O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida xodimlar tomonidan xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi o‘rinlarda — Milliy gvardiya) xodimlarini tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, ularning mas’uliyatini oshirish, moddiy ta’minoti va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek, xodimlarning xizmat o‘tashini tashkil etish maqsadida:
1. Milliy gvardiya xodimlari tomonidan xizmatni o‘tash tartibini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
bo‘sh lavozimlarni o‘z kasbiy fazilatlari, ishchanligi, xulq-atvori va psixologik barqarorligi bilan namuna bo‘lgan istiqbolli kadrlar bilan to‘ldirish mexanizmini joriy etish;
ish tajribasining uzviyligini, yosh xodimlarning xizmatga amaliy moslashishini, kasbiy shakllanish jarayonini tezlashtirish hamda ularda xizmat vazifasi bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini rivojlantirishni ta’minlovchi samarali murabbiylik tizimini yo‘lga qo‘yish;
xodimlar o‘rtasida barqaror professional muhitni shakllantirish, xodimlarning uzoq muddatli xizmatini rag‘batlantirish, shuningdek, kadrlarning professional va shaxsiy fazilatlari hamda qobiliyatlarini inobatga olgan holda lavozimlarga optimal taqsimlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ijro intizomini, shu jumladan boshqaruv qarorlari har bir ijrochiga bevosita o‘z vaqtida yetkazilishi va bajarilishini tizimli nazorat qilishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali ta’minlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmat o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining intizom ustavi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Shunday tartib belgilansinki, unga muvofiq Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosarlari va boshqarma boshliqlari:
a) har chorakda joylarga chiqib, Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasining bo‘linmalari, o‘quv markazlari rahbarlarining erishgan aniq natijalarini ko‘rsatgan holda, boshqaruv qarorlarining amalga oshirilishi haqidagi shaxsiy hisobotlarini eshitadi;
b) har yarim yil yakunlari bo‘yicha Milliy gvardiya hay’atida xizmat va ijro intizomini mustahkamlash, shuningdek, xizmat o‘tashni tashkillashtirish, ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar talablarini inobatga olgan holda bajarilgan ishlar yuzasidan shaxsan hisobot beradi. Bunda quyidagilar bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishi nazarda tutiladi:
tashabbus ko‘rsatmaydigan va mas’uliyatsiz rahbarlarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash;
Milliy gvardiya bo‘linmalarining ijobiy ish tajribasini tatbiq etish va qo‘llash.
4. Milliy gvardiya va Adliya vazirligining:
Milliy gvardiya xodimlarini Milliy gvardiya tizimidagi ta’lim muassasalari va boshqa ta’lim muassasalarining kunduzgi va sirtqi ta’lim shaklida tayyorlash;
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya xodimlarini Milliy gvardiya o‘quv markazlarida belgilangan tartibda maxsus kasbiy (boshlang‘ich) tayyorgarlikdan o‘tkazish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.
(4-bandning uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoniga asosan uchinchi xatboshi bilan almashtirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)
5. Milliy gvardiyada murabbiylar faoliyatini samarali yo‘lga quyish maqsadida:
Milliy gvardiyada murabbiylar mutaxassislik bo‘yicha kamida besh yil xizmat qilgan, yuksak kasbiy fazilatlar, xizmatda samarali ko‘rsatkichlar va tarbiyaviy yo‘nalishda ko‘nikmalarga ega bo‘lgan eng tajribali xodimlar orasidan tanlab olinadi;
murabbiylarga, qoida tariqasida, ko‘pi bilan bir nafar ofitserlar tarkibidan bo‘lgan xodim, besh nafargacha safdor va serjantlar tarkibidan bo‘lgan xodimlar biriktiriladi.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddati kalendar hisobida yigirma yilni tashkil qiladi, imtiyozli hisoblanadigan davr xodimlarga pensiya miqdori hisoblanayotgan vaqtdagina inobatga olinadi;
Milliy gvardiyaning jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalar asosida faoliyat yurituvchi bo‘linmalarining xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan Milliy gvardiya xodimlariga belgilangan pul ta’minotining normalari tatbiq etiladi;
Milliy gvardiya xodimlarining farzandlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yashash yoki xizmatni o‘tash joyi bo‘yicha qabul qilinadi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son “Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
7. Milliy gvardiyaning xizmat intizomi va benuqson uzluksiz xizmati uchun tashabbuskor va vijdonli xodimlarni taqdirlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining fidoyi xodimi” idoraviy ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
8. Quyidagilarga:
Milliy gvardiya qo‘mondoniga — amalga oshirilayotgan islohotlar talablariga muvofiq Milliy gvardiyaga yuklatilgan vazifalar hamda faoliyat yo‘nalishlarining sifatli va to‘la hajmda amalga oshirilishi, xizmatlar faoliyatining samarali muvofiqlashtirilishi, hamkorligi ta’minlanishi va Milliy gvardiya rahbariyatining topshiriqlarini so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatilishi bo‘yicha;
barcha darajadagi tarkibiy bo‘linmalar rahbarlariga — xodimlarni tanlash va joy-joyiga maqsadli qo‘yish, xodimlarni o‘z vaqtida va xolislik bilan rag‘batlantirish hamda intizomiy jazo choralarini ko‘rish, ularning ijtimoiy himoya kafolatlarini ta’minlash, shuningdek, rahbarlik qilayotgan bo‘linmada ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha;
tarkibiy bo‘linmalar rahbarlarining kadrlar va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlariga — o‘z xizmat vazifalarini vijdonan bajarayotgan xodimlarning xizmatda ko‘tarilishini ta’minlovchi kadrlar zaxirasini shakllantirish, ularni o‘qitish va ulardan to‘laqonli foydalanish, shaxsiy tarkib bilan samarali tarbiyaviy ish olib borish va xizmatni o‘tashni nazorat qilishni tashkil etish bo‘yicha;
mutaxassislarga biriktirilgan murabbiylarga — xodimlarga amalga oshirayotgan faoliyatida natijadorlikka hamda yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishga intilishni singdirish, ularda ishga amaliy yondashuvni va xizmat burchiga tashabbuskorlik bilan munosabatda bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklansin.
9. Milliy gvardiya:
ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining pul ta’minoti tarkibiga kiruvchi to‘lovlarning tuzilmasi va ro‘yxati tasdiqlanishini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 22-aprel,
PQ-5089-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi (keyingi o‘rinlarda — Milliy gvardiya) safdor-serjant va ofitserlar tarkibidagi xodimlarining (keyingi o‘rinlarda — xodimlar) xizmatni o‘tash tartibini belgilaydi.
2. Xodimlarning xizmati (keyingi o‘rinlarda — xizmat) davlat xizmati turi bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishdan iborat.
3. Xizmatni o‘tash quyidagi tartiblarni o‘z ichiga oladi:
xizmatga qabul qilish;
maxsus unvonlar berish va ulardan mahrum etish;
lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish va lavozimdan lavozimga o‘tkazish;
xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
xodimning boshqa davlat organlari va tashkilotlariga saylanganida (tayinlanganida, safarbar etilganida) xizmat o‘tashi;
attestatsiya o‘tkazish;
ta’tillar berish;
huquqiy va ijtimoiy himoya qilish;
xizmat o‘tash rejimini ta’minlash;
xizmat muddatlarini uzaytirish, xizmatdan bo‘shatish va xizmatga tiklash.
2-bob. Milliy gvardiya bo‘linmalariga maxsus unvonli lavozimlarga xizmatga qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
4. Xizmatga ixtiyoriy ravishda yoshi o‘n sakkizdan kichik va o‘ttizdan katta bo‘lmagan, shu jumladan o‘ttiz yoshda bo‘lgan Qo‘riqlash bosh boshqarmasi idoraviy jihatdan tegishli bo‘lmagan harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘linmalarining tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega, tayyorgarlik mashg‘ulotlari va tanlov bosqichlaridan o‘tgan ishchi va xizmatchilari orasidan (bundan tor doiradagi mutaxassislikka ega bo‘lgan nomzodlar mustasno) tanlab olish orqali O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
(4-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-11-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 07/23/11/0045-son)
Zarur hollarda, Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha Milliy gvardiyaning ayrim bo‘linmalariga Milliy gvardiya xodimlari lavozimiga o‘ttiz yoshdan katta bo‘lgan fuqarolar agar ular xizmatda bo‘lishning eng yuqori yoshiga to‘lgan paytida ko‘p yillik xizmati uchun pensiya olish huquqiga ega bo‘lsa qabul qilinishi mumkin.
5. Erkaklar Milliy gvardiya xodimi lavozimiga tayinlanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridagi muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruv rezervidagi harbiy xizmatni o‘tashi yoxud oliy o‘quv yurtlarida harbiy tayyorgarlikdan o‘tishi kerak.
6. Xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro (keyingi o‘rinlarda — nomzod) doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidagi Milliy gvardiya bo‘linmalariga Milliy gvardiya Qo‘mondonining buyrug‘i bilan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha hujjatlarni taqdim etadi.
7. Nomzodlarning bo‘y ko‘rsatkichlari quyidagi antropometrik parametrlarga mos bo‘lishi lozim:
erkaklar uchun 178 santimetrdan past bo‘lmasligi;
ayollar uchun 170 santimetrdan past bo‘lmasligi lozim.
Nomzodlarga maxsus biometrik parametrlar o‘rnatiladigan bo‘linmalar va lavozimlar ro‘yxati hamda tor ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislar qatoridan bo‘lgan nomzodlarning bo‘y ko‘rsatkichlari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
8. Alohida hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori yoki farmoyishi, shuningdek, roziligiga yoxud Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘iga asosan boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan xodimlar, Milliy gvardiyaning katta amaliy ish tajribasiga ega pensionerlari, ushbu Nizomning 4-bandi da belgilangan talablar inobatga olinmagan holda xizmatga qabul qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 7-noyabrdagi PF-188-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Quyidagi fuqarolar Milliy gvardiya xodimi lavozimiga qabul qilinishi mumkin emas:
a) belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan;
b) xizmatni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan;
v) boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan fuqarolar;
g) sodir etgan jinoyati uchun qo‘llangan jazo turidan, sudlanganlik holati tugallanganidan yoki olib tashlanganidan yoxud amnistiya akti yoki afv etish qo‘llanganidan qat’i nazar muqaddam sudlangan;
d) xizmatni o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarga rioya etishni rad qilgan yoki Milliy gvardiyaning maxsus talablariga javob bermagan.
Milliy gvardiya bo‘linmalariga maxsus unvonli lavozimlarga xizmatga kirish istagini bildirgan fuqaro O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan Milliy gvardiya organlarida xizmatni o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlar hamda Milliy gvardiyaning maxsus talablari bilan yozma shaklda tanishtiriladi, bunda nomzod cheklovlarga rioya etishni rad etganda yoki maxsus talablarga javob bermaganda, uni xizmatga qabul qilish rad etiladi.
(9-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-yanvardagi PQ-21-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.01.2025-y., 07/25/21/0070-son)
Oldingi tahrirga qarang.
91. Milliy gvardiya xodimlari quyidagilarga haqli emas:
o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslar bilan (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘illar, qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) Milliy gvardiya organlarida birga xizmat qilishi, agar ularning birga xizmat qilishi ulardan birining ikkinchisiga bevosita bo‘ysunishiga olib kelsa;
ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga;
tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga;
o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron-bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishga;
qonunchilikda nazarda tutilmagan imtiyozlardan, preferensiyalar yoki afzalliklardan o‘z xizmat mavqeyi bilan bog‘liq holda foydalanishga;
qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarda, shu jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda ishtirok etishga;
chet davlat fuqaroligini yoki chet davlatda doimiy yashash huquqini beruvchi hujjatni olish maqsadida murojaat qilishga;
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo‘lishga, ko‘chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga, bundan chet davlatda ta’lim olish, stajirovka o‘tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar mustasno;
o‘zining vakolatlarini siyosiy partiyalarning, boshqa jamoat birlashmalarining va ular organlarining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirishga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq hollar bundan mustasno;
xizmatni o‘tash vaqtida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarishga, bundan farzand tug‘ilishi, nikoh, to‘y va dafn marosimlari mustasno;
Milliy gvardiya organlarining binolarida va hududida diniy rasm-rusumlar va marosimlarni tashkil etishga, diniy mazmundagi materiallar va buyumlarni saqlashga, xizmat majburiyatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq hollar bundan mustasno.
(91-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-yanvardagi PQ-21-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.01.2025-y., 07/25/21/0070-son)
10. Tanlov quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
nomzodni dastlabki o‘rganish;
yakka tartibda suhbat;
jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;
psixologik test.
11. Tanlovlarni tashkil etish uchun Milliy gvardiya bo‘linmalarida qabul komissiyalari tashkil etiladi.
Milliy gvardiyaga xizmatga qabul qilish bo‘yicha tanlov nomzodning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi apparati, Davlat organlari obyektlarini qo‘riqlash bo‘yicha boshqarmasi, Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarni qo‘riqlash bo‘yicha alohida batalyoni va Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasiga xizmatga istisno tariqasida, Toshkent shahrida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinmagan fuqarolar orasidan ham nomzodlarni tanlash va qabul qilishga ruxsat beriladi.
12. Tor ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislardan iborat bo‘lgan nomzodlar Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadigan ro‘yxat va tartibda tanlovsiz xizmatga qabul qilinishi mumkin.
Milliy gvardiya axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, psixologik va yuridik ta’minlash bo‘linmalariga xizmatga qabul qilinayotgan nomzodlar, istisno tariqasida, tanlov imtihonlaridan ozod etiladi.
Milliy gvardiya uchun zarur hollarda ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan fan arboblari, shuningdek, madaniyat vakillari, so‘nggi besh yil davomida respublika miqyosidagi sport musobaqasining g‘olibi bo‘lgan yoki xalqaro miqyosdagi sport musobaqasining 1 — 3-o‘rinlaridan birini egallagan sportchilar istisno tariqasida tanlovsiz xizmatga qabul qilinishi mumkin.
13. Nomzodning tegishli hujjatlarini yig‘ish jarayonida unga bir paytning o‘zida xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiyasiga yo‘llanma beriladi.
Xizmatni o‘tashga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar va jismoniy nuqsonlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Xizmatga kiruvchi nomzodlarga xizmat siri hisoblanuvchi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadigan hamda oshkor etilishi man etiladigan maxsus talablar ham o‘rnatiladi.
Nomzodning shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini rasmiylashtirish davomida xizmatga qabul qilinishida to‘sqinlik qiluvchi ma’lumotlar (xizmatga qabul qilish uchun umumiy va maxsus talablarga mos kelmaslik) aniqlangan taqdirda uni shaxsiy hujjatlar yig‘majildlarini rasmiylashtirish to‘xtatilib, xizmatga qabul qilish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida vakolatli rahbar tomonidan qaror qabul qilinadi, bu haqda nomzodga xabar beriladi. Rad etilishi sabablari nomzodga ma’lum qilinmaydi.
Xizmatga mavjud bo‘sh lavozimlarni hisobga olgan holda tanlov yakuniga ko‘ra yuqori natijalarga erishgan nomzodlar qabul qilinadi.
14. O‘zbekiston Respublikasi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari va Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseylarining bitiruvchilari xizmatga qabul qilinishi uchun Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadigan tartibda ustunlikka ega bo‘ladi.
15. Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar xizmatga qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan boshliqning buyrug‘i bilan xizmatga qabul qilinib, lavozimga tayinlanadi.
16. Xodimlar lavozimlarga quyidagicha jamlanadi:
ofitserlar tarkibi — oliy ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan;
safdor-serjantlar tarkibi — o‘rta, o‘rta-maxsus, kasb-hunar yoki oliy ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining zaxirasidagi ofitserlarni Milliy gvardiyaning safdor-serjantlar tarkibi lavozimlariga tayinlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
17. Xizmatga birinchi marta qabul qilingan fuqarolar quyidagi mazmunda qasamyod qabul qiladi:
“Men (familiyasi, ismi, otasining ismi) O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasiga xizmatga kirar ekanman, O‘zbekiston xalqi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga sadoqatli bo‘lishga, Vatanga, qasamyodga, Jangovar Bayroqqa sodiq qolishga, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi talablarini, o‘z xizmat burchimni so‘zsiz hamda vijdonan bajarishga, har qanday sharoitda xiyonat va sotqinlik qilmaslikka, o‘zimning jangovar shayligim uchun shaxsan javobgar bo‘lishga, mardlik va fidokorlik bilan, o‘z hayotimni ayamasdan xalq va davlat manfaatlarini himoya qilishga qasamyod qilaman”.
18. Xizmatga qabul qilishda xodimga xizmat guvohnomasi va shaxsiy raqamli jeton beriladi.
Xodimning xizmat guvohnomasi va jetonining namunalari, shuningdek, ularni berish va hisobini yuritish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tasdiqlanadi.
Xodimning xizmat guvohnomasi o‘qotar qurolni olib yurish va saqlash huquqini, shuningdek, qonunga muvofiq unga berilgan boshqa huquq va vakolatlarni tasdiqlaydi.
19. Tanlovlarni tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yig‘majildlarini rasmiylashtirish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
20. Qasamyod qabul qilish, dastlabki sinov muddatini o‘tash va murabbiylarni biriktirish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
21. Xizmatga qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining harbiy xizmatga majbur fuqarolari harbiy hisobdan chiqariladi va Milliy gvardiyaning maxsus hisobida turadi.
22. Xizmatga qabul qilingan xodimga dastlabki sinov muddati tayinlanadi va unga murabbiy biriktiriladi.
Dastlabki sinov muddati uch oydan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
23. Xizmatga qabul qilish va bo‘shatish, shuningdek, maxsus unvonlar berish Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan vakolat berilgan rahbarlarning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
3-bob. Maxsus unvonlarni berish va ulardan mahrum qilish
24. Maxsus unvon xodimning xizmat majburiyatlariga munosabati, o‘tagan xizmat yillari va egallagan lavozimini inobatga olgan holda yakka tartibda beriladi.
25. Xodimlarga quyidagi maxsus unvonlar beriladi:
safdor-serjantlar tarkibi — safdor, kichik serjant, serjant, katta serjant;
ofitserlar tarkibi:
kichik ofitserlar tarkibi — leytenant, katta leytenant, kapitan;
katta ofitserlar tarkibi — mayor, podpolkovnik, polkovnik;
generallar tarkibi — general-mayor, general-leytenant, general-polkovnik.
26. Birinchi va navbatdagi maxsus unvonlar maxsus unvonlar berish vakolatiga ega bo‘lgan boshliqning buyrug‘i bilan beriladi.
27. “Safdor” maxsus unvoni Milliy gvardiya safdor-serjantlar tarkibi lavozimiga tayinlangan shaxslarga ularni tayinlash (qabul qilish) bilan bir vaqtda beriladi.
“Safdor” maxsus unvoni xizmatga qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan boshliqlar tomonidan beriladi.
28. “Kichik serjant”, “serjant”, “katta serjant” maxsus unvonlari O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining mintaqaviy o‘quv markazlarida malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tamomlagan safdor-serjant tarkibiga beriladi.
29. Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga ularni lavozimga tayinlash bilan bir vaqtda “katta serjant” maxsus unvoni beriladi, bu unvonda ular dastlabki sinov muddati tugab, ofitserlik unvoni berilguniga qadar xizmat olib boradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari zaxirasidagi ofitserlar hisoblanuvchi va Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilingan nomzodlarga mavjud harbiy unvoniga teng darajadagi maxsus unvon beriladi.
30. Milliy gvardiya ofitserlar tarkibining birinchi maxsus unvoni “leytenant” hisoblanadi.
Ayrim hollarda, ilmiy darajasi yoxud faoliyatning tor ixtisoslik turlari bo‘yicha ko‘p yillik staji va ish (xizmat) tajribasiga ega bo‘lgan fuqarolarga Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlariga tayinlash vaqtida birinchi unvon sifatida “mayor” maxsus unvonigacha bo‘lgan, shu jumladan “mayor” unvoni ham maxsus unvonlaridan biri berilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori, farmoyishi asosida yoki roziligi bilan generallar tarkibi lavozimlariga xizmatga yuborilgan, maxsus, harbiy va boshqa unvoni bo‘lmagan shaxslarga belgilangan tartibda “polkovnik” maxsus unvonigacha bo‘lgan, shu jumladan “polkovnik” maxsus unvoni ham berilishi mumkin.
Milliy gvardiya ofitserlar tarkibining birinchi maxsus unvoni Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan beriladi.
“Leytenant” maxsus unvoni quyidagilarga beriladi:
Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlariga qabul qilinib, sinov muddatini muvaffaqiyatli o‘tagan shaxslarga;
Milliy gvardiya safdor-serjantlar tarkibidan ofitserlik lavozimlariga tayinlanganlarga.
31. Milliy gvardiya ofitserlar tarkibining navbatdagi maxsus unvonlari quyidagilar tomonidan beriladi:
“mayor” maxsus unvonigacha — ofitserlar tarkibi unvonlarini berish vakolatiga ega boshliqlar tomonidan, boshliqlari bunday vakolatga ega bo‘lmagan tarkibiy tuzilmalar xodimlariga esa Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan;
“podpolkovnik” maxsus unvoni — Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan;
“polkovnik” maxsus unvoni — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan;
generallar tarkibining maxsus unvonlari — Milliy gvardiya qo‘mondonining tavsiyanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan.
32. Maxsus unvonda xizmat o‘tash muddatlari quyidagicha belgilanadi:
“safdor” — ikki yil;
“kichik serjant” — ikki yil;
“serjant” — ikki yil;
“katta serjant” — muddatsiz;
“leytenant” — ikki yil;
Oldingi tahrirga qarang.
“katta leytenant” — uch yil;
(32-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-avgust dagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“kapitan” — to‘rt yil;
(32-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-avgust dagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“mayor” — besh yil;
(32-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-avgust dagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son)
Oldingi tahrirga qarang.
“podpolkovnik” — olti yil;
(32-bandning o‘ninchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-avgust dagi PQ-296-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son)
“polkovnik” va undan yuqori maxsus unvonlarda xizmat qilish muddatlari belgilanmaydi.
33. Navbatdagi maxsus unvonlar belgilangan xizmat muddatini o‘tagan xodimlarga ular egallab turgan lavozimining unvon pog‘onasiga muvofiq beriladi.
34. Navbatdagi maxsus unvonni chetlab o‘tib, maxsus unvonlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
35. Xodim mavjud unvonidan yuqori darajadagi unvon belgilangan lavozimga o‘tkazilganda, mavjud unvonida bo‘lish muddati o‘tgan bo‘lsa, lavozimiga qachon tayinlanganidan qat’i nazar, navbatdagi maxsus unvon berish uchun taqdim etiladi.
36. Maxsus unvonda xizmat o‘tash muddati kalendar hisobda maxsus unvon berish haqida buyruq chiqarilgan kundan e’tiboran hisoblanadi (ushbu Nizomning 46 va 47-bandlari talablari asosida berilgan maxsus unvonlar bundan mustasno).
Xodimning maxsus unvoni pasaytirilgan taqdirda uning avvalgi unvonini qayta tiklanguniga qadar o‘tagan xizmat davri navbatdagi unvon muddatiga qo‘shilmaydi.
37. Mardlik va qahramonlik, yuqori professionallik va vatanparvarlik sifatlarini ko‘rsatgan xodimlarga navbatdagi maxsus unvon muddatidan oldin berilishi, shuningdek, shtat bo‘yicha egallab turgan lavozimidagi maxsus unvonidan bir pog‘ona yuqori unvon berilishi mumkin.
Muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvonlar quyidagilarga beriladi:
generallar tarkibi lavozimlariga tayinlangan (“polkovnik” maxsus unvonidan past unvonga ega bo‘lgan) xodimlarga — mavjud maxsus unvonda qancha muddat xizmat o‘taganidan qat’i nazar;
ofitserlar tarkibidagi lavozimlarda xizmat qilayotgan xodimlarga — mavjud maxsus unvonda xizmat qilish uchun belgilangan muddatning kamida uchdan ikki qismi o‘tganidan so‘ng.
Milliy gvardiya qo‘mondoni mavjud maxsus unvonda xizmat o‘tash uchun qancha muddat belgilanganidan qat’i nazar, navbatdagi maxsus unvonlarni berish huquqiga ega.
Egallab turgan lavozimiga ko‘ra nazarda tutilgandan bir pog‘ona yuqori navbatdagi maxsus unvon quyidagilarga beriladi (generallar tarkibi maxsus unvonlari bundan mustasno):
ilmiy daraja yoki ilmiy unvonga ega bo‘lgan Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi xodimlariga — mavjud unvonda xizmat o‘tash muddati tugaganidan so‘ng;
Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi lavozimlaridagi xodimlarga — mavjud unvonda xizmat o‘tash muddatining kamida bir yarim baravari o‘tganidan so‘ng.
Bir vaqtning o‘zida muddatidan oldin hamda egallagan lavozimiga ko‘ra nazarda tutilgan bir pog‘ona yuqori navbatdagi maxsus unvon berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
38. Pensiya olish huquqini beradigan xizmat yilini hamda navbatdagi maxsus unvon uchun belgilangan muddatini o‘tagan, egallab turgan lavozimiga ko‘ra belgilangan unvon pog‘onasi “kapitan” bo‘lgan, ijobiy tavsiflanadigan ofitserlar tarkibidagi xodimlarga xizmatdan bo‘shatish bilan bir vaqtda “mayor” maxsus unvoni berilishi mumkin.
39. Xodimlarga navbatdagi maxsus unvon berilishi quyidagi hollarda kechiktiriladi:
xodim Milliy gvardiya ixtiyorida bo‘lganda;
xodimda amaldagi intizomiy jazosi mavjud bo‘lganda;
xodim attestatsiyadan shartli ravishda o‘tganida;
xodimga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganda;
intizomiy jazo tariqasida egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va boshqa lavozimga o‘tkazilgan taqdirda — lavozimidan ozod etilgan kundan boshlab, bir yil davomida.
40. Navbatdagi maxsus unvon berilishini asossiz ravishda kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan boshliqlar va xodimlar belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortiladi.
41. Milliy gvardiya ofitserlar tarkibi xodimlarining maxsus unvonlarini intizomiy jazo tariqasida bir pog‘ona pasaytirish mumkin. Bunda unvon “leytenant” maxsus unvonigacha pasaytiriladi.
“Podpolkovnik” va undan past maxsus unvonlar Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan pasaytiriladi.
“Polkovnik” maxsus unvoni Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda pasaytiriladi.
Maxsus unvoni pasaytirilgan xodimning avvalgi unvoni egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan unvonini pasaytirishni tavsiya etgan boshliqning (yoki unga tenglashtirilgan boshliqning) yoxud yuqori lavozimdagi boshliqning taqdimnomasi bo‘yicha tiklanishi mumkin.
Generallar tarkibi xodimlarining maxsus unvonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan pasaytiriladi va tiklanadi.
42. Maxsus unvoni pasaytirilgan va so‘ngra tiklangan xodimning maxsus unvondagi muddati unvoni pasaytirilguniga qadar o‘tagan xizmati bilan qo‘shib hisoblanadi.
43. Sudning hukmi asosida maxsus unvonlardan mahrum qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
safdor-serjantlar tarkibining maxsus unvonlari — ushbu unvonlarni berish vakolatiga ega boshliqlar tomonidan;
ofitserlar tarkibining maxsus unvonlari — Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan.
Generallar tarkibi maxsus unvoniga ega shaxslar maxsus unvonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sudning tegishli taqdimnomasi asosida mahrum qilinishi mumkin.
Sud shaxsning maxsus unvonini tiklash haqida qaror qabul qilganida maxsus unvondan mahrum qilgan boshliq yoki bunday vakolatga ega yuqori turuvchi rahbar tomonidan tiklanadi.
44. Nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi yoki maxsus unvon va martaba darajasi bo‘lishi nazarda tutilgan boshqa organlardan xizmatga qabul qilingan yoki o‘tkazilgan shaxslarning maxsus unvonlari egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan ushbu Nizom ilovasiga muvofiq beriladi.
Ushbu tartib nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi yoki maxsus unvonlar bo‘lishi nazarda tutilgan boshqa organlar bo‘linmalariga qabul qilingan yoki o‘tkazilgan xodimlarga ham qo‘llaniladi.
45. Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi tuzilmalar va ta’lim muassasalaridan xizmatni davom ettirish uchun kelgan oddiy askar va serjantlar tarkibi harbiy xizmatchilariga (shartnoma asosida xizmat o‘tagan) lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi buyruq bilan birga ularning harbiy unvonlariga muvofiq tenglashtirilgan maxsus unvonlar beriladi.
46. Ushbu Nizomning 44 va 45-bandlarida belgilangan tartibda navbatdagi maxsus unvon berilgan xodimlarga ularni avvalgi ish joyida unvonda xizmat o‘tagan davri hisobga olinadi.
47. Ushbu Nizomning 30-bandi uchinchi xatboshi, 44 yoki 45-bandlariga muvofiq maxsus unvonlar berilgan (shu jumladan mazkur Nizom kuchga kirgunga qadar xizmatga qabul qilingan yoki o‘tkazilgan) xodimlarga xizmat yillari uchun foizli ustama haq belgilashda ularning avvalgi ish joyidagi (foizli ustama to‘lash uchun belgilangan) xizmat yoki mehnat stajlari inobatga olinadi hamda ushbu davr xodim Milliy gvardiyadan bo‘shatilgan taqdirda, unga pensiya tayinlashda umumiy xizmat stajiga qo‘shib hisoblanadi.
48. Yuqori yoki teng lavozimga vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan xodimlarga navbatdagi maxsus unvonlar vazifa bajaruvchi etib tayinlangunga qadar egallagan lavozimining unvon pog‘onasi bo‘yicha beriladi.
Agar vaqtincha lavozimni bajarish uchun tayinlangan xodimning avval egallagan lavozimining unvon pog‘onasi navbatdagi unvonni berish uchun mos kelmasa, uni navbatdagi maxsus unvonga tavsiya etish mumkin emas. Bunda lavozim vazifasini bajarish muddati olti oydan oshmasligi lozim.
49. Xodimlar avval egallagan lavozimlaridagi shtat jadvali bo‘yicha o‘zgarishlar (shtatlar qisqarishi, unvon pog‘onasi ko‘tarilishi yoki tushirilishi) lavozim vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganlaridan yoki o‘qishga kirganlaridan so‘ng inobatga olinmaydi.
50. Maxsus unvonlar berish, ulardan mahrum qilish va ularni tiklashga doir hujjatlarni rasmiylashtirish hamda ularni ko‘rib chiqish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
4-bob. Lavozimga tayinlash, lavozimdan ozod etish va lavozimdan lavozimga o‘tkazish
51. Milliy gvardiya xodimlarining asosiy lavozimlari bo‘yicha maxsus unvonlari ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, ularga tenglashtirilgan lavozimlar ro‘yxati esa Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tasdiqlanadi.
52. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan va ozod etiladigan lavozimlardan tashqari, lavozimlarga tayinlash va ozod etish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
53. Tayinlanishi uchun xodimlarning sog‘ligi inobatga olinishi talab etiladigan lavozimlar Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
54. Xodimlar lavozimga vakolatli boshliqlar tomonidan quyidagi qoidalarga rioya etgan holda tayinlanadi:
a) xodimlarni lavozimga tayinlash ularning ma’lumoti, mutaxassisligi yoki lavozimga yaqin mutaxassislik, shuningdek, amaliy ish tajribasiga muvofiq amalga oshiriladi;
b) bo‘sh lavozim vazifasini bajarishning uzluksiz muddati olti oydan, jamlangan lavozimda esa to‘rt oydan oshmasligi lozim;
v) tashkiliy-shtat o‘zgarishlari bo‘lganida, shuningdek, xodimning hayoti va faoliyati bilan bog‘liq holatlar yuzaga kelganida u egallab turgan lavozimdan ozod qilinadi va o‘ttiz kundan ortiq bo‘lmagan muddatga, ayrim hollarda esa Milliy gvardiya qo‘mondonining ruxsati bilan ikki oydan oshmagan muddatga pul ta’minoti (oxirgi lavozimi bo‘yicha) saqlangan va xizmat stajini bir kuni bir kunga hisoblagan holda, Milliy gvardiyaning lavozimga tayinlash va ozod etish vakolatiga ega bo‘lgan bo‘linmalar ixtiyoriga olinadi.
Milliy gvardiya ixtiyorida bo‘lish muddatini hisoblashda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik davri (layoqatsizlik haqidagi hujjat bo‘lganida) yoki qo‘shimcha ta’tilda bo‘lish (bola parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqti bundan mustasno) inobatga olinmaydi.
