O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 14-noyabrdagi PF-5577-son Farmoniga muvofiq hamda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Toshkent arxitektura-qurilish instituti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Qurilish sohasidagi menejerlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi hamda Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti huzuridagi Arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida — loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlarning rahbar va mutaxassislari;
Oldingi tahrirga qarang.
Qurilish vazirligi tarkibidagi kollejlar bazasida — loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlarning ishchi kasb egalari uchun qurilishda yuqori texnologik usullarni o‘zlashtirishga, soha mutaxassislarining kasb va malaka darajasini doimiy oshirib borishga yo‘naltirilgan malaka oshirish kurslarini tashkil etish orqali ularning muntazam malakasini oshirib borish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
(1-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 26-sentabrdagi 588-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 09/20/588/1331-son)
2. Belgilansinki, loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan davlat korxonalari va ustav kapitalida (fondida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiqni tashkil etuvchi yuridik shaxslarning rahbar va mutaxassislari, ishchi kasb egalari har besh yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tadilar.
Loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan mazkur bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilmagan tashkilotlarga ularda faoliyat yuritadigan rahbar va mutaxassislar, ishchi kasb egalarining har besh yilda kamida bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tishini ta’minlab borish tavsiya etilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini restavratsiya qilish va ta’mirlash-tiklash sohasida faoliyat olib boradigan tashkilotlar bundan mustasno.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-martdagi 119-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.03.2021-y., 09/21/119/0190-son)
3. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malaka oshirish kursi (keyingi o‘rinlarda malaka oshirish kursi deb ataladi) yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini qurilish sohasidagi zamonaviy yangiliklar va islohotlarga mos ravishda qayta ko‘rib chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;
malaka oshirish kurslari o‘quv jarayoni bilan bog‘liq zarur tayyorgarlik ishlarini samarali tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratish va ularga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar hamda professor-o‘qituvchilarning xorijiy mamlakatlarda belgilangan tartibda amaliyot o‘tashini tashkil etgan holda uzluksiz, shu jumladan masofaviy kasbga o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi malaka oshirish ta’lim muassasalari bilan birgalikda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassisliklar yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish kurslarida dars berishga yuqori salohiyatga ega professor-o‘qituvchilar va malakali mutaxassislarni doimiy ravishda jalb etsin.
7. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tadbirlarini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar hisoblanadi:
ushbu maqsadlar uchun har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablag‘lar;
malaka oshirish tizimida ta’lim muassasalarining loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarini o‘qitish uchun buyurtmachilarning mablag‘lari;
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish uchun jalb etiladigan mahalliy va xorijiy grantlar;
ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(7-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va O‘zbekiston Respublikasi qurilish vaziri birinchi o‘rinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 31-may,
451-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-maydagi 451-son qaroriga
ILOVA
Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom loyihalash va qurilish sohasidagi rahbar va mutaxassislar, ishchi kasb egalarining (keyingi o‘rinlarda loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar deb ataladi) malakasini oshirish tartibini belgilaydi.
2. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirishning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar kasbiy malaka darajasini muntazam oshirish asosida ularni qonunchilik normalari, nazariya, ilmiy va amaliy tadqiqotlar, yangi texnologiyalar va qurilish sohasidagi innovatsiyalar bo‘yicha so‘nggi yutuqlar bilan tanishtirish;
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar faoliyatini talab darajasida tashkil etish va samaradorligini oshirishni ta’minlash maqsadida yuqori samarali innovatsion texnologiyalarni, ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etgan holda soha mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini tubdan yangilash;
