O‘zbekiston Respublikasining
Qonuni
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 12-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 14-dekabrda ma’qullangan
Senat tomonidan 2019-yil 14-dekabrda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining faoliyatini tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risidagi qonunchilik
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
3-modda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining huquqiy maqomi va asosiy vazifalari
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (bundan buyon matnda Milliy gvardiya deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega bo‘lgan maxsus turidir.
Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish;
terrorizmga qarshi kurashishda, shuningdek terrorchilik harakatlarining hamda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish;
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish, surishtiruv o‘tkazish, jinoyat ishlarini qo‘zg‘atish va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish;
davlat obyektlarini, o‘ta muhim, toifalangan obyektlarni hamda boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash;
qo‘riqlash faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;
huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shu jumladan mazkur huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish;
jamoat tartibini saqlash, shu jumladan ommaviy tadbirlar, mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar o‘tkazilayotganda hamda fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash;
favqulodda holat, alohida davr va terrorchilikka qarshi operatsiyalarni o‘tkazish sharoitlarida huquqiy rejimni ta’minlash;
qo‘riqlanadigan shaxslarning xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etish;
chet davlatlarning rasmiy vakillarini, oliy darajadagi xorijiy delegatsiyalarni kutib olishda va kuzatib qo‘yishda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokidagi tantanali tadbirlar chog‘ida rasmiy marosimlarni o‘tkazish;
huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida aholi punktlaridagi jamoat joylarida patrullik qilish;
O‘zbekiston Respublikasining hududiy mudofaasi tizimida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini jangovar qo‘llash rejalari bo‘yicha maxsus vazifalarni hal etish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlariga O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishda ko‘maklashish.
Milliy gvardiya O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi PQ-360-son “Ichki ishlar organlarining qo‘riqlash sohasidagi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
4-modda. Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari
Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish, yagonalik, mustaqillikdan iboratdir.
5-modda. Qonuniylik prinsipi
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga og‘ishmay rioya etishi hamda ularni bajarishi shart.
(5-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qonunlarni aniq bajarish va ularga rioya etishdan har qanday chetga chiqish, ularning sabablari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, qonuniylikni buzishdir va u belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
6-modda. Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish prinsipi
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) o‘z faoliyatini fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish asosida amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.
(6-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-963-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) fuqaroning shaxsiy hayotiga taalluqli bo‘lgan, uning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarni, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, oshkor qilish huquqiga ega emas.
7-modda. Yagonalik prinsipi
Milliy gvardiya Milliy gvardiyaning qo‘mondoni rahbarlik qiladigan yagona markazlashtirilgan tizimni tashkil qiladi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘z faoliyatini amalga oshirishda bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi.
8-modda. Mustaqillik prinsipi
Milliy gvardiya o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda, faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshiradi.
Milliy gvardiya faoliyatiga davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va mansabdor shaxslarning aralashuvi taqiqlanadi.
9-modda. Milliy gvardiyaning davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan hamkorligi
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan qonunchilikda belgilangan tartibda hamkorlik qiladi.
(9-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Davlat organlari va boshqa tashkilotlar Milliy gvardiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashishi shart.
10-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablarini bajarish majburiyligi
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) o‘z vakolatlari doirasida qo‘yilgan qonuniy talablari, shu jumladan qonunga rioya etish, hujjatlarni, tekshiruv materiallarini va boshqa ma’lumotlarni taqdim etish, mutaxassis ajratish, Milliy gvardiyaga kelish hamda aniqlangan qonunbuzarliklar xususida tushuntirishlar berish to‘g‘risidagi, qoidabuzarliklarni, shuningdek ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan axborot, hujjatlar va boshqa materiallar uning qonuniy talabi bo‘yicha bepul taqdim etiladi.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablari ustidan shikoyat qilinishi ularning bajarilishini to‘xtatib turmaydi.
11-modda. Fan yutuqlaridan, zamonaviy texnologiyalardan va axborot tizimlaridan foydalanish
Milliy gvardiya o‘z faoliyatida fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va ishlanmalar, shuningdek axborot tizimlaridan foydalanadi.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish chog‘ida texnik vositalardan, shu jumladan audio-, foto- va video qayd etish, kriptografiya vositalaridan hamda boshqa maxsus vositalardan foydalanishi mumkin.
2-bob. Milliy gvardiyaning faoliyatini tashkil etish
12-modda. Milliy gvardiyaning tizimi
Milliy gvardiyaning tizimi Milliy gvardiyaning markaziy devoni, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, harbiy tuzilmalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa bo‘linmalar va tashkilotlardan (bundan buyon matnda Milliy gvardiya organlari deb yuritiladi) iborat bo‘ladi.
13-modda. Milliy gvardiyaning bo‘ysunishi va hisobdorligi, shuningdek Milliy gvardiyaning mansabdor shaxslarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish
Milliy gvardiya bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisobdordir.
Milliy gvardiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Milliy gvardiya qo‘mondoni rahbarlik qiladi. Milliy gvardiya qo‘mondoni maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtiriladi.
Milliy gvardiya qo‘mondonining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan o‘rinbosarlari bo‘ladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 4-bobi.
14-modda. Milliy gvardiya hay’ati
Milliy gvardiyada Milliy gvardiya qo‘mondoni, uning o‘rinbosarlari, markaziy devoni bo‘linmalarining boshliqlari va Milliy gvardiya organlarining rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tuziladi. Hay’atning shaxsiy tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya hay’ati maslahat organi bo‘lib, u qonunchilik hujjatlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlarining, Milliy gvardiya qo‘mondoni buyruqlari va ko‘rsatmalarining ijro etilishi holatiga, kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo‘yishga taalluqli masalalarni hamda Milliy gvardiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi bilan bog‘liq boshqa masalalarni ko‘rib chiqadi.
(14-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
3-bob. Milliy gvardiyada harbiy xizmatchilar (xodimlar) tomonidan harbiy xizmatni (xizmatni) o‘tash tartibi va shartlari
15-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari
Milliy gvardiya organlarida haqiqiy harbiy xizmatda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilaridir.
Harbiy xizmatchilar maxsus unvonlar berilgan va harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risidagi kontraktning amal qilishi tugatilgan holda Milliy gvardiya xodimlari lavozimlariga tayinlanishi mumkin.
Milliy gvardiya oliy harbiy ta’lim muassasalarining bitiruvchilari maxsus unvonlar berilgan holda xodimlar lavozimlariga tayinlanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan Milliy gvardiya organlarida harbiy xizmatni o‘tash tartibi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
(15-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-sonli “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
16-modda. Milliy gvardiya xodimlari
Milliy gvardiyada xizmatda bo‘lgan, maxsus unvonlar berilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Milliy gvardiya xodimlaridir.
Milliy gvardiya xodimlari harbiy unvonlar berilgan va harbiy xizmatni o‘tash to‘g‘risida kontrakt tuzilgan holda harbiy lavozimlarga tayinlanishi mumkin.
17-modda. Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmatni o‘tash tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya xodimlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikning amal qilishi Milliy gvardiya organlarida xizmatni o‘tash masalalarini belgilovchi qonunchilikda va ushbu Qonunda tartibga solinmagan qismiga nisbatan tatbiq etiladi.
(17-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlar tomonidan xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.
Milliy gvardiya xodimlari uchun ish vaqtining davomiyligi haftasiga qirq soatdan oshmasligi kerak.
Zarur bo‘lgan hollarda, Milliy gvardiya xodimlari xizmatni o‘tashga kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda jalb qilinishi mumkin.
