Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va xodimlarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizligi davlat xizmati boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlar ushbu qarorga muvofiqlashtirilsin.
3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-iyul,
PQ-4382-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-iyuldagi PQ-4382-son qaroriga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlariga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Harbiy prokuratura, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Milliy gvardiya va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xavfsizligi davlat xizmati (keyingi oʻrinlarda — Qurolli Kuchlar) tizimida xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlariga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga, shuningdek, Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga bir martalik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-sentabrdagi PF-159-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son)
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
harbiy xizmatchi — Qurolli Kuchlarda shartnoma boʻyicha va muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan shaxs, oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursantlari va tinglovchilari;
Oldingi tahrirga qarang.
Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchi (xodim) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan eʼlon qilingan favqulodda holat (urush holati) davrida jalb qilingan vaqtida, shuningdek, jangovar (harbiy) harakatlar olib borilayotgan paytda yaralanganligi, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida halok boʻlgan harbiy xizmatchi (xodim);
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-sentabrdagi PF-159-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son)
xodim — Qurolli Kuchlar tizimida maxsus unvonda xizmat qilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi;
xizmat majburiyati — Oʻzbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlari, shu jumladan idoraviy hujjatlarga muvofiq Qurolli Kuchlar tarkibidagi boshqaruv organlari, boʻlinmalar va harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) yuklangan vazifalar va funksiyalar hamda huquq va majburiyatlar;
tan jarohati — xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida harbiy xizmatchi (xodim) olgan (yetkazilgan) ogʻir va oʻrtacha ogʻir tan jarohati (yaralanish, mayib va kontuziya boʻlish);
Oldingi tahrirga qarang.
bir martalik nafaqa (keyingi oʻrinlarda — nafaqa) — xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga (xodimga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga, shuningdek, Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga toʻlanadigan toʻlov turi;
(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-sentabrdagi PF-159-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son)
3. Ushbu Nizom talablari quyidagilarga nisbatan tatbiq etiladi:
shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchilarga;
Qurolli Kuchlar tizimida maxsus unvonda xizmat qilayotgan xodimlarga;
muddatli harbiy xizmatchilarga;
oliy harbiy taʼlim muassasalarining kursant va tinglovchilariga;
Oldingi tahrirga qarang.
Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga;
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-sentabrdagi PF-159-sonli Farmoniga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son)
xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila aʼzolariga;
safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilariga.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Harbiy xizmatchi (xodim) Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida halok boʻlganda, uning oila aʼzolariga marhumning asosiy egallagan lavozimi boʻyicha maoshi (oliy harbiy-taʼlim muassasasi kursanti, tinglovchisi stipendiyasi) va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisining 150 barobari miqdorida nafaqa tayinlanadi.
Harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlganda (vafot etganda) uning oila aʼzolariga marhumning asosiy egallagan lavozimi boʻyicha maoshi (oliy harbiy taʼlim muassasasi kursanti, tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisining 100 barobari miqdorida nafaqa tayinlanadi.
Ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan nafaqa 2023-yil 1-apreldan keyingi davrda halok boʻlgan harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga toʻlanadi.
Mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida nazarda tutilgan nafaqalarning ikkalasini ham olish huquqiga ega boʻlgan halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga faqat ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan nafaqa tayinlanadi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-sentabrdagi PF-159-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son)
5. Xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga (xodimga):
ogʻir tan jarohati olganda — harbiy xizmatchining (xodimning) egallab turgan lavozimi boʻyicha maoshi (oliy harbiy taʼlim muassasasi kursanti, tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisining 50 barobari miqdorida;
oʻrtacha ogʻir tan jarohati olganda — harbiy xizmatchining (xodimning) egallab turgan lavozimi boʻyicha maoshi (oliy harbiy taʼlim muassasasi kursanti, tinglovchisining stipendiyasi) va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisining 20 barobari miqdorida nafaqa tayinlanadi.