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar tomonidan Internet jahon axborot tarmog‘i, multimedia tizimlari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni egallash hamda ularni ishlab chiqarish jarayoniga faol tatbiq etishini ta’minlash.
3. Xorijiy tashkilotlar va jismoniy shaxslar buyurtmalariga asosan loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish ixtiyoriy ravishda, tuzilgan shartnoma asosida mazkur Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi (keyingi o‘rinlarda vakolatli davlat organi deb ataladi) tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshiriladi.
5. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan malaka oshirish jarayoni sxemasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
6. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
bino va inshootlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan tashkilot mutaxassislari — bino va inshootlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis, avtomobil yo‘llari va ko‘prik inshootlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan mutaxassis;
buyurtmachi — idoraviy bo‘ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar loyihalash va qurilish sohasida faoliyat yuritadigan tashkilotlar;
ishchi kasb egasi — qurilish sohasidagi tashkilotlarda o‘rta maxsus ma’lumotli yoki tegishli yo‘nalish bo‘yicha sertifikatga, ishchi kasblarda tajribaga ega bo‘lgan, muayyan vazifalarni bajaruvchi ishchilar (bino va inshootlar bo‘yicha texnik-arxitektor, umumqurilish ishlari ustasi, qurilish-pardozlash ishlari ustasi, duradgorlik va pol yotqizish ishlari ustasi, obodonlashtirish bo‘yicha texnik va b.);
loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlarning rahbarlari — loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlarda boshqaruv funksiyalari va vazifalarini bajaruvchi xodimlar;
loyihalash sohasidagi rahbarlar va mutaxassislar — bino va inshootlarni loyihalash bo‘yicha yetarli ish tajribasiga ega, qurilish sohasida me’yor va qoidalarni loyihalash jarayonida to‘g‘ri qo‘llay oladigan, o‘zi tayyorlagan loyiha bo‘yicha mualliflik nazoratini olib boruvchi mutaxassis (loyiha bosh muhandisi, loyiha bosh arxitektori, tuzilma bo‘limi boshlig‘i, loyiha hujjatlari qismini ishlab chiqishni amalga oshiruvchi bosh mutaxassis (yo‘nalishlar: umumqurilish ishlari, suv ta’minoti, oqava suvlarni oqizish, issiqlik ta’minoti, shamollatish va konditsionerlash, elektr ta’minoti va b.);
qurilish sohasidagi rahbarlar va mutaxassislar — yetarli ish tajribasiga ega, bino va inshootlarning loyihasi asosida qurilish jarayonini ta’minlaydigan, qurilishda ish jarayonini tashkil etuvchi, nazoratni olib boruvchi mutaxassis (bosh muhandis, texnik-ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i, qurilishda ish yurituvchi (prorab), usta, smetachi (yo‘nalishlar bo‘yicha: umumqurilish ishlari, suv ta’minoti, oqava suvlarni oqizish, issiqlik ta’minoti, shamollatish va konditsionerlash, elektr ta’minoti va b.);
yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi rahbarlari va mutaxassislari — loyiha rahbari, texnik nazorat bo‘yicha muhandis (yo‘nalishlar bo‘yicha: umumqurilish ishlari, suv ta’minoti, oqava suvlarni oqizish, issiqlik ta’minoti, shamollatish va konditsionerlash, elektr ta’minoti va b.).
2-bob. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish kurslari maqsadi va vazifalari
7. Loyihalash va qurilish sohasiga zamonaviy bozor mexanizmlari va xalqaro standartlarni, texnologiyalar va “nou-xau”ni joriy etish, shuningdek, mutaxassislar malakasini zamonaviy o‘quv dasturlari asosida zarur bo‘lgan kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar, malakalar va kompetensiyalarini muntazam ravishda yangilab borish malaka oshirish kurslarining maqsadi hisoblanadi.
8. Malaka oshirish kurslarining vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
mutaxassislarning kasbiy bilimlari, ko‘nikmalari, malakalari va kompetensiyalarini uzluksiz oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq loyihalash va qurilish sohasi faoliyati samaradorligi va sifatini ta’minlash uchun zarur darajada kasbiy malaka darajasini oshirish;
malaka oshirishning to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita shakllarini (masofaviy yoki mustaqil) amaliyotga joriy etish;
sohaning istiqbolli rivojlanishi hamda loyihalash va qurilish sohasida zamon talablariga mos holda o‘quv-me’yoriy hujjatlarga zarur o‘zgartirishlar kiritib borish;
malaka oshirish jarayonlarini ishlab chiqarish va fan-texnika bilan integratsiyasini ta’minlash, mutaxassislar malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish.
3-bob. Malaka oshirish kurslaridan o‘tish tartibi
8. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar uchun tegishli yo‘nalishlarni inobatga olgan holda, besh yilda kamida bir marta malaka oshirishning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha malakasini oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Malaka oshirish jarayoni belgilangan tartibda tasdiqlangan davlat ta’lim talablari, o‘quv reja va dasturlari asosida amalga oshiriladi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-iyundagi 345-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son)