Kuchaytirilgan rejim Milliy gvardiya xodimlari uchun kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi to‘rt soatdan oshmaydigan ish belgilanishini nazarda tutadi.
Sutkalik rejim Milliy gvardiya xodimlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga umumqo‘shin payogi normalari doirasida belgilanadigan oziq-ovqat payogini kompensatsiya qilish o‘rniga xizmatni o‘tash joyida uch mahal bepul ovqatlangan holda xizmatni sutkalik o‘tash belgilanishini nazarda tutadi.
Kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimni joriy etish hamda bekor qilish Milliy gvardiya qo‘mondonining buyruqlari asosida amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya xodimlariga ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur bo‘lgan, biroq uch kundan oshmaydigan vaqt qo‘shilgan holda davomiyligi o‘ttiz kalendar kun bo‘lgan haq to‘lanadigan har yilgi ta’til beriladi.
Milliy gvardiya xodimlariga quyidagi kalendar hisobdagi xizmat davri uchun:
o‘n yillik xizmatdan so‘ng — davomiyligi besh kun;
o‘n besh yillik xizmatdan so‘ng — davomiyligi o‘n kun;
yigirma yillik xizmatdan so‘ng — davomiyligi o‘n besh kun bo‘lgan, haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
Milliy gvardiya xodimlariga boshqa turdagi ta’tillar ham berilishi mumkin.
Milliy gvardiya xodimlariga ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
Xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishganlik, xizmat majburiyatlarini namunali tarzda bajarganlik, benuqson xizmat qilganlik va Milliy gvardiya tizimini rivojlantirish hamda takomillashtirishga hissa qo‘shganlik, xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik va jasorat ko‘rsatganlik, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirganlik hamda boshqa alohida xizmatlari uchun Milliy gvardiya xodimlari O‘zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari bilan taqdirlanishga taqdim etilishi, shuningdek Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan ta’sis etiladigan farqlovchi idoraviy belgilar bilan mukofotlanishi mumkin.
Milliy gvardiya xodimining xizmat majburiyatlarini bajarishi deganda quyidagilar tushuniladi:
lavozim majburiyatlarini bajarish va jangovar harakatlarda ishtirok etish;
xizmatni (jangovar xizmatni) o‘tash;
xizmat safarida yoki davolanishda bo‘lish;
kun tartibida belgilangan xizmat vaqti davomida yoki agar xizmat zarurati shuni taqozo etsa, Milliy gvardiya organlari hududida bo‘lish;
xizmat, davolanish joyiga borish yoki u yerlardan qaytish;
yig‘inlarda ishtirok etish;
asirlikda bo‘lish (bundan o‘z ixtiyori bilan asirga tushish hollari mustasno), garovga olingan yoki ushlab qurolsizlantirilgan holatda bo‘lish;
bedarak ketish — xodim qonunda belgilangan tartibda bedarak yo‘qolgan deb topilguniga yoki vafot etgan deb e’lon qilinguniga qadar;
shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir harakatlar;
qonuniylikni va huquq-tartibotni ta’minlashda boshqa shaxslarga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yordam ko‘rsatish;
sud tomonidan Milliy gvardiya xodimining shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan deb topilgan boshqa harakatlari.
Oldingi tahrirga qarang.
171-modda. Milliy gvardiya organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar
Milliy gvardiya xodimlari quyidagilarga haqli emas:
o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) Milliy gvardiya organlarida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga olib kelsa;
ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga;
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga;
o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqeyi bilan bog‘liq holda foydalanishga;
qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ishtirok etishga;
chet davlat fuqaroligini yoki chet davlatda doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni olish maqsadida murojaat qilishga;
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda ta’lim olish, stajirovka o‘tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar mustasno;
o‘zining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq hollar bundan mustasno;
xizmatni o‘tash vaqtida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarishga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida hollar bundan mustasno;
Milliy gvardiya organlarining binolarida va hududida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni tashkil etishga, diniy mazmundagi materiallar va buyumlarni saqlashga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq hollar bundan mustasno.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etmaganlik Milliy gvardiya xodimlarini qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.
(171-modda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-noyabrdagi O‘RQ-1008-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.12.2024-y., 03/24/1008/0988-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 3-yanvar)
18-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) xizmat guvohnomasi va jetoni
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tasdiqlanadigan, belgilangan namunalardagi xizmat guvohnomasi va shaxsiy raqamli jeton beriladi.
Xizmat guvohnomasidan va jetondan foydalanish tartibi Milliy gvardiyaning ichki idoraviy hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
19-modda. Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilish
(19-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-noyabrdagi O‘RQ-1008-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.12.2024-y., 03/24/1008/0988-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 3-yanvar)
Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) tegishli ma’lumotga ega bo‘lgan, sog‘lig‘ining holatiga va jismoniy tayyorgarligiga ko‘ra Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Harbiy xizmatga fuqarolar umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq qabul qilinadi.
(19-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Xizmatga o‘n sakkiz yoshdan o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan va o‘ttiz yoshdagi fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Milliy gvardiya xodimlarining xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq qabul qilinadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlar tomonidan xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.
Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) qabul qilish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining 2019-yil 8-dekabrdagi 248-son O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi buyrug‘i.
Zarur bo‘lgan hollarda, Milliy gvardiyaning ayrim bo‘linmalariga, Milliy gvardiya xodimlari lavozimiga o‘ttiz yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar, agar ular xizmatda bo‘lishning eng yuqori yoshiga to‘lgan paytida ko‘p yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega bo‘lsa, qabul qilinishi mumkin.
Milliy gvardiyaning o‘ttiz yoshdan katta fuqarolar qabul qilinadigan ayrim bo‘linmalari va lavozimlarining ro‘yxati Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining 2019-yil 8-dekabrdagi 248-son O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi bo‘linmalariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi buyrug‘i.
Oldingi tahrirga qarang.
Erkaklar Milliy gvardiyaga xizmatga kirguniga, Milliy gvardiya xodimi lavozimiga tayinlanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni o‘tashi yoxud oliy ta’lim tashkilotlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tishi kerak.
(19-moddaning yettinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 7-sentabrdagi O‘RQ-957-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son)
Alohida hollarda, boshqa davlat organlari va o‘zga tashkilotlardan xodimlar Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) ushbu moddaning uchinchi va beshinchi qismlarida belgilangan talablarga rioya etilmagan holda, Milliy gvardiya qo‘mondonining qaroriga ko‘ra qabul qilinishi mumkin.
Siyosiy partiyalarning a’zolari bo‘lgan, Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) qabul qilingan fuqarolar xizmatni o‘tash davrida siyosiy partiyalarga a’zolikni to‘xtatib turadi.
Milliy gvardiyaning ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish uchun tegishli ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek harbiy xizmatchilar (xodimlar) qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning ta’lim muassasalarida chet ellik fuqarolar qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda va tartibda o‘qishi mumkin.
(19-moddaning o‘n birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Quyidagi fuqarolar Milliy gvardiya xodimi lavozimiga qabul qilinishi mumkin emas:
a) belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan;
b) xizmatni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan;
v) boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan;
g) sodir etgan jinoyati uchun qo‘llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugallanganligidan yoki olib tashlanganligidan yoxud amnistiya akti yoki avf etish qo‘llanilganligidan qat’i nazar muqaddam sudlangan;
d) xizmatni o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarga rioya etishni rad etganda yoki Milliy gvardiyaning maxsus talablariga javob bermagan.