Xodimlarning Milliy gvardiya ixtiyorida belgilangan muddatdan ortiq bo‘lgani uchun haq to‘lanmaydi, bunda ushbu davrning bir kuni bir kunga tenglashtirilgan holda umumiy xizmat stajiga kiritiladi;
g) xodim yoki uning oila a’zolari hayoti yoxud sog‘lig‘iga xavf yuzaga kelganida, shuningdek, ularning sog‘ligi holati tufayli xizmat (yashash) joyini o‘zgartirish zarur bo‘lganida, ushbu xodimni boshqa tuman (shahar, viloyat)ga xizmatga o‘tkazish lavozimga tayinlash vakolatiga ega boshliq tomonidan amalga oshiriladi;
d) o‘zaro qarindosh bo‘lgan xodimlar (ota-ona, turmush o‘rtog‘i, aka-uka, opa-singil, farzandlar, shuningdek, turmush o‘rtog‘ining ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari), agar unda xizmat o‘tash birining ikkinchisiga bo‘ysunishi yoki nazorat ostida bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lsa, bir bo‘linmadagi lavozimlarga tayinlanishi mumkin emas;
e) Milliy gvardiya ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilar tarkibi lavozimlariga tegishli sohada kamida o‘n yillik ilmiy, pedagogik yoki amaliy ish tajribasiga ega bo‘lgan shaxslar shahodatlangan lavozimlar hisobidan tayinlanishi mumkin;
j) xodimni egallab turgan lavozimdan chetlashtirishga doir jinoyat ishi bo‘yicha sud qarori chiqarilganda, u egallab turgan lavozimidan ozod etiladi hamda avvalgi xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq bo‘lmagan past yoki teng mavqeli lavozimga tayinlanadi yoxud Milliy gvardiyaning lavozimga tayinlash va ozod etish vakolatiga ega bo‘lgan bo‘linmalari ixtiyorida qoldiriladi.
Egallab turgan lavozimidan chetlashtirilgan xodimni Milliy gvardiyadan bo‘shatish yoki uni avvalgi yoxud teng mavqeli lavozimga tayinlash masalasi bunga vakolatli boshliqlar tomonidan sud qarori asosida hal etiladi.
Xodimni egallab turgan lavozimidan qonunga xilof tarzda chetlashtirish tufayli yuzaga kelgan majburiy progulning bir yildan ortiq bo‘lmagan muddati uchun unga pul ta’minoti tarzida haq to‘lanadi.
55. Xodimni lavozimdan lavozimga o‘tkazish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
yuqori lavozimga — bosqichma-bosqich, ularning ishchanlik va axloqiy-kasbiy qobiliyatlari, yuqori lavozimdagi majburiyatlarni bajarishda topshirilgan uchastkalarda erishgan yutuqlari va ko‘rsatgan natijalari, murakkab sharoitlarda vazifalarni bajarish qobiliyatiga baho berilgan holda;
teng lavozimga — xizmat zarurati yuzasidan, o‘zining xohishiga ko‘ra, sog‘ligi bo‘yicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida), oilaviy sharoitiga ko‘ra, sud qarori asosida lavozimdan chetlashtirish yoki bo‘sh lavozimlarni jamlash zarurati yuzaga kelganda xodimning kasbiy va shaxsiy xislatlarini inobatga olib, uning egallab turgan lavozimidagi amaliy tajribasidan foydalanish maqsadida, shuningdek, tashkiliy-shtat o‘zgarishlari bo‘lganida;
past lavozimga — o‘zining xohishiga ko‘ra, sog‘ligi bo‘yicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasi asosida), attestatsiya tartibida egallab turgan lavozimiga noloyiq deb topilganida, intizomiy jazo chorasi sifatida egallab turgan lavozimidan ozod etilganda, shuningdek, tashkiliy-shtat o‘zgarishlari bo‘lganida yoki sud qarori asosida lavozimidan chetlashtirilganligi sababli teng lavozimga o‘tkazish imkoniyati bo‘lmaganda yoki mustahkamlash tariqasida.
Boshliqning xodimni past lavozimga o‘tkazish haqidagi buyrug‘ida buning asoslari ko‘rsatiladi.
56. Yuqori, teng yoki past lavozimlar egallab turgan lavozim bilan nazarda tutilgan maxsus unvonga muvofiq, maxsus unvonlar teng bo‘lganida esa — lavozim maoshi miqdori bo‘yicha aniqlanadi.
57. Egallab turgan lavozimiga noloyiqligi sababli yoki intizomiy jazo tariqasida past lavozimga tayinlangan xodimlarni xizmat bo‘yicha ko‘tarish ularning kasbiy va shaxsiy xislatlari, sog‘ligi, ish natijalari va xizmat vazifalarini bajarish bo‘yicha ko‘rsatgan qobiliyatidan kelib chiqib, kamida bir yildan keyin amalga oshiriladi.
58. Xizmat joyi o‘zgargan xodim Milliy gvardiya xizmat bo‘yicha ko‘chirish haqida buyruqni yoki yozma xabarni olgan kunidan so‘ng o‘n kundan kechikmasdan moddiy va ishonib berilgan mulkni topshirganidan keyin, xizmat joyiga safarbar qilinishi lozim, xodim navbatdagi ta’tilda yoki davolanishda bo‘lgan hollar bundan mustasno.
59. Milliy gvardiya oliy harbiy ta’lim muassasalariga hamda harbiy va ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalariga, shu jumladan kasbiy tayyorgarlikka o‘qishga qabul qilingan xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etiladi va kursantlar (tinglovchilar) safiga kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
60. Xodimni maxfiy hujjatlar bilan ishlash belgilangan lavozimga tayinlashda unga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma berish belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomasi bo‘lmagan xodimni maxfiy hujjatlar bilan ishlash belgilangan lavozimga tayinlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodim davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomadan belgilangan tartibda mahrum qilinganda, egallab turgan lavozimidan ozod etiladi va maxfiy hujjatlar bilan ishlash talab etilmaydigan lavozimga o‘tkaziladi.
(60-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
61. Milliy gvardiyada rahbar lavozimlarini egallagan xodimlar faoliyatining samaradorligini oshirish, korrupsiya va vakolatlar suiiste’mol qilinishining oldini olish, shaxsiy tarkib o‘rtasida sog‘lom muhitni ta’minlash maqsadida xodimlar amaliy ish tajribasini va kasbiy tayyorgarlik darajasini inobatga olgan holda teng lavozimga, jumladan boshqa tuman (shahar, viloyat) yoki tarkibiy tuzilmaga, qoida tariqasida, egallab turgan lavozimida besh yil ishlaganidan so‘ng rotatsiya tartibida o‘tkazilishi mumkin.
62. Xodimlarni Milliy gvardiya ixtiyorida qoldirish, rotatsiya qilish hamda xodimlarni harbiy xizmatchi lavozimlariga, harbiy xizmatchilarni xodimlar lavozimlariga tayinlash tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
5-bob. Xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish
Oldingi tahrirga qarang.
63. Milliy gvardiya uchun xodimlarni tayyorlash Milliy gvardiya ta’lim muassasalari, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida, shuningdek, xalqaro shartnomalar asosida xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi.
(63-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)
Xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarida o‘qish uchun tanlov o‘tkazish tartibi va shartlari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
64. Xizmatga qabul qilingan fuqarolar (kursantlar va tinglovchilar bundan mustasno) majburiy tartibda maxsus kasbiy (boshlang‘ich) tayyorgarlikdan o‘tadi.
65. Xodim boshqa turdagi kasbiy faoliyat bilan bog‘liq lavozimga tayinlanganda yoki uni yangi yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlash zarur bo‘lganida qayta tayyorgarlikdan o‘tishi shart.
66. Xodimlar Milliy gvardiya ta’lim muassasalarida Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tasdiqlanadigan dasturlar asosida malaka oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Milliy gvardiya ta’lim muassasalarida nazarda tutilmagan mutaxassisliklar bo‘yicha xodimlarning malakasini oshirish O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida, O‘zbekiston Respublikasining boshqa ta’lim muassasalarida yoki xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarida tashkil etiladi.
(66-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-yanvardagi PF-1-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son)
67. Xodimlarning xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarligini, ma’naviy-axloqiy darajasini oshirish uchun Milliy gvardiyada tizimli ravishda xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Xodim maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llash bilan bog‘liq sharoitlarda harakatlanishga kasbiy yaroqliligi bo‘yicha har yilgi tekshiruvdan o‘tishi shart. Maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimga tegishli sertifikat beriladi.
68. Xodimlarni maxsus kasbiy (boshlang‘ich) tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, xizmat o‘tash vaqtida xizmat, jangovar va jismoniy tayyorgarlikdan o‘tishini tashkil etish tartibi va shartlari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
6-bob. Xodimning boshqa davlat organlari va tashkilotlariga saylanganida (tayinlanganida, safarbar etilganida) xizmatni o‘tashi
69. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatligiga, Senati a’zoligiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari deputatligiga saylangan (tayinlangan), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori, farmoyishi, shuningdek, roziligiga yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga, farmoyishiga asosan boshqa davlat organlariga yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlarga tayinlangan, xuddi shuningdek, Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan boshqa davlat organlarining ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborilgan xodimlar egallab turgan lavozimidan ozod etilib, Milliy gvardiya kadrlarining amaldagi zaxirasiga (keyingi o‘rinlarda — kadrlar zaxirasi) kiritiladi.
70. Agarda qonunchilikda boshqa tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar ushbu Nizomda belgilangan tartibda xizmat o‘taydi.
71. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning lavozimi o‘zgarganda (boshqa lavozimga tayinlangan, lavozimdan ozod qilingan, o‘qishdan chetlashtirilgan), ular rag‘batlantirilgan, shuningdek, intizomni buzgan taqdirda, ular faoliyat ko‘rsatayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, ta’lim muassasalari rahbarlari bu haqda Milliy gvardiyani yozma ravishda xabardor qiladi.
72. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarni davlat mukofotiga tavsiya etish, Milliy gvardiyada xizmatda bo‘lishning belgilangan chegaradagi yoshiga to‘lganida xizmat muddati ular faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek, ta’lim muassasalari rahbarlarining taqdimnomasiga asosan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uzaytiriladi.
73. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarga maxsus unvonlar quyidagi tartibda beriladi:
“polkovnik” maxsus unvonigacha, shu jumladan “polkovnik” unvoni ham — avval egallagan lavozimidan qat’i nazar, xodim faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek, ta’lim muassasalari rahbarlarining kiritgan tavsiyanomasiga ko‘ra, mazkur Nizomda belgilangan tartibda Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan;
generallar tarkibining maxsus unvonlari — Milliy gvardiya qo‘mondoni hamda ular faoliyat ko‘rsatayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlarining birgalikdagi tavsiyanomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan.
74. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarga ta’tillar, shuningdek, xorijiy davlatlarga borishlari uchun ruxsatnomalar ular faoliyat olib borayotgan davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, ta’lim muassasalari rahbarlarining ruxsati bilan rasmiylashtiriladi.
75. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar xizmatni o‘tash tartibi bilan bog‘liq o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishlari, lavozimi o‘zgarganida (boshqa lavozimga tayinlanganida, lavozimidan ozod etilganida, o‘qishdan chetlashtirilganida), mukofotlanganida, intizom buzilishiga yo‘l qo‘yganida, shuningdek, o‘zlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganida Milliy gvardiyaga yozma ravishda axborot berishi shart.
76. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar nikohdan o‘tganida, oilasi tarkibida boshqa o‘zgarishlar bo‘lganida, qarindoshlariga (ota-ona, er-xotin, aka-uka, opa-singil, o‘g‘il-qizlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari) nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganida uch ish kuni ichida, mehnat ta’tili yoki xizmat safarida bo‘lganida esa ta’til va safar tugashi bilan darhol Milliy gvardiyaga yozma ravishda xabar beradilar.
77. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar xizmat majburiyatlarini bajarish (o‘qish) muddati yakunlanganidan so‘ng davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek, ta’lim muassasalari tomonidan Milliy gvardiya ixtiyoriga qaytarib yuboriladi.
78. Milliy gvardiyaga qaytgan xodim Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan kadrlar zaxirasidan chiqariladi va avvalgi, unga teng yoki yuqori lavozimga tayinlanadi.
79. Intizom buzilishi va boshqa salbiy sabablarga ko‘ra davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlardagi lavozimidan ozod etilib, shuningdek, o‘qishdan chetlashtirilib, Milliy gvardiyaga qaytarib yuborilgan xodimni lavozimga tayinlash yoki xizmatdan bo‘shatish ushbu Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
80. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar ta’lim muassasalarini tamomlaganidan so‘ng o‘qish davrida olgan ma’lumoti va mutaxassisligiga hamda amaliy ish tajribasidan kelib chiqib lavozimga tayinlanadi.
81. Xizmatda bo‘lishning belgilangan chegara yoshiga yetgan yoki xizmatni davom ettirish istagi bo‘lmagan xodimlar kadrlar zaxirasiga kiritilguniga qadar egallagan lavozimi bo‘yicha mazkur Nizomga muvofiq xizmatdan bo‘shatiladi.
82. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlar va ularning oila a’zolari xizmat (o‘qish) vaqtida, shuningdek, bo‘shatilganidan so‘ng qonun hujjatlari va mazkur Nizomda Milliy gvardiya xodimlari va ularning oila a’zolari uchun belgilangan barcha turdagi ta’minot, huquq, imtiyoz va boshqa afzalliklardan foydalanadi.
83. Kadrlar zaxirasiga kiritilgan xodimlarning davlat organlari yoki ularning tasarrufidagi tashkilotlar, shuningdek, ta’lim muassasalarida lavozim majburiyatlarini bajarish (o‘qish) davri ularga xizmat qilgan yillari uchun ustamani to‘lash, navbatdagi maxsus unvonni olish va pensiya tayinlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmat stajiga qo‘shib hisoblanadi.
7-bob. Attestatsiya o‘tkazish
84. Milliy gvardiyada attestatsiya xodimlarning bilim darajasini, ishga munosabatini, kasbiy tayyorgarligini, egallab turgan lavozimiga loyiqligini xolisona baholash, mamlakatimizda olib borilayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatidan xabardorligi darajasini aniqlash, shuningdek, xizmat intizomini mustahkamlash va zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish chog‘ida ularning mas’uliyatini oshirish maqsadlarida o‘tkaziladi.
Attestatsiya oshkoralik, talabchanlik, prinsipiallik va xayrixohlik vaziyatida o‘tishi lozim.
85. Xodimlar xizmat davrida navbatdagi va navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tadilar.
86. Navbatdagi attestatsiyadan o‘tkazish muddati lavozimga tayinlangan va oxirgi attestatsiyadan o‘tkazilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Navbatdagi attestatsiya besh yilda bir marta yoki navbatdagi maxsus unvon berish uchun o‘tkaziladi.
Quyidagi xodimlar navbatdagi attestatsiyadan o‘tmaydilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanganlar;
egallab turgan lavozimida bir yildan kam muddat xizmat qilganlar;
xizmat safarida, davolanishda (davolash-profilaktika muassasalarida vaqtincha xizmatdan ozod qilish varaqasi yoki ma’lumotnomasi berilgan holda) va malaka oshirishda bo‘lganlar;
kadrlar zaxirasiga kiritilganlar. Ushbu toifadagi xodimlar kadrlar zaxirasidan chiqarilib, Milliy gvardiyadagi lavozimga tayinlangan kundan boshlab kamida bir yil o‘tganidan so‘ng umumiy tartibda attestatsiyadan o‘tadilar;
homiladorlik, tug‘ish va bolani parvarish qilish ta’tilida bo‘lganlar. Bolani parvarish qilish ta’tilida bo‘lgan xodimlar xizmat vazifalarini bajarishga kirishganlaridan so‘ng kamida bir yil o‘tganidan so‘ng attestatsiyadan o‘tadilar.
87. Navbatdan tashqari attestatsiyadan:
yuqori lavozimga, xizmat muddatini uzaytirishga va davlat mukofotiga tavsiya etilayotganida;
ish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan, kasbiy yaroqliligini aniqlash bo‘yicha tekshiruvdan o‘ta olmagan, xizmat intizomini qo‘pol tarzda buzgan yoki muntazam buzib kelayotgan, Milliy gvardiya xodimining sha’niga putur yetkazuvchi nojo‘ya harakatlar sodir etgan xodimlar o‘tadilar.
Navbatdan tashqari attestatsiya o‘tkazish haqidagi qarorni lavozimga tayinlash vakolatiga ega bo‘lgan boshliq qabul qiladi.
88. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Milliy gvardiya qo‘mondonining qaroriga asosan xodimlar navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazilishi mumkin, buning uchun maxsus komissiya tuziladi.
89. Attestatsiyani tashkil qilish va o‘tkazish, attestatsiya komissiyalari tarkibini shakllantirish va tasdiqlash tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
8-bob. Ta’tillar
90. Xodimlarga quyidagi ta’tillar beriladi:
yillik asosiy ta’til;