10. Har yili 20-noyabrga qadar loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan tashkilotlarning buyurtmanomalari (familiyasi, ismi va otasining ismi, qachon va qaysi ta’lim muassasasini bitirganligi, diplom bo‘yicha mutaxassisligi, ish joyi va staji, lavozimi, oxirgi malaka oshirgan vaqti malakasini oshirgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan holda) asosida malaka oshirish ta’lim muassasalari tomonidan belgilangan malaka oshirish kurslaridan o‘tish davriyligiga muvofiq keyingi kalendar yil uchun o‘qish yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish kurslari tinglovchilarining guruhlari shakllantiriladi.
11. Ta’lim muassasasi tomonidan umumlashtirilgan buyurtmalar asosida malaka oshirish kurslarini tashkil etish bo‘yicha yillik reja belgilangan tartibda tasdiqlangandan so‘ng, malaka oshirish ta’lim muassasasi malaka oshirish kurslari boshlanishi to‘g‘risida buyurtmachini besh kun oldin xabardor qiladi.
12. Tasdiqlangan yillik rejaga muvofiq loyihalash va qurilish sohasining mutaxassislari o‘qish yo‘nalishi bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan malaka oshirish ta’lim muassasalariga yuboriladi.
13. Buyurtmachilar mazkur reja asosida loyiha va qurilish sohasi mutaxassislarining ta’lim muassasasiga o‘qishga yetib borishlarini ta’minlaydi.
14. Kurslarga tinglovchilarni qabul qilish tasdiqlangan reja va jo‘natuvchi tomonning buyurtmanomasi asosida tegishli malaka oshirish ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Malaka oshirish kurslariga tinglovchilarni qabul qilish to‘g‘risidagi buyruq kurslar boshlanishi sanasidan boshlab uch ish kuni mobaynida rasmiylashtiriladi. Tinglovchilar guruhini shakllantirishda, kursning o‘quv reja va dasturlarini tayyorlashda bazaviy ma’lumot, mutaxassislik, toifa va egallab turgan lavozimi, shuningdek, buyurtmachining talablari hisobga olinadi.
15. Malaka oshirish kurslari boshlangandan keyin uch ish kuni mobaynida kelmagan tinglovchilar, kelmaslikning sabablaridan qat’iy nazar, kurslarga qo‘yilmaydi.
16. Malaka oshirish ta’lim muassasasi tinglovchilarning malaka oshirish kurslariga o‘z vaqtida kelmaganligining barcha holatlari to‘g‘risida jo‘natuvchi tomonga va vakolatli davlat organiga xabar beradi.
17. Malaka oshirish kurslaridagi o‘quv jarayoni guruhlarning to‘ldirilishiga bog‘liq holda tinglovchilar soni, kamida 10, ko‘pi bilan 25 nafar tinglovchi bo‘lgan akademik guruhlarda tashkil etiladi.
18. Malaka oshirish kurslarini tashkil etish, ularni talab darajasida o‘tkazish, ta’lim samaradorligini ta’minlash uchun sharoitlar yaratish mas’uliyati ta’lim muassasasi rahbari zimmasiga yuklanadi.
19. Tinglovchilar quyidagi sabablarga ko‘ra tinglovchilar safidan chetlashtiriladi:
o‘z xohishiga binoan;
salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
o‘quv intizomini va ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini muntazam ravishda yoki bir marotaba qo‘pol ravishda buzganligi uchun;
malaka oshirish (18 akademik soatdan ortiq) kursidagi dars mashg‘ulotlarini uzrli sabablarsiz qoldirgani uchun;
shartnoma asosida o‘qitish bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarmagani uchun;
sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi sababli;
vafot etganligi sababli.
20. Tinglovchilarning kasalligi tasdiqlangan taqdirda, ularning malaka oshirish kurslaridan o‘tish muddatlari ta’lim muassasasi va buyurtmachi bilan kelishuv bo‘yicha tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq eng kech muddatga ko‘chiriladi. To‘langan mablag‘lar o‘qish uchun saqlanadi.
21. Tinglovchilar malaka oshirish kursidan chetlatilganda unga sabablari ko‘rsatilgan holda ma’lumotnoma beriladi, shuningdek, bu haqida buyurtmachiga ma’lum qilinadi.
22. Malaka oshirish kursidan chetlatilgan yoki yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan tinglovchi malaka oshirish kursidan bir yil mobaynida takroran o‘tadi.
23. Uzoq hududlardan kelgan tinglovchilar shartnoma majburiyatlariga binoan o‘qish davrida ta’lim muassasasi imkoniyatlariga ko‘ra vaqtincha turar joy bilan ta’minlanishi mumkin.
Loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish shakllari quyidagilardan iborat:
to‘g‘ridan to‘g‘ri malaka oshirish (kunduzgi, ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish);
masofaviy ta’lim asosida malaka oshirish.
Ta’lim muassasasida mutaxassislarining malakasini oshirish loyihalash va qurilish sohasi kadrlariga qo‘yiladigan malaka va mehnat bozori talablariga muvofiq tinglovchilarning kasbiy bilimlari, malaka va ko‘nikmalarini chuqurlashtirishga mo‘ljallangan ta’lim dasturlaridan iborat bo‘ladi.
24. Malaka oshirish muddati buyurtmachilar taklifiga ko‘ra, yo‘nalishga qarab kamida 36 akademik soat etib belgilanib, asosiy ish joyidan to‘liq ajralgan holda amalga oshiriladi.