(19-moddaning o‘n ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 29-noyabrdagi O‘RQ-1008-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 02.12.2024-y., 03/24/1008/0988-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 3-yanvar)
Milliy gvardiya xodimi lavozimiga qabul qilingan shaxslar uchun dastlabki sinov muddati uch oydan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilingan harbiy xizmatga majbur O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shu jumladan Milliy gvardiya oliy harbiy ta’lim muassasalarining harbiy xizmatga chaqiriluvchi bo‘lgan tinglovchilari va kursantlari harbiy hisobdan chiqariladi hamda Milliy gvardiyaning maxsus hisobida turadi.
Milliy gvardiyaning oliy harbiy ta’lim muassasalari tinglovchilari va kursantlari birinchi bosqichdagi o‘quv muddatini tugallaganidan keyin muddatli harbiy xizmatni o‘tagan hisoblanadi va ular ta’lim muassasasi joylashgan yerdagi mudofaa ishlari bo‘yicha hududiy bo‘lim tomonidan harbiy guvohnoma beriladi.
20-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) qasamyodi
Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) kirayotganda harbiy xizmatchilar (xodimlar) quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
“Men (familiyasi, ismi, otasining ismi) O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga harbiy xizmatga (xizmatga) kirar ekanman, O‘zbekiston xalqi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga sadoqatli bo‘lishga, Vatanga qasamyodga, Jangovar Bayroqqa sodiq qolishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini, o‘z xizmat burchimni so‘zsiz hamda vijdonan bajarishga, har qanday sharoitda xiyonat va sotqinlik qilmaslikka, o‘zimning jangovar shayligim uchun shaxsan javobgar bo‘lishga, mardlik va fidokorlik bilan, o‘z hayotimni ayamasdan xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga qasamyod qilaman”.
21-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) qabul qilinadigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari majburiy tartibda maxsus kasbiy tayyorgarlikdan yoki qayta tayyorgarlikdan o‘tadi.
Milliy gvardiya uchun professional kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) malakasini oshirish Milliy gvardiyaning ta’lim muassasalari, harbiy ta’lim muassasalari, shuningdek boshqa ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Milliy gvardiyaning ta’lim muassasalari tinglovchilari va kursantlari Milliy gvardiyada harbiy xizmatda (xizmatda) deb hisoblanadi, bundan chet ellik fuqarolar mustasno.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 5-bobi.
22-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisini (xodimini) bo‘shatish
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisini harbiy xizmatdan bo‘shatish tartibi umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
(22-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Milliy gvardiyaning xodimini xizmatdan bo‘shatishga quyidagilar asos bo‘ladi:
o‘z xohishi bo‘yicha (pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘tamaganlar uchun) — xodimning bildirgisi asosida;
xizmatda bo‘lishning belgilangan yosh chegarasiga yetganligi;
pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘taganligi — xodimning bildirgisi asosida;
tashkiliy-shtat o‘zgarishlari;
kasalligi — harbiy-tibbiy komissiyaning xizmatga yaroqsizlik to‘g‘risidagi xulosasi asosida;
sog‘lig‘ining cheklanganligi holati — harbiy-tibbiy komissiyaning Milliy gvardiyadagi xizmatga yaroqliligi cheklanganligi to‘g‘risidagi va xizmat bo‘yicha boshqa lavozimga o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda, egallab turgan lavozimiga muvofiq xizmat majburiyatlarini bajara olmasligi haqidagi xulosasi asosida;
dastlabki sinov muddati davomida xizmatga yaroqsizligi;
malakasi yetarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga noloyiqligi — attestatsiya natijalari asosida;
xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzganligi;
Milliy gvardiya xodimining sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi;
sodir etgan jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganligi;
xodimda intizomiy jazo chorasi mavjud bo‘lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi;
boshqa davlat organiga xizmatga o‘tganligi (kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritilmagan holda);
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bekor qilinganligi yoki chet davlat fuqaroligini olganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
xodimlar uchun ushbu Qonunda va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklovlar va taqiqlarga rioya etmaganligi.
(22-modda ikkinchi qismining o‘n oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Quyidagi hollarda xodimlarning xizmatdan bo‘shatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
tibbiyot muassasalarida davolanishda bo‘lganida, ular Milliy gvardiyaning va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tibbiyot muassasalari tomonidan vaqtincha mehnatga layoqatsiz deb topilganda;
ta’tilda yoki xizmat safarida bo‘lganda;
asirga yoki garovga olinganda (bundan o‘z ixtiyori bilan asirga tushish hollari mustasno).
Xodimga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan, sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan yoki sud hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo‘lsa, u xizmatdan bo‘shatilishi mumkin emas.
Xodim yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga yoki sudga murojaat qilish orqali o‘zining xizmatdan bo‘shatilishi ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Xizmatdan bo‘shashga qaror qilgan xodim bo‘shash rejalashtirilayotgan kundan kamida ikki oy avval bo‘linma boshlig‘iga (komandiriga) bildirgi bilan murojaat etadi.
Xodimlarni xizmatdan bo‘shatish:
“podpolkovnik” maxsus unvonigacha, shu jumladan “podpolkovnik” unvonidagilarni ham — Milliy gvardiya qo‘mondonining yoki xizmatga qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan Milliy gvardiya bo‘linmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan;
“polkovnik” va undan yuqori maxsus unvondagilarni — belgilangan tartibda Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Xodim xizmat muddati kalendar hisobda yigirma yilga yetganidan so‘ng o‘tagan xizmat muddati bo‘yicha pensiya olish huquqini beruvchi bo‘shatilish huquqiga ega bo‘ladi, bu muddat Milliy gvardiyaning, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining va xorijiy davlatlarning (xalqaro shartnomalarga muvofiq Milliy gvardiya tomonidan yo‘llanganlar uchun) oliy ta’lim muassasalarida, O‘zbekiston Respublikasining oliy harbiy ta’lim muassasalarida o‘qish, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tash davrini ham o‘z ichiga oladi.
Xodimlar halok bo‘lganligi (vafot etganligi), bedarak yo‘qolgan deb topilganligi yoki vafot etgan deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Milliy gvardiyaning shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan chiqariladi.
Sudning bedarak yo‘qolgan deb topish yoki vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi qarori bekor qilingan taqdirda, bedarak yo‘qolganligi yoki vafot etgan deb e’lon qilinganligi sababli ilgari shaxsiy tarkib ro‘yxatidan chiqarilgan shaxslarni shaxsiy tarkib ro‘yxatiga yangitdan kiritish Milliy gvardiya qo‘mondonining qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
23-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) harbiy xizmat (xizmat) muddatlari va ularni uzaytirish uchun asoslar
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining harbiy xizmat muddatlari va ularni uzaytirish tartibi ushbu moddaning uchinchi qismini hisobga olgan holda umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
(23-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Milliy gvardiyada xizmatda bo‘lishning cheklangan yoshi safdorlar va serjantlar tarkibi xodimlari uchun ellik yoshni, ofitserlar tarkibi uchun — ellik besh yoshni (generallar uchun — oltmish yoshni), ayollar uchun esa (mavjud maxsus unvonidan qat’i nazar) — ellik yoshni tashkil etadi.
Milliy gvardiyaning yuksak kasbiy tayyorgarlikka, egallab turgan lavozimida ish tajribasiga ega bo‘lgan va sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra harbiy xizmatni (xizmatni) o‘tashga yaroqli harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) xizmat muddati Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan ushbu xodimlarning roziligi bilan besh yilgacha, Milliy gvardiyaning ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilik lavozimlarini egallab turgan va ilmiy darajaga yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan shaxslarga esa o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Xizmat muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror xodimni ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha Milliy gvardiyadan bo‘shatish ehtimolini istisno etmaydi.