homiladorlik va tug‘ish, bolalarni parvarish qilish ta’tillari;
kasallik bo‘yicha (harbiy-tibbiy komissiya xulosasiga asosan) ta’til;
o‘qish bilan bog‘liq ta’til — oliy ta’lim muassasalarida sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotgan xodimlar uchun;
ijodiy ta’til — amaliy faoliyatni ilmiy ish bilan birga olib borayotgan xodimlarga dissertatsiyasini yakunlashi uchun;
qo‘shimcha ta’til — O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish imtihonlarni topshirishi uchun, oilaviy sharoiti bo‘yicha, jangovar harakatlarda va favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda qatnashganlarga.
Shuningdek, xodimlarga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar bo‘yicha ham ta’tillar berilishi mumkin.
91. Xodimlarga dam olish va ish qobiliyatini tiklashlari uchun ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va qaytish uchun zarur bo‘lgan, biroq uch kalendar kundan oshmaydigan vaqt qo‘shilgan (bayram kunlari hisobga olinmagan, lavozimi va pul ta’minoti saqlangan) holda davomiyligi o‘ttiz kalendar kun bo‘lgan yillik asosiy ta’til beriladi.
92. Xodimlarga birinchi xizmat yili uchun beriladigan ta’tilning davomiyligi ular xizmatga qabul qilingan kundan boshlab kalendar yilning oxirigacha bo‘lgan vaqtga mutanosib ravishda har to‘liq oy xizmat uchun ta’tilning ikki yarim kun hisobida ta’til muddatini to‘liq bir kungacha yetkazish tomoniga yaxlitlash yo‘li bilan hisoblanadi. Muddati o‘n kalendar kundan kam bo‘lgan ta’til xodimning xohishiga ko‘ra keyingi yili asosiy ta’til bilan birga qo‘shib berilishi mumkin.
Bunda ushbu ta’til xodimni dastlabki sinov muddatini o‘tganidan so‘ng beriladi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni asosiy ta’tilni xodim dastlabki sinov muddatini o‘taganidan so‘ng xizmatining birinchi yilining istalgan davrida berish huquqiga ega.
93. Xodimning belgilangan xizmat muddatini o‘tagandan keyin yillik asosiy ta’tiliga qo‘shimcha ravishda kalendar hisobida davomiyligi quyidagicha bo‘lgan haq to‘lanadigan qo‘shimcha ta’til beriladi:
o‘n yillik xizmatidan so‘ng — besh kun;
o‘n besh yillik xizmatidan so‘ng — o‘n kun;
yigirma yillik xizmatidan so‘ng — o‘n besh kun.
94. Yillik asosiy ta’til davrida xodim O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar organlarining davolash-profilaktika muassasalarida vaqtincha xizmatdan ozod qilish varaqasi yoki ma’lumotnomasi berilgan holda davolanganida ta’til ushbu muddatga uzaytiriladi.
95. Favqulodda holatlar davri belgilangan, tabiiy ofat hududi deb e’lon qilingan yoki ularga tenglashtirilgan joylarda xizmat o‘tagan xodimlarga ular foydalanmagan yillik asosiy ta’til ularning xohishiga ko‘ra keyingi yilning asosiy ta’tiliga qo‘shib beriladi.
96. Xodimlar Milliy gvardiyaning boshqa bo‘linmalariga o‘tkazilgan taqdirda, ularning foydalanilmay qolgan yillik asosiy ta’tili yangi xizmat joyi bo‘yicha beriladi.
97. Xodimga yiliga bir marotaba qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida yillik asosiy ta’tilni o‘tkazadigan joyiga, shuningdek, sanatoriy-kurortlarda davolanish joylariga borishi va qaytishi uchun sarflagan yo‘l xarajatlari to‘lab beriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Mehnat kodeksining 17-bobi.
98. Xodimlarga yillik asosiy ta’til xohishiga ko‘ra ikki qismga bo‘lib berilishi mumkin. Bunda, ta’tilning bir qismi o‘n besh ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak. Ushbu holatda ta’til guvohnomasi ta’tilning har bir qismi uchun alohida rasmiylashtiriladi.
99. Ayol xodimlarga homiladorlik va tug‘ish, bolani parvarishlash uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ta’til beriladi. Bunda ularga qonunchilikda belgilangan qo‘shimcha imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalar tatbiq etiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Mehnat kodeksining 404-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-maydagi 327-son “Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
Bola (bolalarni) asrab olgan xodimlarga qonun hujjatlariga muvofiq bolani parvarishlash uchun ta’til beriladi. Ayol xodimlarga homiladorlik va tug‘ish ta’tili pul ta’minoti saqlangan holda, bolani parvarishlash ta’tili esa pul ta’minoti saqlanmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan muddat va tartibda beriladi.
Qonunchilikda belgilangan alohida hollarda bolani parvarishlash ta’tili erkak xodimlarga ham berilishi mumkin.
Homiladorlik va tug‘ish ta’tillari navbatdagi ta’til hisobiga qo‘shilmaydi. Homiladorlik va tug‘ish ta’tili oldidan yoki bevosita undan keyin ayol xodimlarga ularning xohishiga ko‘ra joriy yil uchun navbatdagi ta’til beriladi.
Bolani parvarishlash uchun ta’til tugaydigan yildagi navbatdagi ta’til kalendar yilning oxirigacha ushbu ta’til tugagan kundan boshlab kalendar yilining oxirigacha bo‘lgan vaqtga mutanosib ravishda har to‘liq oy xizmat uchun ikki yarim kun hisobida hisoblanadi va ushbu Nizomning 92-bandida belgilangan talablar hisobga olingan holda beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bolani parvarish qilish ta’tillari davrida xodimning lavozimi saqlanadi va ushbu ta’tillar muddati xizmat stajiga (shu jumladan mutaxassisligi bo‘yicha xizmat stajiga ham) qo‘shiladi, lekin hammasini jamlaganda olti yildan oshmasligi kerak. Bunda xizmat muddati har bir kuni bir kunga tenglashtirilgan holda hisoblanadi.
(99-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi PQ-11-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.01.2023-y., 07/23/11/0045-son)
100. Xodimlarga kasalligi bo‘yicha ta’tillar harbiy-tibbiy komissiyaning xulosasi asosida beriladi. Ushbu ta’tilning davomiyligi harbiy-tibbiy ekspertizasiga oid qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Kasallik sababli ta’tilda bo‘lishning uzluksiz umumiy muddati to‘rt oydan oshmasligi lozim. Ayrim kasalliklar bo‘yicha davolanishda bo‘lish uchun ko‘proq muddat talab qilingan hollarda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda uzaytirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Mehnat kodeksining 229-moddasi.
Xodimlar kasallik bo‘yicha ta’tilda uzluksiz bo‘lishning belgilangan muddati tugaganidan so‘ng keyingi xizmatga yaroqliligini hal qilish uchun harbiy-tibbiy komissiyada guvohlantirilishi lozim.
Xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishda olingan yaradorligi (shikastlanish, jarohatlar)ni davolashda bo‘lgan davri, jarohat prognozini inobatga olgan holda ma’lum bir muddat bilan cheklanmaydi. Shaxslarning mazkur toifasi davolanish tugagandan so‘ng harbiy-tibbiy guvohlantirilishidan o‘tkaziladi.
Kasallik sababli berilgan ta’til yillik asosiy ta’til hisobiga kiritilmaydi.
Xodim xizmatdan bo‘shatilayotganda, unga kasalligi sababli ta’til berilmaydi.
101. Oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy tadqiqot muassasasining mustaqil izlanuvchisi bo‘lgan xodimlarga dissertatsiyalarini yakunlashlari uchun qonunchilikda belgilangan tartibda ijodiy ta’til beriladi.
102. Oliy ta’lim muassasasiga kirish imtihonlari topshirish uchun ruxsat olgan xodimlarga ta’lim muassasasiga borish va u yerdan qaytish vaqtini hisobga olgan holda, kamida o‘n besh kalendar kuni davom etadigan va pul ta’minoti saqlanmaydigan qo‘shimcha ta’til beriladi.
Oliy ta’lim muassasalarida sirtdan o‘qiyotgan xodimlarga imtihonlar, sinovlar va boshqa o‘quv ishlarini topshirish davrida sessiya muddatiga pul ta’minoti saqlangan holda ta’til beriladi.
103. Xodimlarga oilasidagi kechiktirib bo‘lmaydigan ijtimoiy-maishiy masalalarni hal etish, qarindoshlik burchini bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan, shuningdek, boshqa uzrli sabablarga ko‘ra ta’tilni o‘tkazish joyiga borish va qaytish uchun vaqt hisobga olinmagan, pul ta’minoti saqlanmagan holda o‘n kungacha qisqa muddatli qo‘shimcha ta’til berilishi mumkin.
104. Xodimlarga yillik asosiy ta’til joriy kalendar yili davomida berilmagan bo‘lsa, ushbu ta’til keyingi yilning birinchi choragida berilishi lozim.
105. Xodimni ta’tildan faqat xizmat yuzasidan o‘ta zarur hollardagina o‘zining roziligi va xizmatga qabul qilish vakolatiga ega boshliqning yozma qarori bilan chaqirib olishga yo‘l qo‘yiladi.
Ta’tildan chaqirib olinganida uning foydalanilmay qolgan qismi, qoida tariqasida, joriy yilda beriladi.
Agar yillik asosiy ta’tilning foydalanilmagan qismi o‘n kun va undan ortiq bo‘lsa, xodimga ta’til o‘tkazadigan joyiga borishi uchun pul mablag‘i beriladi, ammo masofa uni chaqirib olingan aholi punktidan uzoq bo‘lmasligi kerak.
106. Ushbu Nizomning 135-bandi “a”, “b”, “v”, “g”, “d” va “e” kichik bandlari asosida xizmatdan bo‘shatilayotgan xodimlarga ishdan bo‘shatish haqida qaror qabul qilingan kalendar yili uchun haq to‘lanadigan har yilgi asosiy va qo‘shimcha ta’tillar beriladi.
Boshqa asoslarga ko‘ra xizmatdan bo‘shatilayotgan xodimlarga foydalanilmagan haq to‘lanadigan asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun pul kompensatsiyasi to‘lanadi.
107. Xodimlarga ta’tillar berish, ta’tildan chaqirib olish, shuningdek, ularni muddatlarini hisoblash tartibi va shartlari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
9-bob. Xodimlarning ijtimoiy-huquqiy himoyasi va majburiyatlari
108. Xodim o‘z faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari talablaridan kelib chiqqan holda, egallab turgan lavozimi bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarishda davlat organining vakili sifatida ish yuritadi va davlat himoyasi ostida bo‘ladi.
109. Xodimning xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida o‘z vakolatlari doirasidagi qonuniy talablari barcha fuqarolar va mansabdor shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir. Xodimning qonuniy talablarini bajarmaslik va uning xizmat vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qiluvchi xatti-harakatlar (harakatsizlik) qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikni keltirib chiqaradi.
110. Xodim tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni yoki o‘qotar qurolni qo‘llash qonun asosida amalga oshirilgan bo‘lsa, bunda u jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi.
Xodimlarning jismoniy kuch ishlatishi, maxsus vositalarni yoki o‘qotar qurolni qo‘llashining asosliligi qonun hujjatlariga muvofiq aniqlanadi.
111. Xodim xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida zarur mudofaa yoki oxirgi zarurat holatida, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash yoxud buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish vaqtida, shuningdek, kasb faoliyatiga bog‘liq asosli tavakkalchilik qilish oqibatida zarar yetkazsa, uni javobgarlikdan ozod qilish masalasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
112. Xodim xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida faqat bevosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlig‘iga bo‘ysunadi.
113. Qonun bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolat berilgan shaxslardan tashqari hech kim xodimning qonuniy faoliyatiga aralashish, xodimni qonun bilan Milliy gvardiyaga yuklatilmagan majburiyatlarni bajarishga majburlash huquqiga ega emas.
Xodim o‘z ish yurituvida bo‘lgan ishlar va materiallarning mohiyati bo‘yicha hech qanday tushuntirish berishga, shuningdek, ularni, shu jumladan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlarni tanishib chiqish uchun taqdim etishga majbur emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar va tartiblar bundan mustasno.
114. Xodimlarni ijtimoiy himoya qilish quyidagilar orqali ta’minlanadi:
sog‘lig‘ini saqlash;
pul ta’minotini to‘lash;
uy-joy maydoni bilan ta’minlash;
mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish;
davlat pensiya ta’minoti;
davlat sug‘urtasi;
ijtimoiy yordam ko‘rsatish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa chora-tadbirlar.
115. Xodimlar belgilangan namunadagi bepul kiyim-bosh bilan ta’minlanadilar.
116. Milliy gvardiya xodimlari, qonun hujjatlari bilan bepul davolanish imtiyozi bo‘lgan pensionerlari hamda ularning oila a’zolariga tibbiy-sanitariya yordami (ortopedik, stomatologiya va ortodontiya yordami bundan mustasno) ichki ishlar organlari davolash-profilaktika muassasalari tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bepul amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya xodimlari, qonun hujjatlari bilan bepul davolanish imtiyozi bo‘lgan pensionerlari sanatoriy-kurort sharoitida davolanish uchun yiliga bir marta imtiyozli yo‘llanmalar bilan ta’minlanadi.
Sanatoriy-kurort sharoitida davolanish va tibbiy reabilitatsiya tadbirlarini tashkil etish ichki ishlar organlari xodimlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya xodimlari safiga qabul qilinayotgan nomzodlar, xodimlar, pensionerlar hamda ularning oila a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlari tizimidagi harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan ichki ishlar organlari xodimlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya xodimlari, pensionerlari hamda ularning oila a’zolari ichki ishlar organlari davolash-profilaktika muassasalarida statsionar ravishda davolanganda ularning ovqatlanishi uchun pul to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Milliy gvardiya tasarrufidagi obyektlarda sanitariya nazoratini hamda epidemiologik surishtiruv ishlarini olib borish Milliy gvardiya tizimidagi tibbiyot xizmatlari tomonidan amalga oshiriladi.
117. Milliy gvardiya xodimlari belgilangan tartibda har yili dispanserizatsiyadan o‘tkaziladilar.
Oldingi tahrirga qarang.
118. Xodimlarning farzandlari yashayotgan joydagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli ro‘yxat asosida, shuningdek, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar vazirligi maktabgacha ta’lim tashkilotlariga va yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga navbatsiz va imtiyozli ravishda joylashtiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti.
(118-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 26-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son)
Milliy gvardiya maktabgacha ta’lim muassasalari va yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga qabul qilish tartibi va shartlari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
119. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlariga, shuningdek, Milliy gvardiyadan bo‘shatilgan fuqarolarga hamda ularning oila a’zolariga ushbu Nizomda nazarda tutilmagan boshqa imtiyoz, kafolat va kompensatsiyalar qonunchilikda belgilangan manbalar hisobidan ham berilishi mumkin.
120. Xizmat muddati, pedagogik ish staji, shuningdek, ilmiy unvoni mavjudligi uchun xodimlarga qonun hujjatlarga muvofiq ustama haqlar to‘lanadi.
Xizmat muddatini hisoblash tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
121. Xizmat vazifalarini vijdonan bajarib kelayotgan, yuksak kasbiy tayyorgarlik darajasiga erishgan, yuksak ma’naviy-axloqiy xislatlarga ega bo‘lgan, shuningdek, o‘z faoliyatida yuqori natijalarni ko‘rsatgan xodimlarga har oylik qo‘shimcha to‘lovni nazarda tutuvchi “uchinchi toifa mutaxassisi”, “ikkinchi toifa mutaxassisi”, “birinchi toifa mutaxassisi” va “usta” malaka toifalari beriladi.
Malaka toifalarini berish tartibi va shartlari Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
122. Xodim yoki uning yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga uning xizmat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq holda yetkazilgan zararning o‘rni ixtiyoriy yoki majburiy sug‘urta mablag‘laridan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq hajmda qoplanadi, ushbu summa keyinchalik aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Ushbu qoida Milliy gvardiyadan pensiyaga chiqarilgan shaxslarga, agar zarar ularga yoki yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga Milliy gvardiyadagi xizmat faoliyati bilan bog‘liq holda yetkazilganida ham tatbiq etiladi.
Xodimning xizmat majburiyatlarini bajarishi tufayli, uning yoki yaqin qarindoshlarining mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
123. Xodimlar Davlat budjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan mablag‘lar hisobidan davlat tomonidan majburiy sug‘urta qilinadi.
124. Xizmatdan bo‘shatilayotgan xodimlarga bir marta to‘lanadigan nafaqa puli beriladi.
Xizmatdan bo‘shatilayotgan xodimlar ko‘p yillik va vijdonan (benuqson) xizmatlari uchun vakolatli rahbarlar tomonidan qimmatbaho sovg‘a yoki pul mukofoti bilan taqdirlanishi mumkin.