25. Malaka oshirishning to‘g‘ridan to‘g‘ri shakllari uchun auditoriya mashg‘ulotlari va mustaqil ishlarning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.
Bunda o‘quv yuklamasining eng ko‘p hajmi har haftada 36 soatni (54 akademik soatni), auditoriya mashg‘ulotlarining eng ko‘p hajmi har haftada 24 soatni (36 akademik soatni) tashkil qiladi.
Malaka oshirish kurslari axborot uzatishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va malaka oshirish bo‘yicha maxsus kurslar mavjud bo‘lgan va zarur moddiy-texnik baza bilan jihozlangan, yetarli ilmiy-metodik va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
26. Masofaviy ta’lim asosida malaka oshirish soha mutaxassislarining kasbiy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan va masofadan o‘qitishni amalga oshirishga mo‘ljallangan maxsus ta’lim dasturi hisoblanadi.
27. Loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislarining masofaviy ta’lim asosida malaka oshirish ta’lim dasturlari ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladi va vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.
28. Masofaviy ta’lim asosida malaka oshirish shakli sohada 10 yildan kam bo‘lmagan, shuningdek, xorijda stajirovka yoki malaka oshirishdan o‘tgan, yuqori salohiyatga ega bo‘lgan, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ishlashning amaliy ko‘nikmalarini egallagan, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ishlaydigan soha mutaxassislari uchun tashkil etiladi.
Takroran malaka oshirish kurslaridan o‘tadigan tinglovchilar asosiy ishdan ajralmagan holda kurslarning o‘quv dasturlarini masofadan o‘qitish usullari orqali o‘zlashtirish asosida amalga oshirilishi mumkin.
29. Masofadan o‘qitish usullari bo‘yicha ta’lim olgan tinglovchilar yakuniy nazoratga kiritiladi. Yakuniy nazorat tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim muassasalari huzuridagi attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
30. Masofaviy ta’lim asosida malaka oshirishni joriy etishda barcha ta’lim jarayonlarining asosiy komponentlari o‘qitishning ilg‘or usullariga asoslangan, ta’lim oluvchi hamda ta’lim beruvchi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tartibi aniqlangan bo‘lishi va ta’minlanishi zarur.
31. Masofaviy ta’lim asosida malaka oshirish kurslarida elektron multimediali qo‘llanmalar, virtual kutubxonalar, videokonferensiyalar, Internet jahon axborot tarmog‘i yordamida muloqot va axborot olish imkoniyatlaridan foydalaniladi.
32. Masofaviy ta’lim asosida malaka oshirish kurslari tinglovchisi Internet jahon axborot tarmog‘i orqali malaka oshirish muassasalari veb-saytlarining elektron ro‘yxatidan o‘tishi uchun o‘z anketa ma’lumotlarini kiritadi.
33. Tinglovchilar masofaviy ta’lim asosida malaka oshirish kursining o‘quv jadvali bo‘yicha modullarni veb-sahifada taqdim etilgan o‘quv-uslubiy materiallar asosida mustaqil ravishda o‘zlashtiradilar.
34. Tinglovchilar malaka oshirish kursini o‘zlashtirib bo‘lgandan so‘ng, malaka oshirish muassasasi tomonidan yakuniy nazorat o‘tkaziladi.
35. Yakuniy nazorat uchun Davlat attestatsiya komissiyasi tuziladi. Komissiya tomonidan tinglovchilarning malakani himoya qilish ishlari baholanadi.
36. Yakuniy nazoratdan o‘tgan malaka oshirish kurslari tinglovchilariga ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq qat’iy hisobda turadigan davlat namunasidagi hujjat hisoblanadigan sertifikat beriladi.
37. Jadvalga kiritilgan va malaka oshirish kurslarida o‘qiydigan tinglovchilar uchun o‘qishning barcha davrida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha egallagan lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi.
4-bob. Malaka oshirish kurslari tashkilotchilari va ularning vazifalari
38. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, malaka oshirish ta’lim muassasalari hamda loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan tashkilotlar malaka oshirish kurslari tashkilotchilari hisoblanadi.
39. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi:
malaka oshirish kurslariga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi;
malaka oshirish kurslarining o‘quv jarayonini takomillashtirish mexanizmlari va uslublarini belgilaydi;
tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni (malaka talablari, o‘quv reja va dasturlarini, masofadan o‘qitish ta’lim usullarini tashkil etish va o‘tkazish, tinglovchilarning malakasini himoya qilish ishini tayyorlash va himoyaga taqdim etish, amaliyotni tashkil etish va o‘tkazish tartiblarini) tasdiqlaydi.
40. Malaka oshirish ta’lim muassasalari:
zamon talablari, sohadagi innovatsion rivojlanishlarni hamda ta’lim dasturlarining uzluksizligini, ketma-ketligini hisobga olgan holda, soha mutaxassislarini o‘qitish yo‘nalishlari bo‘yicha malaka talablari, o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqadi;