24-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) harbiy xizmatga (xizmatga) tiklash tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
Harbiy xizmatchilarni Milliy gvardiyadagi harbiy xizmatga tiklash tartibi umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
(24-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Shaxslar g‘ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi yoki xizmatdan asossiz bo‘shatilganligi e’tirof etilgan hollarda, ularni Milliy gvardiyadagi xizmatga tiklash sudning qonuniy kuchga kirgan qarori yoxud Milliy gvardiya qo‘mondonining qarori asosida amalga oshiriladi.
Xizmatga tiklanishi lozim bo‘lgan shaxslarni shaxsiy tarkib ro‘yxatlariga kiritish va lavozimga tayinlash Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
Xizmatga tiklanishni xohlovchi shaxslar bo‘shatilgan kundan yoki sudning xizmatga tiklash to‘g‘risidagi qarori chiqarilgan kundan e’tiboran uch oy muddatda xizmatga tiklash haqidagi iltimosnoma bilan Milliy gvardiyaga murojaat qilishi kerak.
Shaxsni Milliy gvardiyadagi xizmatga tiklash bo‘shatilgan kundan tiklangan kunga qadar bo‘lgan davrni hisobga kiritish sharti bilan avvalgi maxsus unvonni berish, ustamalarni va xizmat yillarini hisoblab chiqarish, avvalgi lavozimga tayinlash yoxud buning imkoni bo‘lmasa, unga teng yoki boshqa lavozimga tayinlash orqali amalga oshiriladi.
Agar shaxs xizmatdan bo‘shatilgan kundan yoki sudning xizmatga tiklash to‘g‘risidagi qarori kuchga kirgan kundan e’tiboran uch oy muddat o‘tganidan keyin Milliy gvardiyaga murojaat qilsa, uch oylik muddat o‘tgan paytdan e’tiboran to xizmatga tiklanguniga qadar bo‘lgan davr navbatdagi maxsus unvonni olish, ustamalarni hisoblash va pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblash bo‘yicha uzluksiz stajga qo‘shib hisoblanmaydi. Uch oylik muddat uzrli sababga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan taqdirda, ushbu davr Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tiklanishi mumkin.
25-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) harbiy va maxsus unvonlari
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga harbiy unvonlar umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda beriladi.
(25-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Milliy gvardiya xodimlariga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
safdorlar tarkibi — “safdor”;
serjantlar tarkibi — “kichik serjant”, “serjant”, “katta serjant”;
kichik ofitserlar tarkibi — “leytenant”, “katta leytenant”, “kapitan”;
katta ofitserlar tarkibi — “mayor”, “podpolkovnik”, “polkovnik”;
generallar tarkibi — “general-mayor”, “general-leytenant”, “general-polkovnik”.
Maxsus unvonlarni berish va ulardan mahrum etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlar tomonidan xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori.
Mardlik va qahramonlik, yuqori professionallik va vatanparvarlik sifatlarini ko‘rsatgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) navbatdagi harbiy (maxsus) unvon, mavjud unvonidagi xizmat muddatidan qat’i nazar, muddatidan oldin berilishi, shuningdek shtat bo‘yicha egallab turgan lavozimidagi harbiy (maxsus) unvonidan bir pog‘ona yuqori unvon berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya qo‘mondoniga Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) “polkovnik” unvonigacha bo‘lgan, shu jumladan “polkovnik” harbiy (maxsus) unvonlarini qonunchilikda belgilangan tartibda berish huquqiga ega.
(25-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bobi.
4-bob. Milliy gvardiyaning huquq va majburiyatlari
26-modda. Milliy gvardiyaning huquqlari
Milliy gvardiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda o‘z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
mansabdor shaxslar va fuqarolarning hujjatlarini, shu jumladan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish, ularni shaxsiy ko‘rikdan (tintuvdan) o‘tkazishni amalga oshirish, ashyolarni, transport vositalarini hamda olib o‘tilayotgan yuklarni ko‘zdan kechirish, shu jumladan nazoratning texnik va boshqa vositalari qo‘llanilgan holda ko‘zdan kechirish;
fuqarolardan jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, hodisa joyini tark etishini talab qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
turar joylarga va boshqa obyektlarga to‘sqinliksiz, zarurat bo‘lganda qulflash moslamalari va boshqa ashyolarni buzgan holda kirish, bu joylarni jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslar ta’qib qilinayotganda yoxud u yerda jinoyat sodir etilmoqda yoki sodir etilgan yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yashirinayotgan shaxs bor deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, agar kechiktirish fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostida qoldiradigan bo‘lsa, yigirma to‘rt soat ichida prokurorga bu haqda xabar bergan holda, shuningdek yetkazilgan zararning o‘rnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplagan holda ko‘zdan kechirish;
(26-modda birinchi qismining to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
jinoyatlarning oldini olish, ularni sodir etgan yoki qidiruvda bo‘lgan shaxslarni topish va ushlash maqsadida jismoniy hamda yuridik shaxslarning turar joylarida va boshqa obyektlarida ularning roziligi bilan vaqtincha bo‘lish;
davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga borish, zarur bo‘lgan hujjatlar hamda materiallar bilan tanishish, davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan ma’lumotlarni va boshqa zarur hujjatlarni hamda materiallarni so‘rash va olish;
Milliy gvardiyaning ish yurituvida bo‘lgan ishlar va materiallar yuzasidan fuqarolarni, mansabdor shaxslarni chaqirish, zarur hujjatlarni, ma’lumotlarni hamda ularning ko‘chirma nusxalarini bepul olish;
fuqarolarni o‘z roziligi bilan Milliy gvardiyaga ko‘maklashishga jalb etish, ko‘maklashgan fuqarolarni taqdirlash;
davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ta’sis etilgan ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan jinoyatlar holatlarini aniqlash va surishtiruv organlaridan yashirinib yurgan shaxslarni qidirish, shuningdek jinoyatlarning oldini olish uchun bepul foydalanish;
qo‘riqlanadigan obyektlarning xodimlaridan, mansabdor shaxslaridan va boshqa fuqarolardan obyektga ruxsatnoma bilan kirish hamda uning ichki rejimlariga rioya etishini talab qilish;
jinoyatlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlab turish va Milliy gvardiya organlariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib borishni amalga oshirish;
qo‘riqlanadigan obyektlarga qonunga xilof ravishda kirib olgan shaxslar ta’qib qilinayotganda qo‘riqlanadigan obyektlar binolariga moneliksiz kirish hamda ularni ko‘zdan kechirish;
qo‘riqlanayotgan obyektlarda jinoyatlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ta’qib qilish va ularni Milliy gvardiya organlariga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borish uchun tashkilotlarning hamda qo‘riqlanadigan obyektlar mulkdorlarining transport vositalaridan foydalanish;
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun ichki ishlar organlarining, shuningdek boshqa vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari hamda ma’lumotlar bazalaridan foydalanish;
(26-modda birinchi qismining o‘n beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-880-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son)
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolardan qonunchilikka rioya etishni, g‘ayrihuquqiy harakatlarni to‘xtatishni talab qilish, bu talablar bajarilmagan taqdirda esa majburlov choralarini qo‘llash;
(26-modda birinchi qismining o‘n oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
joy uchastkalarini, turar joylarni, imoratlarni va boshqa obyektlarni o‘rab olish (to‘sib qo‘yish);
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning vakolatlariga kiradigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish, qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
(26-modda birinchi qismining o‘n sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Milliy gvardiya organlarida davlat sanitariya va yong‘in nazoratini, shuningdek transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni amalga oshirish;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotdan foydalanish;