125. Milliy gvardiya qo‘mondoni xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan xodimlarga, shuningdek, halok bo‘lganlarning oilasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda bir martalik nafaqa tayinlashga haqli.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-iyuldagi PQ-4382-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan harbiy xizmatchilarga (xodimlariga) yoki halok bo‘lgan (vafot etgan) harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) oila a’zolariga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Xodimlar, boquvchisini yo‘qotganda esa ularning oila a’zolari qonunda belgilangan tartibda va miqdorda davlat pensiya ta’minoti olish huquqiga ega.
126. Xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida tan jarohati, shikastlanish olgan yoki halok bo‘lgan xodimlarning farzandlarini xizmatga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari va harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda afzalliklar berish tartibi va shartlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentabrdagi 578-son “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori.
127. Sog‘liqni saqlash, moliyaviy ta’minoti, ta’tillar berish, uy-joy maydoni va imtiyozli ipoteka kreditlari bilan ta’minlash, mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida transport vositalaridan imtiyozli foydalanish, davlat pensiya ta’minoti, davlat ijtimoiy sug‘urtasi, ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonida xodimlar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
10-bob. Xizmatni o‘tash rejimi
128. Xodimlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonun hujjatlari va mazkur Nizomda belgilangan majburiyatlarni bajaradilar hamda huquq va erkinliklardan foydalanadilar.
129. Xodimlarning haftalik ish vaqti qirq soatdan oshishi mumkin emas, zarur bo‘lgan hollarda esa ular kuchaytirilgan yoki sutkalik rejimda xizmatni o‘tashga jalb etilishi mumkin.
Odatdagi xizmatni o‘tash rejimi olti kunlik ish haftasi o‘rnatilishini nazarda tutadi, bunda kunlik ish davomiyligi yetti soatdan, besh kunlik ish haftasida esa — sakkiz soatdan oshmasligi kerak.
Kuchaytirilgan rejim kuniga ish vaqtidan tashqari davomiyligi to‘rt soatdan oshmaydigan xizmat belgilanishini nazarda tutadi.
Sutkalik rejim uch mahal ovqatlanish hamda kamida sakkiz soat dam olish uchun vaqt berilgan holda, xizmatni yigirma to‘rt soat davomida o‘tashni nazarda tutadi.
Sutkalik rejim xodimlarga xizmatni o‘tash chog‘ida ularning xohishiga ko‘ra, xizmat o‘tash joyida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari uchun belgilangan umumqo‘shin payogi normalari doirasida belgilanadigan oziq-ovqat payogi uchun beriladigan kompensatsiya o‘rniga uch mahal bepul ovqat berilishi mumkin, o‘z xizmat vazifalarini doimiy ravishda sutkalik navbatchilik asosida bajaradigan xodimlar bundan mustasno.
Kuchaytirilgan yoki sutkalik rejim joriy etilishi munosabati bilan ish soatlari (kunlari)ning belgilangan normalari oshirilganligi evaziga xodimga Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilangan tartibda pul kompensatsiyasi to‘lanadi yoki dam olish kunlari (otgullar) beriladi yoxud bu kunlar uning yillik asosiy ta’tiliga qo‘shiladi.
Kuchaytirilgan va sutkalik rejimni joriy etish hamda bekor qilish, shuningdek, xodimlarni jangovar harakatlarda ishtirok etishga jalb qilish Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
130. Dam olish va bayram kunlari xizmat vazifalarini bajarishga jalb etiladigan xodimlarga haftaning boshqa kunlarida dam olish kuni beriladi.
131. Milliy gvardiya bo‘linmalarining navbatchilik qismlari sutkalik naryadining xizmati yigirma to‘rt soatga mo‘ljallab tashkil etiladi.
Navbatchilik vaqtida naryad xodimlariga navbatma-navbat ovqatlanish va qisqa muddatli dam olish uchun umumiy davomiyligi uch smenalik rejimda — olti soat, to‘rt smenalik rejimda — to‘rt soat davom etadigan tanaffuslar beriladi.
Smena tugagach, Navbatchilik qismlari va obyektlarni qo‘riqlash naryadlari xodimlariga hamda xizmat vazifalarini sutkalik navbatchilik rejimida doimiy bajaruvchi boshqa xodimlarga belgilangan tartibda dam olish beriladi.
132. Milliy gvardiyada asosiy xizmat vazifalariga qo‘shimcha ravishda sutkalik rejimda navbatchilikka tushgan xodimlarga navbatchilik tugaganidan so‘ng kamida 24 soat davom etadigan dam olish vaqti beriladi.
133. Milliy gvardiya xizmat faoliyatining xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, sohaviy bo‘linmalari boshliqlar tomonidan tasdiqlanadigan kun tartibi ishlab chiqiladi.
134. Urush holati e’lon qilingan davrda xodimlarning xizmatni o‘tash tartibi qonun hujjatlarida belgilanadi.
11-bob. Xizmat muddatini uzaytirish, xizmatdan bo‘shatish va xizmatga tiklash
135. Xodim quyidagi asoslarga ko‘ra xizmatdan bo‘shatiladi:
a) o‘zining xohishi (pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘tamaganlarga) — xodimning bildirgisi asosida;
b) xizmatda bo‘lishning belgilangan chegara yoshiga to‘lganligi;
v) pensiya olish huquqini beradigan xizmat muddatini o‘taganligi — xodimning bildirgisi asosida;
g) tashkiliy-shtat o‘zgarishlari;
d) kasalligi — harbiy-tibbiy komissiyaning xizmatga yaroqsizligi to‘g‘risidagi xulosasi asosida;
e) sog‘ligining cheklanganligi holati — harbiy-tibbiy komissiyaning Milliy gvardiyadagi xizmatga yaroqliligi cheklangani to‘g‘risidagi va xizmat bo‘yicha boshqa lavozimga o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda, egallab turgan lavozimiga muvofiq xizmat majburiyatlarini bajara olmasligi haqidagi xulosasi asosida;
j) dastlabki sinov muddati davomida xizmatga yaroqsizligi;
z) malakasi yetarli emasligi oqibatida egallab turgan lavozimiga noloyiqligi − attestatsiya natijalari asosida;
i) xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzganligi;
k) Milliy gvardiya xodimining sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakatlar sodir etganligi;
l) jinoyati uchun sudning hukmi, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin hukm qilinganligi;
m) xodimda intizomiy jazo chorasi mavjud bo‘lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzganligi;
n) boshqa turdagi davlat xizmatiga o‘tganligi (kadrlarning amaldagi zaxirasiga kiritmasdan);
o) O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi bekor qilinganligi yoki xorijiy davlat fuqaroligini olganligi;
Oldingi tahrirga qarang.
p) xodimlar uchun qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar va Milliy gvardiyaning maxsus talablariga rioya etmaganligi.
(135-bandning “p” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-yanvardagi PQ-21-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 24.01.2025-y., 07/25/21/0070-son)
136. Milliy gvardiyada xizmatda bo‘lishning chegara yoshi safdor-serjant tarkibidagi xodimlar uchun ellik yosh, ofitserlar tarkibi uchun — ellik besh yosh, generallar tarkibi uchun — oltmish yosh, ayollarga esa (mavjud unvonidan qat’i nazar) — ellik yoshni tashkil etadi.
137. Yuksak kasbiy tayyorgarlikka, egallab turgan lavozimida ish tajribasiga ega bo‘lgan va sog‘ligining holatiga ko‘ra xizmatni o‘tashga yaroqli xodimlarning xizmat muddati o‘zining roziligi bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilangan tartibda besh yilgacha, boshliqlar tarkibidagi, Milliy gvardiya ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilik lavozimlarini egallab turgan va ilmiy darajaga ega bo‘lgan shaxslarning esa — o‘n yilgacha bo‘lgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni.
138. Xizmat muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qaror xodimni mazkur Nizomda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha Milliy gvardiyadan bo‘shatish ehtimolini istisno etmaydi.
139. Quyidagi hollarda xodimlarning xizmatdan bo‘shatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:
tibbiyot muassasalarida davolanishda bo‘lganida, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar vazirligining tibbiyot muassasalari tomonidan vaqtincha mehnatga layoqatsiz deb topilganda;
ta’tilda yoki xizmat safarida bo‘lganda;
asirga yoki garovga olinganida (o‘z ixtiyori bilan asirga yoki garovga tushish hollari bundan mustasno).
140. Xodimga nisbatan tergov harakatlari olib borilayotgan, sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan yoki sud hukmi qonuniy kuchga kirmagan bo‘lsa, u xizmatdan bo‘shatilishi mumkin emas.
141. Xodim yuqori turuvchi mansabdor shaxslarga xizmatdan bo‘shatilishi yuzasidan shikoyat qilish huquqiga ega.
142. Xizmatdan bo‘shashga qaror qilgan xodim bo‘shashni rejalashtirgan kundan kamida ikki oy avval bo‘shatish vakolatiga ega bo‘lgan boshlig‘iga bildirgi bilan murojaat etadi.
Xodimlarning xizmatdan bo‘shatilishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
“podpolkovnik” maxsus unvonigacha, shu jumladan “podpolkovnik” unvoni ham, — Milliy gvardiya qo‘mondonining yoki xizmatga qabul qilish vakolatiga ega boshliqning buyrug‘i bilan;
“polkovnik” va undan yuqori maxsus unvonlardagi xodimlar — belgilangan tartibda Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i bilan.
143. Xodimning xizmat muddati kalendar hisobda yigirma yilga yetganidan so‘ng o‘tagan xizmat muddati uchun pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunga Milliy gvardiya va xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalarida (Milliy gvardiya xalqaro shartnomalarga muvofiq), O‘zbekiston Respublikasining oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalarida o‘qish, Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmat yoki safarbarlik chaqiruv rezervidagi xizmatni o‘tash davrini ham o‘z ichiga oladi.
Ushbu holatda xodimga pensiya tayinlashda uning kalendar tarzda hisoblanadigan xizmat muddatiga qonun hujjatlarida va ushbu Nizomda belgilangan imtiyozli hisoblanadigan xizmat muddati qo‘shiladi.
144. Pensiya olish huquqini beruvchi xizmat muddatini o‘tamagan, ushbu Nizomning 135-bandi “b”, “g”, “d” yoki “e” kichik bandlariga muvofiq xizmatdan bo‘shatilayotgan xodimlar bo‘shash kunida umumiy ish staji yigirma besh va undan ortiq yilni tashkil etganda, shuning kamida o‘n ikki yil olti oyi Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar organlari xizmatlariga to‘g‘ri kelganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladi.
145. Xodimlar halok bo‘lganligi (vafot etganligi), bedarak yo‘qolgan deb topilganligi yoki vafot etgan deb e’lon qilinganligi sababli Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi ro‘yxatidan o‘chiriladi.
Sudning bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topish to‘g‘risidagi qarori bekor qilinganda, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilishi oqibatida shaxsiy tarkib ro‘yxatidan o‘chirilgan shaxsni xodim sifatida qayta shaxsiy tarkib ro‘yxatiga kiritish Milliy gvardiya qo‘mondonining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
146. Ushbu Nizomning 135-bandi “l” kichik bandiga asosan xizmatdan bo‘shatilib, g‘ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi yoxud asossiz bo‘shatilganligi tan olingan hollarda, shuningdek, g‘ayriqonuniy ravishda xizmatdan bo‘shatilgan deb topilgan shaxslarni xizmatga tiklash sudning xizmatga tiklash to‘g‘risidagi qonuniy kuchga kirgan qarori yoxud Milliy gvardiya qo‘mondonining qarori asosida amalga oshiriladi.
Tiklanishi lozim bo‘lgan shaxslarni shaxsiy tarkib ro‘yxatiga kiritish va lavozimga tayinlash Milliy gvardiya qo‘mondoni buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.
147. Ushbu Nizomning 146-bandida nazarda tutilgan shaxslar bo‘shatilganidan yoki sudning xizmatga tiklash to‘g‘risidagi qarori chiqarilganidan boshlab uch oy muddatda xizmatga tiklash haqida Milliy gvardiyaga murojaat etishlari lozim.
Xizmatga tiklash shaxsni bo‘shatilgan kunidan tiklangan kuniga qadar bo‘lgan oraliq davri uchun navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qo‘shimcha haq to‘lash va pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblashda xizmat stajiga qo‘shib hisoblash sharti bilan avvalgi maxsus unvoni, egallab turgan lavozimi, buning imkoni bo‘lmasa, unga teng yoki boshqa lavozimga tayinlash orqali amalga oshiriladi.
Xizmatdan bo‘shatilgan shaxs bo‘shatilganidan yoki sudning xizmatga tiklash to‘g‘risidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kundan uch oy muddat o‘tgandan keyin Milliy gvardiyaga murojaat etsa, murojaat qilish muddatidan keyingi davr navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qo‘shimcha haq to‘lash va pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblashda uzluksiz xizmat stajiga qo‘shib hisoblanmaydi.
Agar shaxs uch oylik muddatni uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborgan taqdirda, ushbu muddat Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan tiklanishi mumkin.
148. Xizmatga tiklanayotgan shaxsga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar sudning qarori asosida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
149. Xizmatga tiklangan xodimlarga pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblash chog‘ida hisobga olinadigan xizmat stajiga:
ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazolar o‘talganda — bir kuni uch kun;
qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilganida — bir kuni uch kun;
ozodlikdan mahrum qilish yoki ozodlikni cheklash bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar o‘talganda bir kuni bir kun hisobida qo‘shiladi.
Xizmatga tiklangan xodimlarga navbatdagi maxsus unvon berish, foizli qo‘shimcha haq to‘lashda xizmat yillariga bo‘shatilgandan keyingi davri bir kuni bir kun hisobida qo‘shiladi.
150. Ushbu Nizomning 135-bandi “v”, “g”, “e” va “n” kichik bandlariga muvofiq xizmatdan bo‘shatilgan xodimlar maxsus unvonni tiklagan holda xizmatga qayta qabul qilinishi mumkin.
Ushbu Nizomning 135-bandi “a” kichik bandiga muvofiq xizmatdan bo‘shatilgan xodimlar ularning Milliy gvardiyadagi kalendar hisobdagi amaliy ish staji o‘n yildan ortiq bo‘lganda, Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari va sohaviy xizmatlari, ta’lim muassasalari boshliqlarining asoslantirilgan taqdimnomalariga asosan, shuningdek, xizmatdan bo‘shashiga o‘qishga kirishi sabab bo‘lgan hollarda xizmatga qayta qabul qilinishi mumkin.
Milliy gvardiyadan avval bo‘shatilgan shaxslarni xizmatga qabul qilish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
151. Davlat hokimiyati organlariga tayinlanganligi munosabati bilan xizmatdan bo‘shatilgan va tayinlangan lavozimi bo‘yicha vakolat muddati tugaganligi sababli xizmatga qayta qabul qilingan xodimlarning ushbu organlardagi mehnat faoliyati davri, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, Milliy gvardiyadagi umumiy xizmat muddatiga qo‘shilib, bir kuni bir kunga hisoblanadi.
152. Milliy gvardiyada xizmatni o‘tayotgan, shu jumladan kadrlar zaxirasida bo‘lgan xodimlarga xizmat muddati, agar qonun hujjatlarda va ushbu Nizomda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, imtiyozli ravishda — bir kuni bir yarim kunga tenglashtirib hisoblanadi.
Milliy gvardiya, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va xorijiy davlatlar (O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq yuborilgan taqdirda) oliy ta’lim muassasalarida, jumladan, kasbiy tayyorgarlik fakultetida va rahbar kadrlar tayyorlash fakulteti (oliy kurslari)da kunduzgi ta’lim o‘qish davri bir kuni bir kunga hisoblagan holda xizmat muddatiga qo‘shiladi.
Alohida davrda jamoat tartibini saqlashda, terrorchilikka qarshi operatsiyalar o‘tkazishda, favqulodda holat tartibini huquqiy ta’minlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan, shuningdek, ushbu harakatlarda ishtirok etishi davomida olgan yaradorligi, shikastlanish va jarohatlanganligi oqibatida davolash-profilaktika muassasasida bo‘lgan xodimlar ushbu davrdagi xizmat muddati bir kuni uch kunga tenglashtirilib hisoblanadi.
Xodimlarning alohida davrda jamoat tartibini saqlashda, terrorchilikka qarshi operatsiyalarda, favqulodda holat rejimini huquqiy ta’minlashda va uning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etganligi va muddatlari haqida vakolatli boshliq buyruq chiqaradi, buyruqdan ko‘chirma ularning shaxsiy hujjatlari yig‘majildlariga qo‘shiladi.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
153. Mazkur Nizom asosida Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan Milliy gvardiyaning ayrim bo‘linmalarida xodimlar tomonidan xizmatni o‘tashning boshqa tartibi va shartlari belgilanishi mumkin.
154. Fuqarolarni Milliy gvardiyadagi ishchi va xizmatchilar lavozimiga ishga qabul qilish va hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi mehnat faoliyatining xususiyatidan kelib chiqib, Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
Milliy gvardiya ishchi va xizmatchilarining mehnat munosabatlari mehnat sohasidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
155. Xizmatni o‘tashning ushbu Nizomda nazarda tutilmagan masalalari qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya xodimlarining xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlari unvonlarining boshqa davlat xizmatlaridagi unvon va martaba darajalariga nisbatan
TAQQOSLANMASI