6. Yengil tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga (xodimga) nafaqa tayinlanmaydi.
7. Nafaqa tayinlash va toʻlash masalalarini koʻrib chiqishda xolisona yondashuvni taʼminlash maqsadida Qurolli Kuchlar boshqaruv organlari, birlashma, harbiy qism, boʻlinma va muassasalarida (keyingi oʻrinlarda — harbiy qismlar) tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni oʻtkazish hamda jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiyalar tuziladi.
Harbiy qismlar komissiyalari tomonidan chiqarilgan xulosalarni koʻrib chiqish hamda vazirlik (idora) rahbariga tegishli qaror qabul qilishi uchun yakuniy xulosalar tayyorlash maqsadida vazirlik va idoralar markaziy apparatlarida doimiy faoliyat yurituvchi komissiya tuziladi.
2-bob Nafaqa tayinlash tartibi
8. Harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olishi holati yuz berganda (halok boʻlganda yoki vafot etganda) harbiy xizmatchining (xodimning) bevosita komandiri (boshligʻi) yoki uning oʻrinbosari tomonidan tan jarohati olganligi (halok boʻlganligi, vafot etganligi) toʻgʻrisida xabar kelib tushishi bilan darhol xolislar (kamida ikki nafar voyaga yetgan fuqaro) ishtirokida dalolatnoma tuziladi.
9. Tan jarohati olganligi (halok boʻlganligi, vafot etganligi) toʻgʻrisida dalolatnoma (keyingi oʻrinlarda — dalolatnoma) tuzishda voqea tafsilotlari aniq va xolisona bayon etilishiga, shuningdek, harbiy xizmatchining (xodimning) tan jarohati olganligi (halok boʻlganligi, vafot etganligi) xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq holda yuz berganligiga alohida eʼtibor qaratiladi.
10. Dalolatnoma tan jarohati olgan (halok boʻlgan, vafot etgan) harbiy xizmatchining (xodimning) bevosita komandiri (boshligʻi) yoki uning oʻrinbosari, voqea guvohi boʻlgan shaxslar tomonidan, shuningdek, voqea sodir boʻlgan hududdagi tegishli harbiy qism komandiri (boshligʻi) (keyingi oʻrinlarda — qism komandiri) tomonidan imzolanadi va gerbli muhr bilan tasdiqlanadi.
11. Harbiy xizmatchi (xodim) tan jarohati olganligi (halok boʻlganligi, vafot etganligi) voqeasi sodir boʻlgan hududdagi qism komandiri tomonidan yuz bergan holat yuzasidan zudlik bilan yuqori turuvchi qoʻmondonlikka (rahbariyatga) dastlabki axborot beriladi.
12. Harbiy xizmatchining (xodimning) halok boʻlishi (vafot etishi) yoxud uning tan jarohati olishi holati va sabablarini tekshirish uchun qism komandirining yozma koʻrsatmasiga asosan tergovga qadar (xizmat) tekshiruv tayinlanadi.
Zarur hollarda vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida tergovga qadar (xizmat) tekshiruv oʻtkazish ishlariga boshqa vazirliklar va idoralarning tegishli soha mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
13. Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni oʻtkazish komissiyasi yoxud qism komandiri tomonidan harbiy xizmatchi (xodim) halok boʻlishi (vafot etishi) sababini, olgan tan jarohatining darajasini aniqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi yoki Sogʻliqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertizasi muassasalarida ekspertiza tayinlash haqida qaror qabul qilinadi.
Ekspertizani tayinlash va oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat-protsessual qonun hujjatlariga asosan amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 22-bobi.
14. Xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olgan yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining (xodimning) xatti-harakatlarida huquqbuzarlik, xizmat intizomini buzish holatlari yoki harbiy xizmatchidan (xodimdan) olinadigan qon namunasi tarkibida alkogol ichimliklar, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar mavjudligi aniqlangan taqdirda, nafaqa tayinlashni rad etish masalasi koʻrib chiqiladi.