Milliy gvardiyada axborotni kriptografik himoya qilish, maxsus aloqa, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni himoya qilish, shu jumladan hisoblash texnika vositalarida (axborotlashtirish vositalarida) ishlov berish chog‘ida, axborotlashtirish obyektlarini attestatsiyadan o‘tkazish, davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotni texnik jihatdan himoya qilish, axborot xavfsizligi, maxfiy axborot xavfsizligi sohasida faoliyatni va nazoratni amalga oshirish, shuningdek Milliy gvardiya organlari faoliyatining mazkur sohalarida tekshiruvlarni amalga oshirish;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi axborotga ishlov berish va uni texnik jihatdan himoya qilish chog‘ida foydalaniladigan axborotlashtirish texnika vositalarini hamda axborotni texnik jihatdan himoya qilish vositalarini sertifikatlashtirishga, shuningdek axborotlashtirish obyektlarining Milliy gvardiya organlaridagi axborot xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan attestatsiya o‘tkazishga doir faoliyatni amalga oshirish;
Milliy gvardiya tizimida o‘zini o‘zi moliyalashtirish asosida faoliyatni amalga oshiruvchi bo‘linma va boshqa tuzilmalar (jangovar bo‘linma va tuzilmalar bundan mustasno) tashkil etish.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(26-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi PQ-360-son “Ichki ishlar organlarining qo‘riqlash sohasidagi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
27-modda. Milliy gvardiyaning majburiyatlari
Milliy gvardiya o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish chog‘ida:
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rishi;
jamoat joylarida, shu jumladan ko‘chalarda, maydonlarda, istirohat bog‘larida, transport magistrallarida, vokzallarda, aeroportlarda, shuningdek ommaviy tadbirlarni o‘tkazish chog‘ida fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashi;
g‘ayrihuquqiy qilmishlarga chek qo‘yishi, fuqarolarning xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etishi, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilganligi holatlarini, hodisa holatlarini hujjatlashtirishi, jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik, hodisa izlari saqlanishini ta’minlashi;
jismoniy va yuridik shaxslarning turar joylariga hamda boshqa obyektlariga mulkdorlarning yoki ular vakillarining xohishiga xilof tarzda yoki ular yo‘qligida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) kirganligining barcha hollari to‘g‘risida yigirma to‘rt soat ichida prokurorni yozma shaklda xabardor qilishi;
jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyda yoki hodisa joyida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek nochor ahvolda qolgan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam yoki boshqa yordam ko‘rsatilishini tashkil etishi;
jinoyatlar faktlari bo‘yicha jinoyat ishlarini qo‘zg‘atishi, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishi;
jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qo‘yish va ularni fosh etish, shuningdek ularga tayyorgarlik ko‘rishga hamda ularni sodir etishga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash va topish choralarini ko‘rishi;
Oldingi tahrirga qarang.
huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishi, ularning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashi hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rishi, shuningdek ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha choralar ko‘rishi;
(27-modda birinchi qismining to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-iyuldagi O‘RQ-854-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 12.07.2023-y., 03/23/854/0463-son — 2023-yil 13-oktabrdan kuchga kiradi)
o‘ta muhim va toifalangan obyektlarni, chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalarini, konsullik muassasalarini hamda boshqa vakolatxonalarini, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarini, shuningdek Milliy gvardiya qo‘riqlashi lozim bo‘lgan boshqa obyektlarni qo‘riqlashni amalga oshirishi;
xizmatga doir axborotning, shuningdek xizmat majburiyatlarini bajarishi chog‘ida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlarning maxfiyligini va saqlanishini ta’minlashi;
qo‘riqlash faoliyati, jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida ilmiy-tadqiqot va tashkiliy-uslubiy ishlarni amalga oshirishi;
ma’lumot-axborot fondlarini shakllantirishi, hisob-axborot tizimini yaratishi, hisobni, davlat statistika hisobotini va boshqa statistika hisobotini yuritishi;
qo‘riqlanayotgan shaxslarning harakatlanish yo‘nalishlarida va bo‘lish joylarida huquqbuzarliklarning oldini olishi hamda ularga chek qo‘yishi;
terrorchilikka qarshi va boshqa maxsus tezkor-jangovar operatsiyalar o‘tkaziladigan obyekt bo‘sag‘alarida ruxsatsiz kirishlarga chek qo‘yishi, nazorat-o‘tkazish rejimini o‘rnatishi;
Milliy gvardiya organlarida maxfiylik rejimi ta’minlanishi ustidan nazoratni tashkil etishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.
(27-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
5-bob. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni, o‘qotar qurolni qo‘llash, tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish
28-modda. Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda o‘qotar qurolni qo‘llash shartlari va chegaralari
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) o‘ziga biriktirilgan o‘qotar qurol va maxsus vositalarni xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida olib yurish, saqlash, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda o‘qotar qurolni qo‘llash huquqiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ega bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalari ishchilari va xizmatchilari Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) uchun nazarda tutilgan hollarda va tartibda jismoniy kuch, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llashga haqli.
(28-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 28-noyabrdagi O‘RQ-881-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.11.2023-y., 03/23/881/0906-son)
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilishidan avval ularni qo‘llash niyati to‘g‘risida aniq ifodalangan ogohlantirish bo‘lishi kerak, bundan ushbu ogohlantirishning imkoni bo‘lmagan yoki ularning qo‘llanilishidagi sustkashlik fuqarolarning, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) hayoti hamda sog‘lig‘iga bevosita xavf soladigan va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilishi bilan bog‘liq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini aniqlash uchun davriy tekshiruvdan o‘tishi shart. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan harbiy xizmatchiga (xodimga) tegishli sertifikat beriladi.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilishi bilan bog‘liq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan o‘ta olmagan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) egallab turgan lavozimga loyiqligini aniqlash uchun attestatsiyadan o‘tadi.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerak. Bunda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) har qanday zararning imkon qadar kam bo‘lishiga intilishi shart.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi), agar yuzaga kelgan vaziyatda maxsus vositalarni yoki o‘qotar qurolni qo‘llash uchun mazkur moddada hamda ushbu Qonunning 30 va 31-moddalarida nazarda tutilgan asoslar yuzaga kelishi mumkin deb hisoblasa, ularni qo‘llash uchun tayyorlash va jangovar holatga keltirish huquqiga ega.
Jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilganligi natijasida tan jarohati olgan fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilishi yoki tashkil etilishi kerak va bu haqda ularning qarindoshlari yigirma to‘rt soat ichida xabardor qilinishi kerak.
Jismoniy kuch ishlatilgan, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilgan har bir holat to‘g‘risida Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) bevosita komandiriga (boshlig‘iga) darhol axborot berishi shart.
Jismoniy kuch ishlatilganligi va maxsus vositalar qo‘llanilganligi natijasida jismoniy yoxud yuridik shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga zarar yetkazilgan har bir holat haqida, shuningdek o‘qotar qurol qo‘llanilgan barcha hollar to‘g‘risida Milliy gvardiya tegishli prokurorga darhol xabar beradi.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va o‘qotar qurolni qo‘llash chog‘ida o‘z vakolatlari doirasidan chiqqanligi qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Agar jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va o‘qotar qurolni qo‘llash qonunda belgilangan asoslar bo‘yicha va tartibda amalga oshirilgan bo‘lsa, Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va o‘qotar qurolni qo‘llash chog‘ida jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi.
Agar Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) tomonidan jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilganligi natijasida fuqaroga tan jarohati yetkazilsa yoxud u halok bo‘lsa, Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) hodisa joyini o‘zgarishsiz saqlash bo‘yicha choralarni ko‘rishi shart.