T/r

Milliy gvardiyaning maxsus unvonlari

Ichki ishlar organlarining maxsus unvonlari

Harbiy unvonlar

Bojxona xizmatlarining maxsus unvonlari

Davlat soliq xizmati organlarining maxsus unvonlari

(Harbiy) prokuratura xizmatlarining martaba darajalari

Adliya xizmatlarining martaba darajalari

Sud xizmatlarining martaba darajalari

1.

leytenant

leytenant

leytenant

bojxona xizmati leytenanti

soliq xizmatining III darajali inspektori

3-darajali yurist, adliya leytenanti

3-darajali yurist

3-darajali yurist

2.

katta leytenant

katta leytenant

katta leytenant

bojxona xizmati katta leytenanti

soliq xizmatining II darajali inspektori

2-darajali yurist, adliya katta leytenanti

2-darajali yurist

beshinchi malaka darajasi, 3-darajali yurist

3.

kapitan

kapitan

kapitan

bojxona xizmati kapitani

soliq xizmatining I darajali inspektori

1-darajali yurist, adliya kapitani

1-darajali yurist

to‘rtinchi malaka darajasi, 2-darajali yurist

4.

mayor

mayor

mayor

bojxona xizmati mayori

soliq xizmatining III darajali maslahatchisi

adliya maslahatchisi, adliya mayori

3-darajali adliya maslahatchisi

uchinchi malaka darajasi, 3-darajali adliya maslahatchisi

5.

podpolkovnik

podpolkovnik

podpolkovnik

bojxona xizmati podpolkovnigi

soliq xizmatining II darajali maslahatchisi

adliya kichik maslahatchisi, adliya podpolkovnigi

2-darajali adliya maslahatchisi

ikkinchi malaka darajasi, 2-darajali adliya maslahatchisi

6.

polkovnik

polkovnik

polkovnik

bojxona xizmati polkovnigi

soliq xizmatining I darajali maslahatchisi

adliya katta maslahatchisi, adliya polkovnigi

1-darajali adliya maslahatchisi

birinchi malaka darajasi, 1-darajali adliya maslahatchisi

7.

general-mayor

general-mayor

general-mayor

bojxona xizmati general-mayori

soliq xizmatining III darajali davlat maslahatchisi

3-darajali davlat adliya maslahatchisi, adliya general-mayori

3-darajali davlat adliya maslahatchisi

oliy malaka darajasi

8.

general-leytenant

general-leytenant

general-leytenant

bojxona xizmati general- leytenanti

soliq xizmatining II darajali davlat maslahatchisi

2-darajali davlat adliya maslahatchisi, adliya general-leytenanti

2-darajali davlat adliya maslahatchisi

9.