umume’tirof etilgan xalqaro ta’lim standartlari va talablari, shuningdek, o‘qitishning zamonaviy shakllari va uslublari, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalaridan foydalanib tayyorlangan o‘quv reja va dasturlari asosida o‘qitishning modul tizimini qo‘llagan holda o‘quv jarayonini tashkil etadi;
tasdiqlangan jadvalga asosan, ishdan ajralgan, shu jumladan masofaviy o‘qitish usullarini qo‘llagan holda soha mutaxassislarining malakasini oshiradi;
loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislarini malakasini oshirish bo‘yicha xorijiy tajribani va ta’lim muassasalarining e’tirof etilgan yutuqlarini tahlil qiladi va umumlashtiradi;
kurslar doirasida sifat jihatidan yuqori tashkiliy va kasbiy darajada mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur o‘quv, uslubiy va moddiy-texnika bazasini tashkil etadi;
masofadan o‘qitish usullari asosida loyihalash va qurilish sohasi mutaxassislari uchun tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarining tegishli o‘quv-metodik resurslarini ishlab chiqadi;
malaka oshirish kurslarida mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun oliy ta’lim muassasalarining yetakchi pedagog kadrlarini, amaliyotchi mutaxassislarni, shuningdek, shartnoma asosida loyiha ilmiy-tadqiqot muassasalarning yuqori malakali kadrlarini va xorijiy mutaxassislarni keng jalb etishni ta’minlaydi;
malaka oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha zarur axborot-ma’lumotlar bazasini shakllantiradi, malaka oshirish jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqishni va ularni joriy etishni tashkil etadi.
41. Loyihalash va qurilish sohasida faoliyat olib boradigan tashkilotlar:
mutaxassislar tarkibidan tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha malaka oshirish kurslaridan o‘tishi kerak bo‘lgan tinglovchilar kontingentini shakllantiradi;
malaka oshirish kurslarining tasdiqlangan jadvali asosida o‘z xodimlarining kurslarga belgilangan muddatlarda o‘z vaqtida kelishlarini ta’minlaydi;
tashkilotlarning majlislarida malaka oshirish natijalarini muhokama qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etadi;
kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan mutaxassislarning ilg‘or tajribasini, yangi bilimlari va ko‘nikmalarini ommalashtirishni tashkil qiladi;
malaka oshirish kurslaridan o‘tgan shaxslarning kasbiy faoliyati bo‘yicha doimiy monitoringni tashkil etadi.
5-bob. Malaka oshirish kurslarida o‘quv jarayonini tashkil etish
42. Malaka oshirish kurslarida o‘quv jarayonini tashkil etish tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha tasdiqlangan malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlari, mashg‘ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi. O‘quv rejalari va dasturlari fan, texnika, texnologiyalar va ishlab chiqarishni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari asosida har yili takomillashtiriladi.
43. Malaka oshirish kurslarida o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari — ma’ruza, interaktiv seminarlar, amaliy mashg‘ulot, ko‘chma mashg‘ulot, tajriba almashish, mustaqil o‘qish va malaka amaliyoti qo‘llaniladi.
44. Tegishli axborot-metodik va tashkiliy-texnik baza mavjud bo‘lgan taqdirda, malaka oshirish o‘quv kurslari masofadan o‘qitish usullari qo‘llanilgan holda tashkil etilishi mumkin.
Masofadan o‘qitish usullari asosidagi kurslarda o‘quv mashg‘ulotlari onlayn va offlayn shakllarida tashkil etiladi.
45. Auditoriyada o‘tkaziladigan barcha mashg‘ulotlar turlari 80 daqiqa davom etadi, o‘quv mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffus — kamida 10 daqiqani tashkil etadi.
46. Tinglovchilarning malaka amaliyoti sohadagi yetakchi loyihalash va qurilish tashkilotlari bazasida tashkil etiladi.
47. Malaka oshirish kurslarida mehnatga soatbay haq to‘lash shartlari bilan tinglovchilarni o‘qitadigan pedagoglar tarkibining o‘quv yuklamasi hajmi o‘quv yili mobaynida belgilangan normativlar bo‘yicha ular amalda bajaradigan o‘quv ishlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
6-bob. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirishni moliyalashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
48. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish tadbirlarini moliyalashtirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:
(48-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
ushbu maqsadlar uchun har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladigan mablag‘lar;
malaka oshirish tizimida ta’lim muassasalarining loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarini o‘qitish uchun buyurtmachilarning mablag‘lari;
loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish uchun jalb etiladigan mahalliy va xorijiy grantlar;
ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat turlaridan olingan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(48-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