29-modda. Jismoniy kuch ishlatish
Agar kuch ishlatilmaydigan usullar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlamasa, ular quyidagi hollarda shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi:
jinoyatlarga va boshqa huquqbuzarliklarga barham berishda;
jinoyatlar yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlashda va olib borishda;
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etishda.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) ushbu Qonunda maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishiga ruxsat etilgan hollarda ham jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik ko‘rsatganligi, fuqarolarning yoxud Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, hujum qilinganligi hollari mustasno.
30-modda. Maxsus vositalarni qo‘llash
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) maxsus vositalarni:
fuqaroga yoki Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisiga (xodimiga) qilingan hujumni qaytarishda;
jinoyatga yoki ma’muriy huquqbuzarlikka barham berishda;
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisiga (xodimiga) qarshilik ko‘rsatilishiga barham berishda;
jinoyatni sodir etishi chog‘ida yoki uni sodir etganidan keyin darhol ko‘rib qolingan, yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda;
qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsni ushlashda;
ushlab turilgan shaxslarni olib borish va qo‘riqlashda, shuningdek qochishga urinishini, atrofdagilarga yoki o‘ziga zarar yetkazishini bartaraf etish maqsadida;
zo‘ravonlik ushlab turilgan shaxslarni, egallab olingan binolarni, xonalarni, inshootlarni, transport vositalarini va yer uchastkalarini ozod qilishda;
fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklarga hamda boshqa g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlarga chek qo‘yishda;
haydovchisi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) to‘xtash to‘g‘risidagi talabini bajarmagan transport vositasini to‘xtatishda;
jinoyatlar yoki ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etayotgan yoxud sodir etgan shaxslarni aniqlashda;
muhofaza qilinadigan obyektlarni himoya qilishda, g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlarni sodir etayotgan fuqarolar guruhlarining harakatlanishini to‘sib qo‘yishda qo‘llash huquqiga ega.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) quyidagi maxsus vositalarni:
a) rezina tayoqlarni, shikastlantiruvchi qurolni, qo‘lkishanlarni yoki boshqa bog‘lash vositalarini, elektroshok qurilmalarini, ta’sirlantirish xususiyatiga ega bo‘lgan vositalarni, xizmat hayvonlarini quyidagi hollarda:
fuqaroga yoki Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisiga (xodimiga) qilingan hujumni qaytarishda;
jinoyatga barham berishda;
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisiga (xodimiga) qarshilik ko‘rsatilishiga barham berishda;
jinoyatni sodir etishi chog‘ida ko‘rib qolingan yoki uni sodir etganidan keyin darhol yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda;
qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsni ushlashda;
zo‘rlik bilan ushlab turilgan shaxslarni, egallab olingan binolarni, xonalarni, inshootlarni, transport vositalarini va yer uchastkalarini ozod qilishda;
muhofaza qilinadigan obyektlarni va shaxslarni himoya qilishda;
g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar sodir etayotgan fuqarolar guruhlarining harakatlanishini to‘sishda;
b) maxsus bo‘yovchi va markirovka qiluvchi vositalar, muhofaza qilinadigan obyektlarni (hududlarni) va shaxslarni himoya qilish, g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar sodir etayotgan fuqarolar guruhlarining harakatlanishini to‘sish vositalarini quyidagi hollarda:
muhofaza qilinadigan obyektlarni va shaxslarni himoya qilishda;
g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar sodir etayotgan fuqarolar guruhlarining harakatlanishini to‘sishda;
v) chalg‘itma ta’sir ko‘rsatuvchi nur-tovush moslamalarini quyidagi hollarda:
zo‘rlik bilan ushlab turilgan shaxslarni, egallab olingan binolarni, xonalarni, inshootlarni, transport vositalarini va yer uchastkalarini ozod qilishda;
muhofaza qilinadigan obyektlarni va shaxslarni himoya qilishda;
g‘ayrihuquqiy xatti-harakatlar sodir etayotgan fuqarolar guruhlarining harakatlanishini to‘sishda;
g) zirhli mashinalar, maxsus mashinalar, suv bilan zarba beruvchi mashinalar va katerlarni quyidagi hollarda:
qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsni ushlashda;
zo‘rlik bilan ushlab turilgan shaxslarni, egallab olingan binolarni, xonalarni, inshootlarni, transport vositalarini va yer uchastkalarini ozod qilishda;
davlat hokimiyati va huquq-tartibot organlari vakillariga nisbatan kuch ishlatish bilan bog‘liq ommaviy tartibsizliklarga hamda ruxsat etilmagan mitinglarga chek qo‘yishda qo‘llash huquqiga ega.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) ushbu Qonunda o‘qotar qurolni qo‘llash ruxsat etilgan barcha hollarda maxsus vositalarni qo‘llash huquqiga ega.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga hamda yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan maxsus vositalarni, shu jumladan shikastlantiruvchi qurolni qo‘llash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik ko‘rsatganligi yoki fuqarolarning yoxud Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, guruh bo‘lib hujum qilganligi hollari mustasno.
Odamning boshiga, bo‘yniga, o‘mrov suyagiga, qorniga, jinsiy a’zolariga, yurak sohasiga rezina tayoq bilan zarbalar berish taqiqlanadi, bundan odam qurolli qarshilik ko‘rsatganligi yoki fuqarolarning yoxud Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, guruh bo‘lib hujum qilganligi hollari mustasno.
Milliy gvardiya ta’minotida turgan maxsus vositalarning ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
31-modda. O‘qotar qurolni qo‘llash
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) quyidagi hollarda o‘qotar qurolni qo‘llash huquqiga ega:
hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan, zo‘rlik ishlatish bilan qilingan hujumdan fuqarolarni yoxud o‘zini himoya qilishda;
garovdagilarni ozod qilishda;
o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etish chog‘ida ko‘rib qolingan va yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda, agar boshqa vositalar bilan bu shaxsni ushlash imkoni bo‘lmasa;
o‘qotar qurolni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni, transport vositasini, maxsus va jangovar texnikani egallab olishga bo‘lgan urinishlarga chek qo‘yishda;
fuqarolarning uy-joylariga, qo‘riqlanadigan obyektlarga va shaxslarga guruh bo‘lib qilingan hujumni yoki qurolli hujumni qaytarishda;
qurolli qarshilik ko‘rsatayotgan shaxsni, shuningdek o‘zidagi qurolni, o‘q-dorilarni, portlovchi moddalarni, portlatish qurilmalarini, zaharli yoki radioaktiv moddalarni topshirish to‘g‘risidagi qonuniy talabni bajarishni rad etayotgan shaxsni ushlashda;
qurolni qo‘llash niyati haqida ogohlantirish zarurati tug‘ilganda, shuningdek yuqoriga qarata yoki boshqa xavfsiz yo‘nalishda o‘q otish orqali xavf-xatar signalini berishda yoki yordam chaqirishda.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) o‘qotar qurolni qo‘llashdan oldin ogohlantirishi shart, bundan uning hayotiga yoki fuqarolarning hayotiga bevosita xavf tahdid solayotgan hollar mustasno.
Ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma’lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan o‘qotar qurolni qo‘llash taqiqlanadi, bundan ularning qurolli hujum qilganligi, qurolli qarshilik ko‘rsatganligi yoki fuqarolarning yoxud Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) hayoti va sog‘lig‘iga haqiqatda tahdid etib, guruh bo‘lib hujum qilganligi hollari mustasno.
Agar o‘qotar qurol qo‘llanilishi natijasida tasodifiy shaxslar jabrlanishi mumkin bo‘lsa, Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) ko‘p fuqarolar to‘planganda uni qo‘llash huquqiga ega emas, bundan terrorchilik harakatining oldini olish, garovdagilarni ozod qilish, qurolli hujumni qaytarish hollari mustasno.