general-polkovnik

general-polkovnik

general-polkovnik

bojxona xizmati general-polkovnigi

soliq xizmatining I darajali davlat maslahatchisi

1-darajali davlat adliya maslahatchisi adliya general-polkovnigi

1-darajali davlat adliya maslahatchisi

Izoh: Unvonlar va martaba darajalari Milliy gvardiyaning general tarkibidagi maxsus unvonlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda tenglashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-apreldagi PQ-5089-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining
INTIZOM USTAVI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining Intizom ustavi (keyingi o‘rinlarda — Ustav) O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining (keyingi o‘rinlarda — xodimlar) xizmat intizomiga qo‘yilayotgan talablar va odob-axloq qoidalarini belgilaydi, boshliqlar va xodimlarning o‘zaro munosabatlarini, shuningdek, rag‘batlantirish hamda intizomiy jazo choralarining qo‘llanilishini tartibga soladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida (keyingi o‘rinlarda — Milliy gvardiya) xizmat intizomi xodimlar tomonidan ushbu Ustav talablariga qat’iy va so‘zsiz rioya etishdan iborat.
Milliy gvardiyada xizmat intizomi har bir xodimning yuksak darajada anglashiga va xizmat burchini hamda qo‘yilgan vazifa uchun shaxsiy javobgarligini chuqur tushunishiga asoslanadi.
3. Xizmat intizomi har bir xodimni quyidagilarga majbur qiladi:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qilish, Milliy gvardiya hay’ati qarorlarida belgilangan talablarni, Milliy gvardiyasi qo‘mondonining buyruq, farmoyish va ko‘rsatmalarini qat’iy bajarish;
Milliy gvardiya xodimining o‘z qasamyodiga sodiq bo‘lish, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” degan o‘zining xizmat burchini so‘zsiz bajarish;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlash yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilish;
ishonib topshirilgan tabel quroli, mol-mulk va texnikani asrab-avaylash;
Oldingi tahrirga qarang.
hushyor bo‘lish, davlat sirlarini qat’iy saqlash;
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
xodimlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlar qoidalariga amal qilish, boshliqlar va hamkasblarni hurmat qilish;
doimiy ravishda o‘z bilim va kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirib borish, malaka va huquqiy madaniyatini oshirish;
xizmatdan tashqari holatlarda o‘zini munosib ravishda tutish, jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga amal qilishda namuna bo‘lish.
4. Milliy gvardiyada yuksak xizmat intizomiga:
xodimlarda yuksak ma’naviy-axloqiy va ishchanlik xususiyatlarini, xizmat burchini bajarishga nisbatan ongli munosabatni shakllantirish;
har bir xodimning o‘z xizmat burchini bajarishga nisbatan shaxsiy mas’uliyati, ichki tartib va xizmat kiyimini kiyish qoidalariga qat’iy rioya etish;
boshliqlarning qo‘l ostidagi xodimlarga nisbatan kunlik talabchanligi, ularga doimiy g‘amxo‘rligi, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini oqilona uyg‘unlashtirgan holda va asosli qo‘llash;
Milliy gvardiya bo‘linmalarida zarur moddiy-maishiy sharoitlarni yaratish orqali erishiladi.
2-bob. Xodimlarning odob-axloq qoidalari
5. Odob-axloq qoidalari qaysi lavozimni egallashidan qat’i nazar, xodimlarning kasb-odobi va xizmatda o‘zini tutish asosiy qoidalarining umumiy prinsiplari majmuini o‘z ichiga oladi.
6. Har bir xodim Milliy gvardiya safiga qabul qilingan kundan e’tiboran odob-axloq qoidalariga amal qilishga majbur.
Odob-axloq qoidalariga rioya etish xodimning kasbiy faoliyati, samaradorligi va xizmatda o‘zini tutishini baholashning mezonlaridan biri hisoblanadi.
7. Xodim tomonidan odob-axloq qoidalarining asosiy talablariga amal qilish quyidagilarni nazarda tutadi:
fuqarolar bilan muloqotda xushmuomala, kamtar va bosiq bo‘lish, ularning mavqeyidan qat’i nazar, hech bir shaxs, guruh yoki tashkilotlarning kamsitilishi yoki afzal ko‘rilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik;
O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlatlar xalqlarining urf-odat va an’analarini hurmat qilish, turli etnik, ijtimoiy guruh hamda konfessiyalarning madaniy va boshqa xususiyatlarini inobatga olish, ijtimoiy barqarorlik, millatlararo va dinlararo hamjihatlikka ko‘maklashish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida, beg‘araz va qonuniy ko‘rib chiqish;
xodimning o‘z xizmat burchini vijdonan bajarishiga nisbatan fuqaroda shubha uyg‘otuvchi xatti-harakatdan tiyilish, shuningdek, Milliy gvardiya obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik.
8. Shaxsiy vaj va boshqa subyektiv sabablar xodimlar tomonidan qonunchilik talablari va odob-axloq qoidalari buzilishiga asos bo‘la olmaydi.
9. Xodimlar korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishi va faollik bilan uning profilaktikasiga ko‘maklashishi shart.
Xodimlar o‘z boshlig‘i yoki vakolatli organlarga o‘zlarini boshqa shaxslar huquqbuzarlik sodir etishga undab murojaat qilgan har bir holat, shuningdek, boshqa xodimlar tomonidan sodir etilgan har qanday o‘ziga ma’lum bo‘lgan huquqbuzarliklar haqida xabar berishi zarur.
10. Xodim oilasida yuzaga kelgan nizolarni qonunchilik talablariga qat’iy amal qilgan holda hal etadi.
Xodimning oila a’zolari va yaqin qarindoshlariga nisbatan tergov harakatlari olib borilganda, unga o‘z vakolatlaridan foydalanib aralashish taqiqlanadi.
11. Xodimlar xayrixoh, xushmuomala va e’tiborli bo‘lishi, fuqarolar va hamkasblariga sabr-toqat va hurmat bilan munosabatda bo‘lishi zarur.
Xodimlar fuqarolarga nisbatan qo‘pollik qilmasligi, shaxsning sha’ni, qadr-qimmatini kamsitish, asossiz ruhiy va jismoniy ta’sir o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
12. Xizmat vazifalarini bajarish vaqtida xodimlarning tashqi ko‘rinishi ish sharoiti va xizmat tadbiri turini inobatga olgan holda, aholida Milliy gvardiyaga nisbatan hurmat uyg‘otishi, toza va orasta bo‘lishi zarur.
13. Xodimlarga xizmat paytida va xizmat kiyimida alkogol ichimliklar iste’mol qilish taqiqlanadi.
14. Xodimlar xizmatdan tashqari paytda umumiy odob-axloq qoidalariga amal qilishi, g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymasligi zarur.
3-bob. Boshliqlar va xodimlarning o‘zaro munosabatlari
15. Xodim xizmat vazifasini bajarish paytida bevosita va to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshliqqa bo‘ysunadi.
Xodimlar xizmat bo‘yicha bo‘ysunadigan, shu jumladan vaqtincha bo‘ysunadigan rahbarlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshliqlar deb hisoblanadi.
Xodimga eng yaqin bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbar bevosita boshliq hisoblanadi.
16. Boshliq o‘zi rahbarlik qilayotgan bo‘linmada xizmat intizomiga rioya etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
17. Boshliq unga bo‘ysunuvchi xodimlar tomonidan Ustavga amal qilinishiga talabchan bo‘lishi, ularga yuksak kasbiy mahorat, qonuniylik talablari hamda qasamyodga rioya etish borasida doimiy ravishda namuna ko‘rsatishi, ularning xizmat burchi hissini kuchaytirishi va qo‘llab-quvvatlashi, tashabbus, intilish va xizmatlarini rag‘batlantirishi, shuningdek, xizmat intizomi buzilgan holatlarda jazo qo‘llanilishini ta’minlashi zarur.
18. Buyruq va topshiriqlar bo‘ysunish tartibida beriladi. Yuqori turuvchi boshliq zarur hollarda, xodimga bevosita boshlig‘ini xabardor qilmasdan buyruq yoki topshiriq berishga haqli. Bunday hollarda xodim o‘zining bevosita boshlig‘ini bundan xabardor qilishi zarur.
19. Noqonuniyligi yaqqol ko‘rinib turgan va xizmat faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan buyruq va topshiriqlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Boshliq qo‘l ostidagi xodimlardan ularning xizmat burchi doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishni, shuningdek, g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishni talab qilishga haqli emas.
Xodim yaqqol qonunga zid bo‘lgan (xizmat faoliyatiga aloqador bo‘lmagan) buyruq yoki topshiriq olganda, zudlik bilan yuqori turuvchi rahbariyat yoki xizmatni o‘tash joyidagi o‘z xavfsizligi bo‘linmasiga xabar beradi.
Xodim yuqori turuvchi rahbariyat yoki o‘z xavfsizligi bo‘linmasiga xabar berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, qonunchilik talablariga rioya etgan holda g‘ayriqonuniy buyruq va topshiriqlarni bajarishdan bosh tortishga haqli, imkon paydo bo‘lishi bilan ularni xabardor qilishi lozim.
20. Boshliqning buyruq va topshiriqlari (yaqqol qonunga zid bo‘lganlari bundan mustasno) so‘zsiz, aniq va o‘z vaqtida bajarilishi shart. Buyruq va topshiriqlarni muhokama etishga, shuningdek, ularni tanqid qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Xodim buyruq yoki topshiriqning bajarilgani to‘g‘risida buyruq yoki topshiriq bergan boshliqqa, shuningdek, bevosita boshlig‘iga axborot beradi.
Buyruq yoki topshiriqni bajarish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, xodim zudlik bilan bu haqda buyruq yoki topshiriq bergan boshliqni xabardor etishi shart.
21. Boshliq xodimlarni qarindosh-urug‘chilik, oshna-og‘aynigarchilik, mahalliychilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi lozim. U o‘z xizmat burchini o‘tash paytida mahalliychilik va tanish-bilishchilik, shuningdek, boshqa salbiy omillarning namoyon etilishiga barham berishi kerak.
22. Boshliq quyidagilarga majbur:
manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va hal qilish, xodimlarga qulay va munosib mehnat sharoitlarni yaratish uchun o‘z vaqtida choralar ko‘rish;
korrupsiya va o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish, xodimlarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi harakatlarga chek qo‘yish choralarini ko‘rish;
shaxsiy tarkibni samarali boshqarish, xodimlarning xizmat faoliyatini xolisona baholash;
o‘ziga topshirilgan mol-mulk va moliyaviy mablag‘larga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish;
xodimlarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganish, ular bilan o‘zaro yaqin munosabat o‘rnatish, jamoani birlashtirish, xodimlar tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatlarning sababini o‘z vaqtida aniqlash va ularning oldini olish, xizmat intizomi buzilishiga murosasiz munosabatda bo‘lish bo‘yicha choralarni ko‘rish;
xodimlar, ularning oila a’zolarining talab va ehtiyojlarini o‘rganish, ularni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ijtimoiy adolat prinsiplariga amal qilish choralarini ko‘rish, yuqori turuvchi rahbariyatga qo‘l ostidagi xodimlarning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha takliflar kiritish.
4-bob. Rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralari
23. Xodimlarga nisbatan quyidagi rag‘batlantirish choralari qo‘llaniladi:
a) minnatdorchilik e’lon qilish;
b) qimmatbaho sovg‘a yoki pul mukofoti bilan taqdirlash;
v) Faxriy yorliq bilan taqdirlash;
g) idoraviy ko‘krak nishoni bilan taqdirlash;
d) muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvon berish;
e) egallab turgan lavozimiga ko‘ra nazarda tutilgandan bir pog‘ona yuqori maxsus unvon berish.
Shuningdek, rag‘batlantirish tariqasida mazkur Ustavning 27-bandi “a” va “b” qismida, 28-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan muqaddam qo‘llanilgan intizomiy jazoni muddatidan oldin bekor qilish mumkin.
24. Milliy gvardiya o‘quv markazlarida mazkur Ustavning 23-bandida nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralaridan tashqari kursantlar va tinglovchilarga nisbatan quyidagi rag‘batlantirish choralari ham qo‘llaniladi:
a) o‘quv markazi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish;
b) hurmat taxtasiga kiritish;
v) kursant va tinglovchilarning ota-onasi yoki turar joyiga minnatdorchilik xati yuborish.
25. Alohida xizmatlari uchun xodimlar O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlari va davlat mukofotlariga taqdim etilishi mumkin.
26. Oylik ish haqi, mukofotlar, qo‘shimcha haq va ustamalar hamda xodimlarning pul ta’minotida nazarda tutilgan boshqa to‘lovlar rag‘batlantirishga kirmaydi.
27. Xodimlarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin:
a) hayfsan;
b) qattiq hayfsan;
v) egallab turgan lavozimiga noto‘liq loyiqligi to‘g‘risida ogohlantirish;
g) maxsus unvonini bir pog‘ona pasaytirish;
d) egallab turgan lavozimidan ozod etish;
e) gauptvaxtada hibsda ushlab turish;
j) Milliy gvardiya xizmatidan bo‘shatish.
28. Milliy gvardiya o‘quv markazlarida Ustavning 27-bandida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralaridan tashqari o‘quv markazlarining belgilangan ichki tartib-qoidalarini buzgan, o‘quv dasturini qoniqarsiz o‘zlashtirgan kursantlarga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari ham qo‘llanilishi mumkin:
a) navbatdan tashqari naryadda xizmat o‘tashga yoki besh sutkagacha xo‘jalik ishlariga jalb etish;
b) bir oy muddatgacha o‘quv markazi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum etish;
v) kursantlar ro‘yxatidan o‘chirish.
5-bob. Boshliqlarning rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llash bo‘yicha vakolatlari
29. Boshliqlar tomonidan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralari o‘zlariga berilgan vakolatlar doirasida qo‘llaniladi.
30. Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi tarkibiy tuzilmalaridagi alohida batalyon va alohida otryad komandirlari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan rahbarlar quyidagi huquqlarga ega:
Ustavning 23-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash;
Ustavning 27-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo‘llash.
31. Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari — Qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i, hududiy boshqarma va O‘quv markazlari boshliqlari hamda Xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini qo‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida batalyoni komandiri quyidagi huquqlarga ega:
mazkur Ustavning 23-bandi “a”, “b” va “v” kichik bandlarida hamda 24-bandining “a”, “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash;
mazkur Ustavning 27-bandi “a”, “b”, “v” kichik bandlarida hamda 28-bandida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo‘llash.
32. Milliy gvardiya qo‘mondoni mazkur Ustavning 23, 24, 27 va 28-bandlarida nazarda tutilgan rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini qo‘llaydi, shuningdek, xodimlarni O‘zbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga va davlat mukofotlariga taqdim etadi.
33. Xodimni lavozimga tayinlash vakolatiga ega boshliqlar unga nisbatan mazkur Ustavning 27-bandi “d”, “e”, va “j” kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo choralarini qo‘llash huquqiga ega.
34. Qo‘l ostidagi xodimlariga nisbatan o‘z vakolatlariga kirmaydigan rag‘batlantirish choralarini qo‘llash zarurati yuzaga kelganda boshliq yuqori turuvchi rahbariyatga bu to‘g‘risida iltimosnoma kiritadi.
35. Boshliq qo‘l ostidagi xodim tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatning o‘ta jiddiyligi sababli uni lozim darajada jazolash uchun o‘ziga berilgan vakolatlarni yetarli emas deb hisoblasa, u yuqori turuvchi rahbariyatga xodimga nisbatan og‘irroq intizomiy jazo qo‘llash to‘g‘risida iltimosnoma kiritadi.
36. Intizomiy jazo chorasini qo‘llashda o‘z vakolati doirasidan chetga chiqqan yoki mazkur Ustavda nazarda tutilmagan intizomiy jazo chorasini qo‘llagan boshliq javobgarlikka tortiladi, qo‘llanilgan intizomiy jazo esa yuqori turuvchi rahbariyat tomonidan bekor qilinadi.
37. Xodim xizmat safari yoki davolanishda bo‘lgan vaqtda xizmat intizomini buzgan taqdirda, mazkur xatti-harakatdan xabar topgan boshliq bu holatni bartaraf etish choralarini ko‘radi va bu haqda xodimning xizmat joyiga xabar beradi.
6-bob. Rag‘batlantirish choralarini qo‘llash
38. Rag‘batlantirish choralari alohida xodimga nisbatan ham, bir guruh xodimlarga nisbatan ham qo‘llanilishi mumkin.