15. Tergovga qadar (xizmat) tekshiruv natijalariga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq qism komandirlari uch kun muddatda harbiy-davolash muassasasiga tan jarohati olingan vaziyat haqidagi maʼlumotnomani (keyingi oʻrinlarda — maʼlumotnoma) taqdim etadilar.
Qism komandirlari hamda tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni oʻtkazish komissiyasi maʼlumotnomada bayon etilgan maʼlumotlar ishonchli boʻlishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
Maʼlumotnoma ikki nusxada rasmiylashtirilib, tegishli harbiy qism tibbiyot boʻlim (boʻlinma, xizmat)larida roʻyxatga olinadi. Maʼlumotnomaning asl nusxasi tibbiyot boʻlim (boʻlinma, xizmat)larda yigʻma jildda doimiy muddatga saqlanadi.
16. Harbiy xizmatchining (xodimning) olgan tan jarohati darajasi va uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliqligi harbiy-tibbiy komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq va sud-tibbiy ekspertiza muassasasining xulosasiga asosan belgilanadi.
17. Harbiy xizmatchining (xodimning) xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlishi (vafot etishi) bilan bogʻliq har bir holat yuzasidan tibbiy yoki sud-tibbiy ekspertiza muassasasining oʻlim haqidagi tibbiy guvohnomasining nusxasi tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni oʻtkazish komissiyasiga taqdim etiladi.
18. Tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni oʻtkazish komissiyasi tomonidan barcha hujjatlar umumlashtirilgan holda tergovga qadar (xizmat) tekshiruv natijasiga doir xulosa chiqariladi va ushbu xulosa tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni tayinlagan qism komandiri tomonidan oʻrganib chiqiladi va tasdiqlanadi.
19. Agarda tergovga qadar (xizmat) tekshiruvni oʻtkazish komissiyasi tomonidan tergovga qadar (xizmat) tekshiruv natijasiga doir xulosaga asosan harbiy xizmatchining (xodimning) tan jarohati olishi yohud halok boʻlishi (vafot etishi) xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq deb topilsa, sodir etilgan voqea yuzasidan toʻplangan hujjatlar harbiy qism jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiyasiga taqdim etiladi.
Tergovga qadar (xizmat) tekshiruv hujjatlariga quyidagilar ilova qilinadi:
harbiy xizmatchi (xodim) tan jarohati olgan holatda:
a) tan jarohati olgan harbiy xizmatchi (xodim) toʻgʻrisida maʼlumot;
b) tan jarohati olganligi toʻgʻrisida dalolatnoma;
v) harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi;
g) sud-tibbiy ekspertiza muassasasining xulosasi nusxasi;
d) tan jarohati olingan vaziyat haqidagi maʼlumotnoma.
harbiy xizmatchi (xodim) halok boʻlgan (vafot etgan) holatda:
a) halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchi (xodim) toʻgʻrisida maʼlumot;
b) harbiy xizmatchining (xodimning) oʻlimi haqidagi guvohnoma nusxasi;
v) halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining (xodimning) yaqin qarindoshlari toʻgʻrisida maʼlumot;
g) merosxoʻrning shaxsini tasdiqlovchi hujjat hamda uning meros olishga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
d) qism komandirining harbiy xizmatchini (xodimni) shaxsiy tarkib roʻyxatidan chiqarish toʻgʻrisidagi buyrugʻidan koʻchirma;
Oldingi tahrirga qarang.
e) komandirning (boshliqning) Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yoʻlida harbiy xizmatchi (xodim) yaralanganligi, kontuziya yoki mayib boʻlganligi oqibatida halok boʻlganligini (ishtirok etgan davrini koʻrsatgan holda) tasdiqlovchi buyrugʻidan koʻchirma;
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-sentabrdagi PF-159-sonli Farmoniga asosan oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son)
Agar yuz bergan holat boʻyicha jinoyat ishini qoʻzgʻatishni rad qilish va jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror mavjud boʻlsa, uning nusxasi yuqorida koʻrsatilgan hujjatlarga ilova qilinadi.
20. Jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiya toʻplangan hujjatlarning asoslanganligini oʻrganib chiqadi hamda tan jarohatining ogʻirlik darajasi va mehnat qobiliyati yoʻqotilgan vaqtdan kelib chiqqan holda nafaqa tayinlash yoki tayinlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Jarohatlanish va boshqa baxtsiz hodisalarning oldini olish boʻyicha komissiya qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Nafaqa toʻlash masalasi yuzasidan yakuniy qaror chiqarilishi uchun qism komandiri besh kunlik muddatda ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni belgilangan tartibda tegishli vazirlik (idora) markaziy apparatining doimiy faoliyat yurituvchi komissiyasiga taqdim qiladi.
21. Nafaqani rasmiylashtirish uchun yuborilgan hujjatlar doimiy faoliyat yurituvchi komissiya tomonidan oʻrganib chiqiladi va belgilangan nafaqa miqdorini toʻlash yoki nafaqa toʻlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun vazirlik (idora) rahbariga taqdim etiladi.
22. Vazirlik (idora) rahbari tomonidan tasdiqlangan nafaqa toʻlash toʻgʻrisidagi taqdimnomaning asl nusxasi vazirlik (idora) markaziy apparatining masʼul boshqarmasi tomonidan harbiy xizmatchining (xodimning) soʻnggi xizmat (oʻqish) joyiga ijro uchun joʻnatiladi, nusxalari esa tegishli tibbiyot va moliya-iqtisod boʻlinmalariga yuboriladi.
23. Doimiy faoliyat yurituvchi komissiya toʻplangan hujjatlarni qayta rasmiylashtirish yoki puxta ishlash uchun qaytarishga, quyi turuvchi komissiyalarning nafaqa miqdorini belgilash yuzasidan chiqargan qarorlarini bekor qilishga haqlidir.
24. Agar yuz bergan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlsa, toʻplangan hujjatlar ushbu jinoyat ishi yakuni boʻyicha chiqarilgan hukm, ajrim va qarorlar qonuniy kuchga kirganidan soʻng, belgilangan tartibda tegishli vazirlik va idoralarning masʼul boshqarmalariga yuboriladi.
25. Muddatli harbiy xizmatchilarga xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida olgan tan jarohati uchun nafaqa ular Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatilganidan soʻng toʻlab beriladi.
26. Harbiy xizmatchining (xodimning) halok boʻlishi (vafot etishi) yoxud tan jarohati olishi quyidagi hollarda xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq deb hisoblanadi:
jangovar harakatda ishtirok etganda, xizmat majburiyatini ijro etish vaqtida;
jangovar navbatchilikni (jangovar xizmatni) oʻtash vaqtida;
kun tartibida belgilangan xizmat vaqti davomida yoki xizmat zarurati tufayli harbiy qism (muassasa) hududida boʻlganda;
xizmat safari yoki davolanishda boʻlganida;
xizmat, davolanish va xizmat safari oʻtash joylariga borish yoki ulardan qaytish vaqtida;
yigʻinlarda (harbiy yigʻinlarda) ishtirok etganda;
asirga tushgan (oʻz ixtiyori bilan asirga tushish hollari bundan mustasno), garovga olingan, ushlab qurolsizlantirilgan hollarda;
harbiy xizmatchi (xodim) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bedarak yoʻqolgan deb topilguniga yoki vafot etgan deb eʼlon qilinguniga qadar sodir boʻlganda;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 33 va 36-moddalari.
shaxsning hayoti, sogʻligi, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir harakatlar vaqtida sodir boʻlganda;
qonuniylikni va huquq-tartibotni taʼminlashda (jamoat tartibini saqlashda) huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga yoki boshqa shaxslarga yordam koʻrsatish vaqtida;
xizmat vaqtidan tashqari paytda harbiy xizmatchining (xodimning) hayotiga yoki uning sogʻligʻiga suiqasd qilinganda, agar suiqasd sababi uning xizmat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq boʻlsa;
sud tomonidan harbiy xizmatchining (xodimning) harakati shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan harakat deb topilganda.