49. Shartnoma asosida malaka oshirish kurslari uchun o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash asosida sarf-xarajatlar smetasi ta’lim muassasasi tomonidan tuziladi va uning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
50. Smetada kursning o‘quv dasturi va rejasida nazarda tutilgan barcha dars mashg‘ulotlari uchun to‘lanadigan soatbay haq, kursning moddiy-texnika ta’minoti, kursni tashkil etish va o‘tkazishga jalb etilgan (rahbar, pedagog va texnik) xodimlarga to‘lanadigan ish haqi, ularni rag‘batlantirish, shuningdek to‘lanadigan soliqlar uchun mablag‘lar nazarda tutiladi. Bunda qayta tayyorlash kurslarida o‘qish uchun tinglovchi tomonidan to‘lanadigan mablag‘ mazkur kurslarni o‘tkazish uchun sarflanadigan xarajatlar hajmidan kelib chiqqan holda (smetadagi jami xarajatlarni tinglovchilar soniga bo‘lish orqali) hisoblab chiqiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
51. Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish markazlari va kurslarini attestatsiyadan o‘tkazish hamda ularning moliyaviy hisobotlari qonunchilik hujjatlari asosida olib boriladi.
(51-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
7-bob. Malaka oshirish kurslari tinglovchilarini attestatsiyadan o‘tkazish va baholash
52. Tinglovchilar o‘quv kurslari ta’lim dasturlarini o‘zlashtirib bo‘lgandan so‘ng, ta’lim muassasasi tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi. Attestatsiya yakuniy test sinovlari va bitiruv ish himoyasidan iborat bo‘lib, ishchi kasb egalari uchun esa amaliy imtihon o‘tkaziladi.
53. Attestatsiya komissiyasi raisining nomzodi ta’lim muassasasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligiga kelishish uchun tavsiya etiladi. Attestatsiya komissiyasi tarkibi besh nafardan iborat tarkibda ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlanadi.
54. Attestatsiya komissiyasi tarkibiga ta’lim muassasasi, yetakchi tashkilotlar, uyushmalar vakillari jalb qilinishi mumkin.
55. Attestatsiya komissiyasi tarkibining uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
56. Malaka oshirish ta’lim muassasalarining attestatsiya komissiyalari a’zolari mehnatiga haq to‘lash attestatsiya komissiyasi tarkibida ishlarni bajarishning belgilangan normativlaridan kelib chiqqan holda mehnatga soatbay haq to‘lash shartlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
57. Yakuniy test malaka oshirish o‘quv rejasidagi barcha modullar bo‘yicha savollarni qamrab olgan holda tayyorlangan test savollari asosida o‘tkaziladi. Yakuniy test asosida tinglovchining bilim darajasi 50 daqiqa davomida 50 ta test savollari asosida 100 ballik baholash tizimi orqali aniqlanadi. Test natijasi test yakunlanishi bilan darhol ekranda aks ettiriladi. Ushbu test sinovlarini o‘tkazish ta’lim muassasasining serverida joylashtirilgan elektron tizimga videokuzatuvni yozib borish orqali amalga oshiriladi.
58. Malaka oshirish kurslarining 36 va 72 akademik soat bo‘lgan yo‘nalishlari uchun yakuniy test sinovlari topshiriladi. Yakuniy test sinovi umumiy 100 ball deb belgilanadi va umumiy balldan kamida 55 ball (55 foiz) to‘plagan tinglovchi test sinovlaridan o‘tgan hisoblanadi. Ushbu kurs tinglovchilari yakuniy bitiruv ishi va amaliy imtihon topshirmaydi.
Malaka oshirish kurslarining 144 akademik soat bo‘lgan yo‘nalishlari uchun yakuniy bitiruv ishi umumiy 100 ball deb belgilanadi va umumiy balldan kamida 55 ball (55 foiz) to‘plagan tinglovchi o‘tgan hisoblanadi. Ushbu kurs tinglovchilari yakuniy test sinovlari va amaliy imtihon topshirmaydi.
Ishchi kasb egalarining malakasini oshirishda o‘quv kurs yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy imtihon o‘tkaziladi va unda umumiy ball 100 ball deb belgilanadi. Umumiy balldan kamida 55 ball (55 foiz) to‘plagan tinglovchi o‘tgan hisoblanadi. Ushbu kurs tinglovchilari bitiruv ishlari va yakuniy test sinovlari topshirmaydi.
59. Mutaxassislar uchun yakuniy test sinovi yoki bitiruv ishi yoxud ishchi kasb egalari uchun amaliy imtihonning umumiy 100 ballidan kamida 55 ball (55 foiz) to‘plagan tinglovchi malaka oshirish kursini tugatgan hisoblanadi va tinglovchiga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.
60. Yakuniy test sinovi yoki yakuniy bitiruv ishi va amaliy imtihonning umumiy ballidan 55 ball (55 foiz) to‘plamagan tinglovchi malaka oshirish kurslaridan o‘tmagan hisoblanadi.
61. Yakuniy test sinovi yoki yakuniy bitiruv ishi va amaliy imtihonning umumiy ballidan 55 ball (55 foiz) to‘plamagan tinglovchi ushbu nazoratlar natijalari e’lon qilingan kundan boshlab 24 soat ichida ta’lim muassasasi direktoriga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
Apellatsiya komissiyasi tarkibi 3 nafardan iborat tarkibda ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlanadi. Apellatsiya komissiyasi apellatsiyaga kelib tushgan arizani 24 soat ichida ko‘rib chiqadi va natijasini arizachiga e’lon qiladi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
62. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislarning malakasini oshirish jarayoni
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Bajarish