Xodimga nisbatan bir yutug‘i uchun faqat bitta rag‘batlantirish chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Rag‘batlantirish chorasini belgilashda xodimning xizmat ko‘rsatkichlari xususiyati, shuningdek, uning avvalgi xizmatga qanday munosabatda bo‘lganligi e’tiborga olinadi.
39. Ustavning 27-bandi “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan intizomiy jazo qo‘llanilgan xodim mazkur jazoni bekor qilish orqali rag‘batlantiriladi.
Intizomiy jazoni bekor qilish huquqi uni qo‘llagan boshliqqa, shuningdek, yuqori turuvchi vakolatli rahbariyatga beriladi.
40. Rag‘batlantirish choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qo‘llaniladi:
minnatdorchilik e’lon qilish — yuklatilgan vazifani, boshliqning buyrug‘i yoki topshirig‘ini muvaffaqiyatli bajargan xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan;
qimmatbaho sovg‘a yoki pul mukofoti bilan taqdirlash — xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgani, xizmat vazifasini namunali bajargani va benuqson xizmati uchun, shuningdek, zaxiraga (iste’foga) chiqishi munosabati bilan yoki musobaqa (bellashuv)ning yakuniy natijalariga ko‘ra;
Faxriy yorliq bilan taqdirlash — xodim (xodimlar guruhi)ga nisbatan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgani, xizmat vazifasini namunali bajargani va benuqson xizmati uchun, shuningdek, musobaqa (bellashuv)ning yakuniy natijalariga ko‘ra va o‘qishni (o‘quv yilini) muvaffaqiyatli yakunlaganda;
idoraviy ko‘krak nishoni bilan taqdirlash — xodimga nisbatan yuqori xizmat intizomi va ko‘p yillik benuqson xizmati, Milliy gvardiya tizimini takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shgani, xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlik va jasorat ko‘rsatgani, shuningdek, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shgani uchun;
muddatidan oldin navbatdagi maxsus unvon berish yoki egallab turgan lavozimiga ko‘ra nazarda tutilgandan bir pog‘ona yuqori maxsus unvon berish — xodimga nisbatan yuqori xizmat intizomi, xizmat burchini bajarish chog‘ida ko‘rsatgan qahramonligi, jasorati va fidoyiligi, Milliy gvardiya amaliy faoliyatiga salmoqli ilmiy hissa qo‘shgani (ilmiy darajani olganda), xizmat vazifalarini yuksak darajada bajarishda namuna bo‘lgani uchun (Milliy gvardiyada xizmat o‘tash masalalarini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga muvofiq);
o‘quv markazi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish — yuklatilgan vazifalarni, komandirlarning buyruq yoki topshiriqlarini vijdonan bajargan Milliy gvardiya o‘quv markazlarining kursantlariga nisbatan;
Hurmat taxtasiga kiritish — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o‘quv dasturlarini a’lo baholarga o‘zlashtirgan Milliy gvardiya o‘quv markazlarining kursantlariga nisbatan;
ota-onasiga yoki turar joyiga minnatdorchilik xati yuborish — ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etgan, o‘quv mavsumini a’lo baholar bilan yakunlagan Milliy gvardiya o‘quv markazlarining kursantlariga nisbatan.
41. Qo‘llanilgan rag‘batlantirish chorasi buyruq bilan e’lon qilinadi. Minnatdorchilik e’lon qilish va o‘quv markazi hududidan navbatdan tashqari chiqib kelish buyruq orqali yoki og‘zaki ham e’lon qilinishi mumkin.
Rag‘batlantirilganligi haqida xodimga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan majlis (yig‘ilish)da tantanali tarzda e’lon qilinadi.
Rag‘batlantirish to‘g‘risidagi buyruq e’lon qilingan vaqtda, qoida tariqasida, xodimlarga faxriy yorliq, qimmatbaho sovg‘a yoki pul mukofotlari, ko‘krak nishonlari topshiriladi.
42. Buyruq bilan e’lon qilingan rag‘batlantirish chorasi xodimning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Rag‘batlantirish choralarini hisobga olish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
7-bob. Intizomiy jazo choralarini qo‘llash
43. Mazkur Ustavda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llash taqiqlanadi.
44. Sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat uchun faqat bitta intizomiy jazo tayinlanadi.
Xizmat intizomi bir necha xodimlar tomonidan buzilganda, intizomiy jazo ularning har biriga nisbatan alohida qo‘llaniladi.
Sodir etilganligi ma’muriy jazo tayinlashga olib kelgan xatti-harakatlar uchun intizomiy jazo qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Intizomiy jazo choralari qo‘llangan xodimlar, agarda ularning xatti-harakatlarida jinoyat tarkibi alomatlari bo‘lsa, ular jinoiy javobgarlikdan ozod etilmaydi.
45. Intizomiy jazo choralarining qo‘llanilishi asosli bo‘lishi va sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat og‘irligi hamda ayb darajasiga muvofiq kelishi zarur. Intizomiy jazo choralarini belgilash chog‘ida nojo‘ya xatti-harakat xususiyati, sodir etish holati, uning oqibatlari, aybdorning bungacha bo‘lgan xulq-atvori, Milliy gvardiyada xizmat o‘tagan muddati, shuningdek, yuklatilgan xizmat vazifalarini bajarishga bo‘lgan munosabati e’tiborga olinadi.
Xodim tomonidan sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat unchalik ahamiyatga ega bo‘lmasa, boshliq unga nisbatan intizomiy jazo chorasini qo‘llamasligi va boshqa bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida og‘zaki ogohlantirish berish bilan kifoyalanishi mumkin.
Jamoada yuzaga kelgan nizoli vaziyatlarni hal etish, nojo‘ya xatti-harakatlar sodir etgan xodimlarga jamoatchilik ta’sirini o‘tkazish maqsadida umumiy yig‘ilishda yoki attestatsiya o‘tkazish tartibida ko‘rib chiqiladi.
46. Intizomiy jazo choralari, qoida tariqasida, quyidagicha qo‘llaniladi:
hayfsan — yuklatilgan vazifalarni va boshliqning topshiriqlarini bajarmagan, xizmat kiyimini kiyish va fuqarolar hamda hamkasblari bilan muomala madaniyati qoidalarini buzgan xodimlarga nisbatan;
qattiq hayfsan — normativ-huquqiy hujjatlar va mazkur Ustav talablarini, xizmat guvohnomasidan foydalanish qoidalarini buzgan, belgilangan kun tartibiga muntazam ravishda amal qilmagan va xizmat majburiyatlarini bajarmagan, jamoadagi ma’naviy-ruhiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatgan xodimlarga nisbatan;
egallab turgan lavozimiga noto‘liq loyiqligi to‘g‘risida ogohlantirish — amaldagi “qattiq hayfsan” intizomiy jazosi bo‘lgan xodimlarga nisbatan xizmat intizomini, normativ-huquqiy hujjatlar va mazkur Ustav talablarini takroran buzgani uchun;
maxsus unvonini bir pog‘ona pasaytirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish — amaldagi intizomiy jazosi bo‘lgan, xizmat intizomini, normativ-huquqiy hujjatlar va mazkur Ustav talablarini qo‘pol ravishda buzgan, xizmatni o‘tashga loqaydlik bilan munosabatda bo‘lgan, yuklatilgan xizmat majburiyatlarini bajarmagan xodimlarga nisbatan;
gauptvaxtada hibsda ushlab turish — intizomiy jazoning qat’iy chorasi sifatida Milliy gvardiya xizmatidan bo‘shatish uchun asos bo‘ladigan nojo‘ya xatti-harakatni sodir etgan xodimlarga nisbatan;
Milliy gvardiya xizmatidan bo‘shatish — xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan, Milliy gvardiya xodimi sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etgan, intizomiy jazo chorasi mavjud bo‘lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzgan, qonun hujjatlarida belgilangan cheklov va taqiqlarga rioya etmagan xodimlarga nisbatan;
navbatdan tashqari naryadda xizmatni o‘tashga yoki besh sutkagacha xo‘jalik ishlariga jalb etish, bir oy muddatgacha o‘quv markazi hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum qilish — yuklatilgan vazifalarni va komandir (boshliq)ning topshiriqlarini bajarmagan, o‘quv markazining o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalarini buzgan, o‘quv dasturini qoniqarsiz o‘zlashtirgan Milliy gvardiya o‘quv markazlari kursantlariga nisbatan;
kursantlar ro‘yxatidan o‘chirish — Milliy gvardiya o‘quv markazlari kursantlariga nisbatan odob-axloq qoidalarini, xizmat intizomini buzganligi, o‘quv dasturini o‘zlashtira olmaganligi uchun.
47. Amaldagi intizomiy jazo bor-yo‘qligidan qat’i nazar, xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzgan xodimga nisbatan Milliy gvardiya xizmatidan bo‘shatishgacha bo‘lgan har qanday intizomiy jazo qo‘llanilishi mumkin.
Quyidagilar xizmat intizomini qo‘pol ravishda buzish sirasiga kiradi:
xodimning sababsiz ravishda uzluksiz uch kundan ortiq muddatda xizmat joyida bo‘lmasligi;
xizmat joyida alkogol ichimliklar iste’mol qilish, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar ta’sirida mast holatda bo‘lish;
fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini buzishga, Milliy gvardiya xodimi sha’niga jiddiy ravishda putur yetkazishga, odamlarning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishga olib keluvchi xatti-harakatlar sodir etish (agar bu jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmasa);
Oldingi tahrirga qarang.
maxfiylik rejimi talablarini buzish (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa);
(47-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)
xizmat postini sababsiz tashlab ketish, xodimga ishonib topshirilgan tabel quroli va uning o‘qlarini, mol-mulk va (yoki) texnikalarni qasddan yo‘q qilish, zararlantirish yoki uning (ularning) yo‘qolishiga olib kelgan ehtiyotsizlik bilan saqlash (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa);
mahbusning yoki qo‘lga olingan shaxsning qochib ketishiga, pul mablag‘i yoki tovar boyliklarini va hujjatlarni yo‘qolishiga sabab bo‘lgan post xizmatini o‘tash qoidalarini buzish (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
Xodim xizmat joyida alkogol ichimlik, giyohvandlik vositasi va (yoki) boshqa moddalar ta’sirida mast bo‘lgani sababli intizomiy javobgarlikka tortish uchun ushbu holatni isbotlash maqsadida tibbiy tekshiruv natijalariga, agar xodim tekshiruvdan bosh tortsa, kamida ikki xodim yoki boshqa shaxslar ko‘rsatmalariga asoslaniladi.
48. Odob-axloq qoidalarini, shuningdek, boshliq va xodimlar o‘rtasidagi munosabat qoidalarini qo‘pol ravishda buzish Milliy gvardiya xodimi sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakat sodir etish hisoblanadi.
Jamiyatdagi odob-axloq qoidalarini ochiqdan-ochiq pisand qilmaslik bilan bog‘liq bo‘lmagan oilaviy kelishmovchiliklar, janjallar va maishiy nizolar Milliy gvardiya xodimi sha’niga putur yetkazuvchi xatti-harakat sirasiga kirmaydi.
49. Intizomiy jazo chorasi mavjud bo‘lgan taqdirda, muntazam ravishda xizmat intizomini buzish deganda buyruq asosida e’lon qilingan amaldagi intizomiy jazosi bo‘lgan holda xodim tomonidan xizmat intizomini bir necha bor buzish tushuniladi.
50. Gauptvaxtada hibsda ushlab turish tarzidagi intizomiy jazo qo‘llanilganda, xodim ushbu nojo‘ya xatti-harakati uchun Milliy gvardiya xizmatidan bo‘shatilmaydi (agar bu jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
Gauptvaxtada hibsda saqlash muddati safdor va serjantlar hamda kichik ofitserlar tarkibi xodimlari uchun — 10 sutkagacha, katta ofitserlar tarkibi xodimlari uchun — 5 sutkagacha muddatni tashkil etadi.
Gauptvaxtada hibsda ushlab turish tarzidagi intizomiy jazo ayollarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
51. Intizomiy jazo qo‘llashdan avval xodimdan yozma tushuntirish olinishi lozim. Agar xodim ushbu tushuntirishni berishdan bosh tortsa, tegishli ravishda dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
Tushuntirishni berishdan bosh tortish holati sodir etilgan qilmish uchun intizomiy jazo tayinlashga to‘sqinlik qila olmaydi va jazoning og‘irroq ko‘rinishi hamda choralarini qo‘llashga olib kelmaydi.
Intizomiy jazo choralarini qo‘llash paytida boshliq xodimning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitmasligi, u bilan munosabatda qo‘pollikka yo‘l qo‘ymasligi zarur.
52. Maxsus unvonini bir pog‘ona pasaytirish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etish tarzidagi intizomiy jazo choralari, qoida tariqasida, aybdorga boshqa intizomiy jazo turlari tegishlicha ta’sir ko‘rsatmagan hollarda qo‘llaniladi.
53. Intizomiy jazoning qo‘llanilishi xodimni nojo‘ya xatti-harakat oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyatidan ozod etmaydi.
54. Intizomiy jazo nojo‘ya xatti-harakat boshliqqa ma’lum bo‘lgan kundan boshlab bir oy muddat ichida, xizmat tekshiruvi o‘tkazilganda esa — tekshiruv tugagan kundan boshlab 10 sutkadan kechikmay qo‘llanilishi kerak, bunda aybdorning xastalik va ta’tilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmaydi.
Intizomiy jazo nojo‘ya xatti-harakat sodir etilgan kundan bir yildan ortiq muddat o‘tgandan keyin qo‘llanilishi mumkin emas.
55. Mast holatda bo‘lgan aybdorga nisbatan intizomiy jazo qo‘llash, shuningdek, undan har qanday tushuntirish olish xodim hushyor holga kelguncha kechiktiriladi.
56. Qo‘llanilgan quyidagi intizomiy jazo chorasi buyruq bilan e’lon qilinadi:
a) hayfsan;
b) navbatdan tashqari naryadda xizmatni o‘tashga yoki besh sutkagacha xo‘jalik ishlariga jalb etish;
v) bir oy muddatgacha o‘quv markazlari hududidan navbatdagi chiqish huquqidan mahrum etish ham buyruq orqali, ham og‘zaki e’lon qilinishi mumkin.
Buyruqda e’lon qilingan intizomiy jazo qo‘llash haqidagi qaror xizmat tekshiruvi xulosasi, shuningdek, o‘tkazilish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadigan kompleks yoki inspektorlik tekshiruvlari asosida qabul qilinadi.
Intizomiy jazo chorasi qo‘llanilganligi haqida xodimga shaxsan, saf oldida yoki kengaytirilgan yig‘ilish (majlis)da e’lon qilinadi.
57. Amaldagi intizomiy jazosi mavjud bo‘lgan xodim ushbu jazo bekor qilingunga qadar rag‘batlantirishga, navbatdagi maxsus unvon olishga va yuqori lavozimlarga tayinlanishga taqdim etilmaydi.
58. Shikoyat bilan arz qilingan hollarda tayinlangan intizomiy jazoni ijro etish to‘xtatilmaydi.
Xodim intizomiy jazo e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy muddat ichida yuqori turuvchi boshliqqa yoki xizmatni o‘tash joyidagi o‘z xavfsizligi bo‘linmasiga shikoyat bilan murojaat etishi mumkin.
59. Buyruq asosida tayinlangan intizomiy jazo tayinlangan vaqtdan boshlab bir yil o‘tgach bekor qilinadi (agar xodim shu muddat ichida yangi intizomiy jazoga tortilmasa). Rag‘batlantirish tartibida jazo bir yil o‘tmasdan bekor qilinishi mumkin.
Agarda bir yil ichida xodimga nisbatan bir necha intizomiy jazo tayinlansa, ularni bekor qilish muddati oxirgi tayinlangan intizomiy jazo chorasi sanasi bo‘yicha hisoblanadi.
60. Buyruqda e’lon qilingan intizomiy jazo chorasi xodimning shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga kiritish orqali hisobga olinishi lozim.
Intizomiy jazo choralarini hisobga olish tartibi Milliy gvardiya qo‘mondoni tomonidan belgilanadi.
8-bob. Boshliqning harakatlari yuzasidan shikoyat qilish
61. Har bir xodim boshliqning unga nisbatan g‘ayriqonuniy yoki nohaq harakatlari yuzasidan yuqori turuvchi rahbariyat yoki xizmat joyidagi o‘z xavfsizligi bo‘linmasiga yozma shikoyat berishga haqli.
62. Xodimning shikoyatida bayon etilgan masalalarni hal etish vakolatiga kirmaydigan yuqori turuvchi rahbariyat ushbu murojaatni besh kun muddatda vakolatli idoraga yuboradi.
63. Yuqori turuvchi rahbariyatga yoki xizmat joyidagi o‘z xavfsizligi bo‘linmasiga qonunchilikni buzish holatlari yoxud o‘ziga nisbatan nohaq munosabatda bo‘linganligi haqida murojaat etgani uchun qo‘l ostidagi xodimni ta’qib etgan boshliq intizomiy tartibda javobgarlikka tortiladi (agar uning xatti-harakatlari jinoiy javobgarlikka olib kelmasa).
64. Xodimlarning shikoyati bir oygacha bo‘lgan muddatda hal etiladi, qo‘shimcha tekshiruv talab etmaydiganlari esa zudlik bilan, biroq kelib tushgan kundan e’tiboran 15 kundan kechiktirmagan holda ko‘rib chiqiladi.
65. Qasddan yolg‘on shikoyat bilan murojaat etgan xodimlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.04.2021-y., 07/21/5089/0372-son; 21.01.2023-y., 07/23/11/0045-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.05.2023-y., 06/23/79/0302-son; 08.11.2023-y., 06/23/188/0835-son; 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son; 22.08.2024-y., 07/24/296/0640-son; 24.01.2025-y., 07/25/21/0070-son)