Milliy gvardiya qurollantiriladigan o‘qotar qurol va uning o‘q-dorilari turlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
32-modda. Davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan foydalanish
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga yetkazish, jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ta’qib qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borish, hodisa joyiga yetib olish uchun davlat organlarining, boshqa tashkilotlarning va fuqarolarning transport vositalaridan, bundan chet davlatlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli transport vositalari hamda maxsus mo‘ljallangan transport vositalari mustasno, majburiy tartibda foydalanishi mumkin bo‘lib, bunda transport vositasidan foydalanilganligi faktini tasdiqlovchi va undan foydalangan Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisini (xodimini) identifikatsiyalovchi hujjat beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning o‘rni qonunchilikda belgilangan tartibda Milliy gvardiya tomonidan qoplanadi.
(32-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
6-bob. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) huquqiy va ijtimoiy himoya qilish
33-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisini (xodimini) huquqiy himoya qilish
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) davlat organi vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida faqat bevosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlig‘iga (komandiriga) bo‘ysunadi.
Qonun bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy faoliyatiga aralashishga, shuningdek Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisini (xodimini) qonun bilan Milliy gvardiya zimmasiga yuklatilmagan majburiyatlarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) o‘z ish yurituvida bo‘lgan ishlar va materiallarning mohiyati haqida biror-bir tushuntirishlar berishga, shuningdek bunday ishlar hamda materiallarni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor ishlar hamda materiallarni tanishib chiqish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan va tartibdan boshqacha tarzda taqdim etishga majbur emas.
(33-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) o‘ziga nisbatan qabul qilinayotgan qarorlar va harakatlar (harakatsizlik) yuzasidan Milliy gvardiyaning yuqori turuvchi mansabdor shaxsiga belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
34-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) ijtimoiy himoya qilish
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) ijtimoiy himoya qilish quyidagilar orqali ta’minlanadi:
sog‘lig‘ini saqlash;
pul ta’minotini to‘lash;
uy-joy maydoni bilan ta’minlash;
mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish;
davlat pensiya ta’minoti;
davlat sug‘urtasi;
ijtimoiy yordam ko‘rsatish.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik hujjatlarida Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) ijtimoiy himoya qilishning boshqa chora-tadbirlari ham nazarda tutilishi mumkin.
(34-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
35-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) sog‘lig‘ini saqlash
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilariga, katta ofitserlar tarkibining oila a’zolariga (eri, xotini, o‘n sakkiz yoshga to‘lguniga qadar nogironligi bo‘lgan shaxs bo‘lib qolgan o‘n sakkiz yoshdan oshgan farzandlari, ta’lim muassasalarida ta’limning kunduzgi shaklida tahsil olayotgan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan farzandlari), harbiy ta’lim muassasalari kursantlari va tinglovchilariga Milliy gvardiyaning hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy-tibbiy muassasalari tomonidan bepul tibbiy ta’minot beriladi.
(35-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya xodimlariga va ularning oila a’zolariga O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining davolash-profilaktika muassasalarida qonunchilikda ichki ishlar organlari xodimlari uchun belgilangan tartibda bepul tibbiy ta’minot beriladi.
(35-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya pensionerlariga (kontrakt bo‘yicha sobiq harbiy xizmatchilar, generallar va xodimlar) hamda ularning oila a’zolariga bepul tibbiy ta’minot qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.
(35-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-son “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari), pensionerlari bir yilda bir marta imtiyozli shartlarda sanatoriy-kurort sharoitida davolanish huquqiga ega.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining), pensionerlarining va ular oila a’zolarining sog‘lig‘ini saqlash hamda mustahkamlash bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va asbob-uskunalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan olinadi.
Zarur bo‘lgan hollarda, shoshilinch tibbiy yordam va rejali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining davolash-profilaktika muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Alohida hollarda, Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha tibbiy yordam olish uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga yuborish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Maxsus komissiyasi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
Xodimlarni tibbiy tekshiruvdan va harbiy-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish, harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) tibbiy-sanitariya hamda sanatoriy-kurort ta’minotini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori, “Prokuratura organlari, adliya organlari (muassasalari), davlat bojxona xizmati organlari, Milliy gvardiya organlari, davlat feldyegerlik xizmati xodimlari va ularning oila a’zolariga, shuningdek, prokuratura organlarining pensionerlari hamda davlat bojxona xizmati organlarining pensionerlari, Milliy gvardiya organlarining sobiq xodimlardan bo‘lgan pensionerlari va davlat feldyegerlik xizmati pensionerlariga va ularning oila a’zolariga Ichki ishlar vazirligining davolash-profilaktika muassasalarida tibbiy-sanitariya, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish hamda sanatoriy-kurort ta’minoti haqidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori. (ro‘yxat raqami 3349, 2022-yil 9-fevral), “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish va amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (ro‘yxat raqami 3147, 2019-yil 3-aprel).
Harbiy xizmatchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.
36-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) ta’minoti
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) qonunchilikda belgilangan tartibda hamda miqdorlarda pul, oziq-ovqat va kiyim-kechak ta’minoti bilan ta’minlanadi.
(36-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlar tomonidan xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 25-martdagi 182-son “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini (xodimlarini), bundan jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladigan bo‘linmalar mustasno, ko‘rsatilgan ta’minot turlari bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
37-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) uy-joy maydoni bilan ta’minlash
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning uy-joy olishga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb topilgan harbiy xizmatchilari (xodimlari) belgilangan tartibda uy-joy maydoni olish huquqiga ega.
(37-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 6-iyundagi O‘RQ-775-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 14-sentabrdagi PQ-694-sonli “O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Milliy gvardiya xizmat uy-joy fondiga ega bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) turar joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda pullik kompensatsiya to‘lanadi.
(37-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 14-sentabrdagi PQ-694-sonli “O‘zbekiston Respublikasi qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 25-iyuldagi 169-son “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga hamda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolariga turar joyni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) qonunchilikda belgilanadigan tartibda uzoq muddatli, imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartiralar olish, shuningdek yer uchastkalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda elektron-onlayn auksionlar vositasida sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni qoplanishi huquqi beriladi.
(37-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 6-iyundagi O‘RQ-775-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-avgustdagi 619-son “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchilariga turar joy sotib olish (qurish) uchun uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning jangovar va maxsus vazifalarni bajarishda bevosita ishtirok etgan hamda buning oqibatida mehnat qobiliyatini yo‘qotgan harbiy xizmatchilariga (xodimlariga), shuningdek Milliy gvardiyaning jangovar vazifalarni bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari (xodimlari) oila a’zolariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq imtiyozlar beriladi, bunda harbiy xizmatni (xizmatni) o‘tash joyi bo‘yicha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) ajratilgan uy-joy maydoni mulk huquqi asosida ularning oila a’zolarida qoladi.
(37-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
38-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga xizmat majburiyatlarini bajarishi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq hajmda qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.
39-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) davlat pensiya ta’minoti
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari), boquvchisini yo‘qotgan taqdirda esa ularning oila a’zolari qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorlarda davlat pensiya ta’minotini olish huquqiga ega.
(39-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-son “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori.
40-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) davlat sug‘urtasi
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan davlat tomonidan majburiy sug‘urta qilinadi.