Muddati


1-bosqich

Loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlar

(buyurtmachi)

Loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlar buyurtmanomalarni shakllantiradi va kurslarda ta’lim olishga nomzodlar ro‘yxatini malaka oshirish ta’lim muassasasiga taqdim etadi.

Har yili,20-noyabrga qadar


2-bosqich

Malaka oshirish ta’lim muassasalari

(ijrochi)

Malaka oshirish ta’lim muassasalari tomonidan nomzodlar ro‘yxati va guruhlari (yo‘nalishlarda 10 — 25 nafar tinglovchi) shakllantiriladi.

Guruhlar shakllanishi bilan bir ish kunida


3-bosqich

Malaka oshirish ta’lim muassasalari

(ijrochi)

Malaka oshirish ta’lim muassasasi malaka oshirish kurslari boshlanishi to‘g‘risida buyurtmachini besh kun oldin xabardor qiladi.

Tasdiqlangan reja-jadvalga muvofiq


4-bosqich

Malaka oshirish ta’lim muassasalari

(ijrochi)

Malaka oshirish ta’lim muassasalari yillik reja va ro‘yxat bo‘yicha (shartnoma asosida) o‘rnatilgan tartibda tinglovchilar uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etadi.

Kelishilgan holda tasdiqlangan yillik reja asosida


5-bosqich

Loyihalash va qurilish sohasidagi tashkilotlar

(buyurtmachi)

Buyurtmachi tasdiqlangan yillik reja va ro‘yxat bo‘yicha tinglovchilar uchun belgilangan muddatlarda shartnoma shartlarini bajaradi va kurslarda tinglovchilarni qatnashishini ta’minlaydi.

Kelishilgan holda tasdiqlangan yillik reja asosida


6-bosqich

Malaka oshirish ta’lim muassasasi (ijrochi)

Kurslarga tinglovchilarni qabul qilish tasdiqlangan rejaga muvofiq ta’lim muassasasi direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Tinglovchining kurslarga o‘z vaqtida kelmaganligi (3 kun davomida kurslarga kelmasa kursdan chetlatiladi) to‘g‘risida jo‘natuvchi tomonga va vakolatli davlat organiga xabar beradi.

O‘quv jarayoni boshlanishi sanasidan uch ish kuni davomida


7-bosqich

Malaka oshirish ta’lim muassasasi (ijrochi)

Malaka oshirish muddati buyurtmachilar taklifiga ko‘ra, yo‘nalishiga qarab bir haftaga 36 akademik soat, ikki haftaga 72 akademik soat va bir oylik kurslar uchun 144 akademik soat etib belgilanadi.