27. Quyidagi hollarda harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatini bajarayotgan deb eʼtirof etilmaydi:
oʻzini ixtiyoriy ravishda giyohvand, psixotrop, alkogol yoki zaharli moddalar yordamida mast holatga keltirgan boʻlsa;
jinoyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan jamiyat uchun xavfli xatti-harakatlarni sodir etgan boʻlsa;
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi.
oʻzini oʻzi oʻldirgan yohud oʻzini oʻzi oʻldirishga suiqasd qilgan boʻlsa, agar bunday harakatlar kasallik holati yohud oʻzini oʻzi oʻldirish darajasiga yetkazish tufayli sodir etilgan boʻlmasa;
harbiy qism hududidan tashqarida dam olishda, javob (ruxsat) berishda yoxud taʼtilda yurganda, shuningdek, oʻzboshimchalik bilan harbiy qism qarorgohidan tashqarida yoxud harbiy qism hududidan tashqarida, belgilangan xizmat joylaridan tashqarida yurganda, bundan asirda boʻlgan, garovga olingan, ushlab qurolsizlantirilgan hollarda, xizmat vaqtidan tashqari paytda harbiy xizmatchining (xodimning) hayotiga yoki uning sogʻligʻiga suiqasd qilinganda, agar suiqasd sababi uning xizmat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq boʻlganda, shuningdek, sud tomonidan jamiyat va davlat manfaatlari yoʻlida sodir etilgan deb topilgan boshqa xatti-harakatlar mustasno.
28. Agar harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatini bajarayotgan deb eʼtirof etilmagan vaziyatda tan jarohati olgan yoki halok boʻlgan (vafot etgan) boʻlsa, harbiy xizmatchiga (xodimga) yoki uning oila aʼzolariga nafaqa toʻlanmaydi.
3-bob. Nafaqa toʻlash tartibi
29. Nafaqa harbiy xizmatchining (xodimning) soʻnggi xizmat (oʻqish) joyidagi moliya organi tomonidan tan jarohati olgan harbiy xizmatchiga (xodimga) yoki halok boʻlgan (vafot etgan) harbiy xizmatchining (xodimning) oila aʼzolariga (qonuniy vakiliga) toʻlanadi.
Agar merosxoʻr voyaga yetmagan boʻlsa, nafaqa uning vasiylari yoki qonuniy vakiliga toʻlanadi.
Nafaqa miqdori harbiy xizmatchi (xodim) tan jarohati olgan yoki halok boʻlgan (vafot etgan) kundagi harbiy xizmatchining (xodimning) maoshi miqdoridan, jumladan:
shartnoma boʻyicha ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarga hamda xodimlarga — ularning asosiy egallab turgan (egallagan) lavozimi boʻyicha maoshi va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisidan;
muddatli harbiy xizmatchilarga — lavozim maoshidan;
oliy harbiy-taʼlim muassasalari kursantlari va tinglovchilariga — ularga belgilangan maoshi (stipendiyasi) va harbiy (maxsus) unvoni maoshi yigʻindisidan;
safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatchilariga — bazaviy hisoblash miqdoridan kelib chiqib hisoblanadi.
30. Xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida ogʻir yoki oʻta ogʻir tan jarohati olganligi tufayli xizmatdan boʻshatilgan harbiy xizmatchi (xodim) olgan tan jarohati sababli bir yil ichida vafot etgan boʻlsa, tegishli harbiy qism tomonidan uning oila aʼzolariga avvalgi toʻlangan nafaqa bilan xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida halok boʻlganda (vafot etganda) beriladigan nafaqa miqdori orasidagi farq toʻlab beriladi.