(40-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
41-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) va ularning oilalariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish
Milliy gvardiyaning jangovar harakatlarda bevosita ishtirok etgan harbiy xizmatchilariga (xodimlariga), shuningdek jangovar harakatlar chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila a’zolariga nisbatan tegishincha urush qatnashchilari va ularning oila a’zolari uchun belgilangan imtiyozlar tatbiq etiladi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohatlari olgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga (xodimlariga), shuningdek halok bo‘lganlarning oilalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartibda va miqdorlarda bir martalik nafaqalar tayinlashga haqli.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-iyuldagi PQ-4382-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila a’zolariga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunchilik hujjatlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) farzandlariga ularni Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) qabul qilishda hamda O‘zbekiston Respublikasining oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda imtiyozlar berilishi mumkin.
(41-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
42-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) tomonidan xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida transport vositalaridan foydalanish tartibi
Milliy gvardiya maxsus avtotransport vositalari, shu jumladan Milliy gvardiyaga tegishlilikni bildiruvchi maxsus yorug‘lik va tovushli signallarga, rangdor bo‘yoqli grafika sxemalariga ega bo‘lgan maxsus avtotransport vositalari, shuningdek boshqa maxsus vositalar bilan ta’minlanadi.
Xizmat safariga yuboriladigan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) safar guvohnomasi ko‘rsatilganidan keyin transportning barcha turlariga yo‘l hujjatlarini navbatsiz olish huquqi beriladi.
Shaxsiy transportdan xizmat maqsadlari uchun (xizmat safarlaridan tashqari) foydalanadigan Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda va miqdorlarda pullik kompensatsiya to‘lanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-iyuldagi 354-son “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasining shaxsiy tarkibi hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori.
43-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) daxlsizlik kafolatlari
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) xizmatni o‘tash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi.
Harbiy xizmatchi (xodim) tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
44-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) boshqa organlar va tashkilotlarga tayinlanishi (yuborilishi) chog‘idagi kafolatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga, qaroriga, farmoyishiga, shuningdek roziligiga yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga tayinlangan, xuddi shuningdek Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan boshqa davlat organlarining ta’lim muassasalariga o‘qish uchun yuborilgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) majburiyatlarni bajarish (o‘qish) davrida Milliy gvardiya kadrlarining amaldagi zaxirasiga kiritilishi mumkin. Majburiyatlarni bajarish (o‘qish) tugatilganidan keyin Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisiga (xodimiga) ilgarigi ishi (lavozimi), ushbu ish (lavozim) yo‘qligida esa unga teng boshqa ish (lavozim) beriladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) harbiy (maxsus) unvonlar, oxirgi egallagan lavozimidan qat’i nazar, belgilangan tartibda beriladi.
Majburiyatlarni bajarish (o‘qish) davri Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisiga (xodimiga) belgilangan muddat xizmat qilganligi uchun ustama haq to‘lash, navbatdagi harbiy (maxsus) unvonni berish va pensiya tayinlash uchun Milliy gvardiyadagi harbiy xizmat (xizmat) stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) harbiy xizmatdan (xizmatdan) bo‘shatilganda, shuningdek ularning oila a’zolari Milliy gvardiyadan bo‘shatilgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) bilan teng ravishda huquqlar, imtiyozlar va afzalliklardan foydalanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) qonunchilikda belgilangan tartibda Milliy gvardiya qo‘mondonining buyruqlari bilan tegishli vazirliklar va idoralar bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga, Davlat xavfsizlik xizmatining, Favqulodda vaziyatlar vazirligining, Davlat bojxona qo‘mitasining qo‘shinlari va organlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan tashkil etiladigan harbiylashtirilgan tuzilmalarga, shuningdek ichki ishlar organlariga o‘tkazilishi hamda ular Milliy gvardiyadagi haqiqiy harbiy xizmatga shaxsiy tartibda tayinlanganligi munosabati bilan yoki bundan buyon xizmatni o‘tash uchun qaytarib olinishi mumkin.
(44-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
45-modda. Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) ishga joylashtirish kafolatlari
Milliy gvardiyaga harbiy xizmatga (xizmatga) qabul qilingan harbiy xizmatchi (xodim) harbiy xizmatdan (xizmatdan) bo‘shatilganidan keyin, agar u bo‘shatilgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay ishga joylashish masalasi yuzasidan ish beruvchiga murojaat qilgan bo‘lsa, avvalgi ish joyi bo‘yicha ishga joylashish huquqiga ega.
Tashkilotning tugatilganligi sababli avvalgi ish joyi bo‘yicha ishga joylashish imkoni bo‘lmagan taqdirda, bo‘shatilgan harbiy xizmatchi (xizmatchi) mehnat organlarining yo‘llanmasiga ko‘ra bepul kasbiy ta’lim olish (qayta ta’lim olish, malaka oshirish) huquqiga ega.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
46-modda. Milliy gvardiyaning moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyaning moliyaviy va moddiy-texnika ta’minoti, bundan jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladigan bo‘linmalar mustasno, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(46-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Milliy gvardiyaning jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida tashkil etilgan bo‘linmalari ushbu shaxslarning mablag‘lari hisobidan ta’minlanadi.
Milliy gvardiya bo‘linmalarining moliyaviy, moddiy-texnika, kiyim-kechak, oziq-ovqat, tibbiy ta’minoti va boshqa ta’minot turlari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tasdiqlanadigan normalar hamda tabellar bo‘yicha amalga oshiriladi.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) bepul formali kiyim-bosh bilan ta’minlanadi. Formali kiyim-boshning namunalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi. Formali kiyim-boshni kiyish qoidalari Milliy gvardiya tomonidan tasdiqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiyada budjetdan tashqari jamg‘arma tashkil etiladi, uni shakllantirish va undan foydalanish tartibi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
(46-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya uchun ajratiladigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan nazorat qilish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
(46-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
47-modda. Milliy gvardiyaning ramzlari
Milliy gvardiya bayroqqa, emblemaga, vimpelga va boshqa ramzlarga ega bo‘lishi mumkin.
Milliy gvardiyaning ramzlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
48-modda. Xalqaro hamkorlik
Milliy gvardiya chet davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari va boshqa tashkilotlari, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan xalqaro hamda harbiy-texnik hamkorlikni amalga oshiradi, belgilangan tartibda xalqaro shartnomalar tuzadi va o‘z vakolatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining bajarilishini ta’minlaydi.
49-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) javobgarligi
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) qonunga xilof harakatlari yoki harakatsizligi, shuningdek xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonunga xilof harakatlari yoki harakatsizligi tufayli jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning o‘rni Milliy gvardiya tomonidan Milliy gvardiyaning budjetdan tashqari jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanishi lozim bo‘lib, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxsdan undirib olinadi.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi xizmat intizomini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining umumharbiy ustavlariga muvofiq, Milliy gvardiya xodimi — Intizom ustavida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Oldingi tahrirga qarang.
50-modda. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
(50-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(50-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
51-modda. Milliy gvardiyaning faoliyatida qonunlarga rioya etilishi ustidan nazorat
Milliy gvardiyaning faoliyatida qonunlarning aniq hamda bir xil ijro etilishi ustidan nazorat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi.
Prokurorlar Milliy gvardiyaning jangovar-xizmat faoliyati to‘g‘risida o‘ziga taqdim etilgan hujjatlar va materiallardagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlaydi.
52-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Milliy gvardiya, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
53-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(53-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 7-maydagi O‘RQ-1144-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
54-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 18-noyabr,
O‘RQ-647-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.11.2020-y., 03/20/647/1569-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son; 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son; 12.07.2023-y., 03/23/854/0463-son; 29.11.2023-y., 03/23/881/0906-son; 29.11.2023-y., 03/23/880/0905-son; 09.09.2024-y., 03/24/957/0689-son; 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son; 02.12.2024-y., 03/24/1008/0988-son; 07.05.2026-y., 03/26/1144/0467-son)