kabilar) uchun, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hududlarida joylashgan qishloq aholi punktlarida esa — qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari roziligi bilan yuridik shaxslarga va fuqarolarga qonunchilikda belgilangan tartibda berilishi mumkin.
(27-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 12-iyundagi 362-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)
IV. Qishloq aholi punktlarining qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish tartibi
28. Qishloq xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari ixtiyoridagi qishloq xoʻjaligi yerlaridan ekinzorlar, bogʻlar, uzumzorlar, tutzorlar, mevazorlar, polizlar, koʻchatxonalar, yaylovlar, pichanzorlar, sugʻorish, zaxni yoʻqotish va yoʻl tarmoqlari bilan band yerlar, qurilish, xonadonlar, maydonlar va shu kabilar uchun foydalaniladi.
29. Qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalaniladigan yerlarda va qishloq aholi punktlari chegarasida joylashgan boshqa yerlarda qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tomonidan turar joy, madaniy-maishiy va ishlab chiqarish imoratlarini barpo etish posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududidagi meʼmoriy-rejalashtirish tashkilotlarining loyihalari, bosh rejasi, batafsil rejalashtirish loyihalari va aholi punktlarini qurish loyihalari boʻyicha tuman hokimi ruxsatiga muvofiq amalga oshiriladi.
V. Qishloq aholi punktlarining oʻrmon yerlaridan foydalanish tartibi
30. Qishloq aholi punktlaridagi oʻrmon yerlaridan aholi dam olishini tashkil etish, mikroiqlim, atmosfera havosi holati va aholi punktlarining sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilash, aholining madaniy-estetik ehtiyojlarini qondirish, aholi punktlari hududlarini suv va shamol yemirishidan himoya qilish uchun foydalaniladi.
31. Oʻrmon yerlari tarkibiga kiruvchi, lekin daraxtsiz yerlardan sport maydonlari va boshqa ehtiyojlar uchun foydalaniladi.
32. Oʻrmonlarni joylashtirish tartibi posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududidagi meʼmoriy-rejalashtirish tashkilotlarining loyihalarida, bosh rejada, batafsil rejalashtirish loyihalarida va aholi punktlarini qurish loyihalarida belgilanadi.
VI. Qishloq aholi punktlarining sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun yuridik shaxslarga berilgan yerlaridan foydalanish tartibi
33. Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun yuridik shaxslarga berilgan yerlardan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va fuqarolar tomonidan tegishli vazifalarni amalga oshirish uchun foydalaniladi.
34. Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlardagi yerlarda turar joylarni qurish posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududidagi meʼmoriy-rejalashtirish tashkilotlarining loyihalarida, bosh rejasida, batafsil rejalashtirish loyihalarida va aholi punktlarini qurish loyihalarida belgilanadi.
35. Foydalanish uchun berilgan yer uchastkasida joylashtiriladigan bino va inshootlar roʻyxati belgilangan tartibda yer maydoni ajratish uchun buyurtmanoma taqdim qilinganda dastlabki maʼlumotlarda belgilanadi.
36. Foydalanish davrida qoʻshimcha binolar va inshootlarni joylashtirish tuman hokimining qoʻshimcha qarori qabul qilingandan keyin posyolka, qishloq va ovul fuqarolar yigʻini hududidagi meʼmoriy-rejalashtirish tashkilotlarining loyihalariga, bosh rejasiga, batafsil rejalashtirish loyihalariga va aholi punktlarini qurish loyihalariga muvofiq amalga oshiriladi.
37. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, suv fondi yerlari va aholi yashash punktlarining zaxira yerlaridan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalaniladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 7, 9, 10-boblari.
VII. Yakunlovchi qoida
38. Qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanishning mazkur Nizomda belgilangan tartibi buzilganligi uchun qonunchilikka muvofiq javob beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining VIII bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining XIV bobi.
Qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga
ILOVA
Qishloq aholi punktlari yerlaridan foydalanish
SXEMASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 44-son, 539-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2021-y., 09/21/183/0283-son; 13.06.2025-y., 09/25/362/0507-son)