Bunday holat yuzasidan qoʻshimcha tekshiruv oʻtkazilib, uning materiallariga qoʻshimcha ravishda ushbu Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan hujjatlar umumlashtiriladi. Shundan soʻng toʻplangan materiallar vazirlik (idora) markaziy apparatining doimiy faoliyat yurituvchi komissiyasiga belgilangan tartibda taqdim etiladi.
4-bob. Nafaqa tayinlash va toʻlash hisobini yuritish
31. Nafaqa olish uchun harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) berilgan maʼlumotnomalar asosli va toʻgʻri berilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tegishli vazirlik va idoralarining tibbiyot boshqarmalari va markaziy harbiy-tibbiy komissiyalari tomonidan olib boriladi.
32. Harbiy-tibbiy muassasalarda belgilangan tartibda nafaqa olish uchun maʼlumotnoma berish hisobining jurnali yuritiladi va u qatʼiy hisobi olib boriladigan va doimiy saqlanadigan hujjat hisoblanadi.
Berilgan maʼlumotnomalarning ikkinchi nusxalari alohida jildda, harbiy-tibbiy komissiyalar yigʻilishlarining bayonnomalar daftarlariga ilova sifatida saqlanadi.
33. Harbiy qismlarda rasmiylashtirilgan hujjatlar va toʻlangan nafaqa summalari hisobining jurnali yuritiladi. Ushbu jurnal qatʼiy hisobi olib boriladigan va doimiy saqlanadigan hujjat hisoblanadi.
34. Harbiy xizmatchi (xodim) xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida tan jarohati olganda, shuningdek, halok boʻlganda yoxud vafot etganda unga yoki uning oila aʼzolariga toʻlanadigan nafaqani rasmiylashtirish uchun toʻplangan hujjatlar va maʼlumotnomalar tegishli kadrlar organlari tomonidan harbiy xizmatchining (xodimning) shaxsiy hujjatlari yigʻma jildiga biriktiriladi.
35. Toʻlangan nafaqalar boʻyicha hisobotlar harbiy qismlarning masʼul boʻlinmalari tomonidan moliya organlari bilan kelishilgan holda tayyorlanadi va har chorak yakuni boʻyicha belgilangan tartibda vazirlik (idora)lar markaziy apparatining tegishli boshqarma (boʻlim, xizmat)lariga yuboriladi.
36. Vazirlik (idora)lar markaziy apparatining tegishli masʼul boshqarma (boʻlim, xizmat)lari tomonidan hisobotlar umumlashtirilgach, toʻlangan nafaqalar toʻgʻrisida tarkibiy boʻlinmalar boʻyicha hisobot tayyorlanadi.
37. Nafaqa tayinlash va toʻlash boʻyicha ishlarni tashkillashtirish hamda hisobga olishning batafsil tartibi, shuningdek, hisobotga olish va hisobot berishga oid tegishli hujjatlarning namuna va shakllari vazirlik (idora)lar rahbarlari tomonidan belgilanadi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
38. Ushbu Nizomda nazarda tutilgan xarajatlar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlaridan taʼminlanadigan boʻlinmalarda — budjet mablagʻlari hisobiga;
b) boshqa manbalardan taʼminlanadigan boʻlinmalarda — ushbu boʻlinmalarni moliyalashtirish (taʼminlash) manbalari hisobiga amalga oshiriladi.
39. Harbiy xizmatchilarga (xodimlarga) nafaqa tayinlashga nisbatan daʼvo muddatining qoʻllanilishi Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq amalga oshiriladi.
40. Tergovga qadar (xizmat) tekshiruv natijalariga koʻra nafaqani toʻlagan harbiy qismlar aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda regress daʼvo qoʻzgʻatish choralarini koʻrishi lozim.
41. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2019-y., 07/19/4382/4216-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son; 13.09.2023-y., 06/23/159/0700-son)