O‘quv jarayoni ma’r�za, amaliy mashg‘ulot, seminar trening, ko‘chma mashg‘ulot, malaka amaliyoti, mahorat darslari va boshqa shakllarda olib boriladi.

Tasdiqlangan reja-jadvalga

muvofiq


8-bosqich

Ta’lim muassasasi (ijrochi), Davlat attestatsiya komissiyasi, tinglovchi (buyurtmachi)

O‘quv kursining yo‘nalishi va muddatiga qarab yakuniy nazorat quyidagi shakllarda o‘tkaziladi:

— 36 va 72 akademik soat bo‘lgan o‘quv kurslarda o‘qigan mutaxassislar uchun yakuniy test sinovlari shaklida;

— 144 akademik soat bo‘lgan o‘quv kurslarda o‘qigan mutaxassislar uchun bitiruv ishi shaklida;

— 36 va 72 akademik soat bo‘lgan o‘quv kurslarda o‘qigan ishchi kasb egalari uchun amaliy imtihon shaklida.

Tasdiqlangan reja-jadvalga

muvofiq


9-bosqich

Ta’lim muassasasi (ijrochi), Davlat attestatsiya komissiyasi

Mutaxassislar uchun yakuniy test sinovi yoki bitiruv ishi yoxud ishchi kasb egalari uchun amaliy imtihonning umumiy 100 ballidan kamida 55 ball (55%) to‘plagan tinglovchi kursni tugatgan hisoblanadi va tinglovchiga davlat namunasidagi “Sertifikat” beriladi.

Malaka oshirish kursidan o‘tgan tinglovchiga bir ish kuni mobaynida sertifikat beriladi, o‘ta olmagan tinglovchilar ro‘yxati e’lon qilinadi.


10-bosqich

Ta’lim muassasasi (ijrochi), Davlat attestatsiya komissiyasi, tinglovchi (buyurtmachi)

Yakuniy nazoratga ajratilgan 55 balldan (100 ballning 55%) kam ball to‘plagan tinglovchi malaka oshirish kursidan o‘tmagan hisoblanadi. Malaka oshirish kursidan chetlatilgan va yakuniy nazoratdan o‘tmagan tinglovchilar bir yil mobaynida kurslardan takroran o‘tadi.

Loyihalash va qurilish sohasidagi mutaxassislar malakasini oshirish to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Malaka oshirish haqida davlat namunasidagi
SERTIFIKAT
(tavsifi)
Malaka oshirish to‘g‘risidagi sertifikat A4 formatli oq qog‘ozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, ko‘k, qizil ranglarda, fon uchun — och kul rangda bosib chiqariladi.
Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri, past qismida esa — 35 mm o‘lchamli ikkita kvadrat qo‘shilishidan hosil bo‘lgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning o‘rtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan.
Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI. Malaka oshirish haqida SERTIFIKAT” so‘zlari bosiladi. Sertifikat ikki lotin harfi — MO va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan ta’minlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och kul rang fonda bosib chiqariladi.
bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;
yorug‘lik vositasida nusxa ko‘chirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;
naqshli rastr;
har xil rangli rastrlardan foydalanish yo‘li bilan turli ranglarni tashkil etish;
maxsus qog‘ozlar;
o‘zgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qo‘llangan holda oltita himoyaga ega.

‎‎(O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri)


‎‎‎O`zbekiston Respublikasi
‎Malaka oshirish haqida
‎SERTIFIKAT
‎MO № 000000

_______________________________________________________________________________________________________

‎‎(tinglovchining familiyasi, ismi, otasining ismi)‎‎

‎‎20____ yil ___________________dan 20____ yil _________________________gacha

_______________________________________________________________________________________________________
‎_______________________________________________________________________________________________________
‎‎

‎‎(malaka oshirish ta`lim muassasasining nomi)

‎‎Jami _______________________________________________________________________________________________ soatli
‎_______________________________________________________________________________________________________

‎‎(malaka oshirish kursining nomi)

‎‎bo`yicha malakasini oshirdi.
‎‎Muhr o`rni
Direktor _______________________ ‎‎‎
‎‎Sana __________________________ Qayd raqami ____________________
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2019-y., 09/19/451/3229-son; 28.09.2020-y., 09/20/588/1331-son; 04.03.2021-y., 09/21/119/0190-son; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 04.06.2021-y., 09/21/345/0522-son; 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)